Amerikalik nevrolog olima, adib va ilm targ‘ibotchisi Marianna Vulf jahon olimlari orasida “Prust va kalmar: tarix va mutolaa qilayotgan miya tadqiqotlari” (“Proust and the Squid: The Story and Ssience of the Reading Brain”) asari bilan tanilgan.
Muallifning “Hamburger Abendbiatt” va “Suddeutsche Zeitung” gazetalariga bergan intervyulari asosidagi suhbatini e’tiboringizga havola qilyapmiz.
– Hozir ko‘pchilik, ayniqsa, yosh bolalar matnni ekrandan o‘qishga o‘rganib qoldi. Siz esa mana shundan xavotirdasiz. Nega?
– Raqamli vositalar, aytaylik, internet matnni yuzaki o‘qishga bizni o‘rgatib qo‘ydi. Biz nihoyatda ulkan hajmdagi axborotlarni iloji boricha tez sur’atlarda qabul qilib olishga intilamiz; goh elektron pochtamizni nazoratdan o‘tkazishimiz, goh feysbukdagi sahifalarni ko‘zdan kechirishimiz kerak; goh saytlardan saytlarga sayohat qilishimizga to‘g‘ri kelyapti. Diqqatimiz esa tutunday tarqalib, to‘zg‘ib ketyapti. Kitob bo‘lsa buning aksi – u bizga diqqat-e’tibor bilan o‘qishimizga imkoniyat yaratadi, olgan bilimlarimiz xotiramizda qoladi; kitob o‘qish jarayonida alohida so‘zlarga, iboralarga e’tiborimizni qaratib, diqqat markazimizda tutib tura olamiz, turli so‘z birikmalariga, jumlalarga, so‘zlararo uyg‘unlik va aloqalarga e’tibor qilamiz – miyamiz bundan faqat rohatlanadi, bilsangiz…
– Nahotki? Qanday qilib?
– Kitob o‘qiyotgan lahzalarda odamning miyasidagi avval bir-biridan yiroqda bo‘lgan, ajralib qolgan asab hujayralari jipslasha boshlaydi, tamomila yangicha tuzilma (struktura)larni vujudga keltiradi.
– Mana shu jarayonni batafsilroq tushuntirib bering, iltimos…
– Miyamiz “reprezentatsiya” (namoyish) holatida turibdi, deylik. Orqa miyadagi hududlar faoliyati tufayli, biz bir paytlar ko‘rgan, eshitgan yoki his qilgan taassurotlarni bir-biri bilan bog‘lay olamiz, ularni yangi axborotlar bilan to‘yintiramiz, shu asnoda hujayralarimiz jipslashadi. Kitob o‘qiyotgan lahzalarda miyamizning ko‘rish bilan bog‘liq qatlamlariga ko‘rganlarimiz – harflar, so‘zlar haqidagi signallar yetib boradi. Bu qatlamda mana shu signallarni qabul qilib, shu asnoda o‘zlari ham faollashib oladigan tuzilmalar mavjud. Masalan, ingliz tilidagi “jat” so‘zi o‘zining asl ma’nosi – “marmelad”, “jem” ma’nolaridan tashqari, xotiramizda “music jat” musiqiy orom yoki tiqilinch yo‘l, ko‘chalardagi mashinalar tizimi ma’nosidagi “traffic jat” tasvirini ham yetkazadi. Matnni o‘qish jarayonida ma’nolarning uyqashib, bir-birini taqozo qilib kelishini his qilyapsizmi? Matn ekrandan o‘qilganda esa mana shu ma’nolar aralashib, asosiy ma’no tushunilmasdan qolib ketish hollari kuchayadi.
– Bosh miyadagi yangi neyronal aloqalar faqat bolalarda, ular o‘qishni o‘rganayotgan lahzalarda shakllanadimi?
– Yo‘q, bu hodisa katta yoshlilarda ham sodir bo‘ladi. Bu narsa qator-qator ilmiy tadqiqotlarda o‘z isbotini topgan. Masalan, olimlar bir guruh kishilarni sinovdan o‘tkazdilar, ularda adabiyotga oid ta’lim yo‘q edi, kam mutolaa qilardilar. Tadqiqot ishtirokchilariga adabiy asarlarni ko‘proq o‘qish tavsiya qilindi. Ularning hammasiyam topshiriqni bajaravermagan, albatta. Ammo (shunisi qiziq!) tomografik tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, adabiy asarlarni ko‘p mutolaa qilgan odamlarning bosh miyasida yangi neyronal aloqalar, jipslashishlar sodir bo‘la boshlagan va miyalari avvalgidan ko‘ra faollashgan, ya’ni rivojlangan; topshiriqni bajarmaganlar (kitob o‘qimaganlar) miyasidagi hujayralar esa avvalgi holatda qolib ketavergan.
