Nafas shira hovli adog‘idagi pastakkina erganak darichani ochib, qo‘shnisi Bo‘ron cho‘ponning tomorqasiga o‘tdi va boshi uzra yoyilib turgan majnuntol novdalarini qo‘llari bilan surgancha ariq yoqalab cho‘zilgan ensiz uvatdan yurib borarkan, hayron bo‘ldi. Kun yoyilib ketgan bo‘lishiga qaramay Bo‘ron cho‘pon uyi oldida, serbarg gujum ostidagi supachada bemalol uxlab yotibdi. Odatda u har safar tong otar-otmas uyg‘onar, to quyosh chiqib, qizdira boshlaguncha bog‘ida ishlardi.
Bu yoqda esa ayoli Oyniso xola yengini tirsaklarigacha tirib olgancha supa girdi bo‘ylab shaloplatib suv sepmoqda. Nafas shirani kampirning harakati ham ajablantirdi: “Yozning qoq chillasida, suving serobmidiki, munday qilasan?!”. Uning ajablanishi tabiiy edi. Yoz chillalariga kelib, bu yerdagi quduqlarda suv kamayib, tortilib, bora-bora qurib qolardi. Shunda Norqul bangining kuni tug‘ardi. U allaqayoqlardan olib kelgan qalin yelim matodan xuddi meshga o‘xshatib, qovg‘a yasab hamqishloqlariga pullardi. Qishloq odamlari to xazonrezgi kuz kezlarigacha, quduqlarda suv jimirlay boshlaguncha ikki chaqirim naridagi O‘rtabuloqdan uning yasagan qovg‘alarida suv tashib ichardi. Buning uchun ikkita qovg‘a bir-biriga bog‘lanib xuddi xurjun yanglig‘ eshakka ortiladi. Suv to‘ldirilgan qovg‘alarni bechora eshak beli mayishgancha ko‘tarib keladi. Shuncha yo‘lga hadeb qatnash hech kimga yoqmaydi, qolaversa tilsiz jonivorga ham jabr. Shuning uchun ham odamlar suvni tejab-tergab ishlatadi.
Nafas shira shularni o‘ylab, Oyniso xolaning suvni supur-sidir oldidan changbosti uchun sermab-sermab emas, chelakni qiyalatgancha shappillatib sepayotganiga ajablangandi. U picha yurgach, bedapoyadan o‘tayotganida oyoqlari ostida ko‘llab turgan suvni ko‘rdi-yu, bariga tushundi. Bo‘ron cho‘pon tuni bilan mijja qoqmay tomorqasini sug‘organ-u, endi bemalol yotipti.
Bo‘ron cho‘ponning yoshi yetmishlarni qoralab qolgandi. U uzoq yillar qishloq odamlarining qo‘yini boqdi, birovning haqiga xiyonat qilmay cho‘ponlik tayog‘ini halol sudradi, el hurmatini qozondi. Garchi qo‘y-qo‘zilar ortidan tog‘-toshlar, qir-adirlar kezishdan voz kechkisi kelmasa-da, keyingi paytlarda biroz toliqa boshladi. Qadrdon cho‘pon tayog‘ini endi qo‘yish fursati yetganini ich-ichidan sezdi. Nachora, yosh o‘z so‘zini aytgandi. Shunday qilib u elning gapga yetar odamlariga maslahat soldi: “Og‘aynilar, men endi charchadim, o‘rnimga boshqa cho‘pon saylanglar!…”
Qishloq odamlari uni tushundi, shuncha yil qilgan xizmatlariga rahmatlar aytib, o‘rniga saylangan cho‘ponga “Bo‘ron cho‘pondek mard, halol bo‘lgin”, – deya uqtirishdi. Uning ko‘pchilik cho‘ponlarga o‘rnak bo‘ladigan ishlari bir-bir eslandi. Ayniqsa, boshqa biror cho‘pon och-nahor qolib ketmasin, deb cho‘ponlar qo‘nadigan joylarga gugurt, to‘rt-besh dona qurt, yarimta non qoldirish odati tilga olinganida barcha birdek olqishladi. Cho‘ponning hamqishloqlari oldida hurmati baland bo‘ldi. U buyog‘iga hovlisidagi to‘rt bo‘lak yerda ekin-tikin qilib, keksalik gashtini sura boshladi. Ekinlariga suv kerak bo‘lsa, soy boshidagi O‘rtabuloqqa borib, odamlar qatori navbat oladi. Uyi soyning adog‘irog‘ida emasmi, yoz oylari suv yetib kelishi mushkul. Kunduzi oftob tig‘ida qurib yotgan ariq ho‘llanib ulgurgunicha, suv ozayib, singib ketaveradi. Tundagina buloq bo‘yidan bir ariq bo‘lib chiqayotgan suvning yarmi yetib keladi.
