Sharvonbining darvozaxonasi naq internetning o‘zi. Nafaqat shahar va viloyat, balki butun mamlakat, hatto jahon miqyosidagi yangiliklar ham shu markazdan tarqaladi. Sharvonbi xontaxtani darvoza ostonasiga qo‘yib, savdoni boshlashi bilan bekorchi qo‘shni xotinlar ham go‘sht hidini sezgan aridek birin-ketin inlaridan chiqib, shu yerga to‘planishadi va “infonyus”, ya’ni yangi axborotlar olib, mahallaga tarqatishadi. Ular axborotni tomdan tarasha tushgandek emas, balki gapni uzoqdan aylantirib, shoshilmay olishadi. Ana shunday axborot almashuvlardan birini bir qitmir qo‘shni diktofonga yozib olgan ekan, eriga qo‘yib berdi va gurungni ora-chora sharhlab turdi.
— Ha-a, Sharvonbi, tuzukmisiz, bugun yomg‘ir yog‘adi shekilli, kechasi bilan belim og‘rib chiqdi.
— Bu — Qo‘zivoy qo‘tirning xotini, — izoh berib quydi “sharhlovchi”.
— Ob-havoning ham tuturig‘i qolmadi, odamlarga o‘xshab, — dedi Sharvonbi.
— Hay, ikkovinglar boshni boshga qo‘yib nimani muhokama qilyapsizlar? — degan tovush eshitildi.
— Bu — Sharofat shallaqi, dajjolning o‘zi, — deb qo‘ydi “sharhlovchi”.
— Men ham optumdan mayda-chuyda obkelib sotaymi? — so‘radi Sharofat saqichini qarsillatib.
— Bir edi moyam, ikki bo‘ldi… Qorasuvga qatnab turganingiz ham yetar, — dedi Sharvonbi qoshini chimirib.
— Hay, bu gaplarni qo‘ying, anavi bo‘shabdimi? — so‘radi Qo‘zivoyning xotini amaldorlardan birining nomini tilga olib.
— Ana, boshlandi, — deb qo‘ydi “sharhlovchi”.
— Ko‘tarilib ketibdi, yer yutgur.
— E, xudo ko‘tarsin. O‘ziyam tuvagi tilladan bo‘lib ketuvdi.
— O‘rniga kim bo‘larkin?
— Hammasi bir go‘r, sizga baribir emasmi?
— Mana, mendan so‘rang, o‘rniga Eshmat bo‘ladi.
— Toshmat bo‘ladi, deyishgan edi-ku?
— Toshmatdan oldin Eshmat otini qamchilab qolibdi.
— Endi hammani shilarkan-da…
— Anavi kelinchak, Saboxonning kelinimi?
— Ha. Buyam kekkayib ketdi.
— Charm palto kiyib olibdimi?
— Har bitta kasaldan besh mingdan olaversin-chi. Charm paltoni u kiymay, men kiyaymi?..
— To‘paxon nechta savat qilibdi?
— O‘zi o‘nta savatni hammadan qarz olib zo‘rg‘a qildi. Bo‘yniga tros taqqaniga o‘laymi? Sichqon sig‘mas iniga, g‘alvir bog‘lar dumiga.
— Masturaning qizi chala tug‘ib quyibdi, eri narkoman ekan. Mening o‘g‘limni aroqxo‘r, deb yomonlagan edi. Battar bo‘l, yer yutgur!
— Ha-y, kim qilmagay, kim tortmagay… Menga qarang, anavi po‘nqa xotinini ustiga bitta g‘arni olvolganmish.
— Rostdanmi? Kim aytdi?
— Men yerning tagida ilon qimirlasa bilaman. Mikrorayondan dom olib bergan ekan, xotini bilib qolib, rosa janjal bo‘libdi…
— Yolg‘on, — dedi “sharhlovchi” atrofga olazarak qarab.
— Qatiq ivitib qo‘ydingizmi, qo‘shni?
— Pismiq kelinim sutning hammasini “Nestle”ga topshirvoribdi…
— Allaqaydan kuyindining isi kelyaptimi? Voy, esim qursin! Qozonning tagiga olov yoqib chiquvdim, yog‘im kuyib ketdi!..
“Sharhlovchi” diktafonning tugmasini bosdi va izoh berdi:
— Bularning qozoni har kuni o‘t oladi, lekin hech narsa bo‘lmaydi.