Iymonsizlik – jinoyat manbai (muftiy Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf bilan suhbat) (1991)

SAVOL: Muftiy hazratlari, jinoyatchilik chidab bo‘lmas darajada avj olib ketganligidan xalqning sabr kosasi to‘ldi. Bu haqda din rahbarlarining fikri qanday? Jumhuriyatimizdagi ahvolni qanday baholaysiz?

JAVOB: Bismillaxir rohmanir rohim! Fikringizga yuz foiz qo‘shilaman. Haqiqatdan ham jinoyatchilik haddan ziyod avj olib, xalqning boshiga katta musibat tushib qoldi. Bu haqda diniy idora rahbarlarining fikri sog‘lom kishilarning fikriga mos. Biz hibsxonalarga borib o‘sha yerdagi kishilarga va’z – nasihat qilib, savollariga javob berish bilan ham shug‘ullandik. Hozirgi kunda ulamolarimiz, imom-domlalarimiz mahallalarda, hibsxonalarda bo‘lib tushuntirish, ta’lim-tarbiya ishlarini olib bormoqdalar.

Keyingi paytlarda xalqimiz boshiga tushgan qator musibatlarning eng kuchlilaridan biri – jinoyatchilik va uning ravnaqi bo‘lmoqda. Bizning fikrimizcha, barcha imkoniyatlarni ishga solib, bu balodan xalqimizni qutqarib qolishda bahamjihat harakat qilmog‘imiz darkor.

SAVOL: Muhammad payg‘ambarimizning hadislarida: «Biror kishidan «odamlar buzilib ketdi», degan gapni eshitsangiz bilingki, o‘sha odamning o‘zi buzilgandir», deyiladi. Biroq shu kunlarda hatto beva-bechorayu, yetim-esirlarning haqidan ham qo‘rqmaydigan diyonatsiz odamlar ko‘payib ketdi…

JAVOB: Haqiqatdan, Payg‘ambarimiz sallollohu alayxi vasallamning hadislarida shu ma’nodagi fikr sobit bo‘lgan. Bu degani odamlarning noto‘g‘ri yo‘ldan yurganini, buzilganini ko‘rib turib indamay turish kerak, degan ma’noni bermaydi. Undan maqsad odamlarning o‘rtasiga tahlika, noumidlik soladigan, aybni boshqalarga to‘nkab, kishilar o‘rtasida noto‘g‘ri mish-mishlar ko‘taradigan gaplarni aytmaslik kerak demakdir. Odamlar buzildi, zamon buzildi, degan gaplarni ko‘p takrorlaydigan, rivoj toptiradigan kishilarning o‘ziga bir nazar soling-a! Ular bekorchi, qo‘lidan bir ish kelmaydigan, turli mish-mishlar tarqatib, xalq ichida parokandalik, tushkunlik, noto‘g‘ri tushunchalarning tarqalishiga imkon tug‘diradigan kimsalar bo‘ladi. Uning o‘rniga, jiddiyat bilan shu buzilgan odamni tuzatib, aynigan sohani isloh qilishga astoydil kirishish kerak. Ana shunda haqiqiy mo‘minlik vazifasini ado etgan bo‘ladi.

Mo‘minman, musulmonman degan har bir banda amri ma’ruf va nahi munkar qilmoqligi darkor bo‘ladi. Agar jamiyatning ba’zi bir a’zolari yomonlik qilsalar-u, boshqalari ularga tomoshabin bo‘lib tursalar, jamiyat a’zolarini Alloh subhonahu va taolo umumiy azobga qo‘yishi bir necha bor ta’kidlab aytilgan. Payg‘ambarimiz saalollohu alayhi vasallamning hadislaridan birida, sizlardan avvalgi ummatlarning halok bo‘lish sabablaridan biri amri ma’ruf va nahi munkarni tark qilganliklaridadur, deb aytiladi. Shuningdek, bani Isroil halok bo‘lish sababi ham, ular amri ma’ruf va nahi munkar qilmaganliklaridan bo‘lgan deb aytadilar. Demak, jinoyatchilikka qarshi kurashish, kishilarni yomon yo‘ldan saqlab qolish hammamizning ishimiz bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vassalam marhamat qilib aytganlarkim: «Sizlardan kim bir yomon ishni ko‘rsa – qo‘li bilan qaytarsin, qo‘li bilan qaytarishga qodir bo‘lmasa – tili bilan qaytarsin, bunga ham hozir bo‘lmasa – dili bilan qaytarsin. Mana shu «dili bilan» qaytarishi imonning zaifligidandir». Bundan kelib chiqadiki, hech bo‘lmaganda, dilimiz bilan jinoyatchilikni inkor qilishimiz lozim. Biz g‘oyat hamjihat bo‘lib harakat qilganimizdagina jinoyatchilik va nojo‘ya holatlarning oldini olish, ko‘pchilikning g‘amini yeyish ishlariga o‘tgan bo‘lamiz. Albatta, beva-bechora, yetim-esirlarning haqiqatdan qo‘rqmaydigan diyonatsizlarga qarshi shafqatsiz kurash olib borish kerak.