Kecha unga suv olish navbati kelgandi. Ayni namozshom mahali Kalbet tomonga oqayotgan suv yo‘liga chim bosdi, suv yo‘nalishini o‘zgartirib, pastga, Jarariqqa sharqirab oqa boshladi. Bo‘ron cho‘pon qo‘lidagi ketmon bilan ariqdagi bo‘tanalarni ikki chetga surdi, yo‘l-yo‘lakay qulog‘i ochib qo‘yilgan ariqlarni bekitib, suvni yetaklagancha boraverdi. Uyiga yaqinlashay deganida, ariqda sassiz suzib borayotgan suvning shashti pasaydi, oy yorug‘ida jimirlabgina oqa boshladi. Nishabroq joyga yetganda esa butunlay to‘xtadi.
Suvning yarim yo‘lda “o‘g‘irlangani” tayin edi. Bo‘ron cho‘pon ariq yoqalagancha, ortiga qaytdi. Biroz yurib ko‘rsa, suv yo‘li to‘silgan, boyagina o‘zi bekitgan quloqdagi chim olinib, usta Qulmanning bog‘iga oqayapti. U g‘azab bilan so‘kinganicha, suvni o‘z yo‘liga burdi va Qulmanning uyi oldiga kelib, otini aytib chaqira boshladi: Qulman! Ho Qulman!… Boyagina derazadan xira nur taratib turgan moychiroq ham o‘chdi-yu, uydan sado chiqmadi.
Suvni Qulman o‘g‘irlamasdi. U ayolining izmidan chiqmaydiganlar xilidan. Ayoli Shodiya esa bunaqa ishlarni hech tortinmay qilaverardi. Odamlar uning suvto‘sarligidan bezor bo‘lgandi. Suv ustida u bilan janjallashmagan odam qolmagandi. Unga nega bunday qilasan, suvni navbatda turib, el qatori olsang o‘lasanmi, desangiz, bezraygancha nuqul bir gapni qaytaraverardi: “… Suvingni ko‘tarib o‘t!…”. Tabiiyki, suvni ko‘tarib o‘tishning sira iloji yo‘q. Ariq uning tomorqasidan o‘tgan. Ko‘pchilik u bilan pachakilashib o‘tirishni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Janjallashish ham, insofga chaqirish ham foydasiz. Faqatgina yagona chora bor. U ham bo‘lsa bu o‘g‘ri quloqdan muntazam ko‘z-quloq bo‘lib turish. Panaroq joyda turib, Shodiyaning quloqqa yaqinlashishini poylash. U buni sezib qolguday bo‘lsa, ancha paytgacha uyidan chiqmay o‘tiradi.
Bo‘ron cho‘pon bir pas ariq yoqasidagi qari tut panasida pusib o‘tirdi. Biroz vaqt o‘tgach, Qulmanning uyida moychiroq yana lippillay boshladi. Harqalay Shodiya uyidan chiqmadi. Kim biladi, balki Bo‘ron cho‘ponning suv olayotganini bilgach, fikridan qaytgandir. Yoki undan uyalgandir. Bunisi yolg‘iz xudoga ayonki, suv sahargacha bir maromda oqib kelaverdi.
