Ra’no Roziqova. Hayotimda yana bir bayram (hikoya)

Bugun hayotimda yana bir bayram… Yillar davomida yuragimni o‘rtagan ezgu niyatimga yetdim: shahar Madaniyat saroyida mo‘yqalamimga mansub asarlar ko‘rgazmasi. Qalbimga yaqin aziz insonlar portretlari keng omma e’tiboriga havola etilyapti. Portretlar orasida faqat Uning portreti yo‘q…
Odam ko‘p… tanish-notanish, qarindosh-urug‘, do‘stu birodarlar, hasadgo‘y va raqiblar… Ha-ha, hasadgo‘y va raqiblar — ularsiz ham yashash mumkin emas-da! Ehtimol, ular bo‘lmasa, hayot jilla bo‘lsa-da, o‘z ko‘rki va ma’nosini yo‘qotadi; kim bilsin, o‘sha raqiblar hayotimizda uchramaganida, maqsad sari bunchalik ildam yurmasmidik?
Ha, odam ko‘p… g‘uj-g‘uj odamlar orasida faqat Ugina ko‘rinmaydi. Bunday bo‘lishi mumkin emas! Adolatsizlik… Axir bu tantana, bu asarlar faqat Unga atalgan, garchi bular orasida Uning portreti bo‘lmasa hamki! Yuragim ezildi… Hayotimning og‘ir kunlarida holatimni sezib, yuragimni eshitgandek, qoshimga “uchib” keladigan odati bor edi! Bugun nega sezmayapti, nega kelmayapti?
Kayfiyatim birdaniga buzildi. Uning yo‘qligi uchungina emas! Navbatdagi g‘alabani qo‘lga kiritgan kezlarim menga ilakishadigan tuyg‘u shu asnoda yangidan borlig‘imni qamradi: ShUGINAMI? Mana shu lahzalarni deb necha-necha tunlarni bedor o‘tkazib, tirishib -tirmashib, har kimlardan har balo gaplarni eshitib, qoqilib-qulamaslikka xarakat qilganim rostmi?
O‘sha menmidim? Shu damlarga yetgunga qadar qalbdagi o‘t go‘yo necha bor o‘chib, o‘zimcha sudralib, imillab, yuzmi, mingmi yil yashab kelgandekman. Nahot o‘ttiz besh yoshda hayot bitib, umr o‘tdi?
Huv olis yillar, yigirma ikki yoshimda kooperativ texnikumini sirtdan bo‘lsa ham eplab bitirganimda, diplom qo‘lga tekkanida, sevinchdan tanamga sig‘masdan, uyga ketayotib, har bir tanish-notanishga diplomimni ko‘z-ko‘zlab, ko‘rsatgim kelgani yodimda. Ammo o‘shanda ham qay vaqt, ne sabab, tuyqusdan quvonch o‘rnini loqaydlik egallab, ko‘zimga hayot bema’ni ko‘ringan. Mana diplom, niyatimga yetdim! Xo‘sh, nima qipti? U yog‘i-chi? Bugungi holat endi hech qayga shoshilmaslik ham, hech nimaga intilmaslik ham mumkinligini xuddi shu tobdagidek idrok etib, yuragimda bo‘m-bo‘shlik hukm surgan… Yashashga na qiziqish, na xohish bor. Bunday holat dahshatli, ruhan o‘lmoqqa tengdir! Yoshligimda, ilk yoshligimda ko‘p narsalarga qiziqsinib, izlanishlarda o‘z milliy tariximiz bilan chuqurroq tanishish istagida dinga daxldor kitoblarning ham bir nechasini varaqlab chiqqan edim. Bu bilan o‘ta ruhoniy bo‘lmadim va lekin, ruhoniylarning iroda va umidlari kuchini his etdim. Axir ulardagi bu adog‘siz umid – o‘z ruhlarining mustahkamligiga ishonch emasmi? O‘shanda ruhning abadiyligiga inondim. Ha, o‘ylab ko‘rsang, bizning tanamiz o‘lib, faqat jasadimiz yo‘q bo‘ladi, ruhimiz esa hech qachon. Ruhimiz – his-tuyg‘ularimiz, xayol va istaklarimiz, fikr va tilaklarimiz moddiy emas, demak, ularni jismonan o‘ldirish, yo‘q qilish ham mumkin emas. Ruhi so‘nganlar, beruh kishilar tirik murdalardir. Undaylarda na iymon, na vijdon, na shafqat bor. Undaylarni umr bo‘yi : “Men nima uchun yashayabman? Hayotimda ne ma’no? Ortimda, mendan so‘ng qanday iz qoladi?”- degan savollar qiynamaydi. Mavlono Beruniy bir mahal: “Alloh! Seni tushunib yetganim uchun avf et meni!” – deb xitob qilgan ekan. Ikki kundan so‘ng olamdan ko‘z yumgan. Ehtimol, o‘sha damda ulug‘ zot o‘z taqdiri, o‘z hayoti va umuman, umr mazmunini anglab yetib, shu so‘zlarni aytgandir…
Nima uchun yashayapman? Shu savol meni o‘n beshga kirgan paytimdan beri qiynab, oromimni olardi. O‘ttiz beshga kirgan kishi go‘yo bu savolga allaqachon javob topishi mumkin, javob topishi kerakdek… Ammo odamzot yer yuzida bor ekan, bu savol inson qalbini bezovta qilaveradi. Nazarimda, bunga javob topish -qoniqish. Qoniqish-qalb olovini so‘ndirish! Qalb esa yonib turmog‘i lozim, bu-hayotning har lahzasiga sevinib, uni qadrlab, mazmunli o‘tkazishga tirishmoq, demakdir. Hech qachon, hech qanday vaziyatda qalb olovini so‘ndirmaslik, ruhan o‘lmaslik kerak!
Bu holatga erishmoqlik mushkul, albatta. Ayniqsa, mening hayotimda… Taqdirning achchiq zarbalari goho ruhingni so‘ndirib, seni hamma narsaga mutelik bilan bo‘ysunushga majbur qiladi. Ammo… bu faqat vaqtincha, o‘tib ketishi kerak. Olislarda doim bir maqsad — bir yulduz tumanlar, dovonlar, yillar va yo‘llar ortidan bo‘lsa ham, ilg‘anmas bo‘lsa ham, milt-milt etib yonib, chorlab turishi kerak…