SAVOL: Taqsir, o‘tgan ramazon iydida qilgan va’z – nasihatingizda o‘g‘ri-talonchilarga nisbatan ko‘riladigan diniy choralar haqida gapirgan edingiz, shundan so‘ng «o‘g‘rilar tomonidan sizga turli do‘q-po‘pisalar, tajovuzlar qilinganligi» haqida mish-mishlar tarqalib ketdi…

JAVOB: To‘g‘ri, ramazon iydi namozi jumhuriyatimiz oynai jahoni orqali butun O‘rta Osiyo xalqlariga ko‘rsatilishini e’tiborga olib, shu ulug‘ bayram kuni qilingan va’z-nasihatni hozirgi kunning uchta eng katta muammosi – zino, aroqxo‘rlik va o‘g‘rilik masalasiga bag‘ishlagan edik. Unda o‘g‘rilar va o‘g‘rilik to‘g‘risida Qur’oni Karim oyatlari, Payg‘ambar alayhissalotu vasallam hadislari asosida so‘z yuritib, jinoyatchilarni bu jirkanch yo‘ldan qaytarish va ularga nisbatan Islom dini qabul qilgan choralarni bayon etgan edik. Bu va’z-nasihat halol odamlarda yaxshi taassurot qoldirganligi hammaga ma’lum. Biroq o‘g‘rilarga qanday ta’sir qildi, buni Allohning o‘zi biladi. Hech bo‘lmasa, ular qilayotgan ishlarining noto‘g‘ri ekanini, musulmonchilikka aslo to‘g‘ri kelmasligini bir oz tushungan bo‘lsalar ajab emas.

Lekin g‘iybatchi, bo‘htonchi, mish-mishchilar bu narsadan ham o‘z g‘arazli maqsadlari yo‘lida foydalanishga urinib ko‘rishdi. Ular o‘g‘rilarning qo‘lini kesish kerak degan fatvo chiqargani uchun jinoyatchilar muftiyning qo‘lini, oyog‘ini kesib ketibdi, uyiga o‘t qo‘yib, o‘g‘lini o‘ldirishibdi va boshqa-boshqa gaplarni har taraflama tarqatdilar; kishilarning orasiga parokandalik soldilar, noqulay holat tug‘dirdilar. Hattoki, mening uyimga, ishxonamga uzoq-yaqin joylardan kishilar yig‘lab kelib, Xudoga shukr, but ekan, deyishgacha yetishishdi. Ulardan, nima bo‘ldi, deb so‘rasam, odamlar: «O‘g‘rilar muftiyning qo‘llarini kesibdi», deyishdi. Mana shu o‘rinda ham mish-mish va bo‘htonlar haqidagi Hadisi sharifning naqadar muhim va zarur ekanini ko‘rdingizmi?

SAVOL: Ba’zi jamiyatshunoslar o‘tmish bilan hozirgi kunni taqqoslab, jinoyatchilik jumhuriyatimizga amalda chetdan keltirildi, degan fikrni aytmoqdalar. Sizningcha, uning kelib chiqish manbalari nimada?

JAVOB: Jamiyatshunoslarning bu fikrlari hayot tajribalari, bahslar natijasidan kelib chiqqandir. Biz esa boshqa ko‘pgina musibatlar singari jinoyatchilik ham, avvalo, dinsizlikdan, e’tiqodsizlikdan deb bilamiz. Chunki 70 yildan uzoq muddatda kishilar faqat o‘z foydasini ko‘zlaydigan, bandadan uyalmaydigan, do‘zaxdan qo‘rqmaydigan, manman bo‘lib o‘sdilar. Bu musibatning jabrini endi tortyapmiz.

