Ahmad A’zam. Noto‘g‘ri tush (hikoya)

Men yigit berayotgan narsaning nimaligini, bu narsani zinhor-bazinhor qo‘limga olmasligim kerakligini bilib tursam ham, «E-e, ana shunaqasizlar-da, qo‘ymaysizlar odamni. Ha, mayli endi», deb bari bir olaman. Olmasam ham bo‘lardi, u ham juda yopishib, qo‘ymay turib olgani yo‘q, qo‘rqoq ko‘ringim kelmadimi, zinhor-bazinhorligiga aksligim tutdimi, yo shu deyman, odamning ko‘ngli har doim ham asli nima bo‘layotganini sezib turadimi, ishqilib, kompyuter klaviaturasi qutisini olaman. Qiyshiqroq ushlagan ekanman, ichidagi narsa shig‘illab og‘ib, jichchasi to‘kildi ham. Xuddi shakarning qumidek mayda, lekin rangi so‘nik-oq, xira, kukunga o‘xshaydi. Kinolarda ko‘rganman, o‘sha. Shuni klaviaturaning qutisiga solib kelaveribdi. Yupqagina arzon karton quti. A bunday yelim suvqog‘oz xaltachalarga joylab, so‘rg‘ichlab, chet el harflaridan muhrlarni urib olib kelmaysanmi? Shunga ham pulini xarjlaydigan ahmoq topilar ekan-da, a? Yana ham kim biladi, bordir-da. Bular shu ishning ustasi-ku. Melisaning ko‘zini shamg‘alat qilish uchundir-da. Meni ham shunga topgan-da bular. «Ha?», desa, «Akamlarning kompyuterlariga yangi klaviatura olib keldim», deydi-da. Kompyuterda ko‘p ishlaganidan klaviaturasi dosh bermaydigan ziyoli odamdan kim gumonsiraydi? Obro‘ni qarang! Ha, bular hammasini o‘ylagan. Shuning orqasidan non yegandan keyin ustasi farang bo‘lib ketadi-da. Kompyuter klaviaturasining yapaloq qutichasini ko‘chada bemalol qo‘ltig‘iga qisib kelavergan. Ichida boshqa narsa borligi kimning xayoliga kelibdi!
Yigitning o‘zi ham nihoyatda xushmuomala. Maxsus maktabda o‘qiganmi deysiz. Kinolarda ko‘rganimdek yuzi buzuq bandit-bezorilardan emas, juda boadab, tarbiyali, qo‘li ko‘kragidan tushmaydi. «Sizni deb keldim, aka. Sizga suyanib keldim, aka. O‘zingiz qo‘llab yuborasiz, aka». Muomalani qarang, qanday akalik qilmaysiz? Berdiyu yana qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib ketdi. «Aka, ikkovimizga ham katta pul bo‘ladi bu», dedi.
Men shunda ham olish kerak emasligini bilib turgan edim, lekin olib qoldim, yana menga ishongani uchun sidqidildan rahmatlar aytdim. Ha, xayrlashayotib, «Rahmat!» deb o‘zim ham ta’sirlanib ketdim. Qarang, qo‘limdagi narsani olib qolib bekor ish qilganimni bilib turibman, yana shu narsani ishonib berib ketayotgani uchun minnatdorman. Meni yaxshi odam deb o‘ylaganiga o‘zimni ham ishontirdi. Juda g‘alati-ya? Unga «Bemalol, bemalol», deb qo‘yaman. Nima bu, bemalol ketaver, deganimmi yo yana xohlaganingcha olib kelaver, demoqchi bo‘ldimmi, bilmayman.
