Bek Ali (1992)

Bek Ali 1992 yili tug‘ilgan. Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari ishtirokchisi. “Voh” nomli kitobi chop etilgan.

* * *

Yo‘qotganim nedir?
Topganim nedir?
Osmon deb boshimga yopganim nedir?
Hamma quyosh bo‘lib charaqlaganda,
Men esa uzlatga botganim nedir?
Soviganim nedir?
Yonganim nedir?
Dushmanni tashvishga solganim nedir?
Xayyomga taqliddan boshlangan qusr,
Men esa baloga qolganim nedir?
Seni ko‘p sevardim, parvoyi falak,
Endi men halakman, muhabbat halak.
Boshkiyimni olib o‘ylab qarasak,
Endi seni yodga olganim nedir?..
Tongda joynamozga boshimni qo‘yib,
Tunda iymonimni sotganim nedir?
Engillashish uchun sharob simirib,
Og‘ir xayollarga botganim nedir?
Onajon, men sizni tashlab ketganman,
Otajon, men sizdan o‘girganman yuz…
Sizlarni o‘ldirsa mehnat o‘ldirar,
Meni esa go‘rga tiqadi afsus!
Bo‘shang bola edim, katta shaharda
Turtila-turtila qotganim nedir?
Chol-kampir munkillab tinib-tinchimas,
Men oyoq uzatib yotganim nedir?
Xudojon, men senga ko‘nglimni berdim,
Qismating bol deysan, totganim nedir?
Dunyoni Kuzatmish yagona derdim,
Dunyoni kuzatib yotganim nedir?!

EY!

Ey onamni yig‘latgan hayot,
Ey otamga pand bergan dunyo,
Ey qushlarni o‘ldirgan sayyod,
Ey ichimni bulg‘agan kimyo,
Ey ukamga yetvolgan ajal,
Ey bolamni bo‘zlatgan firoq,
Ey darsligim qatida menga
Vatanimni anglatgan Shiroq!
Yomonligim bildirgan Yaxshi,
Kimligimni ko‘rsatgan Yomon,
Ey eng go‘zal so‘zga qorishib
chorlab turgan to‘rttala tomon.
Ichim dengiz atalsa agar,
rangu ro‘yi noma’lum G‘avvos.
Xirom aylab to‘y-tomoshada
tomirimni jo‘shtirgan raqqos.
Ey samovar qoshida turib
yuzta-yuzta otgan amaki…
Kundan-kunga o‘pkamni bo‘g‘ib,
xayolga erk bergan tamaki.
Ey tunlari uyqusin buzib
bolasiga ko‘krak tutgan yor,
Ey bu damda oyog‘in cho‘zib
uxlayotgan xudbinu aybdor!
Ey masjidga yo‘l olgan iymon,
Mayxonaga boshlab borgan g‘ar.
Ayni kuzda, cho‘pkari uydan
barakamni obketgan qushlar.
«Olib ketgin!» deya, yolvorib
muhabbatdan so‘z ochgan lablar,
Padariga ming la’nat bo‘lsin –
Insoniyat qo‘ygan talablar!
Ey xulosa, ey yechim topib
yakuniga yetgan fikrlar.
Dodlay desam, og‘zimni yopib
kelayotgan ikir-chikirlar.
Umrim o‘tib ketarmi deyman,
«Ey»ni sanab bitirguncha to.
Keyin, keyin men nima deyman?
Nahot o‘lgan bo‘lsam,
Ey Xudo!
SOG‘INMADINGMI?

