Hamxonamning tili bilan aytganda, o‘nlab ilmiy dargohlaru minglab ilmi toliblar yeng shimarib turgan shahardan mendek bir kichik ilmiy xodimning dovrug‘i doston bo‘lgan bu qishloqqa borib tajriba o‘tkazishi boshimga «baxt qushi qo‘nganidan nishona» edi. Uning menga shunchalik havasi kelgandiki, avvaliga men bilan birga shu qishloqqa ketgisi ham keldi. Biroq ilmiy rahbarimiz, ornotologiyaning o‘sha qishloq joylashgan hududlarga xos bo‘lmagan yo‘nalishi bilan shug‘ullanishini esiga solgach, hafsalasi pir bo‘lib, fikridan qaytdi: professor ikkalamizning ilmiy ishlarimiz o‘z vaqtida tayyor bo‘lmasa, masalamizni kengashda ko‘rish bilan po‘pisa ham qildi. Shunday qilib, hamxonam boshqa hududga, men esa qushlar tabiatini o‘rganish uchun Talqon tabibi bilan mashhur bo‘lgan qishloqqa qarab yo‘l oldim.
Qishloqni topib kelishim unchalik qiyin bo‘lmadi: zotan, aynan, Talqon tabib yashagani uchun ham bu qishloq ma’lumu mashhur ekan. Men buni safarga chiqqanimda va yo‘lda qishloqni ko‘zlab kelayotganimda yo‘lovchilaru haydovchilardan bilib oldim. To‘g‘risini aytsam, tabiblarga hushim bo‘lmagani uchun men bundan bexabar edim.
Qishloqning asl nomini ham ko‘pchilik allaqachon unutib yuborgan, hamma uni «Talqon tabib qishlog‘i» deb atardi. Shu atrofdagi biror-bir joy haqida gap ketadigandek bo‘lsa, «Talqon tabib qishlog‘i»idan oldin yoki keyin, ikkita qishloq yetmay, uchta qishloq keyin» deb tushuntirishardi. Qishloqda ham har bir xonadon yoxud ko‘chaga, albatta Talqon tabibning nomi tirkalib tilga olinib o‘tilardi. Qishloqdagilar ham har bir gapga «Talqon tabib aytganday», «Talqon amaki buyurganday», deya ta’kidlab qo‘yishardi.
Qishloqqa kelib birinchi bilgan narsam shu bo‘ldiki, guyoki bu tomonlarda tongning otishi ham, quyoshning botishi ham Talqon tabib nomi bilan bog‘liqdek, qishloqda qilt etgan hodisa ham tabib nomiga tirkalardi.
Meni hayratga solgan narsa – qishloqqa kelganimda hamma yoqda sukunat hukmronligi bo‘ldi: hamma o‘z ishi bilan ovvora, lekin ular deyarli gaplashmas, faqat imo-ishora qilishar, negadir lablarini cho‘chchaytirib olishgandi. Men «Biror ijaraga beriladigan uy bormi?!» degan savolimga faqat imo bilan javob oldim. Eng qizig‘i, imo bilan bo‘lsada, adog‘ida hujrasi bor hovlini adashmay topib keldim. Odamlarning imo bilan gaplashishlarining sababini esa keyin bildim – ular og‘izlariga tabib tayyorlab beradigan talqon solib olishgan ekan.
«Talqon tabib» deganlari past bo‘yli, chehrasidan tabassum arimaydigan, qishloqliklarning ta’biri bilan aytganda, «yuzidan hamisha nur yog‘ilib turadigan bir munavvar zot» edi. To‘g‘risini aytsam, uning doim tabassum bilan yurishi menga tsirkdagi masxarabozlar qiyofasini esga solgandi, garchi og‘zimda talqon bo‘lmasa ham bu taassurotimni hech kimga aytmadim.
Umuman, tabib qishloqning valine’mati edi. Aynan uning talqonlari tufayli qishloq boshqa qishloqlarga nisbatan osoyishta, ahil-ittifoq va quvnoq; ustiga-ustak, talqon tufayli farovonlashib borardi. Buni qishloqdagilar bozori chaqqon bo‘lib borayotgan tabibning talqoni bilan izohlashardi: keyingi paytda qo‘shni qishloqlardan, hatto shahardan ham tabibning talqoniga mijozlar ko‘paygan, ular endi qoplab talqon olib ketishadigan bo‘lgandi.
Qishloqning asosiy aholisi talqon tayyorlashga jalb qilingan, ular qishloqlaru shaharlardan tushayotgan buyurtmalarni o‘z vaqtida bajarish uchun ham og‘izlariga talqon solgancha boshqa narsaga chalg‘imay ishlashda davom etishardi. Bu esa ishda unumdorlikka olib kelardi.
Qishloqda tabib bilan maslahatlashmasdan, uning duosini olmasdan biror to‘y-ma’raka bo‘lmasdi. Qishloq raisi bo‘ladimi, maktab direktori yoki masjid imomi bo‘ladimi – barchasi birdek, uning huzurida hamisha qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, bir og‘iz maslahatiga mahtal turishardi.
