Dramaturg Sharof Boshbekov va yozuvchi Anvar Namozov suhbati
Sharof Boshbekov – taniqli ijodkor. Uning uslubiga xos hazil-mutoyiba, chapanilik, sodda-to‘porilik muxlislarni o‘ziga jalb etgan. “Temir xotin”, “Charxpalak”, “Masxaraboz” nomli pesa, teleserial va badiiy filmlari hozirgi kunda ham oynai jahon orqali namoyish etib turiladi. Bu ijodkorning yana bir jihati borki, u dadil, ochiq-oshkora gapiradi. Ehtimol, shu bois bo‘lsa kerak, suhbatimiz yaxshi chiqdi…
– Sharof aka, eng avvalo, o‘quvchilarni tarjimai holingiz bilan tanishtirsangiz.
– Men Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida 1951 yil 4 yanvar kuni tug‘ilganman. Tug‘ilishga tug‘ilib qo‘ydim-u, endi chaqaloqqa ism qo‘yish kerak. Mashhur baxshi Fozil Yo‘ldosh bilan deyarli hamqishloq edik. “Deyarli” deyishimga sabab, qishloqlarimiz yonma-yon, juda yaqin edi. Ayni qish. Fozil ota “ko‘mir, o‘tin-cho‘pdan qiynalib qoldim, hech kim xabar olmaydi”, deb Yozuvchilar uyushmasiga, Oliy Sovetga, Markazqo‘mga ustma-ust shikoyatlar yozaveribdi. O‘sha paytdagi Oliy Sovet raisi Sharof Rashidov yangi yilni kutib olish uchun Samarqandga boradi. Qaytishda “oqsoqoldan bir xabar olib ketaylik”, deb Fozil otaning uyiga kirib o‘tadi. Baxshining xonadonida hurmatli mehmon sharafiga qo‘y so‘yilib, katta ziyofat beriladi. Qishloqning boobro‘ odamlari qatorida bizning otamiz ham aytiladi (otamiz o‘sha paytlar “Qoramo‘yin” qishloq sovetida kotib bo‘lib ishlaganlar). Allohning qudrati bilan o‘sha kechasi qalin qor yog‘ib, uy eshiklari ochilmay qolgan, mashinani ko‘mib yuborgan (otamizning aytishlaricha, “ot yurolmas qor bosgan”). Mehmonlar yana bir kecha qolishga majbur bo‘lishadi. Vaqt yarim kechadan oqqanda qo‘shnilardan biri derazani chertib:
– Boshbek aka, o‘g‘illi bo‘ldingiz! – degan xabar olib keladi.
– Nima ism qo‘yasiz, Boshbekboy? – deydi Fozil ota.
– O‘zlaringiz bir nima deysizlar-da… – deydi otamiz boshlarini eggancha.
– Bo‘lmasa, hurmatli mehmonimiz sharafiga “Sharof” deb qo‘yasiz-da! – deydi baxshi ota va savol nazari bilan Sharof otaga qaraydi.
Sharof ota miyig‘ida kulib o‘tirarkan, e’tiroz bildirmabdi…
Ana o‘sha “ot yurolmas qor bosgan” kechasi tug‘ilgan chaqaloq kamina bo‘ladilar.
Shunday qilib, otamiz xizmat yuzasidan tuman markaziga ko‘chib o‘tadi. Va men Bulung‘urdagi Pushkin nomidagi 60-maktabda o‘qiganman. 1969 yilda hozirgi san’at institutining musiqali aktyorlik bo‘limiga qabul qilindim. Avval Muqimiy teatrida, keyinchalik Sirdaryo viloyat teatrida aktyor bo‘lib ishladim. Yozuvchilik faoliyatimni juda kech – o‘ttiz yoshlar atrofida – boshlaganman. Men tengi yozuvchilar – Murod Muhammad Do‘st, Erkan A’zam, Ahmad A’zam, Tog‘ay Murod, Xayriddin Sulton, shoirlar Xurshid Davron, Shukur Qurbon, Mirza Kenjabek, Mirpo‘lat Mirzo, Yo‘ldosh Eshbek, Tohir Qahhorlar – allaqachon o‘zimizda va xorijda uch-to‘rttadan kitobi chiqqan ijodkor bo‘lib tanilgan edi. Biz “yaxshi ot keyin chopadi”, deb yuraverganmiz…
– Ota-onangiz, aka–ukalar haqida.
