Xayriddin Sultonov. Chollar palatasi (hikoya)

Yonboshbuloqqa kuz erta tushdi.
Kechagi yashilligidan ayrilgan za’faron barglar mungli shivirlab, so‘ngsiz hasratini izhor qilmoqchiday qo‘nimsiz tentiraydi…
Achchiq izg‘irin allaqayerdan qor sharpasini haydab keldi, g‘ofil kimsalarni qilichini ko‘tarib qish kelayotganidan ogoh etgan kabi birdan qora sovuq tushdi. Odamlar o‘tin-ko‘mir, issiq kiyim ilinjida yugurib qolishdi, allanechuk yuvosh tortgan nozik-nihol kishilarning tashvishi kuchaydi: seryog‘in, namchil havo ko‘p dardlarni yangilab yubordi.
Qishloq kasalxonasining oftobro‘ya palata derazasidan bir parcha kulrang osmonga xomush tikilib yotgan ozg‘in, qoracha yigit — Muhammadning ko‘ngli g‘ash edi. Shu vaqtgacha parvo qilmay yurgan eski kasali — bronxit sovuq tushishi bilan qo‘zidiyu oxiri to‘shakka yiqitdi. Odamga dard bir ilashmasin ekan, ilashgandan keyin aylanib-o‘rgilib yopishaveradi. O‘zi-ku paxtadan qaytib o‘qiy boshlaganiga ikki haftagina bo‘lgan edi, endi mana bu nag‘ma chiqib qoldi. Ertama-indin qishki sessiya…
Kutubxonadan loaqal birorta darslik olmaganini eslab Muhammadning yuragi uvishdi. Kasofat kasal juda qaltis paytda pand berdi-da. O‘pkasining moylanmagan aravaga o‘xshab g‘ijillashiga qaraganda besh-o‘n kunsiz turolmasa kerak. Muncha endn qizlardan battar nozik bo‘lmasa!.»
Sira ishi yurishmadi-yurishmadi-da. Hatto, kasalxonada ham tuzukroq joyga tushmadi. «O‘rin yo‘q», deb ikki kun sarson qilganlari ham bir bo‘ldi-yu, joy tekkandan keyingisi ham bir bo‘ldi. Past bo‘yli, serzarda hamshira qiz unga: «Endi sen ham bormiding?!» degansimon norozi tikilib, o‘spiriniing sabza mo‘ylovidek qora tuk qoplagan labini burib qo‘ydi-da, kiyimxonaga boshlab kirdi.
— Ma’rifat xola! — deb chaqirdi u chimirilib. Keyin doka parda orqasiga o‘tib timirskilanarkan, o‘zicha guvrandi: — Qayoqqa gum bo‘ldi? Bir zum qo‘nim topmaydi-ya!..
Ostonada qora shol ro‘mol o‘ragan, rangi siniq, keksa sanitar xotin paydo bo‘ldi.
— Tinchlikmi? — deb so‘radi u sovuqdan qizarib ketgan ho‘l qo‘llarini g‘ijimlangan dokaga artaturib.
Muhammad gap ohangidan ayolning hamshira qizdan xiyla yurak oldirib qo‘yganini payqadi.
— Qayoqda yuribsiz, qarasangiz bo‘lmaydimi mundoq! — deya shang‘illay ketdi qiz. — Olib borib to‘rtinchiga yotqizing. — Tars-turs yurib chiqib ketaturib piq etib kuldi: — Chollarning palatasiga…
— Xo‘p, Safoxon.
Qizni xunuk ko‘rsatayotgan mo‘ylovi ham, siltab gapirishi ham boyadan beri Muhammadning g‘ashiga tegmoqda edi. Masxaraomuz kulib qo‘yishidan esa jig‘ibiyroni chiqdi.
«Muncha o‘zini osmon fahmlamasa, — deb o‘yladi u kulrang kamzulning tugmalarini qadarkan. — Ishqilib, bundaylarga amal tegmasin-da…»
Muhammad nimqorong‘i yo‘lak oxiridagi to‘rtinchi palataga joylashgach, hamshira qizning nega kulganini darrov tushundi: olti kishilik palataga nuqul chollar yig‘ilgan ekan. Avvaliga o‘zining ham kulgisi qistadi, so‘ngra ko‘kka bo‘yalgan shiftga bir oz termilib yotgach, diqqati oshdi. Mana, sheriklardan ham rosa yolchidi!
Eshik oldidagi karavotda oltmish besh yoshlardagi do‘ngpeshona, jussasi kichkina, oq-sariq qariya ko‘zlari ma’nosiz javdiragancha o‘tirardi. Bir burdagina yuzida so‘rrayib beso‘naqay burni qolgan. Tepasida poyloqchilik qiladigan xotini — chap qoshining ustida no‘xatdek xoli bor, qizilmag‘iz, sergap ayol birinchi kuniyoq Muhammadni yo‘lakda to‘xtatib, Islomboy buvasining necha zamonlardan beri «qon bosdi» kasaliga yo‘liqqani, uch oydan beri bir qo‘l, bir oyog‘i ishlamasligi, o‘zining sig‘inmagan mozoriyu bosh urmagan ostonasi qolmagani, kasal kasal emas, kasal boqqan kasal ekanini aytib nolidi, jindak obidiyda ham qilib oldi. Muhammad achinib tasalli bergan bo‘ldi-yu, ko‘nglini battar g‘ashlik chulg‘adi.
Deraza tagidagi batareyaga oyog‘ini toblayotgan ko‘rkam soqolli miqti chol quv ko‘zlarini yumib pinakka ketgan edi. Muhammad uning qirra burun, kelishgan chehrasiga, o‘ktam qomatiga zimdan qarab qo‘ydi. «Yoshligida rosa qizlarni surgan bo‘lsa kerak», degan fikr o‘tdi xayolidan.
