Baxtiyor Nuriddinov. Eski udum (hikoya)

Har yili kech kuz qishloqdagi eski hovlilarida barcha oila a’zolari yig‘ilashadi. Odatdagidek bu gal ham eldan burun o‘zi yetib keldi. Kirib borganda uyda hech kim yo‘q edi. Biroz ikkilanib turib qoldi. Birinchi marta bolaligi o‘tgan, hayotga bo‘lgan ilk muhabbati uyg‘ongan qadrdon joyda o‘zini begonasiragandek tuydi. Atrofga alang-jalang nazar tashlab chiqdi. Hammasi o‘sha-o‘sha: saranjom-sarishta. Faqat devorlar sal-pal nuray boshlabdi, xolos. Yo ko‘ziga shunday yotsirab ko‘rinyaptimi, harxolda unchalik tushunmadi.
-Keldingmi? – dedi onasi hovli etagidagi daraxtdan terilgan sap-sariq behilarga liq to‘la savatni so‘riga qo‘yar ekan.
Xayol bilan bo‘lib onasini payqamay ham qolibdi. U yugurgilab borib, qo‘lidagilarni oldi.
-Og‘ir bo‘p ketibdi-ku, – dedi biixtiyor inqillab zil-zambil idishlardagi mevalarni yozilgan dasturxonga to‘karkan.
-Ko‘nikib qolganman, – dedi onasi vazmin o‘g‘lini qucha turib, nafasini rostlarkan. U o‘zini noqulay sezdi. Aybini yashirmoqchi bo‘lgandek, mahkam quchoqlab oldi. Onasi “Hechqisi yo‘q!” degandek yelkasiga qoqib qo‘ydi.
-Bardammisiz, – dedi sekin pichirlab.
Onasi indamadi. Birozdan so‘ng:
-Nevaralarim yaxshimi?.. Kelinni olib kelmadingmi? – deb so‘radi o‘smoqchilab.
-Kelishmoqchiydi, yo‘limiz qovushmadi, – dedi istar-istamas.
-Balki hamyoning ko‘tarmagandir?.. – dangalini gapirib qo‘ya qoldi ona.
-Shunaqaroq, – dedi tan olib u ham tushunarsiz ohangda ming‘irlab.
-Bekor qipsan. Ularniyam sog‘inganman axir. O‘zim borolmasam, -zorlandi onasi. – Hartugul amallasang bo‘lardi-ku. Ular uchun olmurutdan qoqi solib qo‘ygandim.
Bolalari turshakning ana shunaqasini yoqtirishardi. Ayniqsa buvilarining sutga solib qaynatib bergani joni dili edi. Uning ta’mini shaharga qaytganlarida ham ko‘p eslab yurishardi.
-O‘qishlari qolib ketmasin tag‘in. Ta’tilda olib kelarman, – dedi bazo‘r.
Onasi yana jimib qoldi. Indamay behilarni saralab, ikkiga ajratardi. U bir pas qari onasining yumushini kuzatib turdi. Keyin kiyimlarini almashtirib chiqib, yordamlasha boshladi.
-Qo‘yaver, o‘zim uddalayman, – dedi kampir istamaygina. Ammo u o‘zini ishchan ko‘rsatib, yanayam chaqqon harakat qila ketdi. Bu ishi onasiga yoqmadi shekilli:
-Avaylamasang zaho qilasan, – dedi jerkib. U gap ohangidan hammasini tushundi. Boyagi ginaxonlik haliyam tarqamagan edi. Endi ko‘nglini ovlash yo‘lini izlay boshladi.
-Yana terib o‘taymi?.. – so‘radi bo‘shagan savatlarni qo‘liga olarkan.
-Shunisi ham yetar, – dedi onasi erinibgina. – Ular o‘qib nimani qoyillatishardi. Barisi urf-odatlarni unutishyapti. Kattalardan yiroqlashishgani qolyapti.
Ochig‘i nima deyarini bilmay boshi qotdi. Onasi to‘g‘ri aytardi. O‘ylab ko‘rsa o‘zi ham o‘qimishli bo‘lib xuddi shunday qilgan. Mingni uqib tuzukroq hol so‘rashni bilmasa odam, undan ne naf. Bu iddiolarning barisi o‘ziga qaratilgan asli.
