Kelgusi yakshanba kuni qaynonasi oltmish besh yoshini qarshilaydigan kuyovdan bo‘lajak yubileyga nimalar lozim? Ayniqsa, kuyov deganimiz shaharning firqachi zodagonlariga mansub eng bahavo, toza-ozoda, sokin dahasida, hayhotday hovlining to‘ridagi uch xonali shinam uyda, ikki farzandi arjumandi bilan o‘ynab-kulib yashayotgan, yana deng, o‘sha hovli hali baytalday toyranglab turgan qaynonaning xos mulki bo‘lsa! Qolaversa, qaynona ko‘zining oqu qorasi – qiziga uylanganidan beri o‘sha yigitni suyab-sudrab, qo‘llab-qo‘ltiqlab kelyapti ham. Shu kunlarda mehribon ayolning tag‘in bir orzusi ushaldi – kuyovini obkomdek nufuzli idoraning shu’ba mudiri lavozimigacha “ko‘tarib yubordi”. Bunday kuyov, agar insofi bo‘lsa, qo‘lidan kelganini qiladi. Kamida, shanba kuni ertaroq turib, bozorga tushadi. Yakshanbada yurtning oqsuyaklari huzuri muborakka keladigan xonadonda bo‘lajak ziyofatning tadorigini ko‘radi.
Sherjon Pirriyev shunday qildi.
Bungacha, juma kuni, hukumatning xos magazini mudiriga sim qoqib, uning huzuriga borish ishtiyoqini bildirdi. Ishni telefonda bitirishni, bir chekkasi, odobsizlikka yo‘ydi. Shu bahonada do‘kondor bilan yaxshiroq tanishib olish niyatiyam yo‘q emasdi. Mudir ham bunday iltifotdan boshi osmonga yetgandek, tujjor qavmiga xos xush takalluf bilan darhol rozi bo‘la qoldi.
Hovlisining baland darvozasidan katta-kichik mashinalar kirib-chiqib turgan do‘konda yubileydan gap ochdi. O‘rtabo‘ygina, tepakalgina, yuz-ko‘zlariga hadik va shubha go‘yo muhrlab qo‘yilganday mudir – Uchqun Doliyev uning gapini nuqul bosh irg‘ab eshitgach, ohistagina: “Xabarim bor”, dedi. So‘ng: “Xarid qilinadigan narsalarning ro‘yxati berilsa”, degan istak bildirdi. Xullas, Pirriyev o‘sha kuni uyiga qo‘yni-qo‘nji to‘lib-toshib qaytdi: “Stolichnaya” arag‘i, musallas, shampan vinosi, uch xil – mol, qo‘y, kurka go‘shti, guruch, pishloq, sariyog‘, qorayu qizil ikra, qahva, dimlangan va dimlanmagan kolbasa… Shirinlikdan – “Qoraqum”. Sho‘ba mudirining qariyb bir oylik nasibasi – payogi. Bularning barchasi xizmat mashinasiga joylangach, do‘kondor xaridorning izidan ikki shisha “Belыy aist”ni chetan savatchada ko‘tarib chiqdi: “Opaga bizdan arzimas sovg‘a. Tabrigimizni yetkazib qo‘ying, o‘rtoq Pirriyev”.
Juma kunlari beriladigan payokka nasibasi qo‘shilgan dastlabki haftalarda yigitning vijdoni qiynalgandek bo‘ldi: “Avom bir piyola shakarga zor”. Bora-bora taskin yo‘lini topdi: “Har kimga ato qilgani”.
U bozordan ho‘lu quruq meva, obinon olib, “Jiguli”sining bagajnigiga solgach, go‘sht rastasi tomon yurdi. Qazi olishni unutgan edi.
Betartib rastalar, omonat do‘konlar, yoymachilar, tilanchilar, aravakash-hammollarning orasidan turtinib-surtinib o‘tib, qazichilarga yo‘liqqunicha bo‘lari bo‘ldi. Sarg‘imtil gazeta qog‘oziga o‘ralgan ikkita qazini o‘n olti so‘mga kelishdi. Pulini to‘lash uchun kurtkasining cho‘ntagiga qo‘l solgan edi, yuragida yurak qolmadi: hamyoni yo‘q! Shosha-pisha hammayog‘ini paypaslab, tintib, titkilab chiqdi. Yo‘q!
– Uzr, uka, – dedi jallobga. – Hamyonim… Uyda qolganga o‘xshaydi.
– Hechqisi yo‘q… Xuftongacha kelavering, oka. Sho‘ttamiza.
