Ismoil Muhammad Yusuf: Otamning vafotidan keyingi sabog‘i… (2023)

Biz shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarini olim o‘laroq bilamiz, siz u kishini oila boshlig‘i, ya’ni ota sifatida ta’riflab bersangiz.

– Bismillahir rohmanir rohim. Alloh taologa hamdu sanolar, Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallamga durudu salavotlar bo‘lsin!

Padari buzrukvorimiz, fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari haqida so‘zlash, xotiralar yozish, haqlarida o‘tgan zamonda gapirish biz uchun juda og‘ir. Ammo Alloh taologa shukrlar bo‘lsinki, bugun u kishi haqidagi gaplar o‘tgan zamonda aytilmayapti. Zero, shayx hazratlari boshlagan ishlar davom etyapti, yozgan kitoblari o‘qilyapti, qoldirgan ulkan ilmiy meroslari sadaqai joriya bo‘lib, mo‘min-musulmonlarga manfaat keltiryapti. Shuning uchun ustozimiz haqida so‘zlasak, hozirgi kunda ham oramizda yashayotgan inson haqida so‘zlagandek bo‘lamiz.

Padari buzrukvorimiz dinini chuqur o‘rgangan olim sifatida o‘zlariga ato etilgan ilmlarga hayotning barcha jabhalarida, jumladan, oilada ham to‘laqonli rioya qilishga intilar edilar. Talabchan va ayni paytda mehribon ota edilar, barchamizning ustozimiz edilar. Aqlimizni tanibmizki, biz u kishining ilm bilan mashg‘ul bo‘lishlarini, hayotlarini dinimizga, mo‘min-musulmonlarga xizmat qilishlarini ko‘rib katta bo‘lganmiz. Hazrat bizning ham aqliy, ham ruhiy, ham jismoniy tarbiyamiz bilan bevosita shug‘ullanganlar. Hazrat farzand tarbiyasida, oilada otaning o‘rnini, mas’uliyatini o‘z navbatida padari buzrukvorlari – Muhammad Yusuf hoji dadamizdan o‘rganganlar, so‘ng xuddi shu an’anani davom ettirganlar. Hazratimizning bu qadar yetuk alloma, din peshvosi, siyosat arbobi bo‘lib yetishishlarida padari buzrukvorlarining xizmatlari beqiyosdir. Bir kuni bir kishi kelib, «Hazrat, sizga havas qilib, yaxshi niyat bilan o‘g‘limizga Muhammad Sodiq deb ism qo‘ygan edik. Lekin ulg‘aygan sari bizni ko‘p ranjityapti, kutganimizdek o‘g‘il bo‘lmayapti», deb arzihol qildi. Shunda hazrat «O‘g‘lingiz Muhammad Sodiq bo‘lishi uchun uning otasi Muhammad Yusuf bo‘lishi kerak», deganlar.

Hazratimizning ukalari Muhammad Amin amakimiz u kishi haqlarida «Islomga bag‘ishlangan umr» nomli kitob yozganlar. Ana shu kitobda oilada otaning o‘rni haqida shunday deyilgan:

«Talabalik yillari yosh ota-ona ilm yo‘lida turli qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazdilar, ammo shuning bilan birga farzandlariga ham chiroyli tarbiya berdilar. Buyuklarning bir so‘zi bor: «Tarbiyachining o‘zi tarbiyalangan bo‘lishi kerak». Bizning ota-onalarimiz bu naqlga amal qilib, o‘z ustilarida tinimsiz ishladilar. Dinimiz ta’limotlarini qunt bilan o‘rganib, amal qildilar. Keyinchalik bu ruhni o‘z farzandlariga ham singdirdilar».

Hazrat oila boshlig‘i, ota sifatida o‘zlari amal qilgan barcha shar’iy qoidalarni boshqalarga ham ravo ko‘rib, oila, silai rahm, ota-onaga yaxshilik, farzand tarbiyasi kabi mavzularda qator kitoblar yozdilar. Ana shu kitoblarni o‘qib, mo‘min-musulmon kishining oiladagi mavqei qanday bo‘lishini o‘rganishimiz mumkin.