U birdan ketib qoldi. Esimda, darvozagacha kuzatishga ulgurmadim. Hovlida o‘zim qoldim. Qo‘limda klaviaturaning yapaloq qutisi. U yoqqa qiyshaytirsam ham, bu yoqqa qiyshaytirsam ham, ichidagisi shig‘illab, sizib to‘kiladi. Aytdim-ku, yaxshilab bekitishmagan ham, deb. Bu vaqtga kelib kallam ham oydinlashib, o‘ylay boshladim. Xo‘p, olib qolishga olib qoldim, menga ishonishdi, bunga rahmat ham deylik, nimaga rahmat aytish kerak, buni tushunmadim-u, bunga ham mayli, lekin endi nima qilaman? Xo‘sh, bu dunyoda men biladigan odam juda ko‘p, qarindosh-urug‘dan tortib yoru jo‘ragacha barchasini kim sanab ko‘ribdi deysiz, bilganlarim necha ming, xullas, tumonat. Shuning hammasini taniyman, lekin shu ishni qilishi mumkin bo‘lgan bironta odamni bilmayman. Bunaqa odamlarni qanday bilib olishni ham bilmayman. O‘zim bunaqa narsalarga tamomila begona odamman. Mendan vositachi chiqmaydi. Kimga o‘tkazaman, qanday sotaman? Men hatto tekinga oladigan odamni topolmayman. Bilmagandan keyin shu-da. To‘g‘ri kelgan odamga berib yuborib bo‘lmaydi-ku. Siz unga to‘g‘ri ko‘ngilda bersangiz-da, u sizni melisaga ushlab bersa? Ha, to‘g‘ri qiladi lekin. Yaqin, sotmaydigan og‘ayningizdan shuni sotishga yordam berishini so‘rasangiz, og‘ayningiz sizni sotmaydi-yu, lekin «Bundan ko‘ra os o‘zingni, o‘ligingga chindan kuyaylik», deydi. Hozir hamma kino ko‘radi, gazeta o‘qiydi, dunyo voqealaridan xabardor, ma’lumoti yo‘q odamning o‘zi yo‘q. Esi bor odam rasvo ishga yo‘lamaydi. O‘zim ham kinolardagi narkomanlarni bir qarashda bilib olaman. Lekin, hayotda, rosti gap, ularni qattiq ishlab charchagan odamdan farqlab bilmayman. Bu ko‘p o‘qiganga qaramas ekan. Asr vabosi, umr jafosi deb shuncha jar solganlari bilan mening tumonat tanishlarim orasida bitta ham bunaqa odam yo‘q, bo‘lmasin ham. O‘zim ham, ochig‘i, nashapoya bilan hovlisupurgini bir-biridan ajrata olmayman lekin. O‘sgan muhitim ham, hozir yashayotgan davram ham shunaqa. Nima qilib bu pangvoshlar molini menga ko‘tarib kelib yuribdi, sira aqlim yetmaydi. Xo‘p meni yaxshi odam deb o‘ylashsa, yaxshi ishlarga tortishsin. Jinoyatga aralashtirishgani nimasi, koshki qo‘limdan ham bunaqa ish kelsa, tavba! Yog‘ochning bo‘shini qurt yeydi, degani shumikan, a?
