Iya Stebleva: “Men doim Bobur bilan birgaman” (2020)

(Turkiyshunos olima Iya Stebleva bilan suhbat)

O‘zbek adabiyotining xorijda o‘rganilishi muayyan o‘ringa ega. Chet ellik olimlar merosimizni o‘rganishga muttasil o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqdalar. Shular sirasidagi yaqqol siymolardan biri turkiyshunos olima, filologiya fanlari doktori Iya Vasilevna Steblevadir. Men olima bilan 2019 yil yozda, uning Moskvadagi xonadonida uchrashdim.

Iya Vasilevna Stebleva 1930 yili Odessa shahrida tug‘ilgan. 1953 yili M.V.Lomonosov nomli Moskva davlat universiteti filologiya fakulteti turkiyshunoslik kafedrasini tamomlagan. Butun umr turkiy she’r nazariyasiga doir tadqiqotlar olib borgan.

 I.Stebleva hozirda 90 yoshga kirgan bo‘lib, Moskva shahrida istiqomat qiladi. Turkiyshunoslik, ayniqsa, turkiy she’r nazariyasi bo‘yicha bir qator kitob va ko‘plab maqolalar bilan fan olamida mashhur. Masalan, “Turkiy tilli mumtoz she’riyatda ritm va ma’no” (Moskva, 1993), “Turkiy adabiyotlarning Rossiyada o‘rganilishi. XX asr” (Moskva, 1998), “Islomdan avvalgi davr turkiylari hayoti va adabiyoti” (Moskva, 2007), “Turkiy poetika. Rivojlanish bosqichlari: VIII–XX asrlar” (Moskva, 2012) kabilarni kiritish mumkin.

Men Iya Steblevani ilk daf’a 1983 yili Toshkent davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakulteti talabasi bo‘lganimda ko‘rganman. O‘shanda olimani fakultet o‘qituvchi va talabalari bilan uchrashuvga professor Anvar Hojiahmedov taklif qilib olib kelgandi. Iya Steb­leva Bobur she’riyati haqidagi “Bobur g‘azallari semantikasi” nomli monografiyasi rus tilida 1982 yili endigina Moskvada nashr etilgan edi. Ayni kitob muallifini ko‘rib, u bilan suhbalashish, Bobur haqidagi fikrlarini tinglash biz talabalar uchun juda qiziq edi. Uchrashuv yakunida ishtirokchilardan biri o‘zbek mumtoz adabiyotini har taraflama va to‘laqonli tahlil qilish uchun islom va tasavvufni bilish kerak. Bizda hatto ularning nomini ham tilga olish mumkin emas, sizlarda esa islom va tasavvuf falsafasi bo‘yicha kitob va maqolalar chiqarish erkinroq, deb savol tashladi. Sovet zamoni, kommunistik mafkura va sovuq urush avjiga chiqqan palla – 1980 yillar boshi uchun bunday savolning uyg‘onishi tabiiy edi. Shunda Iya Stebleva haqiqiy olimona javob qaytardi: bizda, Moskvada islom va tasavvuf haqidagi nashrlar nisbatan chop etilib turibdi. Sizlar mana shu bizda chiqqan kitoblarga murojaat qilib, islom va u bilan bog‘liq adabiyot haqida yozaveringlar. Bu asrlar davomida islom bilan bog‘liq bo‘lib kelgan bizning madaniyat va adabiyotimizni bor bo‘yicha ko‘rsatish uchun olima tomondan berilgan “ko‘rsatma” va qutqarish yo‘li edi.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, Iya Stebleva bilan uchrashganimda, u kishi o‘zbek olimlaridan faqatgina shogirdim, filologiya fanlari doktori Nasim Rahmon kelib mendan xabar olib turadi, dedi. Akademik Aziz Qayumov bilan ba’zida muloqot qilib turganlarini ta’kidladilar. Olima yozgan kitoblar hozirga qadar ham biz, o‘zbekistonlik o‘quvchilarga yetib kelib turibdi. Ammo, afsuski, keyingi davrlarda biz merosimiz bo‘yicha avvalda qilingan ishlar, shu jumladan, xorijdagi tadqiqotlarni, bilib turib ham, kam eslaydigan yoki umuman yodga olmaydigan bo‘lib qoldik.

