Hamkasbim Shodiqul muallimning shifoxonadan kelganini eshitib, ahvol so‘ragani bordim. Dasturxon atrofida mezbon menga choy uzatarkan dedi:
– Bilasizmi, oshna, shifoxonada bir onaxon bilan tanishib qoldim, o‘ziyam rosa g‘alati fe’li bor ekan. Bunaqa ayolni hali uchratmagan edim. Keling, shuni bir boshidan aytib berayin.
Bir kuni shifoxona bog‘idagi o‘rindiqda gazeta o‘qib o‘tirardim. Yonimga dashtlik ekanligi ko‘rinib turgan momo keldi va dabdurstdan qo‘limga telefonini tutqazib dedi:
– Bolam, manovini yoqib ber, uydagilarni bir tergab qo‘ymasam, haddilaridan oshib ketishadi.
Men telefondan kerakli raqamni topib uzatdim. Momo birdan jiddiy tortib gapirdi:
– Buvirajab, senmisan, men ketib erkin chumchuq bo‘lib qoldilaring-ma, bovang qayerda? Yana O‘sar oshnasinikiga qarta o‘ynagani ketdi-ma, “azroyil” yo‘qligida yayrab qolay degan-da. Sizni sog‘indi, deding-ma? Unday beparda gapni aytma, o‘zi mendan qutulolmay yuribdi. Aytib qo‘y, ko‘zim xiralashsayam, hali o‘lganim yo‘q!
Meni eshityapsan-ma, eringga ayt, tilponimga pul tashlab qo‘ysin. Pensiyadan deysan-ma, yo‘q, cho‘ntagidan! O‘g‘il bo‘p menga nima xizmat qildi, erjoning? Hoy, eshit, ammo, – lekin Qo‘chqor nevaramni urishma, somonxonaga o‘t qo‘ysa qo‘yibdi-da, hali bola, uylansa bosilib qoladi, men badar ketib shuginaga qiyin bo‘ldi-yov…
Bexosdan momoning telefoni signal berib o‘chdi va yana qancha aytadigan gaplari chala qoldi. Momo menga bir qur nazar soldi-da, indamasdan xonasiga kirib ketdi.
Kechki payt momo yana yonimga kelib o‘tirdi. Momomizning yuz-ko‘zidan, harakatlaridan zerikayotgani ko‘rinib turardi. Men sekingina so‘z qotdim.
– Qayerliksiz, xola?
– Chiyal degan joyni eshitganmisan, o‘sha tarafidagi Yobondan. Yoshim yetmish oltida, ko‘zim xiralashib ignaga ip o‘tkazolmay qoldim. Kelganimga ikki kun bo‘ldi, do‘xtur qizlar dori bilan davolayapti, harna, yaxshi. O‘zing qayerliksan, bolam?
– Jonbo‘zsoydan, maktabda o‘qituvchiman.
– Yaxshi, ammo kitob-qog‘ozga ko‘p qarabsan-da, ko‘zoynak taqib olibsan. Mening to‘qson to‘rtga kirgan enam bor, o‘rmak to‘qiydi, kuvi pishadi, urchuq yigiradi, bir chaqirimdan erkak-ayolni ajratadi. Bu yerga ham “o‘zingning joning, o‘zingga kerak”, deb jo‘natdi. To‘g‘risini aytsam, zerikdim, ayni bug‘doy o‘rilayotgan paytda men bu joyda yalpayib o‘tirsam uyat bo‘lar-ov…
– Nima, o‘g‘illaringiz fermermi?
– Bo‘masam-chi, besh yil bo‘ldi, xo‘jalik mening otimda, pechati sandig‘imda. G‘alla, zig‘ir, qovun-tarvuz ekkanmiz.
– Siz taraflarda suv yo‘q-ku?
– Hamma shunday deydi, ishlagan yo‘lini topadi. Ikkita “artezan” qudug‘imiz bor. Suvi shirin. O‘zimizdan ortib qishloqdoshlarning tomorqasiga ham yetadi.
– Ishingiz zo‘r ekan.
– Birnavi, ishqilib kunimiz o‘tib turibdi.
– Bolalardan nechta, xola?
– Yetti o‘g‘il, besh qizim bor. O‘sha yillar yosh edik, hozirgilardek tegmanozik edemasdik, keyin bova qurg‘ur ham “seni geroy qilaman” deb tek yotmasdi-da…
Momo o‘zining gapidan ozgina qizarib kuldi.
