Nabi Jaloliddin. Shunchaki vatanparvar (hikoya)

Uning ism-sharifi aytilishi hamono bir seskanib tushdi. O‘rnidan turarkan, yurak urishi tezlashib, oyoqlaridan mador ketganday tuyuldi. Shusiz ham muhtasham saroyning salobati bosib, hayajon og‘ushida sarxush o‘tirgandi. Endi esa vujudida titroq uyg‘ondi. Yo‘q, o‘zini qo‘lga olishi kerak. Prezident qoshiga boryapti, axir. Ana, tabassumi chehrasiga nur taratgan yurtboshi u tomon bir necha qadam tashladi. Nihoyat, qo‘li iliq kaft va baquvvat panjalarni his etdi.
— Tabriklayman! — dedi prezident ordenni uning chap ko‘kragiga taqib.
So‘ng uni bag‘riga bosdi.
Otasiz o‘sganidanmi, diydasi yumshab, ko‘zlari achishdi, ko‘ksi sim-sim eridi.
— Bizga sizga o‘xshagan vatanparvar odamlar kerak! — dedi prezident mehrli boqib va yelkasiga ohista qoqdi. — Bardam bo‘ling!
Uning bo‘g‘zida nimadir qalqdi, kip¬riklarining ostidan yosh sizishiga bir bahya qoldi. Yo‘q, yig‘lamaydi, yurtboshi huzurida ko‘z yoshi qilsa, uyat bo‘ladi. Joyiga qanday qaytganini sezmadi. O‘tirdiyu og‘ir yutinib, beixtiyor ko‘zlarini qattiq yumib ochdi. Yuzida yosh sirpanayotganini his qildi. Yarim ochiq kaftining ko‘rsatkich barmog‘i boshlanadigan bo‘g‘iniga bir tomchi yosh tomdi. Kecha bu yoqqa kelishdan avval, ikki o‘g‘li Toshkentda o‘qishda, kenjasi qiz bo‘lganligi bois, ayolining ishini yengillatgisi kelib, o‘zi o‘tin qildi. Azaldan o‘tinda pishirilgan palovni yaxshi ko‘radi. Boltaning dag‘al sopi kaftini qavartirgandi. Ko‘z yoshi bo‘g‘in «ariqcha»si uzra ohista sirg‘alib, kaftidagi qadoqni gir aylanasiga ho‘l qildi.
Shuuri oydinlasha boshladi: prezident uni «vatanparvar» dedimi? Nahotki hammasini bilsa?! U prezidentga qaradi: xayoli olis 1991 yil sari og‘di.
O‘shanda dunyoni zir titratgan ulkan mamlakat alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketgandi. Har kuni qaysidir burchagida biron mudhish voqea ro‘y berardi. U o‘qituvchi emasmi, hamma narsadan voqif turish niyatida, bo‘sh bo‘ldi, deguncha kichkinagina rangsiz televizoriga «yopishib» olardi.
31 avgust. O‘zbekiston Oliy Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bormoqda. So‘z O‘zbekiston Respublikasi rahbariga beriladi. Shunda… kutilmaganda… Ha-ha, mutlaqo kutilmaganda… Prezidentning nihoyatda hayajonlanayotganligi shundoqqina yuz-ko‘zidan sezilib turardi. Oldidagi matnni dadil ovozda o‘qirkan, oxirida O‘zbekistonni mustaqil davlat va 1 sentyabrni Mustaqillik kuni bayrami, deya e’lon qildi. Zal sukunat og‘ushida qoldi, olamga jimjitlik cho‘kdi go‘yo. U ham televizor ekraniga tikilgancha nafas yutib o‘tirardi. Prezident bunday bo‘lishini kutmagandi shekilli, bir muddat zaldagilarga tikilib turdi-da,
— Nega qarsak chalmayapsizlar, axir, vatanimiz ozod bo‘ldi! — dedi qariyb hayqirib.
Shundagina zaldagilar o‘rinlaridan turib qarsak chala boshladilar.
U ham yosh boladek o‘rnidan sapchib, «ure-e!», deya qichqirib yubordi. Uning ovozini eshitib, ko‘zlari ola-kula xotini kirib keldi.
— Nima bo‘ldi-ey? Nimcha (namuncha) baqirasiz?!.
— O‘zbekiston mustaqil bo‘ldi, xotin, mustaqil bo‘ldi: — U xotinining yelkalaridan tutib, o‘pib olishga urindi.
— Boring-ey, shunga shunchami? Yosh bolaga o‘xshab… — Xotini uning qo‘llarini siltab tashladi. — Undan ko‘ra tozaroq tuz topib keling, magazindagi qop-qorayib yotibdi.