– Kitob mutolaa qilganlarning miyasi bundan qanday naf ko‘rgan?
– Qarang, biz kitob o‘qiyotgan paytimizda mutolaa sayin ona tilimizni chuqur o‘rgana borar ekanmiz. Bu paytda bizning so‘z zaxiramiz kengayib, jumla tuzish layoqatimiz takomillashar ekan, eng murakkab va nozik ma’nolarni ham chuqur anglab yetishga qobillashib borarkanmiz. Kitob mutolaasi bizni chuqurroq va foydaliroq o‘ylashga o‘rgatar ekan. Tajribali kitobxonlarga razm soling, ular matnni tushunibgina qolmaydilar, balki tushuntirib-izohlab berishga ham, matnga tanqidiy nuqtai nazardan yondashishga ham moyil bo‘ladilar. Kitob o‘qishning yana bir fazilatli tomoni – mutolaa insonga hayajon bag‘ishlaydi, vujudimizga ezgulik nurlarini singdiradi, qachonlardir boshdan kechirgan, bizga tanish hissiyotlar bilan qayta uchrashtiradi, mutolaa qilgan inson ma’nan boyiydi. Bolalar kitob o‘qimas ekan, adabiy qahramonlarning kechinmalaridan bebahra qoladilar, “qissadan hissa chiqarolmay”, fikriy qoloqlik botqog‘iga botadilar, mushohada yuritish imkonlari cheklanadi. Bu mahdudlik, biqiqlik insonning o‘zini cheklab qo‘yadi.
– Kitobni internetdan bo‘lsa ham, o‘qiyapmiz-ku axir, buning nimasi yomon? O‘qish bo‘lgandan keyin hammasiyam o‘qish-ku…
– To‘g‘ri. Lekin inson internetdan o‘qiyotgan paytda vaqt omili uni yelkadan bosib turadi. Ya’ni, biz internetda o‘tirib hamma axborotni shosha-pisha qabul qilib olishga, miyamizga chala-chulpa tiqishtirishga o‘rganib qolamiz. Shuning uchun ham, hammasini o‘qidim, tushunib yetdim, bilib oldim, degan hissiyot vujudimizga singadi. Ilgari odamlar kitob o‘qish uchun kutubxonaga maxsus tayyorlanib, mashaqqatlar chekib yetib borar, butun diqqat-e’tibor mana shu yumushga yo‘naltirilgan bo‘lardi. Hozir esa butun kutganlaringizni internet uch sekund ichida oldingizga chiqarib qo‘yadi, mashaqqat-zahmat chekib yurmaysiz. Farqini his qilyapsizmi – qiynalmasdan erishilgan bilimlar bir zumda uchib keladi-yu ketadi, miyangizga, xotirangizga joylolmay ham qolasiz…
– Demak, bolani o‘qishga o‘rgatish mobaynida ham matn ma’nosini tushunib o‘qishga, ham o‘qilganlarni tahlil qilib, xotiraga joylab o‘qishga o‘rgatishimiz kerak ekan-da?
– Albatta-da, hamma gap mana shunda. Farzandlarimiz qanday intellektual qobiliyatlarga ega ekanliklarini bilib olishimiz juda muhim. Ularni tevarak-atrofdagi narsalarga qarab bexato yo‘nalish olishga, axborot va ma’lumotlarni samarali tahlil qilishga o‘rgatishimiz zarur.
– Siz, mana, internet odamlarni shoshilishga majbur qiladi, olgan axborotlarimiz xotiraga chala o‘rnashadi yo o‘rnashmasdan uchib ketadi, deb yozg‘iryapsiz. O‘qiladigan matn esa ko‘p, hammasini ko‘rib chiqishga, xotiraga joylab olishga esa vaqt yo‘q, ulgurmaymiz. Shoshilishimiz balki shundandir? Internetning o‘zi zamondagi shiddatkorlikni, sur’atni aks ettirib, bizni tezlikka undayotgandir?
