Yurak xastaliklari bo‘limidan “terapiya” tomon o‘tib borayotgan Eshdavlatovni kimdir chaqirganday bo‘ldi. To‘xtadi. Malol keldi.
Tibbiyot ahlining dalolat qilishicha, ikki kuragining o‘rtasidan “tuz koni ochilgan”. Ana kashfiyot! Ellik yildan beri qo‘li qalamdan og‘ir narsa ko‘tarmagan zahmatkash muharrirning xo‘kkaygan yelkasiga tuz emas, nuqra yig‘ilsinmi? Endi shu “boylik”ni eritishning yagona yo‘li – obi-tobida uqalashu marvaridli vanna emish. Bugun – “kon”ni istifoda etishga shiddat bilan kirishilganining ikkinchi kuni.
Irg‘ay hassaday ingichka va tep-tekis Gulsara xonimning qo‘llari omburday. Erkak zotida qasdi bormi nima balo, yelkasini avval shudgorning kesagini ezganday molalab, keyin xamirday qilib qorib tashlaydi. Ayol kishining bunday “erkalashlari”dan keyin fil ham o‘rnidan turolmay qolishi tayin. Ammo yetmishni qoralab borayotgan Eshdavlatov torgina katdan dadil tushadi va gandiraklayotganini sezdirmaslikka tirishganicha, vannaxonaga yetib boradi. So‘ng obzanning iliqqina suvida cho‘zilib, nos otgan kashandaday so‘ljayishini ko‘ring.
Shu topda yanayam bo‘shashib, tizzalari bukilib ketayotir. Egnidagi paxmoq xalat, xotini paxta kalavadan to‘qib bergan taqya tanasiga toshday osilib turgan payt. Tezroq palatasiga yetsa-yu o‘zini karavotga tappa tashlasa.
– To‘ychi aka!
U orqasiga burildi. O‘girilmadi. Butun gavdasi bilan burildi. Kiftiniyu bo‘ynini “olov kuydirayotgan” odam qanday o‘girilsin? U yoq-bu yoqqa alangladi: “Qaysi ukaginam meni sog‘indi ekan?” Hech zog‘ yo‘q. Qulog‘im shang‘illadi, shekilli, deb o‘yladi. Yaltiragan parket uzra manzil-makoni sari ikki odim tashlashi bilan yana o‘sha sas keldi. Xasta-horg‘in odamning ovozi:
– Burchakdaman, aka.
Eshdavlatov xalta ko‘chaga kirib qolgan mashinaday ortiga tislandi. Kunjakdagi ochiq turgan eshik. Oppoq ko‘rpadan qo‘lini chiqarib yotgan ozg‘in yigit. Bilagiga naychadan dori tomib turibdi. Ko‘zlari, yuzlari issiq ko‘rinadi. Eslay olmadi. “Tuz koni” ning ishi – xotirasi susaygan.
Har qalay, hol-ahvol so‘rashgunlaricha suroblab oldi: o‘zimizning eski tanish, Sobit-ku! Shifoxonaga tushganiga olti oydan oshibdi.
– Olti o-oy? – Eshdavlatovning dilida paydo bo‘lgan taajjub tilidan chiqib ketdi. – Tinchlikmi? Nima bo‘ldi, ukajon?
Uka bo‘lmish siniq jilmaydi:
– Iltimos, aka, bir soatlardan keyin hovlidagi ayvonchaga chiqing. Gurunglaringizni sog‘inib ketdim!
Sobit – san’atshunos. Ilmiy tadqiqot institutida bo‘lim mudiri. Jurnalga maqola ko‘tarib kelsa, qaymoqlashib qolishadi. Chetdan qaraganda, daqqiroq, jo‘nroq, hatto nimg‘irmaroqday. Yuzida za’faronlikka moyil nedir bor. Lekin ikki og‘iz gaplashganingizdan keyin oldingizdan shunday bir go‘zal olam ochiladi. Entikib ketasiz. Gurungchi. Ko‘nglida kiri yo‘q. O‘qimagan kitobi, ko‘rmagan filmi, tomosha qilmagan spektakli yo‘q bo‘lsa kerak, deb o‘ylaysiz.
Choyxo‘r. Qahvaga novvot solib ichishni Eshdavlatov o‘rgatgan: “Yurak to‘qimalarini choponday qilib qavib tashlaydi!” Qalami o‘tkir. Teatrda sahnalashtirilgan odmiroq pesani ham, hay-haylamasangiz, olamshumul voqeaga aylantirib yuborishi mumkin. Xudo ehtirosu hayajondan qarashgan. Qizi borlar, qani endi kuyovimiz Sobitjonday palagi toza yigit bo‘lsa, deydi. Besadoq yigitlarning otalari o‘g‘li Sobitboyday aqlli va omadli chiqmaganidan anduhda.
