Sichqon, qarg‘a, qurbaqa va kiyik do‘stligi

Bir katta chorbog‘da sichqon, qarg‘a va baqa yashar edilar.
Bir kun bular sichqonning rahbarligida to‘planib, majlis qilibdilar. Majlisda sichqon ittifoqlikning foydasi va yakka-yolg‘izlikning zarari haqida so‘zlab, tushuntiribdi. Ayni majlis qizigan paytda bir kiyik orqasidan ovchi quvgan holda bularga qarab, ho‘ngrab kelayotganini ko‘ribdilar va darhol kiyikni bir bog‘ o‘tning orasiga yashiribdilar, sichqon yerning yorig‘iga, qarg‘a daraxt uchiga uchibdi, qurbaqa suvga kirib yashirinibdi. Daraxt ustida o‘tirgan qarg‘a ovchining sarson bo‘lib, qaytib ketayotganini ko‘rgach, o‘rtoqlarini chaqiribdi:
— Bekingan joylaringdan chiqaveringlar, ovchi ketdi, — debdi. Ular yana to‘planishibdilar. Kiyik esa o‘zini ovchi qo‘lidan qutqargan o‘rtoqlariga tashakkurlar bildiribdi va o‘zini saflariga olishni iltimos qilibdi.
Men yolg‘izman, ovchilar meni har vaqt xavotirga soladilar, debdi. Kiyik talabi qabul bo‘libdi. Sichqon birlikning ahamiyatini unga tushuntiribdi. Shunday qilib, to‘rt o‘rtoq do‘stlikda yashayveribdilar.
Bir kuni kiyik o‘rtoqlaridan adashibdi-da, boshqa bir ovchining qopqoniga ilinibdi. Bundan xabardor bo‘lgan ovchi kiyikni darhol tutib, daraxtga bog‘lab qo‘yibdi. O‘zi yana ovga ketibdi. Bu sirdan faqat daraxtda turgan qarg‘agina xabardor edi. U daraxtdan tushib, voqeani sichqon bilan baqaga aytibdi. Sichqon qarg‘a bilan kiyikni qutqarishga bormoqchi bo‘libdilar. Qurbaqani qoldirmoqchi bo‘libdilar. Chunki ovchi quvganda qocha olmay qo‘lga tushishi mumkin edi. Sichqon oldin, qarg‘a keyin o‘rtoqlarini qutqarmoqchi bo‘lib yo‘lga tushibdilar. Ular endi yetganda, orqadan qurbaqa ham sudralib borayotganini ko‘ribdilar. Sichqon bilan qarg‘a qurbaqaga nasihat qilib, orqaga qaytishini so‘rabdilar. U qaytmasdan:
— Men ham kiyik o‘rtog‘imni qutqarishga boraman, — debdi. Sichqon bilan qarg‘a kiyik oldiga yetib boribdilar. Qarg‘a daraxt ustida uchib chiqib, ovchini kuzatib turibdi. Sichqon esa kiyik bogflangan arqonni kemirib tashlabdi. Shu soatda ovchi kelib qolibdi. Ular qochibdilar, qurbaqadan boshqasi qutulibdi. Ovchi quruq qaytmayin, deb baqani ushlab to‘rvasiga solib, uyiga ravona bo‘libdi. Qutulgan do‘stlar to‘planib, baqani qutqarish maslahatini ko‘ribdilar. Bularga sichqon shunday yo‘lni o‘rgatadi:
— Kiyik, sen yolg‘ondan cho‘loq bo‘lasan, qarg‘a sening boshingga qo‘nib, yolg‘ondan ikki ko‘zingni cho‘qib boraveradi. Ovchiga yaqinlashganda, bu holni ko‘rgan ovchi darhol kiyikni tutaman deb, qurbaqani tashlab senga yuguradi. Shu payt men borib, qurbaqa yotgan xaltaning ipini qirqib, uni qutqaraman. Sichqon aytgan reja ijro bo‘libdi. Qurbaqa qutulibdi. Ovchi esa bular tomonga sira kelmas bo‘lib, boshqa tomonga yo‘l solibdi.
Yovdan qutulgan to‘rt do‘st birga o‘z vatanlari boqqa omon-eson qaytibdilar. Sichqon ko‘p tashakkurlarga sazovor bo‘lib, maqsadiga yetibdi.