Nabijon Boqiy. Qiyomatli tog‘a (hikoya)

1

O‘tkan asrning 30-yillarida enamlar Toshkentning Bektemir deparasiga ko‘chirma qilingan. O‘sha deparada hozir ham Qo‘qonovul degan qishloq bor; unda qozoqlar bilan o‘zbeklar aralash yashaydi. Qozoqlar ko‘proq.
Ko‘chirma kampaniyasi davrida “yot unsurlar” sidirib olinib O‘zbekiston ichkarisiga yoki tashqariga badarg‘a qilingan. Ichkaridagi badarg‘a maskani asosan Mirzacho‘l bo‘lgan, Toshkent yaqinidagi Ketmonchi (Yangiyo‘l) va Bektemir deparalariga ham vodiylik “yot unsurlar” surgun etib yuborilgan. Tashqi badarg‘a manzillari Tojikiston (Dushanbe deparasi, Hisor vodiysi, Ko‘lob, Qo‘rg‘ontepa), Rossiya (Stavropol o‘lkasi) va Ukraina (Xerson muzofoti) edi; o‘ta xavfli “yot unsurlar” olisroq g‘ayridinlar o‘lkasiga, mundayroqlari eski Sharqiy Buxoro taraflarga sho‘ro hokimiyati tomonidan majburan badarg‘a qilingan.
Enamlarda bir o‘g‘il bilan bir qiz bo‘lgan. O‘g‘il – Ro‘ziali, mening tog‘am. Qiz – Tursunoy, mening onam. Enamning ismi – Rohatoy, buvamning ismi – Abduholiq.
Ular nima uchun ko‘chirma qilinadi?
Qishlog‘imizda Stalin nomida yangi kolxoz tashkil etiladi. Kolxozga Nurdin o‘ris degan rang-ro‘yi somonga o‘xshagan odam rais etib tayinlanadi. Rais ostiga ot berib qo‘yiladi, qo‘liga to‘qima qamchi tutqaziladi: ana undan keyin Nurdinning quturganini ko‘rib hamqishloqlari yoqasini ushlaydi; bug‘doy yo sholi o‘rib olingan paykalda boshoq terib yurgan oyoqyalang bola-baqra bormi, eti ustuxoniga yopishgan rangpar xotin-xalaj bormi, voy-dod, quvib yurib yuz-ko‘zi demasdan ayovsiz qamchilayverardi. Dovkor bolalar etaklariga terib olgan boshoqni paykal bo‘ylab sochib yuborardi-yu, lekin raisni bo‘ralab so‘kib, o‘zlarini zovurga otib, balchiqqa botib qochardi, azamatlar! Bolalar raisdan qo‘rqmasdi. Yuz-ko‘zi aralash qamchi yeb, qop-qora qonga bo‘yalgan xotin-xalaj esa bir joyga to‘p bo‘lib olib uvvos tortib yig‘lab, olam-jahonni boshlariga ko‘tarardi. Hosilot Jakbarali insofli odam edi, u ot minib dalama-dala izg‘ib yurardi; ketmonchilarga behuda aql o‘rgatmasdi; aksincha, ketmon yo belkurak sinib-netgan bo‘lsa, Hoshim temirchiga to‘plab olib borib tuzattirib kelardi.
Buvam o‘rtabo‘yli, chayir odam bo‘lgan. Besh vaqt namozini aslo kanda qilmasdi. Bir suyam keladigan qalin soqoli bor edi. Yozda oq yoki alak yaktak ustidan ikkita belbog‘ bog‘lab, bitta belbog‘i qatiga nosqovog‘ini o‘rab joylashtirib, ikkinchi belbog‘iga qinli pichoq osib, qo‘qondo‘ppi kiyib yurardi; qishda do‘ppi ustidan salla o‘rab yo quloqsiz telpak kiyib olardi; ikki qavat to‘n kiysa, pastdan kiygan to‘ni paxta solinmagan avra to‘n bo‘lardi. Chakmoni ham bor edi. Avra to‘n ustidan belbog‘ bog‘lardi, chakmon yoki paxtali to‘n ustidan belbog‘ bog‘lamasdi. Chakmonni avra to‘n ustidan kiyardi, paxtali to‘n bilan chakmon kiyganini ko‘rmaganman. Poytesha, dastarra, randa, iskana, bir juft tesha, ombur, burg‘u kabi duradgorlik asboblari doim yaroqli holatda bo‘lardi. U duradgor usta edi. Ko‘pincha o‘rtahol odamlarning hojatini chiqarib yurardi: katta imoratlar qurilishini zimmasiga olmasdi; dahliz, omborcha, boloxona, bostirma, hojatxona, ishkom ko‘tarmalariga o‘xshagan kundalik ro‘zg‘or ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan mayda-chuyda qurilish shoxobchalari bilan astoydil shug‘ullanar edi. Sherikli ish qilmasdi, lekin qo‘shni qishloqlardan bo‘lgan eski oshnalari chorlab qolsa, ularga qo‘shilib Sarqo‘rg‘on, O‘qchi, Yigit pirim, So‘x, Isfara tomonlarga ishga ham ba’zan ketib qolardi.
Asosan yakka o‘zi ish qilardi. O‘z-o‘zidan ravshanki, tabiatan jamoat orasida to‘dalanib yurishga mayli bo‘lmagan inson kolxozchi bo‘lishni xayoliga ham keltirmaydi, Stalin nomidagi kolxozga a’zo bo‘lishni istamaydi.
Qurilish mavsumi boshlanganda duradgorlik asboblarini xurjuniga joylab Marg‘ilon tomonlarga ravona bo‘ladigan buvam kech kuzda qishloqqa qaytib kelar edi. Ko‘pincha qishloq qabristoni hujrasida uch-to‘rtta oshnalari bilan to‘planib xunuklashib qolgan egasiz loysuvoq go‘rlarni, maqbaralarni somonli loy qilib, loyni rosa me’yoriga yetkazib pishitib suvab chiqishar edi.
Xullas, o‘zining ro‘zg‘ori va tirikchiliklari bilan andarmon bo‘lib yurgan buvam Nurdin o‘risning xurmacha qiliqlarini quloqma-quloq eshitib, terisi qizib yuradi. Axiyri Oqchangaldan oshnalari ziyoratidan kelayotganda Chigitariq ko‘prigida Nurdin o‘ris bilan yuzma-yuz bo‘ladi. Ko‘prikka bitta arava bemalol sig‘adi, ikkita otliq ro‘para kelib qolsa, bittasi yo‘l berishi kerak, chunki ikki begona ot bir-biriga ko‘prik ustida hamla qilib qolsa, yuganni qo‘yib yuborgan otliq noxos egardan uchib ariqqa ko‘ndalang ag‘darilsa, jigi uzilib ketishi hech gap emas.
Nurdin o‘ris otdan tushmaydi, ko‘prikka ham otini to‘g‘rilamaydi; ko‘prikdan buvamni o‘tishini kutib, to‘qima qamchisi dastasi bilan ag‘darma sariq etigining qo‘njiga shap-shap urgancha tirjayib turaveradi. Buvam bilakdek tut novdasini yo‘nib, beli barobar hassa yasab olgan edi – kechalari bemahal yo‘lga chiqsa, qishloq oralab qolgan chiyabo‘rilarni hassa bilan hurkitib qo‘yardi, daydi itlar ham hassasi bor odamga yaqinlashmasdi.
Buvam belbog‘i qatidan nosqovog‘ini olib, hassasini beliga suyab qo‘yib bemalol kaftini to‘ldirib nos chekadi.
– Xudoyorxonmisan, otdan tushsang choting yirilib qoladimi? – deydi buvam.
Nurdin o‘ris zaharxanda aralash:
– Iya-iya, Abduholiq aka, o‘zingizmi? Tanimay qopman-ku! Qanglidan kelayotgan qirg‘izmikan deb o‘ylabman! – deb otdan tushadi. – Chap qo‘li bilan uzangini ushlab, o‘ng qo‘lini cho‘zib ko‘prikdan kela boshlaydi.
– Qo‘l uzatma menga, baribir so‘rashmayman, betofiq!
Ko‘prik o‘rtasiga kelib qolgan Nurdin o‘ris taqqa to‘xtaydi; qamchi dastasi bilan sarg‘imtil ag‘darma etigi qo‘njiga shap-shap etkazib urib-urib, ensasini qashlay boshlaydi. Dastlab, rang-ro‘yi oqaradi, murda tusiga kiradi, so‘ng bo‘g‘riqib ketadi, peshanasidan no‘xatday-no‘xatday ter chiqib tomchilay boshlaydi.
Yugani egar qoshiga tortib bog‘lab qo‘yilgan yo‘rg‘a saman ot egasi ortidan ergashib ko‘prikdan o‘tib kelaveradi; egasi to‘xtagach, yelkasini hidlaydi.
– Ota qadrdonim bo‘lasiz, Abduholiq aka, qo‘limni qaytarmang! – deb zorlanadi Nurdin o‘ris. – Men sizga nima yomonlik qildim o‘zi?
– Boshoq terib yurgan kambag‘alning bolalarini qamchilab urganing yomonlik emasmi! Xotin-xalajni qon-qaqshatib tirqiratib quvlashing yomonlik emasmi, otquloq!
– Siyosat uchun to‘rt-beshtasini qamchilab urib qo‘rqitib qo‘ymasam, xalqni boshqarib bo‘lmaydi-da, Abduholiq aka!
– Xalqni boshqarish senga qolgan bo‘lsa, oxirzamon bo‘pti! – deb buvam hassasini sermab ko‘prikdan o‘tadi.
Nurdin o‘ris o‘zini chetga tortadi.
Buvam ot yonidan o‘tgach, tomoq qirib nosini oyoq ostiga tuflaydi. Ot hurkib ketadi, noxos shahd bilan oldinga intiladi va Nurdin o‘risni turtib yuborib Oqchangal tarafga o‘tib, suvlig‘ini chaynab turadi. Nurdin o‘ris esa ot turtganida muvozanatini yo‘qotib ariqqa yiqiladi. Qamchi tutgan chap qo‘li bilan ariq yoqasiga tayanib qolmoqchi bo‘ladi, lekin yonboshlagancha loyqa suvga qulaydi. Chap qo‘liyu chap yelkasi lat yeydi. Do‘ppisi oqib ketadi, ust-boshi shalabbo bo‘ladi. Loyga belanib ariqdan chiqib oladi.
– Jiging uzilib ketmadimi, otquloq! – deb zaharxanda qiladi buvam. Yana nosqovog‘idan kaftiga nos to‘kib chekib oladi. Yo‘lida davom etadi.
Nurdin o‘ris ot jilovini qo‘liga mahkam o‘rab olib, bosh-ko‘zi aralash rosa qamchilaydi. Ot pishqirib, jon holatda o‘zini har yonga tashlaydi, jonivor.
Keyin nima bo‘ladi?

