– Turg‘unoy, ho Turg‘unoy…
Ko‘zlarini yumib yotgan momo bu tanish ovozdan cho‘chib ketdi. Bemajolligini ham unutib, ko‘zlarini katta-katta ochib, atrofga alangladi.
– Buvijon…
Momoning yonida o‘tirgan Asqad aka onasining alahsirayotganini tushundi. Shu bois ovoz chiqarmasdan o‘z holiga qo‘ydi.
Momo shuncha sinchiklab qarasa-da, hech kimni topolmadi chog‘i, yana ko‘zlarini yumdi.
Shu pallada dimog‘ida huv o‘sha yetti-sakkiz yoshligida o‘rnashib qolgan tanish, yoqimli hidni tuygandek bo‘ldi. U paytda buning nima ekanini bilmagandi, keyinroq katta bo‘lganida qalampirmunchoqning hidi ekanini angladi. Yanaki, unga qandaydir xushbo‘y is ham aralashib ketgandi. Va u bir umr ana shu hidni qidirdi, buvisidan, farzandlaridan, yaqinlaridan. Hech biridan tuymadi. Hozir esa o‘sha hid yana dimog‘ini qitiqlayapti. Beixtiyor:
– Ayajon, – dedi entikib.
Birdan xira nigohlari orasidan uzun chang yo‘lni ko‘rdi. Unda bir erkak, bir xotin va qizcha ketib bormoqda. Qizcha yalangoyoq. Tuproqning issiqligidan irg‘ib-irg‘ib ketadi. Ammo yig‘lay olmaydi, chunki qo‘lidan tutib ketayotgan ayoldan qo‘rqayapti. Ayolning yuzlari berk, boshiga allambalo qora ro‘molni tashlab olgan. Ulardan sal narida gurs-gurs qadam tashlab ketayotgan erkak ahyon-ahyonda ortiga qarab:
– Kelayapsizlarmi? – deb qo‘yadi.
Turg‘unoyning yig‘lagisi keldi. Hiqillay boshladi.
– Ming‘irlama. Tezroq yur!
Ayolning baland ovozidan dami ichiga tushib ketdi. Battarroq qo‘rqdi va sudralib ketaverdi. Badanini qizitayotgan jazirama qizaloqning tomog‘ini quritdi. Chanqab holsizlandi. Bu safar rostmana yig‘lay boshladi.
– Obbo! Karim, buni ko‘tarib oling! – ayolning ovozi jaranglab ketdi atrofga.
Erkak to‘xtadi. Qizaloqni azot ko‘tarib, orqasiga opichdi. Hech ham bunaqa balandga chiqmagandi. Atrof ko‘ziga g‘alati ko‘rindi. Beixtiyor iljaydi.
– Qarang-a, go‘dak turib odamni ahmoq qiladi, yurgisi kelmay g‘ingshibdi, – ayol sayradi.
– Bo‘ldi qil! O‘zing zo‘rg‘a yurib kelayapsan-ku? Bu bola, axir. Haliyam shuncha masofani bosib o‘tdi! – Erkak shunday deya uni jerkidi.
Qizaloq birpas tinchigandek bo‘ldi, ammo qorni ochib, battar chanqadi.
– Suv… – dedi cho‘chibgina.
Ammo na erkak, na ayol javob bermadi. U qaytib xarxasha qilishga cho‘chib, boshini erkakning beliga qo‘yganicha mudray boshladi. Bir mahal qattiq silkinishdan uyg‘onib ketdi. Ko‘zini ochib sekin mo‘raladi. Sal narida pastqam uylarning devorlari ko‘rindi.
– Qizim, birpas chidasang, senga suv, ovqat berishadi, – erkak uni bir siltab yanada balandroq ko‘tarar ekan, yumshoq gapirdi.
Qizaloqning ko‘ziga suv to‘la idish bilan issiq non ko‘rinib ketdi, maza qilib tamshandi.
Ozgina yurilgach, uni pastga tushirishdi. Qarshisida kichik taxta darvoza ko‘rindi.
– Qani, ichkariga kiramiz, – erkak uni asta turtkiladi.
U begonasirab ostona bosmadi. Shu pallada ichkaridan yoshroq yigit yugurib chiqdi:
– Xayriyat! Turg‘unoy, keldingmi, singlim, bo‘la qol, hammamiz seni kutayapmiz!
Qizaloq javdirab uni olib kelgan erkak tomonga intildi.
– Bolaning qorni och, chanqagan, avval ovqatlantiraylik.
– Ulgurmay qolamiz. Ilhaq bo‘p ketdi, – yigit shunday dediyu, uni azot ko‘tarib ichkariga yugurdi.