Men qishloqqa kelib, qushlar bilan birga o‘rganganim va guvohi bo‘lganim shu bo‘ldiki, bu qishloqdagilar o‘ta yuvosh, muloyim, kamgap, hatto kunduzlari deyarli gung, faqat o‘z ishlari bilan ovora, mehnatkash, ishchan, intizomli odamlar ekan. Bu gunglikning sababini tezda bilib oldim: ular ertalabdan tabibning talqonini og‘izlariga solib olishar, shu bilan kun uzog‘i shu talqon bilan yuraverishardi. Avvaliga meni ajablantirgan bu holatning tagiga ham tezda yetdim. Talqon ularning ortiqcha va keraksiz valaqlasharga, keraksiz savol-javoblarga vaqt sarflamasliklariga, shu yo‘l bilan barcha noxushliklardan o‘zlarini asrashga vosita ham ekan. Og‘izda talqon bilan yurishning afzal jihatini anglab qolishgandan beri butun qishloq talqonga ruju qo‘ygandi, zero, talqon ham sog‘liklari, ham cho‘ntaklari, ham o‘zaro munosabatlariga koni foyda edi. Og‘izda talqon turganda tiling ham tiyilib turadi, bu esa vaqtingni behuda o‘tkazishdan asraydi, shuningdek, atrofingdagilar bilan munosabatingni bir xil ushlab turadi. Og‘zingda talqon tursa na so‘kinasan, na baqirasan, na ming‘irlab birovning jig‘iga tegasan, o‘zingni ham, boshqalarni ham g‘iybatu fasoddan, keraksiz suhbatu valaqlashdan asraysan. Ustiga-ustak, og‘izda talqon turarkan, oshqozon hamisha bo‘sh bo‘ladi. Oshqozon bo‘sh qolsa, u tanadagi kasalliklarni hazmga aylantira boshlaydi, bu sog‘lom turmushning o‘zi degani.
Talqonning xususiyati haqida xonadoshim ham gapirib bergandi, o‘shanda u rosa to‘qiyapti, quloqqa qoqayapti deb o‘ylagandim. Mana endi bunga o‘zim guvoh bo‘lib, qishloq odamlaridan, xususan, meni ijaraga qo‘ygan uy egasidan eshitib turardim. Darvoqe, qishloqdagilar faqat ertalablari yoxud uyquga yotish oldidan og‘izlaridagi talqonnining erimay qolganini tuflab tashlashar, faqat og‘izlaridan talqon bo‘lmagan paytlardagina bir-birlari bilan gaplashishar, boshqa paytlari yana og‘izlariga talqon solib, har kim o‘zi yumushi bilan ovora bo‘lishardi. Ba’zilar hatto kechalari ham og‘izlariga talqon solib yurishar, shu yo‘l bilan o‘zlarini har xil gap-so‘zlardan, muloqotlardan asrashardi.
«Nima, o‘zlaringiz talqon qilib, iste’mol qilsangiz bo‘lmaydimi, o‘zi bor-yo‘g‘i talqon bo‘lsa, uni tabibdan olishga ne hojat?!» degan savolimga qishloqdagilar ustimdan kulishdi emas, shunday o‘ylash mumkinligidan hayratga tushishdi.
– Siz tabibning talqonni oddiy qotgan nonning tuyilgani deb o‘ylayapsizmi? E, xudo, ishqilib, bu gaplar tabibning qulog‘iga yetib bormasin, tabib hazratlari bundan qanchalar ranjigan bo‘lardi…
Shundan so‘ng menga ma’lum bo‘ldiki, nomi talqon bo‘lgani bilan tabib bir qancha giyohlar qo‘shib, murakkab malham tayyorlar ekan. Ko‘plar talqonni o‘zlari tuyib, iste’mol qilib ko‘ribdi, hatto tabib nomidan sotganlar ham bo‘libdi, ammo og‘izga olishlari bilan bu soxta talqon ekanini bilib qolishibdi. Xullas, hech bir talqon tabibning talqoniga teng kelmas, uning tarkibida nima borligini tabibdan boshqa hech kim bilmas ham ekan. Masalan, oddiy talqon og‘izda bir zumdan erib ketarkan, tabibniki esa ertadan kechgacha og‘izda olib yurish uchun maxsus shiralangan talqon emish. Qolaversa, tabib o‘z talqonining tarkibini oyma-oy mukammallashtirib borar, aytishlaricha, hatto qishloqqa kelib o‘rgangan olimning e’tiroficha, ayni paytda ikki qoshiq talqonning quvvati bir qadoq etning quvvatiga teng ekan. Shuning uchun ham og‘izga solib olib, kun uzog‘i shimib yuriladigan talqon odamni och qoldirishi mumkin emas, aksincha tanani turli vitaminlaru oqsillar bilan to‘yintirib yurarkan.
– Ana endi hisoblab ko‘ring, – dedi uy egasi tabibning talqonini og‘zidan bol tomib maqtarkan. – Bir qadoq etning puliga ellik qoshiq talqon olish mumkin. Qaysi birining salomatlikka foydasi ko‘proq ekanini bir chetga surib turganda ham, cho‘ntakka foydasini tasavvur qilib ko‘ravering. Bir kunda bir odam oziq-ovqatiga sarflaydigan xarajati bilan ikki qoshiq talqonga sarflanadigan talqonning narxini qiyoslasangiz, talqon qishloq odamlariga, umuman, tabibning talqonini tanlaganlarga har jihatdan koni foyda ekanini tasavvur qilayapsizmi? – dedi u kuyunib.
Uy egasining aytishicha, qishloq odamlari topgan-tutganlarini orzu-havaslari uchun yig‘ib qo‘yishar ekan. Talqon bor ekan, qishloq odamlarini narx-navo oshishi, qahatchiligu qimmatchilik bezovta qilmas emish. Ular butun dunyoni vasvasaga solayotgan bu muammolarga og‘izlariga ikki qoshiq talqon solish bilan javob qaytarar ekan.
Men ana shundagina bu qishloq aholisining nega bunchalik xotirjam va o‘ta yuvosh ekanining sababini tushunganday bo‘ldim.