2

Ro‘ziali birinchi sinfga yon qo‘shnisi Iboqjon bilan birga o‘qishga boradi. Yetti yashar bola uchun Chuvalanchi qishlog‘ining Ko‘tarma mahallasi bilan Chigitariqning o‘ng tomonida joylashgan boshlang‘ich sinflar maktabi orasidagi masofa Yer bilan Osmon o‘rtasidagi masofadan ham uzoqdek tuyular edi. Ro‘zialiga osmon ham yaqindek ko‘rinardi; Iboqjon o‘rtog‘i bilan ba’zan do‘ppisini balandga otish bo‘yicha musobaqa o‘ynab qolardi; avvalo, do‘ppi gumbazini ichiga yotqizib buklardi, to‘rtburchak qirralarini yaxshilab tekislardi, xullas, do‘ppi havo qarshiligini imkon qadar kamroq quvvat sarflab yengib o‘tadigan aylana-chambarak ko‘rinishiga keltirilardi. Iboqjon bilan yonma-yon turib: “Bir, ikki, uch!” deyishganda barobar do‘ppilarini osmonga otishardi. Bir do‘ppi pastga tusha boshlaganda boshqasi yuqoriga ketayotgan bo‘lsa, kim g‘olib ekanini osonlikcha ajratib olishardi. Ko‘pincha Ro‘ziali g‘olib kelardi, Iboqjon mag‘lub bo‘lganini tan olardi-yu, lekin birpasda arazlab uyiga chopqilab kirib ketardi; doim oyoqlari og‘rib oqsoqlanib yuradigan O‘g‘ilcha enasini ergashtirib chiqib: “Ana, do‘ppini osmonga otish bo‘yicha Ro‘ziali meni yetti marta yutib qo‘ydi!” deb shikoyat qilardi. Nima balo bo‘ldi ekan deb xavotirlanib ko‘chaga chiqqan enasi: “Basharang qursin, Popushak! Ro‘ziali seni urmagan bo‘lsa, so‘kmagan bo‘lsa, o‘yinni buzmagan bo‘lsa, endi unda enangdi haqqi qoldimi!” deb koyib uyiga qaytib kirib ketardi. Iboqjon mulzam bo‘lib turib-turib, nima qilishini bilmasdan burnini hadeb tortaverardi. “Bir chetga burningni qoqib tashlasang, birdan yengil tortasan, Iboqjon!” deb do‘stona maslahat berardi Ro‘ziali. Yana arazlash uchun bahona topolmay turgan Iboqjon: “Hozir enamga aytib beraman!” deb yugurib uyiga qarab ketardi. Bu safar “qozilik”ka enasi chiqmasdi, opasi Saltanat bodom chaqayotgan Iboqjonni ergashtirib ko‘chaga chiqib Ro‘zialining cho‘ntaklarini bodomlarga to‘ldirib: “Opang aylansin, Ro‘ziali, shu Popushakka ham ora-orada yutqazib bergin, xo‘pmi! Har safar yutqazganing uchun men senga bir cho‘ntakdan bodom berib turaman. Hozir ikki marta yutqizib berasan, chunki senga ikki cho‘ntak bodom berdim”, deb boshini silab qo‘yardi. Ro‘ziali Saltanatning ko‘ngli va cho‘ntaklari to‘la bodomlar uchun do‘ppini osmonga baland otish bo‘yicha ora-orada Iboqjonga yutqazib beradigan bo‘ladi. Yutuqlari to‘rttaga yetganda Iboqjon yugurib uyiga kirib Saltanat opasini ko‘chaga boshlab chiqib hisob-kitobni halol to‘g‘rilatib qo‘yardi. Ro‘ziali mag‘lubiyatga mazaxo‘rak bo‘lgach, cho‘ntagi katta bo‘z ishton kiyib ko‘chaga chiqqan paytlari Iboqjonni do‘ppi otish bo‘yicha musobaqaga takroran arang ko‘ndirardi.
Bundan tashqari, yong‘oq urishtirish, dol tikish, po‘m chiqarish bo‘yicha ham musobaqalar o‘tkazishar edi. Yong‘oq urishtirish degani – kaftga olib ikki yong‘oq urishtirilganda kimning yong‘og‘i yorilsa, o‘sha yong‘oq yengilgan bo‘lardi. Dol tikish degani – uch yo to‘rt dona yong‘oq ustma-ust terib qo‘yilib, bir xil uzoqlikda yonma-yon turib navbat bo‘yicha bittadan yong‘oq bilan “dol”da turgan yong‘oqni aniq nishonga olish boshlanar edi. Kim “dol”ni urib olsa, urilgan to‘pdagi yong‘oq uniki bo‘ladi; “dol”ga qarab irg‘itilgan yong‘oq tegmasa, navbat raqibga beriladi. “Po‘m” chiqarish degani – doira chiziq o‘rtasiga o‘zaro kelishuvga ko‘ra uchtadan yo to‘rttadan yonma-yon yong‘oq-“gang” tikib qo‘yilib, bir xil masofadan “po‘m” yong‘oq doiraga yumalatiladi; kimning “po‘m”i gangga tikilgan har qanday yong‘oqqa yaqinroq kelib to‘xtasa, o‘sha birinchi bo‘lib gangni “po‘m” bilan doiradan urib chiqarib yuborishni boshlab beradi. Qachon gang doiradan chiqmay qolsa, navbat sherikka o‘tadi. Raqib xohlasa, sherik “po‘m”ini ham urib doiradan chiqarib yuborishi mumkin; evaziga bitta gang yutib oladi. “Po‘m” uchun imkon qadar og‘irroq, kattaroq yong‘oq tanlanadi. Ba’zan hakka teshib mag‘zini yeb ketgan yong‘oq ichiga qo‘rg‘oshin eritib quyilib, teshik qora saqich eritmasi bilan mustahkam yopib qo‘yilar edi. Agar raqib kelishuv bo‘yicha sun’iy og‘irlashtirilgan “po‘m” bilan o‘yinga rozi bo‘lmasa, qo‘rg‘oshin quyilgan “po‘m” egasi ichi teshilmagan “po‘m” topadi yoki o‘yinda qatnashmaydi.
Birinchi sinfda o‘qish boshlangach Ro‘ziali bilan Iboqjon birgalikda maktabga qatnay boshlaydi. Dastlab, Saltanat ularni maktabga ergashtirib borib, ergashtirib kelib yuradi. Bir hafta-o‘n kundan so‘ng o‘zlari maktabga borib-kelish yo‘lida adashmaydigan bo‘ladi. Saltanat boshlang‘ich sinflarni tamomlagan, to‘liqsiz maktabda o‘qish uchun Ultarma qishlog‘iga qatnashga yolg‘iz o‘zi qo‘rqadi. Enasi: “Qish kunlari dashtdan keladigan och bo‘ri yeb ketishidan qo‘rqmasang, mayli, Ultarmaga o‘qishga boraver”, deydi. Ultarma olti-etti chaqirim narida edi; Qaxat, Oqchangal qishloqlari oralab yo dalama-dala ketgan yolg‘izoyoq so‘qmoqlar bo‘ylab borilardi Ultarmaga.
Iboqjon kechroq uyg‘onar edi. Ro‘ziali esa bomdod mahali otasiyu enasi barobar uyg‘onib, tahorat olib, otasi yonida bir oz orqada turib namoz o‘qirdi. Nonushta mahaligacha fonus yorug‘ida qalam-daftarini jild-xaltadan chiqarib uyga berilgan vazifa bo‘yicha saboqni ixlos bilan takrorlardi: arab imlosida yozilgan “a” – “alif”; “v” – “vov”; “r” – “re”; “z” – “zod”; “d” – “dol” kabi harflarni o‘ng tarafdan chapga qaratib yozib, har bir harf bilan bir sahifani to‘ldirardi. So‘ng shu harflarni lotin imlosida daftar sahifasiga ko‘chirar edi. Qisqa bo‘g‘inli so‘z yozib, husnixat mashqini takrorlab zavqlanardi.
– Ota, qarang, chiroyli yozyapmanmi? – deb vazifalarini ko‘rsatib maqtanardi.
– Balli, ulim, balli! – deb otasi alqab qo‘yardi.
Enasi nonushtasiga albatta bitta tuxumni qo‘rga ko‘mib pishirib, o‘zi po‘chog‘ini archib berardi. To‘rtta chaqirgan yong‘oq mag‘zi, bir hovuch mayiz, bir piyola shirava o‘quvchi Ro‘ziali dasturxonida albatta bo‘lar edi.
Ro‘ziali maktabga borgan paytda arab imlosi o‘rniga lotin imlosi joriy qilingan bo‘lsa-da, muallimlar ikki imloni ham o‘quvchilarga o‘rgatishardi. Chunki darsliklar arab imlosida bo‘lib, lotin imlosiga o‘girilgan darsliklar hali chop etilmagan edi.
Navbatdagi o‘quv kuniga har tomonlama shay bo‘lib olgan Ro‘ziali enasi tikib bergan jild-xaltasiga yarimta jaydari bug‘doy nonini parcha dasturxonga o‘rab joylashtirib, yelkasiga osib Iboqjon darvozaxonasida paydo bo‘lardi; zulfinni shaqirlatib, baland tovushda o‘rtog‘ini chaqirardi. Saltanat darvozaxonada ko‘rinish berib:
– Popushak uyg‘onmayapti-ku! Enam boyadan beri boshini silab o‘tiribdi, – deb xabar berardi. – Birpas kutasan-da, Ro‘ziali! – Cho‘ntagiga bodom solib qo‘yardi.
– Mayli.
Ro‘zialiga otasi buklama pichoqcha olib bergan edi. Shu pichoqchasi bilan Iboqjonlar darvozasiga bir necha kun davomida o‘zi bilan o‘rtog‘ining ismini o‘yib yozib qo‘yadi. Yozuv qirq yilgacha saqlanib qoladi. Eski darvoza o‘rniga yangisi o‘rnatilgach, yozuvli darvoza molxonaga kiritilib, sigir bilan qo‘ylar o‘rtasiga g‘ov etib qo‘yiladi.
Iboqjonning otasi ancha yillar oldin vafot etgan; laqabi “Popushak” bo‘lgan; enasi bilan Saltanat opa Iboqjonni erkalab “Popushak” deb chaqirishardi ko‘pincha. Ismini ham hech qachon Ibrohim deb to‘liq aytishmasdi.
Xullas, Ro‘ziali Iboqjonni shatakka olib birinchi sinfni bitiradi. Ikkinchi sinfda o‘qish boshlangan sentyabr oyi oxirlarida enamlar ko‘chirma qilinadi.