Pirriyev nari ketdi va torgina beton zinalar chetidagi temir to‘siqqa suyanib qoldi. Ertalab hamyoniga o‘n beshta qizil o‘n so‘mlik solganini esladi. Ko‘pi bilan ellik-oltmishini sarflagandir? Demak, yuz so‘mcha qolgan. Happa-halol puli.
Lop etib hamyonida ishxonasidan berilgan guvohnoma ham borligi yodiga tushdi. Chaqmoq urganday bo‘ldi. Sarkotib imzo chekkan hujjat! Maktab attestati emaski, dublikatini olsang. Holing xarob, Pirriyev, deb pichirladi. Hammasi onasining qorniga kirib ketdi! Uch oy avval ish boshlagan lavozimi ham, istiqbolda ne bir umidlar bilan kutayotgan mansab-martabalar ham, obro‘si ham. Obkomdan boshini xam qilgancha chiqib ketayotgani, ortidan achinish bilan qarab qolayotgan darbonlar, uyida ho‘ng-ho‘ng yig‘layotgan xotini ko‘z oldiga keldi. Tanasini sovuq ter bosdi.
Ko‘kdan etni jo‘njiktiruvchi tomchilar shitob tusha boshladi. Hali-zamon olomon o‘zini uy-uyiga urib, g‘ala-g‘ovur bozor maydoni bo‘shab qoladi. U ko‘k kurtkasining yoqasini ko‘tarib oldi.
“Quyonyurak! – deb pichirladi. – Buncha titrab-qaqshamasang! Boshing hali kundaga qo‘yilgani yo‘q-ku!”
Bilardi, o‘ldim deganda, imi-jimida ishdan haydaladi. Poytaxtning qoq markazida, necha zamonlar burun tekslanib ketgan qadimgi Tuproqqo‘rg‘on hududida savlat to‘kib turgan obkomning kulrang binosi ko‘z oldidan o‘tdi. Ayni imoratda bunday tavqila’nat qulog‘iga isirg‘a qilinganning sho‘ri quriydi. Keyin… Keyin odam tugul, na it salomingga alik oladi, na kuning bitsa, janozangga keladi. “Urilgan”dan hamma moxovdan jirkanganday yetti chaqirim nariga qochadiki, kuning go‘yandaga qolgani shu. Tuturuqsiz zamon olomonning yelkasidagi tobutday qalqib turibdi.
Mayli, deb yana o‘ziga taskin berdi u, nari borsa, “KPSS tarixi”dan darsimni o‘tib yuraveraman. Talabalardan imtihon olaman: “Xo‘sh, qani, ayting-chi, yigitcha, bolsheviklar partiyasining uchinchi s’ezdi qachon o‘tgan? Unda qanday masalalar ko‘rilgan?..” O‘lmaydi. Kunini ko‘rib ketadi. Ilmiy darajasi bor. O‘shani-ku hech kim tortib ololmas! Axir Moskvada, Ijtimoiy fanlar akademiyasida uch yil o‘qigan. Olimlar ro‘yxatiga ilingan. Dotsent!
Daf’atan uni yanada battarroq ko‘rgilik kutayotgani esiga tushdi. Tushdi-yu, oyog‘idan o‘q yeganday tizzalari bukilib ketdi. Qaynonasining qahrli nigohi, vajohati, o‘shqirishlari ko‘z oldidan o‘tib, ko‘ngli butkul vayron bo‘ldi. “Endi meni yeydi! – degan gap miyasida tinimsiz charx ura boshladi. – Gap bilan tilka-tilka qiladi!”
Qaynona kuyovini bu dunyodagi eng noshud, qo‘ymijoz, o‘zini esa eng aqlli, serg‘ayrat va uddaburon ayol deb ko‘rsatishdan lazzatlanadi. Pirriyevning bu ahvolga tushganini bilsa bormi, tug‘ilgan kuniyu yubileyi chetda qolib, lablarining ikki chekkasi ko‘pik boylagancha jazavaga tushishi aniq: “Hujjatiniki avaylab-asrashni eplay olmagan nodondan yana nimani kutish mumkin? Ayting, yana nimani kutish mumki-in?!.” Kampirshoning kunda-kunora qoraga bo‘yab, tikraygan quloqlarini bekitib turmaklaydigan siyrak sochlarining qolgani ham to‘kilib, adoi tamom bo‘ladi endi! Oltmishdan oshmay oxir bo‘lgur, shumkampir!
