Mayago‘zal Choriyeva. Yolg‘izlik (hikoya)

Bu uy anchadan buyon kimsasiz qolgan edi. Shundanmi, keng xonalari bu holdan huvullab zerikkanga o‘xshardi. Men uning qulfi dilini mehrim kaliti bilan ochib, ko‘ngil ostonasiga cho‘chibgina qadam qo‘ydim. Chunki men hali unga begona edim. Uning ko‘ngil xonalarini yovqarash qilib zimdan kuzatdim. Uy ham mendan yotsirab turar, yolg‘izlikda qiynalganimni aytsammi, yo‘qmi, deya o‘ylanib qolganga o‘xshardi. Men uyning shkaf, stul, yana allaqancha jihozlaru ashqol-dashqollardan tashqari savlat to‘kib turgan javon va undagi kitoblar bilan ham so‘zlashib bo‘lganini, shuning uchun yanada mung‘ayib qolganini ilg‘adim. Kitoblar soddadil uyning suhbatidan bezib ham ketgan ko‘rinadi. Shu lahza yolg‘izlikda ezilayotgan bu uy bilan dildan suhbatlashgim, uning dardlarini tinglagim, imkon bo‘lsa, undan o‘zimga boshpana topgim keldi.

– Zerikdingmi? – eski tanishlardek so‘radim undan.

– Ha-a, – javob berdi u cho‘zib.

– Sohiblaringni qo‘msaganga o‘xshaysan-a?

– Bo‘lmasam-chi, – lo‘nda gap qaytardi u.

– Yolg‘izlikda ko‘p qiynaldingmi?

– Nimasini aytay… Xo‘sh, o‘zing ko‘p emas, oz emas, yolg‘izlikning bir yilini qanday o‘tkazgan bo‘larding?!

– Dahshat, – pichirlayman yolg‘izlikning 365 kunidagi yutib yuboradigan sukunatni his etib.

– O‘rganib ham qoldim… Qaytib ketmoq­chimisan? – dabdurustdan meni o‘z bag‘riga taklif etayogandek yalinchoq shivirlaydi u.

– Qaydam. Hozircha bir qarorga kelganim yo‘q.

– Agar malol kelmasa, men bilan qolsang bo‘lardi, – endi ochiq aytadi ko‘nglidagini.

Ich-ichimdan sevinib ketdim.

– Bo‘pti, – dedim men unga. – Sen bilan qolaman. Yolg‘izlikdan zerikkan bu uyning muruvvatini ham u bilan qolishga rozilik bildirib, o‘zimniki qilib qo‘ya qoldim. Men bor-yo‘q ashqol-dashqolim bilan uyga ko‘chib o‘tdim. Xayolimda uning ko‘ngil xonalari ravshan tortib ketgandek bo‘ldi. U endi har kuni mening ishdan qaytishimni intizorlik bilan kutar, kelganimda sog‘inchini yashirmasdan keng xonalarni to‘ldirgancha meni quchardi. Unga nimani so‘zlab bermay, hammasini e’tibor bilan tinglab, gohi esa e’tirozlar ham bildirib qo‘yardi. Men o‘rgangan xonalar, menga sevimli bo‘lgan bu uyda kundalik oddiy mashg‘ulotlarim ham endi o‘zimga qiziqarli tuyulardi.

Ammo ikkimizning ham quvonchimiz ko‘pga cho‘zilmadi. Men tez orada zerikib qoldim. Uy esa imkoni boricha ko‘nglimni topishga urinardi. Kunlarning birida esa uzoq safarga otlandim. Bu haqda unga miq etamadim. Safarim juda qiziqarli kecha boshladi. Uyni unutib yuborishimga ham bir bahya qolgandi. Ishqilib, unga qaytadigan kunlar ham yetib keldi… Uy uzoqdan ko‘zga chalindi. Uning qandaydir ma’yusligi sezilib turgandek edi. Ostonadan kirganimni bilaman… Eshik ham xayolimda dardchil g‘ijirladi. Uy menga ham sevinchli, ham kinoyali bir holatda qarab turardi. Butun xonalar shodlikdan chapak chalib yubordi. Sevimli, lekin mensiz juda zerikkan uyim meni bag‘riga bosib shodlikdan gapira olmay qoldi.

– Nega… – dedi u, so‘ng o‘pkalangannamo yig‘lamsirab, – nega bir so‘z demasdan meni tashlab ketding? Qanchalar qiynalganimni bilasanmi? Biror falokatga yo‘liqdingmi, degan xayoldan tunlari mijja qoqmadim-a! Ana kelasan, mana kelasan deb ko‘zlarimni keng ko‘chalardan bir zum uzgan emasman. Xavotir bilan yo‘l poylab kutish azobini nahot bilmasding?..

– Kechir meni, do‘stim, kechir, – dedim men zo‘rg‘a ovozim chiqib.

Rostini aytsam, qadrdon men ham kirganda yanada ravshanlashib ketadigan keng xonalarini sog‘ingandim. Qachondir seni tergaydigan, o‘pka-gina qilib sog‘inib yo‘l qaraydigan do‘st topganingda mehr bilan quchog‘iga suyib bosadiganni juda qo‘msarkansan. U uyimga emas, meni quchog‘iga mehr bilan bosgan onaga o‘xshardi.

«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 3-4-son