Masalan, I.Stebleva “Bobur g‘azallari semantikasi” monografiya­sida Bobur bir yuz o‘n to‘qqiz g‘azallari matnini eski o‘zbek yozuvida e’lon qilib, o‘z vaqtida matnshunoslik faoliyatini olib borgan. Bobur g‘azallari matnining bir necha nusxalardan olingan, o‘zi umumlashtirgan variantini bermoqchi bo‘lgan. Mazkur kitob nashridan qirq yil o‘tib ham biz uni hali o‘zbek tiliga tarjimasini amalga oshirmadik. I.Steblevaning turkiy, jumladan, o‘zbek mumtoz she’riyat matnlari va she’rshunosligi bilan bog‘liq faoliyati, yetarlicha bahosini topmadi. Mana shu mulohazalarning barchasi bizni shaxsan Iya Stebleva bilan suhbatga chorladi.

– Iya Vasilevna, sizni O‘zbekistonda Bobur ijodi tadqiqotchisi sifatida yaxshi bilishadi. Biroq sizning turkiyshunos olim sifatidagi ilmiy tadqiqotlaringiz ko‘lami keng bo‘lib, eng qadimgi davr turkiy she’riyat xususiyatlari ham ilmiy faoliyatingizda katta rol o‘ynagan. O‘z ilmiy hayotingiz va ijodingiz, xususan, o‘zbek mumtoz adabiyotini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishingiz tarixi haqida so‘zlab bersangiz.

Mening sharqshunoslik sohasiga kelishim bolalik taqdirim bilan bog‘liq. 1941 yili urush boshlanganida men o‘n yoshda edim. Mana shu davrda otam polkovnik edi va harbiy akademiyada kafedra mudiri bo‘lgan. Bu akademiyani avvaliga Nijniy Novgorodga, keyin esa Samarqand shahriga evakuatsiya qilishgan edi.

Men ota-onam bilan 1941–1943 yillari Samarqandda yashadim. So‘ng shahar maktabiga bordim. Maktabimizda o‘zbek sinfi ham bor edi. O‘sha kezlar o‘zbek madaniyati va tili muhitida yashadim. Keyinchalik 1948 yili maxsus M.V.Lomonosov nomli Moskva davlat universiteti filologiya fakultetining sharqshunoslik bo‘limiga o‘qishga kirdim. U yerda ikkita – turkiyshunoslik va eronshunoslik kafedralari bor edi. Men turkiyshunoslikni tanladim. Bunda bolaligim o‘tgan Samarqand shahriga bo‘lgan muhabbat va u yurtning sog‘inchi katta rol o‘ynadi. U yerdan olgan hayratlar hali hamon meni tark etmaydi. Samarqanddagi hayotim xuddi “Ming bir kecha” ertagidagidek sirli va maftunkor edi.

Kitob o‘qishni ancha erta boshlaganman. O‘n yoshimdayoq ancha-muncha kitoblarni o‘qib qo‘ygandim. Sharq ertaklarini yaxshi bilardim. Samarqand shahri va uning muhiti o‘sha ertaklarda tasvirlangan voqelikni eslatardi. Yaqinda bir ilmiy konferentsiyaga borganimda, hayotimdagi eng yorqin taassurotlar haqida so‘rashdi. Men Samarqanddek ajoyib bir shaharni boshqa yerda ko‘rmaganman. Menga uning kamchiliklari ham bilinmasdi. Ayniqsa, Samarqandning eski shahar hududi menga yoqardi. 1940 yillar o‘rtalari, onamning kasbi shifokor bo‘lganligi uchun, u ertadan kechgacha ishda bo‘lardi. Otam esa Saratov shahridagi harbiy maktabga rahbarlikka jo‘natilgandi. Hatto, yakshanba kunlari ham frontga jo‘natilayotgan jangchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun onamni olib ketishardi.