U mulzam tortib, bir lahza esankiradi.
— Menga qara, ayasi, — dedi keyin o‘zi tomon qayrilgan xotinining ko‘zlariga tikilib. Afsuski, uning nigohi bo‘m-bo‘sh edi, ichi qoraygan tandirning og‘ziday baqrayib turardi. Bunga toqat qilolmay, — xo‘p, toza tuz topib beraman, — deya g‘udranib nari ketdi.
— Topib bermayam ko‘ring-chi… — Xotini uning gapini o‘zicha tushunib, hazil qilgan bo‘ldi. — Ovqat yeysiz-ku, axir…
Alamdan bo‘g‘zi kuydi. Hozir kimgadir nimadir deyishi kerak edi. Albatta, vatan, mustaqillik haqida gapirishni istardi. Lekin kimga? Buyoqda toza tuz topishi kerak. Ko‘z chetlari achishib, yig‘lagisi keldi. Lekin yig‘lolmadi. Darvoqe, tuz topishi kerak. Do‘konda, haligi… Ha, rost, o‘sha savildan olib kiradi. Umri bino bo‘lib yozilib ichganini, ya’niki kayfu safo qilganini eslolmaydi. Lekin bugun ichmasa, yozilib-yayrab ichmasa bo‘lmas. Gap yeydigan oshna-og‘aynilariga aytay desa, uning dardini tushunmay, hafsalasini pir qilishadi, masxaralab qolishlariyam mumkin. Yaxshisi…
Do‘kondagi tuz rostdanam yirik-yirik, buning ustiga, tozalanmaganidan kulrang tusda edi.
— Mashi tuzmi? — dedi u bir siqim tuzni kaftiga olib, tikilarkan, shuning ortidan burnini jiyirib.
Do‘konchi nasihatomuz ohangda dedi:
— Shunisigayam shukr qiling, uka, hozir hech qayerda tuz yo‘q.
Ha-ya, o‘yladi u, oziq-ovqat deganlari borgan sari tanqislashib boryapti-ku. Tuzning kamyoblashganiga qancha bo‘ldiyu. U o‘g‘ri urganday ship-shiydon peshtaxtalarga qaradi.
— Tozarog‘i yo‘qmi? — so‘radi go‘yo o‘ziga o‘zi gapirayotganday «endi nima qildim», ohangida.
— Boshqasi yo‘q. Lekin buniyam tozalab ishlatsa bo‘ladi, — tushuntirdi do‘konchi. — Iliq suvda ivitib, dokada suzvolasiz. Kiri dokada qoladi, ovqatga namakobini ishlataverasiz.
— Ha, mayli, — g‘o‘ldiradi u kayfiyatini buzgisi kelmay. — Bir kilo obturaylik-chi.
Do‘konchi tuzdan bir kilo tortib, qalin qog‘ozni karnay qilib o‘radi.
— Araq bormi? — so‘radi u past ovozda u yoq-bu yog‘iga birrov qarab olarkan.
— Ie, siz ichmasdingiz shekilliyu domla? — Do‘konchi bu gapi bilan uning o‘qituvchiligiga pisanda qilgandi. — Boru sal qimmatroq-da. Sotib bering, deb birov tashlab ketgandi.
— Beravering, bugun ichmasam bo‘lmaydi. Teppamasmi (qo‘lbolamasmi) ish-qilib?
Do‘konchi ichkari xonadan bir shisha araq olib chiqib, uni ham qog‘ozga o‘radi.
— Tinchlikmi, ishqilib, domla? — dedi araqni unga uzatib. — Nima, kelinminan urishib qoldingizmi?
U avvaliga do‘konchiga xiyol norizo nigoh tashladi-da, keyin:
— Eshitmadingizmi?.. — deya shodon ovozda ichidagini to‘kib solishga chog‘landi. Biroq do‘konchining nigohiga ko‘zi tushdiyu tilini tiydi. Unga gapirib maza topolmasligini fahmladi.
Uyiga qaytib, tomorqadan ikkita pomidor olib chiqib yuvdi va likobchaga parraklab to‘g‘radi. Ko‘zni qamashtirguday qip-qizil pomidorga haligi qoramtir tuzdan sepgisi kelmay, qalampir to‘g‘rab qo‘ya qoldi. So‘ng birovning ko‘zi tushishini istamay, uy ichiga kirib oldi. Kichkina piyolaga to‘latib araq quydi. Piyolani qo‘lida tutib, kimgadir nimadir demoqchiday har tomonga intiq alangladi. Afsuski, yonida hech kim yo‘q edi.
