Xurshid Do‘stmuhammad. WO AI NI (hikoya)

Behruzga

Bek devordagi soatga ko‘z qirini tashladi – 3 daqiqasi kam 21. Ishiga berildi. Odatdagidek bu paytda xo‘randalarning oqimi sustlasha boshlaydi, onda-sonda allaqaytlarda sanqib och qolgan to‘dalar gangur-gungur, shovqin-suronlar bilan yopirilib kelmasa, yakkam-dukkam mijozlar kiradi xolos, oshxonaga. Uzzukun tik oyoqda turgan oshxona xizmatchilari shifokorlarning oqshom soat 18, kechi bilan soat 19 dan keyin og‘ir taomlanishlarni man etishlariga doir tavsiyalari ayrim xo‘randalarga kor qilmayotganiga hayron bo‘lishadi. Unday qimmatli eslatmalarni manavi sullohlar o‘qimagan, shekilli?.. Bunday desa, Bekka yoki unga hamroh pazandalarga nima? Qaytaga xo‘randa qancha ko‘paysa, shuncha yaxshi emasmi?! Har bitta xo‘randa ortidan qo‘shimcha kirim-foyda keladi, axir. Biroq holdan toygan damlarda hech qanday foyda ham, kirim ham ko‘rinmaydi ko‘zga.
Ertalabki nonushta vaqtidan boshlanadi bari – xo‘randalar oqimi dam zo‘rayadi, dam susayadi, navbatning “dumi” ko‘chaga chuvalib chiqqan damlarda-ku, asti qo‘yaverasiz – qo‘l qo‘lga tegmaydi, peshonangdan oqib tushayotgan terni artishga ulgurmaysan. Besh nafar pazandayu qo‘l-oyog‘i chaqqon ikki xizmatchining ahvolini ko‘rgan odamning, ochig‘i, yuragi ezilib ketadi.
Bir oydan oshib boryapti, ahvol shu – sonmingta hamburger, cheeseburger tayyorlaysan, xo‘randani hello deya yolg‘on tabassum ila kutib olasan, so‘ragan taomini qog‘oz likopchaga joylab yoki sarg‘ish yumshoq qog‘ozga o‘rab-chirmab uzatasan, pulini olasan, taomga to‘lanadigan oldi-berdi alohida darchada. Qovrilayotgan mol, tovuq go‘shtining, pomidoru somidorlarning hidi dimog‘ingni, dimog‘ingga qo‘shib ishtahangni g‘ippa bo‘g‘adi – och qolsang qolasanu qani endi tomoqdan bir tishlam non o‘tsa! Shu ahvolda o‘y o‘ylash, xayol surish, e, ha-a-a, salomat bo‘lg‘aylar afandim, aql-idrok, shuurdagi barcha katta-kichik muruvvatlar erta tongdanoq chirq-chirq qilib o‘chirilgan bo‘lsa o‘y qayonda, xayol qayonda?!
U o‘g‘rincha soatga ko‘z qirini tashladi – ikki daqiqa qolibdi. “Balki kelmas” degan taxmin lip etib o‘tdi Bekning shuuridan. Bek o‘zida yuz berayotgan g‘alati o‘zgarishlarni og‘iz ochib birovga aytgani yo‘q. Ertalabdan to qora tungacha tik oyoqda turib bir xil harakat qilavergach, odamda tushunuksiz, hatto g‘alati odatlar, ko‘nikmalar paydo bo‘larkan: ana shu izdihomda, ana shu taloto‘pda odam o‘zi uchun qandaydir hordiq onlarini “yasab” olish harakatiga tusharkan! Mayli-da, bir zumga bo‘lsin, lip etib o‘sha o‘zing bunyod etgan hordiq lahzasiga kirib olasan-da, nafas rostlaysan, bir zumgina bo‘lsin, o‘z holingga qolasan va yana zip etasanu “hordiq lahzasi”ni tark etib, hech narsa ko‘rmagan-bilmagan odamdek “tashqari”ga chiqib olasan!
