Xurshid Do‘stmuhammad. Yolg‘iz (qissa)

Abdulla Qodiriy tavalludining
125 yilligiga bag‘ishlanadi.

Abdulla Qodiriy hayotidan yirikroq asar yozish niyatim bor edi ko‘p yillardan buyon. Nihoyat, ushbu qissa qog‘ozga tushdi. Uni qiyomiga yetkazishda qimmatli maslahatlarini ayamagan, buyuk adibimiz hayoti va ijodining bilimdonlari – Umarali Normatov, Naim Karimov, Sirojiddin Ahmad, Bahodir Karim va Xondamir Qodiriyga minnatdorligimni izhor etaman.

Muallif

– Otqa qoqqan taqadek, suvdan chiqqan baqadek, bir mirilik chaqadek – ma’orif sho‘rosiga salo-o-om!
Mahsido‘zlik ko‘chasi qiyalik emasmi, kunchiqardan kunbotar tomon – tepadan pastga – bozor maydoniga tushayotgan ildamqadamlar orasida ham, kunbotardan kunchiqar tomon – pastdan tepaga – bozor maydonidan yuqorilayotgan og‘irkarvonlar orasida ham tekin tomoshatalablar hamisha hoziru nozir – ularning aksariyati yo‘ldan qolib ovoza kelgan tomonga qayrilib qaradilar. Ko‘chaning bozor maydonidan chiqaverishda so‘l tomondagi oldi ochiq choyxona yonida tik turgan ikki kishining biri, shubhasiz, ayol bo‘lsa kerak, boshiga paranji yopingan, uning yonidagi sherigi baqaloq erkak kaltabaqay qo‘li bilan paranjili ayolning egilib ta’zim aylashiga ko‘maklashayotgan yo bo‘lmasa uni shu ishga majburlayotgan odamdek qad rostlab turar, tobora ovoziga zo‘r berayotgandi:
– O‘zi chetka buqinub, shaxsiyatka to‘qinub, allakimga cho‘qinub – o‘g‘ri ushlaganga salo-o-om!
Shu damda bu ikkov aslida uchov ekanliklari ma’lum bo‘ldi. Picha narida turgan uchinchi sherik baqaloq erkakning tovushiga hamohang jar soldi:
– Eshitganlar darmonda! Eshitmaganlar armonda-a!
Baqaloq erkakning ovozi dadillashdi:
– Ko‘rungan yer oq salla, oq bo‘lsa ham bo‘sh kalla, oqu qora ham malla – Turkiston ulamolariga salo-o-om!
– Ha-a, otangga balli! Shu olomonniki bari-i!
– Boshlarig‘a soch qo‘yg‘an, otlarini yosh qo‘yg‘an, fahsh deganni fosh qilg‘an, yana otini yosh qo‘yg‘an – dumsizlarimizga salo-o-om!
– Ha-ha-ho-ho-oy, kuchingdan ho-o, kuchingda-a-an-n!
– Hah-ha-ho-o! Vah-ha-ho-o!
G‘ala-g‘ovur, qiyqiriq avjiga mindi. Uchinchi sherik baralla qarsak chalib shovqin-suronga pishang beravurdi. Tomoshatalablar orasidan hayqiriqlarga avvaliga yakkam-dukkam, so‘ngra ko‘plashib olqishlashlar qo‘shildi. Paranjili ayol minnatdorlik ma’nosida ikki bukilib olqishlovchilarga javob ta’zimini bajo ayladi. Yo‘lovchi tomoshabinlarning bir qismi bu sahnani yangi chiqqan tilanchilikka yo‘ydi, bir qismi kulib-iljayib-ajabsinib tomosha qilishda davom etdi, yana bir ulushi esa gap nimada ekanini tuzuk-quruq anglamay angrayib turaverdi. Baqaloq erkakning birdan qovog‘i tundlashdi, boyadan beri kulgiga moyil tovushi jiddiylashdi:
– Maskov borib kelibon, minglab foyda qilibon, haftada gap yeyibon, tomga karnay qo‘yibon; – yig‘lamsirash ohangida: xalq qayg‘usin yemayin, maktab ochay demayin; – g‘azab-la: ellik-oltmish qo‘y bergan, sakkiz kunlab to‘y bergan – Turkis­ton savdogarlariga salo-o-om!..
Uchinchisining, ya’ni qarsakchisining ota-bobosi tirikchilikni go‘yandalik ortidan topgan shekilli, tovushi o‘tkir ekan, yanayam o‘tib tushdi:
– Amma-xolasi havodor, ah-ha-he-ey, kuchingda-an-n!!
Choyxona so‘risining qirg‘og‘ida chordana qurib o‘tirgan chol kemshik og‘zini ko‘vachaday lang ochib, yayrab kuldi.
– Uh qizitaloq, gap bag‘da ekan-da-a!?
Chol hayratini biror banda qo‘llab-quvvatlarmikan degan ilinjda yonginasida choy ichib o‘tirgan yigitga umidvor mo‘ltiradi, biroq qoramag‘izdan kelgan, yuzi dumaloqqa moyil, norg‘ul yigit bir burda non bo‘ktirilgan piyolasidagi choydan ko‘z uzmadi. Yigit cholning gapini yo eshitmadi, yo eshitgisi kelmadi. Chol uning nayzaning uchidek o‘tkir nigohini payqadi-yu, yuragi orqasiga tortib ketdi. Kelgindi musofirmikan, o‘zbekchaga tushunmasmikan degan taxmin kechdi ko‘nglidan.
– Topib aytdi, – dedi uchov tomosha qo‘yuvchining biqinida to‘xtagan dehqonbashara qariya.
– Bopladi! – deb uni qo‘llab-quvvatladi boshqasi. – Oshib-toshib yotgan dunyosiga maktab ochish esiga kelarmidi!
– Uning o‘rniga bachavozlik qiladi!..
– Davlatingga o‘t tushsin!..
– Lutdan battar qirilsin!..
Tomoshabinlar to‘dasi behad zichlasha borayotgan bir mahal uchov qiziqchi to‘satdan sarosimaga tushdi. Uchovi uch tomonga sochilib, izdihom orasiga singib ketishga ulgurgan ham edilarki, osmondan tushdimi-erdan chiqdimi, ko‘zlari alang-jalang ikki nafar norg‘ul erkak bedanayurish qilib o‘tgan-ketayotganga, hozirgina tomoshabin bo‘lib turgan yo‘lovchilar aft-angoriga kimnidir izlagandek birma-bir razm solib chiqdi. Ular istagan kimsalar topilmadi chog‘i, qanday paydo bo‘lishgan esa, o‘sha alfozda gumdon bo‘ldilar.
Odatda bozorning ko‘cha va maydonlarini to‘ldirib borayotgan yo‘lovchilar qaynab toshadi, oqimi to‘xtovsiz o‘zgaradi, biroq bu safar hozirgina to‘plangan izdihom mavji yangilanib ulgurmadi ham – qayerdandir paydo bo‘lgan olomon orasida ipga tizilgandek yonma-yon saf tortgan, oq yaktagi ustidan guldor belbog‘ bog‘lab olgan to‘rt chapani yigit karnay-surnay bazmini boshlab yuborsa deng:
– G‘a-a-a-a-at, g‘a-a-a-a-tu-u-u-ug‘a-a-a-at! G‘art-g‘art-g‘art!
– G‘a-a-a-a-at, g‘a-a-a-a-tu-u-u-ug‘a-a-a-at! G‘art-g‘art-g‘art!
Tosh yotqizilgan nishab ko‘cha naqd to‘yxonaga aylandi. Quruq og‘izda “chalinayotgan” karnay “g‘ata-g‘uti”ning chorloviga chor tarafdan qiziquvchilar to‘dalasha boshladi. O‘rtaga tushib qilpanglovchilar ham topila qoldi. Bu paytda choyga bo‘ktirgan nonini yeb bitirgan yigit ovoz chiqarmay qilgan qisqa duodan so‘ng choyxonadan chiqqan, endigina yo‘lovchilar orasiga singib ketishga shaylangan edi, bexosdan to‘xtadi. Beixtiyor “g‘at-g‘at”chilar tomoshasiga chalg‘idi. Termilib joyida turganicha, karnay-surnayning ming yillik quloqni qomatga keltiruvchi nag‘malaridan o‘zgacha ma’nolar topayotgandek “g‘at-g‘ut”chilar tomondan nigohlarini uzolmadi. Ichida qo‘pgan allaqanday g‘alayon to‘fonini betiga ko‘chirmadi. “Bozorga kimlar kemaydi deysiz, – degan mulohaza kechdi ko‘nglidan, – bozor – misoli ajoyibxona!”
U yo‘lovchilar oqimidan o‘zini behroq tutishga harakat qilganicha devor yoqalab maydon tomon yurdi. Moshrang baxmal do‘ppisi ostidan ko‘rinib turgan kalta qaychilangan sochi, keng manglayi, o‘ziga yarashib tushgan ixcham mo‘ylabchasi tim qora, zulukdek qora ko‘zlari bir necha odim mobaynida uzoq-uzoqqa tikilib borar, ikki-uch odim tashlash asnosida esa oyog‘ining ostiga tikilganicha ohista qadam bosar, shu qiyofasi-siyratining o‘ziyoq uning tevarak-atrofidan o‘tib borayotgan sonsiz-sanoqsiz olomondan anchayin farqli inson ekanligini anglatib turardi.
“G‘at-g‘at”chilar uning yonidan o‘ta boshlashdi. Yigit shunda ham shovqin ko‘tarayotganlarga qayrilib qaramadi, qaramadiyu ich-ichidan quyunday guldirab kelayotgan istehzoni arang bosdi. “Bozor-da, – dedi o‘zicha, – har kim topganini ko‘tarib keladi, bilgan hunarini ko‘rsatadi, qo‘lidan kelganicha tirikchilik qiladi. Istasa kuladi-o‘ynaydi, istasa – yig‘laydi, istasa hayqiradi-qichqiradi, istasa – damini ichiga yutadi. Biz esa ko‘rganimizni, eshitganimizni picha oshirib-picha kichraytirib yozamiz, xolos”.
Shu payt boyagina ko‘zdan yo‘qolgan ikki norg‘ul paydo bo‘ldiyu ikki tomondan “g‘at-g‘ut”chilarni qisib kela boshlashdi.
– To‘xtat! – dedi birovi karnaychining qulog‘iga.
– Bas qil! – dedi boshqasi boshqasiga.
– Bor-yo‘g‘i “g‘at-g‘at”-ku, ako‘, – dedi o‘zini ovsarlikka solgan uchinchi karnaychi. – So‘z yo‘q-gap yo‘q, o‘yin-o‘yin o‘ynayapmiz, xolos.
– Yaxshilikcha, aravangni tort, ko‘sa! – deb do‘qladi pakana norg‘ul.
– Uyingga borib o‘yna, xunasa! – dedi naynov norg‘ul. – Bu yerga odam to‘plama!
– Biz to‘plaganimiz yo‘q, ana, hamma o‘z yo‘lida ketib boryapti. Biz ham…
– Ko‘p “biz”layverma dedim. Hozir polis kelsa kuningni ko‘rasan! Yaxshilikcha, issig‘ida!..
Norg‘ullarning avzoyi, vajohati yomon edi – zumda gavjum Maxsido‘zlik ko‘chasiga o‘lik chiqqan uydek sukunat cho‘kdi-qoldi. Yo‘lovchilar oqimi yuqoridan bozormaydon tomon yugurgilab-zipillab, bozormaydondan yuqori tomon imillab-surgalib chiqib-tushishda davom etdi.
Og‘ir xayolga tolgan yigit qadimiy sergumbaz hammom yonidan o‘tgach, o‘ng yoqdan betiga salqin shabada urganidan chorburchak tim yoniga yetganini sezdi. Baland gumbazning to‘rt biqinidan yosh bola egilib o‘tsa bo‘ladigan kenglikda darcha ochilgan, avvalo gumbaz, qolaversa o‘sha darchalar sharofati ila havo dim ekaniga qaramay timning ostida sarin shabada hosil bo‘lgan, shabada g‘uvullab o‘tib turgani bois ayniqsa, havo damqisdi kezlari tim osti nafas rostlashga rohatijon edi. Yigit avvaldan kambag‘alning hovlisiday choqqina shu maskanni yoqtirar, oyog‘i tortdi deguncha timning ostiga kelib, u tomondan, bu tomonga ikki-uch, ba’zida undan-da ortiqroq o‘tib-qaytar – sayr qilar, sayr asnosida muzday qatig‘u yaxday ayron, qalampir qo‘shilgan sho‘rtang qurutu ermak pista, obakidandonu nosvoy sotuvchilarini tomosha qilishni yoqtirar, timning bir burchidagi ikki kishi sig‘ar-sig‘mas do‘konchada dorivor giyohlar bilan savdo qiluvchi oq-sariqdan kelgan mo‘ysafidning hamisha bir kishi bilan berilib suhbat qurib o‘tirganini ko‘rib, havaslanar ekan, payti kelib o‘zi ham ana shu mullanamo tabib otaxon suhbatiga noil bo‘lish orzusini diliga tugib qo‘yardi.
Timning narigi tomoni do‘ppi bozori, erkaklardan ko‘ra ayol sotuvchilar ko‘pchilik, boshiga ro‘molcha yoki nimcha yopingan do‘ppifurush ayollar xaridorga ilhaq, ular bir juft, ikki-uch juftlab qo‘llarida ko‘tarib turgan do‘ppilarining baxmaliyu shoyi ipaklari erta ko‘klam oftobida ko‘zni qamashtirar darajada tovlanar edi.
– Muborak boshingizga manavi do‘ppi xo‘p yarashadi-da, ukajon, – deb takalluf qildi yoshi o‘tinqiragan opoqi.
Yigit bosh irg‘ab, tovushi chiqar-chiqmas minnatdorlik bildirdi-da, yo‘lida davom etdi. Uning qadam olishidan, atrofga ko‘pda qaranmayotganidan, balki o‘zigagina ayon muroqabaga berilganligidan ham biror tayinli xarid yuzasidan bozor oralamayotgani sezilib turar, buni payqagan ziyrak bozorchilar tezda e’tiborlarini undan uzishardi.
Yigit chit matolar sotiladigan rasta qatoriga yetganida qadam olishlari yanayam sustlashdi. Rasta qatori nisbatan birmuncha qisqa, nomi ham o‘ziga yarasha – “Kalta rasta” edi.
– Iya-iya, ha, Abdivoy! Qo‘msabdilar-da, qo‘msabdilar-da?!
Yigitning xayoli bo‘linib, ovoz kelgan tomon o‘girildi. Tengqur yigitni tanib, betiga yengil, nimyasama tabassum yugurdi.
– O‘zing nima qilib yuribsan, To‘lash?
– Sani izingdan poyloqchilik qilib yuribman, Abdi! – To‘lagan shunday deb qah-qah otib kuldi. Jiddiy tortdi. – Men ham ilgari ishlagan joylarimni qo‘msayman, og‘ayni. Axir bir zamonlar shu joylarda ish o‘rgandik, ozmi-ko‘pmi tirikligimiz o‘tgan…
– Nafaqat tirikligimiz…
To‘laganning quvnoqligi tutib, yana baralla kuldi, uning yelkasiga do‘stona shapatilab, “Tushundim, tushundim”, deb o‘zini bazo‘r kulgidan tiydi.
– Bolalikdan ishni puxta qilgansan, Abdi. Kimsan Rasulmuhammadboyga ishga yollangansan, ham uning uyida yashagansan, ham qiziga uylangansan! Xudo suygan bandasiga qo‘shqo‘llab bergani shudir-da, a, labbay, qadrdon?! – To‘lagan shunday deb turib birdan lab-lunjini yig‘ishtirdi, ovozi ma’yuslashdi: – Boboy ko‘pni ko‘rgan, zap odam edilar. H-hozir?..
– Ikki yil bo‘layozdi, faqir…
– E, attang, eshitgandim. Palagi toza odamlardan edi qaynotang rahmatli!
To‘lagan shunday deb yuziga fotiha tortdi va shu zahoti boyagi quvnoq ohangga ko‘chdi:
– Bolalikdan kitobga o‘ch eding, behuda ketmabdi-da? Katta yozg‘uvchi bo‘libsan deb eshitaman.
Abdi o‘ng‘aysizlanib qizarinqiradi, miyig‘ida kulimsiradi.
– Unchalik emas, kichik bir havas, xolos…
– Kam bo‘lma, og‘ayni, san bilan yaqinligimizzi aytib, maqtanib yuraylik, ishqilib.
Yigit to‘zib ketgan xayollariga tin berishi xiyla qiyin kechdi. Rus-tuzem maktabini bitirgach, ish topolmay uyda o‘tirib qolgandi. Bog‘-hovli yumushlarini demasa, yakkash mutolaa bilan band. Jonsarak bibisi toqat qilolmagan, hammahalla bo‘lmish mulla Zayniddin amakiga yordam so‘rab chiqqan, amakining dalolati bilan mana shu “Kalta rasta”dagi chitfurush Rasulmuhammadboyga prikazchilikka yollangan, yosh ekaniga qaramay shu yerda ko‘-o‘p hayotiy tajriba orttirgan, taqdir ekan, pirovardida xo‘jayinning to‘ng‘ich qizi Rahbarnisaga uylangan… Qanchadan-qancha suvlar oqib o‘tmadi o‘shandan buyon?! Zamon o‘zgardi, bozor o‘zgardi, odamlar o‘z… O‘zgardimi? O‘zgarayaptimi?..
Yigit yon-veridan o‘tib borayotgan yo‘lovchilarni zimdan razm solib kuzatdi. Ularning yurish-turishiga, engil-boshlariga qaradi. Quloqqa chalinayotgan gap-so‘zlarini tingladi. Yo‘qchilik, nochorlik abgor qilgan barchani, birdan-bir xalos­kor – bozor. To‘g‘ri, bozor kezgan jondorning bugun qorni och qolmasligi mumkin, lekin ertaga-chi, indin-chi?! Bu ahvolga qanoat qilib umr kechirish oxir-oqibat millatni barbod etadi, yo‘q qiladi, bir hovuch xas-xazonga, supurindiga aylantiradi, supurindiga!
Moshinavori bir xayolda bosh chayqadi, norozilanganidan peshonasi tirishib, qoramag‘iz beti yanayam tundlashdi. Hammom ortidagi duradgorchilik rastasi tomon borish niyatidan aynidi-da, boyagina kelgan yo‘li bo‘ylab iziga qaytdi. Birdan-bir najot matbuotda, yagona xaloskor – matbuot! Qanday bo‘lmasin, odamlar gazit-jurnalga jalb etilmog‘i darkor. Shu yo‘lda barcha choralar ko‘rilmog‘i, hech bir mashaqqatdan cho‘chimaslik kerak!..
Chorburchak timga yetgan joyida, odatdagi tanish manzarani ko‘rgach, og‘ir va adoqsiz o‘ylaridan chalg‘idi shekilli, ikki qoshi o‘rtasidagi tugun yozildi. Tim osti teatr sahnasini eslatardi unga. Bu safar ham ko‘z o‘ngida g‘alati-ajabtovur manzara paydo bo‘ldi, asta yurib-qulog‘ini ding qilganicha, sahna tomoshasi ishtirokchisiga aylanib ketgandek his etdi o‘zini. Ana, to‘nini qop-xaltasiga qo‘shib ostiga kursi yasagan ayronchilar yo‘lovchilarni nafas rostlashga, taftbosdi ichimlikdan no‘sh urishga, qozoq erkak-xotinlar meshlarini betinim chayqata-chayqata qimizxo‘rlarni chorlashmoqda, bir chekkada nosfurush, qurutfurush, xullas, kimsa borki, sotish, sotish va yana sotish bilan ovora – chaqirgan-netgan, savdolashgan-tortishgan, kulishgan-o‘dag‘aylashgan – istalgan manzarani, istalgan qiyofalarni ko‘rish mumkin.
Janda kiygan, to‘rvasini aso o‘rnidagi qiyshiq tayog‘iga tang‘igan qalandar imillab bora turib, to‘satdan g‘alati ohangda xirgoyi qila boshladi:
– Ketadi-ketadi, nima qayon ketadi?
Ming‘ir ovozni birov eshitdi-birov eshitmadi, qalandarning quyuq soqol-mo‘ylabi orasidan xirillagan ovoz balandlashdi:
– Ketadi-ketadi, nima qayon ketadi-i?
Ikkinchi takror bitta-yarim bekorchining e’tiborini tortdi. Qurutfurush cholning yonida qoq yerga uzala tushgan sarpoychan dehqon, muzday ayrondan tani rohatlanib, shunchaki qalandarga luqma tashladi:
– Hoy avliyo, nima qayon ketishini bizdan so‘rayapsanmi?
Qalandar uchun shu murojaat ayni muddao edi.
– Bilamanki, so‘rayapman! Man bilganni – san bilmaysan. San bilmasang – man bilaman!
– Bilsang, ayt: nima qayon ketadi?
Qurutfurush qariya, unga qo‘shilib ayronfurush, qimizfurush, nosfurushlar qalandarga pishang berib “teatr” tomoshasini qizdirib yuborishdi:
– Ayt! Ayt! Aytaqol!
– Qalandar, ho, aytaqol!
– Ko‘rsat, tomoshangni!
– Bizga tomosha bo‘lsa bas!
– Bas! Bas!.. Hah-ha-ha!
– Hah-ha-ha!
– Voh-ha-ha!..
Qalandar to‘rvasini zarang yerga qo‘ydi-da, unga tizzalab cho‘k tushdi, atrofga ikki qur alanglab olgach, qiroat ila, sanash ohangida xirgoyisini davom ettirdi:
– Ishchining topqani xo‘jayinning xaltasiga ketadi.
Sarpoychan dehqon qitig‘i kelgan odamdek qiqirlab kulib yubordi. Qulog‘ini yanayam ding qildi. Bu hol Qalandarni yanayam jo‘shdirdi.
– Savdogarning topqani o‘g‘ul to‘yisig‘a ketadi.
– To‘y bo‘lsin-a, to‘y bo‘lsin! – uni qo‘lladi kimdir baralla. Qalandar unga qosh qoqdi-qo‘ydi, davom etdi:
– Toshkand ko‘nchilarining topqani qishliq to‘kma bilan yozliq gapka ketadi.
– Yasha! – dedi tag‘in bir ovoz. Qalandar atrofga alangladi, tegrasida birmuncha olomon yig‘ilib qolg‘anini ko‘rib, ilhomi jo‘shdi:
– Qimorbozning topqani gartkam bilan to‘rtta oshiqqa ketadi. Bedanabozning topqani tariqqa ketadi. Eshonning topqani sakkizta xotung‘a ketadi!
Bo‘ldi kulgi-bo‘ldi kulgi. Izdihom semira-semira, ko‘pchiy-ko‘pchiy tim ostidan qaynab-toshib chiqdi.
– Yana, yana! Nima qayon ketadi? – degan savol ustma-ust yog‘ildi. Qalandarning muddaosi shul tariqa ushala boshladi. U junbishga kirdi, jazavaga tushdi. O‘rnidan tura solib, hassasi bilan etagini savalay-savalay, “bilganlari”ni jar solishda davom etdi:
– Eski shahar ispolqo‘mining topqani yuqori shefstvolarga ketadi.
– Ana! Hah-ha-ha! Voh-ha-ha!.. Qaytar, nima deding?
– Qulog‘ingni och, xumsa! Eski shahar ispolqo‘mining topqani yuqori shefstvolarga ketadi-i! Otning topqani…
Shu yerga yetganda olomon qiyqirig‘i tim ostidan chiqib, bozormaydonga taraldi. Timdan tashqarida olomonning gurillab yugurgilagan sharpasi chalindi quloqqa. Qalandar go‘dak boladek chaqqon irg‘ib qad rostladi, go‘yo hech vaqodan xabarsiz odamdek, to‘rvasini yelkasiga tashlaganicha, hassasini do‘qillatib, yo‘lga tushdi. Lekin odamlar orasini yorib o‘tayotib ham tilini tiymadi:
– Otning topqani eshakka ketadi. Bo‘rining topqani tulkiga ketadi!..
– Eshshak! – dedi kimdir.
– Bo‘ri! Bo‘ri! – vahima ko‘tardi boshqasi.
Tim ostida to‘plangan izdihom orasini yorib, ikki-uch nafar norg‘ul paydo bo‘ldi.
– Qani bo‘ri?
– Ana, bo‘ri!
Norg‘ullar biri olib, ikkinchisi to‘ng‘illab, izdihomni taftish qila ketdi:
– Kim? Vaysayotgan kim?!
– “Eshakka ketadi” degan kim?! “Tulkiga ketadi” degan qani?!
– Hech kim. Hech kim, – degan ovozlar eshitildi tevarak-atrofdan.
– Tarqallaring! To‘planmalaring!
“Tarqalmanglar! To‘planinglar! Tarqalmanglar! To‘planinglar!” Yigit ichida hayqiriq ila takrorlagan da’vatkor so‘zlarini hech kim eshitmadi. “Baralla baqirsam-da, dod-faryod solsam, eshitarmikan, bu olomon!” dedi g‘azabdan ko‘karib. Lekin u bir tafovutni – o‘zi bilan olomon, olomon bilan o‘zining oralaridagi masofa juda-juda uzoq. Oraliq bamisoli ko‘z ilg‘amas dara, tubsiz jarlik, qaqragan tubsiz ummon ekanligini hisobga olmayotgan edi.
Timning osti huvulladi-qoldi. Norg‘ullar vazifasini o‘tadi hisob – tim mudroq izmiga qaytdi.

Shom namozi ado etilgach, mahalla imomi Karim qori odaticha xonaqohga bir qur ko‘z yugurtirdi-da, yon-verida notanish namozxonlar qolmaganiga iqror bo‘lgach, ikki-uch odim ortda kelayotgan o‘g‘li tomon o‘girildi.
– Obid qori, qarangchi, hovlida devorga gazit ilinganmikan?
Mo‘ylabi sabza urgan, qaddi tik Obid qori so‘zsiz itoat bilan qiblagohining aytganini ado etmoq istagida qadamini jadallatdi. Karim qori bir necha namozxonlar qurshovida hovliga chiqqanida Obidqori qaytib otasiga ro‘para keldi.
– Dada, gazit varag‘i ilinibdi. Qiziquvchilar serob, birovi o‘qiyapti, quloq tutib tinglayotganlar bir talay.
Karim qori turgan joyidan bo‘ynini cho‘zib, gazit varag‘i ilingan tomonga qaradi, yana o‘g‘liga savol qotdi:
– Julqunboy gap yozibtimi? – Savolining javobini kutmay yengil kulimsidi: – Zap gaplarni topadi-da, tushmagur. O‘zi qozoqmi deyman?
– To‘g‘ri aytadilar, taqsir. Varaq oldida turganlar avvalbosh o‘sha Julqun imzosidagi gaplarni o‘qishadi, – dedi davradoshlardan biri. – Nomi odamlarni og‘zidan tushmay qoldi. “Mushtum” jo‘rnalini har sonida bosiladi maqolasi.
– Ana xolos, kulgi jo‘rnali ko‘pda bizga yetib kelmaydi.
– Ul yozg‘uvchi o‘zimizzi toshkandlik bola, taqsir, – dedi boshqasi vazminlik bilan o‘zining boxabarligiga urg‘u berib. – Haytovur, Samarqand darboza tomonlardan deb eshitganim bor…
– E, shunday deng, baraka topsin… – Imom bir nafas jim qoldi-da, hurmat o‘rnida o‘ziga javdirab turgan shogirdu muxlislarga rov ko‘z yugurtirgach, oq yo‘l tilab, fotiha ohangida dedi: – Xo‘sh, xush ko‘rdik…
Muloyim va mehribonlarcha aytilgan bu so‘z aslida hurmati baland imomning “Bo‘ldi, ortiq to‘planmanglar. Shu yerdan tarqalinglar” degan ma’noni anglatar, boshqalar ham bu tarz tagdor iltifot odat tusiga kirib borayotganini tushunib qolishgan, unga so‘zsiz itoat etishardi.
Masjiddan picha uzoqlashgach, ota-bola yolg‘iz qolishgandagina Obid qori otasiga ochiq murojaat qildi:
– Dada, – dedi u ovozini ehtiyotkorona pasaytirib va otasi o‘zi tomon o‘girilgachgina so‘zini davom ettirdi: – Sizni polis mahkamasiga so‘rashgandi…
Karim qori to‘xtashga to‘xtamadiyu qadamini sekinlashtirdi, o‘g‘li tomon boshini burmay turib so‘radi:
– Nima dedilar? Qachonga aytishdi?
– Kirar ekansiz, hozir.
– Hozir?
– Maslahatlari kerak deyishdi…
– U holda sen uyga qaytaver, men kirib o‘taman…
Karim qori shunday deb aslida iziga qaytishi, chunki masjid binosini aylanib o‘tib, melisa idorasiga borish yo‘lning eng yaqini edi. Biroq imom yo‘li olislashsa-da, atayin to‘g‘riga yurdi, bir bog‘cha-bir maydonchani aylanib o‘tib, idorani qora tortib yurdi.

U “Turkiston” gazitiga deyarli kunda-kunora boradi. Har safar Abdulhay quchoq ochib kutib oladi. Salom-alikni ham unutib, yangisidan bormi, deb darhol qo‘liga qaraydi. Siz yozaberasiz, biz bosaveramiz, gazitxonlar olqishlayveradilar, deydi mamnuniyat ila. Abdullaning yozganlarini suv o‘girib ichishga shaymiz, deyishdan-da, toymaydi, boyaqish muharrir.
Kunlarning birida gurung qizidi. G‘ozi ham bor edi. Uchov nimaningdir bahsiga kirishgan ham edilarki, Abdulhay, nima bo‘lganda ham muharrir-da, fikri-zehni o‘zgacha – bir kengashli gap bor, sizlarga atalg‘an, deb qoldi. G‘ozi ikkovimiz quloqni ding qildik.
– Bir kulgi jo‘rnali chiqarmaysizlarmi?
– Kulgi jo‘rnali?
– Qanday bo‘larkin?..
Abdulhay gapni qisqa qildi:
– “Qanday bo‘larkin?” deb o‘ylab o‘tirgandan ko‘ra ishga kirishinglar, qiyini – boshlab olish, qolgani yo‘lini topib ketadi!
Abdulhay aytgani bo‘ldi – G‘ozi bilan yotib ishladik, yotib yozdik, “Mushtum”ni el orasida tarqaladigan qilguncha halovat bilmadik, mijja qoqmadik. Jo‘rnalga yozg‘uvchilar safini kengaytirish qanchalar qiyin kechgan bo‘lsa, ommani “Mushtum”ga jalb qilish shunchalar oson ko‘chmadi. Har oyda ikki dapqir chop etiladigan jo‘rnalning bor-yo‘q adadi sotilmay-netmay qaytgan paytlar bo‘ldi. Odamlar hali jo‘rnal o‘qishga moslashmaganlari yetmagandek, eshitishicha, ayrim mulla-imomlar, “Kim “Mushtum”ni qo‘liga tutsa gunohga botadi, dindan chiqadi”, deb fatvo beribdilar ham. Bu qanday bedodlik?! O‘qisa, bilsa, shu orqali dunyoni tanisa, anglasa, gunohmi axir?! Haytovur bu kabi jaholat unsurlari uzoqqa cho‘zilmadi, jo‘rnalni bir qo‘liga tutgan kishi, uning navbatdagi sonini intiq kutadigan, o‘qiganlarini yor-birodarlari orasida so‘zlab beradiganlar ko‘paydi, muxlisga muxlis qo‘shilib, jo‘rnal qo‘lma-qo‘l o‘qiladigan bo‘ldi.

“Mushtum”ning ommalashuv borasidagi yumushlari siljib turgan bir pallada yo‘q joyda g‘alva tug‘ildi – jurnalning eng ishongan, eng qalami o‘tkir mualliflari bo‘lmish Julqunboy bilan G‘ozi oralarida gap qochdi…

– Xayriyat, jo‘rnalimiz yo‘lga tushib oldi, muxlislar so‘rab kelishyapti.
Toshqin yer ostidan majlisning ikki ishtirokchisi – yozuv kursisining ikki tomonida qarama-qarshi o‘tirgan Julqunboy bilan G‘ozi Yunusga zimdan nazar tashladi. Julqunboy xonaning uzoq burchagiga qattiq tikilgan ko‘yi lablarini qimtib olgan, G‘ozi esa aftidan o‘zini bo‘layotgan gapga beparvodek tutsa-da, aslida qulog‘i ding edi.
Muharrir Toshqinga qaradi.
– Afsuski, maqola yozg‘uvchilarimiz ozchilik. Borlari ham ko‘pchilikka ma’qul keladigan gap topishda birmuncha no‘noq.
– No‘noq-qo‘noq gaplarni lab-lunjini rostlaguncha G‘ozi ikkovimizni esimiz ketmoqda, – deb luqma tashladi Abdulla. Uning tovushi past, bo‘g‘ilib chiqdi.
– Tovushingni ko‘tarib ayt, Abdi, – dedi baralla G‘ozi Yunus qalamkash zahmatdoshining gapini tasdiqlab. – Bular bilib qo‘ysinlar.
U gapini tugallamasidan burun, muharrir mas’ul kotibga murojaat qildi:
– Navbatdagi son uchun mo‘ljallangan maqolalar yetarlimi?
– Picha cho‘g‘i oz, – javob qildi Toshqin bo‘shashib.
– Taxallusingiz Toshqin bo‘lgani holda bu yoqda maqolalar to‘lib-toshib yotmasligi chatoq-da, o‘rtoq!
Muharrir askiyaning o‘rni kelganidan mamnun, shu bahonada o‘rtadagi sovuq­chilikni shuvab o‘tish qalovini topgandek edi. Biroq o‘z istagiga qarshi o‘laroq, shu zahoti jiddiylashdi.
– Sizda hamisha ahvol shu – picha cho‘g‘i ozlik qiladi, yetmaydi. Yetgan taqdirda ham, bilasizlar, o‘quvchilarimizning ishqini qozonadigan, ko‘pchilikning nazariga tushadigan maqolaga ehtiyojimiz katta. Shundan keling, Mo‘minjon.
Mo‘minjon muharrirning savoliga javob uchun og‘iz juftladiyu beixtiyor kulib yubordi.
– Siz aytayotganingizdan bor, – dedi u o‘zini kulgidan tiyolmay. – Abdulla yangi maqola keltirdi. Ruxsat bersangiz, o‘qisam?
Abdulhay Toji ko‘zoynagi tepasidan mas’ul kotibga imo qildi.
– “Maslaku maqsaddan shammai izhor”. – Mas’ul kotib maqola nomini o‘qib o‘tirganlarga birrov nazar tashladi, so‘ng matnni o‘qishga kirishdi: – Bu yo‘llarni qoralag‘uchining ota-bobosi hazrati Odam Atodan tortib, gohi dehqon, gohi mardikor, goho sarjinchi, qisqasi shulki, zodagonlar ta’biricha, “Biri bit – biti sirka” bo‘lmay kelgan o‘nqovsizlar sinfidandir.
Toshqin shu yerga yetganda G‘ozi Yunus tomoq qirdi.
– Maqola kattagina, illo bir boshlagan odam adog‘iga qadar o‘qimagunicha qo‘ymaydi, – izoh berdi mas’ul kotib.
– Siz o‘qidingizmi? – savol qotdi muharrir G‘oziga qarab.
– O‘qidim…
G‘ozi Yunusning sovuqqina ovozi quloqqa dag‘al botdi, aftidan u nimadir demoqchiyu shunga jur’at qilolmayotgandek yoxud mavridini kutayotgandek tuyuldi. Abdulhay Toji jiddiy tortib, unga qaradi.
– Biror fikringiz bo‘lsa, ochiq-oydin ayting, bu yerda begona yo‘q. O‘ylaganimiz, manfaatimiz bir – “Mushtum”ni el ichiga yoyish. Odamlarni jo‘rnalxonlikka jalb etish. Shundaymi?
Hamon jiddiy o‘tirgan Abdulla bosh irg‘adi.
– Men shuni aytmoqchi edim, – deb gap boshladi G‘ozi Yunus. – Jo‘rnalning tili, maqolalarning yozilish uslubi xususinda kengashmoqni dilimga tugib yurgandim.
Muharrir, mas’ul kotib va Julqunboy diqqatlarini jamlab gapiruvchi hamkasblarining og‘ziga qarashdi. G‘ozi Yunus davom etdi:
– Men Abdullaning qalami o‘tkirligini, uslubini ko‘p hurmat qilaman. Ayniqsa tesha tegmagan gaplarni, ibora va jumlalarni topib aytishi chandon ma’qul. Faqat…
Abdulla gapning shayini qay tomon og‘ayotganini ilg‘ab ulgurgan, zero kuni kecha ayni shu mavzuda do‘sti, hammaslagi va ijoddoshi G‘ozi bilan picha mubozaraga borgan, har kim o‘z ijod yo‘sini ma’qulligini uqdirishga uringan, lekin aftidan ikkov bir-birlarini o‘z yo‘rig‘iga og‘dirishga erishmagan edilar.
U vazmin avzoyini o‘zgartirmay, quloq tutdi. G‘ozi Yunus davom etdi:
– Faqat kulgiga haddan ziyod zo‘r berilayotgani menga ma’qul kelmayapti. Kulgi, mazax, piching me’yordan oshib ketayotganday. Qolaversa, Julqun, do‘stim, og‘ir olmaginu, qalamingni siyohga emas, zahar-zaqqumga botirib yozasanmi, nima balo?! Yoxud siyohdoningga zahar tomizib qo‘yasanmi? Tiling… Mana, hozirgina Mo‘minjon o‘qidi. “Biri bit – biti sirka” degan gapni yozish shartmi? O‘rnimi?..
G‘ozining kutilmaganda dam muloyim, dam zardali ovozi hammani jim qilib qo‘ydi. Hatto muharrir ham, oldida turgan qog‘ozdan bosh ko‘tarmay, sukut saqladi. Julqunboy atayin uning munosabatini kutdi. Shu payt dahlizda nimadir taraqa-turuqlab, shovqin qo‘pdi. Toshqin shosha-pisha tashqariladi.
– Hov, nima gap? Kim kerak sizlarga? – so‘radi u ayvon qirg‘og‘iga chiqib olgan ikki notanish kimsadan.
– Julqunboy deganlarini ko‘rsak bo‘ladimi?
– U kishida nima yumushingiz bor? – ovozi keldi Toshqinning.
– Mahallamizdagi muttahamlar ustidan shikoyat keltirdik, shuni beraylik. Bir abjag‘ini chiqarib, hajv qilib bersin.
– Picha kutinglar, mashvarat tugasin, o‘zi chiqadi. – Shunday deb boshqa keluvchiga yuzlandi: – Siz qanday yumush bilan turibsiz?
– Julqunboy o‘zbekmi? Betini ko‘rmoqchi edim.
Toshqin hozirjavob, kulgiga moyil yigit edi.
– O‘ziyam, betiyam o‘zbek, ishonmasangiz, hademay chiqadi – o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz!
Toshqin shunday dediyu iziga – ichkariga qaytdi.
– Har kuni shu ahvol – seni so‘rab-surishtirib keluvchilar oshib bormoqda, – dedi u Abdullaga qarata. – Demak, jo‘rnal ishqibozlari ko‘paymoqda!
Abdulhay Toji Abdullaga faxrlanib, mamnun boqib qo‘ydi, G‘ozi oyog‘ining ostidan nigohini uzmadi, Julqunboy pinagini buzmadi.
– Kulgisiz gap… – deya mashvarat to‘xtagan joyidan so‘zni uladi u G‘oziga qarata.  – U holda siz aytkan nuqul jiddiy gapni o‘qiydirmi, odamlar?
– Men voqea hayotda qanday bo‘lsa aynan yozish tarafdoriman.
– Aynan yozish tarafdori bo‘lish to‘g‘ridir, lekin odamlar uni o‘qimay qo‘ysalar jo‘rnaldan ne naf? Qolaversa, man yozganlarim aynan bo‘lmay, butkul to‘qimami? Voqelikka tersmi?
Muharrir qiyin ahvolda qoldi, garchi rahbar bo‘lsa-da, zamonasining ikki atoqli so‘z ustasining bahsiga hakamlik qilishni o‘ziga ep bilmadi. Shunday bo‘lsa-da, bahsga aralashmaslikning iloji yo‘q edi. Nihoyat, gap aytishning o‘nqovini topdi.
– Abdulla o‘zidan emas, ko‘proq bozordan – odamlarning og‘zidan topadi gaplarni, shundaymi?
– Sekinroq aytasizmi, bozor – gapni koni-da, axir! – Ilova qildi Toshqin.
Shu ikki og‘iz so‘zdan oraga tushgan o‘ng‘aysizlik nihoyasiga yetgandek, qolaversa, bahslashuvchilardan qay tomon haq ekanligi oydinlashgandek ham edi.
– Topdingiz, – deb uning gapini ma’qulladi Julqunboy. – Bozorda qulog‘ingiz ding bo‘lsa bas, har qadamda to‘kilib-sochilib yotadi bunday gaplar. Biz muxbirlar ularga salgina to‘n kiygizsak kifoya, qarabsizki, odamlar o‘zlari aytgan-eshitgan gaplarni jo‘rnal sahifasida o‘qisalar, sevinchdan do‘ppilarini osmonga otadilar. “Man aytkan gapni yozibdi” deb yurganlar qancha!
– G‘ozi, – dedi bosiqlik bilan Abdulhay, – no‘noq maqolalarni epaqaga keltirishdagi mehnatingizni ham, o‘zlaringiz yozayotgan mavzularning muhimligini ham juda yaxshi bilamiz, qadrlaymiz ham. Faqat hozircha bahs qo‘zg‘amay tursanglar demoqchi edim. Bu tus mubohasaning mavridi emas.
G‘ozi bosh irg‘adi, lekin u qay ma’noda shunday qildi – yig‘ilish ishtirokchilari bunda oydinlik ko‘rmadilar. Aftidan u o‘z fikrida qolgan edi.

