Yo‘l yamonu yaxshisidan yema g‘am,
Bismilloh, degilu qo‘yg‘il qadam.
Alisher Navoiy
She’rga, adabiyotga qachon ishqim tushib, qachondan qog‘oz tirnay boshlaganim yodimda yo‘q. Lekin shunisi aniq esimdaki, shoirlik havasiga esh bo‘lib Toshkentda o‘qish «qarori» ham yuragimga qattiq o‘rnashgan edi.
To‘qqizinchi sinfdaligimda otamiz xastalanib qoldi. Oilada yetti o‘g‘il, to‘ng‘ichi menman. Kichigi ikki, oldi o‘n ikki yashargacha bo‘lgan ukalarim, kasalmand otam, yolg‘izqo‘l onamni tashlab, poytaxtga jo‘nash insofdan emasdi. Ammo murg‘aklikdan dilimga qattiq o‘rnashgan o‘jar istak aqlimga bo‘ysunmaslikka undar, dam-badam g‘alayon qo‘zg‘ab turar, bu g‘alayonni arang bosib tinchitsamda, ich-ichimdan o‘ksinib yurardim.
O‘ninchi sinf yarimlaganda dardimni qo‘shnimiz – Samarqand davlat universiteti matematika fakultetida tahsil olayotgan Abbos akaga aytdim. U hech narsa demadi. Demadiyu, ertasi kuni meni shaharga olib ketdi. Birgalikda universitetning filologiya fakulteti binosiga kirdik. Auditoriyalar, keng zallar, sport maydonchalarini ko‘rsatdi. Talabalar bilan uchrashtirdi. Bu yerda kimlar o‘qib, qanday odam bo‘lib yetishgani, ayni choqda qanaqangi mashhur siymolar dars berayotganigacha gapirib berdi. Qisqasi, shoir bo‘ladigan odam bu yerda ham astoydil o‘qisa, maqsadiga erishishiga ishontirdi va o‘z shahrimda qolib o‘qishimga ko‘ndirdi.
Maktabni tugallab, SamDUning o‘zbek va tojik filologiyasi fakulteti kunduzgi bo‘limiga hujjat topshirdim. Poytaxtdan boshqa joyda o‘qishni xayoliga ham keltirmay, havolanib yurgan mallasoch g‘o‘r yigitcha o‘qishga arang ilindi. Ilinganda ham sirtqi bo‘limga… Gap shundaki, menga o‘xshagan xiyol kamroq bal to‘plaganlardan 30 nafarini (ko‘zlari qiymaganidan bo‘lsa kerak) sirtqi bo‘limga qabul qilishdi. Xullas, 16 yoshimda universitetning sirtqi bo‘lim talabasiga aylandim.
«Zarari yo‘q, – dedim hamon otdan tushmay, – birinchi kursni tamomlab, kunduzgi bo‘limga qayta ariza beraman. Kerak bo‘lsa, imtihon ham topshiraman, lekin sirtqida qop ketmayman!..»
Bu ahdim birinchi kurs oxiriga yetmay chippakka chiqdi. Otam vafot qildiyu, kunduzgi bo‘lim havasidan voz kechdim. Endi ish topishim, onamning yoniga kirishim kerak edi.
Kolxoz raisi Rofe Hamroyev qabuliga kirdim. U kishi ota qadrdonim edi, niyatimdan quvondi. «O‘g‘lim, seni buxgalteriya kursiga yuboramiz. O‘qib kelib, bag‘rimizda ishlayverasan», dedi.
Ana xolos, mushtday boshim bilan shoir bo‘laman, jurnalist bo‘laman deb yurgan yerimda hammasini chetga surib qo‘yib, buxgalterlik qilarmishman.
– Rais bobo, o‘zimning o‘qishim nima bo‘ladi? – dedim hovliqib.
– O‘qishing o‘z yo‘lida ketaveradi. Sessiya paytlaring ishdan ruxsat beramiz. Ham o‘qib, ham dam olib kelasan, – dedi rais xotirjam qilib.
Boshqa ilojim ham yo‘q edi. Rozi bo‘ldim. 1970–71-o‘quv yilida bir yo‘la ikki joyda o‘qidim. Universitetning uchinchi kursiga ko‘chgan yilim kolxozda mehnat buxgalteri yordamchisi bo‘lib ish boshladim. Asta-sekin ekonomist yordamchisi, keyin chorva buxgalteri bo‘ldim. Bu orada universitet tahsili ham tugab, filolog-o‘qituvchi degan diplom oldim. Endi istagan yerimda ishlashim, debit-kredit hisob-kitoblaridan xalos bo‘lishim mumkin edi. Ammo butun o‘qishim davomida meni qo‘llab, izzatlab, maosh berib turgan jamoani indamay tark etishim odobdan emasdi. Qolaversa, chorva buxgalterligidek baobro‘, «yog‘li» joydan ketib, maktabda oddiy o‘qituvchilik qilish ham ko‘pchilik nazdida kulgili tuyulardi. Yana bir tomoni – qaramog‘imdagi ukalarimning oldi endi-endi suyagi qotib, oyoqqa turib kelayotgan edi. Qisqasi, diplomli bo‘lganimdan keyin ham yana ikki yil cho‘t qoqishga majbur bo‘ldim.
Majbur bo‘ldim, deyishim ham rost gap, botinimda hali-hamon ijod dardi simillar, ozroq fursat topdimmi, nimalardir mashq qilishga undardi. O‘quvchilik yillarimda she’rlarim chiqa boshlagandi, keyin esa hikoyalarim ham… Ularni faqat tumanimiz gazetasigina tan olib bosib turardi.
Ota qadrdonim bo‘lmish Rais bobomiz (keyinchalik u kishi qissalarimda Rustam Haydarov bo‘lib ko‘rindi) 56 yoshida dunyodan o‘tdi. Rahmatli yaxshi odam, respublika miqyosida tanilgan mashhur rahbar edi. Shundan keyingina menga «monelik qiladigan» kishi bo‘lmay, maktabga ketdim.
Maktabda bir yil havas bilan ishladim, o‘zimni suvga tushgan baliqdek his etardim. G‘ayratim ichimga sig‘mas, «Shalola» degan adabiy to‘garak ochib, o‘quvchilarimga shoirlikdan «dars» bera boshladim. Ko‘p o‘tmay yana bezovtalik oraladi ko‘nglimga. «Nega dunyoning bir chekkasida oddiy o‘qituvchi bo‘lib qolib ketishim kerak ekan, loaqal endi toleimni sinab ko‘rishim mumkinku!» derdim o‘zim bilan o‘zim kurashdim.
Hamkasblarim bilan sirlashdim. Qo‘llovchi bo‘lmadi: «Endi kech, oila, besh farzand bilan Toshkentda yashashning o‘zi bo‘lmaydi. Qolaversa, bu sohani tanlaganning yo zari, yo zo‘ri bo‘lishi kerak», deyishdi. Faqat birgina inson – qishlog‘imizga Nurota tomonlardan kelib qolgan Nurmuhamedov degan qariya, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, boshqacha gap qildi: «Mening bir tanishim bor, Nizomiyda, sirtqi bo‘limda bizga dars bergan. Yoshim ulug‘ bo‘lgani uchun hurmat qilardi, shu odamga uchrab ko‘ringchi», dedi.
Maktabda ikkinchi yil ish boshlashimdan oldin – avgust oylarida Toshkentga keldim. Aspiranturada o‘qiyotgan sobiq sinfdoshim yo‘l boshlovchi bo‘ldi. O‘sha paytlarda qisqagina qilib, «prospekt 41» deb ataladigan (hozirgi «Buyuk Turon ko‘chasi, 41-uy») bino ostiga kelib, «Gulxan» jurnaliga qo‘ng‘iroq qildik. Chunki jurnal tahrir hay’atida biz izlab kelgan kishi – Pirmat Shermuhammedov ismini ko‘rgandim va shu jurnalda ishlasa kerak, degan xayolda edim. Soddaligim ham shu darajada ekanda.
Ichkaridan kimdir javob berdi: u kishi katta odam. G‘afur G‘ulom nashriyotida bosh muharrir bo‘lib ishlaydilar, dedi.
Oyog‘imdagi titroq zo‘raygandan zo‘raydi: ana xolos, bu katta odamga qandoq ro‘para bo‘laman?!
Aytmoqchi, Toshkentday joyga pasportsiz kelibman. Uchragan eshikda pasport surishtirib turishsa, bu yog‘i qandoq bo‘larkin, degan xavotirim ortib borardi… Yo‘q, «Navoiy – 30»da hech kim hujjat so‘ramadi.
Binoga bemalol kirib, o‘sha paytlardagi eng mashhur G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot bosh muharriri xonasini osongina topdik. Katta odam deyishgani – Pirmat aka (professor Pirmat Shermuhammedov) ochiq chehra bilan qarshi oldi. Stullarga o‘tqazib, choy uzatdi.
– Domla, biz Samarqanddan keldik, bir tanishingiz yubordilar, – dedim tomdan tarasha tushganday qilib va maktubni uzatdim.
Pirmat aka darhol konvertni ochib, avval suratga qaradi.
– E, domlaku, – dedi kulimsirab.
– Ha, Nurmuhammedov domla, maktabda birga ishlaymiz, – dedim jonlanib.
– To‘g‘ri, Nurmuhammedov. Oltmish yoshida bizdan diplom olgandi. G‘ayratli qariya edi…
Pirmat aka ko‘p kuttirmay xatni o‘qib chiqdida, «qani, narsalaringizni beringchi?» dedi. Narsalarim – bir dasta she’r va hikoyalar edi, darhol uzatdim.
– Yaxshi. Ertaga shu paytlarda kela olasizmi?
– Albatta, – dedim hovliqib.
Xullas, ertasi kuni aytilgan soatda Pirmat Shermuhammedov xonasida hozir bo‘ldim.
– She’rlaringizni …ga (ismi yodimdan ko‘tarilibdi), hikoyalaringizni Botir Norboyevga berganman. Hozir ularni chaqirtiramiz, – dedi Pirmat aka ishchanlik bilan.
She’rlarimni olgan odam topilmadi, Botir Norboyev xonaga kirib keldi. Qorachadan kelgan, qoruvli yigit ekan.
– Xo‘sh, Batirjan, hikoyalardi o‘qidingizmi, – dedi Pirmat aka xorazmcha lahjada.
– O‘qidim, ikkitasini…
– Qalay?
– Zo‘r!
– Rasttanmi?! – dedi Pirmat aka unga sinchkov nigohini tikib.
– Ha, Pirmat aka, menga yoqdi. Viloyat muhitidagi bir narsa bo‘lsa kerak degandim. Yo‘q, yozsa bo‘lar ekan!
– Yaxshi, yaxshi. Unda hammasini o‘qingda, keyin menga bering. Menam tanishay. Keyin bir xulosaga kelaylik. Shu yigitti padderjka qilaylik, bo‘ptimi!
– Albatta, domla, men tayyorman!
Pirmat aka menga yuzlandi.
– Samarqandga ketguncha yana bir kelsangiz, hikoyalarni o‘qib qo‘yaman. She’rlaringizni ham…
Bir-ikki kun o‘tkazib, yana Pirmat akaga uchradim. Endi bir muncha jur’atlanib qolgandim. Ancha suhbatlashdik. Hikoyalar tili, jumla qurilishi, voqealar rivoji, mantiqiyligini maqtab, ko‘nglimni ko‘tardi. Faqat ozroq yuk ortish zarurligini aytdi. Shu yil oxirida – dekabrlarda yangi hikoyalar bilan kelsangiz, dedi.