NOLA-A-A

Tuproq olsam zar bo‘lmadi,
Tishim duru la’l bo‘lmadi.
Harom qirq yil hal bo‘lmadi,
Halol nonimga aytinglar!
Mayin-mayin sabo essin,
Bo‘shang yoshligimini kezsin.
Manim qiynalganim sezsin,
Qattiq jonimga aytinglar!
Aytinglar-o, men ham banda,
Kelgindiman bu olamda…
But bo‘lmagan tog‘oramdan
sizgan iymonga aytinglar!
Andalibman, aldanibman,
Avval sevib, so‘ng tanibman.
Quchar bo‘lsa siltanibman,
Yiroq ketsa to‘lg‘onibman.
Xullas juda bulg‘anibman,
Gulistonimga aytinglar!
Derazadan boqsang agar,
G‘ira-shira qoram ketar..
Har ketganda, mening umrim
bilan istiholam ketar.
Men ketganman, bir kun kelib
bu yo‘llardan bolam ketar.
She’rim bilan taskin berib
onajonimga aytinglar!
Men daryoni ichib qo‘ydim,
Oybaliqdan kechib qo‘ydim.
Zunnorimni yechib qo‘ydim,
Suyuq qonimga aytinglar.
Ey, olamon, ey, mazlumlar,
Sanoqlari ma’lum qumlar.
Ey, vatanni sevguchilar,
Ey, dunyoga ma’lum qullar!
Na ayolga berdi baxt, deb,
O‘tib ketdi endi vaqt, deb.
Ishqing shuncha og‘irmidi?
Seni sevgan sag‘irmidi?
yo o‘zi bo‘lmag‘urmidi?
Deya dildan nola qilib,
Xudojonimga aytinglar!

IQROR

Bu giryona ellara
Giryon boqaman doim,
Bu hayrona ellara
Hayron boqaman doim.
Suvoq ko‘rmagan uyga
Qaldirg‘ochlar in qo‘ygan,
Men ham tushib shu kuyga
Vayron boqaman doim.
Siz dahosiz deyishar,
Bebahosiz deyishar.
Shoirsizku – gunohsiz,
Oppoq qorsiz deyishar.
Men esa ular aytgan
Farishtani qidirib
Har yon boqaman doim.
Boqishlari o‘t qo‘ydi,
Ichim to‘la alanga.
So‘ng yomg‘irga elandim:
Rahming kelsin tanamga.
Ochiq aytgim keladi
O‘n sakkiz ming olamga:
U osmonni sevaru
Tuproqdan bosh olmaydi.
Chegaradan chiqaru
Xudoosiz yasholmaydi.
Elkam uzra sochlari
O‘zini tashlolmaydi.
Beqaror ko‘zlariga
Sarson boqaman doim.
Kibr shamoli esdi,
Yutmagan zot qolmadi.
«Manfaat» so‘zini esda
Tutmagan zot qolmadi.
Tuproq edim, boshimga
Chiqmagan zot qolmadi.
Hatto bosh ko‘tarib ham
Arzon boqaman doim.
Ey, yalpizni erkalab,
Bolam degan ona yer.
Kenja qizin erkalab,
Onam degan ona yer.
Olislarga tikilib
Elkalarim mung‘ayur.
Botayotgan quyoshga
Alvon boqaman doim.
Kechir menga dard berib
Darvishga do‘ndirgan zot.
Dashtday qaysar ruhimda
Nilufar undirgan zot.
Ba’zan o‘zim chaqirgan
Qismatning dastidan dod!
Deb sening ko‘zlaringga
Yolg‘on boqaman doim.

AYLANAR

Yomg‘ir qorga aylanar,
Qish bahorga aylanar.
Kiyikday o‘ynoqi qiz
Munis yorga aylanar,
Men erga aylanaman.

Suv bulutga aylanar,
Mehr sutga aylanar,
Ko‘ksingda yig‘ilgan g‘am
Jim, sukutga aylanar,
Men sirga aylanaman.

Chumolicha jonim bor,
Bolam, deb yiqqonim bor.
Bir piyola may bersang
Temuriydan qonim bor,
Deb sherga aylanaman.

O‘v-v adashgan ruhimda
G‘alat azob turadi.
Men qishloqda yo‘g‘imda
Otam ketmon uradi,
Men terga aylanaman.

Taxtni qo‘riganlaru,
Baxtni qurganlar bilan.
Jannattalab so‘fiyu
Va do‘zahi g‘ar bilan
Er shariga chiqvolib,
Quyoshning atrofida
Men birga aylanaman.