Chorsu bozoridan chiqib uyi tomon yo‘l olgan Abdulla, dam “Mushtum” muharriri xonasida bo‘lgan sermubozara mashvaratni o‘ylab ketar, dam boyagina bozorda o‘z ko‘zi-o‘z qulog‘i bilan ko‘rgan-tinglagan hangamalarni qay yo‘sinda qog‘ozga tushirish yo‘sinini izlardi. Xalq biladi, aytadi – yozmaydi, xolos. Biz esa xalqning bilganini, aytganini izlaymiz, topamiz, eshitamiz va uni qog‘ozga ko‘chirib xalqning o‘ziga o‘qitamiz. Mardum o‘zi bilgan va aytib yuradigan gaplarni o‘qigani sayin matbuotga qiziqishi ortadi, qo‘lma-qo‘l qilib o‘qiydi.
Odamlarni gazit-jurnalga jalb etishda ham maqsad-maslak bo‘lmog‘i darkor. Quruq gazitxonlik-jurnalxonlik bilan ish bitmaydi. Basirat ko‘zlarini ochmoq lozim ularning. Qandoq hayot kechirmoqdalar, inson qavmi aslida qandoq yashamoqqa loyiq – biladilarmi shuni ular?
Abdulla to‘xtadi, to‘g‘rida – bir-biriga mingashib ketgan loy tomlar, chigal kalava ipdek chuvalashib ketgan jinko‘chalar tomondan bahaybat odamxo‘r yirtqich chiqib keladiyu duch kelgan kattayu kichikni, odamlar ham gapmi, butun Chorsu bozorini qo‘shib yamlamay yutadigandek, ehtiyot chorasini ko‘rmasa… xavfni bartaraf etish epini topmasa… “…dunyog‘a nima uchun kelgonini bilmay…” Abdulla xotirasi tutqich bermay qolishidan xavotirda ko‘zlarini chimirib, diqqatini jamladi. Behad olis bir nuqtadan najot istab qadalib turaverdi, haytovur xotirasi pand bermadi – Munavvar qorining “Taraqqiy” gazetida bosilgan maqolasini yodga oldi. Xo‘p yozgan, topib yozgan, anglab yetarmikanlar degan niyatda achchiq, qilichning tig‘idek o‘tkir yozgan – dunyog‘a nima uchun kelgonini bildirmoqlikni ko‘zlamoq zarur, bilsin axir odamlarimiz! Bilsin, bilsin, ko‘zlar ochilsin! Yo‘q, yana bir karra, o‘n karra yo‘qkim, “…bilmaslar, bilmaganlarini ham bilmaslar!”
Abdullaning ko‘z oldi xiralashdi. Izdihom sarob to‘lqinlari yanglig‘ jivirlab-g‘imirlayotgan mayda jondorlarga aylandi. Jondorlar dam zichlashar, dam siyrak­lashar – pirovardida bu manzara o‘zgararmikan degan o‘y Abdullaning ko‘ksida yoqilgan alangadek a’zoyi badanini kuydirayotgan edi.
– Bilmaslar, bilmasliklarini ham bilmaslar!..
Buyuk Behbudiy padar hayotini, umrini, jismi jonini gumrohlar boshi uzra mash’ala etib yoqdi – bildilarmi? Munavvar qori, mavlono Fitrat, Tavalloni taniydurlarmi biz jurnalxonlikka da’vat etayotgan qavm?!
Abdulla boshini ko‘tarolmay – oyog‘ining ostidan ko‘zini uzolmay qoldi. Bir-bir odim tashlab, uyiga yetgunga qadar aniq bir to‘xtamga kelishni istadi. Nima qilmoq zarur? Qay yo‘l-qay chora birlan uyqudagilarni uyg‘otish mumkin? Uyqudan, mudroqlikdan, tanballikdan?!

Ilmu ma’rifat ham hunardan qoldi mahrum bizni xalq,
Ma’rifatsizlik balosiga yo‘liqg‘on bizni xalq.

Abdullaning xotirasi kuchli edi, puxta edi, metindek mustahkam edi. Hamzaning achchiq misralarini ichida takrorladiyu, odatiga ko‘ra, jahl otiga mindi deguncha – kim bilsin, botiniy himoya vositasi shekilli, jahl-g‘azabi yonida kulgilik bir nima qad rostlar edi. Ushbu odati bois, beixtiyor xayoli Tavalloga ko‘chdi.

Boshqalar ilm izlasa, bizlar xudoyi osh uchun,
Ertadan to kechg‘acha bo‘lduk eshiklarda gado.

So‘ngra:

Boshqa millat qildi g‘ayrat, mindi maqsad otig‘a,
Mahrum o‘lduk lof urib, choyxonalarda kunu tun.

Ofarin, domullo Tavallo, ofarin! Achchiqroq, chimdibroq aytavering emdi haq so‘zni, Usto, achchiqroq! G‘ayrat uyi emas choyxona, g‘aflat uyi, uyqu uyi – hasratxona! Necha-necha er yigitlar umri zoye – choyxona! Choyxonaga qurbon el qalbida o‘qimoqqa muhabbat uyg‘otmoqlik uchun ham ko‘p, rost va qiziq yozmoqlik shart. Ana, boyagina ko‘rganim-eshitganlarimni bo‘yamay-bejamay aynan yozsam ham, andak-mandak avj­lantirib yozsam ham kulib o‘qiydi, qiziqib o‘qiydi odamlar. “Qoramol egasiga o‘xshamasa harom o‘ladi…”, “Eshagiga yarasha tushovi…” Abdulla eshitgan-bilgan bu singari qochirimlarni o‘rni kelganda qog‘ozga ko‘chirgan. Lekin “Avatiga chavati, misqozonga loy tuvoq”ni, “It suyak chaynamasa, tishi qichiydir”ni, “Toshka yomg‘ur kor qilmaydir”ni, “Og‘ilxona axloq” singari tagdor o‘xshatma gaplarni bozordan topdi. Bozordan topmasa, o‘g‘ri, kisavur, qimorboz ulfatlarning gashtaklaridan “o‘mardi”. Mutolaadan topdi. Yig‘ib-terib yurgan shu toifa quyma so‘zlarini jamlasa, o‘rkach-o‘rkach paxta xirmoniga teng qir-adir hosil bo‘larov!..

Ko‘ksingdan gulingni olib tashlama!
Xayoling ko‘klarda uchib yurganda.

Abdulla shu damda yodida jonlangan she’riy misradan chehrasi olovlanib ketdi. Uni ovozi boricha shovqin solib, yon-veridan o‘tayotgan-ketayotganlarni bitta-bitta to‘xtatib, beti-ko‘ziga tik boqib jar solib takrorlagisi keldi: “Ko‘ksingdan gulingni olib tashlama! Xayoling ko‘klarda uchib yurganda…” Baraka top, Abdulhamid, inja so‘z, inja tashbeh! Illo ko‘ksingdagi gulning qadriga yetkuvchilar tanqis, qadriga yetkuvchilar, Cho‘lponboy!..
Abdulla o‘zlari yashaydigan Eshonguzar mahallasi boshlanishiga kelib qolganini, yo‘lovchilar orasida u bilan salom-aliklashayotganlar ko‘payganidan payqadi. Odatda u girdig‘umdan kelgan qomatini tik tutgan ko‘yi to‘g‘riga – ko‘zlarini goh olis-goh yaqin oyog‘ining ostiga tikib ohista odim tashlar, salomlashganlarga javoban bosh irg‘ash bilan kifoyalanar, uning nomini aytib quchoq ochib qarshi oladiganlarga ro‘para kelganida esa, bir ko‘ngli odamlarning matbuotga e’tibori kuchaya borayotganidan suyunsa, bir ko‘ngli uning matbuotda bosilgan maqolasini tilga olsalar, shunga bog‘lab olqishlasalar, o‘ng‘aysizlikdan o‘zini qo‘yarga joy topolmay qolar, shunga binoan bunday xijolatli holatlarni chetlab o‘tish hadisini olgan. Binobarin, xayoli to‘zib ketishidan ranjiganini sezdirmay, chehrasiga yorug‘lik taratib so‘rashishdan o‘zga chorasi qolmas edi.

Karim qori bo‘lim melisa idorasiga kirib borayotib, derazadan ichkarida o‘n chog‘li odam to‘dalashib o‘tirganiga ko‘z qirini tashladi. Salom berib kirdi.
– Sizni kutib turgandik, – dedi yuqorida o‘tirgan yarim kishilik-yarim harbiy libosdagi zalvorli o‘ris zobiti. – Aytar gapimiz ko‘p emas, lekin jiddiy.
Karim qori bo‘sh kursilardan biriga cho‘kdi. Yon-veridagi tanish-notanish kimsalarga birrov nigoh yugurtirishda, yig‘ilganlardan faqat ikki kimsa mahalliy “qora ko‘z”lar vakili ekanligiga e’tibor berdi, ichida pichirlab, yuziga fotiha tortdi. Aftidan yig‘ilganlar ancha-muncha gapni kengashib ulgurishgan, zobit ham zahrini batamom sochib, sarflab bo‘lgandek edi.
– Xullas, takror aytaman, – dedi yuqorida o‘tirgan zobit hozirgina aytgan gap­larini ta’kidlayotgan ohangda mijg‘ovlanib-erinib, – shaharda va ayniqsa shu bozor ichi va uning tevaragida tartib ham osoyishtalikni saqlash borasida qattiq kaltak tushdi boshimizga.
U o‘tirganlarni birma-bir kuzatib, aytgan gapi kimga qanday yuqqan-yuqmaganini chamalagan bo‘ldi. Davom etdi:
– Eng oddiysi – bozorda olomonni to‘dalashishiga yo‘l qo‘ymaslikni eplolmayapmiz. Tushunyapsizlarmi?! Salomlashsin, omonlashsin – ruxsat, sotsin, olsin – ruxsat, istaganicha tilanchilik qilsin – ol, munga ham ruxsat, yo‘q, bu xaloyiqni nima jin urgan – bilmadim, sal chalg‘isang – to‘dalashadi, shovqin ko‘taradi, qo‘yib bersang, to‘xtamay bir-birini xabarlaydi! Savdogaridan, lo‘ttibozidan, qalandaridan gadosigacha siyosatdan so‘qiydi, siyosatdan! To‘dalashgan va xabardorlikni avjiga chiqargan olomon ajdahoga, quturgan maxluqqa, ofatning uyasiga aylanishini bilasizlarmi o‘zi?! Necha marta takror aytaman?! Necha qayta ogohlantiraman?!
Barcha yig‘ilish ishtirokchilari yer chizib o‘tirishardi.
– Mirshabboshi, siz eshityapsizmi? – Va shu zahoti “sen”lashga o‘tdi zobit: – Sen bo‘shanglik qilayotganingni bilyapsanmi?!
Karim qori shundagina chekkaroqda yana bir yerli aholi vakili – mahalliy aholi qismi mirshabboshisi Ergash Shofathi o‘tirganini payqadi. Mirshabboshi o‘rnidan og‘ir qo‘zg‘aldi, go‘daklarcha javdirab, somelarcha bosh egdi.
– Hamisha bedormiz, o‘rtoq boshliq, – dedi u uzrnamo ohangda, – har qadam, har burchakda hushyor norg‘ullarimiz yetarli.
– Yetarli ekanligini bilamiz, lekin uzunquloqlaring xabarni senga yetkazish o‘rniga, to‘planuvchi olomonni qulog‘iga shipship qo‘ymoqda. Bu yoqdan bizzi sollat va zobitlar yetib borgunlaricha, og‘zi botir jarchilar aytadiganini aytib-ishni pishirib, g‘oyib bo‘lmoqda!
Boshliq shunday deb mirshabboshi tomonga boshini burib, unga sinovchan olaydi. Mirshabboshi turgan joyida hamma eshitadigan qilib pishilladi:
– Hisobga olamiz…
Boshliqqa bu javob yoqmadi, u tutaqib o‘rnidan irg‘ib turdi, shu vajohatda hozirning o‘zida mirshabboshining basharasiga tarsaki tortib yuborishga chog‘langandek, alpang-talpanglab, uning tepasiga bostirib keldi, Ergash Shofat­hining yengidan yulqib tortdi.
– Hisobga olishing kerak emas menga, tushundingmi?! Uzunquloq sotqin sartlaring bor-ku, o‘shalarni qo‘lga tushirib berasan! Qo‘lga tushirmasalaring, o‘zim topaman o‘shalarni! Keyin kimni javobgar qilishni mendan ko‘rasanlar!..
Xonaga pashsha uchsa bilinadigan darajada sokinlik cho‘kdi. Boshliq stol ustidagi qog‘ozlarini istar-istamas titkiladi. O‘tirganlarning nazarida yig‘ilish tugagandek edi. Ular bir-birlari bilan ko‘z urishtirishayotganida boshliq qo‘lida ikki-uch varaqni tutib o‘rnidan turdi.
– Har ikkala quloqlaringga qo‘rg‘oshindek quyib ollaring! – dedi u va o‘qishga tushdi: – “Ko‘chmanchi va o‘troq aholi o‘rtasida osoyishtalikni saqlash maqsadida zarur va foydali deb topilgan ha-ar qanday choralarni ko‘rish hamda siyosiy jihatdan zararli hisoblangan ha-ar qanday shaxsni avval bir, so‘ng uch oy turmaga tashlash, so‘ngra besh yilgacha badarg‘a qilish huquqi beriladi”.
Yig‘ilish ahli yalpisiga boshlarini xam qilib, quloq solishdi. Ularning bu tarz mum tishlab o‘tirishlaridan o‘qib eshittirilgan yangilik ularga ma’qulmi yo noma’qulmi – bilib bo‘lmadi. Oraga jimlik cho‘kdi. Hamon hech kimsa churq etib so‘z qo‘shmadi.
– Kimga bunday huquq berilmoqda, deb so‘rashga ham yaramaysanlar! – dedi xunobi toshib zobit. – Menga, shu yerda o‘tirgan senlarga berildi bu huquq, tushundilaringmi?! Yoki qayta boshdan o‘qib beraymi?!
Pichadan so‘ng xonaga cho‘kkan sukunatni kursilarning u yon-bu yon surilgandagi yoqimsiz taraqa-turuqi buzdi. Boshqalar qatori Karim qori o‘rnidan qo‘zg‘alib eshik tomon ikki odim tashlaganida boshliq uni to‘xtatdi.
– Imom domla, – dedi u boyagindan ovozini picha muloyimlashtirib, – namozxonlaringiz masjidda to‘plansa to‘planaversin, munga ijozat beramiz, xohlaganicha namozini o‘qisin, munga ham ruxsat, biroq men tushunmayman – namoz tugagach, yana qanday maqsadda to‘planib, yangitdan ivir-shivirni davom ettirasizlar?
– Namoz tugagach, chiqaverishda to‘rt-besh nafar shogird…
Zobit imomning javobiga quloq solmadi, so‘zini zarda bilan kuchlantirib, davom ettirdi:
– To‘rtta bo‘lsa ham to‘planmasin. Uqdingizmi? Uyiga borsin, yumushiga borsin! Tili uzun, og‘zi botirlar masjidda uya qursa, javobini sizdan so‘raymiz!
Karim qori keng va do‘ng manglayini solintirdi, so‘zsiz bosh irg‘adi. Shu payt boshliq asl zobitlarga xos vahima bilan “hay-hay”lab tashqariga chiqa boshlaganlarni xonaga qaytib kirishlarini talab qildi. Aftidan u biror zarur ko‘rsatmani unutgan edi.
Yig‘ilish qatnashchilari istar-istamas izlariga qaytishdi.
– O‘tiringlar! – amr qildi zobit.
O‘tirishdi.
– Imom domla, – dedi u Karim qoriga ko‘zlarini do‘laytirib. – Masjidni hovlisiga gazit ilish kimdan chiqdi? Odamlaringiz masjidga namoz o‘qish uchun keladimi, gazit o‘qishgami?!
Karim qori uchun bu kutilmagan savol edi.
– Kimdan chiqqani menga qorong‘i… – dedi u salmoqlanib. – Har qalay, hukumat chiqarayotgan gazitti o‘qiydiganlar ko‘payishida xavotir…
Zobit birovning so‘ziga quloq soladigan maxluq emasdi.
– Xavotir bor-yo‘qligini o‘zimiz yaxshi bilamiz! Sizga topshiriq – bugundan namozxonani gazitxonaga aylantirishga chek qo‘yilsin! To‘dalashma gazitxonlik… Nimaydi, anu?.. – Zobit shisha sinig‘idan yasalgandek ko‘m-ko‘k ko‘zini yumib, taqir boshini qashladi. – Haromni nima deydi musulmonlaringiz? Haromni… M-mak, makruh! Topdimmi?! To‘dalashma gazetxonlik – makruh, deb fatvo chiqaring, olam guliston! Qutulasiz-qo‘yasiz, vah-ha-ha-a!..
Karim qori boshini tizzasiga solintirdi. Shu tobda churq etib og‘iz ochish ortiqcha edi, tilini tishladi. Zobit o‘zining “topqirligi”dan quvonib ketdi chog‘i, bu yog‘iga haddidan oshdi:
– Mumu kuchukchani boqib olgan soqov bor-ku, oting qursin, o‘shanga o‘xshab o‘tiraversalaring imomlik ham o‘zimga qolib ketadi! Vah-ha-ha!..
Pristav imomning betidagi biror tuki o‘zgarmay tund o‘tirishini ko‘rib haddidan oshayotganini sezdi chog‘i, birdan hushyor tortdi. Maqsadga ko‘chdi.
– Xullas, – dedi boyagi jiddiy ohangda, po‘pisa aralash. – Siz bilan kelishdik – masjidda odam to‘p-lan-ma-sin-n! Tamom, vassalom!
U shunday deb boshqalarga o‘girildi. Ovoziga yanayam tahdidli tus berdi:
– “Turon” kutubxonasiga tanda qo‘yganlar, ertadan kechga dovur qiroatdan bosh ko‘tarmaydiganlar bilan alohida shug‘ullanurmiz. Lekin kutubxona devoriga, ya’ni ko‘chaga-ya, gazit-jurnal ilish qaysi xomkallaning ishi?! Qaysi dushmanni ishi?! Qo‘poruvchilik – bu! Kontr-revolyutsiya!.. O‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, gala-gala, ochirat deysan! Bittasi ovozi boricha o‘qiyapti, qolganlar xa-xa-xo, xa-xa-xo! Savodsiz olomonni yig‘ib olib kimning ustidan kulyapti, kimlarni mazax qilyapti ular, shuni o‘ylayapsanlarmi, eshityapsanlarmi, o‘zi?!
– Tag‘in “Mushtum” degan jo‘rnal chiqqanini aytmaysizmi?! – deya luqma tashladi kimdir xushomad qilib. – Odamlar orasiga tarqab ketyapti!
– Ana, aytmadimmi! Kimga kerak o‘sha “Mushtum”?! Satira jo‘rnali yetmayotuvdi! Kulgi gap yozib butun avomni og‘ziga qaratadigan matbuotchi qavmi – o‘n karra qo‘poruvchi deyavering! Matbuotchi ko‘paygan joyda dushmanga hojat qolmaydi. – Zobit gapdan to‘xtab chaynaldi, so‘ng tovushini pastlatib g‘udrandi: – Gap shetta qolsinu, bugun-erta “Mushtum”mi kuni bitadigan!..
Karim qori qulog‘iga uzuq-yuluq chalingan bu tahdidli ming‘irning tagma’nosiga tushunib yetmadi. Ko‘chaga chiqqan joyida bir zum tin oldi, yon-verida hozirgina eshitib chiqqan vahima to‘la dag‘dag‘alar yuzasidan hasratlashadigan kimsa yo‘qligidan afsuslanib, tek turgan ko‘yi xufton namoziga aytilayotgan azonni jon qulog‘i bilan tingladi, undan quvvatlandi, birmuncha yengil tortib, masjid tomon yo‘naldi.

Abdulla bog‘ hovlining yakka tavaqali eshigini shovqinsiz ochdiyu otasi yotgan uy tomondan uzuq-yuluq surnay sasi kelayotganini eshitib kulimsirab, picha turib qoldi. Tok so‘risi ostida allanima o‘ynab o‘tirgan Nazifa, uning izidan Habibulla surnay ovozini eshittilar chog‘i, birdan sergak tortib, oldinma-ke­yin quvalashganicha uy tomon yugurishdi. Eshikni ocha o‘zlarini ichkariga urishdi. Abdulla hamon miyig‘ida kulib pastak, loysuvoq tomli uy tomon yurdi. Boraturib ichkarida boshlangan muzokaraga quloq tutdi.
– Bobo, surnayni kim chaldi? – so‘radi hovliqib Habibulla.
– Qanaqa surnay? Bu uy surnayxonami sanlarga? – Otasining yo‘g‘on, hazil aralash dag‘al tovushi eshitildi Abdullaga.
– Menam bitta chalay… – deya yolbordi Nazifa.
– Qiz bola-ya? Nimani chalasan?!
– Sunnayni!
– Manda sunnay nima qiladi! Adang kelsa aytaman, hammangga sharra-barrachi lo‘lidan surnay oberadi. Qani, mani boshimmi qotirmay, borlaring, o‘yiningni o‘ynalaring. Ho-ozir hammangni quvib savalayman!
– O‘nnizdan turolmaysiz-ku, – deb tegishdi Habibulla bobosiga.
– Nima? Nima deding, tirmizak? Man turolmaymanmi?! To‘xta, to‘xta dedim!
Abdulla tomoq qirdi. Buni eshitgan opa-uka, “Adam! Adam keldila!” degancha o‘zlarini hovliga otdilar. Abdulla qizi va o‘g‘lining kiftiga mehribonlarcha qoqib qo‘ydi-da, ular yonida ortiq to‘xtalmay, ostonadan salom berib, otasining huzuriga kirdi.
– Durustmisiz, doda? Nevaralaringiz bezor qilishmayottimi, ishqilib?
Qodir bobo arazlagan shekilli, yarim ters o‘girilganicha, bir muddat o‘g‘li tomon qaramadi. Kishi keksayganida go‘dak boladek bo‘lib qolarkan-da, dedi o‘zicha Abdulla kulimsirab. Shunda dodasining kaftida nimadir yilt etganiga ko‘zi tushdi. Abdulla hozirgina xayolidan kechgan o‘yga tasdiq topgandek yayrab kulmoqchi edi, ota­sining ko‘ngliga og‘ir botishi ehtimolini o‘ylab, o‘zini tiydi. Otasi ahyon-ahyonda yostig‘ining ostiga yashirib saqlaydigan surnaychasini olib, bir-ikki qur puflab qo‘yish odati bor. Yupqa tunukadan yasalgan o‘yinchoq surnaychadan taralgan zaif nag‘mani to‘polonchi nevaralar o‘zlari uchun bobolari tomonidan e’lon qilingan chorlov o‘rnida qabul qilishar va bobolari huzuriga otilishib-quvalashib kirib kelishar, bundan zavqlangan bobo surnaychani yashirib, o‘zini bilmaganga olib yotaverar, shu go‘daklarcha ermakdan o‘zicha zavq tuyardi.
– Abdi, ke, o‘tir, – dedi Qodir bobo o‘g‘liga qaramay, hamon o‘pkalangannamo huzn bir ohangda. Abdulla so‘zsiz otasining ro‘parasiga cho‘k tushib, qo‘llarini tizzasiga qo‘ydi. Bobo behad muhim yumushdan so‘z ochayotgandek jiddiy ohangda gap boshladi: – Bir ish qilsang…
Abdulla qulog‘im sizda degan ma’noda bosh egdi, sukut saqladi.
– Hovuz labidagi terak bor-a?
– Bor…
– O‘shani ag‘dar. Akangni tobi yo‘q, ukang qarashsin. Dodam aytdi de.
– Xo‘p…
– Hammang o‘zlaring bilan ovora. San yozuv-chizuvdan ortmaysan…
– Xo‘sh…
– Bibing qarib qoldi shekilli… – Qodir bobo shunday deb bir zum to‘xtadi, aftidan u xo‘rligi kelgandek, bir chimdim yig‘lamsirab oldi. So‘ng davom etdi: – Mani holimdan xabar olmay qo‘ydi.
– Xo‘p…
– O‘sha terakni ag‘dar-da, kesib sot.
– Xo‘p…
– Chorsuda Qulbozor bor. O‘shatta qul-cho‘ri sotiladi, haliyam bormi o‘sha bozor?
– Bor… – Abdulla otasining gapini tasdiqladiyu qul-cho‘ri bozori allaqachonlar yo‘qolib ketganini ko‘nglidan o‘tkazdi.
– O‘shattan bir yoshroq cho‘ri xotin sotib olib, uyga opke.
– Xo‘p bo‘ladi…
– Manga xizmat qilib turar…
– Xo‘p, doda…
Abdulla otasidan tesha tegmagan injiqliklarni kutsa-kutardiki, bunaqa gapni kutmagandi. Lekin u qanday bo‘lmasin yuz yoshdan o‘zib borayotgan padarining ra’yini qaytarmaslik, pushti panohi ehtiromi hurmati u kishiga “yo‘q” so‘zini og‘ziga olmaslikka odatlangandi. Biroq shu o‘rinda uning qitmirligi tutdi shekilli, o‘zi ham aniq anglamay-netmay otasiga so‘z qotdi.
– Doda, – dedi u jiddiy ohangda, – terakni uchi ko‘kka yetayozgan, tanasi quchoqqa sig‘maydi, sotsam bir dunyo pul bo‘lar.
– Yaxshi-da…
– Sotgan pulim bitta emas, ikkita cho‘riga yetib ortsa nima qilay?
Qodir bobo avvaliga o‘g‘lining muddaosini fahmlamadi, biroz o‘tgach angladi shekilli, tirsagi bilan yostiqni takya qilganicha irg‘ib turadigan bir jahd ila yelkalari, qoqsuyak badanini silkillatib kulib yubordi. Yayrab, chehrasi charaqlab kuldi. Abdulla otasining ochiq ko‘ksini qoplagan quyuq yolning qordek, simobdek oqarib ketganiga razm soldi. Shu ahvoldagi boboyning nazarida esa mana hozir o‘g‘li Qulbozorga boradiyu bitta emas, bir juft cho‘ri ayolchani yetaklab keladigandek edi.
– Xah, gaping qurmasin sani! Allakim aytgandi, o‘g‘lizzi tili achchiq deb, to‘g‘ri aytgan.
“To‘g‘ri gap achchiq bo‘ladi-da”. Abdulla bu gapni ovoz chiqarib aytmadi. Balki dilida, dilining bir chekkasidan o‘tkazdi, xolos. Biroq otaizor ko‘ngli ila payqadi chog‘i yoxud tasodif yuz berdimi, ayni shu e’tiroziga javob bo‘larli nasihat qildi:
– Haq gap bamisoli mag‘zi achchiq bodom, uni qadriga yetgan odamning o‘zi qadr topmaydi, bolam. Hayot azal shunday…

Bog‘ning etak tomoni keta-ketgancha boshlanishi gulzor, so‘ng uzumzor, o‘rikzor, shaftolizor, undan narisi quyuq do‘lanazor va terakzor edi. Abdulla odatda ko‘chadan issiqlab kelgan paytlari yo uzumzor, yo o‘rikzor yo do‘lanazor ostidagi biror soya-salqin yerga kigiz yo bo‘yra tashlaydi, ustidan ko‘rpacha to‘shaydi-da, goh chordana qurib, goh ko‘ksini yostiqqa bergan ko‘yi yozishga tutinadi.
Bu safar ham u odatini kanda qilmadi. Savr oftobida issiq urganmi, boshiga dam bermak istadi shekilli, soyasi quyuqroq pana joy hozirlab, bir zum yonboshladi. Bog‘ni og‘ushiga olgan jimjitlikni musichaning hazin “ku-ku”si buzdi. Abdullaga bolalikdan meros – ayniqsa qoq peshin chog‘lari, atrof-javonib, dov-daraxtu o‘t-o‘langacha sukunat og‘ushiga g‘arq bo‘lgan damlar birdan musichaning dam kalta-kalta, dam cho‘zi-ib-cho‘zib kukulashi jaranglaydi:
– Ku-ku-ku-ku-u!.. Ku-ku-ku-ku-u-u!..
Dunyo bir tomon, olam bir tomon, zaminu samo bir tomon – musichaning mungli va jarangdor “ku-ku”lashi bir tomon!.. Yolg‘izlik nag‘masimi, bu mungli sado, beozor jonivorning? Hamroh istayaptimi, yolg‘izligidan nola chekmoqdami? Uning yolg‘izligiga dov-daraxt, o‘t-o‘lan, zaminu osmon, mana shu bog‘-rog‘, Abdullaga qo‘shilib jamiki odamizod aybdormikan?! Go‘yo bu yorug‘ olamda parranda zoti qolmagandek, qolgan esa-da, bu baxti qaro musichani tamom yolg‘izlatib qo‘yishgandek, uning nolakor “ku-ku”lari abadul-abad javobsiz qoladigandek edi. Qani, qayerda o‘zi?.. Abdulla yonboshini bolishdan uzib, atrofga alangladi, biroq uning xayolini to‘zg‘itib yuborgan musichani topmadi. Uyga kela-kelguncha ko‘nglidan kechgan o‘ylarini bir boshdan xotirlamoqqa tutindi, tutinsa-da, qay mavzuni qog‘ozga tushirmoqni mo‘ljallaganini rosmana eslolmadi. “Vujudimni to‘ldirgan zardobni to‘kish uchun ham uyqudan uyg‘otmoqdaman. Ishchimi, dehqonmi, maorifu madaniyati, iqtisodiyu shaltay-baltayi o‘zim singari g‘aflat uyqusiga bandi ekanligidan kuymoqdaman. Mahalla ishsiz, guzar ishsiz, bozor ishsiz – tom tesharga uquv, yo‘l to‘sarga yurak yo‘q, uyqudan alamni olmay qayon borsin, bu ovsarlar?! O‘choqboshida-qozonboshida esa joy qahat, inchunin qalang‘i-qasang‘i toshini tersin!
O‘lka qay ahvolda-yu, usta Yo‘ldoshning kuygani qaysi yergacha?! Salkam besh ming kishiga bitta maktab emish! Ola-a, o‘qiyman deganlari necha hovuch. Ochgan maktabing necha siqim, deydirgan jo‘mard yo‘q maydonda”.
Yo‘q, qattiq ketmadi Abdulla. Borini yozdi, alamdan yozdi. O‘qiganlar hushyor tortsinlar, g‘aflat ko‘zlarini ochsinlar. Qalblariga toza nasimlar yetib borsin degan o‘yda yozdi.
Mavzu tanlashda ko‘p mulohazaga borardi Abdulla. Mulohazaga borar ekan ommaning qiziqishini hisobga olar, lekin bu bilan ish bitdi degani emas. Topgan-tanlagan mavzusini qanday yozish yanayam, xususan, matbuotdan bexabar, gazit-jurnal desa mudroq bosadigan tanbal qavmning qulog‘idan torti-ib o‘qishga-mutolaaga majburlash uchun tesha tegmagan holatlarni avomning o‘z tili-o‘z lahjasida bayon etmoqlik ham shart.
Abdulla yozganlari hayotiy chiqishiga, qo‘liga ilk bor gazit-jurnal tutgan qavmning ham ong-tafakkurini ishg‘ol etish qasdida qalam tutardi. “Mushtum”ning yangi sonida bosilgan maqolasining mavzusi, yozish uslubi o‘z-o‘zidan tug‘ildi. Yil boshidan ta’tilga chiqib uyda o‘tirdi. O‘ylab ko‘rsa, gazit-jurnalda ism-sharifi ko‘rinmaganiga bir yarim oydan ziyodroq vaqt o‘tibdi.
Gapni shundan boshladi. “O‘qug‘uchilar bilan dardlashmaganimga qariyb bir yarim oy bo‘ldi” deb yozdi. Kulgini kamaytir, g‘azabingni jilovla – jiddiy ohangda yoz maqolani, deb aql so‘qigani-so‘qigan G‘ozi. Voy, aqlingdan sani, G‘ozi! Voy, do‘stim, degan tilingga jonimni qoqay! Kulgini, ta’na-o‘pkani to‘kmasang kimga kerak bunday maqolang?! Mehringni ber, diqqat ila o‘qi, og‘ayni, manim maqolalarim – manim dardlarim axir! Yozar siyohim – dardlarim, shu boisdan ham zahar u, zahar. Bo‘lak siyohdan qo‘limga qalam tutmayman, G‘ozivoy jo‘ra!
Bog‘ning salqin epkini betini, ko‘ksini siypab o‘tdi. Abdulla yengil tortib, ortiq xayol surishni bas qildi-da, qalamini qitirlatib ishga kirishdi.
“Erta tong vaqti alohida bir sezgi beradir.
Musaffo havo, mayin va yoqimli shamol kurtakdan endigina chiqib bahorni salomlagan yosh va tiniq yaproqlarni yelpib turadir. Barakali yomg‘urlardan ke­yin yashnab ketkan barra maysa o‘tlar yerlar betini sekin-sekin o‘pib-o‘pib ketkan tong shamolida hilpirab-hilpirab ketib, hazil qilishganday bir-birlarini quchoqlaydilar. Butun yer yuzi…”
Bir payt do‘lanazor adog‘idagi pastak guvalak devor osha ikki-uch qizaloq chehralari lip-lip o‘ta boshladi. O‘sha tarafdan dugonalarning ehtiyotkorona qiqirlagani chalindi quloqqa. Biroq bu sharpalaru qiqirlashlar taqir yer ustidagi ko‘rpachada chordana qurib o‘tirgan yozuvchining fikrini chalg‘itolmadi. Vaholanki, guvalak devor osha o‘g‘rincha uni kuzatayotgan qora ko‘z qizlar o‘zlari bilganlaricha qo‘shni Julqunboyni g‘iybat qilayotgan edilar.
– Xat bitvotti! – shivirladi qizlardan biri.
– Nimalarni bitvotganikiy, tavba-a-a! – Hayajondan entikib ilova qildi boshqasi. – Xadich, qo‘shningni fe’li sanga ma’lumdir axir? Ayt, bilsang!
Dugonalarning uchinchisi – Xadicha uzoq o‘ylamay vaziyatga “aniq-tiniq” oydinlik kiritdi:
– Yomon odam bo‘lsa kerakki, tinmay yozadi!..
– Astag‘firulloh, o‘zing asra, bunday odamlardan! Yaxshiyam yozishni bilmayman!..
– O‘zingga shukr, man harf ham tanimayman…
Uchala dugona kesak irg‘itilib hurkitilgan chumchuq to‘dasi yanglig‘ duv etdiyu, bexosdan ko‘cha eshikda paydo bo‘lgan erkak kishining qorasi ko‘ringan zamoni har uchovlari zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi.

– Uldurkim, man sanga aytsam, yozg‘uvchilik – asli shaytoni la’inni kasmi!
Shavq ila qalam tebratayotgan Abdulla cho‘chib, tepasiga kelib qolgan kishi tomon o‘girildi.
– E, kelsinlar, domla! Qanday shamol uchirdi desam, dov-daraxt tinch, xas-xazon sukutda, qilt etmay turibdi. Farishtalarday sezdirmay kelasiz-a!
– Farishtaga o‘xshatishing bir navi, illo, akang qarag‘ayni uchiradigan shamol hali osmondan tushgan emas. San yozg‘uvchi bo‘lsang, man, bilasanmi, kimman?!
Abdulla o‘rnidan qo‘zg‘alib, jussasi beso‘naqayroq, ko‘rinishidan o‘ziga qaraganda xiyla yoshi ulug‘ligi sezilib turgan keluvchiga hurmat bajo ayladi. Biroq mehmon, aftidan hozir bergan savoliga javob olishi g‘oyatda muhim bir vazifadek ko‘rpachaga qadam bosishga oshiqmadi.
– Kimligimni ayt, keyin o‘tirish qochmas. Mandek bir olimu ulamo odamni bu xumsalarga durustroq tushuntirib yoz deb necha chakak qoqdim, aytkonlarim bu qulog‘ingdan kirib, narigisidan chiqib qochayotgan ko‘rinadir bacham?! Man qandoq aytsam san shundoq yoz deb necha tayinladim, Nasriddin Afandining yo‘rg‘asiday qaysar ekansan o‘zing ham! Abdulla: “Kimligingizni menchalik biladigan banda yo‘qdur, domla?” deb qo‘shnisining zabonini o‘yib olmoqchi edi, niyatidan qaytdi. Qolaversa, Isoq domla kim bilan yuzlashmasin dastavval bo‘rdoqiga boqib qo‘ygan qovog‘arilari g‘ujg‘on o‘ynayotgan g‘azabdonini shamollatib olish odati uning uchun yangilik emas, shu damda alangai otash tovasida jazillab kirgan bo‘lsa, zum o‘tmay hovuridan tushishini Abdulla yaxshi bilar, u kishimning injiqzada nag‘malariga ko‘nikib ketgandi. Uch yildan oshib boryapti, ahvol shu…

Boshliq uncha-muncha xizmatga tergovchilarni huzuriga chaqirtiravermasdi. Demak, jiddiy va qaltis bir gap borki, shaxsan o‘zi shug‘ullanayotgan ko‘rinadi.
Tergovchi shinam xona tomon shaxdam bir qadam tashladiyu harbiychasiga kiftini keltirib salom berdi. Belskiy esa alikni ham nasiya qilib, tomdan tarasha tashlagan qabilda muddaoga ko‘chdi:
– “Ovsar” deganlari kim? Shunday yozuvchini eshitganmisan?
Agidulin dovdirab qoldi. Bunday savolga javob yo‘q edi uning bisotida.
– Sartlarning tekin palovini tuya qilishdan boshqaga yaramaysanlar! Qo‘lingga gazit olasanmi hech?! Gazit-jurnal o‘qiydigan savoding bormi?!
– Bor, o‘rtoq nachalnik! Har kuni o‘qiyman.
Belskiy o‘tirgan joyidan turib, qop-qora, usti yaltiroq stolni aylanib o‘tdi-da, Agidulinning ko‘ziga so‘rrayib tikildi. Nigohi yumshadi.
– Ko‘zingdan sezilyapti. Hatto “Mushtum” degan jurnalniyam o‘qir ekansan…
– O‘rtoq boshliq, o‘zbekchaga tishim o‘tmay…
– Ko‘zingdan sezilyapti dedim-ku, savodsizliging, o‘qimasliging. – U birdan jiddiylashdi. – Men esa o‘qiyman. Hammasini o‘qiyman. O‘qimaganing uchun ham burningni tagida yurgan ashaddiy jinoyatchini payqamaysan, ko‘rmaysan!
– Xo‘p bo‘ladi, o‘rtoq nachalnik!
– Nima xo‘p, nimaga xo‘p bo‘ladi?! – U o‘zi ishongan tergovchini ortiq gapirishga qo‘ymadi. Maqsadga ko‘cha boshladi: – Agi! Bilasan, men seni bekorga chaqirmayman. Ishonamanki, chaqiraman. Tushunyapsanmi, ishondim!
– Ishonchingizni oqlayman, o‘rtoq boshliq! Mijja qoqmay ishlayman. Topshirig‘ingizni ado etmagunimcha, oshga ham bormayman.
Belskiy kulishini ham, kulmasligini ham sezdirmadi.
– Boshqa ishlaringni yig‘ishtir, men aytgan ish nozik, – u xona shiftiga imo qildi. – Nazoratda.
Agidulin bir seskandiyu o‘zini o‘nglab oldi. U bunaqangi nazoratdagi ishlarning kiftini keltirish bobida ustasi farang bo‘lib ketgan, hali biron marta qovun tushirmagan edi.
– Hujjatlarni olishga ijozat bering, o‘rtoq…
– Qanaqa hujjat? Hujjatlar tayyor bo‘lsa senga kunim qolmasidi, Agi! Ikki qulog‘ing bilan eshit. Yozib ol!
Tergovchi uchta so‘zni boshliqning og‘zidan qanday eshitgan bo‘lsa aynan daftariga yozdi: “Mushtum”, “Yig‘indi gaplar”. Ovsar.
– Yozdingmi? Bu haqda faqat men bilan gaplashasan, hech kimga gullab yurma, tushundingmi?!
– Tushundim, o‘rtoq nachalnik!