Pirriyev adashib qolgan mushuk bolasidek boshini qayoqqa urishni bilolmay bozor kezardi. Bu makon endi ko‘ziga o‘g‘ri-kazzoblar izg‘ib yurgan, xavf-xatarga to‘la bo‘lmag‘ir joyday ko‘rinardi. Oyoqlari uni boshi oqqan tomonga boshlab borar, hech narsani ilg‘amas va anglamas edi. Boshini ko‘tarib, o‘zini naridan-beri oqlangan pastqamgina bino oldida ko‘rdi. Ilgari bu yerda tikuvchilik tsexi – atele bo‘lardi, chamasi. Endi ichki ishlar mahkamasining tayanch idorasi.
Yo ostidan, yo ustidan! Oyog‘i kesilgan odam ham o‘sib chiqishidan umidvor yasharkan. Jillaqursa, maslahat berishar.
Qirqni qoralab qolgan kapitan, o‘rnidan turmay salomlashgan bo‘lsa-da, arzchining gapini bo‘lmay eshitdi. Hurmatini joyiga qo‘ygani shu-da.
So‘ng unga o‘ychan tikildi:
– Qayerda ishlaysiz o‘zi?
– Qayerda ishlashimni so‘ramang, uka. To‘g‘risini aytolmayman. Sizday insonga yolg‘on gapirishga esa tilim bormaydi.
– Tushu-unarli, – dedi tagdor qilib ofitser. – Demak, yo‘qolgan hujjatingiz pasportdan ham muhimroq… Tushu-unarli-i… Nozikroq joyda ishlaysiz, shekilli? Mayli. Bunisining bizga issiq-sovug‘i yo‘q. Lekin, aka, hozir kissavur zoti yomon qovunning urug‘idan ham ko‘payib ketgan. Xudo bas kelmasa, bandasining qo‘lidan kelmaydi.
– Bilaman, bilaman, – dedi Pirriyev betoqat. – Ammo, uka, bir urinib ko‘rilsa, zarar qilmas. Topmasak, ahvol chatoq…
– Tushu-unarli.
– Yaxshiligingizni unutmayman.
Kapitan unga yana sinovchan tikilib turdi-da, tuyqusdan:
– Og‘zingiz mahkammi, ishqilib? – deb so‘radi.
– Albatta. Yosh bola emasman-ku! – Iltimoschi o‘yladiki, buning ham tanglayi pul bilan ko‘tarilgan ekan. Yaxshiyam qayerda ishlashimni aytmadim. Boshqa payt bo‘lganda, bitta qo‘ng‘iroq bilan emaklatib tashlardim bunga o‘xshaganlarni.
– Unda, aka, bunday qilasiz. – Kapitan yaqinroq surilib, tushuntira ketdi. – Hozir eshikdan chiqasiz-da, mana shu o‘tirgan binomizning orqasiga o‘tasiz. Oldingizdan zina chiqadi. O‘sha zinadan pastga, yerto‘laga tushib, chap qo‘lga yursangiz, ikki tabaqali baland eshik keladi. Eslab qoling. Ikki tabaqali! Chertib, taqillatib o‘tirmang tag‘in. Zarb bilan, iloji bo‘lsa, tepib kiring. Ochishingiz bilan ikkita dev oldingizga ko‘ndalang bo‘ladi. “Topor”ni so‘raysiz…
Pirriyev ofitserning qoramag‘iz yuzidan ko‘zini uzmay ijikilab so‘radi, kapitan maydalab tushuntirdi. So‘ng, gap tamom, deganday o‘rnidan turdi.
– Kechirasiz, uka, shu… Shu ikkalamiz birga boraqolsak…
– Yo‘q! – cho‘rt kesdi uchastka boshlig‘i.
– Uzr.
– Ammo gap o‘rtamizda qolsin. Mabodo birov so‘rab-netib qolsa, men sizni ko‘rganim yo‘q. Tushu-unarlimi?
– Ha, ha. Tushunarli.
– Unda, tezroq qimirlang. Ishingiz bitganidan keyin… Qaraysiz-ko‘rasiz… U yog‘i endi himmatingizga bog‘liq…
– Albatta, albatta. Oldingizga kelaman. Sizni rozi qilib ketaman.
– Aqlli odamlar doim shunday qiladi o‘zi. Xayr.
– Minnatdorman, uka.
– Darvoqe, aka, – boshliq yana kulimsiradi. – “Topor”, sizni kim yubordi, deb so‘rasa, meni ayting. Kapitan Yo‘ldoshev yubordi, deng. Xo‘pmi?
– Xo‘p, – qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi Pirriyev. – Lekin birga borsak…
– Yo‘q dedim-ku! – yana gapini cho‘rtta kesdi kapitan Yo‘ldoshev. – Sovet militsiyasi o‘g‘rilardan hazar qiladi. Dadilroq bo‘ling, axir. Frontga ketmayapsiz-ku!..
