Isajon Sulton. Qoraqush yulduzining siri (hikoya)

Yomg‘irli, loy kun edi. Qashqarning Sajiya va Hamidiya madrasalari qarshisida hunarmandlar, bo‘zchilar, mokichilar, taqachilar yig‘ilishgan, kimdir boshiga bir savat patir ko‘tarib tirikchilik vajhi sotishga yo‘l olgan, boshqasi rutubatdan namlangan arpa to‘la qoplar oldida o‘tirar, ot mingan yoki yayov, nayza-yu qilich tutgan erlar to‘p-to‘p bo‘lib, loy sachratib u yoqdan-bu yoqqa o‘tishardi.

– Hoy Ergash, arpangni ko‘tar, joningni qutqar!
– Nima bo‘pti?
– Huseyn Tegin boshliq shahzodalar zaharlanibdi!
– Yo‘g‘-e?

Hunarmandlar shosha-pisha mollarini yig‘ishtirib madrasa kunjagidagi uychalarga berkita boshlashdi. Bir qismi esa shu yaqinlardagi xon ko‘shki tomon yo‘l olishdi.

– Hoy, borib nima qilasan? O‘zing bir hunarmand bo‘lsang, saroy bilan ne ishing bor?
– Kim o‘ldiribdi?
– Yog‘on Teginning xotinlaridan biri Hanisi o‘g‘li Ibrohimni taxtga ko‘tarmoq uchun shoh o‘g‘illarini zaharlabdi.
– Ammo shahzodalar ham Yog‘on Teginning nevaralari-ku?
– Endi qirg‘in bo‘lishi tayin…
– Husayn Teginning bir o‘g‘li boriydi, tolibi ilm, u tirikmikin?
– Tirik, ammo Qashqardan qochibdi. Yo‘qsa tutib uni ham o‘ldirurlardi.
– Ulton Yog‘on Teginning o‘g‘li Husayn Tegin asli Barsg‘orning hukmdori, adolatli, yaxshi kishi edi. Qoraxoniylar sulolasidan, nasli toza. Yog‘on Tegin qarilikni bo‘yniga olib saltanatni unga topshirg‘oni uchun Hanisi xotunning qahri kelmish, nechuk bolam o‘g‘ling emas esa, seni bolalaring ham menga o‘g‘il emasdir deya zaharlamishdir.
– Hay el, voy el! – dedi arpa sotayotgan kishi, qoplarini ko‘tarishga chog‘lanib. Keyin xulosa yasadi: – Taxtga kim kelsa kelabermaydimi? Har kungi bitta yupqang o‘sha-o‘sha. Birov ikkita berib qo‘yarmidi?
– Taxt talashib qon to‘kib, odamlarga masxara bo‘lg‘ach, el izzat qilarmidi?
– Yasaga ko‘ra taxtga xon o‘g‘li o‘tiradur. Senu biz qorasuyak, ishingni qilabermaysanmi? U xon keladimi, bu xonmi, bariga keraksan, hunarli odamsiz saltanat yurarmidi?
– Ana bu gaping tuvri…

1057-yilning sunbula oyida Qashqarda shunday qotillik ro‘y berdi. Hoqon Husayn Tegin va o‘g‘illari zaharlanib o‘ldirilgach, o‘g‘li Mahmud onasi Bibi Robiya va singillarini shunda qoldirib, o‘z yurtini tark etishga majbur bo‘ldi. Chunki tomirida xon qoni oqqan barchani o‘ldirishga farmon berilgan edi.

O‘n birinchi asrda Bolosog‘un turkiylari shu qismatni boshdan kechirishdi. Qochib ketgan eran – Yog‘on Teginning fahmu farosatli nevarasi hayot osmoniga uyur-uyur halokat bulutlari yopirildi.

Bolosog‘un Hanisi xotun o‘g‘illari orasida jangu jadal va araz-tirsiqlar aro taqsimlanar ekan, xon o‘g‘li o‘z tuproqlaridan olis ellar tomon bosh olib ketdi.

Oradan ikki yil o‘tgach, uning yonida sheriklaridan biron kimsa qolmadi. Uzoq safarini yolg‘iz o‘zi davom ettirdi.

* * *

Yoyloqda qo‘y-qo‘zilar o‘tlab yurar, Tengritog‘ muzliklaridan esgan muzday shabada o‘z qatida archa bujuri-yu isiriq islarini olib kelardi.

– Yaxshi ish ekan, – dedi o‘g‘illari bilan o‘tloqqa to‘shalgan po‘stakda o‘tirgan qo‘noq egasi, shabadaga betini tutib, olimning so‘zlarini diqqat bilan tinglab. – U bitikka bizning otimizni ham yozib qo‘yasizmi? Evaziga ikki qo‘zi beraman.

Umri dashtu yaylovda o‘tgan, o‘qish-yozishni bilmaydigan bu barvasta kishiga kitob ulug‘ mo‘jiza bo‘lib ko‘rinar, nomi asar qatlarida qolishini juda-juda istar edi.
Mahmud uning sodda-samimiyligidan kulimsiradi.