Toshlar qumga aylanar,
Suv qultumga aylanar.
Qabrim boshida bilmam
Kimlar kimga aylanar,
Men yerga aylanaman.

BIR TUSh KO‘RDIM,
Samarqandning osmonida
Gala-gala qushlar uchib yurar emish.
Qish ortidan gulgun bahor kelganida
Qaldirg‘ochlar ayvonga in qurar emish.
Gumbazlarda quyosh nuri jilvalanib,
Naqshlardan oqar emish tilla suvi.
Va bog‘dagi daraxtlarning g‘uborini
Tuni bilan ketar emish yomg‘ir yuvib.
O, yomg‘irlar, Samarqandning yomg‘irlari,
Mening ikki yanog‘imni chayar emish.
O, bulutlar, Samarqandning bulutlari,
Xafa emish, qabog‘i tumtayar emish.

Bir tush ko‘rdim,
Samarqandning tuprog‘ida
Bo‘y taratib jambil, rayhon unar emish.
Daryolarning qamish bosgan qirg‘og‘iga
Tong saharda oq o‘rdaklar qo‘nar emish.
Holdan toygan orzularim qo‘nar emish,
– Otma, sayyod, shafqat qilgin, bor-yo‘g‘im shu –
Shu qirg‘oqlar, shu qamishlar, shu daryolar
Quchog‘iga chorlab turar meni mangu.
Qo‘shog‘izli miltig‘ini tushirgancha
Ovchi bobo handon otib kular emish.
Tanir emish mening yetti ajdodimni,
Bolalikdan qo‘rqoqligim bilar emish.
Yo‘q, qo‘rqmayman dunyo ko‘rib diydam qotdi,
Yo‘limda duch kelgan sayyod ruhim otdi.
Hayot mening tanobimni rosa tortdi,
Musofirni har oyoq bir tepar emish.

Bir tush ko‘rdim,
Samarqandning tonglarida
Farishtalar hovlilarga tushar emish.
Sahar turib ketmon urgan odamlarning
Kuchiga kuch, rizqiga rizq qo‘shar emish.
Keyin oftob sochib zarrin nurlarini,
Bolalarning yuz-qo‘llari qorayarmish.
Kengayarmish yorug‘likning chegarasi
Va do‘zaxning eshiklari torayarmish.
Ey, jannati tuproqdoshlar, qarog‘imsiz,
Qorachig‘i ravshan ko‘zlar ko‘rar emish.

Bir tush ko‘rdim,
Samarqandning minorlari
Qiyomatga dovur tikka turar emish.

KO‘P NARSA KUTMASDIM TOLEIMDAN HAM,
O‘tmish so‘qmog‘iga solmasdim nazar.
Tog‘larining qo‘ynida kichkina kulbam,
Kitob javoni va sen bo‘lsang agar.
Toshlar bilan suhbat qurardim mayli,
Mayli giyoh terib kechirardim kun.
“Robinzon” bo‘lardim sening chiroyli
Jonni o‘rtaguvchi ko‘zlaring uchun.
Dunyo orttirishga emasdim moyil,
Oftobga ko‘ksimni toblab yotardim.
Seni yaratganga qolardim qoyil,
Seni yaratganning ko‘nglin topardim.
Bu endi bolalik orzusiday jo‘n,
Yostig‘im ostida qolgan asarim.
Bog‘larni kezaman xotirjam, mamnun,
Ishimga shung‘iyman qaynab g‘azabim.
Po‘rim kiyinaman, garchi ichida
Shalviragan tanim, qappaygan qornim
Uqtirib turadi, bardam bo‘l, chida,
Bilmasdan duyoni yutib yubordim!

