Omon Muxtor (Muxtorov Omon Sulaymonovich) 1941 yil 16 iyulda Buxoroda tug‘ilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1991). ToshDU filologiya fakultetining jurnalistika bo‘limini tugatgan (1964). «Chorlar quyoshli yo‘llar» (1966), «Ohang» (1974), «Yog‘du» (1979), «Marvarid» (1985), «Shiddat» (1990) she’riy to‘plamlar, «Nigoh» (1968), «Qushlar va tushlar» (1971), «Shaharlik kelinchak» (1973), «Hayot darvozasi» (1978), «Bolalikka sayohat» (1984), «Vazifa» (1988), «O‘lmagan jon» (1995) kabi nasriy asarlar muallifi. «Yillar shamoli» (1976), «Egilgan bosh» (1989), «Ayollar mamlakati va saltanati», «Ffu» (1997), «Aflotun» (1998), «To‘rt tomon qibla» (trilogiya, 2001) kabi zamonaviy va tarixiy mavzulardagi romanlari ham bor. Pesalari Xorazm teatrida sahnalashtirilgan («Bosh masala» va boshqa). O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati (2009), «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan (1997). 2013 yil 10 may kuni Toshkent shahrida vafot etgan.
ODAM VA OLAM
Odam yaratilgan boshdan toqatsiz,
Yugurib-elishga
go‘yoki mahkum.
Ko‘pchilik bardoshga goh layoqatsiz,
Halovatdan etar
o‘zini mahrum.
Asli, bu dunyoda bardoshdek buyuk
Tushunchaning o‘zi
yo‘qdir azaldan.
Goh go‘zal bo‘lsa-da yashamoq kuyuk,
Bu — kaltak yegandek
ayiq asaldan.
Ummonda ohista yuzgandek yelkan,
Shundan, qadrlayman
bardoshni doim.
Asragandek bo‘ldi yo‘limda kelgan
Telba holatlardan
meni Xudoim.
E’tibor bermadim umrim davomi
Men tomon otilgan
hatto har toshga.
Ota-bobolarning sokin kalomi
O‘rgatgandek bo‘ldi
meni bardoshga.
Tug‘ilmoq bor kabi barhaqdir o‘lmoq,
Ne ma’no, dunyoni
ko‘rmoqlik elas?
Qisqa bir umrda bardoshli bo‘lmoq —
Beparvolik emas.
Beg‘amlik emas.
* * *
O‘zimcha bir asr yashashga shayman
Va lekin emasman
hakim yo hakam —
Men yaxshi bilmayman. Aniq, yashayman
Xudo buyurgandan
na ko‘p va na kam.
Albatta, bandaga xos bo‘lgan holat —
Hayotga muhabbat.
Hayotdan mastlik.
Shu bois, ko‘ngilga solar malolat
Gohida ortiqcha
qismatparastlik.
Ammo kim qutulgan qochib qismatdan?
Bu gaplar “ku-ku”dek,
biz bir qumrimiz.
Ne bo‘lsin, elingga qilgan xizmatdan —
To‘qilishi kerak
bizning umrimiz.
* * *
So‘z sharafin topgan dunyoda odam,
Shundandir, yasholmas
ba’zan “sayroq”siz.
To‘pdek uchayotir Yer shari. Olam —
Oldinga yurolmas
qo‘lda bayroqsiz.
Lekin biz ko‘tardik ne “bayroq”larni?
Bu “bayroq”lar yashar
afsuski, hamon —
Afsuski, yo‘ldagi jo‘n “sayroq”larni
Haqiqat, deb bilar
ko‘p payt olomon.
Dunyo qancha ko‘rkam, shuncha xatarli —
Ojizdir barchani
baxtli etmoqqa.
Gohida bir gugurt cho‘pi yetarli
Er uchun lov etib
yonib ketmoqqa.
Men nima istayman? Yuraklar dog‘i
Yuvilsin. Jaholat
chekinsin yo‘ldan —
Muhabbat bayrog‘i, hayot bayrog‘i,
Ezgulik bayrog‘i
tushmasin qo‘ldan.
Elim! Bayrog‘ingni qo‘lda tut mahkam,
Yurtim! Bayrog‘ingni
balandroq ko‘tar…
Tunlarda bexosdan uyqu o‘chgan dam —
Shu gaplar ko‘pincha
ko‘nglimdan o‘tar.
TUShUNChA
Shart emas bir yerni qoralash,
Kuyunib yurakni poralash.
Ko‘rkam mamlakat ko‘p. Sharqu G‘arb! —
Tangalarda etilgandek zarb.
O‘ylash kerak o‘z hayotingni,
Kuylash kerak o‘z bayotingni.
Birovlarni yurmay yomon deb,
Bermoq kerak o‘z yurtingga zeb.
* * *
Tushunaman:
umr ozligi,
Kafolatning arzonligiga.