Bo‘ron cho‘pon uyiga yetib kelganida suvning uchi tomorqasiga kelib tushgandi. U birin-ketin suvsagan ekinlarini sug‘ordi, sug‘organda ham bostirib-bostirib sug‘ordi, ekinlar to‘yib-to‘yib suv ichdi.
Osmonda tong yulduzi porlaydi. Butun borliq uyquga cho‘mgan. Olis-olislardan eshitilayotgan jizillovuqning jizillashi ham, bog‘ning u yer, bu yerida chirillayotgan chigirtkalar tovushi ham tingan. Faqat suvning mayin jildirashiga hamohang yoqimli, salqin tong shabadasi esmoqda. Bo‘ron cho‘pon suvni bedapoyaga burdi-da, uvatga o‘tirdi. Oy sho‘lasida tovlanib oqayotgan suvga tikilar ekan, xayoli beixtiyor katta o‘g‘li Omonga og‘di.
Omon traktor haydardi. Tuman markaziga yaqin joydagi punktga paxta tashirdi. O‘sha kezlari tag-tugi betayin bir qizni shuyoqdan ergashtirib keldi-yu, o‘laman sattor, shunga uylanaman, deb turib oldi. Bo‘ron cho‘pon mayda-chuyda gaplardan so‘ng noiloj elga to‘y berdi. Ular haqidagi turli gap-so‘zlar vaqt o‘tib unut bo‘ldi. Ammo bu, or-nomusni har narsadan ustun qo‘yadigan cho‘ponning ko‘nglida tugun bo‘lib qolaverdi.
Oradan uch yil chamasi vaqt o‘tib, cho‘pon kichik o‘g‘lini uylantirdi. Shundan so‘ng bir qir naridan, bir paytlar kolxozning yeri bo‘lib, keyinchalik odamlarga bo‘lib berilgan Galasherik degan joydan uy qurib, Omonni ko‘chirib chiqardi.
Omonning ro‘zg‘ori ayri bo‘ldi. Omon yoz, kuz kezlari, ishdan bo‘sh vaqti bo‘ldi, deguncha cho‘ldan odamlarning xas-xashagini tashir, qo‘y-molini bozorga obchiqar, xullas, hamqishloqlariga ulovi bilan nafi tegib yurardi. Falokat oyoq ostida emasmi, kuppa-kunduz kuni traktorida bir yosh qizchani bosib ketdi. Muyulishdan o‘ynab-chopqillab chiqqan qizaloqning shu zahoti joni uzildi. Omon qamaldi. Mana uning qamalganiga ham shu yil yoz besh yil to‘libdi. Bo‘ron cho‘pon besh yildirki, yuragiga og‘ir tosh bo‘lib cho‘kkan bu g‘amni ko‘tarib yuribdi. Dard ustiga chipqon, deganlaridek, buyog‘i betayin kelinining ham qadam olishi o‘zgarib qolgan. Ayolidan eshitgan u haqdagi uzun-qisqa gaplar…
Bo‘ron cho‘pon shularni o‘yladi. O‘ylayvergani sari yuragidagi og‘riq kuchayaverdi. Shu tobda kuyib ado bo‘layotgan ayoliga ham, o‘ziga ham achinib ketdi. Uh tortdi, bir osmonga, bir yerga qaradi. Ichida so‘kinganday bo‘ldi…
Tong oqaro boshlaganida cho‘ponni uyqu elita boshladi, o‘tirgan ko‘yi ko‘zlari yumilib-yumilib ketaverdi. Shundan so‘ng o‘rnidan turdi va bariga qo‘l siltagan ko‘yi supadagi o‘rniga borib cho‘zildi. Boshi yostiqqa tegar-tegmas ko‘zlariga uyqu indi.
Uni har gal bog‘idan indamaygina o‘tib ketadigan Nafas shira o‘yg‘otdi: “Hadeb uxlayverasizmi, cho‘pon. Bog‘ni suv bosib ketibdi-ku!”.