– Albatta yozib qo‘yaman, – dedi.

– O‘g‘lim maktab borgan, o‘qish-yozishni biladi, – dedi u kishi. – Arabchani ham bir oz o‘rgangan. Faqat, uzoqligi uchun qatnashni bas qildi.

– Haqiqatan ham, tongda yo‘lga chiqsam, kun nayzaga kelganida yetib borardim, – qo‘shimcha qildi o‘smir. – Ayniqsa qishda kun tor, shoqolu qurt* telim**, bormay qo‘yaqoldim.

– Til o‘rganishga qiynalmadingizmi? – deb so‘radi olim undan.

– Aslo yo‘q, – dedi yigitcha. – Faqat, bizning tildan farq qilib, o‘z-o‘zidan tug‘ar ekan. Shuni tushunib olganimdan keyin oson kechdi.

– Arabcha ich-ichidan ochiladigan gulga o‘xshaydi, – dedi Mahmud. – Bir novdada sakkiz atirgul ochilishini yoki bitta shoxda sakkiz xil olma yetilishini tasavvur qiling.

– Uni qo‘yaturing, menga ham bir oz tushuntirsangiz-chi, – dedi qo‘noq egasi. – Men bilimlardan yiroq odamman. Bilganim qo‘y-qo‘zi, ot-yilqi, xolos. Kishi aqli yetmaydigan ishlarni qilib yuradigan odamlarni yoqtiraman.

– Til xalqning fe’l-atvorini namoyon qiladi, – dedi olim. – Boshqa bir qancha tillarga o‘xshab, arabiy ham avvalo qilgan harakatini ifodalaydi, masalan, “Men keldim” deganidan keyin, kelgan joyining sifatini aytadi, “Falon joy edi” deydi. Bizlar esa “Men falon yerga falon ahvolda keldim” deymiz.

– Hech tushunmadim, – dedi qo‘noq egasi.

– Cherik misolida tushuntiraymi? – dedi Mahmud. – Arab “Cherik keldi oshu ozig‘i bilan” deb aytadi, ya’ni avval cherik kelganini, so‘ng oshu ozig‘i ham borligini aytadi. Bizlar esa “Cherik osh-ozig‘i bilan keldi” deya hammasini birdaniga bildirib qo‘ya qolamiz. Lo‘ndalikni ko‘ryapsizmi?

– Tavba, o‘zimizcha har narsalarni so‘ylashib yuraveramiz-u, o‘ylab ko‘rmaganimizni qarang, – dedi qo‘noq egasi, hayron bo‘lib.

– Ha, – dedi Mahmud. – Til xuddi joni borday chiyriladi, quvlaydi, qochadi, ma’nolarini ko‘z-ko‘z qilib yashirinib ham oladi, yaylovlarga, o‘tloqlarga, uylarga yetaklaydi. Men o‘z tilimizda haligacha uzun jumlalarni ko‘rmadim. Sababi yashash tarzida, deb aytdim-ku? Yaylovlarda qo‘y-qo‘zi boqayotgan, yer ishlayotgan yoki jangga kirgan odamga uzun so‘z ne hojat?

– Bizda so‘z fe’ldan yasalib ketaveradi, – dedi keyin. – Misol, “ko‘ch” so‘zini oling. “Ko‘chmoq” xaylini beradi. Ko‘chgan odamga “ko‘chmanchi” deydilar, ko‘chayotganni “ko‘ch etdi” deydilar, “ko‘cha” degan so‘z ko‘chiladigan vositani anglatadi, “ko‘choq” – ko‘ch yeri. Qarang, birgina so‘zdan shuncha so‘zni o‘rganib oldik. Yoki to‘shni aytaylik. Odamning yo hayvonning ko‘krak qismi to‘sh deyiladi. To‘shash so‘zidagi ma’noni ilg‘ayapsizmi? Ko‘ksimni yerga to‘shadim demayaptimi? To‘shamoqning ma’nisi ham shunday. Yerga solinadigan, o‘tiradigan narsani to‘shak deydilar. Yoki biz o‘tirgan shu po‘stak, po‘st so‘zidan olingan. “Puf” so‘zini olsangiz, puflamoqdan pufakka kelib qolamiz.

U tumog‘ini to‘g‘rilab oldi-da, dedi:

– Men ellarni kezib yursam-da, asli so‘zlar va ularning anglamlariga sayr qilayotgandayman. Bir kezuvchi nimaniyam ko‘rardi? So‘zlarning ma’nolari esa shu qadar so‘ngsiz-ki! Xuddi kezganingizda eski xarobalarga duch kelasiz, qarasangiz, ajdodingiz yotgan yer ekan. Qay birini aytay?

– Baribiram aqlim yetmadi, – dedi qo‘noq egasi. – Bularni yozib yurishingizdan nima naf?

– El juda ulug‘, ko‘hna, – deb javob qildi mehmon. – Bizlar arab tilini oson, tez o‘rganib oldik. Arab esa bizning tilimizga qiynaladi. Qoldiki, u ham o‘rgansin. Bir kitob yaralsin, kelajakka qolsin.