Bek o‘n kunlab ko‘chama-ko‘cha, do‘konma-do‘kon, oshxonama-oshxona izg‘ib ish qidirganida inson mana shunday holatlarga tushishi mumkinligini o‘ylamagan, xayoliga ham keltirmagandi. Qaysi eshikka bosh suqsa, yoqimtoy tabassum bilan “Yo‘q!” degan javobni eshitavergach, yuragi orqasiga tortib ketdi – yana biron hafta ish topilmasa bormi, yotar ijaraxonasidan ayriladi, kuniga necha qaytalab sanab-chamalab qo‘yayotgan zormanda “ko‘ki”ning ham rangi o‘chib bormoqda – qayoqqa boradi, kimga yo‘liqadi, kimdan najot kutadi?
Toledan qismasin ekan hech bir bandani. Najot, tuz-nasiba uni Burger Kingda kutib turgan ekan yo‘llariga ko‘z tikib! Bir tomoni ochiq metro, uch tomoni keta-ketgancha katta-kichik do‘kon, do‘kon – savdo shoxobchalari, mayda-yirik taomxonalar, sartaroshxona, internetxona, tibbiyxona, dorixona, bank – xullas, odam degani, yo‘lovchi degani bamisoli qumursqa!
– Oyoq-qo‘ling butunmi? Aqling joyidami?
Bek ishboshi hindi yigit hazillashayapti deb o‘yladi, qayoqda, bosh qashlashga vaqt yo‘q joyda hazil-mutoyibaga balo bormi, zotan, “Butun” dedi u dadil va muqarrar tabassum bilan, so‘ng ilova qildi: “Joyida!”
– Kiyimingni o‘zgartir, ishni boshla! Buyog‘i – soatbay!
Bosh-lan-di: Hello! Bye! Bye! Hello! Excuse me!.. I’m sorry!.. Ertadan kechga, kechdan tongga dovur, tushidayam, hushidayam – shu.
Bek soatga qaradi – ehtimol, bugun kelmas. Nega, nima uchun kelmaydi? Axir Bekning “hordiq lahzasi”ga kirishi, nafas rostlashi ayni o‘sha xo‘randaga bog‘liq! Buning uchun esa u, ha, o‘sha arzanda xo‘randa kelishi kerak oshxonaga. Nahotki, boshqa yumushi chiqqan bo‘lsa?! Qorni ochmadimikan? Bo‘lishi mumkin. Buguncha kechki taomdan voz kechgandir hoynahoy? Yoxud puli qolmadimikan? Aqchasi yetmasa kelmaydi-da. Bu yerda tartib-qoida temirga cho‘kichlangandek – bir miri yetmasa ham mijozga shafqat ko‘rsatilmaydi, himmat ko‘chasiga yo‘lamaydi hech kim.