Cho‘pon uning hazil ham kinoya ohangidagi gapini eshitib, xushlamaygina o‘rnidan qo‘zg‘oldi va miq etmay ariq tomonga yurdi. Ariqning taypoqroq joyida engashganicha, iliqqina suvga yuzini chaydi. So‘ng bog‘iga bir qur nazar soldi. Ekinlar suvga rosa tashna bo‘lgan ekan, xayolidan o‘tkazdi. Qonib-qonib suv ichgan ekinlaru daraxtlar, barchasiga qaytadan jon engandek edi, go‘yo.
– Kecha suvga navbat obkelay, deb O‘rtabuloqqa boruvdim, – ariq bo‘yida turgancha, Nafas shiraga yuzlanib, gap boshladi cho‘pon. – Namozning buloq boshida o‘tiradigan katta o‘g‘li bor-ku, oti Ismat, shu turibdi. Baraka topkur tushungan, insofli yigit ekan. Navbatini menga berdi. “Oqshom suvni siz olaqoling, meniki bir qadam, kunduz kuni ham olaveraman”, deb qoldi. Shu bilan suvni yetaklab kelaverdim.
Bog‘ining yashnab ketganidan ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilgan Cho‘pon mamnun kayfiyatda Nafas shira bilan so‘rashib, uning qarshisidan o‘tirdi.
– Bo‘ronboy, tomorqangizni sug‘orib bo‘psiz, endi suvni biznikiga buraqolaylik, Nafas shira iyagidagida bir tutam soqolini silagancha cho‘ponga yer tagidan qaradi. – Bir bo‘lakkina yerga sabzi ekuvdim. Harna, shuni sug‘orib olardim-da!
– Ismat suvni burib olgan bo‘lsa keragov!
– A, bizga oqavasiyam bo‘laveradi.
Nafas shira shartta o‘rnidan turdi-da, suvni o‘zining tomorqasi tomon ochib yubordi. Bu orada Oyniso xola dasturxon yozib, choy damladi. Nafas shira choyga o‘tirmadi. Omondaraga borishi kerakligini aytib, ketishga chog‘landi. Shu payt ariqdagi suv ham asta-sekin kamayib, birozdan so‘ng butunlay to‘xtadi.
Omondara ikki qir naridagi soy o‘rtasidan oqib o‘tuvchi ariq bo‘lib, unda qishin-yozin bir xil – suv beto‘xtov oqadi. Odamlar yozda qurib qoladigan boshqa ariqlarga o‘xshamagani uchun ham unga shunday nom berishgan. Ariq oqib o‘tuvchi soyning adog‘ida, Galasherik bilan tutashgan yerdagi yalanglikda Nafas shiraning kattagina bog‘i bor. Bir tarafi uzumzor, bir tarafi mittigina chorbog‘ni eslatuvchi tutzor unga otasidan qolgandi. Bog‘ning u yer, bu yerida to‘rt-besh tup pastak xashaki olma ham bor. Tokzorning yuqori tarafiga tartib bilan kartoshka, piyoz va boshqa mayda-chuyda narsalar ekilgan. Quyi tomoni esa, ko‘m-ko‘k bedapoya. Eng muhimi, bu yerda oqar suv muammo emas. Quloqqa ketmon tegdi, deguncha oqib kelaveradi. Nafas shira erta-kech o‘g‘lini yoniga olib, bog‘dan chiqmay ishlaydi. Pishiqchilik kezlari uzumlarini bozorga obchiqib pullaydi. Qolganini mayiz qiladi. U uzumzorga hech kimni oralatmaydi. Chunki o‘zidan o‘zgaga ishonmaydi. Uzumni faqatgina o‘zi uzadi. Bog‘iga birov-yarim o‘g‘ri ham daxl qila olmaydi. Kechqurunlari bog‘ o‘rtasidagi yig‘ma krovatda qulog‘ini ding qilib yotadi. Tiq etgan tovush borki, sezadi. Hattoki, uning bog‘iga maynayu chumchuqlar ham o‘ylab qo‘nadi. Boisi, yer bag‘irlab yastanib yotgan tokzorni bir necha yovvoyi mushuk o‘ziga makon tutgan. Ularning uzumlarga ziyoni yo‘q. Shu yerdagi sichqonu kalamushlar o‘ljasi. Ba’zan, mushuklar uzum cho‘qilamoqchi bo‘lib qo‘ngan qushlarga hamla qiladi. Ayqash-uyqash novdalar orasida pusib yotgan bu jonivorlarni qushlar sezmay ham qoladi.