-Hayot shunaqa ekan-da. Vaqt bir joyda kutib turmasa. Zamon kundan kun o‘zgarib borayayotgan bo‘lsa…
-…Aqlimni tanibmanki hammasi o‘sha-o‘sha. Dunyo ham joyida. Avval qanday bo‘lsa hozir ham shunday, – gapini cho‘rt kesdi onasi. – Yana senga aytsam, odamzotning o‘zi o‘zgargan!
U tortishishni xohlamadi. Bularning bari bor gap, o‘zicha ichida o‘yladi. Lekin kechagi kun bilan bugun bir-biriga o‘xshamaydi-da baribir… Xayolidagi fikrlar to‘qnashuvida, yana bo‘sh kelgisi kelmasdi uning.
-Sen tog‘oralarni ol! Anor uzamiz, – dedi onasi xayolini buzib. U beixtiyor bo‘ysundi. Idishlarni ko‘tarib, onasiga ergashdi.
Anorzorda hosil mo‘l edi.
-Bu yil havo yaxshi keldi. Hamma mevalar boshini yeb soldi. Har yilgidan tuzuk-da harholda. Bultur bari daraxtlarni sovuq urgandi. Avj olmasmikin, deb qo‘rqqandim. Xudoga shukur! O‘zini rahmi keldi. Bo‘lmasam biz ham o‘tirib qolardik.
Onasi katta-katta pishib yetilgan anorlarni bitta-bitta uzib unga uzatardi. U bo‘lsa avaylab idishlarga joylardi. Yorilganlarini alohida-alohida qilar, saralarini boshqa yoqqa terardi.
-Gulini pastga qaratma. Ezilsa uzoq turmaydi, – tanbeh berdi onasi. – Nima balo, hammasini unutibsan-da!?
-Ancha qo‘lim chiqqanmi deyman, – o‘zini oqlamoqchi bo‘ldi u.
-Ha-aa… Otangni sendan umidi katta edi. Buni katta shaharda o‘qitamiz, derdi rahmatli. Aytganini qiladigan odam edi-da. Shuning uchunam hamma hurmat qilardi.
Bolaligida bog‘larida otasiga ko‘p yordamlashgan. Bahorda daraxtlarning taglarini yumshatib, o‘g‘itlashishar, kuzda esa hosilni yig‘ishtirishardi. Otasining qiziq odati bor edi. Har doim pishgan mevalarning oldini qo‘shnilarga ulashardi. Nima sabab bunday qilganiga haligadovur aqli yetmaydi. Otasidan so‘raganda:
-Kelasi yil uchun, – derdi jilmayib. To‘g‘risi bu haqda hech o‘ylab ko‘rmagan ekan.
-Qolganlar hayallashdimi?.. – gapni boshqa yoqqa burmoqchi bo‘ldi u aka-ukalariga ishora qilib. Yo‘qsa onasini biladi. Ko‘zyosh qilishi aniq. O‘pkasi to‘lib turipti. Buning ustiga boshidan yig‘lab olsa, ming yillik yig‘in ham ta’timaydi.
– Ha demay kelib qolishadi. Uyni to‘zitishadi hali, – fikrini bo‘ldi onasi.
-Hammalari katta bo‘lib qolishgandir? – jiyanlarini so‘radi u.
-Nimasini aytasan. O‘h-ho‘… Aql o‘rgatishadi senga. Kelishsa ko‘rasan.
Onasi nevaralarining qaysi bir qiliqlari esiga tushdimi, miyig‘ida kulib qo‘ydi. Ikki savat ham qip-qizil anorlarga liq to‘ldi. Endi mevalarni tog‘oralarga bandi bilan uzib, joylasha boshlashdi. Bu safar, bir qator qilib terib chiqishdi.
-Bo‘ldi yetarli, – dedi onasi biroz o‘tib. – Qolganini keyinroq yig‘ib olamiz.
-Men terib qo‘yaqolay, – dedi u onasining charchaganini bilib.
-Butun boshli bog‘ni senga ishonib bo‘larkanmi?..