Ne-ne turfa toifa odamlar kirmaydi deysiz oshxonaga! Erkaklar, ayollar, keksalar, yoshlar. Oqlar, sariqlar, qoralar, boshqalar. Gala-gala bola-chaqasini ergashtirgan, har safar oshxonani to‘yxonaga aylantirib yuboradigan oilalar. Munkillagan chol-kampirlar, sayoq tilanchilar, chekkan-chekmagan nashalari gurkirab is taratayotgan ko‘knorixo‘rlar. Lekin aftidan yoshi bir joyga borib qolgan, yassi yuzli, qisiq ko‘zli, burni yapaloq, g‘oyatda sipo kiyingan, mosh-gurunch sochi silliq qilib orqaga taralgan xo‘randaning har kuni roppa-rosa soat 21da kirib kelishi Bekning diqqatini tortdi, Bek istar-istamas unga e’tibor qila boshladi. Bir kun, ikki kun, uch… besh… Go‘yo notanish xo‘randa qadam ranjida qilishi bilan uning kundalik hayotiga mazmun kiradigandek, hatto allaqanday muammosi hal bo‘ladigandek va shularning natijasida hayotida favqulodda o‘zgarish yuz beradigandek. Vaholanki, kun bo‘yi bunga o‘xshash xo‘randadan yuzlab, hatto minglab kiradi oshxonaga. Yuzlab, minglab chiqadi oshxonadan. Bek ovqat tayyorlaydi, xo‘randalarga ulashadi, kezi kelganda, xo‘randalar ketidan stolni yig‘ib-yig‘ishtirishga ko‘maklashadi ham. Yumush tanlash yo‘q bu oshiyonda, bu mening ishim emas degan gapga o‘rin qoldirilmaydi. Xo‘randa uchun barcha sharoit muhayyo etilishi oliy maqomdagi shart. Buning uchun esa har bir xodim yelib-yugurib xizmat qilishi, kim ekanligidan qat’i nazar xo‘randaga jilmayib, yoqimtoy tabassum hadya etishi, bu bilan ularning ishtahasini ochishi, ko‘nglini ovlashi va pirovardida eson-omon kuzatib qo‘yishi lozim. Toki ertaga ham, indin ham kirsin u. Zinhor-bazinhor Burger Kingdan ko‘ngli qolmasin! Choychaqasini boshqa taomxonalarga ravo ko‘rmasin, tamom vassalom.
Bek esa… mana, o‘n kundan oshib boryaptiki, yassi yuzli, qisiq ko‘zli, sochi silliq taralgan – negadir qalin va dag‘al matodan tikilgan ko‘ylagining o‘ng yoqasiga jimjiloqcha sarg‘ish mato parchasi tang‘ilgan kishini ko‘z ostiga olgan: u har kuni soat 21da, xo‘randalar oqimi siyraklasha boshlaganda kirib keladi, borib qo‘lini chayadi, bitta hamburger bitta qahva buyuradi, buyurganlarini oladi-da, ancha-muncha joylar bo‘sh ekanligiga qaramay zalning o‘ng burchagi oyna-devor yonidagi eng chekka stolga – har kuni, har safar bitta kursiga borib joylashadi. Mijozning qiyofasi ham birdek – zarracha o‘zgarish, turlanish sezilmaydi – o‘ychan, mahzun, xayolchan o‘tiradi u. Sira shoshilmaydi, qorni to‘q odamday istar-istamas ovqatlanadi. Noqulay bo‘lsa-da, Bek kuzatdi, qani, shu odamda qanday o‘zgarish yuz berarkin deb uzoqdan turib, zimdan kuzatdi – mijozning shoshilmay kavshanishi, qahvani dam-badam bir-bir ho‘plashi zamirida qandaydir hikmat topmoqchidek qiziqdi. “Sariq yoqa-ey!” deb qo‘ydi ichida hayajonlanib. Yon-veridagi odamlarga, gangur-gungurlarga, g‘ala-g‘ovurlarga, qah-qahalarga e’tibor bermas, go‘yo oshxonada undan boshqa hech zog‘ yo‘qday, hech nimani eshitmayotganday o‘tiradi. Gung-soqovmasmikan, degan xayolga ham bordi Bek. Darvoqe, “Sariq yoqa” ovqat buyurayotganida gapirayotgandir? Nimadir deyayotgandir? Taomning haqini to‘lash chog‘ida sado chiqayotgandir og‘zidan?
Bunga ham e’tibor qildi Bek. “Sariq yoqa” deyarli gapirmas, deyarli ovozi eshitilmas, “bir dona” degan ma’noda ko‘rsatkich barmog‘ini ko‘rsatar – xolos, ovqat haqini tanga-chaqasigacha qaytimsiz tayyorlab kelar, uni kassaga so‘zsiz-nesiz to‘lar ekan.