Eshdavlatov uning etdor va dag‘al kaftiga qarab, hovlida tursa kerak, deb taxmin qilardi. Ketmon bilan yer chopib, loy qorib, yana ekin-tikin qilib yurgan odamning qo‘li. Yo‘q, keyin bilsa – “qarorgohi” ko‘p qavatli uyning ikkinchi qavatidagi kvartirada ekan. “Tosh-posh ko‘tarib turasizmi?” deb so‘rasa, turnik bilan futbolga ishqi tushganini aytgan.
Hut yomg‘iri tunlarni kunlarga ulayotgan damlar. Salqin. Quyosh kulib turganiga qaramay, o‘qtin-o‘qtin esib qolayotgan shabadada qorning zahri bor. Bunday kezlarda Abdulla Oripovning qalamidan ma’yus satrlar to‘kilgan: “Bahor kunlarida kuzning havosi”.
Sobit to‘qson yoshli cholday qiyshayib-mayishayib, inqillab-sinqillab chiqib keldi. Qoqsuyak yelkasida xalatnusxa qora palto, bo‘ynida qizil sharf. Oyog‘ida yaltiragan qora kalish. Ne-ne qiz-juvonlarning ko‘zini o‘ynatgan navqironning o‘zi yo‘q, bemajolu beumid soyasi…
Bog‘-hovlidagi ayvonning taroqi kursisiga cho‘kib, yelkasini suyanchiqqa tashlar ekan, uzoq-uzoqlardan yugurib kelgan marafonchiday hansirardi.
– Ko‘rmaysizmi, aka, – dedi. – Kasal kun bermay qo‘ydi!
–Qo‘ying, ukam, injimang, – dedi Eshdavlatov va gapni hazilga burdi. –Zerikib qolmaslik uchun yoshlikda tumovrab ham turish kerak.
Boshqa nima desin? Termosining tarkashi – g‘ilofidan ikkita bejirimgina chinni bordoq chiqarib, qaynoq choy uzatdi. Baldoqli bordoqni avaylab kaftlari orasiga olgan bemor undan yutoqib ho‘pladi.
–Shunday ishlaringizga borman-da, ustoz! – dedi yayrab. – Choy ko‘tarib chiqqaningizni qarang. Tanglayim tushmagur tez quriydi.
Eshdavlatov sezdi, ajal sharpasi yigitning ixtiyorini olib qo‘ygan. Mungdoshga tashna. Tezroq yorilsayu, yengil tortsa. Yorildi.
–Otam, ikki amakim, ammam – birortasi yoshini yashab, oshini oshamagan, – dedi Sobit chuqur xo‘rsinar ekan. Eshdavlatov uning otasini – “O‘rol Tansiqboyevning shogirdiman”, deb yuradigan sersalom rassomni bir paytlar yaxshi tanirdi. Bundan chiqadi, sho‘rlik musavvir qirq beshgayam kirmagan.
Jigarlari bilan birin-ketin bu olamni tark etib, o‘smir o‘g‘liga xavotiru hadikni tashlab ketgan. Shu-shu Sobit ertalab bosinqirab uyg‘onadi va kun bo‘yi ko‘ngli xira tortib yuradi. Ko‘p narsadan parhezlanib, o‘zini avaylab yashaydi. Ichish, chekishdan yiroq. Najotni sportdan izlagan. Har yili do‘xtirlarga obdon ko‘ringan. Lekin biror marta yuragidan nuqson topilmagan. Biror marta! “Otdaysiz!” degan gapdan ko‘ngli to‘q, vaqti xush. Vahima degan balo go‘yo chekingan.
O‘tgan kuzning adog‘ida ishdan ertaroq chiqib, futbolsevar tengqurlar odatdagidek atrofi sim to‘r bilan baland o‘ralgan chog‘roq stadionda yig‘iladilar. Maydonga tushganlarida, stadion xo‘jayini uzrxohlik qiladi: “Okalar, aybga buyurmaysilar. Bugun musobaqamiz bor”.
Yigitlar boshqa joyda o‘yinni davom ettirishga kelishadilar. Mashinaga o‘tirib, o‘n metrcha yurar-yurmasidan Sobit go‘yo shiddat bilan kelayotgan “buldozerning tagiga kirib ketganday bo‘ladi”. Ko‘kragi aralash qornida, yelkasida, jag‘ida – butun tanasida azobi beqiyos og‘riq turadi. To‘lg‘oq tutgan ayollar shunday azob cheksa, ehtimol. U yonidagi telefonini haydovchi jo‘rasiga uzatadi: “Dadushga ayt, Dadushga!”
– Dadush bilan bir sinfda o‘qiganmiz, – deb izoh beradi u endi Eshdavlatovga. – Balki ko‘zingiz tushgandir, shu kasalxonaning bosh vrachi.
Eshdavlatov bosh irg‘aydi: taniyman.
Davron-Dadush shofyor bo‘lmishga buyuradiki, to‘g‘ri kasalxonaga hayda. Aytaman, kutib olishadi. O‘zim bir pasda yetib boraman.