Shundan so‘ng shusiz ham qolib ketayotgan ilmiy ishlarim bilan shug‘ullanishga kirishib ketdim. Kunimni qishloqqa tutash o‘rmondagi qushlarni o‘rganish bilan o‘tkaza boshladim. Bu yer yovvoyi qushlar makoni bo‘lib, hatto fanga hali noma’lum bo‘lgan qushlar ham bor edi. Men kun uzog‘i ular bilan andarmon bo‘lardim. Dastlab ularning sayrashlarini alohida-alohida yozib olib, farqini belgilab chiqishga kirishdim. Qushlar negadir bu o‘rmonda shunday zavq bilan sayrashardiki, bu yerda jannatdagi qushlarning sayrog‘ini eshitish mumkin edi go‘yo. Shu sababli qushlar sayrog‘igi berilib ketib, talqonni ham, tabibni ham xotiramdan faromush qilibman. Buni uy egasidan bilib olardim. Shu kunlarda qushlar bilan bo‘lib, ko‘p yangiliklardan qolib ketibman.
Bir kuni kechqurun uy egasi toki uxlab qolgunimcha tabibni og‘zidan bol tomib maqtab o‘tirdi.
– Bir narsani bilib qo‘y, uka. Bu qishloqda hech bir kishi ishini Talqon amakining duosini olmasdan boshlamaydi ham, tugatmaydi ham. Sen ham hazratning duosini olsang, kam bo‘lmaysan. Aytganday, o‘rmonda Hakim jinnining kulbasi bor. Yana uning gaplariga uchib yurma. U g‘irt jinni. Nima deyotganini o‘zi ham bilmaydi.
– Yo‘q. O‘rmonda hech qanday hujra ko‘rmadim. Hakim jinni kim?! – deb so‘radim undan.
Savolomuz unga qarab tikilib turganimni ko‘rib, afti burishib javob bergandi:
– Hali tanishishga ulgurasan. Qishloqning shunday jinnisi bor. Tabib hazratlari haqida kelgan-ketganga har xil gaplar qilavergach, odamlar uni quvib yuborishdi. Hozir o‘sha sen ish qilayotgan o‘rmonga hujra qurib berishgan. Onda-sonda ko‘zni shamg‘alat qilib qishloqqa ham kelib qoladi.
To‘g‘risini aytsam, uy egasining gapiga uchishimdan xavotirlangan jinni negadir meni qiziqtirib qo‘ydi. Rostda, barcha sog‘lom aql egalariga qarshi gapira oladigan jinni kim ekan? Ich-ichimdan u bilan tanishishni istay boshladim. Tanishuv uzoq kuttirmadi, avvaliga o‘rmonga ketayotganimda, keyin qaytayotganimda qishloq bilan o‘rmon oralig‘idagi yalanglikda tez-tez yurishidan, kiyimlari abgorligidan aqli joyida emasligi ko‘rinib turgan erkakka duch keldim.
– Talqon emas, afyun… hamma uni talqon deb o‘ylaydi…. Afyun u… Ko‘zlaringni ochinglar… Afyun… Uni yesalaring miyalaringga qurt tushadi, – deb baqirardi u.
Keyin bilsam, uzun asosi uchiga qo‘ng‘iroq bog‘lab, yelkasiga to‘rvaxalta osib olgan juldur kiyimdagi yoshi o‘tib qolgan, hamma jinni deb hisoblaydigan bu odam qishloq ko‘chalarida tuyqusdan paydo bo‘lib qolar, ma’nosiga o‘zidan boshqa hech kim tushunmaydigan almoyi-jalmoyi gaplari bilan odamlarning g‘ashiga tegar, hech kimni sizlamas, odamlarning ta’nayu dashnomlariga qaramasdan, tilidagini shartta yuziga aytar, keyin esa qanday paydo bo‘lgan bo‘lsa, shunday yana izsiz g‘oyib bo‘lardi.
Har gal uni uchratganimda etim allanechuk uvishib ketar, boshqalar qatori men ham imkon qadar undan o‘zimni olib qochardim.
Aslida, qishloqdagi boshqalar bilan ham unchalik apoq-chapoq bo‘lib ketolmagandim. O‘zimning begona ekanimni har soniyada his qilib turardim. Garchand qo‘ni-qo‘shni, qishloq odamlari juda odamoxun, xushtabiat bo‘lsada, men ich-ichimdan negadir o‘zimni ularga begona sanardim. Buning sababini o‘zim ham tushuna olmasdim. Men ijarada turgan uy egasi esa nuqul meni koyirdi.
– Hoy, uka, – derdi u samimiy ohangda. – Qachongacha, shunday anavi Hakim jinniga o‘xshab xo‘mrayib yurasan, odamlarga qo‘shilsangchi? Bu qishloqda birov-birovga begona emas. Jumladan, sen ham. Axir, kelganingga ham ancha bo‘ldi. Qachon Talqon tabibning talqonini tatib ko‘rasan.
Uning gaplari rost edi. Kelganimga qariyb uch oy bo‘lsada, odamlarga kirishib keta olmagandim. Har kuni o‘rmondagi qushlar in qurgan ulkan daraxtlar o‘sgan baland tepalikka borar, kun uzog‘i qushlar ustida tajriba o‘tkazar, kuzatishlarni kundalikka tushirib, so‘ngra kech tushgach horg‘in holda qaytardim. Yakshanba kunlari bir oz kechroq turishimni hisobga olmaganda, har kun deyarli shu hol takrorlanardi. Ishga otlanayotganimda soat millari o‘n beshta kam oltini ko‘rsatar, qaytganimda bo‘lsa kech sakkiz yarim bo‘lardi. Shuning uchun uy egasi xotiniga: “– Ana, ketayapti. Demak, vaqt bomdodga yaqinlashgan», – derdi.
Yoki aksincha: “– Ana, amaking ishdan qaytibdi, shu paytgacha qayerlarda yuribsan kech bo‘lganda?» – deb o‘g‘lini koyirdi.