Lekin jinoyatchilikning chetdan kelganligi qisman to‘g‘ri. Chunki avvalgi paytda o‘lkamizda o‘g‘rilik degan narsa bo‘lmagan. Kishilar do‘konlarini, uylarini qulflash nimaligini bilishmagan. Biroq milliy qo‘shiluv; chetdan kelganlarning «o‘ziga xos» tarbiyasi oqibatida mana shunday holga tushib qoldik. Ro‘znomalarimiz o‘zga jumhuriyatlardan, fohishalar Toshkentga va boshqa yerlarga kelib, pul, mol orttirib ketishayotganini yozishdi. Shuningdek, o‘g‘rilar, jinoyatchilar va qotillar ham vaqti-vaqti bilan shunaqa safarlar uyushtirib turishi hammaga ma’lum. Ular kelib, maxsus belgilangan joylarda jinoyatlar, o‘g‘riliklar qilishib, yana kelgan joylariga xotirjam qaytib ketayotirlar. Xullas, bu muammo ko‘p tarafdan murakkablashib ketgan. Shuning uchun uni hammamiz muolaja qilishimiz, davrlash yo‘lini o‘ylab chiqishimiz kerak.

SABOL: Har holda inqilobdan ilgari «Kishilarning molini nohaq yeyishga o‘ch odamlar qiyomat kuni do‘zaxga mahkumdirlar», degan diniy qoidaning ta’siri kuchli bo‘lgan. Hozirda bosqinchilik bilan birovning qonini to‘kib, molini talagan odamlar ham o‘zini musulmon sanaydi…

JAVOB: Haqiqatdan, qiyomat kuniga ishonish, Allohning hisob-kitobidan qo‘rqish ko‘pchilik kishilarni yomon yo‘llardan to‘sib turadigan asosiy narsa. Mana shu sezgi yo‘qolganidan keyin, odamlar xohlaganini qiladigan bo‘lib qolganligini mana o‘zimiz ko‘rib turibmiz. Ammo iymonli, Allohga ishongan kishidan zarracha yomonlik chiqmaydi. Negaki, ular o‘ng yelkalaridagi farishta qilayotgan yaxshi ishlarini, chap yelkalaridagi farishta yomon ishlarini yozib borishiga ishonishadi.

Bosqinchilik qilib, birovning qonini to‘kib, molini talayotgan kishilarning o‘zlarini musulmon deb sanashlariga kelsak, bunga ularning aslo haqlari yo‘q. Nohaq odam o‘ldirgan kishiga hech vaqtda musulmonchilik sifati berilmaydi. Qur’oni Karimda bir oyat borkim, «uning jazosi jahannam bo‘ladi va do‘zaxda abadiy qoladi va gunohlari kechirilmaydi» demakdir. Shuningdek, kishilarning mollarini talaganlarning ham, agar bu dunyodan tavbasiz o‘tib ketsalar, joylari jahannamdadir. Umuman, o‘g‘rilik bilan musulmonchilik, mo‘minlik bir yerda jam bo‘la olmaydigan narsa. Lekin Allohning rahmati keng, marhamati ulug‘. Oldindan Alloh yo‘l-yo‘riqlarini bilmay o‘g‘rilik qilib yurishgan bo‘lsa-yu, hozir tavba qilishsa, bu yo‘llaridan qaytishsa, Alloh barcha qilgan gunohlarini kechiradi. Ishonchim komilki, ko‘pgina yoshlarimiz dinsizlik, johillik tufayli o‘g‘rilik, bosqinchilik nima ekanini, uning Islomda tutgan o‘rni qandayligini bilmay turib, ba’zi birovlarning ta’sirida jinoyatchilik ko‘chasiga kirib qolishgan. Agar chindan ham shunday bo‘lsa, mana, endi bilish-tushunish vaqti keldi. Astoydil tavba qilib, to‘g‘ri yo‘lga kirsalar, inshoolloh hamma ishlari durust bo‘lur. Hatto ulardan juda yaxshi mo‘minlar chiqishi, jamiyatga foydali kishilar bo‘lishi turgan gap. Fursatdan foydalanib, shunday adashish oqibatida jinoyatchilik yo‘llariga kirib qolgan barcha birodarlarga murojaat qilib aytamizkim, tavbaning eshigi doim ochiq, tezda gunoh ishlarini tark etib, bu yomonliklarini ikkinchi qaytib qilishmasa, Alloh taolo albatta gunohlarini kechadi.

