– Mashi skalad, Servisboy, – dedi do‘konchi qing‘ir-qiyshiq taxtalardan qilingan beo‘xshov eshikni g‘iyqillatib ochib, ichkari kirarkan. – Anovi lash-lushlarni bir tomonga taxlab, tagini tozalab berasiz. Xizmat haqi naqd – uch ming.
Servisboy hech narsa demadi. Parishon ko‘zlarini g‘alati pirpiratib qo‘ydi-da, ishga kirishdi.
Pastqam qir ostiga joylashgan do‘kon avvallari devonaning xurjuniday ikki bo‘lak bo‘lib ikki tomonga yonboshlab yotar, devorlari bolalar loy otib o‘ynaganday serqashqa edi. Do‘konchi yigit xususiylashtirib olgach, ko‘p o‘tmay, ikki xonali do‘konni birlashtirib, kengaytirdi. Devoru tomlarini yangiladi, u yoq-bu yog‘iga rang-tus berdi, orqasiga eski-tuski yog‘ochu taxtalardan ombor qurdi. Keyinroq somsa yopadigan tandir o‘rnatib, bir bekorchini ishli qildi. Tandirning yonboshiga gulli kapa tikib, ikkita odmiroq stol, besh-o‘nta qo‘lbola stul qo‘ydi. Ana shundan so‘ng bu yer qishloqning eng gavjum joyiga aylandi. Guzardagi oldi ayvonli pastak choyxona, unga tutash sartaroshxona-yu novvoyxona esa katta amaldorning qabulxonasida navbat kutib o‘tirgan avomga o‘xshab qoldi. Do‘kon peshtoqidagi katta rangli yozuv unga, ayniqsa, viqor bag‘ishlaganday. Endi ikki tomonga suyri ketgan shag‘al aralash tuproqli yo‘l, negadir guzarning narirog‘idan boshlangan qishloq uylar zabunroq, aftodaholroq ko‘rinadi. Do‘kon yonboshiga qo‘yilgan ikki biqinida qizg‘ish yo‘l-yo‘li bor qaymoqrang «Damas» misoli katta amaldorning hukmdorlik tamg‘a-nishonidek.
Ayni damda somsaxonada hech kim yo‘q. Somsapaz g‘o‘zapoyani qism-qism sindirib, tandirga tiqar, tepaga urilgan alangadan va tutundan qochib ko‘zlarini qisgan ko‘yi, tez-tez boshini orqaga tashlab qo‘yadi. Qoramtir tutun esa o‘chakishganday uning boshi qayoqqa qayrilsa, o‘sha tomonga o‘rlaydi. Lekin somsapaz bunga parvo qilmaslikka urinadi, chunki soat o‘n bir bo‘lmayoq tushlikka keladigan «kliyent»lari bor, shuning uchun tandirni tezroq oqartirib (qizdirib), somsani yopishi kerak.
Servisboy avval quti-yu yashiklarni, qo‘yingki, neki bo‘lsa, omborning bir tarafiga oldi. Ulardan bo‘shagan qum aralash tuproqli qoramtir zax yerni beshilik bilan tatalab axlatdan tozaladi, tekisladi. Ombor qir ostida – quyoshdan panadaligi uchun ancha salqin, yerning zaxi badanga baralla urilib, suyaklarni zirqiratguday bo‘lardi. Bahor emasmi, qishning borki zahri chor atrofdan qochib, shu yerga qamalib olganday. Zax tuproq taxta devorning yoriqlaridan mo‘ralab, go‘yo titray-titray oftobni axtaradi.
Ko‘p o‘tmay tuzukkina ishlayotganligiga qaramay, Servisboyning eti junjikib, burni suyuldi. Biroq ishni shoshilmay, puxta qilib o‘rganganidan tashqariga chiqib, oftobda isinib olishni ham istamadi. U endi haligi narsalarni tozalagan tarafiga olib, taxladi. So‘ngra un va guruch to‘la qoplar qalashib yotgan taxta so‘rini tartibga keltirdi, yon-verini supurib-sidirdi…
Servisboy ayni damda hech narsani o‘ylamasdi, shuuri tungi koinotdek huvillardi. Ishni esa qo‘llari beixtiyor bajarardi. Egnidagi ohorsiz kastim-shimi-yu ko‘ylagi shalvirab turgani va boshidagi beo‘xshov shapkasi bois qaddi-basti ko‘rimsizday tuyular, biroq tuzukroq sarasof solgan kishi kelishgan qomatini payqashi mumkin. Buning ustiga, u boya do‘konchi tap tortmay aytgan, eshitgan quloqqa g‘alati tuyulgan laqabidan g‘ashlanmas, norozi ham bo‘lmasdi. Servisboy deyishlari sababini o‘zi bilmas, ehtimol qachonlardir bilgandiru, endi unutib yuborgandir. Xuddiki otasi qo‘ygan chiroylidan-chiroyli Shunqorbek ismini unutganday.
Otasi rahmatli ovchi edi, qiru tog‘larni kezib, turfa jonzotlarni ovlardi. Bir necha kunlab yo‘q bo‘lib ketar, olis-olis tog‘larning eng baland cho‘qqilarigacha chiqardi. Cho‘qqilar hukmdori shunqor atalmish qushga ishqi tushgan yillari ikki qizdan keyin o‘g‘il ko‘rdi. O‘g‘lining tolei baland bo‘lmog‘ini orzulab, Shunqor deya ism qo‘ydi.
Servisboy ishni tugallab, tashqariga chiqqanida tip-tiniq osmonda charaqlayotgan quyosh nurlari ko‘zga sanchilar, xush bo‘yli bahoriy sabo yelardi. U do‘konchiga yo‘liqish niyatida do‘konning oldiga o‘tdi. Somsaxonada yuzi qirmochi chalaroq qirilgan qozonday Shodi traktorchi bilan shalpang quloq Soyib suvoqchi o‘tirishardi. Bu ikkovi tengqur – bir sinfda o‘qigan, maktabda o‘qib yurgan paytlari bo‘ylari cho‘zilib, qizlarga qaray boshlashganida Soyib kichikroq yelpig‘ichday quloqlarini nima qilishini bilmay, Shodiga noligandi. U bo‘lsa, hazillashibmi yoki farosati yetgani shumidi, quloqlarini orqaga qaytarib yelimlab olishini maslahat bergandi. Soyib ertasiga yelimlangan quloqlarini oshnasiga ko‘z-ko‘zlab, «qoyil qipmanmi», deganday mamnun tirjaygandi. Avvaliga Soyibning laqabi «Lokatr» edi, shu-shu uning yoniga «Kley» ham qo‘shildi. Eslashsa, hali-hali kulishadi. Ayniqsa, tos bet (yuzi ketiga o‘xshagan) Shodiga ko‘pchilikning ichida Xudo beradi – dod devormaguncha qo‘ymay masxaralaydi.
Servisboyni ko‘riboq Shodi traktorchi og‘zining ishtonbog‘i qochib, hiringlashga tushdi:
– Ie, Servisboy, shu yerdamidiyiz? Aytuvdim-a ajinatutning hidi kelyapti, deb.
Servisboy unga ma’nosiz bir qarab qo‘ydi-yu indamadi, gapini eshitmaganday turaverdi.
Shu payt do‘kondan bir shisha aroq ko‘tarib do‘konchi chiqib qoldi.