Burchakda suyagi buzuq, barvasta kishi baquvvat, yo‘g‘on qo‘llarini bosh ostidan o‘tkazgan ko‘yi karavot bilan bitta bo‘lib chalqancha yotar, uncha-muncha oq oralagan mo‘ylovi vahimali bir tarzda qulog‘iga tomon buralib ketgan, o‘siq qoshlari ostidagi qo‘ng‘irga moyil ko‘zlari ola-kula jalanglab turar edi.
Muhammad uni tanidi: soy mahallalik Ergash mo‘ylov degan chapanitabiat qari shofyor.
— O‘sar buva, shu, kampiringiz yo‘q, zerikib qoldingizmi deyman, nuqul mudragannngiz mudragan. Hali do‘xtir kelsa o‘zim javob so‘ray sizga, bir uyga borib, a?.. Va ha-ha…
Mudrab o‘tirgan chol Ergash mo‘ylovning gapiga ko‘zini ochmasdan sekin kulib qo‘ydi. U esa butun gavdasini silkitgancha qotib-qotib xaxolar, karavot simlari zalvoridan zorlanayotgandek g‘ijirlar edi.
Muhammad g‘ijindi: odam ham shunaqa koski bo‘ladimi, ayol kishi o‘tiribdi ham demaydi-ya!..
U ensasi qotib yonboshiga ag‘darildi, tumbochka oldida tik turib hafsala bilan olma archayotgan to‘rtinchi ham xonasiga ko‘zi tushdi. Uning boshida ancha urinib qolgan chust do‘ppi, qo‘lida guldor sopli pichoq, keng, yashil xalatda xuddi sholipoyadagi qo‘riqchiga o‘xshab turar edi. Agar bu kishini o‘rta yashar desa — Muhammadning, chol desa uning haqqi ketardi. U boyadan beri yigitning qarab yotganini payqadi shekilli, pichoq uchida yarim palla olma uzatdi:
— Ma, uka, olma ye!
Muhammad rahmat aytib, bosh chayqadi.
Eshik orqasida allakim quv-quv yo‘taldi, so‘ngra bo‘yniga oq chit ro‘mol tashlagan novcha, ko‘zoynakli chol harsillab-gursillab kirib keldi. U karavotga o‘tirgach, ro‘moli bilan yuzini, peshanasini artdi, qizil termosdan bir piyola choy quyib ichdi. Chol har nafas olganida zabardast ko‘kragidan go‘yo qaynab turgan samovar tovushiga o‘xshash shig‘-shig‘ degan ovoz chiqar edi.
— Xah, esiz-a, o‘pkani berib qo‘yib, yuravergan ekaimiz-da, g‘aflat bosib, hay attang… — dedi chol boshini tebratib va gapiga javob kutgandek Muhammadga qarab qo‘ydi. — O‘zi, bir toshkentlik do‘xtir manga aytuvdi, ko‘krak og‘rig‘ingiz o‘zingiz bilan ketadi, deb, rost ekan shekilli. Yoshlikda, shu, kuchga ishonib, odamlar: «Ha, Do‘stmat polvon, Do‘stmat polvon», desa, o‘ylamasdan maydonga tushaveribman, o‘shanda ko‘krak ishdan chiqib qolgan ekanda…
«Iya, Do‘stmat polvon deganlari shu kishi ekan-da», deb o‘yladi Muhammad uning cho‘yandan quyilgandek baquvvat jussasiga tikilib.
— Ey, sizgayam qoyil bo‘lmadim, Do‘stmat buva. — Ergash mo‘ylov serjun ko‘kragini qashib, guldiragan yo‘g‘on ovoz bilan gapga aralashdi. — Shu mahalgacha birovdan yiqilmagan odam, arzimagan kasalga oh-voh qilib o‘tiribsiz. Axir, miltiqning o‘qidek yuruvdingiz-ku. Kurashni tashlab, siz ham bo‘lmadingiz — aynadingiz. Burungi Do‘stmat polvonning quruq surati bo‘lib qolibsiz.
— Ha, endn, Ergashvoy, nimamiz qoldi, kurashgayam mundoq bilagida kuchi bor yoshlar tushsa yarashadi. — Do‘stmat buva yoshlangan ko‘zlarini artib tamshandi, — E, vaqtida bearmon tushdik-da, lekin.
Ergash mo‘ylov ijirg‘anib, aftini bujmaytirdi:
— Be, kurash tushishga yo‘l bo‘lsin bularga. Sal shamol tursa, yiqilaman, deydi-yu! Kun ko‘rmagan bargdan battar nozik bu yoshlar…
«Mo‘ylov»ning gapi yigitga pichingdek tuyulib, hamiyatiga tegib ketdi.
«Ana, boshlandi g‘iybat, miriqib eshitaver. Tavba, nima balo, yoshlar bularning arpasini xom o‘rganmi? Joni og‘rimasa, shu yerda yotishga kim orzumand ekan?»
Sepkilli sariq qiz eshikdan bosh suqdi:
— Abitga chiqinglar…
Bir ozdan so‘ng u ikkita tarelkada yorma bo‘tqa ko‘tarib kirdi. Chiqib ketaturib:
— Sizga ham shu yerga olib kelaymi? — deb so‘radi Muhammadga qarab. Nazarida qiz uni kalaka qilayotgandek edi. Muhammad birdan tutaqib:
— Oyog‘im sinmagan! — dedi zarda bilan.
Hamma bir zum jim bo‘lib qoldi.
Muhammad yupqa adyolga boshini burkab, allamahalgacha g‘ijinib yotdi. Ko‘zi ilinganini o‘zi ham sezmadi. Uyg‘onganida boya olma uzatgan hamxonasi yelkasiga xalat tashlab olgan bir kishi bilan sekin gaplashib o‘tirar, falaj chol esa qisqa-qisqa, ammo kelishtirib xurrak otar edi. Muhammad bir ko‘ngli o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi-yu, lekin yana erinchoqligi tutib, ko‘zlarini yumgancha qulog‘iga chala-yarim kirayotgan gaplarni eshitib jim yotaverdi.