(She’rlarimni ortiq surishtirmadim. Mendan shoir chiqmasa kerak, nasrda biror narsaga erisharman, degan fikrlarim qat’iylashib ulgurgan edi.)
Pirmat aka men uchun «najot farishtasi»dek bo‘lib ko‘ringan, murg‘ak bolaligimdan halovatimni o‘g‘irlagan orzu-istaklarimni qanotlantirgan bir zot sifatida taassurot uyg‘otgandi.
Qishloqqa qaytdim. Qadam bosishlarim bo‘lakcha, erta-indin yozuvchi bo‘lib tanilishimga ishonib, ich-ichimdan g‘ururlanib yuraman. G‘ayratim ichimga sig‘maydi: ertalab vaqtli uyg‘onib, «ijod stolim»ga o‘tiraman, uch-to‘rt qog‘oz qoralab, maktabga otlanaman, u yoqdan qaytib, tamaddi qilmasdan yana qog‘ozga muk tushaman, kechki ovqatdan keyin ham ne mahalgacha qalam qitirlataman. Stolim ustida – ro‘paramda Pirmat Shermuhammedovning «Ijod dardi» kitobining orqa muqovasidagi surati: «G‘ayrat qiling, sizdan yozuvchi chiqadi», deganday jilmayib, quvvatlab turadi.
Shu tarzda 1978 yil sentyabridan dekabrigacha o‘nga yaqin hikoya yozdim. So‘ng hayotimda tubdan burilish yasagan yangi yil arafasida yana Toshkentga yo‘l oldim.
* * *
Keyingi yil mart oylarida, chamamda bahorgi ta’til kunlari bo‘lsa kerak, o‘zim rahbarlik qilayotgan o‘ninchi sinf o‘quvchilarini Toshkentga tomoshaga olib keldim. Ikki kun birgalashib shahar aylandik. Muzey, teatrlarga kirdik, xiyobonlarda kezdik. Keyin ularni avtobusga o‘tqazib, Samarqandga jo‘natib yubordimda, o‘zim Toshkentda qoldim. Birinchi qilgan ishim – G‘afur G‘ulom nashriyotiga borib, hikoyalarim haqida iliq gap aytgan adabiyotshunos olim Botir Norboyevga uchradim. Navoiy ko‘chasi bo‘ylab yurib, gurunglashdik. Gap orasida mavridi kelib qoluvdi, dardimni aytdim. Hali ikki yil o‘tmayoq o‘qituvchilikdan charchaganimni, o‘quvchilarning yarim umri dalada o‘tayotgani, xohlagandek dars bera olmasligingni va hokazo muammolarni qatorlashtirib, keyin mabodo maktabni tashlab Toshkentga kelsam, ish topishim mumkinmi, eng muhimi, ishlab keta olamanmi… shunga siz nima deysiz, dedim. Botir aka gapni aylantirib o‘tirmadi, ikkilanmay kelavering, ish topiladi. Chidasangiz, ishlab ham ketasiz, dedi. Bu gapni o‘zimcha shunday tushundim: bu odam menga ishonyaptiki, shunday deyapti. Aks holda… Xullas, yana ruhlandim. O‘zimga ishonchim ortdi. Maktabdagi faoliyatimning so‘nggi oylarini ichki bir orziqish, pinhoniy bir sevinch bilan o‘tkazib, sinfimning bolalariga yetuklik attestatsiyalarini topshirgan kunim, maktabimiz direktori, tarix o‘qituvchisi, Xalq maorifi a’lochisi Isomiddin aka Qarshiyev huzuriga kirdim va maqsadimni aytdim. U ayrim kasbdoshlarim ogohlantirgandek ovora bo‘lma, Toshkentda yashashning o‘zi bo‘lmaydi, yo zaring, yo zo‘ring bo‘lishi kerak deb qo‘rqitib o‘tirmadi. Bilaman, ancha kech harakat qilyapsan, boshqa imkoning ham yo‘q edi. Mana endi… bemalol ketaversang bo‘ladi, dedi. Duo qildi. Xullas, o‘sha 1979 yilning iyulida pattam qo‘limga tegdi va erkin qushga aylanib, yigirma olti yoshimda Toshkentga yo‘l oldim…
* * *
Xudoning bergan kuni G‘afur G‘ulom nashriyotidaman. Botir akaning xonasiga kirib o‘tiraman. Botir aka, Mahkam aka (Mahkam Mahmudov) kun bo‘yi ishdan qolib men uchun ish izlashadi. Avval markaziy gazeta-jurnallarga qo‘ng‘iroq qilib chiqishdi. Keyin Toshkent viloyati, «Toshkent oqshomi» gazetalariga. Natija yo‘q. Ilgari qayerda ishlagan, deyishadi, maktabdami, bo‘lmaydi. Bizga tayyor xodim kerak! Kunlar esa o‘tib boryapti. Oxiri shu darajaga bordimki, «Kitobsevarlar jamiyati»da buxgalterlik o‘rni bo‘sh ekan, borasizmi, deyishdi hazil-chin aralash. Roziman, dedim sira ikkilanmay. Hoy, bu senga kolxoz emas, davlat tashkiloti, kirim-chiqim, debit-kredit hujjatlarini yuritishda osmon bilan yercha farq bo‘lsa kerak, deb ham o‘tirmadim. Nashriyot joylashgan binoning ikkinchi qavatiga tushdim. Rahbarga uchradim. Bir ko‘zi qora tasma bilan bog‘langan, ammo o‘zi ancha basavlatgina kishi ekan. U tarjimayi holim yuzasidan obdon so‘rab-surishtirdida, keyin ko‘zimga qattiq tikilib, «Xotin, bola-chaqadan qochib kelyapsizmi?» desa bo‘ladimi!.. Haligacha tushunmayman, nega bunaqa dedi bu odam… Sariq odammasmanmi, qizarib-bo‘zarib o‘rnimdan turib ketdim. E, nima deyapsiz, o‘ylab gapiryapsizmi, bizdi Samarqanddan bola-chaqani tashlab qochadigan nomard chiqmagan, chiqmaydiyam!.. Bo‘pti, xayr!.. Rahbar iljaydi. O‘tiring, o‘tiring, hazil. Bo‘pti, ertadan ishni boshlayvering, Pirmat akadan ta’rifingizni eshitganman, uka. Faqat bunaqa serjahl bo‘lmangda…
Xiyol tinchlanib, Botir akalarning xonasiga ko‘tarildim. Xo‘sh?.. Bo‘ldi, deganday bosh irg‘adim. Lekin avzoyimdan unchalik xursand emasligimni payqadi, shekilli, Botir aka tasalli berdi. Vaqtincha ilinib turing, birorta ma’qulroq joy chiqib qolsa, shunday o‘tib ketaverasiz. Biz so‘rab-surishtirib turamiz, dedi. Shu payt Mahkam aka bilan gaplashib turgan, chamasi o‘zim tengi bir yigit biz tomonga o‘girildida, radioga borsin, mening o‘rnimga, men ketyapman, desa bo‘ladimi!.. Siz Litdramda ishlaysiza, dedi Botir aka jonlanib. Ha, zo‘r joy. Oyligi yaxshi, qalam haqiyam… Mahkam aka gapga aralashdi: Botirjon, siz darrov Pirmat akaga kiring, u kishi tavsiya qilsa, yo‘q deyishmaydi.
Ishonsangiz, dilim shunday ravshan tortib ketdiki, qo‘yaverasiz. Axir, o‘ylab ko‘ring: mushtday boshimdan cho‘t qoqib, debit-kreditlardan bezib, maktabga o‘tib ketgan bo‘lsamda, azza-bazza Toshkentga kelib, yana… Xullas, Respublika radiosiga qarab yo‘l oldim. Ha, aytmoqchi, meni bu yerga kelishimga sababchi bo‘lgan yigit – bugungi kunda taniqli shoir, olim, tarjimon Tohir Qahhor edi. Hozir o‘ylab turib hayratga tushaman: bu odamlarni ilgari ko‘rmaganman. Biri qoraqalpoqlik, biri xorazmlik, biri andijonlik, yana biri namanganlik… Ularga o‘tkazib qo‘ygan joyim ham yo‘q. Lekin xuddi o‘z jigarlariga qayg‘urgandek qayg‘urishadi. Sira malollanmay, men uchun kimlargadir qo‘ng‘iroq qilishadi, iltimos qilishadi. Yo‘lim ochilavermasa, xafa bo‘lishadi, yorug‘lik ko‘rinsa, quvonishadi. Mabodo deyman, shularning o‘rnida biror to‘ngroq odamga duch kelganimda (keyin bunaqa kimsalarga ham duch keldim) nima bo‘lardi?! Qishloqdan tashqariga chiqmagan, hatto harbiy xizmatda ham (oilaviy sharoit tufayli) bo‘lmagan mo‘rt yigitcha Toshkent tosh shahar ekan, bu yerda yo zaring, yo zo‘ring bo‘lmasa bo‘lmas ekan, deb ortimga qaytib ketarmidim. Ha, birinchi qadamlaringda qanday odamlarga duch kelishingda gap ko‘p ekan…
Radio eshigiga kelib, ichkariga qo‘ng‘iroq qildim. Hayal o‘tmay novcha (mendan bir kalla baland), tutash qora qoshli yigit chiqib keldi. Kulimsirab ko‘rishdida, pasportimni so‘radi. Keyin bir tuynukka borib, ruxsatnoma yozdirib oldida, ichkariga boshladi. Melisa tekshiruvidan o‘tib, ikkinchi qavatga ko‘tarildik. Bu yerga kelishdan oldin, qulog‘imni pishitishgan. Sinov qattiq bo‘ladi. Dadil bo‘ling, katta-katta gapiravering, deyishgan. Lekin baribir yuragim chopmayapti. Bo‘lmaydi, bari befoyda, degan ishonchsizlik miyamda aylanadi. Gap shundaki, men shu choqqacha tuman gazetasidan bo‘lak dargohni ko‘rmaganman. Sanaganda sakkiz-o‘nta she’ru hikoyam faqat o‘sha tuman gazetasida bosilgan. Respublika radiosiday mahobatli bir jamoaga nimamga ishonib ishga olishadi. Hujjatlarimni ko‘riboq hafsalalari pir bo‘ladi, derdim. Toir Yunus (haligi meni ichkariga olib kirgan yigit) bir xonaga boshlab kirib, shu yerda o‘tirib turing, deya chiqib ketdi. Xona torgina, ikki stol, biri kiraverishda – o‘ng qo‘lda, ikkinchisi unga taqalgan holda eshikka qaratib joylashtirilgan. Stollar yoniga bittadan qo‘shimcha stullar qo‘yilgan. Ulardan biriga o‘tirdimda, qo‘limdagi papkani stol ustiga qo‘ydim. Va shunday boshimni ko‘tarib, ro‘paradagi eshik yozuviga ko‘zim tushdi: «Bosh muharrir Nasiba Ergasheva». Ie, ana bo‘lmasa, familiyadosh ekanmizku! Loaqal familiyam sharofati bilan… Ha, demak, qabulxonadaman. Hozir boshliqqa olib kirishadi. Yo‘q, unday bo‘lmadi. Xonaga jiddiy qiyofali, baland bo‘yli, qorachadan kelgan kishi kirdi. Qayerdadir ko‘rgandayman. Darhol jonkuyar Mahkam akaning gaplarini esladim: «U yerda Eminjon, Tohir Malik degan yozuvchi akalaringiz ishlashadi. Taniysiza ularni? – Ha, o‘qiganman. – Unda juda yaxshi. Ikkisi ham bo‘lim boshlig‘i, ana shular hal qilishadi…» Darhol, miyam tiniqlashdi. Ie, Tohir Malikku! O‘rnimdan chaqqon turib, salom berdim. U kishi indamay ko‘rishdida, yuqoridagi stolga o‘tib o‘tirdi. O‘tiring deganday bosh irg‘adi. «Tohir aka, yaxshimisiz?» U eshitilar-eshitilmas ovozda «yaxshi» dedida, oldimdagi papkaga ishora qilib, qo‘lini cho‘zdi. Darhol olib berdim. Nafas yutib, kuzatib turibman. U shoshilmay qog‘ozlar bilan tanisha boshladi, avval ma’lumotnomani qarab chiqdi, keyin tarjimayi holimni o‘qidi. Navbat gazetalarga keldi. Ularni va qo‘lyozmalarni bir-bir ko‘zdan o‘tkazdida, keyin hammasini qaytadan joyiga joylab, papka bog‘ichini bog‘ladi. «Tamom, hozir qo‘limga qaytib beradi!» Yo‘q, unday bo‘lmadi. Boshini ko‘tarib, jiddiy tikildida, «Hm, besh bolali yigitcha», deb qo‘ydi. Nima deyishni bilmayman, hazillashyapti, desam, qarashlari jiddiy. «O‘qiganmisiz?» «Nimani?» «Besh bolali yigitcha»nida». «Ha, romannimi, o‘qiganman…» Shundan so‘ng Tohir aka papkani stol chekkasiga olib qo‘ydida, chorshanba kuni kelasiz, hikoyalaringiz bilan bolalar tanishib chiqishadi. Qolganini keyin gaplashamiz… U shunday dedida, bosh irg‘ab qo‘yib o‘rnidan turdi.