Oshxona joylashgan ro‘yi maskanda xitoylik muxojirlar ko‘pchilikni tashkil etar, binobarin, Bekning e’tiborini ohanrabodek tortgan xo‘randa ham xitoylik ekani muqarrar edi. U holda nima sababdan u bu qadar yolg‘iz? Nechun ma’yus? Go‘yo qandaydir og‘ir falokat yuz berganu bu odam bor yaqinlaridan judo bo‘lgandek, endi uning uchun bu yorug‘ dunyoda hech bir hoyu havasga o‘rin qolmagandek, o‘zi esa ma’no-mazmundan uzilgan ma’voda soyadek, sharpadek, ro‘yodek g‘imirsilab yurishga mahkumlikni zimmasiga olgan odamni eslatardi. Biroq bularning bari Bekning taxminlari, xayolidan kechgan farazlari, xolos.
Bek xayoliga qatorlashib kelgan savolli o‘ylardan kulib yubordi: o‘zi bilan xo‘randaning o‘rnini “almashtirdi”. Uni ham kimdir chetdan turib kuzatarmikan? Bu yigitcha nimalarni o‘ylaydi, qanday orzu-havaslar yetak­lab keldi uni olis yurtlardan, ona vatanidan? O‘sha diliga tukkan orzu-havaslariga yetishmoqdami? Yurtini, ota-onasi va boshqa yaqinlarini sog‘inayotgandir?.. To‘g‘risi, Bek shu singari savollar atrofida bosh qotirishga cho‘chir, hatto javoblarini loaqal dilida bir ipga tizib chiqishni istamas, ehtimol bunga yuragi betlamas, balki ayni shu singari savollari bilan boshqalarni… ana, kunda-shunda xitoylik xo‘randani zimdan kuzatish orqali javoblar topgisi kelayotgandi. Ba’zan kundalik odatiga aylanib borayotgan kuzatishlari me’dasiga tegar, bugundan boshlab u odamga e’tibor qilmayman, qayrilib qaramayman – o‘zimning tashvishim ozmi, nima qilaman boshimni qotirib degan qarorga kelar, o‘zicha qancha ahd qilmasin, ba’zi-ba’zida horib-charchab yostiqqa bosh qo‘yganida ham uyqusiragan ko‘z o‘ngida “Sariq yoqa”ning nursiz va mahzun qiyofasi paydo bo‘lardi.
Necha qayta bu kabi qarorlarini jahl aralash itqitib tashlamadi u! Dastavvaliga soat millari “21”ga yaqinlashgani sayin hayajonlansa, keyin hayajonlari o‘rnini asabiylashish egallar, go‘yo kim bilandir va’dalashganu o‘sha va’dalashgan odami kelishilgan vaqtida kelmay qolayotgandek, butkul hayallasa, osmon uzilib yergan tushadigandek ayanchli-abgor ahvolda qolardi.
Bekni qiynayotgan holat mana shu edi. Darhaqiqat, yoshi taxminan olt­mishlardan oshgan, yassi yuzli, qisiq ko‘zli, burni yapaloq, g‘oyatda sipo kiyingan, mosh-gurunch sochi silliq qilib orqaga taralgan, xitoy millatiga mansub, “Sariq yoqa”… bo‘ldi, bas, boshqa hech qanday ma’lumot yo‘q: oilalimi, bola-chaqasi bormi, qayerdan kelib qolgan, chindan ham made in Chinami, kasbi nima, kasal-pasal emasmi, tamaddi maqsadida boshqa oshxonalarga ham kiradimi yoki faqat shu yerdagi hamburger, cheeseburger bilan qanoatlanadimi – bu singari qator-qator savollarga javob yo‘q edi.
Bir daqiqa qoldi, kelmasa kelmas! Balki, bir kun kelmay qolsa Bek uchun yanayam yaxshi – uni unutishga bahona topiladi, beixtiyor beo‘xshov odat tusiga kirib qolayotgan daxmaza mashg‘ulotdan qutulardi. Bir kungina-ya! Kelishni kanda qilsa… kelmasa… Yo‘g‘-e, nega kelmaydi?! Qayoqqa boradi? Nahotki, bu yerdagi taomlar ko‘ngliga urgan bo‘lsa?! Yoki bizdan ko‘ngli qoldimi? Birortasi ranjitdimi?
