Buncha ko‘p kiryapman yerning tushiga.
Halima AHMAD
Jalil boboning xotirasi lip-lip yonib-o‘chadigan eski chiroqqa o‘xshab qolgan. Bir “puf”ga muhtoj. Bobo to‘qson oltini to‘ldirib, to‘qson yettiga o‘tgan tavallud kunini farzandlari kelib, birga nishonlashdilar. Hali hayot bo‘lgan, sharti ketib-parti qolgan bir-ikki do‘stlari, tanish-bilishlari ham kelib, uni qutlashdi.
Jalil bobo bu qutlovchilardan ayrimlarining ismlarini esdan chiqargan, ayrimlarini esa tanimaydi. Eslash uchun o‘sha odamga uzoq termilib turadi. Qiyofasi oz-moz tanish bo‘lsa ham, lekin ismini bilmaydi. Boboning angrayib turganini ko‘rgan ayrim tanish-bilishlari asta shivirlab, o‘zini tanishtirib “men falonchiman”, deydi. Jalil bobo chuqur o‘yga tolib, uni tanigach, hol-ahvol so‘rashadi. Tanimasa, “Ha, yaxshi”, deb qo‘ya qoladi.
Tavallud kunini nishonlash unga ancha malol keladi. Uvadaga o‘xshab qolgan umrining nimasini nishonlaydi? Lekin farzandlari, xotini holi-joniga qo‘ymaydi. Asosan kelinlari, nabiralari va besh-o‘nta tanishlari, shogirdlari xursandchilik qilishadi. Bir xil mazmundagi qadah so‘zlari yangraydi. Boboga yuz yosh tilashadi. Hatto musiqa qo‘yib, raqsga tushishadi. O‘zidan qirq yosh kichik (birinchi xotini qazo qilganidan so‘ng kotibasiga uylangan) xotini tinimsiz g‘imirlaydi. Kechasi bilan uxlamay pishirgan pishiriqlarini chumoliday dasturxonga tashiydi. Mehmonlarning ko‘nglini olay, deb jonsarak. Bu qo‘li ochiq, yuzidan kulgi arimaydigan bu ayol katta-kichikka birday mehribon, hammani sizlaydi, ko‘ngliga yo‘l topadi. Ehtimol ochiq ko‘ngilligi bois, unga uylangan bo‘lsa kerak. Bobo xotinlaridan yolchidi. Birinchi xotini Sanobar ham rahmatli yaxshi ayol edi. Unga ikki o‘g‘il, ikki qiz tug‘ib berdi. Oilaning borini oshirib, yo‘g‘ini yashirib yashadi. Kutilmaganda kichik o‘g‘li xorijga ishlagani ketdi-yu, bedarak yo‘qoldi. Bu og‘ir dardni ko‘tarolmagan sho‘rlik ona bir yomon kasalga yo‘liqdi-yu, qaytib tuzalmadi. Hatto Isroilga ham olib borishdi. Yahudiy do‘xtirlar ham kasali ancha o‘tib ketibdi, deb davolay olmadi. Ajal bo‘yniga ip bog‘laganday, xotinini narigi dunyoga yetaklab ketdi. Go‘yo Sanobarni kasal sabab bo‘lib, Azroil olib ketganday edi…
Yaxshi xotin bilan kechgan umr erkakka gul hayot bag‘ishlaydi. Yomon xotin bilan yashash umrni xazonga aylantiradi. Ehtimol uning uzoq umr ko‘rishiga sabab oqila ayollar uchragani bo‘lsa kerak.
Hayot shafqatsiz ekan. To‘qson yilligida qatnashgan ayrim do‘stlari, og‘aynilari, tanish-bilishlari, qarindoshlari allaqachon tutday to‘kildilar.
Davraning to‘rida munkayib, lablari osilib, omonat haykalday qotib o‘tirgan Jalil bobo xira tortib borayotgan ko‘zlarini bir nuqtaga tikib xayol suradi. Xayollari tentak shamolday to‘ziydi.