Jurnalimizni asosan talabalar o‘qiydi. Keling, avvalo otangizning talabalik yillari qanday bo‘lgani haqida gaplashsak. Bu barchamizga qiziq. O‘zingizning talabaligingiz haqida ham aytib bering.

– Yuqorida aytganimizdek, padari buzrukvorimiz boshlang‘ich diniy ta’limni bobomiz Muhammad Yusuf domladan olganlar. 1979-69 yillarda o‘rta maktabda o‘qib, so‘ng 1970 yili Buxorodagi Mir Arab madrasasiga o‘qishga kirganlar. Mir Arab madrasasi o‘sha davrda sobiq ittifoq bo‘yicha yagona diniy ta’lim muassasasi edi. Birga o‘qigan ko‘plab saboqdoshlarining e’tirofiga ko‘ra, otamiz peshqadam, a’lochi talaba bo‘lgan ekanlar.

Madrasadan so‘ng hazrat Toshkentdagi Imom Buxoriy nomidagi Islom oliy ma’hadida o‘qib, uni 1975 yili tamomlaganlar va shu yili Liviya Arab Jamohiriyasidagi Islom da’vati kulliyotiga o‘qishga qabul qilinganlar. Bu kulliyotda o‘sha davrning mashhur olimlaridan, jumladan, Toyyib An-Naos, Muhammad Robitiy, Ibrohim Rufayda, doktor Hulayl, Komil Banno kabi mashhur ulamolardan dars olganlar. Hazrat barcha bosqichlarda peshqadamlar safida bo‘lib, 1980 yili kulliyotni imtiyozli diplom bilan tamomlaganlar.

Keyinchalik, padari buzrukvorimizning tavsiyalari bilan bizga ham ushbu tabarruk dargohda talaba bo‘lish nasib qildi, alhamdulillah.

O‘zbekiston – buyuk allomalar yurti. Turkiston, Movarounnahr zaminida Islomning rivojiga katta hissa qo‘shgan ulug‘ olimlar yetishib chiqqan va chiqmoqda. Ammo shayx hazratlari qaysi jihatlari bilan xalqimizning, mo‘min-musulmonlarning bu qadar katta hurmat-e’tiboriga sazovor bo‘lganlar?

– Agar nokamtarlikka yo‘yilmasa, farzand sifatida emas, shu yurtning bir vakili sifatida padari buzrukvorimizning shonli hayot yo‘llarini qisqacha keltirib o‘tsam.

Shayx hazratlari Liviyada tahsil olib, Vatanga qaytgach, o‘zlari o‘qigan Toshkent Islom institutida faoliyat ko‘rsatdilar, 1981 yildan mudarris, 1982 yildan rektor muovini vazifasida ishladilar, 1984 yildan shu dargohga mudir bo‘ldilar, tafsir, hadis, Qur’on ilmlari, aqiyda fanlaridan dars berdilar, ta’lim dasturiga ko‘plab yangiliklar kiritib, bir qancha islomiy fanlar va qo‘llanmalarni ilk bor joriy qildilar.

Alloh taolo hazratga yurtimiz tarixidagi eng qiyin va ayni paytda sharafli vazifani nasib etdi. U kishi 1989 yil 6 fevralda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi muftiysi etib saylandilar, butun kuch-g‘ayratini diniy idora faoliyatini yangi pog‘onaga ko‘tarish, musulmonlar manfaatini himoya qilish, masjid-madrasalar faoliyatini rivojlantirish, diniy adabiyot chop etishni yo‘lga qo‘yishga yo‘naltirdilar.

Hazratning muftiylik faoliyati davrida Toshkentdagi tarix muzeyida saqlanayotgan Usmon mushafi Diniy idoraga topshirildi. Butunjahon islomiy robita tashkiloti bilan hamkorlikda sobiq ittifoqda yashovchi musulmonlar uchun million nusxa mushafi sharif olib kelindi, Vatanimiz yoshlarining xorijdagi nufuzli islomiy ta’lim muassasalarida o‘qitish yo‘lga qo‘yildi, shu kabi ko‘p xayrli ishlar qilindi.