* * *

– …Homilador ekansan- da, qizim, – dedi vrach Oliya Fozilovna.
– Buni men intizorlik bilan kutdim, xabaringiz bor…
– Lekin bu ahvolda xirurgiya aralashmay ish bitmasa kerak.
– Mayli, men rozi…
– Operatsiyadan keyin qiynalasan, o‘zingni holing bu-yu, bola boqish osonmi?!
– Bola omon qolishiga kafil bo‘la olasizmi?
– Hm, kafil… hech kim kafil bo‘la olmaydi, ammo omon qolishi uchun operatsiya qilinadi-da.
– Men chidayman. Har qanday qiynoqqa chidayman. Axir o‘zingizga muolajaga qatnadim necha yil shuni deb…
– Nima qilasan o‘zingni qiynab?! Hayot insonga bir marta beriladi, yashayabsan, yashayver. Sevgan kishing bor, hunaring, ishlar ekansan. Ana, sog‘lom ayollarning nechtasi befarzand, bola asrab yurishibdi-yu… Xohlasang, bola asrashga ko‘maklashaman, xozir ham tug‘ruqxonada…
– Yo‘-o‘q! O‘zim… Chidayman.
– Men o‘z zimmamga javobgarlikni ololmayman. Olmayman! Keyin bir nima bo‘lsa, meni sudrashadi, axir men senga dori-darmon qilganman! Bosh vrach ruxsat bersa, ixtiyoring…