Asli o‘zi buni olib qolgan o‘zimda kalla yo‘q! Agar bu ish shunaqa birovidan olib, boshqasiga o‘tkazib, o‘rtada mo‘may foydani bezarar yeb yotaverish bo‘lganda mendan boshqa talabgor ham ko‘payib ketar edi. Bordi-yu, buning iziga tushib, kuzatib yurgan bo‘lsalar-chi? Qani, kimlar bilan muomala qiladi, baloi azimni yana kimlarga yetkazib beradi, aloqalari qancha keng tarqalgan, deb. Ipning bir uchidan ushlab kelaverishsa, bu uchi qayerdan chiqib turibdi? Biznikidan-da! Kompyuteri klaviaturasi buzilgan akasini bir ko‘rib qo‘yaylik, deyishsa! Ana, endi vahimani ko‘ring! Nafasim bo‘g‘ilib, havo yetmay qoldi. Dahshat! Shuncha yil o‘qiganim, el orasidagi obro‘yim, kompyuterda ishlashlarim, savlat, po‘rim kiyinishlar, izzat-hurmatim – hammasi bir pul! Yo‘q yerdan! Arzimagan bir narsaga! Katta foyda emish! Nimasi foyda? Ming-ikki ming dollardir? Yapaloqqina klaviatura qutisiga qancha ham kukun joy bo‘lardi, e-e, ana, boringki, o‘n ming dollarlikdir. Odamning hayoti bundan ming marta qimmat-ku. Men-ku kallam ishlamay olib qolibman, lekin ularning kallasi qayoqda edi? Nimaga tajribasi yo‘q, bu ishning ko‘chasidan ham o‘tmagan odamga tashlab ketishadi? Yo‘q, gap pulda emas. Pul bugun bor, ertaga yo‘q. Yo yana teskarisi. Bir qo‘y bir terining ichida necha semirib, necha ozadi, deydilar. Lekin yigitning iziga tushganlar hozir uyimga kirib kelsa, qo‘limdagi kompyuter klaviaturasi qutisi bilan ushlab, «Mana, nihoyat bittasini daliliy ashyo bilan ushladik! Yana bu kishi ziyoli emish, kompyuterda yozadilar. Qani, norasida go‘daklarimiz sog‘lig‘ining kushandasi, o‘smirlarning Azroili, tush oldimizga, nomard!», deb qo‘limga kishan solishsa!… Men ham shunday qarab turmasman. «Haqsizlik zamoni o‘tib ketgan, inson huquqlarini toptashga haqqingiz yo‘q», deyman. Ular dovdirab qoladi. Qarang, meni bo‘shang bir ziyoli odam, qo‘liga kishan solsa tamom, boshini egib ketaveradi, deb o‘ylashgan-da. «Aybsizlik prezumptsiyasi bor, axir!», deb na’ra tortaman. Ana, lekin ana shu gapim yaxshi chiqmadi, o‘zim ularga tayyor dastak beribman! «Qanaqa aybsizlik, akam, qanaqa aybsizlik?! Qo‘lingizdagi karton quti to‘la aybsizlikmi? A, bu ayb bo‘lmay, nima, kompyuter printeriga bo‘yoqmi? Keyin, yana qanaqa priz… prizdumiya… nima dedingiz?» O‘qimagan, «prezumptsiya» degan so‘zni aytolmadi, lekin meni yomon sharmanda qildi. Rost, qo‘limda bir quti narkotik modda, aybsizlik prezumptsiyasi deb turganimni qarang! Shoshgan o‘rdak ham boshi bilan, ham dumi bilan sho‘ng‘iydi deganlari shu-da. «Xizmat burchimizni o‘tashga xalal beryapsiz!», deyishadi yana. «Vazifamiz – sizni mana shu daliliy ashyo bilan olib borib tiqib qo‘yish! Siz esa qancha inson huquqlari kerak bo‘lsa, shuncha olib, o‘zingizni himoya qilavering. Advokat yollang, xalqarolarini chaqiring, marhamat! Faqat hozir qarshilik ko‘rsatmang, befoyda». Ko‘ryapsizmi, jinoyat ustida ushlagandan keyin, tili ham burro, gaplari miltiqning o‘qidek…