Ko‘ksidagi og‘riq kuchayib, bemorni sovuq ter bosadi. Ko‘ngli ayniy boshlaydi. Xayolida bir gap: “Tamom bo‘ldim!” Ko‘zini ocholmaydi. Ochsa, atrof chirillab aylanadi.
Har qalay, kutib turishgan ekan. Mashinadan avaylab tushirib, zambilaravaga chalqancha yotqizishayotganida…
– Bilasizmi, nima bo‘ldi? – deb so‘radi Sobit.
Labini chirt qimtigancha bemorga jim tikilib turgan Eshdavlatov tumansigan ko‘zoynagi ortida kipriklari pir-pirayotganini sezadi. Javobini xastaning o‘zi aytadi:
– Oxirgi marta osmonga qaragim keldi, aka. Tip-tiniq moviy osmonni yana ko‘ramanmi-yo‘qmi, deb o‘ylagan bo‘lsam kerak. Boya stadionning ustida yengilgina suzib yurgan oq bulutlar bir pasda qontalash – qizil rangga kirgandi. Xuddi teatr sahnasidagi chiroqni kimdir qiziliga almashtirib qo‘yganday. Faqat tomoshabinning ko‘ngliga g‘ulg‘ula soladigan jarangos musiqa yo‘q. Tavba, shularning hammasi yodimda qolganini qarang, To‘ychi aka. Mayda-chuydasigacha. Hammasi!..
Kasalxonada uning dimog‘iga qandaydir dori hidlatishadi. Yuragini tekshirishadi. Chopa chopda erkak kishining: “Obshirnыy infarkt”, degan hukmi Sobitning qulog‘iga chalinadi. Demak, yuragim darz ketibdi, deb o‘ylaydi xasta. Darz katta. “Obshirnыy”!
Tomiridan qandaydir dori yuborishadi. Nina sanchgan odam avval xamirni ko‘pchitmoqchi bo‘lganday, bilagiga qo‘lining uchi bilan ikki-uch marta uradi. Ishqalaydi. Barmoqlarining muloyimligidan, taftidan sezadiki, ayol kishi. Bemorning nafas olishi qiyinlasha boshlaydi. Go‘yo ko‘kragiga bir qop un tashlab qo‘yilganday. Uzoq-uzoqlardan erkak kishining hovliqib hayqirgani eshitiladi: “Puls! U nego puls propal!..”
Chap ko‘kragiga dazmolday og‘ir, muzday sovuq narsa qo‘yilganini sezishga ulgurib-ulgurmaydi. Butun gavdasi bilan ko‘tarilib tushadi. Go‘yo tanasini pichoq tilkalab o‘tadi. Boyagi erkak endi o‘zbekchalab hayqiradi: “Yana!.. Yana bir marta!”
Og‘riqni his qilishga ham holi qolmagan Sobit tag‘in ko‘tarilib tushadi. Oyog‘idan boshlangan muz vujudiga yoyilib boraveradi. Dimog‘iga epkin urilganday bo‘ladi. Kislorod yuboradigan niqob! O‘zicha yengil tortib, to‘yib-to‘yib nafas olish ilinjida jonining boricha kuchanadi. Qani endi o‘pkasiga havo kirsa. Ko‘kragini ko‘tara olsa!
– Bu yigit televizorda chiqib turadigan anavu olim bola emasmi? – deydi ovozi dag‘al ayol.
– O‘sha, – javob qiladi ovozi mayinrog‘i. – “Sahna sirlari” ko‘rsatuvini olib boradigan chiroyli yigit.
Birdan jimlik cho‘kadi. Bemor tushunolmaydi: menga shunday tuyulyapti, chog‘i, deb o‘ylaydi. Lekin tepasida uch-to‘rt kishi unga qarab, kuzatib turganini sezadi.
– Bo‘ldi, – deydi ovozi noxush ayol. – Foydasi yo‘q. Joni uzildi.
“Nima?! – Sobit jon-jahdi bilan o‘rnidan turmoqchi bo‘lib baqiradi. – Jonim uzilgani yo‘q! Men tirikman! Tirikma-an deyapman!”
O‘zini tubsiz quduqqa otib yuborilganday sezadi. Ko‘zi ochig‘u, hech narsani ilg‘amaydi. Ko‘rmaydi. Zulmat. Go‘yo rostu ro‘yo o‘rtasida muallaq qolgan. Loshi – karavotda, ruhi – ko‘kda. Zor qaqshab chirqillaydi.
“Qayoqqa shoshyapsilar! – deb baqiradi. – Kasalni tashlab, to‘yga ketasilarmi?! Satta berahim!..”
Lekin ovozi chiqmayotganini, unga biri achinib, boshqasi beparvo qarab turgan odamlar sezmayotganini anglaydi. Ajabki, Sobitga ularning xo‘rsingani, hatto nafas olishigacha eshitilib turadi. Bemor karavotning kanoriga ikki qo‘li bilan gursillatib uradi. Tinimsiz tepinadi. O‘zini u yoqdan – bu yoqqa tashlaydi. Boshini buradi. Silkitadi. Ayiqday o‘kiradi.