Nafas shirani fe’li torroq odam, deyishadi. Teng-to‘shlarining eslashicha, u boshiga jun bitganidan buyon yolchitib bir ish qilmagan ekan. Ammo ayni navqiron yigitlik paytlarida tuman markazidagi qaysidir bir idoraning qishloqdagi vakili bo‘lib ancha vaqt ishlagani ko‘pchilikning yodida. Aytishlaricha, ul idoradan berilgan sichqon va kalamushlarga qarshi dorilarni qishloqdagi kutubxona, kasalxona va maktablarga tarqatib, kemiruvchilarning dodini bergan ekan. Shu bois bo‘lsa kerakki, uning bu ishi hanuzgacha odamlarning esidan chiqmaydi.
Nafas shira har safar bog‘iga borish uchun Bo‘ron cho‘ponning hovlisidan o‘tardi. Chunki yo‘li qisqaroq bo‘lardi. To‘g‘ri yo‘ldan borish uchun Oqsuvbetdagi ko‘prikdan aylanib kelishi kerak. U necha marta shu hovlidan uzum ko‘tarib o‘tardiki, kel, shularda uzum yo‘q, loaqal bir boshginasini qoldiray, demaydi. Cho‘pon indamasa ham ba’zida uzumni ko‘rib yegisi kelgan kampiri ortidan vaysab qolardi: “Hovlini toza oyoqosti qilib yubordi, to‘g‘ri yo‘ldan yursa o‘ladimi, bu ziqna…”. Keyin bir zumda esidan chiqarardi.
Oftob ayni qizdira boshlaganida Nafas shira bog‘iga yetib keldi va to‘g‘ri tutzorga, soqoli yanglig‘ siyrak bo‘lib qolgan yo‘ng‘ichqalarni jiqqa terga botganicha o‘rayotgan yolg‘iz pushti kamari O‘lmas tomonga qarab yurdi.
– O‘lmas, horma! Ishing ancha unibdimi, deyman?!
– Ha, oz qoldi. O‘lmas bir qo‘lida o‘roq, bir qo‘li bilan qalin qoshlari orasidagi terni ikki tomonga sidirib tushirganicha o‘rnidan turdi.
– Tushgacha bitirib qo‘yarsan-da?
– Yo‘q, qolganini ertaga o‘raman. O‘zi Sizni kutib turuvdim. Hademay, O‘rol keladi. Cho‘nqaymishga ketamiz. Kecha u Cho‘nqaymishga qamish o‘rishga borgan ekan. Samad oshnam tayinlab yuboribdi. Ertaga bir kelinglar, uloq so‘yib mehmon qilaman, debdi. Bilasiz-ku, uning echki-ulog‘i ko‘p. Bu yog‘i kun ham qizib ketdi. Yo‘l-yo‘lakay ko‘lga tushib, cho‘milib ham kelamiz.
O‘lmas boshiga o‘rab olgan eski ko‘ylakni yechib, tutga ildi, qo‘lidagi o‘roqni o‘rilgan beda ustiga tashladi va mehmonga quruq bormay, deb bir paqir uzum obchiqdi. Sal o‘tmay, ko‘cha tarafdan mototsiklning tovushi eshitildi. O‘lmas apil-tapil kiyimlarini almashtirib, yo‘lga otlandi. Nafas shira bog‘da yolg‘iz qoldi.
