Tushda yetkandek erurman sarvi hurizodima,
Ko‘r, yomon tole’ki, ul ham yaxshi kelmas yodima.
Sog‘inurmankim, topilmas bir ko‘ngul olamda shod,
Shodlig‘ hargiz chu yetmas xotiri noshodima.
Qoshlari yoydek, ko‘zlari qop-qora bir qiz maroq bilan o‘qidi. Zalda gulduros qarsak yangradi. Qiz biroz hayajonlangan ko‘yi o‘ng qo‘lini ko‘ksiga olib bordi, qimtinib, shivirlab “rahmat” deb qo‘ydi. Yana boshqa biri o‘rnidan turdi:
Yaqodek qurb agar topmon sening siymin saqoqingg‘a,
Etakdek ham yomon ermas tusha olsam ayoqingg‘a.
Ko‘ngil — bir daryo. Hozir manim ko‘nglim toshqin daryo misol oqardi. Ohang, so‘z vujudim bo‘ylab taralar, a’zoyi badanim farog‘atda, boshimni qimirlatgancha, ko‘zimni xiyol yumib olgandim. Shunday davrada bo‘lganim ham taqdirdan bir inoyat edi. Hazrat Alisher Navoiyning tug‘ilgan kuniga bag‘ishlangan bu mushoira menga betakror bir baxt va’da qilayotganday, ellikdan ortiq qizning qay biri men bilan butun umr navoiyxonlik qilar ekan, degan shirin o‘y boshimda g‘ujg‘on o‘ynardi.
Bazm ichinda andoq ul mahvash xayoli ichraman,
Kim xayol andoq qilurmenkim, visoli ichraman.
Bir-biridan ko‘rkam, xushqad, xushqomat qiz-yigitlar galma-galdan g‘azal o‘qishardi. Bu shunday nafis davra ediki, ruhingiz farog‘at vodiysida sayr etardi.
* * *
— Esdalik bo‘la qolsin, — dedim.
— Yozib bering-da! – dedi ayyorona kulimsirab.
— To‘g‘ri, yozib berish kerak.
Boplab yozdim: “G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish. Siz esa hamisha xushvaqt va xushbaxt bo‘lib yuring, hurmat bilan…” Ismimni ilova qilib qo‘ya qoldim. U sharaqlab kulib berdi. Ana xolos. Tamom bo‘ldim. Qarg‘a kaklikka havasmand bo‘lib ne ko‘yga tushgandi. Men ham shunday aftodahol bir holatda qoldim.
— O‘zingiz yozib ber dedingiz. Shunga… — ming‘irlangan bo‘ldim.
— Mening gapim bilan hamma daho bo‘lganda… — oshkora kesatiq ohangda kuldi.
— Kitobim hali chiqmagan bo‘lsa ayb mendami?
U biroz hovuridan tushdi. Jilmaygan bo‘ldi. Biroq mening tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushgandi. Xayr-ma’zurni ham nasiya qildim. Qandaydir ichki bir kuch ortimdan termulib qolganini sezdirar, lekin men ortga burilmasdan to‘g‘ri kelgan avtobusga o‘zimni urdim.
* * *
Shunday katta gulzor, go‘zalzor shaharda nahot bitta qiz topilmasa-ya?..
— Sen tengilarning bolasi maktabga chiqdi, — onam odatdagi tortishuvga zamin tayyorladi. — Odam degan bundoq abjir bo‘lmaydimi? Burningni ostidagi qizni olib ketsa, qarab turaverding. Bolam pishiqqina bo‘lsin, deb nimalar qilmadim-a.
— E, bo‘ldi-da endi! Uylansa uylanadi, uylanmasa, ana, katta ko‘cha, — dedi otam o‘qib turgan gazetasidan ko‘z uzmay.
— Shunaqa deysizu odamlar nima deydi?..
— Nima desa deyaversin. O‘zi biladi. Hamma odamlarning uyiga kirib bittalab tushuntirsin: qiz topolmayapman. Menga Navoiyni o‘qigan, kamida yigirmata g‘azal, ellikta ruboiy biladigan qiz kerak, desin. Zora topilib qolsa.
— Menga oyoq-qo‘li chaqqongina kelin kerak…
— Menga Navoiyni o‘qigan qiz kerak, — dedim cho‘rt kesib.
Bo‘ldi. Yana har doimgidek hamishagi gaplar: o‘qigan boshqayu uqqan boshqa, seplisini topish oson, eplisi qiyin, olim bo‘lish hech gapmas, odam bo‘lish mushkul, qizning aqllisi eriyu qaynota-qaynonasining hurmatini qilishi kerak va hokazo shunga o‘xshagan diydiyolar.
