Prezidentimiz Islom Karimov «Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch» kitobida «Alpomish» dostoni millatimiz o‘zligini namoyon etadigan, avlodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan qahramonlik qo‘shig‘i sifatida xalqimizning bebaho ma’naviy durdonalaridan biri ekanini ta’kidlaydi: «Agarki, xalqimizning qadimiy va shonli tarixi tuganmas bir doston bo‘lsa, «Alpomish» ana shu dostonning shoh baytidir».
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi — O‘zA muxbiri “Alpomish” dostonining milliy va umumbashariy ma’naviyatda tutgan o‘rni, ahamiyati hamda bugun alpomishshunoslik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan tadqiqotlar ko‘lami haqida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining folklorshunoslik bo‘limi katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi Shomirza TURDIMOV bilan suhbatlashdi.
— Mustaqillik yillarida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida milliy o‘zlikni anglash, ma’naviyatni yuksaltirish yo‘lida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda, — deydi Sh.Turdimov. —Bu jarayonda Vatanimizdagi ma’naviy meros, madaniy boyliklar, tarixiy yodgorliklarni tiklash, xalqimizning jahon tamaddunida tutgan o‘rni va ahamiyatini namoyon etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shunday ezgu ishlar silsilasida o‘zbek xalq og‘zaki ijodining noyob durdonasi — “Alpomish” dostoni ham inson va tabiat uyg‘unligi, umid va ishonch falsafasi, or-nomus,vatanparvarlik, bag‘rikenglik, matonat va sadoqat qo‘shig‘i sifatida o‘zining yangi hayotini boshladi. Zotan, “Alpomish” nafaqat xalqimizning, balki butun insoniyatning ma’naviy merosidir. Badiiyat va epik tafakkur qonuniyatlaridan boxabar inson borki, bu asarning dunyo tamadduni hamda inson tasavvur va tafakkuridagi noyob badiiy-estetik hodisa ekanini tan oladi.
“Alpomish” tub mag‘zidagi ulkan hikmatning o‘zagi alpning quyma sifatlarida timsoliy ifodalangan: Alpomish — o‘tda yonmaydi, suvda cho‘kmaydi, qilichda chopilmaydi. O‘t — osmon olami, suv — yer osti, qilich — yer yuzi dunyolari quvvati ramzi ekanini inobatga oladigan bo‘lsak, alp borlig‘i ushbu uch o‘lcham kuchlari quvvati bilan kamolga yetgan barkamol shaxsdir.
Alpomishning avvalgi ismi Hakimbek ekani ham bejiz emas. Chunki “alp” so‘zi “hakim — donishmand, bilga”, “mish/mes” so‘zi esa “botir, bahodir, qahramon” ma’nolariga ega.
Alpomish — xalqimizning bunyodkor inson haqidagi tasavvurlarini o‘zida mujassam etgan ideal qahramoni. Dostonning bosh g‘oyasi, falsafasi ana shu asosga qurilgan. Shu sababli u barcha davrlarda avlodlarga ibrat bo‘lib kelmoqda. O‘z taqdirini millat taqdiri bilan bog‘lab yashaydigan o‘g‘il-qizlari bor xalqhech qachon zavol topmaydi. Avlodlar mana shunday timsollar ruhida tarbiyalansa, bunday xalqning ma’naviyati butun, kelajagi buyuk, yo‘li oydin bo‘ladi.
“Alpomish” dostonida kuylangan obrazlarning hayoti, voqealar tasviri o‘ziga xos botiniy ma’noga ega. Etnosning taqdiri, tarixdan uqqan saboqlari, bilim xulosalari eposda badiiy in’ikosini topgan. Doston mag‘zidagi ushbu mohiyat uni barcha davrlardagi avlodlarga bog‘laydi. Etnos eposida o‘zini, o‘zligini kuylaydi. Eposning ohanrabosi, qadr-qimmati, har bir ko‘ngilga, zamonga uyg‘un ma’no kasb etuvchi quvvati shu kuchda namoyondir.
— Barkamollik — insoniyat uchun hamisha ma’naviy manzil bo‘lib kelgan. “Alpomish” dostoni bugungi “axborot erasi”da ulg‘ayayotgan avlodga bu ma’naviy cho‘qqi haqida qanday yangi va ezgu tasavvurlar beradi?
