Yoqubjon Xo‘jamberdiyev. Qaldirg‘ochlar bahorda keladi (qissa)

I

1937 yilning ayni bahori edi. U obkom binosidan to‘g‘ri soy bo‘yiga tushdi. “Zudlik bilan bu yerdan qochish kerak” degan qarorga keldi-yu, to‘lqin-to‘lqin bo‘lib oqayotgan Oqbo‘raga ko‘z soldi… Qadim-qadimlardan vodiy sari hayot olib kelgan sut rangidagi Oqbo‘ra, nahot endi… U bir zum taysalladi. Tomog‘iga nimadir tiqilayotganday bo‘ldi. Ammo, boshqa iloj yo‘q edi, o‘zini soyga otdi. Toshdan-toshga urilib oqayotgan soy uni bag‘riga olgancha yo‘lida davom etdi.
Biz O‘sh viloyat kommunistik partiyasining organi, o‘zbek tilida chop etilgan “Kommunist” gazetasining birinchi muharriri Murodxon Sobirov haqida biron-bir ma’lumot bo‘lsa kerak, deb turli manbalarni qidirdik. Jumladan, 1987 yilda Frunze shahrida (hozirgi Bishkek) chop etilgan “Oshskaya oblast” entsiklopediyasini topib, varaqladik, ammo… ha, mana, mana bu yerda nima deyilibdi:
Aravonbura, Jalolobod, Bozorqo‘rg‘on va janubning boshqa rayonlarida tarqatilgan o‘zbek tilida chiqadigan “Kommunist” gazetasining birinchi soni 1932 yil 12 aprelda Toshkentda chop etilgan. Gazeta har o‘n kunda bir chiqib turgan. 1933 yilda gazeta ikki sahifalik bo‘lib, adadi yetti mingtani tashkil etgan. VKP(b) Qirg‘iziston oblast komitetining 1932 yil 29 dekabrda “Qizil paxtachi” va “Kommunist” gazetalari redaktsiyalari haqida” deb qabul qilgan qarorida mazkur gazetalar sotsialistik qurilish sohasidagi vazifalarni bajarishda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda, deb ko‘rsatilgan. Keyingi yillarda “Kommunist” gazetasi “Paxta uchun”, “Lenin yo‘li” nomi bilan chiqa boshlaydi. Hozirda uning nomi “O‘sh sadosi”.
Xayriyat, hech yo‘g‘i gazetaning nomi bor ekan. Qidirishda davom etarkanmiz, qiziq hangomalarga duch keldik. Yo‘limiz tushib, Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi davlat kutubxonasiga bordik. Gazetaning bor-yo‘qligini so‘rab-surishtirdik. U yerda bunday gazeta taxlamlari yo‘q, deyishdi. Yodimizga bir paytlar shu kutubxona boshlig‘i bo‘lib ishlagan zukko olim Zuhriddin Isomiddinov tushib qoldi va u kishi bilan bog‘landik. Olim do‘stimiz shunday dedi: “Rostdan ham kutubxonada O‘sh viloyatida dastlab chiqqan “Kommunist” gazetasining taxlamlari yo‘q. Hatto, 60-yillarda o‘zbek tilida chop etilgan “Qirg‘iziston haqiqati” gazetasining ham taxlamlari yo‘q edi. O‘sha tashkilotda ishlagan paytimda “Qirg‘iziston haqiqati” gazetasining taxlamlarini elchixona orqali gaplashib, Moskvadan olib keltirganman. Kunlardan bir kun qandaydir ma’lumot kerak bo‘lib, o‘sha gazeta taxlamlarini so‘ratdim. Ammo yana topisholmadi. Surishtirsam, kutubxona gazeta bo‘limining boshlig‘i o‘sha taxlamlarni “makulatura”ga berib yuboribdi. Bo‘lim boshlig‘ini chaqirib, nega bunday qildingiz, deb so‘rasam, to‘y qilayotgan edim, pul kerak bo‘lib qoldi, dedi… Aslida bu odamni jinoiy javobgarlikka tortish kerak edi… Uni o‘sha kuniyoq ishdan bo‘shatdim”.
Zuhriddin Isomiddinovning yuqoridagi so‘zlaridan keyin eski gazetalarni qidirishni bas qildik… Yana kim biladi, bu “taxlamlardan” nimalar chiqadi…
Albatta, Murodxon Sobirov O‘sh shahrida taniqli odam bo‘lgan. U 1992 yilda 88 yoshida vafot etgan. Ha, u barakali umr ko‘rdi. Ammo bu uzun hayot yo‘li tekis kechmadi. Turli tazyiqlardan, qatag‘onlardan va nihoyat ularga qarshi kurashlardan iborat bo‘ldi.
…Suvda oqib borarkan, sovuqdan badanlari qaqshadi. Soy tez oqar, toshdan toshga urilardi. Qirg‘oqqa chiqib, o‘zini rostlab olmasa, bu ketishda halok bo‘lishini anglagan qochoq sohilga qarab intildi. Bu payt u “Otkechuv” degan joyga yaqinlashib qolgan edi. O‘sha joydagi ko‘prik tagidan oqayotib bir toshni mahkam quchoqlab, sekin-asta qirg‘oqqa chiqdi. Mazkur joy Xo‘jaguzarga yaqin edi. Ko‘prik ostida turib, biron bir tanish odam o‘tib qolarmikan, deb tepaga qarab alangladi: hech kim yo‘q. Sovuqdan badaniga titroq kirdi. Shundagina suvga usti boshi bilan tushganini eslab, egnidagi kiyimlarini yechib qoqdi. O‘sha kuni oftob chiqib turgan edi. Joniga oro kirdi. Kiyimlarini qoqib-qoqib yana ustiga kiyarkan, tepadan bir bola ko‘rinib qoldi. Qarasa, o‘zlarining mahallasidagi Bekmat novvoyning o‘g‘li ekan. Darrov boyagi bolaga ovoz berib, pastga imladi. Bola ham tezda ko‘prik tagiga tusha qoldi.
– Meni tanimadingmi, yigit, – dedi qochoq.
– Tanidim, Murod aka, sizni butun mahalla biladi-ku, nega tanimay, – dedi bola ham Murod Sobirovga hayron qarab. – Ust-boshlaringiz ho‘l bo‘lib ketibdi. Soyga yiqilib ketdingizmi?
– Hozir buning tafsilotini aytib o‘tirishga vaqt yo‘q, – dedi Murod aka bolaga sinchkov nazar bilan qarab. – Kelinoyingni bilasanmi?
– Bilaman, – dadil javob qildi bola.
– Bilsang, bu yerdaligimni hech kimga aytmay, kelinoyingni o‘zini shu yerga yetak­lab kel. Senga bitta sovg‘am bor…
– E, Murod aka, kelinoyimni olib kelaman, lekin menga sovg‘a kerakmas, – qizarib javob berdi bola.
– Mayli, endi yugur, – dedi Murod Sobirov bolani yelkasiga qoqib…
…O‘tgan asrning 90-yillari o‘rtalarida O‘zbekiston televideniyesining “Assalom, O‘zbekiston” tahririyatida bosh muharrir edim. O‘sha paytlari qo‘shni qirg‘izistonlik teletomoshabinlardan ko‘plab xatlar olardik. Bu xatlarda odamlar ko‘rsatuvlarimiz haqidagi o‘z fikr-mulohazalarini bildirishib, O‘sh tomonlarga ham safar qilishimizni, bu yerlardagi o‘zbeklar hayotidan lavhalar berishimizni so‘rashar edi. O‘zim ham o‘sha yurtlarda tug‘ilib o‘sganimdan mazkur xatlar men uchun juda qadrli bo‘lgan. Nihoyat, rahbariyatning ruxsati bilan bir guruh ijodiy xodimlar O‘sh va Jalolobodga safar qildik. Murodxon Sobirov haqida o‘sha safar davomida suhbatlashgan odamlardan eshitgandim. Ulardan biri adabiyot muxlisi Solijon aka, “Lenin yo‘li” gazetasida uzoq yillar bosh muharrir bo‘lib ishlagan Odiljon Obidov va boshqalar edi. Nima bo‘ldi-yu, hamrohlarimizdan biri shunday deb qoldi:
– Murodxon Sobirovning o‘g‘li O‘sh viloyat gazlashtirish boshqarmasining boshlig‘i, ismi Davronbek. O‘sha odamni topsak, suhbatlashib ham olamiz.
Davron Sobirovni topish qiyin kechmadi. Bizni olib yurgan jurnalistlardan O‘ktambek u kishini yaxshi bilarkan, darrov ulanib, kechqurun boshqarmaning dala hovlisida uchrashadigan bo‘ldik. Shaharda diqqatga sazovor joylarni suratga tushirib, odamlardan intervyular olib bo‘lgach, kechki payt oblast gaz boshqarmasining oromgohiga bordik. Juda bahavo joy ekan. Shunday sun’iy ko‘lning bo‘yiga qurilibdi. Atrofda anvoyi gullar bahri dilingizni ochadi. Bir so‘z bilan aytganda, haqiqiy oromgoh. Bizni bo‘yi o‘rtadan pastroq, oq-sariqdan kelgan, miqti bir yigit kutib oldi. Murodxon Sobirovning o‘g‘li Davron Sobirov shu odam ekan. Ko‘lning bo‘yiga joy qildiribdi. Yaxshi o‘tirdik. Osh-ovqatdan so‘ng muddaoga o‘tib, Davronbekdan otasi haqida so‘radik.
– Otam ajoyib inson bo‘lgan, – dedi Davronbek yuzlari yorishib. – Agar bundan ikki yil oldin kelganlaringda sizlarni otamning o‘zi kutib olgan bo‘lardi. Afsus, u kishi olamdan o‘tdi. Ammo uning qilgan ishlari, bizlarga bergan tarbiyalari qoldi. Qani endi otamizdek bo‘lolsak… Otam 1905 yilda O‘sh shahridagi Xo‘jaguzar dahasida (hozirgi O‘sh nasos zavodi o‘rnida) oddiy dehqon oilasida dunyoga kelgan. 1912 yildan 1924 yilgacha avval mahalla masjidida, keyinchalik yangi ochilgan sho‘ro maktablarida o‘qib, savod chiqargan. O‘sha yili Samarqandda O‘rta Osiyo davlat universiteti ochiladi. Otam o‘sha bilim dargohiga o‘qishga boradi. U yerda Sadriddin Ayniy domlaning qo‘lida saboq oladi. O‘qishni 1929 yili Toshkent shahrida (universitet 1926 yilda Samarqanddan Toshkentga ko‘chirilgan) tugallaydi. “Er Yuzi” jurnali redaktsiyasida ishlay boshlaydi. G‘afur G‘ulom, Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor kabi o‘zbekning asl yozuvchi va shoirlari bilan tanishadi. Ulardan jurnalistikaning sir-asrorlarini o‘rganadi. Otam kommunist edi. Shu bois partiya qayerga ishga qo‘ysa, o‘sha joyga borgan. “Er yuzi” jurnalida ko‘p ishlamadi. O‘sha 1929 yilning o‘zida Xo‘jaobod rayon komsomol komitetiga birinchi kotib qilib tayinlanadi. Oradan biroz vaqt o‘tib esa Haqqulobod rayon partiya komitetining birinchi kotibi vazifasiga keladi. Ba’zan o‘ylab qolaman: kommunistik partiyaning yo‘l qo‘ygan xatolaridan biri kadrlarni bir joyda uzoqroq ishlashga qo‘ymay, almashtira bergani ham bo‘lgandir. Tez orada, ya’ni 1931 yilda, otam Qirg‘iziston kommunistik partiyasi markaziy komitetiga ishga chaqiriladi. Unga O‘sh viloyatida o‘zbek tilida gazeta tashkil etish vazifasi topshiriladi. Bu haqda otam shunday degan edi: “Gazeta chiqarishga mo‘ljallangan binoga kelsam, u yerda hech narsa yo‘q. Matritsalar Qozon shahrida quyilar ekan. Shunday qilib, Qozon shahriga ketdim. Qo‘rg‘oshin harflarni har siqimini naqd pulga sotib olib kelganman… Gazeta to‘rt oy deganda chiqqan”.
– O‘sha 30-yillarning o‘rtalarida matbuotda shunday bir tajriba qo‘llangan ekan, – deb so‘zini davom etadi Davronbek. – “Izvestiya” gazetasi sho‘rolar gazetasi bo‘lgani tufayli, unga har uch oyda bir respublikaning vakili muharrirlik qilar ekan. 1936 yilda otamni “Izvestiya” gazetasi tahririyatida ishlash uchun Moskvaga uch oyga jo‘natishadi. Otam rahmatli: “Senga aytganlarimni birorta odamga aytib yurmagin”, deganlarini eslasam, o‘sha 70–80-yillarda ham 37-yillarning qo‘rquvi odamlarda hamon saqlanib qolganini endi bilib turibman… Moskvadan qaytgach, otamni oblast partiya komitetining ideologiya bo‘limi boshlig‘i etib tayinlashadi. Shuni aytish kerakki, o‘sha yillari O‘sh va Jalolobod okruglari kantonlarga bo‘lingan edi. Lug‘atda kanton so‘zining izohi shunday beriladi: kanton (ba’zi bir g‘arbiy mamlakatlarda ma’muriy-territorial bo‘linish). Kantonist so‘zi esa shunday izohlanadi: kantonist (XIX asrning birinchi yarmida krepostnoy Rossiyada soldatlarning o‘g‘illari shunday deb atalib, ular tug‘ilgan kundan boshlab krepostnoy huquq asosida harbiy boshqarma qaramog‘iga o‘tar edi). Ko‘rib turganingizdek, okrug­larni kantonlarga o‘zgartirishdan maqsad ham aholini harbiy tartiblar iskanjasida ushlab turish bo‘lgan. To 50-yillargacha kolxozchilarga pasport berilmagani ham shundan. Xullas, o‘sha yillari turkiylarning buyuk yozuvchisi Chingiz Aytmatovning otasi To‘raqul Aytmatov Jalolobod kantkomi bo‘lgan. Otam T.Aytmatov bilan ilgaritdan tanish bo‘lib, bordi-keldisi bor ekan. Moskvadan qaytgandan keyin otam o‘sha To‘raqul Aytmatovning tavsiyasi bilan O‘sh oblast partiya komitetiga ishga qo‘yiladi. Bo‘limda uch nafar xodim bo‘lgan. Kunlardan bir kuni ishga kelib, instruktorlardan birini tunda NKVD jallodlari ushlab ketganini eshitib, hayron bo‘lib qoladi. Ertasiga boshqa bir xodimni ushlab ketishadi. Bu voqea otamning so‘ziga qaraganda, 1937 yilning may oylarida yuz beradi. “O‘shanda aftidan Stalinning qatag‘on mashinasining g‘ildiraklari aylanishi tezlasha boshlagan edi”, deb eslaydi otam. Oradan bir necha kun o‘tib, otam ishga biroz kechikib keladi. Obkomga kiraverishda bir odam duch kelib, “Qayerlarda yuribsiz, majlislar zalida yig‘ilish bo‘layapti, sizni so‘rashdi”, deydi. “Xonamga ham kirmasdan, to‘g‘ri majlis o‘tayotgan zalga bordim, – deb hikoyasini davom etgandi o‘shanda otam. – Eshikni ochsam, ichkariga qalin parda tutib qo‘yilgan ekan. Hammaning e’tiborini tortmay degan o‘y bilan parda ortida turdim. To‘rda, ya’ni prezidiumda uch kishi o‘tirgan edi. Buni ko‘rib yuragim “shuv” etib ketdi. Bu mashhur “Uchlik”ning majlisi edi. Shu payt ulardan biri o‘rnidan turib ro‘yxat o‘qidi. O‘sha ro‘yxatda meni ham tilga olib, yuqoridagilar zalning o‘zida qamoqqa olinsin, deb o‘qishni tugatdi”.
…Bola aldamadi. U tez orada Mo‘tabarxon ayani ko‘prik tagida yashirinib yotgan turmush o‘rtog‘i Murodxon Sobirov qoshiga yetaklab keldi. Bolaning esi joyida ekan, Mo‘tabarxon ayaga “quruq kiyimlar ham oling” deb aytgan chog‘i, aya bu yerga qo‘lida bo‘xchasi bilan kelibdi.
Murodxon aka xotini yoniga kelishi bilan maqsadga o‘tdi:
– Siz meni ertalab ishga kuzatgansiz, vassalom. Boshqa gapni bilmaysiz. Meni ko‘rganingiz yo‘q. Bolalarga ehtiyot bo‘ling. Tirik bo‘lsam, xabar beraman, xayr.
Murodxon aka ayolining qo‘lidagi bo‘xchani ko‘rib, uning nimaligini tushundi-yu, lekin hozir kiyinib o‘tirishga vaqt yo‘q edi. Bo‘xchani bir qo‘lida baland ko‘targancha, o‘zini yana Oqbo‘raga tashladi…
– Otam shu oqishda Xo‘jaobodga yaqin joydagi Beshtol degan joyda suvdan chiqib, ki­yimlarini almashtiradi, – deb hikoyasini davom ettirdi Davronbek. – Katta yo‘lga chiqib bir yo‘lovchi mashinada Andijon temiryo‘l stantsiyasiga keladi. Uzoq qarindoshlaridan Ismatilla pochcha shu yerda ishlar edi. Baxtiga bu odam o‘sha kuni ishda ekan. Unga vaziyatni tushuntirib, zudlik bilan Leninobodga ketishi zarurligini aytadi.
– Chiptaxonaga borolmayman, menga qidiruv e’lon qilingan bo‘lsa kerak, – deydi Murodxon aka Ismatilla pochchaga. – Yuk sostaviga chiqishimga yordam bering.
Ismatilla pochcha o‘ylanib turib, Murodxon akani yetaklagancha bir parovozning yoniga yo‘l oladi. Mashinistga “shunday-shunday, hujjatlarini yo‘qotgan bir odam bor, Xovosgacha olib keting” deganda boyagi mashinist: “E, Ismatilla aka, o‘sha odamingiz ana vokzalga kirib, chipta olib, bemalol ketsin, hozir zamon yomon, kassirga bir so‘m ortiqcha bersa hujjatlariga ham qaramaydi, yo‘q, olib ketolmayman”, deb qaytarib yuboradi.
Ismatilla pochcha savobtalab odam edi. Murodxon akani yetaklab boshqa bir parovoz oldiga boradi. Xayriyat, bu safar quruq qaytishmaydi. Mashinist Murodxon akani go‘lah sifatida parvozga chiqishga ruxsat beradi. Shunday qilib, Murodxon aka Andijondan Xovos stantsiyasiga bora-borguncha parovozning o‘txonasiga ko‘mir tashlab boradi.
Xayriyat, Xovosga tunda yetib kelishadi. Mashinistga “rahmat” aytib, qahra­monimiz Leninobod sari ketadigan boshqa bir parovozga go‘lah bo‘lib yollanadi. O‘txonaga ko‘mir tashlab bo‘lib, qo‘lidagi kurakka suyangancha o‘yga toladi: Moskvada ishlagan kezlarini, “Kommunist” gazetasini tashkil qilishdagi qiyinchiliklarni va To‘raqul Aytmatovni eslaydi. Eslaydi-yu, peshonasiga shapatilaydi… Ha, yodiga tushdi. Moskvada uchrashganlarida To‘raqul og‘a unga shunday degan edi.
– Murodxon! Ehtiyot bo‘l. Har bir qilgan ishingning orqasini mustahkamlab qo‘y. Zamon og‘ir bo‘lib qoldi. Partiyani ichidan yemirishga urinmoqdalar. Uyga borganda chop etilmagan maqolalaring, boshqa yozuv-chizuvlarning bo‘lsa yo‘qotib yubor. Iloji bo‘lsa, hech narsa yozma. Sezib yuribman, mening ham ortimdan odam tushgan…