Ana shunaqa bo‘lib, vahshatli xayol qora bosiriq yopirilib tushdi deng! Ko‘kragim yorilib ketay dedi. Ingrab yubordim. Vuh, fojia! Ey, rost, insoniyatning nafratidan dahshatlirog‘i bo‘lmasa kerak. Yuragim potirlab, o‘lib qolay dedim. Padaringga la’nat! Molingning ham, qutingning ham, foydangning ham, e-e, bor-e, o‘zingning ham! Vey, rosa so‘kindim. Shu so‘kinganim ham yengillik berdi shekilli, sal o‘zimga kelib, qo‘limdagi karton quti ichidagini «Ana, qushlar cho‘qilab yesin-e!» deb sochdim-da, qutining o‘zini shar-shar burdalab yirtib, har tarafga otib yubordim. Harakat qilganim yaxshi bo‘ldi shekilli, nafas olishlarim ravonlashib, kallam yana tiniqlashdi. Shu sepib tashlangan kukunning qancha turishini taxminladim. Bularning shirin muomalasiga uchish kerak emas, molidan kechmaydi bular, pulini berish shart, dedim, shu to‘laydigan pulimga rosa achindim, keyin bu hovliga sochilgan kukunni qushlar cho‘qisa, ular ham bangi bo‘lib qolmasmikan deb o‘yladim. Qushlarga rahmim kelgani inobatga olinib, aybimni albatta yengillatadigandek tuyuldi. Lekin to‘laydigan pulimga yomon kuyindim, axir, men ham yerdan supurib olmayman yozuv-chizuv bilan, ko‘zimning nurini berib topaman. Boadabligingni xudo ko‘tarsin, bir kunim sen uchun melisaga so‘roq berishga qoldimi! Bekorlarning beshini aytibsan! Meni bunaqa jinoiy ishlarga aralashtiraman deb xomtama bo‘lma! Mendan boshqa ishonadigan odamlaring qolmapti-da, a? Yaxshi odamlarga ishonasan-da albatta. Lekin men fashistlarning qo‘liga tushsam ham osonlikcha jon bermayman! Qarang-ey, xayolimga qanaqa gaplar kelyapti. Boshqattan jahlim chiqib, qat’iy kurashga chog‘landim.
Hovlining o‘rtasida turib olib, narkotik savdosiga qarshi mardlarcha nutq so‘zlamoqchi edim yo so‘zlayotgan edimmi, lop etib xotinim kelib qolsa bo‘ladimi! Nima demoqchi ekanim uncha esimda yo‘g‘-u, lekin gaplarim juda zalvorli, ibrati katta edi. Juda xursand bo‘lib ketdim. Shunaqa bir shodlandim! Siz xotini kelganiga deb o‘ylayapsizmi? Yo‘q. O‘zimning xotinim-ku. Keyin, u hech qayoqqa ketgani ham yo‘q edi. Eshikka chiqqandir, bilmayman, xullas, kepqoldi-da. Endi xotining eshikka chiqib kelsa ham ko‘ngling shodlikka to‘lib ketaversa. Yo‘g‘-e, hammasi evi bilan-da. Demoqchimanki. quvonish kerak, lekin bu uchun sog‘inish, sog‘inishga esa sal vaqt kerak, xotining qo‘shninikiga elakka chiqib kelsa ham, darvozaning oldini supurib kirsa ham teringgga sig‘may ketaversang, bo‘lmaydi-da endi. Qarang-ey, xotin ham shunaqa deb o‘ylabdi, «Buncha sakraysiz? Hech qayoqqa ketganim yo‘q-ku, shu yerda edim», deydi. Bechora, meni o‘zini ko‘rganimga shunchalar xursand deb o‘ylabdi! Heh-hey, ko‘nglimning ko‘chasi-ey. Yo‘q, og‘aynilar, xotinni ko‘rganda quvonish ham yaxshi, lekin endi o‘z xotiningni har kuni har soatda doim ko‘rib turasan, tinmay, dam olmay xursand bo‘laversang, xotin ham bunga chidamaydi. qochib ketishi hech gap emas.