Tohir aka bilan rosa qirq yillik aka-ukachiligimiz, ustoz-shogirdligimiz ana shu kundan, o‘sha mubhamgina suhbatdan boshlangan ekan, hozir o‘ylab qarasam. Koshki edi shunday bo‘lishini oldinda bilganimda, do‘ppimni osmonga otgan bo‘larmidim. Ammo o‘shanda u kishi bilan qayta uchrashgunimcha ichimni it tirnab yurdi. Endi nima bo‘larkin? Hikoyalarim yoqarmikin? Haligi hazili bekorga bo‘lmasa kerak. O‘zingizni ham, besh bolangizni ham qiynab yurmang, Toshkentda yashashning o‘zi bo‘lmaydi, desaya!.. Oradan bir kunni amallab o‘tkazib, chorshanba kuni yana radiokomitet binosi oldida hozir bo‘ldim. Bu safar ichkariga qo‘ng‘iroq qilishimga hojat bo‘lmadi. Oynavand eshik ochilib, bir kishi otimni aytib chaqirdi. Bu yoqqa keling, dedi. Eski tanishlardek, qo‘l berib ko‘rishdida, ichkariga boshladi. Qarasam, foyeda Tohir Malik o‘rta bo‘ydan balandroq, pishiq-puxta tana-to‘shli, ochiq chehrali bir kishi bilan turibdi.
– Keling, besh bolali yigitcha… Va alaykum assalom. Tanishing, bu akangiz – Eminjon Usmonov.
Qo‘sh qo‘llab ko‘rishdim.
– Bunisi, – meni chaqirib kirgan yigitga ishora qildi. – Sotvoldi Rajabov, anjanlik.
– Tohir bilan yurtdoshmiz…
– Bo‘lmagan gap, man toshkanlikman… – dedi Tohir aka bamaylixotir. – Bular shunaqa, mashhur odamlarni darrov o‘zlariniki qilib olishadi. Hm, noto‘g‘rimi?.. Mashrab qayerlik?
– Asli anjanlik.
– Ana, aytmadimmi?..
– Isbot kerakmi?
Tohir aka isbot talab qilib o‘tirmadida, sherigiga yuzlandi.
– Eminjon, bo‘lmasa, bu yigitchani sizga topshirdim. Biz bormasak bo‘lmaydi. Opaga olib kiring. Aytmoqchi, opaniyam tegi anjanlik.
Sotvoldi aka sharaqlab kuldi. Tohir aka jiddiy qiyofada davom etdi.
– Anjanlik bo‘lmasayam bo‘ladigan bola ekan, deng. Hikoyalari haqidagi fikrimizni ayting. – U shunday deya menga o‘girildi. – Bitta hikoyangiz yoqmadi menga. Bildingiza? Bosmachilar haqidagisi. Bilmagan narsangizni yozmang…
– Haligi… Bo‘lgan voqea ekan. Hatto o‘zimizning qarindoshimiz ekan…
– Qarindoshingiz Yo‘ldoshxo‘ja… – u sheriklariga qarab kulimsirab qo‘ydida, – unaqa odam bo‘lmagan, ehtiyot bo‘ling, – dedi. Keyin gapni qisqa qildi. – Bo‘pti, buni alohida gaplashamiz…
(Tohir akaning bu tanbehi sababini ko‘p o‘tmay tushundim. Ko‘zim yarq etib ochildi. Men, qizil sho‘ro maktabining a’lochi o‘quvchisi, bilib-bilmay o‘z ajdodlarim yuziga (O‘zi kechirsin!) loy chaplamoqchi bo‘lgan ekanman).
Men g‘alati bir holatda edim. Kuni kecha bu kishilarning birortasini tanimasdim. Ammo hozir o‘z-o‘zidan ularning biriga aylanib turibman. Bir-birlariga bemalol hazil qilishyapti. O‘zlariga yaqin olganlaridan bo‘lsa kerakda, aks holda… Nahotki, bu yog‘i oson ko‘chsa…
Judayam oson ko‘chmagan bo‘lsada, oqibati xayrli bo‘ldi. To‘rt oy sinovda yurdim. Topshiriq berishadi, men Botir akaga uchrab, yo‘l-yo‘riq olamanda, ishga kirishaman. Lavha, maqola, ocherklar tayyorlab kelaman. Yozganlarim ma’qul topiladi, efirga beriladi, Uch-to‘rt so‘m qalam haqi ham olaman. Lekin ish masalasi ilgari siljimaydi. Yaxshiyam yotoq masalasida qiynalmadim. Avvaliga Xalq xo‘jaligi instituti yotoqxonasida (Abdumannon ismli talaba hamqishlog‘im yordamida), keyin «Aspirantlar uyi»dagi haligi aspirant sinfdoshim xonasida deyarli tekinga yashab turdim. Hafta sayin Samarqandga qatnayman. Qatnaganda ham payshanba kuni kechki poyezdga o‘tirib, juma kuni ertalab qishloqda bo‘laman. Uyimdagilar bilishadi, bilmaganlar – meni Toshkentdagi katta bir redaktsiyaga joylashib opti, deb eshitganlar, ajablanishadi. Bugun ish kuni emasmi, deb so‘rashadi. Mubham javob qilaman: ish kuni. Men safardaman, deyman. Ishqilib, oxiri baxayr bo‘lsinda, sharmanda bo‘lmayinda, Xudoyim, deb qo‘yaman. Shu taxlit oyu kunlar o‘tib borardi. Bir safar «dam olish» kunlarini o‘tkazib, Toshkentga otlanib turibman. Oktyabr oyi yarimlagan. Ukalarim tomga shifer qoqishyapti. Nima bo‘ldiyu, yo‘lga chiqaman, deb turgan yerimda niyatimdan qaytib, kel, bir-ikkita shiferni uzatishib yuboray debman. Shifer deganim haligi biz bilgan azbestdanmas, tunukadan edi. Ikkitasini tepaga uzatdimu, uchinchisi negadir tepada turgan yigitning qo‘lidan sirg‘alib tushib ketdi. O‘zimni chetga oldimu, o‘ng oyog‘imni tortishga ulgurmadim. Oyog‘im yuzi xuddi olov tekkandek «jiz» etdi. Qarasam, oqish tuflim qip-qizil qonga bo‘yalibdi. Darhol meni suyab, qo‘ltiqlab, chorpoyaga olib borib o‘tqazishdi. Tuflimni, paypog‘imni yechishdi. Tunuka shifer qirrasi shim pochasini, paypog‘imni ustaradek qirqib, keyin oyog‘imga botgan, yo‘g‘on tomirlardan biri kesilgan shekilli, qon to‘xtay demasdi… Bir haftacha qishloqda qolib ketdim. Keyin uchta chok tushgan kesik oyoq bilan yana Toshkentga yo‘l oldim. Oqsoqlanib radio binosi tomon borarkanman, «E, qayoqda yuribsiz?!» deydi birov. Qarasam, shu yerdagi ko‘z tanishlarimdan biri. Nimanidir sezdimi, yuragim bir qalqib oldi. «Tohir aka bilan Eminjon aka sizni bir haftadan beri qidirishadi. Tez uchrang. Yangilik bor, shekilli…”
Oyog‘im simillashi birpasda yo‘qoldi.
Uzun koridor oxirida Eminjon aka kutib oldi. Qayoqlarda yuribsiz, darvesh?! Qishloqda edim. Kelayotib…
Eminjon aka oyog‘imga tikilib, bir zum jimib qoldida, keyin: Tuzukmi endi, paxta terishga yaraysizmi, dedi. Tushunmay, angraydim. Bu yoqqa yuringchi. Tohir akaning xonasiga boshlab kirdi. Ie, besh bolali yigitcha topilibdiku, deya Tohir aka telefon go‘shagini joyiga qo‘ydi. Hozir roziskka bersammi deb turgandim… Bu darvishingiz qishloqqa ketgan ekan, dedi Eminjon aka o‘tirayotib. Hmm… dedi Tohir aka menga boshdan oyoq qarab chiqib, bolalarni ko‘paytirgani ketgandirda. Eminjon aka kuldi. Qayoqda, ustachilik qilib, oyog‘ini kesib olibdi… Tohir aka voqea tafsilotini eshitib, bir zum jim qoldi. Keyin kulimsiradi. Zarari yo‘q, qishloqdi bolasi, chidaydi, dedi. Endi gap bunday, besh bolali yigitcha. Opa sizni raisga olib kiradi. Oqsamaysiz. Hech narsa bo‘lmaganday, nima deyishsa, xo‘p deysiz. Bugun 1-noyabr, Ubaydulla Yoqubovich hujjatingizga qo‘l qo‘yadida, erta shanba, yakshanbani o‘tkazib, to‘rtinchida paxtaga ketasiz. Kelishdikmi?!
Hayajondan nafasim tiqilib, ovozim chiqmay qoldi. Shoshib bosh irg‘adim.
Keyinchalik aytib berishlaricha, mening familiyadosh opam bo‘lim boshliqlari Tohir aka bilan Eminjon akadan paxtaga odam so‘rabdi. Hamma ishga yaraydiganlar paxtada, boshqa odamimiz yo‘q deyishibdi. Bilmadim, ikkita odam kerak. Ana Toirjon (Toir Yunus) borsin. Yana bitta topinglar. Odam bor, debdi Eminjon aka Tohir akaga qarab olib. Kim? Sinovda yuribdi, yozganlarini o‘qidingiz. Efirga berib turibmiz, debdi Tohir aka davom etib. Shu yigitni ishga olaylikda, paxtaga jo‘nataylik… Maylikuya, Litdramga yoshlik qiladida. Qanaqasiga yoshlik qiladi, debdi Eminjon aka qat’iy turib. Yigirma oltiga kirgan… Ijodkor sifatida yosh deyapman, kitobi chiqmagan. Markaz tugul, viloyat gazetalarida biror narsasi bosilmagan. Menga qolsaku, yo‘q demasdim, sizlarga ishonaman, direktsiyadagilar oyoq tirab olishgan. Opa, debdi Eminjon aka so‘nggi nuqtani qo‘yib, shu yigit uchun Tohir ikkalamiz kafilmiz. Agar ishni eplolmasa, javobini biz beramiz. Xullas, bosh muharrirni ko‘ndirishibdi. Keyin meni izlashsa, yo‘qmishman. Agar bir kun kechikkanimda bilmadim nima bo‘lardi.
