Abduhamid Muxtorov. “Odam chalishidan saqlasin” (hajviya)

Tahririyatdan

Aziz gazetamiz mushtariylari!

O‘tgan sonlarimizda tahririyatimiz nafsi o‘tkir azayimxon bilan mehnat shartnimasi tuzganligiyu uning oldiga gazeta uchun birorta jinmi yoki shayton bilanmi suhbat qilish vazifasi yuklatilgani haqida xabar bergan edik.

Yangi xodimimiz bu vazifani uddalab, jahon miqyosida shov-shuvga arzirli intervyuni shu songa tayyorlab keldi. Katta mamnuniyat bilan ushbu suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.

Gazetamizni sotib olsangiz bas!

– Avvalombor sizga odamlar gazetasi uchun intervyu berishga rozilik bildirganingiz uchun minnatdorlik bildiraman. Keling, endi savol–javobga o‘taylik. Biz azayimxonlar sizni jinlar olamining oqulu–donosi sifatida yaxshi bilamiz. Ammo boshqa odamlar uchun bu mavhum. Shu bois, o‘zingiz haqingizda ikki og‘iz…

Yoshim yetti ming bir yuz qirq birda. O‘rta avlod vakili sanalaman. Yosh shaytonvachchalarga ta’lim berish bilan shug‘ullanaman. “Iymondan toydirishning ming bir usuli”, “Diskotekalar bizga nima beradi”, “Bozor” kabi bir qancha ilmiy-ommabop kitoblar muallifiman…

– Sir bo‘lmasa aytingchi bu kitoblarda nimalar yozilgan?

Uzr. (Qoshini chimiradi) Bu sirni insoniyat vakiliga aytish bizga man etilgan. Garchand, siz bizdan hisoblansangizda, tutqanoq tutganda sandiroqlab aytib qo‘yishingiz mumkin.

Tushundim… Negadir bugun tabingiz xiraroq…

– Sizga  o‘xshagan do‘stlarimizdan birini bir bebismillo xafa qilib qo‘ygan ekan. Shikoyat qilib kelganda tanobini tortib qo‘yaman deb va’da qilgan edim. Va’damning ustidanku chiqolmadim. Buning ustiga katta kengash meni jinlar olamidan badarg‘a qildi. Bir qancha shogirdlarim ham mendan yuz o‘girishdi.

Balki batafsilroq aytib berarsiz?

– Ha mayli. O‘zim ham picha yengil tortaman. Xullas, bir kuni oldimga chiroyli bir juvon kelib, erining ustidan shikoyat qildi. Shikoyatini e’tiborsiz qoldirib bo‘lmasdi, chunki, yuqoridagilar bilan don olishib turishi haqida bir-necha marta eshitgan edim…

Qisqasi, tanobini tortib qo‘yishga va’da berdim. O‘sha   kuniyoq ishga kirishdim. Iymondan toydiray desam, shundoq ham iymonsiz ekan. Itishga o‘rgatib qo‘ymoqchi bo‘lib, uyning oldida ikki kun poyladim. Chiqavermagach, derazadan qarasam, g‘irt mast uxlab yotibdi. Oxirgi yo‘l, biror buzuq ayolning og‘ushuni chiroyli ko‘rsatib el oldida sharmanda qilarman deb o‘ylab tursam nargi xonadan o‘zim yo‘ldan chiqargan bittasi chiqib keldi…

Hayron qoldim. Nima qilish kerak? Qo‘limizdan kelishi mumkin bo‘lgan barcha rasvogarchiliklar unda mujassam ekan. Hatto menday olimning xayoliga kelmagan eng zo‘r proyektlar uning kallasida bor. Oxirgi yo‘l qolgandi…

Uni ko‘tarib g‘orimga uchdim-da, alvastilarni chaqirib, uyg‘ongach, yuragi yorulguncha qo‘rqitishni tayinlab, dam olgani jo‘nadim.

Uch kundan so‘ng g‘orga borib bebismilloning ahvolidan xabar olsam, bilasizmi nima?

Nima?..

– Megajin alvastilarim uni qo‘rqitish o‘rniga birga to‘shakda yotibdi. Voy “pazzor”. Hali shaytonlar olami bu qadar sharmanda bo‘lmagan edi. Odam shaytonni buzib o‘tirsaya…

Shunaqa jahlim chiqdiki, axir o‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring. Shaytonlar bunaqa qilib odam bilan chatishib ketaversa, kelajak nima bo‘ladi?

“Bizni kechiring, “figurangiz zo‘r ekan, bu chiroyni qayerdan olgansiz”, degan vasvasasiga uchibmiz”, deb hiqillaydi yaramaslar.  Ularni o‘limga hukm qildim.

