Dunyoni yangicha ko‘rish ehtiyoji (Umarali Normatov va Ulug‘bek Hamdam suhbati) (2002)

(O‘zbek modern she’riyati, umuman modernizm xususida suhbat)

Umarali NORMATOV: — Ulug‘bek, siz ham she’riyatshunos, ham shoir sifatida bugungi milliy she’riyatimizdagi jarayonlardan, qolaversa, zamonaviy jahon she’riyati, she’riyat ilmi haqidagi yangiliklardan yaxshi xabardorsiz. Oybekning zamonamizga hamohang «ko‘ngil she’riyati»ga bag‘ishlangan nomzodlik dissertatsiyangiz, hozirgi yosh shoirlar izlanishlariga doir matbuotdagi chiqishlaringiz adabiy jamoatchilikka ma’lum. Keyingi paytlarda marhum shoirlar Asqad Muxtor, Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf ijodiga oid tadqiqotlar olib bordingiz, bugungi milliy she’riyatimiz muammolari xususida doktorlik dissertatsiyasi ustida ishlayotirsiz. Ayni chog‘da «Tangriga eltuvchi isyon» deb atalgan kattagina she’riy kitob chop ettirdingiz… Bilaman, she’riyat dunyosida yurgan bir yosh ijodkor sifatida bugungi she’riyat xususida hali qog‘ozga tushmagan gaplaringiz, o‘y-mushohadalaringiz ko‘p. Keling, hozir ko‘pchilikni qiziqtirayotgan masala — keyingi o‘n yil mobaynida muayyan adabiy hodisa tusini olgan o‘zbek modern she’riyati, uning jahon modernistik oqimi bilan mushtarak va ayri jihatlari xususida suhbatlashsak. ,

Ulug‘bek HAMDAM: — Umarali aka, nazarimda har qancha sodda tuyulmasin, baribir bir savol hamma zamonlar uchun qaysidir darajada muhim bo‘lib kelgan, hamma zamonlar unga u yoki bu tarzda javob berishga uringan. Savol taxminan shunday: «Umuman, she’r nima? Uning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyati nimalardan iborat?..» Javob ming yillardan beri qidiriladi. Javob topilmaydi emas, topiladi. Biroq vaqt o‘tgani sayin javoblarning ohori to‘kiladi. Yangi davr, yangi kayfiyat tug‘ilishi bilan esa ohori to‘kilmagan javoblarga ehtiyoj seziladi. Aslida yangi javobning mohiyati eskisidan hech qancha farq qilmaydi, hamma gap shundaki, javobni har bir davr o‘z tushunchalari, belgilari bilan bezaydi. Chunonchi, Aristotel o‘z davrida poeziyaning mohiyatida «katarsis», ya’ni poklanishga intilish mavjud degan bo‘lsa, XX asrga kelib, uning yoniga, masalan, she’r kishini yolg‘izlikdan asraydi yoxud insonning ruhiy muvozanatga erishuvida yordamchi bo‘ladi, deganga o‘xshash yorliqlar qo‘shib qo‘yildi. Chunki aynan XX asrga kelganda inson o‘z yolg‘izligini teranroq his qila boshladi-da. Boshqacha aytadigan bo‘lsak, qaysi asrdayu qaysi davrda qanaqa o‘y-dard bo‘lsa, san’at (she’riyat) ham shuni ifoda etadi. Alal-oqibat har bir davr san’at (she’r) ni o‘ziga qarab turgan qirrasining ismi bilan atay boshlaydi. Vaholanki, san’at ko‘p qirralidir. Shunday emasmi?..

Umarali NORMATOV: — She’rga qarash davrga qarab yangilanib boradi, degan fikrga qo‘shilaman. Shu bilan birga har bir izlanuvchi shoirning umri davomida she’rga qarashi betinim o‘zgarib, yangilanib borishi ham mumkin. Uzoqqa bormay, o‘z milliy shoirlarimiz ijodiy tajribasidan bir misol keltiray. XX asr o‘zbek adabiyotida o‘ziga xos o‘rin egallagan shoir Asqad Muxtor 1965 yili shunday yozgan edi: «She’r turmush o‘chog‘idan olingan lahcha cho‘g‘, u hayotiy epizodga asoslangan, syujetli bo‘lishi kerak, deb she’rning bo‘lak turlarini tan olmay, ancha yil yurdim; she’r yalt etgan oniy tuyg‘u, zavq-shavq tug‘yoni, uni faqat muzika janrlari bilan qiyos qilish mumkin, degan ruhda ham ancha vaqt ishladim; she’r hayot falsafasining essentsiyasi, fikr, fikr, fikr! Fikrsiz poeziya yo‘q, deb anchagacha biryoqlama, ratsionalistik she’rlar yozdim…»
Shoir davom etib: «Bu to‘lg‘onishlar menga ba’zan ziyon, ba’zan foyda qildi. Lekin bir narsada fikrim sira o‘zgargani yo‘q: she’r – zaruriyat, shoirga ham, she’rxonga ham… She’r odamning yashashi uchun, kurashishi, ulg‘ayishi uchun zarur», deydi.
Paradoksni qarangki, san’atning, jumladan, she’riyatning ko‘pqirrali ekanligini deyarli barcha shoirlar, she’rshunoslar e’tirof etadi. Biroq san’at asarining, she’rning mafkuraviy jihatiga kelganda darhol cheklanish – chegaralanish boshlanadi. Mafkuraviy yondoshuv ustivor bo‘lgan XX asr adabiyotida, xususan o‘zbek she’riyatida bu hol juda chuqur va mudhish asoratlar qoldirdi. Ayniqsa, she’riyatdagi yangicha, noan’anaviy izlanishlarga, modernizmga munosabatda bu juda yaqqol ko‘rindi.
XX asr boshlarida shakllana boshlagan yangi o‘zbek adabiyoti asosan, ma’rifatchilik realizmi, umuman, realizm ko‘rinishida, aniqrog‘i, XX asr jahon, birinchi galda Ovrupa realistik adabiyoti tajribalari yo‘lidan bordi. Shunisi qiziqki, 20-yillardayoq Fitrat, Cho‘lpon, Qodiriy, Hamza singari peshqadam o‘zbek adiblari ijodida XX asr jahon adabiyoti adabiy tafakkuridagi eng yangi jarayonlarga ohangdosh xususiyatlar, aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, modernistik oqim-yo‘nalishlar belgilari namoyon bo‘la boshladi. Bu tasodifiy emas. Bu davrga kelib o‘zbek adiblari jahon adabiyotidagi yangi jarayonlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Bunday tanishuv xilma-xil yo‘llar orqali amalga oshdi. Eng muhimi, qator adiblarimiz o‘sha qizg‘in yangi jarayonlar yuz berayotgan, ular haqida jo‘shqin bahs-mulohazalar ketayotgan yurtlarda yashab, o‘qib, ishlab, o‘shanday yangilanishlarning guvohi, hattoki ishtirokchisiga aylangandilar: Fitrat avval Turkiyada, keyin Moskva va Leningradda bo‘ldi, Hamza haj safari bahonasida ko‘plab mamlakatlarni kezdi, Qodiriy bilan Cho‘lpon bir necha yil Moskvada yashadi, Oybek Leningrad ta’limini oldi, Qodiriy, ayniqsa, Cho‘lponning Moskva taassurotlari, u yerdagi ma’naviy-adabiy hayotga doir maqolalarini, ulardagi nozik kuzatishlarini, Oybekning Neva bo‘ylarida tug‘ilgan lirikasini eslang. Bular shunchaki bir taassurot, qaydlar emas, balki yorqin iste’dodlar ko‘nglida kurtak yozayotgan yangicha adabiy mayllar, badiiy-estetik printsiplarning nishonalaridir. O‘sha kezlardayoq ular yaratgan asarlarda zamonaviy Ovrupa adabiyotidagi yangi adabiy-badiiy oqimlar, ularga xos eng «yangi priyomlar» u yoki bu ko‘rinishda namoyon bo‘la boshladi. Modernizm san’ati, adabiyotiga oid futurizm, simvolizm, ekspressionizm singari qator tushuncha, atamalar tez-tez tilga olinadigan bo‘ldi. Fitrat 1926 yili chiqqan «Adabiyot qoidalari»da ularning ayrimlarini o‘zicha sharhlashga harakat qildi. Bugina emas, «so‘nggi priyomlar», she’riyatdagi simvolizm masalalarida qizg‘in bahslar boshlandi. Xususan, Cho‘lpon bilan Qodiriy bu muammoga o‘z davrida naqadar teran, oqilona, xayrixohlik bilan yondoshganliklarini bilamiz. «Ko‘ngil yangilik qidiradir», «Modomiki, biz yangi davrga oyoq qo‘ydik, bas, biz har bir yo‘sinda ham yangi davrning yangiliklari ketidan ergashamiz» — bu so‘zlar Cho‘lpon bilan Qodiriyning adabiy-badiiy manifestlari edi. Hatto Qodiriy Ovrupa tushunchasidagi an’anaviy yo‘lda bitilgan «O‘tkan kunlar»ga «so‘nggi priyom»larning ba’zilarini ertaroq kiritganini aytadi. Romandagi Zaynab, Xushro‘y xarakteri, ruhiyati tasvirida, Otabekning «Xo‘ja Ma’oz» mozoridagi tungi kechinmalari, Kumush qabri qoshida Zaynab bilan so‘nggi uchrashuvi ifodasida imo-ishoralarga, sir-sehrga mo‘l, g‘aroyib yangicha talqinlarga duch kelamiz. Adibning keyingi yirik asarlari «Mehrobdan chayon», ayniqsa, «Obid Ketmon»da tanqidchilikda ta’kidlanganidek, jahon zamonaviy yangi adabiyotiga xos izlanishlar, «so‘nggi priyom»larning talay belgilari, ya’ni ichki monolog, ichki psixologik tahlil, shaxsning ichki shakllanishi, shaxs tabiatining sirli-sehrli nag‘malari, syujetning «istalgan» yerda boshlanishi va «istalgan» yerda tugashi, kutilmagan yangi voqea chiziqlarining kurtaklanishi kabi ekspression holatlarni kuzatamiz.
Fitrat, Cho‘lpon, Oybek va 20-yillarda ular izidan borgan qator iste’dodli shoirlar she’riyati yaxlit holda bizda Ovrupa yangi adabiyotiga hamohang simvolizm adabiy hodisa darajasiga ko‘tarila boshlaganligini tasdiqlaydi.

Ulug‘bek HAMDAM: — Modernistik she’riyatning ilk kurtaklari XX asr boshlaridanoq nish bergan ekan, xo‘sh, nima uchun u yuzyillik mobaynida birdek taraqqiy etib bormadi? — degan savolning tug‘ilishi tabiiy. Avvalambor, bunday she’riyatning, umuman san’atning rivojlanishi uchun real ijtimoiy-psixologik sharoitning yetilgan bo‘lishi shart. Mana, siz aytgandek, Fitratu Cho‘lponlar Moskva, Leningrad, Istambul kabi peshqadam shaharlarda ancha muddat yashadilar, buning natijasida tug‘ilgan o‘zaro ta’sirlanish izsiz yo‘qolmagan, albatta. Aksincha, shoirlar ijodida eng yangi, hatto moderncha ohanglar paydo bo‘la boshlagan. Keyin-chi? Keyin nega u takomil etmadi?.. Chunki sobiq Sho‘ro davlati o‘zini tashqi dunyodan ajratib, ichkarida faqat siyosiy mafkura xizmatiga yo‘naltirilgan iqlimni vujudga keltirdiki, oqibatda adiblar ijod erkini, tafakkur erkini boy berib qo‘ydi. Dunyo ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-ma’naviy jihatdan ilgarib ketdi-yu, bu yerda turg‘unlik kayfiyati hukm surdi. Modern izlanishlar turg‘unlikning emas, balki faol harakatning mevasidir, axir!.. Albatta, A. Muxtor, R. Parfi va 70-yillar avlodi ijodlarida yangicha ohanglar, izlanishlar mavjud edi, biroq ular bugungidek keng va teran ma’no kasb etmagandi. Bugun biz o‘sha paytda ilgarilab ketgan dunyoning yetib borgan pog‘onasi mahsullari bilan tanishish imkoniga egamiz va sekin-astalik bilan bo‘lsa-da, tanishib borayapmiz. Bunday munosabat: ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’naviy, psixologik aloqa almashuv bizdagi insonlar dunyoqarashini ham tubdan o‘zgartirib bormoqda desak, mubolag‘a bo‘lmas. Natijada san’atu adabiyot odamlari orasida moderncha kayfiyat tug‘ilib ulgurdi. Mana nima uchun bugun qo‘liga qalam tutib, adabiyot olamiga «atak-chechak» qilib kirib kelayotgan yosh havaskorlar ham «moderncha» mashqlar qoralamoqdalar. Aslida bu ularning judayam ilgarilab ketganining emas, balki hamma zamonlarning ijodkorlari kabi bor-yo‘g‘i o‘z davrining, o‘z zamonasining farzandi ekanliklari bilan bog‘liq g‘oyat normal holatning mahsulidir. Shu bilan birga alohida ta’kidlab aytish joizki, 80-yillarning o‘rtalarigacha, yanayam aniqrog‘i, jamiyatda ulkan o‘zgarishlar yuz bergungacha yozilgan modernistik she’rlar mualliflari kayfiyatlarida, ha, chindanam umumiy kayfiyatdan ilgarilab ketish bor edi. Buni tan olish kerak. Bugungi kunimizda modernizm xususiyatlari umumiy kayfiyatga aylanib bormoqdaki, endi bu yo‘lda ijod qilish bilangina «faxrlanib» bo‘lmaydi, endi yuksak san’at asarlari yaratishgina ijodkorni «qutqarishi» mumkin.