3

Nurdin o‘ris qo‘li sinib, muolaja qilib qirq kun piyoda yuradi. Bu orada Serovo posyolkasiga borib ijroqo‘m raisi Oltinovga arz-dod qilishga ham ulguradi. Oltinov arz-dodini e’tiborsiz qoldiradi.
Nurdin o‘ris takroran Serovoga borib Ko‘chirma hay’atiga uchrashib: “Stalin kolxozida kolxozchilarni yo‘ldan urayotgan yot unsur Abduholiq Toshmatov Chuvalanchidan ko‘chirib yuborilmasa, meni raislikdan bo‘shatinglar!” deb masalani ko‘ndalang qo‘yadi.
Hay’at a’zolari vujudga kelgan vaziyatni xomcho‘t etib ko‘rishadi va: “Darhaqiqat, kolxozga a’zo bo‘lmagan A. Toshmatov o‘z holicha o‘rtahol hayot kechirib yurgan bo‘lsa-da, biroq kolxozchilarning qashshoq qatlami uchun namuna bo‘lib xizmat qilyapti. Shu sababli A. Toshmatov oilasi bilan Farg‘ona okrugidan tashqariga ko‘chirma qilib yuborilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi”, degan xulosaga keladi.
A. Toshmatov oilasi bilan bir kechada ko‘chirmaga tushgan odamlarga qo‘shilib Qo‘qonga keltiriladiyu yuk tashiydigan yopiq vagonga itarib kiritilib Toshkentga keltirib tushiriladi.
Shunday qilib, Bektemir deparasining Qo‘qonovulida yerto‘lada A. Toshmatovlar oilasi istiqomat qila boshlaydi.