2

Chingiz Aytmatov taniqli qozoq shoiri Muxtor Shoxonov bilan hamkorlikda yozishgan “Cho‘qqida qolgan ovchining ohi zori” kitobida otasi To‘raqul Aytmatov haqida shunday eslaydi: “Otam qamoqqa olingach, ovulimizda uning nomini aytishdan qo‘rqishar edi. Faqat onam bilan Qoraqiz ejamgina otam to‘g‘risidagi yorqin xotiralarni bolalar qalbiga muhrlashdan aslo cho‘chimadilar. Yolg‘iz qolgan paytlarimizda onam yashirincha otamning suratlarini, hujjatlarini, nishonlarini ko‘rsatardi. Hammasidan ham otamning familiyasi yozilgan shtamp bizni ko‘proq hayratga solardi. Shtampga siyoh surtib, uni qog‘ozga bosib ko‘rsak, lotin imlosida yozilgan “Aytmatov T.” paydo bo‘ladi”.
To‘raqul Aytmatov bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra 1926–27 yillarda Jalolobod kantonida VKP(b)ning kantkom sekretari, 1932–33 yillarda esa O‘sh oblast Aravonbo‘ra rayonida VKP(b)ning raykom sekretari, 1935 yilda VKP(b)ning O‘sh oblast komitetida sekretar bo‘lib ishlaydi. Murodxon Sobirovning To‘raqul Aytmatov bilan tanishuvi ana shu yillarga to‘g‘ri keladi. Birlari raykom sekretari, ikkinchilari esa oblast gazetasining bosh muharriri. Ular 1932 yilning bahor faslida To‘raqulning ota yurti – Talasga, Shakar qishlog‘iga safar qilishadi.
– Otam o‘sha, Shakar qishlog‘iga qilgan safarlarini uyning eshiklarini tambalab qo‘yib (50-yillar) opalarimga so‘zlab berganini ko‘p eshitganman, – deydi Davronbek. – Ayniqsa, endigina 3-4 yoshga to‘lgan yosh Chingizni yelkasiga mindirib tushgan suratni avaylab saqlar ekan. Buning albatta, o‘ziga yarasha sababi bor ekan, keyin bilsam. Gap shundaki, o‘sha yillari, ya’ni o‘tgan asrning 50-yillarida Chingiz Aytmatov yozuvchi sifatida tanildi. Uning “Jamila”, “Sarvqomat dilbarim”, “Bo‘tako‘z” kabi qator qissalari e’lon qilindi. Keyinchalik bu asarlar “Tog‘ va dasht qissalari” kitobiga jamlanib chop etildi va bu kitob Lenin mukofotiga sazovor bo‘ldi. Otam o‘z do‘stining o‘g‘li erishgan bunday ulkan yutuqlardan juda ham faxrlanar edi. Shunday bo‘lsa-da, u mana shu tuyg‘ularini, To‘raqul Aytmatov bilan bo‘lgan muloqotlarini ochiq-oshkora aytmas edi. Stalin qatag‘onlari otam va unga o‘xshash millionlab odamlarning yuraklariga shu darajada qo‘rquv solgan ediki, bu vahima yillar davomida nasldan naslga, ongdan ongga o‘tib kelmoqda. Sirasini aytganda, bunday qo‘rquvning hamon yashab kelayotgani sabablaridan biri sobiq sho‘rolar hududidagi aksariyat davlatlarda tuzumning hamon eskichaligida ham. Bu huddudda inson sha’nini toptash kabi eng yaramas illat hamon hukm surib kelmoqda. Inson zoti Olloh tomonidan yaratilgan mo‘jiza. Buni qarangki, ana shu mo‘jizaning o‘zi asrlar davomida Olloh haqiqatini anglashga fursati yetmay, o‘zini o‘zi yemirmoqda. Bu xalqaro til bilan aytganda, Paradoks. Ya’ni, Olloh bergan sog‘lom, to‘g‘ri ta’limni inkor qilishdir. Bu haqda Chingiz Aytmatov shunday eslaydi: “Ha, mudhish davr edi. Otam Moskvadagi Qizil professorlar institutida o‘qigan. Oilamiz onam Nagima Hamzayevna bilan yotoqxonada yashardik. Men to‘rt farzand ichida eng kattasi – to‘qqiz yashar edim, kenja singlim Roza endi olti oylik bo‘lgan edi.
1937 yilning avgust-sentyabr oylarida “Pravda” gazetasida ikkita maqola e’lon qilindi: “Burjuy millatchilari” va “Qirg‘iziston VKP(b) Markaziy qo‘mitasining siyosiy xatolari”. Mana shu maqolalarning kasofati tufayli res­publikamiz rahbarlari birin-ketin qora ro‘yxatga tusha boshladilar. Ko‘pchilik qatori otamning nomi ham tilga olingan edi. Boshida qora bulut quyuqlashayotganini bilgach, u onamga: “Bolalar bilan uyga qaytgin. Agar meni hibsga olishsa, “xalq dushmani”ning xotini sifatida senga ham tinchlik berishmaydi. Yetim bo‘lib qolgan farzandlarimizni bolalar uyiga topshirishadi. Ustiga-ustak, familiyasini ham o‘zgartirib yuborishadi. Meni millatchilikda ayblashyapti…”
Rostdan ham, “Yandeks lug‘ati” saytining ma’lumotlariga ko‘ra 1937 yil 15 sentyabrda Qirg‘iziston KP Markaziy komiteti byurosi VKP(b) Markaziy Komitetidan Qizil professorlar instituti tinglovchisi, millatchi T.Aytmatovni Moskvadan chaqirib olishni so‘rab qaror qabul qiladi”.
T. Aytmatovni 1937 yil 1 dekabr kuni Moskvada hibsga oladilar.
Xullas, o‘sha yili nafaqat To‘raqul Aytmatov, balki uning urug‘-aymoqlari ham qatag‘onga uchraydi. “Bobomiz Aytmat bilan Birimqul tug‘ishgan og‘a-ini edilar, deb eslaydi keyinchalik Chingiz og‘a. Birimqulning uchta o‘g‘li bor edi: Alimqul, O‘zibek, Kerimbek. Alimqul mening otamdan bir necha yosh katta edi. U Shakar qishloq Sovetining raisi lavozimida ishlardi. Shakarga kelganimizga bir oy bo‘lgach, Alimqulni ham “xalq dushmani”ning akasi sifatida hibsga oldilar. Taqdir taqozosi bilan ko‘pincha bir musibat ikkinchi musibatni ergashtirib keladi: Alimquldan so‘ng uning militsioner bo‘lib ishlaydigan ukasi O‘zibek ham “xalq dushmanining qarindoshi sifatida qamoqxonaga ravona bo‘ldi…”
Kurakka suyanib o‘yga tolgan Murodxonning bu gaplardan xabari yo‘q edi. Uning qulog‘ida faqat bir og‘iz gap chaqinday qarsillab turardi: “Ushbu ro‘yxatda o‘qilganlar zalning o‘zidan “xalq dushmani” sifatida qamoqqa olinsin!” Qochib to‘g‘ri qildimmi yoki qochmasligim kerakmidi? Hozir-ku, bir amallab parovozning o‘txonasida yashirinib boryapman. Xo‘sh, ertaga nima bo‘ladi? Ertaga qayerga qochaman? Qayerga yashirinaman? Bolalarimning ahvoli nima kechadi? Shu kungacha shaharda o‘nlab odamlar bir kechada g‘oyib bo‘lib, ularning oilasini o‘tirgan uy-joylaridan haydab chiqarishganiga o‘zi guvoh-ku? Nima qilish kerak? Leninobodga yetib borgach, militsiyaga o‘zi borsinmi?
Shu payt Murodxonning ichidan kimdir ovoz berdi: aybing nima? Nima ayb qilibsanki, o‘z oyog‘ing bilan qamoqqa borsang?
Uning ichidan kelayotgan bu ovozni boshqa yana bir ovoz bosib ketdi: hey, noshukur banda! Qayoqqa qochasan? O‘zingdan qochib qayoqqa borasan? Axir seni odam qilgan shu yurt, shu yangi zamon, shu o‘zing a’zosi bo‘lgan Kommunistik partiya emasmi? Kechagi kuningni esla-chi?
Darvoqe, kechagi kun degani 1930 yillardagi ocharchilik, 1917–18 yillardagi to‘s-to‘polonlar, bir to‘p bolsheviklarning hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olganlari, Turkiston Muxtoriyatining qonga botirilishimi yoki asrlar mobaynida xalqni zulukdek ezib kelgan xon, amir, podshohlar zamonimi? Axir ularning qaysi birini eslay? O‘sha Amir Olimxonu Xudoyorxonlar oddiy xalqqa nima berdi? Lekin, bolsheviklar ham hokimiyatga qurolli qo‘zg‘olon bilan kelmadimi?! E-voh, nimani, kimni eslamay, bedodlik, bedodlik!
Boyagi ovoz yana sas berdi: “Nima, hukumatning noni butun urug‘ aymog‘ingni qahatchilikdan olib chiqqani yodingdan chiqdimi?”
“Yo‘q! Uni unutganim yo‘q. Ammo, o‘sha non mening mehnatim evaziga berilgan-ku!”
Ovoz balandladi: “Mehnatni bir sen qilmagansan-ku. Olti oy yoz daladan chiqmay mehnat qilgan millionlar ochlik, qahatchilikdan o‘lib ketishmadimi?”
“Nima qilay, o‘sha nonni ko‘pchilik qatori men ham yeganman. Oh, yemay men o‘lay…”
Suhbatlashib o‘tirib, Davronbek bir gapni aytib qoldi:
– 1930–31 yillardagi qahatchilikda ko‘pchilik qatori bizning oilamiz ham kartochkaga non olgan ekan. Bu nonni kalach non yoki kruglыy xleb, deb qo‘yishar ekan. Uning kattaligi 30 santimetrlar kelarkan. Xuddi, turkmanlarning churegi kabi. Otamdan eshitgandim: bunday katta nonni faqat byuro a’zolarining kartochkasiga berilardi. Xullas, oilamizni qahatchilikdan o‘sha kalach non saqlab qolgan ekan. Shu munosabat bilan otam qiziq bir voqeani aytib bergan edilar: otamning uchinchi opasi To‘paxon amma hozirgi Do‘shatdagi (Xo‘jaobod rayonida) Noyib boyning o‘g‘li Qoraxonboyga turmushga chiqqan. Uning o‘g‘li Qozoqboy aka 1928 yilda tug‘ilgan. Shu bolaga sunnat to‘y qilish uchun tayyorgarlik ko‘rilayotgan ekan. Birov non yopgan, birov osh damlagan. Yana birov esa mehmon kutgan. Nima bo‘lganda ham boy-boy-da. Axir ota-buvalarimiz aytishgan-ku: boyniki botmon bilan yo‘qniki armon bilan, deb. Xullas, Qozoqboyning sunnat to‘yiga tayyorgarlik avjida bo‘lgan bir paytda qarindoshlardan kimdir o‘tin yorib, arralayotgan bo‘ladi. Shu payt bu yigitning xumori tutib, yonidan nosqovoq chiqarib tilining tagiga nos tashlaydi-yu, nosqovoqni kissaga solish o‘rniga yonidagi payraxa ustiga qo‘yadi. Shu atrofda o‘ynab yurgan to‘y bola – Qozoqboy pildirab keladi-yu, ko‘zi nosqovoqqa tushadi. E, bu nosqovoqning shaydolari… To‘y bola ham bu nima ekan, deb qiziqib, egasining qilganini ko‘rgan ekan, nosqovoqning popukli charm tiqinini ochadi-da, kaftiga to‘ldirib nos to‘kadi va og‘zini ochib yutib yuboradi. Birdan bola o‘zidan ketib qoladi. Hamma dod-voylagan, Qozoqboy bilan ovora. Boyagi qarindosh esa yonidagi nosqovoqning tiqini yo‘qolib, narida yumalab yotganidan nima voqea sodir bo‘lganini sezadi-yu, juftakni rostlaydi. O‘sha qarindosh shu ketgancha dom-daraksiz ketgan ekan. 1966 yil edi o‘shanda. Uyimizga bir odam ikkita bolasini yetaklab kirib keldi. Bu ho‘ o‘sha, nosvoy voqeasida qochib ketgan odam ekan. U o‘sha ketishda Rossiyaning Voronej shahriga borib qolibdi. Keyin bir rus ayoliga uylanibdi. Undan bir o‘g‘il va bir qizlik bo‘libdi. Yetaklab kelganlari o‘sha o‘g‘li bilan qizi ekan. Ular O‘shda ikki oylar chamasi turgandan keyin Manakka borib joylashishdi. O‘g‘li Tolik O‘shda qolib, “Mejkolxozstroy”da elektrik bo‘lib ishladi. O‘sha yili ota-onasi ham vafot etadi. Tolikni esa tok urib o‘ladi. Qizi Tamara Voronejga, buvisining oldiga qaytib ketadi.
Endi to‘ybola nima bo‘pti, deng. Quloq bo‘lishdan qo‘rqqan Qoraxonboy o‘z joniga qasd qilgach, Qozoqboy sunnatsiz qolib ketadi. Nihoyat, ammamning yig‘ilariga dosh berolmagan otam o‘sha paytdagi O‘sh oblast partiya komitetining sekretari To‘raqul Aytmatovga voqeani tushuntirib ikki qop un so‘raydi. To‘raqul og‘a ikki qop unga bir qop guruch, sabzi-piyoz, yog‘, ularni Do‘shatgacha aravada qo‘riqlab borishga ikki nafar militsionerni ham otamga qo‘shib jo‘natib yuboradi. Qozoqboy akaning qayta o‘tkazilgan sunnat to‘yiga kelgan odamlarga bittadan non, ustiga bir kafgirdan osh tekkan ekan…
Parovozning o‘txonasida kurakka suyanib o‘y surayotgan Murodxonning xayolidan yuqoridagi voqealar albatta o‘tgani yo‘q. Bularni biz uning farzandlariga aytgan xotiralaridan bir lavha sifatida ilova qildik, xolos. Zero, Murodxonning o‘sha paytdagi ahvoli biron-bir voqeani eslash, unga baho berishdan uzoq bo‘lib, o‘zi bilan o‘zi ovora edi. Qanday o‘ylamasin. Nari-berisi bilan uch-to‘rt yildan buyon odamlar imi-jimida qamalib ketmoqda. Oradan besh-o‘n kun o‘tgandan keyin esa “Eshitdingizmi, falonchi xalq dushmani ekan” degan tuturuqsiz gap tarqaladi. “Hozir qochib ketmasam, militsiyaga o‘zimni topshirsam, he Murodxon, adashibmiz, borib ishingizni qilavering, deydimi? Yo‘q, demaydi. Axir bizga Kommunistik partiya, uning yo‘lboshchilari Karl Marks, Lenin, Stalin hech qachon adashmaydi, deb o‘rgatib kelishadi-ku! Agar yo‘limni berib, qutulib ketsam, nima qilishni keyin o‘ylayman” dedi-yu, Murodxon olovi pasayib qolgan o‘txonaga ko‘mir tashladi…
– Otam Leninobodda parovozdan tushib, to‘g‘ri Novga yo‘l oladi, – degan edi o‘sha suhbatda Davronbek. – U yerda otamning universitetda birga o‘qigan kursdoshi Tursunboy O‘ljaboyev degan odam rayon partiya komitetining birinchi sekretari edi. Otam bu yerlarda o‘sha birodarini qora tortib keladi. Maqsad yalmog‘izning og‘zidan omon qolish edi…
Leninobod stantsiyasiga kelgach, paravozning o‘txonasidan irg‘ib yerga tushgan Murodxon Sobirov to‘g‘ri Chorraha degan joyga qarab yuradi. Bu joy unchalik uzoq emasdi. Chorrahadan esa Novga to‘g‘ri yo‘l ketadi. Universitetda o‘qib yurgan kezlari Tursunboyning uyiga kelishganida shu yerdan o‘tishgan. Shunday qilib, Nov yo‘lini biladi. Shu bois yo‘l so‘rab birovga qayrilishga hojat bo‘lmadi. Boshidagi shapkasini mahkam bostirgancha, to‘g‘ri yo‘l bo‘ylab keta boshladi. U paytlarda ­avtoulovlar hali ko‘p emasdi. Katta yo‘ldan birda bir “poluturka” o‘tib qolmasa, qolganlari faqat o‘rus-ko‘tak arava. Yo‘l qir-tekisliklardan iborat edi. Bir joyga borganda yuk to‘la aravasini itarib, otiga yordam berayotgan o‘ris bashara odamga yo‘liqdi va qarab turmay aravaning chap yonidan itarishib yubordi. Uning ko‘magimi yo arava tepaga chiqib bo‘lganmidi, har holda yengil yurib ketdi. Shu bahona arava egasi bilan suhbat bog‘landi. Albatta, bundan Murodxon aka yengil tortmadi. Chunki, nima bo‘lganda ham u hozirgi damda qochoq. Aravaning egasi esa qanday odamligi noma’lum.
– Yo‘l bo‘lsin og‘ayni, – bo‘g‘iq ovozda qayrildi Murodxon akaga qarab aravakash.
– Novga… ish bilan…
– Ha, Novda ish ko‘p, – dedi aravaning egasi Murodxon Sobirovga sinovchan nazar tashlab. – Hozir ayni ekish payti. Manovi ham urug‘lik, – dedi aravaga ishora qilib. – O‘qigan odamga o‘xshaysiz. Sizdaqalarga ham ish topiladi. Ana maktabda o‘qituvchi yetishmay, bolalar ko‘cha-ko‘yda tentirab qolishdi. Bundan O‘ljaboyevning fig‘oni falakka chiqyapti. Lekin, iloj yo‘q. O‘qituvchi kam. O‘qiganlar esa shaharda qolib ketishyapti. Shahar shahar ekan-da…
Arava egasini shunchaki “aravakash” deb bo‘lmasdi. Gap-so‘zlariga qaraganda, o‘zi ham o‘qigan odam ko‘rinadi.
– Kuzda ko‘p yerlarimiz urug‘lik yetmay bo‘sh qolib ketdi, – gapni uladi arava egasi. – Bilmadim, bu olib ketayotgan urug‘lik endi unadimi yo‘qmi?.. Yomg‘ir mavsumi ham o‘tib boryapti. Peshonadan-da… Odamning peshonasiga bersin. Peshonada bitmasa, balo ham bo‘lmaydi…
Murodxon gapga gap qo‘shay deydi-yu, ammo hech tili so‘zga bormaydi. O‘ljaboyevning nomini eshitgandan so‘ng, tanasiga sal iliqlik yugurdi. Sekin so‘radi:
– O‘ljaboyev hozir rayondamikin?
– Rayonda bo‘lmay qayerda bo‘lardi. Nima, siz uni taniysizmi?
– Tanishga tanimaymanu, lekin yaxshi odam deb eshitganman.
– Eshitgan boshqa, ko‘rgan boshqa. Ko‘rsangiz bilasiz. Har holda yomon odam emas…
Bu payt arava qiyalikdan tushib, tekis yo‘lga chiqib oldi. Shunda aravaning egasi yonma-yon borayotgan Murodxon akani ham aravaga taklif qildi. Arava bir maromda yurib ketdi. Yo‘lovchilar Nov rayon markaziga shomdan keyin kirib kelishdi. Aravaning egasi bildiki, yo‘ldoshining boradigan joyi yo‘q. Yo‘lni to‘g‘ri omborxonaga soldi. Ularni beo‘xshov qorin qo‘ygan omborchi kutib olib:
– Hoy, Akbarali, urug‘likni bu yerga emas, to‘g‘ri dala boshiga olib borar ekansiz, O‘ljaboyev shunday qilsin, dedi.
– Qorong‘ida paypaslab yuramizmi, polvon aka, buguncha shu yerga tushirib qo‘yaturaylik, azonda o‘sha aytilgan joyga olib borarmiz. Buning ustiga mehmonga ham yotish uchun joy kerak, – deb so‘z qotdi Akbarali.
– Qanaqa odamsiz. Boshliqni aytganiga yurmaysizmi, – qo‘rs javob qildi omborchi.
– Omboringizga kiritmasangiz kiritmang, – jahli chiqdi Akbaralini. U shunday deb aravani orqaga qaytardi. Murodxonga qayrilib shunday dedi:
– Mehmon, ismingizni ham so‘ramadim, qaramaysizmi endi, shuyam gap bo‘ldimi…
– Xafa bo‘lmang, Akbarali aka, tayinlangan joyga boraveraylik, yotish bir gap bo‘lar, – dedi Murodxon aka.
Ular yarim kechada qir-adirlar osha bir kapaning oldida to‘xtashdi. Ikkalalari ham horib-charchashgan edi. Akbarali otni arvadan chiqarib, yem berdi, keyin tushovlab qo‘yib yubordi. Shundan keyingina kapaning ichiga qaradi. U yerda bir odam ­boshini o‘rab olib uxlab yotardi. “Shuyam qorovul bo‘ldimi, yarim soatdan buyon taraqa-turuq qilamiz, uyg‘onmaganini qarang”, deb o‘yladi Akbarali cho‘zilib yotgan odamga qarab va Murodxon akaga qayrildi:
– Ha, endi qornimizni ham o‘ylaylik. Hozir o‘choqqa o‘t qalab, choy qaynatamiz. Qorovul dong qotibdi, uyg‘otganda nima? – shunday deb Akbarali o‘choqqa unnadi. Narida turgan qumg‘onga ariqdan suv soldi, keyin o‘choqqa qo‘yib tagiga olov yoqdi… Dasht ancha salqin edi. Olovning tafti ikkalasiga ham jon kiritdi. Akbarali aravaga borib, ertalabdan qolgan, qiyiqchasiga o‘ralgan yarimta nonini ko‘tarib keldi. Murodxon aka shundagina bo‘xchasini esladi: “Unda quritilgan kiyimlar bilan ul-bul yegulik ham bor edi. Attang, parovozning o‘txonasida qolib ketibdi”, o‘yladi Murodxon aka. Bu payt qumg‘on ham sharaqlab qaynadi. Akbarali o‘choq boshida quruq choy bo‘lsa kerak deb, timirskilanib choy qidirdi. Ammo o‘sha paytlarda quruq choy degani anqoning urug‘i ekanini bilsa-da, har ehtimolga qarshi, balki, chiqib qolar deb qidirgan edi. Yo‘q, choynagida dala choyining shamasi bor ekan. Shuning ustiga qaynagan suv quyib dasturxonga qo‘ydi. Yo‘ldoshlar bir burdadan non, ikki piyoladan “shamasiga chambarak” dala choyni ichishib arava ustiga chiqishdi… Qoplarning ustiga cho‘zilgan Murodxon tun ayoz bo‘lishiga qaramay, o‘z tanasida qandaydir iliqlikni his qildi. Ko‘ngli xotirjam tortdi. Nahot, qutulgan bo‘lsam, degan o‘y “yalt” etib xayolidan kechdi. Ko‘zi ilindi…
Tong otgan edi. Murodxon aka butun vujudida turgan dahshatli qaltiroqdan uyg‘onib ketdi. Tishi-tishiga tegmay titrar, badani esa o‘t bo‘lib yonardi. Ko‘zini ochib, boshida o‘tirgan odamni tanib-tanimadi.
– Leninoboddan chiqqanidan keyin uchrashib qoldik, – dedi Akbarali tong otib-otmay bu yerga kelgan raykom sekretariga. – Bir-ikki og‘iz gapni aytmasa, yo‘l bo‘yi sukutda keldi. Boshiga ish tushganga o‘xshaydi. Sizni so‘radi.
O‘ljaboyev Akbaraliga mehmon tanish ekanini aytib o‘tirmadi. Bu haqda gapirishning mavridi ham bo‘lgani yo‘q. Chunki… shu payt O‘ljaboyev bilan birga kelgan kolxoz raisi kapadan dodlab chiqdi:
– U bechora, Maxsum, olamdan o‘tibdi. Kecha oldimga bir ahvolda kelib, rais buva meni yashirmasangiz, ishim chatoq. Necha kundirki, qirma-qir, soyma-soy oshib shu yerga yetib keldim. Buxoroda ham imom-domlalarni qamash boshlandi. Yashiring meni, rais buva, yashiring, deb yolvorgandi-ya. Maxsum menga uzoq qarindosh bo‘ladi. Qora tortib kelibdi. Ochmisan-to‘qmisan, deb so‘ramabman ham. Bu qo‘rquvdan o‘ldimi yo ochlikdanmi? Qanday kunlarga qoldik, Akbarali, – deb rais uvvos tortib yig‘lay ketdi.
Bu payt besh-o‘nta dehqonlar ham kelib qolishdi. O‘ljaboyev Akbarali boshliq o‘sha odamlarga kecha tayyorlangan dalalarga urug‘ sepishni tayinlab, dondan bo‘shatilgan aravaga yotqizilgan Maxsumning jasadi bilan isitmadan alahlab yotgan Murodxon akani olib raisni qo‘shgancha qishloqqa jo‘nab ketdi.

3

Tarix. Ma’lumki, 1937–38 yillar yangi tarixda “katta terror” deb nom olgan qatag‘onlarning eng yuqori nuqtasi hisoblanadi. Mazkur qatag‘onlar 1927 yilda boshlanib 1953 yil mart oyigacha davom etgan, deb belgilashadi tarixchilar. Shu narsa kishini taajjubga soladiki, bu yillarda “sobiq quloqlar” yana qayta qatag‘on qilinadi. Ularning aksariyati otuvga hukm etiladi. “SSSR Ichki ishlar Xalq komissari N. Yejov tomonidan 1937 yil 30 iyulda imzolangan №00447-yovuz buyruqning qo‘llanilishi bilan qatag‘onlar yanada keskin tus oldi” deb keltiriladi tarix fanlari doktori, professor R. Shamsuddinov rahbarligida tuzilib, 2007 yilda Andijonda chop etilgan “Katta terror yillarida O‘rta Osiyo qishloqlari” kitobida. O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘izistonda 1937 yil 10 avgustdan boshlab sobiq quloqlarni, sovetlarga qarshi faol unsurlar va jinoyatchilarni qatag‘on qilish bo‘yicha “ommaviy operatsiyalar” boshlanadi. 1937 yil 10 avgustdan 1938 yil 1 yanvargacha O‘zbekiston bo‘yicha 10700 odam qamoqqa olinadi. Ular orasida birinchi marta qamoqqa olingan dindorlar, o‘qituvchilar, partiya-sovet xodimlari, jurnalist va yozuvchilar ko‘p edi. Hayoti davomida hukumat tomonidan “xalq dushmani” deb e’lon qilingan kishilar bilan birga ishlagan yoki uchrashgan, hamsuhbat bo‘lgan odamlar ham ta’qib ostiga olingan. 1937 yil 14 sentyabrdan keyin o‘rnatilgan sudlov tartibi O‘rta Osiyoda joriy etilgan OGPUning “uchlik” muhokomalaridan kam farq qilgan. Siyosiy-jinoiy asosga ko‘ra qamalganlar sudlanmasdanoq “uchlik” tomonidan oliy jazoga tortilgan yoki surgun qilingan.
…“Uchlik” degani tashkilotmi yoki odamlarmi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Bu savolga o‘sha “uchlik”ning bitta majlis bayonnomasi bilan javob berish mumkin.
SSSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining 1930 yil 9 iyuldagi qaroriga asosan O‘rta Osiyo OGPUsi (maxsus davlat siyosiy boshqarmasi) qoshidagi “Uchlik” majlisining
№103 bayonnomasi
O‘rta Osiyodagi OGPU raisi: o‘rt. Mironov
A’zolari: OGPU boshlig‘ining yordamchisi – o‘rt. Berman, OGPU Butunittifoq bo‘limining boshlig‘i – o‘rt. Babkevich, O‘zSSR Davlat prokurorining yordamchisi, O‘zSSRda OGPU bo‘limlari nazorat prokurori – o‘rt. Sarыchev
Kotib: o‘rt. Kovach.
Tingladik:
1. Quyidagi fuqarolarni ayblov bo‘yicha №5054 sonli ish:
1) Nosirxon to‘ra Said Kamolxon To‘rayev, yoshi 56 da, tojik, boy, xo‘jaligi quloqlashtirish bo‘yicha yo‘q qilingan, taniqli mudarris, fevral va oktyabr inqiloblari oralig‘ida Namangan shahar Dumasining raisi, …, sobiq Qo‘qon muxtoriyati hukumatida vazir, Namangan diniy boshqarmasining sobiq boshlig‘i, sovetlarga qarshi faoliyati uchun surgunda bo‘lgan.
2.
3.

