Xoliyor Safarov. Erning hurmati (hikoya)

Ayol tuni bo‘yi yig‘lab chiqqan nevarasi bilan kelinini olib, kasalxonaga bormoqchi bo‘ldi. Baxtiga qaynukasi uyda ekan, ularni mashinada darrov shaharga yetkazib keldi, ammo endigina chillasi chiqqan go‘dak chirillab, na onasiga, na buvisiga ovunar, nuqul o‘zini orqaga tashlab yig‘lardi. Aksiga olib, shifokor qabulida odam ko‘p ekan. Nima qilarini bilmay qolgan kelinchak bolani bag‘riga bosar, shikasta ovozda alla aytib ovutmoqchi bo‘lar, yashirib ko‘krak tutar, ammo bola yig‘isi tinmasdi.
– Menga bering qani, kelin, – go‘dakni endi qaynona qo‘liga oladi.
– Ha, oynalib ketay sendan-a. Kel qani, jonim. Voya-voya, sengina go‘dakka nima bo‘ldi-ya? Sening joning og‘riguncha mening jonim og‘risa bo‘masmidi-ya? Sengina go‘dakni shunday qiynaguncha, momo bo‘may o‘layin-a, bolam-a. Dadang-ga nima deyman-a.
Qaynona hay-haylab, o‘ziga o‘zi gapirib, nevarasini quchib, yo‘lakning u chetidan bu chetiga borib kela boshladi. Ayol shoshib qolib ro‘moli ham tuzuk o‘ramagan ekan. Boshidagi bir tomonga og‘ib qolibdi. Parvo qilmadi. Jovdirab qarab turgan keliniga: «Siz birpas o‘tiring. Sizniyam qiynab yubordi bu polvon», dedi. So‘ngra navbat kutayotganlar tirg‘alib turgan eshik yoniga bordi.
– Oynalay, ruxsat bering, bizlar kiraylik. Bolaginam kechasi bilan yig‘lab chiqdi, hech ko‘ndirolmayapmiz.
– Men ham ertalabdan beri turibman, xola, – chars javob qildi juvon.
Undan keyin o‘zi tenggi bir ayol ham nevara ko‘tarib turgan edi, o‘sha insof qildi.
– Mayli, bizning o‘rnimizga kira qoling. Bechora go‘dak qiynalib ketdi.
O‘zidan keyin turgan ayolning gapidan uyaldimi, haligi juvon uzr so‘rab, navbatini berdi.
– Hay, mayli, kira qoling, – dedi oxiri.
– Rahmat, singlim. Umringizdan baraka toping. Iloyo, bolalaringizning huzurini ko‘ring.
Qaynona uni alqay-alqay kelini bilan ichkariga kira boshladi. Ularni kuzatib turgan qaynukani ham chaqirdi.
– Siz ham keling. Bizlar do‘xturlarning gapiga tushunmasak.
Ular birin-ketin vrach qabuliga kirishdi. Shifokor bolaning yurak urishi, nafas olishlarini tekshirdi. Qornini silab, bosib ko‘rdi.
– Qorni dam, oshqozoni buzilgan, – dedi. – Emadimi?
– Ha, emadi, – kelinchakning o‘rniga qaynona javob berdi. – Lekin suti kam. Kuniga ikki-uch mahal qo‘shimcha sut ham beramiz.
– Qanaqa sutdan berasizlar?
– Shu, magazinning suti-da, – ayol qadoqlangan sutning nomini eslolmadi. – Oz-ozdan beramiz.
– Shu sutni bermang. Kelinning o‘zi ko‘proq emizsin. Hozir ham emizsin. Yaxshi ovqatlansin. Men dori yozib beraman. Shuni olasiz, oshqozoni tuzalgach, yana bir olib kelasiz.
Vrach shunday deya shapaloqdek qog‘ozga nimalarnidir yoza boshladi. – Chaqaloqaning ismi nima?
– Ismi Dilshod.
– Familiyasi–chi?
– Familiyasi… – ayol qaynukasiga qaradi. – Siz ayting.
Hayron bo‘lib turgan qaynuka bir xil bo‘lsa kerak, deb o‘zining familiyasini ayt¬di.
– Yo‘q, bu kishi katta bobongizning nomlariga o‘tgan. Shu familiyalarni yozdirishda juda xijolat bo‘lib o‘laman-da.
– Ha… – qaynuka endi tushundi. – O‘ktamov.
Ularni kuzatib turgan vrachning a’zoi-badani jimirlab ketdi. Kalta kesilgan soch¬lari orasidan boshlangan titroq to tovonigacha bordi. Qaytib, go‘yo nashtar kabi yuragiga sanchildi. Uning erining ismi ham O‘ktam. Dugonalariga o‘xshab, u ham erining ismini to‘liq, bexijolat aytadi, bunga tili ham, dili ham o‘rgangan, ichib kelgan yoki ertalab tayinlab kelgan ishlarini kechgacha qilib qo‘ymasa, hech qayerda ishlamaydigan lapashang erini yer bilan bitta qiladi. Jahl kelsa ko‘z qizaradi, jahl ketgach yuz qizaradi. U ham qizishib ketganida: «Senga tegib nima ko‘rdim?!» deya tiliga erk beradi. «Boqimanda bo‘lib, mening topganimni zaharingga yeb o‘tiribsan–ku», deya yuziga aytgan joylari ham ko‘p bo‘lgan, ammo eri miq etmaydi. Uni sevib qolgan. O‘zi pishirgan osh.
Vrach chaqaloqning ism-sharifini yozar ekan, shu haqida o‘yga toldi va xayolan so‘rab qo‘ydi:
– Opa, eringiz nima ish qiladi?
– Xo‘jayinimmi? – ayol mayin tabassum qildi. – U kishi cho‘pon. Kecha-kunduz dashtda yuradi.
Vrach ayol vujudidagi titroqni sezdirmaslik uchun oq qog‘ozga qitirlatib, bolaning sog‘ayib ketishi uchun kerakli dorilar nomini yoza boshladi.