Qulman Ochilov. Sayroblik barakali yigit (qissa)

Tong vaqti yo‘lga tushdi.
“Oysuluv” dostonidan

Tupkaning tagi qayerda?

“Hayitali Allamurodovni taniysizmi?”, deb so‘rasam, siz, albatta, yelka qisasiz: “Yo‘q”. Ajablanadigan joyi kam. O‘zim ham tanimas edim. Qanday taniylik, ayrimlarga o‘xshab bo‘lar-bo‘lmas ish uchun atrofiga to‘da-to‘da muxbir yig‘ib, ularga uzundan-uzun, maza-bemaza intervyular bermasa! Matbuot anjumanlari-yu brifinglar, press-turlar uyushtirmasa! Gazeta-jurnallardan yaltiroq suratlari, teleekranlardan mamnun qiyofasi arimay, radio to‘lqinlaridan salobatli ovozi jaranglab turmasa!
Shu gapni keyinchalik bir hamkasbimga aytsam, kuldi: “Tuxum qo‘ygan tovuqqa o‘xshab, dunyoni boshiga ko‘tarib qa-qalayverishi shartmi?”
Tasodifan tanishib qolgach, hayratga tushdim: Hayitalining o‘ttiz yillik faoliyati haqida matbuotda o‘ttiz satr ham gap chiqmagan hisob. Lekin buning uchun qalam ahlidan gina qilish adolatdan emas.
Aslida, bu qishloq yigitining ko‘plarga, ayniqsa, tayinli kasb-korning boshini tutib, sabr-bardosh bilan harakat qilish o‘rniga, har qadamda zorlanishni odatga aylantirgan ayrim yoshlarga namuna sifatida ko‘rsatsa arziydigan ishlari talaygina.
Agar siz “zamonamiz qahramoni” degan martabaga loyiq odam izlayotgan bo‘lsangiz, men Hayitalini ko‘rsatgan bo‘lardim.
Agar siz tinib-tinchimagan, shuning barobarida, ishlari yurishgan tadbirkorni qidirayotgan bo‘lsangiz, men Hayitalini tavsiya qilgan bo‘lardim.
Agar siz kamtarin va kamsuqum, gapdan ko‘ra ishni afzal biladigan, xokisor, lekin boy-badavlat mulkdor, sarmoyadorning tajribasi bilan tanishmoqchi bo‘lsangiz, men Hayitalining huzuriga jo‘natgan bo‘lardim!
Surxondaryoga boring va u bunyod etgan biznes-imperiyaning faoliyatini ko‘ring, amalga oshirgan va oshirayotgan hayratlanarli ishlarini tomosha qiling! Vohaga sochilib ketgan korxonalari, muassasalari, xo‘jaliklari va qurgan-qurayotgan inshootlariga shunchaki bosh suqib chiqishingizning o‘ziga bir hafta yetarmikin!
Biz el-ulusning farovonligi-yu baxtli kelajagi haqida gapirishni yaxshi ko‘ramiz, biznes ahli uchun yaratilayotgan sharoitlarni yanada kengaytirishga, turfa imtiyozu yengilliklar berishga muntazam e’tibor qaratamiz-u, ammo boy-badavlat tadbirkorlarimizning ibratli ishlarini, tajribasini hamisha ham ko‘rsata olmaymiz. Ko‘rsatsak, go‘yo u kimnidir mensimay, nazarga ilmay qo‘yadi.
Sezib turibman: ushbu satrlarni o‘qib, miyig‘ingizga yoyilgan istehzoni yig‘ib olishingiz qiyin bo‘layotir: “Ha endi, Hayitaliboy ham birorta korchalonning arzandasidir-da!”
Agar sovxozda shofyor – haydovchi o‘tgan va ellikka yetar-etmas og‘ir xastalik asoratidan avval bir umr topgan bor-budidan, so‘ng jonidan ayrilgan bandai mo‘minni korchalon deyish mumkin bo‘lsa, shubha-gumoningizda jon bor.
Yo‘q, Hayitalining na otasi, na o‘zi, na tog‘asi na vaziru na hokim, na biror yirik korxona yoki xo‘jalikda rahbar bo‘lganki, vaqti kelganida “o‘z ulushi”ni sug‘urib olib ketganu endi huzurini ko‘rib yotibdi desangiz. Zotida tadbirkor ham, boy ham, dasti uzun rahbar ham bo‘lmagan.
Ulug‘ shoirning uslubida aytmoqqa jur’atim yetganida ham, men Hayitalini ilmi holu ilmi qolni diliga to‘liq joylagan, deya olmasdim, lekin o‘z ishining takomili yo‘lida tinmay o‘qib-o‘rganishga moyil zamona farzandi ekanini ta’kidlamasam insofdan bo‘lmas.
Hayitali bugunning ayrim bilag‘on yoshlari kabi dunyoning nufuzli oliy ta’lim dargohlari, deylik, Kembrij, Oksford, Garvard, Tokio kabi universitetlarda biznes ilmidan saboq olmagan. Daf’atan so‘rasangiz, “menejment”, “marketing”, “monetarizm” singari ayrim ajnabiy, biroq dunyo istilohidagi serjilva so‘zlarning ma’nosini darhol tushuntirib bera olmasligi ham mumkin. Lekin amalda ularning piri bo‘lib ketgan. Na magistrlik ridosini kiygan, na imtiyozli diplomni ko‘rgan. Ko‘rgani – Termiz davlat universitetining umumtexnika fanlari va mehnat fakultetining sirtqi bo‘limi. Muallim. Shunga yetgunicha ham necha urinib, necha suringan.
Bu satrlarni bitishimdan maqsad – Hayitalini ko‘klarga ko‘tarib maqtash emas. Inchunun, u mening alqovimga zor ham emas. Jurnalist ekanimni eshitib, yosh boladek qizarib ketdi: “Bunday gaplarni gapirishni bilmayman-da, aka, – dedi xijolat tortib. – Gapga juda no‘noqman”.
Keyinchalik sezdim: iqrori oliftalikdan yiroq.
“Bunday gaplar” esa uning ishi, o‘zi haqidagi so‘rov-savolim edi.
Biror ishni do‘ndirgan bo‘lsa-bo‘lmasa, muxbir zotining soyasiga ko‘rpacha to‘shaydiganlarni ko‘p ko‘rganmiz. Hayitalining og‘zidan har bir gapni tishini sug‘urganday sug‘urib olishimga to‘g‘ri keldi. Yana bilasizki, ba’zilar taniga sal jir bitsa, hech kimga gap bermay qo‘yadi. Har kimga, har ishga bahosi tayin. Hammadan dono, ishbilarmon. Zo‘r maslahatchi. Hayitali esa boshqacha. Davrada bor-yo‘qligi ham bilinmaydi. Bir chekkada, ko‘pincha poygakroqda, choy suzib, choy uzatib, odamlarning gaplariga jimgina, biroq sergak quloq solib o‘tiradi. Ochiq yuzida bosiq tabassum. Go‘yo millionlarni, millionlar nima, milliardlarni qo‘lida soqqaday aylantiruvchi boy emas, o‘zidan yoshi, nufuzi va ilmi xiyla ziyoda odamlarning davrasiga tasodifan tushib qolgan anchayin bir koranda. Xo‘jayinini kutib o‘tirgan mulozim.
Men uni “ichimdagini top” xilidagi odamlardan deya olmayman, lekin aytayotgan har bir gapini ming bor o‘ylab, so‘zining oqibatini, mas’uliyatini his qilib gapirishini bildim.
Bu ishning ko‘zini bilgan odamga, umuman yaxshi tarbiya topgan va kelajakdan umidi bisyor insonga xos muhim fazilatdir. O‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir!
Hayitali Allamurodov 1967 yilning sunbulasida tug‘ilib, voyaga yetgan Sayrob qishlog‘iga borish ilgari oson emasdi.
O‘ttiz yil burungi bir gapni aytsam. Poytaxtdan Termizgacha samolyotda, so‘ng tog‘-daraning biqinigacha kunda, ba’zan kunora qatnaydigan shalog‘i chiqqan avtobusda, undan keyin tubsiz jarliklaru qoyalar osha yolg‘izoyoq so‘qmoqlar bilan tizzagacha soy kechib, ot yoki eshakda yetar edingiz. Tupkaning tagini ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, Boysunning Sayrobiga boring, deyishardi.
Ana shunday chekka qishloqdan chiqqan sodda-bayov yigit erishgan olamshumul muvaffaqiyatlarning siri nimada? Maqsadim – shu savolga javob topish. Hayitali mansub tadbirkorlik fenomenini anglash, anglatish.

“Endi nima qilaman?”

