Karim Bahriyev: “Ijod – individual, xos jarayondir” (2017)

– Sizda adabiyotga ilk havas qachon uyg‘ongan, matbuotdagi ilk chiqishlaringiz, so‘ngra birinchi kitobingiz o‘quvchilar qo‘liga yetib borgan damlarni eslab o‘tsangiz.

– Dabdurustdan bir narsa deb javob berish qiyin, albatta… Chunki har qanday oson javob yuzaki bo‘lib qoladi. Har bir bolada bo‘lgani kabi men ham ko‘p orzularga berilganman. Bizning bolalik davrimizda eng noyob ovunchoq televizor edi. Internet, kompyuter, mobil telefon, smartfon, ayfon degan narsalar hali dunyoda paydo ham bo‘lmagan edi. Ana shu televizorda ham ikkita dasturi bo‘lib, u ham ba’zan tongda, ba’zan shomda boshlanib, kechqurun soat o‘n bir-o‘n ikkidayoq tugardi, bugungiday kecha-kunduz faoliyat yuritmasdi. Ana shu oynai jahonda biror kino berilsa, darhol shuning ta’siriga tushardik. “Qilich va qalqon” kinosini ko‘rib, ayg‘oqchilikni orzu qilardim. Keyin “To‘rt tankchi va bir it” filmi mashhur bo‘lganda tankchilikni orzu qilganman. So‘ng uchuvchilar haqida kino ko‘rib, uchuvchilikka havas paydo bo‘lgan…
1972 yil edi, shekilli. Televizorda Abdulla Oripov bilan bir yarim soat uchrashuv berildi. U paytlari hozirgiday ekranda kadr bir minutda yuz marta lip-lip almashmas edi. Shoirning ko‘zini ko‘rib, she’rini tinglardingiz. Abdulla Oripov soatlab kadrda ko‘zi chaqnab she’r o‘qigan edi.
Shoir yiroq-yiroqqa qaragani uchun yanada qisilgan qisiq ko‘zlarini olisga tikkancha, ko‘zlarida yosh qalqinib turgan holda olisdagi, keyin keladigan avlodga umid bilan boqardi va qonidagi junbishga kelgan hislariga sabab izlardi:

Bobolar dunyodan o‘tdilar shundoq,
Biz ham yetuklikka bo‘lmadik timsol.
Lekin sen bo‘larsan bokira mutloq,
Lekin sen yasharsan farishta misol…
Labda tabassumu ko‘zda yosh bilan
Senga talpinaman, buyuk nabiram.

O‘sha kundan, o‘sha lahzalardan shoir bo‘lishni orzu qildim. Shu bugungacha ham shu orzuning ortidan yuribman, uning izidan sargardonman. Jurnalis­tika bilan shug‘ullandim, deputat bo‘lib, siyosat maydonida bo‘ldim. Xalqaro tashkilotlarda ishladim… Ammo bularning bari dilimdan tashqari, men shoir bo‘lish orzusidan kechganim yo‘q… Abdulla Oripovning barcha she’rlarini yod bilaman va umrimning yarmi ulug‘larga ergashib o‘tdi. Keyin Halima Xudoyberdiyevaning she’rlarini tingladim: “Biz – olmamiz shoxlardagi… To‘kmasinlar, ayti­ngiz”. Norasidaligicha hayotning beshafqat olamiga otiladigan qizlarning nolasi, faryodi edi bu, ota-onasining mehriga to‘yib qolish istagi, isyoni edi bu. Keyin Erkin Vohidovni o‘qidim. Barot Boyqobilovning “Sharq kamalagi” degan kitobini o‘qib, havas qilganman. O‘sha she’rlar qandaydir Hamid Olimjon, Usmon Nosir she’rlariday sof, bokira edi. Abdulla Sher – yangi so‘z, qadimiy asrlar ohangi. Keyin Rauf Parfi – haqiqiy she’riyat, san’at… Keyin ulkan bir shiddat bilan “shartaki” bir avlod qarshimizda tik bo‘ldi – Shavkat Rahmon, Xurshid Davron, Usmon Azim, Asqar Mahkam… Tengdoshlarimiz – Abduvali Qutbiddin, A’zam O‘ktam.
Albatta, bir ko‘rsatuv bilan, bir yumalab shoir bo‘lib qolmas inson. O‘sha televizordagi she’riyat kechasi aslida bir turtkidir, azaldan tomirda oqqan, ko‘p yillardan beri yetilgan buloqning ko‘zini ochgandir… Mening momom – Ibodullo qo‘rboshining qizi Zulfiya onamiz doya edilar, ertaklar ham aytardilar. Zulfiya onamiz haqida bir she’r yozganman:

Qars-qurs sindi shishaday muzlar,
Shitir-shitir chechaklar undi.
Yana qushlar uchar yer uzra,
Zulfi momo,
Siz yo‘qsiz endi.

Qaldirg‘ochlar qaytdilar bir-bir,
Chorbog‘imiz bo‘ldi shu’lakon.
Musichalar qaytdi-ku, axir,
Qaytmaysizmi endi, momojon.

Yulduz to‘la kechalar samo,
Yana oftob kuydirar kunduz.
O‘sha falak, o‘shanday dunyo –
Ko‘rolmaysiz uni siz, afsus.

Onam yig‘lab tortadi qatim,
Otam men deb xo‘rsinar chuqur –
Siz aytganday odam bo‘lmadim,
Bu holimni ko‘rmaysiz, shukur…

Momomning ertaklarini tinglaganman, ammo otam – Abdulhakim haqiqiy doston aytuvchi edilar. Ular biz Urgutda kechalari achchiq tamakini ipga tizganda, qo‘shnilarni hasharga aytib, uch kecha-besh kechalab “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Avazxon”, “Kuntug‘mish”, “Bahrom va Gulandom” kabi qirqqa yaqin dostonlarni aytardilar. Ikki yuz-uch yuz rivoyatlarni so‘zlardilar. Qo‘shni qizlar, ayollar o‘zlarining uylarida tamakisi bo‘lsa ham, chiqib biznikida ishlashardi, chunki dostonning nima bilan tugashini bilish kerak-da…
Aytmoqchimanki, meni so‘zga, she’riyatga tayyorlagan omillar ichida shu hodisalar ham bor.
Ilk she’rim tuman gazetasida bosilgan. Gazeta muharriri Fayzi Haydarov shoir edilar, atroflarida ham katta va kichik havaskor shoirlar yig‘ilar edi. Albatta, maktabda Navoiy, Pushkin, G‘afur G‘ulomni o‘qiganmiz, ammo biz ko‘rgan ilk “tirik shoir”lar Fayzi aka va uning do‘stlari edi. U paytda bosilgan she’rlarimning sodda va jo‘n bo‘lganini bugun tushunaman, albatta. Tabiat, dalalar, ilk muhabbat kabi mavzular atrofida edik:

Bunda tunlar eng mitti terak
o‘saverib yulduzga yetar;
quvonchiga chidolmay kurtak
novdalarda yorilib ketar…

So‘ng Samarqand davlat universitetetining rus filologiyasi fakultetida o‘qishga kirdim. Uning dekani Vasiliy Lartsev shoir edi. Bu fakultet ittifoqda mashhur frazeologiya maktabi sanalardi. Bu yerdagi ko‘p tirajli gazetada she’rlarim va tarjimalarim bosildi. Bu dorilfununning eng ulkan adabiyot markazi professor Nuriddin Shukurovning “Shalola” she’riyat klubi edi. Shu davrada ko‘p saboq olganman.
Respublika matbuotida ilk bor she’rlarim Mosk­vada o‘qib yurgan paytimda “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida chop etilgan. Rosti, quvonganman. Abdulla Oripovning “Bahor” haqidagi she’rida “Dunyo bugun she’ri chiqqan shoirday mas­rur” degan jumlalar bor. Haqiqatan ham, yashnab ketganman she’rimni gazetada ko‘rganda…
Ilk she’riy kitobim 1990 yili Abduvali Qutbiddin muharrirligida Shavkat Rahmonning madadi bilan G‘afur G‘ulom nashriyotida ko‘p ming tirajda chop etildi… Ikkinchi she’riy kitobim “Tomchidil” esa oradan 24 yil o‘tib, 2013 yili Sanjar Nazarning ko‘magida “Akademnashr”da chop etildi. Aslida birinchi kitobimning nomi “Tomchidil” edi, Shavkat Rahmon: “Abdulkarim, kitobingga boshqa nom topgin, men shu nomda she’r yozib kitob chiqarmoqchiman… Kelishdikmi, birodar!” dedilar. Rozi bo‘ldim. Ammo yillar bo‘yi kuzatdim, Shavkat akaning shu nomda kitobi chiqmadi. Keyin olamdan ham o‘tdilar. Bu balkim armon bo‘lgandir. Mana, o‘zim endi ikkinchi kitobimni “Tomchidil” deb nomladim. Bu dilning injaligini, umrning shabnam tomchisiday omonatligini, salga chilparchin bo‘lishini, hayotning bebaqoligini anglatadiganday. Kitobimda “Tomchidil” degan hayotga tirmashib yashash, har lahza uchun shukrona ohangidagi she’r bor va u Shavkat Rahmon xotirasiga bag‘ishlangan. Shunday satrlari bor:

Goh yerdan, goh ko‘kdan nimadir kutdim,
Nihoyat qutuldim qayg‘u, qo‘rqishdan.
Emranib, sog‘inib shu kunga yetdim,
O‘lmay o‘tib oldim yana bir qishdan…

Zamin ketib borar samoda o‘qday,
Men ham borayapman omonat, giryon.
Nimadir kutarman yerdanmi, ko‘kdan…
Etib olsam edi yozgacha omon.

– Qanday ustozlarning ta’limini olgansiz? Ular turmush tarzingizga, ijodiy faoliyatingizga qanday ta’sir etgan?

– Ustozlarimiz bo‘lgan, birlari – bevosita, boshqalari bilvosita ta’lim berganlar. Men maktabda olis Rossiyadan pedinstitutni tugallab, tog‘ qishlog‘iga amaliyotga kelib, muallimasini sevib qolgan o‘ninchi sinf o‘quvchisiga turmushga chiqqan va bir umr shu qishloqda qolgan Dolores Pavlovna Trofimovadan rus tili va adabiyotini o‘rganganman. Opa hozir ham hayot. U kishi bergan bilim bilan avval Samarqand davlat universiteti rus filologiyasi fakultetida, keyin Moskva davlat universiteteti jurnalistika fakultetida oson o‘qidim va a’loga bitirdim. Adabiyotdan saboq bergan Ne’matullo Ismatovning Hamid Olimjonni berilib o‘qiganlarini, Ergash Muxtorov domlamizning dars­larini hamon eslayman.
Adabiyotda men hamma buyuk shoirlarni, yozuvchilarni, faylasuflarni, tarixchi roviylarni ustozim deb bilaman. Kimni o‘qigan bo‘lsam, ilhomlangan, fikrim to‘yingan, hislarim uyg‘ongan bo‘lsa – bari ustozlarimdir. Abdulla Oripovdan qancha bahralanganimni aytdim. Albatta, olisdan va ijodlarining muhibi o‘laroq. Ammo ular shogird demasa ham, men o‘zim adabiyotda ustoz deb bilganim uchta zotni aytib o‘taman – Odil Yoqubov, Ibrohim G‘afurov va Shukrullo. Ularning har biri menga bittadan saboq berganlar: Odil akadan – jasorat, Ibrohim akadan – mahorat va Shukrullo akadan ma’rifatni imkon qadar oldim. Ibrohim G‘afurovning so‘zga munosabati, fikrining oqimi, tilining nafosati va hayosi, matnining shiddati menga saboq bo‘ldi. Inson juda buyuk narsalarni mahorat ila yozishi mumkin, ammo qo‘rqib chiqarmasligi, chiqarolmasligi mumkin, ehtiyotkorligidan qaltirab turishi mumkin. Shunda jasorat kerak bo‘ladi va bu Odil Yoqubovda bor edi. U har qanday idora oldida haq so‘zni himoya qilish uchun o‘zida qudrat topa olardi. Mahorati va jasorati bor insonga endi ma’rifat kerak edi, chunki juda nafis til, inja salohiyat va cheksiz jasorat yovuzlikka ham xizmat qilishi mumkin edi. Axir, Gitler mahoratli musavvir edi va jasorat bilan ko‘chadan kelib (mehmonxonada yashardi) hokimiyatni olgandi. Ammo yovuz edi. Stalinning ilk she’rlarini Kavkaz jadidlari jurnallarida o‘qish mumkin edi… Ularda mahorat va jasorat bor edi, ma’rifat yo‘q edi. Men ma’rifatni Shukrullo akada topdim. U kishini tanimagan zamonlarda “Javohirlar sandig‘i” kitobidan topgan edim. Keyin yaqinlashdim, bildim. Bu insonni Alloh erka qilib qo‘yganday. Shukrullo aka to‘qson sakkiz yoshdalar-u, fikrlari teran.
Shu insonlarga havasda yuribman.