Umarali NORMATOV: — Albatta, asr tongotarida boshlangan yangicha izlanishlar bora-bora sustlashib ketdi. Chunki nega shunday bo‘lgani ma’lum. Futurizm, simvolizm ko‘rinishlari, «so‘nggi priyom»lar ustida boshlangan sof adabiy bahslar keskin mafkuraviy-siyosiy dag‘dag‘a, aybnoma, tazyiqlarga aylana boshladi. 30-yillar o‘rtalariga kelib, sots.realizm sovet adabiyotining ijodiy metodi deb e’lon etilgandan so‘ng modernizmning har qanday ko‘rinishi ta’qiq va ta’qib ostiga olinadigan bo‘ldi. Ta’qib-tazyiqlar avjiga chiqqan o‘sha yillarda ham sots.realizm qolipiga tushmaydigan ayrim asarlar, chunonchi, Abdulla Qahhorning absurd belgilari mavjud hikoyalari, «Sarob», «O‘tmishdan ertaklar»dek yirik asarlari, Oybekning sof «ko‘ngil lirikasi» yaratilaverdi.
60-yillarga kelib ijodiy izlanishlar, bosib o‘tilgan yo‘lni qayta baholash uchun qisman yo‘l ochildi. Biroq «qo‘rquv saltanati», hadik tuyg‘usi hatto eng yorqin izlanuvchan ijodkorlarni ham hamon o‘z iskanjasida tutib turardi. Ba’zi misollar. Oybek o‘sha kezlari bitilgan tarjimai holida shunday deydi: «Mening birinchi she’rlarimda ko‘pgina qarama-qarshiliklar, izlanishlar uchrab turardi. Davrning eng muhim voqealariga hamohang she’rlar bilan bir qatorda sababsiz mungli nido bilan sug‘orilgan mavhum she’rlarim ham bor edi…
…«Tovushim» nomli she’rimda uzil-kesil shunday deganman: «Kurashadi ikki to‘lqin, qarab turaymi? Yo‘q! Bolg‘alar, o‘roq safi ila boraman!» Men hamma vaqt «qo‘llarida bolg‘a ushlaganlar» to‘g‘risida yozishni orzu qilardim.»
Shu tariqa Oybekdek ulkan iste’dod egasi davr tazyiqi ostida ilk ijodidagi o‘zining noyob izlanishlari samaralaridan yuz o‘girishga majbur bo‘ladi. Qarangki, shoir o‘zi xush ko‘rgan «davrning eng muhim voqealariga hamohang», «qo‘llariga bolg‘a ushlaganlar» to‘g‘risidagi she’rlari allaqachon eskirdi, ahamiyatini yo‘qotdi; muallif salbiy baholagan «voqelikdan yiroqlashtiradigan», «sababsiz mungli nido bilan sug‘orilgan mavhum she’rlari» esa XXI asrga yetib keldi, hozirgi she’rxonlarni, she’riyat tadqiqodchilarini ayni o‘shanday ko‘ngil taronalari ko‘proq maftun etayotir…
Adabiyot dunyosi qiziq ekan-da, ba’zan shoirning o‘zi to‘g‘ri degani noto‘g‘ri, noto‘g‘ri degani haq-haqiqat bo‘lib chiqarkan.
Butun ijodi izlanishlar bilan kechgan, ayniqsa, 60- yillar milliy she’riyatimiz tafakkur tarzida yuz bergan muhim o‘zgarishlar boshida turgan, «99 miniatyura» kitobi bilan katta e’tibor qozongan novator shoir Asqad Muxtor o‘sha davr zamonaviy jahon she’riyatidagi noan’anaviy izlanishlarni aslo hazm qila olmaydi, modernistik yo‘llardan borayotgan shoirlarni she’riyatning o‘z ichidan chiqqan «ashaddiy dushmanlari», «lo‘ttiboz abstraktsionistlar», she’rni fikrdan ham, hisdan ham, mantiq va maslakdan ham mahrum qilishga, uni «yashash, ulg‘ayish qurolidan shaldiroq o‘yinchoqqa aylantirishga urinuvchilar» deya ayblaydi. Bu albatta, davr adabiy siyosatining, mafkuraviy-siyosiy tazyiqning shoir shuuridagi oqibat-asorati edi. O‘sha yillarda rasmiy doiralarda modernizmga munosabat ayni shunday edi. Baxtimizga zamonlar o‘zgardi, johil mustabid adabiy siyosat tagiga suv ketdi. Afsus, ming afsus, bugungi erkin ijodiy tafakkur zamonida ham modernizmga goho xushlamay, o‘gay ko‘z bilan qarashlar uchrab turibdi. Iste’dodli tanqidchi Suvon Meli hech tap tortmay mana bularni yozadi: «Anchayin ishonch bilan aytish mumkinki, modernizm g‘arb hodisasi sifatida o‘zbek ma’naviy muhitida nash’u namo topa olmaydi. Modernistik qora va tushkun kayfiyat bizda ildiz ota olmaydi. Sharqona islomiy ma’naviyat, o‘zbek ma’naviyati bunga yo‘l qo‘ymaydi». Atoqli adibimiz Odil Yoqubovning fikricha: Har bir xalqning faqat adabiyot va san’atigina emas, kundalik yemishi ham har xil bo‘ladi. Masalan, Afrikada Bambuk degan daraxt o‘sadi. Afrika va Janubiy Amerikada kokos yong‘og‘i va kaktus o‘sadi. Bu mamlakatlar aholisi ana shu ne’matlarni jon-dillari bilan iste’mol qilishadi. Bu daraxtlarni ildiz-pildizlari bilan ko‘chirib olib kelib, o‘zimizda eking, xalq ularning mevasini tili tamshanib iste’mol qilarmikan? Yo‘q. Iste’mol qilmaydi. Bizning bobolarimiz ular o‘rniga qovun ekishgan. Bizning ajdodlarimiz va o‘zimiz ham shirinligidan odamning tilini kesadigan shu qovunlarni iste’mol qilib balog‘at yoshiga yetganmiz. Mening nazarimda, Abdulla Qodiriy va Cho‘lponning asarlari ana shu qovunlarni eslatadi…»
Dunyoni, milliy madaniyatlar, san’at va adabiyotlarni «Јarb» va «Sharq» deb keskin ajratish, ularni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yishlardan qachon qutilar ekanmiz!? Milliy qadriyatlar, an’analar qanchalik rang-barang bo‘lmasin, dunyo bitta-ku, jamiki elatlar, butun bashariyat bitta Odam Ato bilan Momo Havoning zurriyodi-ku! Dunyoning biron chekkasida, biron millat madaniy hayotida paydo bo‘lgan noyob badiiy ixtiro, xayrli tajriba boshqa o‘lkalarga, milliy adabiyotlarga ko‘chib o‘tishi, u yerda ildiz otib, unib-o‘sib, yangidan hayot boshlab nash’u namo topaverishi tabiiy bir hol. Yozuvchi aytmoqchi, Abdulla Qodiriy, Cho‘lponning shirinligidan tilni kesadigan qovunlarimizni eslatadigan asarlari tarkibida g‘arb mevalarining ta’mi — elementlari to‘lib-toshib yotibdi-ku! Hozirgi globallashuv, axborot ummonida, zamonaviy kommunikatsiyalar asrida bu jarayon g‘oyat tezlashmoqda. Odamzod shunga chuqur ehtiyoj sezmoqda. Odamlarning, xususan, yosh avlodning yashash, fikrlash tarziga, ma’naviy ehtiyojiga bir nazar tashlang — har qadamda siz yangilikka — modernga tashnalikni ko‘rasiz. Milliy adabiyotimizda modern yo‘nalishning qaror topib borayotganligi hayotiy ehtiyoj, zarurat taqozosidir…
Modernizm o‘zbek muhitiga yot Јarb hodisasi degan gaplarni bugun, ya’ni plyuralizm adabiy hayotning tabiiy hodisasiga aylangan, xilma-xil adabiy oqimlarning amal qilishi tabiiy bir hol bo‘lib qolgan, qolaversa, eng muhimi, noan’anaviy yangicha yo‘llar allaqachon bu zamonda nash’u namo topgan, milliy hodisa tusini olgan, uning muayyan yutuqlari adabiyotshunoslik tomonidan e’tirof etilgan, ular o‘z kitobxonlarini topgan, topayotgan kunlarda eshitish g‘alati tuyularkan.

Ulug‘bek HAMDAM: — Modern asarlar o‘z kitobxonini topayotgan, uni qadrlovchilar soni ko‘payib borayotgan bir paytda tamomila o‘zga bir nuqtai nazar bilan chiqayotgan, bu hodisani bizga hamon yot hodisa deb qarayotgan olimlarimiz ham bor. Bu o‘rinda men professor Bahodir Sarimsoqovning keskin chiqishini nazarda tutayotirman.

Umarali NORMATOV: — Adabiyotshunos B. Sarimsoqov modernizm, aniqrog‘i, absurd va ekzistentsializm adabiyotini tanqid qilishda hatto Sho‘ro davrining eng jangari munaqqidlarini ham yo‘lda qoldirib ketdi. XX asr o‘zbek adabiyotining qator namunalarida absurd va ekzistentsializm ko‘rinishlari mavjudligi xususidagi qarashlarga javoban yozilgan «Absurd ma’nisizlikdir» (O‘zAS, 2002, 28 iyun) maqolasida olim jahon adabiyotidagi bu oqimlar sha’niga keskin tanqidiy gaplar aytadi. Uningcha, «Umuman olganda, badiiy-estetik hodisalardagi absurd tushunchasi ijobiy hodisa emas», «absurd o‘z oti bilan ma’nisizlik», «absurd asar jamiyatda ana shu asarga umuman estetik talab bo‘lmagan paytda, ijodkorda esa «ehtiyoj farzandi» (A. Oripov) tug‘ilmaganda yoziladi. Aniqrog‘i, absurd asar ijtimoiy-estetik jihatdan arziydigan g‘oya tashimaydi», «absurd asar ma’naviy-axloqiy kontseptsiyasiz, muayyan g‘oya tashimaydigan, hayotga loqayd va ma’nisiz munosabatni ifodalaydi. Bu uning belgilovchi mezoni. Absurd tuyg‘u — ma’nisizlik tuyg‘usi. Absurd insonning o‘zi yashayotgan jamiyatga, muhitga, o‘z-o‘ziga, hattoki yaratuvchiga begonalik tuyg‘usi», «absurd barcha zamon va makonlarda ma’nisizlik bo‘lib qolaveradi», u badiiyat dunyosidagi inqoroz, «botqoq»dan iborat… Olim absurd adabiyotini shu tariqa qayta-qayta qoralar ekan, ekzistentsializmni esa qisqa va lo‘nda qilib «subutsizlik» deb ataydi va bu bahoda sobit ekanligini ta’kidlab, «men ekzistentsializmga nisbatan «subutsiz» sifatlovchisini to‘la anglagan holda ishlatdim va bu masalada bahslashishga hamisha tayyorman», deb yozadi.
Tabiiyki, har qanday adabiy-badiiy oqimda bo‘lgani kabi absurd va ekzistentsializm adabiyotida ham ijtimoiy-estetik jihatdan arziydigan g‘oya tashimaydigan, badiiy nochor asarlar bor. Biroq bu hol absurd va ekzistentsializmning XX asr jahon taraqqiyparvar adabiyotidagi munosib o‘rnini, bu oqimga mansub shaxs va uning ruhiyatini butunlay yangi tomonlardan badiiy kashf etib bergan nodir asarlar ahamiyatini inkor etish uchun aslo izn bermaydi. O‘ta murakkab, ziddiyatli bu falsafani, adabiy-badiiy hodisani anglash, o‘rganish yo‘lidagi bizdagi dastlabki xayrli qadamlarni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga bu harakatni yomonotliq qilish, meningcha, insof va odobdan emas.
B.Sarimsoqovning absurd va ekzistentsializmga bergan bahosi o‘ta munozarali. San’at hodisasi sifatida absurd tushunchasi bu so‘zning lug‘aviy ma’nosidan o‘zgacharoqdir. Absurd B. Sarimsoqov da’vo qilganidek, aslo ma’nisizlik emas, balki, aksincha, teran ma’noga ega. Absurd adabiyot, san’atda adashgan, aldangan, behuda, samarasiz mehnat-faoliyatga, ma’nisiz qismatga mubtalo etilgan shaxsning fojiasini ochib berish, kutilmagan tomonlardan o‘ziga xos tarzda badiiy tahlil etishdan iborat.

Ulug‘bek HAMDAM: — Darhaqiqat, g‘alati hol, paradoks. Fojia, tushkunlik, o‘lim kabi tushunchalar hayotda ijobiy ma’noga ega emas. Biroq bu mavzularda yaratilgan badiiy durdona asarlarni sevib o‘qiymiz, ular necha asrlardan buyon odamlarni hayajonga solib keladi.

Umarali NORMATOV: — Balli! Absurd bobida ham ayni shunday. Absurd bu — ko‘hna dunyo, hayot, yashashning ma’nosi haqidagi o‘ziga xos mushohadalar majmuasidir. Absurd asar odat tusiga kirgan hayotiy hodisa, jarayonlarni yangicha idrok etishga, bahsga undashi bilan qimmatlidir. Absurd asar aslo befarqlik, loqayd munosabat emas, balki fikrdagi, qalbdagi tug‘yon-isyon mahsulidir. Absurd ijod sohibi va nazariyachisi Kamyuning «Absurd bu — o‘z cheki-chegarasini anglaydigan aql-idrok», «Men fikrdan nimani talab qilsam, absurd ijoddan ham ayni shuni — isyon, erkinlik va rang-baranglikni kutaman» degan so‘zlarini unutmaylik!
Nahotki XX asr absurd adabiyotining yuzlab nodir namunalari, jumladan, ona tilimizga allaqachon tarjima qilingan, kitob bo‘lib chiqqan, bugungi kunda maktab o‘quv dasturiga kiritilgan «Begona», «Vabo» asarlari jamiyatda ana shu asarlarga umuman estetik talab bo‘lmagan paytda, ijodkorda esa «ehtiyoj farzandi» tug‘ilmaganda yozilgan bo‘lsa?! B.Sarimsoqov da’vo qilganidek, absurd adabiyot «muayyan g‘oya tashimaydigan adabiyot» ekan, nega bu adabiyotning ulkan namoyandasi va nazariyachisi A. Kamyu o‘z davrida «Ovrupa vijdoni», «Aqllar hukmdori» degan nom oldi? Olim «ma’nisizlik»da, «loqaydlik»da ayblagan oqimga mansub adib insoniyat oldiga bugungi kun muammolarini butun keskinligi bilan qo‘yuvchi adabiy asarlarining ahamiyati uchun nufuzli xalqaro «Nobel» mukofoti bilan taqdirlangan edi-ku!