– E-e, tugatdiyizmi, Servisboy? – dedi u qo‘lidagini Shodining oldiga qo‘yarkan. – Hozir siz minan hisob-kitob qilamiz… Hov, bularga ikkita piyola ber.
Do‘konchi cho‘ntagidan bir dasta besh yuztalik chiqarib, uch ming so‘m ajratdi-da, Servisboyga uzatdi.
– Mehnatingizga rozi bo‘ling-a. Mana, xizmat haqingiz.
Servisboy pulni olib, darrov kastimining ichki cho‘ntagiga soldi.
– Endi bir yo‘la tushlik qip keta qoling, do‘sim, – dedi do‘konchi uni erkalatganday. – Ikkita somsayam bizdan.
– Ha-ha, biyaqqa keling, Servisboy, – tag‘in hiringladi Shodi hangomatalablik bilan. – Bir pas gaplashaylik endi, munday.
Servisboyning qorni ochgandi, buning ustiga, eti mudom junjikardi, shuning uchun indamay borib Soyib kleyning so‘l yoniga o‘tirdi.
– Hov, – deya somsapazni chaqirdi Shodi bo‘ynini cho‘zib. – Senlardayam chiroq o‘chyaptimi? Bizda ja oshirvoryapti-da.
Somsapaz qir ortidagi mahallada yashardi.
– Har kuni o‘chadi, aka, – deb qo‘ydi u tandirning cho‘g‘ini kovlab.
– Kechqurun bir bemalolroq televizoram ko‘rolmaysan, – g‘udrandi Shodi o‘ziga o‘zi gapirganday.
– Laqabniyam zap topgansan-da, bunga, – dedi Soyib shipshiganday, boshi bilan Servisboy tomonga imlab. – Asl otini boshqalar tugul o‘ziyam unutvorgandir.
– Buni jin chalib ketgandan keyin qo‘yganman-da bu laqabni. – Shodi aroqni ochib, uchta piyolaga yarimtalab quydi. Birining tepasiga kaftini bosib changalladi-da, Servisboyning oldiga do‘qillatib qo‘ydi. – Qani, mulla Servis, olingchi! – So‘ng Soyibni ham piyolani olishga undab, masxarasini davom ettirdi. – Servis-da, Servis, ancha-muncha ishning kindigini sug‘irvoladi.
– Unga ichirmaganing tuzukdir, Shodi, – dedi Soyib piyolani qo‘liga olarkan. – Tag‘in…
– Araqni mashi ichsinda. – Shodi qo‘lidagini sipqorib, yuzini tirishtirdi, gazak axtarib, u yoq-bu yoqqa alangladi. Lekin oldida og‘izga solgulik hech narsa yo‘q edi. Ilojsiz, og‘zidan keskin havo chiqarib, kafti bilan lablarini artdi. – Birinchisi zo‘r ketadi-da… Buni endi jinam urmaydi, urib bo‘gan, – dedi keyin Servisboyni ko‘rsatib.
Soyib ham oq urdi.
– Tavba desangchi-ey, – og‘zini qo‘li bilan yelpidi suvoqchi. – Bema’ni gapni ja-a ko‘p gapirasan-da, omma.
Servisboy ularning gap-so‘zlarini eshitmayotganday edi. Piyoladagini tishlari orasidan sizib ichdi, yuzida biron o‘zgarish sezilmadi. Ko‘zlarini bir nuqtaga tikib, burnidan nafas olgancha goh-goh tamshanib o‘tiraverdi.
– Ana ko‘rdingmi, Kley? – deb qo‘ydi Shodi ko‘zi bilan yana Servisboy tomon imlab.
Shodi traktorchining yoshi katta bo‘lsayam o‘smirlik chog‘larida Shunqordan hayiqardi. Shunqorning erta bo‘rtib chiqqan yelka va ko‘krak poylari, ayniqsa, burgutniki singari qattiq tikilguvchi ko‘zlari ancha-muncha odamning yuragiga g‘uluv solishga qodir edi. Shungami, Shodi uni yoqtirmasdi, ro‘para kelsa beixtiyor yuragi shig‘illardi. Qo‘rqqan odamning nafrati, hasadi yomon bo‘ladi, deyishardi, rost ekan. Shodining tengqurlaridan birovi uylanganida Shunqor u bilan poyandoz talashib qoldi. Taomilga ko‘ra to‘y avjida davra o‘rtasiga poyandoz solinib, undan kuyov bolani o‘tkazilardi. Keyin yigitlar poyandozni talasha ketishardi. O‘shanda endigina maktabni tamomlagan Shunqor qayoqdandir paydo bo‘ldi-yu, traktorning temir-tersaklarini irg‘itib o‘ynaydigan norg‘ul Shodiga raqib tushdi. Shodining kayfi bor edi, qoni qizib, kuch degani bilaklarini yorib yuboray derdi. Ikkovlon barqut poyandozni kaftlariga o‘rab oldilaru, har tomon torta boshladilar. Chor taraf baqir-chaqirga to‘ldi, shirakayf yigitlar ularni doiraga oldilar. «Ha, bo‘l!», «Bo‘sh kelma!», «To-ortt!» kabi qiyqiriqlar quloqlarni batangga keltirdi. Unga sari raqiblar, ayniqsa, Shodi avjga minar, goh u tomonga, goh bu tomonga tortishib, odamlarni ham turtkilab tashlashar, ba’zan esa stollarga borib urilib, dasturxon ustidagi narsalarni ag‘darib yuborguday bo‘lishardi. Atrofdagi qiz-juvonlarning nigohlari ularning orini battarroq qo‘zg‘ab, yanada shasht berardi. Ikkisi jiqqa terga botdi hamki, na unisi kattaman, yoki na bunisi kichikman, deb tortqilashdan to‘xtamasdi. Nihoyat davradagilarning hafsalasi pir bo‘lib, zerika boshladilar. «Bo‘ldi-da, endi!» degan insofga chaqiruvlar eshitildi. Ammo raqiblar holdan toyib qolgan bo‘lsalar ham bir-birlariga yon beray demasdilar. Shu payt o‘rtaga katta yoshli bir odam kirib keldi-da, yonidan pichog‘ini chiqarib, bir qo‘lida Shodining yelkasidan tutib, to‘xtatdi.
– Qani, tek turlaring-chi, – deya poyandozni ikki musht orasidagi joyidan qirqib tashladi. – Ana, ikkovinggayam teng bo‘lsin. Ammo to‘yni buzsalaring, quloqlaringniyam kesvolaman, – deb tegishib ham qo‘ydi.
Biroq poyandoz teng bo‘linmagan edi. Shunqor bilagiga ko‘prog‘ini o‘rab olgan ekanmi, Shodining qo‘lida shapaloqday qismi qoldi. Bu miyasini aroq g‘ajiyotgan Shodining orini qo‘zg‘adi. Lekin tiliga jo‘yali gap kelmadi.
– Sen o‘zingni tengqurlariyni to‘yida poyandoz tortishgin, bo‘ptimi? – deya oldi arang.
Shunqor esa jilmaydi-da, qo‘lidagini uning yelkasiga tashladi.
– Buyog‘iyam sizga, aka, uzr, – dedi-yu davradan chiqib ketdi.
Raqibi battar tutoqqancha qolaverdi.
Shodi Servisboyning piyolasiga yana aroq quydi.
