Durbek Qo‘ldosh. Ciringizni ayting, momo (hikoya)

Katta yo‘l bo‘yidagi ko‘rkamgina darvoza oldiga kelib to‘xtagan mashinadan uch kishi tushdi: biri – boshiga oq kepka kiygan ingichka mo‘ylovli yigit, ikkinchisi — sochlarini ixcham turmaklab, qo‘lida kitob-daftar solingan sumka tutgan yoshroq ayol va oq kitel kiygan salobatli mahalla oqsoqoli. Ularni bo‘y-basti teng, yuz-ko‘zlari o‘xshash, yag‘rindor ikki yigit iliq kutib olishdi. Mehmonlar yo‘l bo‘yidagi ariq chetida rang-barang ochilib yotgan anvoyi gullarni havas-la tomosha qilib, bir zum turib qolishdi… Oqsoqol hursandchilik bilan: “Hasanboy, mehmonlarni ichkariga ol!” degandi, ikkovlari ham bir ovozdan: “Qani, -mehmonlar, kelinglar, ichkariga kiringlar!” — deb, mulozamat ko‘rsatishdi.
Mehmonlar birin-ketin hovliga kirib borisharkan, ishkomlarda novvotday tovlanib turgan uzumlarga, sahn chetida barq urgan sadarayhonlarga razm solganlaricha borib, katta naqshindor chorpoya to‘rida yuzlaridan nur yog‘ilib o‘tirgan momo bilan so‘rashdilar.
— Sarvibuvi! Bu mehmonlar viloyat televideniyesidan, televizordan kelishdi! — deb tanishtirdi oqsoqol. — Sizni ziyorat qilib, suhbatingizni olishmoqchi, — deb qo‘shib qo‘ydi. Momo mamnun:
— Ie, juda yaxshi bo‘pti-da. Ho‘ anov kuni aytayotgan mehmonlaring shular ekan-da… Qani, qani, o‘tiringlar bolalarim, o‘tiringlar! — deb dasturxon atrofiga taklif qildi.
Ular yoshlariga qarab, joylashib olgach, momo bosh bo‘lib, el-yurtga tinchlik-omonlik, to‘kin dasturxonlarimiz sababkori — ziroat ishlariga rivoj tilab, duoga qo‘l ochdilar. Yelkasiga oppoq sochiq tashlab olgan yigitcha kelib, odob bilan mehmonlarning qo‘liga suv quydi.
Sarvibuvi muxbir qizning quyiroqda o‘tirib qolganiga ko‘ngli bo‘lmay:
— Qizlardan ikkimiz ekanmiz. Kel bolajonim, to‘rga o‘t, yonimga chiqib ol! — deya, unga o‘zi o‘tirgan gulli barqut ko‘rpachadan joy ko‘rsatdi. Shu orada momoning xushro‘y kelinlaridan biri iymanibgina: “Assalomu alaykum, xush kelibsizlar”, deb dasturxon chetiga choy qo‘yib ketdi. Momo o‘tirganlarni dasturxondagi nozu ne’matlarga taklif qilarkan:
— Rais bolam, nonni sindir, choyni o‘zing quy! — deguncha ham bo‘lmay, oqsoqol darrov shaharliklar taomilida piyolaga bir qultumdan choy quyib, mehmonlarga uzatdi. Suhbatning “kirish” qismi tugagunga qadar uskunalarini allaqachon sozlab, momo o‘tirgan tarafga qaratib qo‘ygan tasvirchi yigit “hammasi tayyor” deganday, ma’noli tomoq qirib qo‘ygan edi, muxbir qiz Sarvibuviga yuzlanib:
— Momojon, xo‘p desangiz endi ishga o‘tsak. Mana, bu yil, roppa-rosa yuzinchi bahorni qarshilabsiz! Aytingchi, avvalo bunday uzoq umr ko‘rishingiz, tetik, bardam yurishingiz siri nimada?