– Otamiz – Normatov Boshbek. Urush qatnashchisi. Avval qishloq sovetida kotib, keyinchalik soliq tizimida ishlaganlar.
Onamiz – Normatova Hamida. Avvaliga qishloq maktabida rus tili o‘qituvchisi, keyinchalik bolalar ko‘paygandan so‘ng, uy bekasi.
Oilada yetti farzand bo‘lganmiz – besh o‘g‘il, ikki qiz. Eng kattamiz qiz, eng kichigimiz qiz. O‘rtada besh o‘g‘il.
Opam mendan ikki yosh katta. Tabiiyki, maktabga ham ikki yil oldin boradi. Men ham – besh yashar zumrasha – maktabga boraman, deb “uchinchi jahon urushi”ni boshlaganman. Opamga nimaiki olib berishgan bo‘lsa, daftar-qalam, o‘qish kitobi, rasm daftar, hatto husnixat daftargacha yig‘i-sig‘i bilan o‘zimga ham oldirganman. Opam bilan yuqoriroq sinfga “o‘tganimda”, onamiz lattadan siyohdonimga jild ham tikib berganlar. Opamning maktabdan qaytishini kutib o‘tirardim. “Bugun hisobdan nima o‘tdilaring?”, “Katta “sh” qanday yoziladi?” deb, sho‘rlik opamni kiyimlarini almashtirib olishga ham qo‘ymay savolga tutardim. Birinchi, ikkinchi sinflarni opam bilan bab-baravar o‘qiganman. Maktabga bormay savodim chiqqan. Otamizga gazeta o‘qib berardim. Yoshim yetib, maktabga borsam, sinfdoshlarim harf yozish uchun chiziqcha tortib o‘tirishibdi…
– Ijodingizda hazil-mutoyib kuchli. Demak, maktab davringizda sho‘x, olov bo‘lgansiz. Yoki bunday emasmi?
– Yo‘q, aksincha, o‘ychan, xayolparast bola edim. Ko‘rgan-kechirgan voqea-hodisalardan xulosalar chiqarardim. Menimcha, bu nihoyatda yaxshi fazilat.
Maktabda a’loga o‘qirdim. “To‘rt” olsam, tuni bilan yig‘lab chiqardim. Bir kuni, nimayam bo‘lib, darsga kech qoldim. Yig‘laguday bo‘lib yugurib ketayotsam, yana bir a’lochi qiz shoshib borayotganiga ko‘zim tushib qoldi. U nihoyatda odobli, hamma fanlardan “a’lo”ga o‘qiydigan sinfdoshim edi. O‘qish bobida bir-birimizni pinhona raqib bilib yurardik. Uning ham darsga kech qolish odati yo‘q edi.
Uni ko‘rib, butun vujudimga allaqanday xotirjamlik, osoyishtalik yugurdi, boyagi xijolatpazlik, uyalish, gunohkorlik hissi qayoqqadir uchib ketdi. “Ana, qiz bola bo‘la turib, Gulsara kech qolyapti-yu…” degan o‘y o‘tdi xayolimdan. Ikkalamiz deyarli baravariga sinfga kirdik. Gulsara yig‘layapti, biz bez bo‘lib turibmiz. Muallim ikkalamizga ham o‘tirishga ruxsat berdi. Gulsara o‘tirgandan keyin ham yig‘lardi… Men o‘ylanib qoldim: birovning kulfati sening kulfatingni yengillashtira olmaydi, degan xulosaga keldim va butun umr shu hikmatga amal qilib kelyapman. Maktab haqiqatan ham maktab bo‘lgan…
– Ijodga qiziqish o‘sha palladan boshlanganmi?
– Esimda yo‘q. Lekin ichimda gaplarim ko‘pga o‘xshardi. Qanday kasbni tanlasam ekan, degan masala ko‘ndalang bo‘lganida rosa boshim qotdi. Ko‘p adashdim, turli sohalarda uloqib yurdim. Ulardan bittasi ham dilimdagi tug‘yonlar, fikr va tuyg‘ularimni to‘laligicha ifoda qilish imkonini bermasdi. Teatrda ishlab yurgan kezlarimda kasb taqozosi o‘laroq juda ko‘p bo‘lar-bo‘lmas pesalarni o‘qishga to‘g‘ri keldi. Yaxshisidan yomoni ko‘p edi. Ulardan men qanday yozishni emas, qanday yozmaslik kerakligini o‘rgandim. Teatr, aktyorlik tabiatini yaxshi bilganim bois, ko‘proq dramaturgiyada omadim chopti.