— E, ukaginam-e, sira so‘rama. Meni xudo urib qoldi-ku!
— Ha, tinchlikmi?
— O‘tday tushdim-da, uka, o‘tday tushdim. Eslasam, hali-hali yuragim ezilib ketadi. Sheriging nobop bo‘lgandan keyin…
— Aka, sal ochiqroq gapiring, nima gap o‘zi?
— Nima gap bo‘lardi, birov bu yerdan ma’lumot bergan ekan, Novosibirga yetib borishimiz bilan obixiyes tappa bosdi. Salkam bir tonna yeryong‘oqni ko‘zimning oldida laryokka o‘tkazvordi, chapagimni chalib qolaverdim. O‘zim zo‘rg‘a qutuldim.
— Pulini berdimi, axir?
— E, berdi, kepak narxida. Bergani nima bo‘lardi, ikkita teshik tog‘orayam kelmaydi. Kilosini sho‘tning o‘zida ikki so‘mdan yalinib oluvdim, qo‘limga ikki yuz ham tegmadi. Hay, attang, attang-a!.. Voy, padariga la’nat!
Shuncha qatnab bunaqa chuv tushmovdim. Keyingi bir dunyo sur-surni ayt, qiyomat bo‘lib ketdi. Endi o‘ldim, devdimu, yo‘q, xudo bandam degan ekan…
— Chatoq bo‘pti-ku juda.
— Chatoq deb sekin aytasanmi, uka! Bilmadim, qaysi bir xudobexabar chaqqan. Mayli, iloyo, kun ko‘rmasin, ungayam tikilgan balo bordir. Yeryong‘oq-ku bir nima bo‘luvdi, bu yog‘iniyam pachog‘i chiqdi.
— Ha, nega?
— Shu… xudo bersa, qo‘sh qo‘llab beradi, urgandayam qo‘sh qo‘llab uradi, degan gap rost ekan, uka. Bu safar o‘shanaqasiga yo‘liqib o‘tiribman. Ehtiyotdan yonimga ming so‘mcha pul solib ketuvdim. Yeryong‘oqdan ayrilgandan keyin, juda quruqdan ko‘ra bir-ikkita tozaroq narsa olib Toshkanga posilka qildim. Mahamat akangga tayinlab ketuvdim…. Beshta o‘n kilolik yashik jo‘natdim. Toshkanga kelib, to‘g‘ri Mahamatning hovlisiga tushdim. Uyida ekan. Yashikni ochib, shundoq qopqoqni ko‘tarsam… Voy uka, o‘takam yorilib ketayozdi! Dod devordim! Ichida eski latta-putta, bir juft dabdala patinka, eng tagida yarimta g‘isht yotibdi. Jonholatda boshqalariniyam ochdim. Hammasi shunaqa. Kilosi kilosiga to‘g‘ri, pechati joyidayu ichi to‘la axlat! Peshonamga bitta urib, bo‘shashib ostonaga o‘tiribmanu ko‘nglim ketib qopti. Ko‘zimni ochsam, Mahamat akang tepamda yig‘lamsirab turibdi.
— Iya, nega undoq bo‘ldi ekan? Bitta-yarimta sezib qolganmidi?
— Ana shunisini bilolmay dog‘daman-da. Yo Mahamatnnng o‘zi… Yo‘q, u o‘zimizning odam-ku, lekin bilib bo‘ladimi, axir o‘rtada shayton bor. Ko‘z bilan ko‘rmaganingdan keyin nimayam derding? Indamadim. Shunaqa qilib, uch yarim mingga o‘tday kuyib o‘tiribman, uka. Uch yarim ming-a — hazil pulmi?! Bu birovga aytadigan gap emas — damim ichimda. Mayli, endi ketgani ketdi, sadqai sar, jonim omon qoldi, shunisiga ming qatla shukur. Ammo o‘shandan beri yuragim o‘ynagani-o‘ynagan, ko‘zim tinadigan bo‘lib qoldi. Do‘xtir; «Qon bosimingiz oshib ketibdi», deb yotqizib qo‘ydi. Mana, yotibman, shiftga boqib…
— Qalay, tuzalib qoldingizmi, axir?
— Go‘rnimi, tuzaladigan baloga o‘xshamayman. Aytganday, anovi Obidxo‘janing o‘g‘li qamalganmish, rostmi?
— Anig‘ini bilmadim, ammo shunaqa gap bor.
— Obbo… Bizdan ayrilib, Sverdlovekka ketuvdi, boyaqish. Uka, vasvas bo‘lib qolibman shu kunlarda, nuqul vahima bosadi, degin… Menga qara, borib yangangga ayt, katta uyning taxmonidagi ikkita gilamni vaqtincha senikiga olib borib qo‘ysin. Maylimi? Ehtiyot yaxshi-da, jon uka!
— E, qo‘ying, hech narsa qilmaydi, tuzalib ketasiz. Mana bularni olib qoling, men turay endi.
— Bekor ovora bo‘psan-da… Yur, men ham tashqariga chiqmoqchi edim.
«Toza g‘alati bo‘ldi-ku», deb o‘yladi Muhammad bironlarning gapini o‘g‘rincha eshitgandan hijolat tortib.
Oqshom tusha boshlagan edi. Ro‘paradagi jarrohlik bo‘limi joylashgan ikki qavatli binoning yaxlit oynaband derazalarida chiroq yondi. Yo‘lakda tapir-tupir oyoq tovushlari kuchaydi.
Qizil tuguncha solingan to‘rxalta ko‘tarib dimog‘i chog‘ O‘sar buva kirdi. «Olmacha anoringga balle…» deb ming‘illab xirgoyi qilgancha tugunchani yechdi, kosadagi shavlani tumbochka ustiga qo‘ydi-da, Muhammadning tepasiga keldi:
— Ho‘v, toycham, turing, ovqat yeymiz.
