Muhabbat Yo‘ldosheva. Hayitlik (mistik hikoya)

Xuddi to‘yga ketayotgandek yasanib olgan dadasi darvoza oldida turgan Sanobarning qo‘liga kichkinagina oppoq qo‘zichoq tutqazdi.
— Asal qizim, bu senga hayitlik! Eslik qiz bo‘lib, oying ishga ketganida ukalaringga qarab o‘tirgin, xo‘pmi?!
— Dadajon, meniyam olib keting! — yalindi dadasini sog‘inib ketgan qizcha ko‘z yoshlarini tiya olmay.
— Men uzoqqa ketyapman, qizim, seni keyinroq olib boraman…
Shu payt qaynoq nimadir Sanobarning yuzini kuydirdi. U cho‘chib ketib, shundoq qarasaki… o‘zining o‘rnida yotibdi, yonida onasi engashib turibdi. Ko‘z yoshlari yuzini yuvayotgan Sabohat qizini mahkam quchog‘iga bosib, tinmay “Qizim, ko‘zingni och! Meni qo‘rqitma, qizim!” deb takrorlardi.
— Dadam… — deb shivirladi qizcha hamon tush ta’siridan o‘ziga kelolmay, eshik tomon intilarkan. — Dadam ketib qoladilar!
Sabohatning mijjalarini ham qaynoq ko‘z yoshlari to‘ldirdi. Uning eri Nizomjon og‘ir kasallik tufayli bevaqt qazo qilganiga bir yilcha bo‘lib qoldi hamki, qizi bechora dadasidan ayrilganiga hamon ko‘nikolmayapti. Kunda-kunora tushida dadasini ko‘rib, yig‘lab uyg‘onadi, keyin bir-ikki kungacha lanj bo‘lib, rangi o‘chib yuradi.
“Ey, xudoyim-ey, shuncha kulfatlar ustiga shu yetmay turgandi!”, yuragi siqilib o‘yladi ayol va ayni shu paytda qo‘ng‘iroqli soat jiringlab qoldi. U xushyor tortdi: soat ertalabki to‘rt bo‘libdi, ishga ketishi kerak.
Sabohat o‘rnidan turdi, oshxonadan piyolada sovuq choy olib kelib, ko‘z yoshlari tingan va yana mudray boshlagan qiziga majburlab ichirdi.
— Sanobar, asal qizim, o‘zing esli qizsan-ku, meni qo‘rqitmagin, iltimos! – dedi qizining yuzlarini, sochlarini silab. — Men ishga ketishim kerak!
— Mayli, boravering, — dedi qizcha onasining bo‘ynidan quchoqlab. — Oyijon, men aqlli qiz bo‘lib o‘tiraman!
— O‘zimning esli qizimdan aylanay! — Sabohat uni bag‘riga bosdi. — Bo‘pti, men ishga kech qolmay, qizim. Hali erta, ukalaring turgunicha uxlab olgin, xo‘pmi? — eshik oldiga yetganida Sabohatning esiga bir narsa tushib, qizining yoniga qaytdi. — Ona qizim, ertalab turganingda oq qo‘yimizga bir qarab qo‘ygin, xo‘pmi? Shu bugun qo‘zilasa kerak deb tuni bo‘yi poyladim o‘ziyam…
Allaqachon ko‘zi uyquga tortib ketayotgan Sanobar onasiga javoban bosh irg‘adi, Sabohatning ko‘ngli joyiga tushib, ishga jo‘nadi. U fermada sog‘uvchi bo‘lib ishlaydi, shu sababli ham uch nafar farzandini uyda yolg‘iz qoldirib, erta tongda sigir sog‘ishga ketadi. Yaxshiyamki, to‘qqiz yoshli Sanobari esli-xushligina qiz chiqdi, onasi yo‘qligini bilintirmay, ukalarini vaqtli uyg‘otadi, katta ukasini maktabga jo‘natadi, kichkinasini bog‘chaga olib boradi, keyin o‘zi darsiga yetib borishga ham ulguradi. Kechqurun onasi ishdan qosh qorayganda kelsa-da, ukalarini yig‘latmay, qo‘rqqanini bildirmay o‘tiradi. Faqat keyingi paytlarda hadeb dadasini tushida ko‘rayotgani chatoq bo‘lyapti-da…
Sabohat odatdagidek yigirma boshdan oshiq sigirlarini sog‘ishga berilib ketib, hamma narsani unutdi va bu vaqtda uyida nima hol yuz berayotganidan bexabar qoldi.
Onasi ketayotganida uxlab qolgan Sanobar to‘satdan deraza taqillashidan uyg‘ondi. Bola-da, avvaliga bir zum uyqusirab, o‘rnidan turmay yotdi, keyin o‘ziga kelib, sakrab o‘rnidan turdi.
— Hozir, oyijon, turyapman! — deb qichqirdi u va yalang oyog‘iga kalishini ilgancha, yugurib hovliga chiqdi.
