Kiyik bilan tulki

Tog‘dan tog‘ga sakrab, o‘ynab yurgan kiyik, cho‘llab, suv axtarib, chopib pastga tushibdi. Kiyik yugurib borib, o‘rmon ichiga o‘zini urib, bir chuqurlikda bo‘lgan buloqqa o‘zini tashlabdi. Kiyik chuqurdagi buloq suvidan qonib-qonib ichibdi. Suvni ichib bo‘lgach, atrofga qarasa, chuqurlikda turgan emish. Irg‘ib, sakrab ko‘ribdi, chuqurlikdan chiqa olmabdi. Shu paytda kiyikning bu holini bir tulki uzoqdan kuzatib turgan ekan. U yugurib, chuqur tepasiga kelib, kiyikka qarab, bir qah-qah urib kulibdi.
Chuqurda turgan kiyik tulkiga qarab:
— Nima uchun kulasan? — deb so‘rabdi. Shunda tulki:
— Bu chuqurga tushishdan oldin qanday qilib undan chiqish yoiini o‘ylashing kerak edi! — debdi.