Muhammadning kulgisi qistadi: «Toycham…»
— Rahmat, o‘zingiz bemalol…
— E, unaqamas-da, toycham, qani darrov turing-chi…Muni qarang, jonon shavla bo‘pti-da, bay-bay-bay, o‘lik yesa tiriladi, ammo-lekin.
Yigit ko‘rdiki, turmasa chol xafa bo‘ladigan. Darrov borib, yuz-qo‘lini yuvib keldi.
— Qani, oling, toycham, katta-katta oling. Xo‘p, bismillo, qani… Bu, siz kimning o‘g‘li bo‘lasiz? Qaysi Qodir? E, haligi Tarnovboshida turadigan usta Qodirmi? U emasmi? Ha, mayli, toycham, sovimasin, oling. Ha, qani…
O‘sar buva uni qistab ancha ovqat yedirdi. Keyin «toycha» aylanib kelmoqchi ekanini aytib, tashqari chiqdi.
Eshik oldidagi televizor qo‘yilgan xonaga hamma kasallar ko‘chib chiqibdi. Muhammad bo‘sh stul yo‘qligidan, tik turgan ko‘yi o‘rgatilgan yo‘lbars haqidagi filmni tomosha qilayotgan edi, hamshira xotin familiyasini aytib chaqirib qoldi.
— Qani, yuring-chi, sizga ukol qilamiz, — dedi u so‘zlarni chertib-chertib. Haddan tashqari to‘la gavdali bu ayol lapanglab arang qadam bosar, zalvoridan yo‘lakdagi eski pol taxtalari egilib-egilib ketar edi. Muhammad hamshiraning oldiga tushib palata eshigini ochdi. Islomboy buvaning xotini o‘rnidan turib yo‘l berdi.
— Assalomu alaykum! Qalay, tuzukmisizlar? Cholingiz yaxshimi?
Xomush mudrab yotgan chollarga birdan jon kirdi.
— E, Mayrampa, keling, keling… Yaxshi dam opkeldingizmi? — deya o‘zini sal yig‘ishtirib so‘radi Ergash mo‘ylov. — Jujurmisiz bugun?
O‘sar buva bo‘lsa, xuddi yosh boladek chapak chalib, xushchaqchaq qiyqirdi:
— Yashasin Mayrampam! Mayram do‘xtur — zarari yo‘qtur!
— Opangiz aylansin, nima deysiz, O‘sar uka? Tuzalib qoldingizmi? — dedi hamshira ham jilmayib. Shu payt ko‘zlarini javdiratib o‘tirgan falaj chol tilga kirdi.
— O‘sa… b… u… a… ottak… et-e… ta o‘…g‘-o-q… chop… a… ba-de… du… — deb g‘udrandi-da, gapi o‘ziga nash’a qilib kulib yubordi. Xotini bosh silkib uning gapini ma’qullagan bo‘ldi va xijolat ichida bularga yuzlanib, erining so‘zlarini «tarjima» qilib berdi:
— O‘sar buvam otdakmish, ertaga uloq chopgani boradi deyaptilar.
— Ha, ha, boraman, boraman, — deya shoshib tasdiqladi O‘sar buva. — Faqat, Mayrampa, mani shu belim tag‘in og‘rib turibdi-da.
Maryam opa shpritsning uchidan tizillatib dori otdi.
— Xudo saqlasin. Qani, O‘sar uka, oching… — dedi u xalatining cho‘ntagidan paxta olarkan.
Bu kundalik hazil-mutoyiba odat tusiga kirib qolgan bo‘lsa kerak, darhol O‘sar buvani askiya qilib ketishdi.
— E, buningiz bo‘lmaydi, — deya Ergash mo‘ylov hamshiraning ninasiga ishora qildi, — sal kattarog‘i yo‘qmi, biron metrligi…
— Xah, nina ham qursin, — dedi chol o‘rniga yotar ekan, — sog‘ joyim qolmadi-ku. Uv-v!..
— Zap yetti tug‘ib bir qo‘ygan egachi topib olgansiz-da, O‘sar! — Do‘stmat polvon tishsiz og‘zini ochib, hih-hihlab kuldi.
— E-ha, bu o‘zimning salkam qirq yillik opam-ku. O‘ttiz olti yil bo‘ldimi, Mayrampa, kelganingizga?
— Bu o‘ttiz yettinchi yil, — dedi Maryam opa. — Yosh qiz edim kelganimda, mana endi kampir bo‘ldim. Shunaqa, O‘sar uka, qarib qoldik.
— Ha, endi, qarimaganda olma bilan o‘rik bo‘larmidik, — dedi O‘sar buva salmoqlab va birdan jiddiylashdi. — Ammo-lekin, Mayrampa manga xo‘p yaxshilik qilgansiz, esingizdami?
Hamshiraning keng, dumaloq yuzi o‘tmish xotirasining olis shu’lasi bilan bir zum yorishib ketgandek bo‘ldi.
— Nega esimda bo‘lmasin, esimda, — dedi u xiyol kulimsirab. — Odam yoshligida botir bo‘ladi-da. Hozir o‘ylasam, qo‘rqib ketaman. Mayli… Hali qancha ukolim bor. Yaxshi yotinglar.
Keyin gurs-gurs qadam tashlab, polning nochor taxtalarini g‘ichirlatgancha chiqib ketdi.
Ancha vaqtgacha indamay yotishdi.
— Xo‘p yaxshi ayol-da Mayram! — dedi O‘sar buva o‘ziga o‘zi gapirgandek.
«Uch yarim mingga chuv tushgan» chol tirsagiga tayanib boshini ko‘tardi.
— O‘sar buva, boyagi o‘ris xotin… sizni uka, dedimi? Yo yoshi kattaroqmikan? Unaqa desam, o‘zi biz qatori ko‘rinadi.