– Jup (juft) bo‘sin endi, – deb qo‘ydi sherigiga ko‘z qisib.
Soyib ikkovi piyolalarni cho‘qishtirib, aroqni sipqordilar, «kuh-kuh»lab, ham og‘zidagi taxir kuydirgidan xalos bo‘lishga urindilar, ham bir yo‘la issiq somsalarning «qornini» yorib sovutdilar.
– Traktoring qayda? – dedi Soyib uning bemalol aroq simirayotganidan o‘zicha ma’no chiqarib.
– Ofisda.
Soyib tirjaydi.
– Qanaqa ofis-ey, shiypon, degin. – So‘ng Servisboyga bir qarab qo‘yib, so‘radi:
– Ichsang fermer indamaydimi?
– Bildirmayman-da. – Shodi Servisboyning boyagidek aroq simirishini tomosha qildi.
Shu payt yo‘lda chap qo‘lida uch-to‘rt yoshli qizchasini yetaklab, o‘ng qo‘liga ketmon tashlagan yoshgina juvon ko‘rindi. U durkun edi. Egnidagi gulli odmi ko‘ylagi, yengsiz pushti jemperi, boshidagi ko‘rimsiz ro‘molu oyog‘idagi oqshaygan kalishi ham uning yoqimtoyligiga soya sololmagandi. Shirakayf Shodining ko‘ziga olov to‘ldi:
– Yomon chanqaganda o‘ziyam, – dedi juvonga yutoqib tikilarkan.
Soyib ham o‘sha yoqqa o‘girildi.
– Qurbondi bollari-ku (xotini-ku), – deya Shodiga malomatli qaradi. – Ja ko‘zing beparda-da, omma.
– Qurboning Rossiyada yuribdi. Bu bechoraning aybi nima, Kley? Ayni «eydigan» payti, hademay so‘liydi-qoladi. – Shodi o‘tli ko‘zlarini juvondan uzmasdi. – Bu Servis bekorga jinni bo‘magan-da.
– Bo‘ldi endi, – Soyib juvon tomonga qaytib qaramadi. – Agar bizga o‘xshab odamlardi uyida ishlaydigan bo‘lsang kaltak yeb o‘lib ketarkansan-da. Ustamiz pata (fatvo) beryotib, birovning uyida ko‘zing o‘ynamasin, deb o‘rgatgan. Ustani xor qiladigan narsa, birovning xonadonida ko‘zining olma terishi derdi…
– Bor-ey, nasihatiyni ammangga qil, – jerkidi Shodi. – Xudo bulardi nimaga yaratgan o‘zi?..
Servisboy yoqimli sarxushlik og‘ushiga singib borardi. Aroq ta’sirida vujudi qizib, boshi huzurbaxsh jimirlar, miyasida shirin xayollar, allanechuk ma’nolar berguvchi o‘ylar aylana boshlagandi. U xiyla sovib qolgan ikkinchi somsani yamlarkan, nigohi bir nuqtaga qadalgancha goho bilinar-bilinmas jilmayib qo‘yardi. Ayni damda hech narsani ko‘rishni ham, qo‘yingki, hech yoqqa qarashni ham istamas, shu holi, nigohi qadalgan, ammo ko‘rmayotgan nuqta, aniqrog‘i, xayollaridan o‘zga mavjud yo‘qlik unga juda-juda xush yoqardi. Shu payt ko‘z qiriga tanish sharpa urildi. Avvaliga nigohi qadalgan narsa gulli kapaning egri temiri ekanligini angladi, so‘ng ko‘z soqqalarini yo‘l tomon burdi. O‘tib borayotgan juvonni tanidi-yu, boshi o‘sha yoqqa qayrildi. Yuragi qattiq shig‘illab ketdi, keyin tez-tez ura boshladi. Nigohi endi orqa tarafidan ko‘rinayotgan juvonga qadaldi, jag‘i taqqa to‘xtab, yemishi og‘zida qoldi, kipriklarining osti qizib, qoracho‘g‘lariga yaltiroq parda tushganday tuyuldi. Tanasining yelkasidan pastki qismi quyiga oqaverdi. Nihoyat beixtiyor «g‘ilq» etib yutindi, yemishi tomog‘idan o‘tib ketgach, og‘zi bo‘shab, tili aylanishga imkonli bo‘ldi. Yuragidagi g‘alayon bois kuchlanayotgan oh o‘zini bo‘g‘zi tomon urdi:
– Boychechak!.. – deb yubordi u o‘rtanib.
– I, ko‘rib qoldi-yu! – dedi unga yalt etib qaragan Shodi xo‘rillatib choy xo‘plarkan.
Soyib ham unga hayrat-la boqdi.
– Servis… Shunqorbek, sizga nima bo‘ldi? – Keyin Shodiga norizo qiyofada ming‘irladi: – Bekor ichirding-da, oshna.
Servisboy yog‘li qo‘llarini bir-biriga ishqalab, artgan bo‘ldi. Yarimta somsa-yu piyoladagi choy o‘z o‘rnida qoldi. Na fotiha qildi. Indamay o‘rnidan turib, yo‘l tomon o‘tarkan, bir-ikki gandiraklab ketdi.
– Ha, Servisboy, qorin to‘ydimi ishqilib? – dedi do‘kon eshigi kesakisiga suyanib turgan do‘konchi, xayr-ma’zur ma’nosida.
Servisboy unga qayrilib ham qo‘ymadi. Toshli yo‘lga chiqib olgach, sholi o‘tayotgan odamning yurishi bilan juvonning ortidan tushdi.
– Uning qorni to‘ymadiyov, – do‘konchining gapiga javob ohangida dedi Shodi. – Jonidan to‘ydi, chamasi.
– Ja bema’ni gapni ko‘p gapirasan-da, – Soyib unga odatdagiday tanbeh bergan bo‘ldi…
Shunqor Boychechakni maktab davridanoq yaxshi ko‘rardi. Bir-ikki xat yozgani ham rost, qiz javob qaytarmasa-da, ma’noli boqishlari bilan umidlantirar, goho mayl bildirganday bo‘lardi. To‘y-to‘rkinu Navro‘z sayllarida bittadan o‘rtoqlari yetovida yonma-yon qadam tashlab, shivir-shivir, visir-visirlar ila go‘yo uchrashuvlarga ham chiqqanlar… Nihoyat o‘n birinchini bitirishlari arafasida – bahorning avvalida qishloqning kallasiday ko‘ringuvchi qirning eng yuqori to‘shida ilk bor yelkalarini yelkalariga tirab, ahdu paymon qilishdi. Ayni boychechak ochilgan payt edi. Shunqorning barmoqlari orasida ham boychechak.
– Mana, sen, – dedi u qo‘lidagi ko‘kish chechakka ishora qilib.
– Men, mana, – deya mayin qiqirladi qiz barmog‘i ila o‘zini ko‘rsatib. – Sho‘rlik boychechakning umriga zomin bo‘ldingiz. Shoshildingiz.
– Men uni sevib uzdim, – yigit o‘z qilmishini xaspo‘shlamoqchi bo‘ldi.
– Sevsalar uzmaslar!
Shunqor qizning so‘zamolligidan hayronu lol – axir u uyatchan, kamgap edi-ku.
– Nega dadang ismingni Boychechak qo‘ygan-a?
– O‘zi gulu chechak, keyin boy bo‘lsin, deb-da, – erkalandi qiz.