Otam ham, onam ham ziyoli. Hayotning pasti balandini ko‘rib, umr qozonida rosa qaynagan. Bir oila boshidan o‘tkazishi lozim bo‘lgan zahmatiyu farog‘atini obdon totib ko‘rgan. Orzu qilgan — yetgan. Armoni — yolg‘iz farzandman. Shukronasi bor — sog‘-omonman. Gohi dili og‘rib turadi — Navoiyni o‘qigan qiz topila qolmaydi. Gohida otam meni yoniga chaqirib, qo‘limga qanaqadir qog‘oz tutqazadi:
— Domla ekan… Navoiyshunos…
Demak, boraman. Albatta, uyiga-da! Agar qizi bo‘lsa, Navoiyni o‘qigan bo‘lsa… Keyin… uchrashuv…
Gohida o‘ylab qolaman: qizlar Navoiyni o‘qimay qo‘ydimi? Shunday katta shaharda bitta qiz yigirmata g‘azal bilmasa-ya, uyat emasmi?
Talabalik yillarim Lobar degan bir kursdoshim bo‘lardi. G‘alatiroq qiz edi: ochiq kiyinar, sochini kunora turfa rangga bo‘yar, yuzigayam allambalolarni chaplab yurardi. Qorachadan kelgan, mayizdekkina edi. Yuzini qancha bo‘yamasin, tomog‘i egasiga “sadoqat bilan xizmat” qilar: sira rangini o‘zgartirmasdi. Shu kursdoshim to‘rt yil davomida bitta kitobni ko‘tarib yurdi: “Evgeniy Onegin”. Kitob goh sumkada, goh qo‘lda, gohi xonada qolib uvadasi chiqdi. O‘qimagani aniq. U yo o‘zini Pushkinni o‘qigan qilib ko‘rsatar yoki aqlliroq bo‘lgisi kelarmidi, yo biz tushunmaydigan bir balosi bormidi, buni bitta o‘zi bilardi. O‘qishlar tugab barcha o‘z yo‘li, taqdir ko‘chalariga tarqaldi ketdi. Kitobni nima qildi, bechora Onegin nima bo‘ldi — o‘zi biladi.
Qaysi kuni ko‘chada uchrashib qoldik. O‘sha qaddu qomat. Jodugar ko‘zlar, kibrga moyil nigohlaru sertamanno yuzlar. Hamon o‘sha sarg‘ish sumka, bog‘ichi biroz titilibdi.
— Azizim, jumlai jahonda bormisiz? — dedim tavoze bilan. Avvaliga tanimadimi yo o‘zini bilmaslikka oldimi, biroz tikilib turgach:
— Qodirov, o‘zingizmi? — dedi sharaqlab.
— O‘zimiz, azizim, o‘zimiz. O‘zgaribmizmi?
— Yo‘-o‘q, hali hamon o‘sha-o‘shasiz…
— Shunaqa deng. Men bo‘lsam o‘zgarib ketibman, deb qiynalib yuribman-a?
— Siz o‘zgarmaysiz! Qachonki qizil qor yog‘ib, ko‘k qaldirg‘och uchsa, o‘shandayam o‘zgarmaysiz! — dedi bor nafratini so‘ziga jamlab.
— O‘zgarib nima qildik, azizim…
Men bilan gaplashishga toqati yetmadimi, sovuqqina xayrlashib jo‘nab qoldi. O‘sha talabalik yillari bo‘lib o‘tgan voqeani hali-hanuz unutmaganiga amin bo‘ldim. O‘shanda kitob haqida gapira turib:
— Kitob osh-non berarmidi? Odam sal epchil-chaqqon bo‘lsa bo‘ldi-da, — deb qo‘ydi.
O‘rnimdan otilib turdim-da:
— Kitob o‘qimay yashash mumkin emas. Mumkin emas! Ayniqsa, hazrat Navoiydan bir misra yodlamagan qizning turmushga chiqishga-da haqqi yo‘q.
Ana endi kulgini ko‘ring-a. Men yana hujumga o‘tdim:
— To‘rt qator she’r bilmagan, alla ham aytolmaydi. Shundoq ekan, xulosa o‘zingizdan bo‘la qolsin, azizlarim. Shuni ishonch bilan aytamanki, men erta uylansam, agar hazratning kamida yigirmata g‘azalini, ellikdan ortiq ruboiylari, yana “Farhod va Shirin”ni o‘qigan qizga uylanaman!
— Bunaqasini topolmasang-chi? — deb kimdir luqma tashladi.
— Unda uylanmaganim bo‘lsin! — dedim tantanavor ovozda.