— E, mulla Fayziqul, u nima desayam man ko‘naveraman, xafa bo‘lmayman sira. O‘zim ham opa deyman, shunga hazillashadi-da. Bo‘lmasa, mana, salkam yetmishga bordik.
— Buyam oltmishlarga chiqqandir? Qachongi Mayram axir!
— Qaydam, ha, borib qolgandir-ov. Kelganida yigirma yashar barno qiz edi. O‘zi ukrainka, bilmadim, shu, ishqilib o‘ttiz to‘qqizinchi yili kelib qolgan. Bozorboshida Shahri kampir degannikida kavatir o‘tirdi, o‘shandayam do‘xtirxonada ishlardi. Keyin dalamahallalik Sirojiddin degan traktorchi yigitga tegdi. E, bu juda zo‘r xotin, urushlargayam borib kelgan. Bechora, odamning ustida o‘lib bo‘ladi, bahosi yo‘q ayolu xudo farzanddan qisdi-da. Dunyoga shundoq kelib, shundoq ketyapti.
— Eri yaxshi odam, — deya Ergash mo‘ylov yonboshiga ag‘darildi. — Manga qarang, O‘sar buva, boya nimani so‘rovdingiz «Esingizdami?» deb?
— E, bu Mayram mani bir o‘limdan olib qolgan. Ellik uchinchi yilmikan, esimda yo‘q, betda hali balnisa yo‘q edi, bonkaning orqasidagi kichkina bir uyda mana shu Mayram kasal ko‘rardi.
— Medpunkt bo‘lardi-da.
— Ha, o‘shanaqa bo‘lsa kerak. Bir kuni kolxoz-bog‘ida tok chopayotgan edim, birdan o‘ng biqinni sanchib, bukchayib qoldim. Ko‘tar-ko‘tar qilib Mayramning oldiga olib kelishdi. Ko‘rdiyu rangi huv o‘chib «Ko‘richak, o‘tib ketibdi», dedi. Yonida bitta yosh sestra bor ekan, bir nima deb tayinladi-da: «Aparaysa qilmasa bo‘lmaydi», dedi. E, ko‘richakni ham olib tashladi. Ammo-lekin o‘shanda qoyil qolganman. Ana, o‘g‘il bola, shunaqa o‘tkir bu Mayram! Keyin bir kun so‘radim: «Qo‘rqmadingmi, o‘lib qolsam nima bo‘lardi?» dedim. «Qo‘rqdim, — deydi, — lekin aparaysa qilmaganimda o‘lardingiz — balnisaga yetib borolmasdingiz», deydi. Frontda yurganida bir prapessirning yonida ishlagan ekan, shunda ko‘zi pishib qolgan bo‘lsa kerak-da chamasi.
Chollar shu tariqa yana allamahalgacha ilgarigi odamlarning pishiq-pishiq, baquvvat bo‘lganligi, «do‘xtir ko‘paygan sari kasal ham ko‘payayotganini» aytib, shikoyat qilgancha gangur-gungur gaplashib o‘tirishdi.
Muhammad kech uyg‘ondi. Kun yoyilib ketgan, derazadan tushib turgan kuz quyoshining ojizgina shu’lasi devorda, karavot panjaralarida lip-lip o‘ynar, palataning havosi og‘irlashib ketgan, chuchmal bir hid anqir edi. Yigit derazalarni ochib qo‘ymoqchi bo‘ldi-yu, ammo kechagi vaziyatda o‘tirgan Islomboy buvaning ko‘ngliga biror gap kelmasin, degan xayol bilan tashqari chiqdi.
U hali nonushta qilib ulgurmagan ham edi, yugur-yugur boshlandi. Hamshira qizlaru sanitarlar ertalabki ko‘rik oldidan u yon-bu yon chopqillab qolishdi. Oshxonada qayoqdandir kechagi pakana «zahar qiz» — Safoxon paydo bo‘ldi.
— Siz darrov palatangizga boring-chi! — dedi u amirona chimirilib.
— Xo‘p-p… — Muhammad bosh irg‘adi-yu, pinagini buzmay non kavshayverdi. Safoxon zarda bilan eshikni qars yopib chiqib ketdi.
Norg‘ul, qisiq ko‘z, kamgap vrach Isroil aka Muhammadni bir necha marta chuqur-kalta nafas olishga majbur qilib, tekshirib bo‘lgach, indamay o‘rnidan turayotgan edi.
— Isroil aka, — dedi Muhammad, — sizdan bir narsani so‘ramoqchi edim.
Vrach bosh silkidi.
— Shu… iloji bo‘lsa meni boshqa joyga o‘tkazsangiz, — dedi Muhammad uning o‘zi eshitadigan qilib. Isroil aka hayron bo‘lib yelka qisdi:
— Hozir joy masalasi chatoq-ku. Ha, mayli, o‘ylab ko‘rarmiz.
Muhammad bir oz yengil tortdi. Endi eng mushkul muammo — bir amallab kunni kech qilish edi. O‘qishga biror narsa qidirib barcha palatalarga kirib chiqdi. «Mushtum»ning dog‘ bosib, g‘ijimlanib ketgan ikkita eski sonini topib, qaytib kelganida burchakdagi tumbochka ustida elektr choygum vishillab qaynamoqda edi.
— Xo‘sh, deganingizdan bilsak, sart ekansiz, — dedi Ergash mo‘ylov odatdagiday vag‘illab. — Uka, manga qara, san biz bilan yaxshi ulfat bo‘lolmayapsan-da… Mana, choygum ham qaynadi, bitta choy damlamansanmi, a?
Choydan keyin Muhammad muk tushib o‘qishga tutindi. Chollar esa, hangamaga bo‘lak gap qolmagan shekilli, ancha vaqtgacha xomuza tortib jim o‘tirishdi. Nihoyat, Fayziqul chidab turolmadi.