4

30-yillarda Bektemir deparasidagi Qo‘qonovul aholi gavjum qishloqqa aslo o‘xshamasdi. Toshkentdan o‘n besh chaqirim g‘arbiy yo‘nalishda, To‘ytepadan esa o‘n chaqirim sharqiy yo‘nalishda, katta ko‘chadan besh-olti chaqirim shimol tomonda joylashgan edi. Qo‘qonovul qayerda ekanini tasavvur qilish uchun o‘quvchilarimga jug‘rofiy o‘rnini qisqacha ta’rifladim. Qishloq ahli uchun Qo‘qonovul sharqirab oqadigan Chirchiq daryosining o‘ng va so‘l qirg‘oqlarida joylashgan, kattagina qismini qalin to‘qayzor qoplagan Jangalobod edi. Atrof-javonibdagi aholi yashaydigan manzillar “Soldatskiy”, Oxunboboyev, Boltako‘l, Sirg‘ali, Qo‘yliq, Xonobod kabi nomlar bilan atalsa-da, Farg‘ona vodiysidan badarg‘a qilingan “yot unsurlar” astoydil mehnat qilib, yashaydigan manzil xalq tilida “Qo‘qonovul” deb atalardi-yu, lekin rasman xat-hujjatlarda “30-ob’ekt” deb yozilardi. “30-ob’ekt” aholisi har oyda bir marta maxsus Troyka-Hay’at tomonidan uyma-uy yurib tekshirilib, qalin daftardagi ro‘yxat bo‘yicha qayd etib borilardi. O‘lgan va bemor odamlar esa guvohlar ishtirokida qabristonga borib yoki kasalxonada ko‘rikdan o‘tkazilib ma’lumotnoma asosida ishga yaroqli-yaroqsiz “inventar” misoli hujjatlashtirilardi.
Farg‘ona vodiysining Qo‘qon atrofidagi qishloqlaridan ko‘proq aholi aynan shu joylarga keltirilib “Polutorka” mashinasida to‘kib ketilgani uchun manzilni tubjoy qozoqlari “Qo‘qonovul” deb atay boshlaydi.
Chirchiq o‘zani bir chaqirimdan ham kengroq edi, ba’zi joylarda besh-o‘n gektar orolchalar paydo bo‘lgandi. Orolchalar qalin to‘qayzor, changalzor bilan qoplangandi. To‘qayda yovvoyi jiyda, yong‘oqlar, maymunjonlar, olmalaru o‘riklar shig‘il-shig‘il meva qilardi.
Daryo qirg‘oqlarida qozoq cho‘ponlar mol, qo‘y podalarini boqib yurardi-yu, ammo hech kim qo‘riq yerlarni o‘zlashtirib dehqonchilik qilishni xayoliga keltirmasdi. Bu yerlarda dehqonchilik qilishni vodiylik “yot unsurlar” boshlab beradi.
Ro‘ziali to‘rtinchi sinfni bitirib, beshinchi sinfga ko‘chib o‘tadi. Bir muchal umr ko‘radi. Otasi muchal oshi qilib beradi, yangi do‘ppi sovg‘a qiladi.
Bahor seryog‘in keladi. Shag‘al aralash yerlarga bir amallab ekin-tikin qilinadi-yu, ammo daryoning o‘ng sohilidagi yerlar loy pishitib qo‘yilgan xandaqdan farq qilmasdi. May oyi oxirlariga borib o‘ng sohildagi yerlar tobiga keladi. Qo‘shda shudgor qilib, chizildan chiqarib yerga urug‘ qadalmasa, bir yil davomida yer yaylovga aylanib qolishi mumkin. Dehqon yerning qadrini biladi. Yer ham dehqonni qadrlaydi.
Ota o‘ng sohildan qish davomida besh-olti tanob yerni to‘qay-changalzordan tozalaydi. To‘qayda o‘sgan yovvoyi daraxtlar qirq-ellik yil davomida chuqur ildiz otib yuborgan ekan, katta to‘nkalarini tag-tugi bilan ko‘chirib olish uchun ko‘p kuch, ko‘p vaqt sarflanar edi. To‘nkalarning hammasini ko‘chirib olish amrimahol, uvatlar katta to‘nkalar ustidan olib o‘tiladi, to‘nkalar tuproq ostida qoldiriladi. Shunday qilib, yangi o‘zlashtirilgan yerlarga sholi ekishni mo‘ljallab qo‘yadi.
Ro‘ziali maktabdan ta’tilga chiqqan kundan boshlab otasining qavatiga kirib yumushlariga yordam bera boshlaydi. To‘nka ko‘chirishga kuchi yetmasdi, lekin tosh qalab yasalgan o‘choqqa olov yoqib, daryodan paqirda suv olib kelib, tindirib, qaynatib, tunuka choynakka achchiq-achchiq choy damlab berardi, to‘nka kavlashda bolta ishlatilsa, atrofga payraxalar sachrasa, ularni terib bir chekkada taxlab qo‘yardi, otasiga nosqovog‘ini topib eltib berardi va hokazo. Ro‘ziali jonga oro kiradigan dastyor bo‘lib qolgan edi.
So‘l sohildan o‘ng tarafga toshqin Chirchiqni hatto benihoya yoyilib oqadigan o‘zanidan ham oyoqyalang kechib o‘tib bo‘lmasdi. Muzdek suv oyoqni uvishtirib birpasda jonsiz uvadaga aylantirib qo‘yadi; tap etib suvga yiqilgan odam qaytib qaddini tiklay olmasdi. Voy-voylatib oqizib ketardi. Agar sohilda ikki-uchta kuchga to‘lgan katta odam oqib ketayotgan shurtumshuqni ko‘rib qolib, darhol yordamga oshiqmasa, hayal o‘tmay birorta qirrali toshga eltib urilgan bechorada tovush chiqarishga ham holi qolmasdi. Jasad loyqa suvda lopillab goh ko‘rinib, goh ko‘rinmasdan yoyilmagacha oqizib borilgach, sayoz qumloqqa chiqarib yuborilardi-da, ustidan loyqa bilan suvab qo‘yilardi. Kiyim-boshlarini oqim yechib olardi yoki ko‘ylak-ishtonni mahkam bog‘lab, tuguncha qilib qo‘yardi.
Ishchi ot ekin-tikin mavsumida bo‘sh turmaydi, doim dalada qo‘sh tortayotgan bo‘ladi. Bir kishi omochli akushnik dastalaridan mahkam ushlab, yerni bir maromda, bir xil chuqurlikda ag‘darish uchun goh dastani o‘z holiga qo‘yib, goh dastani kuch bilan bosib borishi kerak. Yana bir kishi esa yugandan kalta ushlab, ot bilan yonma-yon dala adog‘igacha birga borishi lozim. O‘sha paytlarda O‘zbekistonda “Qo‘shchilar shirkati” bekorga tuzilmagan edi; davlat buyurtmasi bo‘yicha ekiladigan har qanday ekin-tikin taqdiri qo‘shchilarga bog‘liq edi. Hatto O‘zbekistonning birinchi prezidenti Yo‘ldosh Oxunbobo o‘g‘li ham qo‘shchilar shirkatidagi faoliyati tufayli el nazariga tushib, keyin Shermuhammadbek, Xolxo‘ja, Sa’dulla kabi qo‘rboshilarga ham gapi o‘tadigan millat rahnamosiga aylanib ketadi. Mehnatkash insonni qo‘rboshilar ham astoydil e’zozlardi, chin dildan hurmat qilardi.
Qo‘shchi ot Abduholiq buvamga navbati kelganida uni Ro‘ziali yaydoq minib yurardi. Otning yuganidan kalta ushlab yonida yurishi uchun uning bo‘yi pastlik qilardi, otasi uni otga mindirib qo‘yardi. Qo‘sh tortadigan otga egar urilmasdi, uzangi ham taqilmasdi, faqat ikki qavat bo‘yinturiq osib qo‘yilardi. Bo‘yinturiqqa qo‘sh tortadigan yo‘g‘on arqon mahkam bog‘langan bo‘lardi. Bo‘yinturiq ot bo‘ynini yalab, yara-chaqa qilmaydigan darajada qalin va yumshoq bo‘lishi lozim.
Qo‘shda haydaladigan bir kunlik yer qoladi. Qo‘riq yangi ochilgan bo‘lsa-da, bultur to‘qay oralari imkon qadar chizil qilinib mosh va loviya ekilgan, uvat tortilib sug‘orilgan edi.
Daryodan toshqin payti o‘tiladigan yolg‘izoyoq osmako‘prik bor edi. Sayoz joyigacha yo‘g‘on ustunlar ko‘mib borilgan, suv buralib oqadigan daryoning o‘rta qismida trossga mahkam bog‘lab chiqilgan qalin taxtalardan ko‘prik yasalgan edi. Osmako‘prik lopillab turardi. Ikki chekkasida arqondan tutqich bor edi.
Oxirgi kuni qo‘sh tortadigan otga bir tog‘ora arpa beriladi. Ot egasiga holdan toydirib eltib berilmasligi kerak, kuchli bo‘lishi uchun yemishi ham quvvat beradigan bo‘lishi lozim. Buvam bomdoddan keyin sholipoyaga mo‘ljallangan dalaga yo‘l oladi. Akushnik-qo‘shni ot ustiga yotqizib o‘rnashtirib qo‘yadi. Endi Ro‘ziali erta bahorda yerto‘la-uydan tashqariga chiqarib qo‘yilgan sandal ustidan otga sanchib minib olsa, yuganni ushlab yo‘lga tushadi.
Yaydoq ishchi ot ustida Ro‘ziali tuproq ko‘pchib turgan ko‘chalar bo‘ylab daryo ustiga qurilgan osmako‘prikdan ilgari ham bemalol o‘tib qaytgan, bu safar ham ikkilanmasdan o‘tmoqchi bo‘ladi. Biroq, ot ko‘prik lopilaydigan joyiga borganda taqqa to‘xtaydi-qoladi: na oldinga yuradi, na orqaga tisariladi. Yaydoq ot ustida o‘n ikki yashar bola o‘tiribdi, ikki qo‘li bilan qo‘sh-akushnikni ushlab olgan, qo‘sh xuddi shayin-langarga o‘xshab goh so‘lga, goh sog‘ tomonga og‘ib ketadi. Ot boshini ilkis yuqori ko‘tarib pishqiradi. Xivich olib o‘tirish xayoliga kelmaganini qarang! Qo‘lida xivich bo‘lganida bormi, bir urib olg‘a yurgizib yuborardi-ya!
“Ot ham eshakka o‘xshab bir qaysarligi tutsa, yomon bo‘lar ekan, jin ursin! Otning devi bo‘ladi, degan gap bekorga aytilmas ekan-da!”
– Ro‘ziali, o‘rtoq, nima gap, nega boyadan beri bir joyda turib qolding? – deb so‘raydi orqa tarafdan Alixon degan sinfdoshi.
Ro‘ziali o‘tirgan joyida orqasiga qayrilib:
– Otning eshakligi qo‘zib qoldi, shekilli. Xuv anavi toldan barmoqdek yo‘g‘onlikdagi novdasini sindirib kelib, ketiga yaxshilab ikki marta savalagin, o‘rtoq! – deb iltimos qiladi Ro‘ziali.
Tuvodoqlik Alixon o‘rtog‘ining iltimosini darhol bajo keltiradi: otning orqasiga o‘xshatib xivich urgan zahoti jonivor noxos sapchib yuboradiyu Ro‘ziali ot ustidan uchib, ayqirib oqayotgan daryo to‘lqiniga yuztuban yiqiladi, orqasidan akushnik-qo‘sh ham uchib tushadi. Ro‘ziali to‘lqin orasidan endi boshini chiqargan chog‘da qo‘sh-akushnik yelkasidan bosib tushib, loyqa to‘lqin qa’riga tortib ketadi. Ro‘ziali boshqa ko‘rinmaydi. Ot esa kishnagancha o‘ng sohilga qarab yugurib ketadi.
Alixon sehrlangandek turgan joyida qotib qoladi.
Ro‘zialini Chirchiq yutib ketadi.

5

Qirq kundan keyin daryoning quyi oqimida yashaydigan qozoqlar xayqirib qoladi:
– Qo‘qonlik, kelmaysanmi, bolang topildi!
Bu xabar og‘izma-og‘iz, quloqma-quloq enamga ham yetib keladi. Qo‘ni-qo‘shnilar enamning yo‘lini to‘sib qoladi, sholipoyada ko‘lchalarga urug‘ sochib yurgan buvamni topib kelishadi. Buvam bilan uch-to‘rtta erkak qozoqlar tovush qilgan tarafga ketadi. Xotin-xalaj enamning oldidan jilmasdan to‘shak-po‘shak to‘shab o‘tirishga joy hozirlaydi.
– Ishqilib, mayib bo‘lsa ham tirik kelsa bas, bolaginam! – deb yerto‘laga tushib, tashqariga chiqaveradi enam.
Erto‘la yonida pastqamgina paxsa devorli kulba qad rostlagan, lekin hali tomi yopilmagan edi. O‘choq ham ichida, o‘tinxonasi ham ichida, poygahdan sandalga yarasha supa ham qilingan, qishda ostiga bir sidra g‘o‘zapoya yotqizilib, ustidan sholipoya to‘shaladi, keyin sholcha yoziladi. Bunday uy qo‘shnilarda bor, “to‘rili xonadon” deyiladi.
Yugurib-elib yerto‘la atrofini supurib-sidirib, sevalatib suv sepayotgan xotinlar o‘zlarini eshitmaganga soladi. Teng-to‘sh ayollar bir-biriga imo-ishora qilib:
– Rohatoy, hali yana qo‘chqorday o‘g‘illar ko‘rasiz! – deb o‘ynoqlab yurgan ikki yarim yashar qizaloqni – Tursunoyni bag‘irlariga bosib erkalatishar edi.
Dastlab, ikkita, so‘ng to‘rtta, yana to‘rtta-to‘rttadan qozoq-o‘zbek aralash olomon buvam bilan enam yashaydigan yerto‘la-xonadon atrofida uymalashib qoladi. Salla o‘ragan mulla ham paydo bo‘ladi.
Shunda ham enam olazarak bo‘lib dam ko‘cha boshiga borib qaytar, dam Ro‘zialining yangi do‘ppisini ko‘rpa qatidan olib chiqib qo‘ni-qo‘shni xotinlarga ko‘rsatar edi:
– Boshiga tor kep qolgan bo‘lsa-ya! – deb xavotirlanar edi.
Enamning es-hushi joyida emas edi.
Ikkita qozoq yigit bo‘zdan qilingan qalingina paxtali ko‘rpani ikki buklab ikki tomonidan avaylab ko‘targancha yerto‘laga tushiladigan nishablik boshida to‘xtaydi. Kimdir eski sholchani yozadi. Qozoqlar ko‘rpani sholchaning ustiga astagina qo‘yadi.
Buvam ko‘rpani ochadi. Ro‘zialining alak ko‘ylak-ishtoniga o‘ralgan so‘ngaklarni silab-siypalaydi. Qo‘llarini tizzasiga tirab o‘rnidan turmoqchi bo‘lsa, oyoqlari mayishib ketaveradi. O‘rnidan turolmaydi. Ikki yigit qo‘ltig‘idan olib turg‘azib qo‘yadi.
– Xola, o‘g‘lingiz bilan xayrlashib oling, – deydi bitta ayol enamga, – Ro‘zialiga hozir kafan kiydirishar ekan.
Enam o‘g‘lining ko‘ylak-ishtonlari ustiga yoyib qo‘yilgan so‘ngaklarni ko‘rib, odamlarga javdiragancha:
– Ro‘ziali topildi deyishgandi-ku! Bolam qani? – deydi.
Ikki ayol enamni turg‘azib bag‘irlariga bosgancha o‘kirib yuboradi:
– Shugina qolgan ekan Ro‘zialidan, qo‘qonlik xolajon! Suvda odam jasadi qirq kunda erib ketar ekan, xolajon!
So‘ngaklar kafanlanadi. Xaloyiq janoza namoziga saf tortadi.
Imom janozani boshlaydi.
Ayollar enamni suyabmi, surgalabmi, chetroqqa o‘tib ketishadi.
Buvam ham es-hushidan ajraladi. Lekin janozada safda turadi. Namozdan so‘ng imom yoniga o‘tib:
– Kimda ulimni qarzi bo‘lsa, kimning ko‘nglini og‘ritgan bo‘lsa, Ro‘zialini kechirsin, qarzini to‘lashni o‘zim zimmamga olaman, – deydi baland tovushda.
Erkaklar o‘kirib yuboradi.
Kafanlangan so‘ngaklar ko‘rpa ustiga qo‘yiladi. Ko‘rpaning to‘rt burchagidan to‘rt kishi ko‘targancha qabristonga yo‘l oladilar.