Tut shoxlari orasida tinmay chug‘urlashayotgan bir gala chumchuq tokzorga uchib o‘tib qo‘ndi. Nafas shira ularni kesak otib, haydadi. Chumchuqlar yana tut shoxlariga qaytib kelib qo‘ndi-yu, chug‘urlashishda davom etaverdi. Nafas shira buyoqda ham ularni ta’qib qildi. – He, qorang o‘chgurlar, – deya yana kesak otdi. Chumchuqlar pirr etib, birvarakayiga ko‘tarildi. Bog‘ suv quygandek, jimjit bo‘lib qoldi. Nafas shira olma shoxlariga qistirilgan tok qaychini olib, boqqa oraladi. Eng quyi juyakdan kirsillab pishgan bir bosh husaynini uzdi va bog‘ chetidagi ariq suviga pishib-pishib oldi. Uzumni ariq yoqasiga qo‘yib, endi yuz-qo‘lini chaya boshlaganida negadir tip-tiniq suv birdaniga loyqalanib oqa boshladi. U suvning tinishini biroz kutdi, lekin suv tinmadi. Shu tobda Nafas shira bundan bir oylar avvalgi voqeani esladi. O‘shanda ham ariqda to‘satdan loyqa suv oqa boshlagandi. Odamlar hayron bo‘lib, buloq boshigacha borishgandi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, buloqdan qora quyundek, loyqa suv chiqyapti. Shundan so‘ng ajabtovur bir gap tarqaldi. Emishki, buloqning ko‘zida quloqlari karraygan, yoldor bir katta qora ilon yotarmish-u, vaqti-vaqti bilan qimirlab suvni loyqatib turarmish. Nafas shira bu gaplarga unchalik ishonqiramay, qo‘lini suvga nari-beri chaydi va hozirgina uzilgan uzumdan bitta-bitta og‘ziga solganicha, tut soyasidagi supaga borib o‘tirdi. Havo anchayin dim. Hur etgan shabada yo‘q. Yon-atrofni yangi o‘rilgan yo‘ng‘ichqa isi tutib ketgan. Nafas shira marjon donalaridek, tizilgan husaynini yeb bitirgach, cho‘barasini bedapoyaga itqitib yubordi. So‘ng qalin tut shoxlari orasidan ko‘kka alanglab boqdi: “Quyosh tikkaga kelibdi, toltush bo‘libdi”, xayolidan o‘tkazdi.
Nafas shira tili tagidagi nosning kayfini tuyib o‘tirardi. Bir mahal osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi, Bo‘ron cho‘ponning o‘sha zoti betayin kelini Mohira paydo bo‘ldi.
– Eya, Mohiraxon, buyoqlarga qaysi shamollar uchirdi?
Nafas shira birzum garangsib qoldi. So‘ng o‘tiring-o‘tiring, degancha sal teparoqqa surilib, nosini tufladi. Mohira supaning bir chetiga omonatgina o‘tirar ekan, sekin gap boshladi:
– Ruqiya ammanikidan kelyatuvdim. Uzum sotishingiz esimga tushib qolib, burildim bog‘ingizga.
– Ha, yaxshi qipsiz, yaxshi qipsiz, burilib. Uylar tinchmi, bola-chaqa esonmi?…
Mohira oldinlari ham o‘tgan-qaytganda boqqa kirib turar, Nafas shirani shirin gaplari bilan eritib, ko‘pincha uzumni tekinga olib ketardi. Nafas shira unga zimdan ko‘z tashlar ekan, ba’zan ko‘ngli sust ketardi. Lekin ochiqroq so‘z aytmoqqa haddi sig‘masdi.
– Katta bog‘da, bir o‘zingiz zeriki-ib, o‘tiribsiz, – hazilomuz gap boshladi Mohira.
Nafas shira ham gapning ketishiga qarab, hol-ahvol so‘rashdan nariga o‘tdi. Mohiraga o‘g‘rincha qarab qo‘yarkan, siz keldingiz, endi zerikmaymiz, deya supadan tushib, bog‘ oraladi va ikki bosh kishmish uzib chiqdi. Uzum ustidagi suhbat ancha qizidi. Uzumning totliligi bot-bot tilga olindi. Nafas shira kampirining erta qazo qilib ketganidan afsus chekishini aytsa, Mohira Omonning hali-beri qamoqdan chiqmasligini, yolg‘izlik joniga tekkanini aytib nolidi.