Mustaqillik arafasida shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari SSSR Oliy Kengashining xalq deputati etib saylandilar.

Shayx hazratlari O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi hamda SSSR Oliy Kengashining xalq deputati sifatida SSSR hukumatiga musulmonlarning ahvoli yoritilgan, ularning haq-huquqlarini hurmatlash, ibodatlarini emin-erkin ado etish imkoniyatini qayta tiklash masalasi ko‘tarilgan bayonnomani taqdim etdilar. Bu sa’y-harakatlar natijasida hukumatning musulmonlarga nisbatan siyosatida keskin burilish yuz berib, ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirila boshladi, ko‘plab masjidlar, madrasalar ochildi, nafaqat O‘rta Osiyo, balki butun ittifoq hududida cheklab qo‘yilgan haj va umra safarlariga borishda juda katta erkinliklar qo‘lga kiritildi.

Muxtasar qilib aytadigan bo‘lsak, yurtimizning ulug‘ farzandi, yetuk alloma, fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari butun umrini, kuch-quvvatini ilm-ma’rifat, ziyo tarqatishga bag‘ishlab, Islom diniga, butun dunyo musulmonlariga, Vataniga, o‘zbek xalqiga fidokorona xizmat qildilar.

Shayx hazratlari chinakam mo‘min, haqiqiy musulmon sifatida nafaqat yurtimizda, balki Markaziy Osiyo mintaqasida, Islom olamida, butun dunyoda tinchlikni saqlash, Islomning asl mohiyatini tanitish, etnokonfessional ziddiyatlarning oldini olish borasida keng ko‘lamli, barakali ilmiy faoliyat olib bordilar. Ushbu faoliyatning nechog‘li samarali bo‘lganini bugungi kunda yurtimizdagi tinchlik, turli din va millat vakillari orasidagi totuvlik, turli mazhab va aqiydalar o‘rtasidagi ixtiloflarga barham berilganidan bilish mumkin.

Hazrat yurtimizda ham, muhojirlikda ham doim ona vatanga sadoqat namunasini ko‘rsatdilar, ilm-ma’rifat tarqatishdan to‘xtamadilar. Vatanga qaytgach, umrlarining oxiriga qadar ulkan diniy-ma’rifiy faoliyat ko‘rsatdilar, yuzdan ortiq kitoblar, risolalar, maqolalar, ovozli hamda tasvirli yozuvlarda ilmiy suhbatlar, mav’izalar, turkum darslar, ma’raka-yig‘inlardagi ma’ruzalar, internet orqali savol-javoblari bilan yurtimizda Islom dinining rivojiga, xalqimizning diniy saviyasini oshirishga salmoqli hissa qo‘shdilar.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf quyidagi xalqaro tashkilotlarning a’zosi edilar:

  • Makkai mukarramadagi Islom olami Robitasi ta’sis majlisi;
  • Butun jahon tasavvuf uyushmasi;
  • Butunjahon islomiy xalq boshqaruvining bosh kotibiyati;
  • Butun dunyo da’vat uyushmasi;
  • Butun jahon musulmon ulamolari xalqaro uyushmasi;
  • Islomobod shahridagi Butun dunyo Islom uyushmasi;
  • Makkai Mukarramadagi Butun dunyo mutafakkir ulamolari yig‘inining ijroiya qo‘mitasi;
  • Butun dunyo masjidlar uyushmasi;
  • Urdundagi Oli Bayt «Islomiy tafakkur» qirollik akademiyasi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari mazkur tashkilotlarning a’zosi sifatida ko‘plab davlatlarda bo‘lgan xalqaro ilmiy anjumanlarda faol ishtirok etganlar, Islom olamining ko‘plab olimlari bilan ijodiy muloqotlar, uchrashuvlar o‘tkazdilar, zamonamizning peshqadam ulamolari bilan ilmiy hamkorlik qildilar.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining musulmonlar, xalq, millat va din yo‘lidagi xizmatlari yuksak e’tirof etilib, xalqaro miqyosdagi bir necha mukofotlar bilan, jumladan, Misr Arab Respublikasi, Liviya Jamohiriyasi va Rossiya federatsiyasi kabi qator davlatlarning faxriy unvon va mukofotlari bilan taqdirlangan.