Kimki uning tadbirkorlik yo‘liga oq poyandozlar to‘shalib, ustiga anvoyi gullar sochilgan edi, deb o‘ylasa, xato qiladi. Bu yo‘llarda guldan ko‘ra chag‘iru xarsanglar, rohatdan ko‘ra azobu ikkilanishlar – ezilishlar ko‘proq. Bugun, ishlari yurishib, nazarkardalik rutbasiga erishganida ham kuni oson kechayotgani yo‘q.
Men uni azobni rohatga, rohatni daromadga aylantiruvchi sehrgar, deya olmayman, lekin farog‘atning nash’u namosi zahmatdan quvvat olishini erta anglab yetganiga shubham yo‘q.
O‘sha kunni u juda yaxshi eslaydi.
Nahorgi choy ustida Normamat amakining ovozi momaqaldiroqdek guldirab ketdi. Bu odamning ko‘ngli Sherobodning cho‘llaridan keng, ovozi Bobotog‘ning cho‘qqilaridan baland, o‘ktam. Doim guldirab turadi.
– Senga nima bo‘ldi, Hayitali? She’r o‘qiyapsanmi?
O‘spirin boshini ko‘tardi:
– Yo‘q. – Uning ko‘zlari to‘la yosh edi.
– Unda nima deb g‘o‘ldirayapsan?..
– Yotgandayam, turgandayam “endi nima qilaman?” deb pichirlagani pichirlagan, – deya gapga qo‘shildi xolasi. – Xuddi esi og‘ib qolganga o‘xshaydi.
Vajohatidan ot hurkadigan amaki labini tishladi. Siyrak qoshlari bir uchib tushdi. Og‘ir xo‘rsindi. Bolaning ezilganicha bor. Saratonga chalingan otasi ikki dunyo oralig‘ida Haq deb yotibdi. Suyunchixo‘ri – Hayitali oliy dargohda sirtdan o‘qish barobarida, g‘isht zavodida loy changallab yuribdi. Bemorning ertasi ma’lum. Do‘xtirlar nari borsa, bir yil yashaydi, deyishgan. O‘g‘ilniki noma’lum. Hali na tayinli hunari, na ishi bor. Otasining “oyog‘i toyib ketsa”, yetti, yo‘q, o‘zi bilan sakkiz jonning tashvishi shu to‘ng‘ich bolaning nimjon yelkasiga tushadi. To‘yi bo‘laman deb turgan opasi, bo‘yi yetib qolgan singillari bor. Hammasiga bosh-qosh bo‘lishi, uyli-joyli qilishi kerak. Shuning uchun bemor ota Normamat akadan qayta-qayta o‘tingan: “Norasidalarimni sizga tashlab ketyapman, boja! Boshqa kimim bor… O‘zingiz ko‘z-quloq bo‘lib turing. Hayitali durust, sal qo‘llasangiz, o‘zini eplab ketadi”.
Ko‘pni ko‘rgan Normamat Nuraliyev bojasiga va’da berdi va so‘zining ustidan chiqdi. O‘ta cho‘rtkesar, serg‘ayrat, serfayz bu odam ikki og‘iz gapi bilan har qanday odamni o‘ziga rom qilib qo‘yadi. Xudo bergan kayvoni. Gurungning koni. O‘zi aytmoqchi, urush sabab “non ko‘rmay katta bo‘lgan”, qachonlardir tog‘dan shaharga tushgan. Tushganu vahimadan “labiga uchuq toshgan”. Saksonni qoralab borayotganiga qaramay, na yuzida ajini bor, na bo‘ynida tirishi.
– Nomi Termiz, O‘zbekistonning shahri bo‘lgani bilan, – deydi u, – menga o‘xshagan tog‘ning balasi unga emin-erkin kirolmasdi-da. Shahar yopiq edi. Bir amallab kirgani bilan nonini topib yeyolmasdi. Har qadamda tekshir-tekshir: “Gde tvoy boshpurt?”. Hayitaliboy ham boshida ana shunday azoblarning ko‘pini tatib ko‘rgan. Yurtimiz mustaqillikka erishganidan keyingina mana bu yerga, – u keng ko‘ksiga baquvvat kaftini qo‘ydi, – shamol tegdi. Hozir ham bexosdan “boshpurt” degan so‘zni eshitsam, bir sapchib tushaman. Vah, enag‘ar savet! Yurakni ko‘p zada qilgan-da!..
Normamat bobo bojasining farzandlariga ham, o‘zining o‘g‘il-qizlari, nevaralariga ham hali-hamon pand-nasihat qilish, yo‘l-yo‘riq qo‘rsatishdan erinmaydi.
– Birortasi yoqimsiz ish qilsa, ayab-netib o‘tirmayman, – deydi kulib. – Yaxshilik bilan gapimga yursa yurdi, bo‘lmasa, – u yonidagi xivichni qo‘liga oladi, – “ish qurolim” hamisha yonimda!
Lekin bobo chumoliga ham ozor bermasligini, bera olmasligini, po‘pisadan nariga o‘tolmasligini uni yaxshi ko‘radigan butun Surxon ahli xo‘b biladi. Ayniqsa, Hayitaliga mehri baland. “Durust yigit”ligiga o‘sha, saksoninchi yillar miyonasida amin bo‘lgan. Bemor otasining dardida galdirab qolganida, qishlog‘iga yubormay, uyida olib qolgan. Unda-bunda egri qadam bosmasin, betayinlarga qo‘shilib, buzilib ketmasin, degan.
Qarasa, yigitcha beo‘y emas. O‘zi xomroq bo‘lsayam, ishi pishiq. Oti tashlab ketgan chavandozday gangib qolgani chatoq. Lekin tirishqoqqina. Bo‘sh qoldi deguncha, hali tomorqaning u yerida kuymalanib yer chopgan, hali bu yerini o‘toq qilgan, jo‘yaklarga suv taragan. Hali hovlini supurgan, hali mashinaning ichi-tashini yaraqlatib yuvgan. Qo‘rani tozalagan. Yumushni o‘zi topib, o‘zi bajaradi. Falon ishni qil, deb aytish shart emas. Ish aytsang taysallamaydi. Temtingani-temtingan. Pochchaga shunisi – temtinishi, uyqusining siyrakligi, terisining yupqaligi yoqqan edi. Gapingizni hukmi hoziq bo‘lib tinglaydi. Tez ilib oladi. Bu – bo‘ladigan, palagi toza bolaning ishi.
– Bandasi ikki xil bo‘ladi, – deydi oqsoqol. – Biri – ishlash uchun jon-jahdi bilan yo‘l qidiradi. Tinimsiz temtinadi. Jahd qilsa, har qanday yumushni do‘ndiradi. Har qanday odamni o‘z gapiga ko‘ndiradi. Baxtu baraka – birinchisida. Ikkinchisi – qo‘lini sovuq suvga urmaslik, iloji bo‘lsa, butini ko‘tari-ib televizor tomosha qilib yotish uchun bahona izlaydi. Ikkinchisi – sho‘rpeshona. Baxtsiz. Barakasiz. Men ikkinchi xil odamlardan doim uzoq yuraman.
Qani endi, vaqting bemalol bo‘lsa-yu boladay beg‘ubor, hozirgina uloq-ko‘pkaridan chiqib kelgan chavandozday sog‘lom bu mo‘ysafid bilan bafurja gurunglashsang. Bu dunyoning pastini ham, balandini ham, yaxshisi-yu yomonini ham ko‘rib-ko‘raverib ko‘zi pishib ketgan, tilidan shukrona tushmaydigan Normamat boboning gaplari, o‘gitlari, afsona-yu rivoyatlari, boshidan o‘tkazgan “ertaklari” adoni bilarmikan! Bunday daryodil odamlar hech kimdan, hech qachon begonasirab o‘tirmaydi. Go‘yo ming yillik qadrdonini ko‘rgandek, seni keng bag‘riga bosadi-yu gurungdan oladi. Odam ajratmaydi. Meniki-seniki, demaydi. O‘tirikdan tiyiladi. Normamat bobodek ajoyib insonlarning suhbatidan keyin dilingdagi xazinang duru javohirotga to‘lib-toshib, ruhi ravoningdagi necha yillik g‘uborlardan forig‘lanib qolgandek bo‘lasan. Dil boyligi mol boyligidan muhimroq va qimmatroq ekaniga yana bir bor amin bo‘lasan. Shunday odamning o‘gitlarini eshitib ulg‘aygan farzand zahmatkash, tadbirkor va barakali bo‘lmasligi mumkinmi!
Men Surxondaryo safaridan boboning gurunglariga to‘ymay qaytdim.
Darvoqe, nonushta chog‘idagi suhbatga, qiyiq ko‘zlari yoshga to‘lib o‘tirgan Hayitalining yoniga qaytaylik: “Endi nima qilaman?”
– Nima qilishingni oqshom aytaman, – dedi birpasdan keyin pochcha. – Ko‘z yoshingni boshqa kunlarga asrab qo‘y. Tushundingmi?
– Xo‘p…
Ertasi kuni alp mezbon bilan niholdekkina mehmonning yo‘li bozor biqinidagi restoran tomon tushdi. Oshpaz Hayitalini shogirdlikka oldi. Boshqacharoq bo‘lishi mumkinmidi? Ha. Normamat amaki jurnalist bo‘lganida, balki biror gazeta-jurnal tahririyatiga, do‘xtirlikdan kun ko‘rib yurganida – shifoxonaga, ilm ahliga daxldor esa – universitet tomon yuzlanardi. Taxmin qilamanki, Hayitali qo‘liga qalam tutib, ijod maxzaniga kirsa ham, egniga oq xalat kiyib, shifo yoki ilmu urfon yo‘lidan ketsa ham, aro yo‘lda adashib qolmas edi. O‘z o‘rni, yuksak mavqei, havas qilsa arzigulik bugungidek obro‘-e’tibori bo‘lar ediki, bunday deyishimga asosim bor – mehnatkashligi.
Amaki savdoning pirlaridan edi.
Sho‘rolar zamonida Termizu Tiflisda ham, Urgutu Surgutda ham – hamma joyda, barcha oshxonalarda xo‘roz bir xil qichqirgan: ovqatga “qo‘li tekkanning og‘zi tegar”di. Ya’nikim, rahbaru xodim masalliqdan urardi: ta’minotchi, omborchi, oshpaz, bosh oshpaz, hisobchi, bu yoqda direktor… Chunki hamma narsa davlatniki. Davlat boy, mol-dunyosi kamayib qolmaydi. Mantining go‘shti kam, piyozi mo‘l, xamiri qalin bo‘lgani shundan. Sho‘rva shildir-shildir, eti toshdan qattiq, kartoshkasi “seryara” bo‘lgani shundan. Qozondagi tubi ko‘rinib qolgan sho‘rvaga oqshom bir chelak qaynoq suv qo‘shib yuborilganini aytmasak-da bo‘ladi. Ammo shugina taomni ham bozorga kelgan avom tovog‘igacha yalab-yulqab ketishidan yemakxona ahlining ko‘ngli doim to‘q: odamlarning boradigan boshqa oshxonasi, tanlash imkoniyati yo‘q.
Ustozi tumovga chalinib qolganida o‘choqboshi bir muddat Hayitalining ixtiyorida qoldi. Umrida qo‘liga cho‘mich ushlamagan yigit pazanda onasi Ro‘zixol opani esladi. Mantiga danakdek dumba, bir chimdim zira qo‘shganlari ko‘z oldiga keldi. Opa-singillariga uskunada ezilib emas, pichoqda kesilib maydalangan go‘sht taomni totliroq qilishini uqtirganlari xayolidan o‘tdi. Sho‘rvani bir soat emas, to‘rt-besh soatlab qaynatganlari xotirida gavdalandi.
Tongda, odamlar hali uyqudan ko‘z ochmasidan, u oshxonaga kelib, xamir qorishni, sho‘rvaga qozon osishni odat qiladi.
Xo‘randalar hayratga tushadi:
– Nima balo, oshpazlaring o‘zgardimi?
– Ha-a.
– Kim keldi?
– Kim bo‘lardi? Bir go‘dak-da. Hayitali.
El orasida, ayniqsa, bozorda gap yotarmidi: “Hayitalining sho‘rvasi”, “Hayitalining mantisi”, “Hayitalining qovurdog‘i…”
Odam gurras-gurras oqib kelaverdi. Go‘yo ovqat yeyishdan o‘zga ishi yo‘q. Go‘yo Hayitalining qo‘lidan taom yeyish – katta sharaf.
“Sofiya” oshxonasida hozir ham shunday. Ishonmasangiz, boring, ko‘ring. Kamida ellik-oltmish chog‘li xo‘randa ishtaha bilan go‘sht chaynab, xo‘rillatib choy, pivo simirayotganiga guvoh bo‘lasiz. Bay-ba-ay!
…Sho‘rolar davlati puturdan ketib, do‘konlarning peshtaxtasi tishi to‘kilgan kampirning og‘zidek huvullay boshlagan zamon edi. Saltanat ahli bol yo‘qotgan asalariday guvullaydi. Do‘konga mol kelsa, chakamukday yopishadi. Bunday paytda ko‘pchilik pulning betiga qararmidi? Tovarni topganidan xursand. Xo‘randaning bo‘yni ingichkarog‘i ovqatni oshxonaga kelib yeydi, yo‘g‘onrog‘i sim qoqadi: “Shofyorimiz boradi, bir tog‘ora qovurdoq berib yuboring!..”
Keyinroq savdoni “tebratib turganlar” ota yurtlari – soya-salqin go‘shalarga ketamanga tushdi. Shahar matlubot jamiyatining kuni hayitalilarga qoldi. Ke­yin hukumat qog‘oz berishga kirishdi: muassasalar xususiylasha boshladi. Hayitali Allamurodov ham ko‘p qatori mulkdor, amlokdor bo‘lib oldi. O‘sha mulkni garovga qo‘yib, kredit olish, boshqa muassasa, masalan, to‘yxona qurish imkoniyati paydo bo‘ldi. Keyin to‘yxona-yu mayxona — ikkalasini ham garovga qo‘yib, yana kredit olish mumkin. So‘ng lizing degan tushuncha istilohga kirib keldi. Buning ustiga, inflyatsiya deganlari ham Sayrobga qatnaydigan avtobusday qirning yelkasida tutagancha to‘xtab qolgani yo‘q. O‘sha yillari kattakon zavod xarid qilgan mablag‘ingizga bugun bitta darvozasini ham olishingiz dushvor. Kreditda baraka bor, degan gapni ana shunday oldi-sotdilarni do‘ndirganlar aytgan bo‘lsa ne ajab.
Ishlar gurullab ketdi!
Men surxondaryolik bu tadbirkor yigit amalga oshirayotgan hamma ish, chiqarayotgan barcha mahsulotlar va ko‘rsatayotgan jamiki xizmat yuksak sifati bilan aqlni lol qoldiradi, deya olmayman, lekin u qo‘l uchida ishlagan odamdan hazar qilishini va bunday kasni yoniga aslo yo‘latmasligini bilaman.
Tarozining toshini to‘g‘ri qo‘yish, sidqidildan mehnat qilish va Yaratganni mudom yod etishning xosiyati ko‘p. Hayitalining oshpazlikdan olgan eng muhim sabog‘i shu bo‘ldi: “Sifat bor joyda – baraka bor!”
U otasidan erta yetim qoldi. Lekin duch kelganning ortidan ergashib ketadigan yetimqo‘zi bo‘lmadi. Qozon-o‘choq oldida ham bir umr kuymalanib qolib ketmadi.