Dilining tub-tubida zaif bir ilinj paydo bo‘lganiga qaramay, xayolini bosib yotgan qora bulutlar baribir tarqalmadi. Bir kami, dordan qochgan o‘g‘rining oldiga yalinib borish edi. Pirriyev dovdiragancha tashqariladi. Qaynonasi qiziga aytgan gap esiga tushdi: “Ering – o‘tmas pichoq! Kesib gapirgan kuni o‘ladi”.
“Yo‘q, boraman! – deb pichirladi Pirriyev imoratning orqa tomoniga o‘tar ekan, qaroridan qaytib qolishdan cho‘chigandek. – Qiyomat qo‘pmas! Qani endi, “Topor” jonivor nima karomat ko‘rsatarkin”.
Binoning betkayiga salobatli mashinalar qator terib qo‘yilgan. Zina oldidagi bir parcha yer oroyishda. Sambitgul, namozshomgul, rayhon… Sarg‘ayib so‘liy boshlagan bo‘lsa-da, gulzor atrofi toza-ozoda.
U zinalarga qadam qo‘yish oldidan atrofiga alanglab oldi. Keng-mo‘l yerto‘laning ichkarisi ham tashqarisidek saranjom-sarishta, yorug‘. Chinnidek yaltiragan marmar polga oyoq bosishga iymanasan kishi.
Zalvorli eshikni itargan edi, ochilmadi. Yaltirab turgan hashamdor mis qabzani sharaqlatib bosib, tizzasi bilan qattiq turtdi. Xayriyat, ochilib ketdi va ikkita bahaybat ko‘lanka yo‘lini to‘sdi:
– O‘v-v, nima qilopsiz?
– Ko‘rmayapsanmi nima qilayotganimni? “Topor” bormi?
– Kimsiz o‘zi?
– Karmisan, nima balo? – deya pishqirar ekan, Sherjon Pirriyev o‘zini uchiga chiqqan kazzoblardek his qilib ketdi. Umrida bunday surbetlik, bunday qo‘pollik ko‘chasiga kirmagan odamning vajohatu vahimasini ko‘rmaysizmi! Bo‘lgan voqealarni oqshom xayolidan o‘tkazar ekan, yoqasini ushlaydi. Shayton yo‘ldan ursa, duppa-durust bandasiyam yirtqich hayvonga aylanib ketishi hech gap emaskan, deb mulohaza qiladi. Inson farzandining sondan chiqishi shu qadar osonmi?
Qahrli ovozini balandlatdi:
– Ayt, “Topor”ga, Sher akasi keldi!
Ich-ichidan ko‘tarilib kelgan tizginsiz alam, hayajon va xavotirni sezdirmaslik uchun yo‘talgan kishi bo‘ldi.
Davangirlardan biri hoshiyalariga qizil chiziq tortilgan baland eshikni ochdi-yu, ko‘zdan yo‘qoldi va darhol iziga qaytdi. Ikkinchisi Sherjonning cho‘ntaklari, biqini, qo‘ltig‘i va boldirlarini astoydil paypaslab chiqdi. Kallakesarlar haqidagi filmlardagiday.
– Kiring.
Uzun va keng xonaning to‘rida, zarang daraxtidan qadimiy ovro‘pa uslubida ishlangan baquvvat qizg‘ish stol ortida ot yuzli bir odam o‘tirardi. Kalta kuzalgan, moshkichiri soqolini demasa, qiyofasi tanish. U xayolini yig‘ishga ulgurmadi, mezbon o‘rnidan dast turib, quchog‘ini ochdi:
– Assalomu alaykum, o‘rtoq Pirriyev! O‘zingizmisiz?
Sherjon unga taajjub bilan tikilib turdi-da, birdan hayqirib yubordi:
– O‘rinboy! Senmisan?.. Voy, azamat-ey!..
– Yana kim bo‘lishi kerak! “Sher aka” deb odamni qo‘rqitib yubording-ku, sholg‘omburun!
Quchoqlasha ketishdi. O‘rinboyning kafti toshday qattiq va dag‘al edi. Haliyam sportni kanda qilmapti, degan fikr xayolidan o‘tdi mehmonning. “Topor” terisi tor, semirmaydigan, chayir odamlar xilidan. Ko‘m-ko‘k tomirlari bo‘rtib turgan o‘ng qo‘liga zulmatda chaqqan chaqmoq rasmi – tatu chizilgan. Oqarib ketgan sochlari ancha siyrak tortib, keng peshonasi yaltirab qolibdi. Qoshlari qop-qora. “Bo‘yab olgan” deb taxmin qildi mehmon.