– Men sizlarga o‘z boshimdan kechgan bir holatni gapirib beray. Tajribamdan o‘tgan. Internet mening xulq-atvorimni qanchalar o‘zgartirib yuborganini aytmoqchiman. Men hozir she’riy kitoblarni kam mutolaa qiladigan bo‘lib qoldim. Matnni, murakkab romanni o‘qishga chog‘lanayotib, yana o‘ylanaman: buni o‘qib chiqishga vaqt qayda endi? Ko‘rdingizmi, vaqt masalasi yelkamdan bosib, shu savolning o‘zi mutolaaga yo‘l qo‘ymayapti… Buning o‘rniga falon-falon ishlarni qilib olishim kerak, degan hissiyotni ko‘nglimga quygan – internet. Hatto kompyuterdan uzoqlashgan paytlarda ham mana shu hissiyot meni tark etmayotir. Demak, bir menda emas, hammadayam ahvol shu. Internet – jamiyatimizning qora o‘rasi, sizu bizning vaqtimizni yamlab-yutib boryapti.
– Biz kitob o‘qimay qo‘ydik, deylik. Mana, internet bor, shundagi matnni o‘qib olsam, shuning o‘zi yetarli deb yuraversak, unda nima bo‘ladi?
– Inson miyasi azaldan o‘qish uchun moslanmagan edi. Miyamizning turli hududlaridagi hujayralarni joylashtirib, birlashtirib, mutolaaga mas’ullik qiladigan “bo‘linma” yaqin-yaqinlarda paydo bo‘ldi, shu “bo‘linma”da mutolaaga mas’ul bo‘lgan maxsus neyronal tarmoq shakllandi. Bu tarmoqniyam a’lo darajada, ideal ishlaydi, deb bo‘lmaydi, aslida. Lekin shunisi aniqki, matn ichiga chuqur kirib borishni istasak, miyamizning ikkala yarimsharidan teng foydalanishimiz kerak. Agar matnga loqaydgina, shosha-pisha, chala-chulpa, yuzaki qaraydigan bo‘lsak – men internetning bizga o‘rgatgan o‘qish texnikasini nazarda tutayapman – miyamiz ham befarq-loqayd, “tepsatebranmas” bo‘lib qoladi, yarim kuchini sarflab, istar-istamas ishlaydigan bo‘ladi, ya’ni o‘zidagi bor resurslardan to‘liq foydalangisi kelmasdan ishlay boshlaydi. Mana, internetning “karomat”i.
– Do‘stlar bilan kechadigan suhbatlar payti olingan axborotlar mutolaa o‘rnini bosa oladimi?
– Ba’zan shunaqayam bo‘ladi. Lekin bu suhbatlar ham ko‘pincha shunchaki turmush ikir-chikirlaridan, chala-yarim taassurotlardan iborat bo‘lib qoladi-da, shu tomoni bor. Mutolaa paytida biz kitob ichiga kirib, o‘z xayollarimizga bemalol erk berishimiz, bizni o‘ylantirayotgan narsalar haqida obdon mulohaza yuritishimiz mumkin. Xayol esa chegara bilmaydi: goh o‘zimizni qotil deb tasavvur etishimiz, goh shoh, goh gado bo‘lib “kun kechirish”imiz mumkin. Internetdagi ko‘z yugurtirishlar, chala-chulpa, yuzaki o‘qishlar bizning xayolan qilayotgan “parvoz”larimizni chippakka chiqaradi.
– Siz aytayotgan holatlar qog‘oz kitoblarni mutolaa qilish paytidagina yuz bersa kerak. Elektron kitoblarni (men internetni nazarda tutyapman)o‘qishdayam shunaqa holat yuz bermaydimi?
– Biz qog‘oz kitoblarni o‘qiganimizda qanday ijobiy hissiyotlarni boshdan kechirsak, balki hozir yoshlar ham – bolaligidan kompyuter va planshetlarga tikilib o‘rgangan avlod o‘sha holga oshno tutinar, balki. Qog‘oz kitobga tikilib, shundan zavq tuygan katta avlod, ya’ni bizlar elektron kitoblarni o‘qiganda o‘sha zavqli onlarni, hayajonlarni tuymaymiz, elektron kitoblar ichiga singishib ketolmaymiz. Umuman, mutaxassis olimlar mana shu masalalarni maxsus tadqiq qilib, xulosa chiqarsalar yaxshi bo‘lardi: buning sabablari nimada ekanligi, qog‘oz kitobni o‘qigandagi zavq-shavq, lazzatlar qanday-u, elektron kitoblar mutolaasi paytida odamda qanday his-tuyg‘ular uyg‘onadi, uyg‘onadimi-yo‘qmi o‘zi – mana shularni bir aniqlashtirib bersalar yaxshi bo‘lardi.