Mukammallik zamoni

Boshida juda qiyin bo‘ldi. Qishloqda paxsayu loysuvoqdan boshqa narsani ko‘rmagan yigitga binokorlik yo‘lini tutish oson kechmasligi tayin. Mutaxassisligi – muallim, chiqqan joyi oshxona bo‘lsa. Bunday paytda kuladigan bekorchilarning urug‘i urchiydi: “Sendan quruvchi chiqsa, men eshagimda Oyga borib kelaman!”, “Pul topib, kalla topmagan bandai ojiz…”
Men Hayitalini donishmand deya olmayman, lekin ziyrak, aqlli ekani aniq. Men uni jahongashta deya olmayman, lekin ko‘pni ko‘rganiga shubham yo‘q. Men uni fidoyi deb ham maqtamayman, ammo Xoliqi azal bu yigitni g‘ayrat, shijoat, eng muhimi, sabr-bardoshdan siylaganini ko‘pchilik tan olgan.
Hayitali umid va sabrni biladi. Po‘rtanasi tog‘dan baland iztiroblarini sirtga chiqarmaslikni biladi. Pochchasi Normamat bobodek daryodil odamlarning qadrini biladi. O‘gitlarini bir umr eslab qoladi: “Sen tog‘ning bolasisan, bolam. Ishongan tog‘da kiyik yotmaydi!”
Keyinchalik, Hayitali Surxondaryoda nufuzli tadbirkorlardan biri sifatida tanilgach, men uning xayrli ishlari haqida yozmoq niyatida Termizda yurganimda Normamat boboni gapga soldim. Bobo bu paytda muborak haj ziyoratiga borib, Fayoztepa deb atalmish dunyoga mashhur qadimgi kent xarobalari yonidagi qaqshab yotgan yerni songa solib, boqqa aylantirgan. Sermeva daraxtlari soyasidagi so‘rida yonboshlab yotgan edi. Hayitalining qaybir fazilati unga ko‘proq yoqishini so‘rasam, javobi lol qoldirdi: “O‘rligi, qaysarligi!”
Hoji bobo aytdi: “Bu bola qayerdaki yangilikni ko‘rsa, yaxshi g‘oyadan xabar topsa, oromini yo‘qotadi. O‘shani o‘rganmaguncha, o‘rganib o‘z korxonasida yo‘lga qo‘ymagunicha tinchimaydi. Na tun deydi, na kun. Na qish deydi, na saraton!..”
Bugun Hayitali vohadagi eng yirik kompaniyalardan biri – “Termiz tezkor qurilish” (“Tezkorqurilish”) ixtisoslashtirilgan ta’mirlash-qurilish tashkilotining bosh direktori darajasiga erishgan ekan, bu chekkan ana shunday zahmatlari tufaylidir. Jamoasi ko‘p qavatli uy-joy bunyod etishga kirishgan joyda hali poydevori ko‘tarilmasidan odamlar kvartira olish uchun navbatga turadi. Chunki biladi: Hayitali qurgan uyga faqat ko‘rpa-yostiq ko‘tarib kiriladi. Qolgani badastir!
Esingizdadir: “Sifat bor joyda – baraka bor!”
“Ziyo-ko‘z” klinikasining rahbari Farhod A’zamov aytdi: “Shifoxonamiz shahar markazidagi zamonaviy uyning birinchi qavatida joylashgan. Qurilish boshlanganida boshqa yumushlarga andarmon bo‘lib, bir narsani faromush qilibman: klinikaning tepasidan kvartira olmoqchi edim. Quruvchilardan so‘rasam, bosh chayqashadi: “Kech qoldingiz, aka. Hammasi allaqachon sotilib ketgan!” Avvaliga, hazil bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Yangi binomizning kalitini qo‘lga olgach, hayratdan og‘zim ochilib qoldi. Keyin tepadagi kvartiralarni birma-bir ko‘rib chiqdim. Qurilishning sifati bundan yuqori bo‘lishiga ishonmayman. Bari bekamu ko‘st. Shifoxonamizga mamlakatimizning boshqa hududlaridan, qo‘shni davlatlardan ham bemorlar ko‘p keladi. Ularning ostona hatlab beradigan ilk savoli doim bir xil: “Bu binoni kim qurgan?”
Men ham shahardagi, jumladan, Alisher Navoiy ko‘chasidagi zamonaviy uylarning ayrim xonadonlariga kirib ko‘rdim. O‘zim quruvchidan chiqqanim bois, binokorlik ishlarining sir-sinoati menga begona emas. Loyihasi qulay. Qurilishi  to‘kis. Farhod A’zamovning ta’rifida zarracha lof yo‘q.
Menga Hayitalining hamma gaplari yoqdi, deya olmayman, lekin bir e’tirofini daftarimga yozib qo‘ydim: “Bugun uy-joy, imoratu inshoot qurib birovni hayratga solish qiyin. Quruvchi ham, qurilish ham ko‘p. Lekin hammadan sifatli qilib qurib, barchani hamisha hayratga solish mumkin”.
Sho‘ro zamonidan qolgan bir kasallik ko‘pchilikka ma’lum: odatda, yangi uyga ko‘chishdan avval uni obdan ta’mirlar edik. Bu yeridan bo‘yog‘i ko‘chgan, u yog‘idan suvog‘i. Qadam qo‘yishga ulgurmaysiz, pollari “musiqasini boshlaydi” – g‘ichirlaydi. Derazasi zich yopilmaydi. Kesakisi o‘pirilgan eshiklarning zulfagi yo‘q. Gaz plitasining murvati buralmaydi. Issiq suvning jo‘mragi yopilmasa, sovug‘iniki ochilmaydi. Zang bosgan. Hammasini yangidan sozlash, ta’mirlash, almashtirish kerak! Qurbingiz yetsa, almashtirasiz. Yetmasa, boriga shukr qilib yashayverasiz. Bu orada farzandlaringizning bo‘yi yetib, ularga ham uy-joy olish harakatiga tushasiz. Yana yangi, lekin dumi yulingan tovuqday beo‘xshov va fayzsiz uylarga duch kelasiz. Ularni ham ta’mirlash kerak.
Umr o‘tadi.
Uy – shunchaki to‘rt devor, boshpana emas. Insonning yashash tarzi, madaniyati, ruhiyati va ma’naviyatiga bevosita ta’sir o‘tkazadigan, jamiyatga, davlatga, siyosatga munosabatining shakllanishiga xizmat qiladigan muhim omildir. Bugun falon million pul to‘lab uy xarid qilgan kishi uni qurgan odamlarni umrining oxirigacha qarg‘ab emas, alqab o‘tishi kerak. Shu jihatdan “Tezkorqurilish” kompaniyasining tilga tushgan yuksak qurilish madaniyati o‘rganishga va ibrat olishga arzigulikdir. Qo‘l uchida ishlash zamoni o‘tdi. Zamon mukammallik zamonidir!
“Sifat bor joyda – baraka bor!”
“Tezkorqurilish” ishchi-xizmatchilarining maoshi – viloyatning oldi. Talab ham shunga yarasha. Eng muhimi, kompaniya tizimida “qo‘li tekkanning og‘zi tegar” degan gap yo‘q. Kim, nega o‘g‘irlaydi? Mulk – o‘zingniki, mablag‘ – o‘zingniki. Hammasi egali. Qalloblik qilsang, cho‘ntagingga zarar. Hamkorlaring yuz o‘giradi. Mehringni berib ishla, rohatni ko‘rib yasha. Menga qolsa, ulug‘larimiz aytib ketgan bir o‘gitni jamiki binolarning peshtoqiga shiordek yozib qo‘yardim: “Bekday yashash uchun qulday mehnat qilish kerak”. Sal dag‘alroq, deysizmi? Balki. Lekin farovonlikka erishishning boshqa yo‘li ham, yo‘rig‘i ham yo‘q. Kimki, qo‘lini sovuq suvga urmasdan bekday yashashni da’vo qilsa, o‘zini baxtsizlik komiga otgan bo‘ladi.
Ammo kompaniyaning ishlari mukammallik darajasiga yetgunicha Surxondaryoning etagiga bosh urib yotgan million yillik Amudaryodan ko‘p suvlar oqib o‘tdi. Men zo‘r loyihachiman degan, men zo‘r quruvchiman degan, men zo‘r muhandisman degan qanchadan-qancha vallomatlar kompaniyaning ostonasidan ham o‘tolmasdan qaytib ketdi. Hayitali o‘z tasarrufidagi korxona-yu xo‘jaliklarda muntazam maosh olib ishlaydigan uch yuzga yaqin xodimni birma-bir taniydi.
Men uni bir qarashda har qanday odamning ichidagini miridan-sirigacha bilib oladigan sinchi, valiy deya olmayman, lekin sinchkov ko‘zlarini qattiqroq tiksa, ko‘plar tipirchilab qolishi bor gap.
Xizmat ko‘rsatish va savdo sohasidagi avj ishlarini tark etmagan holda, qurilish-ta’mirlash jabhasiga ot solgani ko‘pchilikni ajablantirgan edi: “Bu bolaning xayoli joyidami o‘zi? Manaman degan korchalonlar nonini topib yeyishi tobora qiyinlashib borayotgan maydonga ot solib nima obro‘ topadi?”
“Bunday shubha-yu ta’nalar behuda emas, – deydi “Surxonloyiha” MChJ rahbari, tajribali arxitektor Hafiz Rahmatov. – Qurilish – raqobat kuchaygandan-kuchayib borayotgan soha. Quruvchiman deb tenderlarda muntazam qatnashadiganlar ko‘p. Lekin ishni tez va sifatli bajaradiganlar kam. “Tezkorqurilish”ning yutug‘i shunda – sifatga sajda qilishida”.
Hamma ishning ibtidosi qiyin. Ayniqsa, u ko‘pning ishtiroki bilan bitadigan, ko‘pning rizqiga bog‘liq bo‘lsa. Tashabbus ham, tavakkalchilik ham, sarmoya ham sendan, ya’ni korxona rahbaridan, zamon tilida aytganda, bosh menejerdan bo‘lsa, yanada qiyin. Mas’uliyat deb atalmish og‘ir yuk nochorroq odamni ezib tashlaydi. Yaratgan ol qulim desa-yu ishlaring yurishib, to‘rt-besh so‘m topsang, xo‘p-xo‘p. Topolmasang-chi? Biznesga yo‘naltirilgan sarmoyangdan hash-pash deguncha mosuvo bo‘lsang-chi? Kim seni qo‘llaydi? Kim senga ishonadi? Keyin kim senga sarmoya-yu andoza, yangi ish – yangi loyiha, yangi kredit beradi? Ishlaring yurishib turganida ustozing, ko‘makching, do‘stu ulfating ko‘p. Chapiga ketsa-chi? Eshitadiganing ma’lum: “Esa, bu bolaga qurilishda pishirib qo‘yganmidi? “Tinchgina qozon-o‘chog‘ingni tutatib yuraver”, deb necha marta aytdik. Yo‘q, o‘z bilganidan qolmadi. Mana, endi o‘zi pishirgan oshni aylanib-o‘rgilib o‘zi ichsin”.