– Uldurki, zamona oxir bo‘ldi, ini-im!..
Mahallada mulla Isoq domlani tanimagan yosh-keksa yo‘q edi. Bunga o‘laqolsa domlaning o‘zi ham yo‘l qo‘ymas, biror-yarim yosh-yalang tanimayman deb qolsa bormi, hay-hay, Isoq domla unday befahm bandaga ko‘z ochirmas-kun bermas, dunyo­bexabardan olib, besavodga chiqarar, sazoyi qilishdan ham toymas, xullasi, sizdan ulug‘, sizdan dono, sizdan fuzalo zot yo‘q bu ma’voda deya tavba-tazarru qilmagunicha qochgani joy topolmasdi. Bu yetmaganday, domlasi tushmagur mahalla masjidi imomchiligiga qo‘shimcha o‘laroq o‘zini mahalla-ko‘yning ma’naviy padari, maslahatgo‘yi o‘rnida ko‘rar, bu “nodir” qobiliyatini o‘zgalarga ko‘z-ko‘z qilishdan iymanmas, musulmonchilik masala-masoidlaridanmi yoxud turmush yumushlariga doxilmi, xullas, qandayin muammo tug‘ilsa o‘zini badastir zukko maslahatchi deb bilar, qissai ko‘toh, buning sababini bilishga qasd qiluvchilarga aytiladigan gapning indallosi shulkim, hazratimizning kamtarona e’tiroflariga ko‘ra u kishining bu yorug‘ ochunda bilmagan-aqllari yetmagan nimarsa qolmagan, inchunin, o‘zlarini allaqachonlar komillik cho‘qqisini ishg‘ol etganlardan hisoblar edilar.
Abdulla Isoq domlaning dovrug‘ini orqavoratdan eshitgan, lekin u bilan yaqin osh-qatiq bo‘lgan joyi yo‘q, qulog‘iga chalingan uzunquloq gaplarga esa, ko‘pda e’tibor qilavermasdi.
U guzar boshidagi mahalla masjidi biqiniga solingan choyxona yonidan o‘tib kelayotib edi. Odatdagi kunda-shundalardan holi, kimsasiz edi choyxona. Abdulla qadamini jadallatdi. Shu payt osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi, ortidan o‘zining ismini tilga olib chaqirgan tovushni eshitdi-yu, to‘xtadi.
– Ha, namuncha, izingdan birav quvyaptimi?! Yo, zahar tang qip qoldimi?
Abdulla bu beparda-beo‘xshov luqmadan afti bujmaydi, salomiga yarasha alik qabilida javob qilmoqqa lab juftladiyu, uni to‘xtatgan odam mahalla imomi ekanini ko‘rib, lop etib alanga olishga shaylangan hovuridan tushdi. Har qalay dovrug‘i ketgan, kimsan Buxoroi sharif madrasasida tahsil olib qaytgan, qolaversa, o‘zidan birmuncha yoshi ulug‘ kimsa.
Abdulla sovuqqina salom berdi-yu, tanishuvning davomini kutdi.
– Qodirmuhammad bobomni o‘g‘lisan-a?
– Shunday, taqsir.
– Durustmilar, ishqilib? Ko‘chaga chiqmay qo‘ydilar deyman?
– Qarichilik, taqsir…
– Shu-unday fayzli insonni bolasi bo‘lsang, yetti pushtingga yot illat qayerdan yuqa qoldi sanga, bo‘tam?
Abdulla tomdan tashlangan tarashadek beo‘xshov taraqlab qulog‘iga qadalgan “shovqin”ni tushunmadi – yetti pushtiga yot illat nima? Unga nima yuqibdi?..
– Yozg‘uvchilar ovsarroq keladi deb eshitkanman. Sanga ham begona emas-ov bu illat? Tagini surishtirsang, bu g‘urbat kasmi-kor nimayu, shaytonni nayrangi nima! Muborak kitoblarda bitilgan bari.
Abdulla tajanglashdi, tutaqdi, axir na dunyo, na dindan boxabar mana shu toifa chalasavodlarga qolib ketmoqda millat taqdiri, gazet-jurnaldan qaytarayotganlar ham shular. U og‘iz juftladi, ko‘nglidan kechgan-og‘ziga kelgan gaplarini aytsa bormi, qiyomat qoyim bo‘lardi-ya, buni domla ayni vaqtida payqadi chog‘i muomalani ipaklashtirdi:
– Hammasidan boxabarman. Dovrug‘ing chakki emas ko‘rinadir. Manga qara?
Abdulla to‘xtab, u tomon o‘girildi.
– Mushtumga yozadi, deb dovrug‘ing ketibdi, hech kim yo‘g‘ida bir bilib qo‘yay.
– Nimani bilib qo‘yasiz?
Mulla Isoq domla atrofga olazarak alangladi-da, go‘yo o‘zining behad aqlli savoli suhbatdoshini gangitib qo‘yishidan andisha qilgandek so‘radi:
– Manga bir ochiqchasiga tushuntir. – U bir qo‘lini musht qilib Abdulla tomon cho‘zdi: – Mushtum dasturxondek qog‘oz emaski, unga xat bitsang! Uni qayeriga yozasan? Nimada yozasan? Nimani yozasan?
Abdulla qulog‘igayam, ko‘zigayam ishonmadi. Kulishini ham, kulmasligini ham bilolmay angraydi. “Hozirgina uni ovsarga chiqargan allomai zamon nimalar deb aljiyapti?” Nachora, juda ko‘pchilik odamlar gazeta-jurnal nima ekanini durustroq bilmaydilar, buning go‘yo barcha ayb-karohati o‘zining zimmasiga tushadigandek jiddiy tortib tushuntirishga kirishdi:
– “Mushtum” degan narsa odamning mushti emas, taqsir, ko‘-o‘p varaqdan tashkil topgan, oyda ikki dapqir chop etiladigan gazitti bir turi – uni jo‘rnal deydilar, xolos.
– Hoy chatoq, voy chatoq! Toza olding-ku, bacham. Hiqildoqdan olding-ku!
Isoq domlaning rang-quti gezargandan gezardiyu o‘sha zahoti hushyor tortdi, bir yumalab o‘zining olimu ulamo ekanligi yodiga tushib qoldi.
– Shu san aytqan narsani bilmaydi deb o‘yladingmi? Mani-ya?! San sho‘roning faytoniga osilib, o‘rissi afsuniga laqqa tushdingu bir yumalab musannif-yozg‘uvchi bo‘lding-qolding, biz esa – besavod, omi, shundaymi, bo‘tam?! Uldurki, o‘qimasam ham bilaman. Avval yo‘q yerdagi gaplarni topib-termachlab o‘sha “Mushtum” otliq gazitingga yozasan, mayna qilasan-kulunch qilasan, duppa-durust odamlarni maymunga oshno qilasanlar-da, so‘ng musht urib ag‘darasanlar! Shuniki bilmasam, shungaki aqlim yetmasa men kim Buxoroi sharifda tahsil ko‘rgan, menkim mana shu Eshonguzar mahallasidan tortib Samarqand darboza deparasida izzat-hurmati baland domla imomlik obro‘yim qatta qoladi?! Obbo, bachajonim-a, domla bilmaydilar deb o‘ylabdilar-da?! E, chatoq, voh chatoq! Illo qulog‘ingda bo‘lsun, bacham, uldurki, yozgan-netganda bizzi ham unutma, maslahatlash, kam bo‘maysan, uqdingmu?
Abdulla bosh irg‘adi, og‘zi beparovoz-beparhez mulla mahzumdan tezroq uzoqlashish payiga tushdi. U bir necha odim nari borganida, domla turgan joyidan jilmay boshini sarak-sarak qilganicha, izidan qarab turganini sezdi. Domlaning: “Ha, bo‘tam, uldurki, kengashli to‘y tarqamas, kamina hamisha – beminnat”, deganini aniq-tiniq eshitdi.

Ko‘chada ittifoqo yuz bergan voqeani Abdulla kula-kula bibisi bilan akasiga hikoya qilib bergandi.
– Bo‘lsa-bo‘lmasa, “uldurki” deyaverib ensamni qotirdi, – dedi u.
– Domlaning g‘alatligini endi bildingmi? – deb ukasining ustidan kuldi Rahimberdi akasi.
– Isoq sho‘rlik domla emas, imomu alloma ham emas, Kalvak – u, Kalvak!
Bibisining gapiga Abdulla akasi bilan qo‘shilishib kulishdi-yu, aka-ukadan hech biri “Kalvak” so‘zining nima ma’noni anglatishini bilishmadi. Keyin ma’lum bo‘ldiki, ulargina emas, beixtiyor bu so‘zni kashf etgan Josiyat bibining o‘zi ham bilmas ekan.
– Qaydan bilay, bolam, – dedi bibi keng yengining uchi bilan peshona terlarini arta-arta. Abdulla qo‘yarda-qo‘ymay surishtiravergach, picha o‘ylanib turib, – ma’nosini bilmadimu lekin shu so‘z Isoq domlani fe’l-atvoriga toza tushadi-da!

Ikki-uch kungacha Abdulla bibisidan eshitgan yangi laqabni ichida pichirlab tak­rorlab yurdi. O‘zi tanlagan “Uldurki”dan voz kechib, bibisining hurmati, “Kalvak”ni ma’qul ko‘rdi. Shu so‘zni har takrorlaganida ko‘z oldida mulla Isoq domla bor bo‘y-basti, raftori, gap aytish odatlari bilan butunisicha gavdalanar, uning qayta-qayta o‘zini o‘zi allomai zamon deb e’lon qilishi, ayniqsa “Mushtum”ni odamning mushti deb o‘ylagani yangitdan kulgisini qistatar, ilk daf’a tanishish-gurunglashish unda bir qadar yoqimsiz taassurot qoldirgan esa-da, negadir o‘zida shu odam bilan tag‘in ko‘rishish, suhbat qurish ishtiyoqi ko‘z ochayotganining tagiga yetolmayotgandi.
Dastlabki taassurot to‘lqinida kulgili biror narsa bitishga jazm etgan joyida fikridan qaytdi. To‘g‘ri qilgan ekan, ilk suhbat pirovardida sirdosh-do‘st tutingan Isoq domla atayin yosh yozg‘uvchi mahalladoshining yo‘lini poylaydigan odat chiqardi. Abdulla o‘zidagi moyillikni sirboy bermay u bilan uzun-qisqa gurunglardan o‘zini olib qochmaydigan bo‘ldi, o‘ylab qarasa, qo‘shni domla – Kalvak dumbulroq, ovsarroq, illo ko‘nglida qurum-dudi yo‘q bir qop yong‘oq misol olashovur narsa ekan!
Abdulla tap-tayyor yozishga loyiq qahramon topganini anglab-anglamay, uni o‘xshatib qog‘ozga tushirishga kirishganini o‘zi ham sezmay qoldi.

Mehmon odatiga ko‘ra ma’ruzasini boshladi:
– Uldurki, zamona oxir bo‘ldi, ini-im!.. Hammayoq rasvoi raddi balo! Nima ko‘p – huda-behuda ish ko‘p! Yozvossanmi?
Abdulla bosh irg‘adi. Ma’viza davom etdi:
– Sharorat peshalari avjida, bizzi faqirlar esa xorlikda. Novzanbilloh, novzanbilloh!.. Kiyimlar etaksiz, sochlar belga yetadi. Bunga ko‘nsang, erkaklar xotun, xotunlar esa erkak qiyofasiga kirib bo‘l-ldi! Aql ketdi, aql! Aql ketdimi, qulog‘ingda bo‘lsin, bola, jamoatdan aql ketdimi, borar yo‘limiz, qilar ishlarimizning oyog‘i arshi a’loda-boshi qora tufroqda deyaver!
Mehmonning yoqasiz yaktagi orasidan ko‘krak mushaklari bo‘rtib ko‘rinib turar, kalta o‘y nusxa kimsan Julqunboydek elga tanila borayotgan yozuvchini bu qadar bemalol va xo‘jayinlarcha o‘ziga mahliyo qilib o‘tirganidan ichida mamnunligini yashirmas, aytayotgan gaplari chindan ham yozuvchi qo‘shnisiga yoqib tushayapti deb o‘ylayotgandi. Voiz atrofga o‘g‘rincha alanglab qo‘ydi-da, tahdid ila qattiq pishilladi:
– Bilib qo‘y, Abdil, man aytganlarim bari oxirzamon alomatlarining o‘zginasi! Nauzanbillah, o‘zing rahmingni darig‘ tutmagaysan!
Abdulla betiga jiddiylik tusini berib, mehmonning boshi uzra uzoqqa tik qaradi. Uning nigohida jiddiylik bilan o‘ychanlik qorishib ketgan, ro‘parasida turgan bu inson aytayotgan gaplarning mag‘zini chaqishga urinar, dam kulgisi qistasa, dam og‘ir o‘ylarining adog‘iga yetolmay, o‘ylovlarini tiliga ko‘chirolmay xunobi oshgandan oshar edi.
– San mundo-o-oq mahalla-ko‘yga chiqmaysan. Odamlarga qo‘shilmaysan…
– Hm… – dedi-qo‘ydi Abdulla eshitilar-eshitilmas.
– Vey, manga qara, bola! Shu o‘zimizzi ko‘chaga ham qadami yetibdi o‘sha kasofatlarni!
– Qanday kasofat?
– Peshin namoziga boraturib muyulishda qip-qizil bir o‘ris o‘spiringa ro‘baro‘ kelamanmi! Tag‘in qo‘lida miltiq desang!
– Miltiq?! Hurkib kettiyzmi?
– Men-a?! Man hurkamanmi, bo‘tam?! Shuni bilib qo‘y, miltiqdan qo‘rqadigan paytlarim o‘tib ketgan! O‘qigan-ilm orttirgan allomai zamon uchun bul foniy ochunda bir boshga – bir o‘lim, uqdingmi? Uqqan bo‘lsang, unutma! Xullas, ro‘paramdan kelayotgan badbaxtga bir hunarimmi ko‘rsatay deb chog‘langanimmi bilaman, “Assalomu alayko‘m”, deb qolsa bo‘ladimi?! Yopiray! Tushimmi-o‘ngimmi? O‘zi sap-sariq mashak! G‘ayridinning salomiga alik joizmi yo nojoiz, deb o‘ylanib ulgurmasimdan ro‘paramga yaqin kelib qo‘lini cho‘zsa desang?! Voy, nobakor! Voy, nonko‘r! Man kimu u kim?! Yoqasidan olay desam, qo‘lida miltiq! Olmay desam, qo‘l cho‘zib turibdi! Astag‘firulloh, deganimmi bilaman, ne ko‘z bilan qarayki, tirjayib aftimga boqib turgan melisa o‘spirin o‘zimizzi mahallani bolasi – Abjal sariq ekan!
Abdulla tizzasiga shapatilab miriqib kuldi. Isoq domlaning berilib so‘zlash tarzi yuz-ko‘z alomatlaridan-da, yuz-ko‘z alomatlari esa so‘zlash tarzidan-da kulgiliroq, ajabtovurroq edi. Illo izzatli mehmon kuladigan ahvolda emas, Abdullaning nimadan bu qadar yayrab kulayotgani boisini ham anglamayotgan edi.
– Nimasiga kulasan, Julqun, nimasiga?! Tagi musulmonni bolasi bo‘lsa-a, anavilar shapkani kimlarga beradi, bilasanmi?
Abdulla suhbatdoshini obidiydadan to‘xtatishni istamay unsiz bosh tebratib ma’qulladi. Uning bu tarz tushunmaganligi mehmonga pishang o‘rnida o‘tdi.
– Cho‘qinganlarga beradi! Ha-a, alar anoyi ema-as, avval cho‘qintiradi, so‘g‘in boshiga shapka kiydiradi! Mo‘min kishi shapka kiydimi, tamom, Ollohu akbar deyaver!
– Yo‘g‘-e! – deb yubordi bexosdan Abdulla. – Shapka melisalarni kiyimi… Man ham bir paytlar qisqa muddat ko‘ngilli xalq melisasida…
– Bir paytingni qo‘ya tur, bu yog‘ini sandan ko‘ra puxtaroq bilaman, bola! San gazit-jo‘rnaldan ortmay qolding, asl ahvoldan narisan. Melisa bo‘laman deganni avvalbosh butxonada cho‘qintiradi, keyin egniga kiyim qo‘ndiradi. Oh dedim, ohimdan ko‘chaga o‘t ketdi, Abdil! Yoz, shularni, bitta qo‘ymay achitib yoz! Kuydiradigan qilib, etini o‘yib-o‘yib oladigan qilib yoz! Bu ahli imon bilib qo‘ysin, ko‘zini ochsin!
Bir qo‘lida choynakda choy, ikkinchisida bir juft piyola tutgan Habibulla odob ila salom berib paydo bo‘ldiyu suhbat kelgan joyida uzildi.

Kimsan Belskiydek vajohatli boshliq ishonganicha bor – Agidulin yuqoridan tushadigan, maxsus nazorat ostiga olinadigan topshiriqlarni ado etishda ustasi farang bo‘lib ketgan, unga ortiqcha yo‘l-yo‘riqning hojati yo‘q, o‘zi bilib-o‘zi o‘rinlatardi. “Mushtum”ni ham, “Yig‘indi gaplar” maqolasini ham, uni Ovsar taxallusi bilan Julqunboy degan yozuvchi yozganligini ham bir kunning o‘zida aniqladi, jurnal taxlamlarini stoli ustiga qalashtirib taxlab qo‘ydi. Eshikni ichkaridan qulflab olib, “Yig‘indi gaplar”ni hijjalashga tushdi. Uning bir jumlasini tushunsa, ikki jumlasiga tishi o‘tmadi. “Rosa o‘rab-chirmab, tagdor yozibdi o‘ziyam!” degan xulosaga bordi dastlabki o‘qishida. So‘ng yana qayta boshidan so‘zma-so‘z, jumlama-jumla o‘qidi. O‘zidan qanoat hosil qilmay o‘zbekchani suv qilib ichgan tatar birodarini topdirib keldi, maqolani shoshilinch ruschaga o‘girishni buyurdi.
– Julqunboyni o‘qib turaman, – dedi tarjimon topshiriqni eshitgach. – Lekin bu yozuvchining yozganlarini zudlik bilan ruschaga o‘girish oson emas.
Agidulin unga quloq solmadi.
– Bugun uxlamaysan, ertaminan maqolani stolim ustiga qo‘yasan, boshqa gap yo‘q! Qurug‘ini esa, ikki hissa qilib shaxsan o‘zimdan naqd olasan!
O‘zi boshliqqa va’da qilganidek, hatto mijja qoqishni tamom unutdi, uyiga ham bormay, dastlabki varaq hujjatning kiftini keltirishga kirishdi.
“Dastlabki tergovni boshlash haqida” deb boshladi uni. Bunday hujjatlarni yo‘qdan bor qilishni ko‘zlarini yumib ado etib tashlar, birorta varaq bo‘ladimi, ikki og‘iz ko‘rsatma, savol-javob bo‘ladimi – barchasini ay-ynan qonun talablari asosida – kashta tikkan chevardek, gulini guliga moslab, raqamini raqamiga kelishtirib, kiftini keltirar edi.
“Qaror qilindi:
Toshkent shah., 1926 yil, mart oyi, 8-kuni. Men, O‘rta Osiyo SO PP OGPU vakili Agidulin shu yilning 25 fevral kuni chiqqan, 1 mart kuni menga kelib tushgan “Mushtum” jurnalining 27-sonini (“Qizil O‘zbekiston” gazetasi nashriyoti) ko‘rib chiqar ekanman, undagi muallif Abdulla Qodiriy “Ovsar” taxallusi ostida yozgan “Yig‘indi gaplar” maqolasini o‘qir ekanman maqola mazmuniga ko‘ra uning yo‘nalishi O‘zbekiston hukumatining mas’ul rahbarlarini obro‘sizlantirishga qaratilgan. Shuningdek O‘zbekiston kompartiyasi va sovhukumati tomonidan o‘tkazilgan g‘oyatda muhim tadbirlar ustidan kulgan va ularni tanqid ostiga olgankim, maqola muallif tomonidan ochiqdan-ochiq aksilinqilobiy maqsadda tayyorlangan hamda u jurnalda bosish orqali keng ommaga tarqatilgankim, ul egallab turgan vazifasiga ko‘ra muharrir o‘rinbosari bo‘lib xizmat vazifasidan foydalangan va uni suiiste’mol qilgan holda muharrirning qat’iyan taqiqlaganiga qaramay maqolani navbatdagi sonda e’lon qildirgan, ya’nikim JK ning 72 va 105-modda 1-bandiga ko‘ra jinoyat sodir etilgankim, bu VSIKning 1922 yil 16 oktyabrdagi qonuniga binoan va GPUning 1922 yilgi 287–1923 yilgi 362 va 363 raqamli buyrug‘iga hamda JPKning P.91/123 va 110 yoki 125-moddasiga binoan
Qaror qiladi:
Maqolaning rus tiliga qilingan tarjimasi ish yuzasidan O‘rta Osiyo OOPP OGPU tomonidan qabul qilindi va RSO PP OGPU tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazildi, dastlabki tergov ishlari boshlandikim, bu haqda ushbu qarorni hamda ish boshlangani haqidagi dastlabki bildiruvnomani O‘zSSR prokuroriga ma’lum qilinmoqda.
Vakil – Agidulin
“Roziman” OO PP OGPU bosh. – Dyakonov
“Tasdiqlayman” – O‘r. Osiyo PP OGPU – vakolatli vakil Belskiy
Asliga to‘g‘ri: Trigulov”

Boshliq yordamchisi odatda hammadan barvaqt xizmatga yetib kelardi, Agidulin undan ham ilgari shu yerda, chunki u xizmat xonasida tunagan, uyqu qayoqda! – muhim hujjatni shoshilinch boshliqqa olib kirishi zarurligini uning yordamchisiga tayinladi.
Belskiy xonasiga kirmay turib, “Chaqir!” deb amr qildi yordamchisiga. Agidulin shamolday yelib yetib keldi. Qarorni ikki qo‘llab-avaylab katta stolga qo‘ydi. Boshliq poyintar-soyintar yozilgan qaror matnini shoshmay, to‘xtab-to‘xtab o‘qidi. Qoshlarini chimirdi.
– Maqolani tarjimasi qani? – so‘radi stoldan ikki odim narida g‘o‘dayib turgan tergovchidan.
– Tarjima yo‘lda, hozir yetib keladi.
Belskiy boshini chayqadi, miyig‘ida kulimsiradi, imzo chekdi.
– Kirishaver, – dedi yengil tortib mamnun kayfiyatda. – Tarjimani men ham o‘qishim kerak.

Abdulla Isoq domla bilan o‘rtalarida boshlangan muloqot tarixini ipidan-ignasigacha ahamiyatli deb hisoblar, hammahallasi bo‘lmish bul zoti bobarakot bilan qay tariqa birodarlashdi, qay tariqa til topishdi – ko‘p o‘yladi, ko‘p mulohaza qildi, taassurotlarini hikoya tarzida yoza-yoza jurnalda peshma-pesh bosdirdi ham!
– Yig‘ishtir, qog‘oz-qalamingni! Muk tushib qog‘ozdan bosh ko‘tarmay qolding, a bu ketishda esar-nesar bo‘li-i-ib o‘tirma, bo‘tam.
Abdulla miyig‘ida kulimsiradi, mehmonga bolishni uzatdi. Mehmon ortiq iltifot kutmadi ham, bolishni biqiniga bosdi-da, boshlagan hech yerda topilmas gavhar o‘gitlarini kelgan joyidan davom ettirdi:
– Uldurki, mani dunyoga tanitding – yetar, boshqa narsa yozmasang ham-chi, Abdil, Julqun degan dovrug‘ing yetti pushtingga yetadi. Bu yog‘iga tarallabedod qile-eb, ko‘k do‘ppingni yarimta qile-eb yuraver, kam bo‘maysan!
Abdulla hech bir so‘z demay mehmonga qaradi. Haqiqatda Kalvak mahzum deb nomlagan qahramoni, mana, ikki yildan oshdi chog‘i, “Mushtum” sahifalaridan tushmay kelayotir. O‘qiganning ham, eshitganning ham og‘zida Kalvak! Isoq domla necha qayta uni qisuvga oldi: mani yozyapsanmi, topgan ismingni qara, o‘sha qizitaloq Kalvak – man emasmi, deb savolga tutdi. Abdulla o‘laman sattor siz emas, deb turib oldi, ba’zida esa, domlaning fe’li xo‘yiga razm solayotib ayrim so‘zlaringizdan foydalangan jo­yim yo‘q emas, sizning o‘zingiz-da, manga ilhom bag‘ishlagan deb sirni oshkor etishdan ham toymadi. Bunday damlarda Isoq domla bir mamnun bo‘lib ketar, boladay yayrab ketar, yayragani sari qaddi-qomatini g‘oz tutganicha yon-atrofida Abdulladan o‘zga hech kimsa bo‘lmasa-da, yalpayib-taltayib qo‘yar, kimsan dovrug‘i butun jumhuriyatga yoyila borayotgan Julqunboydek yozuvchiga ilhom berganligini mahalla-ko‘yga chiqib baralla aytgisi, doston qilgisi kelib qolardi. Hushiga o‘tirishmaydigan so‘zlari uchun esa Abdullaning holi-joniga qo‘ymay “man unaqa demaganman, manda unday gap bo‘lmaydi”ga tushib qolardi. Abdulla esa badiiy asar yaratishda shundayin mubolag‘a va bo‘yab-bejash usuli borligini tushuntirgunicha, uqdirgunicha ona suti og‘zidan kelguday holga tushar, harchand urinmasin hech bir gapi Isoq domlaga zarracha kor qilmayotganini, uqdirishlari havoga uchayotganini sezib turardi.

Oila a’zolari kechki taomga yig‘ilishayotib Abdulla ichidan gupurib kelgan kulgini arang bosib, g‘udrandi:
– Isoq domla xo‘p ajoyib-da!
– Ajoyib ham gapmi, – deya kulgiga qo‘shildi Josiyat bibi. – Ko‘chada duch kelib qolsayam hech yerda yo‘q gaplar bilan yo‘limni to‘sgani-to‘sgan. Maskov ketganingda-ku, Abdil qachon qaytadi, deyaverib holi-jonimga qo‘ymadi. Nomahramligini unutib yuborishi ham kalvakligidan-da!..
– Mani holi qo‘yinglar deb noliysan-da, o‘sha odam bilan hangamalashib o‘tirganingga balli! – Ham kesatib, ham norozilanib dedi Rahimberdi.
– Shu odammi gaplarini tinglasam xumordan chiqaman, oka. Quloq solib o‘tirsangiz-chi, gap yo‘sinini topishiga qoyil qolasiz, aldaydimi-to‘qib chiqaradimi, g‘alati joyi – nima aytsa hammasiga o‘zi to‘la-to‘kis ishonadi. Tasvirlashini-ku, asti qo‘yaverasiz! Sahnaga chiqib teatruda o‘ynasa ham uncha-muncha artistdan o‘tkazib yuboradi! U kishi topayotgan so‘zlarni man umrimda eshitmaganman.
– Aytdim-qo‘ydim-da, uka, – javob qildi Rahimberdi. – Vaqt-bevaqt sani uydan topmasa, dodammi yonlariga ham kirib boraverardi.
– Rahmatli dodamga ham bir ermak edi-da.
– Abdil jon qulog‘i bilan gaplarini astoydil tinglashi xush yoqadi unga.
– To‘g‘ri, shunday, – deb bibisining so‘zini ma’qulladi Abdulla.

Abdulla boya kunduzi bog‘ qo‘ynida chala qolgan yozuvini adog‘iga yetkazib qo‘yish istagida kursi yoniga cho‘k tushganida vaqt allamahalga yetgan, oila a’zolari osuda uyquga ketishgan edi. U Isoq domlaning he yo‘q-be yo‘q kirib kelishi bilan to‘xtashga majbur bo‘lgan joyini topdi, lampa shisha yorug‘ida yozuvga ko‘z yugurtirdi: “Erta tong vaqti aloqida bir sezgi beradir.
Musaffo havo, mayin va yoqimli shamol… Barakali yomg‘urlardan keyin… barra maysa o‘tlar yerlar betini sekin-sekin o‘pib-o‘pib… bir-birlarini quchoqlaydilar. Butun yer yuzi…” Abdulla bir zum o‘ylab fikrini jamladi-da, jumlasi uzilgan joyidan davom ettirdi: “Butun yer yuzi, tom-tosh, yog‘ochlar ko‘k bilan bezangan…”
Abdulla qalamni qo‘yib, o‘rnidan turdi. Tokchadagi gazeta taxlami orasidan “Mushtum”ning yangi sonini oldi. Tik turganicha jurnalni varaqladi, “Yig‘indi gaplar” sarlavhali sahifaga tikilganicha maqolani ko‘z yugurtirib, o‘qishga tutindi: “Ana bu miyasi achimaganning gapiga qarang endi! Xudog‘a shukr, qorning to‘q, qayg‘ung yo‘q, bas, tinchkina faroyizxonlik qilmasdan oqsoqollig‘ingni qilaversang bo‘lmaydimi, usta Yo‘ldosh!” “Oxunboboyevdek nufuzli rahbarning oti­ni tilga olib to‘g‘ri qildimmi yoki noto‘g‘ri? Tilga olmagan taqdirimda… Sarkor jon koyitib qilgan ma’ruzasini odamlar tushunsinlar uchun yozdim bu so‘zlarni. Afsus, ko‘p afsuskim, omi olomon nazdida ming bolag‘a bitta maktab bo‘lsa nimayu, o‘n mingiga bitta to‘g‘ri kelsa sen bilan menga nima hasrat!
Balki tag‘inam achchiqroq yozish kerakmidi? Man Yo‘ldosh otaning ma’ruzasiga emas, maorifdagi ahvolga achchiq qilyapman, achchig‘im – ahvolning zabunligidan! Odamlarning joniga ignadek suqiladigan so‘zlarni topishdan muddao ham shul axir. So‘zlarimga qancha zahar qo‘shsam odamlarning shuncha o‘qishga diqqatlari ortmaydimi, zaqqum so‘zlarimdan ko‘zlari, ko‘zlariga qo‘shilib eslari yoshlanib o‘qiganlaridan shunchalar ta’sir olmaydilarmi?!”
“Ensamni qotirgan gaplarning yana bittasi, – Abdulla pastroq tushdi, pichirlab o‘qidi: – Anavi kun bo‘lib kechkan maorif xodimchilarining qurultoyidir. To‘g‘risini aytkanda, ziyonlilarni foydali qilish masalasidir. …O‘rtoq Akmalcha…” Jumhuriyat rahbari bo‘lsang, mansabingdan hurkmaydigan jondor yo‘g‘u, nega ikki xil gap qilasan, Akmal Ikrom?! Bir gapning o‘zida ayrim ziyolilar aftiga tufurgani holda birdan “tavba-tazarru qilganlar uchun firqaning quchog‘i ularga ochiq!” deb e’lon qilish nimasi?! Firqaning quchog‘i qayda, ziyoli qayda, tavba-tazarru qayda, yaxshilar?! Shunchalar ham betayinlik… tuturiqsizlik bilan ziyolilarni radga-qatorga chorlash, da’vatlash mumkinmi? Lozimmi?! Yoxud “nima uchundir imoni susayib” degan so‘zim og‘ir botganmikan, Akmalga? Bunday desam, tavbadan tavbaning farqi bor axir. Shuni tushunib olsin uchun ham yozdi-da: “Men har kuni Xudog‘a to‘qqiz martaba osiy bo‘lib, o‘n sakkiz martaba tavba va istig‘for aytaman. Isyonim bepoyon bo‘lganidek… – Abdulla ichidan po‘rtanadek otilib chiqayotgan haroratga e’tibor bermay o‘qishda davom etdi: – Bas, onglag‘ilkim, ey Akmal!.. Haqiqat oldida bo‘yin egish tavbadir, o‘zgasi g‘avg‘odir!”
Abdulla asabiylashganidan o‘tirolmay qoldi, lablarini qimtib, ko‘zlarini katta-katta ochgancha, go‘yo iddaosi osmonga qaratilgandek yulduz sochilgan samoga tikildi. Jurnalning ushbu soni tarqalishi bilan boshlangan ivir-shivirlarni birma-bir eslashga tutindi.
Oradan ikki-uch kun o‘tmay “Mushtum”chilar orasida bolalay boshlagan pichir-pichirga e’tibor bermadi avvaliga, biroq, nogahon pichir-pichirdan g‘alati g‘avg‘oning qo‘lansa isi kelayotganini payqab qoldi. Vaholanki, Abdulla hamkasb yozuvchilardan ko‘ngli to‘q, bular maqoladan ko‘zda tutilgan asl niyatni to‘g‘ri tushunadilar. Muhimi, jurnalxonlar qalbida g‘ovg‘a uyg‘otishdan, keng o‘quvchilar orasida og‘izdan-og‘izga o‘tishidan umidvor edi, shuni kutgandi. Ular qolib… ittifoqo matbuotchi yozg‘uvchi safdoshlari o‘zlarini pana-pastqamga tortayotganlari faromush qilib qo‘ydi uni. Nahotki, matbuotchi yozg‘uvchilar anglab yetmadilar maqoladan ko‘zda tutilgan muddaoni? Anglamadilarmi yoxud anglashni istamadilarmi?.. Komil-ku, safarda, erta-indin qaytib qolar, u holda Ziyo, Xurshid… boshqalar-chi? Hamma yalpisiga bir odamday… bir tentak-bir ovsardek bir ovozdan tushunmasligi, anglamasligi mumkin emas…
Abdulla kursi yoniga cho‘k tushib, hozirgina yozgan jumlalariga ko‘z tashladi: “Tabiatning shunday shirin chog‘ida surnay, karnay orqasidan nog‘ora chalinib ketadir. Bularga quloq berib yotasan; lekin ko‘b yota olmaysan, turg‘ing, shularga qo‘shilib quvong‘ing keladir…”
– Darhaqiqat, – xayoli qochdi uning, negadir ko‘ngli g‘ash tortib, – Isoq domla tushmagurning gapida jon bor: mani yoz dedi, qalam-qog‘ozingni yig‘ishtir, mani gaplarimmi yoz dedi.
Abdulla ohista o‘rnidan qo‘zg‘aldi, tashqariga chiqib namchil, lekin yoqimli havodan ko‘ksini to‘ldirib nafas oldi.