Shundan so‘ng, rosa o‘yla-o‘ylab, bizga xizmat qiladigan devlarni chaqirdim-da, bu battolni to‘qmoq bilan savalashni buyurib, ortimga qaytdim. Oradan uch kun o‘tkazib borsam, devlarning temir to‘qmoqlari har yerda sochilib yotibdi. O‘zlari esa beshta-beshta ichib kayf qilib, ulfatchilik qilib o‘tirishibdi…

Devlarni duoiy bad etib, shogirdlarim – shaytonvachchalarni chaqirdim. Buyrug‘imga xo‘p deb itoat qilgancha ishga kirishdi. Ketishga ko‘nglim bo‘lmay, bular ham alvastilar bilan devlar holiga tushmasin deb, ja’zolashlarini bir muddat kuzatib turdim.

Hammasi joyida. Qistaloq shaytonvachchalar odamlarni qo‘rqitishga juda ustada. Har turli usullar bilan juvonning erini qo‘rqitib azoblay boshladi. Ko‘nglim joyiga tushib ortimga qaytdim.

Yana uch kundan so‘ng juvon oldimga kelib erini qaytarishni so‘radi. Unga rozilik berib g‘orga jo‘nadim.

G‘orda jim-jitlik. Shaytonvachchalar ham ko‘rinmaydi. Tomog‘im qitishib endi yo‘talmoqchi edim, kimdir tomog‘imdan g‘ippa bo‘g‘di. Qarshimda bitta shogirdim paydo bo‘lib sekin shivirladi.

– Ts–s. Ovozingni chiqarma, ilhom bulog‘imizni uyg‘otib yuborasan.

Uning panjasidan tomog‘imni zo‘rg‘a bo‘shatib so‘radim:

– Kim u, ilhom bulog‘ing.

– Sen bizga topshirgan odam.

Bu javobni eshitib tovonimgacha muzlab ketdi. Qanday ishga qo‘shilib qolganimni o‘ylab qo‘rqib ketdim. Shaytonvachchaga uning oldiga olib bor deb yalindim. U rozi bo‘ldi…

Buni qarang, shogirdlarim g‘orning bir burchini alohida ziynatlashibdi. Bir to‘p qora bulut ustida u uxlab yotibdi. Ikkita shaytoncha yelpish bilan ovvora. Har zamonda ularni kuzatib turganlar, “Qattiq yelpimanglar, ustozimiz shamollab qolmasin”, deb luqma tashlab turibdi.

Shaytonchalar ustoz deb tan olgan battolni uyg‘onguncha kutdim. Uyg‘ongach tuyog‘ini yo‘g‘e oyog‘ini o‘pib uzr so‘radim. Kechirdiyu ammo yangi ixlosmandlariga menga itoat etmaslikni buyurdi. Menam aslida odam chalgan bu shaytonchalardan allaqachon umidimni uzib bo‘lgan edim…

– Demak, ayni paytda quvg‘indisiz?

– Odam ursin. Shunday desa ham bo‘ladi. Shaytonlar kengashi menga shaytonlar dunyosini alg‘ov-dalg‘ov qilganlikda ayblab hukm o‘qigan. Qaysi jin meni ko‘rsa bas, qo‘lini bigiz qilib, “Yo‘qol yaramas. Sen keltirgan odamzod shaytonvachchalarimizni buzib yubordi”, deb ta’na qiladi. (Boshini changallagancha jim qoladi).

Uzr. Ta’bingizni xira qilish niyatimiz yo‘q edi. Iloji bo‘lsa yana bir savolimizga javob bersangiz? Keyingi paytlarda nimagadir jinlar odamlarni bezovta qilmay qo‘ydi. Buning sababi nima?

– Bilasizmi, bizga yuklatilgan vazifa bor. Biz odamlarni to‘g‘ri yo‘ldan toydirib, kufrga, fahshga, razolatga boshlashimiz kerak. Shu yo‘lda alohida-alohida qavmlar bilan ishlaymiz. Agar sizning qavmingiz bezovta qilinmayotgan bo‘lsa, demak, u  yerda bizning “missiyamiz” nihoyasiga yetgan. Biz qiladigan ortiqcha ish yo‘q. U yerda qolish endilikda bizga ham zarar keltiradi.

Agar boshqa savollaringiz bo‘lsa keyinroqqa qoldiramiz. Mening vaqtim tugadi…

R.s: Mana aziz mushtariylar. Suhbat bilan ham tanishib chiqdingiz! Bu suhbat borasida qo‘shimcha savol va takliflaringiz bo‘lsa, albatta maktub yozing. Oydinlik kiritishga harakat qilamiz!

Bizning manzil: Mish-mishchilar ko‘chasi 007 uy. “Alahlaganlar ovozi” gazetasi.