Do‘stu hamkor tanlash ilmi

“O‘zi pishirgan” bunday achchiq taomlarni o‘zi ichmagan deysizmi? Hayitali ham o‘z zamonasining farzandi. Uning yo‘llari ham Boysunning tubsiz jarliklari, chag‘ir toshlaru bahaybat xarsanglari osha o‘tgan. Kechagi asrning to‘qsoninchi yillarida “tekshir-tekshirlar”, “cho‘z-cho‘zlar”, “uzat-uzatlar” Hayitalining dargohlarini ham chetlab o‘tmagan. Ayrim ishongan do‘stu hamkorlarining xiyonatlarini ham ko‘rdi. Jizzadek kuyib, olovday yonib qolgan paytlari ko‘p bo‘ldi. Chidadi. “Maydonga tushgan alp mang­layini qashilamaydur”, degandi qabring nurga to‘lgur ustoz adibimiz Odil Yoqubov.
Hayot – shafqatsiz, deydilar ba’zan. Uni shafqatsiz qilguvchi nodonligu johillik, kinu adovat emasmi? Hayitalidan shular haqida so‘radim. Insonning jamiyatdagi o‘rni, mas’uliyat yuki va yutuqlar sharafi, yor-do‘stlar qadri…
Hayitali aytdi: “Do‘st kulfatda bilinadi, degan naql bor. Haq gap. Lekin menga qolsa aytar edimki, chin do‘st rohatda – omading yurishganda bilinadi. Nega? Boshiga kulfat tushgan odamga hamdard bo‘lish, mehr-oqibat ko‘rsatish ko‘pning qo‘lidan keladigan ish. Lekin o‘zganing yutug‘idan quvonishni hamma ham eplay olmaydi. Yutug‘ing barchaga birdek yoqavermaydi. Hatto ba’zan eng yaqin oshnang, jigaring ham erishayotgan muvaffaqiyatlaringni ko‘rib, kayfiyati buzilib ketganiga guvoh bo‘lasanu noqulay ahvolga tushasan. Tilida seni tabriklab, qutlab turgani bilan, ichida zil ketayotganini sezasan: “Nega buning ishlari gurullab ketyapti-yu, meniki o‘lda-jo‘lda?..” Bu jihatdan men o‘zimni juda omadli odamman desam, ishoning. Yaxshi kunimda ham, yomon kunimda ham atrofimda doim sadoqatli do‘stlarim, hamkasblarim ko‘p bo‘lgan. Hayotda nimagaki erishgan bo‘lsam, hammasi ana shunday insonlarning suyanchi, yordami, maslahati va duolari tufayli”.
Men uni mavhumlik, mahrumlik va mag‘lubiyatlardan aslo cho‘chimaydigan yigit desam, so‘zlarimga ishonmang, lekin Hayitalining nekbinligi, ko‘nglining kengligi, jo‘mardligi sinovlardan ko‘p o‘tgan.
Qurilish kompaniyasini tashkil etish avvalida deyarli hamma ishni o‘zi bajarishiga to‘g‘ri keldi. Ketmonu belkurakdan to mixgacha qo‘lidan o‘tkazdi. Beton qoruvchi mashinani ham, minorali kranlarni ham o‘zi topdi. Suvni ham o‘zi gap­lashdi. Boshqa chorasi yo‘q edi. Tenderda yutgani bilan hamkoru sheriklarning ishonchini qozonish shart. Biznesning bosh ustuni – ishonch. Biroq muallimdan chiqqan oshpazga, oshpazdan chiqqan quruvchiga hamma ham darhol ishona qolmaydi. Loyihani bilmasa, tushunmasa. Ko‘p qavatli imoratlarni shaharga kelibgina ko‘rgan bir “tog‘lik bala” bo‘lsa.
Men ham ishonmagan bo‘lardim. Urinishlari-yu jiddu jahdini “shunchaki tirtanglash” deb, qo‘l siltab ketardim. Har qadamda uchratish mumkin bo‘lgan qilni qirq yorguvchi qurilish kompaniyalaridan eng sinamoliga borib uchrashardim.
Katta pul o‘ynaydigan joyda bu ham tabiiy hol.

Taqdir kotibining yozgani

Darvoqe, do‘st haqida gap ketar ekan, yana Normamat bobo yodga tushadi.
Agar gapga to‘n kiydirib, samimiy va ilhom bilan so‘zlaguvchilar musobaqasi bo‘lsa, Normamat bobo, shubhasiz, birinchi o‘rinni egallardi. Agar tanishu notanish, erkagu ayol, keksayu yosh, sog‘u xasta – millatidan, dinidan qat’i nazar – hamma-hammadan yordamu maslahatini ayamaydigan, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishdan charchamaydigan kayvonilarning respublika tanlovi o‘tkazilganida bosh sovrin Normamat hojining xurjunidan joy olardi!
Hoji bobo aytdi: “Sakson to‘rtinchimikan yo beshinchimi yil edi, anig‘i yodimda yo‘q. Har holda, Hayitali hali maktabda edi. Otasi, Mamadali bojamning birdan mazasi qochdi. Tomiri kesilgan daraxtday qurib, darmondan keta boshladi. Ro‘zg‘ori katta. Yotib yeyin desa, ortiqcha narsasi yo‘q. Sayrobdan Termizga opkeldik. Do‘xtirlar u yog‘idan o‘tib tekshirdi, bu yog‘idan o‘tib tekshirdi. Qoni bilan peshobining iyig‘ini chiqarib yubordi – qani endi biror qarorga kelsa, maslahatining ma’nisi bo‘lsa. “Teri silidan taxminimiz bor, – deyishdi oxiri baraka topkurlar. – Yana Xudo biladi”. Jahlim chiqdi: “Xudoning bilishi – haq. Lekin jo‘yali fikr aytolmasang, sen bu yerda noma’qul buzoqning go‘shtini yeb o‘tiribsanmi!..” Yuz – issiq. Ichimda aytdim buni. Bandasini haq-nohaq izza qilish, ranjitish – gunoh. Tangridan niyatimizga kushoyish tilab, poyezdga chiqdik. Toshkentda ham shu gap, shu taxmin. Surunkali davolashlardan naf yo‘q. Bojam qurib, qaqshab ketaverdi. Aytgan gapi bitta: “Uyimga ketaman”. Moskvaga olib uchdim. Yana tekshir-tekshir. Yana sargardonlik. Bir xonada yigirmaga yaqin oq xalat o‘tirib maslahat qildi. Talashdi, tortishdi. Oxiri bittasi aytdi: “Termizingning do‘xtirlari to‘g‘ri topibdi. Teri sili. Bunday kasalni davolaydigan balnisa faqat Novosibirsk shahrida bor. O‘sha yoqqa olib bor”. “Tuzalib ketadimi?”. “Bu endi do‘xtiri-yu kasaliga bog‘liq!”
Do‘xtirlarga ko‘pdan-ko‘p “spasibo”lar aytib, eshikka qarab yurgan edik, oldimizda bir soya paydo bo‘ldi. Dev desam – odamga o‘xshaydi. Ayol desam – erkakka. Shu yoshga yetib, odamning urg‘ochisi bunday bahaybat bo‘lishini ko‘rmagan-bilmagan ekanman. Enag‘arning bo‘yi ikki yarim metr kelar-ov desam, ishonavering. Lekin ikkidan hech kam emas. Boshidagi oq qalpog‘i shiftga tegay-tegay deb turibdi. Normamat bobongiz u paytlar ham chakana emasdi. Bo‘y desangiz bo‘ydan bor, et desangiz – etdan. Davralarda olishib, ot minib katta bo‘lgan qoruvli yigitmiz-da. Biroq anavining oldida qizaloqning qo‘g‘irchog‘iday bo‘p qoldim-ey. Ellikdan osha boshlagan. Har beti chalop ichiladigan tovoqday. Qovog‘i osilgan. Ko‘zining osti bilan o‘qrayib qaraydi. Oq xalatman deganning hammasi joyidan soldatday sakrab turib, toshday qotdi. “Erkak qip yaratganida kamida general bo‘larding, enag‘arning momosi”, deb turibman. Professor ekan. Hammani zirillatarkan. “Ta-ak, – dedi momomiz. – Qani, biz ham bir ko‘raylik-chi!” Bojam bechoraning ko‘zginalari yiltirab ketdi. Umid paydo bo‘ldi-da. Hech esimdan chiqmaydi uning shu javdiragan ko‘zginalari. Novosibirskka borib yurgandan ko‘ra, Sayrobimga qaytib, bola-chaqamning oldida jon beray, deb zorlanib turgan edi. Momoning o‘zi bahaybat bo‘lgani bilan, ovozi behad muloyim ekan. O‘zini ko‘rmay, telpondan ovozini eshitsa, erkak kishining etlari jimirlab, qonlari ko‘pirib ketadi-yov. Ukkag‘arga ovozdan ham bergan ekan. Momomiz ikki qo‘li bilan avval bojamning boshini, betlarini, bo‘yinlarini, o‘mrovlarini obdan silab-siypalab, ezg‘ilab chiqdi. Qarasam, oq xalatman deganning bari kiprik qoqmay turibdi. “Endi qanotingizni yozing”, dedi momo. Bojam qo‘llarini yozdi. Do‘xtir siypalab kelib, Mamadalining avval o‘ng qo‘ltig‘iga qo‘lining uchi bilan ilkis bir turtdi. Rahmatli “vah!” dedi. So‘ng chap qo‘ltig‘iga turtdi. Yana “vah!” dedi. Jonginasi og‘ridi-da. Yaratganga tavallo qilib turibman. Momo ortiga burilib, kranda qo‘lini yuvdi. “Bo‘ldi, – dedi. – Onkologiya institutiga jo‘natinglar!”
Ana endi u yoqdagi sarsonalikni ko‘ring! Yana tekshir-tekshir. Yana chop-chop. Momoning saraton deganicha bor ekan. Lekin kasalxonada joy yo‘q, deyishdi. Yalindim. Yolvordim. Yig‘ladim. Siqtadim. Qani endi nafi bo‘lsa. “Hech iloji yo‘q. Tamom-vassalom! Toshkentingga opket”. Do‘xtirlargayam bir narsa deyolmaysan, eshikning oldida dunyoning odami sarg‘ayib yotibdi. Hamma millatdan bor. Oh-vohini eshitib, salga o‘zimning ko‘zimgayam yosh to‘ladigan bo‘p qoldi deng. Vo hasrat-o, ichayotgan suvimiz shunday loylandiki, shunday loylandiki, asti qo‘yaberasiz! Yotganda ham, turganda ham: “Ey Xudojon, – deb yolvoraman, – hamma bemorlarga, shularning qatorida bojam bechoragayam O‘zing shifo ber!..” Birdan yo‘limiz ochilib ketdi deng. Lekin cho‘ntak kavlashimga to‘g‘ri keldi. “Ustimdagi ko‘ylak-ishtonimni sotib, qipyalang‘och qolsam ham sizni davolataman, – dedim bojamga. – Pul uchun g‘am yemang!” Bechora yum-yum yig‘laydi. Kunidan bergan bo‘lsa, hali ko‘p yashaysiz, deb ko‘nglini ko‘taraman.
“Biz uch kishimiz, – dedi Nikolay degan do‘xtir yigit. – Uch yuz berasan”. Men aytdim: “Besh yuz ol! Haloling bo‘lsin! Bojamni tikka qip bersang bo‘lgani!”
Nikolayjon nogironlarning bir aravachasini to‘g‘rilab qo‘yib, gap o‘rgatdi. Aravachaga bojamni o‘tqizib, eshikka qarab yurdim. Nikolay ukam yo‘limni to‘sdi. Men dunyoni boshimga ko‘tarib, o‘rischa-yu o‘zbekcha, ora-sira tojikchani ham qo‘shib, baqirdim: “Bojamni bugun balnisangga qabul qilmasang, hammangning enangni Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsataman! Boradigan joyimga borib, teringga somon tiqdiraman-da, Kremilga osib qo‘yaman!..” Shunday o‘kirdim, shunday o‘kirdim! Ichim dardga to‘lib ketgan ekan. “Kremil”ni eshitib, hammasi yugurib chiqdi. Nikolayjon qo‘rqib ketgan bo‘ldi: “Biror chora topmasak, bu odam hech narsadan qaytmaydiganga o‘xshaydi”. Eshik ochildi. Yigirma kundan so‘g‘in Termizga qaytganimizda bojam samolyotdan o‘ynab-kulib tushdi. Ana bayram! Ana tomosha! Moskvaga uch marta opbordik. Bir oy-bir oydan – uch oy ketdik. Lekin ajal kelsa, qaytarib bo‘lmas ekan. Taqdir kotibining yozgani bo‘ldi: bojam 1986 yilning kuzida bandalikni bajo keltirdi. Rahmatli tillo odam edi. Yaxshi ko‘rardim!..”