Ba’zan hali tong yorishmasdan qushlar makon tutgan baland tepalik sari yo‘l olardim. Bomdod payti qushlar sayrashga tushar, kechqurun shomda ham shu hol takrorlanardi. Meni qiziqtirgani qushlarning aynan erta tong va shom payti sayrashi emasdi. Garchand, bomdod va shom payti yaqinlasha boshlashi bilan qushlar xuddi kelishib olganday birdan sayrashga tushishar, ma’lum muddatdan so‘ng esa ular birdan to‘xtashardi. Buning sababi ham menga qorong‘i edi. Yana bir narsa bor ediki, avvaliga qanchalik ajablantirmasin, buning, albatta, tagiga yetishga qaror qilgandim. Nega qushlar bir joyda yonman-yon o‘sgan bir to‘p daraxt ustida sayrashmaydi?! Shu savolga javob topish ilinjida kechasi bilan qushlarning bu g‘ayriodatiy holi haqida biror nima topish ilinjida tinmay internet titkilar, biroq har qancha urinmayin, harakatlarim samarasiz ketar, sahar payti yana shoshilib o‘rmon tomon yo‘l olardim.
Shunday kunlarning birida yana Hakim jinniga duch keldim. Tushlikdan so‘ng daryo bo‘yidan kelsam, u qushlar sayrayotgan daraxtlar tagida o‘tirgan ekan. Aftidan, odamlar bergan non, meva-cheva bilan tushlik qilib, qornini to‘ydirgan edi. Hamisha takrorlab yuradigan «ilonning dumi kesik» deydigan gapini bu gal negadir aytmadi.
– Hoy, bola, – dedi u menga yuzlanib, nega meni bola deb chaqirdi, haligacha tushuna olmayman. U ikkita sadaqayrog‘ochni ko‘rsatib:
– Anavi daraxtlarning tagida o‘tirma, u yerda jinlar bor. Bexosiyat joy, – dedi.
Men bosh irg‘ab nari ketdim. Hakimning ko‘rinishi men bilan gaplashadigan holatda emasdi.
Uy egasi esa har kuni Talqon tabib haqidagi yangiliklarni hikoya qilib berishdan erinmasdi: «Hoy ukaginam, eshitdingizmi? Talqon tabib qo‘shni shahardan kelgan falon kasalni tuzatib yuboribdi», «E, bu gaplardan bexabar qolibsizda. uka, Talqon tabibning oldiga bugun pismadoncha odam keldi. Ko‘p yil dardiga davo topa olmagan ekan, dardi yengil bo‘lganidan o‘zini qo‘yarga joy topa olmay, minnatdorlik bildirgani kelibdi. Talqoni yegan odam hatto ochligini ham unutadi. Kun uzog‘i kayfiyati chog‘ yuradi».
Faqat bu emas, bolalarining u yer-bu yeri og‘rib qolsa ham darrov:
– Talqon amakingga bor, bir ko‘rib qo‘ysin, otdek bo‘lasan-qo‘yasan, – derdi.
Uy egasigina emas, balki butun qishloq, hatto qo‘shni tumandagilar, shahardan keladiganlar ham Talqon tabibni hamma kasalliklarni davolay oladigan mo‘jizakor ko‘chga ega sehrgar deb hisoblashardi.
Odatda qishloqdagilar bir-birlarini imo-ishoradan anglar, ortiqcha tushuntirish, gap-so‘zlarga o‘rin qolmasdi. Faqat Hakim jinnigina bu qoidalariga rioya qilmas, barchaga o‘z fikrini baland ovozda tushuntirishga urinar, biroq hech kim uning gaplariga quloq solmasdi.
Qishloqda faqat Hakim jinnigina tabibni yoqtirmasdi. Yana bir gal qishloqdan chiqib, tepalik tomon yo‘l olganimda, yo‘limda Hakim jinni paydo bo‘ldi.
– Ilonning dumi kesik, ilonning dumi kesik…sadaqa ber….
Men qo‘limdagi yelim xaltamni kovlab, tushlikka deb olgan kichik kulchadan birini olib unga uzatdim. U nonni ola turib, birdan sergak torti:
– Tag‘in Talqon tabibnikiga borib yurma. Talqoni iblisning yemishi…
Men uning gaplariga parvo ham qilmadim. Chunki Talqon tabibnikiga borish niyatim bo‘lmagan. Qolaversa, bu esi kirdi-chiqdi odamning gapiga ko‘p ham e’tibor berish shartmasligini allaqachon tushunib yetgandim.
Nima bo‘ldiyu, yoz kunlarining birida tomog‘im qattiq shamollab qoldi. Biroz isitmam ham ko‘tarilgandek bo‘ldi. Ishga ketish oldi dorixonadan shamollashga qarshi dori olishga qaror qilgandim, uy egasi meni bu fikrimdan qaytardi.
– E uka, nima qilasiz doriga ishonib? Ana Talqon amakining oldiga boring, bir ko‘rib qo‘ysin. Otdek bo‘lasiz, – qo‘yasiz. Dorining turgan bitgani ziyonku, uniki esa tabiiy. Talqon tabib oddiy tabib emas. Uning yetti pushti tabib o‘tgan. Otasi ham odamlarni talqon bilan davolagan ekan.
Garchand ikkilanayotgan bo‘lsamda, Hakim jinnining gaplari hamon qulog‘im tagida jaranglab tursada, yo‘l-yo‘lakay Talqon amakining oldiga kirishga qaror qildim. Odatda, odam gavjum bo‘ladigan hovli bugun ancha siyraklashib qolgandi, hovliga kirib borishim bilan, o‘g‘li yugurib oldimga kelib, qo‘sh qo‘llab ko‘rishgancha ichkariga boshladi.
Talqon amaki bilan hol-ahvol so‘rashib bo‘lgach, u birpas qo‘limning tomirini ushlab turdida:
– Hm-m, ichaklaringizda ham shamollash bor ekanku, uka. O‘t pufagingiz ham, – dedi.