– Mutolaaning kelajagi qanday bo‘lar ekan? Shular haqdayam fikr bildirib o‘tsangiz…
– Elektron axborot vositalari hayotimizga juda chuqur singib boryapti, yosh avlod go‘daklikdanoq elektron asbob-uskunalar orasida o‘sadi. Ular yangi-yangi texnologiyalar orqali informatsiyalarga ega bo‘lar ekan, o‘sha olingan bilimlar biz qog‘oz kitoblar orqali olgan bilimlar kabi xotiralarida saqlanib qoladimi-yo‘qmi? Mana bu – bosh masala! Mening fikrimcha, bolalar internet bilan cheklanib qolmasligi kerak, ularga qog‘oz kitoblarni ham o‘qib berishimiz zarur. Hozir yangi texnologiyalar kirib bormagan yer yo‘q, bu borada uning imkoniyatlari juda katta. Bugun jahonda 100 million bolakay maktabda bo‘lish imkoniyatidan mahrum, ular ko‘chada tentirab yurib kunni kech qilishadi. Ehtimol, kompyuter texnologiyalarining imkoniyatlarini ularning savodini chiqarish, bilimli-ma’rifatli qilishga safarbar etsa bo‘lar?
– Bu texnologiyalarni hayotimizdan, kundalik turmushimizdan haydab-supurib chiqarolmaymiz. Shunday ekan, nima qilish lozim?
– Hozir hammamiz uchun muhim masala bu – o‘rta yo‘lni topib, muvozanatni saqlash… Nima qilish kerakligini o‘ylab, bir xulosaga kelish, qaror chiqarish uchun ham vaqt kerak, sokinlik kerak, xotirjamlik kerak. Internet deganlari – shovqin-suronning uyasi, unga kirdingizmi – xotirjamlik yo‘q, nimanidir izlaysiz, nimanidir topib, yengil-elpi o‘qib o‘tasiz, yodingizda qoldimi-qolmadimi, bu yog‘i bilan ishingiz yo‘q, barmoqlar muntazam harakatda, u saytga sakra, bunisiga o‘t… va hokazo. Biz-ku kitob o‘qib tarbiyalangan avlodmiz, internetga tikilib o‘tirib o‘sayotgan avlodning kelajagi nima bo‘ladi? Ularning xotirasiga, miyasiga nimalar o‘rnashib qoladi, tarbiyasi nima bo‘ladi, ko‘nglida nima gap, kayfiyati, xulq-atvori, ma’naviyatiyu madaniyati nima bo‘ladi – mana shular haqida hamma-hamma o‘ylashi kerak.
– Bola tarbiyalayotgan, parvarish qilayotgan odamlarga nimalarni tavsiya qilgan bo‘lar edingiz?
– Mening ota-onalarga maslahatim hozircha shu: “Uyingizda kitob ko‘p bo‘lsin, ko‘pdan-ko‘p qog‘oz kitoblar bo‘lsin, javonlaringiz kitobga to‘lib tursin! Bolangiz besh yoshga to‘lguncha har kuni kechqurun kitob o‘qib bering, ularning quloqlari siz talaffuz qilgan so‘zlarga qonib o‘ssin! Agar ular ulg‘ayib, yoshlari kattargan bo‘lsa ham, kitob o‘qib bering, o‘qing, o‘qing”.
Men ikkala farzandimga ham kitob o‘qib, o‘qitib o‘stirdim. Biri o‘n yoshga, ikkinchisi o‘n ikki yoshga to‘lguncha kitobni o‘zim o‘qib berardim. Mana bu so‘zlarni qulog‘ingizga quyib oling: quloqdan kirgan so‘z, ovoz bola miyasining rivojida juda katta ahamiyatga ega. Agar siz o‘zingiz kompyuterga yopishib olib, undan beri kelishni istamasangiz, bilingki, bolangiz ham kompyuterga yopishib o‘sadi, undan nari ketmay qoladi.
Internetning makrigiyohi shunchalar o‘tkir, shunchalar jozibador, bolangizni ehtiyotlab-ehtiyotlab o‘rgata bormasangiz, keyin kech bo‘ladi. Buning oqibati nima bilan tugashini hali hech kim bilmaydi. Yaxshisi, bolaga kitob o‘qib berib, boshqa ishlarga qiziqtirib, chalg‘itib, kompyuter saboqlarini esa oz-ozdan, kam-kamdan berib borish maqsadga muvofiqdir. Farzandlaringizning bolalik davri kompyuterga qurbon bo‘lib ketmasin!
“Znaniye – sila” jurnalining 2016 yil 11-sonidan Muzaffar Ahmad tarjimasi
«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 9-son