Tuyaga mingan uzoqni ko‘zlar

Men uning strategik rejalashtirish bo‘yicha maxsus kurslarda o‘qigani to‘g‘risidagi diplomini ko‘rmaganman, ammo amalga oshirayotgan ishlari bilan tanishib, Hayitali tajribali tadbirkor sifatida universitetlarda mazkur yo‘nalishdan saboq bersa, el-yurtimizga yanada ko‘proq nafi tegardi, degan xayollarga bordim.
Hayitali aytdi: “Ishning ko‘zini bilgan tadbirkor doim besh-olti qadam oldinni o‘ylaydi: Tuyani minu uzoqni ko‘zla. Ertaning talab va taklifi, narx-navosi, imkoniyatlari qanday bo‘ladi? Nimalardan voz kechib, qaysi yo‘nalishlarni kuchaytirish kerak? Rejali boshqarish bo‘yicha maxsus jamoa – o‘zi ishongan mutaxassislar bilan maslahatlashib charchamaydi. Kompaniyaning kelajagini avvaldan belgilab oladi. Jamoa esa ishning samarasi uchun javob beradi. Vazifalarni to‘g‘ri belgilash juda muhim. Mabodo, tadbirkor atrofidagilarni o‘zidan ko‘ra nodonroq va omiroq degan xayollarga borsa, o‘zining ham, kompaniyasining ham holiga voy”.
U ko‘lamni doim kengroq olishga urinadi. 2012 yili “Tezkorqurilish” kompaniyasini tashkil etib, unga o‘zi bosh bo‘lganining boisi ham uzoqni ko‘zlab, ko‘lamni kengroq olib amalga oshirilgan ishlardan biri. O‘zbekiston so‘nggi yillarda ulkan qurilish maydoniga aylandi desam, yangi gap aytmagan bo‘laman. Birgina Surxondaryoning o‘zida uzoq muddatga mo‘ljallangan yuzlab yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Bunday ulkan bunyodkorlik ishlaridan chetda turish, ularga faol hissa qo‘shmaslik – o‘zini bilgan tadbirkorni tashvishga solishi tabiiy.
“Tezkorqurilish” shiddat bilan ishga kirishdi va ko‘p o‘tmay, vohaning eng yirik, eng ishonchli kompaniyalaridan biri sifatida dovruq qozondi.
Kompaniya quruvchilari qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha bunyod etgan zamonaviy uy-joylar, shaharlarning ko‘rkiga ko‘rk, chiroyiga chiroy qo‘shayotgan ko‘p qavatli uylar, yangidan-yangi ijtimoiy soha ob’ektlari: ta’lim dargohlari, shifoxonalar, stadionlar, istirohat bog‘lari, muzeylar… Sanab adog‘iga yetish qiyin. Oddiy arifmetikaga tayanadigan bo‘lsak, ko‘p qavatli uylarning o‘zi o‘nga yaqin. Namunaviy loyihali qishloq uy-joylari esa qirqdan ortiq. Bu – yuzlab oilalar, ming­lab odamlar – ayollar, ayniqsa, bolalar, qizlar, kelinlar, otalar, onalar, keksalarning yashash sharoiti keskin yaxshilanib, dillariga quvonch inganidan, orzu-umidlari barq urib, kelajakka ishonchi mustahkamlanganidan dalolatdir. Bu mamlakatimizning tinchligi, osoyishtaligi, obodligi, xalqimiz farovonligi va ahilligini mustahkamlashga zamonlar osha xizmat qiladigan muhim omildir. Bu – yorqin kelajak sari yo‘naltirilgan barakali sarmoya, qurilgan mustahkam ko‘prikdir!