Sherjon Pirriyev sobiq sinfdoshini ko‘rib qanchalik suyungan bo‘lsa, endi dili shuncha g‘ashlana boshladi. Kelib-kelib o‘g‘riboshining oldida javdirab o‘tirishi davlat odami degan nomiga sira to‘g‘ri kelmas, hatto sharmandalik bo‘lib tuyulardi. Bandasining toleyi past bo‘lsa qiyin. U shashti so‘na boshlaganini sezdirmaslikka tirishib, nuqul iljayar, ko‘zini qayoqqa yashirishni bilmasdi. Falakning gardishini qarangki, biri – g‘irt o‘g‘ri, ikkinchisi, o‘rtamiyona bo‘lsa-da, amaldor.
– Qadamlariga hasanot, – manzirat qilgan bo‘ldi mezbon. Sobiq maktabbachalar o‘rtasini pastqam stol ajratib turgan salobatli ikki oromkursiga cho‘kdilar. Tanimagan odam bu hashamatli kabinet, gilamlar, mebellar, qandillarni ko‘rib, O‘rinboyni Markazqo‘m sekretari deb o‘ylashi mumkin. Salobatli manzarani buzib turgani – “Topor”ning qomatiga yarashib tushgan sportchilar kostyumi.
– Bu nima qiliq, O‘rinboy? Yumronqoziqqa o‘xshab bekinib opsan?
– Nima qilay? Hashamatli saroylarni – senga, pana-pastqam kavaklarni menga nasib qilgan ekan-da, bratan.
U keng stoliga uzalib, ochiq turgan qandaydir jurnalni oldi. “Ogonyok” ekan.
– “Dunyodagi eng uzun daryo”, – dedi ruschalab va mamnun ishshaydi. – Bunisini osongina topdik. Nil. Nil daryosi, albatta. Xo‘sh, keyingisi. “Patrontash” so‘zi qaysi tildan olingan?” Beshta harf.
– O‘zbekchaga o‘xshaydi, – dedi hayron o‘tirgan Pirriyev. – “Tosh”i bor-ku. Beshta harf.
– Yo‘-o‘q. Oxiridagi harfi – “s”… Topdim! To-opdim-ku! Nemischa!.. Ertalabdan beri qirq sakkizta savolning hammasini topib tashladim! Qoyilmisan, Sher?
“Topor” krossvord kataklarini ko‘k ruchkada to‘ldirib, jurnalni nari surib qo‘ydi.
– Haliyam gazeta-jurnal o‘qishni tashlamabsan-da?
– Tashlamayman ham!
Mezbon suhbatni qanday davom ettirishni bilolmay, jim qoldi. O‘rinboy maktabni tugatgach, bir yil o‘tib-o‘tmay, kimningdir uyiga o‘g‘rilikka tushgan va qamalib ketgandi. Sherjon uni boshqa ko‘rmadi. Onda-sonda esiga tushsa, kasofatdan uzoqroq yurganim ma’qul, deb qo‘yardi. Bundaylar o‘z ajali bilan o‘lmaydi.
O‘rinboy uning bola-chaqasidan to aka-ukasigacha erinmay surishtirdi. Pirriyev: “Shukr, yaxshi!” deb turdi. Biroq o‘zi: “Xonadonlar tinchimi, O‘rinboy? Yaxshi yuribsanmi?” deyishdan nariga o‘tolmadi. Sobiq sinfdoshini haliyam so‘qqabosh deb o‘ylar, uyli-joyli bo‘lganini bilmasdi. Ayon bo‘ldiki, hayoti “yomon emas”: ikki marta uylanib, ikki marta ajrashgan, ikki xotinidan ikki o‘g‘il ko‘rgan va ikki marta “yotib chiqqan”. Boshida tegirmon toshi ko‘p aylangani sarg‘imtir yuzi, o‘ng qovog‘idan qulog‘igacha cho‘zilgan uzun chandiq, kumush sim bilan kavsharlangan qoramtir tishlari va kalta-kalta yo‘talib qo‘yishlaridan ko‘rinib turardi.
— Meni ko‘cha odam qildi, — dedi u nadomat bilan. – Onali yetim — gul yetim, otali yetim — sho‘r yetim.
Onasi rahmatli bo‘lganidan so‘ng, ayolmand otasi no‘g‘oy hamshiraga uylangan edi. O‘gay ona sig‘dirmadi. Suyagi qotib-qotmagan bola ko‘chada qoldi.
– Ishingni so‘ramayotganim, Sher, bilaman. Joyida. Tuproqqo‘rg‘onga ko‘tarilibsan. Muborak bo‘lsin!
– Qulluq.
– Sher aka keldilar deyishsa, hofiz og‘amizmikin, deb o‘ylabman. Seni ko‘rib, baqa bo‘p qoldim. Rosti!
