Abduhamid Muxtorov. Eradan avvalgi 45 yil… (hajviya)

Attestatsiya komissiyasi raisi allaqanday familiyalar yozilgan qog‘ozga ko‘z tashlab olgach, negadir peshonasi tirishib imtihon topshiruvchini savolga tutdi.

– Ayting-chi, Xomkallayev, eramizdan avvalgi 45 yilda kelin-kuyovlar ZAGSga borish uchun qanday transportdan foydalangan?

Tug‘ilganidan buyon bunaqa savolni eshitmagan Xomkallayev o‘ziga ishonib-ishonmay javob qildi:

– Eramizdan avvalgi 45 yilda kelin-kuyovlar ZAGSga aravada borishgan…

– Bekor gap, – keskin e’tiroz bildirdi rais. – U vaqtda arava bo‘lmagan. Eshakda borishgan! Siz tarixni bilmaysiz. Yana tarixchi emish. Chiqib keting…

Komissiya huzuriga Tugunboy kirdi. Qo‘lidagi qog‘ozdan kerakli familiyani topgan raisning chehrasi yorishdi.

– E-e, Tugunboy. Inim. Ob-bo, Tugunboyey, ob-bo siz-ey. Men Tugunboyman, deng. Yaxshi-yaxshi, Xo‘-o‘-p, sizni qiynab o‘tirmaymiz. Sizdan oldin kirgan galvars javob berolmagan savolga javob berib qo‘ya qoling. Eramizdan avvalgi 45 yilda kelin-kuyovlar ZAGSga qanday transportda borishgan?

Tugunboy birpas o‘yga toldi. So‘ng shunday javob qildi:

– Menimcha, dinozavrda borishgan bo‘lsa kerak.

Raisning peshonasi tirishib ketdi. Yordamchilariga g‘azab bilan vishilladi.

– Topgan odamlaring qursin. Axir, u vaqtda dinozavrlar allaqachon qirilib ketgan edi-ku.

Yordamchilarning biri Tugunboyga yordamga keldi.

– Muhtaram rais, Tugunboyjon ukamiz savolingizga mantiqan to‘g‘ri javob qildi. Dinozavrlar eshaklarning bobokalonlari ekanligi ma’lum. Demak, hozirgi eshaklar bir vaqtlar dinozavr bo‘lgan. Tugunboyjon o‘z javobi bilan nafaqat eradan avvalgi 45 yillarni, balki undan ham nariroqdagi davrlar tarixini yaxshi bilishini namoyon qildi. Men attestatsiya protokoliga shunday yozishni taklif qilaman.

Negadir raisning chehrasi yorishdi.

– Juda to‘g‘ri, aynan shunday yozinglar. Tabriklayman, Tugunboyjon. Hozircha, boravering…

O‘zini Olmasbek Bermasbekov deb tanishtirgan odamning familiyasini qo‘lidagi qog‘ozdan topolmagan raisning qoshlari chimirildi.

– Xo‘sh, Bermasbekovmisiz? Yaxshi-yaxshi. Rostdan ham Bermasbekovmisiz?.. Ayting-chi, eradan avvalgi 45 yilda kelin-kuyovlar ZAGSga qanday transportda borishgan?

Bermasbekov ko‘p o‘ylab o‘tirmay, albatta, eshakda borishgan, deb javob qildi.

So‘roqqa tutuvchilar qalqib ketishdi. Lahzalik sukunat cho‘kdi. Birpas o‘tirib sho‘rlik rais najot izlagandek atrofiga alangladi. Yordamchilardan biri salmoqlab gap boshladi.

– Siz nega ishonch bilan gapirayapsiz? Balki o‘sha davrda eshaklar bo‘lmagandir? Ma’lumotlarga qaraganda, dinozavrlar ZAGS transporti bo‘lgan. Vaziyatdan chiqish uchun aldayotganingiz shunday ko‘zingizdan bilinib turipti. Siz yolg‘on aytayapsiz!

Bermasbekovning o‘rnida    boshqa odam bo‘lganda-ku, darrov taslim bo‘lardi-ya, ammo u bundaylar xilidan emasdi. Jahl bilan yordamchining gapiga e’tiroz bildirdi.

– Bekor aytibsiz. Eramizdan oldingi 45 yilda dinozavrlar bo‘lmagan. Bu chala savodingiz bilan og‘zimga urolmaysiz.

Yordamchi dovdirab qoldi. Biroq rais o‘zini allaqachon qo‘lga olgan edi.

– Menga qarang yigitcha, – dedi u zarda bilan. – Siz chalasavod deb komissiyani haqorat qildingiz. Bu bir. Ikkinchidan, eshaklar dinozavrlardan tarqalgan. Mantiqan olib qaraydigan bo‘lsak, eramizdan avvalgi 45 yilda dinozvrlar ZAGS transporti bo‘lib xizmat qilgan. Siz nafaqat tarixni, balki mantiqni ham bilmas ekansiz. Chiqib keting…

Komissiya huzuriga Xumkallayev kirib keldi. Raisning qo‘lidagi qog‘ozda familiyasi bor bo‘lsa-da, rasmiyat uchun unga ham o‘sha savol berildi. Xumkallayev ko‘p o‘ylanmay quyonni minib borishgan bo‘lsa kerak, deb javob qildi. Xonani gumburlagan qahqaha bosdi.

Kulgu biroz bosilgach, rais ko‘zlariga kelgan yoshlarni arta-arta Xumkallayevni maqtay ketdi.

– Barakalla inim, savodxon odamligingizni bilardik. Savolimiz sizga pista po‘choq ekanligini pisanda qilib yumor bilan javob qildingiz-da. Quyonning qulog‘i orqali eshakka ishora qildingiz-a. Ammo-lekin kayfiyatimizni ko‘tardingiz. Rahmat, tabriklayman…

Kimdir tushlik bo‘lib qolganligini aytdi. Rais uning gapini ma’qullab, yana bitta odamdan keyin ishni to‘xtatishga va’da berdi. Komissiyaga Hozir Javobov chaqirildi. Unga ham o‘sha savol berildi.

– Bilasizmi, hurmatli rais, – quvlik bilan gap boshladi Hozir Javobov. – Bir manbada o‘sha vaqtlarda kelin-kuyovlar transport sifatida eshakdan foydalangan deyilsa, boshqasida dinozavrdan, yana boshqasida esa quyondan ham foydalanishgan deyiladi.

Bunday mukammal javob raisni o‘yga toldirdi. Yordamchilardan birining hafsalasi pir bo‘lib, o‘tkazishga to‘g‘ri keladi, deb shivirladi. Ammo rais pinagini buzmadi.

– Hozir Javobov, sizda umuman kalla yo‘q ekan. Farosatingizni sinash uchun berilgan axmoqona savolga javob berib o‘tiribsiz-a. Axir, eramizdan avvalgi 45 yilda ZAGS bo‘lmaganligini yosh bola ham biladi-ku. Shunga farosatingiz yetmadi-ya.

Raisning topqirligidan azbaroyi ta’sirlanib ketgan yordamchilar beixtiyor chapak chalib yuborishdi…