– Sharof aka, sizni “Temir xotin” mashhur qildi. Shu asarning yaratilish tarixi haqida so‘z yuritsangiz.
– Bu haqda matbuotda ko‘p yozganman, radio-televideniyeda ko‘p gapirganman. O‘tgan asrning saksoninchi yillari. O‘sha yillari xotin-qizlar orasida o‘ziga-o‘zi o‘t qo‘yishlar ommalashib ketgan edi. Markazqo‘m teatrlar oldiga shu muammo haqida spektakllar sahnalashtirishni vazifa qilib qo‘ydi. Abror Hidoyatov teatri Shukur Xolmirzayevning “Ziyofat” nomli asarini sahnalashtirdi. Men, Markazqo‘mning bu ko‘rsatmasidan bexabar, bir asar yoza boshladim.
Achchiq dorini bemor tuflab tashlaydi, lekin shirin narsaga o‘rab bersangiz, bemalol qabul qiladi. “Temir xotin”da uncha-muncha ijodkor aytolmaydigan gaplarni aytib oldim. Sababi haligi – haqiqat achchiq, hazil-mutoyiba shirin. “Bilsa – hazil, bilmasa – chin” qabilida ish tutganman.
– “Temir xotin” nima sababdan Farg‘ona teatr sahnasidan boshlab qo‘yildi?
– Ko‘pchilik “Temir xotin” birinchi bo‘lib Farg‘ona teatrida qo‘yilib, mashhur bo‘lib ketgan, deb o‘ylashadi. Bu asar birinchi bo‘lib Samarqand viloyat teatrida qo‘yilgan. Tanaberdi Qurbonov sahnalashtirgan spektakl ham yomon chiqmadi. Ikkinchi bo‘lib Toshkentdagi Satira teatri (rejissyor Nosir Otaboyev) sahnalashtirdi. Farg‘ona teatri uchinchi bo‘lib qo‘l urdi.
– Ma’zur tutasiz, “Temir xotin”ning syujeti qaysidir hikoyadan olingan, deydiganlar ham bor.
– Siz ham ma’zur tutasiz, bu haqda eshitmagan ekanman. Ammo, mashhur kinorejissyor Latif Fayziyevning “mazkur asar falon frantsuz filmidan olingan”, deganini eshitganim bor. Ikkalasi ham g‘irt bo‘lmag‘ur gap.
– Nafaqat “Temir xotin” spektakli, balki shu nomdagi kinokomediya ham mashhur bo‘lgandi. Unda o‘zingiz ham epizodik rol o‘ynagansiz. Filmning yaratilish tarixi haqida gapirsangiz.
– Xalqimizning sevimli san’atkori, O‘zbekiston xalq artisti Murod Rajabov “Temir xotin”dagi Qo‘chqor rolini o‘ynash niyatida bir necha poytaxt teatrlariga murojaat qildi. Hamza teatri (hozirgi Milliy teatr) rahbariyati: “Biz akademik teatrmiz, viloyat teatrlaridan qolgan oshni ichmaymiz, obro‘yimizga to‘g‘ri kelmaydi”, deb tixirlik qildi. Keyin Murod aka teatrlardan umidini uzib, pesani “O‘zbekfilm”ga olib bordi. U yerdagilarga ma’qul kelgach, stsenariy yozishga kirishdik. U paytlarda stsenariylar Moskvada tasdiqdan o‘tardi. Demak, rus tiliga tarjima qilish kerak. Rejissyor Isamat Ergashev meni Mahmud To‘ychiyev degan tarjimon bilan tanishtirdi. Men yozdim, Mahmud tarjima qildi. Bu mening kinodagi birinchi ishim edi. Gapning qisqasi, kinoga kirib kelishimga Murod Rajabovni bosh “aybdor” deb bilaman.
– “Temir erkak” filmining ham sizga tegishli joyi bormi?