19.
Qaror qildik:
Barchasi otuvga hukm qilinsin.
Shunday qilib, bitta majlisda 19 nafar odam otuvga hukm qilingan. Yuqoridagi kabi “Uchlik”larning bunday majlislari har bir rayonda, har bir idora-tashkilotda faoliyat yuritgan.

4

Qadim Buxorodan qochib kelib, jag‘ini tang‘ishga ham odam topilmay, dala boshidagi kimsasiz kapa uyda jon bergan o‘sha ismi bizga noma’lum Maxsum aka ham, uzoq Qirg‘izistondan Novga qochgan Murodxon Sobirov ham ana shu “Uchlik”ning qurbonlari edi.
O‘ljaboyev Murodxon akani kasalxonaga olib bormaydi. Uning boshiga og‘ir tashvish tushganini qandaydir ichki tuyg‘u bilan sezadi. Bir ko‘ngil yaqin odami bor edi. Aravani o‘sha yoqqa haydaydi. Uy egasi “bu kim, nima” ham demay Murodxon akani boshlab uyiga olib kirib ketadi. Oradan bir hafta o‘tgach, Murodxon aka o‘ziga kelib, darddan forig‘ bo‘ladi. Uning suyak-suyagiga sovuq o‘tib ketgan edi. Bu Oqbo‘raning sovug‘i edi. O‘ljaboyev undan har kuni xabar olib turdi. Bir haftagacha, nima bo‘ldi, qayoqqa boryapsan, deb so‘ramadi. U bilardi: Murodxon bu yerlarga bejiz kelmagan. Uning O‘sh shahrida tashkil etilgan “Kommunist” gazetasiga bosh muharrir bo‘lganidan ham, keyin “Izvestiya” gazetasida muharrir bo‘lib ishlash uchun Moskvaga ketganidan ham, eng asosiysi Murodxon Sobirovning To‘raqul Aytmatov bilan yaqin ekanidan xabardor edi.
VKP(b) Nov rayon komitetining birinchi sekretari Tursunboy O‘ljaboyev o‘qimishli, ziyrak rahbar edi. U o‘sha 1937 yilda “Pravda” gazetasida bosilgan “Burjuy millatchilari” va “Qirg‘iziston VKP(b) Markaziy qo‘mitasining siyosiy xatolari” deb nomlangan maqolalarni o‘qigan edi. To‘g‘rirog‘i, bu maqolalarni o‘qish Tojikiston VKP(b) Markaziy komiteti tomonidan barcha partiya xodimlariga tavsiya etilib, joylarga telefonogrammalar jo‘natilgandi.
Xullas, Murodxon Sobirov o‘ziga kelgach, raykom sekretari uni mashinasiga o‘tqazib to‘g‘ri rayon gazetasiga olib keladi. O‘sha kuni gazeta tahririyatida yig‘ilish bo‘lib, jamoat jam ekan. O‘ljaboyev Murodxon akani to‘g‘ri majlis ketayotgan bosh muharrir xonasiga yetaklab kirib, uni jamoaga tanishtiradi:
– Bu odamning ismi Murodxon. Familiyasi Sobirov. Mening hamqishlog‘im. Xo‘janddan. O‘zi jurnalist. Rayonimizga kelib qolibdi. Birga ishlaysizlar. Sizlarga muvaffaqiyat tilayman, – deydi-yu, chiqib ketadi.
Boshqalar emas, Murodxon akaning o‘zi ham bu voqeadan hang-mang bo‘lib qoladi. Axir yo‘l-yo‘lakay ham bir og‘iz bo‘lsa-da, hozir falon joyga boramiz, seni shunday deb tanishtiraman, degan gapni aytmagan-da. Bu voqea ayni 1938 yilda bo‘lgan. Murodxon aka so‘raganlarga “ha, tug‘ilgan joyim Xo‘jand, O‘ljaboyev bilan bir joydanmiz” deb qutuldi. Buning ustiga o‘sha yillarda pasport tizimi joriy etilmagan edi. Agar birovning ustidan qasddan chaqma-chaqarlik qilinmasa, kimsaning kimsa bilan ishi yo‘q. Hamma o‘z jonini o‘ylab qolgan edi. O‘ljaboyevning esa ichidan o‘tganini o‘zi bilardi. Shunday: Olloh o‘z panohida asrayman, desa hech gap emas. Ollohdan qolmaylik…
Ruslarning: “Baxtsizlik yordam bermasa, baxt qayoqda edi”, degan maqoliga uyqash 1940 yilda boshlangan urush bu ikki do‘stga yordamga keldi. 1941 yil. Frontda ayni janglar qizigan paytda O‘ljaboyev Murodxon akani chaqirib: “Endi Stalin oldida o‘zingni oqlaydigan payt keldi. Urushga ko‘ngilli bo‘lib ketishga ariza yoz”, dedi. Bir o‘zining jonini, bir do‘stining taqdirini o‘ylayverib charchagan Murodxon Sobirov shu joyning o‘zida ariza yozib harbiy komitetga bordi. Oradan ikki yarim yildan ortiq vaqt o‘tgan. O‘zining qidiruvga berilgani yoki yo‘qligidan bexabar edi. Buning ustiga Moskva ostonalarida qattiq janglar borayotgan payt. Hammaning diqqati urushga qaratilgandi. Hayot “Hamma narsa front uchun” degan shior ostida kechmoqda edi. Xayriyat, hech qanday so‘roq-javoblarsiz uni armiyaga olishdi. Murodxon Sobirovning yelkasidan tog‘ tushdi, go‘yo. Bu tog‘ o‘zining jonidan ham ko‘ra, do‘sti Tursunboy O‘ljaboyevning taqdiriga ko‘z tikkan edi. Axir o‘shanda “Ha, Sobirov bor ekansiz-ku, shu kungacha qayerlarda edingiz” degan gap-so‘z bo‘lganda yoki shu o‘tgan ikki yarim yil orasida birorta odam “falon gazetada bir odam yuribdi, biz tanimaymiz, so‘rab-surishtirib ko‘ringlar” deb kerakli joyga murojaat qilsa bormi, o‘zi-ku, mayli, jonidan umidini uzgan paytlar ko‘p bo‘lgan, manovi boshiga tashvish tushgan paytda so‘ramay-netmay bag‘rini ochgan O‘ljaboyevga qiyin bo‘lar edi. O‘zidan oldin O‘ljaboyevni otishardi.
Mana shular haqida o‘ylarkan, do‘stiga qanday minnatdorchilik izhor etishni o‘ylab o‘yiga yetmasdi. U ko‘rsatgan jasoratni qanday baholash mumkin, deb o‘yladi armiyaga ketishdan bir kecha oldin Murodxon aka. Nima ish qilsam unga munosib bo‘ladi? Ana shunday o‘ylar tuni bilan ko‘ziga uyqu ilintirmadi. Ertalab ikki do‘st xayrlashish uchun uchrashdilar. Uchrashuv rayon partiya komitetida bo‘ldi. Katta xona. To‘rda O‘ljaboyev. Uning qarshisida Murodxon aka o‘tiribdi.
– Rahmat! Senga shu so‘zdan boshqa hech narsa deyolmayotganimdan afsusdaman, Tursunboy, – dedi Murodxon aka jiqqa yoshga to‘lgan ko‘zlari bilan do‘stiga qarab.
– E, qo‘ysang-chi, senga rahmat! Tursunboy partiya xodimi bo‘lsa, menga nima qilib berardi, demay oldimga kelganing uchun rahmat. Agar bu yog‘ini so‘rasang, men ham seni bahonangda o‘zimni sinadim… Omon bo‘l, do‘stim. Sen bayramga yoki to‘yga borayotganing yo‘q. Qon sachrab turgan janggohga boryapsan. Yana bir gap shuki, kecha “o‘zingni oqlaydigan payt keldi” deb shunchaki aytgan edim. Sening o‘zingni oqlashingga hech hojat yo‘q. Buni bilaman. To‘raqul Aytmatovday vijdonli odam bilan tanish, yor-birodar, eng muhimi fikrdosh bo‘lganing uchungina seni qamashmoqchi bo‘lishdi. Bunda sening ham, To‘raqul og‘aning ham hech bir aybi yo‘q. Afsus-nadomatlar bo‘lsinki, mana ikki yildirki To‘raqul og‘a qamoqda ekan. Xat, uchrashish huquqidan mahrum qilingan. Buni yaqinda Toshkentdan kelgan bir do‘stimiz aytdi. U sen haqingda so‘zlab, Murodxonni surishtirgan edim, topolmadim, dedi. Har ehtimolga qarshi bu yerdaligingni bildirmadim. Balodan hazar… Yo‘q, o‘sha odam ishonchli kishilardan. Shunday bo‘lsa ham shu yerda ekaningni aytmadim. Bugungi kunda o‘zingni soyang ham sotib qo‘yishi mumkin. Mana shunday tahlikali davr. Juda ko‘p partiya, sovet xodimlari sallasini ol desa, kallasini olishyapti. Eng dahshatli tomoni Kommunistik partiyaning eng sodiq a’zolari qatag‘onga uchrayapti. Nima uchun bunday bo‘lyapti? Hech kim bilmaydi. Partiya ichida opportunistlar, ya’ni og‘machilar ko‘p. Ularning ko‘zi ishda emas, jonlarida… Xullas, shunaqa gaplar. Do‘stim, oy borib – omon kel.
O‘ljaboyevning bu gaplarini Murodxon aka keyinchalik ham ko‘p esladi. Uning To‘raqul Aytmatov ikki yildirki qamoqda, xat-uchrashuv huquqlari yo‘q, degan gap­laridan ich-etini yedi. Nahotki, shunday ilmli, partiyaning yo‘lini yaxshi tushungan odamni qamashsa? O‘zi-chi, uning o‘zi qanday jinoyatlar qilgan? Qamoqqa olinganiga ikki yildan oshgan bo‘lsa, demak, meni ham To‘raqul og‘aning maslakdoshi sifatida qamashmoqchi, bo‘lgan deb O‘ljaboyev to‘g‘ri aytgan ekan-da. To‘raqul og‘aga shogird bo‘lish, u bilan suhbatlashish, dardlashish naqadar maroqli edi, o‘ylaydi Murodxon aka. 1932 yilda To‘raqul og‘a bilan uning Talasdagi tug‘ilib-o‘sgan Shakar ovuliga borganlarida u shunday degan edi: “Murodxon, bilasanmi, nima uchun inqilob qildik? Elimiz-yurtimiz yaxshi yashashi, ilmli bo‘lishi uchun inqilob qildik. Agar bizning inqilobimiz shu natijalarni bermasa, demak yaxshi ish qilmabmiz…” To‘raqul aka shu so‘zlarni aytib uzoq o‘yga cho‘mdi. Keyin yana davom etdi: “Bilasanmi, nima uchun yagona Turkistonni bo‘lib tashlashdi? Menimcha, bu masalaning ikki jihati bor: birinchisi, Turkiston o‘lkasining yagona mamlakat bo‘lishidan kimlardir manfaatdor emas. Mening aqlim yetmayotgani RKP(b)ning Turkiston xalqining mayda respublikalarga bo‘linib ketishiga yo‘l berilayotgani. Nahotki… Ikkinchidan, bunda biz qirg‘izlar uchun bitta yaxshilik bor: o‘z davlatimizga ega bo‘lamiz. Biroq Turkistonning bo‘linib ketishi muqarrar bo‘lsa, buning oqibatlari yomon kechadi. Eng dahshatlisi xalqlar o‘rtasida nizo chiqadi. Ularni yarashtirishga asrlar ham yetmaydi, deb qo‘rqaman. Bundan tashqari hamma o‘zining choponiga o‘ralib olsa, iqtisodiy rivojlanish ham bo‘lmaydi. Yana qaydam. Bu gaplarni seni yaqin olib aytayapman. Ha, mayli, qani beshbarmoqdan ol, omon bo‘lsak ko‘ramiz…”
5

– 1990 yilda o‘zbek-qirg‘iz o‘rtasida nizo chiqqan paytda otam tirik edi, – deb eslaydi Davronbek. – To‘s-to‘polon tinchib qolgan kunlarning birida otamning shunday degani hali-hanuz yodimda. “Turkiston xalqini bo‘lib yuborish kechagidek fojialarga olib kelishini To‘raqul Aytmatov bundan 70 yil oldin aytgan edi, menga”, deb yuqoridagi gaplarni aytib bergan edi.
Mening xayolimda esa Chingiz Aytmatovning xotiralari jonlanadi: “Qoraqiz ejam savodsiz bo‘lsa-da, lekin donishmand ayol edi. U bir umr otam xotirasini muqaddas saqladi. 1964 yilda og‘ir kasallikdan so‘ng vafot etdi. O‘limi arafasida bizni huzuriga chorlab:
– Men to‘rtovingdan ham roziman. Eh, otalaring yoshlik paytida qurbon bo‘lib ketdi! Agar u yuksak martaba egasi bo‘lmaganda, ko‘p qatori ovulda yashab yurganda bormi, tirik qolar edi, – dedi-yu yig‘lab yubordi.
Dastlab, rasmiy idoradan bizga yolg‘on ma’lumotnoma jo‘natishdi: “10 yil muddat bilan qamaldi, xat yozish huquqidan mahrum etildi”. Bizni intizor qilib qo‘ygan so‘ngsiz yillar boshlandi. Har bir kunni sanab yurardik, yo‘llardan ko‘zimizni uzmasdik, umid bilan yashardik.
Bir marta otam to‘g‘risida bo‘layotgan oshkora suhbatning guvohi bo‘lganman. Uyi­mizga o‘g‘lining qo‘lidan ushlab yuradigan bitta ko‘zi ojiz odam tashrif buyurdi. Esimda, onamga shunday degan edi:
– Meni ham To‘raqul bilan birga qamoqqa olishdi. Biz bitta kamerada o‘tirdik. Dunyoda bor azob-uqubatlarni boshimizdan kechirdik. Ko‘r bo‘lib qolganimdan so‘ng meni ozod qilib yuborishdi. To‘raqul tirik. Baribir adolat tantana qiladi, umidingni uzmagin, Nagima.
Onam NKVD idorasiga xat ketidan xat jo‘nataverdi, lekin biron tayinli javob ololmadi. Umid bilan o‘n yil ham o‘tdi…”
Bu borada qozoq shoiri va davlat arbobi Muxtor Shoxonovning xotiralari ham diqqatga sazovor. Bu xotiralar garchi bu ikki ulug‘ insonning birgalikda yozgan kitobida keltirilgan bo‘lsa-da, Shoxonov bu xotiralarni 1998 yili Chingiz og‘a bilan birga Toshkentga kelib, bizning uyimizda (Yo. Xo‘jamberdiyev) mehmon bo‘lishganda ham aytib bergan edi.
– Bir paytlar men singlingiz Roza xonim bilan uchrashib qolib otangiz haqida uzoq suhbatlashdik, – dedi Muxtor aka Chingiz Aytmatovga boqib. U suhbatni shunday boshlagan edi. “Chingiz institutda “a’lo”ga o‘qirdi. Uni aspiranturaga qoldirishmoqchi edi. Lekin, birdan ustidan xat tushadi: “Xalq dushmani”ning o‘g‘li nima uchun Stalin stipendiyasi olyapti?”. Shunday qilib, u stipendiyadan ham, aspiranturadan ham mahrum bo‘ldi.
Shu payt Shoxonov nafasini rostlab olish uchun piyolaga qo‘l cho‘zdi. Oradagi jimlikdan foydalangan qoraqalpog‘istonlik yozuvchi Umurboy Atauliyev so‘z qotdi:
– Yaxshiyam bo‘lgan ekan. Aks holda dunyo adabiyoti buyuk yozuvchidan ajrab qolar edi…
– Voy-boyov chirog‘im, ja oshirib yubording-ku, – deb kuldi Chingiz og‘a Umurboyga qayrilib…
– Shuytib, Roza xonimning gaplarini eshiting, – so‘zini davom etdi Muxtor aka. Bu xotiralar sho‘rolar saltanatining asrlar osha avlodlarga saboq bo‘ladigan qonxo‘rligidan hikoya qiladi. Biroq, Chingiz, degan edi Roza xonim, aslo taslim bo‘lmadi: dam olish kunlari temiryo‘lga borib, hammollik qildi – vagonlardan ko‘mir, o‘tin tushiradi. Choychaqa ishlab kelardi. Halol peshona teri bilan ishlab topgan pullarini sarflamasdan yig‘ib qo‘yardi: yozda ovulga ta’tilga kelgach, hammamizga ust-bosh xarid qilib berardi.
1957 yilda NKVD idorasidan bizga chaqiriq qog‘ozi keldi: “T. Aytmatov to‘g‘risidagi so‘rovnomangizga javob olish uchun NKVDga kelishingiz lozim”.
Onamning nechog‘liq hayajonlanganini bir ko‘rsangiz edi! Boyaqish o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi, yuragi hapqirib ketdi. Aksiga olgandek, Chingiz o‘sha kunlari isitmasi ko‘tarilib, ko‘rpa-to‘shak qilib yotgandi. Onam bechora uning tevaragida girgitton bo‘lardi. U onam bilan birga bormoqchi bo‘lib o‘rnidan turdiyu oyoqlari chalishib, yiqildi. Qisqasi, biz onam ikkovimiz chaqirilgan joyga jo‘nadik.
– Otang Sibirda bo‘lsa kerak, – dedi onam. – hozir ko‘pchilik o‘sha tomonlardan qaytib kelishyapti. Agar To‘raqul katta bo‘lib qolganlaringni ko‘rsa, bechora nihoyatda suyunib ketadi…
Nihoyat, biz NVKD idorasiga yetib keldik. Kiraverishda avtomat ushlagan askar turgan ekan. Onam unga chaqiriq qog‘ozini uzatdi.
– Siz kiravering, – deb askar bola onamga yo‘l bo‘shatdi.
Meni ichkariga kiritmadi.
…Onam ichkaridan oyoqlarini arang sudrab chiqib kelguncha ancha vaqt o‘tdi. Onamga ko‘zim tushdiyu yuragimda qattiq og‘riq turdi. Uning ko‘zlaridan duv-duv yoshlar oqardi, lablari titrardi. Darhol onamning qo‘ltig‘idan oldim. Bir og‘iz so‘z aytishga ham madori yetmasdan, bir varaq qog‘ozni menga uzatdi. Qog‘ozda esa quyidagi so‘zlar yozilgan edi:

SPRAVKA

1937 yil 1 dekabr kuni qamoqqa olinganga qadar Qizil professorlar institutining tinglovchisi bo‘lgan To‘raqul Aytmatovning aybnomasi SSSR Oliy Sudining Harbiy Hay’ati tomonidan 1957 yilning 15 iyun kuni qayta ko‘rib chiqildi.
T. Aytmatovga nisbatan 1938 yilning 5 noyabr kuni Harbiy Hay’at tomonidan chiqarilgan hukm yangi ochilgan shart-sharoit tufayli bekor qilinadi va bu ish jinoyat tarkibi bo‘lmagani uchun to‘xtatiladi.
T. Aytmatov o‘limidan keyin oqlandi.
SSSR Oliy sudi Harbiy
Hay’at raisining yordamchisi,
adliya polkovnigi M. Rusakov.

– Endi o‘zlaring o‘ylab ko‘ringlar bovurlarim, Umurboy, Yoqubjon, Nabijon, – deb bizga qayrildi Muxtor og‘a. – Yigirma yillik umid bir lahzada chilparchin bo‘lib sinsa, odam qanday ahvolga tushadi. Axir odam, yana ayol zoti metin emas-ku! Insonlarning ishonch-e’tiqodini, orzu-umidlarini gulqaychida uzum bargini qirqqandek qirqib tashlagan tuzum qanday tuzum bo‘ladi? Afsus, yaqin-yaqinlargacha hammamiz ana shu tuzumning to‘nkasini yorib keldik… Yoqubjon seni otang qamalmaganmi?
– Qamalgan, faqat qamoqdan qochib qutulgan, – deyman men.
Shu payt kimdir davradagilardan biri:
– Qochib qolganlar baxtiyor! – dedi…
Ha, darvoqe, qamoqdan qochib qutulib qolganlar baxtiyormikan?.. Mening otam Mulla Xo‘jamberdini ham domlalarga qiron kelganda qamashdi. Ammo u yo‘lini topib qamoqdan qochdi. Uzun yillar Uchko‘prik tumanining Suyunchol, Momochol qishloqlarida yashirinib yurdi. Suyuncholning Qo‘rg‘oncha mahallasida imomlik qildi. Oilasidan uzoqda bo‘ldi. Ota! Shunday hayotda siz baxtiyormidingiz?
Amakim mulla Egamberdi o‘z dalasidan tutib ketishgan bo‘yi qaytib kelmadi. Yuz yoshga kirib yaqinda olamdan o‘tgan Zuhriddin maxsum pochchaning so‘zlariga qaraganda, Mulla Egamberdi domla Suzoqning katta ulamosi edi.
Nima bo‘lganda ham zolimning o‘qidan yer tishlagan odamlarni baxtsiz, undan qutulib ketganlarini baxtiyor, deyish, ularga baho berish bizning ishimiz emas, deyman o‘zimga. Biz ularni qanday bo‘lsa, shundayligicha qabul qilishimiz kerak. Balki, To‘raqul Aytmatov yoki Mulla Egamberdi qanchalik baxtsiz bo‘lishsa, ularning shogirdi Murodxon Sobirov va Mulla Xo‘jamberdi aka ham shunchalik baxtsizdir. Zero, baxt umrning qisqa yoki uzunligi bilan o‘lchanmaydi. Baxt shu odamlarning el-yurtga qilgan xizmati, dunyoni tushunish falsafasining chuqur yoki sayozligi bilan va nihoyat Olloh bergan umrning qanchalik mazmunli o‘tgani bilan o‘lchansa, ehtimol.

