Xolmuhammad Karimiy. Buni hayot deydilar (hikoya)

Shoynazarga uchi yo‘q dard yopishdi-yu, keng dunyo ko‘ziga tor bo‘lib qoldi: a’zoyi badani qaqshaydi, qulog‘i shang‘illaydi, goh boshi og‘risa, goho yuragi urib qoladi, hali oshqozon sanchganiga dori ichib ulgurmasdan tomirlari tortishadi. Yashashdan ham to‘yiblar ketdi. Endi birdan-bir chora ko‘zi ochiqligida ota yurtiga qaytish.
O‘ttiz yil burun qishloqdan chiqib ketganicha o‘qidi, keyin shaharda qolib bir institutda ishladi. Aslida, u bolaligidan kitobni kamirib o‘sdi. Kitob titkilay-titkilay olim bo‘ldi. Mana, ne bir mashaqqatlarda igna bilan quduq qazigandek o‘tkazgan umri xazon bo‘lib o‘tiribdi. Bo‘lmasa, ko‘kragiga shamol esganda dard yopishadima? Bola-chaqasi rangiga termilib titrab-qaqshaydi, dardmand bir yoqda qolib sog‘lar o‘lib bo‘ldi. Bola-baqrasi bilan ko‘ch-ko‘ronini yig‘ishtirishga tushdi. O‘lim bilan yuzma-yuz olishib ne bir xayollarga bormadi. Kitobga tikilib-tikilib sochi to‘kilgan bilan aqli pishmagan ekan. Dardi yo‘q kesak… deya boshidan o‘tkazganlar aytib ketgan. Dard uning ko‘zini ochdi, miyasini do‘qilayverib naq donishmandga aylantirdi.
Ming bir azobda ota yurtiga qadam qo‘yishi bilan ko‘zi yaraq etib ochilgandek dabdurustdan tetiklashdi. Hayron qoldi, hayronlar qoldi-ya: bu dunyoning xo‘b ajoyib ishlariga odam bolasining aqli yetmas ekan. Qizig‘i, og‘ir kasallar davo istab shahar borishadi. U esa jon hovuchlab qishloqqa qaytib o‘tiribdi. Endi rozi-rizochilik qilayin deb turganda o‘zi kelgan dard o‘zi ketsa-ya.
Shov-shuv gap, Shoynazarboy qishloqqa ko‘chib kelayotgan emish. Birov o‘laman desa, boshqasi kulaman derkan. Ukalarining oyoqqa turib ketishida ko‘p mehnati sing­gandi. Qaytar dunyo, ular ham akasining boshi yostiqqa tekkanda oqibat ko‘rsatishdi. Ota hovlisini bo‘shatib, izzat-ikrom bilan kutib oldilar. Uyni ixtiyoriga berdilar. Ukalari suvini o‘ziga olgan, akasining buytib kelishi ularga og‘irlik qilmadi. Kun o‘tgan sayin Shoynazar o‘zini yaxshi seza boshladi, dard go‘yo unutilgandek. Joni naq halqumiga kelib qaytdi-ya. Kuni to‘lmagan ekan, oyoqqa turdi. Bir tovuqqa ham suv kerak, ham don. Endi ukalariga iyak suyab, qo‘liga qarab o‘tirish insof­danmas. Tirikchilik, maktabga ishga kirdi. Vaqt o‘tgan sayin unib-o‘sgan chang-tuproqlari shifo bo‘ldimi, binoyidek tuzaldi qoldi. O‘zi bilgan odamlar, qishloq hayotiga kirishib ketdi. O‘lar holatdagi kasal Shoynazar endi qayoqda? Bunday bo‘lganiga o‘zi ham ishonmay qoldi. Bolalari sal injiqlansa ham xursand. Xotini Norgul-ku shu qishloqning qizi edi. To‘ng‘ichi oilasi bilan shahardagi uyda qoldi.