Ulug‘bek HAMDAM: — Fikringizga qo‘shilaman. Biroq Bahodir akaning o‘zbek adabiyotida absurd asar yaratilgan emas, buning uchun bizda zamin-muhitning o‘zi yo‘q, degan gaplari har qancha munozarali bo‘lmasin, baribir muayyan asosga egadek tuyuladi. Ayniqsa, bu gap sobiq sho‘ro davri o‘zbek adabiyotiga tadbiqan olinganda yana-da ishonarli jaranglaydi. Chunonchi, A. Qahhorning siz aytgan asarlarining absurd adabiyot namunalari deya to‘la aminlik bilan aytish biroz bahstalab. Chunki u asarlarda absurd ruhni, kayfiyatni «tug‘ib beradigan» voqelikning ayrim parchalari chindan ham tasvirlangan, lekin nazarimda asarning chinakam absurd adabiyot namunasiga ko‘tarilishi uchun unda aks etgan absurd voqelik asar muallifi tomonidan to‘la idrok etilgan, anglangan bo‘lishi shart. Sho‘ro davrida ijod qilgan shoir va adiblarimizning hech birini, fikrimcha, tom ma’noda absurd ijodkor deya olmaymiz…

Umarali NORMATOV: — Bu fikr ham munozarali. Hatto absurd asarning ahamiyatini har jihatdan himoya qilib chiqqan Jabbor Eshonqulov «Voqelik va xayolot» sarlavhali mazmundor maqolasida (O‘z AS, 2002 yil, 12 iyul) «absurd asar absurd ijodni talab qiladi», «absurd ijod yo‘q joyda absurd asar ham bo‘lmaydi» deydi. To‘g‘ri gap. Biroq bunday qarash biroz aniqlik kiritishga muhtoj. Absurd adabiyot nazariyachilarining fikricha, absurd ijodga mansub bo‘lmagan adiblar bisotida ham absurd g‘oyasi, tuyg‘usi, absurd qahramon qarashi, absurd muammosi qo‘yilaverishi mumkin. Masalan, F. Kafka absurd ijodkor emas, lekin bu buyuk adib asarlarida absurd problemasi butun keskinligi bilan yoritilgan. Bugina emas, jahon adabiyotidagi Gogol, Dostoyevskiy singari daho realist yozuvchilar ijodida ham ayni shu holni kuzatish mumkin. Shuningdek, absurd doirasi ham nihoyatda keng. Sizif haqidagi rivoyatda namoyon bo‘lgani kabi keng qamrovli azal va abadga daxldor ma’nolarni tashuvchi asarlar bilan barobar, oddiy kundalik real voqea-hodisalar qalamga olingan asarlarda ham bu tuyg‘u, g‘oya namoyon bo‘laverishi mumkin. Biz har-xil maqomga solib, tortishib, chalkashtirib yurgan absurd tushunchasi mohiyatini Kamyu Sizif haqidagi qadimgi mif misolida sodda va lo‘nda qilib ochib bergan. O‘sha asotirga ko‘ra bu foniy dunyoning hoyu havaslariga mukkasidan berilib ketgan Sizif og‘ir jazoga — poyoni yo‘q samarasiz mashaqqatli mehnatga mahkum etiladi: u ulkan xarsang toshni tog‘ cho‘qqisiga ne-ne azoblar bilan dumalatib chiqadi, endi yetdim deganida bu tosh orqaga — pastga dumalaydi. Sizif bunday samarasiz mashg‘ulotni uzluksiz davom ettiradi. Kamyu Sizifni absurd qahramon deb ataydi. Sizifning mangu besamar mehnati, fojeiy qismatini eslatadigan hodisalarni bu foniy dunyoda hamma zamonlarda, har qadamda uchratish mumkin. Adib umr bo‘yi mehnat qilayotgan hozirgi ishchilarning qismati absurd bobida Sizifnikidan kam emasligini ta’kidlaydi.
Ana shu qarashlarga tayanadigan bo‘lsak, XX asr o‘zbek adabiyotida, xususan, Cho‘lpon, Qahhor ijodida, 80-yillar oxiri va 90-yillarda paydo bo‘lgan o‘nlab she’r, doston, hikoya, romanlarda absurd tuyg‘usi, g‘oyasi, absurd qahramonni eslatadigan talay personajlar mavjudligi sirayam ajablanarli emas. A. Qahhorning o‘tmishdan olib yozgan hikoyalari, «Sarob» va «O‘tmishdan ertaklar» asarlari bu jihatdan yangi o‘zbek adabiyotida noyob hodisa. Qahhor ijodida absurd talqinning mavjudligi xususida so‘z ochish B. Sarimsoqov da’vo qilganidek, uni realizmga zid «ma’nisiz adabiyot» botqog‘iga tashlash emas! Qahhor asarlarida absurd xususiyatlarining mavjudligini e’tirof etish aslo bu ulug‘ adibning realizmdan chetlatish degani emas! Kamina qalamiga mansub «O‘tmishdan ertaklar» va absurd» maqolasida Qahhor asarlaridagi absurd alomatlari realizm an’analari zaminida shakllangan, mustabid mafkura sinfiylik tushunchalari g‘uborlaridan xoli bo‘lmagan betakror adabiy hodisa ekani aytilgan. Shuningdek, «Lolazor», «Otamdan qolgan dalalar», «Tushda kechgan umrlar», «Olabo‘ji» kabi realistik romanlardagi bir qator personajlar qismatida absurd muammosining qo‘yilishi zamonaviy jahon adabiyotidagi mavjud tajribalarga aynan mosdir.
E’tirof etish kerak, absurd, ekzistentsializm, umuman modernizm muammolarini, xususan ularning milliy adabiyotimizdagi ko‘rinishlarini o‘rganish, talqin etishda hali tajriba kamligi uchun qator qiyinchilik va chalkashliklar uchramoqda. Ularni ro‘kach qilib bu jiddiy muammodan yuz o‘girishga qaratilgan da’vatlar, cho‘chitishlarni tushunish qiyin. Bunaqa da’vat, cho‘chitishlar zamon ruhiga zid! Absurd tasvir san’at va adabiyotdagi o‘nlab, balki yuzlab talqinlarning biri. Uni xushlamaslik, unga qo‘shilmaslik, u bilan bahslashish mumkin, biroq uni butunlay rad etish ziyoli, olim odamning ishi emas!
Kishini quvontiradigan holat shundaki, so‘nggi yillar adabiyotshunosligida XX asr o‘zbek adabiyotini o‘rganish, talqin etishda aqidaparastlar mezonlaridan qochib yangicha yo‘llar qidirish mayli kuchayib bormoqda. Bu yo‘llardagi dastlabki izlanishlar, yangicha kuzatish, tahlil va talqinlar, umuman XX asr o‘zbek adabiyoti, uning jahon zamonaviy adabiyotida tutgan o‘rni xususidagi tasavvurlarimizni xiyla boyitmoqda. Ayniqsa, milliy adabiyotimiz nodir namunalarining jahon zamonaviy adabiyoti, jumladan, modernizm durdonalari bilan qiyosiy tahlil va talqinlari kutilmagan xulosalar chiqarish uchun izn va asos bermoqda.
Shaxsan men ham A. Qahhorning «Sarob» romanidagi bosh personaj tasviri va talqini ko‘p jihatdan Kafkaning «Jarayon»iga yaqin turishi, bu romanda shuningdek, «O‘tmishdan ertaklar»da ekzistentsializm, absurdizm xususiyatlari mavjudligini isbotlashga harakat qilganman.
Јaroyib hol: bir asrda jahonning turli nuqtalarida, turli xil sharoit va milliy zaminda, turli tillarda dunyoga kelgan san’at namunalarida bu xil mushtarak jihatlarning mavjudligi sababi, ildizi qayerda? Ko‘lamli, teran tadqiqotlarga arziydigan mavzu! Ehtimol hozircha bu boradagi mavjud kuzatish, mulohazalar ayrim hamkasblarimizga g‘ayritabiiy tuyulishi mumkin, lekin shu xil fikrlashga, bahsga undaydigan ilmiy faraz, versiyalarning o‘rtaga tashlanayotganligining o‘zi quvonchli hol! Taraqqiy etgan mamlakatlarda ilmiy faraz, yangicha g‘oyalarning qadr-qimmati fundamental tadqiqotlarnikidan kam emasligini unutmaylik.

Ulug‘bek HAMDAM: — Domla, shu o‘rinda suhbatimiz avvalida tilga olingan muammoga qaytib, o‘zbek modern she’riyatining milliy asosi —zamini xususida batafsilroq gaplashsak.

Umarali NORMATOV: — E’tibor bersangiz, yetmish yillik tayyorgarlikdan so‘ng bizda modernizm endi adabiy oqim tusini ola boshladi. Avvalo o‘sha yetmish yillik tajriba bu oqimning birinchi asos-zaminidir. Adabiyot va san’atning uzoq davom etgan hukmron mafkuraviy siyosiy tazyiq iskanjasidan xalos bo‘lishi, plyuralizmning qaror topishi bizda xilma-xil falsafiy ijodiy oqimlar, jumladan, modernizmning erkin rivoji uchun yo‘l ochib berdi. Tabiiyki, bugungi o‘zbek modern adabiyotida, Јarb, qolaversa, jahon zamonaviy adabiyoti, san’atidagi talay falsafiy-ijodiy oqimlar, ayniqsa, ekzistentsializm falsafasi, adabiyoti tajribalari ta’sirini ko‘rish mumkin.
Ayni paytda bizda modern adabiyotning oqim tusini olish jarayoni milliy o‘zlikni anglash, milliy-diniy qadriyatlarni tiklash, jumladan, tasavvuf falsafasi, adabiyotiga qiziqish g‘oyat kuchaygan bir davrga to‘g‘ri keldi. Ayniqsa zamonaviy Јarb falsafasi, jumladan, ekzistentsializm bilan Sharqdagi qadimiy tasavvuf ta’limoti orasidagi mushtarakliklar modernist ijodkorlarda o‘zgacha qiziqish uyg‘otdi, ularni dadil ijodiy izlanishlarga ilhomlantirdi. Ajdodlarimizning qadim o‘gitlari, o‘y-mushohadalari, navolari bilan zamonaviy tafakkur-mushohada, bugungi kunning g‘oyat serjilo, ko‘ppardali sadolari o‘ziga xos bir tarzda uyg‘unlasha boshladi. Modern adabiyotimizning yangi bosqichi boshida turgan, hozirgi zamon, uning o‘tkir muammolari xususida bahs yurituvchi ikki yetuk asar — Xurshid Do‘stmuhammadning «Jajman» hikoyasi va Abduvali Qutbiddinning «Izohsiz lug‘at» dostonidagi milliy ruhni o‘zida yorqin ifodalagan, milliy qadriyatlarimizning o‘ziga xos timsoli deyishga loyiq nuroniy, donishmand qariyalar obrazi ham buni tasdiqlab turibdi. Yoki Faxriyor saylanmasining «Ayolg‘u» nomi bilan atalishi ham tasodifiy emas. «Ayolg‘u» so‘zi qadim cholg‘u asbobining nomi; lug‘atlarda qayd etilishicha, sof turkiy o‘lan, ashula, yalla, kuy, ohang, ta’sirli qo‘shiq, degani. Avvalo «Ayolg‘u» nomi bilan atalgan dostonni, qolaversa, shu nom bilan chiqqan saylanmadagi boshqa doston va she’rlarni o‘qisangiz, «sof modern» ko‘rinishidagi deyarli barcha asarlar qa’ridan aks sado berib turgan qadim ayolg‘u navolarini tuyib-eshitib turasiz. Bunaqasini boshqa biron xalq adabiyotidan topolmaysiz. Qisqasi, eng yaxshi, yetuk asarlar ustidagi kuzatish, tahlillar asosida dadil aytish mumkinki, o‘zbek modernizmi boshqalarga taqlid mahsuli emas, u o‘ziga xos yo‘ldan boryapti, u milliy adabiy hodisadir.

Ulug‘bek HAMDAM: — Noan’anaviy she’riyat bizda osonlik bilan o‘ziga yo‘l topayotgani yo‘q. Ehtimol, noan’anaviy hodisalarning, yangi, hali «yurilmagan» yo‘llarning ilk taqdiri hamisha ham shunday bo‘lar. So‘ngra esa ko‘nikish, qabul qilish va hatto mehr qo‘yish degan bosqichlar kelar. Axir, 70-yillar avlodining noan’anaviy she’rlarining ayrimlarida bir qadar sun’iylik sezilib qolishi barobarida kunimiz yoshlarining modern izlanishlarida tabiiylikni kuzatish mumkin-ku! Va shu holning o‘ziyoq «yangi yo‘l»ning tobora «yoyila boshlagani»dan dalolat emasmi? Shoirlik da’vosi bor talabalarimdan biri aytib qoldi: «Men an’anaviy she’riyatdan, uning an’anaviy va hatto bir qadar jo‘n ifoda tarzidan hayajonga tushmay qo‘yganman. Qaytaga, masalan, «Ko‘zlarimda ikkita shovqin» deganga o‘xshash misralarni o‘qib qolgudek bo‘lsam, borlig‘im titrab, she’r ruhiga g‘arq bo‘laman. Bilasizmi, men o‘sha ikkita shovqinning nima ekanligini biladigandekman, ular mening botinimda yashayotgandek bo‘laveradi».
Yoshlar izlanishlarida ajdodlarning qadim navosi — ohangdorlik, musiqiylik, qochirimlarga boy she’riyatdan uzoqlashish mavjud. Ammo, qizig‘i shundaki, bu ish atay qilinmayotir. Aksincha, yoshlar yozmoqchi bo‘lgan she’rlar negadir o‘zga ohanglarda — 70-yillar avlodi o‘z vaqtida o‘zbek she’rxonlariga singdirtirolmay qiynalishgan pardalarda, hatto yana-da balandroq pardalarda yangrayotgandek. Albatta, ularning aksarida ijtimoiy dardning sayozligi, hatto tasvirlanayotgan o‘ta intim kechinmaning ham bachkanaligi bor gap. Ayniqsa, barmoqda ham bemalol ifoda qilish mumkin bo‘lgan kechinmalarni ortiq darajada «modernlashtirish»ga urinish mavjud. Qofiya va vazndan voz kechib, fikr va tug‘yoningni sal «chalkashtirib», murakkabroq qilib yozsang bas, «modern she’r» tayyor, deganga o‘xshash noto‘g‘ri tushuncha borligini goho sezib qolgandek ham bo‘lasan. Biroq, baribir, ular she’riyatini diqqat bilan kuzatar ekanmiz, amin bo‘lamizki, o‘zbek she’riyati badiiy tafakkur tadrijida yangi sahifa ochilib kelayotganining guvohi bo‘lamiz. Chunki biz istaymizmi-yo‘qmi, ular dunyoni boshqacha ko‘rayaptilar. Aslida san’atdagi barcha yangiliklar aynan shundan boshlanadi. Bu yaxshi, ammo natijaga hali bor. Hali yoshlar she’riyati tugallanmagan, harakatdagi jarayon. Binobarin, ularning she’riyatimizdagi jiddiy o‘rni haqida gapirishga ancha fursat bor. «Hali oldindadir go‘zal kunlarim, Hali lab tegmagan qadahlar oldda» degani kabi Abdulla Orif, ularning she’riyatimizda ro‘yobga chiqarishi lozim bo‘lgan ishlari haqiqatan ham oldinda. Chunki haqiqiy modern she’r tili – poetik tili hali hech bir shoirda to‘laligacha shakllanib ulgurgan emas. Biz ko‘pincha u yoki bu modern shoirning u yoki bu she’ridan bir parchani olib, uni o‘zimizcha sharhlaymiz. Nazarimda biz shu o‘rinda she’rdagi ma’niga ko‘proq asir bo‘lamiz, ajab emaski, ushbu suhbatimizda ham shu ruh yetakchilik qilayotgan bo‘lsa… Chunki biz shunga ko‘nikkanmiz. She’rdagi ma’nini qo‘l bilan tutish she’rning san’at asari sifatidagi go‘zalligini tutishdan chandon yengildir. Bizda modern she’r hali san’at asari sifatida o‘zining qiyomiga yetgani yo‘q. Biz hozirgacha o‘z nazarimizdagi modern she’rda faqat shakl farqliligini, ifoda o‘zgachaligini ko‘rayapmiz, xolos. An’anaviy she’riyatimiz 60—70-yillarda Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Shavkat Rahmon kabi shoirlar ijodi misolida o‘zining yuksak cho‘qqisiga chiqqandi. Lekin modern she’rimiz hali hatto Oybek yetib borgan manzillarga qadar ham kela bilgani yo‘q. Takror aytaman, bu o‘rinda men she’rga fikr aytish vositasi deb emas, balki san’at asari, go‘zallik ilohasi sifatida qarayapman.

Umarali NORMATOV: — Yoshlar she’riyati tugallanmagan, harakatdagi jarayon, binobarin, ularning adabiyotdagi o‘rni haqida gapirishga ancha fursat bor, deysiz. Bu, bir jihatdan, to‘g‘ri. Ayni paytda ular haqida gapirish, bahslashish uchun bugun ham yetarli asos, ham katta ehtiyoj bor. 70—80-yillarning muayyan sintezi va 90-yillar yangicha she’riyatimizning debochasi sanalmish Abduvali Qutbiddinning «Izohsiz lug‘at» dostoni, Faxriyorning «Ayolg‘u», Bahrom Ro‘zimuhammadning «Kunduz sarhadlari» kitoblari, bu shoirlarning o‘nlab safdosh va izdoshlari ijodisiz, ayniqsa,«Muchal yili», «Yoziq»dek dostonlarsiz keyingi o‘n yillik o‘zbek milliy she’riyatini aslo tasavvur qilish mumkin emas.

