Asliddin Alimardonov. Orol, bobom va men (esse)

Orol dengizi haqida eshitsam yoki biror nima o‘qisam o‘pkam to‘lib ketaveradi. Lekin yig‘lay olmayman. Xuddi sigaretni chuqur tortganimdagidek achimsiq tutun bo‘g‘zimni achishtiradi.
Mana yoshim o‘ttizlik dovonni zabt etib turibdi, shu payt­gacha Orolni bir bora bo‘lsa-da, ko‘zim bilan ko‘ra olmadim. Qoraqalpog‘is­ton Respublikasi uzoqmas, mashinada yurilsa 16 soatda yetsa bo‘lar…
Mashinam bor.
Ishxonadan ruxsat so‘ralsa, rahbar tushunadigan odam – yo‘q demaydi…
Dabdurustdan qaror chiqarib, bir yoqlarga “yo‘qolib qoladigan” odatimga esa oilamdagilar ko‘nikib ketishgan.
Ammo o‘zim-da anglolmayotgan qandaydir bir vaj sababli safar ortga surilib kelyapti.
Orol – aslida bobomning maqsadi edi.
Biroq Ikkinchi jahon urushining zaxida o‘pkasini shamollatgan bobomni zardobdard erta yengib, dunyosiga to‘yib-to‘ymay, biz nabiralarining rohatini ko‘rolmasdan ko‘zlari ochiq ketdi.
Bobom haqiqatda noyob kishi edi…
U kishiga eng yaxshi ta’rifni otam bergan: – Bunday avlod boshqa kelmaydi…
Yoshligimda tengdoshlarim fazogir, prokuror, hokim bo‘lish haqida xayol qilardi.
Men Orol bo‘yida yashashni orzu qilardim. Qirg‘oq bo‘yida uy solib, har kun baliq oviga chiqsam, tutilgan baliqdan “uxa” pishirib, bobomga ichirsam o‘pkasi tez tuzalib ketadi, deb o‘ylardim.
O‘sha paytlar xuddi “Susambil”dek bir ohanrabosi bor edi Orolning…
Esimni tanigan paytimdan bo‘lsa kerak, bobom doim bir gapni takrorlardi: – Orolga borsam tuzalib ketaman.
– Otamga ayting oboradi, – derdim.
– Yo‘q, ikkimiz borishimiz kerak. Buning uchun esa sen tezroq katta bo‘lishing lozim, – derdi.
Hatto bobom vafotining ertasiga otamdan alamangiz bo‘lib: – Siz obormadingiz Orolga, shuning uchun o‘ldi, deya arz-dod qilganman.
Shunda otam indamasdan meni mahkam bag‘riga bosgandi.
Ma’lum vaqt o‘tib bilsam, bobom Orol ertagini faqat menga aytib yurar ekan…
Hech kimga hatto bolasiga-da xizmat aytishni ep ko‘rmaydigan odam edi-ya…
Xuddi “Chol va dengiz”dagi kabi bo‘ldi…
Yaqinda bir jurnalist o‘kinch bilan “Dengiz chekinib ketibdi, ko‘rish uchun maxsus “jip”da borilar ekan” qabilida yozdi…
Tomoq qirdim…

* * *
Xullas, xabarlar oqimida “Olimlar: Orol dengizi tiklanmoqda” havolasini ko‘rib, dardim yangilandi. Ichimda iloyim shunday bo‘lsin, deya pichirladim.
Bungacha Orol fojiasini, garchi gidrobiolog bo‘lmasam-da, o‘zimcha o‘rganib yurardim.
Maktab kutubxonasidagi badiiy asarlarda Orol haqida o‘qirdim. Bittasida asar qahramoni Orolga borib, o‘pkasini davolash ilinjida konserva zavodida ishlaydi…
Universitetda tahsil olayotganimda dotsent Q.Allanov “Markaziy Osiyo davlatlari geografiyasi” ma’ruzalarining birida Orolga alohida to‘xtalib o‘tgan.
Orol o‘nglanishi uchun nima qilsa bo‘ladi?
Birinchisi, Rossiyadan O‘zbekistonga qarab kanal qazish. Juda katta loyiha. Amalga oshishi dushvor. Kamiga kanalning bir qismi Qozog‘iston hududidan o‘tar bo‘lsa, transmilliy chegara degan narsalar bor…
Ikkinchisi, Orol dengizi hududi yer qa’rida juda katta yerosti dengizi bor. Tepaga artizan quvurlar orqali chiqarish mumkin. Juda katta loyiha. Amalga oshirar bo‘lsa, seysmologik muammolari bor.
Uchinchisi, Kaspiy va Orol dengizini ajratib turadigan tog‘ tizmasida o‘ziga xos g‘or – suv yo‘li mavjud. Tarixga nazar solinsa, Orol gurkiragan payti Kaspiy quriydi. Hozir Kaspiyning suvi ko‘p. Hech chora ko‘rilmasdan kutib turilsa, Orol o‘z-o‘zidan qayta tiklanishi mumkin.
Shuningdek, fisqu fujur gaplar ham eshitganman. Emishki, sobiq Ittifoq davrida Orol dengiziga maxsus kimyoviy modda tashlangan va u suvni bosqichma-bosqich bug‘latib yuborgan. O‘tgan yili Ozarbayjonga safar qilgan so‘zbir jo‘ramiz u yerda bir haydovchi bilan gaplashib qolibdi. Qardoshimizning aytishicha, Orol bag‘riga juda katta neft zaxirasini quchib yotgan emish.
Qarayverilsa, bu qabildagi gaplar chiqaveradi.
Rostini esa Xudo biladi…

* * *
Keyin tashvishlarga butkul g‘arq bo‘lib, Orolni bir muddat unutdim.
Xabarcha sabab, yana bobom haqda o‘ylay boshladim.
Ba’zilar go‘zallik nobud bo‘lmasligi uchun unga daxl qilmaslik kerak, deb hisoblaydilar. Tabiatning bokira, kishi qadami yetmas joylari borligi shundan. Bu ham to‘g‘ri, aslida.
Ammo yana shunday odamlar borki, maqsadlariga yaqin kelsalar-da, orzu zabtiga shoshilmaydilar, kaftlariga inay deb turgan naqd javohirni armon atab, manzil-yo‘nalishlarini boshqa joyga jo‘rttaga burib yuboradilar.
Kishilarni maqsad, orzu qanday ruhlantirib tursa, “ijobatdan keyin nima bo‘ladi” qabilidagi ongosti savol qo‘rqitishi-da mumkin. Bunday paytda armon-la yashashning payiga tushib qolguvchilar bor.
Xom sut emgan bandamiz. Tan olish ham bir mardning ishi.
Endi bilsam, bobom shunday qilgan ekan.
Azobli urush xotiralaridan chalg‘ish, turmushning mayda-chuyda dedi-dedilaridan ovunish uchun ham Orolga bormagan. Istasa-da…
Taqdir nimani ravo ko‘rsa, mag‘rur turib qabul qilgan.
Boshda aytdim: bular shunaqa avlod edi.
Bizchi?..

«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 8-son