– Adabiyotning, ijodning, ilhomning ilohiyligi borasida fikrlaringiz qanday? Shoirga ilhom qanchalik zarur?

– Albatta, bu savollarga oson, yuzada turgan javoblarni berib ketsa ham bo‘ladi, ammo jiddiy qaralganda, uning ildizlari chuqur. Bu yerda asosiy so‘z “ilohiylik”dir. Bu sohada biror gap aytsang, bir dahriy tomon seni “taqvodor”likda ayblasa, dindorlar “diniy ta’lim olmasdan, chuqurlashmaslik”ni so‘ray boshlaydi.
Shubhasiz, Qur’oni karimda oyatlar qofiyalangan va ichki ohangi mavjuddir. Qur’on nozil etilgan arab tilida she’rday o‘qiladi, Alloh yaratuvchidir. Ijod qilish shu ma’noda ilohiydir. Bandaning ijodi nomukammaldir. Ammo dunyo va undagi har bir mavjudoti Allohning ijodidir va bularning barida Ijodkorining irodasi vojibdir. She’rning, so‘zning yaralishi ham gulning ochilishi, bir hovuch dondan bir bug‘doyzor dala mavj urishi, bir tomchi suvdan inson yaralishi kabi ilohiy hodisalardir. Ijodning ilohiyligini shu ma’noda anglash kerak.
Ammo birovlar Qur’onda shoirlarni “yomonlagan oyat bor”ligini keltiradi. Qur’oni karimning “Shuaro” surasida shunday deyiladi: “Va shoirlarga gumrohlargina ergashur. Ularni har vodiyda daydish­larini va o‘zlari qilmaydigan ishlarni aytishlarini ko‘rmadingmi?” Bundan bir necha yillar avval Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari marhum shoir A’zam O‘ktamning “Taraddud” nomli she’riy to‘plamidagi ba’zi she’rlari haqida o‘z fikrlarini bildirganda buni izohlagan edilar: “Hammaga ma’lumki, bizning yurtimiz Movarounnahr – Turkiston butun dunyo she’riyatida o‘ziga xos o‘rin tutgan buyuk shoirlari bilan faxrlansa arziydigan, jahon xalqlari she’riyat xazinasiga o‘zining oltin sahifalarini, oltin baytlarini boshini baland ko‘targan holda taqdim etgan bir yurtdir. Albatta, ana shu maqtovga sazovor she’riyat, she’riy asarlar, shoirlar, ularning faoliyati, saviyasi – hamma-hammasi shu diyorning qadimdan muqaddas dini bo‘lib kelayotgan Islom dini bilan chambarchas bog‘liq ekanligi ham hech kimga sir emas. Ulug‘ shoirlarimizning purhikmat baytlari, Qur’oni Karim oyatlari, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislari, musulmon ulamolardan chiqqan hikmatlarga yo‘g‘rilgan ekanligi ham hammamizga ochiq oydin ravshan. O‘ylab qaraydigan bo‘lsak, she’riyat mulkining sultoni Alisher Navoiydan boshlab mavlono Lutfiy yoki boshqa ulug‘ shoirlarimizning nomlarini aytish o‘tishning o‘zi ham juda ko‘p vaqt oladi… Ular o‘z she’rlarining hikmatga boy bo‘lishiga Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning “Inna minash she’ri lahikmatan” hadisini shior qilib olganlar. Ya’ni, albatta, she’rda hikmat bordir, degan ma’nodagi hadislarini”.
Men ham Navoiy va islomning mushtarak jihatlari haqida uchta maqola yozganman. Alisher Navoiy – turkiy dunyo adabiyotining eng mashhur, eng buyuk shoiri, uning asarlari turkiy adabiyotning eng yuksak cho‘qqisi bo‘lib qolmoqda.
Ijodkor uchun ilhom kerak, ayniqsa badiiy ijod ilhom bilan yozilishi kerak. Bu tushuncha o‘z ichiga ko‘p narsani qamrab oladi, meningcha: ilhom onida jiddu jahd, his-hayajon, dard, iztirob, ijobiy bir g‘azab va ilmu ishq bo‘lmog‘i kerak. Men ilhom kelmasa, oylab o‘zimdan biror narsa yozmayman, o‘qiyman, o‘rganaman va tarjima qilaman. Shu bilan ovunaman.
Adabiyotning ilohiyligi – uning ezguligi, haqqa, haqiqatga va hayoga iroda etilganligidir.