– Boyaqish, yosh ketdi, – deydi ovozi muloyim ayol. – Hali yashasa bo‘lardi… Kiyim-boshiga qaraganda, stadiondan opkelishgan.
Bu gaplarni eshitib Sobitning ko‘zlaridan yosh otiladi: “Men tirikman, opajon! Tirikman deyapman! O‘lganim yo‘q! O‘tinaman, tashlab ketmanglar!..”
Kimdir uning qovoqlarini navbati bilan ochib ko‘radi. Bemor qorachiqlari ochilganini sezadi-yu, hech narsani ko‘rmaydi. Ko‘rolmaydi.
– Bo‘pti, – deydi keyin erkak kishi. – Qo‘limizdan kelganini qildik. Nima ham derdik… Allohning irodasi.
Sobit baqirishdan to‘xtamaydi. Tomoqlari qaqrab, ovozi chiqmay qolgunicha baqiraveradi.
Eshikning g‘iyqillagani eshitiladi. Chamasi, vrachu hamshiralar birin-ketin chiqib keta boshlaydi. Bemorning silkinib-silkinib, o‘ksinib-o‘ksinib yig‘layotganini hech kim eshitmaydi. Eshitishni istamaydi. Qirq beshgayam yetmadim, deb o‘ksinadi yigit. Demak, endi qizim ham, qizimning farzandlari ham o‘zimday juvonmarg ketadi!
Unga alam qiladi. Sobitday navqiron yigit mana shunday, dov yo‘q, g‘ov yo‘q, jon taslim qilib ketaveradimi? Hayot shunchalar ma’nisiz, jo‘n narsami? Ajalning kelishi, insonning nobud bo‘lishi shunchalar osonmi? Oson ekan-da!.. Senday sho‘rlik bilan bu bevafo dunyoda kimning qanchalik ishi bor?
Padarini eslaydi. Otasi ham shu bemorxonada, shu palatada jon bergan. Patologanatom vrach uning to‘shini yorib, chala-chulpa tikib qo‘ygan jasadini murdaxonadan olib ketishgani yodida. Navbat endi o‘ziga – Sobitga kelibdi. Birpasdan keyin soch-soqoli patakdan battar, og‘zida tishi qolmagan, irkit chol – murdasho‘y keladi. Mayitning oyog‘i uchiga kanop ip o‘tkazilgan bir parcha karton qog‘ozni – o‘limtik raqamini bog‘laydi. U yog‘i – sovuqdan-sovuq murdaxona. Yig‘i-sig‘i. Ota-onasining yoniga qo‘yishadi. Suyak egasi – yig‘layverib ko‘zlari qizarib, qovoqlari shishib ketgan o‘n ikki yoshli mo‘rtgina qizi Sobitning izidan bo‘zlab qoladi. Shugina go‘dakka qiyin bo‘ladi. O‘g‘il bola bo‘lsayam mayli edi. Keyin marhumni kim eslaydi? Janjalga bahona topolmay yurgan do‘zanda xotinimi?
Otasining janozasidan so‘ng qavmu qarindoshi, hamkasblari, tanish-bilishlari – hamma o‘z tashvishi bilan o‘zi andarmon bo‘lib ketgan. Yolg‘iz ona yetim o‘g‘li bilan huvillagan uyda zor qaqshab qolavergan. Ko‘pning boshini biriktirib, yo‘qlab turadigan jonsarak odam endi yo‘q. Birov birovga burilib qaramaydi. Avlod-ajdodining peshonasiga bitilgani shu ekan-da…
* * *
Kimdir tomoq qirganday bo‘ldi. Ikkalasi baravar o‘girildi. Oq xalati barvasta qomatiga yarashib tushgan, chehrasi ochiq yigit – Dadush ayvonchaga qarab kelardi.
– Ustoz-shogird topishib oldik, – dedi Sobit. – Gurunglashib o‘tiribmiz.
Tanishtirgan bo‘ldi: Davron Valiyevich – bosh vrach. To‘ychi aka – ustozim.
– Taniyman, taniyman, – dedi Davron-Dadush va kuldi. – Domlajon, Gulsara opa sizni qiynab qo‘ymayaptilarmi?
– Toqqa chiqmasak, do‘lana qayda.
Vrach mamnun jilmayar ekan, sobiq sinfdoshiga tashvishlanib qaradi:
– Hamshira ko‘rinmaydi? Birga chiqmadimi?
Bemor bosh irg‘adi: “Tinch qo‘y, shu bechoralarni. Shukr, ancha tetikman. Xavotir olma”.
– Ehtiyot bo‘l. Tag‘in o‘zingni urintirib qo‘yma.
* * *
Dadush ketganidan keyin u Eshdavlatovga qaradi:
– Juda oqibatli yigit. Shu bo‘lmaganida allaqachon o‘lib ketardim! Hozir yerning tagida, qurt-qumursqalarga yem bo‘lib yotardim. Qabrimdan chechaklar unib chiqardi.