– Menga izn bering, bir oz yumushimni qilsam, – deya uzr istadi u.

– Bosh ustiga, – dedi qo‘noq egasi, keyin naridagi boshi ochiq xotinlarga ovoz berdi:

– Yemak-ichmak hozirlangiz. Qo‘niqqa qarangiz.

* * *

Bu kecha Mahmud yaqindagina yozib olgan Alp Er To‘nga marsiyasini sharhlamoqqa kirishdi.

Alp – botir, qahramondir. To‘nga – yo‘lbars jinsidan bo‘lgan bir xil hayvon. U filning kushandasidir. Bu so‘zning asosiy ma’nosi shudir. Lekin bu so‘z turkiylarda ma’nosi o‘zgargan holda qo‘llanadi. Ko‘pincha, odamlarga laqab o‘rnida ishlatiladi. Chunonchi, Tonaxon, Tona tegin va shuning kabilar. Turkiylarning ulug‘ xoni Afrosiyobni Tona Alp Er deb atar edilar. Yo‘lbars kabi kuchli bahodir odam, demakdir.

Demak, Alp Er To‘nga so‘zining ma’nosi “Yo‘lbars kabi kuchli odam, botir va qahramon er” bo‘ladi. Turkiy xalqlarda botir lashkarboshilar va podshohlar nomiga, odatda, Alp so‘zi qo‘shib ishlatilgan. Alp Er To‘nga bu nomni o‘ziga ism qilib olgan dastlabki turkiy xoqondir.

«Men turklar, turkmanlar, o‘g‘izlar, chigillar, yag‘molarning shaharlarini, qishloq va yaylovlarini ko‘p yillar kezib chiqdim, lug‘atlarini to‘pladim, turli xususiyatlarini o‘rgandim. Bu ishlarni til bilmaganimdan emas, balki bu ishlardagi barcha kichik farqlarni ham aniqlash uchun qildim. Bo‘lmasa men tilda ularning yetuklaridan, eng katta mutaxassislardan, xushfahmlardan, eski qabilalardan, jang ishlarida usta nayzalaridan edim», deb bitdi u daftar hoshiyasiga.

Ulushib eran bo‘rlayu,
Yirtishib yaqa urlayu.
Siqrib uni yurlayu, 
Sig‘tab ko‘zi o‘rtilur.

Eranlarni bo‘riga mengzar edilar, deb o‘yladi u. “Eranlar bo‘ri kabi ulidilar” so‘zidan mardlar yig‘isining nafasi keladir. Urlamoq “ur” so‘ziga yaqinmi? Bir mahallar selday yoyilib “Ur-ra” deya oqar edilar. Endi o‘shanday ovoz mardlarning yuragidan chiqmoqda, yoqa yirtib urlamoqdalar. Un chiqarmoqning ham motam yig‘isiga bog‘liq joyi bor, sig‘tamoq esa siqtamoq so‘zining o‘zgarganidir. Ya’ni yig‘lash boshqa, siqtash boshqadir. Siqtash – zzilib-ezilib, dardi ichiga sig‘may aytib-aytib, ko‘zi o‘rtilib-o‘rtilib yig‘lashdir. O‘rtilmoq esa – o‘rtu so‘zidan olingan, yopinchiq ma’nosida. Demak:

Mardlar yig‘lab, bo‘ridek uvlashdilar.
Yoqalarini yirtib baqirishdilar.
Faryod chekdilar.
Qattiq yig‘idan ko‘zlari xiralashib, go‘yo parda bosdi.

Turkiylarning eng qadim marsiyalaridan biri – Alp Er To‘nga marsiyasi esa shunday xitob qilardi:

Alp Er To‘nga o‘ldumi,
Esiz ajun qoldimu,
O‘zloq o‘chin oldimu,
Endi jurak jirtilur.

Shu yerda Mahmud o‘rnidan turib ketdi. “Yurak yirtilur” degan so‘z qatidagi ajoyib timsol uni o‘ziga mahliyo qilib, zavqlantirib yubordi.

“Hech elda bunday ibora yo‘q, – kulimsiradi u. – Ko‘zdan yoshim daryo bo‘lib oqdi, ochun tor keldi, jigarim qon bo‘ldi deydilar-u, ammo yurak yirtilguday bo‘lib qayg‘u chekish bunday dardu alamlarning eng qattig‘ini anglatmaydimi? Tavba, – deb o‘yladi hayron bo‘lib. – O‘zi ot choptirib, ov qilib yuradigan bir el-u, so‘zni bunday topib ishlatganiga aqling lol qolmay iloj yo‘q”.

* * *

Ertasi tong saharda ular tuya suti – qimron hamda javdar noni bilan nonushta qilishgach:

– Ulovingizning qorni chala to‘ydi, yo‘lga hozir, – dedi yigitcha.

Olim uning nimaga bunday deganini sezib tursa-da, atay so‘radi:

– Nega to‘ydirmadingiz?

– Qorni to‘q ot chopa olmaydir-ku? – dedi yigitcha. – Otam yo‘lga chiqishingizni aytdi, shunga pichan o‘rniga quruq suli berdim.