— Mustaqillik muborak! — dedi keyin chap qo‘lida bag‘rini qattiq siypalab. — Ozodlik muborak… Vatan!..
Piyolani labiga olib borishi bilan dimog‘iga araqning badbo‘y hidi (qo‘lbola shekilli) urildi. Ichgisi kelmay, non bilan bir parrak pomidorni yamladi. Qiziq, o‘yladi, yemishni yamlarkan, vatanning ozodligini, mustaqilligini millatning ne-ne ulug‘lari bir umr orzu qilib, kuyib-yonib va hatto jon fido qilib, oxir-oqibat qon-qora qaqshab qaro yerga ketganlaru, nihoyat, bugun mustaqillik e’lon qilinganida butun olam jim-jit. Biron bir odam na’ra tortib, hayqirib ko‘chaga chiqmasa-ya! Yoki hamma esankirab qoldimi? Unda nega o‘zing hayqirib ko‘chaga chiqmading? Uyalding, ko‘pchilikdan andisha qilding, shundaymi?.. Shunday! Lekin, baribir, bu kun — ulug‘ kun. Axir, Cho‘lpon orqa miyasiga to‘pponcha qadalgan so‘nggi onlarida, nahotki, shu kunni o‘ylamagan bo‘lsa? O‘ylagan, hatto vaqti kelib Vatani ozod bo‘lishiga, xalqi uni qayta-qayta yodga olishiga ishongan. Yo‘q, bu shunchaki chiroyli gap¬lar emas. Aksi bo‘lsa, o‘shanday tahlikali zamonda odamning hayoti, haq-huquqi sariq chaqachalik qiymatga ega bo‘lmagan qaro kunda nega endi u erk va ozodlik haqida yozgan? Yanaki mahorat bilan baralla yozgan. Chunki hamma zamonlarda ham millatning chin mardlari ana shunday yashashgan. Ular taqdirlari ne bilan intiho topmog‘ini juda yaxshi bilganlar, lekin chekinmaganlar. Shundaylar borligi uchun ham vatan bor, o‘zbek degan millat bor bu dunyo¬da. Demak… Demak, vatan uchun o‘limga tik boqish, jondan ham kechish mumkin — bu imkonli. Piyolaga bir qarab qo‘ydi-da, pomidorga qalampirni qo‘shib og‘ziga solib chaynadi. Qalampir juda achchiq ekan, og‘zi yondi. Bir-ikki “kuh-kuh”ladi-da, ko‘zlarini yumib, burnidan nafas olgancha xiyla turdi. So‘ng halitdan beri bo‘g‘zida qalqiyotgan narsa tili uzra ko‘chib, og‘zida chuchmal ta’m hosil bo‘ldi. Avvaliga betoqatlarcha u yon-bu yoniga alangladi, go‘yo hozir kimgadir yoki nimagadir ko‘zi tushadiyu andarmon bo‘lib, holi o‘zgaradi va… Yo‘q, o‘zgarmadi, jilmaymoqchi edi, yuzi bujmayib, ayanchli tus oldi, keyin esa ko‘zlaridan yosh otildi.
— Biz yetdik shu kunlarga, Cho‘lpon bobo, biz yetdik!.. — Tishlari orasidan shu so‘zlar otila, chiyillab yig‘lab yubordi.
O‘tirishga ham holi kelmay, o‘zini to‘shakka yuz tuban tashlab, ho‘ngrab-ho‘ng¬rab yig‘layverdi. To‘lib turgan ekanmi, yuz-ko‘zi, qo‘llari, ko‘ylagi bir pasda jiqqa ho‘l bo‘ldi. U quvonchdan, ayni damda o‘tmishdagi o‘zi bilgan, ayanchli taqdirlari haqida kitoblarda o‘qigan ulug‘ millatparvarlarni eslab, o‘kinib-o‘kinib bo‘zlardi.
Shu payt to‘rt yashar o‘g‘li taytanglab ostonada paydo bo‘ldi. Biroq u bolasini sezmadi. Bolakay dadasining yelkalari silkinib-silkinib yig‘layotganini ko‘rib, hayratlandi. Asta borib yoniga o‘tirdi-da, boshiga qo‘lini qo‘ydi.
— Mimaga yilayapsiz, dada? — dedi rostmona yupatgisi kelib. — Tim uydi?
U boshini ko‘tarib, qayrilarkan, shoshib kafti bilan ko‘z yoshlarini artishga urindi.
— Ie, teling-teling, Miyzo Bobuy! — turib o‘tirdi, o‘g‘lini bag‘riga oldi. So‘ng burnini ketma-ket tortib, bir xo‘rsinib qo‘ydi. — Shu desangiz, vatanimiz mustaqil bo‘ldi-da, o‘g‘lim.
