Maymun bilan to‘tiqush

Bor ekan, yo‘q ekan, och ekan, to‘q ekan, bo‘ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan, qarg‘a qaqimchi ekan, hakka hakimchi ekan, chumchuq chaqimchi ekan. Avvalgi zamonda bir g‘orda maymun bolalari bilan yashar ekan. Shu g‘or yonida to‘tiqush ham o‘z bolalari bilan yashar ekan. Maymunning bolalari bilan to‘tiqushning bolalari birga o‘ynar ekanlar. Maymun bolalariga:
Sizlar to‘tining bolalari bilan o‘ynashmanglar, ovchilar kelib ularni ushlaganda, sizni ham ushlab ketadilar, — der ekan. Shunday bo‘lsa ham maymun bolalari bunga quloq solmay, to‘ti bolasi bilan o‘ynar ekanlar.
Kunlarning birida ovchilar kelib qolibdi. Maymunning bolalari g‘orning ichiga kirib qochibdilar. Ular to‘ti bilan uning bolalarini ushlab olibdilar. Maymun bolalarini olib, boshqa yoqqa qochibdi. Ovchi qo‘lidagi qafasda borayotgan to‘ti bolalariga yolg‘ondan o‘lishni buyuribdi. To‘ti bolalari o‘lganday bo‘lib shalpayib yotaveribdilar. To‘ti ham shunday qilibdi. Ovchilar qafasdagi to‘tilarga qarab, ularni o‘lgan deb xayol qilishibdi va o‘sha zamon qafasni ochib, to‘tini bolalari bilan olib tashlashibdi. Ovchilar uzoqlashganda to‘tilar uchib ketaveribdilar. Ular o‘rmonga borib, o‘sha maymun bilan uchrashibdilar. Har ikkovlari maslahatlashibdi. To‘ti daraxtning boshida, maymun tagida yashay boshlabdilar.
Bir kun bir ovchi kelib, to‘tini ushlash uchun daraxt tepasiga chiqa boshlabdi. Buni sezgan maymun ovchining ketidan chiqib, oyog‘ini qitiqlabdi. Ovchi tushavermaganidan keyin epchillik bilan ro‘parasiga o‘tib olib, changal solibdi, ko‘zini chiqaribdi. Ovchi yiqilib tushibdi. To‘tiqush omon qolibdi.
Kunlarning birida to‘tiqush osmonda maymunlarga qarab, uchib kelayotgan burgutni ko‘rib qolibdi. U oldinroq uchib tushib, maymunga xabar qilibdi. Maymun bolalarini olib, g‘orga qochibdi. Burgut hech kimga ziyon yetkaza olmay qaytib ketibdi.
Mana shunday to‘tiqush bilan maymun do‘stlashib yashay boshlabdilar.