– Obbo! Qo‘ying, shu gaplarni. Xudo saqlasin… Birov birovga sababchi bo‘ladi.
Jonlantirish bo‘limi shifokorlari palatani tark etganidan keyin umidi butkul uzilganini esladi.
– Birdan Xudo esimga tushib ketdi! – deydi endi Sobit. – Oh, To‘ychi aka! Bu olamda Allohni tanish naqadar katta baxt ekan! Iltijo qilganim sari yengil tortib boraverdim. Yengil tortganim sari zori tavallom, ixlosim oshaverdi! Parvardigorimga, tavba qildim! Bilib-bilmay qilgan gunohlarimni O‘zing kechir! O‘zing rahm qil! Ko‘zimning oqu qorasiga rahm qil! Men yetimlikda o‘ksinib o‘sdim! Onajonim kun ko‘rmadi!.. Yaratganga yukinib yotsam, xoh ishoning, xoh ishonmang, mo‘jiza ro‘y berdi!
– Kelinglar, yana bir marta urinib ko‘raylik, — deb qolsami kimdir. Hamma tapir-tupur iziga qaytgandi. Darhol tanidim: gapirgan Dadush! O‘zimning qadrdonim, jon do‘stim Dadushjon yetib kelgandi.
– Bizdan nima ketdi, – dedi Dadush. – Yana bir marta urinib ko‘raylik. Zora, kunidan qolgan bo‘lsa!..
Tillaringdan aylanay, Dadush! Yotgan joyimda “Lazgi”ga tushib ketishimga sal qoldi. Parvardigor ohimni eshitdi! Tarahhum ayladi! Tarahhum! O‘zingga shukr! O‘zingga shukr, Allohim!
Sobitning ko‘ksiga yana “dazmol” bosishadi. Yana ayovsiz og‘riq a’zoyi badanini tilkalab o‘tadi. Mayli, og‘risin! Azoblasin! Jon ato etsa bo‘lgani!
– Sobit, men shu yerdaman, oshna! – deb hayqiradi endi bosh shifokor. – Qo‘rqma, men yetib keldim!.. Qaranglar, qaranglar! Yuragi ura boshladi! Bo‘shashma, oshna, bo‘shashma! Nafas ol! Chuqurroq nafas ol!..
– Aylanibgina ketay, Yaratgan Egam! – deb yolvorishga tushadi ovozi muloyim ayol. – Shugina ukamizning jonginasini qaytarib ber! Sho‘rlikkinaning jonginasini qaytarib ber! Bola-chaqasining peshonasiga qaytarib ber!..
Opam yo‘q, deb o‘ksinib yurgan bemorning endi ko‘zlaridan quvonch yoshlari otiladi! Bag‘rini ezib yotgan zilday qopni kimdir olib tashlaganday bo‘ladi.
– Nafas olyapti! – deb hayqiradi ovozi do‘rillagan ayol. – Allohimning dargohi keng!..
* * *
Ertasi kuni u ko‘zini ochganida tepasida Dadushni ko‘radi. Chovut solgan ajalga chap bergan go‘yo bemor emas, do‘xtirning o‘ziday – og‘zi qulog‘ida.
– Ko‘ngling to‘q bo‘lsin, oshna, – deydi u qurdoshining boshini silab. – Kecha Allohimiz senga yana qirq besh yil umr qo‘shib berdi! Qirq besh yil! Endi kamida to‘qsonga kirasan!
“Omin!” deydi ichida bemor. Umid uyg‘onadi: demak, dardim o‘tkinchi. Qo‘rqmasam bo‘ladi. Yonimda Dadush bor! Qani endi o‘rningdan turolsangu xaloskorlaringni birma-bir bag‘ringga bossang. Poylarida tiz cho‘kib, qo‘llaridan o‘psang!..
So‘ng uni Respublika kardiologiya markaziga o‘tkazishib, jarrohlar qo‘liga topshirishadi. Markazda bir oycha yotganidan keyin uyiga javob beriladi.
Sobit termosga qaradi. Eshdavlatov uzatgan choyni yana huzurlanib ichdi.
– Uyimga kirib, etigimni yechish uchun engashganimda yana mazam qochdi, – dedi u. – Bo‘sag‘amda yiqildim.
Iziga qaytarib kelishadi. Yorug‘ olamni yana ikki oy derazadan tomosha qiladi. Qizchasini, uyini, xotinini sog‘inadi! O‘ynab-kulib yurgan damlarini qo‘msaydi. O‘zining joni ko‘ziga ko‘rinmaydi. Yana uyiga javob so‘rab, yalinadi. Shifokorlarning rahmi keladimi yo tuzukroq bo‘lib qolganmikin, ishqilib, rozilik beradilar. Tag‘in xastalik xuruji. “Tez yordam” olib kelgan yigit ko‘zini endi bu yerda, Dadushning oldida ochadi.