Ko‘rib turganingizdek, hazrat mo‘min-musulmon sifatida, diniy ulamo sifatida, vatanparvar inson, xalqning vakili sifatida bir inson qilishi mumkin bo‘lgan barcha ishlarni qildilar, deyish mumkin. O‘ylaymanki, hazrat xalqimizning mehr-muhabbatiga, hurmat-e’zoziga haqli ravishda sazovor bo‘ldilar.

Mana, so‘nggi yillarda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining dinimizning ravnaqi, millatning yuksalishi, Vatanimizning porloq istiqboli yo‘lidagi fidokorona mehnatlari davlatimiz tomonidan ham yuksak e’tirof etildi, muhtasham masjid majmuasi qurilib, unga ustozimizning nomlari berildi, hazratimizning ulkan ilmiy merosini xalqqa yetkazish borasida avvallari misli ko‘rilmagan imkoniyatlar muhayyo qilindi, ushbu masjidda xizmat qilish sharafi kaminaga ham nasib etdi. Bu qadar ulkan e’tibor uchun davlatimiz rahbariyatiga oilamiz nomidan, hazratimizning barcha safdosh va shogirdlari, millionlab muxlislari nomidan, butun o‘zbek xalqi nomidan tashakkurlar aytib, chin yurakdan minnatdorchiliklar bildiraman. Bugungi kunda ana shu masjidda xizmat qilayotganimdan, padari buzrukvorimizning ilmiy merosini xalqimizga yetkazish borasida mehnat qilayotganimdan, ana shunday ulug‘ yurtning fuqarosi, ana shunday ulug‘ insonning farzandi ekanimdan faxrlanaman, Alloh taolodan bu ne’matlarga munosib bo‘lish baxtini nasib etishini duolarimda so‘rayman.

Shayx hazratlarining sportga bo‘lgan qiziqishlari, xususan, u kishining basketbol o‘ynaganlari haqida eshitganmiz. Hazratning yana qanday qiziqishlari bor edi? Bo‘sh vaqtlarini, agar shunday vaqtlari bo‘lgan bo‘lsa, qanday o‘tkazar edilar?

– Bu savolingizga ham «Islomga bag‘ishlangan umr» kitobidan iqtibos keltirsak bo‘ladi:

«Akam maktabda o‘qish bilan birga, jamoat ishlarida faol qatnashardilar. Ayniqsa sportga qattiq qiziqar, uyda muntazam shug‘ullanar edilar. Maktab olimpiadalarida doim g‘olib chiqardilar. Shu bilan birga, dadam topshirgan diniy vazifalarni o‘z vaqtida bajarar, barchasiga ulgurar edilar. Bir kuni dadam «Kim bir pora Qur’on yodlasa, mukofot bor», deb e’lon qildilar. Men astoydil harakat qila boshladim. Lekin akam bir haftaga qolmay, bir porani o‘qib berib, mukofotni oldilar. Hech esimdan chiqmaydi, o‘sha mukofot «Yugidon» degan radio edi. Keyinchalik bilsam, akam bir porani dadamning e’lonlariga qadar yodlab bo‘lgan ekanlar…

Hayotlari davomida tez-tez bo‘lib turgan safarlarida ham yo ovoz yozish moslamasiga bir narsalarni yozar, yo kitob mutolaa qilar edilar. Biror kun bekor qolmasdilar. Dunyo xabarlari, sport yangiliklari, iqtisodiyotdagi o‘zgarishlar, siyosiy yangiliklar, qo‘yingki, hamma-hammasidan o‘z vaqtida xabardor bo‘lib turardilar. Bularning hammasiga qanday qilib ulgurayotganlariga hamma hayron qolardi. Hech narsa eslaridan chiqmasdi. Xotiralari hayron qolarli darajada kuchli edi. Ayniqsa kitob borasida hassos edilar. Biror kitob haqida so‘z ketsa, uning muqovasi, rangi, muallifi, nomi, sahifalari – hamma-hammasini aytib berardilar…».