“Odam uzoq umr ko‘rsa, yashayverib zerikib ketarkan. O‘z vaqtida yorug‘ dunyoni tark etgan ham yaxshi ekan, – o‘ylay boshladi u. – Avval, ota-onamdan ayrildim, keyin Sanobar yuragimni poralab meni tashlab ketdi. O‘g‘lim bedarak yo‘qoldi. Jo‘ralarim, yaqin do‘stlarim bir-bir yog‘och otga mindilar, benihoya halol va diyonatli ustozim jigarimni ezib ketdi. Shu yoshimgacha qatnashgan janozalarimning sanog‘i yo‘q. O‘lim haq. Undan hech kim qochib qutulgan emas. Azroil baribir qarmog‘iga meni ilintiradi…”
U og‘irlashib borayotgan boshini asta ko‘tarib, yana davradagilarga zeng solib mo‘ralaydi. Ularning orasida Azroil yo‘qmikin, deb hadiksiraydi.
So‘nggi paytlarda uni go‘yo Azroil izidan tushib, ta’qib etayotganday edi. Qachonlardir o‘qigan edi: U taqvodorlarning, din yo‘lida halol-pok yurganlarning jonini osongina olarkan. Gunoh botqog‘iga botganlarning esa, jonini olishda qiynoqqa solarkan. Lekin joni Azroilga nishon bo‘lgan odam undan aslo qochib qutulolmas ekan. Ba’zan tushlariga kirib qo‘rqitadi. Ba’zan turli qiyofalarda namoyon bo‘lar ekan. Birinchi xotini Sanobar ham o‘limi oldidan, “Ana Azroil keldi, hozir jonimni oladi”, deb alahsirardi. O‘shanda u Azroilning sovuq nomini eshitib, eti junjikib, qo‘rqqan edi… Lekin Azroil mutlaqo sezdirmay keladi. Shu paytgacha bandalikni bajo keltirgan biror odam Azroilning sharpasini sezmagan va ko‘rmagan. Ko‘rgan bo‘lsa ham tili kalimaga kelmagan. Qur’oni Karimda aytilgan ushbu so‘zlardan sobiq kommunist bobomiz mutlaqo bexabar edi: “Har qayerdaki bo‘lmagil, hatto baland, mustahkam cho‘qqilarda bo‘lsang ham, o‘lim senga yetib kelsa, uning changalidan qutulolmaysan”.
Jalil bobo – bir paytlar Jalil Jabborovich edi. Amaldor edi. Katta bir dargohning haybatli rahbari edi. Hayhotday qabulxonasi bor edi. Qabulxonada gulday ochilib, Naimaxon o‘tirardi. O‘zi shaxsan bosh-qosh bo‘lib, Naimaxonni uzatib, to‘yda tabrik nutqi so‘zladi, to‘rt qator she’r ham aytdi… Bir kam dunyo ekan, Naimaxonning turmushi bo‘lmadi. O‘n ikki yil turmush qurib, farzand ko‘rmadi. Ayb o‘zida ekan. Xudo bermaganidan keyin qiyin…
Xotini qazo qilganidan so‘ng Naimaxonga uylandi. Farzandlaridan bir-ikkisi andak norozi bo‘ldi. Ayniqsa, qizlar… Naimaxon ham shirin til emasmi, farzandlari bilan go‘yo tug‘di-bitti bo‘lib ketdi. O‘rtada onalari Sanobar bo‘lmaganday, go‘yo ularni Naimaxon tuqqanday…
Endi Jalil boboning hamdardi, suyanchig‘i ana shu sho‘rpeshona Naimaxon edi.
Kunduzni amallab o‘tkazgan qariya uchun kechasi azob lahzalari boshlanadi. Ba’zan yarim kechada, ba’zan bir-ikki soat uxlaganidan so‘ng uyqusi qochadi. Kimdir eshiknimi, derazanimi ohista chertayotganday bo‘ladi. Uning xayoliga darhol Azroil keladi. Yana ajal sharpasi bo‘lsa kerak, deb yuragiga g‘ulg‘ula tushadi.
U kunduz kuni o‘tirib-turib, yurib, qiynalgan paytlarida, “Xudojon, bu azoblardan qutqarib, tezroq jonimni olgin”, deb iltijo qiladi. Lekin kechasi iltijolarim Yaratganga yetib bordi shekilli, Azroil derazani chertayapti, deb ba’zan taqdirga tan beradi. Ko‘pdan buyon Naimaxondan “o‘limligim tayyormi”, deb so‘ramoqchi bo‘ladi-yu tili bormaydi. Nimadir tomog‘iga tiqilib, savoli bo‘g‘zida toshday qotib qoladi.