O‘rinboy ko‘ngil yozib, dardlashgani odam topolmay o‘tirgan ekanmi, bahri-dili ochilib ketganday tuyulardi. Sho‘x-shodon, beg‘ubor o‘spirinlik yillariga qaytgandek bo‘ldilar.
– Ba’zan hayqirib-hayqirib she’r o‘qigim keladi, og‘ayni. Esingdami, hasharga, paxta terishga chiqqanimiz? O‘g‘il bolalar qishloq maktabining sportzalida yotardik. Qizlar – sinfxonalarida. Oqshomlari qanday she’rxonliklar bo‘lardi!
– Unutib bo‘larkanmi! Beqasam to‘ningni kiyib, davraga chiqqaningda, Hamzaning o‘zi bo‘larding-qo‘yarding…
O‘rinboy turib, hurpaydi va Abdulla Oripovning “Hamza monologi”ni xazin ovozda o‘qiy boshladi:
– Meni o‘ldirdilar Shohimardonda
Yurtimning qonini tekin so‘rganlar.
Meni o‘ldirdilar, dorilzamonda
O‘zimning tilimda so‘ylab yurganlar…
– Qanday bebaho davrlar edi, – deya uning gapini og‘zidan oldi Pirriyev. – Sen o‘t-olov eding. Tezxotirligingga qoyil qolardik.
“Topor” bir zum to‘xtadi-da, kuldi:
– Esingdami, kechasi, uxlab yotganingda velik haydaganing?
Pirriyevning qo‘y ko‘zlari pirpiradi.
– Panjalaring orasiga qog‘oz qistirib, yoqib yuborgan edik. Haligacha eslasam, kulaman. “Velosped”ni rosa dodlab, baqirib-chaqirib haydagansan-da!
– Qo‘y shu gaplaringni.
– Ertasi kuni arazlab uyingga ketib qolganding. Lekin otang kechqurin yana dalaga olib kelib tashlagan.
– Bo‘ldi!
– Bo‘yni bo‘shgina bola eding. Endi savlatingdan ot hurkadi.
– Sen uchiga chiqqan bevosh, buzmakor eding. Tentak tomiring bir tutsa, tamom! Hamma yoqni tasira-tusur qivorarding.
– Kallam qurtday bo‘lgani bilan toshdan qattiq, – dedi endi O‘rinboy. – Haliyam mushtlashishni yaxshi ko‘raman.
–O‘lma! “Haliyam”ga nima bo‘pti. Qilichdaysan! Menga qara, – Sherjon do‘mpayib turgan biqinini silab qo‘ydi.
– Yaxshi xo‘roz semirmaydi.
– Buni endi tovuqlardan so‘rash kerak.
O‘g‘ri sharaqlab kuldi. Amaldor nochor jilmaydi.
– Qavzanib turgan oxuring zo‘r-da! – dedi O‘rinboy. – Darrov qorin boylab qopsan.
– O‘v! Kesatig‘ingni qo‘y! Alaming bormi yo?..
– Him, alam emish!..
Oraga cho‘kkan o‘ng‘aysiz jimlikni mezbon ko‘tara qoldi:
– Xo‘sh, qanday shamollar uchirdi? Avjing past. Qovog‘ing sira ochilgisi yo‘q.
Mehmon chakka sochlari oqara boshlagan boshini quyi soldi.
–Shunchaki, kallam aylanib kepqoldim, – dedi va ikki yuzi lovullab ketganini sezdi. – Yordaming kerak?
O‘rinboyning taajjubi oshganday bo‘ldi.
–Nima-a? Arkon davlat odami bizday, bechoralardan yordam so‘rab kelsa? Tavba-a! Ishonadigan gapni gapir.
–Kulma, iltimos.
–Kulib o‘libmanmi! Ming otli boyning yolg‘iz piyodagayam ishi tusharkan-da, a!..
–Kel, og‘ayni, kinoyani qo‘yaylik. Ja piyodagayam o‘xshamaysan!
–Xo‘p-xo‘p… Gapir. Qo‘limdan keladigan ish bo‘lsa…
O‘rinboy, hartugul, o‘zining narxini oshirmayotgan bo‘lsa-da, Sherzod og‘iz ochishga hamon iymanardi. Keyin ichida qo‘l siltadi. Gapning berdisini aytdi-qo‘ydi.
– Hamyoningda pul ko‘pmidi? Besh-o‘n ming bordir-a?
Amaldor yerga qaradi:
–Qo‘ysang-chi? Yuz so‘mcha.
–Maoshlaringga besh ketaman-da sanlarning, maoshlaringga-a!..