Bora-bora suhbat bepardaroq tus oldi. Mohira oyoqlarini chalishtirganicha nozlanib o‘tirar, tez-tez yelpinganidan egnidagi yupqa ko‘ylak yoqalari ko‘tarilib, tushardi. Nafas shira unga, yelpinganida surilgan yoqa ostilariga qarar ekan, entikdi. Unutilayozgan allanechuk hislar junbushga keldi. Eri qamalgach, zimdan buzuqilik qilib ko‘rgan Mohira ham et jimirlatar so‘zlar aytib, uning battar esini og‘dirdi…
Nihoyat Nafas shira tunda Mohiranikiga boradigan bo‘ldi. Quruq emas, naq bir ko‘ylaklik matoga yetadigan pul va bir chelak uzum bilan!…
Yoz kunlari olisdan-olis, kech kirgunicha hali ancha bor. Quyosh tafti pasaya boshlaganida, Mohira ketishga chog‘landi. Nafas shira bizning boqqa kelgan odam quruq ketmaydi, deya eskiroq belboqqa uch-to‘rt bosh uzum tugib berdi.
Ular bog‘ darchasida xayrlashishdi. Nafas shira yana bir o‘zi qoldi. U joyida o‘tira olmas, u yoqdan bu yoqqa yurganicha kech kirishini sabrsizlik bilan kutardi.
Osmon qontalash bo‘ldi. Olam qizg‘ish tusga kirdi. Quyosh asta-sekin huv uzoqlarda yastanib yotgan qaqroq cho‘llar qa’riga singa boshladi. Burganli qirning kungay beti changidi – poda qaytar mahali bo‘libdi. Qorong‘u tushishini toqatsizlik bilan kutayotgan Nafas shiraning nazarida vaqt judayam imillab o‘tar, go‘yo kun tunga o‘rnini bo‘shatib bergisi kelmayotgandek edi…
Qosh qorayib, ko‘k yuzida yulduzlar porladi. Ariqdagi baqalarning sayrashi avj oldi. Nafas shira yo‘qligim bilinmasin, deya bog‘ o‘rtasidagi yig‘ma krovatiga o‘rin solib, orasiga yostiq joyladi. Bamisoli odam yotgandek qilib qo‘ydi. So‘ng hali uzib chiqqan bir chelak uzumni ko‘targanicha yo‘lga tushdi. Bog‘ hadsiz skunat ichra egasiz qoldi. Nafas shira yo‘l yoqalab cho‘zilgan chakalakzorni oralab borarkan, go‘yo ortidan kimdir kuzatib kelayotgandek, yon-atrofiga qarab-qarab qo‘yar, yuragini qo‘rquv ham hayajon bosib, tez-tez yurardi. U chakalakzor poyonidagi jarlikdan o‘tib, Galasherik qishlog‘iga kirdi. Buyog‘i bir qadam, picha yursa Mohiraning uyi ko‘rinadi.
Nafas shira birov-yarim uchrab qolmasin-da, deya yuragini hovuchlab ketaverdi. Yo‘liga to‘satdan Safar merganning iti hurib chiqib, hushini uchirdi. Nafas shira itni tepib haydadi. It angillaganicha qochdi.