* * *

Oldinga bosdi. Vrachga navbat kutib o‘tirgan, uzun yo‘lakning ikki chetida saf tortib turgan ayollar hayrat bilan Guliga tikilishdi. Ularning nigohlaridan: “Bu qiz bu yerlarda nima qilib o‘ralashib yuripti?”- degan ma’noni yaqqol uqib olish mumkin edi. Guli bunday nigohlarga ko‘nikkan. Nafaqat qarash, ancha-muncha so‘zlarga ham e’tibor bermaslikka harakat qiladi, oson emas, ammo… chekinish! Chekinmasligi, ruhini so‘ndirmasligi kerak-da! Boshini mag‘rur tutib, qo‘ltiqtayoqlarini dukillatib, bosh vrach kabineti tomon yurdi. Xona to‘rida sochi erkaklarnikidek kalta qirqilgan, qisiq qora ko‘zlariga moviy bo‘yoq surtib olgan bir xonim qog‘oz titkilab o‘tiribdi.
– Xo‘sh, eshitaman? – dedi Guliga ko‘z qirini tashlab qo‘yib, qog‘ozdan bosh ko‘tarmay.
Guli bor gapni unga aytdi…
– Tug‘ruqxonaga yo‘llanma yozib beraman. Hozir esa huv eshikdan kirib, analiz topshir…
– Yo‘-o‘q! Men farzand ko‘rmoqchiman.
– Qo‘ysang-chi, odamlarga kulgi bo‘lma, o‘zing zo‘rg‘a turibsan!
– Operatsiya qilinsa, men ham, bola ham…
– Sen operatsiyaga yetmaysan! – Gulining so‘zini bo‘ldi ayol. – Bir-ikki xafta o‘tar-o‘tmas senda bola tashlash ro‘y beradi!
– Mayli, o‘shangacha…
– O‘jarlik qilma! Menga quloq sol! O‘yinchoq emas bu senga! Farzand kerak bo‘lsa, ro‘yxatga tirkab qo‘yamiz, navbating kelsin, bola asrashda ko‘maklashamiz.
– Yo‘q!
– O‘lib qolasan! – masxaraomuz kuldi ayol.
– Mayli, o‘lgunimga qadar yurib turaman.
Ayolning sabri tugadi shekilli, jahli chiqdi.
– Xo‘p, bilganingni qil, men sen uchun javob berishni istamayman! Yo‘llanma yozib beraman, bilganingni qil. Lekin hozir bari bir analiz topshir, keyin bir balo bo‘lsa, tekshir-tekshir bo‘lishi mumkin. Huv eshik…
Bu yer Guliga tanish. Lola Ayubovna ismli dilbar ayolga necha oylab muolajaga qatnagan.
– Xo‘sh, niyatingga yetdingmi? – Lola Ayubovna uni xushvaqt kutib oldi. – Mana, bir oz vaqt o‘tar-o‘tmas sen ham ona bo‘lasan, hayotingda maqsad bo‘ladi. Bolani voyaga yetqazish, odam qilish…
Guli xomush, bosh vrachning ogohlantirganini aytdi.
– Bekor gap, sen bularga quloq solma! Tug‘ruqxona bosh vrachiga uchra, u ham ko‘nmasa, viloyat, respublika…
– Operatsiyadan tirik chiqmaysan, dedi.
Lola Ayubovna eshikni zich yopib, Gulining yoniga o‘tirdi.
– Parvo qilma! Seni plan bo‘yicha operatsiya qilishadi, bunday operatsiyalar doim muvaffaqiyatli o‘tadi. Bir necha hafta qolganida, seni gospitalizatsiya qilib, ahvolingni kuzatib borishadi, kerak bo‘lsa davolashadi. Hozir yuraksizlik qilsang, keyin butun umr o‘zingni kechirmaysan, bilib qo‘y shuni,bolani qulog‘ingdan sug‘urib olib beramiz, desalar ham ko‘navermaysanmi, operatsiya emish! Tug‘ruqxonaga borib, to‘g‘ri ginekolog Yevgeniya Viktorovnaga yo‘liqishing kerak. U kishi mohir xirurg ham. Meni shu ayol operatsiya qilsin, deb turib ol!
Nogironlar maxsus mashinasini g‘ildiratib borar ekan, asablari taranglashganidanmi, kun issiq, dimligidanmi, tush payti bo‘lgani uchun yo‘l harakati nihoyatda avjida ekanligidanmi, ko‘z oldi qorong‘ulashib, negadir yo‘lni ko‘rmay qoldi. Ko‘zlariga qon quyilgandek, mashinani u emas, boshqa kimdir boshqarib borayotgandek, o‘zi bo‘lsa hayotni chetda turib kuzatayotgandek edi.
“Nima uchun? Qaysi gunohlarim uchun har narsadan, bor dunyo quvonchlaridan mahrum bo‘lib yashashim kerak? Uch yoshimdan, shu dardga chalinganimdan buyon chekkan azoblarim kammidi?
Busiz ham ko‘nglim yarimligi kammidi?!”. Tomog‘i xippa bo‘g‘ildi, lekin har galgidek ko‘zlariga yosh kelmadi. Qani edi ho‘ngir-ho‘ngir yig‘lab, ko‘nglini bo‘shatsa, ko‘z yoshlari bilan dardu alamlarini oqizib, yengil tortsa!..
Qayerga keldi o‘zi? Yetdimi? Ha, ana, temir darvoza ustiga “Tug‘ruqxona” deb yozilgan. Bir ish yurishmadimi, yurishadi, deb o‘ylamang. Bosh vrach Gulbara Isroilovna ham, Yevgeniya Viktorovna ham jo‘rttaga qilgandek yo‘q ekan. Mashinada o‘tiraverdi, qayga borishni, kimga murojaat qilishni bilmay, boshi qotgan edi. Nihoyat ,yoshgina bir hamshira qiz chiqdi.
– Men sizni jurnalga yozib qo‘yaveray, hozir tushlikdan navbatchi doktor Xolida Usmanovna kelsalar, aytaman. Kutib turing.
Daqiqalar, soatlar o‘tdi. Boshqalarning vaqtini tejashga hali o‘rganmaganmiz, o‘zimiznikini bilamiz faqat, o‘zimizniki hisob. O‘zimizning vaqtimiz aziz, boshqalar kutib o‘tiraveradi… Vaqt imillaydi, oftob mashinani, so‘ngra chakkangni qizita boshlaydi. Yana ko‘z olding qorong‘ilashib, olam zimiston qa’riga cho‘kayotgandek bo‘ladi…
Xayriyat, eshik ochildi, ikki ayol Gulini qo‘ltiqlab olib, ichkariga boshlashdi.
– Mana shu kresloga chiqasiz.
– Yordamingizsiz chiqa olmasam kerak…
Ayollar ko‘maklashib yuborishdi.
– Xo‘sh, boshladikmi? – dedi Xolida Usmonovna yeng shimarib.
“Bu qanday gap? Nega osmon uzilib, yerga tushmayapti? Nega olamni o‘t olib, suv bosmayapti? Axir tilab-tilab olgan birinchi farzandimdan kimlarningdir amri, xohishi bilan meni judo etishmoqchi-ku! Nega bu ayollarning bag‘ri bunchalar tosh, axir ular ayol, ona-ku! Loqaydlik bilan, osoishtalik bilan boshladikmi, deganini!”
– Qo‘rqayapman! – deb yubordi kutilmaganda u asta.
– Nega qo‘rqasan? Birinchi kelishingmidi, – beparvogina dedi Xolida Usmanovna.
– Ha, birinchi kelishim…
Guli bugun to‘rtinchi marta to‘rtinchi ayolga bor gapni aytib berdi, so‘ngra qo‘shib qo‘ydi:
– Hamshira qizga tushuntirgandim. Men bu yerga maslahatlashgani kelgandim…
Xolida Usmonovna biroz o‘yga toldi, nihoyat:
– Ertaga soat to‘qqizlarda kelsang, Gulbara Isroilovna shu yerda bo‘ladi. Kechiksang, topa olmasliging mumkin, chunki u kishi ta’mirlash tashvishlari bilan yuripti, – dedi.
Ertasi qancha oshiqmasin, yetib kelganida Gulbara Isroilovna ketib qolgan ekan. Ohakmi, bo‘yoqmi izlab ketipti. Yevgeniya Viktorovna bo‘lsa tushdan keyin kelarkan. Sho‘rpeshonalarning peshonasi nahotki sho‘rligicha qolaversa?!
Qancha vaqt o‘tganini bilmaydi, kutishlarda xunob bo‘lmaslik uchun soat olib yurmaydi. Axiyri quruvchilar davrasida Gulbara Isroilovna ko‘rindi. Guli uni tanimas edi, lekin Xolida Usmanovna Guliga ishora qilib, bir nimalar deb, istarasi issiq ayolni u tomon boshlaganida, bu o‘sha ekanligini angladi.
– Menda ishingiz bormidi?
Guli bo‘lgan voqeani yana bir boshdan so‘zlab berdi. So‘nggi martamikin?
– Nega men qarshi bo‘lar ekanman? – qoshlarini chimirdi Gulbara Isroilovna. – Yevgeniya Viktorovna bilan siz haqingizda so‘zlashdik. Onalik baxtidan sizni mahrum etishga bizning nima haqqimiz bor? Ayol shu bolalarini deb yashaydi-da, to‘g‘rimi? Siz xotirjam bo‘ling. Hammasi o‘tib ketadi, ishoning menga. Vrach, hamshiralar uyingizga borib turishadi, siz kelib, ovora bo‘lmang…