– Adabiyotning jamiyatda tutgan o‘rnini siz qanday tasavvur etasiz va adabiyotimizda qanday an’analar davom etishini, qanday illatlar barham topishini istar edingiz?

– Bir jo‘n o‘xshatish qilsam (olmonlar har qanday taqqosda xato bor, deganlar aslida), adabiyotning, adabiy tashkilotning jamiyatdagi o‘rnini insondagi vijdonning o‘rniga qiyoslardim. Masalan, Fanlar akademiyasini aqlga, sud hokimiyatini yaxshi-yomonni ajratadigan, qonni tozalaydigan jigarga qiyoslardim. Adabiyot jamiyatning vijdoniga, e’tiqodiga daxldordir, o‘zining eng ezgu va ulug‘ namunalarida u shundaydir. Adib yoki shoir ham idealda tirik vijdondir, haqgo‘y va latif insondir. Publitsistdan farqli o‘laroq, haqiqatni bilvosita, badiiy tarzda, lutf va san’at bilan aytadigan shaxsdir.
Adabiyotimizda katta ma’nodagi an’analar – Navoiy, Yassaviy, Huvaydodan meros iymon va ishq, Mashrab, So‘fi Olloyor va Qodiriydan meros junun va haqiqat, Cho‘lpon, Fitrat va Rauf Parfidan meros millatparvarlik va san’at, Shavkat Rahmon, Asqar Mahkam va A’zam O‘ktamdan meros shiddat va javonmardlik, Erkin Vohidov va Hofiz Xorazmiydan meros latofat va fasohat, Behbudiy, Oybek va Abdulla Oripovdan meros donishmandlik va hikmatdir. Shu an’analarni davom ettirish kerak va bugungi dunyoning texnologiyalaridan foydalanib rivojlantirish zarur. Ularni zamon sur’ati va taloto‘piga boy berib qo‘ymaslik kerak.

– Bugungi o‘zbek adabiyotini yanada rivojlantirish uchun nimalar qilish zarur deb hisoblaysiz?

– Ijod – individual, xos jarayondir. She’r yozayotgan yoki boshqa bir asar yaratayotgan inson qo‘lidagi qog‘ozu qalami bilan Allohning qoshida yolg‘iz turgan kishidir. Adabiy tashkilotlar unga asar yaratib berolmaydi. Ijodkorga hayot va turmush tashvishlarini yengishda madad berilsa, bo‘ldi.
Adabiyotni rivojlantirish uchun ijod qilish kerak. Bunga turmushdan ortib, vaqt topish kerak. Umr – o‘tkinchi, qoladigani – haqiqiy asarlar. O‘tkinchi, dunyoviy narsalarga emas, boqiy narsalarga – ijodga vaqt topish kerak. Vaqtni avaylash kerak, chunki omonat bu hayot aslida duvillab to‘kilayotgan qumday sirg‘alib o‘tayotgan vaqtdangina iboratdir.

G‘iyosiddin O‘narov suhbatlashdi.

“Ijod olami” jurnali, 2017 yil, 2-son