Xolmuhammad Karimiy. Qonda bor (hikoya)

Qirda itorqa loy tom eski qal’adek qaqqayib turibdi. Tomning oldidagi yakkayu yagona gujum soyasida soch-soqoli oppoq, tik ishton-ko‘ylakchan Tilov bobo sallani yoniga qo‘yib, yelkasini yostiqqa tiragan ko‘yi oyog‘ini chayla qilib yotibdi. Qo‘llari boshi ortiga bog‘langan ko‘yi uzoq-uzoqlarga tikilgancha tosh qotgan. Soyda og‘il-oshtoq va kattagina qo‘ton bor. Kamardagi keng tomorqada endi tupaklagan makkajo‘xori sarg‘ayib qovjiragan, ozroq joyda sangloqning toshidek tarvuzlar sochilib yotibdi.
Shu payt ikki chaqirim chamasi uzoqlikdan chang ko‘tarilib, yengil mashina qorasi ko‘rindi. Tilov bobo yotgan joyida nigohini o‘sha tomonga burdi: magaram adashmagan bo‘lsa, katta o‘g‘li Norqo‘chqor bo‘lib chiqar. Bobo kenjasi Boyto‘ra bilan ota makonning chirog‘ini yoqib o‘tiribdi. Baraka topsin, kattasi xudoning bergan kuni, juda bo‘lmasa, kunora boboydan xabar olib ketadi. Mashina chang-to‘zon ichida qirlardan aylanib-oshib itorqa tomning soyasiga kelib to‘xtadi. Norqo‘chqor orqa eshikni ochib, kelinga satilda pomidor, ko‘katlar, ko‘zachadagi shirbirinchni olib berdi-da, o‘zi otasi oldiga kelib o‘tirdi.
– Assalomu alaykum, ota, tinch-omon o‘tiribsizma?
– Xudoga shukur, silarni berganiga shukur qilib o‘tiribmiz-da, bundan ortiq bizga nima ham kerak? O‘zing qalaysan, bolam, shashting past, – dedi boboy o‘g‘lining shalpayib kelganidan hayron bo‘lib.
Norqo‘chqor chuqur-chuqur nafas oldi. Kelin uzatgan yostiqqa yonboshlab peshonasini tirishtirgan edi, qi­yiq ko‘zlari yanada qisilib ketdi. Kesakdek nursiz yuzi buj­maydi.
– Nimasini aytay, ota, ana, latta kesmas erkatoy nevarangiz meni shu ko‘yga soldi, – deya do‘ppisini olib gilamning ustiga tashladi.
– Quvonchbekka nima balo bo‘ldi? – degancha bobo chordana qurib o‘tirib olib xavotir bilan o‘g‘liga tikildi.
– Uch qizdan keyin xudodan tilay-tilay olganim shu xotinchalish ekan. Noshukurlik qilayotganimdan gapirayotganim yo‘q, ota. Bu bola bu yil bitiruvchi, xat-savodi binoyidek. Bizning ham orzumiz bor, oliy ma’lumotli bo‘l, shaharga o‘qishga jo‘na desam, nima deydi deng. Katta shaharda adashib ketarmish. «Yigitlik sha’niga isnod emasmi, bu kuningdan o‘l-e, ro‘mol yopin, quyon yurak», – dedim.
– Hay bolam-a, bolam-a. Shu gapga ota go‘ri qozixonami, – deya bobo rosa yayrab kuldi. Xavotirlari tarqab yonboshlaganidan keyin davom etdi. – Hovliqma, bo‘tam, odamni qo‘rqitib yubording. Quvonch hali yosh, uning gap­lariga kuyunaverma. Qonda bor-da, qoniga tortgan.
Boboy nevarasining tarafini olganidan Norqo‘chqorning battar jahli chiqdi. O‘zini bosolmay gilam ustida yotgan do‘ppisini olib bir-ikki aylantirdi-da, yana gilamga tapillatib otib urdi.
– Buytib kuydirgandan ko‘ra har balo bo‘lgani yaxshi edi.
– Agar bilsang, yosh novdani qaysi tarafga egsang, o‘shandek o‘sadi…
– Ota… Nima? Sizga o‘xshab bir tepaning ustida, yakka gujum soyasida umr o‘tkazsinmi? Bizdan ham ziyoli chiqsin, shaharda yashasin, dunyo ko‘rsin, ko‘zi ochiq odam bo‘lsin deyman-da. Belda kuch-quvvatim borida Haqni, Haqiqatni tanisa yomonmi? Musofir bo‘lmasdan musulmon bo‘lmaysan deyishadi-ku, musofirchilikning ham nonini yesin. Qachongacha Katmanning dashtida chang yutib, tuproq kechib, adirma-adir sarg‘ayib yuraveramiz? Odamlarning bolasi dunyoning narigi chekkasiga borib o‘qib kelyapti. Buningizni nima jin urgan, shuytib kuydirib o‘tiribdi-da. Ota, siz ham qonga tortgan deb o‘lganning ustiga tepgan qilasiz-ey. Buytib kuygan dilimni o‘rtamang-a.