Shu bois men ko‘p vaqt uyda bir o‘zim qolardim. Samarqanddagi istagan joyimga borardim. Shahar ko‘chalarida menga hech kim yomon gap gapirmasdi. O‘zbek bolalari bilan do‘stlashgandim. Ular biroz ruscha tushunardilar. Samarqandda o‘zbek muhitiga yaqin bo‘lib yashadim, undan bahra oldim. Biz – evakutsiya qilinganlar shahar markazida, Go‘ri Amirdan uzoq bo‘lmagan joyda yashardik. Deyarli har kuni u yerga borardim.

– Siz Samarqandda qaysi tildagi maktabda o‘qigansiz?

Men rus tilidagi maktabda o‘qiganman. Lekin bizda o‘zbek tili darsi bor edi. Menga bu dars juda yoqardi. Boshqa bolalardan farqli tarzda, men hamma narsani tez o‘zlashtirar va yodlab olardim. Urushdan keyin ko‘pgina harbiylarning qizlari Moskva va Leningradda filologiya fakultetiga o‘qishga kirishga intilishgan. 1948 yili Moskva davlat universiteti filologiya fakultetiga imtihon topshirdim. Lekin keyinchalik sharq bo‘limiga o‘tib ketdim. Chunki u yerga kirish konkursi yengilroq edi. Shunga qaramay, imtihon baholari yuqori bo‘lishi kerak edi. Turkologiya kafedrasida o‘qiy boshladim…

Kafedramiz mudiri Nikolay Konstantinovich Dmitriyev (1898–1954) edi. U bizga turkiy tillarni o‘rgatardi. Guruhimiz talabalari ichida turkiy xalqlar vakillari ko‘pchilik edi. Rusiyzabonlardan faqat men, bir arman qizi va bir yahudiy yigit bor edik. N.Dmitriyev bizlarga turkiy tillar nazariyasidan dars berar, biror turkiy tildagi so‘zni aytar va uni boshqa tilda shu kabi so‘z bilan qiyoslab tushuntirardi. Uning darsi nazariy tomondan qiziqarli bo‘lib, bilimlarimizni oshirishga katta xizmat qilardi. Bir darsida u bitta so‘zni misol tariqasida keltirganida, shunday deb u kishi bilan suhbatlashganim yodimda:

– Men bu so‘zning o‘zbekchasi qanaqa bo‘lishini bilaman.

– Qani ayting-chi, – dedi.

– Men maktabda o‘qiyman, – deb o‘zbekcha gap tuzdim.

– Bu fe’lni tuslay olasizmi? – deb so‘radi.

– Ha, – deb javob berdim.

O‘qituvchi o‘zbekchamdan hayratga tushib, mendan so‘radi:

– Siz o‘zbek tilini qayerdan bilasiz?

Men evakuatsiya vaqtida O‘zbekistonda, o‘zbek tilidagi maktabning rus sinfida o‘qiganligimni, o‘zbek tilidagi ko‘p so‘zlarni bilishimni ma’lum qildim.

Men universitetda turkiyshunoslik bo‘limiga kirib o‘qishni boshlaganimda, turkiyshunoslik bo‘yicha tasavvurim mavjud bo‘lgandi. Sharq bo‘limidagi barcha “Ming bir kecha” kitobi orqali Sharqqa maftun edilar… Men qayta va qayta Samarqandni xotirlayman. Bu dunyodagi hech narsani Samarqand havosi bilan tenglashtira olmayman. U – men uchun beqiyos narsa.

– Bu shaharning aurasi boshqachami? Nima deb o‘ylaysiz?

Ha, shunday desa ham bo‘ladi. Men Samarqand osmonidagi singari havo rangini dunyoning boshqa joyidan topmadim.

– Turkiyshunoslik bo‘limidagi o‘qishingiz shundan keyin qanday davom etdi? Qachon o‘qishni tamomladingiz va qayerda ilmiy faoliyatingizni boshladingiz?

Dastlabki ikki kursda turk va qirg‘iz tillarini o‘rgandik. Undan keyingi ikki yilda turkman va uyg‘ur tillarini o‘zlashtirdik. Shu darslarda o‘zbek tilidagi tajribam menga doim yordam berardi. Bu tillarni o‘rganganim bilan ularni tushunardim, ammo o‘zbek tilini bilganimdek, so‘zlashuvda foydalana olmasdim.