Aqlini tanigandan beri shaharda yashab qishloq hayotini mutlaqo esdan chiqargan Shoynazar obdan o‘ylab ko‘rdi. Bu yog‘iga qarindoshlarning qo‘liga qarab o‘tirishni ep bilmadi. Xudo yarlaqab darddan forig‘ bo‘lgan bo‘lsa, yana nima kerak? Bir kuni qo‘shnisiga gurung orasida maslahat soldi:
– Mengto‘ra aka, ota makonni bir bog‘-rog‘ qilay deyman-u, daraxt ekish qo‘ldan kelmasa kerak. Har bir ishning o‘ziga yarasha sir-sinoati bo‘ladi. Vaqtingiz bo‘lganida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib tursangiz, toza suropdan ketmagandirman?
Mengto‘raboy suyagi yengil, qotmadan kelgan, jimitdek chol. Hali-hamon oyog‘i tinmay yuradi, qo‘li tinmay ishlaydi, ammo tili qurg‘ur hammasini ortda qoldiradi. Bir jag‘i ochilsa, qo‘yaverasiz. Qoch-da qutul bundaylardan deyishadi.
– Nimaga shartta aytmay o‘ylab yuribsiz, sizdek odam iltimos qiladi-yu, biz yo‘q deymizmi? Hech g‘am yemang. Bugun desangiz bugundan boshlaymiz, – chol terisiga sig‘may, badani qizishib jiqqa terga tushdi.
Qishloqda Shoynazarni betiga betlik qilganlar qancha edi. Qarindoshlari orqavarotdan quruq obro‘yiga semirib yotgandi. Ana shu alloma menga maslahat solib o‘tirganini ko‘rganlar kuyib o‘ladi deb o‘yladi.
– Inim, qishloqqa qaytib juda to‘g‘ri ish qilibsiz. O‘zga yurtda shoh bo‘lguncha o‘z yurtingda gado bo‘l deyishgan. Dasti uzun odamsiz, akaxonlarga bir og‘iz suxaningiz, maktab direktori bo‘lib turibsiz-da. Albatta, ota yurtni obod qilgan hech qachon xor-zor bo‘lmaydi. Har qanday xizmat bo‘lsa biz tayyor, hech tortinmay aytavering, – deganidan keyin bir dam o‘ylanib turgach: – Bog‘ qilishni boshlayveramiz. Keyinchalik tomorqani devor bilan o‘rab olish kerak, – deb qo‘shib qo‘ydi.
Qo‘shnisining gapidan ilhomlangan Shoynazar bog‘ barpo qilishga astoydil bel bog‘ladi. Mengto‘raboy gurung orasida tomorqani devor bilan o‘rash kerak deya ta’kidlashni kanda qilmasdi. Alloma qo‘rg‘on solib, bir bog‘ yaratsa, mening obro‘yim deb o‘ylardi. Shudgorga oralashi bilan qanday nav daraxt ekish, uni parvarishlashni tushuntirishdan hech charchamaydi. Xavfsiragan tomoni, qo‘shnisi bilan boshqalar osh-qatiq bo‘lib ketmasdan, ertaroq tomorqa qasr qilib o‘rab olinsa…
– Shoynazar ukam, odamlarni yaxshi bilmaysiz. Bular juda-juda muttaham, ochiq-sochiq turgan narsani ilib ketadi, kerak-kerakmas deb o‘tirmaydi. Ko‘zini lo‘q qilib tomorqaga molini haydab yuboradiganlar ham bor. Ko‘rasiz hali, nihollar hosilga kirsin, ko‘cha changitib yurgan bolalar hamma joyni payhon qiladi. «Tek tur, bolam», – deydigan ota-ona bormi? Bularning ko‘zini devol o‘ysin. Odam bo‘ylamaydigan qilib o‘rab olsangiz bas. Qo‘rg‘onga oshib kirishga birov botinarmidi? Siz shaharda yashab ko‘p narsani bilmaysiz, kitobda yozilganidek yashash bormi bu yerda, avom bo‘lsa bularning bari. Avom birovniki, egasi bor deb o‘tiradimi, ko‘ziga yoqsa olib ketadi, yoqmasa yulib tashlaydi. Kitob o‘qimagan avom moldek gap. Siz mening gaplarimni eshitib vaysaqi ekan deb o‘ylamang tag‘in. Jonim achiganidan bor haqiqatni gapirib yotibman. Yana bir narsani aytib qo‘yay, bu yerdagi devor uradigan ustalar shahardagidek falon so‘m berasan deb oyoq tirab o‘tirmaydi. Obro‘yingiz bor, siment, tosh-g‘ishni keltiring-da, sizdan nima ketyapti, karnaychidan bir «puf», tamom. Ishni bitirgach berganingizga rozi bo‘ladi.