– Shundan beri… Mana, yotibman. Kuyovga chiqolmagan shumshuk qizday. Yaxshiyam, Dadush bor ekan…
Eshdavlatov yerga qaradi. Angladiki, bemorni yo‘qlab keluvchilarning oyog‘i uzilgan. Yonida birgina Dadush qolgan. Dadushga esa ayon, Sobit kunjakdagi palatani tark etgan kuni o‘ladi!
* * *
Bemor qo‘lidagi choyni oxirigacha ichdi. Eshdavlatov gurung uzilib qolishidan cho‘chib turgandi. Yo‘q, yana o‘sha mahzun o‘zanida davom etdi. Endi mungdoshi o‘zi bilan o‘zi gaplashayotganga o‘xshardi. Yurakni ezadigan uzundan-uzoq kechalarda derazadan faqat oyga qarab yotadi. Yangi oy chumak nildaygina bo‘lib ko‘rinadi. Ko‘rinadi-yu, sovuq yegan qizchaday tezda pastga tushib ketadi. So‘ng kunning ko‘pi bilan oltin rangga kirib, to‘lishib, chiroy ochib boraveradi. Xo‘rligingiz keladi!..
Kecha oqshom oy ko‘rinmadi. Ko‘kdan deraza raxidagi tunukaga tinimsiz nuqra sochilib turdi. Ertalab shifoxona ravzasi uch kunlik kelinchakday yashnab ketganini ko‘rib, Sobit huzur qilib kerishganini bilmay qoladi. Yana bir tunning tuzog‘idan omon chiqqanidan quvonadi.
Xiyol o‘tmay arzanda quvonch eski qayg‘uga joyini boy beradi. Qaytanga, o‘sha noyabr oyida “ketvorganim” durust bo‘larkan, deb o‘ylaydi yigit. Uqubatga aylangan umrimdan necha kun qoldi, bilmayman. Baribir boshim kasaldan chiqmaydi. Meni deb qancha odam ovora. Qancha xarajat. Qancha tashvish. Sezadi: aslida hammaning umidi uzilgan. Kutyapti. O‘lishini kutyapti. Lekin o‘lib – o‘lmasang, tirilib yashamasang – qiyin.
– Ro‘zg‘or qalay? – deya so‘raydi Eshdavlatov. – Uy ichingiz tinch-omonmi? Qiynalib qolmadinglarmi?
– Qiynalib-ku qolganimiz yo‘q… – Ko‘ngli vayron yigitning ovozidagi titroq hiqqillagan yig‘iga aylanadi. – Keliningiz qizimni olib, onasinikiga imi-jimida ketib qolgan. Telefon qilsam, olmaydi. Bugun yigirma olti kun bo‘ldi. To‘g‘ri-da. Endi meni boshiga uradimi…
Eshdavlatov tilini tishladi. Bu g‘aribu notavonga qanday taskin-tasalli berishni bilmas, o‘zining ham ichi iztirobga to‘lib bo‘lgan edi. Odam o‘zi aytadigan arzon-garov gaplariga o‘zi ishonmasa, tilini tiygani durust.
– To‘ychi aka, sizga yana bir gap aytaymi?
– Ayting, Sobitjon, ayting. Qisinmang.
– Juda charchadim. To‘yib ketdim! Xonamda holi qolganimda uch-to‘rt marta o‘tirib tursam, bas. Qiya tortaman-ketaman. Osongina!.. Hamma qutiladi.
Ikkisi ham go‘yo tildan qoldi.
– Xastalik yugurib keladi-yu, sudralib ketadi, – dedi nihoyat Eshdavlatov bisotidan taskinbop so‘z chiqib qolganidan quvonib.–Har ishda sabr kerak, uka. Shoshmay turing, hali ko‘rmaganday bo‘pketasiz!..
Shunday dedi-yu diliga asov bir g‘ulg‘ula tushganini anglay boshladi. Sobitni xonasigacha kuzatib qo‘yib, iziga – boqqa qaytdi. O‘y o‘ylaging kelganida yolg‘izlikdan yaxshi xalfa bormi?
* * *
Bu kuniga gapni Eshdavlatov o‘zi boshladi. Asablaringiz doim tarang, dedi. Umidingiz bargday uzilgan. Bunday ahvolda soppa-sog‘ odam ham cho‘zilib qoladi. Aslan olganda, bebaqo dunyoda yuragi butun odam bormi, o‘zi? Ko‘rganmisiz? Yo‘q. Ko‘rmaysiz ham. Hamma dard kamyurimlikdan…
Avji zo‘rroq keldimi yo butkul havolanib ketdimi, ishqilib, gapdan gap chiqib, so‘zining kavshariga boshidan o‘tgan voqeani aytib yubordi. Dediki, ana, xolangiz, ya’ni bizning xotinposhsho, besh-olti yil avval o‘mganini ko‘tarolmay, emaklab qolgan edi. Yuragi qattiq darz ketgan. “Obshirnыy”! Eshik-oradan qadami uzilganini ko‘rib, bitta-yarim qarindoshlar tahlikaga tushib qolganini aytmaysizmi: “Falonchi aya ana ketdi-mana ketdi bo‘pyotibdi. O‘lib-netib qolmasidan to‘yimizni tezroq o‘tkazib yuboraylik”.