Bilmasdan dunyoni yutib yubordim,
Endi og‘ir kechar hazmi dunyim.
Endi o‘qchib-o‘qchib uyga qaytaman,
Endi o‘qchib-o‘qchib uxlayman doim.
Endi o‘qchib-o‘qchib ko‘zim ochaman,
Endi o‘qchib-o‘qchib o‘qiyman duo.
Endi o‘qchib-o‘qchib suhbatlashaman,
Ilmi ruhiyatdan o‘qchiyman go‘yo.
Endi o‘qchib-o‘qchib uyqu yo‘qoldi,
Xalovat tark etdi koshonamizni.
Xudoyim, davomiiy, uzundan-uzoq
O‘qchoqqa to‘ldirdi peshonamizni.
Endi o‘qchib-o‘qchib o‘laman go‘yo,
Endi o‘qchib-o‘qchib soviydi go‘rim.
Qabrimning ichida chiriydi dunyo,
Tuproqning ostida quriydi sho‘rim.
Va lekin savdoyi ruhim sen bilan
Tog‘lar qo‘ynidagi kulbasida shod.
Hayvonlarni ovlab qorin to‘yg‘azar,
Giyohlarni terib kechirar hayot.
Toshlarla sirlashib o‘tkazar umr,
Har kuni qoldirmay bitar kundalik.
Olovni o‘chirmay yashab keladi
Ibtidoiy qavm odamlaridek.
(Bilmaslar, olisda, tekisliklarda
O‘qchigan izdihom, baxtsiz naqadar…)
Ular kun og‘ganda poklanish uchun
Muqaddas sharshara tomon yo‘l olar
Ibtidoiy qavm odamlaridek.

BU KEChA

Eshigingga bor ancha,
Eshigingda bodomcha,
Gullab turar bu kecha.

Qo‘llamaydi do‘stlarim,
Faqat sening ko‘zlaring,
Qo‘llab turar bu kecha.

Meni quchar qaltiroq,
Bodom guli yaltiroq,
Nurlab turar bu kecha.

Bir chiqmading aqalli,
Oy nurlari tasalli,
Yo‘llab turar bu kecha.

Ko‘yingda sarson bo‘ldim,
Va sevib yakson bo‘ldim,
Xo‘rlab turar bu kecha.

Go‘zal emishsan ancha,
Eshigingda bodomcha,
“Gullab” turar bu kecha.

ISh KUNLARINING BIRIDA,
Rejadan tashqari, tartibdan xoli
Serdaraxt, serqatnov yo‘lning bo‘yida
Sening ingichka va uzun qo‘llaring
Hech qanday hadiksiz bo‘ynimdan oldi.
Agar baxt shu bo‘lsa, juda bemavrid,
Agar ishq shu bo‘lsa, juda telbahol.
Xullas, ish kunlarining birida
Kunimning tartibin buzding bemalol.

Osmon esimda yo‘q, yer esimda yo‘q,
Muallaq havo bor… Sochning ifori
Va u naq ko‘ksimga qiladi qulluq
Bugungi rejadan tashqari dorib.
Gar diydor shu bo‘lsa, juda bema’ni,
Gar mehr shu bo‘lsa, juda ziyoda.
Nahot, ish kunlarining birida
Baxtli bo‘lish mumkin dunyoda?

Go‘zalim, qo‘ysang-chi, o‘z holimga qo‘y,
Bepayt turgan shamol – jinlarning bazmi.
Bepayt sharob ichib, nafaqat obro‘,
Mehnatimni yelga sovurdim, ozmi?
Men, axir, asabim torlari uzra
Paganini kabi tortib kamoncha.
Muhabbatdan kuygan odamlar uchun
Hayrat va ishtiboh ulashdim oncha.
Men, axir, harf to‘la klavishlarning
Betxoveni bo‘ldim, Motsarti bo‘ldim.
Men hamma bo‘loldim, faqat do‘stlarning
Ichidagi eng nomardi bo‘ldim.
Jonim, ish kunlarining birida,
Hech kimni bu holdan etmayin ogoh.
Sershovqin, serqatnov ko‘cha bo‘yida,
Nechun odamligim eslatasan, oh!