– Boychechagim boylandi,
Ko‘nglim unga boylandi, – bu satrlar tiliga qayoqdan kelganini bilmay qoldi. Balki ishq shoir qildimi? Keyin esa zorlandi:
– Aldamaysan-a, Boychechak?! – dedi barmoqlari orasidagi chechakka boqib.
– Bu-chi, bu? – deya ko‘rsatkich barmog‘i ila yigitning yelkasiga nuqidi qiz. – Aldamaydimi?
– Yo‘q, hech qachon! – Yigit uning bilagidan tutmoqchi bo‘ldi.
Boychechak shaxt o‘rnidan turib qocha ketdi.
– Tutolmaysiz, tutolmaysiz!..
– Boychechak!..
Shunqor o‘qishga kirolmagach, o‘sha yili kuzda harbiyga ketdi. Unda harbiy xizmat bir yarim yil bo‘lardi. Oradan bir yarim yil o‘tib, qirlarning ko‘ksi alvon tusga kirganda, uning ham ko‘ksi ishqdan alvon-alvon bo‘lib, ishq osmoni momagulduraklarga to‘lib, uyiga qaytdi. Qaytdi-yu Boychechakni so‘roqladi. Biroq endi qirlarda bironta boychechak yo‘q, chor-atrof lola-yu qizg‘aldoqqa to‘la edi. Uning Boychechagi esa Qurbonning bag‘rida ungandi.
Shunqor talvasa og‘ushida Qurbonnikiga chopdi. Bu orada oqshom tushgandi. Yopiq darvozani urdi, tepdi, qizning ismini aytib baqirdi, dod soldi. Qurbonni so‘kdi. Lekin nima qilayotganini o‘zi bilmasdi. Axiyri Qurbon chiqib keldi. Chiqishi hamono Shunqor uning bo‘g‘ziga yopishdi.
– Nima qilding?! Nima qip qo‘yding, Boychechak?! – deya chinqirardi u Qurbonni bo‘g‘volib, siltarkan.
Qurbon o‘zini o‘nglolmasdi. Agar Boychechak chiqib, Shunqorning bilagidan ohista tutib, bo‘g‘zini bo‘shatmaganida va Shunqor karaxtlanib, tiz cho‘kib qolmaganida, biron kor-hol bo‘lishi tayin edi. Boychechak erini tiklab, u yoq-buyog‘ini qoqdi-da, darvozaga boshladi. Ichkariga kirib borarkan, Shunqorga o‘girildi. Ko‘zlari ilk yulduzlar shu’lasida yiltirab ketdi.
– Keting!.. – dedi so‘ngra. Bu so‘z nafratga to‘la edi.
Ular kirib ketgach ham Shunqor tiz cho‘kkan ko‘yi tuproqqa qorishib ancha o‘tirdi. Quloqlari ostida «Keting!» degan so‘z qayta-qayta jaranglayverdi. Bir zamon o‘rnidan qo‘pdi. Dam u yoqqa, dam bu yoqqa qayrilib, bir pas turdi. Birdan shaxt osmonga boqdi-da, “Boychecha-ak!” deya hayqirdi, so‘ng duch kelgan tomonga chopdi. Ko‘p o‘tmay, mahalla ko‘chasi tugab, qir sari o‘rlab borardi. Allaqachon hansirab qolgan, bo‘g‘riqar, yig‘lar, tishlari orasidan «Boychechak», deya chinqirardi. Mana, ilk qir tepasiga ham chiqib oldi. Endi qir ortidan pastga sho‘ng‘idi.
Qirning biqinida tor so‘qmoq bo‘lib, uning eni ikki qadamcha kelar, bir yonining ancha qismi pichoqda kesilgandek tik jarlik edi. So‘qmoqning belida qirga yelkasini tutgan tanasi g‘adir-budir, yoshiga nisbatan xiyla mechal qari tut bor. So‘qmoq uning yonidan biroz kengayib o‘tadi. Qirning tut yelkasiga tutash joyidan ko‘z yoshiday buloq sizib turadi. Go‘yo Xudoyim sho‘rlikning pajmurda, buning ustiga, yolg‘iz holiga achinib, qirni bo‘zlatib qo‘ygandek. Bo‘lmasa tut allaqachon qurib qolishi kerak edi. Uni odamlar ajinatut deb atardi. Bu ko‘pchilikning yuragiga vahima solar, uning bag‘ridagi bir bosh bemalol siqqulik qop-qora kovak esa vahmni ikki hissa oshirardi. Xuddi tutga nom bo‘lgan ajina shu kovakda yashaydigandek. Tut ikki odam bo‘yi kelar, kallaklanmaganligi bois shoxu butasi mo‘l, quyuq barg yozganidan, qirning tunga qorishiq zimistonida battar qorayib, yana-da vahimali ko‘rinadi.
Quyiga chopish yuqoriga yugurishdan mushkulroq. Chunki yuqoriga ko‘tarilayotgan odamning fikri-o‘yi tezroq tepaga chiqib olish bo‘ladi va borki maqsadini tizzalariga jamlaydi. Tepaga chiqib olsa bas, mazza qilib cho‘zilib yotishi, charchoqlarini chiqarib olishi mumkin. Tepaning tepaligi ham shunda-da…
Ha, pastga chopish mushkulroq, xavfliroq. Birinchidan, o‘zingni to‘xtatib qolishing qiyin. Keyin, ista-istama, baribir o‘shal chohga – qa’rga tushasan. Hatto dumalab ketishing ham hech gap emas. Eng yomoni, qulagudek bo‘lsang, shunaqayam gupillab tushasanki, boshing qayda, oyog‘ing qayda ajratib ololmaysan.
Shunqor pastga tomon o‘zidan mosuvo choparkan, muvozanatini ham yo‘qotgandi. Har qadamida oyoq kaftlari yerga qattiq urilar, u beixtiyor o‘zini to‘xtatib qolguvchi ma’voga intilardi. Va nihoyat ko‘tarilgan o‘ng oyog‘i doimgidek yerga yetishi muqarrar bo‘lgan joyda bir zum muallaq qoldi-da, qo‘nalg‘asini topolmay, pastlab boraverdi. Uning ortidan butun tanasi ergashdi. Bir on his qildiki – ostida yer yo‘q edi go‘yo. U gursillab tut ostiga tushdi. Hammayog‘iga chilp-chilp loy ilashdi, tanasiga nam urdi, Lekin biron joyi og‘rimadi, balki sezmadimi. Shartta tutni changalladi-da, paypaslab, kovagini qidirdi. Topdi. Ikki kafti bilan kovakning ikki labidan tutdi. O‘ylab o‘tirmay boshini shaxt kovakka tiqdi.
– Ma, ol! Ye, ye!.. Ajinamisan, alvastimisan, ye, ye! – dedi yig‘i aralash. – Ye meni, ye! Boshim kerakmi, yuragim kerakmi, ye! – Boshi qop-qorong‘i kovakdaligi bois ovozi quloqlariga juda baland eshitilib, yuragiga vahshat ufurardi. Tashqarida esa ovozining kovakdan sirg‘alishga ulgurgan qismi ham qiru jarlikka urilib, osmonu zaminning ulug‘vor og‘ushida yo‘q bo‘lib ketardi.
Shunqor dod solar, o‘krab-o‘krab, qaqshab-qaqshab yig‘lardi.