Ulug‘bek HAMDAM: — Albatta, shubhasiz. Biroq men andak boshqa jarayon haqida fikr yuritayotgan edim. Bahs yuritayotganimiz modern she’r o‘z bo‘y-bastini asosan, 70-yillardan bu yonda ko‘rsatayotgan va kunimizga kelib uning ishqibozlari, haqiqiy jonkuyarlari ko‘payib borayotgan ekan, demak, u tobora pishib-shakllanmoqda. Bas, shunday ekan, bu she’riyatning «oltin davri»ga ajab emaski, endi kirib kelayotirmiz. Tarixdan misollar: asr boshlaridan ibtido olgan barmoq vaznidagi o‘zbek she’riyati eng go‘zal namunalarining ko‘pchilik qismi 60—70-yillar she’riyatiga to‘g‘ri kelganligini o‘ylab ko‘rsak, ayon bo‘ladiki, qariyb yarim asrlik vaqt bejiz ketmabdi. Bu yillar mobaynida o‘zbek she’riyati badiiyat bobida, san’at bobida izlanibdi, pishibdi. Yoki yana boshqa bir misol: Navoiy ham yo‘q yerdan bino bo‘lgan emas, balki ungacha ham Lutfiy, Atoiy kabi o‘nlab shoirlar turkiyda ash’or bitib, tilning, nazm tilining, tashbeh va ramz tilining shakllanishiga o‘z hissalarini qo‘shganlar. Agar bu borada ham Navoiy birinchi bo‘lganda, ehtimol uning ko‘p fursati va emagi salaflar amalga oshirgan «qora ishlar»ga sarf bo‘lib, badiiy durdonalarining soni va sifatiga putur yetgan bo‘larmidi… (Shu ma’noda o‘zbek modern she’riyati hatto shu bugungi holida ham ko‘pso‘zlilikdan, olifta va bachkana tuyg‘ularu «burama» fikrlar yaltiroqliligidan, tafakkurning hissiz o‘yinlaridan holi emasligidan ko‘z yummaslik lozim. Ammo ishonamanki, u o‘z rivojlanish yo‘lida bunday qusurlardan forig‘ bo‘lib, yuksak badiiy tiniqlikka erishadi. Necha yuz yillardan beri yashab kelayotgan va bugun ham muhib qalblarga o‘z titrog‘ini solayotgan yapon xokku va tankalarining siri-asrori haqida bir mulohaza yuritsak, men aytayotgan fikrning ma’nisi yanada oydinlashadi.) Shundan ham ko‘rinib turibdiki, dunyoda biron shaxs va uning biron-bir ishi o‘z – o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi, aksincha, hamisha tarixdan, salaflardan (hatto u salaflarga sira «o‘xshamasa» ham) o‘rganiladi. Xuddi shunday bugun biz yangicha, modern she’r, deb atayotganimiz ham hali shakllanish bosqichida, bas, uning ham mevalari larzon-larzon pishgan, hosildor fasliga nasib qilsa, endi kirib kelamiz. Ayni chog‘da ta’kidlab aytish joizki, turli xil ko‘rinishdagi modern yoki modern realistik she’rning yaxshi-yaxshi namunalarini o‘sha Asqad Muxtorning «99-miniatyura»sidan, o‘sha Rauf Parfining «Sabr daraxti»ga kirgan «uchlik»laridan, 70-yillar avlodi shoirlarining unumli tajribalaridan tortib to shu kunda faol ijod qilayotgan Bahrom Ro‘zimuhammad, Abduvali Qudbiddin, Faxriyor kabi shoirlar ijodlaridan topish mumkin. Shermurod Subhon, Olima Nabizoda, Go‘zal Begim, Dilrabo Mingboyeva, Oydin kabi o‘nlab yosh ijodkorlarning o‘z ilk mashqlarini aynan modern ohanglarda e’lon qilayotganliklari ham modern she’r haqidagi asosiy bahs-munozaralar hali oldinda ekanidan dalolat beradi…

Umarali NORMATOV: — She’riyat, umuman, adabiyot dunyosi qiziq. Aks holni kuzatish ham mumkin. Eng zamonaviy, «sof modern» she’r bag‘rida an’anaviy ruh kishi bilmas bir tarzda yashayverishi ham mumkin. Faxriyorning «Ayolg‘u» dostonidagi mana bu satrlarga quloq tuting-a:

Oylar cho‘kar falakdan jimir jimir jimirlab
Tog‘lar cho‘kar falakka g‘imir g‘imir g‘imirlab
Toshlar qilar kalaka qiqir qiqir qiqirlab
mening esa bo‘g‘zimda
uluv bordir bir ulim
hey tulugim hey tulum
hey tulugim hey tulum

Keyingi satrlarda xalqona taronalar ruhi sho‘x, o‘ynoqi va ayni paytda o‘kinch-armonlarga to‘la siniq, ajib bir ma’yus tuyg‘ular sadosi yana-da yorqinroq yangraydi:

ko‘ktangrining bog‘ida gullar unar noparmon
endi men bu gullarni izlab qaydan toparman
singan umidlarimning darvozasin yoparman
gulni izlab boradir
uluvlarim ul ulum
Hey tulugim hey tulum
hey tulugim hey tulum

Biroq o‘sha an’anaviy, xalqona ruh-ohang bilan yo‘g‘rilgan satrlar bag‘rida qad rostlab turgan lirik qahramon shoirning nigohi, tabiat manzaralarini ko‘rish, kuzatish, idrok etish tarzi tamomila yangicha, o‘ziga xos. Manzaralar harakati, aniqrog‘i, sassiz harakatlar shoir ko‘nglida g‘aroyib aks sadolar beradi, bo‘g‘zida bir ulum uluvga aylanadi, bu g‘aroyib uluv sadosi qulog‘ingiz ostida eshitilib turgandek bo‘ladi: bir qarasangiz aniq-tiniq, bir qarasangiz mavhum, sir-sehrlarga, qandaydir imo-ishoralarga to‘la asov ruhiy kechinmalar bizni muvozanatdan chiqarib, g‘alati holatga soladi. She’riy satrlardagi asov ruh hech qanaqa qoliplarga sig‘maydi, an’anaviy she’riy tizim talablarini, yozuv-imlo qoidalarini tan olmaydi, tinish belgilariga hojat qolmaydi. Mabodo satrlar mavjud qolip-qoidalarga solungudek bo‘lsa, aminmanki, ruhiy-hissiy tarovatini yo‘qotadi. Bu modern she’riyatning muhim belgilaridir.

Ulug‘bek HAMDAM: — Mening nazarimda yangi, modern she’r bu, avvalo, badiiy tafakkurdagi yangilanishdir. Aslo qofiyadan, ritmdan ongli ravishda voz kechish emas. Albatta, ana o‘sha yangilangan badiiy tafakkur mahsuliga yangi libos — yangi shakl kiydirish agar shoirga muyassar bo‘lsa, nur ustiga nur. Bo‘lmasa, bu shoirning aybi yo kamchiligi hisoblanmasligi lozim. Yangi shakl, ifoda zo‘r berish bilan emas, balki dunyoqarashdagi, olamni idrok etishdagi yangorish bilan, badiiy tafakkur tarzimizdagi, didimizdagi yangilanish bilan, demakki, ijtimoiy-tarixiy, ma’naviy-psixologik zamindagi ulkan siljishlar bilan dunyo yuzini ko‘radi.
Shavkat Rahmon she’riyatini olaylik. U an’ana zaminida yaratilgan yangi, original she’riyatdir. Bu she’riyatning an’anaga yaqinlik darajasi ancha yuksak bo‘lganidan bir qarashda ko‘p ham original she’riyat bo‘lib tuyulmaydi. Biroq adabiyot ilmi, badiiyat qonuniyatlari nuqtai nazaridan hijjalab o‘rganilganda, Shavkat Rahmon she’riyatining o‘ziga xosligi ochila boradi va u masalan, salaflar she’riyatidan qaysi bir jihatlariga ko‘ra ajralib turishining guvohi bo‘lamiz. Yoxud modernistik she’riyatimizning yirik vakillaridan biri Bahrom Ro‘zimuhammad va yoxud Faxriyor she’riyati biz ko‘nikkan an’anaviy lirikamizga nisbatan g‘oyat original ko‘rinmasin, ular ham o‘z an’anasiga ega. Boshqacha aytsak, bugun tobora kengroq yoyilayotgan modernistik she’riyatning dunyo adabiyotida, jumladan, o‘zbek adabiyotida o‘z o‘rni bor, u «havodan oziqlanayotgan gul» emas. Turkiy xalqlarimiz adabiyotini, qo‘lyozmalarni varaqlab ko‘rganimizda ham shu holga duch kelamiz: ajdodlarimiz aruzdan avval, hatto barmoqdan ham avval sochmalar shaklidagi erkin vaznlardan foydalanishgan ekan. Bunga birgina misol – Turkiyada chop etilgan «Chingizxonning maxfiy tarixi» nomli tarixiy asarga kiritilgan turkularni olib ko‘ring… Qolaversa, vaqt aylanishi bilan she’rning yangilanishi ham qonuniyat, axir. Yangi davr, yangi nasl kayfiyati… degandek. Tushunchalar, qadriyatlarning turlanishi bor… Shu ma’noda she’riyatda yangilik yaratgan shoir o‘z davrining jon tomiriga qalb qulog‘ini tutib turgan va unga to‘g‘ri tashhis qo‘ya bilgan ijodkordir, bor-yo‘g‘i — shu. Hodisani shishirib, unga ilohiy liboslar kiydirishga, shoirni salkam payg‘ambar atashga hojat yo‘q. Shu bilan birga uni kamsitishlik, «ha, endi bir shoir-da…» deya, ijodkorga mensimay munosabatda bo‘lishlik ham kam deganda madaniyatsizlikdir. Birgina fakt — haqiqiy shoirlik ko‘pchilik dardiga malham qo‘yishga urinish ekanligining o‘ziyoq ijodkorlikning qanday sharafli qismat ekanligidan shohidlik beradi..

Umarali NORMATOV: — Siz juda muhim bir masalani o‘rtaga qo‘yayotirsiz: haqiqatan ham she’riyatda yangilik yaratgan shoir o‘z davrining jon tomiriga qalb qulog‘ini tutib turgan va unga to‘g‘ri tashhis qo‘ya bilgan ijodkordir. Bizda modern she’riyatni mavhum, zamondan, zamona muammolaridan ajralib qolgan, shunchaki asov kayfiyat, tuyg‘ularning asov ifodasi, anchayin bir eksperiment, so‘z o‘yinlari, shaklbozlik, deb qarash udumga aylangan. Sirtdan qaraganda shunday. Shunday deyishga asos beradigan modern she’rlar ham yo‘q emas. Ammo chin modern iste’dod egalari bisotida noyob iste’dod mahsuli bo‘lgan modern asarlar mohiyati, ruhiga teranroq kirib borganingiz sari o‘zgacha holni ko‘rasiz: ulardagi zamon ruhi, dardi ba’zi oshkora, sof ijtimoiy yo‘nalishdagi she’rlardan ko‘ra kuchliroq va teranroqdir. «Izohsiz lug‘at» yoki Faxriyor dostonlarini bir eslab ko‘ring-a… Ularni yaxlit holda XX asr odamining, aniqrog‘i, asr oxiriga kelib o‘zligini anglay boshlagan ma’nisiz o‘tgan hayot yo‘lini shafqatsizlarcha tanqid elagidan o‘tkazayotgan adashgan avlodning arzi holi, afsus nadomatlaridir.

Qiziq hol, «Ayolg‘u» kitobini sinchiklab varaqlasangiz, «sof modern» bitiklardan sekin-asta, bosqichma-bosqich an’anaviylik tomon og‘ishni kuzatasiz. «Izlam» sarlavhali «Rumiyona» deya izohlangan she’rda bu jarayon go‘yo o‘z intihosiga yetgandek tuyuladi… Asov tuyg‘ular endi tartibga – muayyan tizimga tusha boshlaydi, tinish belgilar o‘z joyini topadi. Biroq ruh-ichki mohiyat, dunyoni yangicha ko‘rish, butun murakkabligi, chigalliklari bilan idrok etishga bo‘lgan mayl-ishtiyoq o‘zgarishsiz qolaveradi. Muhimi shu!

Ulug‘bek HAMDAM: — Abduvali Qutbiddinning «Izohsiz lug‘at» deb nomlangan dostoni ham siz aytgandek, dunyoni boshqacha, o‘ziga xos tarzda badiiy idrok etishning mevasidir. Dunyoda azal-azaldan ikki buyuk Kuch bor, dunyo azal-azaldan shu Kuchlarning orasida taqsimlab olingan. Birining ismi – Oq, ikkinchisining esa – Qora. Ismlarning boshqacha talaffuzi ham mavjud: Ezgulik va Yovuzlik, Ma’rifat va Johillik, Malaklik va Shaytonlik, Ozodlik va Tutqunlik, Ruh va Jism (Nafs)… Shoirning pirovard maqsadi go‘zallik yaratish bo‘lsa-da, o‘rni kelganda baribir, Ezgulik va Ma’rifat, Halollik va Shafqatlilik… yonida, ular bilan bir safda turib kurashadi. Chunki uning yaratilishi shunday. Shoir dunyoda oq rangning ko‘p bo‘lishi, g‘olib bo‘lishining tarafdori. Agar qora rangning hissasi ko‘payib, atrofni Yovuzlik, Jaholat, Tutqunlik, Nafs kabi balolar qoplay borsa, shoirning bag‘ri ulkan jang maydoniga aylanadi. Shaxsan uning «mushugini birov «pisht» demasa-da», hassos qalbi dunyo muvozanatiga putur yetganidan nihoyasiz iztiroblarga tushadi… Nazarimda doston ayni shu zaminda dunyoga kelgan.
Dostonning «Izohsiz lug‘at» deb nomlanishining siri ham ehtimol yuqorida aytganimiz – dunyoning azaliy holi – Oq va Qora kuchlarning mangu ziddiyati va bu kurashda odamzodning «Oq» rang tomonida turishi, tura olishi zarurligi, shartligiga ishora borligida, deb o‘yladim. Ma’lumki, lug‘at kishilik turmushida nimaning (so‘zning) nima (ma’no bildirishini)ekanligini ajratib berishga yordam beruvchi bir ko‘rsatma kitob. Izohli lug‘at masalaga yana-da oydinlik kiritadi, so‘z ma’nisini «chaynab og‘zimizga solib qo‘yadi». Endi «Izohsiz lug‘at» degani nimasi?.. Bu – bor-yo‘g‘i so‘z o‘yinidan yo oliftagarchilikdan iborat mayl emasmi? – deganga o‘xshash fikr ham keladi o‘yga. Biroq dostonning asosida turgan o‘sha ikki azim Kuchlar qismatini eslasak, nomlanish mantiq va mazmun kasb eta boshlaydi: izohsiz lug‘at, ya’ni izohga hojat yo‘q! Dunyo dunyo bo‘libdiki, dostonda tilga olingan Kuchlar va ularning omonsiz jangi bor. Dunyo deb atalgan kitob shu ikki so‘zdan iborat: Oq va Qora! Biroq ularga izoh berilmagan, izohni har bir kishining o‘zi yozadi, kimning qismatiga oqni ta’riflash, kimnikiga qoraning sharhini bitish tushadi. Shunga qaramay, shoir baribir o‘z tanlovini izhor qilib ketmoqda:

Barmog‘im qaboqqa qo‘ydim, o‘rtandi,
Emrandim, nigohim tindi, aylandi.
Bildim, a’zoyi badanim hayot shirasidan.
Hamshiram – turna,
Qondoshim – jayron,
Jigarim – arg‘uvon.
Xonu turobdanman, inim – qumursqa, og‘am – ot,
Bildim – odamiyzodman,
Odamiyzod…

So‘nggi «Bildim — odamiyzodman, Odamiyzod» degan misra shoirning o‘sha mangu kurashda qaysi tomonda ekanini bildiradi… Chunki odamiyzod bo‘lish oson emas, buning uchun kishi «Qora»ning lazzat-farog‘atidan voz kechib, «Oq»ning zahmatlariga bardosh berishi shart!..