SAVOL: Shu o‘rinda hadislarning «Avvalgi payg‘ambarlarning so‘zlaridan odamlarda qolgani: «Uyalmasang xohlagan ishingni qilaver!» – degan so‘zlarni sharhlab bersangiz.

JAVOB: Bu avvalgi savolingizning uzviy davomidir. Odatda ulamolarimiz bu hadisi sharifni «hayo iymonning bo‘lagidir» degan boblarda keltirishadi. Mazkur hadisda iymonning yetmishdan ortiq bo‘lagi bor va shularning biri hayodir, deyishadi. Mana shu hadisi sharif sharhida yuqoridagi asarni ham keltirishadi, hayo qilmasang, uyalmasang, hohlagan ishingni qilaver, degani iymoning bo‘lmasa xohlagan ishingni qilaver, degani. Iymoni yo‘q odam qiyomatdan qo‘rqmaydi, xohlagan ishini qilaveradi. Bu fikr iymonsizlik jinoyatchilikka olib kelishini tasdiqlaydi.

SAVOL: Sizningcha, hozirgi paytda kuchsizlanib, chiqargan qonun-qoidalarining aksariyati qog‘ozda qolib ketayotgan hukumatimizning jinoyatchilar jilovini tortib qo‘yishga qurbi yetarmikan?

JAVOB: Jinoyatchilik haddan oshib ketganidan keyin turli idoralarda, majlislarda ko‘plab qarorlar chiqarildi. Shu jumladan Sovet Ittifoqi Oliy kengashi o‘rtoq A. I. Lukyanov boshchiligida qo‘mita tashkil qildi. Jumhuriyatlarda ham Oliy kengash raislari rahbarligida jinoyatchilikka qarshi kurash qo‘mitalari tuzildi. Ammo baribir jinoyatchilik kamaygani yo‘q. Davlatning xalq mol-mulkini, hayotini saqlab qolishga qurbi yetishi juda mushkul bo‘lib qolyapti. Har bir hukumat hokimiyatga da’vosi bo‘lganidan keyin fuqarolarning hayoti, obro‘sini, molini himoya qilish javobgarligini bo‘yniga olishi shart. Aks holda u uzrini aytib, o‘rnini bo‘shatib qo‘yishi kerak bo‘ladi. Eng yuqori rahbardan tortib, eng quyidagi hodimgacha boshlagan ishni oxiriga yetkazishni yo‘lga qo‘ymog‘i kerak. Shunday qilinmasa, fuqaroning hukumatga bo‘lgan ishonchi yo‘qqa chiqadi. Oqibati esa, hammamizga ma’lum.

SAVOL: Deylik, tasodif ro‘y berib, davlatimiz jinoyatchilikka qarshi kurashda dindan yordam so‘rasa, nima qilgan bo‘lur edingizlar?

JAVOB: Albatta, Islom ta’limotlarini yo‘lga qo‘yardik. Avvalo kishilarni iymonga, haromdan o‘zini tiyishga chaqirardik. Odamlarni birovning haqidan, birovga tajovuz, suiqasd qilishdan to‘xtatish uchun atroflicha tushuntirish ishlari olib borar edik. Ta’lim-tarbiya, ruhiy, ma’naviy poklanishni yo‘lga qo‘yganimizdan so‘ng bilib turib yana jinoyatga qo‘l urayotganlarga qarshi qattiq jazolarni berishga o‘tishimiz kerak bo‘ladi. Qo‘lga tushgan har bir jinoyatchini xalqqa oshkor qilib, bunga va unga o‘xshaganlarga nisbatan nafrat qo‘zg‘atamiz. Jamiyatning barcha a’zolari bu ishda ishtirok etishi lozim bo‘ladi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning vaqtlarida qamoqxona bo‘lmagan. Qur’on oyati bilan tasdiqlangan mashhur voqea bor: uch kishi musulmonlarning ko‘pchiligidan chetda qolib, gunoh ish qiladilar, shunda payg‘ambarimiz: «Uchovlariga gapirilmaydi», deb qo‘yadilar. Shunda butun jamiyat ulardan yuz o‘giradi, hech kim so‘rashmaydi, gaplashmaydi, hatto bola-chaqalari, qarindosh-urug‘lari ham shunday qilishadi. Natijada ular ko‘zlariga yer yuzi tor bo‘lib ketadigan darajada qattiq iztirob chekadilar va Allohga yolvorib, tavba qiladilar.

