Nizom Komil: “To‘g‘ri tarjima – yaxshi tarjima degani emas…” (2016)

Nizom Komil – O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi. 1937 yili tug‘ilgan. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institut(hozirgi universititet)ida tahsil olgan.  Nodar Dumbadze, Erix Mariya Remark, Fozil Iskandar kabi adiblarning asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girgan.

– Nizom aka, fan-texnika yutuqlari hayotga tezlik bilan tatbiq etilishi tufayli tilimizda juda ko‘p yangi so‘zlar paydo bo‘ldi. Bu atamalarning aksariyati o‘zbekcha muqobili bilan almashtirilmayapti. Ya’ni inglizlar, ruslar, frantsuzlar qanday atasa – bizda ham xuddi shunday qo‘llanilyapti. Bu borada qanday yo‘l tutsak to‘g‘ri bo‘ladi deb o‘ylaysiz?

– Jamiyat rivoji, fan va texnika taraqqiyoti tilga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Yangi-yangi atamalar paydo bo‘ladi va ular dunyodagi barcha tillar bag‘riga singib ketadi. Bu tabiiy hol. Bundan cho‘chimaslik kerak. Endi muqobil so‘zlar masalasiga kelsak, boshqa tillardan o‘zbek tiliga kirib kelayotgan barcha atamalarning muqobili ona tilimizda bor, deyish ham to‘g‘ri emas. Mana, masalan, velosiped, mashina, poyezd, samolyot degan atamalarning muqobili bormi? Yo‘q. Chunki men yuqorida nomlarini tilga olgan narsalar ilgari bizda bo‘lmagan. Demak, bu atamalarning muqobili bo‘lishi ham mumkin emas. Ularni allaqanday sun’iy nomlar bilan atash g‘irt nodonlik. Bu so‘zlar allaqachon tilimizga o‘rnashib bo‘lgan va beminnat xizmat qilib kelmoqda. Esimda, 1989 yili o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi bilan tilni butunlay “tozalash” tarafdorlari ham paydo bo‘ldi. Aeroportni tayyoragoh, samolyotni uchoq, institutni oliygoh, ilmiy-tadqiqot muassasalarini ilmgoh deyish rasm bo‘ldi.
Ammo bu hol uzoqqa cho‘zilmadi. Tilimiz bu atamalarni hazm qilolmadi, tupurib tashladi. Yana o‘z o‘zaniga tushib oldi. Tashqaridan turib tilga zo‘ravonlik qilish befoydaligiga o‘shanda amin bo‘lganman.

– Tarjima asarlarda hamon Hegel va Gegel, Hayne va Geyne, Hyugo va Gyugo, Herakl va Gerakl… singari turfalik bor. Bunday ikki xil yozilishning sababi aniq, albatta…

– Siz tilga olgan allomalar ismlarining turlicha yozilishi va talaffuz etilishi faqat tarjima asarlarda emas, boshqa nashrlarda ham uchrab turadi. Gap shundaki, rus tilida yumshoq “H” tovushi yo‘q, shuning uchun ruslar “H” o‘rniga “G” tovushi va harfini ishlatishadi. Bizga ham ruslardan o‘tgan. Geyne, Gyugo va hokazo. O‘zbek tilida esa “H” tovushi bor, binobarin, bu buyuk adib­lar ijod qilgan tillarga mos ravishda Hayne, Hyugo deya talaffuz etilsa va shu shaklda yozilsa to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylayman.
– Sizning nazmda ham qalam tebratganingizdan xabarimiz bor. She’rlar, g‘azallar va muxammaslaringizni o‘qiganmiz. Ayting-chi, tarjima qilish uchun qay biri oson: she’rmi, hikoyami?