Rag‘bat va farog‘at

Men sayroblik yigitdan qisqa muddatda erishilgan bu muvaffaqiyatlarning sirini so‘radim. U o‘ylanib qolmadi.
Hayitali aytdi: “Bunda hech bir sir, ko‘pirtirish yo‘q. Asosiy yutug‘imiz qurilish materiallarini o‘zimizning zavod va fabrikalarimizda ishlab chiqarayotganimizda. Boshqacha aytganda, tsement bilan kafeldan boshqa deyarli hamma narsa “dehqonchilik”. Ishga kirishishdan oldin jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. O‘nlab turdagi beton mahsulotlari, g‘isht, yo‘lak plitalari, eshiklar, deraza romlari, santexnika jihozlari – hamma-hammasi “Tezkorqurilish” tarkibidagi korxonalarda ishlab chiqarilmoqda. Texnika parkimiz ham ayni muddatda to‘la shakllantirildi. Minora kranlari, yuk, yoqilg‘i va beton tashuvchi avtomobillar, buldozer va ekskavatorlar shular jumlasidan. Bunday tayyorgarliksiz qurilish maydoniga chiqish va “sherlarning panjasiga panja urish” ma’nili ish bo‘lmasdi.
O‘zingdan chiqqanga ne yetsin! Oddiy misol: beton plitani olaylik. Birovning zavodidan sotib olsak, ustamasini to‘lashimiz kerak. O‘rtaga vositachi firmalar suqilsa, yanada qimmatlashadi. O‘zimizning korxonada ishlab chiqarsak, bunday xarajatlar yonimizda qoladi. O‘nlab odamni doimiy ish bilan ta’minlaymiz. Muqim ish joyiga ega insondan yumushning sifatini, muddatini talab qilish oson. Transport xarajatlari haqida ham shunday desa bo‘ladi. O‘sha beton plitani qurilish maydoniga olib kelish uchun kimdandir avtotransport, boshqasidan ko‘tarma kran, birovidan yoqilg‘i iltimos qilishga to‘g‘ri kelardi. Qancha vaqting, demak, naqding behuda ketgani sari, xarajatlar keskin oshib, giriboningdan ola boshlaydi. Bu, ishning sifatidan umidingni uzaver, degani. Natijada, xarajatlarni qisqartirish payiga tushasan. Chunki qurilish smetasi, muddati degan qat’iy talablar bor. Ularga rioya qilishga majbursan. Alal-oqibat noiloju nochorlikdan sifati haminqadar qurilish materiallariga ko‘z tika boshlaysan. Doimiy ishlaydigan malakali ishchi-xizmatchilar bilan xayrlashib, bugun boru ertaga dumini ushlatmay ketadigan mardikorlarga kuning qoladi. Bunday shovvozlar ishni amal-taqal ado etishi ma’lum. Ko‘zingni shamg‘alat qilib, qo‘liga ilingan narsani sotib yuborishdan ham toymaydi. Boshqa kunda-shunda umidvorlarni aytmasam ham bo‘ladi. Xullas, uy-joy, imorat qurib, odamlarning duosini olish o‘rniga, qarg‘ishiga qolasan”.
Shu bois, dastlabki yillari olingan deyarli barcha foyda biznesni rivojlantirishga ketdi: yangi yo‘nalishlar ochish, jihozu texnika xarid qilish, mavjudlarini yangilash, ta’mirlash, ishlab chiqarishni takomillashtirish, ishchi-xizmatchilarni o‘qitish, o‘rgatish… Sirtdan oson ko‘rinadi. Lekin hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi.
Ko‘rinib turibdiki, tadbirkorning biznes bo‘yicha maxsus ma’lumotga ega bo‘lishi shart emas. Xudo uni intilish, teran nigohu zukkolikdan qismagan bo‘lsa, bas. Tahlilchilar ham shunday qarorga kelishgan. Yuksak muvaffaqiyatlarga erishgan nufuzli tadbirkorlarning aksari olgan ta’limning biznesga ham, iqtisodiyotu moliyaga ham aloqasi yo‘q. Deylik, biznesning yangi yo‘nalishini ochib, unga inves­titsiya yo‘naltirishga ahd qilsangiz, bunda sizga maxsus ma’lumotu katta tajribaga ega mutaxassislar o‘zi ko‘makka keladi.
Shunga qaramay, ilg‘or tadbirkor mudom izlanishni burch-vazifa deb biladi. O‘qishdan, izlanishdan to‘xtagan kuni biznesidan baraka ketishini anglaydi. Ayniqsa, shitob bilan o‘zgarayotgan hozirgi davrda bu juda muhim. Shu bois Hayitali biznes-seminar deysizmi, yirik ko‘rgazmalar deysizmi, hammasida qatnashishga harakat qiladi.
Men uni ziroatchilikning hadisini olgan sohibkor deya olmayman, lekin intensiv bog‘i-yu, polizlaridan ko‘tarilayotgan hosilning ta’mi xorijda ham tatib ko‘rilayotganidan xabarim bor.
Ahli qalam xush ko‘rmaydigan narsa shuki, iloji bo‘lsa, uni chetlab o‘tsa: fakt va raqamlar. Oyoq-qo‘lingni bog‘lab, qolipga solib qo‘yadi. Na emin-erkin fikrlay olasan, na ko‘ngling ko‘lchib yozasan. Jimjimador raqamlarni hisobchi-yu statistlarga chiqargan. Lekin bu gal mening qalamim qog‘oz uzra suvorining to‘rig‘idek yo‘rg‘alab ketdi: intensiv bog‘ bilan gulga kirgan paxta qizg‘in parvarishda bo‘lsa, ertapishar tarvuz bilan shovullagan g‘alla saranjomlab bo‘lingan. Bunga suv havzalarida urchib yotgan “kumush qushlar”ni qo‘shsangiz, Hayitali Allamurodovning qishloq xo‘jalik sohasidagi faoliyatiga oid tasavvuringiz yanada boyiydi. Havzadagi baliqlarning oldi yetilgan. Qolgani ham yemishini yeb, semirib kelayotir. Qarov zo‘r! Endi shuncha mahsulotga ega chiqadigan tadbirkor qishin-yozin salqingina bo‘lib turadigan omborxonani unutishi mumkinmi? Unisidan ham bor: 500 tonnani ko‘rdim demaydi.
Navbat – parrandachilikka.
Ish ana shunday – pishiq-puxta va rejali tashkil etilgan joyda muvaffaqiyat, mehnatning samarasi, zahmatning rohati haqida gap ochilsa yarashadi. Foyda-yu baraka, obro‘-e’tibordan umid qilsa bo‘ladi. Qayd etilgan raqamlar zamirida necha o‘nlab odamlarning zahmati mujassam. “Och qornim – tinch qulog‘im” degan aqidaga so‘nadek yopishib olgan bahonaparastlarga bunday shirin tashvishlar begona. Ular soya-salqinda “qornini qashib yotganida” hayitalilar tirishib-tirmashadi, yiqilib-surinadi, lekin tinimsiz harakat qiladi. Bunday kezlarda qarshisidan chiqqan muammoning o‘zi ularga quvvat bag‘ishlaydi. Uni hal etishdan farog‘at tuyadi. Boshqalar kulfat sifatida qaragan ko‘rgilikni ular rag‘batga aylantira oladi.
Men Hayitali bolaligidan tadbirkor va boy-badavlat bo‘lishni orzu qilar edi desam, so‘zlarimga jindek yolg‘on aralashgan bo‘ladi, biroq u har bir ishni tadbir bilan bajarishga go‘dakligidan o‘rgangan, o‘rgatilganiga aminman.
Bu – noyob ko‘nikma, kam uchraydigan fazilat.
Ovrupolik fozillar yozmishlarki, aholining bor-yo‘g‘i o‘n foizidagina tadbirkorlik iqtidori bo‘ladi. Shu o‘n foizning aksari yigirma beshga to‘lib-to‘lmagan yigit-qizlar. Bu yoshda nafaqat bilakda kuch, vujudda g‘ayrat, orzu-niyatda rang-baranglik, balki dunyoni o‘zgartirib yuborishga katta ishonch ham bo‘ladi. Tavakkalchilik, nekbinlik, jo‘mardlik, tajriba-yu sinovlardan taptortmaslik ko‘proq shundaylarga xos. Chunki “yuki yengil”. Zimmasida hali oila, ro‘zg‘or tashvishi yo‘q. Hali ra’yi qaytmagan, shoxi sinmagan. Hammasi keyin qiyinlashib boraveradi.
Tadbirkorman deganni gapga solib ko‘ring. Birortasi o‘z ishini oson dermikan. Maza qilib yashayotganidan maqtanarmikan. Yo‘q. Lekin bir ish qilishdan ko‘ra, o‘tganning o‘rog‘ini, ketganning ketmonini olib o‘tirishni afzal biladiganlarga, umrida aqalli tovuqkatak qurmagan, birovning qo‘liga obdastada suv quymaganlarga nomdor tadbirkorlardan gap ochsangiz, o‘ylab-netib o‘tirmasdan, bepisand qo‘l siltaydi: “Falonchimi? Omadi kelgan. Otasi yordam bergan, enasi mablag‘ ajratgan, tog‘asi qo‘llagan. Qaynotasi siylagan…” Ahli tadbirkorni o‘g‘riyu muttahamga chiqarib qo‘yishni xush ko‘radi. Aslida botiniga durustroq nazar solsangiz, tanbalning zahmatkashga, kambag‘alning badavlatga hasadini ko‘rasiz.
Hayitali aytdi: “Tadbirkor, eng avvalo, mas’uliyat degani. Aytgan so‘zing, bajargan ishing, bergan va’dang uchun javobgarlik mas’uliyati. Xudo ko‘rsatmasin, mabodo, korxonamda ishlaydigan xodimlarga ikki oy maosh berolmay qolsam, holim nima kechishini tasavvur qilishning o‘zi dahshat. Bir umrlik mehnatim, toat-ibodatim kuyib ketadi. Biznes hamkorimdan pul olib, mahsulot yoki xizmatni talabdagi darajada va vaqtida ado etolmasam-chi? Qayergacha bora olaman? Sudgachami? Keyin menga, kompaniyamga kim ishonadi? Bunday vaziyatda har qanday biznes sinadi. Tadbirkorlik – zo‘r ishonch, temir intizom degani”.
Ruhiy zarba, omadsizlik, ishning yurishmasligidan ham halol tadbirkor katta naf ko‘radi. Xatosini omadga, omadini esa sarmoyaga aylantiradi. Chunki chiniqadi. Ko‘zi pishadi. Xatosi, e’tibor berishi shart bo‘lgan, lekin tajribasizligi, vaziyatning o‘zgarishi sababli nazardan qochirgan jihatlarga ko‘zi tushib, nigohi teranlashadi. Hushyorligi ortadi. O‘qiydi, o‘rganadi. Ishning mudom yurishishi, omadning doim kulib boqishi, xotirjamlikka berilish biznesning rivojiga emas, kasodiga xizmat qiladi. O‘ngidan kelmagan ish hushyorlikka, atrofga teranroq qarashga, bosgan qadaming, amalga oshirgan loyihang, muomalangni tahlilu tadqiq qilishga o‘rgatadi. Qayerda, nimada xato qildim? Qanday yo‘l tutsam, to‘g‘ri bo‘lardi?
Bunday savollar-tadbirkorning doimiy hamrohi. Qo‘y, bu ishni ertaga hal qilarman. Buguncha oyog‘imni uzatib uxlay, degan ilinj – xato. Xatoligi shundaki, ertangi kun nari tursin, ikki soatdan keyin kech bo‘lishi mumkin. Kech qolish – pul, sarmoya ketdi degani. Ming, balki million, ehtimol milliard! Kimning uyqusi keladi bunday lahzalarda? Kim yayrab dam oladi? Dam oladimi, holiga voy. Demak, uning eski zamondagi shop mo‘ylovli kolxoz raislaridan farqi yo‘q ekan: “Paxta terimiga yuqoridan imdod bo‘lsa kirishamiz!”

Yaratganning in’omi

Men uni pulning ustida tikka turadigan xasis deya olmayman, ammo mablag‘ini orqa-oldiga qarab, tejab-tergab, oqilona tasarruf etishini bilaman.
Tadbirkorning eng katta dushmani nima, deb so‘radim.
Hayitali aytdi: “Nafs! Bozorga chopgan boy bo‘lmas. Hashamdor uy, yaltir-yultir mashina, qimmatbaho taqinchog‘u bezaklarga ruju qo‘yilgan joyda biznes o‘ladi. O‘lmasa, yetim qoladi. Kimki, faqat boylik orttirish uchun biznesga qo‘l ursa, ibtidosidan intihosigacha ma’lum – kasod. Men nafs insonning dushmani desam, kulasiz. Kulib, balki, to‘g‘ri qilasiz. Chunki million yillik, siyqa gap. Biznes bu – ijod. O‘zingni topishing, o‘zgalarga foyda keltirishing, bu to‘rt kunlik dunyoda ezgu ishlaring bilan yaxshi nom qoldirishing. Sizga balki balandparvozdek tuyular. Bugun falon satr she’r yozib, falon ming mablag‘ ishlayman, degan shoirni ko‘rganmisiz? Agar bu yorug‘ olamda shunday qalamkash bo‘lsa, uning ijoddek ilohiy tuyg‘uga aslo daxli yo‘q. U mahsulotiga hech kim burilib qaramaydigan jo‘n va omadsiz kosib. Ishning ko‘zini bilgan tadbirkor topgan mablag‘ini shaxsiy ehtiyojlarini qondirishga emas, eng avvalo, biznesini rivojlantirishga sarflaydi”.
Endi mehnat jamoasi haqida gapirish fursati keldi. Uni to‘g‘ri shakllantirish – muvaffaqiyatning boshi. Esingizdadir: “Hamma narsani kadrlar hal qiladi!” degan gaplar bo‘lardi. Siz suyanadigan va millionlab mablag‘ingizni ishonib topshiradigan odam, eng avvalo, imonli va ishning ko‘zini biladigan bo‘lishi kerak. Aytadilarki, biznes bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lsangiz, avval yo‘nalishni belgilab oling: qaysi sohada faoliyat yuritmoqchisiz? Hayitboyning bu borada omadi kelgan. Qo‘lidan ish keladigan oshna-og‘aynisining ko‘pi quruvchi-yu me’mor ekan. Maslahat soldi. Ma’qul. “Tezkorqurilish” kompaniyasini tashkil etishdan oldin, o‘yinboshiga restoranni ta’mirlagan bo‘lishdi. Durust. Keyin yangi to‘yxona qurilishiga qo‘l urildi.
Ba’zan avvalgi tajriba, muvaffaqiyat bilan amalga oshirilgan ish, loyihaga butunlay teskari, hatto “kurakda turmaydigan” vazifalarga borib taqaladi. Masalan, paxta-yu g‘alla ekish. Bog‘ yaratish, baliqchilik. Bu takliflarni eshitib, tili kalimaga kelmay qolganlar bo‘ldi: bu yigitning esi joyidami? Umri shaharda o‘tayotgan tadbirkorga cho‘lda nima bor? Bundan ko‘ra, butun kuchini, mablag‘u salohiyatini bir yo‘nalishga – qurilish-ta’mirlash ishlariga yo‘naltirgani afzal emasmi? Bahs-munozaralar, tortishuvlar, hatto achchiq-tiziq gaplar ham bo‘ldi. Lekin Hayitali fikrida qoldi. Zamonning shiddati, o‘zgarishlari shundayki, bitta tovuqning katagiga ko‘z tikib qolmaylik, dedi. Qurilishdan bo‘lmasa – bog‘dorchilikdan, bog‘dan bo‘lmasa – tog‘dan, baliqdan bo‘lmasa – tovuqdan. Oshxona bilan yoqilg‘i quyish shoxobchalari o‘z yo‘liga. Kimki ishning, mo‘ljalning to‘g‘riligiga ishonmasa, qadamingizga to‘g‘onoq bo‘laverar ekan. G‘ingshiyveradi: “Aytmaganmidim?..”
“Unday xodim bilan xayrlashgan ma’qul”, deydi tadbirkor.
Biznesdan maqsad – moddiy rag‘bat, albatta. Lekin bu kayfiyat uzoqqa cho‘zilmaydi. Keyin qilayotgan ishlaringdan huzur tuyib, ma’naviy-ruhiy quvvat ola boshlaysan. Mana bu mahobatli imoratni, anavi chiroyli uyni men qurganman, deysan ichingda. Zavqi bo‘lakcha. Sururi bo‘lakcha.
Hayitalining tasarrufidagi firmalarga davlat idoralaridan, neft va gaz kompaniyalaridan ham kadrlar keldi. Nega? Chunki, Hayitali ularga katta maoshdan ham ko‘ra, ko‘ngliga yaqin ish, mansab pillapoyalaridan o‘sishni, biznesning sir-sinoatlarini o‘rganishni taklif qildi. Oqibatda ko‘plab yigit-qizlar g‘ayrat-shijoat bilan ishga kirishdi. O‘rgandi va keyinchalik o‘zlarining mustaqil biznesini tashkil qildiki, Hayitali ularga ham moddiy, ham ruhiy ko‘mak berdi. Raqobatchisi bo‘lsa ham. Qaysiki tadbirkor faqat o‘zini o‘ylasa, faqat o‘zining orzu-umidlari bilan yashasa, uzoqqa bora olmaydi. Mulk bir yoki bir necha kishiniki bo‘lgani bilan uning yaratuvchisi, baraka kirituvchisi ko‘pchilik. Jamoa. Yolg‘iz otning changi chiqmas. Hozir Surxondaryoda o‘nlab qurilish kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Birlari yirik, boshqalari ixchamroq. Lekin aslini olganda, hammasining maqsadi bitta – bunyodkorlik, tez va sifatli qurish.
Surxon yigitining hayoti va faoliyati, qadriyatlarga munosabatini o‘zimcha tadqiq qilganimda, avvalo, salomatligini o‘ylashi, oilaparvarligi, farovonlik, do‘stlar davrasi, eminlikni qadrlashini sezdim. Hayitalining ish kabineti prorabning xonasiga o‘xshaydi. Qabulxona, kotiba, yordamchi kabi lavozimlar nisbiy tushunchalar. U xodimlarning deyarli hammasini – bo‘yoqchi-yu suvoqchidan tortib direktorigacha taniydi. Bosh direktorning qabuliga kirish uchun avvaldan navbatga yozilish shart emas. Istagan xodim xohlagan paytda, eshikni taqillatmasdan kirishi va dardini, fikrini aytishi mumkin. Bosh direktor ularning gapini sabr bilan tinglaydi. Yordam beradi.
Haqiqiy ish odamining ko‘ngli keng, sabri metin va qat’iyati mustahkam bo‘ladi. Chunki rejalashtirilgan ish, yangi loyiha darhol samara bermasligi mumkin. Bunda har bir ishda bo‘lgani kabi sabr kerak. Ba’zan shunday bo‘ladi: tenderda yutib chiqasan, loyiha-smeta hujjatlari tayyor. Marhamat, g‘ayrat kamarini mahkam bog‘la-yu qurilishni boshla. Hamma senga ko‘z tikib turibdi. Xuddi shunday paytda kutilmagan muammo paydo bo‘ladi – mablag‘ yo‘q. Bank ajratishi lozim bo‘lgan kreditdan darak yo‘q. Ko‘pchilik bilan bitadigan ishlarda bunday hodisalar uchrab turadi. Nima qilish kerak? Hayitali uzoq o‘ylab o‘tirmasdan barqaror “sut berib turgan sog‘in sigirlari”dan biri – restoranini sotadi. Odamlar maosh olishi, ob’ekt muddatida topshirilishi kerak. Bu yoqda, kompaniyaning obro‘si, nufuziga yetadigan ma’naviy zararni ham nazardan qochirmaslik lozim: tenderda yutib, “sudralib yurgan” qurilish tashkiloti bilan kim hamkorlik qiladi?!
Baqiriq-chaqiriqlar ham bo‘lib turadi. Besh qo‘l baravar emas. Sen ishongan odam, hatto jigaring, bir kuni qarasang, ishning pachavasini chiqargan. Men ishga rahbar bo‘ldim, deb o‘zidan ketib qoladi. Dimog‘ida – qurt, iyagining tagida – xoda. Salom bersangiz, arang alik oladi. Bundaylarning, tug‘ishganing bo‘lsayam, darhol bahridan o‘tiladi.
Ilgari odamlar tadbirkorlikni o‘z holicha, bilganicha o‘rgangan. Qoqilib-suringan. Lekin bugun davlatimiz mazkur sohaga juda ulkan e’tibor qaratmoqda. Minglab-millionlab odamlarga biznes uchun imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. Kecha kredit so‘rab borsangiz, qo‘lingizga qaraydigan bank xodimlari bugun uyma-uy yurib, xizmatini taklif etmoqda. Kecha “san”lab turgan amaldorning qo‘li ko‘ksida: “Tadbirkor bo‘laman desangiz, marhamat! Yordam – bizdan, g‘ayrat – sizdan! Pishagingizni pisht deganni bizga ayting!”
Ha, tadbirkorlikni rivojlantirmasdan mamlakatni taraqqiy ettirib bo‘lmaydi. Yangi g‘oyalar, yangi odamlar, yangi tadbirkorlar kirib kelmoqda. Ular nafaqat o‘z biznesi rivojiga, balki butun mamlakat kelajagiga xizmat qiladigan yoshlar – zamonamiz qahramonlaridir!
Hamma she’r yozadi, lekin har kim ham shoir bo‘lolmaydi. Hamma sport bilan shug‘ullanadi, lekin chempionlik shohsupasi sanoqli odamlargagina nasib etadi. Ko‘pchilik o‘zini biznesga uradi – tadbirkor chiqishi qiyin. Tadbir bilan ish tutishni bilmaydi. Rahbarlik, kayvonilik, donishmandlik iqtidori yetishmaydi. Tadbirkorlik ham Yaratganning in’omi.