– Barisi uyli-joyli bo‘p ketishgan, qishloqning yarmi desayam bo‘ladi.
Shu payt yonimizdan shifoxona do‘xtiri o‘tib qoldi. Momo darrov uni to‘xtatdi.
– Hoy, do‘xtir o‘g‘lim, menga qachon javob berasan, ko‘zim yaxshi bo‘ldi-ku?
– Endigina ikki kun bo‘ldi, onajon, yana ikki kun sabr qiling, – dedi do‘xtir kulib.
– Yo‘q, unday dema, ertaga o‘g‘illarim keladi, dorilarni yozib bersang, kelinlar tomizib turardi.
– Nima, biror kamchilik bormi, onajon?
– Yo‘q, hammasi joyida, faqat mening qishloqda zarur ishlarim bor.
Oxiri bo‘lmadi, do‘xtir qaysar momoga ertaga javob berishni va’dalab qutildi.
Momo mamnun qiyofada yonimga kelib o‘tirdi.
– Balo ekansiz, oxiri ko‘ndirdingiz, – dedim kampirni maqtab.
– Bilsang, bir yili to‘ng‘ich o‘g‘lim qo‘yarda-qo‘ymay o‘n kunlik dam olish uyiga olib boruvdi. Menga to‘g‘ri kelmadi, bir kunni zo‘rg‘a o‘tkazib qochib ketuvdim.
– Nega, mazza qilib dam olsangiz bo‘lardi?
– Menga to‘g‘ri kelmadi, to‘rt mucham sog‘ bo‘lsa, qanday qilib yotaman?
– Nima, shunchalik yumushingiz ko‘pmi?
– Ha-da, axir elchilik. Qo‘shnimiz Xoliq cho‘ponning tobi yo‘q edi, yana ikkita kelinimning oy-kuni yaqin. To‘y-ma’rakalar bor.
– Siz bo‘lmasangiz to‘ylar o‘tmaydimi?
Momo menga ajabsinib qaradi.
– Mensiz qanday o‘tkazishadi, qani o‘tkazib ko‘rishsin-chi!? Mensiz tovuqlariga tuxum ham bostirisholmaydi.
– Yo‘g‘-a?!
– Ishonmaysanmi? – dedi momo menga yovqarash qilib.
– Ishondim, sizga ishonmay bo‘ladimi?
Ikkalamiz ham biroz jim qoldik. Oxiri sukunatni buzib so‘radim.
– Xola, hech armoningiz ham bormi?
– Ey, bolam-a, bu dunyoda armonsiz odam bor ekanmi? Kenja o‘g‘lim afg‘onda halok bo‘lgan. Temir tobutda olib kelishdi. O‘shanda bir kechada sochim oqarib ketgandi. Ha, urushning uyginasi kuysin, bolam-a…
Kechqurun esa shifoxonada g‘alati xabar tarqadi. Momo bilan bir xonada turadigan ayol yostig‘i tagidan to‘rt yuz dollar topib olibdi. Ayol qizalog‘ining operatsiyasi uchun pulga zoriqib turgan ekan.
Hamma buni momo qilgan deb o‘yladi. Ayol minnadorlik bildirib so‘z qotgan ekan, momo: “Mening begonaga beradigan pulim yo‘q,” deb urishib beribdi.
Ertasiga momo yana yonimga kelib o‘tirdi. Uning yuzida mamnunlik aks etib turardi. Men ohista so‘radim.
– Baribir boyagi ishni qilgansiz, sizdan boshqa birov…
– Bas qil, buni sen bil, men bilay, qizalog‘ini ko‘rib nevaralarim esimga tushib ketdi-da…
Shu payt darvoza yoniga mashina kelib to‘xtadi va undan uchta yigit tushib, biz tomonga yurishdi. Momo ularni ko‘rib, quvonib ketdi:
– Ana, ullarim kelishdi!
Yigitlar onalari bilan ko‘rishib, mashina yukxonasidan tarvuz-qovun, meva-chevalar, patir va bir tog‘ora Chiyal yaxnasini ko‘tarib kelishdi. Momo olib kelingan ne’matlarni barchaga taqsimlab, ulashib chiqdi.
Peshin payti momo jo‘nab ketdi. Nazarimda, hayhotdek shifoxona huvillab qolgandek edi.
«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 10-son