– Fahmingizga balli. Yoshingiz nechchida?

– O‘n birda.

– Tirnoqdan nechta? – deb so‘radi Mahmud, qo‘noq egasiga yuzlanib.

– O‘nta, – deb javob qildi qo‘noq egasi. – Sakkiztasi qiz, ikkisi o‘g‘lon.

– Tengri umriyu rizqini mo‘l qilsin, – dedi olim.

“Tirnoq et orasidan unib chiqadi, – deb o‘yladi keyin. – Sut va qon oralaridan inson paydo bo‘lishining bunday ta’rifiga ne desa bo‘ladi? Kishilar o‘zlaridan bino bo‘lgan jo‘jiqlarni “tirnoq” deb atashgan. Sir bo‘ylarida “Etli, tirinaqli ezirmas”, ya’ni et tirnoqdan ayrilmas degan aytim yuradi. Til ham o‘z egasi bilan ana shunday ajralmas bo‘ladi…”

Shu mahal tashqarida g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir saslar eshitilib, kimlardir kelgani bilindi.

– O‘g‘uzlar bilan qipchoqlar olqishlagani kelishibdi, – dedi qabilaboshi. – Bizlar yaylovu cho‘llarda kun kechirib yuradigan savodsiz kishilar bo‘lsak, ismimizni kitobga yozadigan odamning ne istagi bo‘lsa, qoshu ko‘zimiz ustiga deyishmoqda. Tengri yorlaqab, nomimiz o‘chmaydigan bo‘lar ekan, deb suyunishmoqda.

Mahmud tashqariga chiqib, kelgan kishilar bilan ko‘rishgach, ularning olqishlarini tinglab, sovg‘a-salomlarini olib, yo‘liga ravona bo‘ldi.

Bepoyon yurtning kuzgi osmoni tund, yerlar pilch-pilch loy edi.
O‘tgan yerlarida xotinlarning boshi ochiq, kishilar ozod, ko‘p yerlarida erkagu xotinlarning bab-baravar ot minib, yoy otishlarini ko‘rardi. Hatto bir qishloqda beliga qilich osib olgan sariq sochli, ko‘k ko‘zli qizginani ham uchradi, uning yurakli ekani tan bergulik edi. Erlardan hayiqmay, teppa-teng olishadigan shunday xotinlar el orasida ko‘p uchraydi. Olim o‘tar ekan, yoshlar uning hurmati jilovlarni tortib, bir muddat tek turishdi, keyin hay-haylab qichqira-qichqira kamar archalari tomon ot solishdi.
Bolosog‘un allaqachon olisda qolib ketgan, saltanat janjallari xayoldan o‘cha boshlagan, Mahmudni endi el orasidagi turli-tumanliklar o‘ziga mahliyo aylab, boshiga kelgan ko‘rguliklarni xiyla unuttirgan edi.

* * *

Keyingi manzil arab qishlog‘i bo‘lib chiqdi. Muqim yashaydigan qariyalar uchun loy-paxsadan kulbalar tiklangan, tomlaridan qamish uchlari-yu popiltiriqlari ko‘rinib turar, ora-sira chodirlar ham ko‘zga tashlanardi. Chodir oldidagi baland bo‘yli, qop-qora, ko‘zlari o‘ynab turadigan biri Mahmudga hayron bo‘lib qarab turdi-da, paxsa uy ichkarisiga qarab ovoz bergan edi, u yerdan yetmishlarga kirgan, o‘rta bo‘yli, serharakat chol chiqib keldi. Arablar shayx deb ataydigan qabila oqsoqoli shu kishi ekan.

– Sizlarga Allohning salomi bo‘lsin! – deb salomlashdi Mahmud ular bilan.

– Senga ham Allohning salomi bo‘lsin! – deb alik oldi oqsoqol, biroq, nigohini uzmay tikilib turaverdi. Uning bunday betakallufligiga Mahmud hayron bo‘lmadi, chunki arabiyda “siz” degan so‘z yo‘qligini yaxshi bilardi.

– Odamlar og‘zidagi lisonlarni yozib oluvchi senmisan? – deb so‘radi oqsoqol, arabchalab. – Eshitishimizga qaraganda, viloyatu sahrolarni kezar emishsan?

Ovuldan ovulga, qishloqdan qishloqqa bu xabarning tez tarqalishi hayratlanarli edi.

– Ha, to‘g‘ri aytishibdi. El-toshni, dala-tuzni kezib yuradirman, – deb javob qildi olim, turkiyda.

Yonidagi kishi uning gapini arabiyga buzib tarjima qilgan edi, Mahmud kulib yubordi. Chunki arab “dala” so‘zini “mazra”, tuz so‘zini “milx” deb o‘girdi.

– Siz ekin ekiladigan maydonni “mazra”, ya’ni dala deysiz, biz qo‘nalg‘a tegrasidagi ochiq-yaydoq joyni dala deymiz. Tuz deb tuprog‘i unumli yerni, tuzliq yetiladigan joyni aytamiz. Siz esa uni “milx”, ya’ni oshliqqa solinadigan tuz deb o‘girdingiz, – deb tushuntirgan edi, hayron bo‘lganidan arabning og‘zi ochilib qoldi.