6

Ikkinchi jahon urushi bir manbaada 40 million, boshqa manbaalarda 80–100 million odamning yostig‘ini qurutdi, deb keladi. Millionlar nari tursin bittagina odamning hayoti naqadar aziz va mukarramligini o‘ylasangiz, bo‘lib o‘tgan urushda hayotni yaxshilash, uni yanada aziz va munavvar qiluvchi millionlab kishilarning hayoti bu dunyoning arzimas hoyu havaslariga qurbon etilganini his etamiz va yuraklarimiz zirqiraydi. Sobiq Turkistonda kollektivlashtirish, 1927–52 yillarda hukm surgan katta terror fojialari kirib bormagan oila kam bo‘lganidek, Ikkinchi jahon urushidan aziyat chekmagan xonadonlar deyarli yo‘q edi. Bu urushning asoratlari, janglarda halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan odamlarning oilalari, nevara-chevaralar o‘z otalarini, bobolarini, buvilarini hamon yuraklari qon bo‘lib yodga olishadi…
Murodxon Sobirov oliy ma’lumotli bo‘lgani uchun uni Turkmanistonning Mari shahriga, ikki yillik komandirlar tayyorlash kursiga o‘qishga jo‘natishadi.
Mari shahri shunday Murg‘ob daryosining bo‘yida joylashgan. Viloyat markazi. Murodxon Sobirov dorilfununda birga tahsil olgan shu shaharlik Qalandarni esladi. “Attang, manzilini bilganimda xol-ahvol so‘rardim”, deb o‘yladi u. “Balki, u ham frontdadir. Axir hozir to‘rt muchasi sog‘ odamning hammasi urushga ketmaganmi?..” Ana shunday o‘ylar bilan qo‘rg‘on bo‘ylab yurib harbiy qism darvozasi yoniga borganini ham sezmay qoldi. KPPda bir leytenant navbatchi ekan. Undan “tashqariga chiqib kelsam bo‘ladimi?” deb so‘raydi. “Ruxsatnomang bo‘lsa, marhamat” deb javob beradi leytanant. Shunda Murodxon Sobirov leytenantga qarab:
– Shaharga chiqmayman. Shunchaki, darvozadan chiqib, bir odamni so‘ramoqchi edim, – deydi.
– E, soldat, shaharga chiqding nima-yu, darvozadan chiqding nima, hammasiga ruxsatnoma kerak. Harbiy tartib shunday, – deb kuladi leytenant. – Ha, kimni so‘ramoqchi eding. Birozdan keyin bu yerga sabzavotlar olib kelishadi. O‘shalardan bilib beraman.
– Qalandar, degan yigitni. Toshkentda, universitetda o‘qigan.
– Mari kichik shahar bo‘lsa-yam, o‘qiganlar ko‘p. Qalandar dedingmi? G‘alati ism ekan. Otasining ismi Darvesh emasmi? – deb leytenant kuldi.
– O‘rtoq leytenant, siz rus bo‘lsangiz, qalandar bilan darveshni qayerdan bilasiz? – dedi kulib Murodxon Sobirov ham.
– Men rus emasman, boshqirdman. Katay urug‘idanman. Ismim Iris. Otamning ismi Kadi, – dedi leytenant qo‘l uzatib.– Sen turishingdan o‘zbekka o‘xshaysan. Kel, tanishib olaylik.
Shundan keyin leytenant bu o‘quv-mashq dargohida ikki yildan buyon xizmat qilayotganini, o‘zi kavaleriya – otliq qo‘shinlari bo‘yicha mutaxassis ekanini aytdi.
– Biz boshqirdlar ota buvalarimizdan tortib askar bo‘lib kelganmiz. Otam Kadi Nizomiddin o‘g‘li bir paytlar Istarlitimoqdagi harbiy o‘quv kursiga rahbarlik qilgan, – deb qo‘shib qo‘ydi Iris.
Shu payt darvozaning ortida: “Trrr… to‘xta!” degan ovoz eshitildi. Leytenant kichik yo‘lakdan o‘tib, eshikni ochdi. Kelganlar turli sabzavotlar, kartoshka, piyoz olib kelishgan ekan. Leytenant telefonda xo‘jalik mudirini chaqirdi va:
– Sobirov! Bu yoqqa chiq, – dedi.
Murodxon Sobirov tashqariga chiqib, ko‘tak aravada o‘tirgan ikki kishini ko‘rdi. Ularning biri o‘spirin edi. Boshqasi ellik yoshlardan oshgan, ammo yuzlarini ajin bosgan odam ekan.
Leytenant o‘sha kishidan “shaharda Qalandar Olloberganov ismli Toshkentda o‘qigan odamni taniysizlarmi? Mana bu soldat so‘ryapti”, dedi. Shunda boyagi odam Murodxon Sobirovga qaradi-da, o‘zbekchalab:
– Qalandar urushga ketgan, – dedi qovog‘ini uyub.– Hozir hamma urushda. Ayniqsa, Qalandarga o‘xshagan bilimli yigitlar. Uyda otasi bor. Ollobergan og‘aning yoshi ham vallohi alam, saksondan oshdi, shekilli.
– Uning qayerda turishini aytib bermaysizmi? – so‘radi Murodxon.
– Ko‘chasining nomini bilmayman. Ammo, gospitalga borib, shunday o‘ngga qayrilgan ko‘chadan “Ollobergan og‘aning uyi qaysi?” deb so‘rasangiz ko‘rsatishadi, – dedi salmoqlab.
Bu orada ichkaridan xo‘jalik mudiri – kapitan ham chiqib keldi. Kela solib salom ham bermay, aravadagi sabzi-piyozga qarab rus tilida:
– Ne gnilыe oni? – deb so‘radi.
– Chto govorish kapitan? Kogda-nibud bыli u menya gnilыe? – dedi achchig‘i chiqib boyagi odam.
– Nu, nu… – kuldi kapitan.
– Kak nu-nu, vsegda tak obijayet, – xunobi oshdi sabzavotchining.
– Narxini pasaytirish uchun doim shunday deydi, – dedi yonidagi leytenantga.
Shundagina kapitan Murodxon Sobirovni ko‘rdi, shekilli:
– A tы zdes chto delayesh? – deb so‘radi jahli chiqib.
U kapitanning savoliga javob berish uchun og‘iz ochib ulgurmasidan leytenant oraga tushdi:
– Eto ya vыzыval yego.
– Nu, ladno, otkrыvay vorota! – deb tez ichkariga kirdi kapitan.
…Tez orada o‘quv mashg‘ulotlari boshlanib ketdi. Har kuni tongi soat oltida uyqudan buyruq bilan turilib, buyruq bilan uyquga ketiladi. Kuni bilan o‘qish. Darslar rus tilida. Yaxshiyam rus tilini o‘rganib qo‘ygan ekan, aks holda qiynalib qolardi. Shu tariqa Murodxon Sobirov komandirlar tayyorlash bilim yurtida jang saboqlarini o‘rgana boshladi. Bu yerda sapyorlar, piyoda askarlar, avtomobilchilar, kavaleristlar bo‘lib har qaysi bo‘linmada o‘sha sohaga oid komandirlar tayyorlanar edi. Murodxon Sobirov kavalerist leytenat Iris bilan qadrdon bo‘lib ketdi. Bo‘sh vaqtlarida tez-tez uchrashib turishadigan bo‘lishdi. Bir kuni harbiy qism do‘konidan pechene bilan quyiltirilgan sut olib yeb o‘tirishgan edi. Havo ochiq. Ammo shaboda bo‘lib turgandi. Bu yerlarda yozning jazirama kunlari shaboda turishi xavfli ekanini Murodxon Sobirov bilmas edi. Iris esa qumning ob-havosi qanday kelib, qanday ketishini yaxshi bilardi.
– Murod, tezlashtir, bo‘lmasa hozir quyiltirilgan suting qumga to‘ladi, – dedi og‘zidagini tez-tez chaynar ekan, Iris. – Aftidan afg‘on shamoli turadiganga o‘xshaydi…
Rostdan ham oradan hech qancha o‘tmay hamma yoqni qorong‘ilik bosdi. Charaqlab turgan quyosh oppoq nuqtaga aylandi-qoldi. Qattiq shamol turdi. Bu – issiq, quruq, to‘zonli shamol edi. Mahalliy xalq uni “Afg‘on shamoli” deydi. Irisning gapiga ko‘ra, bu shamol sekundiga 17–25 metrga yetadi. Hamma yoqni ag‘dar-to‘ntar qilib yuboradi. Ayniqsa, qishloq xo‘jalik ekinlarini quritib, uchirib ketadi.
– Bizning boshqirdlarda “Shamol tuyani yiqitsa, echkini osmonda ko‘r”, degan maqol bor. Bu maqol o‘zbeklarda ham bormi? – deydi Iris boshidagi shlyapasini qo‘ltig‘iga qisib.
– Aytganing o‘zbek maqoli-ku! – javob beradi Murodxon Sobirov.
– Ana shunaqa. Sen bilan mening maqolimiz ham matalimiz ham bitta – turkiylarmiz, – dedi leytenant faxr bilan.
Hartugul bu safar afg‘on shamoli tez kelib, tez ketdi. Faqat og‘iz-burunlar qumga to‘ldi… Ikkala o‘rtoq yotoqqa borib, yuz-qo‘llarini yuvishib, yarim soatdan keyin mashg‘ulotga ketishdi. Murodxon Sobirov darsxonaga, Iris esa ot saqlanadigan sayisxonaga…
Oradan uch oylar o‘tgach Murodxon Sobirov darslarga ham, dala mashqlariga ham ko‘nikib ketdi. Leytenant undan tez-tez xabar olib turdi. Bir kuni oldiga kelib, “do‘stingni unutib yubording-ku” dedi.
– Senimi? Ko‘rishib turibmiz-ku! – dedi kulib Murodxon Sobirov.
– Yo‘q, meni emas, anavi dorilfununda birga o‘qigan do‘stingni, – javob berdi leytenant.
– Ha, darvoqe. Otasidan xabar olib qo‘ysam bo‘lardi, lekin ko‘rmaysanmi bizni hech erkin qo‘yishmayapti. Vaqt tig‘iz. Tezroq bilim yurtini tamomlab, jangga kirishinglar kerak, deb mashg‘ulot ustiga mashg‘ulot o‘tkazishyapti, – dedi Murodxon Sobirov Irisga qarab.
– Ertaga yakshanba. Men rota boshlig‘ingdan ruxsat olib beraman. O‘rtog‘ingning uyiga borib kelaqol,– dedi leytenant jilmayib.
– Shaharni yaxshi bilmayman-ku! Uyini qayerda degan edi?
– Gospitaldan o‘ngga burilasan. Ha, mayli, men ham sen bilan birga boraman. Xavotir olma, – dedi xayrlasharkan leytenant.

“Boshqirdlar ham ajoyib xalq bo‘ladi-da…” deb o‘ylarkan, Murodxon Sobirovning xayolidan o‘shlik qarindoshi Saidolimxon akaning bir paytlar aytgan rivoyati kechdi: “Boshqirdlarning umri kurashlarda kechgan. Chor armiyasining jasur askarlari ham boshqirdlardan bo‘lgan. Tuyakashlik qilib Qashg‘arga qatnaganimda bir boshqird bilan tanishib qolgan edim. O‘sha odam boshqirdlarning ichida dindor olimlar ko‘pligini aytib, bir voqeani hikoya qilgan. Aytishlaricha, boshqirdlarning bir donishmandlari o‘tgan. O‘sha donishmand otasining tasavvufga munosabati haqida shunday degan ekan: “…Otam safardan qaytishi bilanoq “Fazkanga boraylik”, dedi. Bu Fazkan Alag‘oyanboshi qishlog‘idagi Qochqinboylardan biri edi. “Fazkan” ehtimol, Fayzulloh yoki Fozil Xon degani bo‘lsa kerak. U so‘fiy, mashrab, rind, jo‘mard er kishi edi. Mening otam Ahmadshoh shayxlikni olsa (ya’ni shayxlik darajasiga yetsa), birinchi muridi men bo‘laman, der ekan. Shu yili Shayx Zaynulloh otamga shayxlik rutbasini beribdi. Otam uning yozma ijozatnomasini ham olgan. Ammo otam aytdiki: “Zamonamiz tasavvuf zamoni emas, u paytlar o‘tib ketdi. Eshon (shayx) bergach, oldim. Ammo hech kimni murid qilmayman, faqatgina Fazkanni olaman, chunki unga so‘z berganman”, dedi. Fazkan o‘ziga to‘q kishi bo‘lib, Mullakay hazratning shogirdi edi. Forscha, biroz arabcha bilardi. Bizdan ehtimol, yuz chaqirim uzoqda turardi. Unikiga bordik. Otamning otdan tushishiga yordamlashish uchun oldiga keldim. Uy tomondan taraqa-turuq ovoz, turli shovqinlar kelib turibdi, ammo odam ko‘rinmas edi. Nihoyat, bir kishi keldi. Bu Fazkanning o‘zi bo‘lib, mast edi. Otamning uzangisini tutdi. Uni otdan tushirdi va uyiga olib kirdi. Uydan achchiq asal hidi kelardi. Juda achchiq edi bu hid. Otam: “Ha, cho‘chqa, ichibsizlar-da”, dedi. Haqiqatan ham ular bazm qilishgan edi. Fazkan: “Qo‘noqlar (ya’ni mehmonlar) sen kelganingni eshitib, ko‘ragalarni (ya’ni asal idishlar) o‘runduq ostiga yashirib, o‘zlari derazadan qochdilar”, dedi. Birozdan so‘ng asr namozini o‘qidik. Fazkan qattiq yig‘ladi. Otam bilan Fazkan yassaviychilar sevadigan “So‘fiy naqsh o‘lding, vale hargiz musulmon bo‘lmading” nashidasini (qo‘shig‘ini), Mullagulning “Masti salomat mekunad, pinhon payomat mekunad” nashidasini birga o‘qib jo‘shdilar. Asli Shams Tabriziyga oid bu telba qiluvchi she’r­larning ma’nosi shu edi: “Bir mast senga salom bermoqda; Sen yo‘qdan bor, bordan yo‘q qilishni bilasan, mastning salomini tingla; bu shunday bir mastki, ikki qo‘li ham sening qopqoningga tushgan. Sen har dudoqning toti, har mazhabning qiblasisan, ko‘kdagi oy har kecha sening uyingda qo‘riqchilik qiladi; (Bu ma’muq) bir boqsang senga qanot – uchasan, bir boqsang kemaning temiridir – qimir etolmaysan; bir lahza sening tonging, boshqa lahzada sening qorong‘i kechangdir. U seni bir lahza titratadi, bir lahza qah-qah kuldiradi, bir boqsang seni mast qilar, yana bir boqsang seni jonsiz ayva, toshga aylantiribdi. Hechqisi yo‘q, tan bo‘lolmasam, jon bo‘laman, gavhar bo‘lolmasam, gavharlarning koni bo‘laman; ey ko‘ngil, shuhrating fano bo‘lishidan aslo cho‘chima, bu orqali yaxshi shuhrat topasan”. Ularning mana shunday so‘fiy jazavasiga tushib dunyoni unutishlaridan ichim siqildi. Otamni bu telbanamo harakatlardan qaytarish uchun: “Ota, otlarga suv beraymi”, dedim. Ber, dedi, mendan xursand bo‘ldi: “Ahmad bizni uyg‘otdi, u hushyor, jazavaga tushish joiz emas, men tasavvufni va she’rlarini sevaman, ammo so‘fiylikni xushlamayman. Endi turaylik”, dedi. Shunday qilib, o‘sha kuni otam Fazkanni muridlikka qabul qildi.
Otam bir safar boshqa qishloqdagi do‘stinikiga borgan edi. Men Fazkanlarnikida bir haftacha qoldim. Fazkan bir kuni yozning issig‘ida pichan yig‘ib, horib-charchab uyiga keldi. “Asr namozini o‘qidingizmi?” – deb undan so‘radim. “Asrni nima qilaman, ish bo‘lsa, uni yaylovga berasan tamom. Olloh kutadi, ammo pichan kutib turmaydi. Namozning qazosi bor, ammo pichanning qazosi yo‘q, buni yaxshi bilaman”, – deb qo‘shib qo‘ydi.
Otam yagona murid qilib olgan Fazkanning bunday kufr so‘zlaridan xabardor edi. “Fazkan old tishlarini zemlemer (rus ziroat muhandisi) bilan urishganda yo‘qotgan, hayoti davomida musulmonlarga faqat yaxshilik qiladi. Olloh uning ora-sira aytgan kufrlarini kechiradi. U mening zamondoshim bo‘lgan eng samimiy musulmondir, u Olloh sevgan bandalardan biridir”, dedi. Otamning so‘fiylik va musulmonlikka qarashi mana shunday edi. Otam: “Shayx bo‘lganimning yagona foydasi Fazkanni ichkilikdan qaytarish bo‘ldi”, deb qah-qah otib kulardi. Otamning qah-qahlari juda ham kuchli edi”.
– Mazkur rivoyatni menga ham ko‘p marta aytib bergan, – deb eslaydi Davronbek ota­sini. – Yana shuni ham aytganki: “Keyin bilsam, bu rivoyat emas, haqiqat ekan. Bir kuni Irisga aytib edim, u: “E, Murodxon, bu rivoyat emas, haqiqat. Bu hikoya bizning boshqirdlardan chiqqan ulug‘ inson, o‘sha paytda naq Leninning o‘zi bilan birga ishlagan Ahmad Zaki Validiy degan olimning aytganlaridir. U kishi hozirda chet elda yashaydi, deb eshitaman. Yana qaydam. Ke, qo‘y, siyosatga aralashmaylik…” degan ekan.
Ha, o‘sha davrlarda siyosatga aralashib bo‘lmas edi. Buning jabrini Murodxon Sobirov o‘z tanasida sinab ko‘rgan. U o‘sha kungacha shaharga chiqmagan edi. Birga o‘qigan kursdoshi Qalandarning otasi bahona Iris bilan shaharga chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, ularning bilim yurti joylashgan Mari shahri kattagina ekan. Bu yerda harbiylar ko‘p edi. Qayoqqa qarama, askar kiyimidagi odamlar. Iris shaharga ko‘p chiqqani uchun shaharni yaxshi bilarkan. Sabzavotchi aytgan gospitalga darrov yetib borishdi. Gospitalning to‘g‘risidan o‘ngga burilishib, qarshidan kelayotgan bir mo‘ysafiddan “Ollobergan otaning uyi qaysi?” deb so‘rashgan edi, ho‘ anovi qiyshiq darvoza, deb ko‘rsatib qo‘ydi.
Ikki do‘st darvozani taqillatishgan edi, uni yosh o‘g‘il bola ochdi. Otang uydami? degan da’vatga bola:
– Otam urushda. Uyda bobom bor, – deb javob berdi. Keyin “kiringlar” deb yo‘l boshladi. Kirgan joylari chog‘roq hovli edi. Aftidan, hukumat qurgan uylarga o‘xshaydi. Oldi pastak ayvon, ichkarida ikkita yo uchta xona. Bola yigitlarni yondagi xonaga boshladi. Xonaning to‘rida soqoli turkmancha kuzaklangan bir chol tasbeh o‘girib o‘tirar edi.
– Kelinglar, chiroqlarim. O‘tiringlar, – deb yonidan joy ko‘rsatdi chol. – Yaxshi yuribsizlarmi? Xizmatlar joyidami? Qalandardan biron xabar olib keldingmi?
Bobo kirganlarga hadiksirab qaradi. Ko‘ngli allanechuk bo‘lib ketdi… Ota-da. Olam jahonda urush bo‘lyapti. Nahot o‘g‘li… yo‘q. Bu yigitlar ko‘rinishidan shu yerlik harbiylarga o‘xshaydi.
– O‘g‘lingizdan xat kelib turibdimi, sog‘mi, shuni bilaylik, deb keldik, – dedi Murodxon Sobirov otaning avzoyi o‘zgarganini sezib.
– Ha, shunday demaysanmi? – dedi ota ko‘ngli joyiga tushib. – Sizlarni ko‘rib, ichimdan ich qirindi o‘tib ketdi. O‘g‘limni o‘yladim… Axir u qon kechib yuribdi-da… Kel, o‘tiringlar. Qaydasan, Nazora? Choy qo‘y, dasturxon yoz. Qalandarni qaydan bilasan?
– Qalandar bilan Toshkentda birga o‘qiganmiz. Tarixni yaxshi bilar edi. Qachon qarasang Masson, Jukovskiy, Vyatkin degan olimlarning asarlarini o‘qib yurardi, – dedi cholga jilmayib Murodxon Sobirov. – Marv tarixi haqida asar yozaman der edi.
– Qalandar o‘qishdan qaytgandan so‘ng bir guruh tuzib Marvni o‘rganmoqchi bo‘ldi, – dedi ota mung‘ayib. – Ammo buning uchun katta mablag‘ kerak bo‘lar edi. Mablag‘ esa yo‘q. Bu yoqda tirikchilik gezarib turibdi. Shuytib, maktabda o‘qituvchilik qildi. Maorifga ishga o‘tdi. Bu yil bahorda bo‘lsa urushga olib ketdi-qo‘ydi. Marv ham qoldi, tirikchilik ham… Ammo unda-munda Marv haqida yozganlari bor. Nazo, boyagi akangni yozganlarini manovi birodarlariga ko‘rsat!
Shu payt bir qiz dasturxon ko‘tarib kirdi. Unga ikkita churek o‘ralgan edi. Iris churekni chekkasidan ushatdi. Biroz o‘tib Nazora choynak-piyola va qalin daftarni ko‘tarib kirdi. Iris choy quydi. Murodxon Sobirov esa daftar varaqladi. Daftarning birinchi sahifasiga “Qadimiy Marv” deb sarlavha qo‘yilgan edi.