Men lekin uni ko‘rib nihoyatda xursand bo‘lib ketdim. Kelib uyg‘otib yubordi-da meni. Boshimga tushgan baloi nogahondan xalos qildi – bu kulfatlarning bariginasi tush ekan! Tushligini anglaganimdan keyin shunday yayradim, irg‘ishlab yubordim, rosa sakradim. Uchdim hammi deyman. Xotinim shu ahvolimni o‘ylagan, meni ko‘rganiga o‘zida yo‘q deb. Unga tushimni batafsil aytib berdim. Eng avvalo menga kompyuter klaviaturasi qutisiga narkotik modda solib kelgan yigitning nihoyatda tarbiyali ekanini, kinolarda bunaqalarni basharasi buzuq bandit-bezori qilib ko‘rsatishlarinining noto‘g‘riligini, lekin, mana, meni odobi bilan ham alday olmagani, xushmuomalasi g‘irt soxta ekanini, meni narkotik savdosiga tortish qo‘lidan kelmaganini yaxshilab tushuntirib, qutining ichidagini qayerlarga sepganim, qutining o‘zini burdalab yirtib, qayerlarga otib yuborganimni birma-bir ko‘rsatdim. Xotinim «Juda to‘g‘ri qilibsiz. Foydasi boshidan qolsin!», deb meni ma’qulladi, juda ko‘nglim yayrab ketdi. Qanaqadir bir beg‘am, beg‘ubor, qandaydir xursand bir xursandchilikka cho‘mib qoldim. Qanday tushuntirsam, xo‘sh, bilasizmi, ana shu tinch hayot, oddiy yashashimizning qanday yaxshi ekanini anglab qoldim-da birdan. Haqiqatan ham yaxshi-da. Siz ham bir o‘ylab ko‘ring, tinch bo‘lsangiz, narkotik savdosiga aralashmasangiz, vijdoningiz toza, xavotiringiz yo‘q, uyingizga melisa iskovuch itlar bilan kelmaydi, kelsa ham hech narsa topa olmaydi, siz nima qildim desangiz, xotiningiz to‘g‘ri bo‘pti, deb tursa, baxt-da shu, axir! Yoningizdagi baxt shu! Faqat tushunish kerak. Xotinimga shuni tushuntirdim. Mana shu baxtni deb qanday pullardan voz kechganimni bilib qo‘ysin-da. Pul topishni men ham bilaman. Ha, o‘rtada turib, ancha foyda ko‘rsam bo‘lar edi, lekin men o‘qigan odamman, bilib turib jinoyatga qo‘l urmayman, bilmaganimda boshqa gap edi.
Xotinimga shu gaplarni tushuntiraman, u hammasini tushunmasa ham meni ma’qullaydi, shunga xursandman. «Bizga keraksiz hali. Foydasi boshidan qolsin. Siz aralashmang», deydi xotinim. «Ha, agar mening narkotik savdosiga aralashganimni birov bilib qolsa bormi?», deb qo‘rqitaman xotinimni. «Yo‘q, yo‘q! – deb yolvoradi xotinim. – Sira aralashmang! Yuzini teskari qilsin o‘shalarning! Buni yo‘qotib yaxshi qilibsiz. Sog‘ bo‘lsangiz bo‘ldi. Qarzingizni ham uzasiz». «Nimadan qo‘rqasan? Tushimda edi-ku», deyman zavqlanib. Ey, rosa yayrayman, nimaga boshqa paytlari bunaqa yayramaganimga hayron ham bo‘lib, yana xotinimga uqtiraman. «Sen bu tinch hayotimizning qanday chuqur baxt ekanining qadriga yetyapsan-u, lekin uncha yetmayapsan-da. Bu juda katta baxt, axir!», deyman. «Yo‘q, yetyapman, qadriga yetyapman. Haqiqatan chuqur baxt», deb ma’qullaydi xotinim ham. «Tasavvur qilasanmi? Oddiy kunlarning zamiridagi baxtni anglash kerak. Shunda hech qachon baxtdan kamchiligimiz bo‘lmaydi», deyman. «Tasavvur qilyapman, oddiy kunlarning zamiridagi baxtni anglagandek bo‘lyapman», deydi xotinim ham. To‘la anglamayapti-yu, lekin shunga intilyapti, yaxshi-da, er-xotin yalakat mag‘izmiz, xursandman shunga. Baxtni kim qayoqlardandir axtarib yurmaymiz, o‘zimizda istagancha bor, dehqonchilik; mening orqamdan uyga iskovuch it bilan melisa kelmaydi, bu yerda birov narkotik savdosi bilan shug‘ullanmaydi, o‘zi narkotik modda nimaligini hech kim bilmaydi ham, faqat kinolarda ko‘rgan, shakarning qumiga o‘xshagan mayda narsa deb biladi, xolos; iskovuch it bilan kelganda ham tutish gumon, agar tushida qo‘liga ushlaganidan it hid olmasa…. Yo‘g‘-e? Hali bunaqasi bo‘lmagan.
