G‘ayrat Sheraliyev. “Hamisha… pul xizmatidamiz!” (hajviya)

“Ashulachi” jurnalida ish boshlaganimga bir hafta to‘lmay, bosh muharrir chaqirtirdi. Xushlamayroq qarshi olganidan kayfiyati chatoqligi ko‘rinib turardi.
– Siz muxbirlikka o‘qiganmisiz, yo chilangarlikkami?
Haligina ming istihola bilan birinchi maqolamni yozib topshirgandim. Rahbarimning bunaqa g‘azabnok savolidan bildimki, qandaydir qovun tushirganim aniq. G‘azabni sukut yengar qabilida indamadim. Boshlig‘imiz esa battar o‘dag‘ayladi.
– Sizda kasb etikasi degan narsa bormi, o‘zi? Yozgan maqola­ngizni qarang, bo‘yalmagan joyi qolmadi! – u shunday deb shap etkazib oldimga ikki qog‘oz qoralamani tashladi. – Boring, tahrirlarimni kiritib, boshqatdan ko‘chirtiring.
Elkamni qisib chiqib ketdim. Rahbarimizning “chumoli karvoni”dek mayda yozuvlarini qo‘shib, maqolani qayta o‘qib chiqqunimcha ko‘zim teshilay dedi. Men-ku, mayli, buni hali qaytadan ko‘chiradigan Lobarxonga qiyin. “Yozmay qo‘lginang sinsin, ashula aytmay yergina yutsin”, demasmikin?
Ko‘rinishdan bib-binoyidek bo‘lgan maqolam muharririmizga nega o‘tirishmaganiga hayronman. Loaqal biror jumlam qolmabdi-ya. Masalan, muqaddimada bunday yozgan edim:
“Yoshlar orasida o‘zini qo‘l yetmas yulduz sanaydigan To‘ychi Boyqul haqida lavha yozmoqchi bo‘lib, maqsadimizni aytganimizda, prodyusserim bilan gaplashing, deb, telefonni shart o‘chirdi…”
Rost, shunday bo‘luvdi-da. Endi “katta”miz shu jumlani mana bunday to‘g‘irlabdi:
“Kamtarin san’atkor To‘ychi Boyqul haqida lavha yozmoqchi bo‘lib, maqsadimizni aytganimizda, u bajonidil rozi bo‘lib, bizni shinamgina studiyasiga taklif qildi…”
Buyam mayli, mana bu jumlamga nima deysiz?
“… Sigaret va ayollar atri burqsib turgan ofisga kirib borganimizda, xonandamiz bir oyog‘ini naq monitorning peshonasiga niqtab, kompyuterda o‘yin o‘ynab yotgan ekan. Ekranga qarab ichimizdan o‘tgan gap shu bo‘ldi: “Bularning hammasi poyga jinnisi!”
Buyam to‘ppa-to‘g‘ri edi. Ko‘rganimni yozganman. Tahrirni qarang, tahrirni:
“Zamonaviy va milliy cholg‘ular bilan be­zalgan shinam va ozoda studiyaga kirib borganimizda, san’atkorimiz kitob mutolaasi bilan band ekan. Kitobning naqshinkor muqovasiga ko‘zimiz tushib, Qodiriy bobomizning mashhur lutfi yodimizga keldi: “Fuzuliy – yaxshi kitob…”
Ochig‘i, xonanda bilan suhbatimiz uncha qovushmadi. To‘g‘rirog‘i, qo‘lidagi uyali telefonning jingir-jingiri gapimizni bo‘laverdi. Odamlar goh hofizning o‘ziga, goh yonidagi ma’muriga tinmay qo‘ng‘iroq qilib, to‘yga taklif etishar, mol bozorining dallollaridek “sari-giri” qilib savdolashishardi. Qiziq detal, to‘g‘rimi? Shuni ham yozgandim:
“… xonanda bitta to‘yga birrovga borish uchun muxlislardan deb, tap tortmay ming dollar so‘rar, “Sakkiz yuz beray” degan bechoralarning gapini eshitgisi ham kelmasdi. “Bitta to‘yga shuncha pul olsa, buning tuvagi tilladan bo‘lib ketgandir, deb o‘yladim. To‘y qilayotgan sho‘rli­­­k­larga ham achinib ketdim. Bir tomondan jahlim ham chiqdi. Sodda bo‘lmay ketgurlar, qishin-yozin ketmon chopib, yemay-ichmay yiqqanini bir kunlik to‘yda otarchiga qo‘shqo‘llab topshiradi-ya…”
Ustasi usta ekan-da. Muharririmizning qalamidan keyin jumla jonivor “sayravoribdi”:
“Suhbatimiz davomida xonandaga muxlislar ustma-ust qo‘ng‘iroq qilib, to‘y-tantanalarga taklif qilishar, bunday samimiy e’tibordan san’atkorimizning boshi osmonga yetar, vaqti bo‘lsa-bo‘lmasa, hech kimga rad javobini bermas, hammaning ko‘ng­lini olishga intilardi. U o‘zini shunday olqishlab, e’zozlab kelayotgan odamlarning yaxshi kuniga sherik bo‘lishni katta baxt, ayni paytda, san’atkorlik burchi deb bilardi…”
Davom etamiz. Iya, bunisiga nima deysiz?! Qo‘ligul “usta”miz barmoqlariga bamisoli eskishaharlik Mirvaqqos sartaroshning ustarasini tutib, suhbatdoshimizga bergan mana bu savolimizni ham, unga olgan javobimizni ham avvaliga obdon “qirtishlab”di. Epaqaga keltirolmagan shekilli, keyin butunlay “kesib” tashlay qolibdi.