“Sariq yoqa”ning kelmay qolishi katta yo‘qotish bo‘ladigandek, u kelmasa Bek uchun katta ayriliq yuz beradigandek… Bas! U o‘zini chalg‘itishga chog‘landi. Bir hisobda uning kelmay qolishiga ruhan hozirlik ko‘rib qo‘ymog‘i darkor. Ana – Bek ishdan bir zum to‘xtab, devordagi katta soatga razm soldi – soat millari ko‘z o‘ngida chaplashib ketdi, diqqat qildi – soatning to‘ng‘ich mili “12” raqamidagi “2”ning dumiga yetganini aniq-tiniq ko‘rdi.
Bek shunda bir narsani o‘ylab qoldi: shuncha kundan beri u kishining ismi-sharifini so‘ramadi-ya! Ovqatlanib o‘tirganida qandaydir bahona o‘ylab yoniga borishi, uni gapga solishi mumkin edi-ku. Garchi oshxonada xo‘randalar bilan ortiqcha suhbatlashishga ijozat berilmaydi, salom-alikdan nariga o‘tish qat’iyan ta’qiqlangan. Shunga qaramay, shunga qaramay… Bek o‘ziga o‘zi bilmagan holda dam berayotgan, uni maroqli o‘ylar surishga undayotgan inson bilan tanishgisi, ayniqsa uning ko‘ngliga qo‘l solgisi, yolg‘izlikdan siqilayotgan, ko‘nglini yozishga hamroz topolmayotgan bo‘lsa hamdardlik ko‘rsatishi mumkin edi-ku! Nega shunga izn berilmaydi bu Burger Kinglarda? Nahotki odamlarga xizmat ko‘rsatishu ularning pulini qurtdek sanab olishdan boshqa maqsad-muddao bo‘lmasa bu yorug‘ dunyoda, inson?!
Meksikalik Xoze’dan so‘radi bir kuni, hov anavi kishiga qara, har kuni bir vaqtda keladi, bir xil ovqat oladi va bir joyda uzoq xayolga cho‘mib o‘tiradi deb og‘iz ochdi, meksikalik qilt etmadi, kiprik ham qoqmadi, ishingni qil, “yuzbak”, dedi-qo‘ydi. Meksikalik aytmoqchi yuzbak – Bek esa bilganidan qolmadi, u meksikalik bo‘lolmadi – “Bunaqalar ko‘p bu yerda Becki” dedi uning gapini eshitib qolgan hindistonlik Chak gapni qisqa qilib. Ismini bilmaysizlarmi, deb surishtirishda davom etdi Bek. Shu payt xo‘jayin paydo bo‘ldi – barchalari ayb ish ustida qo‘lga tushgan odamlarday zipillagancha o‘z yumushi – xizmat joyiga tarqaldi.
“Xayriyat!” deb yubordi Bek ichida, birdan yengil tortib – devordagi soatning katta mili “12” raqamidagi “2”ning dumidan uzilmagan ham ediki, u orziqib kutgan xo‘randaning ko‘lagasi ko‘rindi! Keldi! “Sariq yoqa” keldi!
U o‘sha-o‘sha odmi va uniqqan engil-bosh kiygan, sochi silliq taralgan, odatdagidek oshiqmay, bir-bir odim tashlab kirdi.
Bekning a’zoyi badanidagi qon jo‘shib ketdi – o‘ylagan murodi hosil bo‘lganday, uzoq kutgan aziz insonini ko‘rganday qadami ildamlashdi, qo‘li chaqqonlashdi. Shu payt salgina dil amriga bo‘shanglik qilsa, o‘zi hamburgerni qog‘oz likopchaga qo‘yib, bitta qahva bilan eng chekkadagi stolga olib borib qo‘yishdan, o‘zbekcha aytganda, dasturxon tuzashdan, shu bilan mehmonini zo‘r iltifot bilan qarshi olib uni kechki taomga taklif etishdan ham toymaydigandek edi. Afsus, bunday mulozamat ko‘rsatishning iloji yo‘qligini u yaxshi bilar, mabodo shu taxlit ko‘ngil bo‘shligiga yo‘l qo‘ysa, hamkasb pazandalaru xo‘randalar orasida kulgiga qolishini ham yaxshi tushunardi.