1953 yili Moskva davlat universiteti sharq bo‘limning turkiyshunoslik yo‘nalishini a’lo baholarga bitirdim. Lekin meni aspiranturaga yuborishmadi. O‘sha kezlari Emir Nadjip (1899–1991) degan mashhur turkiyshunos olim o‘rta asr turkiy she’riyati bo‘yicha dars berar edi. U menga Bobur she’riyati bilan shug‘ullanishni taklif qildi. U mening o‘rta asr turkiy she’riyatiga qiziqishim va uni yaxshi tushunishimni qadrladi. O‘sha kezlarda “Navoiy zamondoshlari” kitobi va undagi Atoiy, Sakkokiy she’rlarini o‘qirdik. Emir Nadjip o‘z rahbarligi ostida “Bobur she’riyati tili” nomli diplom ishi yozishni taklif etdi. Olim tilshunos bo‘lgani uchun uni ko‘proq Bobur tili masalasi qiziqtirardi. Men rozi bo‘ldim. Ya’ni, 1982 yilda “Bobur g‘azallari semantikasi” nomli monografiyamning “ildizlari” 1953 yili yoqlagan diplom ishimga borib taqaladi.

Ilmiy rahbarim E.Nadjip men uchun Bobur g‘azallarining A.Samoylovich tomonidan 1917 yilda Peterburgda nashr etilgan “Imperator Bobur she’rlari to‘plami” kitobi fotonusxasidagi matnini Sankt-Peterburgdan oldirib berdi. Bu kitobni o‘sha kezda Moskvadan ham topib bo‘lmasdi. U kishi boshchiligida Bobur g‘azallarini eski o‘zbek yozuvida o‘qib, rus tiliga tarjima qilib chiqdim. Shoirdan qilingan mana shu tarjimalarimni hozirgacha, salkam yetmish yildan beri saqlab kelaman. Yillar mobaynida bu tarjimalarimning ba’zi joylarini o‘zgartirib, yangilab bordim. Lekin hozirgacha ular to‘liq nashr etilmagan. Ularning katta qismi “Bobur g‘azallari semantikasi” kitobim ichiga kiritilgan. Keyinchalik Moskvadagi Ijtimoiy fanlar bosh kutubxonasiga ishga joylashdim. Bu kutubxonaga butun dunyodan xorijiy tillardagi juda ko‘p kitob va jurnallar kelib turardi. Masalan, o‘zbek, qozoq va qirg‘iz tillaridagi. Bu nashrlar umumiy mazmunini men rus tilida qisqa ma’lumotnoma – annotatsiya yozib tushuntirardim. Bu ma’lumotnomalar kutubxona byulletenida nashr qilinardi. Bu dargohdagi men bajargan ish ilmiy faoliyatimga katta yordam berdi. Ayni paytda turkiy tillardagi matnlar bilan yaqindan va muttasil tanishib turish uchun menda qulay imkoniyat paydo bo‘lgandi.

Shundan keyin men bir necha yil uyda ishladim. Moskvada chiqadigan “Xorijiy (Chet el) adabiyot” (“Inostrannaya literatura”) jurnali uchun turk tilidan rus tiliga tarjimalar qilardim. Men Radiy Fish kabi turkchadan eng yaxshi tarjima qiluvchi sanala boshlandim. Ayni paytda turkiy she’rshunoslik nazariyasi bo‘yicha ko‘p izlanishlar olib borardim. Buning natijasi o‘laroq, “Arab-fors vaznining turkiy adabiyotlarga kirib kelishi” va “Qadimgi turk adabiyoti poetikasi va uning ilk klassik davrdagi transformatsiyasi” mavzusida nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildim. Keyinchalik Moskvadagi Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim bo‘lib ishladim.

– Siz Boburning aruz haqidagi “Risolai aruz” (“Muxtasar”) asarini 1972 yili Moskvada, qo‘lyozma matni fotosi, matni va izohlari bilan nashr qilgansiz. Shu jarayon qanday amalga oshdi?