Erta ko‘klam nafasi kelib qolgan, ko‘ngillar ochiq havoni istaydi, lekin hali sovuqning zahri butkul ketmagani bois, mahalla choyxonasidagi kunda-shunda shovvozlar deraza ko‘zlarini katta-katta ochib, teatr sahnasida tomosha ko‘rsatayotgan artistlar singari hangamani qizitib o‘tirishardi. Negadir shu tobda so‘z topilmas, yakkam-dukkam luqma tashlashdan nari o‘tilmas, o‘tganning o‘rog‘ini, ketganning ketmonini payrov qiladigan chapani yigitlar gap aytishga bahona istaganday angrayib-sangrayib o‘tirishardi.
– Iya, ana, gapni ustasi o‘z oyog‘i bilan keldi! O‘z oyog‘i bilan!
Sheriklari yashil guldor qiyig‘ini yelkasiga tashlab yuradigan davradoshlari kimni nazarda tutib chakagi ochilganini payqab ulgurmagan ham edilarki, shundoqqina tor ko‘chaning boshida ko‘ringan Abullaga ko‘zlari tushdi.
Hammalarining chehralariga tabassum yugurdi.
– Hoy, Abdi, – deb chaqirdi guldor qiyiqli yigit Xizr buvani uchratgandek sevinib. Biroq u uzun yengining ichidagi bedanasi cho‘chib ketmasin degan xavotirda qo‘lini orqasiga qayirib, bo‘sh qo‘li bilan imlab chaqirdi, qariyb shivirladi: – Bu yoqqa qara!
Abdulla mahalladoshlariga ko‘zi tushdiyu ortiqcha iltifot kutmay choyxona tomon burildi. Salomlashdilar.
– Choyxona issiqqina ekan, – dedi Abdulla kaftlarini bir-biriga ishqab. – Ko‘klam izg‘irini badanni o‘yadi-ya!
– Badaningni qizdiradigan o‘zimiz-da, – dedi o‘rta yoshlardagi boshqa birovi ensasini qashib. – Bir gapdan ol, Abdi, zerikib o‘ldig-u!
– Nima ham deyman, – kamsuqumlik bilan yerga qaradi Abdulla.
– San shunaqa desang, bizga yo‘l bo‘lsin gap aytishka, uka! San o‘qigan, dunyo ko‘rgan yozg‘uvchi bo‘lsang. Biz xat tanimaydigan bir omi bo‘lsak.
– Bundooq choyxonaga chiqib turmasang, bizzi to‘kmalarga qo‘shilmasang…
– Ta’tilda edim. Erta bahor, bog‘ning yumushlaridan ortolmaysan kishi. Yangigina ishga tushdim.
– Yaqinda Maskovdan kelding-a?
– Ibi, Maskov bordingmi?!
– Bir yil o‘qib qaytdi-ku, eshitmadingmi, galvars?!
Abdulla bu yoqda qolib, uning Maskovga o‘qishga borib qaytgani mahalladoshlari o‘rtasida qizg‘in munozaraga aylanib ketdi.
– Endi bu bilan hazillashib yurmalaring, tag‘i, naqd so‘z bilan abjag‘ingni chiqaradi-ya!
– O‘rischa yozarmishsan, bor gapmi, shu?!
– Quyrug‘i anavi eshikka sig‘maydigan dumsizlarni koni deyishadi Maskov, boshqasini qo‘y, shundan gapir, Abdi!
Qahqaha, qiyqiriq choyxonaga sig‘may ko‘chaga taraldi. Davradagilar vujudlari ko‘zga aylanib, Abdullaning og‘zini poylashdi. Hammalarining nazarida hoziroq “o‘z oyog‘i bilan kelgan” mehmon ular boshlagan mavzuda biri biridan g‘alati va ajoyib hikoyalarni ming bir kecha qilib qatorlashtirib tashlaydigandek edi. Biroq Abdulla kulimsirab, go‘yo o‘qish umidida Maskovga borgani ayb ishdek bo‘ynini qisib o‘tiraverdi.
– Hm, bordik, o‘qidik… Quyrug‘i eshikka sig‘maydiganlarni qo‘yinglar, illo Maskov deganlari tamomila bo‘lak dunyo. Turish-turmushiyu qadam olishidan nafas olishigacha bo‘lakcha…
– Nimasi bo‘lakcha? Qisinmay gapir-da, uka!
Abdulla jindek o‘ylab olgach, savolga javob qaytarishga kirishdi.
– Bo‘lakchaligi… – dedi u salmoqlanib, so‘ng dadil-dadil so‘zlay ketdi: – O‘qiyman, ilm olaman deganning sanog‘i yo‘q.
– Yo‘g‘-e! – dedi hamon bir qo‘lini orqasiga yashirib, bedanasini avaylayotgan qorachadan kelgan kishi, ko‘zlarining ola-kulasini chiqarib. – Bizga o‘xshash bedana cho‘qishtiraman degan xo‘roz erkak ham bordir Maskovda?
Abdulla Maskovning bo‘lakchaligini sanashda davom etdi:
– Rusiyaning to‘rt tarafidan o‘qish maqsadini ko‘zlab oqib kelayotgan yigit-qizlar bilan gurung qursangiz bahri dilingiz ochiladi. Hayrat va havasdan yoqa tutasiz!
– Nechta qiz bilan gurunglashding? Besh-oltitasini yetaklab kemabsan-da, Eshonguzarga!
– Voh-voh-vohe-y-y!
– Oh-oh-ohe-e-y-y!
– Jonimmi qoqay-y, joningda-a-a-n!
Safar taassurotlari qolib, askiya qizidi. Payrov ikki bor davra aylanmagan ham ediki, bir payt tashqarida ikki begona erkakning qorasi ko‘rindi. Biri kalta charm paltoda, ikkinchisi esa rusga o‘xshadi – uzun shinelli – begonasirab oyoq olishlaridan kimnidir surishtirib kelishgani sezildi.
– Qaramalaring! – deya shipshidi o‘tirganlardan birovi. – Turqidan iskovichni o‘zginasi. Ha, Abdi, Maskovdan ol, og‘ayni! Gapiraver!
Biroq buning iloji bo‘lmadi. Charm paltoli erkak ochiq deraza yoniga yaqin keldi-da, salom berdi. “Tatar ekan” deb qo‘ydi Abdulla ichida uning lahjasini eshitgach. Eshitdiyu, birdan yuragining allaqayerida nimadir chirt etib uzilgandek bo‘ldi. Axir uni, uning o‘zini so‘rayapti bu iskovich!
– Qodirov Abdulla… Eshonguzar dahasi, uchinchi ko‘chada yashaydi, uyi qayerdaligini bilmaysizlarmi?
O‘tirganlar jimgina, ovoz chiqarmay Abdulla tomon o‘girilishdi.
– Man, – dedi Abdulla, – man…
Tatar kishi kulmoqchi bo‘ldimi, murdanikidek zahil aftida qandaydir o‘zgarish sezildi, biroq uning kulgisi juda xunuk, erta bahor izg‘irinidan-da yoqimsiz edi.
Abdulla hovliga chiqqanida tatar yigit katta ko‘cha tomon borib ulgurgan, sherigining yonida qo‘llarini cho‘ntagiga suqqanicha g‘o‘dayib turardi.
– Kelinglar, – dedi Abdulla surishtirib keluvchilarning yoniga borgach, qaysi ohangda gapirishini bilmay. – Xizmat?
– Tut vash dom blizko? – so‘radi ikkinchi notanish kishi.
– Ne daleko, – javob qildi Abdulla.
Ko‘chaga ichkarilab ketishdi. Uylariga yetgan joydagi muyulishda orqasidan yetib kelgan o‘g‘li dadasiga salom berdiyu, chopqillaganicha ulardan o‘zib ketdi. O‘ynab yurgan ekan-da, deb ko‘nglidan o‘tkazdi Abdulla. Bir ko‘ngli o‘g‘lini to‘xtatib, Habib, tezda uyga borgin-da, ayangga ayt, mehmonlarga choy hozirlasin, demoqqa og‘iz juftladi hamki, negadir shu yumushni o‘g‘liga tayinlash niyatidan aynidi.
Ko‘ngli ilg‘agan noxushlik uzoq “hayallamay” ayon bo‘ldi-qoldi.
Ikkala notanish kimsa iltifot ham kutmay hovliga kirib borishdi.
– Ijodxonangiz qaysi uyda? – savol qotdi tatar yigit. Abdulla pastak, loysuvoq tomli uy tomon imo qilib ulgurmay, he yo‘q-be yo‘q to‘g‘ri borib eshikni ochdi-da, sherigini o‘zidan oldinga o‘tishini kutdi, so‘ng, “Kiring!” dedi Abdullaga amirona. Bolaning ovozi nihoyatda sovuq, yoqimsiz edi. Mezbon hamon gap nimada ekanini anglamasa-da, o‘z uyida o‘ziga amr qilayotgan kimsaning ra’yiga yurdi. O‘zi ham ichkari kirgach, eshikni zichlab yopdi. O‘ris kimsa qaqqaygan ko‘yi xonani nazardan o‘tkazdi. Ko‘ziga ishonmadi chog‘i, tatar yigitga savol nazari bilan xo‘mraydi. Tokchada yotgan papiros qutisini qo‘liga olgachgina chiroyi ochildi.
– “Epoxa” chekadilarmi?
– Shunday, – deb papiros qutisini kavlashtirdi. Ikki dona olib birini sherigiga uzatdi.
– Har qalay mehmonmiz, bitta-bitta chektirarsiz?
Garchi so‘zlari savolga o‘xshasa-da, savoldan ko‘ra amirona tusda, istamay qayoqqa borarding, degan ohangda edi.
– Bemalol, chekaveringlar, – dedi ro‘yxush bermay Abdulla.
– Bor qog‘oz-pog‘ozlarni yig‘ishtiramiz, – dedi o‘ris yigit avzoyiga jiddiy tus berib va xuddi o‘z uyini saranjomlashga kirishgan oila bekasidek qo‘liga ilingan kitob bormi, daftar va varaqlar bormi, sandal kursisi ustiga taxlashga kirishdi.
– Svejiy yozganlaringiz bormi? – so‘radi u Abdulladan va javob kutmay uzun devorga qoqilgan gilamni ko‘tarib ostiga qarayotib.
Uy sohibining: “Hozircha yo‘q”, degan javobiga quloq ham solmay unga yuzlandi.
– Biz bilan yurasiz, uydagilarga ayting, shovqin ko‘tarishmasin! – dedi do‘stona bir yumush yuzasidan sirlashayotgandek ovozini pastlatib.
Xonadan dastlab Abdulla chiqdi, uning qo‘ltig‘ida o‘ralgan yengilgina ko‘rpa bilan yostiqni ko‘rgan Rahbarnisa ayaning rangi o‘chib, turgan joyida devorga suyanib qoldi. Uning ortida Josiyat bibi ko‘rindi.
– Oyi, – dedi Abdulla xotirjam va vazmin tovushda, – uch-to‘rt kunlik bir yumush chiqib qoldi, xavotir olmanglar, ishim bitgan zahoti qaytib kelaman.
Josiyat bibi ko‘ngli allanechuk xavotirli o‘yda, keng yengini og‘ziga bosgancha, ovoz chiqarmay yig‘lab yubordi.

Abdullaning nazarida dastavval noxush xayollarga borish o‘rinsizdek edi. Dastlabki ajablanishlar va hayajonlar o‘tgach esa sababsiz ich-ichidan kulgi kelaverdi. Qandaydir anglashilmovchilik yuz bergan, shu bugunning o‘zidayoq tunda, kechi bilan ertaga ertalab uzr aytib ozodlikka chiqarib yuborishadi degan qat’iy qarorga keldi. Hatto shu o‘y-shu xayolda go‘yo halizamon eshikni ochishadi-da, uni bu yerlardan chiqarib yuborishadigandek, bordiyu chaqirib qolishguday bo‘lsa, shoshilib qolmaslik uchun shay turgan odamdek, temir eshikning yonginasida cho‘nqayib o‘tirib oldi. Beixtiyor nari ketsa darhol iziga qaytar, to‘satdan chiqishiga izn berilsa, ul-bulni unutib qoldirmay degan o‘yda yon-veriga qarab-qarab qo‘yardi. Faqat ertalabga qadar yolg‘iz o‘zi o‘tirgan choqqina hujra emin-erkin xayol surish, ijodiy rejalarni ko‘ngilda puxtalab olish uchun ayni muddaodek tuyuldi. Ta’til kunlari qariyb qog‘oz qoralamadi, hisobini olsa, uning yozganlariga ixlos qo‘yib o‘quvchilar bilan yuzma-yuz kelmaganiga naq bir yarim oydan oshibdi. Keyingi yillarda uning ijodida bu qadar uzoq tanaffus bo‘lmagandi. O‘zi ham ikki kun yozmay qo‘ysa qo‘li qichiy boshlar, ko‘knorini ezib ichmay qo‘ygan bangidek karaxt bo‘la boshlar, halovatsizlanar, dam Chorsu bozorini aylanar, dam choyxonaga chiqar, dam Isoq domlaning suhbatini olar, Mirahmad tajangning gurunglarini sog‘inib qolar, “Turon” qiroatxonasining zalvorli eshiklariga kech oqshom chog‘i qulf urilgunga qadar kitob, gazit-jurnal titkilab hovurdan chiqar, xullas, ko‘zi nazari tushgan voqea-hodisadan, qulog‘iga chalingan ikki og‘iz jumlayu luqmadan maqola yasab tashlash hadisini olgandi. Bir hisobda ro‘man ustidagi ishlari yurishdi, u bundan mamnun, “O‘tkan kunlar”ning dastlabki qismlari jurnalda bosilgach, qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qildi, o‘qilmoqda. Lekin u allaqachon nihoyasiga yetgan esa-da, yirik asarga sayqal berish tugamaydigan ish ekan, hechqisi yo‘q, uch-to‘rt maqolani pishitsa, ­e’lon qildirsa, so‘ng bahor oyoqlamay yana ro‘monga, asar voqealari ichida tug‘ishganlari yanglig‘ qadrdonlariga aylanib qolgan qahramonlari davrasiga sho‘ng‘iydi.
Abdulla ich-ichidan po‘rtanadek otilib chiqqan sog‘inch epkinidan qalqib tushdi. Garchi ro‘monning bosh qahramonlari Otabek bilan Kumushbibi esalar-da, Yusufbek hojiga e’timodi o‘zgacha, unga bag‘ishlangan sahifalarni takror-batakror mutolaa qilishdan charchamas, zerikmasdi ham. “O‘tkan kunlar”ga xayol qochgan lahzada ko‘z o‘ngida birinchi navbatda Yusufbek hoji gavdalanar, qay voqeaga qalam urmasin, har bir so‘zi, jumlasi, tasviri bichimini yaratishda albatta mo‘ljalni Yusufbek hojining nazar-nigohidan kelib chiqqan holda olishga harakat qilardi. Go‘yo ro‘monni Yusufbek hoji uchun yozgandek, Yusufbek hojining andishasi uchun yaratgandek, andek saktalikka yo‘l qo‘ysa avvalambor Yusufbek hojining oldida xijolatli holatga tushadigandek bu fayziyob va shukuhli siymoga bag‘ishlangan tasvirlar yod bo‘lib ketgandi.
“Nega vaqtsiz kelding, Otabek sog‘mi? – Yusufbek hoji Hasanaliga yetmasdanoq bu savolni berdi. Hasanali eshitmadimi yoxud eshitsa ham eshitmaganga solindimi, har nechuk javob bermadi.
– Nega indamaysan?
– Otabek salomat…
– Bo‘lmasa nega vaqtsiz kelding, Otabek qani?
Otabekning qamalishidan xabar berish Hasanali uchun juda og‘ir tuyulgan edi. Nihoyat ko‘zidagi yoshini artdi-da:
– Otabek Marg‘ilon hokimi tarafidan qamaldi, – dedi.
– Nega, nega? – dedi hoji, otidan sachrab yiqilishga yetkan edi. – Sababi nima?
– Sababi ma’lum emas.
– Astag‘firulloh, – deb qo‘ydi hoji, o‘zini biroz to‘xtatqan edi”.
“Astag‘firulloh!” dedi Abdulla Yusufbek hojiga taassuf qilib. Otabek-ku, tuhmat ortida hibs etildi, Abdulla-chi? Uning bu yerda o‘tirishining boisi nahotki “Yig‘indi gaplar”ga bog‘liq bo‘lsa?! Oddiy bir mazohar-hazilnamo tusda yozilgan maqola bo‘lsa. Nahotki, hazil – ma’yublik kursisiga loyiq ko‘rilsa?! Axir matbuotda ozmuncha gaplar yozilmoqdami? Ommaning ko‘zini ochish, ularning turish-turmushini yangi hayot o‘zaniga solish uchun qancha yozilsa, qanchalik basirat ko‘zlari ochilsa shuncha oz emasmi?! Qolaversa… to‘g‘ri, maqolani yozdi, uni odatga binoan jurnal rahbarlariga, shu qatori ijodkor birodarlariga o‘qib berdi.
“Otabek bilan birga qamalganlarni necha kishi deding?” – deb so‘radi Yusufbek hoji besar o‘y iskanjasidan qutulolmay.
– Bir o‘zim, yolg‘iz o‘zim, – dedi Abdulla boshini egib. Hasanali esa: “Uch kishi, – deb javob qildi. – Biri – Mirzakarim qutidor, ikkinchi Ziyo shohichi, uchunchi Rahmat”.
– Yaxshi, sen bu to‘rtavining o‘lturishlarida bo‘lg‘anmiding?
Abdulla dik etib o‘rnidan turdi, go‘yo ro‘parisida Yusufbek hoji turgandek, Abdulla ul zotning nigohlariga tik boqqan ko‘yi bor voqeani hikoya qilib bermoqqa jazm etgandek edi.
Maqola tayyor bo‘lgach, uni “Mushtum” jurnalining mas’ul muharriri Komil Aliyevga olib borib berdim. U kishi maqolani olgan zahoti uni o‘z ishxonasida baland ovoz ila o‘qishga tushdi.
– Muharrir maqolani o‘qishi asnosida xonada yana kimlar hozir edilar? – savol qotdi Yusufbek hoji, xayolan taftishni davom ettirib.
– To‘rtav… – deb taxayyul qilib qoldi Abdulla, so‘ng esladi shekilli, javobi qat’iylashdi: – Ha, mendan boshqa to‘rtav. Bular: Komil Alimov, G‘ozi Yunus, Sanjar Siddiq, Mirmuhsin Shermuhamedov.
– Maqola yuzasindan qanday xulosa bildirdilar?
– Muharrir o‘qub, tamom qilgandan so‘ng dabdurustdan so‘z aytolmadi. Ikkilanib o‘ylanib qoldi.
– O‘z og‘zi ila o‘qugani aniqmi? Yana kimlar maqoladan boxabar edilar?
Abdulla hayajonini sezdirmaslikka urinib, o‘zini zo‘r ila bosdi.
– O‘z og‘zi ila o‘qidi! Alimov maqolaning ayrim joylarini xato o‘quganida men tuzatib turganim aniq yodimda. Yana kimlar deysizmi?.. Ha, hali Alimovga ko‘rsatmasimdan burun Ziyo Saidga o‘zim o‘qub berdim, o‘sha o‘qiyotganim tepasiga Xurshid Shams kirib qoldi. Ul ham oxiriga qadar tek turib eshitdi. Shu.
Abdulla “Yig‘indi gaplar” chop etilgach, jurnal tarqalgach, Komil Alimov Samarqanddan qaytib kelgan kuni favqulodda darg‘azab holicha po‘pisa qila ketganidan shu tobda so‘z ochgisi kelmadi. Aslida esa, Alimov “ruxsat bermagan edim” deya do‘q ura ketdi, Abdulla bo‘sh kelmadi, “Mas’ul muharrir sifatida bo‘shanglik qilding, qat’iy gap aytishqa yaramading!” deb uning yuziga soldi. “Bo‘shanglik qilganim – rozilik bermaganligim belgisi emasmi?!” deya do‘q urishda davom etdi Alimov. “Mas’uliyatni o‘z zimmamga oldim, bostirdim”, dedi Abdulla mojaroga nuqta qo‘yish istagida.
– Zimmangga olgan bo‘lsang, javobini ham o‘zing berasan!
Abdulla mojaro muharrirning ushbu zardasi bilan nihoyasiga yetar deb o‘ylagandi, biroq xom o‘ylagan ekan, zero mojaroga nuqta qo‘yilmagan, aksincha haqiqiy mojaro endi boshlanayotgan ekan…
– Hammalariga Ollohning o‘zi insofi tavfiq ato etsun…

– O‘rtoq nachalnik! Maqolaning tarjimasi keldi! – dedi xushxabar yetkazayotgandek tantanavor ohangda Agidulin.
Belskiy oldidagi qog‘ozdan ko‘zini uzmay qo‘lini tergovchi tomon cho‘zdi. Tergovchi qalin papka ichidan yetti-sakkiz varaqni olib boshliqqa uzatdi.
– Menga ruxsat bering, o‘rtoq…
– O‘tir, – dedi boshliq Agidulinga joy ko‘rsatib. – O‘qib ko‘raylik.
U shunday deb qo‘liga olgan varaqlardagi yirik-yirik harflarda bitilgan qo‘l yozuviga ko‘z yugurtira boshladi. Ovoz chiqarib o‘qidi:
– “Vot uje poltora mesyatsa, kak ya ne besedoval s chitatelyami…” He! Bir yarim oy yozmagan bo‘lsang, senga nima yo menga nima, voobshe yozma. Birov seni majburladimi?!
– Tinmay yozar ekan. Tag‘in xilma-xil taxallusda. Topib, ajratib olish qiyin.
– “Ovsar” nima degani?
– Ovsar… Dovdir, Tentak degani. Idiot-da!
Vakolatli vakil mug‘ambirona kuldi. Dam-badam tovush chiqarib o‘qishda davom etdi:
– “U uzbeka vse spit. Rabochiy, dexkanin, kultura, prosveщeniye i ekonomika…” Tagini tushundingmi, uxlamalaring lodirlar, gumrohlar, uyg‘onlaring – atrofga qaralaring deyapti Ovsar deganing. Ovsar, tentak odam xavfli emas. O‘zini ovsarlikka, tentaklikka solgan odam – xavfli. Juda xavfli! Boshqa maqolalarini ham o‘qidingmi? O‘rgandingmi?
Agidulin boshliqni aldashdan boshqa chora topmadi.
– O‘qiyapman… Shoshmay o‘qiyapman…
– Ilintirsa bo‘ladigan joyi bormi?
– Ilintirish ham ishmi, istasak, bor, topamiz!.. Tarjimonning aytishicha, juda topib yozadigan xilidan ekan, satirani boplar ekan, lekin satirasini tagi, aytmoqchimanki, tili zahar-zaqqum ekan. O‘rtoq boshliq, qaradim-kuzatdim, o‘ziyam charsillagan yigit. Ko‘zining ichi to‘la nafrat, qandaydir… yozgan so‘zlari siz bilan bizga uzilgan o‘q! Sog‘lomga o‘xshamaydi.
– Sog‘lom bo‘lsa maktab ozligini tanqid qilarmidi? Ko‘chaga qara, shu qorni och olomon maktabda o‘qiyman deb o‘lib turibdimi?! Bu esa piching qilyapti, shuni sezmadingmi? Respublika oqsoqoli bilan Markazkom kotibini kalaka qilyapti… Millatchiligi qayerda?
Belskiy Agidulinning aftiga qarab savoliga javob kutdi.
– Qaysi gaplarini “millatchi” moddasiga uramiz? – takror so‘radi u.
Tergovchi pixini yorganlardan edi – dovdiramadi, esankiramadi, so‘zini yo‘qotmadi:
– Surishtirib kelganda, aksilinqilobchiligi millatchilik-da, o‘rtoq nachalnik! Revolyutsiyani, sovet hokimiyatini rad etyaptimi, shuning o‘zi uni ashaddiy millatchi deb ayblash uchun kifoya! Tepadagilarga qarab sakrayaptimi, demak, haddidan oshgan, biz esa uni popugini pasayti…
Belskiy mug‘ambirona kuldi, u o‘zi ishongan tergovchisining tulkidek hushyorligidan mamnun edi.
– Bo‘yniga olmasa-chi? – savol qotdi u o‘smoqchilab.
– Bo‘yniga oldirish ish emas.
Vakolatli vakil tagidagi kursini taraqlatib sapchib turdi-da, ikki hatlashda xonaning o‘rtasida paydo bo‘ldi.
– Hoy, ahmoq! – dedi u mushtini tergovchining boshiga nuqib. – Tag‘in bo‘yniga oldiraman deb ishni pachavasini chiqarib o‘tirmagin-a!
Agidulin ham shu zahoti qad rostlagan, saf tortgan askardek qaddini g‘oz tutib turardi.
– Bir martayam chaqirmadim. Chertmadim. Bo‘yniga oldirish u yoqda tursin, gap­lashmadim ham.
Belskiy yengil tortdi.
– To‘g‘ri qilgansan. Nafaqat sen, birortasi gaplashmasin. Anavi iskovuchlaringga tayinla, og‘iz-burun o‘pishib yurmasin!
– Tushundim, o‘rtoq boshliq!

Yusufbek hojining yupanch so‘zlari Abdullaga yaxshigina tasalli o‘rniga o‘tdi. Aslida ham shundan: ortiq vahima ko‘taradigan tusi yo‘q, maqola nari borsa, ko‘proq kulgi tariqasida… U xuddi xayolining tubidagi o‘ylarini uni to‘rt tomondan qurshab turgan sovuq siymon devor o‘qib olayotgandek tuyuldi, birov payqab qoladigandek jim bo‘ldi. Tavakkaliga, yo‘q, dangaliga Yo‘ldoshiniyam, Akmaliniyam nishonga olish niyati yo‘q emasidi. Nahotki, sezilgan bo‘lsa?.. Nahotki… Qo‘y, Abdi, bo‘lar ish bo‘ldi, bu yog‘iga “nahotki”ga balo bormi?! Gap bitta, bu yog‘iga mijg‘ovlanish – mardga yot, deganlaridek, yo ostidan, yo ustidan!.. Bu haqda o‘y surish, bu niyatini muhokamaga qo‘yish aqlsizlik, lodonlik, yaxshisi, chaqirsinlar, kerak desalar, so‘roqqa tutsinlar, qalaming sinmagur Ovsarbek hech bir savolni javobsiz qoldirmaydi. Maqolada na hukumatga, na-da siyosatga ta’na-dashnom yo‘qligini isbotlaydi. Umuman matbuotga maqola yozish qanday ijodiy hunar, matbuotda muzhika, ya’ni kulgi nima, matbuot kulgisiga o‘zbekona munosabat, uni qanday talqin etmoq darkor, “Yig‘indi gaplar”ni yomonlikka emas, butkul yaxshilikka yo‘yish – barini tushuntiradi, uqdiradi.
Kun esa o‘tib bormoqda, xayol uyuri dam zo‘rayar, dam taqa-taq to‘xtab qolar, goho esa girdob yanglig‘ qorong‘i tubsizlik sari shuvullaganicha tushib ketar, Abdullaga tasalli berib turgan dastlabki kunlardagi anglashilmovchilikka yo‘yish tuyg‘usi endi tap-tayyor shubha-gumonlarga aylana borayotgan, bir narsani takror-takror o‘ylash, xayol ummoniga takror-batakror ko‘milishdan tayinli naf topolmagani sari esa… boshi og‘ib, moshinavori alfozda usta Olimnikiga borib qolgan Ota­bekning ahvoliga tushayotgandek edi.
Otabekni qo‘yib usta Olimni, ustaning tole kulib boqmagan taqdirini, uning ko‘zi yorish chog‘ida hayoti zabun bo‘lgan ayoli… Abdulla bexos qalqib tushdi. Ichiga o‘t tushgandek joyida o‘tirolmay qoldi. Hujra bandiligining nechanchi kuni o‘tmoqdaki, Rahbarnisaning ahvolidan fikr qilmadi! Axir ayoli og‘iroyoq, boyaqish gumonasini ko‘tarib yurish nechog‘liq og‘ir kechmasin churq etib tovushi chiqmaydi. Ayollik yumushlarini bibisi bilan bamaslaht ado etadi. Bundan bir qadar ko‘ngli to‘q esa-da, nega biror marta xotinini eslamadi, uning ahvolini o‘ylab xavotirga tushmadi? Yoki undan ko‘ngli to‘qmidi?.. Abdulla o‘zidan hayron, o‘zini tanimay qolayotgan edi.
Ikki “yasovul” yetovida uyidan chiqayotib bibisiga qaradi, bibisining ortiga pana­la­nib turgan Rahbarnisaga nazar tashlamadi-ya! Nigohidagi yozuvlarni o‘qimadi-ya! “O‘zing­ga mahkam bo‘l, eson-omon qutilib ol, onasi”, deb dalda so‘zini aytolmadi-ya, loaqal!..

Yolg‘izlikning to‘qqizinchi kunida bir hikmat borga o‘xshab qoldi. Shu kunlar mobaynida nimalarni o‘ylamadi Abdulla?! Adoqsiz o‘ylarning uchiyu quyrug‘i chalkashib ketar, obdan bir boshdan tuza boshlagan rejasidan chalg‘ib, kalavaning uchini yo‘qotib qo‘yar, kundek ravshan xayollari serqavat bulutlar og‘ushida ko‘zdan yo‘qolgan yulduzlar misoli g‘oyib bo‘lar, qo‘lga ilinmas, tutqich bermas, Abdullaning o‘zi osmon bilan zamin o‘rtasida muallaq holda suzib borayotgandek, o‘zini qo‘lga olish, xayollarini jamlash, paydar-pay tug‘ilayotgan savollarga ta­yinli javob topish qasdida yotar o‘rni – devorga mahkamlangan yotaloq temirini bor kuchi bilan, barmoqlari lo‘qillab og‘riguniga qadar changallar, a’zoyi badani qaqshab, ter quyib ko‘z o‘ngidagi yolg‘izxonaning sovuqdan-sovuq manzaralari tiniqlashgandagina o‘zining qayerda va ne holatda o‘tirganini anglab yetar va yana qaytib javobsiz savollar ummoniga g‘arq bo‘lardi. To‘qqizinchi kuni yoniga qo‘yilgan hamroh uni bunday holatlardan xalos etadigandek edi. Biroq Abdulla o‘zini kamgaplar toifasidan deb hisoblardi, hamrohi undan battar ekan – ahyon-ahyonda suhbat jonlangani demasa, baraka topgur – Abdulla unga “Indamas” deya taxallus qo‘ydi – na kun-na tun churq etdi. Bir safar Abdulla boshiga tushgan mashmashadan so‘z ochdi, gunohim nima – bilmayman, deb yubordi.
– Qamab olishdimi, gunoh topiladi, – dedi “Indamas” hammaga ayon oddiy haqiqatni takrorlayotgandek ming‘irlab xotinchalish ovozda. So‘ng uzoq o‘ylab o‘tirmay qopqonga tushgan sichqondek chiyillab, “hukmi”ni o‘qidi:
– Toqatingizni sinashyapti. Sudsiz chiqarishmaydi. Norozilik bildiring.
– Qandayiga?
– Ovqat yemang.

Ayblov xulosasi

O‘rt.Osiyo PP OGPU 1926 yil 547 raqamli “Mushtum” jurnalining mas’ul xodimi chiqaruvchisi Qodirov Abdullaning O‘zSSR JK 105, 116 va 72-moddalari bo‘yicha ishi yuzasidan
Abdulla Qodirov, adabiy taxallusi “Julqunboy”, “Mushtum” jurnalining mas’ul xodimi va chiqaruvchisi, mazmuniga ko‘ra milliy ixtiloflar keltirib chiqarishga qaratilgan hamda O‘zSSR MIK raisi o‘rt. Oxunboboyev va O‘zSSR KP MK(b) sekretari o‘rt. Ikromov siymosida sovet hokimiyati va kompartiyani obro‘sizlantirishga qaratilgan aksilinqilobiy maqolani keng tarqatish maqsadida tayyorlagan.
Mas’ul muharrir ushbu maqola bilan tanishgach uning bostirilishiga Abdulla Qodirovga ruxsat berish u yoqda tursin, qat’iyan ta’qiqlagan. Biroq Qodirov muharrirning ish joyida yo‘qligidan foydalanib va jurnalni chiqaruvchilik vazifasini suiiste’mol qilib, Obllitda o‘rnatilgan tartibni aldov yo‘li bilan chalg‘itib, maqolani “Mushtum “ jurnalining navbatdagi 27-sonida bostirib yuborgan.
JK 105-moddasining 1-bandi, 116 va 72-bandlari bo‘yicha ayblanuvchi Qodirov Abdulla o‘ziga qo‘yilgan ayblarni qat’iyan rad etar ekan go‘yo “Yig‘indi gaplar” maqolasi mutlaqo aksilinqilobiy maqsadlarda yozilmaganini, shuningdek maqola bosmaga berilishidan avval muharrirga berilgani va muharrir maqolani bosish uchun ijozat berganligini aytdi. Haqiqatda jurnalning 27-sonini tayyorlashda, matnni o‘qish va tuzatishda ishtirok etganligini tasdiqladi.
O‘ziga qo‘yilgan ayblarni mutlaqo rad etishiga qaramay dastlabki tergov ishlarida fuqaro Qodirov Abdulla – o‘zbek, Toshkent shahridan, mayda hunarmandlardan, 30 yosh, partiyasiz, xonaki ta’lim olgan, 1917 yilga qadar prikazchik va duradgor, 1917 yildan militsiyada, Oziq-ovqat qo‘mitasida, Eski shahar profsoyuz kengashida, “Ishtrokiyun”, “Qizil O‘zbekiston” gazetalarida, “Rosta” muxbiri, “Inqilob” jurnalida xodim, “Kommunist yo‘ldoshi” va “Mushtum” jurnallarida ishlagan. Muqaddam sudlanmagan. Yuqorida sanab o‘tilgan moddalar bo‘yicha ayblari fosh etildi.
Bayon etilganlardan kelib chiqib Abdulla Qodirov Toshoblsudiga yo‘llanmoqda JKning 211-moddasiga binoan oblprokurorga ashyoviy dalillari bilan o‘tkazilmoqda.
Ayblanuvchi Qodirov Abdulla 8 martdan 3 aprelga qadar Toshtuzatishuyiga o‘tkazilgan va Toshoblprokurori ixtiyoriga jo‘natilmoqda.
Sudga chaqirtiriluvchi shaxslar ro‘yxati va ashyoviy dalillar ilova etilmoqda.
1926 yil aprel oyi 5-kunida tuzildi.
SO vakili – Agidulin
“Roziman” O‘rtOsiyo SO PP OGPU boshlig‘i – Karpilov
“Tasdiqlayman” – O‘rt. Osiyo OGPU vakolatxonasi, vakolatli vakil – Belskiy.
Asliga to‘g‘ri: Trigulov

Abdulla hibsga olinganining o‘ninchi kuni deganda toqati-toq bo‘ldi. Sabr kosasi to‘ldi. O‘n kundirki, bir kimsa chaqirib yo huzuriga kirib uning qamoqxonada tutib turilishi sababini aytsa, so‘roq o‘tkazsa, ayb e’lon qilsa! Kunda avaxtaxonaga kiradigan, ochiq havoga sayr uchun olib chiqadigan mirshablarning bari bamisoli mum tishlagan.
Qiziq, Abdulla eng ayanch ahvolga tushgan holatida ham ijodni, boshiga yog‘ilgan ko‘rgilikni qay tariqa qog‘ozda bayon etish epini izlar edi. Bundan goh ajablansa, goh uni g‘oyatda tabiiy hol deb hisoblar, maning qismatim – xalqqa qarata ochiq so‘z aytmoq, murod-maqsadim ham shul, deya ishga kirishaverardi. O‘n kecha-kunduz yolg‘iz qoldirilishi avvaliga og‘ir botdi, jazoning shu turini ravo ko‘rishibdi-da, deya istehzoli kulib qo‘ydi. Ayniqsa yoniga “Indamas” kelib qo‘shilgach, bu hamrohning arvoh kapalakday qimir etmay va churq etmay o‘tirishi qaytaga Abdullaning yolg‘izligini boz ta’kidlayotganday, betiga solayotganday bo‘laverdi. Xayoli tutqich bermas, goh o‘z taqdiriga nisbatan beparvo bo‘lib qolar, goho esa uyga qaytgandagi ahvolni ko‘z o‘ngiga keltirib, xayolan voqeiy ertak yozdi.
– Ada, qayerga borib keldingiz? – deb qistalang qilib so‘raydi Habibulla. – Sizni rosa sog‘indim.
Unga Nazifa qo‘shiladi. Qiz bola-da, ancha hushyor, “Cho‘pchak aytib berishingizni sog‘indim, ada”, deydi bo‘ynidan quchoqlab. Abdulla sog‘inmadimi o‘g‘il-qizlarini! Sog‘inish ham gapmi?! Vaqti kelsa, ertalab ishxonaga jo‘nab kechda qaytgunicha sog‘inib qoladigan qaqildoq qizining tesha tegmagan gaplarini, yerga ursa osmonga sapchiydigan o‘g‘lining to‘polonchiliklarini.
Farzandlariga qo‘shilib, tabiiy, kattalar ham surishtirib qo‘yishmaydi. Qayerda yotding, sharoiti qanday ekan, qiynashmadimi. Och qolmadingmi, hokazo va hokazo.
– Hammalariga ertak aytib beraman! – Abdulla xayoliga kelgan fikrdan xursand bo‘lib ketdi. – Shu kunlarning ertagi bo‘ladi bu ertak. Shunday yozamanki, bolajonlarga birdek yoqadi, tushunarli bo‘ladi, muhimi, tushungan odam o‘zicha tegishli xulosa chiqarib oladi. Hikoyami, ro‘manmi, ertakmi, muhimi – xulosa!