Biznes va ko‘ngil ko‘chalari

Men uni olam sirlaridan voqif faylasuf deya olmayman, biroq mol-davlat, mansab-martaba, shon-shuhrat, o‘yin-kulgi – foniy dunyoning barcha ne’matlari o‘tkinchi narsalar ekanini anglab yetganiga shubham yo‘q.
Undan biznes, qarindosh-urug‘ munosabatlari, burch va hayo haqida so‘radim. Yoningda puling kam bo‘lsa, chidaysan. Ilojing yo‘q. Davlating oshgani sari, ko‘ngilning ko‘chalari ham ko‘payaveradi. Ikki holatda ham oson emas, albatta. Sarmoyasining miqdori bilan qiziqdim.
Hayitali aytdi: “Biznes qarindoshga hadya etiladigan to‘yona ham, xayriya jamg‘armasining ehsoni ham emas. Bir kishi yoki o‘zaro sherik bir necha kishining mulki bo‘lsa-da, unda ko‘pchilikning, butun jamiyat ahlining nasibasi bor. Bu nasibani ko‘paytirish, unga baraka endirish, eng avvalo, biznes sohibiga bog‘liq. Umidvor esa ko‘p. Ba’zan ezilib ham ketasan kishi. Hayo – o‘zganing kamchiligini ko‘rmaslikka olish. Birov sizga ishonib aytgan sirni boshqaga ochmaslik. Mayizni mayiz deyversangiz, kamayadi. Men mulkimizni hech qachon pulga chaqmayman. Barakasi uchadi”.
Hayitalining Termiz ko‘chalarida sayr qilib yurganini ko‘rib qolsangiz, qishloqdan kelgan muallim bo‘lsa kerak, deb o‘ylaysiz. Mabodo hashamatli restoranning chekkarog‘ida jimgina tamaddi qilayotgan soxt-sumbati kelishgan yigitga ko‘zingiz tushsa, e’tibor bermasligingiz mumkin. Lekin shu kamsuqum odam mazkur yemakxona xo‘jayini, restoran esa nevarasining nomi bilan atalishi xayolingizga kelarmikan: “Faridun”.
“Na bir hasham, na bir viqor!”
Mahobatli va sifatli imoratlar qurishi bilan nazarga tushgan binokorning uyini, yashash tarzini ko‘rib, shu gap xayolimdan o‘tdi. Boshqacharoq manzarani – xonlarning saroyini eslatuvchi hovli-joy, podsholarning qasrlariga monand jihozlar, qirollarning dasturxonidan ulgu olgan taomlarni tasavvur qilgan ekanman. Aksi bo‘lib chiqdi: hammasi odmi, sodda, samimiy… Qadim shahardagi boshqa minglab hovlilardan, oilalardan farqi kam. Yirik sarmoyadorning ayni tutumidan bir hikmatni anglaganday bo‘ldim: “Bu rub’i maskunda bir kosa yovg‘onu bir to‘sham ko‘rpachaga ham qanoat qilib yashasa bo‘ladi”.

Qaynotaning tuprog‘i

“Kuyovni qaynotaning tuprog‘idan oladilar”.
Uning qaynotasi – Abdujabbor Hasanov aytishlaricha, ishning jilovini qo‘liga olgan, tanti va barakali inson, kuragi yerga tegmagan polvon o‘tgan. Alp­lar sulolasining kenja vakillari – besh o‘g‘lining dovrug‘i uzoqlarga ketgan: aka-ukalarning barchasi chempionlik shohsupasini bezagan. Bilganlar yana aytadilarki, Hayitaliga qaynotasidan ko‘p fazilatlar – bag‘rikenglik, mehnatkashlik, qo‘li ochiqlik, ayniqsa, qut-baraka yuqqan. Oshxonada kapgirini o‘ynatib yurgan sayroblik yigit Abdujabbor polvonning qizi Salomatga ko‘ngil qo‘ymaganida, balki bugungi sharaflarga erishmas edi. Balki farzandlari otasidek mehnatkash, onasidek zehnli bo‘lib voyaga yetmas edi. Yo‘q, bular – gapning kavshariga aytilayotgan mulozamat emas. Mana, xulosani o‘zingiz chiqaring: to‘ng‘ichi Muhammadali bugun “Tezkorqurilish”da ishchi. Qizi Sitora – uy bekasi. Ikkinchi qizi Nilufar temiryo‘l muhandislari instituti talabasi bo‘lsa, kenja o‘g‘li Shahzod – axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji o‘quvchisi.
Barchasi O‘zbekistonda!
Ular xorijdagi nufuzli o‘quv yurtlarida ta’lim olishi, ajnabiy kompaniyalardan o‘zlariga allaqachon “issiq joy” topishi, “otasining davrida” yallo qilib yurishlari ham mumkin edi. Yana o‘sha savol: yurganlar kammi? Yallo – davlatmandlar o‘rtasidagi mangu urf, kiborlik muhri-ku. O‘ynaymiz desa, otasining dasti ko‘p uzoqlarga va ko‘p ne’matlarga yetadi. Lekin mening havasimni qo‘zg‘agan farzandlarining faqat kamtarligi-yu kamsuqumligi emas. Rangpargina bir yigitchaning dasturxon bo‘yida mudom soyadek sharpasiz yurgani va turgani. Men uni zamonaviy servis va etiketni suvday ichib yuborgan diplomli mutaxassis, kiborlar xonadonida xizmat qilaverib ko‘zi pishib ketgan tajribali mulozim deb o‘ylabman. Qarangki, kenjatoyi Shahzod ekan.
Hayitali qaynotasi Abdujabbor polvonning tabarruk tuprog‘ini to‘tiyo qilib yashasa arziydi.
Beixtiyor solishtira boshlaysan. Bexosdan mehmon kelsa, xonadoni bo‘ri oralagan qo‘tondek izillab qoladigan oilalar esga tushadi:
“Eshmat, mehmonning qo‘liga suv quy!”
“Onasi, sochiq qani?.. Sochiq deyapman, karmisan?”
“Toshmat, qayoqdasan? Choyni qalpog‘imizga quyib ichamizmi? Piyola qani?..”
Bu ham bir oila, ro‘zg‘or, tutim, madaniyat, tarbiya.

Ko‘pning duosi ko‘l bo‘lur!