Men: «Yo‘q, mening tomog‘im og‘riyapti, shunga kelgandim», – demoqchi bo‘lib endi og‘iz juftlagandim, tabib og‘zimga urgandek bo‘ldi:
– Ichak va o‘t pufagingiz shamollagani nafas yo‘lingizga ham bergan. Shunga tomog‘ingiz achishganday bo‘lib, qichishib og‘riyotganday tuyulayotgandir? Endi bir hafta manavi talqonni kuniga ikki mahal ko‘rsatilgan vaqtda shimib yurasiz, keyin yana bir oldimga kelasiz, – deb chiqarib yubordi.
Oldiga kirayotganimda anchayin gumon bo‘lgan bo‘lsada, chiqqanimdan keyin uning karomatgo‘yligiga tan bergandim. Xuddi ichimdagini uqqanday, shu talqonni vaqtida shimisam tez orada tuzalib ketadiganday edim.
Qishloq chetidagi qushlar makon tutgan tepalikka borib, tabib aytganday talqondan og‘zimga soldim. Talqon tomog‘imdan eriguncha, bir zum atrofga nazar soldim. Quyosh ufqdan ko‘tarilib kelar, tog‘ tomondan mayin shabada esa boshlagandi. Daraxtdagi qushlar chug‘urlashdan to‘xtagan, ko‘pchiligi bo‘lsa yegulik izlab, dala tomon uchib ketganga o‘xshardi.
Men og‘zimda talqon bilan, qushlar borasidagi kuzatishimlarimni qog‘ozga tushira boshladim.
Tushga yaqin tomog‘imda talqon qolmagach, go‘yo og‘riq ham o‘z-o‘zidan o‘tib ketgandek, o‘zimni ancha yaxshi his qila boshladim. Tabibning mo‘jizakor talqoniga men ham tan berdim. Nimaiki ishga qo‘l urmay, ko‘z oldimda tabibning muloyim, jilmayib turgan nuroniy chehrasi namoyon bo‘laverdi. «Hakim jinnining hamma gaplari noto‘g‘ri. Talqon tabib juda ham karomatgo‘y ekan», degan qat’iy fikrga keldim.
Ertasiga tushgacha yozuvlar bilan ovora bo‘lib, vaqt o‘tganini bilmay qolibman. Qon yurishishi uchun o‘zimcha jismoniy mashqlar qilgan bo‘ldim, keyin esa yuvinib olish uchun tepalik pastidagi daryo tomon yo‘l oldim. Tomog‘imda og‘riq paydo bo‘lgandan buyon cho‘milmay qo‘ygandim. Daryo bo‘yiga kelib, birdan cho‘milgim kelib ketdi. Shartta ust-boshimni yechib, o‘zimni suvga otdim. Tanim suvda yayrar ekan, tomog‘im og‘rig‘ini ham unutdim. Go‘yo Talqon tabibning talqoni sehrliyu, bir nafasda o‘z mo‘jizasini namoyon etgandek edi.
Daryo bo‘yida qancha qolib ketganimni bilmayman, har holda quyoshning shashti qaytib, kun peshindan og‘a boshlagan edi. Biroz uyqu bosayotganini hisobga olmaganda, o‘zimni ancha tetik his etardim. Talqon tabibning talqoni foyda qilganidan ko‘nglim shod edi. Har gal ko‘z oldimda chehrasi namoyon bo‘lar ekan, men ham sekin jilmayib qo‘yardim.
Tepalikka ham xush kayfiyatda ko‘tarildim. Biroq doim qushlar sayraydigan daraxt tagiga qo‘yilgan eski yog‘och so‘ri ustidagi manzara kayfiyatimni xira qildi. Tabib bir haftalikka deb bergan talqon so‘rida sochilib yotar, talqon solingan qog‘oz o‘ramini qushlar cho‘qilayverib, ilma teshik qilib tashlagandi. Qog‘oz o‘ramining eng oxiridagi bir siqimni hisobga olmaganda, talqondan umid qilmasa ham bo‘lardi.
Men kelishim bilan talqon talashib chug‘urshalayotgan qushlar birdan gur etib havoga ko‘tarildi. Qog‘oz o‘ramining tagidagini noiloj cho‘ntagimga soldimda, so‘ri ustida sochilib yotgan talqon uvoqlarini latta bilan artib, o‘t o‘lanlar ustiga sochib tashladim. Tabibning talqoni bugun va ertaga ertalabga yetardi, xolos. Aytilgan muddat o‘tmasdan yana talqon so‘rab borsam, qandoq bo‘lar ekan degan andisha bor edi ko‘nglimda.
Kech tushguncha yana o‘z ishim bilan band bo‘ldimda, shom qoraymasdan, uy tomonga yo‘l oldim. Tezroq borib uy egasiga vaziyatni tushuntirib, undan maslahat olish niyatida edim.
Quyosh xuddi yonayotgan shar kabi ufqqa og‘ib borardi. Ufqning alvon rangi ertangi kunning issiq bo‘lishidan dalolat berardi. Agar rassom bo‘lganimda, ehtimol, mana shu manzarani tasvirlagan bo‘lardim. Bu holni ko‘p bor kuzatgandim. Quyosh to ufqqa og‘gunga qadar vaqt juda sekinlik bilan o‘tayotgandek tuyuladi, ufqqa bosh qo‘yishi hamon vaqt yana o‘z otini qamchilaydi go‘yo. Nima bo‘lganda ham yarim botib, yarim chiqib, qizarib turgan quyoshga tikilish odamni to‘lqinlantirib yuborardi. «Balki bu ham Talqon tabibning karomati tufaylidir», degan o‘y kechdi ko‘nglimdan.