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadi-im o‘tgan zamonda, yo‘q, ayni bizning zamonda, Toshkent degan tomonda, shaharning Eshonguzar otliq deparasida mulla Rostgo‘y degan odam yashagan ekan. Mullaligi uchun rostgo‘ymi, rostgo‘yligi mullaligidanmi – bilib bo‘lmas ekan. Bolalikdan ko‘p maktab ko‘rgan, xat-savodli amaki ekan. Ko‘rgan-eshitgan voqealaridan turfa maqolalar yasab tashlayverar, yozganlarini dam gazit, dam jurnallarda bostirishni odat qilgan ekan. Uning yozganlarini odamlar talashib-tortishib o‘qiydirgan bo‘lishibdi. Bunga sayin Rostgo‘y amaki g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shilar, qancha ko‘p rost gapni yozsam odamlar o‘qigani sayin bilimi oshadi, bilimi oshgani sayin fikri-zehni taraqqiy topadi, bunga sayin yashash tarzi yangilanadi, deb qattiq ishonar ekan. Matbuot joni-dili va birdan-bir ishongani-inongani ekan.
Xullas, kunlardan bir kuni mulla Rostgo‘y achchiqlanib yura-yura mardumi avomning fikr-o‘yiga ta’sir ko‘rsatarmikan, odamlarni g‘aflat uyqusidan uyg‘otarmikan degan umid-istakda “Yig‘indi gaplar” degan shapaloqdekkina maqola yozibdi. Qattiq yozibdi, achitib-o‘ymalab oladigan qilib yozibdi. Kinoya va pichinglarni qalashtirib tashlabdi. Maqola…
– Qodirov!
Temir eshik quloqni qomatga keltirib sharaqlab ochilgan zamoni, ichki tartibga binoan, Abdulla qalqib qad rostladi, pinagini buzmoqchi emasdi, lekin uni so‘rab kirishganini eshitdiyu vazmin o‘ylari to‘zondek to‘zib ketdi. Zulmat eshigining har safar ochilishi uni ozodlikka olib chiqishi mumkinligidan umidini uzmagandi. Bu mazlumlik bugun yo erta, erta yo indin barham topajagiga uning ishonchi komil. Ko‘p o‘yladi axir, o‘ylab o‘yining adog‘iga yetmadi axir – kuldi, ranjidi, achchiqlandi, tutaqdi, yana kuldi. Qanday bema’nilik axir bu? Qancha ishlari o‘lda-jo‘lda qoldi, jurnalning yumushlarini aytmasinmi!?
Ertagimizni davom ettiramiz. Shunday qilib, Rostgo‘y amakini he yo‘q, be yo‘q hibsga olishibdi!
– Ibi, jurnalga maqola bitgani evaziga zindonband etish odati ham bormi bolshevoylar yurtida?! – deya yoqa tutibdi Rostgo‘y amaki. – Qulingizning fahmicha, zindon boshqacha bo‘lardi, shekilli.
Rostgo‘y amakining nazarida u qamalmagandek, negaki, necha kun, necha tun temiru siymondan yasalgan xos hujrada yakka-yolg‘iz bir o‘zginasini “asrab-avaylab” saqlashibdi. Gaplashay desa bir kas yo‘q, toqat qilib o‘tiraveray desa amakining fe’li tor, dunyoda eng yomon ko‘rgani – bekor o‘tirish ekan, bekorchilikni jinidan battar yomon ko‘rar ekan. Dunyoda eng og‘ir jazo – odamni bekor qoldirish deb hisoblar ekan.
Emasa-chi, Abdulla ko‘ngliga tugib qo‘ygan gapi qancha, ularni bitta-bittalab talay olomon, bozor to‘la olomon o‘qiydirgan tarz-uslubda yozsa bormi! Yozganlari paydar-pay jurnalda bostirilsa!.. Illo kutilmagan bu anglashilmovchilik…
“Alhazar!” deb yuboribdi Rostgo‘y amaki. U hamon hibsga tashlanganligini ang­lashilmovchilikka yo‘yar, shuncha kun o‘tsa-da, har temir eshik ochilib-yopilganida ana chiqaman, mana chiqarib yuborishar degan umidda ko‘zlari to‘rt bo‘lib kutar ekan.
Biroq Abdulla hamon hayron – kimsan, qaydan kep qolding bu yerga, qay gunoh ishlarga qo‘l urib qo‘yding deydigan banda yo‘q, to‘rt tomoni – boshining tepasi, oyog‘ining osti siymon devor – yolg‘izxonada o‘zi yolg‘iz…
– Ollohni panohiga!
Abdulla to‘qqiz kunlik yolg‘izlikdan so‘ng kechagina qavatiga kelib qo‘shilgan sherigiga qaradi. Miqtidan kelgan, qaddi dol, rangi zahil, turqida qo‘rquv qotib qolgan hujradoshining nigohidan tayinli ma’no uqmadi. Bu odam gapirganida labi qimirlamas, qarashi, afti zarracha o‘zgarmas edi.
– Inshoolloh!..
Abdulla eshik yoniga yetganida ortiga o‘girildi. Bir zum hayallashining jazosiga dag‘dag‘a-la aytilgan “Chiqing!” degan amr qulog‘iga ignadek qadaldi. Bunday “iltifot”ning mazmunini fahmlab ulgurdi u. Demak, ozod qushga aylanishi dargumon…
Rostgo‘y amaki yo‘lakka chiqqan zamoni ikki soqchi qurshovida qolgani, eshik taraqlab yopilib, sharaqa-shuruqlab qulflanganini ko‘rgandagina batamom qorong‘i zindonning naq tubida saqlanishga hukm etilganiga iqror bo‘libdi.
– Yuring!
“Aynan kechagi tomoshaning o‘zginasi”, dedi ichida Abdulla.
To‘ladan kelgan, qora cho‘tir yuzli, qo‘ng‘iz mo‘ylabli, chamasi o‘ttiz besh-o‘ttiz olti yoshlardagi afti kesakdek sovuq soqchi – Abdullaning yuragi shig‘ etib ketdi – turqi Homidning o‘zginasi-ku! Faqat bu nusxa ro‘manda tasvirlangan Homidga qaraganda u qadar uzun bo‘yli emas, sergo‘sht, ko‘zlari so‘nik.
– Tavba! – deb yubordi Abdulla. – Homidning o‘zginasi-ku!
Rostgo‘y amaki bilan Abdullaning taxmini bir joydan chiqqanini ayting: har ikkisi yoshi katta soqchini Homidga o‘xshatishibdi. Faqat Rostgo‘y amaki tilini tiya olmas ekan.
– Aftining qoraligini! Aynan Homidning turqi! – Shunday deb u indamasa tikkasiga soqchining aftiga savol qotguday niyatda tiliga erk beribdi. – Qayerlarda qoraygansan, o‘rtoq? Asli nasling qora emas, ko‘r ko‘zga ham ko‘rinib turibdi, keyin qoraygansan, keyin. Odam oftobda qorayadi aslida. Sen esa mana shu nursiz yo‘laklarda yuraverib qoraygansan, panjaralarning qorasidan qoraygansan, diydang qotgan, ya’ni qoraygan! So‘ngra diydangda bijg‘igan qorakuya diydoringga urgan…
Tashqaridan qaragan odam darhol payqashi qiyin emas – yoshi katta soqchi xizmati obdon badiga urgan shekilli, erinchoqlik bilan alpang-talpanglab qadam tashlamoqda. Abdulla qo‘llarini ortiga bog‘lagan ko‘yi qo‘ng‘iz mo‘ylablidan ikki odim ortda unga ergashdi. Aytdi-ku, kechagi tomoshaning o‘zginasi! Kecha ikki nozir shu uzun yo‘lakdan boshlab ketdi uni. U ketayotib yo‘lakning ikki tomonida temir eshiklar saf tortganiga e’tibor berdi, “sayohat” tugab qaytayotganida esa har bir eshikning odam bo‘yi baravar o‘rnida mayda sim to‘r tortilgan darcha borligini, har bir darchadan g‘imirlagan sharpa – yo qo‘rquv, yo ilinj, yo qahr to‘la nigohlar alanglayotgani ko‘z oldidan lip-lip o‘tdi.
Undan ikki odim orqada ergashib kelayotgan o‘spirinning engil-boshi xiyla uniqqan, o‘zi hali u qadar qorayib ulgurmagan, rangpar, qadam olishlaridan o‘ziga ishonchi yetishmasligi, qo‘rqoqligidan dalolat berayotgandi.
– Shak-shubha yo‘q, uzoqqa bormay bu joylarning nuqsi shu yigitchaga ham urmay qolmaydi, – debdi Rostgo‘y amaki. – Qorayadi, qizg‘imtir qora odamga aylanadi.
O‘spirin soqchi o‘yinchoq o‘ynayotgan boladek biqiniga osilgan kalit shodasini bir siltadiyu, undan keragini tutib olib panjara-eshik qulfiga suqdi.
– Yur-e!
– Aytmadimmi? Manavinaqa homidlarning bari qadimgi devlardan, iblislardan tarqagani aniq!
Shu damda Rostgo‘y amakining shartakiligi Abdullaga yoqib tushdi. “Homid”ning og‘zidan gup etib qo‘lansa is burqsidi. “Chekmayaptiyu!” deb hayron bo‘ldi Abdulla. Hayron bo‘ldiyu xayoli boshqa yoqda – qayoqqa borayotgani, necha muyulishni ortda qoldirayotgani, nechta eshik ochilib-yopilayotganida edi. Har safar navbatdagi eshikdan o‘tish chog‘ida soqchilarning o‘rni qay tariqa almashayotganini payqamay qolayotganidan hayronligi ortardi Abdullaning.
– Ins-jinslar odamlarning ko‘ziga ko‘rinmay uchib yuradi! – deb izohlabdi Rostgo‘y amaki bu ahvolni. – Bu nusxalarning ins-jinsdan nima kam joyi bor?!
Abdulla esa Rostgo‘y amakidan o‘zgacharoq fikrlayotgandi. Axir shular ham millatdoshlarimiz-ku, shularning ham ota-onasi bor, oilasi – bola-chaqalari bordir. Rostgo‘y amaki aytmoqchi, bular xizmatlari ortidan devlarga, jinlarga aylanib ketsalar, oxir-oqibat farzandlarining taqdiri nima kechadi?!
Yo‘lak dam torayar, dam kengayar, ayrim joylarda bir tomon keta-ketguncha devor, ikkinchi tomon esa yana boyaginday darchali temir eshiklar, darchalarda turfa sharpalar, bezovta nigohlar…
Abdulla aynan kechagi manzil sari borishayotganini, oldinda va ortda unga hamroh bo‘lib boruvchilar bugun o‘zgarganini, faqat kecha Abdulla o‘zini judayam yolg‘iz his qilgan bo‘lsa, bugun uning sadoqatli hamrohi bor – Rostgo‘y amaki uning joniga ora kirayotgandi.
O‘ng tomondagi devor tugab, o‘ngu so‘l, tepasiyu oyoq osti temir panjarali osma yo‘lkaga yetishdi. “Kechagi joy” – nechanchi daf’a xayolidan kechdi Abdullaning. Olt­mish odimlar o‘tilgach eshik keladi, oldinda borayotgan qo‘ng‘iz mo‘ylabli soqchi eshikni ochib ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi, Abdulla o‘spirin soqchi bilan yolg‘iz qoladi. Soqchi miq etmaydi, Abdulla so‘z qotmaydi, qat’iyan man etilgan og‘iz ochish, binobarin, temir panjaradan yasalgan osma yo‘lakda muallaq turaverishadi.
Rostgo‘y amakini boshlab ketaverishibdi-ketaverishibdi va bir mahal ba­la-and temir panjara yo‘lakda, xuddi oyog‘i yerga tegmayotgandek muallaq holatda yolg‘iz qoldirishibdi.
Shu vaziyat-holat takrorlanishiga amin edi Abdulla. Ana, qo‘ng‘iz mo‘ylabli soqchi qalin tunuka qoplangan eshikni ochib, ichkariga o‘tdi. Kecha ham shunday bo‘lgan – Abdulla ortidagi soqchi bilan yolg‘iz qolgandi. Bu qanday qiliq, soqchilarning muddaosi nima – Abdulla tushunolmadi. Qo‘ng‘iz mo‘labli “qora” eshik ortida gumdon bo‘lsa, yonidagi “qoracha”ga so‘z qotmoqni ko‘ngliga tugdi. Tevarak-atrofda, hu-u pastda g‘imirlagan odam sharpasi ko‘rinmadi, panjarali osma yo‘lak, unga qo‘shilib bu ikki “elkadosh” hamroh qora-qura ham muallaq turishibdi. “Bir terak bo‘yi kelar-ov?” ko‘nglidan kechdi Abdullaning. Xotirasida jonlangan o‘yi ta’sirida kulimsiradi, hovlisidagi hovuz bo‘yidagi yolg‘iz terak, keksa dodasining terakni pullash va uning puliga Qultepadan cho‘ri xotin sotib olish haqidagi o‘tinchi lip etib o‘tdi xayolidan. Terak omonmikan? Shamol-pamolda ag‘darilib-netmadimikan? Ro‘zg‘ordan qiynalib qolgan aka-ukasi kesib sotib yuborishmaganmikan?.. O‘spiringa zimdan nigoh yugurtirdi, buni payqagan soqchi o‘zini bir qadam ortga oldi. Ko‘zini olib qocharga joy topolmadi chog‘i, kalit shodasini shiqirlatib, shundan dalda olgandek yengil tortdi. Abdulla o‘smirning beliga osilgan kalit shodasiga razm soldi. “Ixtiyorida shuncha kalit bo‘lgan poyloqchi bilan qo‘lida birorta kalit bo‘lmagan mahbus orasini ozmuncha masofa, jarlik ajratib turadimi?!”
– Biqinida nechta kalit bo‘lsa tili ham, qo‘li-oyog‘i ham shuncha! – debdi, Rostgo‘y amaki ichida kesatib.
So‘z aytishga izn berilsa, Abdulla uning kalitlariga qarab o‘tirmasdi-ya, ikki og‘iz jumlada esini kiritib qo‘yardi-ya! Bunga ishonchi komil Abdullaning, biroq o‘smirning yana bir ustunligi – soqchi gapirishi mumkin, Abdulla esa mahbus – churq etib og‘iz ochishga haqsiz!
– Churq etib og‘iz ochishga u haqsiz, sen istagancha gapiraver, Abdulla, – debdi Rostgo‘y amaki.
Ertak shu yeriga yetganda Nazifa qizi hayron bo‘lib qaraydi adasiga, Habibulla ham anoyi emas, “Rostgo‘y amaki sizzi ismingizzi qayerdan biladi?” deb o‘smoqchilaydi. “Rostgo‘y amaki ziyrak ekan-da, kimdandir bilib olibdi”, deb chalg‘itadi o‘shanda Abdulla o‘g‘lini.
Ertak hali davom etadi, albatta. Hozir esa…

Yoshi katta soqchi kirib ketgan tomondan itlarning kalta-kulta akillashi chalindi qulog‘iga. Abdulla og‘iz ochish fursati yetganini sezdi.
– So‘roqqa oborishadimi?
Abdullaning bir og‘iz savoli o‘smir soqchining ko‘ksiga bamisoli musht bo‘lib tushdi. Yigit ilkis siltanib bir qadam ortga tisarildi.
– Tergovchi tayinlashdimi?
Soqchining oyog‘idagi etikning nag‘ali temir panjaraga urilganidan uchqun sachradi. Melisa boladagi qo‘rquv kalit shodasiga yuqdi, unga qo‘shilib temir panjaradan yasalgan osma yo‘lka qaltiray boshladi – hosil bo‘lgan beo‘xshov shovqin bu ikki “hamroh”ning inson sifatida bir-biriga tamomila yot va begona ekanliklaridan darak berayotgandek edi.
O‘spirin jim bo‘lasanmi-yo‘qmi degan vajohatda oyoqlarini kerib, beliga tiralgan qo‘lida… tayoqni changallab olgan, rang-quti gezargan, ro‘parasida turgan mahbusga tikkan ko‘zlari kosasidan chiqib ketguday vajohatda olaygan, o‘zi dag‘-dag‘ qaltirardi.
Dunyoga o‘t ketdimi, deb o‘yladi Abdulla. Banogoh vahshiy yirtqich bilan yuzma-yuz qolgan odamga o‘xshaydi. Ikki og‘iz savol yirtqichmi yoxud shu savol qarshisida yovvoyi tahlikaga tushgan manavi odamnusxami?! Essiz, odam!..
– Buncha o‘takang yorilmasa! O‘zingni bos! – dedi umidi puchga chiqqan Abdulla hafsalasi pir bo‘lib. – Kimdir og‘zingni sirachlab tashlagan bo‘lsa, qo‘y, gapirmasang, undan nariga!
U aytar so‘zini shipshib ulgurdimi, yo‘qmi, ortidagi eshik to‘satdan sharaqlab ochildi. Chamasi eshik qulflanmagan, qo‘ng‘iz mo‘ylabli soqchi uzoq ketmagan, balki atayin mahbusni sinovdan o‘tkazmoq niyatida eshik ortida pusib, quloq solib turgandi.
– Sin bunda kil! – dedi u o‘spiringa o‘dag‘aylab. – Sin ham bu Rostgo‘yga qo‘shilib otilasan!
O‘takasi yorilayozgan o‘spirin hovliqib Abdullani chetlab sherigining yoniga o‘tdi, eshikni qattiq yopib, ikki qayta g‘irchillatib qulfladi.
– Yeer, kitdek! – To‘ng ovozi eshitildi qo‘ng‘iz mo‘ylabli “qora”ning.
Abdulla osma temir qafasda yolg‘iz qoldi. Panjara, panjara. Barmoqdek qalin­likdagi temir panjara. Quyuq qora rangga bo‘yalgan. Abdulla yolg‘iz, buning ustiga mual­laq. Qo‘llarini erkin qo‘yib osma temir qafas bo‘ylab yurdi-o‘yladi, qaytdi-o‘yladi. Nima yoki kim haqida o‘ylayotganini aniqlolmadi. Fikrini tiniqlashtirolmagan damlar ovoz chiqarib, hatto o‘zi bilan o‘zi gaplashib o‘y surish odati bor edi, aslida xayol surish uchun ham nimalarningdir nomini, kimlarningdir ismini tilga olishga to‘g‘ri keladi. Xayol ham so‘z bilan tirik. So‘zsiz xayol oqishdan to‘xtaydi, ko‘lmakka aylanadi. Nomlar, ismlar tilga olinmasa, o‘y-xayol joyidan siljimay qolishi shundan. Ustiga-ustak oyog‘i yerdan uzilgan, yer bilan osmon o‘rtasida muallaq…
– Joningni saqla! Joningni o‘yla! Joningni saqla! Joningni o‘yla! – deb takrorlar emish Rostgo‘y amaki mehribonlarcha, ikkala soqchi kirib ketgan temir eshik tomonga mushtini do‘laytirib.
Abdullaning eti junjikdi. Anavilar qayoqqa g‘oyib bo‘ldi? Atayin uni yolg‘iz qoldirib allaqaysi tuynuk-tirqishdan kuzatishayotgandir? Yolg‘iz-tanho odamning muallaq holda qoldirishganidan huzurlanishayotgandir? Ehtimol uning asabini toblash niyatida mehribonlik ko‘rsatishayotgandir?..
To‘qima ertak shu yerga yetganda uzildi…

Agidulin “Mushtum” jurnali xodimlari, faol mualliflari bilan og‘a-inidek bo‘lib ketdi. Tergovchi tomonidan chaqirilgan xodim belgilangan manzilga o‘sha zahoti quyundek uchib yetib kelar, chaqirilmagan taqdirda esa o‘zining davlat ahamiyatiga molik muhim tergov jarayonidan chetda qolib ketayotganidan o‘pkalangandek mung‘ayib ro‘baro‘ bo‘lar, qizig‘i – barcha guvohu shohidlarning ko‘rgazmasi pirovardida bir qora nuqtaga – Qodiriyning ashaddiy jinoyatchi ekanligini fosh etishga borib taqalar, bunga sayin Abdullaning boshqa “jinoyat”lari taxlam-taxlam qog‘ozlarda jamlanayotgandi.
Abdulla yolg‘izxonaga tashlanganiga sal kam bir oy bo‘layozganda uning jinoiy ishiga yana bir varaq qo‘shildi.

QAROR
Toshket sh. 1926 yil aprel oyining 3-kuni. Men O‘rt. Osiyo SO PP OGPU vakili Agidulin “Mushtum” jurnalining 28-sonida bosilgan Julqunboy tomonidan tahrir qilingan Xurshidning “Bon-Bon” maqolasini shu bugun o‘qib ko‘rib chiqar ekanman
ANIQLADIM:
1/ “Qizil O‘zbekiston” gazetasi tahririyati tomonidan berilgan tushuntirishlardan ma’lum bo‘ldikim, mazkur maqola muharrir tomonidan bosishga ruxsat etilmagan, biroq muharrirning “bosilmasin” deb chekkan imzosi Abdulla Qodiriy tomonidan qasddan o‘chirilgan. Natijada maqola bosmaxona tomonidan qabul qilingan va jurnalning ko‘rsatilgan sonida bosilgan.
2/ Ya’ni JPK 128, 129, 142-moddalariga binoan 116-moddani nazarda tutib
QAROR QILAMAN:
Fuqaro ABDULLA QODIROVNI JK 116-moddasi bo‘yicha jinoyat sodir etganligidan kelib chiqib, unga qo‘shimcha ayblov e’lon qilinsin.
SO vakili Agidulin
“Roziman” Karpilov
“Tasdiqlayman” Belskiy
Ayblov menga 3/IV–1926 yilda berildi
O‘zimni aybdor deb hisoblamayman (Ayblanuvchining imzosi)
Axborot nusxasi … Prokurorga
Vakil Agidulin (Imzo)
Belskiy prokuror Bondarevdan kelgan hujjatlarni birma-bir, sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirdi. Guvoh sifatida so‘roq qilingan bosmaxona rahbari Stepan Levchenko, jurnal xodimlari va mualliflari Xurshid Sharaf, Komil Alimov, Shermuhamedov, Xusainov, Ziyo Said ko‘rsatmalari bilan tanishdi. Katta va qalin daftariga allanimalarni yozib qo‘ydi.

– O‘ynatib kelishdimi?!
Abdulla hamxonasining tovushigina emas, uning tusi-turqi ham o‘zgarib qolganini darhol fahmlamadi. U “o‘lan to‘shagi”ga aylangan yolg‘izxonasidan chiqib unga qaytib kelgunicha yuz bergan va diliga tugib ulgurgan sarguzasht-ertakni maroqlanib oqizmay-tomizmay hamxonasiga so‘zlab berishni, shu yo‘l bilan “Indamas”ni sayratib yuborishni diliga tugib kelgandi, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, mutlaqo boshqa kimsa – qoramag‘izdan kelgan, qiltiriq, rangi zahil, xum kallasi tap-taqir qilib qirilgan, shalpangquloq, ko‘zlari chaqchaygan, yaktagining oldi ochiq, ko‘rinishdan o‘zidan yoshroq bir nusxa ukkiqarash qilib turardi. “O‘bdon yozadigan quyma tip – Yalangto‘sh-ku!” deb unga bir qarashda laqab qo‘yib ulgurdi Abdulla. U qog‘ozga tushirish chog‘ida yana-da sayqal berish va nihoyasiga yetkazishni mo‘ljallagan ertak tafsilotini ham unutdi, hujraga ko‘z yugurtirib, yangi hamxonasiga durustroq nazar solib ulgurmay, eshik sharaqlab yopildi, qulflandi.
– Omading bor ekan-de, uka!
Abdulla “Yalangto‘sh”ga bir soniya tikkasiga qarab turdi-da, gap-so‘zsiz joyiga cho‘kdi. Xiyla fursat to‘zigan xayolini jilovlay olmadi.
– Nega indamaysan? – savol qotdi yangi sherigi.
Abdullaning peshonasi tirishdi, biroq savolni javobsiz qoldirmaslik uchungina og‘ziga kelgan gapni qaytarmadi:
– Qanaqa omad?
– Man bilan tushganing omad-de, okasi! Man yoningda bo‘lsam, mushugingni birov pisht demaydi-de!
Abdulla miyig‘ida kulimsiradi.
– Mushugimni qo‘riqlash uchun qo‘yishdimi s…s… “Pisht” deyishlarini kutib toqatim toq bo‘ldi, a?.. – Abdulla yangi tanishni “siz”lasinmi, “sen”lasinmi, “aka” desinmi yoki “uka” desinmi – shunisiga ikkilandi. U esa ko‘zini lo‘q qilib “uka”lashdan charchamasdi. Aftidan akalik qilishni yoqtiradiganlar xilidan ko‘rindi.
– Erkakmisan?! Qo‘rqmay, cho‘chimay gapiraver-de! Hayotda past ketma, uka!
– Siz nega qamal… qanday mahkum?..
“Yalangto‘sh” yayrab kuldi. Olis bir tarixni so‘zlab berishga chog‘langan rivoyatchidek, chordana qurganicha zax siymon yerga joylashib o‘tirdi-da, ko‘rsatkich barmog‘ini Abdulla tomon nuqib-nuqib uqdirishga kirishdi:
– Yangilardan ekansan-de, okasi. Tak, bu joylarga birinchi ziyorating-de. Molodoysan, solyagasan. Ko‘p narsani tushunmaysan… Bilib qo‘y, turmada yotgan zekdan zekni farqi bor. Quloqlar bor, hebbim-hezalaklar bor, krutoylar bor, tushundingmi? Man – o‘g‘il bola aristonman, o‘g‘il bola!.. Nima yozasiz, o‘zi? Yozuvchilarni dodasi emishsiz. Bizaga o‘xshash zamondan ortda qolgan omilarni mayna qilib yozarmishsiz, shu gap to‘g‘rimi?! Yozsang, undan nariga, odam bolasidan qo‘rqsam hez bo‘lay – har narsa bo‘lay, bildingmi?! Xashaki odamga o‘xshamaysan, tak, uzoq o‘tirmaysan, tavbangga tayantirishadi, sindirishadi-de, eshikni ochishadi – pir etib uchasan-ketasan. Ho‘-o‘ osma yo‘lakda oyog‘ingni ostiga qaramabsan-de, okasi?
“Bunaqalarni “blatnoy” deyishadi turmadagilar. “Blatnoy!” G‘irt o‘zi! O‘zgi­­nasi!” – ko‘nglidan o‘tkazdi Abdulla. O‘tkazdiyu afti bujmayib ketdi – “blat­noy”ning og‘zidan poyma-poy chiqayotgan gaplarni astoydil e’tibor bilan tinglashga toqati yetmadi, ularning qay biri rost-qay biri yolg‘onligini farqlashga toqati ham yetmadi.
– Oyog‘im ostida… nima? – deya oldi, xolos.
Hamxonasi keti bilan surilib, Abdullaga yaqin keldi. Pichirladi:
– Sani osma panjara yo‘lda yolg‘iz qoldirishdi. San anavi ko‘ppaklar qaytib chiqqunicha angrayib turavergansan. To‘g‘ri qilgansan, ajab qilgansan!
– Xo‘sh? – hamon gapni to‘la tushunmadi Abdulla.
– O‘sha joyda oyoqning ostida darcha bor, tak, odam sig‘adigan tuynuk. Qopqog‘i ko‘tariladigan. Endi yetib borgandir?! – “Yalangto‘sh” shunday deb bexosdan qalampir chaynab yuborgan odamdek aftini bujmaytirib, boshiga yolg‘ondaka mushtladi.
Abdulla qiziqib ketib jilmaydi, bosh tebratdi. Hamxonasi ensasi qotib chaqchaygan ko‘zini qayerga olib qochishini bilmay, g‘udranib so‘kindi:
– Dayuslar!
Shu payt eshikning tuynugi ochilib, “Ovqat” degan ovoz eshitildi. “Yalangto‘sh” o‘rnidan turib mis tovog‘ini oldi, eshik tomon yuzlandiyu to‘xtadi, Abdullaga birrov nazar tashlab istar-istamas uning tovog‘ini ham olib eshik yoniga bordi. Taom tarqatuvchi – novdadekkina mahkum bola mis tovoqqa cho‘michda shildir sho‘rva quydi. Kutilmaganda “Yalangto‘sh” tuynukka betini taqab ovqat quyayotgan yigitchaning ortida turgan mirshabga o‘dag‘aylay ketdi:
– O‘v, so‘tak! San bu xataga yaqin yo‘lama degandim! Chakkangdagi quloqmi, yo ammamni chuchvarasimi?!
Mirshab yigit quti o‘chib do‘rilladi:
– Tek! Tek-k! – dedi u ovozini balandlatib “Yalangto‘sh”ga. – Haddingdan oshma, Ilon! Joyingga o‘tir!
– Haddimdan oshaman-de! O‘tirmayman! Qo‘lingdan nima keladi?! Aytuvdim-a, turqing yoqmadi, deb! Jinim suymagan odammi-chi, g‘ippa bo‘g‘aman – o‘ldiraman-qo‘yaman! Havasga o‘ldiraman! Bilasan-a, nechtasini gumdon qilgan bo‘lsam, pichoq ishlatmadim, chilvir ishlatmadim – hammasini mashi qo‘llarim bilan bo‘g‘ib o‘ldirganman! Til tortmay, ko‘zi oqib tushgan hammasining!
“Yalangto‘sh” shunday deb, ajoyib-g‘aroyib bir yumushni qoyillatib qo‘ygan odamday xirillab kuldi. Abdulla shu tobda aytishga arzirli so‘z topolmadi. Kimning yonini olishini ham bilmadi.
– Bilib qo‘y, uka, – dedi ikki qo‘llab ovqatlanishga shaylanayotgan “Yalangto‘sh” hamon g‘azab va nafratidan tushmay, – bular bilan faqat mana shu tilda gaplashish kerak! San do‘q urishni eplamasang, sanga do‘q urishadi. Odam o‘rnida ko‘rishmaydi. Zek – odam emas ular uchun, ariston – bit, ariston – burga, ariston – kana, muxa! Manga o‘xshash odamxo‘rdan, sanga o‘xshash yozg‘uvchidan o‘ntasi to‘qqiz pul ularga. Manga esa anavinaqa hebbimlarni yuztasi bir pul, voh-ho-ho!.. Ovqatingni ich! Oh-oh-oh, bunaqa jonon yuvindini uyingda xotinchang ham pishirib berolmaydi!
Abdulla istar-istamas mis tovoqdagi sho‘rvani qoshig‘ida kavlay boshladi. Jini suymagan odamni bo‘g‘ib o‘ldirishdan tap tortmaydigan… odamxo‘rga ro‘para kelgani sabablari va oqibatlarini tosh-toroziga solishga urindi. Laqabi Ko‘rshapalak bo‘lib qolgani sababini ham surishtirmadi. Uzoq o‘ylamay uning “muborak” ismini “Yalangto‘sh”dan “Ilon”ga emas, “Bo‘g‘ma”ga o‘zgartirdi.
– Xotin bormi? – Kutilmaganda savol qotdi “Bo‘g‘ma”.
Abdulla uning aftiga qaragisi kelmadi. Atayin tovog‘idagi taomdan ko‘zini uzmay, istar-istamas uni kavlashda davom etdi. Shunda “Bo‘g‘ma”da qandaydir avliyolik qobiliyati bordek tuyulib ketdi. U Abdullaning xayolidan kechayotgan, ko‘nglining bir chekkasida yilt etgan fikrni shu zahoti ilg‘ab olayotgan, ayni o‘sha mavzuda gap ochayotgan edi.
– Shu balandadan nima qidirvossan?! Undan ko‘ra mani aftimga qara-de, uka, miskangga qaramay paqqos tushir, o‘lib qomaysan!
Abdulla unga tik qaradi.
– Xotindan nechta?
– Nechta bo‘lishi kerak? – Savolga savol bilan javob qaytardi Abdulla. U “Bo‘g‘­­­­­­ma”­ning valdir-shaldir vaysaqiligidan ensasi qota boshlaganini, uning mahbuslik borasidagi ko‘pni ko‘rganligini pesh qilishlari yoqmayotganini betiga aytib tashlagisi kelayotgandi. Ro‘parasida – qo‘l yetgudek masofada o‘tirgan mana shu tayin-tuturug‘i yo‘q, “Beparhez-behirad!” dedi ichida shivirlab Abdulla. Gap-so‘zlaridan bu yorug‘ dunyoda qo‘l urmagan noma’qulchiligi qolmagan “G‘assob!” dedi achchig‘idan tishlarini g‘ichirlatib, odamxo‘r, bo‘g‘ma ilondan-da vahshiyroq maxluq bilan gurunglashib o‘tirgani, uning almoyi-aljoyi savollariga javob berayotganidan o‘zini haqoratlangan his etayotgani, biroq ichidan nimalar kechmasin barini tashqariga chiqarmaslik epini topayotgani yig‘ilib alam-anduhga aylanib, jon-jonidan o‘tib borayotgan, shuning barobarida bunday “suhbati jonon”dan qachon qutilishini tasavvuriga keltirolmayotgan yoxud… biror qaltisroq vazifani gardaniga yuklab, atayin unga qo‘shib qo‘yishgan bo‘lsalar-chi?! “Bo‘g‘ma” yirtqich sirtlondek payt poylayotgan bo‘lsa-chi?!
“Bo‘g‘ma” apil-tapil xo‘rillatib, nimani og‘ziga solib, jig‘ildonidan nimalar o‘tayotganiga ham parvo qilmay “jonon yuvindi”ni paqqos tushirdi, tovoqchasini yalab-yulqab qo‘ydi. So‘nggi luqma nonni chaynay turib, boya boshlagan gapini adog‘iga yetkazdi:
– Mani uch marta olib borishdi o‘sha tuynuk tepasiga. Lo‘h emasman-ku, darrov tushundim-de, “Mana, sanlarga!” dedim. – “Bo‘g‘ma” chap kaftini o‘ng bilagining o‘rtasiga ko‘ndalang qo‘yib, mushtini do‘laytirdi. G‘azabini to‘kishda davom etdi:  – Darcha qopqog‘ini ochib, o‘zimmi pastga tashlarmishman! Kallam bilan seymonga tushib, parcha-parcha bo‘lib, qonimga belanib yotarmishman-de!.. Men-a?! Man uchta odammi bo‘g‘ib tinchitganim uchun o‘tirgan bo‘lsam, tak, qo‘lingdan kelsa, mani ham bo‘g‘! Bo‘g‘ish qo‘lingdan kelmasa – bo‘g‘izla, os, otib tashla, xunasa! Osongina qutulmoqchi, xezimkashlar!
Abdulla og‘ir o‘yga cho‘mdi. Osma panjara yo‘lakda oyog‘ining ostiga qaramaganini, qopqog‘i ochiladigan tuynuk ko‘ringanini eslolmadi. Manavining tuzsiz aljirashidan hozirgina ko‘ngli ag‘darilayozgan bo‘lsa, endi uning gaplariga ma’ni kirgandek tuyuldi. Istasa-istamasa eshitayotgan vaysaqilikdan miyasi shishib ketdi. Ko‘nglidan o‘tayotgan o‘ylarini beixtiyor g‘o‘ldirab oshkor qilib qo‘ydi:
– G‘alati… Aql bovar qilmaydi… Kimlar o‘ylab toparkin shularni?..
– Nimani?
– Odamlarni joniga azob berish… O‘z joniga qasd qilishga majburlash…
U ko‘p o‘yladi, necha qayta shubha-gumonlarga bordi, matbuotga yozganlari uchun avaxtaga tashlash, tavbasiga tayantirishga urinish, yolg‘izlikka mahkum qilish – nahotki, shularning bari mahalliy ma’murlar, mirshabu polislar, zobitlar tomonidan o‘ylab chiqilgan bo‘lsa?! Bu ahvoldan Akmalboy, Yo‘ldosh Oxun boxabarmikan? Yoki bu kattalarning kattaligi somonxonagachami? Jilovi Maskov tomonlardami?.. O‘sha Maskovdagi kattakonlarga bag‘ishlab yana bitta “Yig‘indi gaplar”ni bitsa, uni, “Saltanat ulug‘lari kechayu kunduz bepoyon mamlakatni oliysha’n charog‘on kunlarga olib borish choralarini izlashayotgan bir paytda” deb boshlasa…
“Bo‘g‘ma” yana avliyolik qildi. U yana bir karra hamrohining og‘zidan chiqqan emas, u hali aytishga ulgurmagan – tiliga ko‘chirmagan o‘ylariga javob bo‘larli topildig‘ini aytdi:
– O‘takang yorilmasinu, ukam, aftingga qaraganda bu tomonlarga kep turadiganlar xilidan ko‘rinasan. Iching to‘la zahar, hammasi bo‘g‘zingga qadalib turibdi. Ikki-uch qamalsang, aytilmagan gaplarni ham tushunib oladigan bo‘b qolasan, – dedi u hali durustroq tanishib-netmagan avaxtadoshini yupatmoqchidek ohangda. Va keti bilan surilib kelib Abdullaning qulog‘iga muzday labini bosdi. Eshik tomon o‘g‘rincha ko‘z tashladi-da, kaftlari bilan og‘zini to‘sib shipshidi: – Zaza o‘lguday quyonyurak, o‘zidan xavotirda… Tak, atrofi to‘la bo‘ri… O‘zimizzi tepadagilar hammasi zindiq, hannosni tomchisidan tarqagan j…blar!..

Ayblanuvchiga dastlabki tergov tugashi
munosabati bilan e’lon qilish haqida 547 raqamli ish
BAYoN
Toshkent sh. 1926 yil aprel oyi 6 kun PP OGPU vakili SO Agidulin JPK 207-moddasiga ko‘ra JK 116, 72. 105-modda 1-bandi bo‘yicha ayblanuvchi
ABDULLA QODIROVga
e’lon qiladikim uning ishi yuzasidan olib borilgan tergov jarayonlari tugallandi. Tergovga yana qanday qo‘shimchalar kiritilishini talab qilishi so‘raldi va ayblanuvchi qo‘shimcha kiritgani yo‘q
Ayblanuvchi (Imzo)
Vakolatli vakil (Imzo)

Abdulla allamahalgacha mijja qoqmadi, vaholanki, kecha tuni bilan miyasiga o‘rnashib olgan qandaydir jinnisang‘i nag‘ma oromini o‘g‘irlagan, hatto kunduz ham o‘sha behalovatlikdan qutulolmagandi. Abdulla ahyon-ahyonda takrorlanadigan bunday holatidan hayron bo‘lar, uning sabablarini o‘zicha izlar, hech kimsaga bu haqda og‘iz ochmas, lekin tayinli hech bir hukm-xulosaga kelolmay, kulib qo‘ya qolish bilan kifoyalanardi.
Mahbuslikning beshinchi yo oltinchi kunlari edi, shekilli. Yolg‘iz, o‘y-xayol ummoniga g‘arq bir alfozda, chala uyqu-chala bedorlik orasida ko‘zi ilindiyu, he yo‘q-be yo‘q… Qudratilla dutorini ting‘illata boshladi. Abdulla undan ko‘z uzmay ting­ladi. Shu payt dutor nag‘masiga qo‘shiq so‘zlari ulandi: “Gulyoraxon – Gulyora, Gulyoraxon – Gulyora, Gulyoraxon – Gulyora”. Ne ajabki, ko‘zday qo‘shnisi Diyor mahsido‘z Abdullaning yoniga chordana qurib joylashib olgan, berilib xirgoyi qilyapti! “Hoy Qudrat, hoy Diyor aka, sizlar qayerdan paydo bo‘ldinglar, bu yerda nima qilib o‘tiribsizlar?!” deb so‘ramoqqa harchand lab juftlamasin, Abdullaning tili “Gulyoraxon – Gulyora”dan bo‘shamasa-da! Tonggacha aytdi. Necha uxlab, necha uyg‘onib takrorladi shu xirgoyini. Vaholanki, ho‘-o‘ qachonlar bir safar Diyor amakining do‘koniga tasodifan kirib qolgan, ikki ulfati qatorida o‘tirgan mezbon “Gulyoraxon – Gulyora” qo‘shig‘ini berilib kuylayotgani ustidan chiqqandi. Bo‘lgani shu, unutgandek ham edi o‘sha alyorni. U holda qoq yarim tunda, tag‘in qayerda va qay ahvolda uxlab yotgan bandining xotirasiga qayerlardan mehmon bo‘lib keldi ekan u nag‘ma?! Nahot unga xaloskor ohang bo‘lib tashrif buyurdi “Gulyoraxon – Gulyora”?! Siymon devoru temir eshiklardan o‘tib tushida hamdard bo‘lmoqchi edimi “Gulyoraxon – Gulyora”?.. “Diyor amaki sog‘-omonmikanlar, xonadonlari tinchmikan, ishqilib?” deya xayolan duo qilgandi Abdulla o‘shanda. Mana, endi, bu safar uyqusida yana bir qo‘shnisi Nishon mahsido‘znikiga “kirdi”. Ikki navkar noma’lum tomon, mavhum bir maqsadlarda yetaklab ketishyaptiyu, yonida Nishon kosib, “Rakkang gum, rakkang gum”lab muqallidlik qilishdan tinmayapti! Bu yetmaganday, dikong-dikonglab o‘yinga ham tushib qo‘yadi deng! Abdulla xavotirda, muqallidvozlikni tushunmaydi axir bu tasqaralar, tushunmagan maxluq hazilning farqiga borarmidi, Nishonboy aka?! Sizni juvonmarg qilmasalar yaxshi edi, Nishonboy aka!.. Abdulla o‘yini o‘ylagunicha, ne ko‘z bilan ko‘rsaki, Nishon kosib o‘ng taraf biqinida g‘ujanak bo‘lib o‘tiribdi! “Rosa piypalashgan!” deb yubordi Abdulla uning qontalash betiga, ezilgan, pajmurda jussasiga qarab. Mahsido‘z o‘zi ne ahvoldayu dam ingranar, dam “Rakkang gum”lab qo‘yardi. “Hoy, Nishon aka, ovozingiz chiqmasin, muqallidlik ulug‘ san’at, faqat u tushungan fahmi ochiqlar uchungina san’at, gumrohlar uchun esa qabohat”, deb takrorlayverdi.
Abdulla eshik tuynugi tomon ko‘z qirini tashladi. Soqchilar Nishon akani payqab qolsalar, bu kim, qayerdan paydo bo‘ldi, deb so‘roqqa tutsalar nima javob qiladi, axir!..
Xullas, tongotar Abdullaning miyasi biron lahza bo‘lsin “Rakkang gum, rakkang gum”dan bo‘shamadi. Keyin o‘yladi, mulohaza qildi. Chamasi, kechagi “ko‘ngilochar sayri-sayohat”dan asablari toliqqan, ichiga yig‘ilgan haqorat, alam, iztirobdan xalos etmoqlik niyatida “etib kelgan” Nishon kosibning “Rakkang gum”i! Yagona xaloskor o‘laroq tashrif buyurgan bandining serg‘alayon uyquli shuuriga, “Rakkang gum”!
Tungi bezovtalik, beoromlikdan norizolanmagan, noshukrchilik qilmagandi. Tushida g‘oyibona madad berish maqsadida beminnat xizmat ko‘rsatgan Nishon kosibning haqqiga duolar o‘qigandi – unday tunlar holva ekan. Bu tun kechagisining mutlaqo aksi – endi “Rakkang gum” qayerda, xirgoyi sig‘adimi ko‘ngilga, yonginasida tirik “Bo‘g‘ma” ilon yotgan bo‘lsa, bunday maxluq bilan bir hujrada qanday tong ottiradi? Tongni ko‘rish nasib etarmikan Abdulla? Tong otmasa-chi?..
Abdulla betizgin-bejilov xayollarini jamlaganida shu qadar… yozishni qo‘msadiki!.. Qaniydi, shu tob-shu kayfiyatda uyidagi ijod xonasida bo‘lsa, lampa shishani yoqib qo‘yib, qo‘lida qog‘oz-qalami bo‘lsa, ichi to‘la qaynab kelyapti, toshib-ayqirib kelyapti, bosh ko‘tarmay, qatorasiga yetti-sakkiz maqolani yozib tashlardi-ya! Obborib jurnaldagi, gazitdagi do‘stlariga, safdoshlariga birin-ketin o‘qib berardi-ya!.. Dard ko‘b – davosi yo‘q, hasrat uzoq – kechalar qisqa, ko‘zlar ko‘r, jart-jurt zo‘r – manzil uzoq, vahima katta, to‘y bedarak, osmon uzoq – yer qattiq, bo‘yi bir qarich – soqoli ikki qarich… Yodida, “Turkiston” gazitiga yozgandi shu so‘zlarni, boshqa yozganlari yodiga tushdi. Hamrohiga sezdirmaslikka urinib, ichida kulimsiradi… She’r yozgandi: “Ko‘r bizning ahvolimiz, g‘aflatda qanday yotamiz, Joyi kelgan chog‘ida vijdonni pulg‘a sotamiz…” Biznikilar “Bo‘rk ol!” desa, bosh olishga hozir… Ot bilan eshakka soliq solinibdur, xayr, solinsa solinibdur; bu orada bir kambag‘alning eshagi ochliqda harom qotibdur; xayr qotsa qotibdur. O‘lgan eshagingning solig‘ini beraverasan, deb farmon chiqaribdi kalonog‘izlar… “Otingdan aylanay Mochalov. Ismi sharifingni eshitsam butun borlig‘img‘a sirqiroq kiradir, Mochalov!..”
– Nimadan kulvossan, ukam? O‘zingcha kimmi mayna qivossan?
Abdulla yonginasida “Bo‘g‘ma” yotganini ham unutgandi. U tutqich bermas xayoli, quyuq qora bulutlar ostida qolgan xatar to‘la xayollariga paydar-pay yopirilib kelayotgan yozganlarini qariyb ovoz chiqarib takrorlayotgan, takrorlagani sayin xumordan chiqayotgan edi.
– Toming ketib qolmasin tag‘in! Qo‘rqvossanmi?
– Xudo yo‘lida savob ishga tavakkal qilgan odam bandasidan qo‘rqmaydi, okam!
“Bo‘g‘ma” Abdullaning javobidagi jerkish va dakki ohangini ilg‘amadi, ilg‘agan bo‘lsa-da, pichingdor “okam” so‘zi uning qitiq patiga rosa o‘tirishgan, ya’ni ko‘knori so‘rgan bangi holatiga tushirgan edi. Abdulla esa o‘z xayollari bilan mast – maqolalarida yozgan so‘zlar, o‘xshatishlar, jumlalarni entika-entika takrorlashdan huzur topayotgan edi… Azbaroyi Xudo, aytingiz-chi, huquq degan narsa o‘zi nima? Huquq nimadan iborat? Guvalamiki, uni biz maydalab hojatimizga yarataylik?! Nima axir? Buning javobini – “huquq” degan dardi bedavo bo‘yniga osib olg‘anlardan so‘raymiz… Yasovullar, qoziyu quzzotlar bu gapka, bu ishlarga tushunadirlarmi?.. Chorsuni sog‘indim, Chorsu bozorini!.. Piyoda kezgan odamning chiqqisi kelmaydi. Attorlik, charxchilik, pichoqchilik, temirchilik, misgarlik, beshikchilik, taroqchilik, chopondo‘zu do‘ppido‘zlik, chitfurushu chegachilik, zargarlik, mahsido‘zliklik, eh-he-e, nimasini aytasan, qadrdon Chorsu! Ko‘chalarda yo‘l usti osh, non, kabob, baliq, som­sa, manti, lag‘mon, kalla go‘shti, xasip, no‘xotsho‘rak, bodroq, holva, obakidandon… Isiriq tutatib yurganlar, tilanchilik qilayotganlar, qandingni ur, baring! Oho-ho-o-y, kep qolingla-a-ar!.. Kim bilsin, bu kunlarda kep qolinglar deb jar solishlarga ham ijozat yo‘qdir, hoynahoy?! Yozgani yodida: “Eski shaharning boshdan-oyog‘i, oyoqdan-boshi, yetti yashardan yetmish yashari qo‘tur… Eski shaharning afkori umumiyasi shu qo‘tur masalasi bilan mashg‘ul… Xalq sog‘liqni saqlash bo‘limi bu to‘g‘rida qimir etmaydir… Eski shaharda bo‘lg‘an mushuk-sichqon jangida o‘n ming kishining burni pachoq bo‘lib, qirq ming kishining iyagi ezildi… Pildir, pis… Guvala, lo‘mboz, zambil, Ashtak-pashtak Temirtak-pistak! Tog‘dan lov-lov, Miyang g‘ov-g‘ov!.. Biri anbar, Ona qizi qayda? Ola bula tog‘da. Guldir gub, Pildir pis!..
Abdulla baralla kulib yubormaslik dardida kaftini og‘ziga qopqoq qildi, yotolmadi. O‘rnidan turib, qorong‘i hujraga ko‘z yugurtirishga, shu orqali o‘zini chalg‘itishga urindi. Allaqayerdan tushayotgan ojiz shu’la manbaini behuda izladi, juda-juda topgisi keldi – istagi, umidi zoye ketdi. Ko‘z oldida Toshpo‘lat tajang paydo bo‘ldi… “Tajang”ni yozishga yozdi, jurnalda e’lon ham qildi, ammo-lekin, mana, yonida yotibdi haqiqiy Tajang! Alhazar, Polvonning o‘zginasi-ku bu! Hayotini qimorga tikkan, bor-shudini boy bergan, uch-to‘rt chaqa ilinjida odam bo‘g‘izlashdan tap tortmagan Polvon! Tajangni shu Polvondan olgandi, manavinisi undan oshib tushdi, bunisi “Bo‘g‘ma”! Bilmagan narsasi yo‘g‘-a? So‘rab-surishtirishga ham hojat qolmayapti – bir dunyo sarguzashtlarni to‘kib tashladi o‘zi, yana so‘rab-netsa bormi, og‘zining istansasi yo‘q!