Uyqusiragani uchun ham u oyisining ishga ketib bo‘lganini sezmagan, shuning uchun darvozani qulflab olishini so‘rayapti, deb tushungandi. Sanobar qarasaki, oyisi yo‘q: darvozani tashqaridan qulflab, allaqachon ishga ketib bo‘lgan ekan. Tuni bo‘yi yoqqan qor tizza bo‘yiga yetgan, havo judayam sovuq edi. Issiq uydan yupun yugurib chiqqanigami, qizcha titrab ketdi, kalishiga qor tushib, oyoqlari qaltiradi, uyqusi ham bir zumda o‘chib ketdi.
Sanobar yugurgilab uyga kirdi-da, hali taftini yo‘qotmagan o‘rniga kirib oldi. Badaniga issiq o‘tib, o‘ziga kelgunicha birpas yotdi, asta-skin ko‘zi ilinib, mudray boshladi. Shu payt yana deraza oynasi asta tiqilladi, bog‘ tomonda qandaydir taraqlagan ovoz eshitildi. Uy ichi qorong‘i bo‘lgani uchunmi, qizcha cho‘chib ketdi, o‘rnidan turib, chiroqni yoqqani ham qo‘rqdi. To‘satdan esiga ertaklardagi devlar, jinlar tushdi. Qo‘rqqanidan oyoqlari muzlab qolayotganini sezdi. U oyoqlarini ko‘rpa ostiga tortib, g‘ujanak bo‘lib oldi-da, qo‘rqa-pisa deraza tomonga ko‘z tashladi. Hech kim yo‘q. Deraza g‘ira-shira yorishib, tun osmoni asta bo‘zara boshlayotgani ko‘rinib turar, ammo uy ichi zim-ziyo qorong‘i edi.
Sanobar ukalarining bir maromda pishillab nafas olishiga quloq solib yotarkan, to‘satdan bog‘ tomondan dadasining “Sanobar!” deb chaqirganini eshitdi. U yotgan joyidan sakrab turdi-yu… shu onda to‘satdan dadasi bir yilcha muqaddam vafot etgani, endi uni hech qachon chaqirmasligi esiga tushdi. Beixtiyor ko‘z yoshlari quyilib kela boshladi, qizcha piqillab yig‘lab yubordi. Uning xo‘rligi kelib, sog‘inch yoshlari ko‘zlaridan to‘xtovsiz oqib tusharkan, endi hovlidan dadasining tovushi aniq-tiniq eshitildi:
— Sanobar!
Qizcha hamma narsani unutdi-yu, ayvonga yugurib chiqdi. Ayvonda turib, g‘ira-shira qorong‘ilik qo‘ynidagi hovli sathiga nazar tashladi. Nazarida, oshxonaning narigi tomonida joylashgan molxonaning eshigi yonida dadasi turgandek bo‘lib tuyuldi. Qizcha ko‘zlarini katta-katta ochib tikildi: ha, dadasi molxonaning eshigini ochyapti…
Shu paytda Sanobar dunyodagi hamma narsani unutdi, dadasini judayam sog‘ingan qizchaning yurakchasi gupillab urib ketdi. U g‘izillagancha ayvondan tushib, molxona tomon yugurdi. Haqiqatan ham molxona eshigi lang ochiq turar, hatto chirog‘i ham yoqiq edi. Qizcha eshik oldida turgancha intizor ko‘zlari bilan dadasini izlar, ammo bu yerda hech kim yo‘qligini ko‘rib, qalbi tobora huvillab borardi.
To‘satdan Sanobar burchakdagi ilgari sigir turgan, hozir qo‘zilashini kutishayotgan bo‘g‘oz oq qo‘y yotadigan joydan ayanchli ma’rashni eshitdi. O‘sha tomonga qaradi-yu… ko‘zlari quvonchdan charaqlab ochilib ketdi. Burchakda paxtadek oppoq, junlari jingalak qo‘zichoq yotar va munchoqdek qop-qora ko‘zlarini unga tikib, ingichka ovozda ma’rab qo‘yardi. Oq qo‘y esa negadir qorong‘i burchakka tiqilib olgancha ayanchli ma’rar va tinmay oyoqlari bilan yer tepinardi.
Qo‘yning bu xatti-harakatlari negadir qizchaga qiziq tuyuldi va qo‘y tikilayotgan burchak tomon bo‘y cho‘zib qaradi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, ilgari sigirning chiqindilari to‘kiladigan, hozir esa qup-quruq qilib supurib qo‘yilgan chuqurcha ichida oppoq nimadir yotar va tinmay tipirlardi. Ona qo‘y esa o‘sha chuqurcha tepasida boshini pastga eggancha, tinmay ma’rardi. Sanobar chuqurcha ichida nima borligini ko‘rish uchun o‘sha tomonga yurdi va pastda tipirlayotgan narsa oppoq qo‘zichoq ekanligini ko‘rdi. Ojiz, zaifgina, oppoq junlari ho‘l qo‘zichoq sovuqdanmi yoki boshqa sababdanmi tinmay qaltirardi.