Padari buzrukvorimiz yetuk alloma sifatida imkon qadar har bir ishni, har bir amalni Qur’on va Sunnatga muvofiq qilishga intilib kelganlar. Xususan, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishlari ham oddiy havas yoki ishqibozlik emas, balki Alloh bergan ne’matning shukrini ado etish, “kuchsiz mo‘mindan kuchli mo‘min afzal” degan nabaviy o‘gitga amal qilish bo‘lgan. Maqsadlari sportning biror turida ma’lum bir darajaga erishish emas, balki dinimizda ko‘rsatilganidek sog‘lom turmush tarzini kechirish, insondan ham ma’naviy, ham jismoniy kuch-quvvat, g‘ayrat-shijoat talab qiladigan ulkan xizmatlarga har taraflama tayyor bo‘lishdan iborat bo‘lgan. Ayni paytda, hazratimiz sportga harchand qiziqqan bo‘lsalar ham, biror sport turi bilan ko‘proq shug‘ullangan bo‘lsalar ham, bu narsa u kishini toat-ibodatdan, ilmiy faoliyatdan, Allohning zikridan zarracha chalg‘itib qo‘ymas edi. Har bir ishni o‘z vaqtida, o‘z o‘rnida qilar edilar. Boshqa ishlarda vaqtni qanchalik qadrlasalar, tartib-intizomga qanchalik qattiq amal qilsalar, sport mashg‘ulotlariga ham xuddi shunday ahamiyat berar edilar, mashg‘ulotlarni biror marta ham kanda qilmas edilar. Ana shunday yuqori darajadagi jismoniy tayyorgarlik umrlarining oxiriga qadar ertayu kech tinmay din, xalq, vatan xizmatida bo‘lishlariga, tong sahardan yarim tungacha tinimsiz ilm bilan shug‘ullanib, kitob yozib, mashaqqatli mehnat qilishlariga imkon berganiga guvohmiz.

Ilm talab qilish har bir musulmon uchun farz. Dinimizda qaysi ilmlarni egallashga targ‘ib etilgan?

– Dinimizning tamal toshi, bosh masdari bo‘lmish Qur’oni Karimning ilk nozil bo‘lgan oyatlari «O‘qing!» degan targ‘ib bilan boshlangan. Shuning o‘zi ham Islomning ilm-ma’rifat dini ekanini ko‘rsatib turibdi. Ilm tufayli inson azizu mukarram bo‘ladi, o‘zini anglaydi, Robbini tanib, Unga to‘g‘ri ibodat qiladi. Insonning Alloh nazdidagi darajasini taqvo belgilaydi, ana shu taqvo esa ilm bilan hosil bo‘ladi. Shuning uchun Alloh taolo «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?» deb marhamat qiladi (Zumar surasi, 9-oyat).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim ilm talab qilish yo‘liga tushsa, Alloh unga jannatning yo‘lini yengillashtiradi», deganlar» (Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan).

Ulamolarimiz aytadilarki, ilmning avvali – Allohni tanish, ilmning oxiri – Allohdan qo‘rqishdir. Demak, ilm olishdan maqsad nihoyatda ulug‘ bo‘lishi kerak ekan. Ilm olishdan maqsad – Alloh taoloning farzini ado qilish, U Zotni tanish va nihoyat, U Zotdan qo‘rqish bo‘lishi kerak.

Shariat manfaatli ilm deb atagan narsa haqiqiy ilm bo‘ladi, ya’ni bu – insonning, butun bashariyatning diniga, dunyosiga va oxiratiga foydasi tegadigan ilmdir. Islom dini insonning ikki dunyo saodatiga erishuvi uchun zarur bo‘lgan har qanday manfaatli ilmni o‘rganishni buyuradi.