Dastlabki tergov
Tugallanishi haqida Ish № 547
QAROR
Toshkent sh. 1926 yil aprel 6 kun
OGPU vakili Agidulin ABDULLA QODIROVni ayblash bo‘yicha 547 raqamli ishni ko‘rib chiqib va ish yuzasidan tergov jarayoni mukammal o‘tkazilgani va e’lon qilish uchun monelik qolmaganiga e’tiboran JPK 207-moddasiga binoan
QAROR QILADI
Ish yuzasidan tergov ishlari tugallansin, bu haqda ayblanuvchiga xabar yetkazilsin
Vakolatli vakil Rozi
Boshliq Tasdiqlayman

E’lon qilindi “ ” 1926 yil

(Ayblanuvchining imzosi) Imzo

Turmadan eson-omon chiqsa Toshpo‘lat tajangni qayta yozishni diliga tugdi Abdulla. Yoki turma hangomalarini alohida bir asar qilsamikan? Julqun emas, Juboy, Ovsar yoxud Dumbul emas, Gogolning Xlestokovi mualliflik qilsa, qurmag‘urning tili xo‘p o‘tirishadi-da, o‘ziyam! Yoxud… Don Kixotni gapirtirsa-chi? “Yig‘indi gap”larni yozgani uchun zindonband etilgan Don Kixot, nima dedingiz janobi Servantes?! Yozdingizmi, tamom deyavering, muharrir yoningizga tushmaydi, bir tovoqdan obi yovg‘on ichayotgan qalamkash jo‘ralaringiz ketini betingizga tutadi, bu yog‘i taqir sayhonda o‘zingiz yolg‘iz, javobini ham o‘zingiz berasiz. Sancho Pansoni sotasizmi, qirchang‘i tulporingizni pullaysizmi, bu yog‘i o‘zingizga havola. Chidamasangiz, tirsakni tishlash ixtiyori o‘zingizda, janob Servantes!.. Hoy, “Bo‘g‘ma”, Don Kixot sarguzashtlari qulog‘ingga chalinganmi, okam?! “Revizor”-chi? Bu dunyoga ne murodda keldingu ne qismat yo‘llarida adashib yuribsan, xo‘rozvoy?!
Bir kazzob poshsho bo‘lgan ekan, – ertak boshlab qoldi “Bo‘g‘ma” salmoqlanib, to‘satdan, – uning huzurida og‘iz ochib so‘z aytgan mulozim ikki-uch kunni ichida gum bo‘lib ketaveribdi. Buni payqab qolgan mulozimlar oy o‘tibdi, yil o‘tibdi, o‘laman sattor og‘iz ochmaslikka odatlanishibdi.
– Nega gapirmaysanlar? Hammalaring tildan qoldilaringmi, enag‘arlar?! – dag‘dag‘a qilibdi poshsho, shumligi-kazzobligi tutib.
– Bir qoshiq qonimdan kechgaysiz, olampanoh, hech kimsada gap yo‘q, – deya yukunib-emaklab yaltoqlanibdi vaziri a’zam. – Sizdek yetti iqlimda topilmas dono-donishmand inson turgan joyda boshqalarning so‘z aytishiga yo‘l bo‘lsin.
– Hech kimda-ya? – o‘smoqchilabdi poshsho tulkilik qilib. – Hech kimsaning ichida gap yo‘qmi?
– Yo‘q-yo‘q, – qo‘rqa-pisa vaziri a’zamni gapini tasdiqlashibdi mulozimlar jo‘rovozda. – Ichimizda biron og‘iz so‘z qolgan emas.
– Jallod! – deya qarsak uribdi olampanoh. Jallod uchib kirib, oyboltasini ko‘taribdi:
– Labbay, shohim! Buyuring!
– Bir chekkadan kallasini sapchadek uz, manavi soqovlarni! – degancha baqrayib qarab o‘tiraveribdi kazzob. Jallod amrni ado etishga kirishibdi. Paydar-pay tanidan judo etilgan kallalar salla-pallasi, soqol-mo‘ylabi aralash-quralash qonga belanib, sapchadek har tomonga yumalayveribdi. Shunda ne ko‘z bilan qarasalarki, kallasi olingan har bir mulozimning bo‘g‘zida tiqilib, qo‘yni qumalog‘iga aylanib qolgan so‘zlar oyoq ostiga dumalab-dumalab, tutday to‘kilibdi…
– Kunda! – deb yubordi Abdulla g‘azabini bosolmay, tishlarini g‘ijirlatib. “Bo‘g‘ma” uni ham ertakdagi poshsho mulozimlariga o‘xshatdi, deb o‘yladi, shekilli, bu qadar g‘azabini jilovlolmay qolganini o‘zi ham sezmay qoldi. – Kallangni uzib tashlasa, tanang kundalikka yaraydimi?! Nima demoqchisan?! Man nimalarni o‘ylab yotganimmi san qayoqdan bilasan?! Sanga aytsam, tushunasanmi, aqling yetadimi?! Xom kallangga kelgan sassiq cho‘pchaging kimga kerak?! Yo menga aql so‘qivossanmi?! Kim deb o‘ylavossan mani! Bir pas qisib yotsang o‘lasanmi?!
Temir eshik darchasida paydo bo‘lgan basharadan: “Hoy Ilon! Ishkal, o‘chir!” degan darg‘azab ovoz keldi. “Bo‘g‘ma” yotgan joyidan boshini ko‘tarib, yotaloq chekkasiga oyog‘ini osiltirib o‘tirdi-da, ingichka bo‘ynini babog‘ xo‘rozga o‘xshatib cho‘zganicha eshik tuynugini mo‘ljalga olib tupladi. Boloxonador qilib so‘kindi. Va birdan Abdulla tomon o‘girilib, tamomila hayratda qolgan odamdek mutlaqo boshqa ohangga ko‘chdi:
– Yozg‘uvchimas, mujik ekansanu! Zabon borakan, dux bo-or! Manga sakrading-a?!. “Ilon” desang o‘nta xata naridagilar ishtoniga siyvoradi, qoyil-e! Man sani foydangga ishlavomman, uka. Shaytonim tutsa-chi, sanga o‘xshagan molodoyni ikki sekundda bo‘g‘aman-qo‘yaman, kalima keltirolmay qolasan. Illo sanga qo‘lim bormadi, tushunvossanmi?! Ko‘zing boshqacha, ko‘zingni qorasi toza, tushunvossanmi? Iching to‘la gap – qumaloqqa aylanmagan, qaynab yotibdi. Tak, manga do‘q urma-de…
Abdulla birdan hovurdan tushdi, indamasa “Bo‘g‘ma” yana aql so‘qishdan to‘xtamaydigan, qolaversa, u aytayotgan gaplar Abdullani bir qadar mulzam qilayotgandek tuyuldi.
– Joyingga yot, uxla, ertaga gaplashamiz, – dedi u. Jig‘ibiyroni chiqqaniga qaramay, ko‘nglining bir chekkasida “Bo‘g‘ma”ning kitobdan o‘qib bergandek dona-dona qilib, shoshilmay ertak aytishidan rosmana hayratlangandi ham. Biroq odamxo‘r Ilon, bo‘g‘ma ilon negadir qiziqqonlik qilmadi, aksincha battar muloyim tortdi.
– Surishtirib kelganda, ikkovimizzi oramizda farq yo‘q, – ovoz chiqarib kulimsiradi u. Bu gap Abdullani yanayam ensasini qotirdi. Nima deb valdirayapti bu yirtqich?! Indamagani sayin, boshga chiqib olyaptimi?! “Nima demoqchisan?” deb so‘z qotmoqchi edi, “Bo‘g‘ma” davom etdi: – Sen o‘zingga yoqmagan odamlarni kulgi qilasan, mazax qilasan, men esa o‘zimga yoqmagan odamni g‘ippa bo‘g‘aman-qo‘yaman. Tak chto, farq yo‘q, topdimmi?
Abdulla chuqur o‘yga toldi, qorong‘ida sherigining nigohini topishni, unga sinchiklab tikilishni istadi. Shunday “tesha tegmagan” nusxaga ro‘para kelishining o‘zi uning uchun mukofot edi. “Bo‘g‘ma”ning har bir gapi alohida hikoyaga mavzu bo‘ladigandek endi unga ilhom bag‘ishlayotgan, ko‘nglining allaqayerlarida yangi bir asar kurtagi uch berayotgandek hayajonlantirayotgan edi.
– Ho‘, yashang, okam, – dedi u atayin so‘zlarga alohida-alohida urg‘u berib, – oramizdagi farq katta, ancha katta. Men odamlardagi, odamlar tabiatidagi illatni o‘ldirish maqsadida yozaman, siz esa o‘zingiz yoqtirmagan odamni bahridan o‘tib qo‘ya qolgansiz. Farq katta-a…
Oraga jimlik cho‘kdi. Abdulla gurung davom etishini istamadi.
– Uxlaymiz, ertalab davom ettiramiz…
“Bo‘g‘ma” aksincha suhbat davom etishini juda-juda istayotgan, buning uchun Abdullaning har qanday xohishini ado etishga tayyor edi. Biroq u o‘zidan zarracha top tortmagan hujradoshining ra’yini qaytarolmadi.
– “Ertaga davom ettiramiz” deysan, – ovozi juda nochor, ayanchli chiqdi uning, kulimsirashi battar beo‘xshov eshitildi. – Ertalab arshi a’loga ravona qilishadi mani… Omon qolishim uchun esa…
– Qo‘rqma, otishmaydi! – dedi qat’iyat bilan Abdulla. Endi u muqarrar o‘limi bo‘sag‘asidagi bandaga achina boshlagan edi.
– Hoy, yozuvchi, manga nima desang degin, no, qo‘rqoqqa chiqarma, man qo‘rqmayman. Onam qo‘rqish uchun tuqqanmas mani! Hayotda qo‘rqqan odam emasman. Kapalagim uchmagan mani, tushunvossanmi?! Esxonam chiqmagan, o‘takam yorilmagan! Mani-chi, shu safar otishmasa, keyingi safar bir kun chakkamdan qo‘yadi bu xezalak. Otsa otar! Illo, sani otishmaydi. Aytdim-ku, Eshonguzaringga qarab pir etasan, uchasan-ketasan. Faqat, bilib qo‘y, mani aytgandi deb yurarsan, yaxshi yozuvchi ekansan, tak chto, erta bo‘lmasa, indin bari bir qamashadi, bunisida bo‘lmasa, keyingisida otadi bu itlar. Nega deysanmi? Negaligini aytaymi?.. – U negadir bir zum jim bo‘lib qoldi, bir zum mulohaza qilib oldi, shekilli, keyin aytadiganini aytdi: – Manga o‘xshash odamxo‘rdan ko‘ra sanga o‘xshash kallali yozuvchidan ko‘proq qo‘rqadi marazlar! Faqat bilib qo‘y, dunyoga odam bo‘lib keldingmi, aytar gaping bo‘g‘zingda qolmasin, divomman, uka! Erkakmisan, bo‘g‘zingda qo‘yni qumalog‘ini yig‘ib yurgandan ko‘ra ayt, aytadiganingni! Yoz, yozadiganingni! Yo ostidan, yo ustidan-de, o‘ladigan dunyoda!
Abdulla joyida yotolmay qoldi. Yotalog‘idan tushib eshik yoniga bordi-qaytdi, yana bordi, yana qaytdi. Yotaloq qirg‘og‘iga o‘tirdi-turdi. Yurdi. Chapani, odamxo‘r bekas shugina yigit shu-uncha gapni bilishidan o‘zicha mutaassir bo‘ldi. O‘qiganmi-eshitganmi, o‘zi to‘qib-bichadimi, farqi nima, biladi-da! Nimaiki bilsa, og‘zim bor deb gapiraveradi!
Xayollari to‘zib ketgan Abdulla o‘rniga cho‘zildi, sezdirmaygina chuqur “uf” tortdi. Orada picha fursat o‘tdi, kutilmaganda “Bo‘g‘ma” asta g‘imirlab qad rostladi. Qora sharpa yurdi – yalangoyoq paypaslanib, Abdulla chalqancha yotgan yotaloq tepasiga yondamasi pusib keldi-da… ikki qo‘l – ikki changak cho‘zilib kelib Abdullaning yelkasiga yetar-etmas…
– Yoshing nechada? – savol qotdi Abdulla bexosdan, yotgan joyida qimirlamay. Uning tovushi bosiq, lekin haybatli eshitildi.
“Bo‘g‘ma” esankirab qoladi deb kutgandi Abdulla. Yo‘q, pinagini buzmadi, aksincha ovozi yanayam osoyish tortgan, ovi chopmagan, lekin keyingi urinishidan umidini uzmagan mirishkor ovchidek bamaylixotir edi. U xuddi tishlab olishga chog‘langan kalamushday og‘zini Abdullaning qulog‘iga bosdi. Shivirlamadi, shipshimadi ham, yo‘q, bamisoli ilon ipdek ingichka, qop-qora tilini chiqarib vishilladi:
– Chiqqan zahoting, quyonni sur! Qorangni o‘chir!..
Dabdurustdan Abdulla tushunmadi, anglamadi, jim bo‘lib qoldi.
“Nima deding?” deb so‘ramoqchi edi, “Bo‘g‘ma” gapirishga qo‘ymadi.
– Uch kam o‘ttiz… – dedi u ovozini baralla ko‘tarib, sherigining yotalog‘i chekkasiga yelkasi bilan suyanib. – Aytdim-ku, hayotda birovni “oka” degan odam emasman. “Oka” deyishga tilim bormaydi…
– Xotindan nechta?
Abdulla beixtiyor bergan savoliga kutilmagan javob eshitaman deb o‘ylagandi, adashmadi:
– Munaqalarni so‘rab, qonimmi qaynatma, uka! Yozuvchi bo‘lsang o‘zingga, qaytib so‘rama-surishtirma! – dedi tutaqib, hatto ochiqdan-ochiq dag‘dag‘a ohangida.
Bu dag‘dag‘a tashqaridagilarga “atalgani”ni Abdulla sezdi, sezmaganga oldi o‘zini. “Bo‘g‘ma” nari ketdi, eshik poyiga borib, ikki qo‘li bilan boshi-quloqlarini berkitganicha, zax siymon yerga yuztuban cho‘zildi. Endi picha xotirjam tortgan Abdulla yotaloq qirg‘og‘iga o‘tirib oldi. “Bo‘g‘ma”ning ko‘ngli uchun nimadir demoqchi edi, demadi. “Bo‘g‘ma”ning ovozi do‘rillab eshitildi:
– Uch xotindan sakkiz churvaqa orttirdim… Illo birortasini qornini to‘yg‘azishga yaramadim… Yaramas…

Majburiy uzlatxonada o‘tayotgan kunlarining sanog‘i o‘n to‘rtga yetganida Abdulla “Indamas”ning maslahatini obdon o‘ylab, qat’iy qarorga keldi – turma boshlig‘i nomiga mahzari arz yo‘lladi. Unda shu choqqacha so‘roqqa chaqirilmagani, nima ayb qilganini bilmasligi, o‘zini aybdor sanamasligi, zudlik bilan so‘roqqa chaqirilishini talabnoma mazmunida bayon etdi hamda mazkur talablari ado etilmagan taqdirda ikki kundan so‘ng ochlik e’lon qilishini bildirdi.
Bir kun kutdi, ikkinchi kun kutdi – ma’murlardan javob bo‘lmadi. Ochig‘i, Abdulla o‘ziga nisbatan zinhor bunday munosabatni kutmagandi. Martning yigirma to‘rtinchi kunidan berilayotgan taomlarni qabul qilmadi, ularga qayrilib qaramadi, qo‘l ham urmadi.

QAROR
Toshkent sh. 1926 yil 3 aprel O‘rt. Osiyo SO PP OGPU vakili Agidulin 547-raqamli ABDULLA QODIROV tergov ishini ko‘rar ekanman, ochlik e’lon qilgan hibsda saqlanuvchi ABDULLA QODIROV 10-sutkadirki ochlikni davom ettirmoqda va uni to‘xtatishga rozilik bildirmayotganidan kelib chiqib
QAROR QILINDI:
A.QODIROV Toshtuzatishuyiga o‘tkazilsin va unga kasalxonada davolash chorasi belgilansin va zarurat tug‘ilsa sun’iy taomlantirilsin.
Ushbuni ijro etish RSO PP OGPU zimmasiga yuklatilsin.

Ixtiyoriy ochlikning dastlabki ikki-uch kuni og‘ir kechdi. Mahkumni ochiq havo sayriga chorlamay qo‘yishdi. Uchinchi kuni, shekilli, oq xalatli kishi kirib, Abdulladan hol-ahvol so‘radi, ochlikning asorati og‘ir kechishini chulchutning to‘qqiz pulidek hijjalab tushuntirishga urindi. Abdulla so‘zsiz-nesiz, ko‘z qarashlari bilan javob qaytargan bo‘ldi, mehribonchilik uchun minnatdorlik bildirdi, lekin ahdidan qaytmadi. To‘rtinchi kundan ochlik juda-juda oddiy va tabiiy holga aylandi. Hatto Abdulla o‘zini g‘oyatda yengil his etar, qorong‘i va zax hujrada u yoqdan, bu yoqqa yurar, fikri avvalgiga qaraganda birmuncha tiniqlashganidan, xotirasi pand bermayotganidan mamnun edi. Biroq kun sanog‘idan adashganini sezmay qoldi. Kunmi-tunmi, farqi qolmadi. Eshik darchasidan “Taom!” degan tovush eshitilsa, ko‘ngli ketar, tovog‘ini uzatish tugul, ichkari kirib suzib qoldirishgan shildirsho‘rvaga qayrilib qaramasdi ham. Shunday kunlarning birida ittifoqo eshik ochilib… Abdulla mutlaqo kutmagan tanish insonni ko‘rayotganidan avvaliga xotira xiralashdi, degan xayolga bordi. Bexosdan yiqilib tushmaslik uchun, ehtiyot chorasi sifatida cho‘nqayib o‘tirdi, kirib keluvchi ko‘lagaga razm soldi. Yo‘q, adashmabdi, ro‘parasida… mahalladoshi Ashrabxo‘ja amaki undan ko‘z uzmay qarab turardi!.. Qanday qilib? Nima uchun? Topishganini!.. Mahalla-ko‘yda o‘zini qo‘li yetmaydigan-so‘zi o‘tmaydigan mushkul yumush yo‘q deb hisoblaydiganlar xilidan. Hoynahoy, “Yozuvchi bolani o‘zim ko‘ndiraman”, deb va’dani katta qilgandir. Buni Abdulla taxmin qildi o‘zicha, lekin shu tobda uning uchun chuqur mulohaza yuritish ham ortiqchalik qilayotgan, malol kelayotgan edi.
Amaki nimadir dedi, biroq u aytgan-aytayotgan so‘zlarni Abdulla tugul, sho‘rlik amakining o‘zi ham durust anglamayotgan – negadir u yosh, lekin nomi mashhurlasha borayotgan mahalladoshini butkul o‘zgacha ahvolda ko‘raman deb o‘ylagandi. Hoynahoy, u allaqachon sinib ulgurgan, burungi shashtidan tushgan, inchunin ikki og‘iz gapda o‘z ra’yimga yuritaman, deb ishongandi. Biroq ayni damda hibsdagi Abdulladan ko‘ra ochiqdagi Ashrabxo‘ja ko‘proq xayoli qochgan, parishon, harchand urinmasin, o‘zi “tartibga chaqirib qo‘yish”ni maqsad qilib qo‘ygan bandining ko‘ziga tik qarolmayotgandi. Nihoyat, idroklar, ularning izidan so‘zlar ravonlashdi.
– Durustmisan, Abdullajon inim?
Abdulla bosh irg‘adi va shundagina qo‘shnisi qanday qilib uning yolg‘izxonasida paydo bo‘lishi boisini anglab yetdi. Ashrabxo‘ja amakining tashrifidan ko‘zlangan muddao Abdullaning taqdiridan qayg‘urish emas, yo‘q, Abdullani zindonband etganlar uchun manfaatliroq edi.
Abdulla kishibilmas istehzo ila kulimsiradi. Noiloj, qo‘l berib ko‘rishdi.
– Bexavotir, – dedi shivirlab. Boshqa gapni chuvalatmadi.
– Bibing, yaqinlaring… hammamiz tashvishdamiz, Abdi uka. Ochlik ig‘lon qilish bilan nimaga ham erishasan? Turgan-bitgani – o‘zingga koni ziyon!
Abdulla bosh chayqadi.
– Hammasi joyida, – dedi istar-istamas gapni muxtasar qilib. – Ayting, hech kim xavotir olmasin. Siz ham xotirjam bo‘ling…
– Axir…
– Uydagilarga salom ayting…
Rahbarnisaning ahvolini so‘rash uchun og‘iz juftlagandi, esini yig‘di – xotinining ahvolini borib-kelib shu odamdan surishtiradimi? Ichida: “Oy-kuni yaqin edi, eson-omon qutulib olsin”, deya iltijo qilish bilan kifoyalandi.

Kun sanog‘i sanoqdan chiqdi. Abdulla vaqtning o‘tishini dam harorati oshayotganidan, dam a’zoyi badani qaqshayotganidan payqab qolar. Shunda bu ahvolda o‘ylayotgan, dilidan kechayotgan barcha xotiralari tariqdek sochilib ketadigandek xavotirga tushar, bibisi tushmagur sopol kosa to‘la talqon keltirib, yeb ol, Abdi, ol bolam, holdan ketib qolasan, qo‘zim deb qo‘yarda-qo‘ymay qistovga olar, xotini, uning pinjiga tiqilgan qizi bilan o‘g‘li picha naridan mung‘ayib unga javdirab qarab turishar, bu manzara o‘rnini qalamkash birodarlarining tanishdan-tanish chehralari egallar, xuddi yaqin mehribonini chorlayotgandek “Mushtum”, “Mushtum” deb yuborar, harchand baqirmasin ovozi o‘ziga ham eshitilmas, xayol oqimi “O‘tkan kunlar”ga yetganda o‘zani kengaygan daryo misol sokinlasha-sokinlasha… Otabek hardamxayol, Kumushbibi hardamxayol… Otabek ikki o‘t orasida, Kumushbibi og‘iroyoq… xotini Rahbarnisa oy-kuni yaqin – ikkisi ham xavotir-iztirob iskanjasida… Yusufbek hojining boshi qotgan, na oilada-na xonlikda murosai madora chorasini topolmay to‘sha’i oxirat tadorikiga yuz burgan. Ustma-ust, ustma-ust yopirilib kelayotgan qop-qora bulut bosimidan o‘zini qayoqqa urishini bilmay qolgan Abdulla moshinavori bir xayol izmida Chorsu bozorida kelib qolganini sezmas… bozor o‘sha-o‘sha – gavjum, izdihom, rango-rang, g‘ala-g‘ovur, g‘ivir-g‘ivir, jimir-jimir, qah-qaha, voh-voha, opqoling-kepqoling, qo‘l tashlang, hoy qani, hoy mana, ho‘-o‘ kuchingdan, ho‘-o‘ tilingdan, g‘at-g‘at, g‘at-g‘at, taraka-tum, tum-tum, tak-taraka tum, to‘planma… qoch-qochib qol, to‘xta xumsa, to‘xta dedim… otaman, sotaman, osaman, badarg‘a qilaman sartni bolasi… to‘planma, tarqal, tarqal dedim xaromi… bozorda to‘planmay onangnikida to‘plansinmi, hammomda to‘plansinmi hangi, ho‘ hangi!..

Abdulla yetti uxlab tushiga kirmagandi mana shunday ahvolda qolishi, bor-yo‘g‘i matbuotga gap yozg‘uvchi muxbir-musannif bo‘lsa, nimaiki yozsa yangi jamiyatning koriga yarash, yomonni kamaytirish – yaxshini ko‘paytirish dardida yozdi. Odamlarga yoqadigan so‘zni izlab-topib yozdi. Unga hech kim yozishni o‘rgatmadi – qo‘liga qalam tutqazmadi – o‘zi topdi, o‘zi yozdi. Uslub yaratdi. Matbuotda so‘z aytish uslubini kashf etdi. Omi-olomon hayotiga yangilik shabadasini olib kiruvchi yakkayu yagona kuch – matbuot deb bildi. Shu aqidasiga qattiq ishondi. Matbuot so‘zini hamma narsadan, hatto jumhuriyatning kattalaridan, o‘sha kalon kursi egalarining sha’nidan-da ustunroq deb bildi. Unday desa… surishtirib kelganda, o‘sha Akmalcha ham, o‘sha Yo‘ldosh ham Maskov chizgan chiziqdan chiqolmaslar! Tur desa turadi, yot desa yotadi, ot desa otadi, qama desa qamaydi-da!.. Tavbasiga tayantir desa tayantiradi-da!.. Bu esa yozaverdi, bearmon yozdi, xumordan chiqquncha yozdi va… Yoxud Maskovdagi o‘qishini davom ettirsa, o‘qishini tugallab qaytsa durustmidi? Har qalay, jurnalistlar institutida o‘qisa, Ne’mat Hakim yozganidek, ma’lumotini yuqorilatsa, tag‘i yaxshiroq yozar, zamon matbuoti sirlarini to‘laroq o‘rgansa, allaqanday kulunch bir maqola yozib bundayin balolarga qolib o‘tirmasmidi?
Qaydan ham Komilning ra’yiga yurdi?! Uning so‘ziga kirib, o‘qishni tashladi, tinib-tinchimas maqolanavisga aylandi. Uni Maskov o‘qishidan olib qolgan ham Komilning o‘zi! Endi “Yig‘indi gaplar”ni bosilmasdan burun o‘qimagandim deya tonib o‘tiribdi. “Zimangga olgan bo‘lsang, javobini ham o‘zing berasan!” deb keladigan baloni o‘zidan soqit qildi-qo‘ydi, g‘alvadan silliqqina boshini olib qochdi – qutuldi.
Bir u emas, G‘ozi, Sanjar, Mirmuhsin, ularga qo‘shilib Ziyo ham gunohning barini bir ovozdan Abdullani boshiga ag‘darib turishibdi. Ha, bir ovozdan! Bundan chiqdi, ularning barchalari bir tomon, Abdullaning yolg‘iz o‘zi bir tomon! Abdurahmon Sa’diy, izma-iz Ne’mat tushmagurning maqolasida uning nomi buyuk inqilobning dastlabki olti yili mobaynida g‘ayrat ko‘rsatib mehnat qilgan – ijoddan to‘xtamaganlarning safida ilg‘orlar qatorida sanaganlari safdoshlarini sakarotga solmadimikan, ishqilib?! O‘ylab ko‘rsa, ilg‘orlik, peshqadamlik – yolg‘izlik-tanholikning o‘zginasi! Qo‘ltig‘ing ostida hech kiming yo‘qligi belgisi ekan. “Bo‘g‘ma” jiniga o‘tirishmagan nusxalarni g‘ippa bo‘g‘ib tashlash odati tufayli yolg‘iz, Isoq domla kalvakligi bois yolg‘iz, Julqunboy esa qalami o‘tkirligi, ehtimol, haddan tashqari kuyunchakligi bois – yolg‘iz. Rahmatullo domla omonmilar, ishqilib?.. “Shunday kunlarga qoldik, ustoz…” “Olloh taoloning irodasi, bo‘tam…” “Alijon domla, taqsir, suhbatlaringizni behad sog‘indim…” “Tahammul tilayman sizga, Abdullajon, yaxshi kunlar yaqin, inshoalloh!..” Olloqul, san qayerdasan, qalandar?.. Tozasidan bor, tozasi, kayf-da, damlasam bi-ir tortasizma, okam?..
– Abdullo oka, h-ho-oy, Abdullo oka!
– Labbay, kelsinlar, Salimboy, qanday shamol uchirdi?
– Sho‘rva shira bog‘ladi, ulfatlar mushtoq, oka, yuraqoling!
– “Solma”mi, “bosma”mi, ziyofat, Salimboy?
– Solma, xotirjam bo‘ling, okaginam, xappai halolidan – solma!
Salimboy ovozining boricha ha-holab mahallani boshiga ko‘tardi, Abdulla ichida unga jo‘r bo‘ldi. Yaqin atrof mavzelarda dong taratgan yo‘lto‘sar o‘g‘rining tap tortmay kimsan Julqunboydek mashhur bo‘la borayotgan yozuvchini hamtovoqlikka chorlashidan kulgisi qistadi. Abdulla uchun bu toifa kishilarning solmayu bosmasidan ko‘ra, muloqot tarzi, so‘zi, tili qadrli… Chorsu bozoridan chiqib, Samarqand darvoza ko‘chasiga burilish joyida, Chuqurko‘prikka yetar-etmas o‘ng yoqqa ketgan nishab so‘qmoqqa burildi, kengina ariqning qirg‘og‘iga kelib cho‘nqaydi. Besh-olti odimda butkul o‘zga bir dunyoga o‘tib qolgandek his etdi o‘zini – salqin, suvning jildirab oqishi, mayin-mayin jilmayib-qiqirlab qo‘yishlari eshitgan quloqqa, a’zoyi badanga rohat bag‘ishlaydi. Jimjitlik, sokinlik… joni orom oldi…
Mirahmad tajangni aytmasinmi?! Xonchorbog‘ning palagi toza chapanilaridan! Zap yigit, mard, dangal. Saratondagi momaqaldiroqdek kutilmaganda “yur-yur”lab kep qoladi. “Biroz bandman”, deydi Abdulla. Tajang o‘laqolsa so‘zidan qaytmaydi: “Keyin yozasan, og‘ayni, bir babog‘ opkeldim, o‘shanga bitta hekoya bag‘ishlamasang, otimmi boshqa qo‘yaman!” deb qistalang qilaverdi. Abdulla taklifni rad etishga ko‘ngli bo‘lmadi. Shay qilib qo‘ygan qalam-daftarini yig‘ishtirib, Mirahmadning oldiga tushib bordi. Mirahmad tushmagur yangi topgan babog‘ini hovlining o‘rtasiga qo‘yib yubordi, unga go‘sht, don-dun, anor donasini tashlab cho‘qilashini tomosha qiling deb qo‘ymadi. Picha chalg‘itib turgach, Mirahmadning kenjasi Murodvali sopol laganga uyib suzilgan palovxonto‘rani ikki qo‘llab ko‘tarib kelib, supaning o‘rtasiga tuzalgan dasturxonga qo‘ydi.
– Iya-iya! – nima deyarini bilmay qoldi Abdulla.
Mirahmad tajang behazil-bemutoyiba muddaosini aytdi:
– Janggohdan chiqib, uyga kelsam, bi-ir choyxona palov damlashayotgan ekan. “Yonimga Abdulla kelib o‘tirmasa, man bir cho‘qim og‘zimga omayman”, dedim!
Oshxo‘rlik tugagach, Mirahmad tajang hayhot ushalmas orzusiga yetishgan, hayotda armoni qolmagan odamdek battar erib ketdi, xotini bormi, o‘g‘il-qizlari bormi, barini qatorlashtirib o‘tqazib qo‘yib kimsan Abdulla Qodiriydek, kimsan Julqunboydek inson – kimsan zamonaning peshqadam yozuvchisi mehmon bo‘lib o‘tirganini yetti mahalla eshitadigan qilib baralla va takror-takror aytishdan charchamadi. Savol ustiga savol yog‘dirdi, qo‘yarda-qo‘ymay uni gapirishga undadi.
– Jinlar bazmidan ol, Abdi, jinlar bazmidan. Mani davrimda o‘z og‘zingdan eshitsin, bular, jon uka! O‘lgunicha gapirib yuradi keyin!
Abdulla so‘zga chechan emasidi. Gapirishdan ko‘ra o‘ylashni, xayol surishni afzal ko‘rardi. Gapdon, so‘zining adog‘i ko‘rinmaslarga qarab turib dam hayratlanar, dam ich-ichidan g‘ashi kelardi. Shunday bo‘lsa-da, Mirahmad tajangning so‘zini yerda qoldirmay, uzuq-yuluq bo‘lsa-da, “Jinlar bazmi”ni so‘zlab berishga kirishdi.

“O‘rta Osiyo bo‘yicha RNPU vakiliga
PP OGPU Toshkentda hisbda saqlanayotgan fuqaro
Abdulla Qodirovning onasi – Josiyat bibi Abdulqodir xotinidan
Iltimos

Yaqin kunlarda GPU organi tomonidan “Qizil O‘zbekiston” gazetasi va “Mushtum” jurnalida ishlovchi o‘g‘lim Abdulla Qodiriy hibsga olingan.
Uning qamoqqa olinishi men va bizning oila a’zolarimizga qattiq zarba o‘rnida qabul qilindi, zero, bizning o‘g‘limiz qandaydir jinoyatga qo‘l urishi va uning evaziga turmaga tashlanishi haqida o‘ylamaganmiz.
Basharti u qandaydir xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa men ishonamanki, bu uning mutlaqo yoshligi, tajribasizligi yoki boshqa bir kishilar ta’siriga tushib qolgani oqibatida yuz bergan deb o‘ylayman.
Fikrimcha u katta aybga qo‘l urmagan, qo‘l urgan bo‘lsa qamoqxonada o‘tirgan kunlarida yetarli darajada jazolangan hisoblanur.
Ushbu bilan Sizga iltimos qilamanki, o‘g‘limga nisbatan qo‘zg‘atilgan ishni tez kunda to‘xtatib, uni qamoqdan ozod qilsangiz. Zero, men va butun oila a’zolarimiz tunu kun og‘ir iztirob iskanjasida qolmoqdamiz.
Toshkent, eski shahar
Aprel 2-kun 1926 yil”.