Lobar o‘shandan keyin meni ko‘rsa, bexosdan ilonni bosib olgan odamday rangi oqarib ketar, o‘zini to‘g‘ri kelgan tomonga urar, to o‘qish tugaguncha biz bir og‘iz ham gaplashmadik… Men o‘zimcha uning soch ostida qovoq ko‘tarib yurganini aytib qo‘ygandim. Har holda hamma shunday deb o‘ylardi-da…
Qishning izg‘irinli kunlari. Tashqari chiqsang — muzlab qolasan. Sovuq naq tomiringga kelib qadaladi. Kutubxonamdagi barcha kitoblarni o‘qib bo‘lganman. Hazratning barcha kitobi bor. Yotib-yotib miyamga bir fikr keldi: ajoyib-g‘aroyib fikr.
Kitob do‘koniga kelganimda odam siyrak edi. Tomosha qilib yuribman. “Layli va Majnun”ga ko‘zim tushdi. Mendagi kitobni bir o‘rtog‘im olib ikki sahifasini yirtib, bir amallab uyiga qatnayverib qaytarib olgandim. Tilla topgan tentakday quvonib ketdim: olaman. Oldim. Shu chog‘ bir qiz kelib:
— Shu kitobni olmoqchiydim, juda havasim ketuvdi. Atigi bitta ekan… — deb qo‘limdagi kitobga ishora qildi. — Juda kerak edi-ya…
Qarasam — ko‘zmunchoqday qiz. Ingichka lablar. Tili zahargina bo‘lsa kerak. Hechqisi yo‘q. Hazratni o‘qiydi-ku. Qoshining orasi olis, demak, baxtli bo‘ladi. Hazratni o‘qigan odam baxtsiz bo‘lishi mumkin emas. Ko‘zlariyu sochi qop-qora. Egnida qip-qizil palto. Hayotni sevarkan. Hazratni o‘qigandan keyin… sevmaslik mumkin emas. Oq jimpirginasiyu oppoqqina sharfginasi o‘ziga g‘oyat yarashgan. O‘zi ozodagina, yuzlari tiniqqina. Kimki hazratni o‘qisa rangi, qalbi poklanadi. Xullas, qizga diqqat bilan razm soldim: — Uylansa bo‘ladigan qiz ekan.
— Esdalik bo‘la qolsin, — dedim.
…Avtobusda ketar ekanman, bir taskin meni ovutardi: Hazratni o‘qigandan keyin gapga ham chechan bo‘ladi-da. Rosti uning barcha kamchiligini shu taskingina bosib ketardi: Navoiyni o‘qigan qiz…
Bog‘ladim afg‘onga bel naydek, seni ko‘rgan zamon,
Za’fdin qilding meni oxir beli bog‘liq samon.
Katta orzuning yuki ham og‘ir keladi. Nachora, hazratni o‘qigan qiz istab edim, endi buyog‘iga ham chidaymiz-da.
Navoiyxonlik esa davom etardi. Bir payt, qarab tursam… ko‘zlarimga ishonmasdim: kitob sovg‘a qilganim. Ha, o‘sha qiz. O‘rnimdan turib ketayozdim: baxt, muhabbat shunchalar shirinmisan?.. Demak, hazratning o‘zlari menga madadkor bo‘lmoqdalar. Bugun baxtimni topganday bo‘lib turibman.
Jong‘a ko‘ksum chokidin jononni mehmon ayladim,
Gavhare toptim, ani ko‘nglumda pinhon ayladim.
Bu shirin-shirali ovoz kim ekan? Ko‘zimni ochishni istamasdim. Ich-ichimdan shu ovoz egasi o‘sha kitob olgan qiz bo‘lishini juda-juda istardim. Ha, bu uning ovozi. Biroz tanti, biroz erkalangan, biroz nazokatga yo‘g‘rilgan ovoz faqat uniki bo‘ladi. Shu xayol bilan ko‘zimni ohista ochdim. Qotdim qoldim: Lobar! Lobar g‘azal o‘qiyotgandi…
Sarv uza gul butmasa, qad uzra ruxsori nedur?
Jon agar shirin emas, la’li shakarbori nedur?
Nomai hajrim kabutar parlarin gar o‘rtamas,
Ul qaro xatlar qanoti uzra har sori nedur?
Siz mo‘jiza deb yurganingiz bir lahzada barbod bo‘lsa, e’tibor bermaganingiz mo‘jizaga aylansa, kutilmaganda kutilmagan go‘zal ishlar bo‘lib ketsa, bir lahzada ming bir holatga tushsangiz — nima bo‘ladi? Men xuddi shunday ahvolda edim. To‘rt yil ustidan kulganim, buyam kamdek, uchrashib qolganimizda yana kulganim, bularning bari xayolimdan o‘tib, yoqamdan bo‘g‘di-oldi. Mushoirada g‘alati bir sukunat hukmron: barcha jim. Ko‘zlar bir nuqtaga tikilgan, qo‘llar juftlangan edi. Faqat men kitob sovg‘a qilgan qizgina telefonini kavlab o‘tirardi. Keng-mo‘l zal bo‘ylab Lobarning ovozi taralardi.
