Safar Kokilov. Taka bo‘lsin sut bersin (hajviya)

Ertalab. Xo‘jalik bekasi damlab kelgan achchiq ko‘k choydan xo‘rillatib ichib o‘tirgan pakana girdigum tez yordam bo‘lim boshlig‘i “besh minutlik” yig‘ilishga to‘plangan xodimlarga bir-bir nazar tashlarkan, yuziga jiddiy tus berib, ovozini yo‘g‘onlatib dedi:
– Aholidan shikoyat tushayapti. Bir martalik shprits va ishlatilgan dorilar uchun pul olayotganmishsizlar. Aytib qo‘yay, ta’magirlik qilmayman, dori sotmayman deb yozgan tilxatlaring bosh vrach qo‘lida. Qo‘lga tushgan, ishday haydaladi. Tak chto…
– O‘rtoq Boybobo Eshonqulovich, o‘zingiz bilasiz, tez yordam qutilaridagi dorilar sanoqli, hayotiy dorilar taqchil. Bir martalik shpritslar-ku umuman berilmaydi. Bizda eskidan qaynatib ishlatiladigan shisha shpritslar-u, uchi qaytib, to‘mtoqlashib qolgan ignalar bor, lekin aholi ulardan foydalanib ukol qilishimizga ko‘nishmayapti. Nima qilish kerak? – dedi devor bo‘ylab tizilib turgan xodimlardan keksarog‘i.
– Man bilmiyman. Bu saning problemang. Bemorga yordam qil, vaziyatdan chiq. Lekin ishlatgan shprits va dori uchun pul olmaysanlar, tamom vassalom, – dedi bo‘lim boshlig‘i birdan ovozini bir gaz ko‘tarib.
– Axir vaziyatdan chiqish uchun bir martalik shprits va dorilarni xususiy aprekalardan o‘z pulimizga sotib olyapmiz-da. Ishlatgach, pulimizni olamiz-da – deb chuvillashdi xodimlar ham bo‘sh kelmay.
– Yo‘q! Yo‘q! – Bo‘lim boshlig‘i ko‘zlari qinidan chiqqudek bo‘lib, boshini siltab baqirdi: – Mumkin emas! Bemordan pul olish man etiladi!
– Ie. Yonimizdan pul sarflab olgan narsalarimizni tekinga ishlataylikmi? Nima biz millionermidik?! Bu yoqda ikki oylik maoshni berishmayapti?!
Xodimlar shunday deb bir-biriga qarab labini burib, yelka qisishdi.
– Hoy, aptekadan dori, shprits sotib ol deb kim aytdi sanlarga? O‘zingdan hech narsa ishlatma! Qutingda borini qil! – bo‘lim boshlig‘i stolni mushtladi.
– Axir bemor oldiga borganda uyalib qolyapmiz-da. “Qutingda kerakli doring bo‘lmasa, bir martalaik shpritsing bo‘lmasa, nega kelding”, deb haqorat qilishyapti. Nima qilaylik axir?! – deb yana chuvillashdi xodimlar boshi berk ko‘chaga kirib qolganday olazarak bo‘lib.
– Bilmayman, bilmayman – suzadigan ho‘kizdek bosh chayqadi bo‘lim boshlig‘i. – Bir ilojini qillaring. Yordam ber. Lekin pul so‘rama. So‘rama!
– Nega?! Nega axir?!
– Uf-f. He, negalamay o‘l-e baring. Shuni ham bilmaysanlarmi? Tez tibbiy yordamda dorilaru, shpritslar bepul-ku, dunyobexabarlar, – baqirdi boshliq.
– Unda tuman shifoxonasi aptekasi bir martalik shprits va hayotiy zarur dorilar bilan uzluksiz ta’minlasin-da, – dedi xodimlar ham bo‘sh kelmay.
– Boricha beryapti-ku. Yo‘g‘i yo‘q-da, – dedi bo‘lim boshlig‘i terdan yaltiragan kal boshini sochiq bilan artarkan, qo‘shib qo‘ydi: – U yog‘i mening ishim emas…
– Bu yoqda siz dori, shprits ishlatma, pul olma deysiz, u yoqda bemorlar “dori, shpritsing bo‘lmasa nega kelding?” deb tursa… Xo‘sh, biz nima qilaylik?! – arosatda qolgan xodimlar uning og‘ziga tikilishdi.
– Uf-f. Aytdim-ku, qanday qilsang ham bemorga yordam qil, shikoyat tushirma, deb. Bemordan pul so‘rama, tamom-vassalom. Mumkin emas!
Ikki lunji osilgan, govkalla bo‘lim boshlig‘ining qiyiq ko‘zlari birdan mug‘ombirona yaltirab, do‘rdoq lablari chapillatib, ikkala qo‘li bilan stolni do‘mbira qilib chalar ekan, o‘ziga o‘zi gapirayotgandek ming‘illadi:
– Ha endi, o‘zlari cho‘ntagingga tiqsa, ol…
Ola-g‘ovurda uning keyingi gapini birov eshitdi, birov eshitmadi. Naqd ikki soat-u o‘ttiz besh minut davom etgan yig‘ilishdan hech narsaga tushunmay, boshlari g‘uvillab, sillasi suvga ketib chiqqan xodimlar asta-sekin ish-ishiga tarqalishdi.
Shu payt tez yordam telefoni jon holatda jiringlab, “Bemorning yuragi to‘xtab qoldi. Tezroq kelinglar…” deb shoshilinch chaqiriq tushdi.
– Endi nima qilamiz? – dedi bo‘zarib tez yordam qutisini ko‘targancha mashina tomon oshiqayotgan felüdsher yigit.
– Nimayam qilarding. Har doim qilib yurgan ishingni qilasan-da. Bor. Tez bo‘l, – dedi sarosimaga tushgan navbatchi vrach ham shosha-pisha qarshisidagi xususiy apteka tomon ishora qilib.
Felüdsher yigit yugurib ketdi.
– Felüdsher kelguncha men ham mashinaning tormozini tuzatib turaman, – dedi mashina tagida kuymanayotgan haydovchi.
– Obbo! Shu shaldiroq aravangizni ertaroq tuzatib qo‘ysangiz bo‘maydimi?! Bemor og‘ir deyapti-ku?! – dedi vrach jahl bilan u yoqdan bu yoqqa yurarkan.
– Hamma hayda, hayda deyishni biladi. Ehtiyot qism berishmasa, men nima qilay?! Benzin o‘g‘irlaymi? Hadeb o‘zimning pulimga ta’mirlayverib, maoshim uyga bormay qoldi-ku, – deb baqirib yubordi mashina tagida taqir-tuqir qilayotgan haydovchi ham.
– He, u yog‘i hech kimni qiziqtirmaydi. Haydovchimisiz, tez yordam mashinasini doim taxt qilib turing, tamom vassalom. Chidamasangiz ishni topshiring…
– Ho-o, boylanganni urari ekan-da, a duxtur?!
– Shunaqa, shunaqa. Bizga taka bo‘lsin sut bersin… Qani, tez-tez bo‘ling, – vrach haydovchini qistay boshladi. Shu payt felüdsher yigit ham tsellofan xaltada bir dunyo bir martalik shpritslar-u, dori-darmonlar ko‘tarib keldi.
– Nasiyaga yozdirib oldim… Ana endi boyevoy bo‘ldik, duxtur, – dedi tirjayib.
Nihoyat yarim soatdan so‘ng tez yordam mashinasi ko‘k chiroqlarini lipillatib, shoshilinch chaqiriq tushgan manzil tomon imillab yo‘lga tushdi.