-Eplarman.
-Uzoq yo‘ldan kelgansan. Yur endi, – dedi onasi qat’iy.
Ular idishlarni olib bog‘dan chiqishdi. Hammasini ko‘tarmoqchi bo‘lgandi onasi ko‘nmadi. Qo‘yarda-qo‘ymay bir savat bilan tog‘orani o‘zi oldi.
-Unaqada anorlar eziladi, – dedi dakki berib.
Shu payt darvozaxonadan dupur-dupur oyoq tovushlari eshitildi. Kim, deyishga ulgurmasidan aka-ukalari yetib kelib, zumda qo‘llaridagi idishlarni olishdi. Onasi aytganday bir pasda qiy-chuv, to‘s-to‘polon boshlandi. Kichkina jiyanlari xarxasha qilishar, kattalari bo‘lsa yupatishardi.
-Ko‘rdingmi bularni qanaqaligini, – dedi onasi ularga qarata qosh uchirib.
-Buvilariga o‘xshagan-da, – dedi u ham miyig‘ida kulib.
-Koshki shundoq bo‘lsa. Otalarining o‘zginasi. Mana bunisini shirinligini qara. Meni ko‘rgani kelibdi-da jujug‘im, – deya eng kichkina nabirasini ko‘tarib bag‘riga bosdi onasi. Cho‘ntaklaridagi shirinliklardan berib, biroz erkaladi.
-E-ee, bormisiz, aka! – so‘rashdi ukasi shoshib kelib.
-Rahmat.
-Bizsiz butun hosilni yig‘ishtiribsanda uka, – dedi akasi ham ko‘risha turib.
-Yaxshimisiz aka.
-Xudoga shukur. O‘zing tuzukmisan? Oilang tinchmi?.. Qani ular!? Nega olib kelmading? Bir yozilib ketishardi-da.
-Hadeb avaylayvermay qishloq oftobidan ham yediring ularga, aka! – dedi ukasi ham qo‘shilib.
U tuzukroq bahona topolmay kulib qo‘ya qoldi. Birin-ketin jiyanlari kelib ko‘risha ketishdi. Kattalari bo‘yi barobar cho‘zilishibdi. Hammasini ko‘rib hursand bo‘ldi. Yangasi bilan kelini ham hollasha turib, oilasini so‘rashdi. Rostdanam olib kelsa bo‘larkan. Bir pasda ayvonga dasturxon yozildi. Singlisi keliboq osh-ovqatga unnadi. Onasi kelinlari bilan non zuvalasini olishga tushdi. Bu g‘imir-g‘imirlarni ko‘rib kallasi aylanib qoldi. Hamma narsa taxt edi. Onasi hatto xamirgacha qorib, tayyorlab qo‘ygan ekan. U nima qilarini bilmay, tandirga o‘t qaladi. Kosov bilan olovni kavlab, sal qoldi qoshini kuydirishiga. Hijolatdan ariqdagi suvga yiqilay ham dedi. Toza kulgi bo‘lardi-da o‘ziyam. Jiyanlari amakilarining harakatlarini bir-biriga ko‘rsatishib, qiqirlashishardi. Yer yorilmadi-yu, kirib ketmadiyam… Amallab tandirni qizitib oldi. Onasi kelib o‘zi non yopdi. Tandirning jag‘iga mitti kulchalardan yopishtirgan ekan, birozdan keyin uzib unga uzatdi.
-Ma, yeb ol! Esingdami, bola paytlaring doim kulcha pishishini poylarding, – dedi. U qo‘li kuya-kuya sindirib og‘ziga soldi. Haqiqatan ham juda mazali. Xotiralar qanaqadir vujudida ajib his uyg‘otdi chog‘i allanechuk bo‘lib ketdi.