* * *

Guli go‘yoki qanot bog‘lab uchdi. Sevinchini kimga aytishini bilmay, yo‘l-yo‘lakay opasining ishxonasiga kirib o‘tdi.
– Ayollar konsultatsiyasiga borgan edim, bola asrab beraylik, sizlar ham unga qarashinglar, deyishyapti. Bilasanmi, soppa-sog‘ bir ayol operatsiyadan zo‘rg‘a chiqib, ana ketdi-mana ketdi bo‘lib, oxiri uni Moskvada arang qutqarib qolishibdi…
“Nima keragi bor, opajon! – degisi keldi Gulining. – Nima qilasan yuragimga vahima solib?!
Ishonch axir nimalarga qodir, bilmaysanmi?”. Ammo indamadi. Gulbara Isroilovnaning kat’iyligi oldida opasining lanj so‘zlari o‘tkinchi bo‘lib tuyuldi.
“Ayamning oldiga boraman, ugra oshidan qatiq qo‘shib yeb kelaman!”
Ayasi xomush. Gulining tashrifidan sevinmagandek edi.
– Do‘xtiringni ko‘rdim… Senga bir balo bo‘lsa o‘lib qolaman, chidamayman, – dedi u kuyinib. -niyatingdan qayt, bolam!..
“Eh, ayajon! Nahot tushinmasangiz! Ona sifatida! Ayol sifatida! Farzand ko‘rish menga nasib etibdi, oq fotiha berib, Yaratgandan oxiri baxayr bo‘lsin, deb tilamaysizmi?!”.
Yana mashinasiga o‘tirdi. Ko‘ngli xufton. Yana ko‘z oldi qorong‘ilashib, zimiston ka’rida suzib borayotgandek his etdi o‘zini.
Qaylarda yurdi? Mashinasini to‘xtatib, qayerlarda turdi, kimlar bilan gaplashdi? Eslay olmaydi. Lekin kimsasiz bir xilvatgoh izlab, adirlarga, nafis gullagan bodomlar tagiga kelib o‘tirib, mana endi achchiq-achchiq yig‘lagani aniq. Odamlardan qochib, ular ko‘z yoshlarini ko‘rib qolmasliklari uchun shunday qildi. Nihoyat, kech kirib qolganini payqadi. Uyiga jo‘nadi.
Ajabo, eshik qulf emas edi. Tush emas, o‘ngida Said Murodovich uni intizor kutib turar edi.
– Qaylarda yuribsiz? Kutaverib… Nima, yig‘ladingizmi?
– O‘zim. Ayam, opam norozi. Do‘xtirlar, ko‘pchilik vahimada…
– Shunga shunchalikmi? Men bir nima bo‘ldimi deb, xayolim qochib… komandirovkani ham chala qilib keldim. Siz qo‘rqmang…
– Men qo‘rqamanmi?! O‘z-o‘zimni eplay olmaganim, odamlar qaramida bo‘lganim uchun har narsani o‘ylayman-da…
– O‘ylamang, – kuldi Said Murodovich. – Men bor, hammasi yaxshi bo‘ladi. O‘zim yordam beraman. Bolaga ham o‘zim qarayman…
Shundagina Guli to‘lib turganidan yana yig‘lab yubordi…