E’tiqodning boshdan rostligi
Yoki uning
yolg‘onligiga.
Inson uchun har bir tushuncha
Izlar ekan
o‘ziga sohil.
Bu fikrga yetib kelguncha
Kechdim uzoq
manzil-marohil.
Endi ayon:
ko‘ringan sohir
Hayotning biz
haqqin to‘lovchi.
Baxtiyormiz, aytgandek shoir, —
Va albatta
oddiy yo‘lovchi.
* * *
Biz ko‘rib turgandan tashqari
Daraxtlar, qushlar bor. Xayoliy.
Sirli bir olamning lashkari —
His etsang, ko‘rkamdir. Va oliy.
Shart emas ko‘milish oltinga,
Atrofda shu olam nafasi.
Hech qachon o‘lmaydi — oldinga,
Yuksakka intilish havasi.
Hech qachon o‘lmaydi, xayolda
Yashagan daraxtlar va qushlar.
Tinglasang, keladi, har holda,
Olisdan g‘aroyib tovushlar.
* * *
Sig‘magancha yurak ko‘ksimga,
Qoqqanida ko‘krak qafasin —
Uyda dasta rayhon ham menga
Keltiradi hayot nafasin.
El qatori yashagan banda,
Arzir tutsam boshimni baland —
Ne gullarni ko‘rdim gulshanda,
Ne gullardan bo‘ldim bahramand.
Lekin hatto dag‘al o‘tlar ham
Istamadim bo‘lishin payhon.
Yuragimga bir sevinch, bir g‘am
Yuklagandek oddiy shu rayhon.
YoMG‘IR ARQONI
Qo‘llarimda yomg‘ir arqoni,
Tortdim uni botib jiq terga —
Sen bir lahza qo‘yib osmonni,
Tushgin, deya yonimga. Yerga.
Yomg‘ir tindi. Arqon uzildi,
Sen ko‘rinding porlab, axiyri.
Garchi mening rejam buzildi,
Bo‘lib qoldim osmon asiri.
Endi o‘tar umrim to abad
Oyoq yerda, osmonda boshim —
Bu dunyoda menga muhabbat
Azobini bergan, quyoshim.
* * *
Yomg‘ir. Keyin, qor yog‘ar ezgin,
Sochilganu
qotgan kabi tuz —
Erda endi ola boshlar tin
Parcha-parcha
shakllangan muz.
Sen qaraysan deraza osha,
Bor kuchingni
ko‘zingda yig‘ib.
Senga kamdir qilmoq tomosha,
Kezish kerak
ko‘chaga chiqib.
Kelar sapchib o‘rningdan turging,
Ko‘kragingda
ammo bir sanchiq.
Ko‘chalarda kelar yugurging,
Oyoq osti garchi
sirpanchiq.
* * *
Nafis lablaringda, quyoshdan parcha
Engil tabassumning
gullari yonar —
Shu asno go‘yoki surinib parda,
Sening borlig‘ingda
Ayol uyg‘onar.
Endi qad tiklaysan unutib g‘amni,
Chekinib hayotdan
butun dag‘allik.
Sening timsolingda go‘zal olamni
Ko‘rmaslik, ehtimol,
bu — kambag‘allik.
GO‘ZALLIK
Azob bilan kelgan tushuncha:
Sal munosib
Hayotni qurmoq.
Qanotlaring sinib-tushguncha
Erdan bir oz
balandda turmoq.
Tortish kuchi Yerga xos xislat,
Tortib ketar
Yo‘l bersang, pastga.
Har qadamda qidirsang uzlat, —
Aylanasan
G‘urbatparastga.
Bizga yot bir dunyoda emas,
Shu dunyoda
Yovuz va ezgu.
Yiqilmasang, niyatga evaz
Ajdodlardan yetgan
Kuchdir bu!
* * *
Bilamiz,
Sinoning mangulik tomon —
Tirik paytidayoq yo‘l olganini.
Bir qism asarin tanisa jahon, —
Bir qismi ko‘p o‘tmay,
yo‘qolganini.
Bu ishga diqqatni bir oz qaratsa,
Hatto bolaning ham yetadi aqli —
Kim aziyat chekib nedir yaratsa,
Uning yaratgani
yashashga haqli.
Lekin biz bir umr yig‘ib o‘z mulkin —
Asrashga topganmiz
na kuch, na holat.
Shundan, ma’rifatga yonma-yon, mumkin
Ba’zan ustimizdan kulgan
jaholat.
* * *
Eshik ochiq. Deraza ochiq.
Hech kim xalal bermaydi yelga.
Chor atrofga go‘zallik sochiq,
Sen go‘zallik izlaysan. Telba.
Yo‘lga chiqsa, olam bepoyon,
Ko‘zing tushar gul kabi elga.