6

Chirchiq saratonda o‘zaniga qaytadi.
Buvam o‘sha yili daryoning o‘ng sohilidan o‘zlashtirgan qo‘riqqa sholi ekadi; bomdoddan xuftongacha daladan kelmaydi. Suv tortilib qolgach, osmako‘prikdan Ro‘ziali tog‘am ustiga bosib tushgan akushnik-qo‘shni izlab topib egasiga eltib beradi. Egasi – Tuvodoq qishlog‘idan Alixonning amakisi Yahyoxon nisholdachi ekan. Yahyoxon amaki vodiylik muhojirlarning kamtarona to‘y-tomoshalarida mis qozoni bilan to‘y egasi xonadoniga borib nonushtaga nisholdasini tayyor qilib qo‘yardi.
Nisholdachi nima uchun ko‘chirma qilinganini o‘zi ham bilmasdi. Eskicha ilmi bo‘lgani uchun har ehtimolga qarshi chetga surib tashlangan bo‘lsa kerak.
U goh kulrang xachirini qo‘shga qo‘shib, goh birovdan ho‘kizini ijaraga olib chaqirilgan joyga borib qo‘sh haydab qolardi. Lozimandalarda mullaning yoniga o‘tirib shirali tovushda Qur’on tilovat qilib yuborardi.
Buvam Yahyoxon nisholdachiga ixlos qo‘ygan edi. Hayit arafasida tovuq so‘yib qon chiqaradigan bo‘lsa, albatta Yahyoxon amakini chaqirib kelib ziyofat qilar edi. Qur’on o‘qitilardi, o‘tkan-ketkandan suhbatlashib o‘tirishardi. Gap-so‘zlardan ma’lum bo‘lardiki, Yahyoxonning padari buzrukvori mashhur Ergash qo‘rboshining piri bo‘lgan, qo‘rboshi bosqinchi o‘rislarga qarshi jihod e’lon qilishidan oldin ataylab Qo‘qondan qirqta yigiti bilan Tuvodoqqa kelib piri komili bo‘lmish Dadaxo‘ja eshondan fotiha olgan ekan. Tengsiz janglarda Katta Ergash shahid bo‘lgach, Kichik Ergash maydonga chiqadi. U ham Dadaxo‘ja eshondan fotiha oladi.
O‘ris zobitlari Parokand Mirzo laqabli xufya orqali jihod ilhomchisi Dadaxo‘ja eshon ekanidan xabardor bo‘lgach, eshon boboni “Haj safariga kuzatib qo‘yadilar”. Ya’ni, o‘ris askarlari Tuvodoqqa bostirib kelib eshon boboni foytun aravaga chiqarib Qo‘qonga olib ketishadi, Qo‘qondan Dang‘ara qumtepalariga chiqarib shahid qilishadi. So‘ng eshon boboni so‘roqlab GPU idorasiga borgan xesh-aqrabolariga: “Haj safarini ixtiyor etdilar, muridlariga qo‘shib Qo‘qon vokzalida safarga kuzatib qoldik”, deb javob beriladi.
Ro‘zialining so‘ngaklari dafn etilgach, Yahyoxon har juma oqshomi enam bilan buvamni yo‘qlab kelib padari buzrukvorining mahzun qissasini yig‘lab-yig‘lab so‘ylab o‘tirardi.
Bizning eshonlar va eshonzodalar mushfiq xalqimiz boshiga musibat tushgan choqlarda doim mazlumlar yonida bo‘lgan; mazlumlar qatorida jafo chekadi, mazlumlar qatorida jazolanadi.
Enam o‘zini qo‘yarga joy topa olmaydi. Endi uch yashar bo‘lgan Tursunoy qizi ham ko‘ziga ko‘rinmaydi. Bomdod namozidan so‘ng qabristonga borib, shom payti arang oyog‘ini sudrab qaytib kelardi. Daryo bo‘yida uzoq-uzoq qolib ketardi. Axiyri chidamaydi:
– Ketaman Chuvalanchiga! – deydi. – Siz qolavering, men Tursunoyni olib ketaman.
Kech kuzda buvam Toshkent vokzaliga borib enam bilan qizchasini Qo‘qonga ketayotgan poyezdga chiqarib yuboradi.
Enam qizchasini bag‘riga bosib Qo‘qongacha tanburda g‘ujanak bo‘lib oyoq ustida o‘tirib boradi. Qo‘qonda o‘rnidan turaman desa, oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmaydi; odamlar uni ko‘tarib perronga tushirib qo‘yishadi. Oyoqlarini uqalab qon yugurtirib olgach, qizchasini yetaklab vokzal maydoniga chiqadi; Buvaydaga ketayotgan aravadagi odamlar orasidan joy beradi.
So‘rab-so‘rab qishloqqa ham yetib keladi.
Etti yilda pastqam uylarining tomlari har-har joylaridan o‘pirilib tushgan, hovlini sho‘ra bosib ketgan, eshik-derazalari tob tashlab ochilib yotgan ekan. Hech kimga aytmasdan uyiga kirib olib uch kun yashaydi; na bir qultum suv ichadi, na bir burda non yeydi. Uch yashar Tursunoy ham miq etmaydi. Dahlizni epaqaga keltiradi. To‘rtinchi kuni dahlizdagi o‘choqqa o‘t yoqadi. Mo‘ridan tutun chiqayotganini ko‘rgan qo‘ni-qo‘nilar ajablanib qiya ochiq turgan darvozadan hovliga mo‘ralab, ajriq tomirini shimib o‘tirgan Tursunoyni ko‘rib qoladi.
Birov ikkita non opchiqadi, bir yog‘och kosada bo‘tqa ko‘tarib chiqadi. Ko‘rpa-to‘shak, yostiq, sholcha paydo bo‘lib qoladi.
Bir kuni Iboqjon vazmingina xurjunni ko‘tarib chiqadi.
– Bu nima? – deb so‘raydi enam.
– Sizlar Toshkentga ketganlaringdan keyin uch oy o‘tib Marg‘ilondan Tojiali tog‘a degan odam otamni izlab keldi.
– Otang o‘n yil oldin o‘lib ketgan edi-ku!
– O‘zimdi otamni emas, Ro‘zialining otasini – Abduholiq otamni izlab keladi.
Enam xurjunni ochib qaraydi: buvamning durodgorlik asbob-uskunalari ekan. Xurjun ostida qizil tuguncha bor ekan. Tugunchani olib ochib ko‘rsa, chiroyli Marg‘ilon do‘ppi orasida bir taxlam qog‘oz pul!
– Bu kimning puli?
– Otam oxirgi marta Marg‘ilonga borib ishlaganida ayrim odamlar ish haqini to‘liq bera olmagan ekan; kelasi mavsumda hisob-kitob qilamiz, deb shartlashadi. Kelasi mavsum otam bormagach, Tojiali tog‘a omonatni olib Chuvalanchiga keladi. Qo‘lingizda turgan tuguncha – otamning ish haqi ekan.
Enam do‘ppini hidlab-hidlab yig‘lab yuboradi:
– Ro‘zialiga loyiq ekan-a! Ro‘zialining o‘rniga sen kiygin-a!
Iboqjonga enam yangi Marg‘ilon do‘ppini kiydirib qo‘yadi.
Dehqonchilik yig‘ishtirib olingach, qorlar yog‘ib qish zabtiga olgan kezlarda buvam ham qishloqqa qaytadi.
Ro‘ziali tog‘amsiz hayot boshlanadi.