Hademay, atrofga tun o‘z ko‘lankasini tashlaydi. Suv yuziga qalqib chiqqan olmalar kabi, tun ko‘ksida asta-sekin yulduzlar shu’la sochib, hilol yuz ko‘rsatgunga qadar atrofga shom hukmronlik qiladi.
Daqiqa sayin shom quyuqlashib borardi. Ko‘kda o‘chayotgan qushlar qay bir oshyonga shoshilishar, qishloq chetidagi hovlining ko‘chalariga suv sepilgan, itlarning hurgani, sigirlarning mo‘ragani, bolalarning qiyqirig‘i eshitilib turardi. O‘zimdagi bunday ko‘tarinkilik sababini talqon ta’siri bo‘lsa kerak degan xulosaga kelgandim.
Uy egasi kelmagan ekan. O‘g‘li otam qayergadir ketgan, bugun balki kelmasa kerak dedi. Men qolgan talqon bilan kifoyalanib, har doimgiday yuvinib ovqatanishga o‘tirdimda, yana xonamga kirib, internetni titkilay boshladim.
Ertasi kuni g‘ira-shira tong chog‘i uyg‘onib o‘rmon tomon yo‘l oldim. Qushlar aynan qay paytdan sayray boshlashining aniq vaqtini qog‘ozga tushirib qo‘yishga qaror kilgandim. Tepalikka yetib borganimda vaqt bomdodga yaqinlashib qolgandi. Yuqoriga ko‘tarilishim bilan xuddi meni kutib turgandek, qushlar sayrashga tushdi. Tongning bu paytida ularning bunday sayrog‘ini tinglash juda maroqli edi. Ammo meni hayratga solgan narsa shu bo‘ldiki, qushlar sayrog‘i avvalgiday baland va xilma-xil emasdi. Men ajablangan ko‘yi qushlarni kuzata boshladim. Shunda ko‘zim daraxtlarga shunchaki qo‘nib turgan qushlarga tushdi. Ular sayramasdi. Bundan butkul hayratga tushdim. Shunda birdan kecha mening talqonimni cho‘qilab tashlagan qushlarni tanib qoldim. Eng g‘aroyibi, aynan o‘sha qushlar galasi sayramasdan boshqa daraxtga qo‘nib, jim turishardi.
Men kundalik daftarimga bu holatni shu kunning qaydi bilan muhrladim. Qushlar borasidagi kuzatishlarimni soat va daqiqalarigacha aniq qilib yozishga o‘rgangandim. Ehtimol, bu keyinchalik asqotib qolar degan ilinjda hech bir narsani e’tibordan chetda qoldirmaslikka harakat qilardim.
Kechqurun uyga kelib, yana qushlar haqida ma’lumotlarni titkilash bilan ovora bo‘ldim. Hatto o‘rnimga ham o‘tmay, o‘tirgan joyimda uxlab qolgan ekanman, ertasi kuni ertalab uy egasining ovozidan uyg‘onib ketdim. Choy ham ichmasdan, apil-tapil yana o‘rmonga otlandim. Qishloq chetidagi masjid tomondan azon ovozi yangrab turardi. Kechagidan biroz kech bo‘lsada, qushlarning sayrog‘ini kuzatish uchun hali vaqt yetarli edi. Qog‘oz qalamni olib, atrofga quloq tutdim. Shunda birdan har ikkala to‘p daraxtdagi qushlar umuman sayramayotgani meni hayratga soldi. Bunga ishongim kelmasdi. Chunki bu paytda odatda qushlar tinmay sayrardi. Bugun esa ular xuddi motam tutgandek, jimgina, xo‘mrayib o‘tirishardi. Ilgarilari bomdod payti gala bo‘lib sayragan qushlar bomdod o‘tgach, sayrashdan to‘xtar, biroq bitta-yarimtasi don izlab yoki boshqa sabab bilan chug‘irlashib turardi. Bugun to quyosh tikkaga kelguncha ham ularning hech biridan sado chiqmadi. Qushlardagi bu g‘ayriodatiy o‘zgarishlarga javob topish ilinjida kechgacha tepalikdan nari ketmadim. Cho‘milishni ham yig‘ishtirib qo‘ydim. Agar ketadigan bo‘lsam, nimadir muhim narsa yuz beradiyu, undan bexabar qolib ketadigandek edim.
Ertasi, indini va bir hafta davomida shu holat takrorlandi. Qushlar endi shomda ham, bomdodda ham, boshqa paytlari ham butunlay sayramay qo‘yishgandi. Ilgargi tirik qushlar allaqayoqlarga o‘chib ketganu, kimdir ularning o‘rniga qo‘lda yasalgan, sun’iy qushlarni olib kelib, qo‘yib ketgandek edi.
So‘nggi kunlarda menda qushlar kasallikka chalindimikin degan shubha paydo bo‘ldi. Kasbim taqozosidan izlanishlar olib borayotgan bo‘lsamda, ularning bu holati menga butkul tushuniksiz edi. Hech bir adabiyot, ilmiy kitoblarda bu kabi vaziyatlar haqida fikr yuritilmagandi. Shunday bo‘lsada, kechqurin bu borada ilmiy rahbarim bilan bafurja gaplashib olishga qaror qildim.
Kechki payt telefonda vaziyatni ilmiy rahbarimga yaxshilib tushuntirdim. U indamay hamma gapni eshitib bo‘lgach, «juda g‘alatiku», dedida, kuzatishda davom etishini, har kungi kuzatishimni pochta orqali yozib turishimni tayinladi.
Rahbar haq edi. Nima bo‘lganda ham kuzatishda davom etishim kerak. Odatda bunday ishlarda shoshilish yaramaydi. Kerak bo‘lsa oylab, yillab, hatto o‘n yillab kuzatish mumkin. Shundagina biror natijaga erishiladi.