Xullas, o‘sha kuni Teleradio davlat qo‘mitasining qirq yillik rahbari Ubaydulla Yoqubovich Ibrohimov buyruqqa imzo chekdi. Bir kun ham ishlamay, 4 noyabr kuni Bekobodga paxta hashariga jo‘nadim. Aytmoqchi, ishga kirgan kunim aspirantlar yotog‘iga bordimda, oyog‘im yarasi bitgandir degan xayolda, sekin iplarini qaychi bilan qirqdim. Qirqqanimni bilaman, jarohat o‘rni ochilib ketsa bo‘ladimi!.. Obbo, endi nima qilaman? Hamxonalarim maslahati bilan oyog‘imni siqib bog‘ladimda, dorixonaga chiqib, bir talay streptotsid tabletkalari, yod, zelenka, bint oldim. Xonaga qaytib, tabletkalarni tuydimda, kukunini yaramga sepdim. Ustidan achitib yod surkab, bint bilan bog‘ladim…
Paxta terib yuraman. Bir mahallar etigimni yechsam, paytavam qip-qizil qonga bo‘yalgan bo‘ladi. Darhol yaramga tabletka kukunidan sepaman, malham surib, bint bilan bog‘layman va ustidan paytava o‘rayman. Hech kimga sezdirmayman. Suyagim g‘o‘za egatlarida qotgan emasmi, terimda qiynalmayman. Aksincha, havas bilan, sog‘inch bilan egat oralayman. Bolaligim o‘tgan dalalarni, beshinchi sinfdan boshlab paxta hashariga chiqib ketishlarimizni eslayman. Sinfdosh, qishloqdosh bolalar, qizlarni bir-bir ko‘z oldimga keltiraman. Ayniqsa, kichkintoylarim yodimga tushsa, nafaslarim qaytib, yuragim hapriqib ketadi. Tavba, deyman, yetti uxlab tushimga kirmagan ishlar bo‘p ketdiya!..
Bo‘lajak hamkasblarim Toir Yunus (muharrir), Sanjar Sa’dullayev, Vohidjon Do‘stmuhammedov (radiorejissyor)lar bilan deyarli tengdosh ekanmiz, yulduzimiz o‘ng kelib, inoqlashib ketdik. Ishim oson hal bo‘lganidan bir quvonsam, bo‘lajak ishxonam qorong‘u o‘rmonday ko‘rinib vahimaga soladi. Xo‘p, erta bir kun paxtadan qaytarman. Ishga ham tusharman, deyman gohida o‘zimcha. Eplab ketarmikinman? Ishqilib, meni kafillikka olganlarni uyaltirib qo‘ymasam go‘rga edi. Ba’zan shunga yaqin gap qilsam, Toirjon dalda beradi. E, parvo qilmang, hammasi yaxshi bo‘ladi, deydi. Hali siz bilan birga ko‘p eshittirishlar tayyorlaymiz, quvvatlaydi Sanjar ham uni. (Sanjar Sa’dullayevni taniysiz, bugungi aksar xorij teleseriallari bosh qahramonlarini «o‘zbekcha gapirtiradigan» dublyaj qirollaridan biri. Toir Yunus haqida gap ketganda men doim radiodan topgan eng sadoqatli, oqibatli do‘stim, deya e’tirof etaman. Afsus, umri qisqa ekan, 56 yoshida (1954–2010) dunyodan o‘tdi. U 1996 yilda radiodan ketib, kinoxronikada bosh muharrir bo‘lib ishlayotgan edi. Rejissyor Vohidjon Do‘stmuhammedovning ham shirali, salobatli ovozi bor edi. Keyingi paytlarda uni teleko‘rsatuvlarga ham jalb qilishib, mumtoz g‘azallarni o‘qitishayotgan edi. U ham Toirjon bilan tengdosh, vafoti ham deyarli bir vaqtga to‘g‘ri kelgan edi, yanglishmasam. Alloh rahmat qilsin ularni).
Xullas, paxta terib yuribman. Hali aytganimday, kuniga ikki-uch mahal bekitiqcha etigimni yechib, oyog‘im jarohatini tozalab, kukun bilan selgitib, yod surkayman. Ba’zida oyog‘imni qimirlatsam, shiqirlagan ovoz chiqadi. Bosh barmog‘imni ushlab ko‘rsam, karaxt, hech narsani sezmaydi. Obbo, deyman tashvishga tushib, bir kasofatga yo‘liqib qolmasaydim!.. Kunduzi deyarli og‘riq sezmayman, lekin kechasi yig‘ma karavotimga cho‘zilishim bilan, nafaqat jarohat o‘rni, o‘ng oyog‘im bor bo‘yi bilan qaqshashga tushadi. Tishimni tishimga bosib, uxlab olishga urinaman. Ba’zida yarim tunlar bo‘lib ketsa ham og‘riqning xurujidan ko‘zimga uyqu kelmaydi. Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi, deganicha bor ekan. Radio rahbarlari bizdan xabar olgani kelishgan ekan, kimdir meni «sotibdi». G‘afur aka Ahmedov degan direktor o‘rinbosari yonimga keldi. Men endigina karavotimga yonboshlagan edim. Nari-beridan gaplashgan bo‘ldida, sekin odeyalimni ko‘tardi. Bu nima, dedi. Hech narsa. Bint bilan bog‘lab tashlabsizku. Do‘xtirga uchradingizmi? E-e, shart emas… Sizni qarangu… U birpasda ambulatoriya navbatchisini boshlab keldi. Qisqasi, menga rentgendan o‘tib kelishga yo‘llanma berishdi. Ruxsat tekkanidan qanotlanib, to‘g‘ri Samarqandga ketdim. Sog‘inganlarim bilan diydorlashib, rentgen natijasini olib qaytdim. Suyakka zarar yetmagan ekan. Lekin baribir, terimga qayta ruxsat berishmadi.
Shunday qilib, 1979 yilning 19 noyabr kuni Respublika radiosining Adabiy-dramatik eshittirishlar bosh tahririyatida Nasr bo‘limi muharriri sifatida birinchi ish kunimni boshladim. Hech shubhasiz, bu mening omadim, Yaratganning buyuk marhamati edi. Gapning halolini aytadigan bo‘lsam, o‘sha holatimda men bu vazifaga munosib emasdim. Mendan tashqari ham (keyinchalik eshitishimcha) bu o‘ringa yaxshi-yaxshi nomzodlarni tavsiya qilishgan, shu sababli ham yetarlicha qarshiliklar bo‘lgan, biroq hali aytganim Tohir Malik, Eminjon Usmonov degan ulug‘ insonlar (Alloh rahmat qilsin ularni!) qat’iyati orqasidan uloq menda ketgan ekan. Endi hammasi o‘zimda qolgan edi. Har holda azza-bazza ishlab turgan joyimni tashlab Toshkentga kelganim, oilam, bolalarim, avvalo, onaizorimning umid bilan ko‘z tutib turgani, menga ishonch bildirgan ustozlar oldidagi mas’uliyatim va albatta, tabiatimdagi botiniy bir o‘jarlik quvvat berdimi, xiyol fursatda radiochiga aylandim. Shubhasiz, bu borada jamoaning, atrofimdagi yaxshi odamlarning bag‘rikengligi ham katta yordam berdi.
Radioda ish boshlaganimdan so‘ng efirga birinchi berilgan jiddiy ishim – olti millionli paxta rejasi bajarilgan kun efirga berilgan radiokompozitsiyam bo‘ldi. Uni sinovda yurgan paytlarim yozib bergan edim. Kompozitsiya avvali va oxirida taniqli ijodkorlar tabrigi berilsa… degan taklif tushdi. Erkin Vohidov, Abdulla Oripovlar bo‘lsa yanayam yaxshi bo‘lardi, deyishdi. Usmon aka (Usmon Azimov) jonimga ora kirdi. Men birga boraman, dedi. Mendek bir g‘o‘r yigitchaning bunday nomdor shoirlarga ro‘para bo‘lishi osonmi?! Xullas, dastlabki ish kunlarimdanoq ana shunday insonlar bilan yuz ko‘rishish nasib etdi. Xizmat taqozosi bilan keyinchalik ne ne ulug‘lar bilan muloqotda bo‘ldim, ularning necha birlari bilan ota-bola, aka-uka, ustoz-shogird sifatida bir umrga bog‘lanib qoldim. Bir chekkadan aytaversam, eh-he…
G‘aybulla Salomov, Najmiddin Komilov, Tilak Jo‘ralar haqida orqavorotdan eshitib yurardim. Ularning atrofidagi ajabtovur muhit, gurros-gurros talabalarning ularga ergashib yurishlari… Shuningdek, Ozod Sharafiddinov, Begali Qosimov, Tal’at Solihov kabi mashhur domlalar haqida ham… Ularda o‘qigan, ular bilan muloqotda bo‘lgan ijodkorlarga havas qilar va Toshkentda o‘qiyolmaganimdan o‘ksib qo‘yardim.