Ayasi qurmag‘ur, qasdma qasdiga joyidan turib ketsa, deng! Sizga yolg‘on, menga chin. Hozir ertalab shaharni bir aylanib chiqadi. Oyog‘ida krossovka. Boshida oq ro‘mol. Aytgancha, shu holiga u kishim Hajgayam borib keldilar. Kampirsho lo‘mbillab yo‘lga tushsa, quvib yetolmaysiz. “Ne-ne orzu-umidlarim bor edi, onasi, deb hazillashadi endi Eshdavlatov. Do‘xtirligingga borib, tuzalding-ketding!” Xotini xino qo‘yilgan mushtini yolg‘ondakam do‘laytiradi: “Ajab bo‘pti! Birovga berib qo‘yadigan boyim yo‘q!” Eshdavlatov esa ko‘zgu oldida silliq sochlarini tarar ekan, javob qiladi: “Ukkag‘arning qizi, erdan solgan ekan senga. Qaytanga, qariganingda quturding!”
Sobit kuldi. Bu uning yotib qolganidan beri birinchi marta qiqirlab kulishi bo‘lsa kerak.
– Rostan-a? – dedi ishonqiramay.
– Ha-da! – dedi oqsoqol. – Shundan qiyos olavering. Siz ham dardga bo‘yin bermang, uka. Bo‘lar ish bo‘libdi. Hammasini yaxshilikka yo‘ying. Tushkunlikning dumini tuging. Shunday tugungki, qaytib qorasini ko‘rsatmasin!
Sobit suhbatdoshiga qaradi. Kirtaygan ko‘zlarida ham ajablanish, ham umid, ham iltijo. Salqi tortgan pajmurda yuzi yorishib ketgan: “Qanday, To‘ychi aka? Yo‘li bormi?”
To‘ychi akasi o‘rnidan shaxdam turadi va so‘raydi:
– Yurak xurujidan keyin atak-chechak yurishni necha qadamdan boshlagansiz, Sobitjon?
– Ikki-uch qadamdan.
– Bugun bu yergacha necha qadam bosib keldingiz?
– Bilmadim. Yuzta chiqar.
– Balli! Kamida yuz qadam yurgan yigitga ikki yuz cho‘t bo‘ptimi! Demak, gap bunday, inim. Men sizni shatakka olaman. Yuramiz! – Eshdavlatov qaddini biland ko‘taradi va xitob qildi: – Har bir qadam, har bir qarich yer uchun birgalikda jangga kiramiz!..
Zavqi oshib, tantanavor takrorlaydi:
– Birgalikda jangga kirurmiz va ofiyat qal’asin ishg‘ol qilurmiz!
Sobit sharob ichmay mast bo‘lgan odamday shodlanadi:
– Roziman, aka!
Eshdavlatov endi go‘yo sahnadagi donishmand Shukur Burxonga aylanadi. Ovozi guldirab ketadi:
– Balli, yigitning guli, balli! Ukol-doridan tuzalsa, yer yuzida na bemor qolardi, na kasallik. Sizning shifoingiz, ukam, oyog‘ingizda. Botqoqdagi filni faqat fil qutqara oladi!
Uning qo‘ltig‘idan oladi. Yuring, deydi, hoziroq bosdik!
– Keling, ertadan boshlay qolaylik. Iltimos!
– Ertadani nimasi? Hozir boshlaymiz.
– Didim qochib qolgan-da.
– Didingizga ayting, qaytib kelsin! Sekin-asta-a, ko‘nglingizni butkul tindiri-ib qadam tashlang. Yaxshi narsalarni o‘ylang. Bukchaymang. Qaddingizni ming qo‘yli boylarday g‘oz tuting, lekin g‘ag‘alashingiz shart emas!
Gangur-gungur gurung. Hangoma. Bog‘ kezadilar. Ertalab, ba’zan peshinu kechqurun ham. Boshida yigirma qadamdan qo‘shdilar. Bora-bora qo‘shilma ellikka, yuzga chiqadi. Hamrohi toliqqanday bo‘lsa, Eshdavlatov azza-bazza uyidan opkeltirib, yelkasiga osib olgani – buklama kursini ochadi: “Marhamat, o‘tiring!”
Sokin bog‘ nastarin iforiga to‘lgan. Tuni bilan yomg‘irda cho‘milib chiqqan yam-yashil daraxtlarga, maysa hidi anqib turgan ko‘kalamzorga qarab to‘ymaysiz. Qaldirg‘ochlar vijirlagan. Olmaxonlar shoxdan shoxga sakragan. Ko‘klam quyoshi mayin nurlarini olam uzra sahiyona sochgan. Yurishni aytasiz, qanot bog‘lab uchgingiz keladi! To‘rt yuz metr belgisi qo‘yilgan so‘lim yo‘lakning adog‘iga yetib, tin olmasdan ortlariga qaytgan kuni shogird ustozining baquvvat bilagiga mahkam yopishadi: “Shamolingiz soz keldi, aka!”