O‘g‘li jajji barmoqlari bilan uning yuz-ko‘zlarini silab, mudom qalqiyotgan ko‘z yoshlarini artdi.
— Asinga (o‘shanga) yilayapsizmi? — so‘radi keyin dadasining ko‘zlariga jiddiy tikilib. — Unata (unaqa) bo‘sha (bo‘lsa) aytaman, endi mushtaqil bo‘maydi, bo‘ptimi? Yilamang!..
U qah-qah otib yubordi, o‘g‘lini mahkam quchoqladi.
— Yo‘q, o‘g‘lim! Ilohi, mustaqilligimiz rost bo‘lsin, abadiy bo‘lsin! — deya mehr ila yuz-ko‘zlaridan o‘pdi…
Ertasiga — 1 sentyabr kuni bolalaru o‘quvchilar odatdagidek maktabga oshiqdilar. U ham qadrdon maktabiga go‘yo uchib bordi. O‘qituvchilar xonasiga -kirdiyu qo‘llarini baland ko‘tarib, salkam hayqirdi:
— Mustaqillik muborak, birodarlar!
Maktabga undan oldin kelgan, aylana stol atrofida biri gaplashib, birovi nimalarnidir yozib o‘tirgan o‘qituvchilar unga birdan hayrat to‘la nigohlarini qadadilar. Yo ko‘pchiligi bu xushxabardan bexabar edilar yoki eshitgan bo‘lsalar ham shunchaki gapdek qabul qilgandilar.
— Avval salom bering, mullo, — dedi yuqorida o‘tirganlardan biri.
U shoshib salom berdi, so‘ng,
— Endi tabriklasam maylimi?
Axir, vatanimiz mustaqil bo‘ldi, akalar, opalar! — dedi bo‘ynini cho‘zib yuborganidan kekirdagi tepaga-pastga yugurib.
Yana hamma jim. Shuning ustiga direktor kirib qoldi.
— Nima gap? Nega bo‘g‘ilyapsiz? — so‘radi pisandsiz uning — yosh o‘qituvchining yoniga o‘tarkan, xiyol olayib. Yoshi ellikdan oshgan matematika muallimidan boshqa barcha direktorga qarab ma’noli jilmaydi.
U esa tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, oxirgi umidi yetovida direktorga go‘yo qandaydir ma’lumotni aytayotgandek g‘o‘ldiradi:
— O‘zbekiston mustaqil bo‘ldi, aka!..
Direktor o‘ziga peshvoz chiqqan erkak¬lar bilan bir-bir qo‘l olishib ko‘rishgach, yana unga o‘girildi. U ham qo‘l uzatgandi, so‘rashishga ham or qilganday qiyofada dedi:
— Avvalo, bu gapni qayoqdan eshitdingiz, bilmadimu, — chamasi, direktor kechqurun televizor ko‘rmagandi. — ¬Omma-lekin indamay kirib, darsingizni o‘ting. Kerak bo‘lsa, tepadan topshiriq berishadi.
— Balki Lenin darsi o‘tarman? — deya kesatdi u.
— Aytishsa, o‘tasizam!.. — direktor chiqib ketdi.
U mulzam bo‘lib, yonboshidagi stulga behol cho‘kdi.
Shu payt darsga chorlovchi qo‘ng‘iroq chalindi. Muallimlar birin-ketin xonani tark eta boshladilar.
U yelkasiga qo‘yilgan qo‘lni sezib, o‘ng yoniga qayrildi — ro‘parasida matematika muallimi turardi.
— Ko‘p kuyunmang, uka, — dedi u ko‘zlari mayin jilmayib, salmoqli ovozda. — Vaqti-soati bilan hammasi o‘z o‘rniga tushib ketadi.
U bo‘g‘ildi:
— Axir, mustaqillik!..
Muallim uning gapini beozorlik ila bo‘ldi:
— Yaxshisi, sinfga kirib, vatan haqida dars o‘ting. Balki hovuringizdan tusharsiz, chunki bolalar sizni yaxshiroq tushunishadi.
Bu gap uning qalbidagi cho‘g‘ni olovlantirdi.
— To‘g‘ri aytasiz, — dedi o‘rnidan turarkan, ko‘zlari chaqnab. — Rahmat sizga, domla!
Shovqin-suron, qiy-chuvga to‘lgan sinfxona muallimni ko‘rib, shashti pasaydi. Bir-biridan chiroyli turfa liboslardagi bolalarning ko‘zlari lov-lov yonardi. To‘qqizinchi sinf — qizlarning husniga husn, yigitchalarning savlatiga savlat qo‘shilib qolganday.