Єadimiy Marv

Marv shahri O‘rta Osiyoning eng qadimiy shaharlaridan biri sanaladi. Shaharning nomi hatto “Avesto”da ham keltiriladi. Otashparastlikning bosh kitobi bo‘lgan ushbu asarda shahar nomi Mauru deyilgan. Sug‘diyona, qadimgi sug‘d mamlakati janubidagi Baqtriya bilan shimoldagi skiflar o‘rtasida joylashgan bo‘lib, Markaziy Osiyoning urib turgan yuragi hisoblanadi. Biz yashab turgan Turkmanistonning Mari, Marv, Bayramali, Iolotan shahari va boshqa qum-sahrolaridagi aholi ham sug‘dlar bo‘lishgan. Sug‘dlar o‘z mustaqilligini qattiq turib himoya qiladigan, yuksak madaniyat yaratgan erksevar kishilar bo‘lishgan.
Sug‘d va sug‘diylar haqidagi dastlabki ma’lumotlar zardushtiylarning muqaddas kitobi “Avesto”da uchraydi. Aleksandr Makedonskiyning Sug‘diyonadagi O‘ksus – Amudaryodan Tanans – Sirdaryogacha cho‘zilgan harbiy yurishlarini madh etgan tarixchilar Sug‘diyona haqida ko‘pgina ma’lumotlar berishadi. Jumladan, tarixlarda Marv haqida shunday deyiladi: “Roviylar bu shaharni Iskandar Zulqarnayn barpo etgan deydilar. Ehtimol. Har qalay, u qadim va muborak qasabalardan sanaladi. Yoki boshqa bir kitobda: “Agar Samarqand madinat-at tujjor, Buxoro madinat-ul islom bo‘lsa, Marvni madaniyat-ul fuzalo derlar. Marvning hikmat to‘la kutubxonalarida yuzlab ilmi donishlar tarbiyalangan. Ma’mun ibn Xorun ar-Rashid davrida Marvda Bag‘dod akademiyasining asosini tashkil etgan marvaziylar maktabi tashkil topadi. Mari shahri qadimgi Marvning deyarli hududida paydo bo‘lgan. Rossiya imperiyasi Turkmanistonni bosib olgach, bu shaharni Marv okrugining harbiy-ma’muriy markazi sifatida 1884 yilda barpo etgan. Maridan o‘ttiz chaqirim narida esa qadimiy Marvning xarobalari yastanib yotadi. Qadimda Marv besh qal’adan iborat bo‘lgan: Erk qal’asi, Gabr qal’asi, Sulton qal’asi, Abdullaxon qal’asi, Bayramalixon qal’asi. Marv xarobalarida XIX asrning 80-yillarida Valentin Alekseevich Jukovskiy, XX asrning 1946 yilida esa Mixail Yevgenevich Masson rahbarligida arxeologik qazishmalar olib borilgan. Marvning eng qadimiy qismi Erk qal’asi hisoblanadi. Bu qal’aning yoshini olimlar miloddan avvalgi birinchi ming yillikning birinchi choragidan mavjud bo‘lgan deb belgilashgan. O‘rta asrlardagi Marvning ravnaq topgan davri XI–XII asrning birinchi yarmiga to‘g‘ri keladi. Bu davrda u buyuk saljuqiylar davlatining poytaxti bo‘lgan. Sulton qal’a xarobasida saljuqiylarning ulug‘ podshohi Sulton Sanjarning maqbarasi joylashgan. Entsiklopedik ma’lumotlarga ko‘ra, XII asr oxiri va XIII asr boshida Marv xorazmshohlar davlatining yirik markazi hisoblangan. 1222 yilda shahar mo‘g‘ullar tomonidan vayron qilingan. Keyinchalik shahar qisman bo‘lsa-da qayta tiklanib, Shohrux Mirzo davrida ancha ravnaq topgan. 1510–24 va 1601–1747 yillarda Marv forslar qo‘l ostida bo‘lgan. Marv urushlari tufayli (1790 y.) shahar inqirozga yuz tutgan va markaz o‘ttiz chaqirim g‘arbga, hozirgi Mari shahriga ko‘chgan. Mari Marvning xristiancha nomi.
…Murodxon Sobirov do‘stining qoralamalaridan boshini ko‘targanda vaqt allamahal bo‘lib qolgan, Ollohbergan chol pishillab uxlab qolgandi.
– Meni ham uyqu tortib ketyapti, choying ham sovib qoldi, ich, keyin turaylik, – dedi Iris do‘stiga qarab.
Ular tashqariga chiqishganda Nazora ko‘ylaklarini lippa qilib kir yuvayotgan ekan. Yigitlarni ko‘rib darrov ko‘ylaklarini tushirdi. Bir og‘iz ham so‘z qotmasdan orqalaridan eshikni tambaladi…
Kazarmaga yetib borishganda kechki ovqat mahali o‘tgan edi. Leytenant-ku har holda alohida uyda turadi. Bir narsa topib yegandir. Ammo Murodxon Sobirov och yotdi. Uyqusi qochdi. Do‘sti Qalandarni o‘yladi. U yozgan “Marv urushlari”ni ko‘z oldiga keltirdi. “Biz o‘zi qanday xalqmiz?” degan savol xayolidan nari ketmadi. Shunday qadimiy shaharni inqirozga olib kelgan o‘zaro urushlarni la’natladi… “Buxoro amiri Shohmurod, – deb yozilgan edi do‘stining qoralamasida, – Marvni bo‘ysundirish uchun qator urushlar olib bordi. 1786 yilda Shohmurodxon Marv hokimi Bayramalixonga qarshi qo‘shin ustiga qo‘shin jo‘natadi. Birinchi hujum paytida Bayramalixon o‘ldirilib, shahar atrofi talanadi. O‘zaro kelishilgan shartga ko‘ra Bayramalixonning o‘g‘illaridan Muhammad Karimxon Marvga hokim etib tayinlanadi. Ammo oradan uzoq vaqt o‘tmay, Muhammad Karimxon hokimiyatdan chetlashtirilib, o‘rniga akasi Xoja Muhammad Husayn o‘tqaziladi. 1788 yili Shohmurod yana Marvga hujum qilib, shahar va uning atrofini suv bilan ta’minlaydigan Sultonband to‘g‘onini (uni qo‘riqlab turgan qal’a boshlig‘ining xoinligi tufayli) egallab, uni buzdirib tashlaydi. Marv suvsiz qoladi. Shaharning tevarak-atrofi qum-barxanlardan iborat ekanini inobatga olsak, har tomchi suvning bu yerlarda qanday qimmatga ega ekanini o‘zingiz bilavering. Ammo shunday bo‘lishiga qaramay, shahar aholisi dastlab taslim bo‘lmaydi. Suvsizlik tez orada o‘zini namoyon eta boshlaydi. Aholi o‘rtasida ochlik, qahatchilik avjiga chiqadi. Kasallar ko‘payadi. Natijada shahar Shohmurodga taslim bo‘ladi. Shunda Shohmurod Marvga besh ming kishilik qo‘shin kiritib, ularni yerlik aholi uylariga joylashtiradi. Shahardan esa o‘ttiz ming kishini Buxoro va Samarqandga ko‘chiradi. Marvni ukalari Umarbiy va Fozilbiylarga topshiradi. Sultonband to‘g‘oni qayta tik­lanadi. Hatto, Murg‘obning quyi oqimida Islomobod qal’asi ham quriladi. Biroq, oradan vaqt o‘tib Marv yana Shohmurodga bo‘ysunishdan bosh tortadi. Shohmurod 1790 yilda yana Marvga yurish qiladi. Ammo shaharni qo‘lga ololmaydi. Bundan alam qilgan xon yana Sultonband to‘g‘onini buzdirib, suv yo‘lini berkitib qo‘yadi… Ana shunday ustma-ust urushlar natijasida asrlar mobaynida gurkirab kelgan shahar nari-berisi bilan 20 yil orasida inqirozga yuz tutadi. Cho‘l-biyobonga aylanadi”.
Gitler qayergacha borarkin, o‘ylaydi Murodxon Sobirov. Moskva ostonalarida shafqatsiz janglar bo‘lmoqda. Urush urush-da. Minglab odamlarning yostig‘i qurimoqda. Bizni qayerga tashlasharkin?.. E, bor Xudoyo, zolimning zulmidan o‘zing asra. Mana shunday muqaddas shaharda ilm olishni nasib etding. Xalqimizning o‘lmas tarixlarini bilishga, Marvdek ulug‘ shahar xarobalarini ziyorat qilishga nasib etding, shukr o‘zingga. Shukr va yana shukr. Erta bir kun ulug‘ jangga kiraman. Yuragimni dadil qil. Dushman qarshisida oyoqlarimni sobit et. Uzoqdagi bolalarimni, oilamni va o‘zimni o‘zingga topshirdim, Olloh…
Murodxon Sobirov madrasa ko‘rgan odam edi. Ollohga tavallolar qilib, hamdu sanolar, payg‘ambarimiz sallolohu alayhi vassalamga durudu salovatlar yo‘llagandan so‘ng o‘zi sevib qiroat qiladigan “Taborak” surasini ichida o‘qidi va duolar qildi…
Oradan ikki yil o‘tdi. Imtihonlar tugab, erta-indin frontga jo‘nash vaqti ham keldi. Bu paytga dovur frontda sovetlarning foydasiga katta o‘zgarishlar yuz berdi. Stalingrad jangida qahramon shahar qamaldan ozod etildi… Ana shunday kunlarning birida Murodxon Sobirovni bilim yurti shtabiga chaqirishdi.
– Mana o‘qishni ham tugalladik, o‘rtoq kapitan, – dedi bilim yurtining boshlig‘i polkovnik Arjakov. – Xudo degan odam ekansiz. Safdoshlaringizning hammasi frontga jo‘naydi. Sizni esa Toshkentga yuboramiz. Ularga harbiy jurnalist kerak ekan. Hujjatlaringiz erta tongda tayyor bo‘ladi. Poyezd Bayramalidan ketadi.
– Nima qilaman yashirib, o‘g‘lim, – degan edi otam ana shu voqeani gapira turib. – Polkovnikning qarshisida bir so‘z aytishga majolim kelmadi. Qattiq hayajonlandim. Bir zumga o‘tgan kunlarim, zolimning dastidan qochib Oqbo‘rada muzlaganlarim, boshini kundaga qo‘yib, hayotimni saqlab qolgan do‘stim Tursunboy, ota-onam, oilam ko‘z oldimdan o‘tdi, – deb aytib bergan edi o‘shanda Davronbek. – Yo‘q. Otam o‘limdan qo‘rqadigan odam emasdi. U doim: “Bolam, bu hayotda qo‘rqib, ikkilanib yashama, bir boshga bir o‘lim, ammo shunchaki o‘lib ketsang ham odamga alam qiladi… Shuni unutma”, – deb ko‘p aytar edi.
Murodxon Sobirov Toshkentga kelib to‘g‘ri Turkiston harbiy okrugi shtabiga uchradi. Bu yerda uni shtab boshlig‘i qabul qilib, hozirning o‘zida vokzalga borishi zarurligini, u yerda maxsus vagonda gazeta chiqarish uchun barcha ashyolar, jumladan, linotip mashinalari yuklab qo‘yilganini, Andijonda chop etish ko‘zda tutilgan “Qizil Turkiston” gazetasi uchun materiallar tayyorlash boshlab yuborilganini, bu ishlarni hozirda gazeta muharririyatiga mas’ul kotib etib tayinlangan frontchi ofitser boshqarayotganini, o‘zini esa mazkur gazetaga bosh muharrir etib tayinlanganini ma’lum qildi.
– Vazifani tushungan bo‘lsangiz, sizga oq yo‘l. Vagon bugun kechda Andijonga ketadigan poyezdga ulanadi, – deb xayrlashdi shtab boshlig‘i Murodxon Sobirov bilan.
Vagonni topish qiyin bo‘lmadi. Chunki, uning bir chekkasiga katta harflar bilan “Qizil Turkiston” gazeta redaktsiyasi” deb yozilgan qog‘oz yopishtirib qo‘yilibdi. Vagon ikkiga bo‘lingan edi. Birinchi bo‘lmada turli texnika vositalari: yozuv mashinkalari, linotip uchun bilakdek-bilakdek qo‘rg‘oshinlar va gazetaga kerakli boshqa ashyolar, hatto katta rulonli qog‘ozlar ham yuklangan edi.
Murodxon Sobirov ikkinchi bo‘lmaning eshigini ochib ichkari kirarkan, birinchi bo‘lib yozuv stoli ortida o‘tirgan barvasta, oq-sariqdan kelgan, stolga tirab o‘tirgan qo‘llari, barmoqlari uzun-uzun, sochlariga bitta-yarimta oq oralagan, harbiy kiyimdagi kapitanga ko‘zi tushdi. Zobit Murodxon Sobirovni o‘rnidan turib qarshiladi. Ko‘rishish uchun qo‘lini cho‘zar ekan:
– Sharof Rashidov, “Qizil Turkiston” gazetasining mas’ul kotibi, – deb o‘zini tanishtirdi.
Murodxon Sobirovning ismini eshitgach:
– E, bormisiz, sizni butun bir vagon bo‘lib kutib o‘tiribmiz, – dedi kulib Sharof aka. – Boyagina telefonogramma oldik. Sobirov bugun kelmasa, orqalaringdan boradi, deb. Kelganingiz yaxshi bo‘ldi. Ishni birga boshlaydigan bo‘ldik…
– Otam, Murodxon Sobirov o‘z xotiralarida 1943 yili (qaysi oyda ekani noma’lum) Andijonga borib, keyinchalik O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari bo‘lib ishlagan Sharof Rashidovich Rashidov bilan hamkorlikda “Qizil Turkiston” gazetasini chiqarganlari haqida ko‘p aytar edi. Gazetaning birinchi soni chiqqandan keyin Moskvadan ko‘rsatma bo‘lib, gazeta yopilgan. “Qizil Turkis­ton” gazetasining mundarijasi, unda berilgan maqolalar haqida, shuningdek, yagona soni chiqqandan so‘ng gazetaning yopilish sabablari haqida otam hech nima demagan, – deb eslaydi Davronbek Sobirov. – Ba’zan o‘ylab qolaman. Nima sababdan bu gazeta aynan Andijonda bosilgan? Mazkur bosma nashr frontdagi jangchilarga mo‘ljallanganmi yoki front ortigami? Bu savollar jumboqligicha qolmoqda… Ammo, otam Sharof Rashidov rahbarligida O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarishlarni, bunyodkorlik ishlarini doimiy ravishda kuzatar, buning uchun har kungi “Axborot” ko‘rsatuvini kanda qilmas edi. Ba’zan: “Ana shu birga ishlagan o‘n kun davomida bu odamning katta ishlarga qodirligini his qilganman. Ammo uning ham dardi ichida ketdi…” deb qo‘yardi…
Darvoqe, o‘sha 1943 yilda Andijonda chop etilgan “Qizil Turkiston” gazetasi haqida Murodxon Sobirovning xotiralaridan boshqa qo‘limizda ma’lumot yo‘q. Bu gazetaning nima maqsadda chop etilib, bir soni chiqqandan so‘ng yopib qo‘yilgani haqida ham hech qanday yozma dalil-dastakni bilmaymiz. Faqat taxmin qilish mumkin. Bizning taxminimiz esa shunday: 1942 yilda Berlinda “Turkiston milliy birligi qo‘mitasi” ish boshladi. Mazkur qo‘mita “Milliy Turkiston”, “Milliy adabiyot” jurnali va “Yangi Turkiston” gazetasini chop eta boshlaydi. Bu haqda ma’lumot bergan R.Shamsuddinov va Sh.Karimovning “Vatan tarixi” (3-kitob, 368-bet) darsligida shularni o‘qiymiz. “Milliy Turkiston” jurnalining birinchi soni 1942 yil, 15 avgustda chiqadi. Jurnal “Bizning yo‘l” bosh maqolasi bilan e’lon qilindi va unga “Bizning yo‘l otalar yo‘lidir, mustaqillik yo‘lidir”, deb bayonot berilgan edi. Germaniya hukumati Milliy qo‘mitaning bu siyosiy yo‘lini o‘rganib chiqib, ma’qulladi. Bu tabiiy­ edi, albatta. Chunki ayni davrda Milliy qo‘mitaning faoliyati Germaniya foydasiga va Sovet Ittifoqiga qarshi qaratilgan edi. Milliy qo‘mitaning bayonoti biron-bir darajada bo‘lsa-da, Germaniyaning mavqeiga hech qanday xavf tug‘dirmas edi”.
Demak, o‘sha Ikkinchi jahon urushining ayni qizigan pallasida Turkiston mustaqilligi masalasi ham ko‘tarilgan. Mana shunday paytda sho‘rolarning “jim” o‘tirishi albatta, mantiqqa zid. Sho‘roning g‘oyaviy rahnomalari yuqoridagi Milliy qo‘mitaga va uning nashrlariga muqobil gazeta chiqarishga qaror qilishgan va ana shu niyatda “Qizil Turkiston” gazetasi chop etilgan bo‘lsa, ehtimol. Ammo, uning bir sonini chiqarib, keyin yopib qo‘yilishi sabablari noma’lum. Nima bo‘lganda ham gazetaning asosiy xodimlari – bosh muharrir va mas’ul kotib o‘zbeklardan edi… Balki Moskva “Urush hamma narsaning bahridan o‘tadi” degan maqolga binoan qancha mablag‘, mehnat sarflanib chop etilgan gazetaning shunchaki bahridan o‘tgandir. Bu bizga qorong‘i. Biz uchun boshqa narsa – ikki zabardast jurnalist – Murodxon Sobirov bilan Sharof Rashidovning bir hafta-o‘n kun bo‘lsa-da, hamkorlikda ishlashgani, uchrashgani ko‘proq diqqatga sazovor. Chunki har ikkala jurnalistni ham kelajakda o‘z yo‘llari, o‘z taqdirlari kutmoqda edi…
– Sharof Rashidovning minbarga chiqib so‘zlagan paytlarini televizor orqali ko‘p kuzatdim, degan edi bir kuni otam, – deydi biz bilan suhbatda Davronbek. – Bu odamga qarab turib har safar “Sharof baxtiyormikan?” – degan fikr ko‘nglimdan kechar edi. Balki, uning ham baxtiyor damlari bo‘lgandir. Ammo aslida uning hayotida baxt kam edi. Buni mung to‘la ko‘zlari anglatib turar edi. Barcha ko‘nglida e’tiqodi bor odamlar kabi uning ham baxtiga chechak chiqqan edi. Axir, milliy zulm hukmron bo‘lgan tuzumda baxtiyor bo‘lish mumkinmi? – Otam shunday deb tambalangan eshikni qattiqroq tortib kelib joyiga o‘tirar va uzoq sukutga ketardi. – Sen meni nima bilan xursand qilmoqchisan? – deb tuyqusdan gapirib qolardi. – Yangi lavoziming ham, olgan mashinang ham o‘zinggga buyursin. Men bir Xayyom kayfiyatidagi odamman. Ko‘p narsa kerak emas. Bilasan-a, tirigimda xursand qilib qol…”
Yana Sharof Rashidov haqida shularni aytgan edi: “U – ulug‘ odam. O‘zbekiston uchun ko‘p ishlar qildi. Bittagina metro qurilishini ayt. Bunday ulkan qurilishni boshlashga Moskvani ko‘ndirishning o‘zi bo‘lmaydi. Ha, uning qo‘lida katta kuziri bor edi. Bu paxta bilan tilla. Ammo tillaga tishi o‘tmasdi. Paxta bilan esa butun mamlakatni ta’minladi. Buni qara, endi xuddi ana shu paxta tolasi Sharofning bo‘ynini zanjir bo‘lib siqdi… Ey, nodonlar! O‘zbekiston Moskvaga paxta bermasa, Moskva unga metro qurilishi u yoqda tursin, bir burda non ham bermaydi… Bu tuzum ana shunday qattiqqo‘l tuzum edi. Oxiri nima bo‘ldi? Nima emish, barchani Sharof Rashidov sehrlab qo‘ygan emish. Bo‘lmag‘ur gap hammasi. Sharof Rashidov qafasdagi arslon edi… U o‘z ajali kelmay qazo qildi. Uni ichidagi ruhiy dard, paxta deb tuproqqa qorishib yotgan o‘zbek xalqining ahvoli, g‘am-anduhi olib ketdi. Yana qaydam. Mening Sharof Rashidov bilan o‘n kungina birga bo‘lib, uning tabiatidan bilganlarim shu…”