– Mutlaqo yo‘q. Lekin, “Temir xotin”ni suratga olish paytida men rejissyorimiz Isamat akaga yozilajak “Temir erkak” degan stsenariyning syujetini gapirib berganman. Tabiiyki, endi robot erkak bo‘ladi. Ayol ixtirochi robot yasaydi (erkak qiyofasida, albatta). So‘ng u ikki yilga xorijga ishga ketadigan bo‘lib, yasagan robotini yaqin dugonasinikida qoldirib ketadi. Ishxonada qoldirsa ham bo‘lardi-yu, “yigitlarimiz pivoga chiqarib, sigaretga yugurtiraverib, ishdan chiqarib qo‘yishlari mumkin”, deydi. Dugonasi yevropalashib ketgan, qo‘ni-qo‘shni bilan kirdi-chiqdisi, qarindosh-urug‘ bilan bordi-keldisi yo‘q, bir chalao‘ris, chalao‘zbek ayol. Ixtirochi ayol (Olimaxon), bilibmi-bilmaymi, robotni g‘irt o‘zbek, o‘zbek bo‘lgandayam, musulmon qilib dasturlashtirgan bo‘ladi. Ayol ovqatga qo‘lini uzatsa, “bismilloh demaysizmi?” deydi. Taomdan so‘ng yuziga fotiha tortishni talab qiladi. Olimaxon chet eldan telefon qilganda, dugonasi, “Bu tunukangni olib ket”, deb shikoyat qiladi. Xullas, talay kulgili voqealardan so‘ng, oxir-oqibat ayolning qo‘ni-qo‘shnilar bilan ham, qarindosh-urug‘ bilan ham yaxshilanib ketadi. Ayol temir erkakning tarbiyasi o‘laroq asta-sekin “odam” bo‘la boshlaydi. Unda odob, uyalish, tortinish kabi o‘zbek ayollariga xos fe’l-atvor paydo bo‘ladi…
Shu syujetni Isamat akaga aytuvdim. Ma’qul bo‘ldi. Yozing, dedi. Boshqa yumushlar bilan bo‘lib yozolmadim, keyin-keyin esimdan ham chiqib ketdi. Isamat akaga nomi yoqib qolgan shekilli, navbatdagi filmiga “Temir erkak” degan nom beribdi. Filmni ko‘rib, hayron bo‘ldim: nimasi “temir” ekan?..
– “Temir xotin” bahonasida siz kinoga shijoat bilan kirib keldingiz, deyish mumkin. Bunga o‘zingiz rejissyorlik qilgan “Masxaraboz” filmi isbot bo‘la oladi. Mazkur kinoasardan ko‘nglingiz to‘lmadimi? Bunday deganimizning boisi, nega hozir kino suratga olmayapsiz?
– Rejissyorlik – boshqa dunyo. U suratga olib, aktyorlar bilan ishlab, mazza qiladi. Yozuvchi yozganida huzur qiladi. Mening rejissyorlikka da’voim yo‘q. Lekin, musiqa asbobi yasaydigan usta o‘zi yasagan sozda hech bo‘lmaganda bitta kuyni chala olishi kerak. Jarangi qanday, pardalari to‘g‘ri bog‘langanmi, xarragi joyidami-yo‘qmi, shularni bilish uchun bitta bo‘lsayam kuyni chalishi lozim. Men ham “kuy chalib ko‘rdim”-da…
– Sizning “Taqdir eshigi” pesangiz asosida ham film ishlangan (aktrisa Dilorom Qambarova va marhum aktyor Hojiakbar Nurmatov bosh rolni o‘ynashgan). Oradan yillar o‘tib, “Uchrashuv” nomli film chiqdi. Unda “Taqdir eshigi” syujetidan istagancha foydalanilgan. Bu haqda ijodiy jamoa sizdan so‘raganmidi?
– Ha, so‘ragan. Film ijodkorlari yosh-yosh bolalar ekan. Stsenariyni o‘qib chiqsam, eng “shirin” joylari yo‘q. Masalan, eshik! Dramaturg istagan paytda eshik ochilyapti, hazrati Taqdir xohlagan paytda emas. Yumor bilan sug‘orilgan dialoglar olib tashlangan. Bu masalada aktyorlar ham menga “hammuallif” bo‘lib qolgan. Bitta-yarimta yumordan holi dialoglar qolgan. Bu pesani men “intellektual komediya” sifatida dunyoga keltirganman. Vaqtida To‘g‘on Rejametov va Shirin Azizova, Jamshid Zokirov va Gavhar Zokirova, Hojiakbar Nurmatov va Dilorom Qambarovalar me’yoriga yetkazib ijro etishgan. Ulardagi saviya, dunyoqarash, did va mahorat asar ruhiyatiga mos kelgan.