Talabalik davrini qanday o‘tkazmoq kerak? Chinakam ahli ilmlar, olimlar kimlar? Xossatan diniy ilm olish haqida tavsiyalar bersangiz.

– Bu savolga ham yuqoridagi javobni takrorlash mumkin: ilm olish, talaba bo‘lishdan avval niyatni poklash kerak. Zero, Nabiy sollallohu alayhi vasallam «Amallar niyatga bog‘liqdir», deganlar. Ilm olishdan, talaba bo‘lishdan maqsad ham dunyoviy, ham uxroviy manfaatlarga erishish, o‘zining, oilasining, mahallasining, yurtining, millatining, Vatanining va nihoyat, butun bashariyatning rushdu hidoyatda bo‘lishiga, farovonligiga xizmat qilish, hissa qo‘shish bo‘lishi kerak.

Ulamolarimiz aytadilarki, ilm ikki yo‘l bilan – ilmga amal qilish hamda taqvo bilan ziyoda bo‘ladi. Tolibi ilmlar buni bilib, unga amal qilishlari kerak.

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim bilgan ilmiga amal qilsa, Alloh taolo unga bilmagan ilmini bildiradi», deganlar» (Imom Ahmad rivoyati).

Inson o‘zi olayotgan ilmning asl manbaini bilsa, bu ilmni olish uchun unga hayot ne’matini, ko‘rish, eshitish, aql yuritish, xotira ne’matlarini bergan Allohni tanisa, shundagina U Zotdan qo‘rqadi, taqvo qiladi, olayotgan ilmini ana shu Zot rozi bo‘ladigan maqsadlargagina sarflaydi. Taqvo esa ilmning ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Ismoil Muhammad Sodiq

Qur’oni Karimda bu haqda ko‘plab oyatlar kelgan. Masalan,  bir oyatda «Allohga taqvo qiling, shunda Alloh sizga ilm beradi» (Baqara surasi, 282-oyat) deyilgan bo‘lsa, boshqa bir oyatda «Allohdan bandalari ichida faqat olimlargina qo‘rqarlar» (Fotir surasi, 28-oyat) deb marhamat qilingan.

Bugungi kunda ilm sohasida har doimgidan ham dolzarb bo‘lib turgan yana bir masala – odobdir. Insonning ilmi bo‘lib, odobi bo‘lmasa, bu ilm uning dunyosiga biroz foyda, obro‘, shuhrat keltirsa ham, oxirati uchun xayrli bo‘lmaydi. Odobsiz odam har qancha ilmli bo‘lmasin, olim degan yuksak nomga dog‘ tushiradi, ko‘plab insonlarning ilmdan, ulamolardan, hatto dindan chetlanishiga sabab bo‘lib qolishi mumkin.

Nabiy alayhissalom shunday marhamat qiladilar: «Olimlar – payg‘ambarlarning vorislaridir» (Imom Termiziy rivoyati).

Anbiyolarga voris bo‘lish – ulkan sharaf bo‘lishi bilan birga nihoyatda katta, og‘ir mas’uliyat hamdir. Inson vaqti kelsa o‘z oilasida o‘zi xohlaganidek muhit shakllantira olmaydi. Ulamolarning zimmasida esa yurtning, xalqning, millatning mas’uliyati yotadi. Ana shunday ulkan vazifani uddalay olish uchun inson o‘z oldiga buyuk maqsadlar qo‘yishi, ezgu niyatlar bilan astoydil mehnat qilishi, bu yo‘lda shaytonning vasvasasidan, nafsning hoyu havasidan, malomatchilarning malomatidan qo‘rqmasligi, har bir ishni faqat Alloh taolo uchun, xolis qilishi kerak.

Aziz Abdumalik gurunglashdi.

«O‘zbekiston talabasi» jurnalining 2023 yil 4-sonidan