– Boychechak!.. Men seni yaxshi ko‘rardim-ku, Boychechak!. Nega unday qilding, Boychechak! Endi men qanday yashayman?.. Qanday yashayman?!..
Shu ko‘yi yo uxlab qoldi, yoki hushi og‘di. Ko‘zini ochganida…
Olam yop-yorug‘ edi. Osmon tip-tiniq, uning chetida – quyosh charaqlardi. Ko‘zlarini ochishi hamono qarog‘lariga hovuch-hovuch nur to‘ldi. U butun vujudi zirqirayotganligini, hammayog‘i loy, ho‘l ekanligini payqadi. Zax o‘tib sovqotganidan xiyol titrardi. Boshi esa bo‘m-bo‘sh – na kechqurungi ahvolini eslardi, na biron reja yoxud o‘y yilt etmasdi unda. Faqat o‘rnidan turishni istar, lekin oyoqlari to‘ngib qolganidan tura olishiga ko‘zi yetmasdi. Bir qo‘lida tutni paypaslab, ikkinchisida buloq hosil qilgan g‘ovakning chetiga tiranib, turishga urindi. Shu payt yuqorida uni kimdir chaqirdi. Ko‘p o‘tmay chorlash yana qaytarildi. Yana, yana… U ovoz bermoqchi bo‘ldi, biroq tomog‘i g‘alati shig‘illadi-yu, tovush chiqarolmadi. Shuning ortidan holsizlanib, yana boyagidek cho‘zilib qoldi.
Uni otasi boshliq qo‘ni-qo‘shni tuni bilan izlashgandi. Nihoyat ajinatut ostidan topishdi. Lekin ko‘zlariga ishonishmasdi, chunki odamlar kunduzi ham ajinatutning yoniga yolg‘iz borishmasdi.
Shunqor bir hafta isitmalab yotdi, tili kalimaga kelmadi. Do‘xtir qatnab turdi. Buyog‘iga ham g‘aflatda qolmaylik, deb o‘qitib-netishdi, insu jinsni haydovchi parixonga ko‘rsatishdi. Haytovur bir haftada isitmasi tushdi, titrashi qoldi, atrofidagi odamlarni tanib, biroz tamaddi qildi. Lekin gapirganda ora-sira tili tortilib, duduqlanib qolardi. Ana shunda otasi uni jin chalganligiga ishondi.
Shunqor asta-sekin oyoqqa turib ketdi, duduqlanmay ham qo‘ydi. Yoz kirdi hamki, o‘qishga taraddudi yo‘q, biron marta kitob tutmadi. Avvallari o‘qiyman, deb tinchimasdi. Endi esa… Bir kuni otasi «o‘qishga tayyorlanmaysanmi, bolam?» – deya o‘smoqchilab ham ko‘rdi. U otasining gapini tushunmaganday unga bir pas ma’nosiz tikilib turdi-da, yerga qarab bosh silkidi. Otasi uning alpozini ko‘rib, o‘g‘lini boy berib qo‘yganligini angladi. Yolg‘izining taqdiriga kuya-kuya ko‘p o‘tmay bandalikni bajo keltirdi. Tog‘u toshlar, qushu hayvonlar uning izlarini qo‘msab qolaverdilar. Shunqor bo‘lsa bir-ikki yil ichida Servisboyga aylandi. Boychechakni faqat ko‘rgandagina eslar, eslagach, unutmog‘i bir necha kunga cho‘zilardi, biron tuzukroq andarmonlik topsagina yodidan chiqarardi. Yoki…
Servisboy goho gandiraklab, yiqilib tushmaslik uchun oyoqlarini ikki tomonga keribroq tashlab, Boychechakning ortidan boraverdi. Biroq yo‘li unavermas, unga sari qadamini tezlatishga urinar, chetdan qaragan odamga yurishi tobora kulgili ko‘rinardi.
Boychechak ortiga qayrilmasdi: yo do‘kon yonidan o‘tayotib Servisboyni payqagandi, yoki keyinroq ortidan kelayotganini sezib qolgandi. Fe’lini yaxshi bilganidan, tezroq ko‘zidan g‘oyib bo‘lishni istardi, chog‘i. Aks holda, eri safardaligida mahalla-ko‘y oldida gap-so‘zga qolmasa bas. Bir tomoni, gap-so‘z ham o‘lsin, deydi-yu, aslida Servisboyga, ha-ha, Shunqorga emas, aynan Servisboyga rahmi keladi. Shunqori endi hech qachon qaytmasligini tushunganidan, uni ko‘rdi deguncha, yurak-bag‘ri ezilib, xo‘rligi tutadi. Chidolmaydi.
Boychechak yelkasidagi ketmonini qo‘liga olib, kichkina yog‘och darvozasidan kirayotganda ortiga o‘girildi. Servisboy boyagidek dovdirab-sovdirab kelardi. Boychechakning qayrilganini, o‘ziga qaraganini sezdi, sezdigina emas, uning nigohini aniq-tiniq ko‘rdi. Oradagi masofaga qaramay, hozir Servisboyning shuuri oydin-oydin bo‘lib, ko‘zlari o‘tkirlashib borayotgandek edi.
Boychechakni darvoza yutib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Servisboy qadamini tezlatdi, qariyb chopdi. Manziliga yetganda, hansirab qolgandi. Bir kafti bilan devorga tiralib, darvoza yonidagi toshga o‘tirdi. Boshini devorga suyab, chuqur-chuqur nafas olarkan, niliy osmonga tikildi. Nigohi bir parcha oppoq bulutda qotdi. Bulut ko‘zga yoqimli tarzda ohista suzar, turli shakllarga kirardi. Servisboyning nafas olishi me’yorlashib, boshi yana sarxushlana boshladi, vujudi boyagidek huzurbaxsh jimirladi. Ko‘z oldidagi bulut eshilib, buralib, oppoq chechak shakliga kirdi. So‘ng chechak yuzidagi oqlik ohista surilib, uning chetida oq chiziq hosil qildi-da, ostida ko‘k-moviy rang paydo bo‘ldi, ya’ni chechak ko‘kimtir tusga kirdi – boychechakka aylandi.
Servisboy jilmaydi.
– Boychechagim boylandi,
Ko‘nglim unga boylandi!.. – deya shivirladi lablari.
Endi osmondagi boychechakda asta-sekin Boychechakning yuzi akslandi. Servisboyning yelkalari, ko‘kragi shishib, yovqur davridagi zabardast holiga qaytayotgandek, yuzi to‘lishib, bo‘g‘riqdi, ko‘zlari chaqnadi, go‘yo shunqorga mengzadi. Shu turishda u hozir-hozir ko‘kdagi bulutni – Boychechakni changallab, bag‘riga bosgudek edi. Bu – Shunqor edi.
U darvozaning g‘iyqillaganini ham eshitmadi. Boychechakning sarosimali yuzi ko‘rindi.
– Keting, Shunqor, keting! – deya shivirladi u bir qo‘lida darvozani tutib. – Sharmanda qilmang!
Shunqor tanish ovozni eshitib, darvoza tarafga butun tanasi bilan shaxt burilib, tiz cho‘kib qoldi.
– Boychecha-akk!.. – Ham zorlik, ham xorlik, ham ulug‘vorlik aks etdi bu ovozda.
– Keting, iltimos, keting! – degan shivirlash eshitildi yana va darvoza ohista yopildi – Boychechak g‘oyib bo‘ldi.