7

“Qizil Turkiston” yopilgach, Murodxon Sobirov frontga jo‘natiladi.
U urushga 1943 yil kuzida kiradi. 3-Ukraina frontining 147-o‘qchi polkida rota komandiri sifatida jang qiladi. Dnepr daryosini kechib o‘tishdagi janglarda qatnashadi.
– Otam Dnepr daryosi sohiliga in qurib olgan dushmanni olti kun tozalaganmiz. Mana shu olti kun ichida mening rotam olti marta almashgan. Daryo qip-qizil qonga o‘xshab oqqan, – deb aytib bergan edi, – deydi Davronbek biz bilan suhbatda. – Gap shundaki, razvedka yaxshi ishlamagani sababli, dushmanning turgan joyini aniqlab bo‘lmagan. Aslida, nemislar o‘zining o‘t ochish istehkomini shunday daryoning labiga joylashtirgan. Razvedka esa bu chiziqni daryodan ancha narida deb ko‘rsatadi. Natijada sovet to‘pchilarining snaryadlari dushman istehkomini emas, balki quruq joyni bombardimon qilavergan. Artilleriya tayyorgarligi tugagach, piyodalarni daryodan suzib o‘tishga tashlashgan. Snaryadlarni ustilaridan o‘tkazib yuborgan nemislar esa o‘zlariga qarab suzib kelayotgan jangchilarni bemalol qiravergan. Shundan daryo qon bo‘lib oqqan…
Ukrainani nemis-fashistlardan ozod qilish uchun Dnepr daryosidan kechib o‘tish kerak edi. Bu haqda Ikkinchi jahon urushining qahramonlaridan biri, Sovet Ittifoqi marshali G.K.Jukov o‘z xotiralarida shunday yozadi: “Dnepr dushmanga yorib o‘tish qiyin bo‘lgan mudofaa imkoniyatini bergan. Shu bois ham gitlerchilar bizning armiyamizni xuddi ana shu tabiiy to‘siq oldida to‘xtatib qolamiz, deb qattiq ishongan edilar.
…6 sentyabrda (1943 yil – Yo.X.) Oliy Bosh Qo‘mondonlikdan ko‘rsatma keldi. Unda harakatlarini muvofiqlashtirish mening zimmamda bo‘lgan frontlarga Dneprning o‘rta oqimiga chiqish va u yerdagi dushman istehkomlarini egallash uchun hujumni davom ettirish vazifasi qo‘yilgan edi. N. F. Vatutin qo‘mondonlik qilayotgan Voronej fronti Romna – Priluki – Kiyevga zarba berishi ko‘zda tutilgandi. I. S. Konev qo‘mondonligidagi Stepnoy front Poltava – Kremenchug yo‘nalishi bo‘ylab hujumga o‘tishi kerak edi.
…Dneprni kechib o‘tishga chog‘langan qo‘shin katta matonat va qahramonlik ko‘rsatdi. Aytilgandek, daryoga yaqinlasharkan ular to‘xtamasdan olg‘a intildilar. Yasama ko‘prik va boshqa og‘ir texnika vositalarini kutmayoq, harbiy qismlar qo‘liga nima tushsa o‘shanda – yasama sollar, to‘sin yog‘ochlarga osilib yoki baliq tutadigan qayiq va katerlarga tushib Dneprni kechib o‘tishgan edilar.
…Ayovsiz janglar natijasida 3-Ukraina fronti qo‘shinlari tomonidan dushmanning Zaporoje yo‘nalishidagi istehkomlari yo‘q qilindi. Bizning jangchilarimiz Dnepropetrovsk shahrini ozod qilishdi”.
Murodxon Sobirov mana shunday qonli janglarda bir necha marta yarador bo‘ladi, ammo safdan chiqmaydi. Janglar orasidagi tanaffus paytlarida bolalarini, rafiqasi Muxtabarxonni eslaydi… Ularni ko‘rmaganiga ham besh yildan oshdi… Xayolidan otasi Sobirxo‘ja, bobosi Zaynobiddin to‘qsoba kechdi. O‘, taqdir! Buni qarangki, ularning hayotlari ham jangu jadalda o‘tibdi…
Zaynobiddin to‘qsoba o‘z davrida xonning xizmatida bo‘lgan. To‘qsobalik martabasini – harbiy unvonini olgan. Qadim Turkiston hududlarida Chor Rossiyasi armiyasi bilan bo‘lgan janglarda yarador bo‘lib vafot etgan…
– O‘shanda sakkizinchi sinfda o‘qirdik, – deydi Davronbek. – Bir kuni otam shunday deb qoldi: Qo‘rg‘ontepada Guruchmozor degan stantsiya bor. Bu stantsiya shu joyning nomi bilan ataladi. Bilasanmi, nima uchun u joyni Guruchmozor deyishadi?
Mening bu savolga javobimni eshitmayoq, otam o‘rnidan turib eshikni mahkam tambalab kelib, gapini davom ettirdi.
– Bu voqeani menga otam Sobirxo‘ja gapirib bergan. Juda muloyim, daroz odam edi. To‘qay degan joyimiz bo‘lardi, o‘sha yerda dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Bu gaplarni birovga aytma, lekin o‘zing bilishing kerak. Turkiston katta bir mamlakat bo‘lgan. O‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab Chor Rossiyasi xuddi pashmakni bir uchidan sindirib yeganday, mana shu Turkiston davlatini bir chekkadan sindirib, bosib kela boshladi. Avval qozoq yerlarini egalladi. Sekin-asta Turkiston, Chimkent, Toshkent, Qo‘qon, Samarqand, Buxoro, Xiva, e, qo‘yki, asrning adog‘iga kelib butun bir mamlakatni o‘ziga tobe qilib oldi. Bir katta ulamo aytganidek, “Afsuski, biz yaqin o‘tmishimizda ham ittifoqsizlik sababli o‘z davlatimizdan ajradik. 1840 yillardan boshlab ruslar O‘rta Osiyoni istilo qila boshladilar. Bu yerda uchta xonlik bor edi: Buxoro amirligi, Xo‘qand va Xiva xonliklari. Ovrupoda ilm-madaniyat taraqqiy qilib, butun insoniyat olamiga uyg‘onish yog‘dusini socha boshlagan bu davrda xonliklar xurofot botqog‘iga botib, johiliyatning nihoyatiga yetgan edilar. Ne qobiliyatlik Vatan o‘g‘lonlari o‘zlarining aziz umrlarini Buxoroning qadimgi eski madrasalarida arabiy, forsiy tillarni o‘rganish bilangina o‘tkazdilar… Askariy tartib shu eski usulda bo‘lib, nizomiy tartib kirgizilmagan va zamonaviy qurollar yo‘q edi. Eng afsuslanarli joyi, bu xonliklar dushmanga qarshi birlashish o‘rniga doimo o‘zaro nizo va qon to‘kishlar bilan shug‘ullanib keldilar. Bunday ongsiz hukumatning inqiroz bo‘lishi tabiiydir. Bular Vatan va millat oldida eng kechirilmas jinoyatchi odamlar, chunki davlatlarini inqirozga, millatlarini qullikka, Vatanlarini xorlikka olib keldilar”.
Biroq, bu degani dushmanga hech kim qarshilik ko‘rsatmadi, degani emas. Turkis­tonda Chor Rossiyasi qo‘shinlariga qarshi kurashgan qahramonlar ham, sho‘rolarning qizil armiyasiga qarshi qurol ko‘targan milliy ozodlik harakatining vatanparvarlari bor edi. Garchi xonlar va zodagonlar bir chekkada qarab turishgan bo‘lishsa-da, oddiy xalq o‘zining ichidan botirlarini saylab dushmanga qarshi tashlagan.
Guruchmozor voqeasi ana shunday qahramonliklarning bittasi, xolos.
Chor armiyasi Farg‘ona vodiysi sari bosqinchilik yurishi qilib, Farg‘ona, Andijonni egallab olgan paytlar ekan. Bu taxminan 1867–68 yillarga to‘g‘ri keladi. Otam biroz qartayib, xon xizmatidan bo‘shagan zamonlar. Ruslarning bostirib kelayotgani haqidagi shov-shuvlar O‘shga ham yetib keladi. Orqavoratdan kelgan gaplarga qaraganda, o‘rislar Andijonni bosib olibdi. Endi navbat O‘shga kelibdi. Odamlar bu gap-so‘zlar haqida qo‘rqinch va hayajon bilan gapirishar edi. Shunda O‘shning oqsoqollari to‘planib, dushmanga qarshi chiqishimiz kerak, degan qarorga kelishibdi. To‘planajak jangchilarga kim rahbarlik qiladi, degan masala ko‘ndalang bo‘lib, birov uni debdi, boshqasi buni. Oqsoqollardan biri turib: “Bu ishga ko‘pni ko‘rgan, janglarda ishtirok etgan, harbiy ishlardan xabardor bo‘lgan bir odamni bilaman, u xo‘jaguzarlik Zaynobiddin to‘qsobadir, debdi. Bu odam uzoq yillar xonga xizmat qilgan. Ko‘p janglarda qatnashgan. O‘sha odamni qo‘mondon qilib tayinlash zarur”, degan taklifni aytibdi. Oqsoqollarning vakili Xo‘jaguzarga borganida Zaynobiddin to‘qsoba – o‘sha paytda yoshi oltmishlardan oshib qolgan keksa sarboz tashqaridagi so‘rida qilichini qayrab o‘tirgan ekan. O‘rislarning O‘shga tomon bosib kelishi ehtimolini bu odam allaqachon eshitgan va shunga qarshi tayyorgarligini ham ko‘rib qo‘yibdi. O‘zi bir eski kulbada bola-chaqasi bilan siqilib o‘tirsa ham saman otini katta otxonada saqlarkan. Oilasi dog‘ suv bilan talqon yesa ham otining har kungi yemini badastir qilib qo‘yarkan.
Zaynobiddin to‘qsoba O‘sh shahri oqsoqollarining taklifini hech ikkilanmay qabul qiladi va zudlik bilan majlisga yetib keladi.
Shunday qilib yovga qarshi kurashga O‘sh shahri va uning tevarak-atrofidan o‘zbek, qirg‘iz, tatar, tojik – o‘ng ming jangchi yig‘iladi. Ularning asosiy qismi o‘zbeklardan iborat edi. Qurol-aslaha besh-o‘nta pilta miltiq, qolganlari o‘roq, tesha, nayza, qilichdan iborat. Zaynobiddin to‘qsoba pilta miltiqlarni eng mergan, tiyra ko‘z odamlarga tarqatadi. Ularni bir safga tizib, ketidan barvasta qilichbozlarni qo‘yadi. Otliqdan ko‘ra piyoda ko‘p edi. Ana shu tariqa ma’lum tayyorgarliklarni ko‘rishgach, Andijondan xabar kutishadi. O‘sha paytda to‘qsoba oqsoqollarga bir taklifni aytadi: “Agar biz dushmanni shaharga yaqin joyda kutib olsak, shahar va uning atrofi katta talofat ko‘rishi mumkin. Andijonga o‘zimiz bostirib borishga esa tartibli jangchilarimiz, o‘risga bas keladigan qurol-yarog‘imiz yo‘q. Biz jangni himoya bilan boshlab, jangning raddomatiga qarab harakat qila olamiz, xolos. Shuning uchun dushmanni O‘sh shahridan ancha olisda, balki, Andijonga yaqin joylarda kutib olsak, shahrimiz va uning atrofi ozroq talofat ko‘radi. Axir, ruslarda yangi rusumdagi miltiqlardan tashqari, ularning ot yetaklaydigan to‘plari ham bor. Juda hushyor bo‘lishimiz kerak”.
Oqsoqollar majlisi to‘qsobaning so‘zlarini ma’qul topishib, jangni olib borishdagi butun qo‘mondonlikni unga topshirishadi. “Xalq lashkarini senga, seni esa Xudoga topshirdik”, deb duo qilishadi.
Shu orada Andijondan “O‘rislar O‘shga Oyimqishloq orqali kelayotgani” haqida xabar keladi. Zaynobiddin to‘qsoba ham zudlik bilan lashkarni yo‘lga chiqishga fotiha beradi. Maqsadi dushmanni Oyimqishloq atroflarida kutib olish edi. Ammo bunga ulgurmaydi. To‘qsoba boshchiligidagi xalq lashkari Qo‘rg‘ontepadan o‘tganda dushmanning qorasi ko‘rinib qoladi. O‘ris lashkarining hammasi otliq bo‘lib, yelkalarida beshotar miltiqlar, miltiqlarning uchida esa pichoq (shtik – Yo.X.) o‘rnatilgan edi. Bu lashkar tartibli nizom ostida bo‘lib, to‘rt burchak, to‘rt burchak shaklida harakat qilardi. Har bir guruhning ortida ot qo‘shilgan to‘plar…
To‘qsoba dushman haqidagi ma’lumotni eshitishi bilanoq xalq lashkarini tepaliklar, butazor va qamishzorlarga yashirinishga buyuradi. Agar dangal chiqib borishsa, dushman to‘plarini ishga solib, hali jangga kirmayoq ularni mahv etishi mumkinligini bilardi. Shu tariqa xalq lashkari dushman ovozi yetadigan joygacha kelib, ko‘rinmaguncha pisib yotdi. To‘qsoba butun lashkarga o‘zim xitob qilmagunimcha, joyingizdan jilmaysiz, degan ko‘rsatma beradi.
Ana bir yosh rus askari otini o‘ynatib kelmoqda. Uning egnidagi kiyimlari yap-yangi. Tugmalari, yelkalaridagi pogonlari quyoshda yaltillab ko‘zni oladi. Ot-chi, ot! “Bu otlar o‘rislarda qayerdan ham bo‘lsin. O‘zimizning qorabayirlar-ku!” To‘qsobaning baqirib yuborishiga oz qoldi. U dushmanni o‘tkir ko‘zlari bilan kuzatib turar ekan: “Yana, yana” deb qo‘yardi. Shunda birdan otiga mindi-yu, “Ollohu akbar” deb xitob qildi. Bu ovoz butun tepaliklar, butazor, qamishzorlar bo‘ylab qayta aks sado berdi. Xalq lashkari qo‘zg‘aldi. O‘rislar bu ovozlarni ilgari eshitishmagan edilar, go‘yo. “Ollohu akbar” degan xitoblarning minglab og‘izlardan chiqib jaranglayotganining o‘ziyoq o‘rislarni tahlikaga solib qo‘ydi. O‘zlari tomon o‘q otib, qilich sermab kelayotgan salla o‘ragan, qalpoq kiygan, engil-boshlari yupun odamlarni ko‘rib ortga to‘plarining panasiga o‘tishga va to‘plaridan o‘t ochishga urindilar. Ammo ulgurishmadi. Xalq lashkarining oldingi saflari o‘ris qo‘shiniga tashlandi. Orada qizg‘in, qonli jang boshlandi. Garchi, musulmonlar son jihatdan ko‘p bo‘lishsa-da, ammo o‘rislarning qurollari ustun edi: beshotar miltiqning qarshisida pilta miltiq, qilich, o‘roq, bolta, tesha nima bo‘libdi… Shunga qaramay, o‘rislar yetib kelgan sayxonlikda juda qattiq so‘qish qo‘pdi. O‘rislar vatan himoyachilarini beshotarda otib bo‘lib, miltiq uchidagi pichoq bilan sanchib o‘ldirishar edi… Xalq lashkari qanchalik fido­yilik ko‘rsatmasin, qurol qarshisida nochor qolardi. Bu paytga kelib, ruslar mudofaa chizig‘ini yasashib, sayhonlikda jang qilayotgan piyoda musulmonlarni bitta-bitta nishonga olar, xalq lashkari ham qo‘lida nima bo‘lsa urib, o‘risni otdan yiqitishga va uni mahv etishga urinardi. Bir necha soat fursatda sayhonlik va uning tevarak-at­rofi musulmonlar va o‘rislarning o‘ligiga to‘lib ketdi. Nihoyat, xalqning g‘azabi ustun keldi. Qanchalik talofat ko‘rishmasin, to‘qsoba askarlari o‘rislarni chekinishga majbur qildi. O‘rislar Andijonga qaytib ketishdi. Sayhonlikda esa minglab o‘liklar qoldi. Ular yerga ­sochilgan guruchga o‘xshardi: sanab sanog‘iga yetib bo‘lmas edi. Bu joyning ke­yinchalik Guruchmozor deb nom olishi shundan. Zaynobiddin to‘qsoba o‘sha jangda o‘ris miltig‘ini uchidagi pichoqdan qattiq yaralanadi va oradan uch oy o‘tib vafot etadi…
Murodxon Sobirov g‘alabani Praga shahrida kutib oldi. Gitler armiyasi rasman taslim etilgan bo‘lsa-da, ammo sovuq urush hamon davom etardi. Ayniqsa, ittifoqchilarning nayranglari tufayli nemis armiyasining qoldiqlari unda-munda bosh ko‘tarib qolardi. Bundan tashqari Gitlerning ittifoqchisi Yaponiya Xitoyga qarshi urushni hali to‘xtatmagan edi.
Bu borada marshal Jukovning xotiralari diqqatga sazovor: “1945 yilning may oyi o‘rtalarida, – deb yozadi u o‘zining “Xotiralar va o‘ylar” kitobida. – Oliy qo‘mondon meni Moskvaga chaqirdi. Chaqiriq sabablari menga noma’lum edi. So‘rash esa noqulay, bunday odat harbiylarda yo‘q. Men to‘g‘ri bosh shtabga, A.I.Antonov huzuriga yo‘l oldim va o‘sha yerda undan aniqlaganim shu bo‘ldiki, Davlat Mudofaa Komiteti hozirda AQSh va Angliya oldidagi bizning yangi majburiyatlarimiz – Sovet Ittifoqining Yaponiya bilan urushga kirishi masalasini muhokoma qilayotgan ekan…
Aleksey Innokentevich (Antonov – Yo.X.) Bosh shtabning qo‘shinlar va moddiy vositalarni Uzoq Sharqqa ko‘chirish va ularni bo‘lajak frontlarga yo‘naltirish yuzasidan hisob-kitoblar haqida ma’lumot berdi. Bosh shtab taxminiga ko‘ra Yaponiyaga qarshi harbiy harakatlarni boshlashga tayyorgarlik ko‘rish uchun uch oy atrofida vaqt kerak bo‘ladi…”
Ana shu Uzoq Sharqqa tashlangan qo‘shinlar orasida Murodxon Sobirov ham bor edi. Nihoyat, 1945 yil 9 avgustda SSSR Yaponiyaga urush e’lon qildi. Qizil Armiya qo‘shinlari Manchjuriyaga yorib kirdi. Yaponlar dog‘da qoldi. 15 avgustda esa imperator Xiroxito radio orqali Yaponiyaning rasman taslim bo‘lganini tan oldi. 1945 yil 2 sentyabrda Ikkinchi jahon urushi rasman tugadi.
Shundan keyin kuchli davlatlar tomonidan dunyoni bo‘lib olishga kirishildi. Sovet Ittifoqining Yaponiyani urushda taslim etishi Xitoyni katta balodan saqlab qoldi. O‘sha paytda Xitoy armiyasi Yapon bosqinchilariga qarshi sakkiz yil mobaynida kurashdi. Ammo faqat sovetlarning yordamidagina urushni tugatishga muvaffaq bo‘ldi. “Sendan ugina, mendan bugina”, degan ibora qachon yaralgan ekan! Unga ming la’nat! Sovet-Xitoy munosabatlarida ham o‘shanday bo‘ldi: Chan Kayshi (Xitoyning o‘sha paytdagi davlat rahbari) tashqi Mongoliyaning mustaqilligini tan oldi. Sovet hukumati Gomindon ma’muriyati (Chan Kayshi boshchiligidagi) bilan Shinjondagi uch viloyat vaqtli hukumati – Alixonto‘ra Sog‘uniy rahbarligida Sharqiy Turkiston respublikasi o‘rtasida muzokara o‘tkazish uchun vositachilik qilishga tayyor ekanini bildirdi.
Aslida, bunday makkorlikning sababi bor edi. Garchi, e’lon qilingan Sharqiy Turkiston respublikasi milliy armiyasi qator g‘alabalarni qo‘lga kiritib, butun Uyg‘uristonni ozod etishga tayyor esa-da, ammo uning taqdiri Stalin tomonidan hal etib bo‘lingan edi.
So‘zimizga qaytaylik. Albatta, Murodxon Sobirovning yuqoridagi nayranglardan xabari yo‘q bo‘lishi mumkin. Chunki, u soldat edi. Bir rotaning komandiri edi, xolos. Zotan, g‘alabalar ham mag‘lubiyatlar ham ana shunday “oddiy soldatlar” qoni evaziga kelishini nazarda tutsak, dunyoning ishlari naqadar chalkash ekaniga amin bo‘lasiz. Kimdir qon to‘kadi, kimdir esa hukmronlik qiladi. Hukmronlarning bir ishorasi bilan butun-butun xalqlar, elatlar yer bilan yakson etiladi. Qanday dahshat! Murodxon Sobirov ana shular haqida o‘ylarkan, uzoq yillar oldin tijorat bilan bu o‘lkalarga Qashqardan kelib qolgan yangi tanishi Barot oxunning bir hikoyasini esladi. Bu juda ham g‘amgin hikoya edi. Bu peshonasi yarqiramagan bir elning parokandalik girdobiga kirib qolgan taqdiridan bir og‘iz so‘z edi… Barot oxun juda pazanda odam ekan. Murodxon Sobirov bilan uning sherigi kichik leytenant Proskuryakov uni bozorda uchratib qolishdi. To‘g‘risi, zobitlar bu yerga tamaddi qilib olish uchun kirishgandi. Birinchi uchragan odamlari Barot oxun bo‘ldi. U shunday karvonsaroyga kiraverishdagi yo‘lakka qasqonini qo‘yib, manti pishirayotgan ekan. Murodxon Sobirov manti qasqonni ko‘rdi-yu, ko‘ngli sust ketdi. Xotini Muxtabarxon pishirgan mantilar ko‘z oldidan o‘tdi. Barot oxun ham rusiyzabonlardan biri o‘ziga millatdosh ekanini darrov sezdi-yu, qichqira boshladi:
– Kap qoling, shirin mantalarga!
Bu ovozni eshitgan Murodxon Sobirov sherigining qo‘lidan yetakladi-da, Barot oxunning qarshisiga qanday borganini bilmay qoldi. Shu-shu Murodxon Sobirov Barot oxunning oldiga tez-tez kelib turdi. Ular bir-birlariga shu daraja o‘rganib ketishdiki, bir gal Murodxon Sobirov aytgan paytida kelmay qolgan edi, Barot oxun uni Port-Artur shahri ko‘chalaridan izlaganini aytib berdi.
Barot oxunning hikoyasi shunday boshlanardi: “Qoshg‘arda 12 yil hukm surgan 1270 (1805–1877 melod. yil) tarixi hijriyda butun Sharqiy Turkiston o‘lkasini Xitoy bosqinchilari qo‘lidan ajratib olib, uyg‘ur turklari tomonidan xon ko‘tarilgan Yoqubbek otaliq o‘tdi. Shundoqki, Uyg‘uriston – Oltishahardan Ili o‘lkasiga askarlik xizmati uchun Xitoy imperatori buyrug‘i bilan majburiy ravishda ko‘chirib keltirilgan uyg‘ur-taranchilari xitoylarning zulmiga chiday olmay do‘ng‘an musulmonlari bilan birlashgan holda, zolimlarga qarshi qo‘zg‘olmish edilar. Oxirida birlashgan musulmonlar ittifoqlik sharofatidan zolim Xitoy askarlarini tor-mor keltirib, milliy hukumatlarini qurmish edilar. Bu yoqdan Yoqubbek otaliq Janubiy Oltishaharni Xitoy bosqinchilaridan tozalagach, Shimoliy tomondai Jung‘oriya markazi hisoblangan Urumchi shahrini Ittifoqqa kelmagan, sulhga unamagan johil do‘ng‘anlar bilan urushib, g‘alaba qozongandan keyingina qo‘lga keltirdi. So‘ngra, shimoliy tomondan kelib, butun G‘arbiy Turkistonni bosib olgan chor Rusiyasiga qarshi siyosat qo‘llab, G‘ulja hokimi taranchi Qorasultonni birlik – ittifoqlikka undab, elchi yubormish ekan. Bu johillar boshlig‘i o‘zining ongsizligidan asosiy maqsadni tushunmasdan, rad javobi bilan ularni quruq qaytaradi. Yo‘q esa, otaliq talabi bilan o‘sha vaqtdagi Turkiya sultoni Abdulaziz xalifa tomonidan yuborilgan olti nafar turk afandilari – uyg‘ur, o‘zbek o‘g‘illaridan tuzilgan otliq askarlarni butunlay yangi intizom ostiga olmish edilar.
Xalifa tomonidan esa, oz-ko‘p urush qurollari va askar yasoqlari bilan harbiy xizmatlarni yo‘lga qo‘yib, tartibga solish uchun yuqoridagi afandilar kelmish edilar. Mana shular orqaliq otliq, oyoq askarlar va boshqa butun harbiy ishlar turk askarlari tartiblari bo‘yicha tuzilmish edi. Shu sababli o‘zlaridan qancha ko‘p – ortiq qarshi askarlarni yengib, oz fursat ichida Urumchi shahrini qo‘lga kelturdilar. U yerdan o‘tgach, Kuntubiy, Sokji, Monas, Shixuga yaqinlashganlarida bunga qarshi shoshilinch ravishda Olmota gubernatori qo‘mondasida chiqqan Chor Rusiyasi bosqinchilari G‘uljani bosib oladilar. Shu bilan qancha musulmon qonlari badaliga yangigina qurilgan davlat asosan ittifoqsizlikdan ruslar bilan bir to‘qnashishga ham yaramay zavolga uchraydi. Endi, eshitishimcha, shu kunlarda G‘uljada to‘polon qo‘pib, gomindonga qarshi isyon ko‘tarilibdi. Qo‘zg‘alonga andijonlik bir ulamo bosh bo‘libdi. Uni Alixonto‘ra Sog‘uniy demishlar ekan. Xudodan tilagimiz shulki, mazkur ham ruslarning tazyiqiga uchramasa edi. Xuddi o‘zingiz ko‘rgan yapanlarni qiyratgandek, ularni ham to‘zitib yubormasaydi…
Murodxon Sobirov bu gaplardan xabardor edi. Chunki harbiy qismda o‘tkaziladigan har haftalik siyosiy mashg‘ulotlarda zobitlarga Xitoy mulkida bo‘lib turgan siyosiy-jangovar voqealar xususida ma’lumot ham berilar edi. Ammo bu ma’lumotlar juda umumiy bo‘lib, Barot oxunning gapidek dangal emasdi. Murodxon Sobirov oradan ko‘p yillar o‘tganidan so‘ng qadrdoni, qo‘qonlik mashhur ulamo, domla Hindistoniydan Alixonto‘ra Sog‘uniy haqida eshitarkan, bir paytlar Barot oxun aytgan voqealarni keyinchalik ham eslaydi.
Barot oxunning hikoyasi Murodxon Sobirovni yanada olis xotiralarga yetak­ladi. Uning Zeboxon ismli opalari bor edi. Zeboxon aya o‘qimishli ayol bo‘lib, Qur’oni Karim va Hadis ilmidan yaxshigina xabardor bo‘lgani uchun O‘shda Zebo otin, deb nom chiqargan edi. Taqdir qiziq ekan. O‘sha opamning eri fin urushiga ketib, qoraxat keldi… Oradan bir-ikki yil o‘tgach, O‘shda istiqomat qiladigan Said­olimxon Mahmudov degan odam Zeboxon otinga uylanadi”.
– Biz u kishini “opoqdada” der edik, – deydi Davronbek Sobirov biz bilan suhbatda. – Men bu odam haqida eslaganim, dunyoda shunday mard odamlar o‘tganini sizga aytmoqchi edim. Opoqdadam bu voqealarni 60-yillarda u kishini ko‘rgani Qurshobga borganimda aytib berar edi.
“Men, degan edi opoqdadam, 1910–16 yillarda bir karvonga yollanib tuya yetaklab, Qashg‘arga qatnar edim. 1916 yilda O‘shga qaytib kelib, ukam Zuhriddinni ko‘ray, deb izlab topdim (Zuhriddin amaki Imom ota dahasida yashagan va 1974 yilda olamdan o‘tgan). Ukam bilan hol-ahvol so‘rashib yuragim uvushdi. Uning o‘ta ma’yus o‘tirganini ko‘rib, nima bo‘ldi, deb so‘radim. Shunda ukam “aka, o‘zingizga ayon, men 5–6 yil bir boyning eshigida chorakor bo‘lib ishlab, orttirgan pulimga shu 28 yoshga kirganimda uylandim. To‘y o‘tganiga hali bir oy ham bo‘lgani yo‘q. Mana, bugun qog‘oz chiqib (povestka demoqchi) meni mardikorga olib ketmoqchi”, deb yig‘lab yubordi.
O‘sha yili Chor Rossiyasi Birinchi jahon urushida harbiy inshootlar va yordamchi ishlarni bajarish uchun O‘rta Osiyodan 25–43 yoshgacha bo‘lgan 300 mingdan ortiq erkakni majburiy mardikorlikka olgan. O‘rta Osiyodan borganlar asosan Sibir o‘rmonlariga qarag‘ay kesish uchun safarbar etilgan.

Poyizingni yurgizgan,
O‘txonasi bilan do‘ngalagi.
Dvinskiyga ketkazgan
Nikolay poshsho zambaragi.