* * *

…O‘sha kuni shahar ijroiya qo‘mitasining ijtimoiy komissiyasiga odam ko‘p kirdi. G‘ovur-g‘ovur, g‘alva-janjalga aylanib ketuvchi muammolar, talablar.
– Bugungi qabulni yakunlasakmi, – deb luqma tashladi komissiya a’zolaridan biri nihoyat.
– Ha, vaqt ham allamahalga borib qoldi. Qarab boqing-chi, yana odam ko‘pmi, – dedi Said Murodovich soatiga ko‘z tashlab.
Gapi og‘zida qoldi, ostonada qo‘ltiqtayoq tayangan qiz ko‘rindi.
– Mumkinmi?
– Nima ish bilan keldingiz? – Qizni o‘tirishga taklif qilib, unga qiziqsinib razm solganicha so‘radi Said Murodovich.
– Bilim yurtiga o‘qishga kirmoqchi edim. Qishloq yoki kolxoz yerida tursam, olishar emish.
Said Murodovich yana soatiga ko‘z tashlab, qatorlashgan telefon dastagini ko‘tardi, raqam terdi.
– Allo. Salom. Yaxshi ketmagan ekansiz… Ha-a, qabul imtihonlari deng… Mening oldimda bir qizimiz o‘tiribdi, sizlarda o‘qish niyati bor ekan… Keling, shu qizimizning o‘qishiga, o‘sishiga ko‘maklashib yuboraylik, – u dastakni o‘rniga qo‘yib, Guliga yuzlandi. – Mana, ish bitdi. Xujjatlaringizni topshirib, o‘qiyvering, omad yor bo‘lsin! Biron ish chiqsa marhamat,qo‘limizdan kelganini ayamaymiz.
Shunday qilib, Guli o‘qishga kirgan edi. Ikki yil uning uchun yigirma yilga teng bo‘ldi. Guli adirar orasida joylashgan kurort territoriyasining atrofidagi istiqomat qiluvchi bir qancha oilalar qatori ota-onasi, opa-ukalari bilan yashar edi, shahar adirlar etagida bo‘lib, oradagi masofa to‘rt kilometrcha kelardi. Garchi har kuni shaharga qatnamasa ham, sessiya kunlari sal yog‘in-sochin bo‘lib qoldimi, uydan chiqa olmasdi. Qo‘ltiqtayoqlari sirg‘anib yiqilgani-yiqilgan. Bilim yurtida qo‘shnilari Tursunoy o‘sha kezlar kotiba bo‘lib ishlar edi, ammo biron marta uning Guliga nafi tegmadi. Guli g‘ururini jilovlab, undan bir -ikki yordam so‘radi ham. Qish emasmi, ko‘chaga chiqa olmaydi, kontrol ishlarini bajarayotib, maslahatga muxtoj bo‘ldi. O‘shanda Tursunoy nima devdi-ya?
– Avval otga mingashma, mingashib olib, orqam og‘ridi dema!
Ha, u xuddi shunday gap qilgan edi! Gina saqlaydimi? Yo‘g‘ -e! Shunga o‘xshash gaplarni eshitaverib, bor-e, o‘qimayman, deb qo‘l siltadi ham. Biroq shahar komsomol qo‘mitasining kotibasi uning huzuriga keldi:
– Ahmoqlik qilma! Hozir o‘qib olmasang, keyin o‘qimaysan.
Oradan ikki yil o‘tib, o‘qishni tugatdi ham. Ammo uyga yetib kelar-kelmas, kayfiyati buzildi-qo‘ydi. O‘qiyotganida oldida maqsad bor edi – diplom yoqlash! Endi-chi?! U bari bir o‘qigan sohasi bo‘yicha ishlamaydi, ishlashga sog‘ligi ham yo‘l qo‘ymaydi. Qish bor, yog‘in-sochin bor, transportga chiqishi… kimdir doim ishgayu ishdan qo‘riqlab-kuzatib yurishi kerak. Avtobusga chiqarib, avtobusdan tushirib… Ana. Servant ichida diplom yotibdi, ikki yil umr bekor ketdi. O‘sha yillarni rasm chizishga sarflasa, kim bilsin, ertaroq maqsadiga erishgan bo‘larmidi?! Buxuchyot, pollitekonomiya, statistika, ekonomika… Bosh qotirdi-ey! Rasm chizish – keyin, deb yillar davomi qo‘liga qalam olmadi. Bolalik yillari Toshkent viloyatidagi maxsus sanatoriyda davolanib, kasalxona qoshidagi maktabda o‘qib yurgan kezlari, u chizgan rasmlari nafaqat o‘qituvchilari, barcha meditsina xodimlarining ham e’tiborini jalb etib, ularni hayratga solgan. Ular bir ovozda: “Shu ishingni tashlama, shu yo‘ldan ketgin!” – deyishgan edi. Lekin bilim yurtidan so‘ng ishlagisi keldi, kimningdir, hattoki yoshi bir joyga borib qolgan ota-onasini xam qo‘liga qarab o‘tirgisi kelmadi-da! Aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish korxonasiga bir-ikki murojaat qildi – ishga olishmadi. Moskvaga yozgan edi, zo‘r-bazo‘r olishdi. Ishlay boshladi! Uyda! Plan to‘ldirish, zakaz bajarish… Rasm chizish – keyin! Yillar o‘taverdi, o‘taverdi. Bir-biriga egiz, o‘xshash kunlar, oylar… Oqshomlar ba’zida singillari yetagida sayrga chiqadi. Ko‘m -ko‘k archazorlar, nafis gulli bodomlar… Qog‘ozga ko‘chirgisi keladi, vaqt topa olmaydi, chunki har kuni kimningdir ko‘ylagini tikib, qay birini mo‘ljalga to‘g‘rilab qo‘yishi lozim. Rasm chizish – keyin, qochmaydi. Singillari birin-ketin turmushga chiqib ketganlari sayin, yuragi xuvillab qolaverdi: ularsiz o‘zini yolg‘iz, hech narsaga yaroqsiz his eta boshladi. Ba’zi qo‘shni qizlar vaqt topib, u bilan gohida sayrga chiqadigan bo‘lishdi. Kuz oqshomlaridan birida Said Murodovichga yana duch keldi.
– O‘qishni bitirib oldingizmi? Shoshyapsizmi? Keling, biroz o‘tiraylik.
– Sheriklaringiz-chi? – o‘ng‘aysizlandi Guli.
– Ular mensiz ham sayr qilishaveradi…
U paytlar Said Murodovich xotini bilan ajrashgan, xotinining shikoyatlari sabab bo‘lib, ishdan ham tushgan edi…