Shunqorning yelkalari tag‘in quyiga og‘di, nigohidagi uchqun so‘nib, bir zumda shalvirab qoldi. Chiyillarkan, boshidagi o‘rusiy shapkasini changallab, yuzi osha sidirdi-da, tishlariga bosdi.
– Boychecha-akk! – ingrandi tishlari orasidan.
So‘ng yana boyagidek gandiraklab, mudom kimsasiz ko‘cha bo‘ylab uyi tomon ketdi.
Darvozadan kirib, oftobshuvoqda paxtasi yangilangan eski to‘shakni qavib o‘tirgan onasiga ma’nosiz tikilgancha xiyla turib qoldi.
Onasi uning avzoyini ko‘rib, yumushidan to‘xtadi. Ammo ovozidagi o‘zgarish o‘g‘liga ta’sir qilishini o‘ylab, o‘zini bosdi, odatdagidek mehribon ovozda dedi:
– Keldingmi, bolam? Qani, yonimga kel-chi, qorning ham ochgandir?..
Servisboy dovdirab borib onasining yoniga o‘tirdi, yuzini tizzasidagi oftobda qizigan to‘shakka bosdi.
– Qornim to‘q, – dedi-yu, ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Yelkalari siltanib, ko‘ksi shishib-shishib yig‘layverdi. Biron so‘z demay yig‘ladi.
Onasi uning yuz-ko‘zlarini silarkan, o‘zi ham unsiz yig‘ladi.
– Ichdingmi, bolam? – so‘radi noxush hidni sezgan ona erkalash ohangida tanbeh berarkan.
– Hmm… – Yuzi to‘shakka burkanganidan Shunqorning ovozi g‘o‘ng‘illab eshitildi.
Onaning yuz-ko‘zini yosh yuvdi.
– Ichmagin-da, Shunqorim! – Aslida ona uchun o‘g‘li ichsa ham mayli edi, faqat uning sog‘, xursand yurishini istardi. – Kim seni xafa qildi, bolam? – Ona o‘g‘lini ovutishga munosib so‘z topolmasdi.
– Boychechak chiqibdi, aya, – yana g‘o‘ng‘illagan ovozi eshitildi o‘g‘ilning. – Boychechak chiqibdi!..
Ona dod solib yubormaslik uchun labini tishlab, ko‘zlarini qattiq yumdi. «O‘sha Boychechagingga o‘t tushsin, ilohi, o‘rtandi qalbi, ilohi, uyi kuysin seni shu ahvolga solgani uchun». Ammo bu na’raning tashqariga chiqmog‘iga yo‘l qo‘ymadi, o‘g‘liga ozor berib qo‘yishdan qo‘rqdi.
Servisboy shu ko‘yi ancha yotdi. Rosa yig‘ladi. Onasi ham ko‘nglini bo‘shatvolsin, deb tek qo‘yib berdi. Nihoyat yig‘idan to‘xtab, o‘rnidan turdi, burnini torta-torta yuz-ko‘zlarini artdi. Boshi, bag‘ri bo‘m-bo‘sh edi go‘yo. Avvaliga bu holi o‘ziga yoqmagandek tuyuldi. Keyin esa vujudi allanechuk yengillashib qolganligini his qildi. So‘ng shafqatli termulib turgan onasiga qarab jilmaydi. Uning ayni damdagi boqishi, jilmayishi va umuman yuzidagi butun ma’no onaning yodiga asil Shunqorini soldi. U cho‘ntagidagi pulni chiqarib, onasiga uzatdi.
– Bu sizga, aya, ishlab topdim.
Onasi pulni qaytarmoqchi bo‘ldi:
– O‘zingda tura qolsin, o‘g‘lim, biron narsaga ishlatarsan.
– Yo‘q, aya, bu sizga, – dedi u onasining yelkasidan mehrli quchib. – Nevaralaringiz kelsa, muzqaymoqqa berarsiz.
Onasi uning peshonasidan o‘pib, o‘ksik tikildi. «Qaniydi, shunday qolsang», deya nola qildi yuragi…
Servisboy kechqurun Boychechakning xayoli bilan uyquga ketdi.
Tun yarmida birov chaqirganday uyg‘ondi. Hammayoq zim-ziyo. Osmonning bir chimdim yorug‘ini izlab, derazaga picha tikilib yotdi. Qishloqda tez-tez chiroq o‘chib turadi – hozir butun qishloq zimiston bo‘lsa kerak. Uning yuragi tez-tez urib, ko‘z o‘ngida tag‘in Boychechak paydo bo‘ldi-da, miyasida uni ko‘rish istagi balqdi. Nazdida, Boychechakni allaqanday xavf kutib turganday tuyuldi. Yuragining shitob dukuri endi vahmga aylandi. O‘rnidan turib, paypaslanib kiyimini kiydi. Shu payt allaqachon uyg‘onib, o‘g‘lining harakatlari sharpasini kuzatib yotgan onasi so‘radi:
– Tinchlikmi, o‘g‘lim?
– Hmm, – dedi u o‘zini xotirjam tutishga urinib. – Eshikka (tashqariga) chiqib kelay.
– Tezroq qaytgin-a, bolam, – deb qo‘ydi onasi mehribon ohangda.
Borliq qop-qorong‘u edi. Oy tugul yulduzlar ham ko‘rinmas, faqatgina ro‘paradagi qirning qoraygan boshi osmonning ochroq tusidan farqlanib, ko‘zga yorug‘likday botadi. Servisboy ko‘zlarini ana o‘sha ojiz yorug‘likka «sozlab» olgach, hartugul atrofdagi narsalarni ilg‘ay boshladi. Endi dadilroq qadam tashlab, darvozaga yo‘naldi. Onasi o‘g‘lining bemahalda qo‘zg‘olganidan xavotirlanib, hovliga chiqqanida, u ancha olislab ketgandi. Ko‘cha nisbatan oydinroq, kishi oqish yo‘lni, o‘z oyoqlari uchini ham ilg‘ashi mumkin. Atrofdagi boshqa narsalar esa tunga qorishgan.