7

Sog‘in sigir xarid qilinadi. Shu sersut sigirdan tarqalgan buzoqlardan o‘n yillar davomida nasl olinadi, zoti yo‘qolib ketmaydi. Sersut sigir doim bostirmada bog‘liq turardi. Dasturxonda doim shirava qaymoq bo‘lardi.
Buvam duradgorlik asbob-uskunalarini bir qur ko‘zdan kechiradi; dastarrasining tishini chiqaradi, tesha va poyteshalarni charxlaydi va erta bahorda yana xurjunni yelkasiga osib Marg‘ilonga mardikorchilik qilgani jo‘naydi.
Ishqilib, buvam umrining oxirigacha kolxozchi bo‘lmaydi.
Enam Ro‘ziali tog‘am to‘g‘risida ko‘p gapirardi. Enamning hikoyalaridan Ro‘ziali tog‘am qanaqa bo‘lganini juda yaxshi bilib olganman.
Qishlog‘imizda usta Ro‘zi buva va Jumavoy novvoy qachon meni uchratib qolishsa: “Sen Ro‘ziali tog‘angdi o‘zisan!” deyishar edi.
Buvamdan biror marta ham Ro‘ziali tog‘am to‘g‘risida gapirganini eshitmaganman. Buvam har juma Qo‘qonga borib Yangi Chorsu masjidida eski oshnalari bilan birga namoz o‘qib qaytardi. Meni ham ba’zan o‘zi bilan olib borardi Qo‘qonga. Namoz payti men ariq bo‘yida buvamning qopini qo‘riqlab o‘tirardim. Tengqurlarim bilan ariqqa kesak otib o‘ynar edik. Juma namozidan so‘ng choyxonaga borib kabobxo‘rlik qilardik, chollar davra qurib olib “bosmachilik davrlari”ni eslab o‘tirishardi.
– Sa’dulla qo‘rboshi tirikmi? – deb so‘rab qolishardi buvamdan.
– Tirik yuribdi. Lekin qassobchilik qilmay qo‘ygan.
– Qo‘rboshilar qon chiqarib turmasa, qo‘llari qaltiraydigan bo‘lib qoladi, qassobchilikni tashlamasa yaxshi bo‘lardi.
– Ora-orada o‘g‘li Xayrulla so‘qim so‘ymoqchi bo‘lsa, qo‘rboshi ham qassobxonaga borib o‘tiradi, hech bo‘lmasa, ho‘kizning bo‘g‘ziga pichoq tortib hovurini bosib qaytadi, – deydi buvam.
– Ha-a, durust.
Marg‘ilon safaridan qaytgan buvam tomorqada kuymalanib yurardi.
So‘ng qishloq qabristonida qoravul bo‘ldi. Qabriston qoravuli o‘liklarni qo‘riqlab o‘tirmaydi, doim u yoq-bu yoqlarni tuzatib, xas-xashaklardan tozalab yurardi. Dimiqib qolgan zovurlarning ko‘zini ochib yuborardi. Ishqilib, hech qachon qo‘l qovushtirib o‘tirmasdi.
Men bir muchal yoshimda buvam kasal bo‘lib ko‘rpa-to‘shak qilib yotib qoladi. Yoniga do‘xtirlarni yaqinlashtirmaydi. Nos chekishini ham to‘xtatmaydi. Maktabga ketayotganimda ko‘zi tushib qolsa, imlab chaqirib olib: “Ma, qalam-daftar olgin, Qo‘qonda olib berganim kitoblarni ukalaringga qoldirgin, o‘qishsin”, degani esimda.
Yoz edi. Maktabdan ta’tilga chiqqan edim.
Buvam og‘irlashib qoladi. Bir kuni ko‘ngliga yaqin odamlarni chaqirtiradi: Chuqur mahalladan Jo‘ravoy tog‘a, Qo‘rg‘onchadan Sultonali tog‘a, Oqchangaldan Abdurahim tog‘a yetib keladilar.
– Janozamni mulla Sulton o‘qisin, – deb vasiyat qiladi buvam. – Jasadimni Yunusali yuvsin, – deydi. – Go‘rimni Ashurali cho‘loqning kuyovi Muhammadjon kavlasin. Tuvodoqdan Yahyoxon to‘rani janozaga aytinglar, xudoyimda ham kelib Qur’on tilovat qilib o‘tirsin; matasika minib kelsa, benziniga yarasha pul berish kerak, ayolmand inson u, qo‘li yupqa, hozir nisholda sotib uch-to‘rt chaqa topadigan mavsum emas.
– Xo‘p, xotirjam bo‘ling, hammasi aytganingizdek bajariladi.
– Endi bemalol oyoq uzatib o‘laveraymi?
– Ha… yo‘g‘-e, issiq nafas qiling-e…
– Jo‘ravoy, tomog‘im qaqrab ketdi, paxtani ho‘llab og‘zimga suv tomizib turasiz-da…
Jo‘ravoy tog‘a buvamning istagini darhol bajo keltiradi.
Yarim kechada buvam sandiraqlay boshlaydi:
– Ro‘ziali… Ro‘ziali… Ro‘ziali…
Yon-atrofini qurshab o‘tirgan odamlarni ham tanimay qoladi.
– Ro‘ziali… Ro‘ziali… Ro‘ziali…
Ko‘zlarini ochishga ham madori qolmaydi, faqat hiqildog‘i qimirlaydi:
– Ro‘ziali… Ro‘ziali… Ro‘ziali…
Bomdodga yetmasdan joni uziladi.
Jo‘ravoy tog‘a oq surp bilan buvamning jag‘ini bog‘lab qo‘yadi.
Buvamning ustiga ko‘rpa tortib qo‘yishadi.
Janozaga tumonat odam to‘planadi.