U salom-alikdan so‘ng e’lon qildi:
— Bolalar, bugun mustaqillik darsini o‘tamiz.
Xona lahzalik jimlikka cho‘mdi.
— O‘zbekiston mustaqil bo‘pti-a, domla, kechqurun dadam aytdi, — dedi orqaroqda o‘tirgan qizaloq.
Uning bag‘rini quvonch siypalab o‘tdi — xayriyat, bolalar ham eshitishibdi.
— Ha, ona Vatanimiz, jonajon O‘zbekistonimiz mustaqil, deya e’lon qilindi va bugun ilk bora Mustaqillik kuni bayrami nishonlanmoqda, — dedi u tantanavor ovozda. O‘z gapi o‘ziga ta’sir qilib eti jimirlab ketdi.
Bolalar jim.
— Nega jimsizlar? — dedi endi tanbeh berganday. — Nega qarsak chalmayapsizlar? Men o‘rningizdan turib qarsak chalishni taklif qilaman.
Bolalar gurra o‘rinlaridan turdilar. Xona yana xiyol shovqinga to‘ldi. Muallimga ergashib hamma qarsak chala boshladi — birov anglab, boshqasi shunchaki sho‘xligi tutganidan chaldi. Birozdan so‘ng qarsaklar bir maromga tushib, yoqimli sas hosil qildi. U qo‘yib berdi, bolalar shu bilan ham mustaqillikning qadr-qimmatini anglashlarini istadi.
— Mustaqillik nima degani, bilasizlarmi? — so‘radi u nihoyat bolalar o‘tirishgach.
Kimdir «erkinlik», dedi, boshqa birov «ozodlik».
— Bularning hammasi to‘g‘ri, — deya tushuntirdi u. — Biroq, mustaqillik, eng avvalo, huquq degani. Ha, o‘quvchilar, bilingki, endi biz o‘zbeklar ham haq-huquqi tiklangan ozod millatmiz.
Negadir xona jim-jit bo‘lib qoldi. Ba’zi bolalarning ko‘zlari chaqnay bosh-lagandi, nahotki, tushunayotgan bo‘lishsa, o‘yladi u.
— Bir eslang-a, bolalar, butun insoniyat tarixida vatan uchun qancha-qancha odamlar jon berganlar. O‘zlarining shirin jonlaridan kecha olgan bu kishilarning hisobi qanchaykin? Unday mard insonlar bizning tariximizda ham juda ko‘pchilik. — Uning katta-katta ochilgan ko‘zlarini o‘ychanlik qamradi. — Ayting¬lar-chi, nega endi ba’zilar vatan uchun jonidan ham osongina kechadilar?
Bolalar jim. Aslida u savoliga javob kutmagandi.
— Chunki O‘zbekiston degan muqaddas zamin, ya’niki, vatanimiz bo‘lmasa, o‘zbek degan millat, ya’ni siz bilan biz ham yo‘qmiz. Tushunayapsizmi, yo‘qmi? Vatan degani — bu ota-ona, aka-uka, qarindosh-urug‘, yoru birodar va hokazo, aziz insonlar degani. Demak, vatan deb jon berganlar ana o‘shalarning tinchligi, xotirjamligi, ozodligi uchun kafolatdirlar… Cho‘lpon degan shoirni bilasizlar-a?
Bolalarning bir nechasigina «ha», deya ovoz berdi.
U bir nafas deraza osha tip-tiniq osmonga tikildi. Bu bilan yo bag‘ridagi o‘tni xiyol bosib oldi, yoki xayollarini jamladi.
— Uning shunday satrlari bor:

Tiriksan, o‘lmagansan,
sen-da odam, sen-da insonsan,
Bo‘yin egma, kishan kiyma,
ki sen ham hur tug‘ilg‘onsan.

Cho‘lpon bu she’rini mustamlakachilar vatanimizni bosib turgan, hammayoqda qama-qama, ot-ot bo‘layotgan bir paytda yozgan. Bu bilan u o‘z xalqini, vatanini ozodlikka chorlagan. Nima, uning joni bitta emas, o‘ntamidiki, o‘limdan ham qo‘rqmagan? Yo‘q, uning joni ham bitta edi, kerak bo‘lsa, u ham qo‘rqardi. Lekin u vatanini juda-juda yaxshi ko‘rardi va uning ozod bo‘lishini istardi. Buyuk Cho‘lpon orzulagan kun mana endi keldi!..