Hozirgi kunda ham shu uslubni qo‘llayotgan musulmon toifalar bor. Shundaylardan biri «Abboziya» toifasi a’zolari. Ularda gunoh ish qilgan kishiga hech kim gapirmay qo‘yadi, aloqani uzadi. Jome’ masjidi jamoat huzurida gunohini tan olib, hammaning oldida tavba qilib uzr so‘ragandan so‘nggina u bilan gaplasha boshlashadi. Insonni jinoyatga, jinoyatchilarga qarshi ruhda tarbiyalaganda qilingan har bir ish jamiyat a’zolariga ochiq-oydin yetib borganida va jamiyat a’zolari jinoyatchiga nisbatan nafrat bilan qaragandagina bu ish samarali bo‘ladi. Shundan keyin ham yana jinoyatchilik ro‘y beraveradigan bo‘lsa, shariat qonunlari jumladan, qasos yo‘lga qo‘yiladi. Qasos deganda jinoyatchi birovga qanday zarar yetkazgan bo‘lsa, undan ham xuddi shunday qilib o‘ch olinadi. Bu ish oshkora, hamma bilgan holda amalga oshiriladi. Misol uchun bir kishining jinoyati sobit bo‘lib, qo‘lga tushdi, deylik. Uni faqat tergovchi yo hakamning o‘zi bilsa-yu, boshqalar bilmasa, undan pora olinib, noto‘g‘ri hujjat tuzilib, jinoyatchi tegishli jazosini tortmay qolishi ham mumkin. Bu hozirgi kunda keng tarqalgan hol. Lekin jinoyat qanday ro‘y berganidan hamma xabardor bo‘lsa va unga berilgan jazo ham barchaning ko‘z oldida ijro etilsa, birinchidan, jinoyatchi nojo‘ya qilmishini qayta takrorlamaslikka harakat qiladi. Ikkinchidan, shunga o‘xshagan jinoyatchilar xalqning oldida sharmanda bo‘lishiga va albatta qilgan jinoyati jazosiz qolmasligiga ishongani uchun bu ishlardan qaytadi. Uchinchidan, buni ko‘rgan jamoa ichidagi odamlar ham voqeadan saboq olib, o‘zlari shu ko‘yga tushmaslikka urinadilar. Bu uslub hozirgi kunda qo‘llanmayotganligi jinoyatning ko‘payishiga, jinoyatchilarning jazosiz qolishiga sabab bo‘layotgan omillaridan biri.

Qurol ishlatib odamlarning joniga qavd qilib yo qo‘rqitib molini, pulini olayotgan uyushgan jinoyatchilikni Islom dinida «muhoraba» deb ataladi. Bu bilan ushlangan jinoyatchilar bir qo‘li va bir oyog‘ini (o‘ng qo‘li va chap oyog‘ini yoki chap qo‘li va o‘ng oyog‘ini) kesish bilan jazolanadi. Bu jazo ko‘pchilik ko‘rsin, o‘rnak olsin, shoyad boshqa takrorlanmasa degan niyatda amalga oshiriladi.

