Serkaboboning hiylasi

Bor edi-yu, yo‘q edi, och edi-yu to‘q edi. Qadimgi zamonda qari bir serkabobo bor edi. Uning o‘g‘il-qizlari, nevara-chevaralari mingdan oshiq edi. U tog‘ etagidagi keng yaylovda o‘ynab-kulib, tinchgina yashar edilar.
Kunlardan bir kuni bir och bo‘ri bularning daragini eshitib, keldi. Bo‘ri sekin toqqa chiqib, toshlarning orqasidan mo‘ralab qarabdi.
— Bay-bay-bay, hammasi ham bir-biridan semiz. — Bo‘ri og‘zining suvini oqizib, qorni ochib, nafsi hakalak otib turgan bo‘lsa ham zo‘rg‘a o‘zini to‘xtatib, aytibdi:
— Shoshilish kerak emas. Hozir birortasini tutib olsam, boshqalari qochib ketadi. Yaxshisi, avval panaroq joydan bir uy topay: kunduzi uydan chiqmay, bekinib yotay, kechalari ovga chiqay, shunday qilib, bu ahmoq echkilarni yeb yuray.
Oradan bir hafta o‘tmay, bo‘rining hiylasi bilinib qoldi. Echkilar serkaboboning uyiga yig‘ilib, majlis qildilar. Bo‘rining ustidan arslonga arz qilib, yordam so‘ramoqchi bo‘ldilar. Bu vazifani bajarish uchun serkabobo va yana bir echkini vakil qilib sayladilar. Majlis yopilishi bilan vakillar arslonning uyiga qarab yo‘l soldilar. Ular kechgacha yurib, kun botganda yetib bordilar. Haybatli arslon mo‘ylovini burab, uyida yolg‘iz o‘tirgan edi. Vakillar qo‘l qovushtirib, salom berib kirdilar.
— Nima ish bilan keldingiz? — deb, asrlon qovog‘ini solib so‘radi. Serkabobo yig‘lamsiragan tovush bilan arz qildi:
— Men bir mo‘ysafid, duogo‘yingizman, yoshim yetmishdan o‘tdi. Siz podshohimiz davlatingiz soyasida mana shu tog‘ etagidagi yaylovda bola-chaqalarim bilan tinchgina yashar edim. Yaqindan beri bir zolim bo‘ri paydo bo‘lib, har kecha bolalarimni o‘g‘irlab ketadi. Siz podshohimiz shu o‘g‘rining jazosini berasiz, deb arz qilib keldik.
Arslonning jahli chiqib, sochlari tik bo‘ldi:
— Qaysi dovyurak mendan qo‘rqmay fuqarolarimga zulm qilar ekan? Yuringlar, hozir borib jazosini beraman, — deb irg‘ib turdi. Vakillar arslon bilan birga yaylovga qarab yo‘l soldilar. Kecha oydin edi. Tog‘dan o‘tganda, echkilarga qarab ketayotgan bo‘rini ko‘rdilar. Arslon bir yugurib, bo‘riga yetdi-da, qornini yorib tashladi. Serkabobo o‘z hamrohi bilan xursand bo‘lib, bu yaxshi xabarni bolalariga yetkazishga shoshildi. Ertasi, tong otib, hali kun chiqmagan edi. Arslon kelib, hamma echkilarni bir joyga to‘plab aytdi:
— Men kecha bo‘rini o‘ldirib sizlarni oiimdan qutqardim. Shu katta xizmatimning evaziga har kun ertalab bir echkini nonushtam uchun uyimga yuborib turinglar. Agarda bo‘yin tovlab yubormasangiz, bir kechada hammangizni o‘ldiraman.
Echkilar nima javob qilishni bilmay bir-birlariga qarab, hayron bo‘lib qoldilar. O‘rtadan Serkabobo turib, “xo‘p”, dedi va har kuni bir echkini yetkazib berishga va’da berdi. Arslon “xamir uchidan patir”, deb bir semiz echkini haydab ketdi.
Echkilar yana to‘planib, maslahat qildilar. Arslonni yo‘qotish uchun hech qanday chora topolmay, kechalab uzoq bir joyga qochib ketishga qaror qildilar. Serkabobo oppoq, uzun soqolini tutamlab uzoq o‘ylagach, bolalariga aytdi. Bu kecha ham sabr qilinglar, ilojini topmasak, ertaga qochib ketamiz. Echkilar tuni bilan qolib, butun kechani qayg‘u bilan o‘tkazdilar. Serkabobo ertalab turib, arslonning uyiga jo‘nadi. Yo‘lda bir-ikki soat dam olib, kechroq yetib bordi. Arslon nonushtaga echkining kech qolishidan g‘azablanib o‘tirgan edi.
U Serkaboboni ko‘rgach, baqirib yubordi:
— Nimaga kech kelding?
Serkabobo shoshilib javob berdi:
— Men ertalab bir semiz echkini olib kelayotgan edim. Sizga o‘xshash bir katta arslon yo‘limizni to‘sib, qayerga borishimizni so‘radi. Men sizga bergan va’damni, ham shu va’daga asosan haligi echkini olib kelayotganimni aytdim. Bu so‘zdan uning achchig‘i kelib:
«Bu yerda mendan boshqa podshoh yo‘q. Har kuni ertalab nonushtalik echkini mening uyimga olib bor”, — deb bizni haydab ketdi. U uyini ko‘rsatib menga javob berdi. Sizga olib kelayotgan sherigimni olib qoldi. Shuning uchun xizmatingizga kech qoldim. — Arslon bu so‘zni eshitgach, o‘tdek yondi, ko‘zlari qonga to‘ldi:
— Yur, uyini menga ko‘rsat, podshohligini ko‘rsatib qo‘yaman, — deb Serkabobo bilan yo‘lga chiqdi. Yo‘l bo‘yida juda chuqur quduq bo‘lib, Serkabobo arslonni haligi quduq boshiga olib borib, “Dushmaningiz mana shu yerda”, deb ko‘rsatdi. Ikkovlari quduq ichiga qaradilar. Arslon o‘zining ham, Serkaboboning suvratini suvda ko‘rib, echkini olib qo‘ygan arslon deb o‘yladi va o‘zini quduqqa tashlab yubordi. So‘ngra, Serkabobo:
— Qalaysiz, podshohim? Echkining go‘shti shirinmi? — deb qattiq kulib yubordi-da, bolalarining oldiga qaytib ketdi va tinch yashay boshladilar.