– Yo tavba, ilming boshu ko‘zim ustiga, – dedi keyin. – Sen olimmisan?

– Olimni bizlar “bilga” deymiz, – dedi Mahmud. – Ya’ni, “bilmoq” so‘zidan ot yasaymiz. Siz esa otdan fe’l yasaysiz, masalan, “ilm” so‘zidan hosilalar chiqarasiz. Bu yerda o‘xshashlik ko‘ramiz, chunki bizlar ham “bil” fe’lidan ot yasaymiz.

– Madrasada sarfu nahvdan dars olganman, bir qancha lahjalarni bilaman, – dedi keyin. – Sizning sarfu nahvingizga ko‘ra turkiy lison qonun-qoidalarini tartiblamoq, ya’ni arablar turkiy til o‘rganishlariga ko‘mak bermoq uchun kezmoqdaman.

– Arabning turkiy o‘rganishiga ne hojat? – hayron bo‘ldi qabila oqsoqoli. – Qoldiki, boshqalar arabiy o‘rgansinlar. Musulmonmisan?

– “Qolu bala”, – dedi Mahmud, kulimsirab.

– Bilxossa, mushrif kishilar turkiy tilni o‘rganish lozimligini, chunki ulardan kelajakda katta olimlaru lashkarboshilar chiqishi bashorat qilinganini aytadilar, – dedi uning yonidagi arab. – Vallohi a’lam… Demakki, Qur’onni ham xatm qilgan chiqarsan?

– “Qolu bala” deganidan bilmadingmi? Shu javobi bilan hikmat dengizining bitta durini ko‘rsatib, almisoqqa ham ishora qilib qo‘ydi-ku, fahming yetmadimi? – deya koyib berdi uni oqsoqol. So‘ng Mahmudga yuzlanib, dedi: – Ilming bor ekaniga shubha yo‘q. Biroq, anglayolmadim, arabiy bilsang, nega yana o‘z tilingni o‘rganib yuribsan? Bir Qur’onu uning tili yetmasmi senga?

– Hokimul-mutlaq Bobildan so‘ng tillarni aralashtirib yubordi, – dedi Mahmud. – Istasa bir lisonda qilar edi. Muning ma’nosi shulkim, istasa har kimni musulmon qila olardi. Lisonlarni aralashtirgani bilan bir qatorda, kishilarni ham turli toifa qildi. Qur’on tilini o‘rganib ilm olgan kishining savobi ila o‘z tilida ilm olganning savobi tengmidir?

– Albatta teng emas.

– U holda tillarning turli-tumanligidan ko‘zlangan bir haqiqat borligi ayon, – dedi Mahmud va tushuntirdi: – Til san’atdir. Siz tuya minib yetgan manzilga biz ot minib yetamiz. Tabiiyki, tuya minganning ko‘ziga boshqa, ot minganning ko‘ziga boshqadir dunyo. Biroq har ikkisi ham Soniyning san’atini ko‘rmoqda. Bashariy tillar Uning qudrati va san’atidan darak beradi, men o‘sha qudratni, o‘sha san’atni o‘rganmoqdaman.

* * *

– Ochiqqa joy qiling, may-sharob keltiring, bu kishiga bayir* so‘ying , – dedi arablarning sardori. – Boshqa eldan bo‘laturib, bizning tilni shunchalik o‘rganib, jon kuydiribdiki, ardoqqa loyiq.

– Bizning eng aziz so‘zimiz “o‘z”dir, – dedi Mahmud. – Har narsa shu o‘zdan boshlanmoqdadir. Sizda bir kalimaning sakkiz turlanishi bor esa, bizda bir o‘zni bilgan odam kamida ellikta so‘zni bilgan bo‘ladi. Ustiga ustak, uning bir qancha xos ma’nolari ham bordir. “O‘zim” deyilsa, “men” ma’nosini bildiradi. O‘zg‘ir odam o‘zgan ma’nosida bo‘lsa-da, marraga yetib kelganida uning bir o‘zi qolganini ko‘rmoqdamiz. O‘z elim desa ham o‘zligiga ishora qiladi. Oxir-oqibat, “O‘zi” deganda bittayu bitta Tengri taoloni anglaymiz. Birgina so‘zga shuncha ma’nolarni berib, bizga bildirganiga qaraganda, “O‘z”ning ma’nosi ham “Bir”ga yaqinlashib keladi.

– Bizning alifga o‘xshar ekan, – dedi arab. – Alif birni anglatsa-da, aslida harfdir.

– Olamda birgina tilning shu xususiyati bor, – dedi Mahmud. – Harflarning son o‘rniga o‘tishini hech qaysi tilda ko‘rmaysiz.

– Kitobingni oti nima? – deb so‘radi arab.

– “Devoni lug‘otit-turk”, – dedi Mahmud.

– Devon she’rdan tartib etilmasmidi?