8

Buvam borligida Iboqjon tog‘a biznikiga faqat biror ish yuzasidan chiqar edi. U o‘rta maktabda boshlang‘ich sinflarga arifmetikadan dars berardi. Ichkilikka ruju qo‘yadi. Sababi – befarzand. Xotinni almashtiradi, lekin bari bir bola ko‘rmaydi. Eski xotinini qaytarib oladi. Ichkilik ovunchog‘i bo‘lib qoladi. U yangi qurilgan uyi tomiga chiqib, biz tomonga qarab cho‘nqayib o‘tirishni yaxshi ko‘rardi.
– Boyo‘g‘liga o‘xshamay o‘l! – deb qarg‘ab qo‘yardi enam. – Uning dastidan hojatxonaga ham bemalol borib bo‘lmaydi.
Tomda o‘tirgan joyida:
– Ena, yangi ivitgan qatig‘ingiz bormi? – deb so‘rardi baland tovushda.
– Bor.
– Hozir o‘zim kiraman, boshim tors yorilaman deyapti, – deb Iboqjon tog‘a hayal o‘tmay darvozadan kirib kelardi.
Enam ko‘zachaga ivitib qo‘yilgan qatiqni Iboqjon tog‘aning oldiga chiqarib qo‘yardi. Yog‘och cho‘mich va kosani ham keltirib berardi. Chorpoyadan oyoqlarini osiltirib o‘tirib olgan Iboqjon ikki-uch kosa yangi qatiqni yutoqib ichib olardi. Lab-lunjini kafti bilan artardi.
– Hech kim sizdek qatiq ivitishni bilmaydi, ena. Ana, boshim ham birpasdan yorishib ketdi! – deb boshini uqalab qo‘yardi.
– Sen o‘sha sabilni hadeb ichavermasdan, uning o‘rniga bir-ikki kilo qo‘y go‘shti opkelib O‘lmasoyga bersang, shiringina qaynatma sho‘rva pishirib beradi.
– Ena, sho‘rva alamimni bosmaydi-da! – deb noliydi. – To‘yib araq ichsam, uch-to‘rt kun boshim og‘rib yuradi, dunyoda boshog‘riqdan ham boshqa tashvishlar ham borligi xayolimga kelmaydi.
– O‘zing bilasan.
– Rahmat, ena, – deb o‘rnidan turadi. – Aytmoqchi, haliyam o‘n ikki so‘m pensiya olyapsizmi?
– Ha. Nimaydi?
– Nevarangiz men bilan yursin, uyda o‘ttiz-qirqta shisha yig‘ilib qolgan; kattalari o‘n tiyindan, kichkinasi yetti tiyindan. Do‘konga eltib topshirsa, uch-to‘rt so‘m pul bo‘ladi, – deydi.
– Uyat bo‘ladi-ey! Ko‘rgan odamlar, “Ro‘zialining jiyani araq shisha sotib yuribdi!” deb orqasidan gapiradi.
– Tirikchilikning aybi yo‘q! Yur, jiyan, o‘zim shishalarni qopga joylashtirib, orqangga ko‘tartirib yuboraman. Enang aytaveradi! – deb qo‘limdan ushlab yetaklab oladi.
– Qo‘yvor bolani, bormaydi!
Iboqjon tog‘a qo‘limni qo‘yib yuboradi, arazlab dikonglagancha ko‘chaga chiqib ketadi.
– Turqing qursin, popushak! Araqni o‘zi ichib, bo‘sh shishasini senga berar emish, piyonista!
Buvam olamdan o‘tkanidan keyin ikki-uch yil orasida Iboqjon tog‘a miltiq sotib oladi. Bog‘ oralab yurib sochma o‘q bilan har xil qushlarni ovlab, o‘zini ovuntirib yuradigan bo‘ladi.
– Bir shisha sabilning o‘rniga bir kilo go‘sht beradi, o‘ttiz-qirq shisha zahri qotilning puliga beradigan go‘sht bilan butun mahallani bir oy boqsa bo‘ladi. Hech bo‘lmasa, isrofgarchilikdan qo‘rqmaydimi! O‘zi otasining zoti past edi. Itdan bo‘lgan – qurbonlikka yaramaydi.
Bitta mushugimiz bor edi. Sichqon ovlashni yaxshi bilardi. Agar uy ichida sichqon zotiga qiron keltirsa, daladan sichqon tutib kelib, albatta, uyga kiritib yeb olardi-da, so‘ng mo‘ylovini yalab, quyoshda toblanib mizg‘ib olardi. Kechasi mening yonimda ko‘rpani ustida g‘ujanak bo‘lib hurrak otib uxlardi.
Kuz oxirlarida mushukni Iboqjon tog‘a kolbasa pallamlari bilan hovlimizdan ko‘chaga aldab chaqirib olib, otib tashladi. O‘ligini zovurdan ekskavator chiqarib tashlagan loyqa ostiga eltib ko‘mib keladi.
– Nega unaqa qilding? – deb so‘raydi enam.
– Erta bahorda kurk tovug‘imiz ochib chiqqan jo‘jalardan ikkitasini tutib olib yegan edi, ichingiz og‘rimasin deb bu haqda sizga indamay qo‘ya qolgan edim. Ishonmasangiz, ana, keliningizdan so‘rashingiz mumkin.
– Bo‘lar ish bo‘ldi, endi taqichilab nima qilaman! Ajab bo‘pti! – deb zaharxanda qiladi enam.
Shundan keyin Iboqjon tog‘a biznikiga qatiq so‘rab ham chiqmaydigan bo‘ldi.
Enam sigir sog‘adi, kuvini pov-pov etkazib shirava-qaymoqni ajratib oladi. Sutni pishirib, ilimiliq bo‘lgach ko‘zachaga quyib, oqlik tashlab aralashtirib qatiq ivitib qo‘yadi. Haftada ikki marta sutga xamir qorib, non yopadi. Sutga qorilgan xamirdan non yopayotganda tandirni oqartirgandan so‘ng hovurini pasaytirib olish lozim. Aks holda nonning orqasi issiq tandirga yopishib qorayib kuyib ketadi.
Katta marvarid tutimiz bor. Tut pishganda ustiga chiqib mevasini qoqib tushaman, so‘ng chang-chungini qoqib mayizak qilib qo‘yamiz.
Ikki tup katta toshbehimiz bor. Toshbehi palovga solinadi. O‘zini yeyish uchun uzib olib quruq joyda qishgacha saqlab qo‘yish kerak. Biz behini uzun-uzun sabog‘i bilan bittalab uzib olib, uyga kiritib vassalar orasiga yoki lo‘mboz ostiga to‘shalgan bo‘yra teshikchalariga qistirib qo‘yamiz. Qish bo‘yi uydan behi hidi anqib turadi. Osilib turib pishib ketgan behi bitta-bitta to‘kilaveradi; to‘kilgan behi meniki bo‘ladi. Hafta davomida birortasi to‘kilmasa, do‘ppimni otib behini urib tushirib olaman.
Enam har kuni bomdod namozini tovush chiqarib o‘qiydi. Qish chog‘lari namoz oyatlari jaranglab tarqaladi. Men ko‘rpa ostida eshitib yotaman. So‘ng radio tovushini ko‘tarib qo‘yadi: “Ertalabki gimnastika mashqlari”dan keyin “Pioner ertaligi” boshlanadi. Ikkala eshittirishni ham oxirigacha tinglab bo‘lgach o‘rnimdan turaman. Tashqariga chiqib bet-qo‘limni yuvib kelgunimcha nonushtam tayyor bo‘ladi.
Ko‘tarmadan maktabga boradigan bolalar ko‘p. Ammo o‘g‘il bola sinfdoshlarim yo‘q. Ba’zan Yangi mahallaga onamni sog‘inib borib kechasi ham yotib qolsam, ertalab maktabga otlansam, yo‘l-yo‘lakay ko‘p sinfdoshlarimni uchratardim.
Yangi mahalladagi uyimizda ukalarim qiy-chuv ko‘tarib dars qilishimga xalaqit berishardi. Agar yotib qoladigan bo‘lib yangi uyga boradigan bo‘lsam, darsdan keyin sinfda bir-ikki soat qolib uy vazifalarni bajarib qo‘yar edim.
Enam ikkovimiz yashaydigan hovli qishloq chekkasida bo‘lib, undan u yog‘i paxtazor dalalar edi. Dalalarning shimol tomoni Qaxat, g‘arb tomoni esa Tuvodoq qishloqlari chegarasiga borib taqalardi.
Paxta yig‘im-terimi oxirlab, g‘o‘zapoyalar o‘rib olingach, brigadir enamni yo‘qlab kelib:
– Katta bo‘lakdan sizga ham sakkiz qator g‘o‘zapoya qoldirdim, ena. Musavoy bilan Ergash Toshga tayinlab qo‘ydim, o‘zlari bog‘lab, prisepda uyingizga keltirib, ko‘rsatgan joyingizga saranjomlab bosib berishadi. G‘o‘zapoya tozayam g‘ovlab o‘sgan yaxshi joyidan sizga payingizni ajratib berdim, qishda o‘choqqa yoqsangiz, sandalga ham cho‘g‘i tushadi, ena. Joynamoz ustida meni ham duo qilib qo‘yasiz!
– Duo qilaman, xudo xayringizni bersin! – deydi enam.

9

Kuz oxirlab, qish boshlanishi arafasida kolxoz idorasidan yer o‘lchovchi tanobchilar hovlimizga sarjin ko‘tarib kirib kelishdi.
– Tinchlikmi? – dedi enam xavotirlanib.
– Tomorqalarni o‘lchab yuribmiz, ena.
– Yer solig‘ini to‘lab turaman nafaqamdan.
– Qancha nafaqa olasiz, ena? – deb so‘raydi so‘qimga boqilgandek semiz tanobchi tirjayib.
– O‘n ikki so‘m.
– O‘n ikki so‘mga to‘rt kilo go‘sht beradi. Har kuni yuz grammdan yesangiz, qirq kun farovon hayot kechirasiz. To‘g‘rimi, polvon? – deb jo‘rttaga menga murojaat qiladi.
Tanobchilar ikki kishi bo‘lib, narigisi yoshroq edi. Yosh tanobchi sarjin bilan tomorqamizni o‘lchashga kirishib ketadi. Semiz tanobchi quvnoq odam ekan: hazil-huzul qilib enamni kuldirmoqchi bo‘ladi, dasturxonga qo‘yilgan nonni sindirib kavshanib o‘tiradi, sovuq choyni ham mehri tovlanib ichadi.
Hademay sarjindor tomorqamizni o‘lchab chiqadi. Ular so‘rida yonma-yon o‘tirib katta xo‘jalik daftarini shoshilmasdan varaqlab ko‘rishadi. So‘ng, raqamlarni yozib-chizib bo‘lgach, baravariga hushtak chalib yuborishadi.
– Ena, zamindor boylarning avlodidan ekansiz-ku! Agar 30-yillarda shuncha yeringiz bo‘lganida, vallohi a’lam, naqd Borsakelmasga ko‘chirma qilib yuborilar edingiz, xudo haqqi! – deb yoqasini ushlaydi baqaloq. – Sharifjon, ortiqchasi qancha ekan?
– Uya yarim sotix, – dedi yosh tanobchi.
– Mayli, yarim sotix ortiqcha yerni enamga sovg‘a qilib qoldiramiz, lekin uch sotixini Ibrohimjon domlaga qirqib olib beramiz. Yo Qo‘rg‘onchadan birorta yeri kam odamga beramizmi? – deb o‘zaro maslahat qilgandek ko‘rsatadi o‘zlarini baqaloq.
– Bilmadim, enamning o‘zi nima der ekan?
– Ena, o‘zingiz nima deysiz? – deb baqaloq enamga murojaat qiladi.
– Sizlarni Ibrohim boshlab keldimi? – dedi enam ularga qarab kulib. – U avval mushukning xunini to‘lamasmikan?
– Qanaqa mushuk? – deb talmovsiradi baqaloq. – Tomorqaga mushukning nima aloqasi bor?
– Aloqasi bo‘lmasa, ana, qirqib olaveringlar, – deb enam bostirma tomon o‘tib ketadi.
Qo‘rada quyoshga qaratib yog‘ochga to‘nkarib qo‘yilgan paqirni olib sigir sog‘ishga urinib ketadi enam.
Tanobchilar bir-biri bilan zimdan ko‘z urishtirib olgach, bosh chayqab qo‘yishadi.
– Sharifjon, domlani chaqirib chiqqin, – deydi baqaloq.
– Xo‘p, – deb baqaloq ko‘chaga chiqib ketadi.
Hademay u bo‘yinbog‘ bog‘lagan Iboqjon tog‘ani ergashtirib keladi.
Baqaloq tanobchi Iboqjon tog‘aga peshvoz chiqib so‘rashadi. Ular ko‘z urishtirib, imo-ishora qiladi.
– Enam qani? – deb so‘raydyi Iboqjon tog‘a ataylab tovushini ko‘tarib.
– Sigir sog‘yapti, – dedim.
– Tinchlikmi o‘zi? – deb so‘raydi yana Iboqjon tog‘a tovushini baland qilib. – Hozir rayONO majlisidan keldim, Sharifjon kirib qoldi…
– Tinchlik, domla, tinchlik, – dedi baqaloq ham tovushini balandlatib. – Sizning tomorqangiz normadan to‘rt sotix kam edi. Rohat enamdi tomorqasi me’yordan uch yarim sotix ortiqcha ekan. Agar xo‘p desangiz, domla, sizga uch sotix yerni qirqib olib beramiz, yarim sotixini, mayli, enamizga qoldiramiz. Sizga yana bir sotixni boshqa joydan to‘g‘rilab beramiz. Rozimisiz?
Iboqjon tog‘a kulimsirab:
– Sizlar nima desalaring – shu! Men nima ham deyar edim, o‘zim hozirgina rayONO majlisidan keldim.
– Siz korjomangizni kiyib chiqing, domla, biz o‘lchab bergan joyga qoziq qoqib qo‘yasiz, erta-indin qo‘ra qilib o‘zingizga qo‘shib olasiz, – deydi baqaloq.
– Obbo! Juda qiziq bo‘lyapti-ku! – deb Iboqjon tog‘a ko‘chaga jadal chiqib ketadi.
Enam sigirni sog‘ib, paqirni og‘il ustuniga qoqilgan gulmixga ilib qaytadi.
– Popushak kirdimi hovliga? – deb so‘radi enam mendan.
– Ha.
– Yerga ochmikan? Ana, olsin! – deb tomorqaga ishora qildi. – Yur, ketdik, Oqchangalga borib Abdurahim tog‘angnikida uch-to‘rt kun mehmon bo‘lib kelamiz.
– Xo‘p, – dedim.
Enam uyga kirib meni darhol kiyintirdi, so‘ng meni dahlizga chiqartirib yuborib, o‘zi ham tez-tez kiyimlarini almashtirdi.
Hovliga chiqdik. Eshikni qulfladi, kalitni ayvondagi ustunga qadab qoqilgan yog‘och qutichaga solib qo‘ydi.
– Yur, boraylik tezroq. – Katta osma qulfni qo‘liga oladi: – Manavi qulf bilan darvozani berkitib qulflab qo‘yinglar, kalit esa qulfning og‘zida qolaversin, – deb qulfni Sharif tanobchi qo‘liga tutqazadi.
Baqaloq nima qilishini bilmasdan yon-atrofiga javdiragancha qoladi.
Biz ko‘chaga chiqib ketdik. G‘o‘zapoyalari yig‘ishtirib olingan dalalarning uvatlari bo‘ylab Qaxat qishlog‘i tomonga yo‘l oldik. Qaxat oralab o‘tib Oqchangalga boramiz.