— Ha, og‘zinglarga so‘k solvoldinglarmi bugun? Do‘stmat buva, ho O‘sar buva! Bundoq u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tiringlar-da, odamning yuragi qon bo‘lib ketdi-ku! Uyqu bo‘laverar…
— Endi nimaniyam gapirardik, mulla Fayziqul? Yaxshisi siz o‘zingiz boshlang-chi, zora esimizga biron narsa tushsa. Odam qarigandan keyin shunaqa esi kirdi-chiqdi bo‘lib qolar ekan, O‘h-ho‘.., o‘h-ho‘… — Do‘stmat polvonni yo‘tal tutib qoldi.
— Mana, Islomboy buvam ham qovog‘ini solvoldi…
Falaj cholning nursiz, sap-sariq yuznda qilt etgan o‘zgarish ro‘y bermadi. Ko‘zlari qizargan xotini esa o‘ng‘aysizlanib:
— Buvangiz rostdan ham xafa, — dedi, — Kecha Surxondaryodagi o‘g‘limiz kelishi kerak edi, kelmadi, shunga sal olinib o‘tiribdilar… Keyin cholining adyolini tuzatarkan, tasalli berdi. — Kep qoladi hali, mana ko‘rasiz.
Chol jahlning zo‘ridan ko‘karib g‘udrandi.
— Ha, farzand, farzand… ota-onaning fikri-zikri o‘shalarda, — deya bosh tebratib qo‘ydi Do‘stmat polvon. — Bir parcha etni odam qilguningcha o‘lib bo‘lasan. Bilsa-ku yaxshi-ya.
Ergash mo‘ylov o‘rnidan turib, Islomboy buvaning tepasiga keldi.
— Ho‘, manga qara, — dedi uning yelkasiga turtib. — Namuncha bo‘g‘ilasan? Nima, qo‘shing qopketyaptimi? Keladi o‘g‘ling, shoshma, ko‘karaverma hadeb, o‘g‘ling tilla yigit-ku. O‘zing qanaqa eding? Esingdan chiqdimi, oshnam?
Islomboy buva sal iljangan bo‘ldi, xotini zsa ko‘z yoshi qildi:
— Nuqul o‘laman deb qo‘rqitib yotibdilar-ku.
— E, o‘lmaydi, baloyam urmaydi bunga. Vaqtida beshta o‘q yesa ham o‘lmagan, esingdami, ho‘v cho‘tir? Yig‘lamang-e, bundan o‘limning o‘zi qo‘rqadi, Ha, muttaham, darrov shunaqaga o‘tdingmi? Nima, o‘lganingda yer to‘yarmidi?! Shoshma hali, o‘g‘ling kelsa, bitta «ekstra» opkeltirasan, ikkalamiz maydalaymiz, xo‘pmi, ichasan-a, ho‘v cho‘tir?
Chol kulgidan og‘zining tanobini yig‘olmay qoldi.
— I-x-e… Ich… ch-a… m-i-i-iz…
— Aroq desa tiling ham chiqnb qoladi, a? He, tirjaymay ket, — Ergash mo‘ylov yana uning yelkasiga qoqib qo‘ydi, — Lekin malades, yigitning xo‘rozisan, oshnam!
— Tag‘in qanaqa oshna chiqib qoldinglar? — deya kulib so‘radi Fayziqul, paxta gulli piyoladan choy ho‘plarkan.
— E, frontovoy oshnam-ku bu. Urushda birga bo‘lganmiz. Chegaraga yetguncha birga bo‘lib, bu qurib ketmagur cho‘tirni Polshada yo‘qotib qo‘yganman. Har yelkasida bittadan odam o‘tiradigan devday yigit edi. O‘zini o‘tga urib, suvga urib o‘shalarning azobini tortib yotibdi-da endi.
Fayziqul oyog‘ini uzatib yaslandi.
— Bultur menam Rossiyaga borib keldim, juda yaxshi joylar ekan, — dedi.
— Dam olgani boruvdingizmi?
— Yo‘q, bultur yozda Sverdlovskka sovxozning yukini olib borgan edik. Yo‘lda yeb ketarmiz, deb Toshkandan donasi ikki so‘mdan o‘nta mirzacho‘l qovun olgan edim. Qovun yeyish birovning esigayam kelmapti. Istansada shundoq bir chetga tushirib, o‘zim yuklarga qarab turuvdim, yonimdan bir xotin bola yetaklab o‘tib qoldi, nariroq borib qaytib keldi. Bolasi xarxasha qilib qo‘ymagan shekilli, qovunning narxini so‘radi. Shoshib, o‘n so‘m, devoribman. Shartta pul chiqarib berdiyu qovunni ko‘targancha jo‘nab qoldi. Keyin bozorni surishtirib, u yoq-bu yoqqa qarasam, boyagini suv tekin bervorgan ekanman. Yo‘q, boshqalarini yigirmadan, ikkita kichikrog‘ini o‘n beshdan pulladim.
Juda o‘sha yoqlarda ho‘l meva tansiq-da, ko‘zga urganday talashib olishadi.
Ergash mo‘ylov indamadi. Negadir qovog‘i osilib, mo‘ylovining uchini asabiy o‘ynadi. Yashirib qo‘ygan «Belomor»ini olib tutatdi, derazani ochib qo‘yib cheka boshladi.
— Leningrad yaqinidaligimizda batalonda shofyor edim, — dedi tashqariga xomush tikilib. — Qirq ikkinchi yili. Qo‘ldagi muz yo‘ldan shaharga oziq-ovqat tashirdik. Yo‘lga jon hovuchlab chiqamiz, qaytib kelishimiz gumon edi-da. Nemis bitta bomba tashlasa — tamom, o‘zingni muz tagida ko‘raverasan!..
Muhammad jurnaldan ko‘z uzib, unga qiziqib qarab qoldi.