Sanobar hali ko‘rayotganlarini tushunib ham ulgurmasidan xuddi nimadir undagandek bo‘ldi va beixtiyor chuqurcha ichiga tushib, qo‘zichoqni qo‘liga oldi, keyin uni ko‘tarib, tepa tomonga – yana bir oppoq qo‘zichoq yotgan joyga qarab yurdi. Qizcha qo‘zichoqni yerga qo‘ygani hamoni, uning ortidan ergashib kelayotgan ona qo‘y shosha-pisha bolasini yalay ketdi. Oradan bir-ikki daqiqa o‘tgach, qo‘zichoqning titrashi bosildi va peshanasida tangadek qora dog‘i bor boshini yerga bosgancha, asta ko‘zlarini yumdi.
Sanobar ona qo‘y egizak qo‘zichoqlarining yoniga yotib olayotganini birpas kuzatib turdi-da, keyin molxonadan chiqdi. Eshikni zichlab yopar ekan, boyadan beri yupqagina kiyimda yurganligini va qattiq sovuq qotganidan tinmay qaltirayotganini endi sezdi. U uy tomon yo‘nalgandi hamki, yonginasidan iliq epkin uchib o‘tib, yuzlarini silagandek bo‘lib tuyuldi. Qizcha shoshib yoniga o‘girilganida, kechasi bilan yoqqan qalin qor uzra tushib qolgan katta-katta oyoq izlarini ko‘rdi. Ammo qizcha bunga ortiqcha e’tibor bermay, yugurgancha uyga kirib ketdi va o‘rniga kirib, ko‘rpasiga o‘raldi-yu, yana qotib uxlab qoldi.
Ertalab Sabohat ishdan qaytganida qizi ham, o‘g‘illari ham dong qotib uxlab yotishardi.
— Voy, qizim-ey, tura qol! — deb turtkiladi u Sanobarni. — Haliyam uxlab yotibsanlarmi? Axir bugun hayit-ku, o‘rtoqlaring bilan kelin ko‘rishga bormoqchi eding, axir!
Sanobar sakrab turdi, darrov oyisiga nonushta tayyorlashga ko‘maklasha boshladi. Keyin ukalarini ham uyg‘otgani kirib ketdi-yu, yarim yo‘ldan qaytib keldi va shosha-pisha onasiga erta tongda yuz bergan voqea haqida so‘zlay ketdi. Shunda marhum erining vafotidan bir oygina oldin sotib olishgan oq qo‘y bugun-erta qo‘zilashi kerakligi Sabohatning esiga tushdi. U darhol qilayotgan ishini ham tashlab, molxona tomon yugurdi: “Ey, xudoyim-ey, ishqilib kechasi molxonaning eshigi ochilib qolmagan bo‘lsin-da! Kechasi sovuq qattiq bo‘ldi, qo‘zichoqlar muzlab qolmaganmikin…”
Ammo hammasi Sanobar aytganidek bo‘lib chiqdi: qo‘zichoqlar hamon ona qo‘y bilan birga tepa tomonda – sigir oxurining yonidagi issiqqina joyda yotishar, molxonadan chiqqan erkak kishi poyabzalining izlari esa darvozaxona yonida uzilgandi.
Sabohat bu voqea haqida uzoq o‘ylab o‘tirmadi, oppoq qo‘zichoqlarni ko‘rib qattiq quvongan o‘g‘ilchalariga qarab, beixtiyor “Ana, dadangiz sizlarga hayitlik tashlab ketibdi!” dedi va farzandlarining xursandlikdan ko‘zlari qanday charaqlab ketganini ko‘rib, to‘g‘ri gap aytganini tushundi. Hatto uyg‘onganidan beri tumshayib yurgan Sanobarning ham chehrasi ochildi, beixtiyor jilmaydi:
— Oyijon, tushimda ham dadam menga oppoq qo‘zichoq bergandilar!
Sanobar farzandlarining quvonchini buzmaslik uchun ko‘zlariga quyilib kelgan ko‘z yoshlarini berkitishga urindi-da, o‘zini nonushta tayyorlashga andarmon bo‘lgandek qilib ko‘rsatishni ma’qul topdi…
Shu hayitdan so‘ng dadasi Sanobarning tushiga kirmaydigan bo‘ldi. Ammo har yili oq qo‘y xuddi o‘ziga o‘xshash oppoqqina egiz qo‘zichoqlarni dunyoga keltirganida, bu voqeani bir eslab olishardi. Bu vaqtda Shodmon bilan Javlon ancha ulg‘ayib qolishgan bo‘lsa-da, hamon oq qo‘yning qo‘zichoqlarini “dadamning hayitligi” deb atashardi…