Yosh bolalarning shashti so‘nmasin, “sindirib qo‘ymay” deb, shu fikrlarni yotig‘i bilan tushuntirmoqchi bo‘ldim. Yo tushunishmadi, yo tushungilari kelmadi.
– Sharof aka, ehtimol, bu savol og‘riqli bo‘lar… Siz ma’lum vaqt betob bo‘lib qoldingiz. Og‘ir dardni boshdan kechirdingiz. Bu haqda TV ko‘rsatuvida ham tilga oldingiz. Ammo oynai jahonni kimdir ko‘radi, kimdir yo‘q. Ushbu intervyu bahonasida o‘sha tafsilotlarga to‘xtala olasizmi?
– 1997 yil. Men o‘zimning stsenariyim asosida “Farhod plyus Shirin” degan film suratga olayotgandim (keyinchalik boshqa rejissyor “Doka ro‘mol qurishi” nomi bilan suratga oldi.) Charchadimmi, ko‘p asabiylashdimmi, mazam qochib qoldi. Vrachlar “insult” deb tashxis qo‘yishdi. Kasal bo‘lishning bir yaxshi tomoni bor ekan. Butun hayotingiz kino tasmasidek ko‘z oldingizdan o‘tib, qanday yashaganingiz, atrofingizdagi odamlar haqida batafsil o‘ylash, fikr yuritishga vaqtingiz yetarli bo‘lar ekan. Sog‘ paytimizda bunga, afsuski, vaqt topa olmas ekanmiz.
– Oradan ancha yillar o‘tib, sizning “Musofir bo‘lmaguncha” nomli kitobingiz nashr etildi. “Oradan yillar o‘tib” deganim ham yigirma yildan oshadi. Bor-yo‘g‘i bitta kitobingiz chiqqan ekan. Shu paytgacha ikkinchi kitobni tayyorlamaganmisiz yoki u nashriyotlarda chang bosib yotganmidi?
– Birinchi va oxirgi kitobim 1988 yilda chiqqandi. Bu “Eshik qoqqan kim bo‘ldi?” nomli pesalar to‘plamim edi. Ochig‘i, menda kitob chiqarishga ko‘pam ishtiyoq yo‘q. Uyam rahmatli shoir va dramaturg Mashrab Boboyevning qistovi bilan chiqqan (o‘sha paytlarda Mashrab aka “G‘afur G‘ulom” nashriyotida muharrir bo‘lib ishlardi.) Stsenariylarim asosida o‘nga yaqin film olindi, o‘nga yaqin pesalarim sahna yuzini ko‘rdi. Shunga mast bo‘lib yuraverganmiz. Bir kuni qaysidir asarimning o‘n to‘qqizinchi sahifasini qudamnikida ko‘rib qoldim. Keyin bilsam, ayolim tog‘orasiga chuchvara qovurib, dasturxonga yog‘ tegmasin deya asarimning bir-ikki varag‘ini ustiga qo‘yvorgan ekan. Keyin o‘ylanib qoldim: mendan keyin bola-chaqayu nevaralarga nima qoladi? Spektakl – o‘tadi-ketadi, kino – borib-borib unutiladi. Kitob – qoladi.
Shundan keyin keyingi o‘n yil ichida yozgan hamma stsenariylarimni to‘pladim-da, “Qabul qilinmagan asarlar” degan nom bilan nashriyotga topshirdim. Chunki, to‘plam kiritilgan oltita stsenariyning bittasi ham “O‘zbekkino” tomonidan qabul qilinmagan. Nashriyotdagilar ham kitobning nomini ko‘rib, yurak o‘ynog‘i bo‘lib qolishiga sal qoldi. So‘ng to‘plamga kirgan bironta stsenariyning nomini berishga qaror qildik. Men “Tentak farishtalar” deb qo‘yaylik, degan taklifni kiritdim. Diniy idoralardagilar yoqmasligi mumkin, deya bu taklif rad etildi. Xullas, “Musofir bo‘lmaguncha” degan rangsiz, bechorahol, o‘rtamiyona kitob dunyoga keldi… Shunisigayam shukr…
– “Musofir bo‘lmaguncha” – kinoqissalardan iborat kitob. Taassufki, ularning birortasi ham kino qilinmagan. Sababi nimada?