Umarali NORMATOV: — Abduvalining bu asarini nazarimda 90-yillarda yaratilgan ko‘plab yaxshi-yaxshi modernistik ruhdagi dostonlarning o‘ziga xos debochasi, deyish mumkin.

Ulug‘bek HAMDAM: — Umarali aka, umuman o‘zbek she’riyatidagi tub modern burilishlar qayerdan va qanday boshlandi? – degan savol meni o‘ylatadi. Albatta, o‘zbek she’riyatida yuz bergan chin ma’nodagi yangilanishni ancha ilgaridan, XX asr tongotaridan, xususan, Cho‘lpondan deya olmoqlik ham haqiqatga zid emas. Hatto XX asr ikkinchi yarmi va ayniqsa, kunbotarida mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida ro‘y bergan o‘zgarishlar natijasida shaklan an’anaviy, ya’ni aruziy, mazmunan esa noan’naviy ijtimoiy lirikaning paydo bo‘lganligi ham fakt, bor narsa. O‘sha Muqimiyu Furqat, Ibratu Ajziy, Avaz O‘taru Maxmur, Turdi va hokazo o‘nlab shoirlarimiz ilk bor g‘azalda ijtimoiy mavzularni kuylamadimi? Va bu shoirning badiiy tafakkur tarzidagi tubdan o‘zgarish kechayotganidan dalolat emasmidi?.. Biroq baribir, butun intilishlarning natijasi, hosilasi bu – Cho‘lpon bo‘ldi. (Rus she’riyatida Pushkin shunday «hosila»dir. Jukovskiy va Derjavin, Delvig va Baratinskiy, Yazikov kabi o‘nlab o‘sha davrning ko‘zga ko‘ringan shoirlari intilgan cho‘qqi faqat Pushkin tomonidan zabt etilgandi.) Albatta, Fitrat bor edi, Hamza va Elbek bor edi, biroq XX asrning tom ma’nodagi yangi she’riyatining o‘ta muvaffaqiyatli ibtidosi, baribir, Cho‘lpon nomi bilan bog‘liq ekanini tan olishdan o‘zga chora yo‘q. Chamasi, 10 yillar burun bir suhbatda taniqli adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqulov Cho‘lponni yangi o‘zbek she’riyatida tutgan o‘rni to‘g‘risida gapiraturib, agar XX asr o‘zbek poeziyasini bir azim daraxtga mengzasak, Cho‘lpon, shubhasiz, uning o‘zagidir, degan fikrni bildirgan edi. Chunki, XX asr o‘zbek she’riyatiga neki xususiyat aloqador ekan, deyarli barchasini Cho‘lpondan topish mumkin. Hatto bugun qaysidir ma’noda rusm bo‘layotgan modernistik ohanglar – dunyoni boshqacha, butunlay kutilmagan tomondan idrok etish ham bor unda. Oybekday dilbar shoir «ko‘ngil lirika»sini, Hamid Olimjondek xalqona ohang ustasi she’rlarini, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi kabi hassos shoirlarimizga xos tuyg‘u nozikligini, hatto Abduvali Qutbiddindek o‘zbek she’riyatida o‘ziga xos ovoz sohibi poeziyasini yodga tushiradigan she’rlarni Cho‘lpon she’riyatidan o‘qish mumkin. Cho‘lponning «Lekin shu’lalar Singib boralar Oqshom to‘r solar» («Ko‘klam yomg‘iri»), «Na uchun yaproq Choyshab yoymaydir… («Ko‘klamdan xabar»), «Qor parchalari To‘kilgan sadaf, Yonar yiltillab Oy kechalari» («Bu yerning qishi») kabi serramz oltin misralari Oybekning «Kunduz», «Tong», «Dengizda oqshom», «Qishki oqshom», «Erta bahor» kabi o‘nlab simvolizmning go‘zal namunalari hisoblanmish she’rlari bilan ruhiy «qarindosh»dir.
Cho‘lponning 20-yillarda yozilgan «Sochilgan sochingdek sochildi siring» deya «S» tovushiga urg‘u berib va bu urg‘u orqali ham ma’noni kuchaytirishga, ham she’r maydoni ichra tovush o‘yini yasashga erishgan misrasi keyinroq, 57-yilda Erkin Vohidov tomonidan yaratilgan «Qaro qoshing, qalam qoshing» deb boshlanuvchi ajoyib she’rning XX asr o‘zbek poeziyasidagi dastlabki muvaffaqiyatli namunasidek tuyuladi. Yoxud:

Bulutlar turgan joylarida qotib qoladirlar,
Gulduraklar dam chiqarmasdan nafas oladirlar.
Chaqmoq toshini bag‘riga berkitadir,
Nay kamalak o‘qlarini ataylab chikkitadir…

Va yoki:

Bulut – kampir elagini ko‘tarib
Suprasini yoymoq uchun boradi, —

kabi misralari Abduvali Qudbiddin tashbehlarini va umuman, bu shoirning dunyoni badiiy idrok etishidagi ayrim xususiyatlarini (chunonchi, olamni kutilmagan, noan’anaviy tashbehlar orqali idrok qilishini) yodga tushiradi. Qolaversa, Cho‘lpon she’riyatida yana shunday ohanglar borki, ular keyingi avlod shoirlari tomonidan haligacha maromiga yetkazilib kuylanmagan, desak mubolag‘a bo‘lmas.
Shu ma’noda aytish kerakki, she’riyatimizdagi bugungi modernistik intilishlarda ko‘pincha ohang mensilmayotganining guvohi bo‘lmayapmizmi? Bu o‘rinda ohangni faqat bir xil miqdordagi ritmlar yig‘indisi yo qofiyadan iborat deb tushunmasligimiz lozim. Men tuyg‘u ohangini nazarda tutayapman. Har qanday yaxshi she’r ana shu ohangdan istisno emas. Ayniqsa, noan’anaviy, bugun biz modern deya e’tiborlarga havola etayotganimiz she’rda ichki tuyg‘u ohangi bo‘lmas ekan, u hech nimaga arzimaydi…
Oybekning 20-yillarning oxiri va 30-yillarning avvalida yozgan simvolistik she’rlarini alohida urg‘ulab o‘tishni istar edim. Shoir «Ko‘ngil she’rlari»ning aksari juda jozib tuyg‘u asosiga qurilganki, ularni ko‘nikilgan usullarda birdaniga va birvarakayiga tahlil qilib tashlash va bundan zavq olish g‘oyat mushkul. Bunday she’rlar ramzlarga qorishgan, ramzlarga aylangan tuyg‘u tilini nozik tushunishni taqozo etadi. Hatto bu ham kamlik qiladigandek: o‘quvchi o‘z muhitidan qabul qilib olgan va badiiy tafakkurida me’yorlashgan, qat’iylashgan ayrim dogma nuqtai nazarlar qafasini parchalab tashlab she’rni o‘qishga tutinmog‘i lozim. Shundagina balki omad kulib boqar: san’at asari o‘z bag‘rini ochar… Ehtimol, shundagina modernizmning san’at asarini Aristotel aytganidek, tabiatga taqlid va undan olingan nusxagina deb emas, balki tabiatga, voqelikka muqobil, u bilan baravar bellasha oladigan o‘zga bir muvoziy voqelik, deyishi ma’nisini tushunib borarmiz…

Umarali NORMATOV: — Darhaqiqat, modernistik yo‘l biz o‘ylaganchalik, tasavvur qilganchalik oson yo‘l emas. U – juda azim evrilishlar hosilasi. Bu yo‘lning yo‘lchisi — shoir ham, uning qismati ham o‘ziga xos sir-sinoatlarga boy.

Ulug‘bek HAMDAM: — Har lahzada yaltiroq shahardan voz kechib dala-tuz bag‘riga qaytish kayfiyatida yashamagan kishi she’r yozish qasdida qo‘liga qalam olmasin. Xuddi shunday, yuragiga Majnunni qamab qo‘ymagan erkak shoir, qalbining to‘rida Laylini asrab yurmagan ayol shoira ham she’r yozmasa, deging keladi. Zero, yuragida siri bo‘lmagan ijodkor qalamidan chiqqan «yozuvlar»ning sehriga shubha qilasan, kishi. «Xalqqa ash’or kerak sirli va ezgu» (Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi) deb yozadi Osip Mandelshtam. Shoirlik, bu — takror va takror ana o‘sha sirga, ana o‘sha sehrga qaytish, demakdir. Tabiatga qaytish, tabiat mavzulariga murojaat ham shunday, aslida. Odatda ijtimoiyot shoir zimmasiga ham talay muammolarni, turli qonun-qoidalar zahmatiyu odob-axloq tashvishlarini yuklaydi. Biroq u jazavaga tusharkan (she’r yozarkan), ilk bor egar urilgan asov ot singari ko‘kka sapchiydi, gardanida g‘ashiga tegayotgan nimadandir qutulmoqchi bo‘ladi. Shoir aynan shu lahzalardagina shoirdir. Uning asl hayoti ham, foniy olamdagi quvonchi ham shu paytda kechadi… Ilhom onlarida shoir jismi va u bilan bog‘liq olamni unutadi, yodida qolgan borlig‘i esa ajib bir tuyg‘uga — musiqaga aylanadi. She’r mazkur ohangning, ya’ni siyratning nuqsonli surati, xolos. Uni o‘qish emas, go‘zal bir musiqa yanglig‘ eshitish, his qilish lozim va ushbu his orqali botinda qolib ketgan siyratga tushib bormoq mumkin bo‘ladi. Ha, shoir mana shu tarzda sirlar dunyosi sari intilib yashaydi, bu mashaqqatli yo‘lda goho omad unga kulib boqadi: u parvoz qiladi… Ehtimol u uzoq ucholmas, qanotlari qayrilib sinar, ojizligini anglar, jismi botib turgan dag‘al voqelik botqog‘idan butunlay xalos bo‘lish vujud halokatisiz mumkin emasligini tushunar… Biroq she’riyat uchun muhimi bu emas, muhimi — qafasni yorib chiqqan qush (ruh) parvozining ilk shiddati, shu shiddatning hayotsevarligidir.
Qiziq, men she’rning botiniy ohangi — tuyg‘u mazmuni haqida gap boshlasam, hamisha mana shunaqa — boshi va so‘nggi yo‘q olamga kirib qolaman. Shunda men o‘zimni fikrni istagan joyda to‘xtatsam ham, istagancha davom ettirsam ham bo‘laveradigandek sezaman va o‘ylab qolaman: haqiqatan ham qaydadir bir ulkan olam mavjud va u tiriklikka oid neki bor, hammasini o‘zida mujassam etadi, chunki hammasining asosidir. Ehtimol chin dunyo deganlari o‘sha bo‘lar, bilmadim… Lekin aynan shu olam kishini ezgulikka va go‘zallikka chorlaydi, iymon haqida, e’tiqod to‘g‘risida o‘ylashga, ularsiz tiriklik yo‘q ekaniga ishontirishga undaydi. Go‘yo bu olamda inson hayotining mazmuni, o‘lmoq hikmati yashirindek. Biroq unga olib boradigan yo‘llar juda chalkash, juda murakkab… Haqiqiy san’at asari, chinakam badiiyat — mana o‘sha sanoqli mahol yo‘llardan biri. Ushbu olamga boshlovchi va unga eltuvchi, undan xabar beruvchi san’at qanchalar go‘zal, san’atkor qanchalar hassos!.. San’atning ilohiyligi haqidagi mulohazalar ehtimol shu yerda o‘rinlidir, bilmadim…

Yosino tog‘larida
Olcha gullari bilan
Uchayotir oq bo‘ron
Cho‘qqilarning ustida…
Ajratib ham bo‘lmaydi.
(Xurshid Davron tarjimasi.)

Saygyo qalamiga mansub ushbu she’rda cho‘qqilarning ustida olcha gullari bilan qo‘shilishib uchayotgan oq bo‘ron – birini ikkinchisidan ajratib bo‘lmaydigan, go‘zallikka og‘iz solgan omuxtalikdan so‘z ochiladi. Bunda shoir o‘z munosabatini – qayg‘u yo shodligini yashirgan. Rassom kabi ish tutib, hayotning mangu harakati natijasida tabiatning muayyan kesishiklarida dunyoga kelguvchi oliy va ko‘pincha oniy nuqtalari – go‘zalligidan birini she’r deb atalmish shakl yordamida xotiraga mixlamoqchi bo‘lgan.
Oybekning she’rlari ham shunday tansiq tuyg‘ularni qo‘zg‘aydi… Kishi o‘zining asl qiyofasi bilan yuzma-yuz kelganda hamisha hayajonga tushadi, titraydi. San’atkorning eng go‘zal asarlari ham ana shu titroqning anchagina ko‘rimsiz shakli – suvda yuzib yurgan to‘lin oy singari akslardir, topilganning yo‘qolib ketishi to‘g‘risidagi qo‘rquvdan tug‘ilgan qaytariqlardir, asl suvratdan ko‘chirilgan nusxalardir… Oqshomda dengizga, unga oltin sochlarini tashlab qo‘ygan quyoshga tikilib o‘tirarkan, shoir qo‘qqisdan o‘z botinida yashirinib yotgan zotning nigohlariga duch keladi va titraydi. Uchrashuv uni shunday jazavaga soladiki, oqibatda shoir bundan xotira qoldirmoq istaydi va qo‘liga qalam oladi:

Suvlarda sekin o‘ynar
Oltin qayiqchalardek
Quyosh alangalari.