Tanaffusda endigina o‘qituvchilar xonasiga kiruvdi hamki, direktor chaqirayotganligini aytishdi. Yana nima demoqchiykin — shu xayol bilan uning oldiga kirdi. Direktor qora kreslosiga yastanib, choy ho‘plardi. U kirishi hamono o‘tirishga ham taklif etmay, osmondan kelib, tanbeh berishga tushdi:
— Sizga nima bo‘lgan-a, o‘zi, uka? Hali o‘qituvchilar xonasida allambalolarni gapiruvdingiz. Endi bo‘lsa, darsda g‘alati she’rlar o‘qidingiz, bolalarni qarsak chaldirdingiz. — Direktor sinf¬xona eshigi oldida anchagacha gap poylab turganini aytmadi. — Shu alg‘ov-dalg‘ov zamondan tinch o‘tvolaylik, jon uka!
U hayron edi.
— Meni kechirasizu sizni tushunolmayapman, domla! — qo‘polroq gapirib qo‘yishdan qo‘rqib, lablarini tez-tez qimtib-qimtib olardi. — Vatanimiz mustaqil bo‘ldi, axir!
Direktor pinak ham buzmadi.
— Mustaqil bo‘lgani yaxshi, men ham ja-a xursandman. Lekin yuqoridan ko‘rsatma bo‘lguncha shoshmay turing-da, uka!
U direktorga bir pas hayrat-la tikilib turdi-da, indamay xonani tark etdi. Borarkan, talabalik yillari yodiga tushdi: universitetda zamonaviy adabiyotdan saboq berguvchi muallim bor edi. (U hozir ham ma’lumu mashhur). Birinchi bosqich talabalarini sodda fahmlarmidi yoki ularni hali turli «og‘ular» bilan «zaharlanmagan», deb bilarmidi, darslarda ora-sira tuyqus Cho‘lponning she’rlarini o‘qib qolardi (U paytlar sho‘ro atalmish ajdaho og‘zini yuhoday ochib turgan va Cho‘lpon kabilarni faqatgina «xos odamlar» bilguvchi davrlar edi). Uning niyatiniyu o‘qigan she’rlarini ham birov yo tushunardi, yo tushunmasdi. U esa allaqayerdan topib kelgani mashinkalangan she’rlarni o‘qishini qo‘ymasdi.
Sho‘ro davlatining tayanchi va suyanchi bo‘lmish KGB (davlat xavfsizlik qo‘mitasi) deganlarining oyog‘i chaqqon xufiya¬lari hamma joyda izg‘ishardi. Ayniqsa, o‘quv yurtlarida dingquloq edi ular. Haligi cho‘lponparast domlaning ortiga tushganlariga ancha bo‘lgandi — buni uning o‘zi ham, talabalar ham sezardilar.
O‘sha kuni KGBning ikki xodimi universitetda, yana aynan ularning fakultetida paydo bo‘lishdi. Galdagi dars cho‘lponparastniki edi. Muallim auditoriyaga kirgach, bir pas qog‘ozlarini titkilab o‘tirdi, so‘ng doskaga qayrilib, allanimalarni yoza boshladi. U payt poylab, domlaning sumkasidan Cho‘lpon she’r¬larini oldi-da, o‘zi o‘tirgan stol tortmasiga tiqib qo‘ydi. Adashmagan ekan, oradan hech qancha o‘tmay, auditoriyaga ikkala KGBchi kirib keldi. Kira solib, na bir salom-aliksiz, domlaga sumkasidagi narsalarni chiqarishni buyurishdi. Domlaning rangi oqarib, hayajondan qo‘llari qaltiradi.
— Tinchlikmi? — dedi o‘zini dadil tutishga urinib.
KGBchilardan biri gezarib, do‘q urdi:
— Sumkani oching!
Domla hayajonini bosish niyatida bag‘oyat sekin harakatlar bilan sumkasini ochib, ichidagi kitob-daftarlarini stol ustiga qo‘ya boshladi.
— Marhamat, — dedi nihoyat hamma narsasini stolga qo‘ygach.
Chaqirilmagan mehmonlar kitob-daftarlarni bir-bir varaqlab ko‘rishdi: izlaganlarini topisholmadi. Sir boy bermay, biroz talabalarga, so‘ngra domlaga sinovchan tikilib turishgach, til uchida «uzr» deya, eshikka yo‘nalishdi.
— Bemalol, — deb qo‘ydi endi domla ko‘kragini kerib, xiyol masxara ohangida.
U tanaffusda she’rlarni qaytarib berdi.
— Biz shunday bo‘lishimiz kerak!.. — dedi muallim ko‘zlari yonib, uni bag‘riga bosarkan…
Direktor o‘sha zamonning sarqiti-da, degan xayol urildi miyasiga sinfxonaga kirayotib.