— Bir kuni kolonna oxirida qor bosgan ko‘chadan mashinani sekin haydab ketayotgan edim. Qech tushib qolgan, osmon qop-qora. Izg‘irin naq uzib olaman, deydi. Yo‘l chetida kichkina bir qizni ko‘rib qoldim. Yo olti, yo yetti yoshlarda. Boshida to‘zib ketgan ro‘mol, egnida otasinikimi, kim bilsin, beso‘naqay paxtalik, taxta devor tagidan bitta-bitta yurib ketyapti. Ikki qadam yuradi, to‘xtaydi, chelagini qo‘yib dam oladi. Ko‘karib ketgan qo‘llarini kuh-kuhlab og‘ziga tutadi. Oyog‘ida eski rezinka etik, depsinib-depsinib qo‘yadi. Keyin uch-to‘rt qadam bosadi, katta paqiri oyog‘iga urilib suv to‘kiladi, yana to‘xtaydi. Yuzini ko‘rdimu hayron qoldim: rangi shu qordan ham oppog‘-a! Odamga ko‘zi javdirab mo‘ltillaydi. Ko‘zimdan tirqirab yosh chiqib ketdi. «E, xudo! E, aylanay xudo! Shu zig‘irday go‘dakda nima qasding bor edi, e, yaratgan egam!» deyman nuqul. Rulni ushlolmayman — qo‘lim dir-dir titraydi, Mashinani shartta to‘xtatdimu eshikni ochib: «Ke, qizim, chiq bu yoqqa!» dedim. Qiz cho‘chidimi, hadeb boshini sarak-sarak qiladi. «Qo‘rqma, chiqaver, o‘tir, oborib qo‘yaman», dedim. Koshki o‘rischani qotirib gapirsam. Birpas begonasirab turdi, qistab qo‘ymaganimdan keyin kabinaga chiqdi. «Oy, qizimka, sapsem moroz qotgan, a, uh-uh», dedim achinib. Xaltamdan bir burda qora non olib: «Ma, xleb, kushi», deb uzatsam, yo‘q degandek bosh chayqaydi-yu, ammo ikki ko‘zi nonda. Nonni qo‘liga tutqazib, mashinani yurgazdim. «Uying, ota-onang bormi?» desam: «Bor», dedi shoshib-pishib. Otasi frontda ekan, onasi, buvisi bilan turar ekan. «Suvga onang kelsa bo‘lmaydimi?» deb so‘radim. Bechora ancha vaqt indamadi, keyin xuddi gunohkorga o‘xshab: «Onam kasal, buvimning ko‘zi ko‘rmaydi», dedi. Birpasda yetib keldik. Mashinadan tushgach: «Qani, yur, — dedim, — uyingni ko‘rmoqchiman». Ikkinchi qavatga chiqib, bir xonaga kirdik. Hammayoh o‘g‘ri urganday ship-shiydam. Ikkita karavot, bir yosh xotin, bir keksaroq ayol yotibdi. Qiz, onasi bo‘lsa kerak, yosh ayolning yoniga chopib borib, bir nimalar deb bidillay ketdi. Yo‘talib, salom berdim. O‘ttiz-o‘ttiz besh yashar juvon inqillab boshini ko‘tardi, rangi sap-sariq. «Nima qildi? Kasalmisiz?» deb so‘radim. U pichirlab bir narsa dedi, koshki men eshitaqolsam. Hol-ahvolini ko‘riboq dardini tushundim: ayol ochlikdan shisha boshlagan edi. Pastga yugurdim. Xaltamdan ikki kunlik payogim: to‘rt yuz gramm qora non, bir banka konservani olib, qaytib chiqdim. Haligilarni berib: «Bularni yeng, — dedim, — harna quvvat bo‘ladi…» Boyaqish xotinning yuragi chiqib ketayozdi. «Yo‘q, qo‘ying, kerakmas, qo‘ying», deydi. Gapiga quloq solib o‘tirarmidim!.. Endi motorni o‘t oldirgan ham edimki, boyagi qiz yugurib chiqdi. Allanima deb qichqirdi, eshitmadim. Yomon ezilib ketgan edim. Kabinaga chiqdimu butun alamimni mashinadan olib, jon-jahdim bilan gazni bosdim! —Ergash mo‘ylov papiros qoldig‘ini fortochkadan irg‘itdi. — Osh — avliyo, non —payg‘ambar bo‘lgani bilan, bari bir, ajali yetmasa, odam o‘lmas ekan, — dedi va palatadan chiqib ketdi.
Hech kim churq etmadi. Fayziqul devor tarafga o‘girilib yotib olgan edi.
«Balo ekan bu mo‘ylov, — deb o‘yladi Muhammad, — bopladi!»
Yo‘lakda Safoxonning kimgadir shang‘illagani eshitildi, so‘ngra eshik ochilib o‘zi kirib keldi.
— Voy-bo‘, dimiqib ketibdi-ku palatanglar! — degancha burnini jiyirib ostonada to‘xtab qoldi u, — Uf!.. Deraza-perazani ochsanglar bo‘lmaydimi? Bu palataga son kirmadi-kirmadi-da. Bu nima yotish tag‘in?! Mundoq xalatni yechib yotinglar-da odamga o‘xshab! — U labi-labiga tegmasdan bidirlar edi. — Bu kimni joyi? — dedi u Ergash mo‘ylovning ko‘rpa-to‘shagi to‘dalanib yotganini ko‘rib. — Nonlarning uyulib ketganini qaranglar, kosa-kosa ovqat… Ma’rifat xola, oling mana bularni, chelakka tashlang!
— Hoy qizim, sal sekinroq gapirsang ham eshitamiz, tuzukmi, — dedi O‘sar buva ranjib. — Nonni axlatga tashlamoqchimisan? Qo‘y joyiga!