– Nazmda qalam teb­ratganim qursin! Eslasam, uyalib ketaman. So‘zni qofiyalashtirish she’riyat emasligini anglagunimcha… “qancha qog‘ozlarning boshiga yetdim”. Allohga shukr, bu darddan qutilganimga ancha yillar bo‘ldi. Roman tarjimasi jarayonida duch kelganim she’riy parchalarni bir gal Erkin Vohidov, bir gal rahmatli Muhammad Yusuf o‘zbekchalashtirib bergan. O‘zim uchun esa to‘rt satr she’rni tarjima qilishdan ko‘ra o‘n sahifali hikoyani o‘zbekchaga o‘girish yengilroq. Ammo bir narsani ham aytib qo‘yishim kerak: tarjimalarim kitobxonga sal-pal ma’qul bo‘layotgan ekan, bunda she’riyatga oshuftaligimning ham hissasi yo‘qmikin, degan o‘y ba’zan ko‘nglim ko‘chalarini oralab qoladi.

– “So‘z so‘ylashda va ulardan jumla tuzishda uzoq andisha kerak”, deb o‘git beradi hassos yozuvchimiz Abdulla Qodiriy. O‘quvchi (tinglovchi, tomoshabin) didini jizg‘anak qilayotgan bozor adabiyoti va tijoriy o‘zandagi teatr-kino namunalarining bu boradagi holati barchamizga ayon… Sizningcha, san’at niqobini tutgan jo‘nlik, sayozlik, o‘rtamiyonalik, didsizlik bilan qanday kurashish mumkin? Yo ayrim ziyolilarimiz aytganidek, loyqa oqayotgan daryoning tinishini kutish kerakmi? Tarjimonning o‘quvchi didiga moslashishini yoq(oq)laysizmi?
– Jannatmakon Abdulla Qodiriyning andisha haqidagi gapini zap keltirdingiz-da! U zot asarga qo‘yiladigan ko‘pdan-ko‘p talablarni nazarda tutgan va o‘zi ham bunga to‘la amal qilgan. Lekin hozir-chi? O‘sha andisha hammada ham bormi?! Kim o‘zini yomon yozuvchi yoki yomon shoirman, deydi? Kim o‘zini yomon rejissyor yoki yomon rassomman, deb istihola qiladi? Ovora bo‘lasiz – demaydi. Siz aytgan “bozor adabiyoti”ning mahsulotlari ham ana shunday andishasizlikning mevalaridir. Afsuski, bunga qarshi kurashish oson emas. Chunki “Yomon asar yaratish taqiqlanadi” degan qonun yo‘q. Istak bor, xolos. Bilasizki, istak – qonun emas. Butun umid gazeta va jurnal, nashriyot muharrirlaridan. Ularning didi va e’tiqodi hal qiluvchi kuchga ega. O‘zim ham noshirlikdan nafaqaga chiqqanman, umrimning ko‘p vaqtini andishasiz qalamkashlar bilan olishishga sarfladim. Nazarimda, didsizlikka qarshi kurashish uchun birinchi galda didni, saviyani ko‘taradigan asarlarni ko‘proq targ‘ib qilishimiz lozim.
Har qanday san’at vakilining, jumladan, tarjimonning ham, o‘quvchi yoki tomoshabin didiga moslashishi – istiqbolsiz yo‘l. Bu yo‘l adabiyotni ham, boshqa san’at turlarini ham tubsiz jar yoqasiga yetaklaydi.

– Mashhur gruzin yozuvchisi Nodar Dumbadzening “Ellada” (Hellados), “Kukaracha”, “Oq bayroqlar”, “Abadiyat qonuni” asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girgansiz. Yana amerikalik yozuvchi Irvin Shouning “Tungi darbon” romanini ham o‘zbek o‘quvchilari e’tiboriga havola qildingiz. Dumbadzening falsafiy, o‘ylashga undovchi asarlaridan “Tungi darbon” butkul farq qiladi; bu har ishga uchib-qo‘nib yuradigan kishi haqidagi sarguzashtlarga boy roman. Sizni ushbu badiiyati unchalik baland bo‘lmagan asar tarjimasiga nima undadi?