10

Oqchangalda uch kun mehmon bo‘lib qaytsak, Iboqjon tog‘a bizning tomorqamizdan o‘zining qo‘rasiga qadalib turgan qismini g‘o‘zapoya bilan o‘rab olibdi. Tomorqamizning to‘rtdan bir qismi Iboqjon tog‘aga o‘tib ketibdi.
Yangi o‘rilgan g‘o‘zapoyadan odam bo‘yli, qalingina qo‘ra ko‘taribdi.
Enam indamadi.
Men hayron bo‘ldim.
– Popushak zoti past, ochnazar, benomus bo‘lsa ham Ro‘ziali tog‘angdi o‘rtog‘i edi; senga tog‘a o‘rnida qiyomatli tog‘a bo‘ladi, uni ko‘rganingda salomingni ayamagin. Ertaga uyiga kirib bo‘sh shishalarini qopga solib do‘konga eltib ber, shishalarning pulini O‘lmas ayangga keltirib bergin, bu bechora ham befarzand o‘tyapti, Popushakni oq yuvib, oq tarab yuribdi, – dedi enam.
Enamning aytganlarini bajo keltirdim.
Men esimni tanib qolgan edim. Hademay o‘rta maktabni bitirdim. Harbiy xizmatga borib keldim. So‘ng ToshDUning jurnalistika fakultetiga o‘z kuchim bilan o‘qishga kirdim. Ta’til paytlari qishloqqa kelsam, jomadonimni ko‘tarib to‘ppa-to‘g‘ri enamning g‘aribgina hovlisiga kirib borardim. Hikoyalarim chop etilgan “Yoshlik”, “Yosh kuch”, “Mushtum” kabi jurnallarini to‘plab keltirib enamga berardim.
– Iboqjon tog‘angga ham yarmini berib chiqqin, xursand bo‘ladi, – derdi enam.
– Xo‘p, – deb jurnallarning yarmini qiyomatli tog‘amga kiritib berardim.
Iboqjon tog‘am meni bag‘riga mahkam bosib, tovush chiqarmasdan yum-yum yig‘lardi, hadeganda bag‘ridan bo‘shatib yubormasdi.
Nega yig‘lardi?
Bilmayman.
ToshDUning oxirgi bosqichida o‘qiyotganimda enam og‘ir kasal bo‘ladi. Qishloqqa yetib kelganimda hamma bilan vidolashib bo‘lgan ekan: to‘plab-yig‘ib yurgan nafaqasidan g‘assolga qancha pul berish kerakligini, janozasini kim o‘qishini, Ashurali cho‘loqning kuyovi Muhammadjon go‘rkov mangu yotar joyini tayyorlab bergani uchun qanday rozi qilish kerakligini va hokazolarni aytib vasiyat qilib ulgurgan edi.
– Qo‘qonovulda eski qabriston bor, o‘rtasida to‘rt tup qayrag‘och bor, bukchayib o‘sgan qayrag‘och yonida Ro‘ziali tog‘ang yotibdi. Mening xudoyim o‘tganidan keyin o‘qishingga ketaver, imkon topishing bilan tog‘ang yotgan qabristonga borib o‘rgatganim bo‘yicha Qur’on tilovat qilib, mozor qoravuliga uch-to‘rt so‘m tashlab qaytgin. Nafaqamdan senga ham yigirma so‘m ajratib qo‘yganman, – deydi enam.
Indamayman.
Talabalar stipendiyasi 40 so‘m bo‘lgan chog‘larda enam yigirma to‘rt so‘m nafaqa olardi. Biz talabalar har oyda to‘rt-besh kun mardikorchilik qilishga chiqib, eng kamida 50 so‘m pul topib qaytardik. O‘shanda ham oydan oyga pulimiz uchma-uch arang yetardi. Enam yigirma to‘rt so‘m nafaqasidan qanday qilib jamg‘arma yig‘ib qo‘ygan ekan-a?
Enam chorpoya-so‘rida qavat-qavat ko‘rpa-to‘shak ustida bor-yo‘qligi ham bilinmasdan ramaqijon bo‘lib yotar edi. Men buvamdan qolgan bir kishilik so‘riga o‘rin to‘shab ishkom ostida yotdim. Uchinchi kecha enam bezovtalana boshlaganini sezib qolib, apil-tapil yuz-qo‘limni yuvib yoniga borib o‘tirdim.
– Suv beraymi?
Holsizgina bosh chayqaydi.
Osmon osti yorishib kelayotgan paytda tizzalarimni quchoqlab o‘tirib ko‘zim ilingan ekan; qulog‘imga elas-elas bir tovush keladi:
– Ro‘ziali… Ro‘ziali… Ro‘ziali…
Birdan sergak tortib enamning og‘ziga quloq tutdim; undan boshqa sas-sado chiqmadi…
Xudoyi marosimidan so‘ng Toshkentga qaytdim.
Enamning vasiyati bo‘yicha Bektemir deparasidagi Qo‘qonovulni izlab topdim. Eski qabriston hali ham bor ekan. To‘rt tup qayrag‘ochlardan biri bukchayib o‘sgan ekan. O‘sha qayrag‘och ostida tiz cho‘kib o‘tirgancha Qur’on tilovat qildim. Mozorga kiraverishda pastqamgina bino bor edi. Ayvonida bir kishi kaftiga suyangancha yonboshlab yotgan ekan. Tomoq qirib unga yaqinlashdim. Salom-alik qilgach, sholcha chetida atagan xayriyamni qoldirdim.
– Qo‘qondan keldingizmi?
– Qaydan bildingiz?
– Mozorning siz borib Qur’on tilovat qilib qaytgan tomonida qo‘qonliklar yotibdi.
– Hammasini xudo rahmat qilsin! Mening tog‘am hambor ular orasida.
Qoravul yuziga fotiha tortib qo‘yadi.

* * *

Oradan yana o‘n yil o‘tgach, Iboqjon tog‘a ham vafot etadi. Men u paytlarda Tojikistonda Anvar posho, Ibrohimbek, Fuzayil maxsum kabi mujohid bobolarimiz o‘ris bosinqilariga qarshi kurashgan tog‘u toshlardan, qishloqlardan guvohlarni izlab, noyob ma’lumotlar to‘plab yurgan edim. Toshkentga qaytganimda tanish-bilishlarimdan Iboqjon tog‘a vafot etganini eshitib qishlog‘imga yo‘l oldim.
Enamni yo‘qlab qabristonimizga bordim. Shayx buvadan Iboqjon tog‘a qabrini so‘rab topdim. Duoi fotiha qildik. So‘ng bir chetga o‘tib o‘tgan-ketganlardan gaplashib o‘tirdik. Endi qaytish uchun dala tomonga o‘tgan ham edimki, boshiga oq ro‘mol tashlab olgan mushtdekkina kampir kelib meni astoydil bag‘riga bosib hazin-hazin sas chiqarib yig‘lab yubordi.
– Qiyomatli tog‘angni rosa yuragi ezilib ketdi, o‘g‘lim! – dedi.
Ovozidan tog‘amning mehribon umr yo‘ldoshi O‘lmas ayam ekanini tanib oldim.
– Hammamizning ham keladigan joyimiz shu, aya, – dedim.
– Tog‘angiz bilib-bilmay dilingizni og‘ritgan bo‘lsa, ajri qiyomatga qolmasin! Kechiring uni, jon bolam…
– Qiyomatli tog‘am deganman uni, aya! Ro‘ziali tog‘amning do‘sti bo‘lgan inson enamga ham, menga ham aziz edi…
– Eng oxirida uch marta Ro‘ziali, Ro‘ziali, Ro‘ziali deb jon berdi tog‘angiz, – dedi aya.
Men mushtipar kampirni qaytatdan bag‘rimga bosdim.
Bizdan rozi bo‘ling, qiyomatli tog‘alarim!