Ming bo‘yalgan bo‘lmasin, olib tashlangan o‘sha jumlalarni o‘qiyman:
“Savol: Bir qo‘shig‘ingizda “Kamon nishonga tegmasdan, o‘zim uylanib ketmasdan, yorim bo‘lib qol”, deb kuylagansiz. Sal g‘alatiroq-ku. Nishonga o‘q tegishi, paykon tegishi, boringki, nayza tegishi mumkindir, lekin hech zamonda kamon ham nishonga tegadimi?
Javob: Iya, xatomi hali bu? (quvonib ketadi va yonidagi ma’muriga qaraydi). She’r Dardiyornikimidi? Ha o‘shaniki! Ikki yuz “baks”­­­ga olgandik. Mana, xatosi borakan. Tez telefon qilib, “ko‘k”ni qaytib ol, pulini halollab topsin-de, to‘g‘rimi?..”
Hartugul, “Jonli ijroga munosabatingiz?..” degan savolimiz va unga berilgan javob jo­­yida qolibdi. Qolishga qolibdi-yu, qirq kunda ikki kilo tosh bosadigan Amriqo tovug‘idek pati to‘zib, qashqatayog‘i chiqibdi.
Ashulachining javobi asliyatda mana bunday edi:
“Muxlislar “jonli ijro, jonli ijro”, de­­yishadi-yu, ammo san’at bilan fonogrammaning farqiga borishmaydi. Tuzukroq pul to‘laydigan ayrim akaxonlarning to‘yida jonimizni jabborga berib, “jonli ijro” ham qilib ko‘rdik. Bilasizmi, qurg‘ur “qistir-qistir”da farq sezmadik. Jonli aytsang ham, o‘sha pulni qistirishadi, fonogrammani ursang ham! Yana g‘ashingni keltirib, to‘yda ovqat chaynab o‘tirishgani ortiqcha. Shunday ekan, zaril keptimi, mast-alast davrada kekirdagimni cho‘zib, “jivoy” aytish…”
Xoh ishoning, hoh ishonmang, xonanda xuddi shunday degandi-da. Ammo keyingi satrlarni o‘qib, hafsalam pir bo‘ldi. Ana tahriru mana tahrir! Jumla deganingiz “pardoz-andoz”dan keyin “toshturma”lik ammamning kelinidek bezanib olganini qarang:
“Xalqimiz haqiqiy san’atni tushunadi, qadrlaydi. Jonli ijroning zavqini, ta’sirini ham teran anglaydi. Shuni inobatga olib, kontsertlarda, xalqimizning to‘y-hashamlarida jonli ijroda qo‘shiq kuylashga intilayapmiz. Ammo, ba’zan yoshlik qilibmi, ijroda juz’iy xatolik­larga yo‘l qo‘ysak, nozikta’b muxlislarimiz darrov payqashadi. Chunki ustozimiz – shu xalq! Biz, san’atkorlar hamisha mana shu el xizmatidamiz!”
Darvoqe, muharririmiz sarlavhani ham yo‘rg‘alatvoradiganlardan. Bizning sarlavha “O‘zim to‘qiyman, o‘zim o‘qiyman” edi. Yuqoridagi tahrirdan keyin sarlavha deganlari ham o‘z “oyog‘i” bilan kelibdi: “Hamisha el xizmatidamiz”. Ammo mening ham qo‘lim qichidi. Go‘yoki bilmagan kishi bo‘lib, “el”ni “pul” qilib o‘zgartirvordim…
Shu joyga kelganda kotibamiz Suxsurxon qo‘ng‘iroq qilib, boshliq bilan uladi. “Labbay” deganim hamono u yoqdan “ustoz”ning silliqqina ovozi eshitildi:
– Aytmoqchi, maqola chiqqach, To‘ychijonga bizdan salom, deysiz-da, uka. Kelasi oyning o‘n sakkizida kenjamiz Abdulazizning to‘yi-ya…

“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 8-son