Lobar to‘xtamasdi. O‘z ovozi, nazokati bilan barchani ko‘z o‘ngimda sehrlab qo‘ygandi.
Nechta g‘azal o‘qiganini, rosti, sanolmay qoldim. U shunchalik berilib o‘qirdiki, ko‘zi yumilgan, ikki qo‘li bir-biriga dalda berganday jipslashtirilgan, butun vujudi, nozik qaddi g‘azal ohangiga hamohang tebranib turardi:
Ohimni sarsar aylabon, ashkimni to‘fon aylading,
Bu sarsari to‘fon bila olamni vayron aylading.
Bo‘ldi. Bundan buyog‘iga sabrim ham, irodam ham yetmas edi. Zal ummondek chayqalar, tomoshabinlar to‘lqinlardek mavjlanib tebranardi. Hazratning g‘azali Lobarning ovozi bilan qalbimizga oqib kirar, tanimizda mudrab yotgan tuyg‘ularni uyg‘otar, erkalatar, yur, tog‘larga ketamiz, bog‘larni sayr etamiz, dunyo keng, dunyo adadsiz, shu ko‘k gumbaz ostida baxtli bo‘lmay bo‘ladimi, deya da’vat etayotgandek, chorlayotgandek edi go‘yo. Bir vaqtlar onangiz aytgan alla singari, otangiz yelkasida mindirib erkalagan monand, hayotingizga rang bergan ilk muhabbat ko‘klamlari, naysonlari yanglig‘, visol quvonchiyu ayriliq iztiroblarini shundoqqina qalbingizga qadayotganday bo‘ladi. Sizning esa ko‘zingiz yumuq. Qalbingiz daryo — oqib, toshib, toshqinlanib borayotganday.
Tog‘ning ham cho‘qqisi bo‘lganday, dengizning-da tubi bor. Hayajonning ham poyoni bor, axir…
Bugun navoiyxonlik kechasi edi — odamni, olamni, ko‘ngilni tanish kechasi bo‘ldi. Muhabbat kechasi edi — hayajon kechasiga aylandi. Zalda yuzdan ortiq odam bo‘lsa, barchasini Lobar sehrlab qo‘ygan edi. Hayratu hayajonlarning cheki yo‘q. Tunlar uxlamay g‘azal yodlagan qancha qiz-yigitlar onasidan arazlagan boladay xafahol o‘tirishardi. Xayolimda Lobar g‘azal yodlamagan — qalbining tub-tubidan bir toshqin qaynab kelar, to‘polon qilar, toshar, u esa bu toshqinlarni mayin va dilbar ovozda bizga yetkazayotganday edi…
Ne rafiqekim, davosiz dardi holimni desam,
Ne shafiqekim, nihoyatsiz malolimni desam.
Zalning devorlari zirillab ketdi. Qarsaklar tinay demasdi. Barcha Lobarni o‘rab olgandi. Bir amallab tashqariga otildim: meni ko‘rmasin! Yo‘lakda kitob sovg‘a qilgan qizga ko‘zim tushdi. Bittayam g‘azal o‘qimadi. Kitobni olishim kerak. Boshimga kelgan o‘y shu bo‘ldi:
— Kitobni o‘qidingizmi?
— Kitob? Qanaqa kitob? — u meni endi ko‘rib turganday begonasirab tikildi.
— Uch kun oldin beruvdim-ku? “Layli va Majnun”…
— Men har kuni kitob olaman. Sizni tanimadim…
U shundoqqina yonimdan yelkasi yelkamga tegib o‘tdi-ketdi. Undan kuygan yog‘ bilan o‘tkir atirning hidi kelardi…
Men sahroda adashib qolgan sayyohday holsiz, shuursiz turib qoldim. Navoiyni o‘qigan qizga uylanaman, kitob sovg‘a qilaman, deb shu kechadan umidim katta edi. Judayam katta edi…
— Qodirov! – dedi ortimdan kimdir…
Men esa ortga boqmay, jahl va jahd bilan ketib borardim. Qayoqqa ketyapman, nega-nimaga ketyapman — o‘zim ham bilmasdim… Ammo Navoiy boboga yanada yaqinlashib qolganimni his etib borardim.
Ey Navoiy, dema qoshu ko‘zining vasfini et,
Qoshi yosinmu deyin, ko‘zi qarosinmu deyin.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 6-son