Endi birovning molini bildirmasdan o‘g‘irlab ketish haqida. Bu yo‘l bilan o‘g‘rilangan mol belgilangan nisobga (vaqt, sharoit, kishilarning moddiy farovonligini e’tiboriga olib nisob miqdori belgilanadi) etgan bo‘lsa, o‘g‘rining qo‘li kesiladi. Qur’oni Karim oyatiga binoan shariatning hukmi shundoq. Qolgan holatlarda esa qilgan jinoyatga qarab turli hukmlar chiqarilishi mumkin. Ulardan biri «diya»dir. Masalan, bir odam ov chog‘ida hayvonni ovlamoqchi bo‘lib o‘q otganida o‘q insonga tegib, u halok bo‘ldi, deylik. Bunday holatlarda aybdor «diya» to‘laydi. O‘zining qurbi yetmasa, qarindosh-urug‘lari to‘laydi. Bu o‘sha jinoyatning oldini olmagani uchun, jamiyatga zarar yetkazadigan kishini tarbiya qilganlari bois qarindosh-urug‘lariga ham jazo bo‘ladi. Keyinchalik o‘z urug‘laridan bunday odam chiqmasligiga qattiq urinishsin va bularni ko‘rgan boshkalar ham saboq olsin, deb shunday qilinadi. Yana shuni ham aytib o‘tish kerakki, bu jazolarni amalga oshirishda o‘rtaga tushish, pora berish, birovni kechirib, ikkinchisini jazolash kabi ishlarga Islomda mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Payg‘ambarimiz alayhissalom vaqtlarida bir ayol o‘g‘irlik qilib qo‘li kesilishi ma’lum bo‘lganidan so‘ng uning qabilasi a’zolari juda tashvishga tushadilar. Oralaridan qo‘li kesiladigan odam chiqishi o‘zlariga or deb biladilar va vosit axtarib Usoma ibn Zayd ismli sahobadan: «Siz payg‘ambar alayhissalomning yaxshi ko‘rgan kishilaridansiz. Sizning gapingizni bu zot qaytarmaydilar. Oraga tushib, qabilamizdan o‘g‘ri bo‘lib qo‘lga tushgan ayolning qo‘lini kesmasliklari haqida gaplashib bering» deb iltimos qiladilar. Usoma roziallohu anhu payg‘ambar alayhissalomga bu gapni aytganlarida, u kishi nihoyatda qattiq g‘azablanadilar va odamlar namozga turishganda: «Allohga qasamki, agar Muhammadning qizi Fotima o‘g‘rilik qilsa ham, uning qo‘lini albatta kesaman», deb aytadilar.

Shunday qat’iyat bilan har bir jinoyatchi qilmishiga yarasha jazolab borilganidagina jinoyatchilikning yo‘lini to‘sish mumkin.

Bu gaplarimdan so‘ng mushtariylarning ko‘z oldidan to‘da-to‘da qo‘li kesilgan kishilar o‘tishi mumkin. Chunki hozirgi kunda o‘g‘rilik qilmagan kishini kunduzi chiroq yoqib ham topish qiyin bo‘lib qoldi. Lekin shunday hukm chiqarilishining o‘zi ko‘plab jinoyatlarning oldini oladi. Bunga dalil shuki, o‘g‘rining qo‘lini kesish to‘g‘risidagi oyat nozil bo‘lgandan so‘ng, shuncha davrdan beri atigi bir necha kishining qo‘li kesilgan xolos. Yuqorida zikr qilib o‘tilgan ayol va yana bir-ikki kishining qo‘li kesilganligi to‘g‘risida rivoyat bor, biroq shu bilan butun jamiyatda o‘g‘rilik tugagan va hech kim bu ishni qilmay qo‘ygan.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Islom bir hukmni chiqarishdan oldin uni tatbiq qilishga kishilarni tayyorlaydi, tushuntirish ishlari olib boriladi. Shu jinoyatni qilmaslikning turli yo‘llarini ko‘rib, u sodir bo‘ladigan sabablarning oldini oladi. Bizningcha, Islomning mana shu qoidalaridan o‘rnak olib, jamiyatimizda ham qat’iyat va oshkoralik bilan har bir jinoyatchining qilmishiga yarasha odilona jazosini berib borish kerak.

SAVOL: Mamlakatimizda jinoyatchilikning bu qadar ko‘payib ketganligi sabablarini bilish va unga barham berish yo‘llarini aniqlash maqsadida «Achchiq achchiqni kesadi» sarlavhali bahsli maqola e’lon qilingan edi. Shu haqda mulohazalaringizni bildirsangiz…

JAVOB: Maqolada ko‘tarilgan masalalarga to‘la-to‘kis qo‘shilaman. Turkiyada istiqomat qilayotgan turkistonliklar Saudiyadagiga qaraganda juda oz. Saudiya Arabistoni yerlarida Turkistondan qatag‘on yillarida vatanni tashlab iymonini, dinini saqlash maqsadida ketib qolgan kishilar, ularning bola-chaqalari istiqomat qilmoqdalar. Biz bilan o‘tgan yilgi haj mavsumida qilgan suhbatlarida ular: «Allohga shukur, haligacha turkistonliklardan biror kishi jinoyatga qo‘l urib, bizni uyatga qoldirgani yo‘q», deyishdi. Demak, xalqimizning tabiatida dindorlik, iymon bor, lekin o‘g‘rilik jinoyatchilik yo‘q. U bizga chetdan kirib kelgan.