* * *

Guli yana Moskvaga xat yozdi.
– Moskvaga xat yozmasangiz ham sizga uy beramiz deb turgandik, – to‘ng‘illadi shahar ijroiya qo‘mitasining raisi. – Tushunamiz, sizga qulayliklar bo‘lmasa qiyin…
“Kech tushunibsiz…” – degisi keldi, ammo indamadi. Nima keragi bor, hayot yo‘lida har xil odamlarni uchratasan, lekin ko‘nglingdagi dardingni aytishga nomunosib kishilarni qatorga qo‘shib, ular bilan adi-badi qilib o‘tirib, o‘z vaqting va asablaringni sarflash shartmi? Hayotiga nazar tashlar ekan, faqat yaxshi odamlar uchrab, unga ko‘maklashishganini ko‘rgisi keladi! Ota-onasi, opa-singil, ukalari, do‘stlari-yu o‘qituvchilari… Ular bo‘lmasa, qaddi bukilib, umrida yo‘liqqan falokatga allaqachon taslim bo‘larmidi… Kim bilsin…
Said Murodovich bilan tanishib, uchrashib yurib, sevib-sevilib, nihoyat yangi kvartirada birga yashay boshlashdi. U kunlarni unutib hayotdan o‘chirib bo‘ladimi?
Birinchi ko‘makdoshi endi Said akasi edi. Said Murodovich Guliga sidqidildan qarardi. Uydagi yumushlar bilan u tunu kun band bo‘lganidan, ba’zi tili zaxar qo‘shni ayollar “Said xola” deb ortidan eshittirib atay boshlashga tushishgan edi. Ular turgan yo‘lakda ko‘pchilik ersiz ayollar ekanligi-yu, xasad qilganlaridan, o‘sha kunlari Gulining boshiga ne ko‘ngilsizliklarni solishmadi!
Gulining salomiga alik olmaydiganlar ham birinchi kunlar – Said Murodovich yangi kelganida, ularnikiga serqatnov bo‘lib, mehribonchilik qila boshlashdi. Said Murodovichning yonida o‘z chiroy, xislatlarini ta’riflab, mohir uy bekasi ekanliklari haqida gapirishdan toyishmadi. Biroq Said Murodovich ularga ro‘yxushlik beravermagach, dushmanlarga aylanishdi-qolishdi. “Er bilan yashar ekan, demak, holi unchalik voy emas ekan-da!” – degan xulosaga kelishdi Guli haqida. Said Murodovichning ham o‘yan joyini qidirishdi: ichsa kerak? Yo‘q, ichmaydi. Biron kasali bo‘lsa kerak? Yo‘q, kasal emas, oyoq-qo‘li but, bir chiroyli, barvasta kishi. Xotin bilan yashashga qurbi yetmas? Yo‘q, mana Guli farzand kutyapti. Yo tavba, qanday ko‘zi yoriydi-ya, vo-oy! Majruhlarning majruhi-ya!
Bundan battarini ham eshitdi. Ammo bu hali holva edi…

* * *

Guli tushlikka ovqat tayyorlayotgan edi, eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi.
– Kiring, eshik ochiq! – deb oshxonadan javob berdi Guli.
– Ko‘raylik-chi dadang qanday koshonada yashayotgan ekan, – ayol kishining ovozi keldi. – Tushlik ham tayyor shekilli, qani, dadangni qanday lazzatli taomlar bilan siylashayotgan ekan, ko‘raylik-chi…
Baland poshnali tuflisini yechmasdan, oshxonaga mallasoch, moviy ko‘zli suluv ayol bilan o‘n besh yoshlardagi xushsurat bir bola kirib kelishdi.
– Kelinglar, o‘tiringlar.
– Kelmadimi u? Mayli, kutamiz…
Ayol o‘tirdi. So‘ngra o‘g‘lini yelkalaridan quchib, o‘ziga tomon tortdi.
– Xo‘sh, bizni taniysanmi? – Guliga qarab istehzoli kuldi u. – O‘g‘li o‘xshab turibdi, tanib ol.
– Nega meni senlaysiz? – jahli chiqdi Gulining.
Ayol boshini orqaga tashlab, qah-qahlab kuldi. Oyog‘ini chalishtirib, ko‘ylagini yuqori surdi.
– Atrofingda girdikapalak bo‘laymi? Azizim, erimga o‘ynash bo‘lib, bolalaridan otasini ayirayotganing uchun rahmat ham deymi? – jiddiy tortdi, ko‘zlarini suzib, jahl bilan shivirladi. – Lekin shuni bilki, u hech qachon seni xotin qilmaydi, hozir uning boradigan joyi yo‘q, onasinikiga, aka-singillarinikiga sig‘maydi, shu yerda kunini o‘tkazyapti. Men uni baribir bunday yashatmayman, uni yer bilan yakson qilaman, yo‘q qilaman, qamataman!
– U menga hech qanday o‘ynash emas… – Guli og‘ir nafas oldi, yig‘lab yubormaslik, so‘zdan adashmaslikka harakat qilib, ohista davom etdi. – Xotin qiladimi-qilmaydimi kelajak ko‘rsatadi… Bolalardan otasini men ayirganim yo‘q. Lekin siz, ona bo‘laturib, o‘z bolalaringizni otasiz qo‘yganingiz ko‘rinib turibdi… – Guli boshini mag‘rur tutib, ayolning ko‘zlariga tik boqdi. – Oila, ro‘zg‘or buzilishida men ko‘pincha ayollarni ayblayman, chunki erni er qilgan xotin!
Said Murodovich kirib keldi. O‘g‘li bilan ko‘rishib, gap nimada ekanligini darhol tushunib, faromushlandi.
– Ko‘rdim jononingizni! Shumi? – dedi achitib ayol Guliga imo qilganicha. – Oyog‘i buti topilmadimi? Yoki undaylarga kuchingiz yetmaydimi?
– Gapiraver, ta’sir qilmaydi, ko‘nglingni bo‘shatib ol, – dedi o‘zini xotirjam tutishga urinib Said Murodovich. So‘ng Guli tomon qaradi. – Bu bo‘lsa uncha-muncha bema’ni gaplarga o‘t bo‘lib yonadiganlardan emas. Gapiraver, biz birgalashib eshitaveramiz!
Ayol tutaqib dast o‘rnidan turdi. Lablari gezarib, eshik tomon yo‘naldi.
– Sen bilan men boshqa yerda gaplashaman. Yakson qilaman, yo‘q qilaman. Yashab bo‘psan, seni hech kim bilan yashatmayman! Umringning oxirigacha pushaymon bo‘lasan!
U chiqib ketdi.
– Kuzatib qo‘ying, – dedi Guli derazadan bolaga tomon qarab.
– Ketidan chop, kechirim so‘ra, oyog‘iga yiqil, deng?!
– Yo‘q. U yerda o‘g‘lingiz…