Qushlardagi g‘ayriodatiy holat meni butkul tashavishga solib qo‘ygan bo‘lsada, kuzatishda yana davom etishga qaror qildim. Axir rahbarim aytgandek, hech bir natijasizlikdan ham oxir-oqibat natija chiqishi tayin.
Tuni bilan internet titkilab, hech bir savolimga javob topolmay, erta tongda uyqusirab, xunobim oshib hovliga chiqdim, sal narida ko‘chadan Hakim jinni o‘tib borardi:
– Ilonning dumi kesik…
Birdan xayolimga kelgan fikrdan o‘zim ham qo‘rqib ketdim. Xayolimda birdan Hakim jinnining so‘zlari jarangladi: «Tag‘in Talqon tabibnikiga borib yurma. Talqoni iblisning yemishi».
«Nahotki, hammasiga shu talqon sababchi bo‘lsa? Axir, shuncha odam shifo topganku? Qushlarga boshqacha ta’sir qilganmikin? Odamlar shifo topgan narsa, qushlarga salbiy ta’sir qilishi mumkinmi?» Ichimdagi g‘ashlik sira tinchlik bermas, o‘zimni qo‘yarga joy topolmasdim. Shunda uy egasi yelim xaltada talqon bilan xonamga kirib kelib qoldi.
– Qarasam, bir-ikki kundan buyon kayfiyatingiz yo‘q. Hoynahoy, talqoningiz tomom bo‘lgan bo‘lsa kerak, – dedi u har doimgi chapani tabiati bilan.
Elim xaltani qo‘limga tutqazdi.
– Mana, siz uchun olib keldim. Qani, og‘zingizga bir chimdim talqondan tashlangchi, qanaqa bo‘lar ekan.
Uy egasining sazasi o‘lmasin deb, talqondan og‘zimga soldim. Odamlar aytganicha bor, shekilli, bir zumda tashvishlarimni unutdim. Yuzimga qon yugurganday bo‘lib, minnatdor jilmaydim.
– Mana, bor ekansizku. Sizga necha marta aytdim, og‘zingizdan talqonni aritmang, har doim kayfiyatingiz chog‘ bo‘ladi deb.
Shunday deb o‘zi ham bir yutim talqonni og‘ziga tashlab, shahdam qadamlar bilan chiqib ketdi.
Ertasi erta tongda qo‘shni xonadon tomondan yig‘i-sig‘i ovozidan uyg‘onib ketdim. Yuzimni yuvib, tashqariga chiqsam, uy egasi hovlida u yoqdan-bu yoqqa yurgancha papiros tutatib turgan ekan. Savol nazari bilan unga tikilib turganimni ko‘rib, boshini sarak-sarak qilib:
– Talqon amakining o‘g‘lidan ayrilib qolibmiz, – dedi.
– Talqon amakining o‘g‘lidan?!! – Quloqlarimga ishongim kelmasdi. – Tuppa-tuzuk yurgandiku?
– Ha, butun qishloq hayron. O‘zi birgina o‘g‘il edi…
U gapini tugatmay, tanish qo‘ng‘iroq ovozi keldi va tuyqus darvoz oldida Hakim jinni paydo bo‘ldi.
– Otasining kasofati o‘g‘liga urdi. Hali uning kasofati butun qishloqqa uradi…
Uy egasining ensasi qotdi.
– O‘zi sen yetmay turganding. Aljirama, esi past. Daf bo‘l bu yerdan. Tag‘in Talqon tabib eshitib qolmasin.
Hozirgi holatda aftoda kiyimi, uzun asosi, to‘rvaxaltasini aytamasa, Hakimning gaplari binoyidek biyron-biyron, ilgargidek gaplari poyintar-soyintar emas, xuddi sog‘ odamniki kabi dona-dona edi.
– U o‘z joniga qasd qildi. Bilasanmi nima uchun? Otasi tayyorlagan talqon iblisning yemishi, iblisning yemishi… Bu talqon hammani ado qiladi.
Uy egasining rosmana jahli chiqdi.
– Ket bu yerdan, jinni.
– Oldin bir nabirasi soqov tug‘ilgandi. Ikkinchi nabirasi esa og‘izsiz tug‘ilib, bir kun ham yashamadi. Menga ishonmasang, ana kelinidan so‘ra. O‘g‘li bekorga o‘z joniga qasd qilgani yo‘q. Omborxonada o‘zini osgan. Haa, o‘zini osgan.
– E, bo‘ldi qil-e! Bor, daf bo‘l bu yerdan.
Uy egasi shunday deb, darvozani yopib qo‘ydi.
Hakim jinni bu yerdan uzoqlashar ekan, har doimgidek yana asl holiga qaytdi.
– Iblis malhami u . Iblis malhami u. Ichmanglar… Ilonning dumi kesik….
Uy egasi mening xomush bo‘lib qolganimni ko‘rib, o‘zicha ovutishga harakat qildi:
– Uning gaplariga parvo qilma, uka. Bilasan, u bir jinni. Og‘ziga kelganini gapiraveradi.
– Nabirasi haqida aytgan gaplarichi? U ham yolg‘onmi? – dedim, sabrim chidamay.
U boshini sarak-sarak qildi.
– Bu gaplarga ishonmayman. Bari bekor gap. Agar og‘izsiz tug‘ilganda hamchi, Talqon tabibning talqoni, albatta, shifo bo‘lardi. Biroq kelinni kimdir yo‘ldan urgani aniq. Nimadir sabab bo‘lib, eri bilan aytishib qolibdi. Bu kecha bo‘lgan ekan. O‘g‘li esa lom-mim deb javob qaytarmabdi. Sahar payti esa bu ko‘rgilik yuz bergan.