– Anig‘ini bilmayman. Menimcha, rad etilishiga sabab, asarlardagi voqea-hodisalar 22 yildan ancha oldin ro‘y bergani bo‘lsa kerak. Tag‘in ham bo‘lsa, bilmadim…
– Yozuvchi va dramaturg, gazetchi, muharrir, kinostsenariynavis, hatto kinorejissyor Sharof Boshbekov shu kunlarda nimalar bilan mashg‘ul?
– Bilasizmi, har qanday ijodkorning ichida ikkita muharrir bo‘ladi. Biri – yurakda, ikkinchisi – kallada. Birinchi “muharrir” anchayin tantiq, erka, hech nimadan tap tortmaydigan, orqa-oldini o‘ylamaydigan, “yoz, shuni yoz, hayotda bor-ku, nega qo‘rqish kerak?” deydi. Ikkinchi “muharrir” ancha bosiq, vazmin, bugungi kun kon’yukturasini yaxshi tushunadigan, mulohazali, “shoshma, buning oqibati yaxshi bo‘lmaydi, boshingga bir baloni orttirib olma!” deydi. Har qanday badiiy mahsulot mana shu ikki “muharrir”ning tasdig‘idan o‘tishi kerak. Bittasidan o‘tib, ikkinchisidan o‘tmasa bo‘lmaydi. Lekin bu ikki “muharrir”ni murosaga keltirish, bir-biriga yaqinlashtirish – o‘limdan qiyin ish.
Hozirda kamina shu ikki “muharrir”ni murosaga keltirish bilan mashg‘ulman.
– Bugungi faoliyatingiz gazetachilik bilan bog‘liq. Siz – “Shifo-info” gazetasi bosh muharririsiz. Uning adadi ham ozmuncha emas. Gazetaning tayyorlanish jarayoni, jamoangiz haqida gapirib bersangiz.
– Kasallik tufayli bir necha yil ijoddan to‘xtab qoldim. Qo‘l ishlamaydi, til ishlamaydi, lekin kalla ishlaydi-ku! Insult – miya kasalligi. Shifoxonadan chiqqanimdan so‘ng inson miyasi haqida yanada ko‘proq bilgim keldi. Qarang, o‘sha yillari o‘zbek tilida tibbiyotga bag‘ishlangan bironta nashr yo‘q ekan (“Fan va turmush”dagi tibbiyotga oid onda-sonda berilidigan maqolalarni hisobga olmaganda, albatta). Tibbiy gazeta ochishni ukam Farhod Normatovga maslahat soldim. Uning bu sohada ancha tajribasi bor, Sirdaryo viloyat prokuraturasi qoshidagi “Adolat ko‘zgusi” gazetasining asoschisi va bosh muharriri. Birgalashib nom qidira boshladik. “Al-Hakim”, “Doktor”, Tashxis”, “Shifokor” kabi nomlardan voz kechib, “Shifo-info”ga to‘xtadik. Mana, talay yillardan beri aholining tabbiy madaniyatini oshirishga baholi-qudrat ulushimizni qo‘shib kelyapmiz.
– Shaxsiy hayot… Oila a’zolaringiz xususida gaplashsak…
– Son jihatdan ham, yashash tarzimiz jihatdan oilamiz o‘rtamiyona: men, ayolim, uchta qizim. Ayolim, Mavjudaxon bilan institutda birga o‘qiganmiz. U keyinchalik o‘zimizning san’at institutimizda ko‘p yillar “Sahna nutqi” fanidan dars berib keldi. Hozir nafaqada. Katta qizim Munojatxon sharqshunoslik institutning turk filologiyasi bo‘limini tugatgan (hozir kuyovimiz Oybekjon va to‘rtta nevaramiz bilan xorijda xizmat qilyapti). O‘rtancha qizim Irodaxon jahon tillari universitetining ingliz tili filologiyasini tugatgan – bir o‘g‘il, bir qizi bor. Kenja qizimiz Kamolaxon jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistikasi koreys tili bo‘limini tamomlagan. Ikki o‘g‘il, bir qizi bor. “Shifo-info”da bosh muharrir o‘rinbosari.
– Bugungi yosh ijodkorlarga nimalar degan bo‘lardingiz?
– Har ikkala “muharrir”dan o‘tgan narsalar yozishni. Bitta “muharrir”dan o‘tib, ikkinchisidan o‘tmagan asarlar jonga tegib ketdi.
Anvar Namozov suhbatlashdi
(2013 yil)