Nihoyat qadrdon darvozaga yetib, yana toshga o‘tirdi. Olam jim-jit, goh-gohida itlarning hurgani eshitiladi, xolos. Tog‘ bag‘ridagi qirlarga tutash qishloqlarning kechalari bo‘lakcha huvillaydi – chuqurroqmi-ey, hatto yurakka vahm soladi bu samoviy huvillash. Devorga bosh suyab o‘tirarkan, sukunatning butun ulug‘vorligi quloqlariga urilib, yuragiga zil soldi. Olam juda keng tuyuldi, o‘zini shu kenglik og‘ushida yolg‘iz his qildi. Nega keldim o‘zi bu yerga, deya o‘yladi, ko‘z oldida Boychechakning surati gavdalandi. Nega keldim, degan savol miyasida aylanaverdi. Axir, u uxlayotgandir. Yolg‘iz qo‘rqmasmikan? Ikki go‘dagi bilan yolg‘iz o‘zi… Boychechakning o‘n bir yashar jiyani (opasining o‘g‘li) ularnikiga chiqib yotishini Servisboy bilmasdi. Bilsa nima, balki, baribir u ham bola-da, deb qo‘ya qolarmidi. Aslida uning o‘ylari ham o‘zgacha kechardi, risoladagidek xulosalar yasay olmasdi. Boychechakning yolg‘iz yotishini tasavvuriga keltirib, qo‘rqmasmikin, degani bilan ayolning qorong‘iga munosabatini tushunardi xolos. Ehtimol shuurining allaqaysi puchmog‘ida saqlanib qolgan kechagi yolg‘iz odamning, ayniqsa, ayol kishining qo‘rqishi haqidagi fikr shunchaki miltirabgina qo‘yar… Qulog‘iga devor ortidan bir sharpa urildi. U beixtiyor sergak tortdi: qadam tovushimi? O‘rnidan turib, darvozani ohista itarib ko‘rdi – berk. Boychechak tashqariga chiqdimikin? Servisboy devorning pastak joyidan ichkariga bo‘yladi. Ammo bu yerdan uyning oldi ko‘rinmasdi. Buning ustiga, hammayoq zimiston. Nazdida, ayvon tarafda kimdir bordek tuyulaverdi. Birdan ayvonning chirog‘i yonib, sahnu hovlining bir qismi yorishib ketdi. Ko‘chaning u yer-bu yeridagi chiroqlar ham yonib, ko‘z chetlariga ojiz nurlari urildi. Uning xayoli boyagi sharpada edi. Endi nigohiga ayvondan sahnga tushayotgan soya ilindi. Ie, erkak kishimi? Keyin Boychechakning bo‘g‘iq dag‘dag‘asi eshitildi:
– Yo‘qol, iplos! Beting qursin! – derdi u birov eshitishidan qo‘rqib, ham uy ichidan gapirardi shekilli, ovozi g‘o‘ng‘illab.
Servisboy shaxt devordan oshib, ayvon sari tashlandi. Uning qadam tovushlarini ilg‘agandayoq sharpa sahnga tushib, qochmoqchi bo‘ldi. Servisboy oldidan to‘sib chiqib, yoqasiga chang soldi. Bu Shodi traktorchi edi. U avvaliga esankiradi, so‘ng ro‘parasidagi Servisboy ekanligini bilgach, tili buralib po‘pisa qildi.
– Qo‘yvor, dovdir! – dedi yoqasini bo‘shatishga urinib. Uning kayfi taraq edi.
– Nega kirding, ho‘y?! Nega kirding?! – derdi Servisboy uni siltab, ammo ovozi balandlab ketganligini ham sezmasdi.
Uni tanib, ichkaridan Boychechak chiqib keldi. Shuning asnosida qo‘ni-qo‘shnilarning yo‘talgani, «Nima gap?» «Tinchlikmi?» degan ovozlari quloqqa chalindi. Shodi epchillik bilan yoqasini bo‘shatdi-da, o‘zini hovli tomonga – qorong‘ilik qa’riga urdi. Yon qo‘shni devor osha «Nima gap, qizim?» – dedi-yu, ayvon chetida sarosimada turgan Boychechak bilan Servisboyga ko‘zi tushdi.
– Hech esing kirmadi-kirmadi-da, sen bolaning! – deya dakki berdi u Servisboyga. – Axir, bu birovning xasmi bo‘lsa. Hali eri kelsin!..
Boychechak yig‘lab yubordi, yuzini changallab o‘tirib qoldi. Servisboy esa ne qilarini bilmay, tirjayganicha serrayib turar, chamasi, Boychechakning yonidaligidan o‘zicha shod edi…
Yoz kirib, Servisboyning ishi ko‘paydi – hali u, hali bu xonadonda turfa yumushlarni bajarar, juda unaqa bozor qilmay, berganlarini olib, indamay ketaverardi.
Bu kun fermernikida axlat o‘ra kovladi. Chiqqan tuproqni tekislab, o‘raga qosh qo‘ydi. Ishni asrga tugatdi. Keyin salqinlab, choy-poy ichib, xayol surib o‘tirdi. Fermerning xotini palov bilan siyladi. Eri tayinlab qo‘yganmidi, aroq taklif qiluvdi, Servisboy ko‘nmadi. Shunday issiqda ichgisi kelmadi, shekilli.
Fermerning hovlisi qishloqning bu chetida edi. Servisboy shomga yaqin ko‘chaga chiqib, uyi tomon lo‘killadi. Kallasi bo‘m-bo‘sh edi, biron jo‘yali o‘y kelmasdi – bu o‘ziga xush yoqardi. Albatta, u xush yoqish yoki yoqmaslikning ma’nosini to‘laligicha tushunmasdi. Lekin hozirgi holatidan mamnun, xiyol tirjayib borardi.
So‘ldagi uylarning biridan ikki o‘smir bola bilan Soyib suvoqchi chiqib keldi. Ustidagi kiyimi, yuz-ko‘zi-yu, qo‘l-oyog‘i loy, boshidagi oq durraga ham loy yuqqan, u darvoza oldidan o‘tgan ariqchaga tushib, yuvina boshladi. Shalpangquloqlarini ishqalab, yuz-ko‘ziga suv shopirarkan, Servisboyni ko‘rib, gap otdi:
– Hormang, Servisboy. Nima, zakazni tugatdingizmi?
Servisboy o‘z olamida edi. Suvoqchining ovozini eshitib, bir g‘alati bo‘lib oldi. Atalani qaynoq ichib qo‘ygan odamday bir-ikki yutinib, ko‘zlarini pirpiratib turaverdi.
– Yuring, birga osh yeymiz, – dedi Soyib boldirlarini ishqalab.
– Yo‘q… – Servisboy miyasining kovaklarini titkilab, shu so‘zni topdimi yoki beixtiyor aytdimi, boshqa hech narsa demay o‘tib ketaverdi.
Ortidan Soyibning ovozi eshitildi:
– Qurbon shu yerda, bilasiz-a? Unga ko‘rinmay qo‘ya qoling. – U Servisboyni ayagisi kelib, samimiy gapirdi.
Servisboy indamadi, qayrilib qaramadi ham. Faqat Qurbon ismi qulog‘i ostida bir necha bor takrorlanganday bo‘ldi. Shuning asnosida shuurida ana shu ismga daxldor narsalar aylandi. «Qurbon? Qurbon?..» – deya pichirladi. Axir u!.. Hmm, Boychechakning eri-ku. Boychechakni esladi-yu, yurak urishi tezlashdi. Qurbonni unutdi. Ko‘zlarining osti achishdi, bag‘rini kimdir qattiq ezg‘ilaganday tuyuldi. So‘ng,
– Boychecha-ak!.. – deya xo‘rsindi.
Boychechakni ko‘rmaganiga ancha bo‘lgandi. Esiga tushdi-yu, juda-juda ko‘rgisi kelib ketdi. Ana, qadrdon toshi – unda bir pas o‘tiradi. Balki Boychechak chiqib qolar…
Toshga o‘tirib, boshini devorga suyadi. Osmon kulrang tusga kirib borardi. Hademay yulduzlar charaqlaydi. Oy ham ko‘rinadi. Oy Boychechakka o‘xshaydi. Unga to‘yib-to‘yib tikiladi…
Darvoza g‘iyqillab ochildi. Servisboy orziqqancha shoshib o‘girildi.
– Boy!..
Biroq ro‘parasida go‘layib Qurbon turardi.
– Ie, jinni, yana keldingmi? – deya o‘shqirdi u.