Shu yo‘sin qosh qoraydi. Kechki ovqatga barcha jamul-jam bo‘ldi. Hammayoqni endigina tandirdan uzilgan issiq non-u, ishtahani qitiqlovchi qovurma taomlarning isi tutdi. Mevalarning hidini aytmaysizmi? Naq dimog‘ni yoradi-ya! Hammalari birga o‘tirishib tanovvul qilishdi. U yoq-bu yoqdan gaplashib, ko‘ngil yozishdi. Onasi nevaralari bilan ancha ovundi. U ham yaqinlari qatorida o‘zini yengil sezdi. Barcha tashvishlarini unutgandek bo‘ldi. Dasturxonni yig‘ishtirar vaqti otasini eslashdi. Onasi o‘tganlar haqqiga duo qildi. Shu bilan bu yilgi yig‘inga ham yakun yasaldi. Hamma tarqadi. Bir zumda uy yana huvillab qoldi. Yotar mahal onasi gapga tutdi.
-Qachon qaytasan?
-Ertaga.
-Biroz qolmaysanmi?
-Ishlarim ko‘p. Keyin nevaralariz…
– …Otang hosilni boshidan shaharga jo‘nat deb tayinlagandi, – dedi sekin gapini bo‘lib. – Shuning uchun ertalab injiqlik qila ko‘rma!..
Har gal shu – ketar mahal onasi bir dunyo narsalarni qo‘liga tutqazardi.
-Xo‘p, – dedi bosh qimirlatib.
Ammo onasining ichidagi gap boshqa edi. Uni aytolmay qiynalayotgani yaqqol sezilib turardi.
-Boyagi so‘zlarimdan xafa bo‘lmagin yana. Bolalarni o‘qitinglar. Kelinga ham tayinla. Ko‘p kuyunavermasin. Dunyo o‘zi shunday. Beshafqat.
Onasi nimaga shama qilayotganini tushunolmay biroz garangsidi. Uzoq vaqtdan beri xotinining tobi yo‘q edi. Biroq onasi buni bilmasdi-ku! Hayron bo‘lib qaragan edi:
-Yoz oxirlab qolganda kelin tushimga kiruvdi. Oppoq kiyimda farishta misol uchib yurgan ekan. U osmonga qarab talpinar, sen bo‘lsa yerga tortarding. Tuzukla betobga o‘xshaydi. Hali sog‘ayib, otday bo‘lib ketadi. Ko‘p siqilavermanglar.
U nima deyarini bilmay, jim qotib qolgandi. Vujudi quloqqa aylanib, faqat tinglardi.
-Yana bir gap, – dedi onasi chuqur xo‘rsinib. – Doim bir narsa ichimni ezadi. Diydor qiyomatga qoladimi, deb zirillayman. Gapimni bo‘lishga shoshilma. O‘zimni o‘zim yaxshi bilaman. Otangdan keyin ancha cho‘kdim. Ishlarim ham avvalgidek unmayapti. Harakatda mador yo‘q. Qaridim shekilli. Barisi orqaga qarab ketyapti. Buni o‘ylash qanchalik og‘ir bo‘lmasin, bu – haqiqat! Haqiqat esa, doimo achchiq…
Ming harakat qilib, gapirishga chog‘lansa ham buni uddalay olmadi. Hatto onasini yupatuvchi biron so‘z aytolmadi.
Tun ichi onasining gaplarini o‘ylab mijja qoqmadi. Quyosh bosh ko‘tarmay akasi bilan ukasi yetib keldi. Tong sahar katta yo‘lgacha kuzatib qo‘yishdi.
Ketar chog‘ onasini mahkam quchoqlab, xayrlashdi.
– Umringiz uzoq bo‘lsin! – dedi sekin.
Onasi duo qildi.
-Yaqinlaringni yo‘qlab tur, – dedi ortidan.
Yo‘lda atrofdagi dov-daraxtlaru, qadrdon yo‘llar ham onasining gapini takrorlayotgandek tuyulardi. Bir tomondan yaqinlari bilan bo‘lgan kechagi o‘tirish zavqi-yu, boshqa tarafdan onasining tundagi ohi-zori ichida tortishardi. Ulardan qochay deb qocholmasdi. Osmon olis, yer qattiq. Manzilgacha esa hali ancha bor edi.
-Albatta, – dedi beixtiyor pichirlab o‘ziga o‘zi ketib borarkan.
Kelasi yil kech kuz qishloqdagi eski hovlilarida barcha oila a’zolari yana yig‘ilashadi.