1992 yil edi. Professor G‘aybulla Salomovning 60 yilligi munosabati bilan eshittirish tayyorlashga topshiriq oldim. Domla bilan tanishdim, ancha suhbatlashdim. Shu asnoda Najmiddin Komilov, Tilak Jo‘ralar bilan ham ko‘rishish nasib etdi, ularning ham ovozini yozib oldim. Eshittirish 11 dekabr kuni efirga chiqdi. Aynan shu kuni universitetda domlaning 60 yilligiga bag‘ishlangan katta tantana bo‘lib o‘tdi va uni ham maxsus ovoz yozish mashinasida universitetga borib, magnit tasmasiga tushirdim. Yubileydan rosa bir hafta o‘tib esa… fojia yuz berdi – domlaning Respublika prokuraturasida mas’ul vazifada ishlaydigan o‘g‘li Habibulla Salomov sirli ravishda g‘oyib bo‘ldi. Ikki infarktni o‘tkazgan otaning yolg‘iz farzandidan judo bo‘lishi tasavvurga sig‘maydigan musibat edi. Yaxshi eslayman, o‘shanda ko‘plab shogirdlari, Habibullaning do‘stlari domlani musibat bilan yolg‘iz qoldirmaslikka, chalg‘itishga, tasalli berishga harakat qilishdi. Men ham o‘z o‘rnida G‘aybulla akani radioga tez-tez chaqiradigan yoki yozuv uskunasini ko‘tarib, uylariga borib turadigan bo‘ldim. Har xil bayram, yubileylar munosabati bilan buyurtmalar ham berardim va domla bu ishlarni kamoli hafsala bilan bajarib kelardi. Esimda, o‘sha kunlarda Tilak Jo‘ra kasal bo‘lib qoldi. Og‘ir emish, Sayyotga opketishibdi, degan xabarlarni eshitdik. G‘aybulla aka menga qo‘ng‘iroq qilib, Tilakjon betob, uning ijodiga bag‘ishlab eshittirish tayyorladim. Shuni tezgina efirga bersak, eshitib zora umriga umr qo‘shilsa, dedi. Biz ulgurdik, rahmatli Tilak aka eshitib, xursand bo‘lganidan ham xabar topdik o‘shanda. Samarqanddagi eng yaqin do‘sti, professor Nuriddin Shukurov vafot etganida ham butun boshli xotira eshittirishni domlaning o‘zi tashabbus ko‘rsatib, tayyorlab keldi. Xullas, munosabatlarimiz shu darajaga yetdiki, Xudoning bergan kuni qo‘ng‘iroqlashib, bir-birimizdan holdon bo‘lmasak uyqumiz kelmasdi. «Yozilmagan doston» badiamda aytganimdek, domla 1995 yili haj ziyoratida bo‘lib qaytdi. O‘sha yillarda, ba’zi bir sabablarga ko‘ra, Moskvada yashashga majbur bo‘lgan tadbirkor shogirdlaridan biri – Anvar Husayinov domla, bir Hajga borib kelmaysizmi, deb qoladi. E Anvarjon, bizga yo‘l bo‘lsin, deydi domla kulib. Nega unday deysiz, domla, nafaqat o‘zingiz, qancha shogirdingiz bo‘lsa, ayting, biz yuboramiz, deydi. Yo‘g‘-ey! Xo‘p, deyavering, korporatsiyamiz homiylik qiladi. Domla bir kuni meni yoniga chaqirib, mulla falonchi, nima deysiz, bizga hamroh bo‘lasizmi, deb turibdi. Quloqlarimga ishonmadim. Avvaliga xo‘p dedimda, keyin niyatimdan qaytdim. G‘ulomxon G‘afurov (adabiyotshunos olim)ga yorildim. Har qancha homiylik qilishganda ham, yoningda o‘zingning uch-to‘rt tanga puling bo‘lishi kerakku, men bo‘lsam, qip-qizil proletarman, domlaga uzrimni aytib qo‘ysangiz, dedim. Yo‘q, yo‘q, dedi rahmatli G‘ulomxon aka bosh chayqab, bu gapni o‘zingiz aytganingiz ma’qul, domlani xafa qilib qo‘yamiz. Birgalashib bordik. Uzrimni aytdim. «Ie, bu qanaqasi bo‘ldi, – dedi G‘aybulla aka ranjigan qiyofada. – Men hali kimlarga ishonib yuribmana!» «Domla, aytdimku…” «Bu bahona bo‘lmaydi, mana sizga yuz dollar!» «Qarz olib hajga borish to‘g‘ri emasku, domla…” «Qarz emas, haligi tarjima qilayotgan kitobingiz hisobidan!» Boshqa gapga o‘rin qolmadi. Rozi bo‘ldim…
Yana gap avvaliga qaytsam. Ancha qo‘lim kelib qoldi. Ishga shunchalik sho‘ng‘ib ketdimki, operatorlik, ba’zida rejissyor og‘aynilarim hayallab qolishsa, ularning yo‘qligini bildirmay, rejissyorlik ham qilib ketaveradigan darajaga yetdim. Qizig‘i, bunga oddiygina operator qizning dashnomi turtki bo‘ldi. Adashmasam, Jumaniyoz Sharipov degan keksa bir yozuvchining intervyusini yozib olishim kerak edi. Domlani studiyaga boshlab kiribmanda, ro‘parasida o‘tirib olibman men sodda. Jumaniyoz aka suhbatini boshladi, aniqrog‘i, qog‘ozga yozganlarini o‘qib berdi. Keksalik sabab, bir-ikki joylarida yanglishdi. Apparatxonada o‘tirgan qiz, oynadan menga qarab, qandaydir ishoralar qildi. Tushunmadim. O‘tiraverdim. Keyin bilib olarman, dedim. Xullas, domlani kuzatib qo‘yib, apparatxonaga kirdim. Nima gap, Vaziraxon, deganimni bilaman, e, qanaqa odamsiz, deb bobillab bersa bo‘ladimi.
Ha, nima bo‘ldi?
Nega studiyaga kirib oldingiz? Redaktor degani mana bu yerda o‘tirmaydimi. Vistupayushiy adashsa, knopkani bosib, domla to‘xtang, mana bu joyini boshqatdan o‘qib bering, demaydimi?!
Uzr, uzr, bilmabman.
Bilmasangiz, endi bilib olasiz. Mana lentangiz, montajniy topib, o‘zingiz montaj qiling. Mening vaqtim yo‘q…
Lattam suvga tushib, xonamga qaytdim. Haligi qiz o‘zimga dashnom bergani yetmaganday, tahririyatga ham kirib axborot berib ketibdi. Boshim gangib, qip-qizarib o‘tirgan yerimda baraka topkur Matluba opa (Matluba Islomova, «Dugonalar» jurnalini tayyorlardi) degan muharririmiz shartta o‘rnidan turdida, falonchi bu yoqqa yuring, dedi. Indamay ergashdim. Opa to‘rtinchi qavatga boshlab chiqdi. Montajxona topib, birpasda haligi «vistupayushim» so‘zida adashgan joylarini shartta-shartta qirqib, ulab chiqdida, magnit tasmasi o‘ramini qo‘limga tutqazdi. Haligi mahmadanaga oborib bering, yangi lentaga ko‘chirsinda, fonotekaga topshirsin, dedi. Shunchalik ish ekanu anovi qiz… deya ajablandim. Rosa alam o‘tgan ekanmi, nafaqat matnga aloqador yumushlarni, balki texnik xodimlar bajaradigan vazifalarni ham o‘zlashtirib olishga kirishib ketdim. Natijada studiyaga kirib boraversam, qizlar quvonadigan, butun boshli studiya ixtiyorini menga topshirib, «zarur yumushlari»ni bajarib olgani chiqib ketadigan bo‘lishdi…
Kunlarning birida Eminjon aka, hadeb qishloqqa qatnayverasizmi, oilani ko‘chirib keling endi, deb qoldi. Ijaraga yaxshiroq joy chiqishini kutib yuribman, dedim. Joy bor, siz harakatingizni qilavering, dedi. Keyin meni Kelesga ketaverishdagi Kirov degan bir qishloqqa boshlab bordi. U yerda bo‘sh hovli bor ekan. Hovli egasi Eminjon akaning tug‘ishgan akasi bo‘lib, u xizmat yuzasidan oilasi bilan boshqa viloyatga ko‘chib ketgan. Ijara haqisiz, faqat hovli-joyga qarab turish sharti bilan yashab turadigan bo‘ldim. Eminjon aka rahmatli shu taxlit mening yana bir muammomni hal qilib bergan edi.
Toshkentda ilk uchratganim yozuvchi-shoirlarning baridan nuqul yaxshilik ko‘raverganim uchunmi, bu qavm aslan farishtaga yaqin yaratilgan ekan, degan xulosaga ham kelib bo‘lgandim. Lekin… Yo‘q, xulosada yanglishgan ekanman, demoqchi emasman. Hali hamon o‘sha fikrdaman. Kitob o‘qigan, boz ustiga qo‘liga qalam tutib, qog‘oz qoralashni uddalagan odamdan yomonlik chiqmaydi deb o‘ylayman. Lekin… aytaylik, kimningdir omadi yurishavermadi, omadi yurishganlarga qarab dili og‘riganday bo‘ldi. Bu og‘riq sekin-asta shayton qutqusi bilan alamga, alam hasadga aylana bordi. Shaytonga izn berdingmi, (O‘zi asrasin!) imoning zaxa yeydi, bir kun qarabsanki alamangiz, ojiz bir kimsaga aylanib qolibsan. Badiamni «Yaxshi odamlar» deb nomlaganman. Shu sababli onda-sonda uchratganim – bunday kaslarni eslamoqchi emasdim. Ammo boshqa bir sabab bilan ayrim birlarini til uchidagina aytib o‘tmoqchiman. Xullas, bir hamkasbimiz bor edi. Yozuvchi sifatida o‘zimiz qatori bo‘lsada, radiojurnalist sifatida tengsiz edi. Shu og‘aynimiz ikki gapning birida menga tanbeh berar, bir yildan oshdi, radiodasiz, nasr bo‘limida ishlaysiz. O‘zingiz ham hikoyalar e’lon qiling bunday. Bunaqa imkoniyat hammadayam bo‘lavermaydi, derdi. Hayron qolardim, nasr bo‘limida ishlashimning nima aloqasi bor? Yaxshi hikoya yozsam, chiqaveradida, derdim. Qishloqdan qo‘ltiqlab kelgan hikoyalarimni esa e’lon qildirishga yuragim betlamasdi. Har holda nasr bo‘limida ishlab, turli saviyadagi asarlarni o‘qiyverib, ozmuncha ko‘zim pishib qolgan ekanda. Nihoyat, yangi bir narsa tug‘ildida, uni «O‘zbekiston madaniyati» gazetasiga olib bordim. Nasr bo‘limi boshlig‘i Abduqahhor Ibrohimov hikoyani ma’qul topib, olib qoldi. Lekin ana-mana deguncha olti oylar o‘tib ketdi ham, hikoya bosilmadi.
Yoshi ulug‘lar yaxshi eslaydi: 1981 yilda taniqli yozuvchi va davlat arbobi Sarvar Azimov Yozuvchilar uyushmasiga birinchi kotib bo‘lib keldi. Yangi rahbariyat yangicha ish tutdi. Ob-havo butkul o‘zgarib, uyushma faoliyati jonlanib ketdi. Shu jarayonda uyushma muassisligidagi «O‘zbekiston madaniyati» gazetasi «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati»ga aylantirilib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, yosh ijodkorlarning katta homiysi Asqad Muxtor bosh muharrir etib tayinlandi. Gazeta yangi nomda aprel oyidan chiqa boshlagan bo‘lsa, may oyining boshida mening «Poyandoz» degan hikoyam bosilib turibdi. Haligi og‘aynim meni tabriklagan, ana bu boshqa gap, deya maqtagan bo‘ldi. Lekin noyabr oyiga borib ikkinchi hikoyam ham «O‘zAS»da bosilib chiqdiyu, baloga qoldim. Og‘aynim endi g‘ayirligini yashirolmadi. Gazetaga borsam, avval falonchining hikoyalarini berib olaylik, keyin sizga navbat tegadi, deyishyapti, dedi. Yo‘g‘-e, dedim ang-tang bo‘lib, yetti oy oralig‘ida nahotki sizga navbat tegmagan bo‘lsa?! Og‘aynim bu bilan kifoyalanib qolmay, Opa (bosh muharrir)ga kiribdi. Go‘yoki men «O‘zAS»ning mas’ul kotibi bilan oldi-berdi qilib, ya’ni uning hikoyasini radioda berib, o‘zimnikini gazetada chiqarib yotganmishman. Bu qattiq aybnoma edi. Opayam bu gapga laqqa tushib, bo‘lim boshliqlarini chaqirib, bu masalani o‘rganishni topshiribdi. Tohir aka kulibdi, nima Mamatqulning (taniqli adib M.Hazratqulov) hikoyalari ilgari radioda ketmayotganmidi?! Yaqin orada men uning biror narsasini berganimizni eslay olmayman, debdi. Opa, biz aksincha xursand bo‘lishimiz kerak emasmi, debdi Eminjon aka dangaliga olib. Kechagina ishga olishda qancha ikkilangan edik. Ishni tortib ketdi. Mana endi yozuvchi sifatida Asqad Muxtorday ustozning nazariga tushibdi, bu yaxshiku! Qolaversa, men domlani yaxshi bilaman, yaxshi asarni tutib turmaydi. Asar yoqmasa, avliyosi o‘rtaga tushsayam bosmaydi…
Bu masala shu tarzda yopilib ketdiyu, lekin mendagi karaxtlik anchagacha tarqamadi. Nahotki, odam degani shu qadar buqalamun bo‘lsa, deya tutaqardim damba-dam. Axir, aynan uning o‘zi emasmidi meni shunga targ‘ib qilgan, og‘ayni, nasr bo‘limida ishlaysiz, bunaqa imkoniyat hammadayam bo‘lavermaydi, degan.