* * *

…Operatsiya bir soatga yaqin davom etdi. Guli ko‘zlarini ochdi, uch ayol uni ko‘tarib, aravachaga yotqizishdi. Shu asno Gulini operatsiya qilgan vrach kelib, boshi ustiga engashdi.
– Xo‘sh, Guli, kiming bor?
– Oyim, dadam, – ajablanib dedi Guli.
– Yana-chi?
– Opam, singil, ukalarim…
– Yaxshi… Endi yana kiming bor, deb so‘rayapman?
– O‘-o‘g‘il? – gumonsirab-xavotirlanib pichirladi Guli.
– Ha, tabriklayman, endi o‘g‘ling bor!
– U… tirikmi? – hamon xavotirlanganicha, jur’atsiz ko‘yda so‘radi Guli.
– Albatta-da. Bekorga operatsiya qildikmi? Sen ham, o‘g‘ling ham, omon qolinglar dedik-da!..
Operatsiya natijasi qoniqarli deb topilsa, uni ikki-uch kundan so‘ng umumiy palataga qo‘yishar ekan, hozircha maxsus palatada yotibdi.
– Ukol qilaman, uxlaysan, – dedi hamshira. – Uyg‘onganingdan keyin glyukoza beramiz.
Kim bilsin, qancha vaqt uxlaganini, yo‘lak bo‘ylab baqirib-chaqirib o‘tayotgan hamshira va boshqa xizmatchi ayollar shovqinidan uyg‘onib ketdi. Qanday qilib ikki-uch kunni bu yerda o‘tkazadi?! Na o‘qish, na radio, na biron bir sherik.
– Nega bunday yotibsan? – hayratlandi kirib kelgan hamshira. – Yarim soat ham uxlamabsan.
– Qaydam…
– Og‘rityaptimi?
– Chidasa bo‘ladi.
– Suv ichging kelsa, paxtani xo‘llab, labingga tekkiz, faqat ichma, ertaga ichish mumkin. Hozir glyukoza olib kelaman.
U osma dori tomizg‘ich olib keldi.
– Tuyqus sovuqqotsang, meni chaqir, shu yerda bo‘laman.
Uzun rezina ichakdan Gulining tomirlariga tomchi-tomchi dori singib, tugab qolganida, ahvoli og‘irlashda. Hamshirani chaqiray desa, tishi-tishiga tegmaydi, og‘zini juftlab, bir so‘z yasay olmaydi. Yo‘lakdan ham biron kimsa o‘tmaydi, hali shovqin-suron ko‘targanlar ko‘rinmaydi.
Oxiri bir amallab nimadir deb ovoz chiqardi. Hamshira yugurib kelib, tomiridan ignani sug‘urib oldi.
– Sovu-uq, -dedi Guli arang.
Hamshira ikkita adyolni uning ustiga tashlab, “issiq” ukol qildi.
– Bezovtalanma, hechqisi yo‘q, bunday xol bo‘lib turadi, endi uxla.
Ko‘zi yana ilingan bo‘lsa kerak, terlab-pishganidan uyg‘onib, nafasi siqilganidan ustini uloqtirib tashladi. Badaniga sovuq havo tegib, rohatlandi. Lekin ko‘p o‘tmay isitmasi battar ko‘tarilib ketdi.
O‘sha oqshom Said Murodovich keldi. Guli yoniga tiz cho‘kib, qo‘lini o‘pdi, ko‘zlari yoshlandi.
– Rahmat sizga, azizim… Tog‘dek sabringiz, ishonch-umidlaringiz haqqi…
Hamshira chaqaloq ko‘tarib kirdi. Qip-qizil, jajji, orziqib kutilgan baxt!
– O‘g‘ilchalaringizni ko‘ringlar-chi…
Operatsiya vaqtida narkozni kamroq berishganmi yoki shunday bo‘lishi kerakmidi, Guli vrachlarning gaplarini eshitib yotgan, o‘shanda hamshiraning bir so‘zi yuragiga mixlanib qolgan edi:
– Bola bechora ko‘m-ko‘k bo‘lib ketibdi…
Guli: “U o‘lib qolibdi-da!” – deb o‘ylagan, badani muzlab, go‘yo boshi bilan muz quduqqa sho‘ng‘ib ketgandek bo‘lgan edi. Mana, oqshom o‘g‘lini o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagunicha, gumonsirab, so‘rashdan qo‘rqib turgandi. Hayriyat, omon ekan, baxtiga tirik ekan!
Guli endi o‘zini bardam seza boshladi.
Tug‘ruqxonadan uni o‘g‘li bilan Said Murodovich olib chiqdi. O‘sha kunlari ular ZAGSga borib, uch-to‘rtta daftarga imzo chekishgancha, o‘g‘lini Said Murodovichning familiyasiga o‘tkazib, guvohnoma olishdi. Keyin ayasi ikki-uch kunda kelib, chaqaloqni cho‘miltirib, qarab yurdi.
Qolgan asosiy yumush Said akaning zimmasida edi. Guliga ham uyda ish topilib turardi. Ammo u hayotidan mamnun, baxtiyor edi: yonida o‘g‘ilchasi, suyangan tog‘i, kelajagi…