Men, axir, kitoblar to‘la xonamning
Buyuk dahosiman, yakka hokimi.
Kuldonimda saqlab kelayotgandim
Har bir tamakining aziz hokini
Hamda xudolarning qilmishin jamlab,
Yunon xalqi uchun to‘kardim ko‘zyosh.
Mening xayolim bor barcha o‘lchamda
Va sochi to‘kilib borayotgan bosh.
Shunday muhim chog‘da, shunday qizg‘in dam,
Sershovqin, serqatnov yo‘lning bo‘yida
Bu dunyoga odam bir bor kelishin
Eslatishga, nahot uyalmagaysan?

Choydan lazzat tuydim, yozsam quvondim,
Uy olsam sevindim, keyin semirdim.
Baxt desa, o‘zimni jinniga solib
Yurib, endi bir kam o‘ttizga kirdim.
Qarshingda serrayib o‘tinday turdim,
Quch dedim mahkamroq, zoriqqandayman.
Serqatnov ko‘chada sensiz qatnashdan
Bugun juda-juda toliqqandayman.
Sen mening tasvirim unutmagaysan,
Men ham nelarnidir eslayman goh-goh.
Afsus, afsus, uyda sen kutmagaysan,
Uyda kutganlarni sevolmayman, Voh!

MARSDAN QARAGANDA
(she’riy esse)

Bir oy so‘zlamadim, bir oy o‘ylamadim,
Bir oy qog‘oz bilan bo‘lmadim hamdam.
Bir oy odamlarni haydab yubordim,
Bir oy so‘nalarni quvdim miyamdan.
Keyin oqib kirdi bir shirin sabo,
Ko‘ksim derazasin ochdim olamga.
Telefonda yig‘lab berdim avvalo,
Menday qulvachchani tuqqan onamga.
So‘ngra vidolashdim sevganim bilan,
Manglayidan o‘pdim, aniq sho‘r ekan.
Meni maqtay ketdi: “Sorlochinim!” deb
Shunda sezib qoldim, ko‘zi ko‘r ekan.
Va uzun kechalar termuldim ko‘kka,
– Mohim, – dedim ingrab, – o‘layotirman!
Oyning bir joylari qabrdek cho‘kkan,
Hatto jasadlarni ko‘rayotirman.
Nega borolmayman, Mohim, Mohijon,
Men axir fazogir bo‘lmoqchi edim.
Buncha tubanlashdim bilmayman qachon,
Meni bu dunyoga g‘ashiqtirdi kim?..
Xullas, osmon haqda yozmoqchiman men,
Cheksiz koinotni, sayyoralarni,
Endi Marsga ko‘chib bormoqchiman men,
Tark etib mug‘ombir, ayyoralarni.

Uchib ketdim.
Ish ham qoldi,
Bola-chaqa ham,
O‘lda-jo‘lda qoldi bozor-o‘charim.
Qoldi piyolada sovigan choyim,
Qoldi urfdan qolgan xotiralarim.
Qoldi va’dalarim, pushaymonlarim,
Qoldi ayol tuzgan uzun rejalar.
Qoldi dahriy kabi dam olishlarim,
Qoldi ibodatda o‘tgan kechalar.
Men esa Marsdaman.
Muallaq-muallaq tashlayman qadam.
Uzoqdan koptokdek ko‘rinib turar,
O‘ttiz yilim sarson o‘tgan sayyoram.
Keyin durbin bilan tiklab qarasam,
Menga o‘xshagan bir kimsa, bir daydi
Xayol surishga ham, she’r yozishga ham,
Qishloqdagi onasin so‘rashga ham,
Qarindosh urug‘in yo‘qlashga ham,
Odamdek bir to‘yib uxlashga,
Hatto bosh qashlashga vaqt topolmaydi.
Men unga qiziqib qoldim,
Ba’zan kun bo‘yi o‘sha sho‘r peshonaning
Turmushini tomosha qilaman.
Erliklar vaqti bilan soat sakkizda,
Kekkayib chiqadi hujrasidan u.
Qabriston yonida duo o‘qiydi,
O‘liklar shoirning qadrdoni-ku.
Va yo‘l bo‘yi uning quloqchinida
Afsus chekmaslik haqida qo‘shiq yangraydi.