Tushlikka tush-ku, lekin ko‘ngil dushman, qo‘limga supurgini oldimu g‘ayrat bilan hovli supurishga kirishdim. Supurgini qiya kelishtirib ushlab, chaqqon-chaqqon supuraman. «Supurib bo‘lay, keyin o‘nta iskovuch iti bilan kelmaydilarmi!», deb qo‘yaman. «Tushingiz ekan-ku, qo‘ying, yarim kechasi hovli supuradimi, axir», deydi xotinim. «A tush bo‘lmasa-chi? Birdan kelib qolishsa-chi? Ha, xo‘p, yarim kechasi hovli ivirsib yotishi kerakmi? Odam yashaydigan joy-a?» deyman-da yanada uchib-qo‘nib supurishga tushaman. Rost-da, eshikli uy, «assalom alayko‘-o‘m» deb kirib kelib turishsa yana.
Hovlini qatron qilib tozaladim. Bilmayman, yana bir nimalar qildim shekilli. Keyin uncha esimda yo‘q, xotinga yana bir narsalarni uqtirmoqchi bo‘ldim shekilli, hovlini o‘zi emas, men supurganim alam qildimi, bilmayman, gapimni qaytarib tashladi: «Hoy, menga qarang, odamga o‘xshab uxlab, to‘g‘ri tush ko‘rsangiz bo‘lmaydimi?». Angrayib qolibman. Yaxshi ham angrayibman, bo‘lmasa qo‘pol gapirishim hech gap emas edi. «Nima, odamga o‘xshamadimmi? Tushning ham to‘g‘ri yo noto‘g‘risi bo‘lar ekanmi?», deb so‘radim, albatta, jahl bilan. «Odam uxlagandan keyin dam oladi-da. Xudo ko‘rsatmasin, tushingizda bir narsa bo‘lib qolsangiz, keyin men nima qilaman?», dedi xotinim. Qarang, gap qaytaryapti desam, meni o‘ylayapti ekan. «E-e, qanaqa notinch odamsiz, muncha g‘uldiradingiz, uxlasangiz-chi», dedi yana. Shu gapni qachon aytgani uncha yodimda yo‘q.
Ertalab ko‘zimni ochsam, hammayoq mayin oppoq nurga to‘lib qolgan. Sakrab turib, derazaga qarasam, qor yog‘ibdi, mayda, shakarga o‘xshagan oppoq qor. E-e, oqlik qanday yaxshi-ya! Bahri diling ochilib ketadi.
Choy ichib o‘tirib, birdan hammasini esladim, keyin ko‘rganim, haligi xotinim kelib uyg‘otgani ham tushim ekan: ustma-ust, tushimning ichida uyg‘onib, yana tush ko‘ravergan ekanman. Odamlar haqida, uxlab yotganida unday bo‘libdi, bunday bo‘libdi, yuragi unday qilibdi, qon bosimi bunday chiqib ketibdi degan gaplarni eshitib, hayron qolar edim, endi bilsam, rost, uxlayotgan odamga shodligu hayajondan har balo kelishi mumkin ekan.
Xotin to‘g‘ri aytadi-ey: odamga o‘xshab uxlash kerak.

2009