* * *

Bir kuni Said Murodovichning xotini yana tashrif buyurdi.
– Agar bolangdan umiding bo‘lsa, erimni tinch qo‘yasan! Pul nimalarga qodir emas! Ertami-indin bolang ko‘chaga chiqadi, tengqurlari bilan o‘ynab yuradi ko‘cha-ko‘yda… hozirgi kunda baxtsiz xodisalar ozmi? Gaplarimning mag‘zini chaqib ko‘r, aqllisan-ku!
Eshikni taraqlatib yopib chiqib ketdi.
Shu kundan e’tiboran Gulining hayotida yangidan bezovtalik boshlandi.
Xotini kelib-ketganidan so‘ng, qizi yiqilib, kasalxonada bir necha oy og‘ir yotganida, Said Murodovich ham o‘sha yerda bo‘ldi. Guli ranjimadi, bolasi, qaraydi-da. Keyin o‘g‘li harbiy xizmatga chaqirilib, Said Murodovich uni kuzatish tashvishida yelib-yugurdi. Bu ham tabiiy, ko‘z ochib ko‘rgan farzandi, to‘ng‘ichi. Guli bir so‘z demadi.
Ammo Said Murodovichning xotini hamon unga zug‘um o‘tkazishga urinib, ba’zan qo‘ng‘iroq qilib turardi:
– Aytgan gaplarim esingdadir-a? Agar erimni qayta qabul qilsang, o‘g‘lim yo‘q deb qo‘yaver! Yerning tagida bo‘lsang qulog‘ingdan, osmonda bo‘lsang oyog‘ingdan tortib olaman! Bilib qo‘y!
O‘zim yashamayman, boshqa bilan ham uni yashatmayman!
Nihoyat bu dahmaza joniga tegib, yuragini xovuchlab o‘tirishdan charchab, Guli ashqol-dashqolini yig‘di-da, singlisinikiga, poytaxtga jo‘nab ketdi.
“Said Murodovich shu bilan meni unutadi” – deb o‘ylagandi. Yo‘q, bir kuni Toshkentga, singlisinikiga surishtirib-topib keldi. Guli uyda yolg‘iz edi, odatdagidek hech gap o‘tmagandek qarshisida tiz cho‘kdi.
– Sog‘indim!
“Azizim! Yolg‘izim! Tilagim!” – degisi keldi Gulining ham. Lekin o‘zini bosdi.
– Sochlaringiz oqaripti, – dedi asta.
– Qariyapmiz, azizim, – dedi Said Murodovich g‘amgin. O‘rnidan turib, xonada nari-beri yura boshladi. – Hayot bo‘lmayapti. Siz yo‘q… bo‘lmayapti! Umr o‘tyapti… Gina saqlamang. Uning yoniga boribmanmi… o‘lganim yaxshi emasmi, yuzimga tupurmaysizmi men uni kechirsam. Ilojsizlik …
Guli chindan ham hayot bunday davom etishi mumkin emasligini his etdi.
– Keting, Said aka! – dedi o‘rtanib. – Bolalaringiz oldida qarzdorsiz, o‘z burchingizni o‘tashingiz, ular bor ekan, xotiningizni kechirishingiz kerak! Keting! Bittagina o‘g‘limning hayotini buzmang. U sizni bilmaydi, tanimaydi hozir! Shunday qolavergani ma’qul. Keting!
Said Murodovich parishon chiqib ketdi.

* * *

…Mana, bugun Madaniyat saroyida asarlarim ko‘rgazmasi. U yo‘q. Uning portreti ham yo‘q.
O‘g‘ilcham ko‘rgazma zalida aylanib yurib, oxiri yonimga keldi. Meni quchib, qutlagan bo‘ldi.
Bo‘yingdan aylanay, qora ko‘zim!
– Ayajon, Sardorov kim? Mening familiyam-ku, – dedi ug‘lim shundan so‘ng o‘ylanib.
– Nimaydi, jonim? – vujudimni vahima bosdi.
– Telegramma kelipti. Mana.
Qo‘llarim qaltirab, telegrammani ochdim.
“Azizim! Tiz cho‘kib so‘ranaman! Kelgin, ado bo‘lyapman, paymonam to‘lganga o‘xshaydi. Sardorov.”
– Bir ayol kuni bo‘yi telefon qildi, sizni so‘radi. Sardorovning qiziman, ayang kelsin, Sardorovning ahvoli og‘ir, kasalxonada yotipti, dedi.
– Demak, borishimiz kerak, bugunoq, hoziroq borishimiz kerak, bolam. Ketdik!..
Mashina qushdek uchib boryapti. Ey Xudoyim, meni hayotimda uchragan ozgina baxtdan ham benasib etma!..

“Sharq yulduzi” jurnali, 1989 yil 12-son