U Toshkentning betartib ko‘chalarida,
Frantsuzcha qo‘shiq tinglaydi.
Mudom ishga kechikib boradi,
Bino eshigi yonida
To‘xtab chuqur-chuqur nafas oladi.
Loqayd bir izdihom o‘tar yonidan,
Loqayd bo‘ydoqlarga havas qiladi,
Bo‘yqizlarga boqar (vohay, jonidan!).
So‘ng yuziga jiddiy pardani tortib,
Kechgacha aylanar donish odamga.
U mening ayolim orzusin qiladi bajo,
U qurbon bo‘ladi mening bolamga.

Men esa Marsdaman.
To‘yib-to‘yib xayol suraman,
Hech qayerga shoshmayman hech qachon.
Xayolimga ne kelsa yozaveraman,
Xoh ishonma, do‘stim, xoh ishon.
Erliklar vaqti bilan soat o‘n sakkiz,
Menga o‘xshagan odam ishxonasidan chiqadi.
Va unga ozod qushlarning,
Erkin shamollarning
Hayot tarzi yoqadi,
Biroq shamol ham bo‘lolmaydi,
Qush ham…
Yashayotganday bo‘ladi u,
Ammo yashamaydi.
Kulayotganday bo‘ladi u,
Ammo kulmaydi,
O‘layotganday bo‘ladi u,
Ammo o‘lmaydi.

Atrofda sochilib yotadi tasvir,
Atrofida ochilib yotadi gullar.
U shularni yozolmay qondir muttasil.
Meni ham sharobga qul qilgan shular.
Uyiga borgisi kelmaydi
menga o‘xshagan odamning
U biladi odamlar ikki toifa,
Biri xotin quli, biri ko‘cha quli.
Ana, qayergadir otasin kamonin qidirib ketdi
Menga o‘xshagan Alpomish o‘g‘li…
Yarim kecha, men Marsdaman,
U axlat qutisidek betartib yerning
Iloniz ko‘chalarida
Axlatlar orasidan muhabbat qidirar.
Mehr qidiradi u toshlar qo‘ynidan,
Xudo qidiradi sanam toshlardan.
Sigirga sajda qiladi, bo‘lmaydi,
Loydan iloh yasaydi, yomg‘irda erib ketadi,
Shunday yerliklar bor,
Ibodat xonada bir umr yashab,
Xudoni topolmay o‘lib ketadi.

Men esa o‘o‘o‘tiribman, qo‘limda durbin,
Mizg‘igim kelganda mizg‘iyman,
Chekkim kelganida chekaman,
Gapirgim kelsa gapiraman,
Jim o‘tirsam jiiim o‘tiraveraman.
Goh shamol yerliklar gaplarin uchirib kelar,
Juda rasvo gaplar, juda uyatsiz.
(Tegmang, deydi xotin, yo‘q, deydi xotin,
Bolalar uyg‘oq-ku, nima qilyapsiz…)
Nimadir qiladi yerliklar,
Bilmayman, bilgim ham kelmaydi.
Menga o‘xshagan odam
Ijodxonasida uzoq o‘tiradi.
“O‘layapman!” deya baqirolmay,
Hech kimni yordamga chaqirolmay,
Nafratdan qizarib bo‘zaradi.

Marsdan qaraganda Yer shari
Qishloqdagi uyni soladi yodga.
Borsang, qolging kelmaydi,
Ketsang, baxting bo‘lmaydi.
Erliklar vaqti bilan soat sakkizda
Qadrdonlariga duo o‘qiydi,
Taksiga o‘tiradi, taksi almashtiradi,
Mudom ishga kechikib boradi,
Bino eshigi yonida.
To‘xtab chuqur-chuqur nafas oladi.
Loqayd bir izdihom o‘tar yonidan,
Loqayd bo‘ydoqlarga havas qiladi,
Bo‘yqizlarga boqar (vohay, jonidan).
So‘ng yuziga jiddiy pardani tortib
Kechgacha aylanar donish odamga.
U mening otamni orzusin qiladi bajo,
U yolg‘on to‘qiydi mening onamga.