— Ma’lumki, insoniyat hamisha kundalik turmush zahmatlarini yengillashtiruvchi vosita va usullarni topishga intilgan. Barcha davrlardagi ilmu hunar, fan-texnika kashfiyotlari ushbu istak va intilishning mevalaridir. Lekin bu qulayliklarning aksariyati tan ehtiyojlarini qoniqtiradi, xolos. Ruhimiz esa hamisha ma’naviy qadriyatlardan ozuqa oladi. Texnika vositalaridan farqli ravishda insoniyat yaratgan ma’naviy qadriyatlar eskirmaydi, ma’naviy kamolotga xizmat qilaveradi.
Bugun “axborot erasi”da ulg‘ayayotgan avlodga “Alpomish”ning ibratli o‘rinlari ko‘p. Eposdagi ramziy, timsoliy ma’nolar qatlamiga kirilsa, u har bir ko‘ngilning bitmas-tuganmas xazinasiga aylanadi. Anglangan, qayta kashf etilib, bugunning ma’naviy mulkiga qo‘shilgan epos har bir shaxs va butun xalqning o‘zligini o‘ziga tanitadi. O‘zini anglagan, tanigan shaxs – komil insondir. Uning o‘yi so‘ziga, so‘zi amaliga, amali o‘yiga uyg‘un. U befarq, inert odam emas. U jamiyatu tabiatdagi har bir holatga o‘zini mas’ul, deb biladi. U hal qiluvchi vaziyatlarda “Maslahat bermaymiz, Boysariboyga, osilmaymiz Boybo‘rining doriga”, deb manfaatlari qobig‘iga berkinib olgan yortiboychilik bilan murosa qilmaydi. Aksincha, “birovning chorig‘iga birovni toydirmaslik lozim”, degan aqida bilan yashab, adolat himoyachisi bo‘ladi.
“Alpomish” dostoni, Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, bizga, avvalo, vatanparvarlik fazilatlaridan saboq beradi. Odil va haqgo‘y bo‘lishga, o‘z yurtimizni, oilamiz qo‘rg‘onini qo‘riqlashga, do‘stu yorimizni, or-nomusimizni, ota-bobolarimizning muqaddas mozorlarini har qanday yovuz tajovuzdan himoya qilishga o‘rgatadi. O‘zimiz, qavmu qarindoshimiz, el-yurtimiz, qolaversa, insoniyat, tarix va vaqt oldida javob berish uchun har kuni yangidan kurashga kirishishga chorlaydi. Bular – barcha zamon va makonda avlodlarni faqat barkamol bo‘lishga undaydi.
— Bu dostonda yorqin badiiy ifodasini topgan milliy davlatchiligimizga xos jihatlar haqida ham to‘xtalsangiz?
— Epos xotira va orzuning chegarasida tug‘iladi. Kishi hayotida yorqin iz qoldirgan voqea-hodisalarni yo quvonch yoki afsus bilan yodlab saboq uqqani kabi, xalqham hayot-mamoti bog‘langan ulkan hodisalarni avloddan-avlodga epos vositasida meros qoldiradi. Doston — tarixiy hujjat bo‘lolmasligi mumkin, ammo u tarixdan chetda qolgan to‘qima ham emas. Bugun yozma dalilga tayanib qolgan ayrim odamlar har qanday fikrga hujjat talab qilishi tabiiy. Ammo yozma dalillarqabatida «og‘zaki hujjatlar» ham baqamti yashashi fakt. Millatning ko‘ngil tubidagi bobomeros xotiralar o‘zagi bunga dalildir.
Epos tarixning mayda tafsilotlaridan emas, mohiyatni tipik holatlarda umumlashtirishdan yaraladi. U tarixning barcha davrlarini yaxlit bir jamlovchi timsoliy davr tizimini yaratadi. Bunday asar bevosita xalq taqdirnomasiga aylanadi. Shu asnoda “Alpomish” nafaqat ko‘hna mifologik tasavvurlardan, muqaddas bitiklardan, balki xalqning kechmish tarixidan ham quvvat va ulgi olib, ko‘rkam badiiy estetik hodisaga aylangan.
“Alpomish” voqeasini “ayriliq va birlashuv dostoni”, deb atash mumkin.Oila tanazzulga yuz tutadi, yana qayta quvvatga enib, qad rostlaydi, o‘zligini namoyon etadi: oyning o‘n beshi yorug‘, o‘n beshi esa qorong‘u. Nima uchun aynan ushbu syujet paydo bo‘ldi? Nega barcha haqiqatlar ushbu voqea tizimiga qurildi? Javobni epos yaratuvchisi bo‘lmish xalqning kechmishi, tarixi aytadi.