Nafas shira manzilga yetib kelganida, qishloq tepasidagi Cho‘nqaymish tog‘lari ortidan to‘lin oy asta mo‘ralay boshlagandi. U nurab qolgan eski paxsa devordan sekingina oshib o‘tib, uy yonidagi tandirxonaga kirdi va tevarak-atrofga olazarak boqdi: hammayoq jimjit. Faqat uydan “tuq-tuq-tuq”, degan tovush eshitilardi. Tezroq uyga kirishga oshiqayotgan Nafas shira hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, yorug‘ tushib turgan deraza yoniga keldi. Ichkarida Mohira gilam to‘qib o‘tirardi. Nafas shira ko‘ziga cho‘g‘dek bo‘lib ko‘rinayotgan bu juvonga pardalar orasidan bir zum tikilib turdi, so‘ng derazani ohista chertdi. Mohira uni darhol ichkariga oldi. Kecha sokin va oydin bo‘laverdi…
Bo‘ron cho‘pon shomga yaqin Omondaradagi suv tegirmoniga bug‘doy olib kelgandi. To navbati yetib, bug‘doyi un bo‘lib chiqqunicha vaqt allamahal bo‘ldi. U tegirmondan chiqar ekan, kech bo‘lsa ham unning yarmini Mohiraga qoldirib ketayin, ertaga ovora bo‘lib yurmayman, deya xayolidan o‘tkazdi va Galasherikka yo‘l soldi. U eshagini qichab-qichab haydadi. Eshak tor, o‘ydim-chuqur yo‘ldan yurtib-yurtib boraverdi. Cho‘pon hovliga kiraverishdagi yog‘och g‘ovlarni bir chekkaga olib, ichkariladi. Eshakni uy oldida to‘xtatib, un xaltani tushirdi va dahliz eshigini ochdi. Ro‘paradagi derazadan og‘ib kirgan nur dahlizni yoritib turardi. U kelinining otini aytib chaqirdi. Ichkaridan esa javob bo‘lavermadi. Cho‘pon bo‘sag‘a hatladi. Uxlab qolgan bo‘lsa kerak, xayol qilib, balandroq ovoz berdi. To‘rdagi xonadan kelinining hozir, chiqyapman, degan sarosimli tovushi eshitildi. Cho‘pon oy nuri tushib turgan derazaga qaradi. Yomon ko‘rsayam keliniga achindi. Ko‘z oldiga Omon keldi. Ich-eti kuyib ketgandek bo‘ldi. Ko‘ngli suv tusadi. Deraza tagidagi satildan suv olib ichdi. Hammasi shundan keyin boshlandi. Cho‘pon oyoqlari ostida biri qiyshayib, biri to‘ntarilib yotgan erkak poyabzalini ko‘rdi. Ko‘rdi-yu, yuragi orqaga tortib ketdi. Shu payt eshik ochilib, bosh yalang Mohira ko‘rindi. Cho‘pon sochlari to‘zg‘igan, yuzida sarosima aks etib turgan Mohiraga sinchkovlik bilan qaradi. Bir mahal go‘yo nimadir qulab tushgandek, uyning orqasi “gup” etib ketdi. Nafas shira derazadan tashlab qochgandi. Bo‘ron cho‘pon keliniga “He, beting qursin, haromi”, – dedi-yu, tashqariga otildi. U devordan oshib o‘tayotgan Nafas shirani oyning yorug‘ida tanidi. Bir zum ko‘zlariga ishonmay turdi-da, quturgan itdek ortidan quvib ketdi.
Nafas shira o‘qdek uchdi. Ortiga qaramay qochdi. Yalang oyoqlariga mayda toshchalar botdi, cho‘kirtak tikanlar kirdi, lekin og‘riq sezilmadi. U chakalakzorga yetib to‘xtadi. Daraxtlar panasiga engashib, quloq tutdi. Atrof jim-jit bo‘ldi, hech bir zog‘ ko‘rinmadi. U chakalakzorda ancha payt gangib o‘tirgach, qo‘rqa-pisa bog‘iga yo‘l oldi. Kelganida negadir bog‘ darchasi ochiq turardi.
Bog‘ tongga yaqin o‘q ovozidan larzaga keldi. Dov-daraxtlar ham Nafas shiraga qo‘shilib ingragandek bo‘ldi. Bo‘ron cho‘ponning shunda ham alami bosilmadi, ikkinchi o‘qni ham uzdi. Yeru ko‘k zirillab ketdi…