Qurbon Rossiyadan qaytgach, uzun-quloq gaplar orqali Servisboyning kechasi uyiga kirganligini eshitdi. Birov shunchaki Servisboyga rahmi kelib, boshqasi gap yo‘g‘ida gap-da qabilida, yana biri esa hazil-mazax yoki Qurbonning g‘ashiga tegish niyatida gapirdi. Biroq ko‘pchilik Servisboyning qo‘lidan yomonlik yoki buzuqlik kelmasligini yaxshi bilardi. Bo‘lib o‘tgan voqeani aql tarozusiga solinsa bas edi. Ammo Qurbon unday qilmadi, kunda – kun ora xotini bilan urishadigan, Servisboyni yaxshi ko‘rishda ayblaydigan odat chiqardi. Aslida uyiga Shodi kirganligidan bexabar edi. Xotini qo‘rqqanidan aytolmadi. Bu orada bir-ikki onasinikiga arazlab ham ketdi.
Servisboyni darvozasi oldida ko‘rgan Qurbonning sochi tikka bo‘lib, joni xalqumiga keldi.
– Yo‘qol betdan! – deya ayamay tepib yubordi. – Senga o‘zi nima kerak, dovdir?!..
Servisboy biqinini ushlab, ingragancha yonboshlab qoldi. Qurbon endi uni bo‘g‘ib, ko‘ksiga tizzasini qo‘ydi, bor kuchi bilan ezdi. Servisboy qarshilik ko‘rsatmadi. Bo‘g‘riqib, qizardi, lekin qani qo‘lingdan nima kelarkin, deganday unga baqrayib turaverdi. Qurbon chidolmadimi, zarb bilan yuziga ikki bor musht soldi. So‘ng o‘rnidan turib, duch kelgan joyiga tepa ketdi. Servisboyning burnidan sharillab qon oqib, hammayog‘i qon aralash tuproqqa belandi. Shuning ustiga sarosimada Boychechak chiqib keldi. Bir muddat esankirab turdi-da, ahvolni tushungach, eriga yopishdi.
– Insof bormi sizda?! – deya hayqirdi, yoqasidan tutib, siltadi, nafrat bilan chekchaydi. – Nega urasiz bu sho‘rlikni?! Xudo urib qo‘ygani yetmaydimi?..
Qurbon bor kuchi bilan uni itarib tashladi.
– Hmm, o‘ynashingga rahming kelyaptimi?! Bor, bor, Ajinatutning tagiga billa ket!
Boychechakning boshi devorga urilib, gangib qoldi, ro‘moli sirg‘alib, sochi yoyildi. Keyin eriga nafrat to‘la ko‘zlarini qadadi.
– Odam-podam emasakansan! – dedi tishlari orasidan. – Bilsang, xotiniyni sharmandalikdan sen jinni deyotgan mashi odam saqlab qoldi. Sen uning tirnog‘igayam arzimaysan! – Ro‘molini qo‘liga olib, darvoza tomon yo‘naldi. Bir qo‘lida darvoza kesakisini tutib, yana eriga qaradi. – Ha, ketaman, – deya endi ko‘zlari yoshlandi. – Butunlay ketaman!.. Mung‘aygancha ichkariga yo‘naldi.
Qurbon xotinining vajohatidan dovdirab qoldi – uni hech qachon bu ko‘yda ko‘rmagandi. Shu ta’sir qildimi yoki charchadimi, bo‘shashdi. Nimanidir anglaganday bo‘lib, Servisboyga shafqat-la boqdi. Lekin na unga yaqinlashishini, na uyga kirishini va na toshga o‘tirishini bilmay, tek qotdi.
Servisboy esa ixrar, harsillab nafas olar, u yoq-bu yoqqa ag‘darilib, turishga urinardi. Ikkala qo‘lining ham kaftu barmoqlari qon va tuproq bo‘lganidan burnidan hamon oqayotgan qonni artish uchun qo‘lining nisbatan tozaroq joyini qidirdi. Topolmagach, yonboshida tuproqqa qorilib yotgan shapkasini olib, burni-yu og‘zini artdi. So‘ng qoqmayoq boshiga kiyib, qo‘llarida tiranib, bazo‘r o‘rnidan turdi. Yuzi zarbdan qizarib, shishib ketgan, ko‘zlarining osti tobora ko‘karib borardi. U kiyim-boshini qoqmadi, gandiraklab, qoqila-suqila uyi tomon yurdi. Qurbon esa uning ortidan ma’nosiz tikilgancha merovsirab qolaverdi.
Servisboy uyiga yetib, darvozasi oldida bir pas serrayib turdi. Burnidan oqayotgan qon to‘xtagan, yuz-ko‘zi rostmana shishib, ko‘kargan, mudom hammayog‘i qonu tuproq, qoqishga yoxud artib-netishga ham urinmasdi. Uyiga kirmadi. O‘tgan vaqt mobaynida xiyla nafas rostlab olganidan, tez-tez yura ketdi. Olam shom qorong‘usiga cho‘mib borar, o‘tgan-ketganlar Servisboyning dovdir-sovdir yurishlariga ko‘nikib qolganliklaridan, hozirgi ko‘yiga parvo qilmasdilar. Yuz-ko‘zi va kiyimlarining ahvolini esa xira qorong‘ilik bois ilg‘amasdilar.
Qirga yetib, uning ustiga sari shiddat bilan yugurishga tushdi. Tez orada yana harsillab qoldi, lekin to‘xtamadi. Qir boshiga chiqib, endi pastga sho‘ng‘idi. Nihoyat gursillab Ajinatut ostiga quladi. Hammayog‘i loyga belandi. Loy qonu tuproqqa qorishib, uning angori ayanchli va hatto qo‘rqinchli tus oldi. U o‘zini biroz o‘nglab, tut kovagining ikki chetidan tutdi, doimgidek boshini unga tiqdi. Ko‘zlariga oydin-oydin ma’vo urildi. Unda nurlar og‘ushidagi Boychechak jilmayib turardi, u xuddi ahd-paymon qilgan beg‘ubor onlaridagidek bag‘oyat go‘zal edi.
– Keldingmi, Boychechak?! – deya o‘rtandi Shunqor. – Meni sevishingni bilardim! Baribir kelishingga ishonardim, Boychechak! Endi ketmaysan-a?.. Ketmaysan-a?!..
– Yo‘-o‘q!.. – dedi hayqirib qiz va xandon otib kulib yubordi. Yuzi gul-gul ochildi, baxtiyor ovozi olamga sochildi.
– Boychecha-akk!.. – deya unga talpingan Shunqorning og‘zidan oppoq kapalaklar uchib chiqqanday bo‘ldi…
Ertalab do‘konchi do‘konini ochib, atrofni supurib-sidirayotganda, boqishlari bejo, rangi oqargan somsapaz keldi.
– Ha, tinchlikmi? – so‘radi do‘konchi uning ahvolidan hayron bo‘lib so‘rasharkan.
Somsapaz ko‘z va og‘zini g‘alati qimirlatib, jim turaverdi.
– Ho‘y, gapirsang-chi, nima bo‘ldi? – deya turtdi do‘konchi.
Somsapaz qalqib tushdi.
– Ajinatut… Ajinututning jinini ko‘rdim. – U tutilib-tutilib gapirardi. – Hammayog‘i ko‘kimtir-qora jin. Tutga suyanib, qimir etmay o‘tirgan ekan…
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 4-sonidan olindi.