Boyqushlar makoni bo‘lgan bir vayronada yuz bergan voqea tafsilotini e’tiborsiz tinglash qiyin edi… Maydon o‘tkir nurdan charog‘on, to‘da-to‘da kishilarning chag‘ir-chug‘uri, gijdang-gijdanglar, childirma, dutor, tanbur, g‘ijjakning zaif, ammo yurakni qitiqlayturg‘an tovushlari… katta oq samovarlar, katta doshqozonlar, jiz-biz, jiz-biz davom etar… Yuz chog‘li yosh-qari bazmni avjiga chiqargan… “Mana, O‘sar akam ham keldi! Hoy, O‘sar akamga dasturxon yozinglar!” Nima emish, avval bazm, bad’az dasturxon emish. “Qornim och. Qornim o‘larday och!” degan gapka quloq osadigan banda qahat. Bosiq va og‘ir mashq chalina boshladi. Mashq avjiga mindi, ezilib ketdim, o‘pkamni bosolmayin, piq-piq yig‘lay boshladim. Mashq uzoq davom etdi, men ham uzoq yig‘ladim. Nega yig‘ladim – o‘zimga-da noayon. Illo mashq o‘zi bilan birga meni ham bitirdi hisob! Ikki tegirmon toshi orasida yanchilgan kishidek majruh edim, zabun edim. Qimir etolmadim. Bazm ishtirokchilarining ko‘z o‘ngida yer yorilmadiyu yerga kirmadim…
Qah-qah otib xandon kulishlardan hushimni yig‘dim. Sozandalar sho‘x, o‘ynoqi kuyni chalishga tutindilar. Avval o‘ynab ber, avval muqom, bad’az taom! Qornim och, Mirahmad, oshingni suz, baraka topgur!.. Qanaqa osh?! Ana, ana, qara, avval muqom qil!
Iya, o‘n besh-o‘n olti yoshli norasida qiz, sochlari jingila-jingila, yuz-ko‘zlari do‘ndiq, ustida yashil baxmaldan burama qilib tikilgan chiroyli delvagay ki­yim. Har qadam bosganida oyog‘idagi qo‘ng‘iroqlari jig‘irlab ko‘zni oladir. O‘ynoqi mashq, unga jo‘r raqsdan dunyoga bir shodlik, bir ruh yog‘ilar, o‘liklar tirilayotgandek, yerlar silkinayotgandek, tog‘-toshlar kulayotgandek, yulduzlar raqsga jo‘r bo‘layotgandek, daraxt yaproqlari qarsak chalayotgandek! Ana Homid, ana Sodiq, Jannat xola ham shu yerda, Abdullaning ahvolidan kulayotgandek, bu yerdan omon ketmaysan degan ma’noda chapak chalishayotgandek, Abdulla badaniga botib ketgan yotaloqning ustidan qurigan xazon yanglig‘ uchib tushayotgandek… Shu yotishi, shu o‘ylari o‘ziga xush yoqayotgandek…
U Chorsu bozoridan chiqdi-da, katta tosh ko‘chani kesib o‘tib, Samarqand darvozaga burildi. Odatdagidek Chuqurko‘prikka yetgan paytida “Jinlar bazmi” yodiga tushadi. Ko‘prikning biqinidagi kengina maydonni yam-yashil maysa qoplagan, ahyon-ahyonda bolalar qo‘y-qo‘zi o‘tlatib yurgani demasa, aksaran kimsasiz, zog‘ ko‘rinmas, otasi aytgan hikoyadagi bazmi jamshid maydoni ayni shu yer! Xilma-xil soz chalayotganlar qani, raqsga tushayotgan qizaloq qani, qarsak chalayotgan, to‘xtamay uning ustidan kulayotganlar-chi? Abdulla bir raqsga tushgisi keldi desangiz! Bundan battari bo‘lmaydimi, osmon uzilib yerga tushmaydimi, qiyomat qo‘pmaydimi, nari borsa, bir jonga – bir o‘lim-da, shunga ham ota go‘ri – qozixonami?! “Bo‘g‘ma”ning gapi – gap: qo‘rqmay-pusib yurmay, yurak hovuchlamay yashaganga ne yetsin! Topgan gapini – aytilmagan, odamning bo‘g‘zida qolgan so‘zlar qo‘yning qumalog‘iga aylanarmish!.. Matbuot nima, matbuotda muzhika nima ekanini chulchutning to‘qqiz pulidek qilib tushuntirib yozdi, kerak bo‘lsa, og‘zaki aytib berishga ham shay. Tushungan odam tushunmaganlar oldida – yolg‘iz. “Haq gap bamisoli mag‘zi achchiq bodom, uni qadriga yetgan odamni o‘zi qadr topmaydi, bolam. Hayot azal shunaqa”. Hayot azal shunaqa… Shunaqa bo‘lsa shunaqa-da, qo‘rqadigan, tili qisiq joyi yo‘q Abdullaning! U neki gap aytkan bo‘lsa, neki o‘ylagan bo‘lsa, bari-barchasi matbuotdagi xizmatlaridan ochiq-ravshan! Yozdi u, istasalar, aytishga ham tayyor – tavba qilarli ma’yub emas u. Tavbaga bo‘yin bukkan banda bandalarning eng yaramasi, yaxshilar!.. O‘zing bir haqiqatka qonmay turub va o‘zingning xatoyingga tushunmay turub faqat ojizdan qilingan tavba – tavba emas; ham o‘zingni, ham o‘zgani aldashdir, rasvoliq-raddibaloliqdir!.. Sho‘ring qurg‘ur Kalparash! Uvol ketgan Kalparash! Hoy, amir Abdulrahmonxon – qo‘llari qon, miyasi qon, ko‘zi qon, ichi to‘la qon! Xon – qon – jon!.. Otsang ot, mayli, ossang os mayli, oh degan, to‘g‘rilik ortidan bosh ketsa, uh degan-voh degan nomard!.. Chal, nag‘mangni maydoncha! Jinlar sozlasalar sozlasinlar sozlarini! Jinlar bazmi avjiga chiqsa chiqsin, tugamasa tugamasin qarsaklar. Masxaralashlar, qah-qahalar tinmasin, mayli, qorni ochligidan holdan toysa-toysin Abdulla! Gir aylanib-chir aylansin, qo‘l-oyoqlari charchoqdan uzilib-la tusha qolsin, xumordan chiqsin Abdulla! Tur, o‘rningdan, hoy Homid, Sodiqqa ayt, Sodiqqa, Komil Alini, Ziyo Saidni, unga qo‘shib Xurshidni boshlab kelsin, bir mo‘yiga olmas Abdulla! Olomon, izdihom orasida o‘tirgan rangi zaxil “Indamas”, uning yonidagi “Bo‘g‘ma” bez o‘z ko‘zlariga ishonib-ishonmay Abdullaning bu “hunari” nima bilan tugashini bilolmay alang-jalang. Abdulla turgan joyida o‘ynayverdi-o‘ynayverdi, gir aylandi-chir aylandi, oyog‘ining osti – qara, qaranglar, yolg‘izxonaning qoq o‘rtasi, siymon-piymoni, yotaloq-patolig‘i bilan aralash-quralash o‘yilib-o‘yilib, o‘pirilib-o‘pirilib, to‘zib-to‘zib o‘rama hosil bo‘ldi – hibsxonaning to‘rt tomon devor-pevori, panjaralari, tuynukli temir eshigi – hammasi o‘ramaga ag‘darilib, ularning o‘rnida yashnagan, charaqlagan, qah-qah otib olamga nur taratayotgan… gulzor paydo bo‘ldi, gulzor! Ra’no gul, zebo gul, jonon gul! Abdulla ko‘z o‘ngida “osmondan tushgan” mo‘jizani ko‘rib hushini yo‘qotayozdi. Qaranglar, tomosha qilinglar, zavqlaninglar bu gullardan-chamandan deya hayqirgisi, bundan qanoat qilmay chappar urib ochilgan rango-rang gulzor o‘rtasiga chiqib olib, bong urmoq qasdida og‘iz juftladi…
He yo‘q-be yo‘q, yugura solib hovli chekkasidagi qaznoq eshigini siltab ochdi, ichkari kirib timirsklandi – gulqaychisini izlay ketdi… Joni o‘rtanib sog‘ingandi gulqaychini. Topdi! Yugurib boyagi shiddatda qaznoqdan otilib chiqdi, chiqdiyu o‘ng yoqqa pastlab ketgan nishab so‘qmoqdan yurib, anhor yoqasiga borib qoldi. Bu yer shu qadar sokin ediki, hozirgina uni hayajonga, junbishga solgan manzaralar ko‘z o‘ngida ro‘yoga aylandi. Tavba, tuyqus bolaligiga qaytib qoldi. Uzun, yapasqi xarsangtoshga omonatgina cho‘nqaydi. Suv g‘oyatda muloyim va beozor oqayotgandi. Atrof jimjit… Bola-bolakay o‘rtoqlar birin-sirin g‘ishtin ko‘prik tepasidan suvga sak­rashdi, suvda quvalash boshlandi. Olamni bolalarning, ularga qo‘shilib Abdulla – Abdining sho‘x-shodumon qiyqirig‘i tutdi. Ko‘prikdan yigirma quloch suzishlik joyda bir tup qandtek o‘rik daraxti yoniga yetishganida, epchil o‘rtoqlari oqimga qarshi suzishga o‘tdi. Boisi g‘arq pishgan o‘rik cho‘lp-cho‘lp etib suvga sho‘ng‘ir, bir zum ko‘zdan g‘oyib bo‘lib xiyolgina naridan po‘kakdek otilib suv sathiga qalqib chiqar, epchil shaytonvachchalar uni talashib tutib olishar va o‘sha zahoti og‘zilariga tiqishar, danagini bir-birlariga otib, “ko‘zchiqarar” o‘yin o‘ynashar edi… Voy, qaranglar, xushro‘ygina yigit suv yoqasiga kelib cho‘nqaydi. Chamasi asr namoziga hozirlik ko‘rayotgan, ehtimol andek oshiqayotgan, o‘ziga notanish bo‘lgan bu oshyonda xiyla sarosimaga ham tushayotgan, suvdan ko‘z uzolmas, suv sehrgar, ariq sehrgardek ko‘rinayotgandi ko‘ziga… Yana chuqur ko‘prik, yana g‘ishtin ko‘prik ostidan chiqqan suv uch-to‘rt quloch chamasi ochiq havoda oqib o‘tgach, qandtek o‘rik yoniga, yo‘q-yo‘q, butun ixtiyori ila oqim ohangiga g‘arq bo‘lgan bo‘y yetgan qiz qarshisig‘a yetar-etmas go‘yoki uning ta’zimi uchun bir charx urib qo‘yar, o‘z ustida o‘lturgan sohiraning sihriga musahhar bo‘lg‘an kabi tag‘i bir kattaroq doirada aylangach, ohistagina… Kumush, Kumushoy, xuddi o‘zi – Kumushbibi! Qarang, qaranglar, u qo‘l uzatib suv oldi, yuzini yuvdi. Kumushbibi yuzini chaygan suv tomchilari bilan ariq o‘zgacha harakatga kelib chayqaldi, go‘yoki suv ichida bir fitna yuz berdi. Qiz ikkinchi, uchinchi qaytalib yuz yuvishida bu fitna tag‘i ham kuchaydi. Otabek, Kumushbibi! Oykumush, oftobkumush! Og‘riqlari… paymonasi yaqin Kumush!.. Og‘riqning birinchi kuni hech kimga sezdirmay yurdi Kumush. Ammo ikkinchi kun buni boshlab Otabek, undan keyin O‘zbek oyim sezdi. Abdulla-chi?! Abdulla qayerda? Necha kunlab xabar yo‘q undan. Rahbarnisaning holi nima kechdi, kechmoqda? Bibim doya aytdilarmikan yoxud o‘zlari?.. O‘zbek oyim, Josiyat bibim – onaizor. Hushyor bo‘linglar, hushyor! Fitna!.. Sabr!.. Iroda!.. Uqubat!.. Toqat!.. Matonat!.. G‘ozi, Komil, Shams! Otabekka tegmanglar, Kumushbibiga, Rahbarnisaga ko‘z tikmanglar! Homid! “Bo‘g‘ma!” Hoy, “Bo‘g‘ma!” Qayoqqa g‘oyib bo‘lding, Yalangto‘sh, Ilon?! Muallaq osma yo‘lka, qora panjara, qopqog‘i ochiq tuynuk!.. Zaza… Akmalcha… Yo‘ldosh Oxun!.. “Bo‘g‘ma!..” Bir go‘r, bir go‘r, bir go‘r!.. Nega yozdim, kimga yozdim, Kalvak? Isoq domla aftini bujmaytirib, chumchuqqarash qildi, ishshaydi: “Ha, bacham, qulog‘ingga aytgandima-a, yozg‘uvchilik – asli shaytoni la’inni kasmi!..”
– Nima dedingiz, Hasanali ota?! Ota!..
Abdulla qayerda, qay ahvolda yotganini dabdurustdan anglolmadi. O‘z tovushidan o‘zi cho‘chib uyg‘ondi. Ko‘zini qayta yumib, qayta ochdi. O‘n chog‘li karavot, bari band. Rang-tusidan barchalari bemor… Kasalxonami?! Nega? Qachon keltirishdi uni bu yerga?! Tfu, la’nat! Suf, la’nat bariga! Bari bir, bari bir og‘zimga uvoq ham olmayman!..

ShOShILINCh MAXFIY QISM.
Fuqaro JASIYaT QODIROVA
Eshonguzar Beshyog‘och qismi 4-mahallada
Yashovchi
ARIZA
Menga turli ovozalar orqali yetib kelgan ma’lumotga ko‘ra Sizlarning qamoqxonangizda saqlanayotgan o‘g‘lim Abdulla ochlik e’lon qilgan va bu ikki hafta davom etmoqda. Men ona sifatida bu ahvoldan g‘oyatda bezovtaman va shundan kelib chiquvchi og‘ir ma’naviy ahvolimni hisobga olgan holda, keksaligimni e’tiborga olib, uni ishonchliroq shaxslar ixtiyoriga o‘tkazishingiz haqidagi talabimni rad etmasligingizni so‘rayman; yana nimalar talab qilinadigan bo‘lsa – ular haqida menga ma’lum qilishingizni so‘rayman.
8 aprel 1926 y.
Toshkent sh.

Ochlik yana uch kecha-kunduz davom etdi. Shifokorlar Abdullani o‘zgacha mehr bilan davolash yo‘llarini izlashar, uni suhbatga undashar, sudlov jarayonini tezlashtirishni zimmalariga olib, uni qanday bo‘lmasin, taomlanishga ko‘ndirishga urinishardi. Abdulla turma ma’murlariga emas, shifokorlarga ishondi. Ularning ra’yiga yurdi. “Shunday ro‘mon yozgan odamni ayanch ahvolga solishibdi, insofsizlar! – dedi yoshi qaytgan shifokor qorday oppoq sochlari siyraklasha boshlagan boshini chayqab. – Uch qayta o‘qidim, yana o‘qiyman! Otabekning, Kumushbibining haqqi-hurmati, Yusufbek hojining haqqi-hurmati picha totining!” dedi u yolborguday yelkalariga qoqib Abdullaning. – Sizni chiqarib yuborishadi, albatta ozodlikka chiqasiz!” “Bo‘g‘ma” ham shunday dedi: “Yaxshi yozuvchi ekansan, erta bo‘lmasa, indin bari bir qamashadi. Bunisida bo‘lmasa, keyingisida otadi, keyingisida…”

Kasalxonadan ruxsat tekkan Abdullani qaytib tuynukli temir eshiklar saf tortgan yo‘lakka boshlab kelishdi. Ixtiyor o‘zida bo‘lsa, har bir eshik ro‘parasida sukut saqlab tek turar, eshikdagi tuynukka termilganicha o‘ylarga tolardi. Bu eshik­lar uning nazarida allaqachon – o‘sha ilk safar ko‘rganida eshik emas, yo‘q-yo‘q, tik qo‘yilgan ulkan kitoblarga aylanib ulgurgan, ana endi ularning har birini avaylab-ehtiyotlab qo‘lga olib varaqlar, ularga bitilgan biron jumlani nazardan qochirmas va albatta, ularning har biriga o‘nlab, ehtimol yuzlab varaqlarni yozib ilova qilgan bo‘lur edi.
– To‘xtang!
To‘xtadi.
Uning uchun tayinlangan kitobning muqovasi ochilayotib ingrab yubordi.
– Kiring!
Kirdi.
Muqova g‘ingshib yopildi. Abdullaning ko‘zi nimqorong‘ilikka ko‘nikdi. Choqqina yolg‘izxonada yolg‘iz o‘zi edi. Uning tasavvurida muqovasi ingrab yopilgan bu kitobning yangi sahifalari bejirim arabiy yozuvda qog‘ozga tusha boshladi…

QAROR
1926 yil aprel 11 kun Toshkent sh. Toshoblsud katta tergovchisi shu kuni Jin. Kodeksining 116 va 73-moddalari bo‘yicha ayblanuvchi Abdulla Qodirovni so‘roq qilib va 1/ Abdulla Qodirovga qo‘yilayotgan ayblov ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanishidan kelib chiqib 2/ Qodirov ozodlikka qo‘yilgan tadirda sud va tergovdan yashirinishi mumkinligini hisobga olib
QAROR QILADI:
Jinoiy Prots. Kodeks 144 va 158-moddalariga binoan ayblanuvchi Qodirov Abdulla Toshkent qamoqxonasida saqlab turilishi unga tushuntirilsin, qaror nusxasi aytib o‘tilgan ozodlikdan mahrum etish uyi va Toshkent oblasti Prokuroriga yetkazilsin
Katta tergovchi Bondarev Imzo

“Bo‘g‘ma”ning bashorati yana bir karra tasdig‘ini topdi – temir eshikning bu safargi shovqin-suron ko‘tarib ochilishi qulog‘iga u qadar og‘ir botmadi. Ko‘ngli allanechuk hapriqib ketdi. Shunday bo‘lsa-da, “to‘ydan avval nog‘ora chalinmas” naqliga rioya qildi.
– Lash-lushingni yig‘ishtir!
Abdulla soqchiga xo‘mraydi, uning o‘zidan anchagina yosh ekanligiga ahamiyat berdi, bir uzib olishga kuchi yetardi-ya, tilini tiydi. Bu kabi mishiqilar bilan pachakilashib o‘tirmaslikka ahd qilib qo‘ygandi u. Yig‘ishtiradigan lash-lushi ham yo‘q. Titilib ketgan daftari bor, xolos. Abdulla bir dunyo gap yozdi, sud majlisida asqotib qolishini o‘ylab, gazit yoxud jurnalga bosiladigan maqolasini qayta-qayta o‘qigani, matnga sayqal bergani kabi yozganlarini o‘chirdi, tuzatdi, o‘chirdi, tuzatdi.
U soqchi yetovida avval hovliga chiqdi, birmuncha piyoda yurishgach, yana choqqina uychaga kirdi.
– O‘tirma! Kutib tur! Kelishadi.
Kim keladi, kutganiga yarasha… shu yerdan javobini berisharmikan? Ana, devorning orti ko‘cha shekilli, moshinaning gurillashi, aravakashlarning ko‘chani boshlariga ko‘tarib shallaqilik qilishlari eshitilyapti.
Abdulla holdan toygan edi. Uning uchun jismoniy mag‘lubiyatdan ko‘ra ma’naviy mag‘lubiyat og‘irroq, shu bois ruhan sinib qolishdan ehtiyotlanar, ehtiyotlangani sayin esa kutish azobi toqatini o‘rtab yuborayotgan edi. U o‘zining fe’lidagi toqatsizlikni yaxshi bilar, jonsarakligi, mehnat qilib charchamasligi, qalamni qo‘ldan qo‘ymasligi, nohaqlik-jaholatga duch kelganda unga qarshi nimadir qilmasa, joni ichiga sig‘may ketishlarining bari ana shu toqatsizligi, jonsarak­ligi tufayli ekanligini yaxshi bilardi. Turmada o‘tgan kunlarida u kechirgan iztirobu chekkan azob-uqubatlarning bir uchi – bekorchilikka toqat qilolmasligiga borib tirg‘alar edi! Betoqat odam haqsizlikka dosh berishi maholligini boshidan o‘tkazdi. “Haq gap bamisoli mag‘zi achchiq bodom, uni qadriga yetgan odamni o‘zi qadr topmaydi, bolam. Hayot azal shunaqa”.
Keksayib yotib qolgan odam ko‘p narsaning farqiga boravermaydi, deb o‘ylardi Abdulla. Mana, allaqachon yuzni urib qo‘yib to‘shakka qadalib qolgan Qodirmuhammad sarbozning aynan aytgani bo‘ldi – hammasi birgina maqolada bayon etilgan oddiy haqiqatlarni tushunmaslikdan yo tushunishni istamaslikdan kelib chiqdi. Shunaqasi ham bo‘larkan-da, yangi zamon, yangi matbuotning mana shunday yo‘rig‘lari, nayrangu nag‘malari ham bor ekan. Birgina maqolada, tag‘in Abdullaning yo Julqunboyning ema-as, Ovsarning tilidan aytilgan uch-to‘rtta nordon gap uchun ham odam hibsga tashlanadigan zamonlarga yetishibmiz-da?!
Nihoyat, eshik ochilib, ikki nafar harbiynamo libosli kishi kirdi. Abdulla istar-istamas ularga razm soldi. Qovog‘i uyulganligidan ularning niyatlari durust emasdek ko‘rindi. Lekin bittasining qo‘lida yupqa papka.
– Sud belgilandi. Xabaring bormi? – so‘radi yoshi kattasi.
– Kuni aniqmi?
– Anig‘i zarurmi?
Abdulla indamadi.
– Manavini o‘qi, – dedi yoshi kattasi yonidagi sherigining qo‘ltig‘idagi qatlam-qatlam qog‘ozga razm solib. – Yaxshilab o‘qigin-da, ostiga imzo chek.
Abdulla o‘qidi. O‘zining nomidan bitilgan tilxat ekan. Mazmuni – shu-shu, sud tayin qilingan shaharga yeta-etguncha yonimda borayotgan soqchining izmidan chiqmayman, beso‘roq hech yoqqa chalg‘imayman, duch kelgan hech bir tanish-notanish bilan salom-alik qilmayman, gurunglashmayman. Savol-javob almashmayman.
– Hech bir tergovsiz ishni sudga oshirish mumkinmi?
Kiruvchilarning har ikkisi “shuniyam bilmaysanmi?!” degandek istehzo aralash Abdullaga bo‘zrayib qaradi. Javob bo‘lmadi.
– Sud qayerda bo‘ladi? – yana savol qotdi Abdulla.
– Borganda bilasan!

Toshkent
Oblprokurorga
Qodirovning ayblov ishini shoshilinch pochta orqali Davlatprokuroturasiga jo‘nating tchk Mahbus etap tartibida Samoblasttuzatishuyiga keltirilsin
Davlat prokurori (Gaziyev)
1 iyun 1926 y.
Samarqand sh.

Poyezdning u yondan bu yonga chayqalib sharaqlashi quloqni qomatga keltirar, dam-badam cho‘zib-cho‘zib bergan na’rasidan keyin parovoz tomondan yopirilib kelgan qora quyun yuqorisi ochiq oynadan ichkariga yirtqich maxluqday yopirilib vagon hujrasini liq to‘ldirardi. Bunday damlarda bir muddat nafas olmay o‘tirishga to‘g‘ri kelar, Abdulla dam xayolga tolar, dam ko‘z o‘ngida o‘tirgancha mudrab borayotgan poyloqchi yigitga razm solib, uning avzoyidan nimalarnidir uqishga urinar edi.
Soqchi yigit miltig‘ini dam u, dam bu qo‘liga olar, xuddi birov tortib ketayotgandek changalidan qo‘ymasdi. Bir necha tunlab mijja qoqmagan, shekilli, ro‘parasida beozorgina o‘tirgan mahbusga zimdan nazar tashlar, yana zo‘ravon uyqu zug‘umi oldida ojizligi sezilib qolayotgandi.
– Toliqdingizmi?
– Yo‘q-yo‘q! – dedi hovliqib soqchi va apil-tapil ko‘zlarini ishqadi. – Toliq­madim.
– Xizmatingiz og‘ir, inim. Yo‘limiz olis, mizg‘ib olsangiz ham bemalol.
Soqchi ichidagi gapni mahbus topib aytganidan hayron edi. Azbaroyi ko‘ziga yosh kelgandek:
– Mulla aka, – dedi u ikkilanib, xijolatlanib. – Onam og‘ir xastalar, tuni bilan tepalarida o‘tirdim. Mijja qoqmadim.
– Ko‘rinib turibdi, picha mizg‘ib oling.
– Siz…
– Men? Men sizni qo‘riqlab boraman.
Abdulla kuldi, soqchi kulmadi.
– Qochib ketmaysizmi?
Abdulla oynadan lip-lip o‘tayotgan qishloq uylariga, yaylov va o‘tloqlarga ko‘zini burdi. “Toza odamiga yo‘liqibman-ku!” dedi ichida.
Mahbus bu savolga jo‘yali javob o‘ylab topishga ulgurmay, soqchi yonboshiga bosib tutgan miltiqni quchoqlaganicha pinakka ketdi. Abdulla yigitga termilganicha o‘zining va uning ahvolini solishtirdi. “Onam og‘ir xastalar, tuni bilan tepalarida o‘tirdim. Mijja qoqmadim”. “Onam og‘ir xastalar, tuni bilan…” Abdullaning yigitga havasi keldi. Bibim nima qilayotgan ekan? Bolalar, onasi… eson-omon qutulib olibdi, yana bir o‘g‘il ato etgan yaratgan egamga shukr…
Parovoz uzoq yugurib nafasi tiqilgan odamdek harsillay boshladi. Siltanib-siltanib to‘xtashga chog‘landi. Tashqaridan baqir-chaqir shovqin ovozlar quloqqa chalindi. Poyezd yana bir qur na’ra tortgach, o‘sha-o‘sha maromda yo‘lida davom etdi.
Soqchi yigitning ko‘zi chirt yumilgan esa-da, aftida behalovatlik sezilib turardi. Bir payt u cho‘chib uyg‘ondi. Ayb ish qilib qo‘ygan odamdek apil-tapil ko‘zlarini ishqadi, miltiqni changallay turib ro‘parasida xotirjam xayolga g‘arq botib o‘tirgan mahbusni ko‘rib xotirjam tortdi.
Abdulla xayolini buzmadi.
Soqchi o‘zining tiyrak ekanligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘ldi, shekilli, picha jim ketaturib, og‘iz juftladi:
– Qaysi moddaga binoan sudga oshirishdi?
– “72” va “105”ning birinchisi.
– Hmmm, – deb qoshlarini kerdi soqchi tushundim degandek. – Qachondan buyon hibsdasiz?
– Uch oy bo‘lyapti…
– Q…qanday q…qilib… Qayerda? Aytingizmi yoki?..
Abdulla tushunmadi.
– Nimani aytaman? Anglamadim, uka, nimani so‘rayapsiz?
Soqchi bir siltanib oldi. Hurpaydi. Avzoyidan “Men senga uka emasman”, degani edi. Shunga qaramay o‘z ixtiyoridagi bandining mutlaqo odatdagi mahbuslarga o‘xshamasligi qiziqtirayotgandi uni.
– Davlat rahbarlarining sha’niga og‘ir botadigan so‘zlarni aytdingizmi yoki yozdin…
Abdulla yengil tortib kulimsidi.
– Yozdim, yozdim, – deb yubordi bir og‘iz so‘z bilan oradagi gumonlarni ko‘tarib. – Yozganda ham “Mushtum”ga yozdim.
– “Mushtum”ga?!
– “Mushtum”ga.
– Yozg‘uvchimisiz?!
– Afsus, yozg‘uvchiman…
Soqchi o‘tirgan o‘rnidan sapchib, oyoqqa qalqdi. Ikki qo‘llab tutib turgan miltig‘ini yoniga qo‘ydi-da, ko‘zlarining ola-kulasini chiqarib ham hayrat, ham savol, ham hayajonda Abdullaning ko‘zlariga tikkasiga tikilib qoldi.
– Siz… Siz J-julqunboy? Julqunboymisiz?!
Tashqaridan qaragan odamning nazarida bu ikki yo‘lovchi agar birining qo‘lidagi miltiqni aytmaganda ular og‘a-inidek yoxud tog‘a-jiyandek gurunglashib ketayotganga o‘xshardi. Biroq yoshi kattarog‘i qanday o‘y-xayollarda, kichigi nima tashvishda borishayotgani hech kimsaga noayon. Faqat shu topda miltiq tutgan yigitning hayratdan sapchib qad rostlashi ajablanarli bir manzara hosil qilgan edi.
– Asta, shovqin ko‘tarmang, – deb uni tinchlantirdi Abdulla. – O‘tiring.
Soqchi joyiga cho‘kdi.
– O‘qigandim, – dedi u hamon hayajonini bosishga urinib, – tog‘am qo‘ldan qo‘ymay o‘qiydilar. Bizga ham o‘qitadilar! Hech yerda eshitilmagan so‘zlarni qayerdan topasiz? Kula-kula o‘lamiz, amaki! Ismingiz nima uchun Julqun, shuni tushunmaymiz, amaki?
Soqchi shunday deb miltiqni oyog‘ining ostiga – uzun kursining panasiga suqib qo‘ydi.
– O‘zbekcha ismmi, o‘zi? Yo…
Abdulla derazadan lip-lip o‘tayotgan qishloq manzaralariga xayoli qochdi. Ro‘parasida o‘tirgan, savoliga javob kutayotgan odamnigina emas, o‘zining qayoqqa, ne savdolar ko‘yida ketayotganini ham unutgandek edi.
– Qishloqlar… Odamlar… Hayot…
Nega bunday dedi, nimani nazarda tutdi – o‘ziga-da, noayon edi.
Soqchining tamoman uyqusi o‘chgan, endi u boyadan buyon o‘z qo‘l ostidagi inson bilan dardlashmay kelayotgani hissasini chiqarmoqchidek shosha-pisha gapirayotgan, ichi to‘la gapligini, ularni zudlik bilan bayon etmasa, yo‘l tugab manzilga yetib qolishlaridan cho‘chigandek bir ahvolga tushgandi.
– Yozuvchi odam qamaladimi?! – U ikki tomon oynasidan tashqarini kuzatdi, chamasi u manzilga qancha vaqt qolganini chamaladi. Hamon o‘zini, ehtiroslarini jilovlolmay dedi: – Tog‘am Julqunboy yozmay qo‘ydi, jo‘rnalni qizig‘i qolmadi, degandilar! Bir zamon kasalga chalinib yozmay qo‘ygandingiz, shundaymi?
Abdulla bu safar soqchi yigitga hurmat bilan razm soldi. Boyagi bepisandligidan ichida xijolat chekdi. Biz “Mushtum”ni odamlar o‘qimaydilar, befarqlar deya noliymiz, mana, yoshgina mirshab yigitcha shuncha narsadan boxabar ekan, chakki emas! Julqunboy bir muddat kasallangan kezlari nomi jurnalda ko‘rinmay qolgan, bu hol mushtariylar orasida mish-mishlarga sabab bo‘lgan, jurnal bunga ravshanlik kiritish maqsadida maxsus tushuncha-ig‘lon bergan, demak, omma orasida jurnal va uning mualliflariga befarqlik emas, aksincha qiziqish yuqori ekan.
– Bir zamonlar man ham melisada bo‘lganman, – dedi Abdulla soqchiga tug‘ilgan mehrini izhor etish o‘yida salmoqlanib. – Ko‘ngilli melisada.
Soqchi kulimsiradi.
– Yozg‘uvchilar melisada qanday ishlaydilar? – ishonqiramay so‘radi u. – Melisa bo‘lak, yozg‘uvchilik bo‘lak kasb. Bir-birovidan yiroq…
Abdulla miyig‘ida kuldi, so‘ng jiddiy tortdi, aytdi:
– U qadar yiroq emas, o‘xshash jihatlari ham bor…

Toshkent Oblprokurotura
Mahbus QODIROV Abdulla shoshilinch tarzda Samtuzatishuyiga etap yo‘li bilan yoki imkoniyatga qarab bir kishilik konvoy bilan olib kelinsin
Davlat prokurori
8V1 26 y.

Taqdiri poytaxt Samarqandda hal bo‘lishini bilardi Abdulla. O‘sha kunlar ham yetib keldi. Bir-ikki kunda sud ishi boshlanib qolar, bu yog‘i tayin – sud zaliga kiradiyu qator o‘tirgan do‘stlariga ro‘para bo‘ladi! Safdoshlari, ijoddoshlari, matbuotning nonini yeb yurgan, matbuot so‘zi, matbuot kulgisi nima ekanini besh qo‘lday biladigan xayrixohlarini ko‘radi! Biri olib, biri qo‘yib so‘z so‘raydi. Oradagi barcha shubha-gumonlar tumandek tarqaydi. Sudlovchilar – hamma hayron, arzimas bir maqola tufayli yuz bergan anglashilmovchilikdan… sud majlisi hazil-mutoyibaga aylanadi va…
Abdulla. Kelayotgan kim? Kimlar ko‘rinayotir ko‘zimga?
Komil Alimov. Biz, Julqun, begona yo‘q qatorimizda.
Abdulla. Men qaysi qatorda?
Komil Alimov. Sen… biz…
Abdulla. Sen, biz – beiz.
Komil Alimov. Nechun beiz, Abdi? Nechun?
Abdulla. Qora tutun, qora bulut, qora is-qurum! Nahot yorug‘lik qahat?! Qani qolganlar, do‘stlar-darddoshlar?
Sanjar. M-men shu yerda…
Abdulla. Sen-da, shu yerda. G‘ozi qani? Mirmuhsin, Xurshid?
Ziyo Said. Muroding ne, Abdi, murodingni ayt?
Abdulla. Murodim bitta – seni tanqiddir, tanqid (zaharli kuladi).
Ziyo Said. (og‘rinib) Chayonning kasbi nishin suqmoq…
Abdulla. Chayonning nishi, bilsang – davo, yo‘qsa itob – malomat! Ixtiyor…
G‘ozi Yunus. Ixtiyor kimda?
Abdulla. Obidiyda qilmasman aslo. Billo, ixtiyor – haqda, adolatda! Yalhak­likda emas muqarrar!
G‘ozi Yunus. Tag‘in?
Abdulla. Tag‘i muboraza?! Tag‘i tag‘oful?! Sud ishining debochasin bilgim keladir.
G‘ozi Yunus. Debochasi?.. (o‘ylanib qoladi va birdan) Nimaga sha’ma?.. “Yig‘indi gaplar”dan boshlandi-ku, bari hangama.
Abdulla. Senga hangama! Zirhing hamon – tag‘oful, tag‘ofulda g‘ofilsan, g‘ofil! Maydon endi – seniki, mard bo‘lsang, maydonda hangra, birodar G‘ozi!
G‘ozi Yunus. (Komil Alimov tomon qarab). Aytmadimmi?!
Komil Alimov. Nadur tag‘oful? Nadur bulut, nadur qora is-qurum, Abdil? Biz yakdilmiz, axir, barimiz – shunda!..
Abdulla. Xah-ha-ho! Xah-ha-ho! U holda nechun turqingiz zahil-pajmurda?! Adovat, xusumat bo‘yalgan mamlakat rangiga?! A, labbay, sizlar bir safda, bir safda!..

T.I.T.D. tergov bo‘limi qoshidagi qabulxona mudiri
Xizmat xati
1926 y. 22 may
Ma’lumotnoma
Qodirov Abdulla ochlikni to‘xtatgach 9–18 aprel kunlari bizning bo‘limda yotib davolandi.
Oblsud uchun yozildi.
22.V.1926

“Qani edi!” deb yubordi Abdulla. Xayolida teatr uchun mo‘ljallab yoza boshlagan sahnada yog‘dirilayotgan ta’na-malomatlar ta’siridan chiqolmayotgandi. Hammalari ishtirok etsalar edi, qancha aytar so‘zi bor, izhori istig‘fori bor. Gina-kuduratlarni tamom unutib, yozganlarini o‘qib eshittirsa, do‘st-birodarlari tinglasalar, sudlov oqimi tamomila o‘zanini o‘zgartirib… Batahqiq, u sud zalida “Mushtum” rahbariyatini, qolaversa ijodkor do‘stlarini ko‘rishiga ishonchi komil edi. Hatto ularning qay birlari so‘z so‘rab kimsan Julqunboyni, kimsan Abdulla Qodiriydek safdoshlarini o‘z himoyatlariga olish niyatida birlari olib, birlari qo‘yib so‘zga chiqishlarini, matbuotda kulgili maqola yozishning xos uslubi borligini, “Yig‘indi gaplar” oddiy hazil-mutoyiba ekanligini, maqola jurnalda bosilganga qadar hammalari o‘qib, dam ma’qullab, dam ikkilanganliklarini sudga tushuntirib berishlarini ko‘z o‘ngiga keltirgandi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, sudlov xonasida sud hay’ati, kotib yigit, davlat qoralovchisi, ikki notanish kimsa, soqchi va ayblanuvchi, xolos. Boshqa hech zog‘ yo‘q!
– Nima sababdan himoyalovchi olishni rad etdingiz? – so‘radi hay’at raisi.
– Nima sababdan ish yuzasidan guvohlar, mening qalamkash safdoshlarim ishtirok etmayaptilar? – savolga savol bilan javob qaytardi Abdulla.
– Siz savol emas, javob bering! – dedi hay’at raisi.
– Savol berish huquqim bo‘lmasa, talab etishga haqqim bordir?
– Xo‘sh, talab?
– Dastlabki tergov-surishtiruv, yuzlashtiruv o‘tkazmay turib sud jarayonini boshlash hech bir qonun-huquq talablariga javob bermaydi. Shunday ekan…
– Shunday ekan, mana, – dedi hay’at raisi oldida turgan, qalinlikda bir-biridan qolishmaydigan ikki to‘plam qog‘oz boylamiga ishora qilib, – manavi xat-hujjatlarga ishonaymi yoki sizning og‘zaki gapingizgami? Bilib qo‘ying, sudlanuvchi Qodirov, sud protsessining tili – hujjat, yozuvchilik-safsatabozlik emas!
Abdulla hayratidan og‘iz ocholmay qoldi. Rais bopladimmi, degan ma’noda mug‘ambirona bosh chayqab, sudlanuvchidan nigohini uzmadi.
– Qanday xat-hujjat?.. Sizga qayerdan keldi?..
– Hammasi imzolangan. Muhr bilan tasdiqlangan. Sud uchun muhimi – muhr! Izoh…
– Axir men bilan hech kimsa biron marta…
– I-izoh or-tiq-cha! Biz bu yerga hangama uchun yig‘ilganimiz yo‘q. Yetar, maqsadga o‘tamiz.
– Maqsad nima, o‘zi?! – Sudlanuvchining tovushi sudlovchining tovushini bosib tushdi.
– Maqsad – gapni qisqa qilish! Matbuotda qasddan aksilinqilobiy maqola bostirish jinoyatiga yarasha jazo belgilash! Hamonki himoyachiga ehtiyoj yo‘q deb hisoblar ekansiz, mening vazifam – sizni ogohlantirish. Menga va sudga nisbatan da’vo tug‘ilishini istamayman. Ish – g‘oyatda nozik.
Sud raisi “ish nozik” deganda nimani nazarda tutdi, o‘ziga ayon, lekin Abdullaning fikriga ko‘ra, noziklik deganda – matbuotga kulgilik narsa yozishning, umuman hajviya mohiyatini anglash, fahmlashning nozikligi muhimroq sanalayotganida edi.
– Nozikligi shundaki, – dedi u tovushini pasaytirib va vazminlashib, – menga qo‘yilayotgan aybning aslida ayb emasligini yolg‘iz o‘zimgina asosli tushuntirib bera olaman. Hech bir himoyachi bunga qodir emas.
– Xo‘sh, nechun? Qandayiga?
– Batafsil yozib qo‘yganman, ruxsat etsangiz, bir boshdan o‘qib eshittiraman.
Rais ikki yon sherigiga bir-bir nigoh tashladi-da, “O‘qing” deb qo‘lidagi qalamni stolga tashlagan edi, qalam sudlanuvchining tovushidagi hazinlikka dosh berolmadi chog‘i, stol qirg‘og‘iga yumalab bordi-da, “tirq” etib oyoq ostiga tushdi. Rais pinagini buzmay qora charm qoplangan suyanchig‘i baland kursiga yaslandi. Abdulla daftar varaqlarini kaftining qirrasi bilan tekislayotib, tomoq qirib oldi, shoshilmay, bir maromda o‘qishga kirishdi:
– Men 1926 yilning 10 yanvaridan 10 fevraligacha otpusqaga ketub dam olub yurganimda bu “Yig‘indi gaplar” nomli maqolani yozg‘anman. Otpusqadan qaytgandan so‘ngra 14–15 chislada navbatdagi chiqaturg‘an “Mushtum” jurnalining soni uchun materiallar tayyorlag‘animda ularning ichida bu maqolani ham qo‘shub, mas’ul muharrir Komil Alimovga olub borganman.
Abdulla sud raisiga ko‘z qirini tashladi, raisning turqida hech qanday o‘zgarish-qiziqish alomatini sezmadi. Davom etdi:
– Mas’ul muharrir Komil Alimov haligi “Yig‘indi gaplar” maqolasini manim qo‘lumdan olu-ub, – Abdulla atayin urg‘u berib o‘qir ekan, yana raisga o‘g‘rincha ko‘z qirini yugurtirdi, – o‘zuning kabinetida baland ovoz bilan o‘qub berdi-i. Ul maqolani o‘qub bergan vaqtda uning kabinetida o‘rtoq G‘ozi Yunus, Sanjar, Shermuhamedov va qonto‘rshik Xaluchev bor edi.
Bu gaplar o‘qilganida ham sud jarayoni ishtirokchilarining birortasi qilt etmadi. Vaholanki, mazkur axborot ayblanuvchining bo‘yniga tirkalayotgan gunohning bir qirrasi – maqolani o‘zboshimchalik bilan bostirib yuborganlik aybini yo‘qqa chiqarishga yetarli dalil bo‘lur edi. Abdulla bir zum o‘qishdan to‘xtadi.
– Davom eting, – dedi sud raisi sovuqqina.
Abdulla davom etdi. Uzoq o‘qidi. Tushuntirib, ijikilab, dona-dona qilib o‘qidi. Keyin-keyin tinglovchilarga e’tibor ham qilmay qo‘ydi. Abdulla hayotida bu qadar uzoq va baland ovozda ma’ruza o‘qimagandi, tovushi bo‘g‘ildi, biroq o‘qishdan to‘xtamadi. Vaholanki, sud hay’ati a’zolari ham, davlat qoralovchisi ham allaqachon uning ma’ruzasidan toqatlari toq bo‘lgani ochiq-ravshan ko‘rinib turar, biroq ular sudlanuvchining qonuniy huquqini poymol etishlari mumkin emasligini yaxshi bilishar, keyinchalik “sudga nisbatan da’vo tug‘ilishini istamasliklari” aniq edi. Biroq sud raisining bardoshi ko‘pga yetmadi.
– Ma’ruzangiz hali uzoqmi? – deya savol qotdi u to‘satdan.
– Uzoq.
– Sud jarayoni ertaga dovur tanaffus e’lon qiladi.