Suv betiga urilib to‘lqin harakati yordamida tovlanayotgan quyosh alangalarini aynan oltin qayiqchalardek qabul qilgan shoir shu lahzalarda bolaga aylanadi. Axir faqat bolagina suvga qog‘ozdan yasalgan qayiqchalarni shirin umid-la qo‘yib yuborarkan, ularga oltindan yasalgandek alohida, sir aralashgan mehr bilan, sodda samimiyat bilan yondoshadi. Bunday tuyg‘u bizning aksariyatimizda bor, barhayot. Shunga ko‘ra biz ham hech ikkilanmasdan, shubhalanmasdan suvlarda o‘ynayotgan quyosh alangalarini shoir bilan baravar oltin qayiqchalardek qabul qilamiz. Chunki oltin qayiqchalar haqidagi ertak bizning botinimizda hamisha nimaningdir, qandaydir muqaddas va ulug‘ nimaningdir ilinjida umr kechiradi…
Shuningdek, Bahrom Ro‘zimuhammad, Abduvali Qutbiddin singari zamonaviy shoirlarimiz ijodlarida ham ana shu teranlikda tug‘ilgan she’rlarga duch kelganingda beixtiyor sevinib ketasan, kishi.

nafas sovqotadi
derazadan mo‘ralar gullar
junjikadi qushchalar
toyib yiqiladi xayolim

shirin tush kabi gir atrof
derazadan qaragan kabi
xayol oynasidan qarayman
tikilaman issiq oynadan

puflab tashlaydirman nafasni
g‘ijimlanib qolar kechagi tushim
sababsiz xursandchilik ruhimda
jim odimlagim kelmoqda juda

bir o‘zim yashagim keladi qishda
mittigina qor yog‘sa menga atalgan
sovqotadi nafas qushchaga o‘xshab
mamnuniyat ila termular bir gul

atrof sokinligi
sokinligimdan yuz bora ulkan
qanday sig‘di ekan bu faslga u

Bunday she’rlar shoirning ruhiyat bilan bir umrlik muloqotidan, ilohiy borliqqa bir umrlik talpinishidan so‘ng o‘simlik yanglig‘ o‘z-o‘zidan o‘sib chiqadigan ma’rifat mevasidir. Ha, u biz ko‘nikkan o‘qib-o‘rganish, aqliy ta’lim mahsuli bo‘lmay, dunyoni estetik idrok etish bilan bog‘liq GO‘ZALLIK MA’RIFATI ne’matidir… Qolaversa, umuman modernistik san’atni tushunish assotsiatsiya tilini tushunish bilan ancha mukammalashadi. Chunki bu san’at an’anaviy badiiy tafakkur mahsulidan farq qilib, izchil mantiqiylikka, uzluksiz tasavvurga asoslanmaydi. Modernizm real voqelikning ijodkor nuqtai nazaridagi in’ikosinigina, demak, voqelikning «ajratib-tanlab olingan» ma’lum bo‘laklarinigina badiiy asarda aks ettiradi. (Uning aytmoqchi bo‘lgani ana shu bo‘laklarning birgalikdagi hamkorligi zamirida yashiringan). Bu bo‘laklar o‘rtasidagi sabab-oqibat, mantiq-mazmun bog‘lanishlarini go‘yo «unutadi». Modernistik san’at o‘quvchisi esa ana shu «unutilgan»ni «eslab olishi, eslay olishi» shart. Yo‘qsa, «yopiqli qozon yopiqligicha» qolaveradi…

Umarali NORMATOV: – An’anaviy aruz, barmoqdagi she’riyatdan farqli o‘laroq, modern she’rda uch unsur – original poetik fikr, tuyg‘u, manzara ohangi, ya’ni o‘sha uch unsurdan tug‘ilgan ohang hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Aruz va barmoqdagi she’riy ritmika – ohangni belgilaydigan hijo, turoq, bahr, qofiya kabi qat’iy talablar bu yerda o‘z ahamiyatini deyarli yo‘qotadi. Biroq haqiqiy modern she’r ohangdorlik bobida an’anaviy aruz yoki barmoqdan aslo qolishmaydi. Qaltis va qiyin joyi shundaki, bu yerda aruz yoki barmoqdagi kabi ohangni vujudga keltiradigan tayyor andoza – me’yorlar yo‘q hisob yoki bor bo‘lsa ham ilmiy kashf etilmagan. Bu ohangni faqat qalb ko‘zi orqali tuyish, his etish, undan zavqlanish mumkin, xolos. Modern she’r hatto an’anaviy shaklda yozilganda ham hijo, turoq, qofiyadan hosil bo‘ladigan ohang emas, ayni o‘sha original poetik fikr, tuyg‘u, manzara, ular harakatidan vujudga keladigan ohang o‘quvchi qalbida aks-sado beradi.
Faxriyorning «Kuz yomg‘iri» turkumidagi mana bu manzara ohangiga e’tibor bering:

Xazonlar ergashdi armon xayliga,
Kuz vido istadi ko‘ngil mayliga,
Yomg‘irlar yog‘adi hijron saylida,
Kuz yomg‘iri,
Hijron yomg‘iri.

Kuz, hazon fasli bilan bog‘li mungli — hazin kayfiyat, betinim yog‘ayotgan hijron yomg‘iri, uning dardli sadosi bilan qo‘shilgan g‘aroyib, o‘ta ma’yus, munis bir musiqiy ohangni vujudga keltiradi; kuzning ko‘ngil mayliga vido istashi, buning ustiga «hijron saylida» yomg‘irning savalashi she’rdagi ma’yus tuyg‘u musiqasini avj pardalarga ko‘taradi. She’rning keyingi bandidagi bir qarashda xalqona sho‘x, quvnoq tuyulgan misralar hissiy ohangi jihatidan butunlay o‘zgacha –yangicha:

Na ko‘z — tikarga, na umid — bog‘larga,
Na so‘z — aytarga, na dimog‘ — chog‘larga,
Na gul — sevarga, na ko‘ngil — dog‘larga,
Kuz yomg‘iri,
Hijron yomg‘iri.

Quvnoq satrlar bag‘ridan sizib chiqayotgan mungni sezib-tuyib turgan bo‘lishingiz kerak…
Shoirning qator she’rlarida keraksiz, ortiqcha, o‘rinsiz tuyulgan tinish belgilari – ayniqsa, tire, vergul bu yerda fikr, tuyg‘u izhori-ifodasi uchun zaruriy element, poetik vositaga aylanadi. Ehtimol, misralardagi gap tuzilishi qoidaga unchalik mos emasdir, biroq «qoidaga uncha mos bo‘lmagan» ana shu misralar lirik qahramon ko‘nglidagi asov tuyg‘ular, kechinmalar ifodasiga nihoyatda mos. Shu kabi eng yaxshi asarlar bugungi modern she’riyatida poetik ohang masalasini tadqiq etish uchun yetarli asos bo‘la oladi, deb o‘ylayman.

Ulug‘bek HAMDAM: — Umarali aka, siz qayday o‘ylaysiz, she’riyatimizda yuz berayotgan bu o‘zgarishlarning tub sabablarini qayerlardan izlamoq o‘rinli bo‘larkin? Hamma gap aylanib borib inson va davr munosabatiga taqalmasmikan? Axir, odamzod o‘zini o‘tga-cho‘qqa ursa ham — urmasa ham, baribir, o‘zi yashab turgan jamiyat va zamonning bir parchasi ekanligini inkor etolmaydi. Shunday bo‘lgach, davr ta’siridan qochib qayga ham keta olardi. Ketganda nima bo‘lardi? Uni hech kim tushunmay qolmaydimi?.. Axir bizning ma’naviy holimiz o‘zimiz yashayotgan muhitdan qabul qilib olgan shartli belgilar darajasi bilan o‘lchanmaydimi! Modomiki shunday ekan, biz ana shu belgilarga ko‘ra gapirmog‘imiz shart emasmi? Yo‘qsa, begona yurtga kelib qolib, hech kim tushunmaydigan o‘z tilida nimalarnidir anglatishga behuda urinayotgan sho‘rlik sayyoh holiga tushmaymizmi? Belgilarga ko‘ra gapirish degani o‘zing yashayotgan davr tabiatini, tartib-intizomini tan olish deganimi? Uzoqqa bormaylik-da, 60-yillarda o‘z she’rlari bilan sobiq Ittifoqda keng shuhrat qozongan Ye.Evtushenkodan bir misol olaylik. U yozadi:

Bugungi qahramon —
u o‘zgardi.
Xuddi asr yanglig‘ murakkablashdi.
Hozir qahramon – faylasuf va ijodkor,
Aslo qilichbozlardan emas, balki payg‘ambarlardan.
O‘gitlarni anglash davri — bu,
Yuzaki romantikaning kuni esa bitdi.
(tarjima bizniki — U.H.)

Bundan bir necha o‘n yillar burun yozilgan she’rda «yuzaki romantikaning kuni bitganligiyu o‘gitlarni anglash davri boshlanganidan, kunning qahramoni o‘zgarganidan» bahs qilinmoqda. Endi e’tibor bering, shu she’r mazmunini bugungi kunimizga tadbiq etsa bo‘lmaydimi? (Faqat bugungi qahramonning ismi o‘zgargan: u Yevtushenko aytganiday «faylasuf» yo «ijodkor» deb emas, balki «tadbirkor», «tujjor» va shuning kabi ismlar bilan atalmoqda). Axir shoir 30 yil naridan turib kunimizni yozgandek tuyulmayaptimi? Axir biz emasmi xomxayollar pallasidan yiroq tushib, real hayot sarhadiga qadam qo‘ygan va zamonga mos bo‘lishga, o‘zgarishga intilayotgan kishilar!.. Ko‘rinadiki, har davrning o‘ziga xos kayfiyati bo‘lib, u shu davrda yashayotgan kishilar ongi va qalbiga kirib boradi. Biz shuning ta’sirida yuramiz. Yevtushenko 30 yil oldin qahramonning o‘zgarganidan xabar bermoqda. Bugun u yana o‘zgardi. Demak, 30 yil oldin ro‘y bergan yangilanish o‘zining nihoyasiga yetdi va undan-da yangi boshqa davr boshlandi. Va biz endi yangilangan shu davrga ko‘ra hayotimizni moslashga, u bilan hamqadam yurishga intilamiz. Ushbu harakat esa dunyoni, o‘zimiz tegishli bo‘lgan jamiyatni qayta anglash, idrok etishimizni taqozo etganidan sekin-asta ma’naviy hayotimiz harakatga keladi. Shu vaqtgacha ma’lum ma’noda turg‘unlashib qolgan qadriyatlar ham o‘z o‘rnidan qo‘zg‘olib, tuslanishga yuz tutadi. Jamiyatdagi qadriyatlarning o‘zgarishi esa inson botinini harakatga keltiradi va qaysidir ma’noda dunyoni qayta baholash jarayoni kechadi. Natijada ilgari bizni quvontirgan, ko‘ngil va ongimizga zavqu shavq olib kirgan narsa va hodisalar endi judayam g‘arib ko‘rina boshlaydi. Ko‘ngil, Cho‘lpon aytganidek, yangilik qidirishga tushadi. Chunki zamon bilan hamnafaslikka ehtiyoj sezadi-da. Ha, inson o‘zi mansub bo‘lgan davr bilan yonma-yon yurmas, zamon nafasini o‘z hayotida his qilib yashamas ekan, u o‘zini baxtsiz sezaveradi. O‘tmishda yaratilgan har qanday buyuk asar o‘zining har qancha ulug‘ligi va fazilatiga qaramay, baribir, bugungi kunni to‘la ma’noda aks ettirolmaydi. U ma’naviy, lekin tarixiy qadriyat sirasiga kiradi. Shunga ko‘ra ham zamonning qaynoq nafasi ufurib turgan asarlarga, shu kunning asarlariga har doim ham alohida talab bo‘ladi. Cho‘lpon Navoiydek dahoni o‘qib ham ko‘ngil taskin topmaydi, deb yozganini “Navoiydan qoniqmaslik”, deb tushunmaslik kerak. Cho‘lpon dunyoga va odamzodga tegishli bo‘lgan asosiy qirralar Navoiyda go‘zal tarzda aytilganini judayam yaxshi biladi. Biroq qidirgani – shu “qirralar”ni o‘zi yashab turgan zamon nuqtai nazaridan turib yoritilgan asarlar edi. Ha, u zamon nafasiga ehtiyoj tuygan edi… Va bu ehtiyoj yangilangan badiiy tafakkurdan tug‘ilayotgandi. Ehtiyoj mavjud ekan, san’at, adabiyotda ham yangilanish bo‘laveradi.

Umarali NORMATOV: — O‘tgan asr boshlarida milliy adabiyotimizda tub o‘zgarish, badiiy islohotlarga ehtiyoj naqadar kuchli bo‘lganligi hammaga ayon. Adabiyotimiz baxtiga mana shu ehtiyojni chuqur his etgan Cho‘lpon, Qodiriy singari ulkan iste’dodlar maydonga chiqdi va milliy adabiyot rivojini yangi yo‘llarga solib yubordi. Qarangki, XXI asr boshlarida ham bugungi adabiyotimizda tub yangilanishga kuchli bir zarurat borligini ko‘rib, sezib turibmiz. Axir, shoir aytmoqchi, charxning avzoyi avvalgilarga o‘xshamas: mustaqil mamlakatning ozod odamini, globallashuv, axborot asri kishisini avvalgi adabiy mezonlar asosida yaratilgan asarlar aslo qanoatlantirmasligi kunday ravshan. Aslini olganda yangilanish, o‘zgarish jarayoni allaqachon boshlangan, suhbatimizda keltirilgan she’rlar bu yo‘lda muayyan ijobiy tajribalar mavjudligini tasdiqlab turibdi.

