Murod Kalonxon

BIR QALAM

O‘ltirarman tunda tanho, bir o‘zim ham bir qalam,
Yo‘q, demang tanho, nechunkim, menga hamdam bir qalam.

Dilginamninng dilkusho tuyg‘ularin boshdan oyoq,
Beg‘ubor oq qog‘oz uzra aylagay jam bir qalam.

Rahmi kelgandan chekib turgan azobimni ko‘rib,
Zar varaqni ashki birlan aylagay nam bir qalam.

Ne uchun do‘stimda siylab-siypalayman, aytmayin,
Men uchun qurbon qilur umrini har dam bir qalam.

Bas ekan sodiq qadrdonim, ani e’zozlagum,
Ey Kaloniy, bo‘lmasin hech men uchun kam bir qalam.

BO‘LMASIN

Do‘sti yo‘q olamda odam bo‘lmasin,
Bo‘lsa ham avvalda bu dam bo‘lmasin.

Dushmaning har qancha kamdir, shuncha ko‘p,
Do‘stlaring soni, biroq kam bo‘lmasin.

To‘yda ham, motamda ham do‘stlar kerak,
Do‘st ketib, ag‘yorlaring jam bo‘lmasin.

G‘am chekar bo‘lsang quyar chin do‘stlaring,
Kuymasin do‘stim desang g‘am bo‘lmasin.

Do‘stlaring qadriga yet, shod qil,
Hech qachon do‘stlar ko‘zi nam bo‘lmasin.

Dast ko‘targin sha’nlarin, obro‘larin,
Elaro hech boshlari xam bo‘lmasin.

Ey Kaloniy, sen g‘azalni yaxshi yoz,
To o‘qib do‘st ahli mulzam bo‘lmasin.

ABAS

Bemehr do‘st, bevafo yor birla kechgan dam abas,
Jabridan har ikkisining ko‘zdan oqqan nam abas.

Qay biridan qay birining zahri talx deb so‘ramagin,
Bemehrlik, bevafolik bir-biridan ham abas.

Bu jahonda eng abaslar ichra engin aytayin,
Do‘st-yor qalbingga solgan xoinona g‘am abas.

Besadoqat do‘stu yorning zahridan bir dil emas,
Yosh to‘kar osmon, nechunkim kurrai olam abas.

Ikkisin jabrini teng tortmoqqa toqat qaydadir,
Ey Kaloniy, gar alarni bir nafas ko‘rsam abas.