Mardikorlikka olish haqida xalq mana bunday qo‘shiqlar yaratdi: “Mildir-mildir suv oqar, suv tagida qum oqar, mardikorga ketganning onasini kim boqar”…
Ukasining ahvolini ko‘rgan opoqdadam (ya’ni, Saidolimxon – Yo.H.): “Uka, qo‘rqma, xotining bilan bemalol yashayver, qog‘ozingni esa menga ber, o‘rningga men boraman. Ko‘rib turibsan, haligacha so‘qqaboshman. Yig‘lab qoladigan bolam yo‘q”, deb ukasini xotirjam qiladi. Shu tariqa Saidolimxon opoqdadamiz ukasining o‘rniga mardikorga ketadilar. Bu endi nafaqat jigarchilik, ayni paytda katta matonat edi. O‘ylaymanki, Zuhriddin amaki-ku, o‘z ukasi, agar uning o‘rnida shu ahvolga tushgan begona bo‘lganda ham Saidolimxon opoqdadamiz shunday qilgan bo‘lardi.
Yangi borganlarni qahraton qishda uchib borayotgan qushlar muzlaydigan Sibir o‘rmonlarining to‘rida joylashgan Abakan shahri yaqinidagi kazarmaga joylashtirishadi. Mardikorlar va bu yerga Rossiyaning turli o‘lkalaridan surgun qilingan mahbuslar tong sahardan qora kechgacha qarag‘ay kesishadi. O‘shanday og‘ir damlarda Saidolimxon surgunda yurgan Pyotr ismli rus yigiti bilan tanishib qoladi. Pyotr petrogradlik bo‘lib, inqilobchilarga qo‘shilgani uchun qamalgan. Uning otasi Sankt-Peterburgdagi Putilov zavodida ishchi ekan.
1917 yilning fevralidagi inqilob Chor Rossiyasi podshosini taxtdan qulatdi. Barcha qamoqxonalar kabi Saidolimxon turgan kazarmaning ham eshiklari lang ochilib, mahbuslaru mardikorlar to‘rt tarafga qocha boshlaydi. O‘shanda opoqdadamiz ham Pyotr bilan Petrogradga keladi va ularning uyida yashay boshlaydi. Pyotrning otasi bu ikki yigitni o‘zi ishlagan Putilov zavodiga master yordamchisi qilib ishga joylaydi. O‘sha yili Saidolimxon Pyotrning singlisiga uylanadi. Ke­yingi, 1918 yili o‘g‘illik bo‘ladi. Ismini Saidislombek qo‘yadi. Xotini va o‘g‘li bilan Petrogradda yashay boshlaydi. Pyotr esa uylangach, boshqa viloyatga ko‘chib ketadi. 1935 yilda Saidislombek Leningrad (hozirgi Santk-Peterburg) davlat universiteti, nemis tili fakultetiga o‘qishga kiradi. 1938 yilda Saidolimxon opoqdadamizning ayoli, Saidislombekning onasi og‘ir xastalikdan so‘ng vafot etadi. Shunday qilib, opoqdadamiz o‘g‘li Saidislombekni qayinsinglisi ixtiyoriga qoldirib, o‘zi kindik qoni to‘kilgan ota yurti – O‘shga keladi. Bir paytlar Rossiya­dan ko‘chirilib, shu yerda qolib ketgan mujiklarning qarorgohi bo‘lgan Qurshob degan joyga kelib, bozorda ishlaydi. Rus tilini yaxshi bilgani va odamlar bilan xushmuomala, ularning yaxshi-yomon kunlarida doimo hamdard bo‘lishi aholida unga nisbatan mehr uyg‘otdi. Tez orada bozor ahli opoqdadamizni bozorkomlikka tavsiya etishadi. O‘sha yili u bizning buvimiz, ya’ni otamning opasi Zebo otin­ga uylanib, uni Qurshobga ko‘chirib keladi. 1940 yilning yozida Saidislombek Leningrad davlat universitetini tamomlab otasining yoniga, Qurshobga keladi. Ota o‘g‘lini ko‘rib arang tanidi. Saidislombek miqti, kelishgan yigit bo‘libdi. Ammo, bo‘yi onasiga tortibdi – o‘rta bo‘y. Saidolimxon dadamiz esa daroz odam edi. Xullas, Saidislombek Mirzakadagi maktabda nemis tilidan dars bera boshlaydi. Opoqdadamizning so‘zlariga ko‘ra, keyinchalik, Saidislombekning nomi mashhur bo‘lib ketadi… Bu orada urush boshlanib qolib, Saidislombekni ham armiyaga chaqirishadi. Nemis tili bo‘yicha mutaxassis bo‘lgani uchun uni maxsus qo‘shinlarga olishadi. Harbiy razvedka boshqarmasida xizmat qiladi..
Ma’lumki, Leningrad shahri dushman tomonidan 900 kun mobaynida qamal qilingan. Leningrad fronti jangchilari ham, shahar aholisi ham juda katta qahramonliklar ko‘rsatgani tarixdan ma’lum. Ana shu paytda aholining katta qismi O‘rta Osiyoga ko‘chirilgan edi. Saidislombekning xolasi ham evakuatsiya qilinganlar qatorida Qo‘qon shahriga kelib qoladi. Saidislombekning shaxsiy varaqasida tug‘ilgan joyi Leningrad shahridagi xolasining manzili ko‘rsatilgan edi. 1943 yilda ana shu manzilga “qoraxat” keladi. “Qoraxat”larning kishi tasavvuriga sig‘maydigan darajada “qobiliyati” bo‘lganki, u oxirgi manzilgacha yetib, kerakli odamga nishini albatta urgan. Saidislombekdan kelgan “qoraxat” ham manzildan manzilga o‘tib, Qo‘qonga, undan Qurshobga keladi. Xatda “o‘g‘lingiz bedarak yo‘qoldi” deyilgan edi. Zebo otinning so‘zlariga ko‘ra, bu xatni Saidislombekning xolasi Qo‘qondan olib kelgan. Xatni olgan Saidolimxon ikki kun mobaynida ayvonda ko‘kragini zaxga berib, o‘g‘liga aza tutadi.
1960-yillarning o‘rtalarida kino ekranlarga “Yigirma oltinchisi otilmasin” degan film chiqadi. Bu film o‘zbekistonlik yozuvchi Boris Parmuzin asari asosida suratga olingan bo‘lib, unda Saidislombek Mahmudovning sovet razvedkachisi sifatida ko‘rsatgan qahramonliklari hikoya qilinadi.
Shunday qilib, opoqdadam to hayotining oxirigacha Saidislombekka chiqarilgan nafaqa hisobiga va kerosin sotib tirikchilik qildi. Uni qurshobliklar “kerosinchi tog‘a” deyishar edi. Bu odam o‘ta pokiza, o‘ziga talabchan, ko‘pni ko‘rgan odam edi. O‘limidan (1966 yil) keyin Saidislombekning nafaqasi boquvchisini yo‘qotgan buvim Zebo otinga beriladigan bo‘ldi. U 1987 yilda vafot etdi.
Saidolimxon opoqdadamiz oilamiz uchun bir ish qildiki, butkul avlod-ajdollarimiz bu odamni hech qachon unutmaymiz. Onam Muxtabarxonning so‘zlariga ko‘ra, urush oxirlab qolgan edi. Odamlarning hayoti og‘ir, turmush kechirish qiyin bo‘lgan yillar. Bir kuni opoqdadam oilamizdan xabar olgani Qurshobdan O‘shga kelibdilar. Onam va opa-akalarim otamni ko‘rmaganliklariga 6–7 yil bo‘lgan. U kishi o‘sha 1938 yili ketganlari bo‘yicha O‘shga kelmagan. Orqavoratdan kelgan xat-xabarlarga ko‘ra, otamning ham urushga ketganidan xabardormiz, xolos. Xullas, ana shunday kunlarning birida Saidolimxon opoqdadamiz onamning ahvolidan xabar olgani keladi. Qarasa, onamning oyog‘idagi kalish yirtilib, tovonlari uzilib tushay, deb qolibdi. Shunda opoqdadamiz oyimga bozordan bitta kalish sotib olib keltirib: “Muxtabar, bunday yurma, mana buni kiyib ol. Yog‘in-sochinda oyog‘ingdan zax o‘tib, kasal bo‘lib qolmagin. Hali qiladigan ishing ko‘p. Bolalarni otasiga sog‘-omon topshirishing kerak” deb nasihat qilib, Qurshobga jo‘nab ketibdi.
Onam bechora qo‘lidagi yap-yangi kalishni ko‘rib, kiyishga ko‘zi qiymabdi. “Axir bolalarimni qorni nonga to‘ymay turgan bir paytda, qanday qilib yangi kalish kiyaman. Buni sotib, puliga bir necha kun bolalarimni boqishim mumkin”, deb o‘ylabdi. Shunday qilib, onam kalishni shundayligicha olib bozorga boribdi. Bir xaridorga sotayotgan paytda qo‘shnimiz, militsioner yigit ko‘rib qolib, chayqovchilik qilyapsan, deb onamni qamab qo‘yibdi. Onam yig‘lab, rosa yalinibdi: “Sattorjon, uka, o‘zingizning ham xabaringiz bor, ko‘rib yuribsiz, bolalarimning qorni nonga to‘ymay o‘tyapti. Bu matohni tog‘am ahvolimni ko‘rib, yirtiq kalishni kiyib, sog‘liging ketmasin, deb olib bergan edi. Bolalarimni o‘ylab uni kiyishga ko‘zim qiymay, bozorga olib chiqdim”. Sattor militsioner bu gaplarni inobatga olmay, uni sudga bermoqchi bo‘ladi. Shunda voqeadan xabar topgan opoqdadamiz tezda O‘shga yetib kelib, o‘sha militsionerga uchraydi. Jiyanini qo‘yib yuborishini so‘rab, iltimos qiladi. Ammo Sattor militsioner – hech qanday ko‘zyoshlar, oh-voh erita olmaydigan tosh odam edi… Shunda opoqdadamiz “bu matohni jiyanimga men sotgan edim, meni qama”, deydi. Opoqdadamni “Kalishni men sotganman”, degan so‘zi asosida unga jinoyat ishi ochadi. Onamni esa qo‘yib yuboradi. Sud bo‘ladi. Opoqdadamiz besh yil ozodlikdan mahrum etiladi. Besh yil kun-kunigacha qamoqda o‘tiradi. Aynan Qurshobdagi Yukos degan joyda muddatini o‘taydi.

8

Murodxon Sobirov uyiga g‘alaba bilan qaytgach, uni O‘sh o‘zbek teatriga direktor etib tayinlashadi. Bu 1946 yil edi. Ikki yil mobaynida teatrda ishlaydi. “Shuncha yil bolalarimni ko‘rmadim. Shuncha yil ular mening mehrimsiz o‘sishdi, deb o‘ylaydi Murodxon aka. Endi ularga butun mehr-muhabbatimni bag‘ishlashim kerak. Qizlarim To‘lqinoy, Ra’noxon, o‘g‘lim Arslonbek katta bo‘lib qolishdi. Ayniqsa, Ra’noxonni aytmaysizmi, biram qaqajon bo‘libdiki… Bu qizim o‘sha men Novdan urushga jo‘nashimdan oldin kelib-ketganimdan keyin, ayni komandirlik kursida o‘qiyotgan paytlarimda tug‘ilgan ekan. O‘shanda harbiyga olish haqidagi arizam hal bo‘lgach, orada besh-olti kun vaqtim bor edi. O‘ljaboyevga uchrashdim: “Urushga ketishdan oldin, bolalarimni ko‘rib kelmasam bo‘lmaydi, nima bo‘lsa bo‘lar”, dedim unga. O‘ljaboyev uzoq o‘ylanib: “Qaydam, lekin aytishlaricha, o‘sha sen bilan qamoqqa hukm qilingan odamlarning ko‘pchiligi otib yuborilibdi. Senga o‘xshab qochgan-qolganlarni afv etib, urushga olishayotgan ekan. Surishtirdim. Ammo bular shunchaki gap bo‘lishi ham mumkin. Senga biron narsa deb, maslahat berishga ham hayronman”, dedi. Do‘stimning ikkilanishlariga qaramay yo‘lga otlandim. Ikki kun deganda O‘shga yetib keldim. Xayriyat, bolalarim sog‘-omon ekan. Mendan ke­yin xotinim Muxtabarxonni rosa so‘roq qilishibdi: “Ering qayerda? Uylaringga qanday odamlar kelib turardi? Talasga ering bilan borganmisan yoki eringni o‘zi borganmi? Moskvaga-chi?” Shunda xotinim bu savollarga: “Men bir mushfiq o‘zbek ayoliman. Bizda xotinlar er “o‘tir” degan joyda o‘tiradi, “tur” degan joyda turadi. Erning orqasidan ergashib yurish odati yo‘q. Men hatto, erim nima ish qilishini ham bilmayman. Ertalab chiqib ketadi, kechqurun keladi. Unga oziq-ovqat tayyorlayman, kirlarini yuvaman, bolalariga qarayman. O‘sha kuni ham ertalab ketgancha, qaytib kelgani yo‘q. Aslida, erimning qayerdaligini men sizlardan so‘rashim kerak”, deb javob beradi. Xotinimdan bu gaplarni eshitarkanman, uning farosatiga qoyil qoldim. Garchi, men bilan Talas va Moskvaga bormagan bo‘lsa-da, ammo To‘raqul og‘ani yaxshi tanirdi. Bir necha marta ularning uyida mehmon bo‘lganmiz. To‘raqul og‘a bilan Nagima opalar ham biznikiga kelishgan. Xullas, yuqoridagi kabi so‘roqlar bir necha marta takrorlangach, Muxtabardan bir ish chiqmasligini bilgan NKVD xodimlari uni tinch qo‘yishibdi. Ammo xotinimning aytishicha: “Uyimiz bir necha oy davomida kuzatuvda bo‘ldi. Shunday darvozani ochib ko‘chaga chiqsam, har xil odamlarga duch kelardim. Ular meni ko‘rishlari bilan jo‘nab qolishar edi”. 1940 yil oxiriga kelib esa men bilan ro‘yxatda bo‘lgan ba’zi odamlar qamoqdan chiqib kelishganini eshitibdi xotinim. Ularning ism-familiyalarini yodida saqlab qolmabdi. Nima bo‘lganda ham uyga kelgach bizning ustimizdan ochilgan ishlar boshlangan urush tufayli bosdi-bosdi bo‘lganini sezdim. Uyda ikki kun bo‘lib, yana Novga jo‘nadim. Borganimdan uch kun o‘tib esa armiyaga ketdim. Ra’noxon qizim o‘shanda uyga yashirincha borganimdan yodgorlik bo‘lib qoldi…”
– Olloh bandasini asrayman desa, bandalarining qo‘lidan hech ish kelmas ekan, – degan edi Davronbek sun’iy ko‘l bo‘yida o‘tgan o‘sha suhbatimizda. – Buni otamning hayotida ko‘rdim. 1948 yilga kelib, nima sababdandir S.M.Kirov nomidagi o‘zbek drama teatri yonib ketadi. Otamning ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atiladi…
“Bu ishni kim qilganini o‘ylab, o‘yimga yetmadim, deb eslagan edi o‘shanda o‘g‘liga qarab Murodxon Sobirov. Bilasanmi, ayollarning ochilishlarini biz musulmonlarda juda yomon olishgan. Teatrimizda esa paranjini tashlagan ayollar haqida asarlar ko‘p marta sahnalashtirilgan edi. Teatrning yoqib yuborilishiga ana shunday holatlar ham sabab bo‘lsa ehtimol. Chunki musulmonlarda oriyat kuchli. Ayollarning beparda yurishi esa odamning hamiyatini qo‘zg‘aydi… Nima bo‘lganda ham teatr­ning direktori sifatida menga jinoyat ishi ochishdi. Har kuni so‘roq-javob… Har bir artist, teatr ishchi-xodimlari so‘roqqa tortilgan. Mana shunday kunlarning birida Frunze shahridan telefon bo‘lib, meni so‘rashdi. Telefondagi odam Qirg‘iziston Kompartiya­sining birinchi sekretari Ishoq Razzoqov edi. Murodxon Sobirov Toshkentda chop etiladigan “Er yuzi” jurnalida ishlagan paytlari Ishoq Razzoqov O‘zbekiston SSR maorif vaziri bo‘lib turardi. Ular o‘sha yillari tanishib, do‘stlashib ketishgan edi. Bu hozir, vazirlarning yoniga yo‘lab bo‘lmaydi. U vaqtlarda odamlarning bag‘rikeng, samimiy bo‘lishgan. Aytishlaricha, hatto Oxunboboyevning oldiga ham oddiy odamlar bemalol kira olishgan. Xullas, Ishoq Razzoqov telefonda shunday deydi: “Murodxon, qayerdasan? O‘g‘limni uylayapman. Shu munosabat bilan eski do‘stlarni taklif qildim. Bir o‘tgan-ketganlarni eslab o‘tiramiz. Axir, biz ham jonli insonmiz, osmondan tushmaganmiz yoki temir emasmiz. Hech yo‘g‘i mana shu farzandlar bahonasida bo‘lsa ham uchrashib turmasak, erta-indin… Murodxon, odam-odamga g‘animat bo‘lib qoldi”. Shunda men Ishoq Razzoqovga O‘shda bo‘lgan voqeani – men ishlayotgan ­teatrga o‘t tushib yonib ketgani, hozir ustimdan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib so‘roq-javob berayotganimni aytdim. Ishoq Razzoqov hech nima demay go‘shakni qo‘yib qo‘ydi…
Ishoq Razzoqovning gaplarimga javob bermay, go‘shakni joyiga qo‘ygani mendagi xavotirni yanada kuchaytirdi. Bo‘lib o‘tgan voqealardan markazning xabari yo‘q ekan, mana endi bu ishlar yanada keskin tus oladi, deb o‘yladim men. Kechgacha ana shunday o‘ylar bilan hech qayoqqa chiqmay, uyda o‘tirdim. Kechga tomon uyimizga bir odam kelib, men uchun poyezdga bilet olganini, hozirning o‘zida Frunze shahriga kuzatib qo‘yishini aytdi. Men bu odamni ilgari ko‘rmagan edim…
– Shunday qilib otamni Ishoq Razzoqovning huzuriga “kerakli odamlarning” o‘zlari kuzatib qo‘yishadi, – deydi Davronbek biz bilan suhbatda. – Oradan bir hafta o‘tib, O‘shga qaytganda “teatr ishi” yopilgan edi. Darvoqe, Ishoq Razzoqovning uyida to‘y bo‘ladigan kunlari Frunzeda O‘rta Osiyo respublikalari rahbarlarining qandaydir uchrashuvi ham bo‘lib, bu uchrashuvda Tojikiston Respublikasi Kompartiyasi Markaziy Komitetining sekretari Tursunboy O‘ljaboyev ham ishtirok etadi. Shu kuni, ya’ni o‘g‘lining to‘yidan bir kun o‘tkazib I.Razzoqov ularga uyida choy beradi.
…Murodxon Sobirov 1946 yili armiyadan qaytiboq do‘sti, xaloskori T. O‘ljaboyevni eslaydi va Dushanbega yo‘l oladi. O‘shanda T.O‘ljaboyev Tojikiston Kompartiyasi Markaziy Komitetida mas’ul lavozimda ishlardi. Do‘stlar yarim kechagacha suhbatlashib o‘tirishadi.
– Endi nima qilmoqchisan? – so‘radi O‘ljaboyev Murodxon akadan.
– S. M. Kirov nomidagi O‘sh o‘zbek drama teatriga ishga qo‘yishmoqchi, – dedi Murodxon aka.
– Ehtiyot bo‘l, teatr nozik joy. Artistlar hayotda ham artist bo‘ladi… Agar xohlasang, Dushanbega kel, gazetadan ish topilib qolar.
Uzoq yillar oilasidan olisda yurib, yuragi zada bo‘lib qolgan Murodxon aka do‘stining bu taklifiga rahmat aytib, tez-tez kelib turishga va’da berib, O‘shga qaytib ketadi…
I. Razzoqovning uyida uchrasharkan T. O‘ljaboyev Murodxon akaga qarab: “Ie-iye, va’daboz do‘stimiz ham shu yerda ekan-ku”, deb quchoq ochadi…
Mana shunday tarixlarni eslaganda, bir paytlar yashab o‘tgan ajdodlarimiz naqadar odamoxun, tanti bo‘lishganlariga guvoh bo‘lamiz. Shu paytgacha bizga o‘tgan ajdodlarimiz bir-birlarini sotganlikda, ko‘rolmaganlikda, xasislikda shaytonni yo‘lda qoldirib ketardi, deb uqtirib kelishdi. Albatta, ularning oralarida shundaylari ham bo‘lgani shubhasiz. Bunday voqealar yozuvchilar, madaniyat xodimlari orasida ham bo‘lgani tarixiy kitoblarda yozilgan. Biroq, aksar odamlar, ular xoh mansabdor bo‘lsin, xoh oddiy dehqon, ishchi, savdogar bo‘lsin qalblari pokiza, nekbin bo‘lishgan. Mana shu Tursunboy O‘ljaboyev yoki Ishoq Razzoqovni oling. Bu odamlar o‘z davrida kommunistik partiyaning joylardagi ishonchli kishilari emasmidi? Agar ular istasalar, Murodxon Sobirov kabi oddiy bir jurnalist, teatrning oddiy bir direktorining taqdiri bilan qiziqib o‘tirishmas edi. Bir paytlar o‘qishgan bo‘lsa, o‘qishgandir. Bir paytlar bir burda nonni bo‘lib yeyishsa yeyishgandir, nima bo‘pti. Axir ular qancha-qancha odamlar bilan birga o‘qimagan, bir burda nonni bo‘lib yemagan… Gunohkor jazosini olishi kerak, de­yishganda edi, Murodxon Sobirov va unga o‘xshab ular tomonidan saqlanib qolgan yuzlab odamlar 90-yillarni ko‘rmayoq o‘sha 37-yillarda o‘lib ketishgan bo‘lardi… Bu odamlar partiya tomonidan o‘zlari oldiga qo‘yilgan vazifani ko‘r-ko‘rona bajarishmagan. Aksincha, har bir narsa, voqea-hodisa ortida inson turishini chuqur his etishgan. Shu bois ham yuqorida ism-shariflari tilga olingan partiya xodimlari haqida respublikalarda faqat yaxshi nom qolgan… Yoki o‘z ukasining o‘rniga Sibirga mardikorlikka ketish, o‘z jiyaniga yaxshilik qilib, uni qutqarib qolish uchun besh yil qamoqda yotish har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi. Saidolimxon Mahmudovga Xudo yana umr berganda balki, bulardan ham boshqa yaxshiliklarni ko‘p qilgan bo‘lar edi. Ha, dunyoni ana shunday odamlarning mehr-muhabbatlari ushlab turibdi.
…Murodxon Sobirov “Qizil Tojikiston” gazetasida ish boshlaganda 1948 yil bo‘lib qolgandi.
– Bir kuni otam meni oldiga chorlab, yoniga o‘tirishimni buyurdi, – deb eslaydi Davronbek. – U uzoq o‘yga tolib o‘tirdi. Go‘yo meni yoniga chorlaganini ham unutgan edi. Bir payt shunday deb qoldi: “Dunyoda elu xalqqa nafi tegadigan ulug‘ ishlarni bajarib o‘tgan insonlar ko‘p. Shunday bir alpinist haqida eshitgan edim. Uning jasadi baland tog‘ ustida, asriy muzliklarda qabr qazilib, o‘sha yerda orom topgan. Shunday bir jurnalistni bilaman. U haqiqatni yozgani uchun qatl etildi. Ana shunday o‘z sohasida yuksak marralarga emas, o‘z vijdoni buyurganini qilib el-yurt hurmatini qozongan odamlar ko‘p. Ayni paytda, menga o‘xshash tepadan buyurilgan ishni bajarib, goh u yerda, goh bu yerda ishlab yurgan odamlar esa millionlab. Men ham qalam bilan el-yurtga xizmat qilaman, deb bel bog‘lagan edim, shu maqsadda o‘qigan edim. Sadriddin Ayniy kabi ustozlardan ta’lim olib, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhorlarning suhbatida bo‘lgandim. Afsuski, yozganlarim oddiy gazeta maqolalaridan nariga o‘tmadi. Shu bois o‘ylaymanki, umrim abas bo‘ldi. Bir kuni poyezdda ketayotib, “Lenin yo‘li” gazetasida ishlaydigan bir xodim bilan uchrashib qoldim. U juda ham og‘iz ko‘pirtirib: “Gazetamiz undoq qilyapti, bundoq qilyapti. U kirib bormagan xonadon qolmadi”, deb maqtanardi. Shunda men o‘sha xodimdan “Meni taniysizmi?”, deb so‘radim. U esa “Yo‘q” deb javob berdi. Men unga o‘zimni tanitdim: “Men sen ishlaydigan gazetaning eng birinchi muharririman”, dedim. U bunday ismni eshitmaganini aytdi… Mana shunaqa, o‘g‘lim, bizni endi hech kim tanimaydi, bilmaydi… Ba’zan o‘ylab qolaman: bizning zamonamizda elning og‘ziga tushish uchun qatl etilish odat bo‘lganmikan, deb. Bilaman, bunday emas. Ammo, hozir gazetalarda, radio-televideniyeda nomlari tez-tez takrorlanib turgan odamlarning aksariyati qatag‘on qilingan kishilardir. Balki, men ham o‘shanda Novga qochmasdan “Uchlik”ning huzuriga kirganimda hozirda nomim abadiylashtirilar edimi? Ammo men hayotni sevar edim… Ha, albatta hamma ham hayotni sevadi… Mana o‘sha ustozim To‘raqul Aytmatovga “millatchi” degan yorliq yopishtirishdi. Men bu odam bilan necha yillar yonma-yon yurib, uning ruscha tushuniladigan “natsionalist”ligini sezmaganman… Uni aynan shu ma’noda ayblashdi. Agar bu odam “natsionalist” bo‘lganda men bilan yaxshi gaplasharmidi?.. Haqiqiy “natsionalistlar” mana bugun paydo bo‘ldi. Ko‘z ochirishmaydi-ya… To‘raqul og‘a esa millatparvar edi. U millat deganda barcha turkiy xalqlarni tushunar edi. Ha, bolam, men garchi jurnalist sifatida el-xalqqa oyni olib bermagan bo‘lsam-da, Ishoq Razzoqov, Tursunboy O‘ljaboyev, To‘raqul Aytmatov, Sharof Rashidov, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Sadriddin Ayniylar bilan uchrashib, birga ishlashib o‘sha oyni o‘zim uchun olganman. O‘sha oy hamon qalbimni yoritib turadi… Ollohga bir aytganim bordirki, qatag‘on yillaridan omon chiqib, Ikkinchi jahon urushidagi, ayniqsa, Dnepr uchun janglarda g‘olib ham bo‘ldik. Balki, bularning hammasida meni sening ruhing saqlab qolgandir… Sen aynan o‘sha men Tojikistonga qatnab yurgan yillarim dunyoga kelgansan.
Tojikistonda esa yana bir ulug‘ alloma bilan tanishdim. U kishi bilan tanishishimiz ham qiziq bo‘lgan. Tahririyatga imzosiz xat tushdi. Mazkur xat Dushanbega 1949 yilda Hindistondan kelib qolgan bir domla haqida yozilib, u yoshlarni hujrada o‘qityapti, degan mazmunda edi. Xatni kissamga soldim-da, unda ko‘rsatilgan manzilga bordim. Hindistoniy domla o‘sha paytlari Dushanbe yaqinidagi Xoja Ya’qub masjidiga imom ekan. Borib bildimki, xat faqat gazeta tahririyatiga tushmagan ekan. Bu ish bilan kerakli tashkilotlar ham shug‘ullana boshlabdi…
– O‘sha har yili uyimizga keladigan domlani aytyapsizmi, ota? – deb so‘radim men.
– Ha, o‘sha domla Hindistoniyni. Uning asl ismi Muhammadjon Rustamjon o‘g‘li.
…O‘shanda Murodxon Sobirov domla Hindistoniy bilan bir necha marta uchrashib bildiki, bu odam juda katta ulamo, arab va fors tillari bo‘yicha mutaxassis ekan. Mad­rasada o‘qimaganmi, kim soxta domlayu, kim “mehrobdan chiqqan chayon” va kim haqiqiy ulamo ekanini Murodxon aka yaxshi bilar edi. Afsus, o‘sha paytda qo‘lidan hech narsa kelmadi. Domla Hindistoniyni 25 yil muddatga qamab yuborishdi. Shunda Murodxon Sobirov domla Hindistoniy haqida birinchining o‘ziga, Tursunboy O‘ljaboyevga kirib aytadi. Voqeani eshitgan O‘ljaboyev undan: “Bu haqda nega ilgariroq aytmading” deb so‘raydi. Murodxon aka bu savolga “Mendan ilg‘orroq odamlar ham bor ekan” deb javob beradi. Albatta, domla Hindistoniyni qamoqdan chiqarishga O‘ljaboyevning bevosita o‘zi kirishmaydi. Buning hech iloji yo‘q edi. Ammo u o‘zi bilgan kerakli “joylar”ni ishga solib, boshqa odamlar yordamida ta’sir ko‘rsatgani haqiqat. Bir necha yillik arizabozlikdan keyin, eng muhimi, bevosita Moskvaning aralashuvi bilan domla qamoqdan qutiladi. Domla qamoqdan chiqqanda butun Dushanbe eli unga peshvoz chiqdi. Uning ortidan kimlar yugurgani Hindistoniy domlaga ayon edi. U Murodxon Sobirovni o‘zi qidirib keladi. Shu-shu ular ota-bola bo‘lib qolishadi. Keyinchalik har yili O‘sh shahriga tashrif buyurar ekan, dastlab Murodxon akaning uyida yotib, keyin boshqa joyga borar, qaytishda ham uning uyida tunar edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, domla Hindistoniy Farg‘ona vodiysi va Tojikistonda katta mavqega ega bo‘lgan xanafiy mazhabidagi yirik ulamolardan biri edi. U 1892 yili Qo‘qon atrofidagi qishloqlardan birida tug‘ilgan. Dastavval Buxoroda, keyinchalik Kashmirdagi madrasalarda tahsil oladi. Aynan shu yerda urdu va hind tillarini o‘rganadi. 1928 yili domla Hindistoniy haj amalini bajarib, bir yildan so‘ng ota yurtiga qaytadi…
– Domla Hindistoniy Xizr alayhissalomni ko‘rgan odam edi, – deydi Davronbek Sobirov. – U kishi har yili O‘shga kelar ekan, ikki kun – kelgan va ketadigan kuni biznikida tunar, o‘sha kunlari uyimiz bayramga aylanib ketar edi. Otamning boloxonadagi mo‘jaz xonasiga odam sig‘may qolardi. Bir safar Toshkentdan borsam (u paytda Toshkentdagi Politexnika institutida o‘qirdim), uyimizga dom­la Hindistoniy kelgan ekanlar. O‘sha safar biznikida qatorasiga ikki kun yotib qoldilar. Hamma ketib, uy tinchigach, issiq choy ko‘tarib oldilariga kirdim. Domla o‘zi bilan olib kelgan kitoblarini varaqlab o‘tirgan ekanlar. Meni ko‘rib, o‘rnidan turmoqchi bo‘ldilar. Men yugurib borib yelkasidan bosdim. O‘shandagi suhbatda men domlaga siz haqingizda Toshkentda ham eshitdim. Siz Xizr buvani uchratgan odam ekansiz-u bizga indamaysiz, dedim. Bu gapimdan domla bezovta bo‘lib, yuzimga qaradi. Noqulay ahvolga tushdim. Xuddi bu odamni so‘roq qilayotganday tuyuldim o‘zimga. Lekin, endi siporishlashning hojati yo‘q edi. Indamay turaverdim. Biroz sukutdan so‘ng domla so‘z qotdi:
– Shundaymi? Toshkentda shunday deyishyaptimi? Balki…
Domlaning yuziga kulgi yoyildi. U o‘rta bo‘y, cho‘qqi soqol edi, yuzidan nur yog‘ilib turuvchi kishi bo‘lgan. Ko‘chaga chiqqanda salla kiyar, uyda do‘ppi bilan o‘tirar edi. Ovozi og‘ir-bosiq bo‘lib, ko‘rmagan odam basavlat bo‘lsa kerak, deb o‘ylardi.
– Balki, ko‘rgandirman ham, bu Ollohga ayon, – dedi domla.
Shu payt xonaga otam kirib qoldi. Tabiiyki, men chiqib ketdim. Men domla Hindistoniy haqida shularni eshitganman. Bu kishi tahsilni turli joylarda, o‘n sakkiz yil deganda tugatadi. Murattab qori darajasiga yetadi. Qur’oni Karimni sakkiz soat o‘n ikki minutda xatm qilarkanlar. Aytishlaricha, domla Kashmirda ekanida bir ustozning qo‘lida dars olgan ekan. O‘sha ustozning har yili chilla o‘tirish odati bo‘lgan. Ustoz ibodatga o‘zi bilan qirq dona mayiz olib kirib ketarkan. Qirq kun mobaynida shogirdlari qirq oftoba suv uzatisharkan. Xullas, ustozi ana shunday chilla o‘tirgan bir pallada domla Hindistoniy ko‘chaga aylanib chiqib, vokzalga borib qolibdi. Uzun yo‘lovchi vagon yonidan o‘tayotib, ko‘zi gurunglashib o‘tirgan to‘rt nafar oqsoqolga tushibdi. Mundoq oynaga yaqin kelib qarasa, chollardan biri juda ham tanish tuyulibdi. Shunda domla Hindistoniy vagonga chiqib, oqsoqollarning huzuriga kiribdi. E, voh, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, ularning bittasi o‘zining otasi ekan. “Xudodan aylanay, otajon, tirik ekansiz, deydi domla otasini quchoqlab. O‘shanda Qo‘qondan qochayotganimizda sizni otib tashlashdi, deyishgan edi. Shuncha yil taqdirga tan berib yashadim. O‘zim dunyo kezib, xayolim faqat sizlarda-yu, ilmda bo‘ldi. Mana tahsilim ham oxirlab qoldi, otajon” deydi domla otasiga. Ma’lum bo‘lishicha, oqsoqollar hajga borishayotgan ekan. O‘sha paytlari hajga boruvchilar Pokiston orqali ham borishar ekan. Buni eshitgan domla Hindistoniy otasiga:
– Ota, men ham sizlar bilan birga haj qilaman. Niyatim ham shu edi. Yaxshi bo‘ldi, – deb otasiga qo‘shib oqsoqollarni ham poyezddan tushirib, hujrasiga olib ketadi.
Chilla o‘tirgan ustoz juda qattiqqo‘l edi. Har safar ibodatga kirayotib shogirdlariga o‘zini bezovta qilmasliklarini qattiq tayinlar ekan. Domla Hindistoniy otasidan “agar uch kun ichida yo‘lga chiqmasak, haj mavsumidan kech qolishlari”ni eshitgach, chillaxonaga voqea bitilgan bir enlik xat kiritadi. Shunda ichkaridan ham bir enlik xat uchib chiqadi. Unda: “Men sizlardan bezovta qilmaslikni so‘ragan edim, bas qiling” degan so‘zlar yozilgan edi. Nima qilarini bilmay qolgan domla yana uzrini aytib, haj mavsumi o‘tib ketishi mumkinligini tushuntirib, ichkariga yana xat yo‘llaydi. Shunda ichkaridan, “Roziman. Boring” degan ruxsat tegadi.
Shu borishda domla otasi va uning yo‘ldoshlari bilan haj amallarini ado etishadi. Hoji bo‘lishadi. Ana shunday kunlarning birida, hali ular Makkai mukarramadan chiqmay turib, domlaning otasi kasal bo‘lib qoladi. Holsizlanib yotgan ota dom­lani huzuriga chaqirib: “Bolam, bir karch tarvuz bo‘lganda yerdim”, deydi. O‘sha yili haj mavsumi bahor fasliga to‘g‘ri kelgan edi. Bu paytda albatta, tarvuz bo‘lmasligi aniq. Ammo ota iltijosi domlani ko‘chaga chiqaradi. U tashqarida nima qilarini bilmay turar ekan, to‘g‘ridan qo‘lida bir dona tarvuz bilan kelayotgan sariq chakmonli qariyaga ko‘zi tushadi. Shunda domla yugurib borib boyagi odamdan tarvuzning qayerdan olganini so‘rab, kasal otasining niyatini aytadi. Shunda boyagi sariq chakmonli qariya yonidan pichoq chiqarib, tarvuzni shartta ikkiga bo‘lib, “Bir pallasini oling, otangizga shifo bo‘lsin”, deydi. Domla xursand bo‘lib bir palla qip-qizil tarvuzni otasining oldiga qo‘yadi. Ota tarvuzdan bir karch yeydi-yu, alhamdullilloh, yetkazganiga shukr, deb yog‘liqqa qo‘lini artadi… Shundan keyin ota farzandning ko‘zida biroz tetiklashganday bo‘ladi. Lekin, baribir hali yo‘lga chiqib bo‘lmas edi.
Yana bir kuni ota o‘g‘liga ko‘ngli ko‘k choy tusayotganini aytadi. O‘sha paytlar Makkada choy kam iste’mol qilinarkan shekilli, farzand choyni, ayniqsa, ko‘k choyni hech uchratmagan edi. Umuman, makkaliklar hozir ham choy o‘rniga “zamzam” suv ichishni afzal ko‘rishadi.
Domla Hindistoniy otasining aytganini topish uchun ko‘chaga otlanadi va tashqarida yana o‘tgan galgidek, sariq chakmonli qariyaga duch keladi. U domlani qo‘lidan yetaklagancha qabriston tomonga boshlaydi. Qabristondan shunday o‘tishgan ham edilarki, qarshilarida bir qasr paydo bo‘ldi. Binoning ichkarisiga kirishadi. Domla qarasa, bu yerda katta izdihom bo‘layotgan ekan. O‘tirganlarning hammasi sariq chakmonli kishilar edi… Domlani yetaklab borayotgan boyagi qariya uni to‘g‘ri to‘rda o‘tirgan nuroniy qarshisiga olib boradi va undan duo so‘radi: “Taqsirim shu bolaga duo qilsangiz. Bu mard otasini hajga olib kelgan. Duo bering, ilmlari ziyoda bo‘lsin”, dedi. Nuroniy duo berdi. Ortga qaytayotib, qariya belidagi belbog‘i orasidan bir quti choy olib, dom­la Hindistoniyga uzatib: “Ushla, otangga damlab ber”, deydi.
Oradan ikki kun o‘tib ota olamdan o‘tdi. Domla Hindistoniy zo‘rg‘a topgan otasini yig‘lab-yig‘lab qabrga qo‘ydi. Bag‘ri huvullab qoldi… Ertalab o‘rnidan turiboq o‘ziga duo bergan nuroniy va boyagi qariyani ko‘rishni niyat qilib, tashqariga chiqdi. Qabriston tomon yo‘l oldi. U qabristonni aylanib o‘tib ko‘rsaki, u yerda uch kun avval o‘zi kirgan qasr yo‘q! Butun tevarak-atrof oftobda qovjirab yotgan dashtu biyobon edi…