Mening turmush o‘rtog‘im Sergey Sergeevich Selniker “Sharq adabiyoti” nashriyotida ishlardi. U avvaliga shu nashriyotda muharrir, keyinchalik esa nashriyot direktori bo‘ldi. U men kabi turkiyshunos olim bo‘lgani uchun ilmiy kitoblar chop etuvchi mana shunday nufuzli va mashhur nashriyotda ishlab kelardi. Ayni nashriyotda siz so‘ragan o‘sha men tayyorlagan Boburning aruz haqidagi “Risolai aruz” kitobi ilmiy kitob sifatida bosilib chiqdi. Bu kitob ham mening aruzshunos sifatida turkiy tilli xalqlar adabiyotlaridagi aruzni o‘rganishimdan, ta’kidlash kerakki, ham Bobur she’riyatiga bo‘lgan ixlosimdan kelib chiqqan samara edi. Qayd etganim “Sharq adabiyoti nashriyoti” o‘sha davrlarda ancha mashhur bo‘lib, ilm uchun katta ahamiyatga ega matnlarni chop etardi. Shu munosabat bilan Boburning “Risolai aruz” asari nashr bo‘ldi.

– Keyinchalik yana Bobur ijodiga murojaat qildingiz va Bobur g‘azallari semantikasi haqida kitob yozdingiz. Bunga faqat talabalikda yozgan diplom ishingiz sabab bo‘ldimi?

Men butun umr Bobur she’riyati oshig‘i bo‘lib kelganman. Hatto, turkiy xalqlar she’riyatini rus tilidagi tarjimasida ham men turkiy she’riyatni his qilaman, uni ardoqlayman. Buning ildizlari bolaligimga borib taqaladi. Men turkiyshunoslikka kichkinaligimdan qiziqqanman. Hali Samarqandga kelmasimdan, ya’ni, 1943 yildan avvalroq otam uyimizga radiopriyomnik olib kelgandilar. Radio doim yoqiq turar va unda she’r, ertak va afsonalar berib turilardi. Bir marta “Qo‘zi ko‘rpesh va Bayon suluv” eposini berishgan. Bu asar menga juda qattiq ta’sir qildi. Uning she’riy uslubi go‘zal, voqealari ajoyib edi. Bu asar hammasi rus tilida bo‘lsa ham juda yaxshi jaranglardi. O‘sha vaqtlarda Rossiyada turkiy asarlarni rus tiliga tarjima qilish bilan juda jiddiy shug‘ullanishgan. Masalan, qirg‘iz eposi “Manas”ning ayrim qismlarini ham o‘sha davrlarda tarjima qilishgan. Mana shularning barchasi, hatto ruscha tarjimada bo‘lsa ham, menda turkiy tillar, adabiyot, xususan, turkiy she’riyatga bo‘lgan qiziqish tug‘dirgan edi.

– “Bobur g‘azallari semantikasi” kitobingiz so‘ngida eski o‘zbek yozuvida Boburning bir yuz o‘n to‘qqiz g‘azali matnini keltirgansiz. Ularni qaysi qo‘lyozma manbalar asosida jamladingiz?

Men bu g‘azallar matnini tuzishda asosan Parij, Istanbul va Rampur kutubxonalaridagi Bobur g‘azallaridan kirgan qo‘lyozmalardan olingan nusxalardan, A.Samoylovichning Bobur g‘azallari matni nashrlaridan foydalanganman. Maqsadim kitobxonlarni Bobur g‘azallari asliyat yozuvidagi matni bilan tanishtirish bo‘lgan. Talabalik davrimda boshlagan ishimni 30 yildan keyin “Bobur g‘azallari semantikasi” kitobi shaklida tugallab, uni 1982 yili Moskvada rus tilida nashr ettirdim. Men Boburni, uning she’riyatini hech qachon tark etmaganman. Men xuddi Bobur bilan xayolan doimiy hamrohman. Men doim Bobur bilan birgaman. Biz u bilan do‘stmiz. U meni doim qo‘llab-quvvatlab turadi.

Aftondil Erkinov  suhbatlashdi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2020 yil 2-son