Ulug‘bek HAMDAM: — Umarali aka, sizningcha, o‘zbek she’rshunosligi, adabiy nuqtai nazari o‘zbek poeziyasidan qaysidir ma’noda orqada qolib ketmayaptimi? Bu hol ayniqsa, modern she’rni tushunishda va uni tahlilu tadqiq etishda sezilib qolayotganga o‘xshaydi. Va umuman, negadir har qanday yangilik Sharqda qiyinchilik bilan ko‘karadigandek. Jumladan, o‘zbek she’riyatida sodir bo‘lgan yangorishlar ham, masalan, 70-yillarda unchalik xush qabul qilinmagan. Hozir undayin qarshilik va tazyiqlar bo‘lmasa-da, baribir, «modern shoirlar» negadir suyib o‘qilmaydi. Uzoqqa bormaylik-da, so‘nggi bir necha yil mobaynida nashr etilgan Bahrom Ro‘zimuhammadning «Kunduz sarhadlari» va Faxriyorning «Ayolg‘u» to‘plamlariga bo‘lgan adabiy munosabatni olaylik. Rosti, men shu ikki kitob chuqur tushunilib, ohori to‘kilmagan go‘zal tahlillar asosida yozilgan taqrizlarni, maqolalarni o‘qimadim. Ustoz Ozod Sharafiddinovning «Modernizm – jo‘n hodisa emas…» sarlavhali suhbati, professor Qozoqvoy Yo‘ldoshevning bir qancha radiosuhbatlari, munaqqid Ahmad Otaboyevning ahyon-ahyondagi «modernistik chiqishlari», shoir Bahrom Ro‘zimuhammadning «Ayolg‘u» haqida, shoir Shermurod Subhonning B. Ro‘zimuhammad she’rlari to‘g‘risida yozgan maqolalari va yana shu ruhdagi harakatlar hali yetarli emas. Qolaversa, har ikki maqola ham shoirlar she’riyati mohiyatini to‘la ochib berolgan, deyish mushkul. Va umuman, adabiyot ilmimizda yangilanayotgan badiiy tafakkur masalalarini teran va atroflicha tadqiq etgan salmoqli ishlar deyarli yaratilmayotgani kishini o‘ylantirib qo‘yadi. Ehtimol, adabiy tanqidga bo‘lgan bizdagi sovuqqon munosabatning hosilasidir bu. Axir tan olmog‘imiz kerakki, Sharqda badiiy asar yozish adabiyot ilmi bilan shug‘ullanishdan ko‘ra hamisha ham «balandroq» martaba hisoblanib kelgan. Bunday yondoshuv haligacha o‘z ta’sirini yo‘qotgan emas. Hatto «juda chuqur» tushunuvchi ziyolilarimiz ham ko‘pincha adabiy tanqidni mustaqil ijod o‘laroq tan olishdan ko‘ra biron-bir asarning «soya»si sifatida qabul qilishga ko‘proq moyillik bildiradi. Aslida-chi? Aslida, haqiqiy adabiy tahliliy asar – chinakam ijod, ilm va badiiyat baravar ishtirok etadigan ulkan maydon. Axir, Belinskiyning «Adabiy orzular»ini Pushkin yo Lermontov she’rlaridan quyi qo‘yish mumkinmi? Meningcha, yo‘q! Chunki Belinskiyning adabiy-tanqidiy asarlari o‘zining pafosi nuqtai nazaridan Pushkin she’rlaridan aslo qolishmaydi. Dunyoni badiiy idrok etish darajasi jihatidan ham Belinskiy, masalan, Lermontov bilan bo‘ylasha oladi. Eduardes Mejelaytisning «Tungi kapalaklar»i K. G. Yung, E. Fromm, O. Gassetlarning badiiy adabiyotga bag‘ishlab yozilgan asarlari to‘g‘risida ham shunday iliq munosabat bildirish mumkin. Albatta, o‘z zamonasiga ko‘ra bunday ilg‘or adabiy-tanqidiy asarlar yozish uchun ijodkor-olimga juda ko‘p narsa zarur: u tarix va jamiyatshunoslikni, sotsiologiya va psixologiyani, qo‘yingki, borliq ijtimoiy sohalarning bilimdoni bo‘lishi shart. Keyin eng muhimi boshlanadi: munaqqid kamida o‘zi tadqiq etayotgan shoir yo yozuvchi darajasida fikrlay va his qila bilishi, dunyoni shu pog‘onada badiiy idrok eta olishi darkor. Ha-ha, bulardan tashqari ham ijodkor-olimga yana ko‘p fazilatlar asqotadi… Ehtimol, shuning uchun bizda ular juda kam bo‘lgan va tobora yana-da nodirlashib bormoqda… Albatta, nimalardir qilinmoqda, onda-sonda bo‘lsa-da, kishining esida qoladigan adabiy-tanqidiy asarlar uchrab turibdi. Men 1998 yilda chop etilgan I. Јafurovning «Dil erkinligi» nomli kitobini alohida sanab o‘tgan bo‘lardim. Qolaversa, sizning bir qator adabiyotshunos olimlar bilan so‘nggi yillar davomida «Jahon adabiyoti» jurnalida e’lon qilingan suhbatlaringiz, Bahrom Ro‘zimuhammad, Uzoq Jo‘raqulov singari yana bir necha ijodkorlarning vaqtli matbuotda onda-sonda bo‘lsa-da chiqib turgan maqolalari… Biroq o‘zgarayotgan badiiy tafakkurimiz mevasi bo‘lib dunyoga kelayotgan she’riyatni, uning tug‘ilish sabablari va qonuniyatlarini ko‘rsatib, tushuntirib bera oladigan asarlarga ehtiyoj baribir qondirilmay kelayotir. 1987 yilda yozilgan, 1988 yilda kengaytirilib, qayta ishlangan frantsuz olimi Jan-Luis-Jubertning «She’r nedir?» deb nomlangan asari nazarimda, ana shu tashnalikni bir qadar qondiradigandek. (Men uni turkchada o‘qidim – U. H.) Kitob uchta bo‘limdan va ko‘plab boblardan iborat. Birgina boblarning nomlanishining o‘ziyoq kishi e’tiborini tortadi, sergak torttiradi, hali masala mohiyatini anglab yetmasingdan burunoq sen bilgan she’r haqida qandaydir yangi gap aytilishi mumkinligini seza boshlaysan. Mana ulardan bir nechtasi: «She’rning foydasizligi», «She’r va xotira», «She’r va sehr», «Nasrning yurishi, nazmning esa raqs tushishi», «Tilning mag‘lubiyati», «Ovoz she’ri», «She’rning ovozsizligi», «Mavhum she’r», «She’r va tush» va hokazo.

Umarali NORMATOV: — Milliy adabiyotimizdagi, xususan, she’riyatdagi noan’anaviy yo‘nalish, modern she’riyat tadqiqi ko‘ngildagidek emas, degan gapingizga qo‘shilaman. Biroq noumid shayton, deydilar, mana shu yo‘nalishdagi asarlarni teran his qiladigan, chuqur tahlil eta oladigan navqiron kenja adabiyotshunoslar avlodi yetishib kelayotganligi ko‘ngilga taskin beradi. Jahon adabiyoti tajribasidan ma’lum: yangi adabiy hodisa — maktab ertadir-kechdir, albatta o‘z tadqiqotchilarini yetishtiradi. Milliy universitetda o‘tkazilgan adabiy anjumanlarda, jumladan, Shavkat Rahmon, Faxriyor, Iqbol Mirzo, Tursun Ali she’rlari muhokamasiga bag‘ishlangan anjumanlardagi chiqishlarni, o‘ta murakkab, noan’anaviy she’rlar xususida yoshlar topib aytgan mulohazalarni tinglab ko‘ngil yayraydi. 2001 yili o‘zbek filologiyasida Muhayyo Yo‘ldosheva degan qizimiz bugungi modern she’riyat haqida magistrlik dissertatsiyasini himoya qildi. Yosh tadqiqotchining eng yangi she’riyatimiz ruhiga mos noan’anaviy yo‘nalishdagi nozik kuzatish, ilmiy tahlillari himoya qatnashchilarini lol qoldirdi. Bu ish kitob holida chop etishga, uni nomzodlik dissertatsiyasi tarzida himoya etishga tavsiya etildi. Muhayyoxonga o‘xshagan yosh she’rshunoslar yakka-yolg‘iz emas. Ular matbuotda ham ko‘rina boshlashdi. Aminmanki, erta-indin ular katta maydonga, yuksak minbarga dadil chiqadilar. Ko‘rasiz, yaqin kelajakda modern she’riyat tadqiqi sizu biz kutgan manzillarni albatta zabt etajak.
Umuman olganda modern she’riyat tilini uqish, anglash oson emas. Bu she’riyat dunyosini teran anglash uchun ayni shu dunyo ichida yashash, bu olamning odami bo‘lish lozim. Modern she’riyatning, umuman, modern adabiyot, san’atning hayot, jamiyat bilan aloqasi an’anaviy realistik adabiyot, san’atnikidan tubdan farq qiladi. Modern she’riyatda «odamlarning tili uchida turgan so‘zni aytish», odamlar — zamondoshlar kayfiyatini ifodalashga intilish yo‘q hisob. Modern adabiyot, she’riyat namunalarini o‘qiganda realistik musavvirlar yaratgan hayotni ayni o‘zidek gavdalantirgan suratlar ko‘rgazmasiga emas, avangard san’atkorlar suratlaridan iborat g‘aroyib, darhol tushunish, anglash mushkul bo‘lgan «ayqash-uyqash» manzaralar galereyasiga kirib qolgandek bo‘lasiz, o‘zgacha ranglar jilosiga duch kelasiz, avval eshitmagan navolarni tinglaysiz. Ular sizda kayfiyatlar uyg‘otadi, hayotga, narsa va hodisalarga o‘zgacha nigoh bilan qarashga undaydi… An’anaviy realistik asarlar ruhida tarbiyalangan o‘quvchi, realizm estetikasi, nazariyasi bilan qurollangan tanqidchi-adabiyotshunos buni oson hazm qila olmasligi tabiiy bir hol. Ushbu g‘aroyib, tushuniksiz olamga chuqur kirib borganingiz sari sekin-asta uning asiri, muxlisi bo‘lib qolganligingizni o‘zingiz ham sezmay qolasiz. Men oliy o‘quv yurtida talabalar bilan ishlash jarayonida bunga amin bo‘lganman. Umumta’lim maktablarida modern adabiyot, she’riyat, ayniqsa, san’at namunalari bilan deyarli tanishtirilmaydi. O‘quv dasturlarida mavjud yangicha yo‘nalishdagi ayrim she’rlar tabiatini tushuntirib bera oladigan adabiyot muallimlari nihoyatda kam. O‘zbek filologiyasi fakultetlari 1-kursida «Hozirgi adabiy jarayon» fani orqali talabalar modern adabiyot dunyosi bilan bevosita tanisha boshlaydilar, mana shu tanishuv jarayonida atigi 3-4 oy davomida ular tamomila boshqacha odam – modern she’riyatning «ashaddiy muxlisi» bo‘lib qoladilar… Ta’lim-tarbiyada ham gap ko‘p-da!..

Ulug‘bek HAMDAM: — Bugungi o‘zbek modern she’riyatida va umuman, o‘zbek adabiyotida «katta burilish» – ta’siri nafaqat san’at doirasida, balki jamiyat miqyosida kutiladigan voqealarning deyarli sodir bo‘lmayotgani yuqorida u yoki bu munosabat bilan aytilib o‘tgan sabablarga bog‘liq ekanidan tashqari, yana ikki ulkan omilga ham aloqadorligini ta’kidlash lozimga o‘xshaydi. Birinchisi, tashqi omil – jamiyat hayotining keyingi 10-15 yil mobaynida ko‘pqatlamli, ko‘pqiyofali mazmun kasb etishi oqibatida muayyan ijtimoiy-iqtisodiy-ma’naviy toifaga mansub kishining o‘z qatlami darajasidagi ehtiyoj va qiziqishlarining shakllanganligi hamda adabiyot-san’atning ko‘p hollarda mazkur ehtiyoj va qiziqishlar ro‘yxatidan «tushib qolayotganligi» bilan izohlanadi. Boshqacha aytadigan bo‘lsak, garchi «adabiyot odamlari» orasida modern kayfiyat kechagi kunga nisbatan bir qadar barqarorlashgan esa-da, modern she’r muxlislarining soni baribir, judayam ozchilikni tashkil qiladi. Raqamning «kambag‘alligi» modern she’rni tushunish o‘quvchidan xos bir adabiy tayyorgarlik, xos bir badiiy did taqozo etishiga ham bog‘liq, albatta. Hatto aytish mumkinki, adabiyot-san’atga qaysi bir jihatdan bevosita aloqasi bo‘lgan o‘quvchigina bugungi modern she’rning chin muxlisi. Odatda, talabning cheklanganligi taklifning kamtaronaligiga, yetarli miqdorda ommaviylashmasligiga olib keladi.
Ikkinchisi ichki omil bo‘lib, shoir shaxsi, bu shaxsning qismati bilan bog‘liq faktordir. Shoir bo‘lib tug‘iladilar, degan naql yuradi. Bu gapda hikmat bor. Chunki shoirlik, bu — haqiqatan ham qismat. Kishi shoirtabiat bo‘lib tug‘ilishi va andak adabiy ta’lim orqasidan binoyidek she’rlar mashq qilishi, hatto el og‘ziga tushishi mumkin. Aslida shunday shoirlar ham kerak. Hammaning birdek «daho» bo‘lishi mumkin ham, shart ham emas. Biroq san’atda navoiylar bu tariqa paydo bo‘lmaydi. Navoiylarga fitratining shoirtabiatliligidan tashqari qismatining ham ayricha — chinakam ijodkornikiga monand bo‘lmog‘i zarur. Ulug‘ dard, mislsiz muhabbat, taskinsiz ulkan yo‘qotishlar, azim ruhiy evrilishlar, tuganmas iztiroblar… mana nimalar havodek kerak Katta Shoirga, Ulkan San’atkorga!.. Biroq kechirasiz, bu yog‘i endi peshona… Odam buyurtma berib baxtsiz bo‘la olmaydi, ataylab o‘zini-o‘zi ruhiy qiynoqlarga, iztiroblarga, o‘pqondek yutib kelguvchi dard-munglarga giriftor eta bilmaydi… Qismat… Shuning uchun ham oramizda iste’dodlar ko‘p bo‘lishiga qaramay, daholar kamyob… Iste’dodning daho san’atkorga «aylanmog‘i» uchun ana shu do‘zaxiy azoblarni kechib o‘tishi va eng muhimi, tegirmondan butun chiqmog‘i shart! Ha-ha, shuncha evrilishlardan so‘ng ham botinida o‘z insonlik sha’nini butun saqlab qololgan iste’dodgina yana bir qadam ilgari tashlaydi – Ulkan San’atkorgina yozishi mumkin bo‘lgan durdonalarni yarata boshlaydi. Mana, nima uchun hammamiz binoyidekmiz-u, oramizda navoiylar ko‘rinmaydi…
Jubert yuqorida eslangan kitobida Masset ismli muallifning 1835 yilda yozilgan «May kechasi» deb nomlangan she’rini keltiradiki, nazarimda u ruhan aytilganlarga monand tushadi:

Ishq to‘la ko‘ksidan oqar edi qon:
Dengizlar ustida behuda uchdi,
Sohillar bo‘sh edi, bo‘sh edi ummon.
Nihoyat panjasin ko‘ksiga sanchdi…
Keltirdi yuragin polaponlarga.

Toshga yastangancha ojiz saqoqush
Bo‘lasha boshlarkan so‘ngra parchani,
Ulug‘ muhabbat-la qismat achchig‘in
Bostirib qo‘ygandek sezardi o‘zni.
Va qonli to‘shiga boqardi bot-bot
Zavqdan va shafqatdan, dahshatdan sarxush…
(tarjima bizniki — U.H.)

Yana-da ko‘p iztirob chekib yashagan shoir ham o‘z hayotini asarlar tariqasida qonga tashna o‘quvchilarga mana shu tarzda arg‘umon etadi, deydi frantsuz olimi she’rni tahlil etarkan. Albatta, bu misolda kimdir ortiq darajadagi mubolag‘ani ko‘rar, kimdir boshqa fikr aytar, lekin, nima bo‘lgandayam haqiqiy shoir-ijodkor taqdiri ba’zan chindanam saqoqush qismatini yodga soladi. Shu ma’noda oramizdan navoiylarning potrab chiqib turmaganining sabablaridan biri — saqoqushning achchiq qismatidek qismatni kamdan-kam, noyobdan-noyob ijodkor o‘ziga ravo ko‘rishidadir. Bas, shunday ekan, haqiqiy shoir, umuman, san’atkor bu — avvalo, Ulug‘ Dardmandki, men unga havas qilishdan, sharafiga sanolar o‘qishdan oldin dardiga Yaratgandan shifo tilagan bo‘lardim. Ha, chinakam shoirlar (e’tibor bergan bo‘lsangiz, butun suhbatimiz davomida men «san’atkor», «ijodkor», «shoir» so‘zlari oldiga «chinakam», «haqiqiy» degan sifatlarni bot-bot qo‘shib qo‘yishga majbur bo‘ldim, o‘ylaymanki, izohga hojat yo‘q!) oramizdagi eng kasalmand, «sog‘lar orasidagi nosog‘» kishilarkim, ularning dardi haqiqatan ham olamning dardi, odamning dardidir. Ularga hasad qilish esa, ko‘rinadiki, har qanday sog‘lom mantiqdan yiroq axmoqona va razilona ishdek tuyuladi menga.