Tfu, tupigim muallaq uchadi havoda,
Tfu, shu ham hayotmi, jirkanib ketaman undan,
U o‘lyapti, ammo qulday zanjirga o‘ralib jon bermoqda,
Bir marta dengizni ko‘rmay, Alp cho‘qqilariga chiqmay,
Hatto Teleminoraga ham chiqmay,
Va’dasining ustidan chiqmay,
Ishxonasidan,
Agar Go‘ro‘g‘li bo‘lsa,
Go‘ridan chiqmay nobut bo‘lyapti.
Erliklar vaqti bilan hisoblashib,
Xotini bilan rejalar tuzib,
Baxtsiz bolalarni,
O‘ziga o‘xshagan, menga o‘xshagan nusxalarni ko‘paytirib,
Ado bo‘lyapti.
Tfu, tupugim muallaq uchadi.

Marsda she’r yozdim:
Yupiterda bir uy bor,
O‘sha uyda bir dildor,
Meni kutar har bahor.
Mars, 4022 yil.

Bir oy so‘zlamadim, sababin bilmayman,
Sababsiz ishlar ko‘p cheksiz fazoda.
Ba’zida bir oy hech kimni sevmayman,
Ba’zida uchaman toza havoda.
Keyin Yerni tomosha qilaman,
Marsdan qaraganda juda kichkina,
Undagi odamlar chumoli kabi.
Shu boshiga to‘rtta dini bor,
Dinlarining mayda-chuyda mazhablari,
Kichik-kichik davlatlari va
Har birining mansablari.
Erda menga o‘shagan bir shoir bor,
U subutsiz odam, o‘laman deb o‘lmadi.

Ba’zan shamol har xil gaplarni olib keladi,
Olib ketishga esa hech vaqo yo‘q.
Chunki bir oy so‘zlamayman.
Menga o‘xshagan odam esa
Menga o‘xshamagan odamlarga quloq tutadi.
Menga o‘xshamagan odamlar
Menga o‘xshagan odamdan taskin kutadi,
Muhabbat kutadi ayollar,
Haqorat kutadi gustohlar,
Mening otam uning qishloqqa qaytishini,
Mening onam undan insof kutadi,
Ayolim uning uyga qaytishini kutadi.
Ammo u hech qachon uyiga bormagan,
Faqat uning jismi hamma joyda bor,
Men uchun yashaydi menga o‘xshagan odam,
Unga gapirib ovora bo‘lmanglar.
Baribir u sizni eshitmaydi.
U meni izlab-izlab,
Bo‘zlab-bo‘zlab,
Men haqimda oshnalarimga so‘zlab-so‘zlab,
Quvvati tugab, madori qurib,
Yig‘lab-yig‘lab, kulib-kulib,
Bobo bo‘lib, chol bo‘lib,
Hammasidan zerikib,
Bir uyim losh bo‘lib,
Mening qabrimda yotadi.

Men Marsdan turib,
menga o‘xshagan odamni duo qilaman.
Yashavor, qariya,
Va’dangning ustidan chiqding!
Hech kimga yordam qo‘lini cho‘zmay,
Xuddi yerliklardek,
Bolaligingni qo‘msab-qo‘msab,
Ichikib-ichikib,
Tug‘ilishga ham,
Maktabga ham,
Sevishga ham,
Ishga ham,
Hatto qarib-chirib,
Biroz kechikib jon berding!

Men esa Marsda,
vaqt o‘lchamlaridan tashqarida
Insoniyatning so‘nggi vakilini ham duo qilaman.
Keyin bir oy aza tutib tilimni chiqarib o‘tiraman.
(Marsda qoida shunaqa).
Qani, ey yerliklar, tezroq bo‘linglar,
O‘lmasdan burun o‘linglar!