Maqoladagi ma’muriy idoralar zimmalariga yuklangan mas’uliyatni halol amalga oshirmayotganliklari to‘g‘risida gaplar ham to‘g‘ri. Hatto ahvol shu darajaga borib yetdiki, ularning ichida jinoyatchilar bilan sherik bo‘lgan va ularga yordam berib turadigan shaxslar ko‘payib ketdi. Hatto ular xalqning jinoyatchilikka qarshi urinishlarini ham qaytargan hollar mavjud. Yaqinda bo‘lib o‘tgan bir voqeaga kulishingizni ham, yig‘lashingizni ham bilmayiz. Tanishlarimizdan birlarining qo‘shnisi safarga chi-qadigan bo‘lib, uylaridan xabardor bo‘lib turishni so‘rabdi. Ular kechasi xabar olay deb qarashsa, qo‘shnining uyida begona odam izg‘ib yurgan ekan. Shunda qo‘shnilarni chaqirishibdi. Birlari eshikni, ikkinchilari derazani, uchinchilari yana boshqa joyni to‘sib o‘g‘rini ushlashibdi. Keyin melisaga sim qoqishsa, nega bizni chaqirmay, o‘zlaringizcha harakat qilasiz, deb do‘q-po‘pisalar qilishibdi. Lekin odamlar bir necha bor iltimos qilishsa ham, kelishmabdi. So‘ng toqatlari toq bo‘lib, o‘zlari o‘g‘rini melisaxonaga olib boribdilar. U yerda ham so‘kish eshitavergach, bir ilojini qilib o‘g‘rini topshirishibdiyu qutulganlariga shukur qilib «qochishib»di. Tanishimiz ertalab ishga ketayotsa, kechqurun o‘g‘ri yonidan hushtak chalib o‘tib ketibdi…

Boshqa misol. Bir necha yil avval ishchilar shaharchasida o‘g‘rilar 80 yoshli onaxonni vaxshiylarcha o‘ldirib, o‘limlik uchun yiqqan narsalarini olib ketishdi. «Huquqni himoya qiluvchilar» marhumaning nogiron qizini olib borib, onangning berkitgan tillalari, molu dunyosi qancha edi, aytasan, bo‘lmasa kuningni ko‘rsatamiz, deb do‘q urib, sal bo‘lmasa qamab qo‘yay deyishdi. O‘sha paytdagi jumhuriyat rahbaridan biri shaxsan aralashgandan so‘nggina qisqa muddatda jinoyatchilar qo‘lga olindi.

Yana ko‘pincha «Jinoyatni falon muddatda ochmasang o‘rningni bo‘shatib qo‘y yoki arizangni yoz!» – degandek buyruqlar bo‘lib turadi. Bizning «shovvozlar» ham anoyilardan emas, bekorga bo‘shab ketaverishmaydi, darrov yo‘lini topishadi. Misol deysizmi? «Andijon – O‘sh» yo‘lida ro‘y bergan ko‘cha halokatida bir necha kishi o‘ldi. Shunda bir rahbar tomonidan «aybdorni topmasang bo‘shataman» degan buyruq chiqdi. Bundan cho‘chigan «shovvozlar» maslahatni pishirib, egasi Buloqboshi qishlog‘idagi bozorga kirib ketgan «Jiguli»lardan birini bo‘yog‘idan ko‘chirib, maxsus xaltachaga solishdi… Shunday qilib oilasi bilan bozorga kelgan bir oddiy dehqon bechorani qo‘lga olishdi. Faqat diyonatli kishilarning yelib yugurishi, guvohliklarigina uni musibatdan saqlab qoldi. Haqiqiy aybdor esa boshqa joydan chiqdi.