— Sinovli yillar boshlandi. Shunga qaramay, mustaqillik asta-sekin xalq qalbida ildiz otaverdi. Yangi davlatning omborlarini ship-shiydon qilib, borini tashmalab ketishganidan bo‘m-bo‘sh edi. Un va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari me’yorlashtirib beriladigan bo‘ldi…
Keyin-keyin qorin-qursoq tashvishi yengillasha boshladi. U bo‘lsa, darsdan-darsga to‘lib borar, berilib, eng buyuk shoirlarning erk, ozodlik haqidagi she’rlarini ehtiros ila o‘qib, bolalarni adabiyotning haqiqiy mo‘jizasiga oshno etar, hayratga solaverardi. Bu orada vodiy ko‘chalarida turfa alpozdagi sharqona liboslar — chalvorlarni kiygan ajnabiy kimsalar kezinib qolishdi. Ular goho dindor niqobidagi chalamullolarning uylarida, goho o‘sha paytlarda urchigan kichik masjidlarda yashab, kechalari tez-tez da’vatgir anjumanlar tuzishardi. Ularning qishloq mahallalaridan chiqqan gumashtalari har kuni shomga yaqin ko‘chalarda izg‘ib, xonadonlarni chaqirar, katta-kichik erkaklarni masjidga chorlashardi. Masjidga chiqmaganlarga goho orqavorotdan pinhona zug‘umlar ham o‘tkazishardi.
Bir kech uni ham chaqirib kelishdi. Darvozaga chiqsa, ro‘parasida keng beso‘naqay oq libosi ustidan jigarrang adyol yopingan sallali ajnabiy bilan tasbeh tutgan biri yosh, ikkinchisi keksaroq o‘zimizning mullomonandlar turishibdi.
— Masjidga chiqing, domla, sizbop suhbatimiz bor, — deyishdi ular.
U bunaqa da’vatlar va da’vatchilar haqida eshitib yurardi. Shuning uchun gapni qisqa qilib, «xo‘p, chiqaman», deb qo‘ya qoldi. Lekin chiqmadi. Yo‘q, namoz o‘qishni bilmagani yoki xohlamagani uchun emas, ajnabiy missionerlarning asl niyatlarini yaxshi tushunganligi uchun chiqmadi.
Da’vatchilar ertasiga yana kelishdi.
— Domla, nima, oxiratni o‘ylamaysizmi? — dedi keksaroq mullonamo.
— Oxiratni-ku o‘ylayman, — bosiqlik bilan javob berdi u. — Biroq manovi ajnabiylar, — u adyol yopingan kimsaga bilinar-bilinmas ishora qildi, — faqat oxiratni o‘ylarmikin? Niyatlari o‘zga, din niqob bo‘lsa-chi?
— Hay-hay, unday demang, domla. Bular dini islom uchun hamma narsadan kechgan, hijratni tutgan insonlardir. — Mullanamo so‘ziga salobat baxsh etishga urinardi. — Bunaqa gap¬laringiz bilan kufr ketib qolmang tag‘in.
Ajnabiy o‘zbek tilini tushunmasdi chog‘i, faqat tirjayardi.
— Bilib qo‘ying, domla, agar masjidga chiqmasangiz, — mullanamo endi xiyol dag‘dag‘aga o‘tdi. — Sizni birov mahalla-ko‘yning izdihomlariga aytmay qo‘yadi. Masjidda shunga kelishdik.
Uning ham qaysarligi tutdi:
— Xohlasam, agar vaqtim bo‘lsa, chiqaman! — dedi gapni kesib.
— Hay, o‘zingiz bilasiz, — mullanamo unga bir olayib qo‘ydi.
Chindan ham ba’zilar uni mahallaning to‘y-ma’rakalariga aytmay qo‘yishdi. Mullanamo masjidda uning nomiga rosa malomat yog‘dirganini eshitdi. U bariga chidadi, indamay darsini o‘taverdi.
Goho u hayratga tushib, diqqati oshardi: kechagina prezident mustaqillikni e’lon qilganida nima bo‘layotganligini tushunmay, mum tishlab o‘tirgan manovi oxirattalablar va umuman boshqa hokimiyatga ishqiboz o‘yinchilar qayoqdan paydo bo‘la qolishdi o‘zi? Millatning or-nomusi, iymoni, chinakamiga toptalgan paytlarda qayoqda edi ular?