XOTIMA

Mening o‘zim bir paytlar respublikada chop etilgan “Vatan” gazetasiga bosh muharrirlik qilganman. Bu ishning naqadar og‘ir, zahmatli, ayni paytda mas’uliyatli ekanini yaxshi bilaman. Shu ma’noda Murodxon Sobirovning “Kommunist” gazetasini tashkil qilib, unga muharrirlik qilishi naqadar qiyin kechganini tasavvur etaman. Buning ustiga bu vazifalarda ishlash ayni siyosiy va mafkuraviy kurashlar, qatag‘onlar avj olgan, bir so‘z uchun salla o‘rniga kalla ketishi mumkin bo‘lgan davrlarga to‘g‘ri kelishi vaziyatni yanada qiyinlashtiradi. Masalaga shu nuqtai nazardan qaralsa, Murodxon Sobirovning “Kommunist” gazetasida va oblast partiya komitetida, komsomol komitetida ishlashi oson kechmagan. Nohaq qamalib, otuvga hukm etilayotgan odamlarning taqdiri, och-nahor maktabga qatnagan o‘quvchilardan tortib, umr bo‘yi kosasi oqarmay o‘tayotgan dehqonning turmushini ko‘rib azob chekkan. Sharof Rashidov haqida “uni ichidagi ruhiy dard o‘ldirdi” der ekan, o‘zini ham o‘shanday dardlar qiynaganini yashirmaydi. Zotan, Fuzuliy domla aytganidek, “Shifoyi vasl qadrini hajr ila bemor o‘landan so‘r…”
Elliginchi yillar o‘rtalariga kelib Murodxon Sobirov O‘shga qaytadi. Oiladan olisda, darveshona turmushdan beziydi. Ko‘ngli oila tinchini istaydi… O‘sha paytlari O‘sh shahrida Tojikistonga qarashli Pomir avtomobil tresti ochiladi. Murodxon Sobirovni ana shu tashkilotga hodimlar bo‘limi boshlig‘i etib ishga yuborishadi. Nima bo‘lganda ham yana ona shahriga qaytayotganidan xursand bo‘ladi. Ammo tez orada sezadiki, bu ish uning uchun emas ekan… Bu yerdagi olg‘irliklar, qallobliklarni ko‘rib bir dardi o‘n bo‘ladi. Ishdan bo‘shaydi. Uyda, oila davrasida tinch yashay boshlaydi. “Etar, Olloh meni shuncha dunyo kezishga, yaxshi-yomon odamlar orasida bo‘lishga, qon kechib jang qilishga buyurdi. Necha marta jahannamning labidan qaytdim. Endi oilamning bag‘rida bo‘lish nasib etsin”, deb O‘zidan so‘radi. Murodxon Sobirov “Taborak”ni takrorlashni sevardi. Yolg‘iz paytlari ana shu surai muborakni o‘qib ko‘zlariga yosh olardi. Murodxon Sobirov Fuzuliyni o‘qishni sevardi, shoirning qancha misralarini yoddan o‘qirdi…
Dunyo qiziq ekan. Xalqda “Nonxo‘rga non, oshxo‘rga osh” degan gap bor. Shunga o‘xshash yo‘lchiga doim yo‘l tayyor turarkan…
– Kunlardan bir kun hovlimizga bir guruh oq ko‘ylak, qora kostyum-shim kiy­­gan odamlar kirib kelishdi. Otam so‘ritokda turib xomtok qilayotgan edi. Meh­monlardan biri to‘g‘ri otamning oldiga borib quchoqlab oldi. Bilmadim, otam oyog‘i ostidagi so‘ritokdan o‘zi tushdimi yoki o‘sha odam tushirdimi anglamay qoldim, – degan edi Darvonbek biz bilan suhbatda.
Kelgan bu odamlarning biri Tojikiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari Tursunboy O‘ljaboyev, ikkinchisi Tojikiston SSR Ministrlar Sovetining raisi Mamadali Qurbonov, boshqalari esa O‘sh oblastining rahbarlari edi. Gap shundaki, o‘sha kuni qo‘shni respublikaning boshliqlari yuqorida aytganimiz Pomir avtomobil trestini ko‘rish uchun O‘shga kelishadi.
Tursunboy O‘ljaboyev do‘stini ko‘p vaqtdan buyon ko‘rmagan edi. Ish bilan bo‘lib, so‘rab-surishtirolmadi. Murodxon Sobirov esa birinchi rahbar qanchalik do‘sti, qadrdoni bo‘lishiga qaramay, o‘zi yo‘qlamasa, huzuriga boraverishga istihola qilar edi. O‘ljaboyev hatto uning ishdan ketganidan ham bexabar qolgan. Trestni aylanib bo‘lishgach, taomilga ko‘ra O‘sh oblast partiya-sovet rahbarlari mehmonlarga choy beradi. Ana shu bir piyola choy ustida Tursunboy O‘ljaboyev obkom sekretaridan O‘shda bir jurnalist borligini, uning ismi sharifi Murodxon Sobirov bo‘lib, o‘sha odam hozirda qayerda ekanini so‘raydi. Obkom sekretari yelkasini qisadi. Ammo, surishtirib topishga va’da beradi. Tursunboy O‘ljaboyev obkom sekretarining o‘z kadrlarini yaxshi bilmaganligidan taassuf qiladi, ammo sezdirmaydi. Nihoyat, choy oxirlaganda xodimlardan biri “yangilik” topib keladi: Murodxon Sobirov O‘sh shahar, Navoiy ko‘chasi, 14-uyda yasharkan…
O‘ljaboyev hamrohlari bilan o‘sha zahoti dasturxon uchun mezbonlarga rahmat aytib, aytilgan manzilga yo‘l oladi. Albatta, mezbonlar ham ularning ortlaridan borishadi…
– Otam voqeadan o‘zini yo‘qotmadi, – deb so‘zini davom etadi Darvonbek. – Mehmonlarni uyga taklif qiladi. Garchi, uyimiz bor-yo‘g‘i ikki xonadan iborat bo‘lib, mehmon kutishga imkon yo‘q edi. Ko‘ngilda… Aftidan, Tursunboy O‘ljaboyev obkom sek­retarining Murodxon Sobirov haqida tasavvurga ham ega emasligini bilgandayoq ko‘ngli g‘ash tortgandi. Uyni ko‘rib, turmushimizni bilib, uning xayolidan “Men Murodxonni bunday ahvolda yashashi va ishlashi uchun o‘limdan saqlab qolmaganman”, degan o‘y o‘tgan bo‘lsa ne ajab… O‘sha kuni va undan keyingi kunlar otam uyga kelmadi.
Murodxon Sobirov ko‘chaga chiqqanda doim galife shim, egniga kitel, oyog‘iga etik kiyib yurar edi. Mehmonlar uy egasi kiyinib chiqqunga qadar tor hovlini ko‘zdan kechirishdi. Bolalarni erkalatganday bo‘lishdi. Muxtabarxon opa yumushda edi. Murodxon Sobirov ko‘chalik kiyimini egniga ilib chiqqach, ular to‘g‘ri aeroportga yo‘l olishadi. O‘ljaboyev to manzilga yetguncha jim boradi. Faqat uni samolyot tomon yetaklarkan “Murodxon, siz ularga kerak bo‘lmasangiz, bizga keraksiz”, deydi-da o‘zi bilan birga olib ketadi…
– Oradan bir oy o‘tib, otamdan telegramma oldik. Unda “Dushanbedaman. Ishga joylashdim. Bolalarni olib kel”, deb yozilgan edi, – deydi Davronbek ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lib. – O‘sha kunlarni hech eslagim kelmaydi. Haqiqatdan ham qiyin sharoitda yashardik… Onam katta va kichik opamni olib Dushanbega ketishadi. Men va katta akam uyda qoldik. Akam uylangan. Kelinayam doim akasinikiga chiqib ketaverar edi. Bir o‘zim yolg‘iz qolardim. Musichaning ku-kusidan ham qo‘rqaman… Darvozamizda bir teshik bor edi. Bir kuni o‘sha teshikdan hovliga qaragan ko‘zni payqab qo‘rqib ketdim. Ke­yin o‘sha ko‘z darvozani taqillatdi. Ming hadik bilan borib, darvozani ochib qarasam, Ismatilla pochcha ekan. Bu odam men bilan ko‘rishib-ko‘rishmay “Tezda bet-qo‘lingni yuv, olib ketaman”, dedi. Ishonasizmi, kiygani ishtonim ham yo‘q ekan, bitta tursida yurarkanman. Yo‘l-yo‘lakay magazinga kirib, shim oldik. Bu yerda yozlik tufli topilmadi, qishlik botinka bor ekan. Ismatilla pochcha, o‘sha qishlik botinkani xarid qilib kiydirib qo‘ydi. Tasavvur qiling, yozning jazirasida ichi po‘stak botinkada yurishning o‘zi bo‘ladimi? Andijon vokzaliga yetib borganimizda poyezd o‘rnidan jilayotgan ekan. Shunda bildim, Ismatilla aka shu poyezdda “provodnik” bo‘lib ishlarkan. Ikki yarim kecha-kunduz deganda Dushanbega yetib bordik. Otamga ko‘p qavatli uylardan to‘rt xonali joy berishibdi. O‘sha uyda yashay boshladik. Esimda, Laylo Sharipova degan qo‘shiqchi ayol bizga qo‘shni turardi. Meni ko‘rdi deguncha qo‘limga konfet tutqazar edi…
Kunlardan bir kun suv bo‘yida qum shahar yasayotgan edim. Ustimga opam yugurib keldi: “Tur o‘rningdan. Uyda otam chaqiryapti”, dedi. Men esa o‘yindan ko‘zim qiymay, shahar qurishni davom ettiraverdim. Opam qo‘limdan yetaklab uyga olib ketdi. Borsam, hammaning rangida rang yo‘q. Tugunlar tugilgan. Shunda otam: “Hozir sizlarni poyezdga chiqarib yuboraman. O‘zim keyin boraman” deb yuklarimizni bir mashinaga ortib vokzalga olib ketdi. Keyin bilsam, o‘sha kuni O‘ljaboyev ishdan olingan ekan… Bu 1961 yil edi.
Tursunboy O‘ljaboyevning o‘z vazifasidan ketishi sabablari boshqa bir asar mavzusi. Zotan, Stalin hamda sho‘rolarning turli rang va ko‘rinishdagi qatag‘onlari haqida hali ko‘p narsalar noma’lumligicha qolmoqda.
Nazarimizda qissadan hissa chiqarish payti kelganga o‘xshaydi. Murodxon Sobirov oddiy jurnalist, o‘sha davrning birinchi muharrirlaridan biri sifatida zamonning ko‘p jabr-jafolarini boshidan o‘tkazdi. U go‘yo yozda kelgan qaldirg‘och edi… Qatag‘onlardan, avvalo, Ollohning inoyati, qolaversa, o‘z qardoshlari tufayli omon qoldi. Zotan, siyosiy ayb qo‘yilsa, otasini ham tanimaydigan rahbarlar bisyor edi. Ular o‘z kursilariga zulukdek yopishib kun ko‘rishgan. Ammo O‘ljaboyev, Razzoqov, Rashidov, Aytmatov va Sobirovga o‘xshagan el ishiga kamarbasta minglab kishilar ham bor ediki, ular o‘z lavozimlaridan xalq tinchligi, yurt farovonligi yo‘lida foydalanishgan. Mansabni martaba darajasiga ko‘tarishgan. Shu haqda o‘ylar ekanman, bugungi Markaziy Osiyo respublikalarining kelajagi, xalqlarning tinch-totuv, ittifoqlikda yashashlari, mamlakatlar taraqqiyoti, kezi kelganda, bir butun bo‘lib birlashishlari, xalqlarimiz orasida bilimli, qaldirg‘ochlarning nega bahorda kelib, kuzda ketishlarini yaxshi ang­lagan yo‘lboshchilarning yetishib chiqishlariga ko‘p jihatdan bog‘liq ekaniga ishondim.

Tamom

“Sharq yulduzi”, 2017 yil, 12-son – 2018 yil, 1-son