Kumush Abdusalomova (1996)

Kumush Abdusalomova 1996 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.
“Iste’dod maktabi” VII respublika yosh ijodkorlar seminari ishtirokchisi. 2015 yilda “Birinchi kitobim” loyihasi doirasida “Kuylamasam bo‘lmaydi” nomli she’riy to‘plami chop etilgan.

TAQIQ

Bizda arslonlarni bo‘lmaydi ovlab,
“Bizda arslon ovi qilingan taqiq!”
Ohularga tegmang, bechora,
Qarang, ko‘zlarida ko‘rinar hadik.

Qushlarni ovlamang, baliqlarni ham,
Tabiat yemrilib ketmasin sekin.
Bizda bitta xavf bor – xavfsiz, beziyon –
Faqat ko‘ngillarni ovlamoq mumkin!

AXTAM DEVONA

Axtam devonaning didiga qoyil!
Devona Mashrabdan g‘azal o‘qiydi.
Kuni, huv, tollarning tagida o‘tar,
Tolning chivig‘idan savat to‘qiydi.

Eski choponini egniga ilib,
Ko‘chadan o‘tadi qilib xirgoyi.
Bilmam, yolg‘izligi sabab bo‘libmi,
Qishloqda nom oldi jinni, savdoyi.

Hamma yaxshi tanir Axtamqul cholni,
Axtam devonani hamma taniydi.
Suv keltirib bersa, qanday yaxshi-ya!
O‘tinlarni yorib bersa qaniydi.

O‘ttiz yil haydagan traktoriga
Mehri tushib qolgan bo‘lsa kerag-ov.
G‘ildirak loyini silab yig‘ladi
Hujjatlarni so‘rab kelganda birov.

Tanishi yo‘qmikan borib aytgani,
Nega yum-yum yig‘lar kirib shu yoshga.
Axtam devonaning, Axtam jinnining
Tanishi yo‘q edi… Xudodan boshqa!

FOTOKO‘RGAZMADAN KEYIN

Bu dunyoning ko‘rgazmalarin
Ko‘zlarimga xato ko‘rgizma!
Bugun san’at galereyasi
Tashkil etmish fotoko‘rgazma.

Kimga nima? Bilmadim. Yurak
Chok-chokidan sitilgan edi.
Bunda surat ko‘rdim: ayolning
Og‘izlari tikilgan edi.

Pardoz go‘zal qilgan yuzingni
Qani endi yoshing bilan yuv.
Farang xonim buning o‘rniga
Jurnalistga berar intervyu:

“Juda yuksak baholash mumkin
Muallifning mahoratini…”
Men maqtovni eshitganim yo‘q,
Faqat… taqdir haqoratini.

Ko‘rgulik deb o‘qibman, uzr!
Ko‘rgazma deb bitilgan edi.
Bunda surat ko‘rdim: ayolning
Og‘izlari tikilgan edi.

Shu og‘izga ko‘kragin tutib
Ona sutin ichirmaganmi?
Shu tikilgan lablar qachondir
“Sevaman” deb pichirlaganmi?

She’r so‘raysiz. Daftarlarimning
Varaqlari titilgan edi.
She’r so‘raysiz mendan… O‘sha kun
Og‘izlarim tikilgan edi.

YoMON KO‘ZLAR

So‘zlar sening hamrohing bo‘lsin,
Lek gap-so‘zdan asrasin deysiz.
Ko‘zlarimga qaraysiz, keyin
Yomon ko‘zdan asrasin deysiz!

Eng chiroyli, eng uzun ertak,
Nima derdim, bizniki bo‘lsa?!
Tegsa tegsin, roziman, o‘sha
Yomon ko‘zlar sizniki bo‘lsa!

ZANGORTEPA BILAN SUHBAT

Ikki qishloq… Ikki baxmal qosh,
O‘rtasida ulkan tepalik.
Bahor kelsa, lola – qizil cho‘g‘ –
Lovullaydi gulxan tepalik!
Lekin sho‘rlik tepaning bir kun
Quloq solsam oh-u dodiga,
“Qaysi nom-la muhrlanaman, –
Dedi, – avlodlarning yodiga?!
O‘ng qishloqda “Zangortepa” deb
Atashadi erkalatishib.
So‘l qishloq-chi, “Qoratepa”, voh,
Yig‘lasammi uzala tushib?”
Tepa bilan dardlashdik uzoq,
Engil tortgan bo‘lib ko‘rindi.
Sezdim, o‘zin ilgarigiday
Xursand ko‘rsatmoqqa urindi.
Qoyil qoldim munkaygan, cho‘kkan
Tepalikning xayollariga.
Shunda rahmat aytdim chin dildan
O‘ng qishloqning ayollariga.
Yuziqoralikdan asrasin!
Osmon rangi – olis, zangori.
Umr desa, yodimga tushar
O‘sha “Zangortepa”ning zori.

HUT KELDI

Bosh ko‘tardi o‘t-o‘lan,
Chelak to‘la sut keldi.
Aytdim dilda o‘t bilan –
Hut keldi-yo, hut keldi!
Hut keldi-yo, hut keldi!

Qirda ko‘rdim bug‘doyni,
Elning noni but keldi.
Dilga shodlik sig‘maydi.
Hut keldi-yo, hut keldi!
Hut keldi-yo, hut keldi!

Qanisiz, cholg‘uchilar?
Tanbur bilan ud keldi.
Oyoqdan chalguvchilar,
Hut keldi-yo, hut keldi!
Hut keldi-yo, hut keldi!

Bitsin qirg‘inbarotlar,
Yuzlari shuvut keldi.
Iroq yoqlar, Shom yoqlar,
Hut keldi-yo, hut keldi!
Hut keldi-yo, hut keldi!

Yuragim yonyaptimi –
Chap ko‘ksimdan dud keldi.
Taraddudlanib tursam,
Hut keldi-yo, hut keldi!
Hut keldi-yo, hut keldi!

Yigit yozgan maktubga
Qizdan javob – “Kut!” keldi.
Hammamizni kuttirgan
Hut keldi-yo, hut keldi!
Hut keldi-yo, hut keldi!