Umarali NORMATOV: — Adabiyot tarixidan ma’lumki, hech qaysi adabiy oqim, ijodiy metod ijodkorga imtiyoz, afzallik huquqini bermaydi. Oxir-oqibat ijodkorning iste’dod darajasi, zakovati, ijoddagi omadi, badiiy ixtirosi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Hozirgi modern she’riyatning, modern shoirlarning unchalik mashhur emasligidan ko‘pam tashvishga tushavermaslik kerak. Har holda mening kuzatishimcha, modern she’riyatga munosabatda muayyan o‘zgarish bor, ixlosmandlar keyingi 4-5 yil davomida sezilarli darajada ko‘paydi. Qolaversa, modern she’riyatning o‘zi yuqorida aytilganidek, betinim o‘zgarib-yangilanib, takomillashib, o‘quvchi-she’rxonga yaqinlashib boryapti, hali bizda modern she’riyatning imkoniyatlari to‘laligicha namoyon bo‘lgani yo‘q. Shunga qaramay, bugungi kunda uning Abduvali Qutbiddin, Faxriyor, Bahrom Ro‘zimuhammaddek tan olingan iste’dodli namoyandalari borligining o‘zi katta gap! Bular va ularning o‘nlab izdoshlari o‘zbek milliy modern she’riyatining ertasiga katta umid uyg‘otadi.

Ulug‘bek HAMDAM: — Domla, negadir menga Abduvali Qutbiddin va Faxriyor bilan Bahrom Ro‘zimuhammad she’riyati o‘rtasida ildizli tafovut borga o‘xshaydi. Birinchi ikki shoir an’ana doirasida, an’ana zaminida turib modernistik kashfiyotlarga intilayotgan bo‘lsalar (sizning yuqorida «sof modern» ko‘rinishidagi deyarli barcha asarlar qa’ridan aks-sado berib turgan qadim ayolg‘u navolarini tuyib-eshitib turasiz, deganingiz bejiz emas), Bahrom Ro‘zimuhammad ijodiyoti ko‘proq modernistik sohil tomonida kabi. Chunki Abduvali Qutbiddin va Faxriyorga dunyoni boshi va oxiri mavjud bus-butun olam o‘laroq ko‘rish xos, binobarin, ular yaratayotgan badiiy dunyo izchil mantiqiylikka, uzviy davomiylikka asoslangan bo‘lsa, Bahrom Ro‘zimuhammad «dunyosi»ning haqiqatan ham «oyog‘i osmonda». Uning she’rlari Faxriyor va Abduvali Qutbiddin asarlarda aks etgan «butun dunyo»ning sochilib ketgan siniqlaridek taassurot qoldiradi. (Axir modernizmning mohiyati aynan inson ruhiyatidagi darzlar orasida yashiringan-ku!) Bu o‘rinda gap qaysi she’riy yo‘lning ustun yo pastligida, yaxshi yo yomonligida emas, aslo! Masalani hech qachon bunday qo‘ymaslik kerak. Gap shoirlarning fitratiy o‘ziga xosligida, dunyoni estetik badiiy idrok etishidagi ayrichaligida. Hech shubha qilmaymanki, agar shoir chinakamiga iste’dodli bo‘lsa, har qanday yo‘sinda go‘zal, g‘oyat go‘zal ash’or bita oladi. Binobarin, badiiy tafakkurning realistik bosqichi ham, modernistik bosqichi ham, jumladan, ularning o‘ziga xos sintezi bo‘lmish modernistik realizm (Faxriyor, Abduvali Qutbiddin kabi yana ko‘plab shoirlarimiz shu uslubga yaqinroq) bosqichi ham yuksak san’at namunalarini berishga qodirdir. Ha-ha, shoirning kuchi uning qaysi «izm»ga mansubligida emas, balki shu «izm» zaminida turib, nima va qanday yoza bildi, gap shunda! Va yana shunday o‘ylar meni hech tark etmaydiki, XX asr o‘zbek an’anaviy she’riyati bergan «Kishan kiyma, bo‘yin egma, Ki sen ham hur tug‘ilg‘onsen!» (Cho‘lpon), «Chuvaladi o‘ylarim sensiz, Xayolimga taroq urgayman. Mening qo‘lim yetmagan yulduz, Tushlarimda seni ko‘rgayman» (A. Oripov), «Uyg‘on ay malagim, tur, o‘rningdan tur, Otashin muzlarda isinaylik, yur!» (R. Parfi) kabi o‘zining o‘lmas misralarini hali yarata bilganicha yo‘q. Biz «modern she’r tabiati sal boshqacha bo‘ladi, unga bu yanglig‘ talablar qo‘yib bo‘lmaydi» degandek o‘nlab-yuzlab vaj-karson ko‘rsatmaylik, baribir, adabiyotning san’atlik xususiyatini unutmasligimiz lozim. U bizning estetik dunyomizni titratib yuboradigan asarlar bergandagina chinakam badiiy hodisa haqida fikr yuritishimiz mumkin.

Umarali NORMATOV: — Modern she’riyatimiz rivoji oson va silliq kechayotgani yo‘q, albatta. Uning rivoji yo‘lida jiddiy qiyinchilik, kamchiliklar, turfa og‘ishlar mavjudligi hech kimga sir emas. Bu yangi adabiy jarayon oqilona tanqid, xayrixohlik ruhidagi bahs-munozaralarga nihoyatda muhtoj. Ana shunday bir vaziyatda hech qanaqa aniq dalil, ilmiy tahlillarsiz bu yo‘nalishdagi she’rlardan burun jiyirish, uni quruq rad etish hollariga duch kelayotirmizki, bundan afsuslanmay ilojingiz yo‘q. Modern she’riyat tanqidi hozirgi bu yo‘nalishning «o‘zbek ma’naviy muhiti»ga nomuvofiqligi, matnda «tinish belgilariga amal qilmaslik», nazm tuzilishining «qoida-qonun»lariga, nazariyaga mos tushmasligi, fikr-g‘oyaning mavhumligi xususidagi quruq nolishlardan nariga o‘tmayapti.
Nihoyat har qaysi adabiy-badiiy oqimda bo‘lgani kabi ijodkor shaxsi, darajasi, uning ijodiy jasorati, modern she’riyatning buguni va ertasini belgilaydi. Bu yo‘nalishda qalam tebratayotganlar aychayin bir havaskor qalamkashlar emas, ular orasida milliy va jahon adabiyoti, san’ati tarixi hamda bugungi kunidan chuqur xabardor yetuk ijodkorlar borligidan cheksiz quvonaman. Bu she’riyat ustida so‘z ochadigan, bahs yuritishga chog‘langan munaqqid o‘z saviya-darajasini ularning bo‘yi-basti bilan bir bor solishtirib olsa zarar qilmasdi.

Ulug‘bek HAMDAM: — Xo‘sh, shu choqqacha bahsini yuritganimiz modernizmning o‘zi nima? U qachon va qanday paydo bo‘lgan? Modernizmni bir necha xayolparast san’atkorlar «bekorchilik»dan o‘ylab topganlarmi? Yoxud tabiiy bir jarayon sifatida hayotimizga kirib kelganmi? Uning an’anaviy oqimlar, xususan, realizmdan nima farqi bor? Modernizmni realizm o‘rniga kelgan va uni (realizmni) o‘z hayot hujayralarini butunlay sarflab bo‘lgan oqim o‘laroq «iste’mol»dan chiqarib tashlashga qodir yo‘nalish deya olamizmi? Balki uning sajiyasida kompromisslik xususiyati ustundir?..
Bu va buning kabi yuzlab savollar tug‘ilishi tabiiy hol, albatta. «Jahon adabiyoti» jurnalining 2001 yil noyabr sonida rus olimi Aleksandr Genisning «XX asrning yetakchi uslubi» nomli maqolasi va ulkan ruhiyatshunos olim K. G. Yungning «Pikasso» otlig‘ essesidan yuqoridagi savollarning ayrimlariga javob topgandek bo‘lasiz. Genis yozadi: «Tarix vaqt bilan hisoblashmaydi, biroq bizlar solnomaga nazar solmay ish yurita olmaymiz. Ortga nazar tashlar ekanmiz, modernizm tarixning qaysi pallasidan boshlanganini bilib olamiz.
Londondagi mashhur ikki badiiy muzey jamoasi yaqinda ana shunday muammoga duch keldi. Ular o‘z xazinalaridagi san’at asarlarini o‘zaro taqsimlab olishlariga to‘g‘ri keldi: natijada Milliy galereyaga mumtoz tasviriy san’at asarlari, Teyt galereyasiga esa zamonaviy ijodkorlarning asarlari nasib etdi. Bu borada 1900 yil chegara chizig‘i vazifasini o‘tadi. Bu chegara chizig‘i har qancha bahsli va shartli bo‘lmasin, nafaqat taqvimiy, balki mantiqiy haqiqatga yaqinligi bilan ham e’tiborni tortadi. Biz modernizmni o‘tgan asr bilan tengdosh hisoblay turib, ham tarixan, ham badiiy jihatdan adolatli ish tutgan bo‘lamiz».
Modernizmning mohiyati haqida fikr yuritarkan, olim modernizmgacha san’atda vositalargina o‘zgartirib kelingan bo‘lsa, modernizm «tadqiq qilinayotgan ob’ektning o‘zini tamomila yangilagani»ni ta’kidlaydi. «Nitsshening «hech qanday faktlar mavjud emas, balki ularning talqini, in’ikosigina bor» degan aqidasini dastak qilib olgan modernizm muallifning tasavvuridagina mavjud voqelikning turli talqinlari, dunyoni turli sub’ektivizmlarning kurash maydoni sifatida aks ettira boshladi», deb yozadi yana olim.
Yung esa modernistik san’at mohiyatida ruhiy xastalikni ko‘radi. U bunday xastalikka chalingan kishilarni ikki guruhga ajratadi: «Bular nevrotiklar va shizofreniklar. Birinchi guruhga mansub (kishilar) sintetik xarakterdagi kuchli va yaxlit tuyg‘uga yo‘g‘rilgan suratlar chizishadi… Ikkinchi guruh, aksincha, shunday suratlar chizadiki, bu suratlar ularning mualliflariga hissiyot begona ekanini ko‘rsatib turadi. Ular har qanday hollarda yaxlit uyg‘un tuyg‘uni emas, balki, aksincha, qarama-qarshi kechinmalarni yoki ularning umuman yo‘qligini ifodalaydi. Bu suratlarning badiiy shaklida esa siniq chiziqlarda aks etgan tanazzul, inqiroz kayfiyati ustivorlik qiladi va bu o‘z navbatida ijodkorning ruhan bo‘linganini, ya’ni o‘zini boshqa odam deb fahmlashini bildiradi. Suratlar tomoshabinga yoqmaydi yoki aqlga to‘g‘ri kelmaydi, tajovuzkor ruhdaligi va beo‘xshov nosamimiyligi bilan unda qo‘rqinchli taassurot qoldiradi. Pikasso ana shu ruhiy (psixologik) tipga mansub» (Ahmad Otaboy tarjimasi).
Bunday qarash modernizmning kelib chiqishida ijtimoiy-psixologik faktorning dominant mohiyatiga urg‘u beradi. Chindanam XX asrga kelib insonning turmushi tsivilizatsiya oqibatida misli ko‘rilmagan darajada murakkablashdi, odamlarning o‘zaro ruhiy munosabatda bo‘lish imkoni toraydi, bunday ehtiyoj – ruh hayoti insonning ichiga hibs etildi, natijada ruhiy iztirob tug‘ildi, ruh kasallikka chalindi… Nazarimda modernizmning ruhiy-psixologik asosi shu nuqtadan boshlanadi.
Darhaqiqat, insoniyat hayotiga modern ruhning kirib kelishi asrlar davomida shakllanib-turg‘unlashib qolgan dunyoqarashni ostin-ustin qilib yubordi. Modernizm shunday mohiyatga ega ediki, u eng an’anaviy, eng mumtoz shakllar, tushunchalar bag‘riga ham hech tortinmay, hech ikkilanmay yorib kiraverdi. Modernizm bu – XX asrga kelib, insoniyatning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-ma’naviy sohadagi yoppa taraqqiyoti tufayli onglarda sodir bo‘lgan ulkan o‘zgarish – tafakkur tarzimizdagi yangi bosqich. U davrning umumiy, universal kayfiyati. U realizmga qarshi emas, balki realizm zaminida (materialida) barpo etilgan zamonaviylikning yangi qasri. Istilohning lug‘aviy ma’nosiga («modern» frantsuzcha «yangi», «zamonaviy» degani) e’tibor beradigan bo‘lsak, «modernizm tug‘ilishga tug‘ildi-yu, biroq endi o‘lmasa kerak!» deging keladi. Mantiqan olganda har qanday davr endi o‘z kayfiyatini aks ettirgan yangidan-yangi, zamonaviydan-zamonaviy asarini modern asarlar deb ataydi… Demak, modernizm hech qachon eskirmas ekan-da, degan o‘y ham keladi, ba’zan xayolga. Biroq ertangi kun hamisha o‘z bag‘rida kutilmagan sirni yashirib turishi bilan qudratlidir. U «bugun»ga nisbatan ancha erkin. Kelajakning bizning tasarrufimizdagi foizi unchalik katta emas. Binobarin, biz «modernizm mangu, modernizm hech qachon o‘lmaydi!» deganga o‘xshash hayqiriqlardan tiyilganimiz ma’qul. Agar modernizm mohiyatida biz faqat dunyoga yangicha qarash, uni o‘z davri darajasida badiiy his va idrok etishni tushunsak, ha, u abadiydir. Biroq modernizmni XX asr avvalida yomg‘irdan so‘ng potrab chiqqan qo‘ziqorindek ko‘paygan qismlari – kubizm, syurrealizm, abstraktsionizm, ekspressionizm, futurizm, dadaizm, giperrealizm, ridjionalizm kabi «izm»larning yig‘indisi sifatida tushunsak, ha, u ham tug‘ildi va umrini o‘tab bo‘layozdi (yuqorida nomlari keltirilgan «izm»larning aksari bir necha o‘n, hatto bir necha sanoqli yil «yashab», o‘rnini navbatdagi oqimga bo‘shatib berganligi adabiyotshunoslik tarixiga oid materiallardan ma’lum!). Nazarimda ushbu masalaga oydinlik kiritishga qodir yolg‘iz hakam – Vaqt! Chunki ahli bashar axborot asriga qadam qo‘ymoqda. Bu ham turmushni misli ko‘rilmagan darajada o‘zgartirib yuborishi, natijada insonning dunyoni estetik-badiiy jihatdan qabul qilishida yana-da keskinroq burilishlar yuz berishi hech gapmas… Mana, «izm»lar qanday va qayerda o‘zgaradi!.. Mana, nega biz modernizm mohiyatini to‘la tushunib-tushuntirib berolmasligimiz yetmaganidek, uning qancha umr ko‘rgani va yana qancha yashashi mumkinligi to‘g‘risida tayinli gap aytolmasligimizning sababi…

2001 yil dekabr – 2002 yil fevral, Toshkent.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2002 yil, 12-son