– She’rni biz boshqacha aytamiz, – dedi Mahmud. – Sizning she’r buloqday yoyilib, gul hosil qiladi. Bizning she’rda otlar tuyog‘ining dupuri, yaylovda qo‘y-qo‘zilar ba’rashi, pishayotgan kesma osh isi, ozod-ozod ot chopqon kishilarning qiyqirishlari bor. Ruhi ham shunga mosdir, – dedi va shuni o‘qidi:

Alin topu yashardi,
Urut o‘tin yashirdi,
Ko‘lning suvin kushardi,
Sigir, buva mungrashur.

– Mundagi harakatni ko‘ring, – dedi, izohlar ekan. – Tog‘ boshlari o‘t-o‘landan ko‘karib, bulturgi quruq o‘tlarni ko‘mib yuborganigacha, yomg‘irlarda ko‘l suvlari toshgani-yu jalada qolgan sigir-buqalarning ma’rashigacha ko‘z oldingizda jonlantirmoqda.

Shu tarz uzoq suhbatlashib o‘tirishdi. Nihoyat:

– G‘aroyib, – dedi oqsoqol, tin olib. – Sen haqiqatan bilgich odam ekansan, ammo yarim tundan og‘di, oy havolab ketdi. Saldan keyin Mushtariy ko‘rinadi, bir oz tin olaqol.

– U bizga ko‘ra Qoraqushdir, – dedi olim. – Chiqsa, “Qoraqush tug‘di” deymiz. Chunki tungi osmon oy-u yulduzni tug‘adi deb o‘ylaymiz. Ba’zilar tuya oyoqlarining uchini ham qoraqush deydilar, yoki qiz qush – tukining rangi qizil qush…

* * *

Olimning ko‘zlariga uyqu kelmas, tilning bepoyon dengizlariga tobora sho‘ng‘ib borardi.

So‘ngsiz-adoqsiz yaylovlarda, tog‘ o‘ngirlarida, darayu qirlarda yashayotgan turli-tuman uluslar tilida tarixga muhrlanishi lozim bo‘lgan shu qadar ko‘p ajoyib so‘zlaru aytimlar bor edi-ki! U so‘zlarning birontasi yozib olinmagan, xalq bilan birga, hayot tarzi o‘zgarishiga qarab turlanib-tuslanib yashab kelmoqda. Masalan, cho‘l kishilari ov qushini chaqirishsa, “tah-tah” deyishadi. Otning bolasini, ya’ni qulunni “qurey-qurey”, mol-qo‘yni “mah-mah”, kuchukni “bah-bah”, tovuqni “tut-tut”, jo‘jani “chip-chip”, mushukni “pish-pish” deb chaqirishadi. “Pistovuq” degan tovuq turiga “pis-pis” deyishadi, sababi, shunday deyilganida nima sababdandir turgan joyida to‘xtab, pisib qoladi. Biroq, haydash uchun hamma birday “Ket” yoki “Tur” so‘zini qo‘llayveradi. Lekin, shunda ham kichik tafovutlar ko‘rinadi, misol uchun, itga “tur” deydilar, ammo kuchukbola bilan mushukka “pisht” deyiladi.

“Kun” bilan “Oy” ham turkiylarning eng qadimiy so‘zlaridandir. Bv’zilar quyoshni ham kun deyishadi, kunduz yoki bugun degan so‘zlar shundan taralgan bo‘lib, kun chiqib botguncha anglamini bildiradi. “Umrimni kunday yoritsin” deya erlarga “Kun”, qizlarga “Oy” ismini qo‘yishgan. Agar ismi “Oy”dan boshlanmagan bo‘lsa, oxiriga qo‘shib ishlatishgan. Erlar otiga esa “Hoqon” bo‘lsin deya, “xon” qo‘shishgan.
Tengri, ko‘k, yoy, o‘q, po‘stak, to‘shak, to‘y, yig‘i kabilar ham turkiylarning eng qadimgi so‘zlaridandir. Bular hamma elatda birday qo‘llanilgan.

Olim ma’lum so‘zlarning turli ma’noda qo‘llanishiga ham izoh berdi. Misol uchun, o‘g‘uzlar pastlikni, tubni “ashaq” deydilar, ya’ni “ashaqqa indi” – “pastga tushdi”, “ashaq ketdi” – “past ketdi”. Boshqalar esa uni tomon ma’nosida qo‘llaydilar: “ashaqqa ketdi” -“o‘sha yoqqa ketdi”. Ba’zilar idish, kosa, piyolani “ayaq” deyishsa, o‘g‘uzlar uni “chanaq” deganlar, hozirda qo‘llanilayotgan “tabaq” esa arablardan kirib kelgandir. O‘g‘uzlar sharob, musallas, mayni “sujuq”, Ila vodiysida yashovchi yag‘mo, tuxsi va chigillar esa “qizil sujuq” deb ataganlar. Ko‘pchilik turklar “chiqti” desalar, yag‘mo, tuxsi, yaboqu, qipchoq va ba’zi turkman urug‘lari xuddi shu ma’noda “tashiqti” so‘zini qo‘llaydilar: “Er evdan tashiqti” – “Er uydan tashqari chiqdi”.