Momo miyig‘ida kulib qo‘yarkan:
— E, bolam-a! Senga aytsam, buning sir-pirini bilmadim… Ammo, ishdan qochmadim, bekor qolmadim. Issiqni issiq, sovuqni sovuq demay mehnat qildik. Ayniqsa, urush yillari… Cholim prontka ketgan, qishloqda ishga yarag‘liq erkaklar yo‘q, butun ish xotinlarga-yu bolalarga qolgan. “Suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib” o‘tkazganmiz u kunlarni. To‘g‘risini aytsam, undan keyin ham oson bo‘lmadi… Ketmon chopdim, suv qo‘ydim, paxta terdim, qurt boqdim, sigir sog‘dim… Shu orada uch o‘g‘il, ikki qizni katta qilib, qatorga qo‘shdim. Ha, mehnatimiz ko‘p og‘ir edi-yu, lekin rohati oz edi… Biroq halolidan topganlarimizning boriga shukr qilib, xotirjam yashab keldik… Bolajonlarim, shukr qilaylik, shukr! Sizlar baxtli ekansiz! Ota-buvalaringiz bir umr orzu qilgan ajoyib zamonlarda yashayapsizlar!
— Momojon, qismatni qarang, hayotingizni kuch-quvvatga to‘la, oltin davri og‘ir va mashaqqatli mehnat bilan o‘tibdi… Ayting-chi, o‘sha yillarda orden yo medallar bilan ham taqdirlanganmisiz?
— Berishmagan, desam yolg‘on bo‘ladi, bolam. Berishgan. Bir marta “Musobaqada g‘olib bo‘ldingiz” deyishib, bir varaq sarg‘ishroq qog‘oz, keyin,.. qaysi yil edi… esimdan chiqib turibdi, kirmoshin berishgan…
— Momojon, otaxon bormilar?
— Cholimmi? Bor edi, jon bolam, bor edi. Bevafo, tashlab ketdi… — degancha, xuddi zorlanib yig‘layotganday, ro‘molini uchini ko‘zlariga bosib-bosib qo‘ydi. Muxbir qiz tushunmaganday bo‘lib oqsoqolga qaragandi, u kishi:
— Rahmatli Jo‘raboy otani butun viloyat tanirdi!… Cholu-kampir juda inoq-ittifoq yashaganlar. Otaxon katta mirishkor bog‘bon edilar. Ikki-uch yil bo‘lyapti dunyodan o‘tganlariga. Hali ko‘chada kutib olgan Hasan-Husanlarning kattasi, hozir o‘sha ota yaratib ketgan bog‘da fermer! — deb izoh berib qo‘ydi.
— Momo, bir narsani so‘ragim kelyapti, ayting-chi, mana bu dang‘illama uy-joylarni qachon qurgansizlar?
Sarvibuvi ichki qoniqish bilan jilmayib qo‘yarkan:
— Qachon bo‘lardi, bolam… Hasanboyim fermer bo‘gandan keyin-da! Qara, bir paytlar… sapxoz davriydi. Tomimiz eskirib, chakka o‘tadigan bo‘p qolgandi… Cholim rahmatli idoralarga ariza qilib yurib, bir yildan keyin saksonta shipirni zo‘rg‘a olgandik… Maqtanyapti demaginu, buyog‘ini so‘rasang, Hasanboyim bultur mahallaga choyxona bilan hammom ham qurib berdi!
Oqsoqol “Baraka topgur, qo‘li ochiq bola”, deb momoni so‘zlarini tasdiqlab bosh irg‘ab qo‘ydi.
— Momojon, qayerdan kelin bo‘lib tushgansiz?
Momoning yoshlik davrlari yodiga tushib, qalbi jo‘shib ketdimi, nurli ko‘zlarini porpiratib:
— Meni hamma shu qishloqlik deb o‘ylaydi, asli, Ekin-tikinlikman! Boridi-yu, nomi ketgan mirob — To‘ychiboy aka degan odamning kenja qizi edim-da! Qara-ya, umrni o‘tishini! Ot-aravada kelin bo‘lib shu hovliga tushib keganimgayam kech kuzda sakson uch yil bo‘larkan! — degancha, biroz quruqshab, tomirlari bo‘rtib turgan tabarruk qo‘llari bilan ro‘molini to‘g‘rilab qo‘ydi.