Xalqimiz kechmishida ayni holat eng dolzarb masala bo‘lganligiga dalillar, misollar istalgancha topiladi.Bo‘linuv va birlashuvning «bolu zahri»ni ajdodlarimiz ko‘p totishgan. Yaqin besh-olti asrda kechgan voqealarni yaxlitlashtirib, xayolan yodlaylik: Sohibqiron Amir Temur tuzgan saltanat dovrug‘i… Uch xonlik davri… Ichki nizo va kelishmovchiliklar oqibatidagi Chor Rossiyasi bosqini va mustabid sovet tuzumining xalqimiz boshiga solgan musibatlari… Va nihoyat istiqlol: tiklanish va taraqqiyot…
Taqdir charxpalagi aylanar ekan, tanazzul va yuksalishning har bir halqasi xotirani yangilab boradi. Xalqimiz bu takrorsiz takrorni chuqur anglab, tub mohiyatiga yetgan, ko‘nglida pishitib, avloddan-avlodga doston shaklida o‘tkazgan. «Alpomish» mohiyatida tarix ana shu tarzda singgan. Bu doston uqtiruvchi saboqni, uning mag‘zidagi ma’noni uqish orqali har bir avlod o‘z holiga, holatiga baho beradi.
— Bugungi alpomishshunoslik manzarasi qanday? Bu yo‘nalishda olimlarimiz oldida yechimini kutib turgan muammolar va dolzarb masalalar nimalardan iborat?
— “Alpomish” dostonini yozib olish, nashr etish, ilmiy tadqiqqilish ishlari XX asrning yigirmanchi yillaridan boshlangan. Dastlab G‘ozi Olim 1922 yili Fozil shoir va Hamroqul baxshidan dostonning ma’lum qismini yozib olib, chop etgan. Dostonning to‘liq varianti 1927-1928 yillari Fozil shoir ijrosida Mahmud Zarif tomonidan yozib olindi va 1939 yil Hamid Olimjon tahriri ostida e’lon qilindi. Dostonning to‘ldirilgan nashrini Hodi Zarif va To‘ra Mirzayev “O‘zbek xalq ijodi” ko‘p jildligida amalga oshirdilar. Afsuski, o‘tgan asrning 50-yillarida, milliy merosimizning ko‘pgina namunalari kabi, “Alpomish” dostoni ham millatchilik ruhidagi asar sifatida qoralanib, qatag‘on qilindi.
Mustaqillik yillarida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilgan keng ko‘lamli milliy tiklanish jarayonida “Alpomish” ham xalqimizning bebaho ma’naviy durdonasi sifatida o‘z o‘rnini topdi. Dostonning to‘la nashri 1992 — 1993 va 1998 yillari kitobxonlar qo‘liga tegdi, ularni keng ko‘lamda ilmiy o‘rganish ishlari amalga oshirildi. Yurtboshimiz tashabbusi bilan “Alpomish”ning 1000 yillik to‘yi katta shodiyona bilan nishonlandi.
DostonningPo‘lkan shoir va Ergash shoir, Berdi baxshi, Bekmurod Jo‘raboy o‘g‘li, Saidmurod Panoho‘g‘li variantlari nashr etildi. Fozil shoir variantining akademik nashri bosmadan chiqdi, ko‘plab tadqiqotlar qilindi. Eng muhimi, folklorshunosligimizda “Alpomish” dostonini o‘rganish bo‘yicha ilmiy maktab shakllandi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasiAlisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutining folklor arxivida “Alpomish”ning o‘ttizga yaqin varianti saqlanayotgan bo‘lsa-da, ulardan faqat beshtasi keng ommaga yetkazilgan. Bu boradagi ilmiy izlanishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, dostonning ommaga, xususan, yosh avlodga yetib borishi uchun “Alpomish” qomusini yaratish bu boradagi eng dolzarb vazifalardan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 7 oktyabrda qabul qilingan “2010 — 2020 yillarda nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, asrash, targ‘ib qilish va ulardan foydalanish Davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bu yo‘nalishdagi ezgu ishlarda dasturilamal bo‘lishi shubhasiz.
Xalqimiz o‘zi yaratgan va sevib ardoqlagan bu afsonaviy qahramon siymosida Vatanimizni yomon ko‘zlardan, balo-qazolardan asrashga qodir, kerak bo‘lsa, bu yo‘lda jonini ham berishga tayyor azamat o‘g‘lonlarning ma’naviy qiyofasini ko‘radi. Zotan, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, xalqimiz bor ekan, Alpomish siymosi ham barhayotdir.
O‘zA muxbiri Umid Yoqubov suhbatlashdi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 49-sonidan olindi.