«Shovvoz»larimiz jinoyat payini qirqishdan ko‘ra, ko‘proq hisobotlar tayyorlash bilan ovoralar. Ba’zida reja bajarish uchun birorta qo‘lga tushgan bechoraroqqa yengillik berishni va’da berib, uni bir qator ochilmay qolgan jinoyatlarni ham o‘z bo‘yniga olishga rozi qilishadi. Hatto ikki qamoqxona rahbarlari o‘sha yerda yotgan o‘g‘rilarga kiyim-bosh berib, ularni o‘g‘rilik-qaroqchilikka chorlab va yana qaytarib qamatib qo‘ygan hollari to‘g‘risida ham eshitganlarimiz bor. Bunday holatda xalq va davlat mulkini o‘g‘irlash, talon-taroj qilish iщlari avj olishi turgan gap. Lekin shuni ham aytish kerakki, huquqni himoya qilishga mas’ul idoralarning xodimlariga ham oson emas. Maoshlari nihoyatda oz, qurol aslahalari, ishlatadigan asboblari o‘g‘ri-qaroqchilarnikiga qaraganda ancha orqada qolgan. Hozir jinoyatchilarda havo telefo‘nlari bor. Melisada esa yo‘q va hokazolar.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan jumhuriyatimiz Oliy kengashida qabul qilingan ijobiy qonunlar melisa xodyamlarini yangi kuch-g‘ayrat, o‘z kasblariga sadoqat bilan yeng shimarib astoydil ishga kirishishga undaydi, degan umidlarimiz bor. Ichki ishlar vazirligining yangi rahbariyati bir qa-tor ezgu ishlarni amalga oshirishyaptiki, bo‘ ham kela-jakka umid bilan qarashga undaydi. Vazirlik tashqaridan kelgan «ustoz»lardan ham xalos bo‘lib, erkin nafas ola boshladi desak, xato bo‘lmaydi. Endi astoydil bel boglab ishlash kerak, xolos.

Qamoqxonalar hozirgi kunda jinoyatchini yomon yo‘ldan qaytaradigan, uni to‘g‘rilik sari yo‘llaydigan joy emas, balki tajribasiz, yosh, insoniyligini uncha yo‘qotmagan ba’zi bir kishilarni yanada beshafqat, jinoyatga o‘ch, insoniyatga qarshi ishlarni o‘tkazishga tayyorlaydigan maskanlarga aylanib qoldi: U yerdan kelib chiqayotgan noqulayliklar jamiyatimizga katta putur yetkazmoqda.

Jinoyatchilik va unga qarshi kurash haqida fikrlashib o‘tirib SSJI ichki ishlar vaziri (sobiq) Vadim Viktorovich Bakatinga: «Nima qilyapsiz o‘zi? Hammayoqni jinoyatchi bosib ketdi-ku! Odamlarga nasihat qilinglar deysiz, faqat nasihat bilan ish bitmaydi-ku, axir», desam, u: «E muftiy hazrat, dard ko‘p, «insonparvarlar» jonga tegdi. Hatto qamoqxonalarning eshik-deraza panjalari ham olib tashlansin», demoqdalar. Ularning aytganini qilsak, ertasigayoq o‘sha xonada yotganlardan bittasi ham qolmay qochib ketishadi. «Insonparvarlik qilamiz», deb son-sanoqsiz jinoyatchilar afv etilib, chiqarib yuborildi. Endi ularni yana to‘plab qamoqxonalarga olib kelgunimizcha ona sutimiz og‘zimizdan keladi», – deb javob bergandi. Xullas, insonparvarlik haqiqiy insonga qilinadi. Jinoyatchilarni o‘z birodarlari insonga, insoniyatga, jamiyatga qarshi qilgan jinoyati uchun jazolash kerak. Jazoni o‘tab, tavba qilib insoniylikka qaytishsa, marhamat, xohlaganicha insonparvarlikdan bahramand bo‘lishsin.

SABOL: Mushtariylarimizga istaklaringiz.

JAVOB: Mushtariylarning barchalarini Yaratganning o‘zi panohida saklasin, iymon, umrboqiylik va baxt-saodat ato etsin. Hammamizni Alloh taoloning o‘zi to‘g‘ri yo‘lga boshlasin, jinoyatchilik yo‘liga kirib qolganlarga ham insof bersin, ularni ham hidoyatga boshlasin.

«Mushtum» jurnali, 1991 yil, yanvar.