Muxbir qiz hayajonli tabassumini yashirolmay, qo‘li bilan lablarini berkitarkan, yana so‘radi:
— Nevara-chevaralar nechta, momojon?
— To‘g‘risini aytsam, bolam, sanog‘ini bilmiyman. Ammo, hammasini taniyman!
Bir payt, qayerdandir mashhur hofiz Orifxon Hotamov ijro etgan “Dilrabolardan” qo‘shig‘i eshitilib, hamma bir-biriga qarab jimib qoldi… Momoning qo‘l telefonidan ekan. Sarviniso buvi shoshilmasdan, kamzulining ichki cho‘ntagidan telefonini chiqardi-da, bitta murvatini avaylab bosib, qulog‘iga olib keldi. Keyin, pastroq ovozda “Ha bolam, yo‘q, yo‘q! Hammayoq yetarli… Sen bemalol ishingni qilovur! Albatta, albatta, xo‘p, bo‘pti bolam”, deb o‘chirib, yana joyiga solib qo‘ydi. Keyin hayron bo‘lib, tikilib qolgan mehmonlarga qarab:
— Nevaram, Hasanboy. Nima kamchiliklar bor, mehmonlar quruq chiqib ketishmasin! Xorijliklarni ertaroq kuzatsam-la, yetib boraman, deyapti. Uni ham mehmon bosibdi. Chet elliklar bilan meva-chevani bonkaga qamaydigan ombor qurishyapti. Shu bolam bilan gaplasholaman, xolos, — deb soddalik bilan davradagilarga qarab, kulib qo‘ydi.
Muxbir qiz qiziqib:
—Ashulani kim yozdirib bergan, momo? – deb so‘radi.
— Kim bo‘lardi, Hasanboyim-da! Opodadasining eng yaxshi ko‘rgan qo‘shig‘i shu! Rahmatli cholim mazza qilib eshitardi… Plastinkasiyam bor! — deb qo‘ydi g‘urur bilan.
Qisqa “lirik chekinish”dan keyin muxbir qiz momoni yana savolga tutdi:
— Momojon, suygan taomlaringiz ham bordir?
— Bor, bolam, bor! To‘xta, qizim! Hadeb ikkovimiz gaplashib, qolganlar zerikib qolishmasin. Qani, dasturxonga qarab, olishib o‘tiringlar, degandi hamki, hovliga chopqillaganicha, qo‘lida bir nima o‘rog‘liq tuguncha ko‘tarib, besh-olti yoshlardagi bolakay kirib keldi. To‘g‘ri borib, tugunni momoga tutqazarkan:
— Enajon! Dilshod oshnamni ayasi berib yubordi, non yopgan ekanlar, bu sizga, — deb qo‘ydi. Momo uning yugurib o‘ynaganidan terlab — qizarib ketgan yoqimtoy yuziga mehr bilan boqarkan:
— Azizbek! Salom qani? — degandi, xijolatdan yerga qarab olgan bolajon shosha-pisha qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib mehmonlarga bosh egib salom berdi-da, pirillagancha ko‘chaga chiqib ketdi.
— Hasanboyning kichigi. Bu yil maktabga boradi. O‘qishni o‘rganib olgan! Umringni bergur, olov! Otasi putbolga berdi. Zayniddin qilaman deyapti, — deb qo‘ydi ortidan.
Oqsoqol tugunni ochib, endigina tandirdan chiqqan issiq non bilan ustidagi somsalarni avval momoga keyin, boshqalarga tutdi.
Mehmonlar o‘z nasibalarini tanovul qilishib olgach, momo, so‘zini davom ettirib, Dilshodbekning onasini “oqibatli ayol” deb maqtab, qishloqda bunday ayollar ko‘pligini ta’kidlab qo‘ydi.