Ko‘p o‘tmay o‘zimga keldim. O‘ylab qarasam, bekorga tutaqibman. Aksincha, quvonishim kerak ekan. Kimningdir hasadini qo‘zg‘abmanmi, demak, menda ham nimadir bor ekan… Bo‘lib o‘tgan gap-so‘zlardan chiqargan xulosam to‘g‘ri ekan, shekilli, ko‘nglim o‘z-o‘zidan yorishib borayotganini payqadim… Ha, darvoqe, bu noxush hodisani eslab o‘tishimdan maqsadim boshqa edi. O‘shanda yangilangan adabiy gazetamizga bosh muharrir bo‘lib kelgan Asqad aka ishni tahririyat papkalarida yig‘ilib yotgan asarlar bilan tanishishdan boshlagan ekan. Aytishlaricha, bir hafta bosim o‘tirib, hikoyalar, she’rlar, publitsistik asarlarni bittalab ko‘zdan o‘tkazadi, saralaydi va shunda mening sarg‘ayibgina yotgan hikoyam ham qo‘liga tushib qoladi.
(O‘rni kep qoldi, aytib o‘tay: o‘sha yetmish-saksoninchi yillar muhit bir muncha yumshagan davrlar ekan. Undan avvalroq esa… aytishlaricha, «O‘zbegim», «O‘zbekiston» qasidalarini, «Temur tuzuklari»ni kimlardir (Asqad Muxtor, Ibrohim Rahim kabilar) boshlarini kundaga qo‘yib, e’lon qildirishgan ekan. Hatto o‘shanda respublikaning birinchi rahbari ham o‘rtaga tushishga majbur bo‘lgan deyishadi. Oybek, Abdulla Qahhor, Mirtemir, Shayxzoda, Zulfiya opa kabi zabardast insonlar himoyasida ham qanchalab iste’dod nihollari omon-eson qad rostlab olgani haqida eshitib yurardik. Masalan, men o‘zim esa Asqad Muxtor, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov kabi atoqli adiblar, Matyoqub Qo‘shjonov, Ozod Sharafiddinov, Ibrohim Haqqul singari haqgo‘y olimlar, bolalar adabiyotidan Nosir Fozilov, Qudrat Hikmat, Tursunboy Adashboyevdek jonkuyar insonlar ne-ne iste’dodlar boshini silab, ularni issiq-sovuq shamollar xurujidan asrab qolganiga guvohman).
Asqad akaga uchradingizmi, deyishdi. Yo‘q, nimaydi? Har holda rahmat aytib qo‘ygan yaxshi. Shartmikin, dedim cho‘chinqirab. Tortinmang, boring, qoidasi shunaqa.
Ming bir istiholayu hayajon bilan yo‘lga chiqqandim, uchrashuvimiz jo‘ngina o‘tdi. Uyushmadagi tadbirlarda uzoqdan ko‘rib yurardim, ammo o‘zi bilan birinchi marta yuzma-yuz kelishim, ko‘rishishim edi. Domla, men rahmat aytgani kelgan edim, dedim. U indamay, sinchi nigoh bilan kulimsirab qarab qo‘ydi. Hikoyam chiqqan edi. Ha, sizmidingiz? Ha, domla, minnatdorman… Qayerdasiz, so‘radi Asqad aka mulozamatimga ortiqcha e’tibor qilmay. Radiodaman, Litdramda. Ha, yaxshi joy, O‘lmas ishlagan, Omon Muxtor. Bilishimcha, hozir Tohir, Eminjonlar o‘sha yerda… Bo‘pti, qatnashib turing. Yaxshi narsalar yozing…
Aytishardiki, kimning asari Asqad Muxtor imzosi bilan e’lon qilinsa, bu katta omad. Mana falonchi, falonchilar hammasi Asqad Muxtor tufayli katta yo‘lga chiqib olishgan… Shularni o‘ylarkanman, ich-ichimdan quvonib qo‘yaman: demak, endi mening ham… Ayni choqda ichimga xavotir oralaydi. Qatnashib turing, yaxshi asarlar yozing, dedi Asqad aka. Lekin yaxshi asarlar yozishga imkon bo‘larmikin? Ishimdagi nafas oldirmaydigan yugur-yugurlar yo‘l berarmikin?.. Radio degani konveyerday gap bo‘lsa, hafta almashib kelaversa. Efir deganni to‘ldirib bo‘lmasa… Yo‘q, to‘xta deyman, birdan hushyor tortib. Sen nimalar deyapsan? Bu anovi bolaning gaplariku. Nima balo, senam virus yuqtirib oldingmi undan?! Uning ta’siriga berilyapsanmi halitdan?!
Darhaqiqat, ishga kelibmanki, hali aytib o‘tgan hamkasb og‘aynim bir gapni takrorlaydi: Falonchi do‘stim, – deydi ko‘pni ko‘rgan yoshulliday salmoqlab, – ko‘rib turibman, ishga kirishib ketdingiz. Omadingizni bersin. Lekin bitta narsani unutmang: Radio, bu – iste’dodlar qabristoni!.. Yo‘g‘-e, deyman ajablanib, unchalik emasdir. Ha, ishonavering. Ko‘rib yuribmizku. Mana o‘zingizni oling: kechasi uxlamay stsenariy yozasiz, studiya, montaj deb chopasiz. Tayyorlaysiz. Rahbarlarga eshittirasiz. Albatta, kamchilik topishadi, topish ularning vazifasi. Peremontaj qilasiz. Nihoyat, efir. Efir degani havoga uchdi, ketdi degani. Birov eshitsa, eshitadi, eshitmasa yo‘q. Lekin yozilgan asar qoladi… Tushunaman, oila bor. Tohir akangiz aytganday, besh bolali yigitchasiz. Tug‘dirib qo‘ygandan keyin boqish kerak. Shuning uchun ishlamang, demayman, ishlang, eshittirish qiling, instsenirovka qiling, pul toping. Lekin qattiq ko‘ngil qo‘ymang. Ko‘proq ijod qiling. Toshkentga radiochi bo‘laman deb kelmagansizku, to‘g‘rimi?! Bunday tashqariga ham qarang, gazeta bor, jurnal bor. Ularga hikoyalardan bering. Nasr bo‘limida ishlaysiz, hurmatingiz bor, foydalanib qolingda, og‘ayni. Yozyapsizmi o‘zi? Yozish kerak, do‘stim, yozish kerak. Unutmang, radio faqat gonorar ishlashga yaraydigan joy. Boshqa hech narsa emas…
Uning nasihatlarini indamay eshitaman. Ba’zida g‘ashim kelsada, sabr qilaman. Har holda g‘ayirlik qilib gapirmayotgandir, ayrim gaplari jo‘yaliga o‘xshaydiku, deyman. Lekin bir narsasini, tarbiyam sabab bo‘lsa kerak, sira qabul qilolmayman: odam o‘zi ishlayotgan, rizq topayotgan joyiga nisbatan ham shuncha bepisand bo‘ladimi? Bu noshukurlik emasmi, deyman. Radioda obro‘si zo‘r bo‘lsa, mudom maqtalib yursa, Opaning erka muharriri bo‘lsa, nega buncha g‘ingshiydi bu bola. Ijodda omadi chopmagan bo‘lsa, bechora radioning nima aybi bor. O‘lmas Umarbekov, Omon Muxtor, Anvar Eshonov, Erkin A’zamov degan mashhur ijodkorlar radiodan chiqishmaganmi?! Tohir Malik, Emin Usmonovlar radioda ishlab ham ketma-ket kitoblar yozib yotishibdiku! Usmon aka (Usmon Azimov)ning qaysi bir shoirdan kam yeri bor?! Menimcha, hammasi odamning o‘ziga bog‘liq, deya o‘zimni tinchitishga urinaman. Anovi bolaning ta’siriga berilmasligim kerak…
Xayriyat, bu narsa ko‘pga bormadi, hali aytganimday, ikkinchi hikoyam bosildiyu og‘aynimning «misi» chiqdi. Uni endi jiddiy qabul qilmaydigan, aksincha… achinadigan bo‘ldim. O‘zi yomon yigit emasu… har to‘kisda bir ayb bo‘lmasa bo‘lmaydida. O‘zimam farishta emasmanku.
Bir safar familiyadosh Opam – bosh muharririmiz xonasiga chaqirdi. Qandaydir topshiriq berdida, bir mavridi kep qoldimi, oilam, bolalar, ularning o‘qishi, bog‘chasi haqida surishtirgan bo‘ldi. Keyin, shu, sizga qarab, ko‘pdan beri bir narsani o‘ylab yuraman, dedi kulimsirab. Nimani, opa, dedim. Yuragingiz otning kallasiday ekanmi, deymanda. Yo‘g‘-e, nega? Beshta bola bilan shundan shunga kelishga hammayam jur’at qilavermaydida. Ijarada yashashning o‘zi bo‘ladimi. Bir o‘zingiz ishlaysiz. Shuncha tashvishdan ortib, ijod qilishni aytmaysizmi! Ayrim yigitlarimizga taqqoslab aytyapmanda. O‘ttizga kirib uylandi. Bittagina qizchasi bor. Hasrati dunyoga sig‘maydi. Siz bo‘lsangiz, o‘ynab-kulib ishingizni qilib ketaverasiz. O‘zim musofirchilikni ko‘rmagan bo‘lsamda, Xayrulla* akangizga qarab, aytamanda. To bitta uylik bo‘lgunimizcha, tinim bilmaganlar. Kechasi bilan mijja qoqmay kitob tarjima qilardilar. Ertalab uxlab-uxlamay ishga ketardilar.
Uchta bolani katta qilish bizgayam oson bo‘lmagan. Shunaqa gaplarda… Mayli, boravering ishingizga.
Xo‘p, opa, rahmat, deya o‘rnimdan turgan yerimda opa yana gap qotdi. Ha, yana aytmoqchimanki, ayrim gaplarga e’tibor qilmang. Ish bor yerda bo‘p turadi shunaqasi ham. Xo‘pmi?..
Ishonsangiz, qushday yengil tortib ketdim. Ie, Opa yaxshi ayol ekanku, men bo‘lsam… Rostdanam, u ochiq yuzli, xushchaqchaq, xodimlarga mehribon, eng muhimi, radioni yaxshi tushunadigan, tashkilotchi rahbar edi. Erkaklarcha tantiligi ham yo‘q emasdi. O‘shandan chamasi bir-ikki yil o‘tib familiyadosh opam – Nasiba Ergashevaning lavozimini ko‘tarib, direktorlikka o‘tkazishdi.
U bu vazifani ham bemalol uddalab, besh-olti yil yaxshi ishladida, obro‘-e’tibor bilan nafaqaga chiqdi. Haj ziyoratiga borib keldi, hoji ona bo‘lib, ancha yillar farzandlari ardog‘ida yashadi. Alloh rahmat qilsin…
Ana-mana degancha oradan qirq yil o‘tib ketibdi. Bu orada yana qanchadan qancha yaxshi odamlarni uchratdim, ularning marhamatidan bahramand bo‘ldim, saboq oldim. Eh-he, qay birini aytay… Ammo yo‘qotganlarim ham oz bo‘lmadi.