– Nodar Dumbadze – boshqa olam, albatta. Irvin Shouning “Tungi darbon” romanini esa ustoz Ozod Sharafiddinovning buyurtmasiga ko‘ra tarjima qilganman. U kishi o‘sha kezlari “Jahon adabiyoti” jurnalining bosh muharriri edilar. Jurnal endigina chiqa boshlagan yillar edi. Yangi nashrga o‘quvchilarni kengroq jalb etish uchun sarguzasht asar kerak bo‘lib qolgan-da. Buning boshqa boisi yo‘q. Tarjima jarayonida o‘zim ham asar voqealari qa’riga sho‘ng‘ib ketganimni sezmay qolganman. Siz aytgandek, badiiyati uncha baland bo‘lmagan shu kitob Moskvada bir necha million nusxada chop etilgan.

– Bugun xorijiy tillardan bevosita tarjima qilayotgan yosh tarjimonlarimiz paydo bo‘ldi. Biroq ayrim tarjimonlarning ishlarida pala-partishlik, matnni bir marta o‘girish bilan kifoyalanish, tahrirga qaytmaslik kabi qusurlarning asorati ko‘zga tashlanmoqda. Bu borada ustoz tarjimon sifatida qanday maslahat berardingiz?

– Tarjimonlar safi kengayib borayotgani kishini quvontiradi, albatta. Ammo gap sonda emas, sifatda. Talab yoshu qariga barobar. To‘g‘ri tarjima – yaxshi tarjima degani emas. Shuning uchun yosh tarjimonlarimiz tinmay izlanishlari, o‘qib-o‘rganishlari, adabiy til nimayu badiiy til nima – buning farqini aniq-ravshan ajrata oladigan bo‘lish­lari zarur. Tarjima orqasidan boyib ketaman deyish – xomxayol. Tarjima jarayonida shirin azoblarni his etsangiz, sizdan boy odam yo‘q. Ana shu azoblarni his etish uchungina yashaydigan ijodkorlar bor.

– Tarjima qilish uchun biror xorijiy tilni mukammal bilishning o‘zi kifoya­mi?

– Til bilgan yaxshi. Ammo biror bir tilni mukammal bilaman, deyishdan hayiqish kerak. Har bir til – tubsiz ummon. Uning tagiga yetib bo‘lmaydi. Nima, meni o‘zbek tilini mukammal biladi deb o‘ylaysizmi? Be-e! Tarjima jarayonida undan so‘z tilanaman, xolos. Qaysi tildan qaysi tilga tarjima qilmang – umringiz “tilanchi”lik bilan o‘tadi.

– Sizga yoqqan, tarjimon sifatida tan bergan uchta tarjima asarni aytib o‘tsangiz. Va albatta, sabablarini ham…

– Yaxshisi, men tan bergan uchta tarjimonning ism-sharifini aytib qo‘ya qolay. Bular – Mirzakalon Ismoiliy, Qodir Mirmuhammedov, Ibrohim G‘afurov. Ularning tarjimalari bu dargohga qadam qo‘ygan yosh tarjimonlarga yo‘lchi yulduz vazifasini o‘taydi.

– Yosh tarjimonlardan kimlarning ijodini kuzatib boryapsiz? Ularning yutuqlari nimada? Suhbat so‘ngida yosh tarjimonlarga qanday tilak­laringiz bor?

– Yosh tarjimonlarning ijodini kuzatib boraman, desam, yolg‘on so‘zlagan bo‘laman. Keksalik… O‘zim ham tarjimani yig‘ishtirib qo‘yganman. Negadir she’r o‘qigim kelaveradi. Sakson yoshga yaqinlashib qolgan odamning she’r o‘qib yurishi g‘alatiroq, shundaymi?! Ammo nachora… Yoshlikda bergan ko‘ngil.
Yosh tarjimonlarga maslahatim: she’riyat bilan do‘st tutining – mushkulingiz oson bo‘ladi.

G‘iyosiddin O‘narov gurunglashdi.
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 1-son