Bek o‘zini qo‘lga oldi. Axir u boyagindan – arzanda xo‘randadan xavotir olayotgandagidan ko‘ra kayfiyati ancha ko‘tarilgan, kun bo‘yi tinim bilmay zaxmat chekishlari oqibatida tolgan qo‘l-oyog‘i dam olgandek, ruhi yengillashgandek, shuuri tiniqlashgandek. Buning uchun u “Sariq yoqa” oldida o‘zini qarzdordek his qilayotgandi.
Hash-pash deguncha soat 21 u 30dan osha boshladi. Bek oraliqda o‘tirgan xo‘randalar boshi osha zalning eng oxirida, eng chekkada oyna-devor yonidagi stolda qo‘lini qog‘oz sochiqqa artayotgan “xo‘randasi”dan ko‘z uzmadi. Hozir turadi, kelib barmog‘ining uchlarini chayadi, indamay tashqariga yo‘l oladi. Bekning yuragi huvillab qoladi. To ishlar to‘xtatilib, hammayoq yig‘ishtirilib uyga yo‘l olgunicha, ijaraxonasiga yetib borgach, boshini yostiqqa qo‘ygunicha hayotning ma’no-mazmunini kimdir yulqib olib qo‘ygandek tuyuladi Bekning nazarida.
Ana, “Sariq yoqa” o‘rnidan qo‘zg‘aldi, bu yog‘iga voqea qay tarzda davom etdi, Bekning o‘zi ham anglamadi. U taom pishiriladigan yassi qozon tepasida turgan joyidan unga tomon otildi. Borib uning idishlarini yig‘ib olishga oshiqdi. Biroq u yetib kelgunicha xo‘randa qo‘llarini chaydiyu, joyiga qaytmay, ko‘cha eshik tomon yo‘naldi. Bo‘shagan idishlarni yig‘ishtirib olayotgan Bekning ko‘zi stol chekkasida qolgan qora charm karmonchaga tushdi. Qaradi-yu… xo‘randa ko‘chaga chiqqanini ko‘rib, uning izi­dan otildi. Yo‘lda ketaturib karmonga qaradi, unga zarhal rangda tushirilgan “ WO Ai NI” degan yozuvni o‘qishga ulgurdi. Yombi topib olgandek sevinib ketdi. “Ismini bilib oldim!” deb yubordi ichida quvonganidan qariyb ovoz chiqarib baralla. Oshxonadan yetti-sakkiz odim uzoqlashgan xo‘randaning izidan yetib oldi-da, unga yuzma-yuz turib to‘xtadi. Hurmat bajo keltirdi, ikki qo‘llab karmonchani xo‘randaga uzatdi va:
– WO Ai NI!..*
Shunday dedi u nihoyatda muloyim tovushda. Hayajonning zo‘ridan ovozi titrab, qaltirab chiqdi. Bek notanish xo‘randaning ismini bilib oldim degan kashfiyotidan boshi osmonda edi.
“Sariq yoqa” boshini ko‘tardi, ko‘zlarini yanayam qisib Bekka razm soldi, bir zum, ha, bir zumgina uning nigohida tabassum, yo‘q, tabassum emas, tabassumga o‘xshagan qandaydir minnatdorlikni, mamnunlikni eslatadigan nimadir yilt etdi. Afsuski, u loaqal bir og‘iz so‘z ham demadi. Minnatdorligi ham, mamnunligiyu tasannosi ham ana shu – ko‘zida milt etgan tabassumda mujassam edi…
_____________
* Vo ay ni – xitoy tilida “Men seni sevaman” degani.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 8-son