Bu gurunglar haddan ziyod bo‘lib ketaverganidan ke­yin Shoynazar noqulay ahvolda qoldi. Bir kuni tomorqaga suv ochayotgandi, Mengto‘raboy kelib qoldi-yu, yana nolishga tushib ketdi. Xilvatda uchrab qoldi, ko‘ra-bila hech narsani tushunishni xohlamayotgan cholni ko‘p vaysatmayin-da, ochiq gapirib qo‘yay degan fikrda Shoynazar gap boshladi.
– Mengto‘ra aka, eshitgan chiqarsiz, oxirgi yillarda surunkali bir dard meni ko‘p qiynadi. Sarf-xarajat qilishdan ham armon qolmadi. Taqdir ekan, ko‘p tashvishlarni boshdan kechirdik. Pishiq g‘ishtdan devor tiklash u yoqda tursin, poydevor tashlashga ham ortiqcha mablag‘im yo‘q. Nihollar kattaraversin-chi, u yog‘iga xudo poshsho, bir gap bo‘lar.
Mengto‘raboy bu gaplarga ishonib-ishonmay «yo‘g‘-e» deb yubordi. Shoynazarga tikilib turib ko‘nglida bekorga bu muallimcha bo‘lib yurmagan ekan-da, bu chekka qishloqqa yig‘ishtirinib kelmagan deganlarga ishonmagandim-a…
Bir kuni Shoynazarboyning tomorqasiga suv boshqarayotgandi, usta Xidir ariq yoqalab kelayotgan ekan.
– Kalboshga poy-patak bo‘lib o‘zingizdan ketib qolibsiz, Mengto‘raboy. Bu odamning kimligini bilmabsiz. Aytishlaricha, shahardan urilib kelganmish. Qo‘lidan ish kelmagandan keyin tokaygacha suyaymiz deb tepib yuborgan-da. O‘tgan-qaytganda qarigan chog‘da jon kuydirib ishlaganingizga hayron qolaman. Qo‘yniga qo‘l solib ko‘ring-chi, keyin bilasiz, – dedi. Bunga o‘xshagan gapni Shomirza traktorchi ham aytib edi. Ammo Mengto‘raboy bu gaplarga ishonmadi. Endi Shoynazarning o‘zi hamma aybini tan olib o‘tirganiga nima desin?..
Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi. Aniq urilib kelgan ekan-da, oyog‘i uzangida bo‘lganida allaqachon maktabga direktor bo‘lardi. G‘aflatda qoldim. Damini chiqarmay yurganidan yuragim bir narsani sezib edi. Ha yaltirbosh-e, gap bu yoqda ekan-da. Yana bahona qilishini qara-ya, ha onag‘ar-ey, kitobni kamirib-kamirib kamshirlikni o‘rgangan ekan, men go‘l bo‘lsam buni alloma deb yuribman. Sodda odamlarni aldab qo‘ysam ishonib ketaveradi deb o‘ylagan-da. Bu dunyoda dard chekmagan odam bormi? O‘rgildim sendaqa izaridan.