Jalil bobo deraza g‘ichirlaganda ba’zan Azroil jonimni olgani keldi, deb xursand ham bo‘ladi. Bo‘ladi-yu, endi hamma-hammasidan, tashvishlardan, uqubat va azoblardan batamom qutulaman, deb turganida ichida go‘yo bir notanish mayin, mehribon ovoz paydo bo‘lib, yana jichchagina yashasang, nima qilibdi, borasan-da o‘sha qulfsiz uyga, deb niyatidan qaytarmoqchi bo‘ladi. Hozirgina Azroilning “kelishidan” umidvor bo‘lib jonini topshirishga rozi o‘tirgan Jalil boboning yuragida yashash istagi xira shamday nur sochadi. Xasta hayot nafasi ufura boshlaydi. O‘lim yana yodiga tushsa, seskanib ketadi. Azroildan qo‘rqadi. Qo‘rqadi-yu yashash zavqi yuragini qamraydi…
Bir gal Jalil boboning tushiga Azroil kirdi. U qop-qora kiyimda ekan. Jalil bobo nima qilishini bilmay, qo‘rqib ko‘rpaga burkanib oldi. Azroil sekin ko‘rpani ko‘tarib, unga qattiq tikildi. Azroilning ko‘zlarini ko‘rmagan Jalil bobo jon holatda bor kuchi bilan bo‘ynidan ushlab, uni bo‘g‘a boshladi. Azroilning bo‘yni yo‘q emish. Lekin bo‘g‘gan sari go‘yo nafasi qaytib, chuqur-chuqur nafas olarmish. U xayolida hozir Azroilni o‘ldiraman, deb jahd bilan uni bo‘g‘armish. Bo‘g‘armish-u lekin qo‘lidan sirg‘alib Azroil chiqib ketarmish. Bu ajal “o‘yini” cho‘zilgan sari Jalil boboning holi qurib borarmish.
U nafasi qaytib, yuragi o‘ynab uyg‘ondi. Uyg‘ondi-yu, “Naima!” deb qichqirdi. Lekin tovushi chiqmadi. Chuqur-chuqur hansirab nafas ola boshladi…
Ba’zan o‘lim haqida gap ketganida farzandlariga termilib asta shivirlaydi:
– O‘limdan-ku qo‘rqmayman. Lekin sizlarni yolg‘izlatib tashlab ketgim kelmaydi-da, jon bolalarim! Xudo yetkazsa, nabiralarimning to‘yini ko‘rsam deyman.
– Ko‘rasiz, otajon! Xudo xohlasa, hali ko‘rasiz… – Bolalari uning ko‘nglini ko‘taradi, yupatgan bo‘ladi.
Tongda shundoq deraza ortidagi o‘rik daraxtidan bulbulning zavqli xonishi eshitiladi. Bulbulning o‘tli nolalarini eshitib, ko‘ngli tinchib, Azroil bugun ham kechikdi, deb o‘ziga taskin-tasalli beradi Jalil bobo. U bir qirg‘og‘i jo‘shqin hayot, ikkinchi qirg‘og‘i o‘lim nafasi ufurib turgan umr daryosining o‘rtasida qolgan edi. Qaysi qirg‘oqqa qarab suzishni bilmay garang. Yashashni qanchalar sevsa, ajaldan o‘larday qo‘rqadi. Jon shirin, degan gap to‘g‘ri ekan. Ana shu shiringina, azizgina, paxtaday yumshoqqina jonini Azroilga topshirgisi kelmayapti-da!.. Bir kinoda eshitgandi: “Yoki hayotga yoki o‘limga intil”.
Hikoyaga batafsil kirmagan yana bir qahramonimiz bor. U Jalil boboning kelini – bedarak ketgan kichik o‘g‘lining xotini. Bechora kelin uch bolasi bilan bir vaqtlari o‘zi Naimaxonga olib bergan katalakdek bir xona uyda yashaydi. U ham Azroilni Jalil bobodan kam kutayotgani yo‘q. Azroil o‘z vazifasini tezroq bajarganda edi, u qaynotasining uyiga ko‘chib o‘tardi. Va o‘ttiz yoshdan oshayotgan o‘g‘lini tezroq uylantirgan bo‘lardi…
Lekin Azroil hech qachon kechikmagan va kechikmaydi ham. U umrning vaqti-soati yetishini kutyapti…
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 10-son