Hammayoqda go‘zallik shoyon,
Sen go‘zallik izlaysan. Telba.
Umring o‘tar shu ko‘yda, nahot,
Yurgan kabi tik qarab selga.
Izlagandek dunyoga najot, —
Sen go‘zallik izlaysan. Telba.
MAJNUNLIK
Bu daraxtlar qanday xushqomat!
Biz Layli, deb
Turar hovlida.
Men ularga qilsam xushomad
Ayb emasdir.
Oshiq holida.
Bilmagandan oshiqlik dardin,
Qancha qalblar dunyoda yaxlar.
Men olgandan majnunlik darsin,
Layli bo‘ldi
Nogoh daraxtlar.
Ular bilan, avvaldan kuyuk
Hayotimga kirdi intiqlik.
Endi yashar menda bir “buyuk”
Talabchanlik, deymi,
“Injiqlik”.
* * *
Bu dunyoda kamdir majnunlik,
Hayot ba’zan
birdek quyular.
Menga shundan, ortiq mamnunlik
Uyatsizlik bo‘lib
Tuyular.
O‘z-o‘zini emas,
odatda,
Birovni deb sevgi tug‘ilar.
Yo‘llarda duch kelgan ofatda —
Asranishi kerak
Tuyg‘ular.
* * *
Yo‘q hech bir so‘z. Yo‘q hech nido.
Ortiqcha rang yo jimjima.
Sizga jonim fido-fido,
Bu holatning ismi nima?
Eski dunyo, axir, kimlar
Ichmaganlar bu bodani?!
Ne qilardi, zo‘r hakimlar
Bir ko‘rsalar men-soddani.
Bosh aylandi. Ko‘zim tindi,
Sevib qilgan xatoyimdan.
Shafqat sizdan, lekin endi
Yolg‘iz panoh Xudoyimdan.
* * *
Kelsangiz-chi ertaroq,
Har dam yo‘lda qurmay dor.
Sizdan ko‘ra erkaroq,
Sizdan yaxshiroq kim bor?!
Sevgi degan tuyg‘udan
Shartmi alamga botish?!
Uning ishi uyqudan —
Odamlarni uyg‘otish.
* * *
Kim yonsami yo kuysa, go‘zal yori uchundir,
Bag‘rida talotumli hayot bori uchundir.
Umringdagi ming dardu alam garchi muhabbat,
U bo‘lmasa, ko‘zing qorayar, dori uchundir.
Tong qushlari sayrar gulu bog‘ ustida badmast,
Oshiq atalar nolasi ham zori uchundir.
Ey Sharq, seniki “Cho‘li Iroq”, deymi “Munojot”,
Dunyo tirilar ko‘ksidagi tori uchundir.
Yoringni tanib, sevgil Omonlikda hayotni —
Hattoki, uning yomg‘iriyu qori uchundir.
ALIShER NAVOIY G‘AZALIGA MUXAMMAS
Og‘am Anvar Yunusga
Garchi ko‘klam oldidan yomg‘ir, shamol o‘ldi yana,
Garchi umrimning butun mulki xayol o‘ldi yana,
Garchi dunyo qaytadan menga savol o‘ldi yana —
Boda tut, soqiyki, ayyomi visol o‘ldi yana,
Dast berdi shodlik, g‘am poymol o‘ldi yana.
Men edim bandi-asir kelgan alam davrindakim,
Ruhi yo‘q, qo‘ldan tushib ketgan qalam davrindakim,
Ko‘cha-ko‘yda sudralib yurgan tanam davrindakim —
May mudom ich, ul labi maygun sanam davrindakim,
Zuhd ila taqvo harom-u, may halol o‘ldi yana.
Ul sanamning izlari jonga davo bo‘lg‘on uchun,
Aytganu aytmas so‘zi ko‘ngilda jo bo‘lg‘on uchun,
Neki qismat yozmasin, bori ravo bo‘lg‘on uchun —
G‘amza birla ko‘zlari ayni balo bo‘lg‘on uchun,
Ushbu ma’nig‘a parishon, zulfi dol o‘ldi yana.
Uchragan har kimsaga dardin yorib erdi ko‘ngul,
Parcha-parcha ajralib, bundan horib erdi ko‘ngul,
Oqibat ko‘nglin topib, o‘zni qorib erdi ko‘ngul —
Xo‘blar ko‘yig‘a sayr aylar borib erdi ko‘ngul,
Kech kelurda anga, bilmon, kim zavol o‘ldi yana.
Sen omonlik istagan, angla, muhabbat nomi dil,
Bo‘lmagay dil senga rom, sen bo‘lmaguncha romi dil,
Keldimi baxt nogahon, kelgan nafasda shomi dil —
To labi jonbaxshidin topdi Navoiy komi dil,
Ey ajal, o‘lmak anga asru mahol o‘ldi yana.