— Nimaga keluvdik?.. Ha, darvoqe, go‘shman ko‘pam ishim yo‘q! Sigirimiz bor. Sut-qatiq, oshqovoq, tarmeva, ko‘kat, zog‘ora non, go‘ja osh joni-dilim. Keyingi paytlarda ko‘pchilik nimagadir qora non, zog‘orani yemay qo‘yishdi! Mayli-yu, qayerga borsang oq non, shirinlik, pishiriq — “pirojniy” deyishadimi-ey! Odamlar, muncha o‘ch bo‘lishmasa shu narsalarga!.. Ular ko‘zimga biroz semirib ketayotganday… Biz, yaqindayam mayiz, o‘rik qoqi, asal, shinnini shirinlik derdik. Ko‘ngilgayam urmaydi, tangayam poyda!
— Momojon, yoshligingizda bironta kasallik bilan og‘riganmisiz?
— Kasal bo‘lib yotganimni eslolmayman. Hoziram, maboda tumov-pumov degan narsa ilashguday bo‘lsa, qoqirim bilan “quvib solamiz”. Isiriq, achchiqtosh, na’matakni uzmaymiz. Xudoga shukr, bollarim ham xuddi o‘zimga o‘xshagan qayroqi bo‘lishdi… Kasallik qursin! Kasallikdan gapirma, jon bolam! Endi, men senga aytsam, yomon kasalliklar ham bo‘lgan. O‘zimi bilganim: aksari, boydi bolasi dangasa bo‘lsa, yuragini yog‘ bosib qolib, xomsemiz do‘lta, xapaqon, ishyoqmas-takasaltanglar chillashur, mechal… pala-partish, nafsi yomonlar yurakburuq yo so‘lqi bo‘p qolishardi…
Muxbir qiz bu nomlarni birinchi bor eshitayotganidan, qulog‘iga kirganini, “keyin bilib olaman” deb, shosha-pisha qog‘ozga tushirib qo‘ya qoldi.
— Rahmat, momojon! Sog‘ bo‘ling! Omon bo‘ling! Alloh yorlaqagan ekansiz! Endi, Xudo xohlasa, yuz birga kirganingizda, yuz ko‘rishishga kelamiz, — deb turgani ijozat so‘rayotgandi, Sarvibuvi qat’iyat bilan:
— Yo‘q! Unaqasi ketmaydi!.. O‘zinglar endi keldinglar. Yana bir pas o‘tirasizlar, — Hasanboyim eshitsa xafa bo‘ladi,.. — degancha keliniga buyurdi:
— Umidaxon! Avval, hamma akalaringizni, opalaringizni chaqiring! Mehmonlar bilan estalikka rasmga tushamiz! Keyin, qo‘lga suv quying! Osh ham dam yeb qogandir…
Oqsoqol momoning yurakdan chiqarib qilayotgan taklifini quvvatlab:
— Qishloqda birovnikiga kelgan mehmon quruq chiqib ketsa, ayb bo‘ladi, — deb qo‘shib qo‘ydi.
Momoning farzandlari narigi hovlida topshiriqni kutib, odob saqlab turgan ekanlar, birgina “ho‘yt” deyishlari bilanoq, chorpoya atrofini chehralari bir-biriga o‘xshash, katta-kichik qorako‘zlar, yasanib olgan qiz-juvonlar o‘rab olishdi…
Shu payt, kutilmaganda bir yigit ko‘cha-darvozadan chopqillagancha, qo‘lida yangi gazeta bilan kirib kela boshladi…
Momoga ko‘zi tushgach bor ovozda:
— Buvijon, buvi! Suyunchi bering! Suyunchi! Sizga medal berilibdi! Mana, gazetada Prezident farmoni chiqibdi! — degancha kelib momoning qo‘llarini oldi. Hamma, birdaniga yuz-ko‘zlarida quvonch Sarviniso momoga qarab qolishgandi…
Momo, ajin bosgan farishtali yuzlariga oqib tushayotgan quvonch yoshlarini artarkan, atrofdagilarga qarab:
— Qaraylar-a! … Yurtboshimiz meniyam tanirkan-da!.. — deya oldi xolos.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 34-son