Men uni toat-ibodatga berilgan xudojo‘y deya olmayman, chunki ulfatlar davrasida “ko‘pdan qolmagani”ga guvoh bo‘lganman, lekin yetkazgan har bir ne’mati, ko‘rsatayotgan har bir yorug‘ kuni uchun Yaratganga beadad shukronalar aytib yashashiga ishonaman. Men uni zamonamiz Hotamtoylaridan deb alqashdan tiyilaman, lekin musulmon farzandi sifatida xayru saxovat ko‘chasidan qadami uzilmasligini yaxshi bilaman.
Agar Hayitalining bunyodkorlik faoliyatiga oid yorqin albom tuzish ixtiyori menga berilsa, o‘sha rangli tazkiraga sohibi sarmoya qurgan va qurayotgan biri-biridan ko‘rkam ko‘p qavatli turarjoylar, qishloqlar ahliga taqdim etgan, etilayotgan zamonaviy uylar, tasarrufidagi zavodlar, fabrikalar, stadionlar, guzarlar, tamaddixonalar, parvarish etayotgan bog‘lari, baliqlari urchib yotgan havzalari, tarvuzlari tilni yoruvchi polizlari, g‘o‘zalari shonalay boshlagan paxtazorlari, serhosil g‘allazorlarining rasmlaridan oldin ona qishlog‘i Sayrobning eng baland joyida ko‘shk kabi yarqirab turgan jome masjidining suratini qo‘ygan bo‘lardim.

Bugun viloyat va tuman markazlarida yashovchilar ham, atrof-javonibdagi boshqa kentu qishloqlar ahli ham mingga yaqin taqvodorni bag‘riga olishga qodir ushbu yangi masjidda ibodat qilish sharafiga muyassar bo‘lganiga shukronalar aytishadi. Butun Surxondaryo va Qashqadaryo vohasida bunday mahobatli, ko‘rkam, keng va qulay masjidni uchratish qiyin, deb dalolat qilishadi. Ollohning uyini qurgan Hayitalini, uning ota avlod, ona avlod barcha xeshu aqrabolarini duolar qilishadi.
Shu go‘zal imoratdan beriroqda zamonaviy shifoxona, u yerda malakali shifokorlar, zarur jihozlari, gijinglagan tulpori – “Tez yordam” mashinasi bilan ishlab turibdi. Xastalikdan ham ko‘ra yo‘l azobidan ko‘proq aziyat chekuvchi sayroblik bemorlarning endi ko‘ngli to‘q: shifoxona yonlarida. Uni bunyod etish niyatini ham Xudo shu el farzandining diliga solgan. Bu niyat unda balki otasi Mamadali aka uzoq vaqt og‘ir darddan azob chekib yotganida, oddiy bir dori, emlovchi hamshiraning xizmati uchun ham shaharga chopganlarida tug‘ilgandir, balki rahmatli onasi shaharda yashashni istamay, Sayrobda qolganida xavotirga tushgan mehribon o‘g‘ilning ko‘nglidan kechgandir.
Shifoxonadan beriroqqa yursangiz, mo‘jazgina stadionga ko‘zingiz tushadi. Tog‘u tosh, o‘nqir-cho‘nqir, metindan qattiq zaminni epaqaga keltirolmay, keltirsa, torligidan to‘p tepolmay “dimiqib ketgan” yosh-yalang, katta-kichikning yam-yashil maysa to‘shalgan tep-tekis, kunu tun yop-yorug‘ maydonchada zavqlanib koptok surishini ko‘ring! Hamqishloq akalarining alqashlari-yu duolarini eshiting!
Bular – Hayitali o‘z ona qishlog‘i Sayrobda amalga oshirgan xayrli ishlarning ayrimlari. Bu ro‘yxatga uning Surxondaryo viloyati, butun O‘zbekistonning boshqa hududlarida xayru saxovat yo‘lida qilgan va qilayotgan ishlarni qo‘shsak, katta kitob bo‘lar edi.
Ko‘pning duosi ko‘l bo‘lur!

Jamiyat ahlining nasibasi

“Biznesda butun jamiyat ahlining nasibasi bor!”
Bularning barchasi o‘sha nasibaning amaldagi ko‘rinishlari emasmi? Endi ularga Hayitalining tasarrufidagi korxona va xo‘jaliklar, muassasa va idoralar to‘layotgan milliardlab soliq va boshqa to‘lovlarni qo‘shing. Yuzlab, minglab ishchi-xizmatchilar olayotgan maoshu mukofotlarni qo‘shing.
Hayitalining biznesi kushoyish topayotgan, uni balo-qazolardan O‘zi asrayotgan bo‘lsa, bu minnatdor qalblarning duolari tufayli emasmi!..
Hayitalining kechmishi, qadam olishi, sarfu tasarrufi boshqacharoq ham bo‘lishi mumkinmidi?
Albatta-da.
Masalan, qaysi bir davlatda paydo bo‘lgan neftfurushu gazfurush korchalon singari topgan-tutganiga o‘nlab qimmatbaho avtomobil sotib olib, avomning ko‘zini o‘ynatishga va hashamdor garajlar qurishga ruju qo‘ysa nima qilardingiz?! So‘ng bir yuz yigirma besh mashinasiga ikki yuz ellik haydovchi, o‘nlab mulozimu qo‘riqchi, oshpazlar yollab, “Ha-yo huyt!” deb uzoq safarga otlansa-chi?! Ovruponing ostonasiga yetganida yuzlab metrga cho‘zilib ketgan avtomobillar karvonini ko‘rib, shoshib qolgan chegarachilar “Yo‘l bo‘lsin, bovurim?” deyishga ham tili bormay qolsa-chi? Karvonboshi “Parijni o‘z otimda aylanib shiqmesem o‘lemen!” desa-chi, ne holga tushar edingiz? Yayrab-yayrab kularmidingiz? Yo nomuslardan yerga kirib ketarmidingiz? Yo alqab duolar qilarmidingiz? Sizni bilmadim, mening gapim tayyor: “Beli og‘rimaganning non yeyishini ko‘ring!”

Bahramandlik

Men uning navqironligi mustaqillik yillariga emas, mustamlaka zamoniga to‘g‘ri kelganida, taqdiri qanday kechar edi, deb o‘yladim va qiziq-qiziq javob­lar topdim.
Avvalo, uning tadbirkorlik iqtidori va salohiyati ro‘yobga chiqmasdan, Boysunning qirlarida qolib ketardi. Nari borsa, birorta restoranga direktor bo‘lib, o‘sha zamonning mashhur “qo‘li tekkanning og‘zi tegar” degan aqidasiga amal qilishni, xo‘randalarning haqidan urishni o‘rganib olardi, ehtimol. Balki o‘ziga hashamdor uy qurib, mashina ham olardi. Lekin xususiy zavodi, fabrikasi, restorani, yoqilg‘i quyish shoxobchalari bo‘larmidi? Masjid, shifoxona, stadion qurgani uchun hamqishloqlari o‘z duolarida uning, rahmatli ota-onasi, ustozlarining nomlarini takror va takror tilga olarmidilar? Hozirda bo‘lgani kabi o‘nlab korxonani tasarruf etish, yuzlab odamlarni ish bilan ta’minlash, davlatning, jamiyatning ishongan tog‘lari – tadbirkorlar safida bo‘lish saodati nasib etarmidi?
Komil ishonch bilan aytamanki, Hayitalining va katta-kichik boshqa tadbirkorlarning, ahli O‘zbekistonning baxti – mustaqillik sharofati bilan yaratilgan va yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar, keng sharoitlardan bahramand bo‘lib yashayotgani, ta’lim olayotgani, mehnat qilayotganidadir.

Jaydari falsafa

Sayroblik tadbirkordan yana so‘radim: Sizga pand beradigan kamchiligingiz bormi?
Hayitali xo‘rsindi: “Bor! Ingliz tilini yaxshi bilmasligimdan ezilaman. Bequntligim qursin, xorijiy tillarni puxtaroq o‘rganganimda, kompaniyamizning eksport salohiyati yanada oshgan bo‘larmidi”.
Sezib turibman, sizning ham bo‘sh kelgingiz yo‘q: “Ortida ish o‘rgatib turuvchi qandaydir rahnamosi, ustozi bordir-da. Yo‘qsa, bir yigitning buncha mablag‘ni topishi, topgach, joy-joyiga qo‘yib tasarruf etishi oson gap ekanmi?!”
Xo‘p, ana, siz aytgancha ham bo‘lsin: rahnamosi, ustozi, piri komili bor deylik. Bo‘lsa-chi? Nimasi yomon? Hayotda kimning mehribon rahnamosi, talabchan ustozi yo‘q, bo‘lmagan? Bu dunyoda hech kim osmondan oyog‘ini osiltirib tushmaydi. Hammamiz kimlarningdir ko‘magi, maslahati, yo‘l-yo‘rig‘iga tayanib va suyanib, oyoqqa turganmiz. Turamiz. Ustoz ko‘rmagan shogird qanday maqomlarga yo‘rg‘alashi ma’lum.
Ie, baxayr, to‘xtang-chi bir! Nega men hadeb Hayitalini, o‘zimni va so‘zimni oqlashga tushib ketdim? Davlat va jamiyatni qo‘ya turaylik, loaqal o‘z ota-onasiga sharaf, naf keltirish, qartayganida suyanchiq bo‘lish o‘rniga, ular bir umr misqollab yiqqan obro‘-e’tibor, mol-mulkni bir kunda sovurib, qiblagohlarini gadoga aylantirib tashlayotgan farzandlar yo‘qmi?! Ishlash, mehnat qilish, pul topib, ro‘zg‘or tebratish o‘rniga, nafaqat o‘zi, hatto bola-chaqasi ham, keksa ota-onasining arzimas pensiyasiga sherik bo‘lib o‘tirgan chavandozning otidek sog‘lom, hindning filidek baquvvat yigit-qizlarni ko‘rmaganmisiz?!
Ilohim, hech kimga ko‘rgilik qilmasin! Balki meni qo‘limga qalam olishga undagani ana shunday azobli o‘y-kechinmalar, alamlardir! Balki Hayitalidek mehnatkash, kamtarin, toparman-tutarman, ilmli, bilimli yigitga, uni kamolga yetkazgan ota-onasi, ustozlari-yu rahnamolariga bo‘lgan insoniy bir havasdir! Kim nima desa desin, lekin bir haqiqatni tan olishimiz kerak: hamma ham Hayitali bo‘la olmaydi! Hamma ham Surxonning shu kamsuqum farzandidek o‘nlab korxonalarga, yuzlab, mavsumi kelganida, minglab odamlarga bosh bo‘lib, birni o‘nga, o‘nni tumanga, tumanni million va milliardlarga aylantira olmaydi.
El-yurtimiz, davlatimizning kuch-qudrati Hayitalidek qut-barakali insonlar, tadbirkorlar tufaylidir. Hayitalining, hayitalilarning Rahnamosi kimligini juda-juda bilgingiz kelayotgan bo‘lsa, aytay: Ko‘qda – Xudo, Yerda – O‘zlari!
Yurt Og‘asi aytadiki, “tadbirkor o‘zining bola-chaqasidan qiyib, to‘plagan puli, mol-mulkini yangi ish ochishga sarflaydi. Bankdan kredit olsa, uni ham foizi bilan o‘zi to‘laydi. Unga hech kim har 15 kunda byudjetdan avans yoki oylik bermaydi. Shunga qaramasdan, tavakkal qilib, huzur-halovatdan kechib, bor imkoniyati va mablag‘ini xavf-xatarga qo‘yib, o‘z ishi uchun kechayu kunduz jonini berib ishlaydi. Shu yo‘l bilan nafaqat o‘z oilasini, balki el-yurtni ham boqadi. Shu ma’noda tadbirkor bu haqiqiy fidoyi inson. Shaxsan men bunday insonlarni, ikkitagina ish o‘rnini yaratgan tadbirkorni boshimga ko‘tarishga tayyorman”.
Bu haq gapga, tilakka, orzuga qo‘shimcha qilish mening qo‘limdan kelmaydi.
Qo‘limdan kelgani shu – olqish va duo: ishingizning barakasini beraversin, Hayitali boy!

“Sharq yulduzi”, 2017 yil, 8-son