Bularning ham qay birini aytay…
Mashrab Boboyev… «Hayot – abad, umr – soat. Qahr mo‘ldir, mehr – qahat. Unutmagin shuni faqat. Ko‘nglima, ko‘nglima, ko‘nglim…” degan dilbar qo‘shiqning muallifi Mashrab Boboyev… Bu yurtdoshimni Toshkentda topdim. Yanglishmasam, bizni Eminjon aka tanishtirib qo‘ygan edi: qani ikki samarqandlik, tanishib olinglar, degandi. Mashrab akani sirtdan bilardim, hatto «Kelinchak» degan hikoyamni u kishining «Visol» nomli hikoyasi ta’sirida yozgandim. O‘sha birinchi uchrashuvdayoq qandaydir ko‘rinmas rishta bilan bog‘lanib, aka-uka bo‘lib qolgandik.
1982 yilgi Yosh ijodkorlar seminarida Mashrab aka yosh yozuvchilar guruhi rahbari sifatida mashg‘ulotlarni boshqarib borgandi. Mashg‘ulotlar quyidagi tartibda o‘tardi: har kuni kamida to‘rtta yozuvchi o‘z asarini (asosan hikoyasini) o‘qib beradi. Keyin o‘zaro muhokama qilinadi. Oxirida guruh rahbari yakuniy xulosani aytadi. O‘shanda Mashrab aka, keyin eshitishimcha, bir gapni aytgan ekan. Jarroh o‘z yaqin odamini operatsiya qilishga cho‘chirkan.
Shunga o‘xshab men ham falonchidan (ya’ni, mendan) xavotirda edim, degan ekan. Xayriyat, «operatsiya» yaxshi o‘tdi. Hatto seminarning yakuniy yig‘ilishida Odil Yoqubov, (ayniqsa) Sunnatillo Anorboyev kabi ustozlarimiz men haqimda ham alohida to‘xtalib, umidli gaplarni aytishdi. Bu bir tarafdan bo‘lsa, ikkinchi tarafdan Mashrab akaning «yaqin odami» sifatida u kishining ishonchini oqlay olganim meni rosa quvontirgandi… Mashrab akaga bog‘liq yana bir gurungni eslab o‘tgim kelyapti. Unda televideniyeda ishlayman. Mashrab aka qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Ishdan qaytishingizda bir kirib o‘tsangiz… Xo‘p, dedim, yo‘l usti Axborot agentligiga kirdim. Mashrab aka allanechuk taraddud bilan qarshi oldi. Kofemi yoki limonli choy ichasizmi, dedi. Hech narsa kerakmas, ovora bo‘lmang, desam ham ko‘nmaydi. Bo‘pti, choy ichamiz, dedim. O‘zini xiyol boshqacha tutayotganidan ajablanib borayapman. Bir piyoladan choy ichib bo‘lindi ham, gapimiz qovushmaydi. Oxiri sabrim tugab, Mashrab aka uylar tinchmi, dedim. Yangam, jiyanlar. Yaxshi, yaxshi, ha, shu Abdulla jiyaningiz tashvishida. Shuni uylab qo‘ysak, degandim. Ha, albatta, qanaqa xizmat bo‘lsa tayyormiz… Xizmat yo‘qku, shu ochig‘ini aytsam, suyagimiz yaqin, bir yerning odamimiz. Quda bo‘lsak, demoqchiman qisqasi, dedida, gapini aytib olganidan yengil tortdimi, kreslo suyanchig‘iga yastandi. Mayli, men roziman, dedim, siz so‘raysizu, yo‘q deymanmi… Shunday deyapmanu o‘zimni arang tutib turibman: hademay paq etib kulib yuboradigan ahvoldaman. Mashrab akaning chehrasi ochildi. E, yashang, mana bu o‘g‘il bola gap bo‘ldi. Demak… Ha, Mashrab aka, roziman, dedim iljayib. Faqat… qizimni berib yuboramanu, yangam ikkovlaringiz katta qip olasizlarda. Yo‘g‘ey, shunchalik yoshmi? Endi to‘qqizga kirdi. Toshkentda tug‘ilganda…
Mashrab aka – taniqli shoir, yozuvchi, dramaturg, birinchi o‘zbek milliy teleseriali («Ko‘ngil ko‘chalari») muallifi, lekin hayotda o‘ta oddiy, jaydari, darvishtabiat inson edi. 2003 yil (onam bilan oldinma-keyin) o‘tdi. Undan oldinroq – 2000 yil 31 yanvarda G‘aybulla as-Salom ustozimiz Toshkent davlat universitetiga Milliy universitet maqomi berilganiga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlay turib, minbarda uzildi. O‘shanda oradan rosa 21 kun o‘tganida tush ko‘rdim: yorug‘, taskinbaxsh tush. Tushimda Ustoz aytarmish: O‘sha kuni minbardan qulab boryapmanu yerga qattiq tushmasaydim, deb o‘ylayman. Bir mahal ko‘zimni ochib qarasam, vo ajab, parday yumshoq maysa ustida, gulzor ichida yotibman…
2010 yil Sadriddin Salim Buxoriy, 11 yilda Matnazar Abdulhakim, 12 yilda Najmiddin Komilov, keyinroq Pirmat Shermuhammedov, Tursunboy Adashboyev, Nosir Fozilov, Botir Norboyev… mana endi yaqindagina Tohir Malik ustozimiz dunyoni tark etdi. Tohir aka bilan so‘nggi bor 22 aprelda (2019) ko‘rishdik. Tursunboy Adashboyevning 80 yilligini o‘tkazgani O‘shga borishimiz kerak edi, Tohir aka uzrini aytdi. Men televideniyedan operator chaqirtirib, Tohir akaning Tursunboy aka haqidagi xotiralarini yozib oldim. Bu videoyozuv O‘sh davlat o‘zbek drama teatrida bo‘lgan katta tadbir avvalida qo‘yib berildi. Tohir akani tanigan, Toshkentda, O‘shda, O‘zganda u bilan uchrashgan juda ko‘p qadrdonlari, jumladan, Shayx Alovuddin Mansur hazratlari ham ustozning gaplarini maroqlanib tinglashdi. Tohir aka xasta holida ham hazilkashligini qo‘ymay, Tursunboy aka bilan bog‘liq quvnoq voqealarni eslagan, eng hayratlanarlisi esa, uning gaplari zamirida o‘lim do‘stlarni ajratolmasligi, judolik abadiy emasligi, oldinda yana diydor ko‘rishuv muqarrarligi va bu uncha uzoq emasligiga ishora bor edi. «Biz qiyomatlik aka-ukalar edik, tongi mahsharda, inshaolloh, yorug‘ yuz bilan ko‘rishamiz», deb yakunlagan edi so‘zini… Toshkentga qaytgan kunimning ertasiyoq uylariga qo‘ng‘iroq qildim. Qadrdonlar duoyu salomini yetkazib, Tohir akani quvontirmoqchi edim. Qarangki, xuddi o‘sha kuni operatsiya (bu o‘n birinchisi edi) qilingani, hozir uyquda ekanligini aytishdi. Oradan yigirma kun o‘tib esa…
«Rivoyatda kelishicha, bir podsho ikki shoirga bittadan yaxshi bayt aytinglar, debdi. Shoirlar bittadan bayt aytishibdi. Bittasi o‘z she’rida bu dunyoda faqat yaxshilik qilib yashagin, desa, ikkinchisi, bu dunyoda hecham yomonlik qilmasdan yashagin, degan ma’noda bayt aytibdi. Podsho birinchisiga ko‘proq, ikkinchisiga kamroq hadya beribdi. Shunda vazir ajablanib, Podshohim, ikkisi ham bir xil ma’noda she’r aytdiku. Biri yaxshilik qilgin, deyapti, ikkinchisi yomonlik qilmagin, deyaptiku?! Nega biriga ko‘p, biriga kam hadya berdingiz, debdi. Gaping to‘g‘ri, debdi podsho, lekin baribir birinchi shoirning she’rida yaxshi niyat bor edi, yaxshi degan so‘z bor edi…»
(Tohir Malikning «Hayotdagi men» teleko‘rsatuvidagi suhbatidan)
Nima desam ekan, Tohir akaga bog‘liq qanday xotira yodimga tushsa, dilim yorishadi. Hali nasib etsa, alohida xotiralar yozarman, biroq shu o‘rinda ayrim bir lavhalarni eslab o‘tishdan o‘zimni tiyolmayapman.
1982 yil edi. Har galgidek birinchilar qatori paxta hashariga otlanib turgan yerimda nashriyot rejasida turgan kitobim taqdiri haqida eshitib, ruhim tushib ketdi: «Avtorning birinchi kitobi» ruknidagi kitobcham 1983 yildan 84 yilga o‘tib ketibdi. Bu ham yetmaganday, alohida emas, jamoaviy to‘plamda chiqarmish. Paxtadan qaytgan kunim esa boshqa bir xushxabar meni qarshi oldi. Tohir aka telefon qildilar, dedi Toir Yunus birodarim jilmayib. Besh bolali yigitchadan suyunchi olinglar, dedi. Rostdanmi, nimaga? Kitobingiz 83 ga ko‘chibdi. Alohida chiqadigan bo‘pti. Tohir aka muharrir ekanlar…
Bu paytda Tohir aka radiodan G‘afur G‘ulom nashriyotiga o‘tib ishlayotgan edi. Borib uchrashdim. Kitobchaning maslahatini qildik. Hikoyalarni saraladik. Tahrirdan chiqarib, bosmaxonaga tushirish oldida, Tohir aka bu yerdan ham ishdan ketdi.