“Topor” suyanchig‘i baland qora kreslosiga o‘tib o‘tirar ekan, stoli ustidagi tugmachani bosdi.
–Taxminingcha, pulingni qayerda oldirgansan?
–Go‘sht rastasining atrofida.
Barzangilardan biri kirib, ostonada qotdi.
–Qassobxonada bugun timirskalanib yurgan kim?
Eshikbon ensasini siladi:
–“Supurgi” bo‘lsa kerak.
–O‘sha qanjiqni top-da, ayt. Yaxshilab tanib qo‘ysin: bu yigit – mening qadrdonim. Kim ranjitsa, kallasi ketadi. – “Topor” bilagidagi tasmasi qalin tilla soatiga ko‘z qirini tashladi. – Hamyoni o‘n besh minutdan keyin stolimda bo‘lsin!..
–Xo‘p bo‘ladi, xo‘jayin.
–Shunaqayam odobsizlik bo‘ladimi! – dedi mezbon ovozidagi istehzoni yashirmay. – Qadrdonimiz arkon davlatning baobro‘ a’yonlaridan bo‘lsa…
U choynakday keladigan qop-qora haykalchani Pirriyev tomonga burib qo‘ydi. Qanotlari-yu changalini keng yozib, o‘ljasiga dahshat solib tashlanayotgan bahaybat qarchig‘ay. Tumshug‘iday qayrilma, uzun, behad o‘tkir tirnoqlarigacha yaltirab ketgan qora. Changalining tagidagi so‘zlar tilladek tovlanib turardi: “Aquila non captat muscas”.
–Lotincha, shekilli?
–Ha. “Burgut pashsha ovlamaydi”.
Mehmon qoshini uchirib qo‘ydi.
Totli intiqlik boshlandi. “Topor” yana Pirriyevning qarshisiga o‘tirdi:
– Qaynonanang tuzukmi? Oliy sudga o‘tgan emish.
– Shukr, yaxshilar.
–Laqabini bilasanmi?
Pirriyevning ichidan qirindi o‘tib ketdi:
–Laqabiyam bormi?
–Bor-da. “Megajin”.
Kuyovning yuragini endi muz bosganday bo‘ldi.
–O‘zing-chi?” – dedi. Hammaning tilida – “Topor”- “Oybolta”.
O‘rinboy qovog‘ini soldi:
–Shu xotin sud qilgan odamning sho‘ri quriydi. Shahar sudidayam ishlagan, a?
Kuyov bosh irg‘adi.
“Topor” sud binosining podvalida ko‘zi tushgan bir yozuvni esladi. Kameraning beton devorida. O‘zi ko‘rmaganida, gapirib o‘tirmas ekan. “O‘lmay chiqsam, san, megajinning kallangni olaman!”
– Baraka topkur, qo‘y shu gaplaringni.
–Qo‘ysak, qo‘ydik-da. Gapimiz davlat amaldorlariga yoqmasligini yaxshi bilamiz. Unda, o‘zingga ma’qulidan gapir…
Pirriyev boshini quyi soldi. “Topor” jim turolmadi:
– Istasang, birorta universitetga rektor qip qo‘yay…
Bu gapni u xuddi ichimlikning ming xili bor, xohlasang, pivoyam quyib berishim mumkin, deb ko‘zini lo‘q qilib turgan mayxonachiday jo‘ngina aytdi-qo‘ydi.
Pirriyev dovdiradi:
– Obbo! Zo‘rsan-u! – Tiliga kelgani shu bo‘ldi.
Lekin bunday dalolatlarga ishonishga ko‘p shoshilma, dedi. Ichida.
–Hamyonimni topib bersang, katta yordaming o‘sha bo‘ladi, og‘ayni, – dedi va dili butkul siyoh tortdi: “Bugun rosa xosiyatsiz kun ekan”.
Pirriyevning nazarida, O‘rinboy beo‘y-betashvish o‘spirinlikdan unchalik uzoqlashib ketmagan. Asov otday. To hanuz ikki dunyo bir qadam. Zehni o‘tkir. Aqlli. Abjir. Tikka gapli. O‘ziga ishonchi baland. Juda baland. Shunga yarasha sipo-vazminligiyam bor. Shaytonga qo‘l bermaganida, hozir respublikada biror sohani so‘rab turgan bo‘lardi.
Xayal o‘tmay davangir hamyonni olib kirdi.
–Mana, – dedi O‘rinboy uni egasiga uzatar ekan, – pulingni sanab ol.