Chigillarda “ulus” so‘zi “qishloq” ma’nosida qo‘llanilgan bo‘lsa, arg‘ular tilida “shahar” ma’nosini anglatgan. “Kent” – o‘g‘uzlar va ular bilan yaqin turuvchilar tilida qishloqdir. Boshqalar nazdida esa viloyatdir. Boshqa turkiylarda inak so‘zi “sigir” ma’nosida qo‘llanilgan bo‘lsa, o‘g‘uzlar toshbaqaning urg‘ochisini shu so‘z bilan atashadi. Ba’zilar oshxonani “oshliq” deyishsa, bular tariqni “oshliq” deydilar. Boshqa turkiylar hasharotni “qurt” desalar, faqat o‘g‘uzlargina bo‘rini shunday atashadi. Boshqalar odamlar orasidagi har qanday shodligu kulgini “bayram”, o‘g‘uzlar faqat hayit kunini “bayram” deydilar.

So‘zlarning ba’zi bir ma’nolari har urug‘da har mazmunda amal qilgan. Chunonchi, o‘g‘uzlarda “chaqdi” so‘zining “eshittirdi, aytdi” ma’nosi ham qo‘llanilgan: “Ul so‘zi aning qulog‘iga chaqti” – “U so‘zni uning qulog‘iga eshittirdi”. Ammo barmog‘ini tosh bilan urib olgan odamga ham shu so‘z qo‘llanilgan, masalan, “Qo‘lini chaqib oldi”. Chaqmoq degan so‘z ham harakati jihatidan shunga o‘xshaydi. “Chaqmoq chaqdi” deyilishi ko‘k qatida bir nima boshqa nimadirga urilganini bildirsa ne tong? Ba’zi ellar esa uni ilonga yoki hasharotga nisbatan ham qo‘llaydilar: “Ilon chaqib oldi”.

Shularning bari ayri-ayri tillarga o‘xshasa ham, o‘zligi ayni ekani zavqli edi.

* * *

Olim charchoq ko‘zlarini yumib, bir oz tin oldi. Yog‘chiroq shu’lasi lipillab, o‘tov uvuldiriqlari va keragasida o‘ynadi.

Ha, el-ulus g‘oyat bepoyon, ulug‘ va keng, el ruhi esa tilda bor bo‘yicha akslanmoqda. O‘tovdan chiqmasdan turib ham til orqali yaylov maysalarining islarini, yengil havosini, ozod kishilar ruhiyatini sezsa bo‘ladi.

Idrok ko‘zi bilan qaralsa, uning harakatlanishi ham ko‘rinardi. Hozir til arabiy-forsiy so‘zlar hisobiga boyigani holda, o‘z so‘zlarini yangilamoqda edi. Vaqtu zamonlar o‘tgach, aqli yetuk kishilar o‘z tili jozibalari aro u so‘zlarni ko‘rishganida, yot so‘zlar ham bosqinlardanu chopqinlardan, el o‘tmishidan, shuningdek, ilm tarixidan so‘zlayotganini bilib oladilar, albatta.

“Til – har narsani o‘zida aks ettiradigan g‘alati bir tarix bitigi, – deb o‘yladi u. – Savash-so‘qish, ekin-tikin so‘zlari-chi? Shularning bari el qanday yashayotganidan darak berib turadi”.

Ertasiga yo‘lga otlanganida:

– Bu ketishda qaylargacha bormoqchisan? – deb so‘radi qabila shayxi.

– To Iroqqacha yoyilib ketgan barcha turkiylarning hayotini, tilini yozib olmoqchiman, – deb javob qildi Mahmud. – Qoshu qaroqday yonma-yon ikki qishloq shevasi bir-biridan farqlanishiga qarasangiz, katta bir kitob bo‘ladi chog‘i.

– O‘h-ho‘, ishing zo‘r ekan, – dedi oqsoqol. – Ammo tahsinga loyiq. Men habibu ahbobga, avlodu valadga, aqraboga tayinladim, arabning har jamoasi sening borayotganing haqida boshqalarga xabar bersin, munosib izzat-ikrom ila kutib olib, kuzatishsin.

Keyin qulog‘iga shivirladi:

– U kitobingga bizniyam qo‘shib qo‘ya olasanmi? Ismim Tamim, otamning ismi Abdulloh, Banu Xolid qabilasidan, deb qo‘ysang bas.

Olim kulimsiradi:

– Albatta.

So‘ng ular bilan quchoqlashib xayrlashib, jo‘nab ketdi. Oldinda uzoq va mashaqqatli yo‘l turar edi.

Kech kuz tevarak-javonibga hukmini o‘tkazar, son-sanoqsiz uluslar qishlash uchun tog‘ o‘ngirlariga, kamarlarga ko‘chishardi. Tez orada dala-tuzni qoplab qalin qorlar yog‘di. Kishilar kuz avvali kelib qolgan o‘sha kishi haqida ancha gapirib yurishdi. Qarluqlaru o‘g‘izlar, qipchoqlaru arg‘inlar, chigillaru yag‘molar taqdirning chalkash yo‘llari aro olim yozgan kitob daragi yetib kelishini kutishar, taftli alanga lang‘illagan kechalarda uning nomini eslashardi. Uluslar orasida “Bilga kishi” deb nom qoldirgan uzun bo‘yli, dono kishining haqiqiy xon o‘g‘li ekanidan esa, hech kimning xabari yo‘q edi.