Mavridi kep qoldi, aytib o‘tay, Tohir akaning odati – bir yerda uzoq ishlay olmasdi. Nimadir yoqmay qolsa, kimningdir g‘ayirlik qilganini sezsa, bo‘ldi. Talashib, tortishib umrini o‘tkazib yurmasdi. Men ham u kishiga taassub qildimmi, bilmadim, 1990 yil oxiriga borib jamoa muhiti xiyol ayniganday bo‘luvdi, radiodan «Kamalak» (sobiq «Yosh gvardiya») nashriyotiga o‘tib ketdim. Bir yil havas bilan ishladim. Keyin u yerda ham ob-havo o‘zgardi. O‘zbekiston xalq shoiri, nashriyotni yelkasida tutib turgan (bu mubolag‘a emas) tajribali noshir Xurshid Davronga nisbatan adolatsizlik qilindi. Va biz bir guruh haqiqatchilar (oramizda «Yoshlik» jurnali bosh muharriri Tohir Malik, «Sirli olam» jurnali bosh muharriri Hojiakbar Shayxov, mashhur shoir Sulaymon Rahmon, ozariy olim yigit Yashar Qosimlar ham bor edi) uch oy kurashdik. Oxirida dumimiz tugilib, ishdan ketdik. Aniqrog‘i, ketish oldidan ta’tilga chiqdik. Ta’tilga chiqib, qishloqqa ketganman, uyimizga uch marta qo‘ng‘iroq bo‘libdi. Birodarim Toir Yunusdan. Radioga kelsinlar, gap bor, deganmish. Bordim. Aka, o‘rningizga qayting, ob-havoni tozaladik, dedi. Paysalga solib o‘tirmadim, qaytdim…
2007 yil. Televideniyeda ishlab yuribman. «Qalb gavhari», «Ruhiyat manzaralari», «Ishqnoma», «Ibratnoma», «Odami ersang» degan qator ko‘rsatuvlar muallifiman. Ishimga berilganman. Xuddi o‘sha kezlar G‘olibsher degan «ma’naviyatchi» laqabli bir azamat kompaniya raisiga o‘rinbosar bo‘lib ishga keldi. Kelganim bilinsin, dedimi, ajabtovur ishlarni boshlab yubordi. Dam televideniyeda, dam radioda odamlarni yig‘ib, uch-to‘rt soatlab majlis o‘tkazadi. Kimnidir sal mudroq bossa, sho‘ri quriydi. Aybdor o‘quvchidek oyoqqa turg‘azib qo‘yiladi. Katta-katta obro‘li rahbarlarni (jumladan, Nazar Eshonqul singari mashhur yozuvchilarni ham) ko‘pchilik orasida «Ma’naviyat degani nima o‘zi?» deya so‘roqqa tutadi. Hech kimning javobi qoniqtirmaydi. «Unday emas, bitta jumlada javob bering», deydi. «Bitta jumla»ni bitta so‘z deb tushunsa kerakda. Qisqasi, shu odamga (falokatim qisib) men ham ro‘para keldim. Uning qabulxonasida kechki navbatchilikda turibman. Bir mahal ikki sherigi (biri qiz) bilan kirib keldida, men tomonga qarab ham qo‘ymay, xonasiga o‘tib ketdi. Sheriklari haytovur bosh irg‘ab salom bergan bo‘lishdi. O‘tiribman tiq etgan ovozga quloq tutib. Bir mahal ichkaridan chaqiruv qo‘ng‘irog‘i bo‘ldi. Eshikni ochib qaradim. Manavini opchiqib keting, dedi. Nimani, dedim tushunmay. Pepelnitsani, dedi dag‘al ovozda. Qarasam, stol chekkasida kuldon, kuldonda atigi bir dona gugurt cho‘pi turibdi. Guv etib miyam qizidi. Nima uchun, dedim o‘jarligim tutib. Nimaga bo‘lardi, shuniyam tushunmaysizmi?! Tushunmayman! Shundaymi?! Shunday!..
U yonidagi sheriklari, ayniqsa, qizning oldida ortiqcha izza bo‘lishni istamadimi, amallab kulimsiradi. Qo‘li bilan ishora qildi: bo‘pti, chiqavering…
Ertasi ertalab ishga keldimda, hammani hayron qoldirib, ishdan ketishga ariza yozdim. Sababini aytib o‘tirmadim. O‘sha kezlar Rauf Subhon degan shoir birodarimiz meni yoniga ishga chaqirib yurgan edi. Unga qo‘ng‘iroq qildim. Bo‘pti, borganim bo‘lsin, dedimda, Adliya vazirligiga tegishli «Adolat» nashriyotiga ishga ketdim. Rauf birodarim bo‘lsa, meni kutib yurgan ekan, shekilli, hayal o‘tmay bosh muharrirlik vazifasini menga topshirib, o‘zi ketdi-bordi. Xullas, bu yerda ham bir yarim yil javlon urishimga to‘g‘ri keldi. Kitob chiqaramiz, ayrim jumla tuzishlar g‘aliz tuyuladi, muharrirligim tutib qalam urgim keladi. Hay-hay deb to‘xtatib qolishadi. Bu sizga romanu qissamas. Qonun hujjati. U bejama so‘zlarni ko‘tarmaydi, deyishadi. Xullas, bo‘larim bo‘ldi. Nihoyat, kunlarning birida haligi «ma’naviyatchi» xususida yangilik eshitib qoldim. Bir yarim yil birov mushugini pisht deyolmagan, butun kompaniyani o‘tqazib-turg‘azgan (o‘zining iborasi) azamat, borib-borib qoraqalpoqlar diyorida ta’zirini yebdi. Tafsiloti esimda yo‘qku, lekin o‘shanda bir kundayoq pattasini qo‘liga tutqazishgan ekan. Ichimga o‘t tushdi. O‘zi menga ko‘z ochib ko‘rganim – teleradiokompaniyadan boshqasi to‘g‘ri kelmas ekan, dedim. Yuzimni shartta sidirib, qadrdon ishxonam eshigiga bosh urib bordim: yuzimdan o‘tisholmadimi, ayashdimi, Xurshid Davron, Ahmad A’zam degan yaxshi insonlar o‘rtaga tushishib, ishimga qayta tiklashdi. Avvaliga yarim stavka, keyin o‘rin bo‘shadi, shekilli, to‘liq stavkaga o‘tqazishdi. Yana boz-boyagiday ishga tushib ketdim. Yangi kuch, yangi rejalar bilan deganday… Xullas, radioga ham, televideniyega ham ikki qayta ishga kirib, ikki marta bo‘shaganman. Bundan tashqari «Kuch – adolatda» nomli Oliy sud gazetasida (ikki oy), «Bekajon» gazetasida (ikki marta – birinchi gal to‘rt oy, ikkinchisida o‘n bir oy), «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida (bir yarim yil), «Sharq yulduzi» jurnalida (ikki yarim yil) o‘rindoshlik asosida ishladim. Ba’zida bunaqa ko‘chib yurishlarimni Tohir Malikning shogirdimanda, deya maqtangannamo izohlab qo‘yaman. Lekin unday desam, qishloqda chorva buxgalterligiday «yog‘li» ishimni tashlab, o‘zimning zararimga bo‘lsada, maktabga o‘tib ketganimchi?! Xullas, bilmadim, lekin xalqimizning ardoqli adibi Tohir Malikning boshqa fazilatlariga, masalan, matonatiyu sabr-bardoshiga, donishmandligiyu sokinligiga, sermahsulligiyu kamsuqumligiga havas qilib, taassub qilib, unga o‘xshashga intilganimda va bu fazilatlaridan ozgina yuqtira olganimda edi, bu endi chinakamiga maqtashga arzigulik ish bo‘lardi…
* * *
Tursunboy Adashboyev… Kichkintoylarning katta shoiri bilan ko‘pdan salom-aligimiz bor edi, u kishi haqida ko‘rsatuv ham tayyorlagan edim. Ammo Yozuvchilar uyushmasiga kelib, salkam bir yarim yil hamxona bo‘lib ishlab, uni qayta boshdan kashf qildim. Tursunboy akaning keyingi yillarda maoshsiz ishlashi, shu holatda ham uyushma boshqaruvidagi oylikxo‘r xodimlardan kam mehnat qilmasligi, ta’bir joiz bo‘lsa, bolalar adabiyoti mehvariga aylanib qolganiga guvoh bo‘lib, hayratga tushdim. Ammo Tursunboy aka bu narsani fidoyilik emas, oddiy burch deb bilardi. Hech kim ota-onasidan yozuvchi-shoir bo‘lib tug‘ilmaydi, derdi u. Har qancha tug‘ma iste’dod bo‘lmasin, ustozsiz ish bitmaydi. Masalan, men o‘zim Mirtemir, Qudrat Hikmatlar sabab oyoqqa turdim. Agar endi ulardan olganimni o‘zimdan keyingilarga o‘tkazmasam, o‘rtadagi zanjir uzilmaydimi?!
Yoshi bir yerga borib qolgan odamning qishda isimaydigan, yozda sovutilmaydigan xonada bosim o‘tirib, nuqul qo‘lyozma o‘qishi, tahrir qilishi, olis-olis qishloqlardan qora tortib keladigan musofirgina bolalar ijodkorlarini qabul qilishi, ular bilan boshlashib, gazeta, jurnallarga, nashriyotlarga qatnashi, o‘gay nazar va e’tiborsizlik sabab ijoddan sovub «uzlatga» chekingan Zafar Isomiddin (Farg‘ona), Xudoyberdi Komilov (Samarqand), Ne’mat Dushayev (Angren), Sodiqjon Inoyatov, Erpo‘lat Baxt (Xorazm) singari qanchalab ozurdaqalb ijodkorlarni izlab topishi, goh nasihat, gohida koyishlar bilan yuragiga qayta cho‘g‘ solishi, kitoblarini chiqartirishi, Hamza Imonberdi, Abdurahmon Akbar kabi marhum shogirdlarining oilalaridan boxabar bo‘lib turishi… e, qay birini aytay…
Xullas, aytmoqchi bo‘lganim, Yaratganga shukurki, Toshkenti azimda kechgan qirq yillik hayotim davomida bunday insonlarga juda ko‘p bor duch keldim. Va ijodkor qavmi aslan farishtaga yaqin yaratilgan ekan, degan o‘sha dastlabki xulosamga qayta-qayta amin bo‘ldim.
* * *
P.S. Sobiq sinfdoshim qo‘ng‘iroq qilyapti. Maslahating kerak, deydi.
Tinchlikmi, nima gap, dedim.
Ha, shu bir nevaram bor, maktabda dars beradi. Xotini, bitta o‘g‘ilchasi bor. Ikki gapning birida tsanga o‘xshab Toshkentga ketaman, deydida. Bir paytlar otasiyam, sani o‘quvching, shunaqa uchib-qo‘nib ko‘ruvdi, Toshkentda tsanga qovurib qo‘yibdimi, deb yaxshilab so‘kib beruvdim, bo‘ynini qisib qoluvdi. Endi bo‘lsa o‘g‘li… E, jo‘ra, o‘g‘illi ishi oson ekan, ja bo‘lmasa, bitta shapaloq bilan esini kiritib qo‘yasan. Lekin nevaraga tish o‘tmas ekan. Shashti baland, odamga gap bermaydi. Bobo, siz tushunmaysiz, man Toshkentda yashashim kerak, deydi. Boshqalarga o‘xshab Rossiyaga, Turkiyaga, Koreyaga ketaman desa, tushunardim. Yo‘q, bu Toshkentga shoir bo‘lgani bormoqchi…
Yozganlari chiqib turibdimi, dedim sinfdoshimning gaplaridan hafsalam pir bo‘lib. (Boshqalarga o‘xshab xorijga ketaman desa, tushunarmish!)
E, shu… «Oqdaryo ovozi» degan bir parcha tuman gazetasi bor. O‘shanda bir-ikki ko‘rganday bo‘luvdim. Sanga qo‘ng‘iroq qilayotganim: o‘zing bir nasihat qilib qo‘ysang.
Nima deyishim kerak?
Ha, shu aytasanda, tanlagan yo‘ling oson emas, boshimdan o‘tdi, degin. Yo zaring, yo zo‘ring bo‘lmasa, kelib yurma degin.
«Tavba, qirq yildan keyin ham shu gapa! deyman ichimdan zil ketib. Qachon qutilarkanmiz bunaqa umidsizlikdan…»
Shashtini baland dedingmi?
E, vopshe bo‘yin beradiganga o‘xshamaydi. Otasi qo‘ydakkina edi, bu chatoq. O‘zimga tortganmi, deymanda!..
Mayli, aytib ko‘raman, dedim nimadandir ko‘nglim yorishib, lekin foydasi bo‘larmikin.
Nimaga bo‘lmaydi, u sani yaxshi ko‘radi, gapingga kiradi…
Bilmadim, bilmadim, ijod dardi bilan qattiq og‘rigan bo‘lsa, aytishdan foyda yo‘q, baribir qaytmaydi. Ijod dardi og‘ir, jo‘ra.
Tushunmadim, qanaqa dard?
Tushunmaysan, jo‘ra, tushunmaysan. Lekin san xavotir olma, hammasi yaxshi bo‘ladi. Faqat xalaqit bermasang bo‘ldi…
«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 9-son