To‘satdan go‘yo ichimda nimadir uzilib ketandek tuyuldi. Men birdan anchadan buyon o‘ylantirib yurgan savollarimga javob topganday bo‘ldim. O‘zim tajriba o‘tkazayotgan qushlar fe’li nega birdan o‘zgarib qolgani va oxir-oqibat butkul sayramay qo‘yganiga javob topganday edim. Hammasi o‘sha voqeadan keyin, men o‘rmonga talqon olib borib, uni qushlar talashib yegandan keyin boshlanganiga hech shubha qolmagandi. Talqon yeganlari esa sayrashdan qolgan. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas edi, chamamda.
Uy egasining:
– Talqon amakiniga birga chiqamiz, – deganiga qaramasdan shosha-pisha o‘rmonga otlandim. Xayolimda har xil savollar g‘ujg‘on o‘ynardi. Qushlar yana asl holiga qaytisharmikin? Bunga qancha vaqt zarur ekan? Balki ularni emlatish darkordir?
Tepalikka yetib kelganimda atrofda o‘lik bir sukunat hukmronlik qilardi. Uzoqlardan eshitilib turadigan daryo ovozi ham tinib, har kuni shu paytlari esib turadigan shabada ham to‘xtab qolgandek edi go‘yo. Sayramasa ham u yer-bu yerda, daraxtga qo‘ngancha ma’yus o‘tiradigan qushlardan darak ham ko‘rinmas, nimadir yuz berganu, bu yerlarni butunlay tark etgandek, hamma yoqda jim jitlik hukmronlik qilar, hali yoz bo‘lishiga qaramay, daraxtlar ham yaproqlarini to‘kib, so‘ppayib qolgandek, osmonni esa g‘ayritabiiy ravishda qora bulut qoplay boshlagandi.
Tepalik tomon yurayotib, oyog‘imda nimanidir bosib oldim. Nima ekan deb, egilgach, o‘lik qushning tanasiga ko‘zim tushdi. Birdan hushyor tortib, atrofga olazarak qaray boshladim. Hamma yoqda o‘t-o‘lanlar orasida o‘lik qushlar tanasi sochilib yotardi. Ilgarilari har doim daraxtni to‘ldirib, tinmay chug‘urlashgan, faqat so‘nggi paytlarda sayrashdan qolgan qushlar, jonsiz suratga kirgan, go‘yo bir kechada qaydandir qiron kelganu, qushlarning hammasi bu falokatdan omon qolmagandek.
Birdan o‘rmon ko‘zimga fayzsiz, qushlar o‘ligiga to‘la mozordek sovuq ko‘rinib ketdi. Bu yerda turishimga ortiq hojat qolmagandi. Hamma izlanishlarim, urinishlarim, vaqtim besamar ketgandi. Shitob bilan ortga, qishloqqa qaytdim. Yo‘l-yo‘lakay imkon qadar ortga qaramaslikka harakat qildim. Ortga qarasam, xuddi o‘lik qushlarga jon kirib, bo‘rondek uchib kelib, yuzimga uriladigandek tuyuldi. Aksiga olib qarshimdan Hakim jinni chiqib koldi.
– Hoy, bola, – dedi u har doimgidek tomdan tarasha tushgandek. – Ket bu yerdan. Uzoqlarga ket. Bu qishloqqa iblis in qurgan. U odamlarga o‘z talqonini tarqatayapti.
Bir zum uning gaplariga angrayib turdimda, yana yo‘limda davom etdim. Qishloq chetida Talqon tabib uyi oldida erkaklar to‘planib, nimagadir tayyorgarlik ko‘rishar, ichkaridan esa ayollarning yig‘i-sig‘i ovozi kelardi. Men odamlar ko‘ziga ko‘rinmaslik uchun uyning orqa tomoni bilan yurdimda, tez orada ijara uyga yetib oldim.
Birdan ko‘z oldim qorong‘ilashib ketdi, bir muddat karaxt holatda nima qilishimni bilmay turib qoldim. Bir tomondan tobora talqonning xumori tutardi. Jon-jahdim bilan yelim xaltadagi talqondan tezroq totgim, yuragimni g‘ijimlab kelayotgan g‘amu tashvishni tezroq unutgim kelar, ikkinchi tomondan keyin nima bo‘ladi, degan xavotir bor edi.
Oldimda ikki yo‘l qolgandi. Yo hozir apil-tapil narsalarimni yig‘ishtiramanu, jamodonni ko‘tarib, ko‘chaga otilib, katta yo‘l tomon shoshilaman. Bugun dam olish kuni, katta yo‘lda mashinalar ko‘p bo‘ladi. Omadim chopsa, tushdan so‘ng shaharga yetib olaman. Qaytib bu yerlarga qadamimni bosmayman. Yoki Talqon tabibning talqonidan og‘zimga tashlaymanu, bu mashmashalarni tezroq unutib, qishloqdagi Hakim jinnidan boshqa hamma qatori talqonli hayotga qaytaman.
Bir qarorga kelolmay beixtiyor, og‘zimga talqondan tashladimda, ko‘cha tomon odimladim. Uy orqasiga o‘tib, qishloq chekkasidagi tepalik tomon beixtiyor ko‘z tashladim. Tepalikdagi daraxtlar xuddi kimsasiz, mung‘ayib qolgandek, osmonda esa qora bulut tobora quyuqlasha boshlagan, qayoqdandir uchib kelgan qarg‘alar galasi qishloq tepasida tinmay aylanar, asta-sekin talqon o‘z ta’sirini ko‘rsata boshlagan, labimga tabassum yugura boshlagan, yana ortga qayta turib, ko‘zlarimni esa shirin bir uyqu bosib kelar ekan o‘zi ko‘rinmasa ham qaysidir ko‘chadan Hakim jinning ovozi elas-elas eshitilayotgandek edi.
– Ilonning dumi kesik, ilonning dumi kesik…
«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 6-son