Havo odamni lohas qiladigan darajada betayin, lanj edi, shunga qaramay ikkinchi kuni Abdulla yana uzoq o‘qidi. Ishtirokchilar o‘sha-o‘sha – beparvo. Hatto tinglamayotgandek, istaganingcha o‘qi, degandek churq etib og‘iz ochmas, ayblanuvchiga savol qotmasdi. Avvaliga bundan ajablangan Abdulla bora-bora ko‘nikib ketdi. Nima bo‘lgan taqdirda ham o‘qisa, o‘qiganlari sud zabtnomasiga kiritilsa, uning da’volariga aqli yetib quloq osadigan biror banda topilib qolar degan niyatda qanday ruhda boshlagan bo‘lsa, o‘shanday davom ettirdi. Abdulla o‘qib turib o‘yladi, tuni bilan o‘yladi, na birorta guvoh, na birorta ahli qalam qatnashdi jarayonda. Nahotki, ularning hech birlarini qiziqtirmagan bo‘lsa, Abdullaning taqdiri?! Nahotki, ularning barchalari undan yuz o‘girishgan? Bu yetmaganday, barcha shohidlar “Yig‘indi gaplar”dan jurnalda bosilgunga qadar bexabarmiz degan bo‘lsalar?! Axir o‘sha shohidlar Abdullaning do‘stlari, yoronlari, kunda birga kasbdoshlari, o‘rni kelganda, Abdullaning qariyb har safar bosilgan maqolasi yuzasidan tahayyurlarini ochiqchasiga izhor etib olqishlovchi, luzum topilsa, har qadamda maslahat so‘rovchilar-ku!
Uchinchi kuni ertalabki majlisda ma’ruza nihoyasiga yetdi. Abdullaning nazarida ortiqcha izohga hojat qolmagan, matbuotda kulgili gap aytishning o‘ziga xos sir-asrorini to‘la-to‘kis bayon etib bergandek edi. Unga qo‘shilib boshqa ishtirokchilar ham yengil nafas oldilar.
– Savollar bormi? – o‘lik nigohini o‘tirganlarga tikib so‘radi rais.
Jimlikni davlat qoralovchisining yasama jiddiy va tahdidli ovozi buzdi:
– Sudlanuvchi Qodirov! Ayting-chi, shu vaqtga qadar firqa a’zosi emasligingiz sababi nimada?
Qoralovchi kishi bundan boshqa qanday savol ham berardi. Ma’ruzani durustgina tinglagani ham yo‘q, tinglagan taqdirda ham ayblanuvchi jon koyitib aytgan gaplariga aqli yetmasa. Matbuot nima, unda bosilgan maqolaning yaratilish uslubi nima, tushunmasa.
– Men ma’ruzamda buning sababiga izoh berdim, – dedi Abdulla.
– Men takror so‘radim – siz ham takror ayting!
Abdulla bir zum o‘ylab oldi-da, javobi ma’ruzadagi izohdan farqli bo‘lib qolmasligi uchun diqqatini jamlab oldi. So‘ng qariyb so‘zma-so‘z takrorladi:
– Bu haqli savol. Darhaqiqat, men bunda aybliman, chunki manim tabiatimda fardlikka moyillik bor. Shu sabab…
– Fardlik? Qaysi ma’noda?
– Yolg‘izlik ma’nosida.
– Hammasi tushunarli, – deb uning gapini bo‘ldi qoralovchi xuddi shu javobni kutgandek. – Menda boshqa savol yo‘q.
– Qodirov! – salmoqlanib gap boshladi rais. – Mana, uch kun so‘zingizni bo‘lmay quloq soldik. Shundaymi? Tingladik, shundaymi? – U sudlanuvchidan javob kutmay davom etdi: – Ayting-chi, endi o‘z qilmishingizdan pushaymonmisiz? Biz uchun muhimi, shuni ayting.
Abdulla tutaqib ketdi. Boshqa har qanday lattachaynar savolga toqat qilishi mumkin edi, lekin bu qadar bema’ni, betayin, laqqi savolni kutmagandi. Shuncha aytkan gaplari muhim emas ekan-da, bular uchun! “Uch kun qulog‘ingga tanbur chertdimmi, besavod ifrit?!” deb yubordi o‘zini bosolmay. Yaxshiyamki, bu iddaosi ichida qoldi, sirtiga tepchimadi.
– Bu savol menga emas, maqola muallifi Ovsarga berilsa o‘z tilida yanayam to‘kisroq javob qaytarardi, – dedi Abdulla ensasi qotganini sezdirmaslikka urinib, kinoya aralash. – Maqolani men yozgan esam-da, Ovsarning tilidan yozganman. Barcha anglashilmovchilik shuginaning farqiga bormaslik oqibatidir. Ma’yublik kursisiga ham aslida Ovsarboyni o‘tkazish adolatdan bo‘lur edi.
Sudlanuvchi tagdor so‘z o‘yini qilayotganiga raisning fahmi yetmadi. Yana bir necha savol berdi, biroq barcha savollar nomigagina berilayotgandi. Buning ustiga sudlanuvchining ma’ruzasida atroflicha ravshanlik kiritilgan savollar bo‘lganidan Abdulla ularni takrorlashdan ma’ni topmas, raisni esa serizoh javoblar u qadar qiziqtirmayotgandek edi. O‘ylab ko‘rsa, Abdullaning hafsalasi pir bo‘lgan, go‘yo nomigagina davom etayotgan jarayonning o‘ziga, uning taqdiriga mutlaqo dahli yo‘qdek, shunday ekan, savol-javob emas, manavi maynavozchilik tugagan zahoti u yo‘lga otlanadi, nihoyat, uyiga – onasi, aka-ukasi, ayoli va farzandlarining quchog‘iga oshiqadi. Hamma-hammalari bilan achom-achomlashib ko‘rishadi, diydorlashadi, yangi tug‘ilgan o‘g‘ilchasini bag‘riga bosib, uning jannatiy islaridan to‘yib-to‘yib nafas oladi! Shu kunning o‘zida oilasiga boshidan kechirgan hangamalarni – Rostgo‘y amaki ertagini tongotar oqizmay-tomizmay hikoya qilib beradi. So‘ngra ertasigayoq tong sahardan uyg‘onib, ijod xonasiga qamalib olib, bir yozadi-bir yozadi! Bir hamlada, ha-ha, xumordan chiqquncha bosh ko‘tarmaydi. Hafta bo‘yi ko‘chaga chiqmaydi, keldi-kettini yig‘ishtiradi – ko‘rgan-kechirganlarini, sarguzashtlarini hikoya qiladi, yo‘q, feleton yasaydi. Ehtimol, Kalvak mahzumdan ko‘ra yirikroq kitob hosil bo‘lar?! Uni tugatar-tugatmas, musanniflik dastgohida yana bir ro‘mon uch berib turibdi… Ha-a-a, mana shu uch oy pand berdi, yozish gashtidan mosuvo etishdi – qisir qolgan sovliqning holiga tushirishdi! Yozgani shu uch kunda o‘qigani ma’ruza bo‘ldi, xolos. O‘ylab ko‘rsa, ma’ruza bahonasida ancha-muncha gaplarni qog‘ozga tushiribdi, virdi zabon qilib yurgandan ko‘ra qog‘ozga tushsa, turgan-bitgani adabiyot, matbuot ahliga har jihatdan nafi tegmay qolmas!..
Raisning tuturuqsiz savollariga javob berar ekan xayolining bir chekkasida qoralovchining savoli gir-gir aylanishda davom etaverdi. Ne sababdan bitta savol bilan cheklandi u? “Hammasi tushunarli! Menda boshqa savol yo‘q”. Nimasi tushunarli? Qanday qilib hammasi?! “Hammasi” deganda nimaga sha’ma qildi u? Nimani nazarda tutdi?
U hukm o‘qib eshittirilayotgan damlarda ham xayollarini jamlay olmadi. Uch oydan buyon o‘ylamagan narsam qolmadi deb yurgandi, qolgan ekan. Shuni o‘ylamagan, tabiatidagi fardlik mohiyatini, mohiyatidan kelib chiqadigan oqibatini mulohaza qilmagan ekan. Vaholanki, hayotidagi juda ko‘p voqealar – oila tutimidan kitobxonlikkacha, gazit-jurnalchiligidan yozuvchiligigacha, jonsarakligidan safdoshlariga ayamay-netmay aytadigan tig‘dor tanqidlarigacha, G‘ozi aybsitgan tilining zahar-zaqqumligigacha, barcha-barchasi uning fe’lidagi ushbu xususiyat tufayli ekan! “Saning qaysi bir yozganlaringga ishchi-dehqon tushunadir?” G‘ozi Yunusning shunday deb yozganini eslab, kulimsidi Abdulla, jiddiy tortdi. Ijodidagi bu “aybi” o‘ziga ham ma’lum. Kim bilsin, ushbu “gunohi” ham ijoddagi fardligi, ya’ni adiblik tushunchalaridagi yolg‘izligi boisidandir?! Tushungan odam tushunganligi tufayli tushunmaganlar orasida tushuniksizdir, yolg‘izdir… Illo ko‘ngilda na shamsi g‘uboroti, na-da teskarichilik maqsad-murodi bor. Qanchalar sodda, avom uchun tushunarli yozishga unnamasin, avom-omi o‘quvchilar u yoqda tursin, mana, kasbdoshlari, qalami o‘tkir G‘ozidek safdoshi ham avvalboshdan unga teskari o‘girilib olgani-olgan! G‘ozida gap ko‘p. “Mushtum” yaratilibdiki, u bilan o‘rtada munozara! Munozara mubohasaga, mubohasa tortishuvga, tortishuv tosh otish­ga aylandi. Achchiq gaplar otishmasi hammaning og‘ziga tushdi. To‘g‘ri, Abdullaning tili achchiq, matbuotchilik yuzasidan achchiq-qurum gaplarni ko‘p yozdi. Uning qalampir o‘xshatishlariga dosh berolmagan Nazir To‘raqul, G‘ozi Yunus maqola yozib chiqdilar. Biroq ularning bari ijod va matbuotchilik ishlarini yo‘lga qo‘yish niyatida qilingan va aytilgan so‘zlar edi, xolos. Fikrda, fikrchanlikda yolg‘iz edi, Abdulla. O‘sha yolg‘izlik mana endi butkul o‘zgacha to‘nda uning boshiga yopilgandi!.. Nachora, sud ishida ijoddosh do‘stlari yonida turishar deb kutgandi. Kutgani zoye ketdi, umidlari puchga chiqdi, o‘zini himoya qilish yakka o‘ziga qoldi. Ana, hukm – ikki yil ozodlikdan mahrumlik muborak bo‘lsin, o‘rtoq yozg‘uvchi! Matbuot kulgisi uchun kulgili jazoni qabul qilib olsinlar, o‘rtoq Julqunboy! Ana sizga yozuvchilik evaziga mukofot, fardlik gashtini surish imkoni! Ana sizga tushunganning ustidan tushunmaganlarning qah-qahasi, hukmi odili!..

Abdulla karaxt bo‘lib qoldi, hukmni o‘z qulog‘i bilan eshitdiyu uni vujudiga singdirolmadi. Sud hay’ati raisi ham rosa kiftini keltirib, qiroat bilan, dona-dona qilib o‘qidi. Shunda ham ishonmadi u, chunki u tasavvurida bunday bo‘lishini aqliga sig‘dirolmagandi. Qanday bedodlik bu axir! Shu xalq, shu yurt, shu maorif, shu ma’rifat yo‘lida jonini tikkan, halovatidan voz kechgan, odamlar o‘qiydigan so‘z izlash, topganini o‘xshatib yozish ko‘yida kunni tunga ulagan, hali o‘ylaganlari, istaganlari, mo‘ljalga olgan toza niyatlari xirmon-xirmon bo‘lib uyulib yotgan odamni ikki yil hayotdan yulib olish kimga zarur bo‘lib qoldi?! Bundan kim yutadi? Kimga qanchalar foydayu, kimga nechog‘liq zarar?! Nahotki, masalaning bu tomonini mulohaza qilishga yaraydigan bir banda topilmasa?!
“Axir!?”, “Nahotki!”ning adog‘i yo‘qdek. Biroq sud ishi nihoyasiga yetgan, galdagi voqealar odatiy oqim o‘zanini tark etmasligi muqarrar edi.
Qo‘lga kishan solindi. Allaqanday temir eshiklar taraq-turuq qilib ochildi-yopildi, qancha yo‘l bosildi, qay tomonlarga haydab ketishyapti, bilib bo‘lmadi. Bilib bo‘lmadi emas, bilishning qizig‘i qolmadi. Qo‘rsdan-qo‘rs, dag‘aldan-dag‘al, ham qo‘lansa, ham tig‘dor dag‘dag‘a ustiga dag‘dag‘a yog‘ilaverdi:
– Yur!
– To‘xta!
– Qimirlama!
– Angrayma!
– O‘ngga!
– Chapga!
– Alanglama!
– Imillama!
– Ildam yur!
– Ko‘zingni och!
Ustma-ust yog‘ilayotgan bu amrlarga Abdulla quloq soldimi-yo‘qmi, ularga rioya qildimi-qilmadimi, anglab yetgani yo‘q. Uning xayoli shiddat bilan ishlayotgan – mahkumlik hayotini qanday o‘tkazishni, nimalar bilan mashg‘ul bo‘lishni chamalashga tushib ketgandi. Shuuri cho‘l shamolidek shuvullab allaqayoqlarga g‘oyib bo‘lgandek kalavaning uchini yo‘qotib qo‘ygan – nima haqda o‘ylayotganini unutgandi. Hozir, bugun yo erta haqida emas – nuqul istiqbol haqida qayg‘urayotganidan hayronligi ortayotgan, nima bo‘lgan taqdirda ham Abdulla har qanday og‘ir damlarda zinhor-bazinhor umidsizlanmas, umidsizlanish tuyg‘usi uning fe’liga yot edi.
– Chiq!
Abdulla qimir etmay turaverdi.
– Moshinga chiq, dedim! Garangmisan?!
– Tomoshaga ochib qo‘ydimi moshinani! Kir ichkariga!
Kimdir orqadan beli aralash gursillatib tepdi. Abdulla bazo‘r hushini yig‘di. Qora qo‘ng‘iz moshinning lang ochiq orqa eshigi ro‘parasida turganini elas angladi.
– Qo‘lingni uzat! – degan bo‘g‘iq tovush keldi moshinaning ich tomonidan.
Shundagina Abdulla moshin ichida o‘ziga o‘xshash to‘rt-besh nafar ariston tiqilishib o‘tirganini ko‘rdi. Unga tomon cho‘zilgan yetti yot begona ikki qo‘l Abdullani moshinga osongina chiqib olishiga ko‘maklashdi. Yonida, ortida kelayotgan soqchining dag‘dag‘asi tepkidan ko‘ra qanchalar og‘ir botsa, ikki ariston qo‘lning ko‘mak istagida cho‘zilgani ko‘ngliga ajib shu’la yoqdi. “Yordam qo‘lini cho‘zadiganlar ham bor…” dedi ichida ko‘ngli iyib.
Qora qo‘ng‘iz moshin ariston tashishga moslashtirilgan: eshiklar taraqlatib yopilgan zahoti moshina ichi… tungi “Xo‘ja Ma’oz” mozoristoniga aylandi-qo‘ydi.

O‘zbekiston Kommunistik (bolshev.) partiyasi
Markaziy Komiteti
№ 6746 27/V11 1926 y.
Samarqand sh.
Oliy Sudga
O‘z KP(b) MK Matbuot bo‘limi Sizdan Abdulla Qodirovning ishi bo‘yicha qarorni jo‘natishingizni so‘raydi.
O‘z KP(b) MK
Matbuot bo‘limining mudiri (Nazirov)
Kotib (Gnevusheva)

Olti nafar qismatdosh endigi hayot oqimi qay tomon nishab tortishini bilmay, churq etmay borishardi. Beshala notanish kimsa va Abdullaning dardi-dunyosini qoplagan zimiston qora qo‘ng‘iz moshina ichidagi qorong‘ilikka bir manba kabi edi. Tashqarida javzo olovi borliqqa o‘t qo‘yaman deydi, ichkarida esa… asov va quturgan, ammo ko‘zga ko‘rinmas yel kuchaygandan kuchayib borardi. Bunga sayin qora qo‘ng‘iz moshin ichi yana bir qat qo‘rqinch holga kirar, bir-birovining pinjida najot topadigandek siqilishib o‘tirgan aristonlar shamolga dosh berolmay qars-qurs singan shox-shabbadek tinmay siltanar, qaysi biri “ih”rab, boshqasi “mix”rab yolborish tovushi chiqarardi. Ko‘kni o‘rab olgan qora bulut esa, to‘s-to‘sga bo‘linib, qora parda ichidan yarim yuzini ochgan oy noma’lum qismat oldida dov­dirab borayotgan mahbuslarning manglayini ojizona yoritib turar, bu manglayga bitilgan taqdir bitiklarini o‘qish, uqishga esa bandasi ojiz edi, ojiz…
Negadir Abdulla yana avvalgidek yakka o‘zi yolg‘izxonada qolaman deb o‘ylagandi. Har banda borki, o‘z yolg‘izxonasining xojasi, o‘yga tolishdan o‘zga najot yo‘q. Shunday holatga tushsa u yana bir boshdan hamma-hammasini o‘ylab oladi, chamalaydi, rejalashtiradi. Bibisi, ayoli va farzandlariga aytadigan gaplarini… tag‘in kim bilsin, bu yog‘i qanday kechadi hayoti? Uni qay tomonlarga badarg‘a qilishadi? Ehtimol barini yozib qo‘ymog‘i, yozganlarini joy-joyiga jo‘natish epini topmog‘i darkor. “Mushtum”dagi hamkasblariga ataganlari yo‘q emas, uni kengroq, batafsilroq yozadi, balki… Ularni Abdullaga qarshi qayrashgan bo‘lsa-chi?! Bilmadim… Kameriga kirib olay, nafas rostlayman, keyin bir boshdan, ha, barini bir boshdan tosh-taroziga soladigan mavridi keldi, mavridi…
Temir eshikning quloqqa o‘tirishib qolgan tanishdan-tanish sharaqlab ochilishi uni hushiga keltirdi. “Qora qo‘ng‘iz”da kelgan oltovlon qismatdoshni turtib, surtib, tepkilab eshikdan ichkariga kiritishdi. Gup etib urgan qo‘lansa is dimog‘ni yorib yuborayozdi – ichkarida qora-qura ko‘lanka tirband ekanligini Abdulla uch qadam yurganida ko‘rdi. “Oy bulutlar ostiga kirsa, ular, ya’ni boyqushlar rohatlangan kabi “chig‘-chig‘-chig‘, ki-ki-ki” qilib sayrab ham yuboradilar. Bu vaqt shu boyqushlar sayrog‘i ichidan ingranish kabi bir tovush…” Abdulla bor madorini qulog‘iga yig‘di. Hujra adog‘ida allaqanday hasharotlar shipillab-vishillayotganini, chigirtkadek tik-tuk etib irg‘ishlab yaqinlashayotganini sezdi. O‘rmalab, g‘imirlab yaqinlashayotgan kanayu bit misoli maxluqlar yangi kelgan aristonlarning ustiga qora qurumdek yopirilishga, och ishtaha bilan a’zoyi badanlarini ich va tashidan ishg‘ol etishga kirishdi.
– Yo, alhazar! – deya nola chekib yubordi Abdulla qariyb tovush chiqarib. – Hushimdan ketib qolmay-da. O‘zing madad ber, o‘zing! O‘zing bor – fardlik begona bandangga, Parvardigor! O‘zing asra!
– Ilonni asfalosofilinga jo‘natgan mashimi?
Abdulla tushunmadi, vaholanki, juda tanish so‘z-ku – Ilon. Nima?!
Qayoqqa jo‘natgan?! Nega u jo‘natadi Ilonni asfalosofilinga?! Qanday qilib?!
– Buni yozuvchi deb, g‘ippa bo‘g‘ishga qo‘li bormagan u so‘takning. Bu esa uni ayab o‘tirmagan – tinchitgan-qo‘ygan!
Qorong‘i burchakda g‘o‘ng‘illagan, to‘ng‘illagan, serqavat qo‘lansa so‘zlar burqsidi – Abdullaning boshi, boshi aralash ko‘zi, ko‘zi aralash shuuri jazillab achisha ketdi.
– Beri ke, turqingni ko‘rsat!
Bo‘g‘iq va qo‘rs tovush kimni yoniga chorlayapti, tushunish qiyin edi.
Abdulla bir odim ham tashlashga madori qolmagandi.
– O‘zing so‘tak, xez! – dedi bo‘g‘iq va qo‘rs tovush egasi yanayam ovozi guldirab. – Birovni bo‘g‘adigan odammi, shu?! Ilon o‘zini o‘zi “Hiq-q!” qilgan…
– Jichcha yordam bervorishgan… – Gulduragan tovush egasining gapini ma’qulladi yana bir boshqa ovoz.
– Qachon? – deb so‘radi Abdulla ham alam, ham g‘azab aralash. U ikkala ko‘zini chirt yumib oldi. Ko‘zini ochsa ro‘parasida “Bo‘g‘ma” paydo bo‘ladigandek, biroq, bundan chiqdi, u allaqachon jon taslim qilib bu dunyo azoblaridan xalos bo‘lib ketgan, biroq Abdullaning unga aytadigan gaplari qalashib kelayotgan, loaqal undan ismini so‘rab qolmoqchidek, biroq, biroq, biroq!.. – Qachon yuz berdi bu voqea?! Aytinglar, qachon?!
…uzoq-uzoqlardan mungli azon tovushi chalindi qulog‘iga. “Olloh akbar” tak­rorlandi, yana “Olloh akbar”, yana takror, takror. Muazzin odamlar eshitmay qoladilar degan xavotirda shekilli, “Olloh akbar”ni tinmay takrorlashda davom etdi. Otabek ziyoratxona… yo‘q, hasharotxonaning temir eshigi sharaqlab ochildi. O‘tkir chiroq shu’lasidan Abdullaning ko‘zlari qamashib ketdi. Odam odamni tanimay qoldi. Halovatini yo‘qotgan hasharotlar tumtaraqay qocha-qochga tushdi.
– Qodirov Abdulla! Tashqariga!

Jumhuriyatda ahvol qanday? Toshkentning Chorsu bozorida nima gap? Eshon­guzarda nima so‘z? O‘tib borayotgan kunlarning nomi – javzo. Kurrai arz o‘z charxpalagi tegrasida aylanishdan to‘xtamaganidek hamaldan zo‘r chiqqan savrning o‘rnini zabt etgan javzo ham oyoqlab bormoqda. Hademay saraton keladi. Abdulla-chi, Abdulla qachon keladi? Rahmatli Qodirmuhammad boboning xonadonidagilar ko‘zlari to‘rt bo‘lib, tor ko‘chadan ko‘z uzmaydilar. Bormagan joylari qolmadi. Murojaat qilmagan ne-ne idorayu mahkama ostonalaridan tarvuzlari qo‘ltiqdan tushib qaytmadilar. Josiyat bibi uch qayta xat yozdi, yozg‘uvchi o‘g‘lining aybidan o‘tishlarini so‘rab iltijolar bitdi. Abdulla ochlik e’lon qilganini eshitgach, onaizorning tomog‘idan luqma o‘tmadi. Ikki daf’a G‘ozi, bir safar Ziyo yo‘qladi, shekilli, Isoq domla esa kunda-shunda.
– Yozg‘uvchilik – shaytonni kasmi, dedim, necha bor aytdim, yig‘ishtir shu ishingni, dedim. Besh mahal namozimda yig‘lab, Xudoga yolboryapman, rahm-shafqatingni darig‘ tutma, shu bandangdan, deyapman.
Isoq domlaning og‘zidan tushmadi bu so‘zlar! Abdullaning akasi Rahimberdiga ham, ukasi Qudratullaga ham, hatto Josiyat bibiga ham necha qayta takror batakror aytishdan charchamadi bu so‘zlarni. Kuyib aytdi, joniga o‘t qalab aytdi, alam-anduh-la aytdi. Rahbarnisaning yana bir o‘g‘il tug‘ib berishi ham musibatzada xonadonga ko‘pda quvonch olib kelmadi. Va kutilmaganda…
– Voy sho‘rim, Abdi, kela qol bolam! Xudoyimdan aylanay, kep qoldingmi?!
Josiyat bibi ichidan otilib chiqqan yig‘ini bosolmay, eshikdan kirib kelgan Abdulla tomon ikki-uch odim ilgarilab ulgurmadi, oyoqlaridan jon chiqqandek bo‘lib, majolsizlanib cho‘k tushdi. Kampirni yonidagilar suyab qolishdi. Bibining betiga suv purkab, hushiga keltirishdi. Bibi ko‘zini ochib, tepasida o‘ziga javdirab termilib o‘tirgan Abdullani ko‘rdi.
– Kimlar sani shu ko‘yga soldi, jon bolam…
Josiyat bibining ko‘zida yosh ko‘rinmadi. Abdullaning nazarida ushbu nigohdan ko‘ra ishonchliroq, mehribonroq, ta’masizroq nigoh yo‘q edi bu yorug‘ dunyoda. Josiyat bibining nazarida esa o‘tgan uch oy mobaynida o‘rtancha o‘g‘li favqulodda ulg‘ayib, hatto qarimsiqlashgandek, shunga qaramay uning onalik tuyg‘usi ustun kelayotgan – Abdullaning rang-ro‘yi xiyla ketib qolgani sezilayotgan edi uning ko‘zlariga.
Bibisining “kim” emas, “kimlar” degan so‘rog‘i Abdullaning miyasiga tig‘dek qadaldi. Tutqunlikning uzun kunu uzun tunlari adog‘iga yetgan-etolmagan o‘ylari ichida u ham “kim”dan ko‘ra “kimlar” degan savolga alohida javoblar izlagandi. Necha qayta javoblar topdi, necha qayta topgan javoblaridan voz kechdi. Nima bo‘lganda ham, lo‘ndasini aytganda, Abdulla keng omma – olomonning ko‘zini ochmoq niyatida gazit-jurnalni maqolaga ko‘mib tashladi – o‘bdon yozdi, xo‘pam yozdi, bearmon yozdi – tinim bilmadi, nomi og‘izga tushdi, tanishlaru notanishlar tugul ijoddoshlari ham uning ismini eshitkanda hushyor tortadigan bo‘lib qolishdi.
Havasu hasad bahorning bo‘tana suvidek aralash-quralash bo‘lib ketdi. Mana shunday bir pallada “Yig‘indi gaplar” chop etildiyu bahonaning oyoqning ostidan chiqqani asl munosabat – asl niyatlarnigina emas, sho‘rolar siyosatining pinhona kirdikorlarini, xalqni savodxon qilish, yangicha turmush tarziga erishish yo‘lidagi targ‘ibot-tashviqotlar zamiridagi asl niyatlarni, mahalliy rahbariyatning nimalarga qodiru nimalar oldida mutlaqo ojizu notavonligini oyday, kunday yoritdi-qo‘ydi! Ayniqsa, yaxshi niyat ko‘yidagi matbuot so‘zini poymol etish shu qadar oson va jo‘nligidan qattiq qayg‘urdi.

Hayotning shafqatsiz oqimi yangidan-yangi jumboqlarni ko‘ndalang qo‘ydi Abdullaning oldiga. Savollar qalashib ketdi. Ularga javob topish uchun esa yana fardlik – yolg‘izlik ummoni mavj urib chorlay boshladi. U ostonadan qadam bosib, ko‘chaga chiqmadi. Ertaminan pastak ijodxonasiga kiraverishda birrov to‘xtadi. Shu xonani tintuv qilishgandi, ostin-ustun qilib barcha yozuv qog‘ozlarini, chala-qoralamalarini bir qopga tiqishtirib olib ketishgandi.
Oppoq choyshabda chalqanchasiga qip-yalang‘och orom olib uxlayotgan, hanuz ism tanlanmagan chaqaloqqa uzoq termilib turdi. “Qadaming qutlug‘ kelsin, o‘g‘lim”, deb duo qildi-da, ohista hovliga chiqib choqqina gulzor oralab bog‘ tomon yurgan joyida to‘xtadi. Iziga qaytdi – hovuz bo‘yiga yetmay turib, quloch yetmas terak kundasiga nigohi tushdi. Otasi og‘iz solgan, xonadonning qadrdoniga aylangan terak kesilibdi. Ancha bo‘lgan shekilli, kundaning ikki biqinidan ko‘kargan ikki qalamcha novda tonggi shabadada ojiz tebranib turibdi.
Bog‘ salqindek tuyulsa-da, saratonning nafasi ufurib turgan issiqdan qochib qutulish qiyin. Uzumzor, u yog‘i bog‘ – olmazor, shaftolizor, o‘rikzor… Har bir tup daraxt, har bir tok zangi uni sog‘ingan… Daraxt shoxlari oralab tushayotgan quyosh nurlari, soyalar unga mushtoq… muhimdan-muhim, ehtimol mudhishdan-mudhish xabar yetkazmoq niyatida shivirlashayotgandek… To‘kilgan o‘riklar qoraygan, turshakka aylangan, danaklar… Kechagina qayerda edi u, bugun qayerda?.. Nahotki, “Bo‘g‘ma” yo‘q endi? Nahotki, u o‘zini o‘zi “Hiq-q!” qilgan?.. “Faqat bilib qo‘y, dunyoga odam bo‘lib keldingmi, aytar gaping bo‘g‘zingda qolmasin, divomman, uka! Erkakmisan, bo‘g‘zingda qo‘yni qumalog‘ini yig‘ib yurgandan ko‘ra ayt, aytadiganingni! Yoz, yozadiganingni! Yo ostidan, yo ustidan-de, o‘ladigan dunyoda!” Abdulla qulog‘iga muhrlanib qolgan bu so‘zlarni necha qayta takrorladi o‘zicha. Har safar yodiga tushganida “Bo‘g‘ma” bilan bafurja suhbat qurmaganiga afsuslar chekdi. “Chiqqan zahoting, quyonni sur! Qorangni o‘chir!..” Quyonni sur! Qorangni o‘chir!.. Quyonni sur! Qorangni o‘chir!.. Qayoqqa suradi, qanday qilib?! Qorasini o‘chirish hazilmi?! “…birortasining qornini to‘yg‘azishga yaramadim… Yaramas…” Yaramas? O‘zi ustidan o‘z hukmi edimi bu so‘zlar?.. Ilon degan nomi bor ekan, bu esa avval “Yalangto‘sh” dedi, so‘ng uni “Bo‘g‘ma”ga o‘zgartirdi. Asl ismini esa so‘ramadi!.. Uch oy mobaynida ko‘rgan-kechirganlarimni “Bo‘g‘ma”ning tilidan yozsam-chi? Yozuvchi do‘stlarni “Bo‘g‘ma”ga ro‘para qilsam, ularni gapirtirsam, na Komilni, na G‘ozi, na Xurshidni “oka” deyishga tili bormasa, hammasini “uka-uka”lab hezdan olib bezga solsa!.. Ich-ichidan miriqib kuldi Abdulla. Ovsarning kuni kelmasa bas, Ovsarning!..
Yakun qip-qizil maynabozchilikka aylandi. Ha, maynabozchilikning ham qizili bo‘larkan. Ikki yillik qamoq jazosi e’lon qilinishi qaydayu, sassiq havo bijg‘igan hujrada kana va burgalarga yem bo‘la boshlamay o‘sha zahoti hukumat tomonidan afv etilishi qayda?! Shuning o‘zidayoq ayon emasmi barcha mashmashalarning ildizi, debochasi, kirdikorlari! Kasbdoshlarining boshlarini “qovushtirgan”, ularni bir odamga aylantirgan, bir ovozdan ko‘rsatma berishga undagan qudratli kuch ham… “Sindirishadi, so‘ng uchasiz-ketasiz”. Kim aytgandi bu gapni? “Indamas”mi, “Bo‘g‘ma”mi? Illo bu gapda jon bor, buning shohidi bo‘lib turibdi Abdulla! Faqat singan qanot bilan… Singan qanot bilan ucha bilish uchun qancha qanoat kerak? Qaydasan, qanoat?! Qudratingni darig‘ tutma, qanoat!
Abdulla daraxtning ayri shoxiga qadab qo‘yilgan teshani qo‘liga oldi. Dastasini siladi, damini tomosha qilib qarab qoldi – bog‘ o‘sha, dov-daraxtlar o‘sha, o‘t-o‘lanlar o‘sha, tesha o‘sha – Abdulla o‘sha emasdi. Endi uning oldida o‘zgargan – boshqaga aylangan Abdullani, ehtimol yanayam yolg‘izlashgan Abdullani anglab olishdek mushkul vazifa turardi.
Jimjit kimsasiz bog‘ hovlining allaqayerida musicha “ku-ku”ladi. Bog‘ jaranglab ketdi. Hatto “ku-ku”ning aks sadosi bir muncha lahza jaranglab, sukunat og‘ushiga singib ketishga shoshilmadi. Abdulla nafas olmay unga quloq tutdi – musichaning sokin havoga cho‘zib-cho‘zib “ku-ku”lashi ham o‘sha… Abdullaning siniq ko‘ngli bu qadar mungli kuy ijro etayotgan qushni izlab topishni istadi. Zero, bu beozor, mahzun qush uning yolg‘izligiga maxsus kuy bastalayotgan, uning xotiralariga bastalagan kuyini Abdullaning qaytishi sharafiga ijro etayotgandi ham!.. Musichaning vujudidan sirg‘alib taralayotgan bu fig‘on… Abdulla oxirgi daf’a qachon osmonga qaraganini eslolmadi. Ko‘m-ko‘k, tiniq samo ummonida yakkam-dukkam oppoq bulut parchalari xuddi arazlashgan odamlarday bir-birlariga yaqinlasholmay, siljishni ham-siljimaslikni ham bilmay qotib turar, Abdullaning nazarida Toshkentning, yo‘q, o‘zi yashaydigan Eshonguzarning osmonidagi bulutlar qadrdonroq, suyukliroq… boshqacharoq ko‘rinardi…
U oyog‘ining ostiga botgan o‘rik danagini topib cho‘nqaydi. Danakni handalakdan behroq silliq tosh ustiga ko‘ndalang qo‘yib o‘ng qo‘lidagi tesha bilan qattiq urdi. Danak sachrab “qochdi”. Abdullaning chap qo‘l ko‘rsatkich barmog‘ining uchi jazillab achishdi. U beixtiyor qo‘lini siltab tortdi, o‘rnidan irg‘ib turdi. Uh, dedi, ovoz chiqarib kuldi. Joni og‘risa kuladigan odati bor edi azaldan – qanday voqea yuz berganini anglab-anglamay tesha bilan urgan barmog‘ini ko‘z oldiga yaqinlashtirdi. Ko‘rsatkich barmog‘ining uchi – tirnog‘i aralash ezilgan, tirqirab qon oqardi. Abdulla barmog‘ining ezilgan uchiga, jiqqa qonga belangan tirnog‘iga qarab turib ham o‘zini kulgidan tiyolmadi. Boshqa barmoqlari shikastlanmagan edi, sog‘lom edi, ularda og‘riq yo‘q, qo‘li-oyog‘i og‘riq sezmayapti, faqat birgina chap qo‘lidagi ko‘rsatkich barmog‘i – butun joni shu yerga to‘plangandek zirqirayotgan edi. Abdulla chidadi. Yarador barmog‘i lo‘qillay boshladi. U og‘riq boshqa barmoqlariga, undan qo‘liga, undan butun a’zoyi badaniga tarqaydi deb kutdi. Yo‘q! Yaralangan barmog‘ining ikki qo‘shnisi – bosh va o‘rtancha barmoq ko‘rsatkich barmoqdan tirqirab chiqayotgan qondan o‘zlarini ehtiyotlash uchun buklanib olishdi. Nomsiz barmoq va chinchaloq yaralangan qo‘shnidan yiroq ekanliklaridan batamom xotirjam edilar. Qonga belangan ko‘rsatkich barmoq havoda yolg‘iz, muallaq qoldi. U elas-elas titrayotgandi.
Barmog‘ini Abdullaning o‘zi shikastladi, bunga hech kim aybdor emas. Nima qilardi teshani o‘ynab. Teshani sog‘ingan bo‘lsa sog‘ingandir – shu damda danak chaqmasa nima edi – o‘rikniki emas, shaftolining danagi edi, shekilli, toshdan qattiq! Teshada urgani bilan danak chaqilarmidi, demak, qon chiqarmasdan boshqa iloji yo‘q! Bog‘ yumushlarini o‘lguday sog‘ingan bo‘lsa nima – bunday desa, axir u uyga qaytib borgan kunim bosh ko‘tarmay gulzorni epaqaga keltiraman, bog‘da ishlayman, mehnat qilaman deb qo‘msay-qo‘msay diliga tugib qo‘ygandi. Bog‘dan chiqmasa, ko‘ngilning olis jin ko‘chalarida yig‘ilib, qaynab-toshayotgan gaplarni paydar-pay qog‘ozga tushirsa, ularni gazit-jurnalda bostirsa, odamlar o‘qisalar, o‘qigan sayin ko‘zlari ochilsa, dunyoni butkul o‘zgacha nigohlar ila ko‘rsalar, hayotlari o‘zgarsa, o‘zbek xalqi ham dunyoda…
– Ada!
Abdulla o‘g‘lining ovozini tanidiyu u qay tomondan chaqirayotganini darhol tushunolmay qoldi.
– Ada, ada! – deya shoshilib, baralla chaqirdi Habibulla. Bag‘az ostidan engashib o‘tayotib tok navdasiga ilingan do‘ppisi yerga tushdi.
– Ha, Habi, nima gap?
– Sizzi ko‘rishga o‘rtoqlaringiz kelishdi, – hamon nafasi tiqilib suyunchi ol­moq xayolida oshiqib xabarladi Habibulla.
Abdulla simillab, og‘rig‘i zo‘raya borayotgan barmog‘ini o‘g‘lidan yashirib hayajonsiz, vazmin tovushda tanbeh bergandek gapirdi:
– Do‘pping yerda yotmasin, o‘g‘lim. Avval do‘ppingni qo‘lingga ol, boshingga kiy.
Habibulla tezda iziga qaytib dadasi aytganini qildi.
– Barakalla, ana endi gapingni ayt.
Habibulla boyagi hayajon-boyagi quvonch ovoz-la xushxabarni takrorladi:
– Ishxonangizdan sizzi ko‘rishga kelishdi. Yozuvchi do‘stlaringiz…

«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 5-son