– O‘zingni bos, ho‘kizdek pishqirmay o‘zingni bos, bola, – deb Tilov bobo qayta chordana qurib o‘tirib oldi. O‘g‘lining hayrat bilan tikilib turganini ko‘rib rosa bulkillab kuldi. – Bo‘lmasa, meni yaxshilab eshitib ol. Shu o‘tirgan joyimizdan Ariqoshganning orasi qancha?
Norqo‘chqor otasining gaplariga g‘ashi keldi.
– Ota, Ariqoshganning nima daxli bor?
– Sen, bola, savolimga javob berdagin, indamay meni eshit. Keyin bilasan.
– Nari borsa, o‘n kilometr chiqar, – dedi hafsalasi pir bo‘lgan Norqo‘chqor.
– Unda Mirshodining orasi qancha?
– O‘n besh kilometr chiqar, – dedi Norqo‘chqor ajablanish barobarida tajanglashib.
Shundan so‘ng Tilov bobo bir narsalarni xotirlab uzoq o‘yga toldi. Betoqat bo‘layotgan o‘g‘lini go‘yo unutib yuborgandek…
O‘sha paytlarda o‘n to‘rt-o‘n besh yoshlardagi bo‘z bola edi. Saharda qo‘tonga haydab kelingan suruv ikkiga bo‘linib ketibdi. Nimadandir hurkkan bo‘lsa kerak. Ertalab tursa, yarmi tomorqada yuribdi, qo‘yning yarmi yo‘q.
Shu tomning joyida g‘aribgina kulbalari bo‘lardi. Mana shu yerda bolaligi, shirin damlari ham o‘tdi. Achchiq musibatlarni ham shu yerda boshdan kechirdi. Izma-iz ikki akadan qoraxat keldi. Elga kelgan to‘y, taqdirga tan berishdi. Ota-onaga farzand dog‘i og‘ir bo‘larkan. Eh, nimasini eslaydi, qora kunlarning yuzini teskari qilsin xudoyim. Biz ko‘rgan qora kunlar bolalarim boshiga tushmasin… milt-milt ko‘z yoshlar tomchiladi.
Otasining dardini qo‘zg‘ab qo‘yganiga afsus chekib Norqo‘chqor tolqon yutgandek o‘tiraverdi.
Tilov bobo bu yurtni tashlab ketolmaydi. Jaziramada jizziq bo‘lib qolsa ham joyidan jilmaydi. Xayoli umrining yaxshi-yomon uzoq xotiralariga uchib-qo‘nib, yana ortga qaytdi.
… Shu tomning joyida bolaligi o‘tgan kulbalari bo‘lardi. Tus-tugal kun kechirishgan baxtiyor damlar edi. Mana shu gujumning joyida o‘tov qishin-yozin tikuvli turardi. Pastdagi og‘ilning joyida bo‘lsa qo‘ton. Shu qo‘tondan mol chiqib ketgan.
Shosha-pisha yaqin atrofni yugurgilab ko‘zdan kechirdi. Nom-nishon yo‘q. Hamma tomon iz, chang-to‘zonda hech narsa aniqlab bo‘lmadi. Yaqin-oradan daragi chiqavermaganidan keyin xavotiri oshdi. O‘shanda Qizilning daralariga qarab ketdim, akamlar Ko‘ganli tarafga. Otam adoqlab ketaversa bir yo‘lovchiga duch kelibdi. Otliqdan Ariqoshganda egasiz bir suruv qo‘yning daragini eshitib oyog‘ini qo‘liga olib zuvillab ketibdi. Mol ochuv, jon ochuv bir zumda Ariqoshganga yetib borsa, ariq bo‘yida qo‘ylar o‘tlayotgan ekan. Ko‘ngli joyiga tushib bir dam ariq bo‘yida o‘tirib damini rostlagach qo‘ylarni haydab jo‘nabdi.
Toltushda sarson ochib shumshaygancha uyga kirib kelsa, hech qanday xabar yo‘q. Onasi bechora ko‘z yoshi qilib o‘tirgan ekan. Biror soatlardan keyin ikki akasi ham shalpayib kirib kelishdi. Bir-biriga bo‘zrayib o‘tirgan mahali otasi katta gazadan qo‘ylarni haydab endira boshlaganini ko‘rib qoldi. Ana ko‘r-da xursandchilikni. Onasi bechora xursandligidan battar yig‘lashga tushdi. Otasi kela solib suruvning tugal topilgani shukronasiga darrov bir qo‘y bo‘g‘izladi. Taqdirning qora kunlari hali oldinda ekan. Mol uchun kuyishlar nima bo‘libdi jigar poralari dog‘ining oldida…
Tilov boboni o‘tmish xotiralari qayg‘uga soldi, quruqshagan lablarini yalab-yalab yutindi-da, yonboshidagi sochiqqa o‘rog‘lik choynakdan bir piyola choy ichib, qo‘zg‘olib o‘rniga qayta joylashgach o‘tmishini gapira boshladi.