– Tushundim, tushundim, uzr, – Mengto‘raboy tarki odat bilan gapni qisqa qilib qichilanib-qichilanib ketdi qoldi.
Shu ketganicha haftalab soyasini ham solmadi. Mengto‘raboy mutlaqo boshqa odamga aylanib qolgan, mehribon qo‘shni endi yo‘q. Avvallari Shoynazar aytsa-aytmasa kelib ishlab yotardi. Har bir gapida hurmat saqlab turardi.
Shu kundan boshlab to‘nini teskari kiydi. Har kuni ketmon yoki bel ko‘tarib yugurgilab kelish qayoqda? Qorasini ham ko‘rsatmaydi. Tasodifan ko‘z-ko‘zga tushganda ham qo‘l orqada mazaxlagandek salomlashadi.
Yoz chillasi, yer tandirdek lovillaydi. Chivin g‘ing‘illab Shoynazarni yotqizgani qo‘ymadi. Ko‘cha tomon yurdi, qimirlagan jon yo‘q. Tomorqa adog‘idagi tol soyasiga bordi. Ariq qurib qolibdi. Nihollar ham suvsizlikdan bujmaygan, buning ustiga, tostepadan turib quyosh olov purkab yotibdi. Suvlash kerak deb jo‘yaklarga ko‘z solgandi, ajriqlar o‘sib ketibdi. Shu paytgacha ariqdayam oqar suv shaldirab yotardi. Xo‘sh, endi nima qilish kerak? Shoynazar Katmandan chiqib ketganidan beri ko‘p narsalarni unutib yuborganini bilyapti. Hech bir ishga eplashmaydi, quruqdan-quruq yerni ag‘dargan bilan dehqon bo‘lib qolmas ekan.
Kechki salqin bolalarini yoniga olib tomorqani o‘t o‘roq qilishga tushdi. Shu payt ko‘zga chiqqan suyaldek Mengto‘raboy paydo bo‘ldi. Shaharlik oliftalarning kunbotarda ishga tushganidan ichi qisilib kelgandi. Ota-bolalarning o‘roq ushlashini ko‘rib ijirg‘anib afti bujmaydi.
– Shoynazarboy ukam, jo‘yaklarni vaqti-vaqtida tozalash kerak edi. Bedani o‘rgan joyiga qovjiratib tashlab qo‘ymay bog‘lab olinadi. Bu sizga shaharingiz emas hamma joy asfallangan, uy ichida gaz-suvi, tayyor non-oshni yeb yotadigan. Bu yerda ishlash kerak. Odamlar bilan sobiqa qilib ariqdan suv haydash kerak. Hamma tomon jizg‘anak bo‘lib qolibdi-ku. Suv haydash uchun tikonzor oralab azobini tortish bo‘ladi, jo‘mrakni burasangiz «shir» etib suv kela qolmaydi. Bu yerni qishloq deydilar. Qishloqning odamlariga oson tutmang, beshikdan tushishi bilan mehnatning ichida o‘sadi. Kerak bo‘lsa, qo‘llar qadoq bo‘lib, tovonlar tikonlab, lablar yorilib sizga o‘xshaganlarga hammasini tayyorlab beramiz. Hey inijonim-a, katta-katta oynavand binoda taltayib o‘tirib kitob o‘qishmas, buni hayot deydilar. Chidaganga chiqargan, haybarakalla, hormasinlar.
«Xo‘p ta’zirini berdim, miq etolmay qoldi-ya», – deb o‘ylagan Mengto‘raboy alamidan chiqqaniga huzurlanib o‘z yo‘liga ketdi. Shoynazar: «Esiz, esiz odam, qo‘l-oyoqning chaqqonligiyu tilning biyronligi», – deya qo‘shni cholning ortidan qaragancha qolaverdi.