Yaxshiki, tez orada da’vatchilarning kirdikorlari fosh etilib, ko‘plari qochib qolishdi. O‘zimizdagi gumashtalari esa pinhona turfa oqimlar tuza boshladilar. Biroq ular yosh mamlakat oyoqqa turib olganini, o‘z xavfsizligini ta’minlashga qodirligini keyinroq anglab yetdilar. Ungacha…
Mustaqillikning o‘n yilligi arafasida uni maktab direktori etib tayinlashdi. Ana, endi uning «qo‘li yechildi», orzulari qanot yozdi. Bir necha yil ichida maktab qiyofasini butkul o‘zgartirib yubordi. Qo‘shimcha binolar, sport zallari qurdirdi. Bir necha sinf¬xonalarni kompyuterlashtirdi. O‘zi ham quruvchilar bilan tengma-teng loy, g‘isht tashidi. Xullas, kechayu kunduz tinim bilmay ishladi. Buyoqqa kelishidan avvalroq viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga taklif etishib, tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirligi lavozimiga munosib nomzod ekanligini aytishdi. O‘ylab ko‘rishga muhlat so‘radi… O‘z xonasida, avvalgi direktorga savlat baxsh etgan hov o‘sha kresloda o‘tirvolib, ancha o‘ylandi. Axir, mudirlikka o‘tsa, tuman bo‘yicha ishlash, vatanga, xalqqa naf keltirish uchun yanada kengroq imkoniyatlar eshigi ochiladi-ku. Nihoyat, bir qarorga kelib, taklifga rozi ekanligini bildirdi…
U poytaxtga otlanarkan, bag‘ri sim-sim erib, odamlarga bo‘lgan mehri ziyodalashayotganini his etdi. Adolat barqaror yurtda mehnat qilgan inson axiyri bir kuni qadr toparkan. Buning yaqqol isboti — o‘z taqdiri. Kim edi, kim bo‘ldi? Ne kunlarni ko‘rmadi, axir. Lekin hammasi uchun shukrona keltiradi — yorug‘ kunlarga yetdi. Toshkentdan qaytishi bilan qo‘shni qishloqqa yangi maktab qurish uchun hujjatlarni to‘g‘rilashga kirishadi.
Yo‘l-yo‘lakay allaqachon nafaqaga chiqib, mahallaning obro‘li oqsoqoliga aylangan qadrdoni — matematika muallimining oldiga kirib, duo oldi.
— Mana, mehnatlaringizning hosilini ko‘ryapsiz, inim, — dedi keksa muallim jilmayib. — Balki ko‘plar bu gapni tushunmas, balandparvoz, deb bilar, biroq sizning vatanparvarligingizni ko‘pchilikka ibrat qilsa arziydi.
— Qanaqa vatanparvar-ey, ustoz, — yerga qaradi u yuzi qizarib. — Men ko‘ksimni o‘qqa tutmagan bo‘lsam.
Muallim uning sodda va kamtarligidan zavqlandi:
— Xo‘p, siz vatanparvar emas, shunchaki vatanparvarsiz. — So‘ng yelkasiga qo‘lini qo‘yib, dedi: — yurtboshimizga bizdan salom ayting!
Nuru ziyoga yo‘g‘rilgan saroyning shiftlariga tikildi: naqadar go‘zal! Agar mustaqillik bo‘lmasa, hatto mana shu go‘zallik, bu muhtasham qasr ham bo‘lmasdi — bu aniq. Agar menga so‘z berib qolishsa, nima deyman?..
Qalbida shirin orziqish junbushga keldi: tantana tugagach, tashqariga chiqadi. Uni poytaxtning eng nufuzli o‘quv yurtlarida o‘qiyotgan o‘g‘illari kutib turishibdi. Ular bilan yaqinginada sotib olgan yangi «Neksiya» mashinasiga o‘tiradi-da, xotini bilan qiziga sovg‘a olish uchun bozorga jo‘naydi. Keyin esa yurtiga, qadrdon maktabiga oshiqadi.
Shu payt o‘ziga qadalgan o‘tkir nigohni his etdi. O‘girildi. Prezident unga mayin jilmaygancha boqib turardi.
— Siz ham biron narsa deng! — dedi yurtboshi qalbga yaqin yoqimli ovozda.
Uning yurak urishi tezlashdi. Titrayotgan oyoqlarini bazo‘r ko‘tarib, minbarga yo‘naldi. Minbarning ikki chetidan tutib, o‘zini bosib olishga urindi. Bo‘g‘zi kuydi, kipriklarining osti achishdi, bag‘ri iydi. Bir amallab yutindi, so‘ng beixtiyor tomoq qirdi.
— Men… Men Vatanimni yaxshi ko‘raman! — Bu so‘zlarga qo‘shilib, yuragi, joni ham bo‘g‘ziga kelganday tuyuldi. — Vatan uchun yashaylik!..
Saroyga lahzalik jimlik cho‘kdi. So‘ng gulduros qarsaklarga to‘ldi…

“O‘zAS”dan olindi.