– U paytlar chor tarafdagi o‘t-o‘lanlar belga urardi. Yoz kelishi bilan xas-xashak soylarda ko‘rpadek to‘planib qolardi. Yemish mo‘l, bundan tashqari, tuyoq ham kam bo‘lgan-da. Burungi odamlar mol-dunyoga o‘ch ham emasdi. Qorni to‘q, usti but bo‘lsa, yuravergan tayog‘ini sudrab. Otam bechora bolaligidan qo‘yni Qizilning daralarida, Katmanning adirlarida aylantirib boqib umri o‘tgan. Ko‘rgan-bilgani ham shu yer bo‘lgan. Sen ularni ham ayb­lama.
Shu yerga kelganda gapi uzildi. Yana xayolga berildi. Uzoqlarda qolib ketgan o‘sha baxtli bolaligini aytishga quvvati qolmagandir:
– Otam birov-yarimdan eshitgan chiqar Mirshodi degan joyda katta bozor bor, dorboz o‘ynaydigan joylar borligini. Shu kuni ko‘ngil tinchib, go‘shtga to‘yganimizdan keyin yonboshlab yotib gurung bergandi: «Ey bolalarim, dunyoning tubi keng ekan. Bugun naq dunyoning narigi chekkasiga borib Ariqoshgan degan joydan qo‘ylarni topib keldim. Xudoyimdan aylanay, yaratgan dunyosining kengligini ko‘rib qoyil bo‘lib o‘tiribman. Mening ko‘nglimda bir orzu bor edi. Xudoyim kuch-quvvatdan ayirib, omonatini olmasa, oyog‘im yetib Mirshodini bir ko‘rsam, bu dunyodan bearmon ketardim». Go‘l otama-a. Mirshodiga bir zuvillashda boradigan joy ekan. Yigirma chaqirim, ko‘rib-kechirmagandan keyin otam bechoraning armoni. O‘sha payt otamning ushalmas orzusi bor deb o‘ylaganmiz.
Xayollardan bo‘shagach sal tetiklashib gapida davom etdi:
– Shu paytgacha Quvonchga shahar-paharni ko‘rsatganingda, magaram… Endi o‘zing qo‘shtaqim bo‘lib oldiga tushib yo‘l boshlamasang, qiyin bo‘larov…
Tilov bobo ko‘p gapirib charchadi, uzoq-uzoqlarga qararkan, kirtaygan ko‘zlari yana yiltillardi.
Norqo‘chqor ham ulg‘ayib elga aralashavergach bir narsaga fahmi yetib qoldi. Uydagi gurunglar qo‘y-qumaloq, to‘l olish, xashak g‘amlash kabi mayda-chuydalardan iborat ekan. Bolalik paytlari ham sinfdoshlarinikida sal boshqacharoq gurung bo‘lardi.
Odamning ich-ichidan topib aytilgan qiziq gurung lazzatli. Bunday paytlari mazali taom yegandek, balki, ruhan oziqlanadimi, buni ham anglayolmaydi. Goho ayrim gaplarining ma’nosiga tushunib yetmaydi ham. Ana shularni ko‘rib-bilib o‘zi o‘qiyolmagani uchun o‘g‘lini katta shaharlarda o‘qitishni havas qildi. Taqdirni qarang, xotini qatorlashtirib qiz tug‘averdi. Nihoyat, Quvonchbek dunyoga keldi…
O‘ziga-ku o‘qinglar deb yo‘l boshlaydigan, loaqal, o‘qishga borish kerak deydigan bo‘lmadi. Uydagilarning topib olgani mol, gurungi ham shundan nariga o‘tmadi…
Bobomga o‘xshab mening umrim ham shu dashtda o‘tdi. Bu lapashangni o‘qitishim shart.
– Ota, gapingiz to‘g‘ri, bobom o‘ta sodda bo‘lgan. Lekin siz-chi? O‘z bilganingizdan qolmaysiz. Onam bechora katta yo‘l bo‘yidan uy-imorat solaylik, elning orasiga tushaylik deya javray-javray o‘lib ketdi. Qarigan chog‘ingizda ham bir tepaning ustida garmselga o‘zingizni toplab yotibsiz. Hali ko‘rasiz kenjangizning ham holini, bobosidan qanday farqi bo‘larkan. Yoz demay, qish demay shu to‘rt tirriq molining ortidan yuraversin-chi. Bir kun kelib pushaymon qiladi, o‘zining nodonligini anglab qolsa, albatta.
Minnat qilayotganim yo‘g‘-u, Quvonchni sizga ovunchoq deb berib qo‘ydik. Kenjangizning bolalari kattargandan keyin ham Quvonch sizning yoningizdan ketishni xohlamadi. Menga ham ma’qul tushdi; qizlarning nuqsi urib qolmasin dedim. O‘qishlari yaxshi-ku deya beparvo yuraveribman. Bunday bo‘lishini men qaydan bilay? Ha, ota, shu gurungni yaxshi aytdingiz. Uzoq o‘tmishdan buyon bizning avlod qoni to‘nglab qolgan. Buni qizdirib suyultirish kerak…
Tilov bobo o‘g‘liga qarab turib otasining armonlariyu dard-hasratlari ko‘z oldida bir-bir namoyon bo‘ldi.