Pirriyev avval pulini chamalab ko‘rgan bo‘ldi. Jo‘rttaga. Ishxonasida qarsillagan, yangi pul beriladi. Hamyonidagi pullarning beli sindirilgan. Buklangan. G‘ijimlangan. Cho‘g‘iyam kamroqday. Sanamadi. So‘ng qizil guvohnomasini ochib ko‘rdi. O‘rinboy uni kulimsiragancha kuzatib turardi.
–Uch-to‘rt so‘ming kamroq bo‘lsa, ranjima. Tabarruk deb opqolgandir. Baxshish ham berish kerak-ku.
–Roziman. Haloli bo‘lsin!
–Pulingni sanamaysanmi?
–Qo‘yaver. Boriga baraka! Senga rahmat, og‘ayni!
–Oylik olguningcha yetadimi, ishqilib? Yo besh-o‘n ming beraymi?
U yonidagi tortmadan muhri buzilmagan bir dasta yuztalikni olib, Pirriyevning oldiga tashladi:
–Qo‘rqma, qarzga emas, yebketarga.
Pirriyev pastki labini qattiq tishladi va shosha-pisha yuzini teskari burdi:
–Esing joyidami? Buning nimasi?
–Qachongacha eski “Jiguli”da yurasan, Sher. Falon joyda ishlaysan. Endi durustroq mashina minishing kerak.
Bu gapdan Pirriyev qattiq hayratgan tushgan bo‘lsa-da, sezdirmadi. Faqat pulga yalt etib qarab qo‘ydi:
–Haddingdan oshma, bola.
–Mayli, – “Topor” pulni olib cho‘ntagiga soldi. – Tez orada songa kirib qolasan…
Pirriyev sobiq sinfdoshidan hayiqayotganini va tezroq siljish payiga tushib qolganini sezib turardi. Tengquri esa erkin. Tortinish yo‘q, istihola yo‘q. Go‘yo Sherjonni ishga qabul qilayotgan salobatli rahbardek, sinovchan nigohini uzay demaydi. Pirriyev uning oldida ojizu notovon mulozimga o‘xshab, mo‘ng‘ayib o‘tirganini his qildi. Unga havasi keldi.
–Erto‘la bo‘lsayam, joying shinamgina ekan, – dedi qo‘zg‘alar ekan.
–Partiya-hukumatimizga rahmat!
–Ja gapniyam olasan-da! – dedi amaldor rangi uchib.
–Bori-da. Parvardigor qolib, rahbarlarga hamdu sano aytmasang, kun ko‘rolmaysan. Yo gapim noto‘g‘rimi?
–Siyosatga til tegizmagan sen qoluvding.
–Hah, go‘lgina og‘aynim-a! Bu yolg‘onchi dunyo doim boylarning qo‘lida bo‘lgan.
–Avval qo‘lingdan topgan bo‘lsang, endi tilingdan topasan, bola.
Eshik tomon yurganlarida Pirriyev uzr so‘ragan bo‘ldi:
–Tirik odamning tashvishi tugamas ekan, oshna. Ish, o‘qish deganday. Sendan xabar ololmadim…
–Ko‘nglingga solganining o‘zi katta gap, – O‘rinboy uning yelkasiga qoqar ekan, boyagi bir dasta yuztalikni Pirriyevning cho‘ntagiga tiqib qo‘ydi. –Hayot o‘zi shunaqa, og‘ayni.
–O‘zimdan ortmay qoldim.
–Darvoqe, ertagamidi? – O‘rinboy maktabdoshining yag‘riniga bu safar qattiqroq qoqdi.
– Nima “ertaga”?
–Anavu megajinning yubileyini aytaman-da. So‘rab qo‘y. “Topor” tabriklab yubordi, deb aytolasanmi, ishqilib?
–Xo‘p-xo‘p, – ming‘irladi Pirriyev va qo‘shimcha qildi. – O‘zing tushunasan, O‘rinboy. Oramizdan o‘tgan gaplar shu yerda qolsin-a. Xo‘pmi?
–Qo‘rqma. Gapim – gap.
Qabulxonada sovuqda qolgandek qunishibgina o‘tirgan odam dik etib o‘rnidan turdi. Shlyapasini qo‘liga olib, O‘rinboyga yaltoqlanib salom berdi. Obbo! Uchqun Doliyev-ku! “Topor” unga burilib ham qaramadi. Mudirning salomga cho‘zilgan yumshoqqina qo‘li havoda muallaq qoldi.
Sherjon Pirriyev ham do‘kondorni ko‘rmaganga, tanimaganga oldi. Har ikki mulozimga shunisi – tanimaslikka olingani ma’qul edi. Bir amaldor lip etib tashqariladi. Boshqasi qabulxonada qoldi.
“Guliston” jurnali, 2022 yil 6-son.