* * *

Oradan bir necha yil o‘tdi.

Olim shu kezishlari oqibatida, kelgusida tartib berilajak “Devoni Lug‘otit-turk”ning tamal so‘zlarini, o‘nlab turkiy qavmlarning urf-odatlarini, aytimu dostonlarini daftar-daftar yozib oldi. Bu ish uchun umrining o‘n besh yilini xarj etdi. Bolosog‘undan bulg‘or ellarigacha kezdi, yuzlab elatlarning lahjalarini o‘rgandi.

Biroq juda ko‘p so‘zlar qishloqlaru yozloqlarda, o‘tloqlaru suvloqlarda, yayloqlarda qolib ketdi. Ularni jam qilishga birgina kishining umri yetmog‘i zo‘r ish edi.

Bulg‘orlar yurtiga yetganida bir muddat so‘lim ko‘llar, yashil o‘rmonlar aro tin oldi. Tengritog‘ allaqachon olisda qolib ketgan edi. Tin olmoq barobarida to‘plaganlariga tartib berib, saraladi. Shuningdek, g‘oyat ulug‘ shu elning jonli tili borasidagi izlanishlarning so‘ngi yo‘qligini ham his qildi. Vujudida yangi bir quvvat, jazm paydo bo‘ldi.

Bahor kechasi, yomg‘ir yog‘ib o‘tgach, ko‘k tozalangan edi. Pasttog‘lar ortidan kattakon barkash bo‘lib oy chiqdi.

– Bizning ellarda seni “Momo” deydilar, – dedi u orzularning olis timsoliday ko‘ringan to‘lin tun yoritqichiga sog‘inch ila boqib. – Arab “badr”, fors “moh” degani holda, bizlar senga qoshu sochlari oppoq oqargan momolar vasfini ham qo‘shib “Oymomo” deymiz. Ba’zilar esa “Oydada” deb ham aytadilar. Ya’ni, tabiatda neki bor, ulug‘lar yodu hurmatiga olib kelib bog‘laymiz…

Yana bir oz vaqt o‘tgach, ko‘kka Qoraqush chiqdi. Tungi samoda jimirlab turaverdi.

Olim vujudida latif yengillik his qildi. Olam uzra yashayotgan turkiy elatlarning ilk xazinasi mana shunday yaratildi. U hozir bittagina, xolos. Ammo bepoyon dunyoga yoyilib ketgan yuzlab uluslarning hayot tarzidan, marosimlaridan, zavqu iztiroblaridan, umridan darak beradigan ajoyib bir qomus tamali bunyod etildi.

Bir bulardangina emas, el ozodligidan, sarbastligidan so‘zlaydigan, qatida millat ruhini tashiydigan o‘xshashi yo‘q asar bo‘ldi.

“Men elimning eng toza so‘zlarining bir qisminigina oldim. Asli har qishloq, yozloq, suvloqning, hatto ovloq, poyloqning ham o‘z so‘zlari bor. Ular yombilar kabi o‘z makonida, o‘z kishilari bilan qolib ketdi. Ochunning ishiga qara, – deb afsus ila o‘yladi u. – Bir xon o‘g‘li edim, bu qismat boshimga kelmasaydi, hozir bir yerda muqim el so‘rab o‘tirardim. Ha, shuncha yerlarni kezdim-ko‘rdim. El-ulus bag‘rini ochib kutib oldi, osh-ozig‘ini ayamadi, ko‘mak berdi. Hanisi xotun o‘sha ishini qilmaganida bular qayda edi? Nahotki “Devoni lug‘otit-turk”ning yaralishi uchun otamu ukalarimning halok bo‘lishi lozim ko‘rildi? Xon bo‘lib taxt surganimda ulus xizmatida bo‘lardim, albatta. Qoldiki, yana el xizmatiga bel bog‘ladim. Shoyad vaqti kelib, buning uchun ilm saltanatidan kichik bir taxt ato etsalar, ne tong?”

Sahar bo‘zargani sayin Qoraqush bota boshladi.

“Kunduz qochgach, u yana chiqadi, – deb o‘yladi olim. – Minglab yillar to qiyomatgacha shunday bo‘laveradi. Bir Mahmud bor edi, u ham botib ketadi. Ammo elning Mahmuddan ham chaqnoq yulduzlari insoniyat samosi uzra mana shunday chaqnayveradilar.

Qoldiki, doimo shu el, shu ulus yashayversin, Ko‘k Tengrisi uni doimo qo‘llasin.

El yashnasinki, tili ham yashnasin.

Qadimiy va toza edi, abadiyan shunday toza, ko‘rkli bo‘lib qolsin!”

________________
* Qurt – bo‘ri.
** Telim – ko‘p.
***Bayir – erkak tuya.

(“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 30 yanvar, 2017)