— Voy, mumkin emas, deyapman-ku, mumkin emas, nega tushunmaysiz?! — Qiz derazani ocharkan, yana bobillab berdi. Tumbochka ustidagi o‘rog‘liq qog‘ozni jahl bilan tortgan edi, polga burda-surda non, mayda ushoqlar sochilib ketdi.
Do‘stmat polvon bay-baylab o‘rnidan turdi.
— Hey, sen kimning qizisan o‘zi? — dedi qizishib. — Ota-onang hech aytmagan ekan-da, nonning uvolini? Ha barakalla senga!.. — U cho‘qqayib o‘tirdi-da, timirskilab kaftiga non ushoqlarini terib ola boshladi. — Xo‘p zamoningda yuribsanlar-da, ishqilib, baxtlarnngga doim shundoq bo‘lsinku-ya! E, odamning har narsa bo‘lgani yaxshi! — Chol javrab-javrab, ushoqlarni bitta qo‘ymay terib oldi.
Shu janjal sabab bo‘ldiyu chollarga gap topildi. «Hozirgi yoshlarning quruq, betgachopar bo‘lib ketayotgani»ni kechgacha rosa cho‘zishdi.
Qasalxonada bemor kishining yagona ermagi — televizor.
Qechqurun Muhammad ham tomosha ko‘rgani chiqdi. Ergash mo‘ylov hozirgina kardiamin ukol olgan ekan, og‘rig‘iga chidayolmay, bilagini ishqalagancha bay-baylab o‘tirardi.
— Voy qiztaloq-ey, yondiraman deydi-ya! — dedi u Muhammadga.
— Ergash buva deyman, yuragingizning bo‘lgan-turgani shumi?
— E, o‘g‘lim-a, bizda yurak qoldimi? Ne azoblardan keyin! Tag‘in ham yuribmiz-da… Suratimiz odam. Man uch marta kontujin bo‘lganman. Shundan vag‘illab gapiraman, bo‘lmasa gapimni o‘zim eshitmayman. Uh, endi sal tarqadi-ya.
Ekranda bombalar portlab, o‘qlar uchayotgan, daraxtlar gurillab yonayotgan va odamlar birin-ketin o‘layotgan to‘s-to‘polon manzaralar o‘ta boshladi. Muhammad bir mahal yoniga qarasa, Ergash mo‘ylov «holati razm» bo‘lib o‘tiribdi. U televizordan ko‘z uzmas, qalin soqol qoplagan yuzi pirpirar, tizzasi ustidagi papiros tutgan o‘ng qo‘li bilinar-bilinmas titrar edi.
Taraq etgan ovozdan hamma cho‘chib, orqasiga o‘girildi.
— Ey qurib ketsin-ey, qurib ketsin! — dedi birdaniga Ergash mo‘ylov g‘ayritabiiy titroq tovush bilan va o‘rnidan turib ketdi.
Muhammad tong qorong‘isida allaqanday sharpadan cho‘chib uyg‘ondi. Xona g‘ira-shira, yonginasida uch-to‘rt kishi uymalashar, ivir-shivir tovush quloqqa chalinar edi. To‘satdan birov piqillab yig‘lab yubordi:
— Uyim kuydi-i, endi qandoq qilaman-an!
U sapchib o‘rnidan turdi va ustiga choyshab yopilgan zambil ko‘tarib eshikdan chiqayotgan odamlarni ko‘rdi. Boshyalang, pakana bir xotin zambil ortidan uvvos solib borardi.
Muhammadning yuragi bo‘g‘ziga tiqildi, oyoq-ko‘li muzlab, bo‘shashib ketdi…
Ergash mo‘ylovni peshinga chiqaradigan bo‘lishdi. O‘sar buva, Do‘stmat polvon, Fayziqul «Tez yordam» mashinasida janozaga jo‘nashdi.
Muhammad kiyimlarini uyiga berib yuborgan edi, tushgacha oldiga hech kim kelmadi, noiloj, falaj chol bilan birga palatada qolishga majbur bo‘ldi. Islomboy buva yaqinda uyqudan turgan, bexabar edi, odatdagidek ko‘zlarini javdiratib o‘tirardi.
Chollar janozadan dilgir, xomush qaytdilar. O‘lik chiqqan palatada mozoriston sukunati hukm surdi. Ahyon-ahyon O‘sar buva yonboshiga ag‘darilib: «E, ollo», deb qo‘yadi, xolos.
Muhammad hanuz ishonmas, kuni kecha, oqshom chog‘i yuzma-yuz gurunglashib o‘tirgan, kechasi yonma-yon yotgan odamni tong otgach, abadiyan qayta ko‘rmaydigan bo‘lganiga sira-sira aqli bovar qilmas edi. U mo‘jaz hayotida ilk bor o‘lim sharpasini tuydi, xasta vujudini ajalning sovuq, bemahal izg‘irinlari ilk bor junjiktirdi.
Va u juda ko‘p narsalarni o‘yladi.
Ertasi kuni vrach kirganida, Muhammad xayol surib yotardi.
— Xo‘sh, siz qalaysiz? — deb so‘radi vrach karavot chetiga omonatgina o‘tirib. — Yo‘tal kamaydimi? Qani, ag‘darilib yoting-chi.. . — U yigitni fonendoskop bilan tekshirib ko‘rdi-da, bosh silkidi, o‘rnidan turarkan: — Ha, aytgandek, — dedi, — siz boshqa joy degan edingiz, ana, yettinchi palatada bitta o‘rin bo‘shadi, xohlasangiz, ko‘chib o‘ta qoling. Hammasi o‘zingiz tengi yoshlar.
Chollar Muhammadga yalt etib qarashdi. U bir zum o‘ylanib koldi, so‘ng bosh chayqadi:
— Yo‘q, mayli, Isroil aka. Menga mana shu yer tuzuk.
— O‘zingiz bilasiz, — dedi vrach.

1977