Eshdavlatov aytadiki, to‘g‘ri, Sobitjon, soz keldi. Yaratganga yoqqan nedir fazilatingiz bor ekanki, hutning shamoli chehrangizni ochdi. Bahri-dili ochilib ketgan bemor hayratini yashirolmaydi. Ishtahamni ayting, ustoz, ishtahamni! Ajabtovurgina bo‘pqoldi! Ilgari uch yoshli bola bir o‘tirishda paqqos tushiradigan yemakni uch kun cho‘qilardim. Uyquginalarim mayinlashgani-chi! Oh, vahimali o‘y-xayollar ichimni yeb yotuvdi. Hammasidan alahsidim-a!
Eshdavlatov uni ikki kuncha suyagan bo‘lib, keyin o‘ziga qo‘yib berdi. Bir-biriga esh bo‘lib qadam tashlayverdilar. Esh yurishlari hammaning og‘zida. Yon-atrofdan o‘tgan-qaytgan borki, tetapoya qila boshlagan “ikki go‘dakka” ko‘zi tushsa, qo‘lini xurram silkiydi. Tahsin-tasanno aytgan kabi mehri tovlanib, yorug‘ tabassum bilan salom beradi. Ular ham javoban qo‘llarini shodmon silkiydilar. Silkir ekanlar, ko‘hna kasaldan forig‘lanib, bu yorug‘ olamdan nuru quvvat olayotganday bo‘ladilar. Ruhlari ravshan tortib, yurishlari dadillashayotganini, nafas olishlari ravonlashib, o‘mganlari ko‘tarilib borayotganini sezadilar. Sezganlari sari zavqlari oshib, qadamlari yengillashaveradi…
* * *
Eshdavlatov, muolijasi yakuniga yetgach, Gulsara xonimga chin ixlos bilan minnatdorlik bildirar ekan, ta’zim-tavozeni-da unutmadi. “Tuz koni” tozalangan, qariyaning qirtillab yotgan umurtqalariga moylangan oshiq-moshiqlarning endi havasi kelardi.
Bemor qavmining ayni iltifotiga ko‘nikmagan chog‘i, Gulsara xonim iyib ketdilar: “Iloyo, boshingiz gard, taningiz dard ko‘rmasin, domlajon! Molu davlatingiz ziyoda bo‘lsin!”
Bunday shirin tilaklardan, ayniqsa, erka nigohu baxmalday muloyim ovozdan “domlajon”ning xayoli qochadi. Yodiga G‘afur G‘ulomning “Shum bola”sidagi qalandarboshi tushadi: “Boshqa yerlarda bu duoga bitta ot berar ekan”.
Inchunin, Eshdavlatov ham nazri niyozni ziyoda qilgach, marvaridli obzanga oxirgi marta sho‘ng‘ib chiqadi-da, uyiga otlanadi. Otlanish oldidan bosh vrachning xonasi tomon yuradi.
Xona sohibi uni ko‘rib, sal sarosimaga tushganday bo‘ldi.
– Bir masalada maslahatingiz, iloji bo‘lsa, yordamingiz kerak, Davronjon.
– Xo‘p, To‘ychi aka, xo‘p. Qo‘limdan kelsa, bosh ustiga.
Eshdavlatov suyanchig‘iga oppoq surp sirilgan qator kursilarga viqor bilan bir zum tikilib turdi-da, Dadushning ko‘ziga tik qaradi:
– Biz Sobitjon bilan bog‘ sayrini davom ettirsak, degandim. Bugun uni uyimga olib ketmoqchiman. Nima deysiz?
Davron Valiyevichning qoshlari ko‘tarilib tushdi. Xo‘rsindi.
– Hovlida chol-kampir turamiz. Bolalarimiz o‘zi bilan o‘zi bo‘pketgan. Xudoga shukr, joyimiz mo‘l. Bemalol yetadi.
– Og‘irligi tushmasmikin?
– Tushmaydi. Uch-to‘rt oy nima degan gap? Bu fikr o‘zimning kallamga kelmagan ekan. Xolangizdan chiqdi.
– Yopiray! Xolamiz barakat topsinlar! Lekin Sobitning o‘zi nima derkin? Ko‘narmikin?
Eshdavlatov dadillashdi.
– Ikkovlashib tushuntirsak, yo‘q demas. Quvvatga kirib, ishga chiqib ketgunicha, qizchasi bilan ayoliyam kepqolar. Bir ilojini qilib ko‘ndiraylik…
O‘sha kuni hoji ona mashinasida kelib, ustoz-shogirdni “Ziyolilar” mahallasidagi uyiga olib ketdi…
“Sharq yulduzi” jurnali, 2023 yil 11-son.