Hech narsaga tushunmasdan atrofga qo‘rqib qaradi, ammo yig‘lamadi. Nim qorong‘i xonada avvaliga hech narsani ko‘rmadi. Ko‘zi o‘rgangach esa odam ko‘pligini payqadi. Boshlariga katta ro‘mol solgan uch-to‘rt xotin to‘rda to‘shakda yotgan bemor ayolning yonida yig‘lab o‘tirishibdi. Qizchani to‘g‘ri o‘sha ayolning yoniga olib borishdi.
– Mana, Tursunoy, kutganing keldi, ko‘zingni och, bolam! – bir kampir bemorning yuz-ko‘zlarini silab, yig‘lab chaqirdi.
Yana biri esa qizchani unga yaqinlashtirdi. Bemor ojiz ingradi. Oppoq, qoqsuyak qo‘llarini zo‘rg‘a ko‘tarib, uning kichik qo‘lchalaridan ushlashga urindi. Kuchi yetmadi. Uni bemorning shundoq yuziga yaqin olib bordi. Qorni ochligidanmi yoki qo‘rquvdanmi burniga urilgan g‘alati hiddan entikib ketdi. Ko‘zlarini katta-katta ochib bemorga tikildi.
– Qizim… mening Turg‘unoyim, – bemor ayolning lablaridan uchgan ismini eshitib qizaloq ortga tislandi.
Atrofda yig‘i ovozi ko‘paydi. Qizaloq kim yig‘layotganini ko‘rmoqchi bo‘lib yonboshga o‘girildi va shu asnoda yuzi bemorning yuziga yopishdi.
– Bolajonim…
Shundoq quloqlari ostida jarangladi bu so‘z. Va yana boyagi hid burniga to‘ldi.
Keyin birdan xonaning ichi yig‘iga to‘lib ketdi. Kimdir uni ko‘tarib oldi. Tashqariga olib chiqishdi. Yerga yozilgan sholchaga o‘tirg‘izishib, oldiga non, ovqat qo‘yishdi. U tevaragiga hayron boqqanicha shoshib-shoshib non kavshay boshladi…
Katta bo‘lib aqlini tanigach, buvisi o‘sha bemor ayol uning onasi ekanini aytdi. Onasining oldiga ko‘tarib borgan erkak dadasi, yetaklab ketgan o‘gay onasi ekan. Bu haqda birinchi bor eshitganida tuni bilan yig‘lab chiqdi. Tushida ayasini ko‘rdi. Nuqul unga qarab qovog‘ini uyarmish.
“Buvi” degani ham aslida uzoqroq qarindoshi ekan. Dadasi bilan ayasi ajrashgach, o‘rtada u sarson bo‘lib qoladi. Ayasi og‘ir xasta, bolani eplay olmaydi. Dadasi esa, erkak boshi bilan unga qarolmaydi. Shunda o‘zining buvisi uni qarindoshiga bergan ekan.
O‘z taqdiri haqida bilgach, to voyaga yetib turmush qurgunicha o‘zining ota-onasi bo‘lishini, ularga erkalanishni orzu qilib yashadi. Orzusi esa armon bo‘lib qolaverdi. Va yana bir armoni o‘shanda bemor ayolning onasi ekanini bilmagani, undan anqigan hiddan to‘yib-to‘yib olmagani edi.
Lekin o‘sha hid hamon dimog‘ida. Yoshi saksonga yetib, ketar manzili yaqinlashganida ham o‘sha qadrdon isning ta’mini tuyib turibdi.
– Buvijon, tuzukmisiz?
Turg‘unoy momo ko‘zini asta ochdi.
O‘g‘li Asqadjon shundoq boshi uzra egilib unga termilib turibdi. Xiyol kulimsiradi. So‘ng yoniga qaradi. Kichik o‘g‘li Asqarjon, qizlari Oyjamol, Guljamol, poygakroqda esa nevaralari qator tizilishib o‘tiribdi.
– Shukr, – dedi o‘zini dadillikka olib.
– Buvijon, suv beraymi? – bu kichik qizi Guljamol. Aytishlaricha, xuddi onasiga o‘xsharmish. O‘zi ham ko‘p bora onasining nigohlarida muhrlanib qolgan suratini tiklashga uringanida shu qiziga qarab ayasining chehrasini ilg‘agandek bo‘lardi.
– Qizim…
O‘zining ovozidan negadir cho‘chib ketdi. Nazarida u emas, ayasi chaqirgandek bo‘ldi. Ko‘zlarini kattaroq ochdi. Rostdan ham ayasi ko‘rinayaptimi? Beixtiyor qo‘llarini tepaga uzatdi-da:
– Ayajon, – dedi.
Xuddi shu lahzada dimog‘iga o‘sha qadrdon hid shundoq to‘ldi-qoldi. Entikib-entikib boshini ko‘tardi. Va ayasi tomonga talpindi…
“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 6-son